← Dilmurod Quronov
|

Istiqlol dardi (Choʻlponning ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadriji)

Dilmurod Quronov

Maqola · 2013 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

.... risola ustida ishlarkanman bot-bot

rahmatli bobomni esladim: u kishi «bosmachi»

oʻtgan, surgunlarda boʻlgan... Bobomning oʻtmishi tufayli men – sovet pionerining koʻnglida ne-ne iztirobu alamlar kechgani oʻzimgagina ayon. Bizga «qora» boʻlib koʻringan oʻtmish

oramizda tubsiz jar boʻlib yotardi goʻyo... Rahmatli oʻtmishidan mutlaqo gap ochmas, endi

oʻylasam, bizning tushunishdan ojizligimizni

anglardi, chamasi... Bugun, Choʻlpon ruhiyatini

anglashga intilish asnosi bobomni-da tushungandek boʻlaman, koʻngilda ogʻriqli bir armon

choʻnglashib boradi...

Ushbu risolani ehtirom ila bobom Mulla

Oʻrinboy Azizbek oʻgʻli xotirasiga bagʻishlayman...

Hozirda milliy uygʻonish davri deb atayotganimiz oʻtgan asr boshidagi Turkiston ijtimoiy hayotini yillar davomida mustahkam toʻgʻon-la tushovlangan asov daryoning oʻsha toʻgʻonni qoʻporib, shiddat-la oquviga mengzagimiz keladi. Zero, botindagi qudratning zohiriy koʻrinishi boʻlmish bu shiddat elning qalb koʻzi tiyrak oʻgʻlonlari dilidagi asriy umidlarni quvvatlantirib, ularni buyuk maqsadlar sari ilhomlantirgan edi. Millatning tarixiy taqdirini belgilovchi davrlarning har kuni asrlarga tatigulikdirki, vijdonli kishilarning bunday paytda shiddatli hayot oqimidan chetda turishlari aslo mumkin boʻlmagan hodisa. Bu narsa, ayniqsa, ijod ahliga tegishdir. Bunday davrlarda yashagan ijodkorlar uchun shaxsiylik va ijtimoiylik chegaralari mavjud emasdek, ularning qalbi jamiyat hayotidagi oʻzgarishlarga hamohang urayotgandek. Aytish mumkinki, ijodkor davr ijtimoiy hayotining barometriga aylanadi: zamondoshlarni ertangi kun havosidan, izgʻirinu quyoshli kunlardan ogoh etib turishlikni oʻzining vazifasi deb biladi. Albatta, bugungi kun yuksakligidan turib ularning ijodiga turlicha baho berishimiz mumkin. Ayrimlarimiz «shu tufayli ham ularning aksar asarlari vaqt sinoviga dosh berolmadi», desak-da mumkin. Biroq, mulohaza qilaylik, oʻzimizni ularning oʻrniga qoʻyib koʻraylik. Oʻsha ijodkorlar qarshisida ikki turli yoʻl mavjud edi: yo mangu mavzularga qoʻl urib boqiylikka boʻylovchi asarlar yaratish va yo kunning dolzarb muammolariga munosabat bildirish orqali millat, Vatan kelajagiga taʼsir etish. Shu xil tanlov imkoniyati yuzaga kelganida koʻplab ijodkorlarimiz, hatto buyuk isteʼdod sohiblari-da, butun kuchu iqtidorlarini ikkinchi maqsadga yoʻnaltirdilar. Ana shunday fidoyi ijodkorlardan biri, shubhasiz, Abdulhamid Choʻlpondir.

Zamona zaylini yaxshi tushungan, ilm-maʼrifatni qadrlagan boʻlgʻusi shoirning otasi, anchagina taraqqiyparvar inson, madrasa koʻrgan shoirtaʼb savdogar Sulaymonqul Yunus oʻgʻli farzandining «zamona iqtizosincha» bilim olishiga ayricha eʼtibor bilan qaraydi. Shuning natijasi oʻlaroq, yosh Abdulhamid oila muhitidayoq nafaqat Turkiston, balki Ichki Rusiya va Turkiyada chop etilgan jadid nashrlariga mushtariy boʻlish, ularni muntazam kuzatib borish imkoniga ega boʻladi. Yosh Choʻlponning dunyoqarashi oʻsha gazetalar taʼsirida, aniqrogʻi, jadidchilik gʻoyalari taʼsirida shakllanadi, u oʻzini qurshagan ijtimoiy muhit hayotini, oʻzi guvoh boʻlayotgan voqea-hodisalar mohiyatini jadidchilik ruhidan kelib chiqib tushunadi va baholaydi. Shu bois ham otasidagi sheʼriyatga muhabbatni yuqtirgan Choʻlpon ijodining avvalidayoq oʻzining ijodiy kredosini aniq belgilab olgan, butun kuch-gʻayratini «millatni uygʻotish» maqsadiga sarf etish, bu yoʻlda badiiy soʻzni vosita qilishga qaror bergandi. Choʻlponning matbuotdagi ilk chiqishlari qatorida sanaluvchi «Adabiyot nadir?» va «Muhtaram yozgʻuchilarimizga» nomli moʻʼjazgina maqolalari ayni shundan dalolat beradi. Choʻlpon «Adabiyot nadir?» nomli maqolasida badiiy soʻz sanʼatining xossalaridan soʻz ocharkan, asosiy eʼtiborni uning ijtimoiy hayotdagi oʻrni, vazifalariga qaratadi. Yosh adibning fikricha, «Adabiyot yashasa millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagʻon va adiblar yetishtirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur».

Koʻrinadiki, Choʻlpon tushunchasidagi adabiyot millatni inqirozdan saqlashi, uning taraqqiy etishiga xizmat qilishi darkor. Muallif ommaning adabiyotga befarqligidan, hatto oʻtmishda yaratilgan «taʼrix umumiylarni oʻqub anglamoqdin» yiroqligidan tashvish chekadi. Choʻlpon Ovroʻpo xalqlaridagi adabiyotga tamomila oʻzgacha munosabat haqida havas bilan yozadi, ularning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot masalasida ilgarilab ketishi omillaridan birini ayni shunda koʻradi. Muallif havasli nigohini Ovroʻpodan yurtiga oʻgirib koʻradiki, bunda ulamoyu eshonlar «toʻn kiymak», avom «choyxonalarga chiqub choy ichmak», ziyolilar esa «Ovroʻpo kiyimliklariyu qiymatlik papiroʻslar»dan zavq olayotirlar. Ayni shu maʼnaviy qashshoqlanish tufayli «kundan kunga ruhimiz tushub, keladirgʻon istiqbolimizga umidsiz qaraymiz», deb hisoblaydi Choʻlpon. Maqolada adabiyotning «oʻtkur yurak kirlarini yuvadurgʻon toza maʼrifat suvi» sifatida zarurligi uqtiriladi, pirovardida «Adabiyot oʻquyluk, adiblar yetishturayluk!» degan chaqiriq yangraydi. Etiborli jihati shundaki, Choʻlpon ayni paytda «agarda «bayoz» va bemaʼni bir-ikkita kitoblar bilan qolsak» inqirozga uchraymiz, deya ogohlantiradi. Anglash mumkinki, Choʻlpon maqolasida nazarda tutilgan adabiyot – yangicha adabiyot, shu bois ham «adiblar yetishturayluk!» chaqirigʻiga alohida urgʻu beriladi, adiblar yetishtirish masalasining dolzarbligi qayta-qayta takrorlanadi. Xoʻsh, muallif bu oʻrinda qanday adabiyotni nazarda tutadi? Bu savolga qisman «Muxtaram yozgʻuchilarimizgʻa» nomli maqoladan javob topishimiz mumkin.

Mazkur maqolasida Choʻlpon ahli qalamga murojaat qilib, ularni «millatning eng tanqid qilinaturgʻon oʻrinlarida aralashub yurmak»ka chaqiradi. Chunki «aralashub yurulsa, andagʻi soʻzlarni, odamlarni oʻrganmoqqa boʻladirki, kitob betlariga koʻchirib yozmoqqa materiyollarning eng asllari xalq orasidan olinadur». Bu gaplarni, oʻzining eʼtirof etishicha, Choʻlpon Ovroʻpo yozuvchilarining tajribalariga tayanib aytadi: ular «oʻzlarining yaxshi yomon odatlari orasida yurubdular, soʻngra qoʻllarigʻa qalam olub, yaxshisini yaxshi, yomonini yomon koʻrsatub yozubdurlar». Anglash mumkinki, adiblarni hayotga chuqurroq kirib borishga undashdan koʻzlangan maqsad milliy turmushni teran tahlil etib, «yaxshisini yaxshi, yomonini yomon koʻrsatub» beruvchi haqqoniy adabiyotni yuzaga keltirish ekan. Yozuvchining bu xil adabiy-estetik qarashlari «Doktor Muhammadiyor» hikoyasida ham oʻz aksini topgan. Hikoya qahramoni Muhammadiyor Petrogradda ekanida «Turkistonning madrasa shogirdlari hayotidan olub «Umrlik shogirdlar» nomli bir roʻmon yozdi. Roʻmon oʻn ikki juzʼ boʻlub, Turkistonda xanuz shundogʻ milliy maishatdan olingʻon katta roʻmon chiqmagʻon edi... Bu roʻmon shunday mohirona yozilgʻon ediki, madrasada qirq-ellik yil turganda ham shundogʻ yaxshi va shogirdlarning madrasada oʻqumay samovarlarda davr surayotganlarini yozmoq mumkin emas edi». Muhammadiyor Choʻlpon xayolidagi adib ideali, shu bois ham u ijodda oʻz «yaratuvchisi»ning adabiy-estetik qarashlariga muvofiq harakat qiladi. Yosh adib oʻz qarashlarini qahramoni vositasida ifodalashning oʻzi bilan qanoatlanmaydi chogʻi, satr ostida izoh berib, fikrini ochiqroq anglatishga jazm etadi: «Ushbu roʻmon (yaʼni, «Umrlik shogirdlar» – D.Q) xayoliy va yoʻqdir. Faqat 12 juzʼ boʻlmasun va 6 juzʼ boʻlmasun, 3 juzʼ qilub boʻlsa ham shul ismda yuqorida taʼrif qilingʻon ruhda bir roʻmon yozmaklarini muharrirlardan oʻtinaman.

Xudo muharrirlarimizga gʻayrat bersun!»

Yuqorida yuritgan mulohazalarimiz yosh Choʻlpon asr boshidagi Turkiston ijtimoiy sharoitida adabiyotning beqiyos katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlarkan, tamomila yangi – realistik adabiyotni nazarda tutgan, degan toʻxtamga yetaklaydi. Rus va Yevropa adabiyoti namunalari bilan yaxshigina tanishgan yosh adib realistik adabiyotning jozibasini, uning ijtimoiy hayot muammolarini anglash va anglatish imkoniyatlarini teran his qiladi, ayni shunday adabiyot yaratish, uning vositasida millatni maʼrifatli qilish niyatlarini diliga tugadi1. Choʻlponni adabiyot maydoniga yetaklagan ayni shu nekbin niyatlar uning butun ijodiy faoliyatini yurgizgan «motor», buyuk adib «ijodining qalbi» boʻlib qoldi.

Choʻlponning matbuotda eʼlon qilingan ilk asarlaridayoq millatning maʼnaviy qashshoqlanishiyu yurtining tutqunligidan yuragi pora boʻlgan, oʻzining buyuk armonlariyu dardlarini ommaga yuqtirib, uni mavjud holatdan chiqishga daʼvat qilayotgan bezovta qalb egasi bor boʻyini koʻrsatib turadi. Uning matbuot yuzini koʻrgan ilk asari «Turkistonli qardoshlarimizga» deb nomlanuvchi sheʼrdir. Agar badiiyat nuqtai nazaridan qaralsa, sheʼr anchagina zaif, uslubiy gʻalizliklaru vazndagi saktaliklar yaqqol koʻzga tashlanadi. Albatta, boshlovchi shoir uchun bu nav kamchiliklar tabiiy ham. Biroq biz koʻproq boshqa jihatni oʻylab, maqsadimiz Choʻlpon qarashlaridagi oʻzgarishlarni, uning diliyu ongida kechgan ziddiyatlarni kuzatish orqali ruhiyatini tushunishga intilish boʻlganligi vajhidan badiiyat masalalarini imkon qadar chetlab oʻtishga harakat qilamiz. Alalxusus, mazkur sheʼrda Choʻlpon, oʻzi aytmoqchi, «millatning eng tanqid qilinaturgʻon oʻrinlari»ni koʻrishga intiladi, ularni tasvirlash orqali omma qarshisiga ulkan koʻzgu qoʻymoqchi boʻladi goʻyo. Sheʼrning boshidayoq:

Ilmu maʼrifat ham xunardan qoldi mahrum bizni xalq,

Maʼrifatsizlik balosiga yoʻliqqon bizni xalq,– deya oʻzining asosiy xulosasini beradi-da, endi shu daʼvoning isboti, sharhiga oʻtadi. Shoirning fikrlarida hali yarq etib koʻzga tashlanuvchi originallik koʻrilmaydi, u aksariyat jadidlar kabi oʻylaydi, mavjud ahvolni umuman jadidchilik nuqtai nazaridan baholaydi. Xususan, ahillikning yoʻqligidan, millatning «boshiga shuncha kulfatlar kelsa ham ibrat olmasligi»dan, farzandiga ilm berishdan koʻra koʻproq toʻy-hashamga eʼtibor beruvchi otalardan zorlanishlar oʻsha davr jadid nashrlarida bot-bot takror etiluvchi gaplar edi. Biroq, eʼtibor berilsa, shu sheʼrning oʻzidayoq Choʻlpon uchun ijtimoiy dardning shaxsiylanib ulgurganini sezish mumkin. Uning «bir kishi millatparast oʻlsa deyurlar dahri deb», «toʻgʻri yoʻlga boshlasang egri xohlar bizni xalq» degan satrlarida tom maʼnodagi shaxsiy kechinmalar botinday tuyuladi bizga. Zero, Choʻlpondek hissiyot kishisi jadidchilik gʻoyalari bilan oʻzi gurillab yongani holda yon-veridagilarning mudroq qalblarida ham shu olovni yoqmoqni niyat qilgani, oʻzi uchun kutilmagan holda loqaydlik, befarqlikka toʻqnash kelgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Balki shuning uchundir, sheʼrda biroz xafalik aralash alam, umidsizlanish kayfiyati zuhur qiladi. Bunday holatda oʻz foydasini oʻzi anglamagan kishilardan zada qalbning:

Kes soʻzingni, ey qalam, bas muncha faryoding yetar,

Koʻp baqirsang ogʻzingga toshlarni otgay bizni xalq,– deya oʻziga xitob etishi, alamli figʻoniga biroz arazlagannamolikka oʻxshash ohanglarning-da ilakishib kelishi tabiiydek koʻrinadi. Oʻylashimizcha, sheʼrda kuzatilgan kayfiyat birmuncha vaqt yosh Choʻlpon dilida ustuvor boʻlgan. Shu bois ham oradan bir oylar oʻtar-oʻtmas chop etilgan «Qurboni jaholat» hikoyasida ham shu xil kayfiyat sezilib turadi.

Avvalo shuni aytish kerakki, Choʻlponning ilk hikoyalari qahramonlari hali toʻla obyektivlashib ulgurmagan, yaʼni ular bilan muallif orasidagi masofa doim ham saqlanmaydi, adib koʻpincha oʻzining oʻy-fikrlarini ularning tilidan aytishga harakat qiladi. Choʻlponning oʻzi kabi, hikoya qahramoni Eshmurodning qarashlari ham gazetalar taʼsirida shakllangan: oʻzi yashayotgan muhit sharoiti bilan kelisholmayotgan, bu tarzda yashab boʻlmasligini chuqur his etgan yigitni na otasi, na tengdoshi Moʻminjon va na boshqalar tushunadi, u oʻzini yakkalangan, shu bois ham muhit qarshisida juda ojiz sezadi. Ayni shu ojizlik hissi Eshmurodning umidlarini soʻldiradi, ruhiga tushkunlik soladi: «Gʻazitaning qay yeriga qarasa turkistonli bechoralarning ilmsiz va hunarsiz holda maishat qilganlariga taassuf qilib yozadur. Yana diqqat... Yana hafalik... Bu bizning Turkistonimiz gʻaflatdan uygʻonurmu? Yoʻqmi? Biz bunday holda boʻlsak bitamiz... inqiroz topamiz... Oʻqugʻanlarimizni kofirga hukm qilamiz. Ammo oʻz bolalarimizning odati vahshiyonalariga deyar soʻzimiz yoʻqdir. Biz bu holda boʻlsak kishi qatoriga sanamaylar. Ovroʻpolilardan odati qabixalarini kasb qilurmiz. Ammo madaniyat, funun va sanoiʼlariga koʻz yumub tururmiz. Biz odam boʻlmaymiz... bitamiz... inqiroz boʻlamiz... Oh, jaholat!!! Bitduk, bitduk... Oʻlduk, tirilmaymiz». Eʼtibor bering-a, Eshmurodning oʻylaridagi koʻp oʻrinlar «Turkistonli qardoshlarimizga» sheʼridagi qarashlar bilan mushtarak. Biroq sheʼrning lirik qahramoni bilan hikoya qahramoni kayfiyati ruhiyasida yaqinlik boʻlgani holda, ularning mutloq mosligi haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Nega? Eshmurodning ruhiy iztiroblari yolgʻizlanib qolgani, oʻziga hammaslaklar topolmaganiyu faoliyatsizligi tufayli chuqurlashadi. Qahramonidan farq qilaroq, Choʻlpon faol ijtimoiy harakatga kirishgan, oʻzi bilan hammaslak kishilar-la yaqin aloqada edi2. Bundan anglashiladiki, tushkunlik kayfiyati Choʻlpon ruhiyati uchun, garchi bot-bot takrorlanib tursa-da, epizodik hodisa boʻlgani holda, Eshmurod ruhiyatining turgʻun sifatiga aylanib qolgan.

Koʻrinadiki, Choʻlpon Eshmurod obraziga qisman «oʻzini» singdiradi: vaqti-vaqti bilan dilini chulgʻovchi tushkunlik kayfiyatini qahramon ruhiyatiga oʻtkazib, bu holatni ijodiy rivojlantiradi – faoliyatsizlik, ham undan oʻsib chiquvchi yolgʻizlik fojiasini koʻrsatishga intiladi. Bu esa, bir tomondan, muallifning qahramonlaridan uzilishga intilayotganini, ikkinchi tomondan, unda katta ijodiy quvvat mavjudligini koʻrishga imkon beradi.

Choʻlponning ikkinchi hikoyasi «Doktor Muhammadiyor»ning boshlanishida «Turkistonning qorongʻu goʻshasida, ... nomlik uyezdni shaharda» degan soʻzlarga duch kelamiz. Ayni paytda, sarlavha ostidayoq muallif hikoyaga «xayoliy» deb taʼrif beradi. Asarning boshlanishidayoq koʻzga tashlanuvchi bu xil ziddiyat uning tabiatini ochib beradi: Choʻlpon oʻzi bilgan real muhit fonida ideal qahramonni – oʻquvchi omma ibrat olishi lozim boʻlgan faol shaxsni harakatlantiradi. Yaʼni, hikoya voqealari kechayotgan ijtimoiy muhit «Qurboni jaholat»dagi muhitga monand, qahramoni esa Eshmurodning tamom aksi. Umuman, Choʻlpon oʻzi tasvirlayotgan muhitga munosabatini ifodalash uchun qarshilantirish usulidan unumli foydalanadi. Biroq, shunisi borki, qarshilantirilayotgan tomonlarning har ikkisi doim ham matnda zuhur qilmaydi: ulardan biri «tekst»da koʻrilsa, ikkinchisi «kontekst» (davr muhiti, adibning shu davrda yozgan boshqa asarlari)dan anglashiladi. Deylik, oʻgʻlini ilmli qilishga astoydil bel bogʻlagan Xoji Ahmad avvalgi hikoyada koʻrganimiz Eshmurodning «nodon va johil» otasiga qarshi qoʻyiladi. Yoki Muhammadiyorning birinchi ustozini olib koʻraylik. Hikoyadagi koʻp oʻrinlar muallimning jadidchilardan ekaniga ishora qiladi: Ufa madrasai Oliyasini bitirgani, kiyinishiyu tashqi qiyofasi («baʼzi boylar muallimning qiyofasini koʻrgan hamon eshigidan kirgʻuzmasdan haydamakda»), ziyo tarqatish yoʻlidagi fidoiyligi. Fidoiyligi shunchalarki, ilmga chanqoq shogirdining oʻqishini davom ettirishiga yordam berishlarini soʻrab «shahar moʻtabaroni huzurlariga» bosh urib boradi. Jadid ziyolisining bu fazilatlarini Choʻlpon hayotda oʻzi guvoh boʻlgan va matbuotda tanqid qilgani mudarrislarning manfaatparastligi («Bahor avvallari»), axloqiy tubanligi («Madrasalarimiz ahvoli»)ga qarshi qoʻyadi. Ayni paytda, adib oʻqitishning samarasidan soʻz yuritib, muallimning bir yildayoq shogirdini «butun ahkomi islom, tarix va joʻgʻrofiyolarni mukammal biladi»gan darajaga yetkazganini yozadiki, bu bilan usuli jadidaning usuli qadim qarshisida afzalligini taʼkidlab oʻtadi.

Choʻlpon el ichida Muhammadiyordek iqtidorli yoshlarning koʻpligiga ishonadi, ularning roʻyobga chiqishiga moddiy qiyinchiliklaru jamiyatdagi madaniy-maʼrifiy saviyaning pastligi – johillik imkon bermayotir, deb hisoblaydi. Keng yurtda Muhammadiyorning oʻqishini davom ettirishiga yordam beruvchi biror kishi topilmayotgan bir paytda «shaharda katta toʻylar boʻlmakda, qimorbozlar, mastlar bir-birlarini pichoqlashub, inson qonlari «jaholat!!! jaholat!!!» deb oqmaqda edi!... Birdan-bir boʻlgʻon shogirdlarga yordam jamiyati aqchasizlikdan toʻxtagʻan edi!» Yosh adib oʻz yurtida koʻrayotgani bu ahvolni Bokudagi ahvol bilan chogʻishtirib koʻrishga undaydi oʻquvchisini. Muhammadiyor Bokuga kelib, «Jamiyati xayriya»ga murojaat qilgach, «biroz aʼzolar maslahat qilgʻonlaridan keyin Muhammadiyorni oliy tahsiligacha jamiyat oʻz hisobidan oʻqutmoqqa qaror berdi». Choʻlpon shu oʻrinda «oʻz vatanidan va oʻz vatandoshlaridan yordam koʻrmagan Muhammadiyor Boku yoshlarining himmatlari ila umidiga yetushdi» deb yozarkan, gaplarida havas va oʻkinch ohanglari zuhur qiladi. Biroq bu kayfiyat alamzadalikka yetaklamaydi, chunki Choʻlpon ham, qahramoni Muhammadiyor ham avvalo «vatan menga nima berdi?» deb oʻylaydigan xudbinlardan emaslar. Shu bois ham Choʻlpon oʻqishini davom ettira boshlagan Muhammadiyor haqida «eng muqaddas amaliga yetdi. Endi oz boʻlsa ham oʻzini xor qilgan vatan va vatandoshlariga xizmat qilajak edi» deb yozadi. Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishlikni muqaddas burch sanagan adib qahramonini ham shunga muvofiq talqin qiladi. Muhammadiyor qayerda boʻlmasin, mana shu muqaddas burchni unutmaydi, shu bois ham oʻzi katta obroʻ-eʼtibor topgan Bokuni-da qoʻyib, vataniga «qoʻldan kelgan qadar xizmat qilmoq» uchun Turkistonga qaytadi. Uzoq yillik ayriliqdan soʻng yurtiga qaytayotgan Muhammadiyor oʻzi koʻrgan mutaraqqiy mamlakatlar – Italiya, Fransiya, Shveysariyadagi hayot tarzi bilan Turkiston hayotini qiyoslab iztirob chekadi. Endi u koʻnikib qolgan manzaralar oʻrnida «pastgina hashak va loydan yasalgan binolar va onlarda safil bir holda yashagan musulmonlar! Topganin bachcha, uloq, ichkilikka ham domla-eshon va boylarga shaldiratub toʻn va zarboblar bergan, boylar qoʻlida bir qul hukmida boʻlib yurgan oʻzbeklar, qozoqlar, turkmanlar» namoyon boʻladilar. Chogʻishtirish uning dilida umidsizlik hosil qiladi, chunki «koʻbni bilgan, koʻbni koʻrgan» Muhammadiyorga «razolat va safolat» qoʻynida yashayotgan xalqining «taraqqiy va tamaddunlarini koʻrmak» nechogʻli ogʻir masala ekanligi ayon edi. Muhammadiyor yaxshi biladiki, ona yurtining «buyuk-buyuk, yashilyashil togʻlari Isveycharadan kam emas edi. Nahr-nahr oqib turgʻon suvlari va nima eksa shuni olsa boʻladurgʻon mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yoʻq edi». Biroq ayni paytda bu yurt «ilmsiz boylari, johil «olim»lari, yolgʻon eshonlari va isrofning koni boʻluv ila hech narsaga oʻxshamas edi». Koʻramizki, Muhammadiyorning fikricha, Turkistonning taraqqiy etishi uchun barcha tabiiy imkoniyatlar muhayyo, biroq shu imkoniyatlarni roʻyobga chiqarishi mumkin va lozim boʻlgan omma jaholat qoʻynida, shu bois ham oʻz foydasini oʻzi anglaganicha yoʻq. Agar «xalq oʻz foydasini anglasa», yaʼni, maorifga jiddiy eʼtibor bersa, Yevropa dorilfununlarida bolalarini oʻqitib zarur mutaxassislar yetishtirsayu ularning «har biri oʻz vazifalarinda turib ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xalqimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar goʻzal boʻlur edi!» Muhammadiyorning mazkur nurli xayollariga-da umidsizlik soya soladi, chunki «bunlarning boʻlishiga koʻzi yetmaydi» uning. Koʻrib turganimizdek, muallif qahramoni ongidagi umid va umidsizlik kurashini bir tomonga hal qilmaydi – masalani ochiq qoldiradi. Buning sababi, fikrimizcha, hikoya ustida ishlayotgan Choʻlponning oʻzida shu xil ziddiyatning mavjud boʻlganligidadir. Daʼvomizni asoslash uchun Choʻlponning «Doktor Muhammadiyor»dan salgina ilgari yozilgan «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik» nomli maqolasiga murojaat etamiz. Maqolaning ilk jumlalaridayoq yuqorida koʻrganimiz Muhammadiyorning oʻylariga hamohang oʻrinlar koʻzga tashlanadi: «Butun Rusiyada manbatlik (hosildorlik D.Q.) jihatidan vatanimiz Turkistonning ilgʻorda ekanligi hammaga maʼlumdir. Va hatto butun dunyoda manbatlikning birinchisi Amriqo boʻlsa, bizning Turkiston ham ikkinchi sanaladur». Maqolani yozish paytida Choʻlponni shunchalar unumdor yerlarni makon tutgan xalqning nechun bunchalar harob yashashi oʻyga toldirgan ediki, keyincha xuddi shu narsa Muhammadiyorning oʻylariga koʻchadi. Turkiston dehqonlarining ayanchli ahvoli, muallifning fikricha, «ekin mashinalari»ning ishlatilmasligi va shu bois mehnat samaradorligining kamligi bilan izohlanadi. Jamiyatdagi jamiki illatlar ildizini johillikda deb tushungan Choʻlpon dehqonlarning «ekin mashinalari» ishlatmasligining sababini ham shunda deb biladi. Shu bois ham muammoning yechimi oson koʻrinadi unga: gazeta-jurnallar, yoshlar dehqonlarga «shundogʻ foydalik narsalarni bildirsalar va tushuntirsalar, xalq turmushini yengillik tarafigʻa necha odum otlatqon boʻlur edilar». Chamasi, Choʻlpon avvaliga maqolani davom ettirishni maqsad qilmagan koʻrinadi, zero, uning davomliligidan dalolat beruvchi biron bir ishora ham yoʻq. Biroq oradan birmuncha vaqt oʻtgach, adib shu nomda yana bir chiqish qiladiki, unga alohida eʼtibor berish maqsadga muvofiqdir: «Oʻtgan maqolamda, – deb yozadi Choʻlpon, – dehqon qardoshlarimizdan hech birlarining zirorat mashinalari ishlatmaganliklarini yozgan edim. Maqolani yozgandan soʻngra qishloqlarda yurub, oʻzum dehqonlar bilan koʻrushub fikr olishdim. Endi alarning fikrlarini oʻylagʻon millatparvar kishi koʻzlaridan qonlik yoshlarini oquzmay mumkin emas». Maqolaning boshlanishiyoq muallif qarashlarida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganidan dalolat beradi. Dehqonlar bilan uchrashib, ularning dardlari bilan yaqindan tanishgan adib masalaga kengroq yondashish zarurligini chuqur his qiladi. Bu uchrashuvlar ilgari texnikadan foydalanmaslikni johillikdangina deb bilgan Choʻlponga buning boshqa, tubda yotuvchi anchagina jiddiy sabablarini ochib beradi: «durust, ziroat mashinalari foydalik ekan, ammo pul kerak, bizning qoʻlimizda boʻlsa naqd tayyor pul yoʻqdur», deya eʼtiroz bildiradilar unga. Choʻlpon qishloqlarda yurib koʻrgan, bilgan muammolarni, dehqonlarning dardlarini gazeta sahifalariga olib chiqadi: «Paxta eksak gʻoʻza-poyasigacha, bugʻdoy eksak somonigacha qarzimiz badaliga xoʻjayinlarimiz boylarga olub borub beramiz. Yana ikkinchi ekinga beradurgʻon boʻlub boylardan pul olub, qish ichi bola-chaqalarimiz ila avqot oʻtkaramiz... Chigitga pul deb borsak, xoʻjayinlar soʻkub, har turli haqoratlar ila yigʻim-terim vaqtida 100 soʻm qilub berishga oʻrtacha 40 – 50 soʻm pul beradurlar...» Qishloqda yurib koʻrganlari, dehqonlardan eshitganlari Choʻlponni oʻzini anchadan beri qiynab kelayotgan muammolarning hal etilishi oson boʻlmasligiga amin qiladi. Yaʼni hayot bilan chuqurroq tanishishi barobari adib oʻzining koʻproq gazeta-jurnallar taʼsirida shakllangan qarashlarini konkretlashtirish, aniqlashtirish ehtiyojini seza boshlaydi. Ayni shu narsaga urinish maqolaning uchinchi qismi (yaʼni, shu nom ostidagi uchinchi chiqish)da ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Choʻlpon mazkur chiqishida «Turkistonga taraqqiy davri kirgandan beri» gazetalarda «Ilm kerak! Oʻqimoq kerak!» deya qichqirib kelingani, shu qichqirish natijasi oʻlaroq «Oʻqumoq va oʻqutmoq ishlari sekin boʻlsa ham oldinga bosgani», gazeta-jurnallar chop etilib turganiyu «hamma shaharlarda «yangi usul» maktablar ochilganini» taʼkidlaydi.

Biroq, adibning fikricha, boshqa bir muhim masala ham borki, u haqda «yozgʻuchi ham, oʻqugʻuchi ham yoʻq». Choʻlpon oʻquvchilar eʼtiborini, xususan, maslakdoshlari eʼtiborini mana shu muhim masalaga qaratmoqchi boʻladi: «hayxot, ziroat ishlarimiz tamom harob! harob! harob!.. Oldinga bir odum otulgani hech koʻrulgani yoʻq. Bir tanob yer qishloqda ming soʻmga chiqdi. Ammo yer dehqonda emas, millatga, xalqgʻa iona bermay tek saqlab yotadurgʻon boylarda. Oh, shul bizni tamom kuyduradur». Choʻlpon oʻz fikrlarini asoslash uchun oʻn-oʻn besh yil ilgarigi maorif va ziroat ishlaridagi ahvolni qiyoslaydi: birida oz boʻlsa-da oldinga siljish, ikkinchisida orqaga ketish boʻlganini koʻrsatishga harakat qiladi. Choʻlpon oʻz mulohazalarini odatdagidek murojaat bilan yakunlaydi: «Yozayluk, qarindoshlar, ziroatdan! Yozayluk, qarindoshlar, iqtisoddan! Alar boʻlsa, maktab ham boʻlur, ilm ham boʻlur. Dehqonlar boylar qoʻlidan, qullik, asirlikdan qutulsa, hammasi boʻlur. Yozayluk, qarindoshlar!..» Koʻrinadiki, Choʻlpon jadid maʼrifatchiligi mavqeida turgani holda millatni taraqqiy ettirish uchun ilmu irfonning oʻzi kifoya emasligini, buning uchun jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish zarurligini anglay boshlagan. Ayni paytda, Choʻlpon maʼrifat va iqtisod munosabatini oʻzgacharoq («alar boʻlsa maktab ham boʻlur, ilm ham boʻlur») tushuna boshlaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun esa ijtimoiy munosabatlar («dehqonlarni qullik, asirliqdan qutqarish»)ni oʻzgartirish, isloh qilish darkor.

Eng muhim nuqta – islohni qay yoʻsin amalga oshirish masalasida Choʻlpon hali tugal bir fikrga ega emaski, bu narsa uning ongida ziddiyatli oʻylar kurashi, izlanish jarayoni kechayotganidan dalolatdir. Yuqorida aytganimizdek, ayni shu jarayon Muhammadiyorning oʻylarida oʻz aksini topgan. Shu bois ham Muhammadiyor «xalq oʻz foydasini anglasa» deya surgan xayollarining-da amalga oshishga ishonolmaydi. Choʻlpon qahramoni ruhiyatidagi umidsizlikni izohlab yozadi: «Chunki borgan sari orqaga ketmakdamiz... taraqqiy asari koʻrulmasdan, bir taraqqiyga oʻn tadanniy tayyor turadir». Choʻlpon qahramonining nima uchun «koʻzi yetmasligi»ni izohlamoqchi boʻlgani holda nima uchun oʻzining koʻzi yetmayotganini izhor qiladi. Shu oʻrinda adib qahramoni ruhiy holatini izohlayotganini, baski, jumlalar shunga muvofiq boʻlishi lozimligini unutib qoʻyadi goʻyo. Aytmoqchimizki, yuqoridagi gap mazmun jihatidan uzoq vaqt yurtidan ayro yashagan odamga emas, koʻproq shu yurt qozonida qaynayotgan kishiga – Choʻlponning oʻziga taalluqlidir.

Vujudini kemirib yotgan umidsizligu ongidagi keskin ziddiyatlarga qaramay, Muhammadiyor yurtiga qaytib maʼrifatchilik harakatiga astoydil kirishadi, oʻzining kichkinagina shaharchasida ulkan ishlarni amalga oshiradi. Koʻramizki, Choʻlpon ibrat uchun yaratayotgan qahramonini oʻzgacha talqin qilolmaydi, chunki uning oʻzida kechayotgan ziddiyatli izlanishlar hali yechimini topgani, qarashlari yaxlit tizim holiga kelganicha yoʻq. Yaʼni, qarashlari birmuncha «soʻl»lashgani holda Choʻlpon jadid maʼrifatchiligi mavqeida qoladi.

Jadidchilik harakati millatni maʼrifatli qilish, taraqqiy ettirish orqali erishishni koʻzlagan bosh maqsad yurt ozodligi, ISTIQLOL boʻlganligi ayon. Biroq oʻsha davr sharoitida bu maqsadni oshkor etish, xususan, chor senzurasi koʻrigidan oʻtuvchi nashrlarda istiqlol gʻoyalarini ochiq-oshkor ifodalash mumkin boʻlmagan hodisa edi. Shunga qaramay, gazeta-jurnal sahifalaridan bot-bot shu gʻoyaning uchqunlari sachrab turardiki, bu uchqunlar omma yuragida shu buyuk gʻoya olovini yoqishga qaratilgandi. Bu oʻrinda biz, avvalo, keyincha millatchilik deb qoralangan millatparvarlik ruhini nazarda tutmoqdamiz.

Choʻlponning ilk asarlaridayoq oʻz millatining qullik asoratida qolganidan, zabun va abgor ahvolidan ezilib, iztiroblari chidab boʻlmas ogʻriq darajasiga yetayozgan bezovta qalb koʻzga tashlanadi. Adibni oʻrtagan dard uning millat haqidagi mulohazalarida, qahramonlarning oʻylariyu voqea-hodisalar tasvirida jigar qonidek silqib turadi. Qahramoni Muhammadiyor «ilm va maʼrifat ila dunyoga nom chiqargʻon Turkistonning» ayanch ahvolini koʻrib «xafachilikdan sil kasaliga yoʻluq»qani kabi, Choʻlpon ham yosh chogʻidayoq millat dardi bilan ogʻrigandiki, davosi topilmagan bu dard uni umrbod azoblab, ayni kuchga toʻlgan paytida mahv etilishiga sabab boʻlgandi.

Maʼrifat nuridan qalb koʻzi ochilgan, koʻp narsani anglagan Choʻlpon uchun har qadamda millatdoshlarining kamsitilishini, tahqirlanishini koʻrib turishlik, ularni himoya qilishga ojizligini tuyub yashashlik bagʻoyat ogʻir edi. «Doktor Muhammadiyor»ning qator oʻrinlarida ayni shu narsaning aks ettirilishi ham fikrimizni dalillaydi: «qoʻrqinch manzaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonagʻon, bir musulmonni poʻyezd maʼmurlari tutib olub uradirlar... Muhammadiyor chidayolmadi. Poʻyezdning tashqarisiga chiqub» ketdi. Oʻylashimizcha, Choʻlponning bir-biri bilan mushtlashayotgan va ayni paytda oʻzgalar tarafidan kaltaklanayotgan musulmonlar haqida bir joyning oʻzida yozishi bejiz emas koʻrinadi. Keyinroq adib Muhammadiyor yaratgan roʻmonda «ilmsiz boylarning poytaxt noʻmirlarinda til bilmay, ilm bilmay va ajnabiylar tarafindan oʻzlariga qilingʻon haqoratlar gʻoyat mohirona suratda koʻrsatilgʻon»ligini yozadi. Eʼtibor bering-a, Choʻlpon oddiy kishilarning kaltaklanishidan qanchalik iztirob cheksa, boylarning haqoratlanishidan ham shunchalik iztirobga tushadi. Nega shunday? Axir «millatga iona bermay bosib yotadigan», koni isrof toʻylar qilgani holda maʼrifatga qayishay demaydigan, dehqonlarni xonavayron qilayotgan boylarni nafratla tanqid qilgan ham Choʻlpon edi-ku? Ha, shunday. Lekin gap millat masalasiga borib taqalganida, Choʻlpon boyu kambagʻal, yaxshiyu yomonga ajratib oʻtirmaydi, bunday qilishlikka dil tubida ardoqlagani – milliy istiqlol gʻoyasi imkon bermaydi. Boz ustiga, uning birmuncha «soʻl»lashgani ham aslida milliy istiqlol va taraqqiy yoʻllarini izlash natijasi, ularga yetishni tezlatish orzusining mahsuli sifatida yuzaga kelgandi. Millatdoshlariga yetgan ziyon-zahmat adibning yuragiga nashtarday botadi: «shaharda katta bir oʻt chiqub, musulmon mahallalaridan 6-7 mahalla kuyub, musulmonlar sohiblari koʻchalarida och-yalangʻoch qoldilar. Oʻrtada bir armani magazini kuygan boʻlsa ham, armani magazinini istraxavayt qildirganidan zarar oz edi. Oh, bizning musulmonlar-chi? Bizning musulmonlar istraxavaytning nimaligini bilmaydurlar edi. Bilganlari harom, deb qildurmagan edilar... Bu hollarni koʻrganda odam qandogʻ chidab turolsun? Qaysi vijdon bunga taxmil etsun?..» Muhammadiyor koʻzi bilan koʻrilgan bu hol ham, aslida, Choʻlponning armonlari, iztiroblarini qarshimizda namoyon qiladi. Adib boshpanasiz qolgan musulmonlar qismatiga dildan achingani holda, ularning islom ahkomlarini mutaassiblarcha tushunishlariga kuyadi. Aksariyat yurtdoshlarining yangicha iqtisodiy munosabatlar sharoitiga koʻnikib ketolmayotganlari, bundan oʻzgalar ustalik bilan foydalanayotganlarini koʻrib oʻrtanadi. Axir, «bir armani, Qofqozning qorongʻu goʻshalaridan kelub, istansada doʻkon ochub, boy boʻlub, ikki oʻgʻlini hukumat maktablarida» oʻqitsa-yu, shu yurt egalari mavjud imkoniyatlardan foydalana olmasalar! Yangicha iqtisodiy munosabatlar sharoitida aql va tadbir bilan ish yuritish lozimligini yaxshi bilgan Choʻlpon maqolalaridan birida: «Har kuni gazetalarda «faloniy sindi», «faloniyni vekseli protest boʻldi, doʻkoni pechatlandi» deganga oʻxshash qoʻrqinchli xabarlarni oʻqib eshitmoqda va koʻrib bilmoqda boʻlsak ham, ammo ibratlanmaymiz. Sababini hech tekshirmaymiz. Yolgʻuz «bozor kasod» deb oʻtaberamiz. Ammo bozorni kasodligʻiga nima sabab ekanligini tekshirmaymiz», – deb yozadi. Choʻlpon millatdoshlarining iqtisodiy bilimlarni egallashlarini, ajnabiy korchalonlar bilan rostmana raqobat qila oladigan tadbirkoru tujjorlar yetishishini orzulaydi.

Biroq hayotda buning aksini koʻrayotgani, yangicha sharoitda hamon eskicha ish yuritayotgan, bilimlarini oshirish tugul elementar iqtisodiy bilimlarga ham ega boʻlmagan yurtdoshlarining tez-tez sinishlari, ajnabiy korchalonlarga, katta firmalarga «yem» boʻlib ketayotganlari uni chinakam tashvishga soladi. Shu bois ham adib mazkur masalaga ayricha eʼtibor beradi, yuqorida koʻchirma keltirganimiz «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik», «Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar» nomli maqolalari bilan ommaning eʼtiborini unga jalb etmoqchi boʻladi. Yangi temir yoʻllar qurilishi munosabati bilan yozilgan keyingi maqolasida Choʻlpon dastlab yer masalasiga toʻxtaladi. U oʻquvchilarni «temir yoʻlning bormogʻi ila tanobi 100 soʻmlik yerlar albatta 1000 soʻmga chiqishi»dan ogoh etadi, pulga qiziqib yer sotish nojoizligini taʼkidlaydi. Chunki «zamonamiz shundogʻ zamondurki, tirikchilik bilan raqobat qilmoqgʻa, maishat zulmidan qutulmoqgʻa qoʻlda yer boʻlmoq kerakdur». Yersiz qolgan dehqonlar fojiasi bilan yaxshi tanish boʻlgan Choʻlpon ularning safi kengaymasligini istaydi. Sodda dehqonlar masalaning iqtisodiy jihatlarini tushunishlariga koʻzi yetmaganmi, har tugul, adib oʻzgacharoq yoʻl bilan-da fikrini singdirishga intiladi: «Oʻzimiz dunyoga yalangʻoch koʻyincha kelib, onamiz – vatanimiz, tuprogʻimiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar. Ul onani sotganlar, albatta, neʼmatning qadrini bilmagan, kufroni neʼmat qilgʻon boʻlurlarki, koʻb yomon gunohga botarlar».

Temir yoʻllarning oʻtkazilishi yurtni obod qilishi, chekka joylardagi hayotni jonlantirishi, «qishloqlarga ham madaniyat» olib kirishini oʻylab quvongani holda Choʻlpon qishloqlilardan «Ovrupo moʻdasi»ga uchmaslikni oʻtinadi: «Ovruponing moʻdasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!» Ayni paytda adib: «Ovruponing maktab, madrasa, ilm-fan, sanʼat, hunarga oʻxshash madaniyatlari sizlarni ozod, maʼmur, olim qilub, johillikdan, asorat-qulliqdan qutulturadur», – deya taʼkidlaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ayricha eʼtibor bera boshlagan Choʻlpon oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan madaniyatlar sirasiga «hunar»-ni kiritarkan, bu soʻzga koʻp maʼno yuklayotgandek, uni keng maʼnoda tushunayotgandek koʻrinadi bizga. Fikrimizcha, adib bu oʻrinda Yevropaning taraqqiyotda ilgarilab ketishiga imkon bergan qator omillar: ishlab chiqarishu ish yuritish madaniyati, xoʻjalikni boshqarish usullari, qishloq xoʻjaligiyu sanoat texnikasi va texnologiyasi kabilarni nazarda tutadi.

«Fargʻona temir yoʻlida bir suyunadurgʻon ish» borki, u haqdagi gapni Choʻlpon atayin maqolaning oxirgi qismiga qoldiradi. Adibni quvontirgan narsa Andijon stansiyasi qurilishini pudratchi sifatida mahalliy ishbilarmonlarimizdan Abdulla Hamidullayevning olganidir. Choʻlpon bilan suhbat chogʻida pudratchining ukasi «shundogʻ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar koʻrub, ularning qoʻliga oʻtib ketayotganiga ichlari achishgan»idan qurilishni olishga jazm qilganlarini aytadi. Yosh adib oʻzi orzulagandek ajnabiy korchalonlar bilan raqobatlasha oladigan, muhimi, millat haqida qaygʻuradigan oʻziga maslakdosh odamni topadi. Ularning suhbatida yana bir muhim masala koʻtariladi: «istansalarga armani va ruslar kelub oʻturmoqdadur. Bechora musulmonlar boʻlsa yerlarini oylik qilub bermoqdalar. Hozirda ijaraga bersalar, bora-bora oz pul bilan sotub ham qoʻyarlar. Vagzalga yaqin yerlarda, istansa atrofida endi gʻayrimillat koʻrunmoqqa boshladi». Suhbatdoshlarni millatdoshlarining eng obod va gavjum, demakki, tijorat ishlarini yurgizishga, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga keng imkoniyatlar beruvchi joylardan chetlashib qolayotganlari, turli yoʻllar bilan chetlashtirilayotgani tashvishga soladi. Eʼtibor bering: na jadid maʼrifatchisi boʻlmish Choʻlponda va na kattagina sarmoyador boʻlmish suhbatdoshida masalaga tor «sinfiy manfaat» nuqtai nazaridan yondashish kuzatilmaydi. Chunki ularning har ikkisi ham asoratda qolgan millat vakillari sifatida bir maqsadni – milliy istiqlolni koʻzlaydilar.

Albatta, milliy istiqlol endigina shakllanayotgan milliy burjuaziya uchun keng imkoniyatlar ochishi tayin edi. Biroq buni kommunistik mafkura tarafdorlari kabi «tor sinfiy manfaat» sifatida talqin qilishlik haqiqatga xiyonat qilishlikdan boshqa narsa emas edi. Sababki, shakllanayotgan milliy burjuaziya manfaatlari Turkiston sharoitida umumxalq manfaatlariga koʻp jihatdan mushtarak edi. Choʻlpon Abdulla afandidek aql va tadbir bilan ish yuritadigan, oʻz foydasi bilan birga millat manfaatini ham koʻzlaydigan ishbilarmonlarning koʻpayishi yurtini obod, ozod va maʼmur qilishiga ishonadi. Shu bois ham maqola oxirida oʻsha ishonch ruhi bilan yoʻgʻrilgan daʼvat yangraydi: «Abdulla afandidek namuna koʻrsatgʻuchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub, vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar choʻntagiga solmasdan va bermasdan, oʻz choʻntagimizda olub yurmakimiz kerakdur.

Bizga shundogʻ ishlarga kirishmoqgʻa vaqt!.. Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!..» Choʻlponning daʼvatida izhor etilgan niyat – «vatan boyligini chetlarga bermaslik» mustamlaka sharoitida toʻla amalga oshishi aslo mumkin emas. Aks holda mustamlaka qilishdan ne naf? Albatta, buni Choʻlpon ham yaxshi biladi, lekin chor senzurasi imkon bergan darajada boʻlsa-da dilidagi ardoqli orzusini ifodalash payidan boʻladi. Shu maʼnoda, «biz ham insonmiz, insondek yashayluk!» deya yangragan adib nidosini «biz ham millatmiz, millatdek yashayluk!» tarzida tushunish toʻgʻriroq boʻladi nazarimizda. Koʻramizki, Choʻlpon yoʻli bilan ozodlik, hurlik, milliy istiqlol gʻoyasini ilgari suradi, zero, «insondek yashash» uning uchun avvalo ozod va hur yashashlikdir.

Yuritgan mulohazalarimiz Choʻlponning adabiy-ijtimoiy faoliyati avvalidagi qarashlari haqida muayyan tasavvur hosil qilish imkonini beradiki, tasavvurimizni loʻndaroq ifodalashga harakat qilamiz. Tanglayi Istiqlol va Taraqqiy deya koʻtarilgan Choʻlponning manglayiga shu ikki soʻz yurak qoni bilan bitilgandiki, bular uning butun hayoti davomidagi izlanishlariyu aldanishlari, quvonchlariyu armonlari, jozibasiyu fojiasini, qoʻying-chi, hayotining mazmunini belgilaydi. Shunga koʻra, keyingi mulohazalarimiz, kuzatishlarimiz asosida ham adibning armoniga aylangan shu ikki tushuncha yotadi, zero, ularsiz Choʻlpon ruhiyatini tushunish ham dushvordir.

Maʼlumki, 1915 yil oʻrtalariga kelib Choʻlpon faol qatnashib turgan jadid nashrlari, xususan, «Sadoi Turkiston» va «Sadoi Fargʻona» gazetalari toʻxtab qolgan edi. Shu bois ham, taasufki, adibning to 1917 yil oʻrtalarigacha yozgan narsalari qoʻlimizda yoʻqki, orada oʻtgan ikki yil mobaynidagi qarashlar tadrijini izchil kuzatish imkoniyatidan mahrummiz. Choʻlponning mazkur tanaffusdan keyin matbuotdagi ilk chiqishlaridan biri sifatida 1917 yil 10 avgustda «Hurriyat» gazetasida eʼlon qilingan «Qofqoziyaga ketgan Fargʻona hayʼatidan» nomli ochiq xatni koʻrsatish mumkin. Xat ostiga uch kishi imzo chekkan boʻlsa-da, chamasi, uning asosiy muallifi Choʻlpon: uslub shunga ishora qiladi. Xatning mazmunidan adibning fevral inqilobidan soʻng qaynoq ijtimoiy-siyosiy faoliyatga shoʻngʻigani seziladi. Fevral inqilobidan keyingi ijtimoiy-siyosiy vaziyat jadidlar koʻzlagan maqsadlarni amalga oshirish uchun birmuncha qulay imkoniyatlarni vujudga keltirgan edi. Buni teran anglagan jadidlarning ijtimoiy faolligi ortgan, xususan, Fargʻona vodiysida Turkiston muxtoriyatini taʼsis etish yoʻlidagi harakatlar avj olgan edi. Choʻlponning Kavkaz turklari bilan aloqa bogʻlash uchun joʻnagan delegatsiya tarkibida boʻlishi uning mazkur harakat faollaridan boʻlganligini koʻrsatadi. Muallifning aytishicha, «poyezdning lip-lip qimillashi, taq-taq taqillashi orasinda» yozilgan xatning boshlanishida: «El qurultoyi ila shahar idoralari saylovi yaqin, balki shahar idoralari saylovi boʻlub turadir.

Baxtimiz, taqdirimiz, yozish-yozmishimiz qartaga qoʻyiladir. Yo yutub, dunyoda tinch va hur yashash uchun asoslar qururmiz, yo yutqazub, dunyoda yana ilgarigiday siqilub-ezilishga mahkum boʻlurmiz» deyiladi. Koʻrinadiki, Choʻlpon maslakdoshlari kabi boʻlajak qurultoy va saylovlarga katta umid bogʻlaydi. Demokratik saylov yoʻli bilan mustaqillikka erishish imkoniyatining yuzaga kelgani adibni benihoya ruhlantirganidan boʻlsa kerak, xatning har satrida hayajon barq urib turgandek. Choʻlpon saylovchilar diqqatini boʻlajak qurultoy va saylovlarga jalb etarkan3, ularning yurt, millat taqdirida nechogʻli muhimligini alohida turtib koʻrsatadi. Choʻlponning inqilobgacha yozgan asarlarida turkchilik gʻoyasi ochiq-oshkor ifodalanmagan boʻlsa, endi bu gʻoya maqsadga yetishning birlamchi shartlaridan biri sifatida talqin etiladi: «Bunday bir zamonda soʻngisidan (yaʼni, mustamlakadan – D.Q.) qutulish uchun har tarafda tarqalgʻon turklarning, Turon bolalarining birlashmaklari lozim». Albatta, turkchilik gʻoyalarining bu qadar aktuallashuvi zamon talabi bilan yuzaga keladi: jadidchilar Rusiya imperiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning birlikda mustaqillik uchun harakat boshlashi qarshi tomon shashtini susaytirishini yaxshi bilganlar. Yaʼni, mazkur gʻoyaning aktualligi ikki-uch yil ilgarigi holatga nisbatan beqiyos ortgan edi. Eʼtiborli jihati shuki, Choʻlpon qarashlarida muayyan sharoitdan kelib chiqqan holda yetakchi masalaning oʻzgarib turishi kuzatiladi: maʼrifat yoyish – iqtisodni rivojlantirish – turkchilik gʻoyasi. Garchi xatda «maqsad – birlashishlik, turklik!» degan shior oldinga tashlansa-da, aslida gap koʻproq hamkorlik haqida boradi: «Qofqozda bizdan, Turkistonda Qofqozdan, Volga boʻyidan bizda, bizdan Volga boʻyidan hayʼatlar, vakillar boʻlushga kerak. Boshqa tarafdan kelurgʻa hozir vaqt nomunosibdur». Soʻnggi jumla diqqatni tortadi: uni qanday tushunmoq lozim? Mualliflar Rossiya bilan urush holatida turgan Turkiyani nazarda tutadilarmi? Ehtimol. Biroq bu oʻrinda boshqa masala nazarda tutilgan boʻlishi ham mumkin. Maʼlumki, 1917 yildagi har ikki inqilobdan keyin ham Turkistonning boshqaruv organlarida gʻayri millat kishilarining salmogʻi ortiq boʻlib qolavergan edi. Oʻylashimizcha, bu oʻrinda koʻproq shu masala qoʻyiladi: oʻz yurtimizni oʻzimiz boshqarishimiz lozim, boshqalarning kelishi nomunosibdir.

Nihoyat, yuqoridagi xat mualliflari katta umid bogʻlagan el qurultoyi – IV Turkiston umummusulmon syezdi 1917 yilning 26-29 noyabrida Qoʻqonda toʻplanib, Turkiston muxtoriyatini eʼlon qildi. Choʻlpon muxtoriyatni quvonch bilan qarshiladi, zero, bu uning oʻziga-da bot-bot ushalishi dushvor tuyulganidan diliga armon kukunlarini sepib kelayotgan orzuning roʻyobga chiqishi edi. Muxtoriyat gimni deyishga arzigulik «Ozod turk bayrami» sheʼrida muallifning oʻsha kunlardagi koʻtarinki ruhi, gʻururiyu iftixor tuygʻulari barq urib turadi:

Koʻz oching, boqing har yon!

Qardoshlar qanday zamon!

Shodlikka toʻldi jahon!

Fido bu kunlarga jon!

Choʻlpon endi ezilgan, xoʻrlangan xalq haqida emas, ozodlikka erishgan, oʻzligini taniy boshlagan millat haqida kuylaydi. Shu bois ham baralla «Nomusli, vijdonlimiz!» deya oladi, zero, uning tasavvurida erk deya chiqolgan, oʻz haq-huquqlari himoyasiga yaragan millatgina nomusli va vijdonli sanalishi mumkin, xolos. Choʻlponni quvontirgan narsa muxtoriyat eʼlon qilinganining oʻzigina emas, koʻproq u ochayotgan istiqbol: endilikda «Taraqqiyga yoʻl ochuq! Jaholatga yoʻl yopuq!» boʻlishi, «yurakdan dogʻlarning, vatan bogʻidan zogʻlarning ketishi», bu yurtda «hurriyatning bayrogʻu adolatning oʻrtoq» boʻlishi. Demak, Choʻlpon yurtining buyuk kelajagini, adolat tamoyillari asosga qurilgan jamiyatda ozod va hur yashayotgan mutaraqqiy xalqni tasavvur qiladi, muxtoriyat eʼlon qilinishini esa oʻsha kelajak tomon qoʻyilgan ilk qadam deb biladi.

Sheʼrning nomlanishidayoq koʻzga tashlanuvchi turkchilik gʻoyasi naqorat vositasida qayta-qayta taʼkidlab ifoda etiladi:

Turkistonli shonimiz, turonli unvonimiz,

Vatan bizim jonimiz, fido oʻlsun qonimiz!

Choʻlpon talqinida Turkiston muxtoriyatining eʼlon qilinishi nafaqat shu zaminda yashayotgan, balki butun dunyoga tarqab ketgan «Turon bolalari»ning umumiy bayrami. Zero, «Turk beshigi Turkiston»da vujudga kelgan muxtoriyat turkiy olamni, umuman, mazlum Sharqni uygʻotuvchi bong, barcha ezilgan millatlarni istiqlol uchun kurashga chorlovchi mayoq, deb tushunadi muallif.

Ahmad Zakiy Validiyning malumot berishicha, Choʻlpon 1917-18 yillarda bir guruh turkistonliklar bilan Orenburgga borib, u yerda Boshqirdiston hukumati raisining kotibi vazifasida ishlagan4. Albatta, Choʻlpon va bir guruh maslakdoshlarining Boshqirdistonda ishlashi turkchilik gʻoyalarining, xususan, yuqoridagi xatda kuzatganimiz qarashlarning amaldagi tadbiqi edi. Taassufki, adib faoliyatining ayni shu bosqichi hali yaxshi oʻrganilgan emas, bu davrda yozilgan asarlari ham topilganicha yoʻq. Chamasi, Choʻlpon Boshqirdistonga 1917 yilning oxirlarida, muxtoriyat eʼlon kilinganidan keyinroq joʻnaganu, u yerda bir yildan moʻlroq turgan koʻrinadi. Har holda, uning Turkiston matbuotida faollashuvi 1919 yilning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. Choʻlpon faoliyatining Boshqirdiston davriga mansub asarlardan biri sifatida «Qizil bayroq» sheʼrini koʻrsatishimiz mumkin. Mazkur sheʼr Oktyabr inqilobining bir yilligi arafasida «Ishtirokiyun» gazetasida eʼlon qilingan edi. Toʻgʻri, bu sheʼr 1917 yilning aprelida yozilgan, degan maʼlumotlar ham bor5. Biroq, oʻylashimizcha, sheʼrning mazmun-mohiyati fevral inqilobidan keyingi dastlabki oylar ruhiga, xususan, shu paytdagi Choʻlpon ruhiyatiga mos emasdek koʻrinadi bizga. Chunki sheʼrda burjua-demokratik inqilobi tabiatidan koʻra koʻproq oktyabr toʻntarishi ruhiga mos satrlar bitilgandir:

Siz, burjuylar, kibor sinflar, yaqin kelmang bayroqqa,

Siz emasmi ilgaridan uning qonxoʻr dushmani?!..

Qizil bayroq qip-qizil qon, u qon ishchilar qoni,

Kibor sinflar u qonlarni toʻkkan zolim jallodlar...

Aytmoqchimizki, garchi inqilobdan ilgariyoq Choʻlpon qarashlarida birmuncha «soʻllashuv» kuzatilgan boʻlsa-da, 1917 yilning aprel oylarida adib hali bu qadar «qizillashmagan» edi. Nega? Maʼlumki, fevral inqilobidan soʻng beqiyos darajada jonlanib ketgan Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida qarashlar rang-barangligiyu keskin gʻoyaviy kurash hukm surgandi. Hatto, umumiy maqsadlari bitta – Istiqlol va Taraqqiy boʻlgan jadidlar orasida ham shu maqsadga qay yoʻsin erishish kerak, qaysi siyosiy kuchlar bilan ittifoqda harakat qilish mumkin, hozirgi sharoitda qay tipdagi davlatchilik qurilishi maqsadga muvofiq... kabi qator taktik va strategik masalalarda turlichalik yaqqol koʻzga tashlanadi6. Choʻlpon bu davrda muxtoriyatni yoqlab chiqqan Munavvar qori, Behbudiy, Obidjon Mahmudov, Ubaydulla Xoʻjayev kabi jadidlar bilan hamfikr boʻlgan. Ahmad Zakiy Validiy xotiralarida maʼlumot berilishicha, «bir qancha shaharlarga borib» targʻibot ishlari olib borgan faol muxtoriyatchilar orasida «yosh oʻzbek shoiri Choʻlpon» ham boʻlgan7, u «saylov qonuni masalalari boʻyicha kurashimizni juda chiroyli bir doston qilib yoz»gan. Koʻramizki, xotiranavisning bu gaplari yuqoridagi xatda ifoda etilgan fikrlarga hamohang keladi.

Bu mulohazalarimiz Choʻlpon oktyabr inqilobi yuz bergan paytda butunlay boshqa gʻoyalarga oshufta boʻlib yashaganini koʻrsatadi. Shunga koʻra, bizningcha, «Qizil bayroq»ning keyinroq 1918 yilda yozilgani haqiqatga yaqinroq keladi. Agar sheʼrni Orenburg davri mahsuli deb qarasak, u holda ayni shu davrda Choʻlpon qarashlarida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganini sezishimiz mumkin boʻladi. Aytmoqchimizki, Boshqirdistonda ekanida Choʻlponning oktyabr inqilobiga munosabati oʻzgargan. Xoʻsh, bunday deyishimizga asos bormi? Albatta, buni hujjat bilan dalillashdan koʻpincha ojiz qolamiz, biroq tasavvurimizni ishga solishimiz mumkin. Avvalo, Choʻlpon Orenburgda ekanida katta umid bogʻlagani Turkiston muxtoriyati mahv etildi. Mashʼum 1918 yil fevralidagi Qoʻqon voqealarining bevosita shohidi boʻlmagan Choʻlpon muxtoriyatning magʻlubiyatga uchrashi sabablarini hissiyotga berilmasdan, xolis mushohada qilish imkoniga ega edi. Ehtimol, muxtoriyat gʻoyasiga qoʻshilmagan, uni amalga oshirish mumkin boʻlmagan hodisa deb hisoblaganlarning daʼvolarini idrok tarozusiga solib koʻrgandir? Ehtimol, muxtoriyatning kuchga kirolmaganiyu magʻlubiyatida oʻzi yaxshi bilgan ichki ziddiyatlaru oʻzaro kelishmovchiliklar oqibatini mulohaza qilgandir?.. Xullas, nima boʻlganda ham Choʻlpon – hayotini muayyan maqsadga bagʻishlagan odam, shu maqsad sari intilishlik uning uchun hayot mazmuniga aylangan. Shunday ekan, u tarixu taqdirning ogʻir zarbasidan tezroq oʻnglanishi, oʻsha maqsadga yetishishning boshqa yoʻllarini qidirishi lozim, bu uning uchun ichki zaruriyat. Choʻlponning shu davrda yaratilgan «Sharq nuri» nomli sheʼri uning izlanishlari qay tomon boshlaganini tasavvur qilish imkonini beradi.

Sheʼr mashhur tatar inqilobchilaridan biri, islomni kommunizm gʻoyalari bilan kelishtirishga intilgan Mullanur Vohidovning oʻlimi munosabati bilan yozilgan. Sheʼrning quyidagi satrlariga diqqat qilaylik:

Insonlikka saodatning birdan-bir

Toʻgʻri yoʻlin koʻrsatuvchi Marksdi.

Biroq Sharqqa qutulishning yoʻlini

Koʻrsatuvchi ulugʻ dohiy sen eding,

Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi...

Avvalo shuni yodda tutish lozimki, Choʻlpon bu sheʼrni qandaydir majburiyat orqasida yozgan emas: nimaiki deyayotgan boʻlsa chin dildan aytadi. Dastlabki satrlardanoq muallifning marksizmga munosabati yaqqol koʻzga tashlanib turibdi: Choʻlpon bashariyatni «saodatga yetaklovchi birdan-bir toʻgʻri yoʻl» deya uqdirilayotgan marksizmga tayyor retsept, qotib qolgan dogma deb qaramaydi, unga ijodiy yondashish zarurligini chuqur his qiladi. Shoirning tushunishicha, marksizm Sharqda koʻr-koʻrona qoʻllanmasligi kerak, aksincha, bunda Sharqning oʻziga xos xususiyatlari, sharq mamlakatlarining ijtimoiy taraqqiyot darajasi albatta eʼtiborda tutilishi lozimdirki, buning uchun taʼlimotning oʻzi shunga moslanishi darkor. Choʻlponning musulmon sotsialistlari rahnamosi Mullanur Vohidovni «Sharqqa qutulishning yoʻlini koʻrsatuvchi ulugʻ dohiy» deb atashi ham shundan dalolat beradi. Koʻrinadiki, qarashlarida ilgaridan birmuncha «soʻl»lik mavjud boʻlgani, ikkinchi tomondan, yurtini ozod koʻrish istagi Choʻlponning Orenburgda ekanida sotsialistik gʻoyalarni oʻziga xos tarzda qabul qilishiga asos boʻladi. Oʻziga yoʻrgakda tekkan Istiqlol va Taraqqiy dardiga davoni shoir endi shu taʼlimotdan topmoqchi boʻladi, tabiiyki, shu gʻoya uchun amalga oshirilgan Oktyabr inqilobiga munosabati ham oʻzgaradi.

«Sharq nuri»da Choʻlponning 20-yillar sheʼriyati, publitsistik chiqishlarida markaziy oʻrin tutgan Sharq mavzusi ilk bor qalamga olingan edi. Shoir bilgan «Sharqning tarixi bir bet boʻlsin oq satrni koʻrmagan»; uning qay burchiga qaralsa «yoʻqlik, oʻlim, zulm, qargʻish» toʻlib toshgani koʻriladi. Choʻlpon «chetlar panjasida koʻzi yoshli» Sharq haqida kuylarkan, tabiiyki, vatani Turkistonni undan istisno qilmaydi. Sheʼrdan olingan ayrim satrlarning mazmuniga eʼtibor qilsak: «Sharqning qaysi burchagini (yaʼni, istisnosiz – D.Q.) qarasang», «Sharqni boshdan-oyoqqacha yurarding», «U dushmanlar butun Sharqning dushmani»... fikrimizning toʻgʻriligiga qanoat hosil qilish mumkin boʻladi. Eʼtiborli jihati shundaki, Choʻlpon qaygʻurayotgan zamin hududi tobora kengayib boradi: Turkiston – Turon bolalari – mazlum Sharq. Albatta, bu avvalo shoirning hayotiy tajribasi ortgani, dunyoda yuz berayotgan hodisalar mohiyatini chuqurroq anglay boshlagani bilan bogʻliqdir. Biroq, bu oʻrinda masalaning ikkinchi muhim jihatini aslo nazardan qochirib boʻlmaydi. Gap shundaki, Choʻlpon Sharq dardini yonib kuylagan inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq turkchilik gʻoyalarining istibdodga qarshi kurash ruhidan yaralganini inkor qilib, uni millatchilikning bir koʻrinishi sifatida baholashlar, «panturkizm» atalmish soxta, hodisa mohiyatiga mutlaqo nomuvofiq istilohlarni oʻylab topishlar boshlanib boʻlgan edi. Koʻramizki, Sharq mavzusi, bir tomondan, masalaning kengroq qoʻyilayotganidan dalolat boʻlsa, ikkinchi tomondan, vatan ozodligi gʻoyasini ifodalashning mumkin boʻlgan yagona vositasi ham edi. Fikrimizni dalillash maqsadida H.Olimjonga murojaat qilamiz: «Hind ixtilolchilari» va «Chin sevish»ning yozilish vaqti 1920 yillarga, Turkistonda Sovetlarning mahkamlana boshlagan vaqtiga toʻgʻri keladi. Bu vaqtda Fitrat oʻzining qarashlarini inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida yozilgan «Temur sagʻanasi»da ifoda qilganiday ochiq va yalangʻoch ifoda qila olmaydi, chunki ortiq millatchilik aksil inqilobining qanotlari qirqila boshlagan va millatchilar Sovetlarga qarshi ochiqdan-ochiq kurashdan niqoblanishlarga oʻtgan va oʻta boshlagan edilar».8 Avvalo, H. Olimjonning fikrlariga kichkinagina aniqlik kiritish lozim: Fitratning tilga olingan asarlari aslida «inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida» yozilgan edi. Buni «Chin sevish»ning 1920 yilda sahnalashtirilganiyu «Hind ixtilolchilari»ning xuddi shu yil Berlinda nashr etilganidan ham bilsa boʻladi. Koʻrinadiki, oʻsha vaqtdayoq «mavzuda Hindiston hayotiga ketsa ham, mazmunda tamom Turkistonda qoladi»gan asarni yozgan Fitrat fikrlarini ifodalash uchun, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanishga majbur edi. Mazkur mulohazalarimiz, bizningcha, Choʻlponning Sharq mavzusida yozilgan sheʼrlariyu publitsistik chiqishlarini matndan kengroq tushunish va talqin qilish lozimligini koʻrsatadi.

Fevral inqilobidan keyingi qariyb ikki yil vaqt davomida ijtimoiy-siyosiy faoliyat qozonida obdon qaynab, hayotiy tajribasi ortgan, qarashlarida yuqoridagicha oʻzgarishlar yuz bergan Choʻlpon 1919 yil boshlarida Turkistonga qaytib keladi. Adibning maslakdoshlari – jadidlarning shu yillardagi faoliyati haqida yana H.Olimjondan oʻqiymiz: «Siyosat bobidan surilib chiqqan, fevral inqilobi davridagi jonsarak urinishlari xayolga aylangan oʻzbek burjua ziyolilari butun kuchni madaniy adabiy maydonga tashladi. Ular, taxminan, butun gazeta va jurnallarga oʻrinlashib oldilar.

Maktab-maorifning asosiy shahobchalari ularning qoʻlida qoldi. Adabiy maydon va adabiy tashkilotlarga oʻz changallarini solib, ularni millatchilik mafkurasiga xizmat qildirdilar»9. Muallif munosabatini eʼtibordan soqit qilsak, bu oʻrinda biz uchun muhim maʼlumotlar borligi ayon boʻladi. Koʻramizki, jadidlarning soʻl qanoti yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sharoitda kurash taktikasini oʻzgartirgan: ular sotsialistik gʻoyalaru sotsialistik inqilob yuzaga keltirgan jamiki imkoniyatlarni «xayolga aylangan urinishlari»ni roʻyobga chiqarish – Istiqlol va Taraqqiy maqsadiga xizmat qildirish payida boʻlganlar.

Oʻzining tergovga bergan maʼlumotiga koʻra, Choʻlpon 1919 yil boshlarida Toshkentda Fitrat bilan uchrashadi. Bu paytda Fitrat boshchilik qilgan «Chigʻatoy gurungi» faoliyati boshlangan boʻlib, Choʻlpon ham unda ishtirok qiladi. Keyinroq, 1927 yilda Fitrat «Chigʻatoy gurungi» bevosita siyosat bilan mashgʻul boʻlmoqni istamadi, yolgʻiz til, imlo, adabiyot bilan shugʻullandi»10 deb yozsa-da, haqiqatda maslakdoshlarni birlashtirgan bu gurung boshqa muhim masalalarga koʻz yumib turmaganligi aqlga tayin, albatta.

Aytmoqchimizki, oʻngu soʻlligidan qati nazar, barcha jadidlar uchun umumiy boʻlgan milliy istiqlol va taraqqiy masalalarini gurung ishtirokchilari hech yoʻq tor doirada muhokama qilganlar, fikr almashishganlar. Yuqorida aytganimizcha, kurash taktikasi ayni shu uyushma bagʻrida yetilgan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Har holda, Choʻlponning «Chigʻatoy gurungi»da ishtirok etishiyu besh yilga yaqin umrini – ijodi gurkiray boshlagan, «Goʻzal»ga oʻxshagan sheʼrlar yaratilgan davrni muttasil jurnalistlik ishiga bagʻishlashi orasida aloqa bordek koʻrinadi bizga.

«Ishtirokiyun» gazetasining 1919 yil 6 mart sonida «Qizil baynalminal» nomli sheʼr eʼlon qilindiki, buni vataniga qaytgan Choʻlponning matbuotdagi ilk chiqishi sifatida koʻrsatish mumkin. Aslida ilgariroq, 1918 yil oxirlarida yozilgan sheʼr ruhi Choʻlponning uni eʼlon qilgan vaqtdagi ruhiyati va qarashlariga mos edi, albatta. Bir qarashda nomlanishining oʻziyoq sheʼrning «qizil»ligidan darak berib, u haqda muayyan xulosa chiqarish imkonini berayotgandek. Biroq xulosaga shoshilmasdan, sheʼr mazmuniga durustroq eʼtibor qilinsa, oʻzgacharoq manzaraga duch kelamiz. Xuddi «Sharq nuri»da koʻrganimizdek, bunda ham Sharq mavzusi ishlanadi, biroq, avvalgi sheʼrdan farq qilaroq, «Qizil baynalmilal»da Sharqu Gʻarb ziddiyati ochiqchasiga ifoda etiladi: «Koʻmir kabi bulutlari yot ellar, Ul ellarning qulligida ezilgan Sharq ellari...». Eʼtibor bering-a, shoir sotsialistik taʼlimotga muvofiq «Sharqni Gʻarb burjuaziyasi ezmoqda» deyayotgani yoʻq, uning talqinida ezilgan Sharq va ezuvchi Gʻarb bor, xolos. Bir qarashda bu fikrimizni quyidagi satrlar inkor qilayotgandek tuyulishi ham mumkin:

Sharq ellari asir kabi ishlaylar

Bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun...

Sharqli kishi qatiq yesa non topmas

Bir hovuchlar yemagiga nom topmas...

Koʻrinadiki, «bir hovuchlar» deyilganda aynan ekspluatator sinflar nazarda tutiladi, deya ettiroz qilinishi mumkin. Xoʻsh, unda nima sababdan shoir «sharq ellari bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun» ezilib ishlaydi, deb yozadi? Bu joʻngina uslubiy gʻalizlikmikan? Oʻylashimizcha, yoʻq. Choʻlpon, avval ham aytganimizdek, sotsializm gʻoyalariga xayrixoh boʻlgani holda uning qarashlari bolshevizmdan jiddiy farqlanadi. Tabiiyki, bolsheviklarning nashr afkori boʻlmish «Ishtirokiyun»da eʼlon qilinadigan asarda asl niyatning birmuncha pardalanishi, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanish zarur edi. Koʻrinadiki, shoir, bir tomondan, bolsheviklarda urf boʻlgan iboralar (ezilgan, eziluvchi, «bir hovuchlar»)ni ishlatishga majbur, ikkinchi tomondan, ularga yangicha maʼno yuklagani holda Sharq ozodligi, milliy ozodlik gʻoyalariga xizmat qildirishga intiladi.

Choʻlpon Sharqning ayanch ahvolidan soʻzlarkan, «nahot uning qutulishiga yoʻl yoʻq boʻlsa?» degan savol qoʻyadi-da, oʻzi javob beradi unga:

Ilgarida boʻlmasa ham endi bor,

Gʻarb ustida bosh koʻtargan ulugʻ kuch.

Ul kuchdir kim, mazlumlarga yoʻl ochar,

Zolimlarga naʼra tortar:

- Oʻch, oʻch, oʻch!.

Tabiiyki, shoir «ulugʻ kuch» deganida oktyabr inqilobini nazarda tutadi. Biroq, sheʼrning umumiy ruhidan kelib chiqilsa, «mazlumlar» va «zolimlar»ning kontekstual maʼnosi kengayadi. Yaʼni, bu oʻrinda «mehnatkashlar» va «ekspluatatorlar»gina emas, koʻproq Sharq va Gʻarb nazarda tutilgani anglashiladi. Ayniqsa, sheʼrning yakunlovchi bandi Choʻlponning oktyabr inqilobiga munosabatini, qarashlaridagi oʻziga xoslikni yorqinroq tasavvur qilishimizga imkon beradi:

Bir yildirkim, koʻk yuzida tugʻildi,

Qizil qonlar orasidan «qizil oy»,

Bir tarafdan qahr, zulmat quvildi,

Sharqni yana ul qizil oy qutqargay!..

Ortiq yetar ezilganing, ey Sharq!

Qanot qoqib oyga qarab yuksal,

Asirlikdan qutulmoqqa zoʻr shart:

Qoʻlda yarogʻ, tilda «Baynalmilal»!

Choʻlpon oktyabr inqilobi oʻz yurtidagi «qahr, zulmat»-ni quvishi, Sharqni asoratdan qutultirishiga ishonadi. Lekin bu oʻrinda muallif «inqilobni eksport qilish» yoxud oʻsha paytda bolsheviklarning butun xayolini egallagan «jahon revolyutsiyasi»ni nazarda tutmaydi, yoʻq. Oktyabr inqilobi shoir nazarida mudroq Sharqni uygʻotishi, uni kurashga chorlashi lozim, xolos. Chin maʼnodagi ozodlikka esa Sharq, jumladan Turkiston xalqlari «qanot qoqib oyga qarab yuksal»salar, «qoʻlda yarogʻu tilda «baynalmilal» bilan kurashga kirsalargina erishishlari mumkin. Bir qarashda bu fikrimizda ichki ziddiyat mavjuddek: axir, Turkiston xalqlarining «oy»ga qarab intilishlariga na hojat? Axir shoirning oʻzi Turkiston koʻkida «oy» porlaganiga bir yil boʻldi, deb turibdi-ku? Bu xil eʼtirozlarda jon boʻlishi mumkinligini inkor qilmagan holda sheʼrni yuqoridagicha talqin qilishga moyilmiz. Albatta, buning uchun sheʼrning oʻzidan asos topishimiz lozim, aks holda talqinda subyektivizmga yuz tutgan boʻlamiz. Hoʻsh, sheʼrni bizchasiga talqin qilishga imkon beruvchi unsurlar, ishoralar bormi? Bizningcha, bor. Avvalo, shoir «Gʻarb ustida bosh koʻtargan ulugʻ kuch» haqida yozadiki, buni Turkiston koʻkida porlagan oy sifatida tushunishga shoshilmay turaylik. Ikkinchidan, qarshimizga bir savol qoʻyaylik: nima uchun «qizil oy»? Xoʻsh, oyga qizil deb sifat berilgani faqat uning «qizil qonlar orasidan» balqib chiqqani uchunmi? Unda nega shoir «Sharqni yana ul qizil oy qutqargay» deya taʼkidlab qaytaradi? Shu oʻrinda sheʼrning boshiga qaytishimiz maqsadga muvofiq koʻrinadi. Shoir havoning buzuqligidan, koʻk yuzidagi «koʻmir kabi qop-qora. bulutlar»dan boshlaydi gapni. Keyin esa:

Havo buzuq... Toʻgʻri, Sharqning havosi

Necha yildir juda yomon buzulgan...

Koʻk yuzida qator-qator chizilgan

Koʻmir kabi bulutlari yot ellar...– deb yozadi. Bizningcha, Choʻlponning sheʼr boshlanishidayoq ramzni qanday tushunish lozimligiga ishora qilishi bejiz emas: u oʻquvchisini sergak torttirishga, keyin ham ramziy timsollar kelishidan ogoh etishga harakat qiladi goʻyo. Agar «Qizil oy»ni ham ramziy timsol deb qarasak, uning mano diapazoni, shubhasiz, ancha kengayadi. Avvalo, shoir inqilobni quyoshga (bu narsa koʻproq rasm edi) emas, oyga mengzamoqda. Oy esa, maʼlumki, musulmon dunyosi ramzlaridan biridir. Oyning sifatlovchisi boʻlmish «qizil» esa, oʻz navbatida, sotsialistik gʻoyalar ramzi boʻlib chiqadi. Demak, aytish mumkinki, Choʻlponning yuqorida koʻrganimizcha qarashlari – sotsialistik gʻoyalarni Sharqda oʻziga xos tarzda tatbiq etishu ularni islomiy qadriyatlarga muvofiqlashtirish mana shu ramz vositasida ifodalanadi. Choʻlponning 1919 yil sanasi qoʻyilgan yana bir asari «Temirchi» deb nomlanadi. Sheʼriy yoʻlda yozilgan moʻʼjazgina dramatik koʻrinishda muallif oddiy mehnat kishisi – temirchi hayotidan foje bir lavhani jonlantiradi. Temirchining yaratganga iltijosidayoq:

Qabul qilgin tilagimni, tangrim,

Baquvvat qil bilagimni, rabbim!

Shu bilakning kuchi bilan oʻn jon

Topib yeydur kechungunday osh-non...–

Choʻlpon bilak kuchiyu peshana teri bilan mashaqqatli kun kechirayotgan ming-minglab yurtdoshlari taqdirini umumlashtiradi. Choʻlpon oʻquvchi koʻz oldida ogʻir mehnatdan toliqqan, och qolgan bolakayning zorlanishlariyu dilbandining qiynalganini koʻrib yuragi achishgani holda kech boʻlganiga-da qaramay ishga undashga majbur otaning iztiroblarini jonli gavdalantiradi. Shu holatda bolaning qoʻli kuyib, yordamchisiz qolgan gʻamboda ota qoʻlini mayib qilib oladi. Shoir temirchi tilidan oʻzini doim oʻylatib kelgan savolni oʻrtaga tashlaydi:

Nega muncha ezadursan qulingni?..

Shunday boylar boʻlarkim,...

bir necha yil ishlamas, och qolmas.

Men bechora ishlamasam, topmasam,

Uy ichimda oʻn jon bordur...

Bir burda non topilmas...

Muallif konkret hayotiy lavhada ijtimoiy turmushdagi adolatsizlikni tasvirlash orqali uni adolat asosiga qayta qurish zaruratini taʼkidlab koʻrsatadi. Choʻlpon xalqning yashash sharoitini yaxshilamasdan, uni «maishat qulligi»dan qutqarmasdan turib chin maʼnodagi taraqqiyga erishib boʻlmasligini juda yaxshi biladi, zero, ijodining avvalidayoq dehqonlar hayoti bilan tanishib bu zaruratni teran anglagandi ham. Asarning «mehnatkash inqilobining ikki sana davri munosabati-la» degan bagʻishlov bilan chop etilishi ham muallifning inqilobga xayrixoh munosabatidan dalolatdir, albatta. Biroq, unutmaslik lozimki, tahlilga tortganimiz ikkala sheʼr Choʻlponning oktyabr inqilobiga munosabati gʻoyat ziddiyatli boʻlganidan darak beradi. Bir tomondan, inqilobning mehnatkashlarni ozod qilish shiori bilan chiqqani uning qarashlariga, taraqqiy maqsadiga muvofiqday, ikkinchi tomondan, yangi sovetlar hukumati Turkistonga chin maʼnodagi mustaqillik berish niyatidan yiroqligini muxtoriyatni qonga botirganidayoq oshkor qilib qoʻygan edi. Choʻlpon Boshqirdistonda hukumat raisiga kotiblik qilganida ham, yurtiga qaytib Turkiston hukumati boshqaruvi hamon mustamlakachilar qoʻlida qolayotganini koʻrganida ham, kundalik turmushda ham, qoʻying-chi, har qadamda keyingi fikrni quvvatlovchi dalillarga duch keladi. Qarashlari nechogʻli ziddiyatli boʻlmasin, bu davrda adib uchun istiqlol maqsadi birlamchi boʻlib qolaverdi. Ayni paytda, Choʻlpon yurtining taqdiri hal boʻlayotgan vaqtda bir chetga chiqib turishlikni oʻziga ep bilmadi. U oʻzining millatga eng koʻp foydasi tegishi mumkin boʻlgan jurnalistika sohasida ishlab, mavjud imkoniyatlar doirasida ezgu maqsadlarining amalga oshishini yaqinlashtirish yoʻlida xizmat qildi. Choʻlponning yangi hukumat maorif, madaniyat sohalarida olib borayotgan ishlarni quvvatlab, goho ularni rivojlantirish umidi bilan tanqid qilib yozgan «Qizil Sharq poyezdi keldi», «Shoʻrolar hukumati va sanoye nafisa», «Gimnazistkalar», «Faryod» kabi maqolalari fikrimiz dalilidir. Adib xalqning maʼrifatli boʻlishi kelgusidagi istiqlol uchun kurashda, ijtimoiy hayotni isloh qilishda nechogʻli muhimligini bilgani sababli ham «qizil» shiorlaru gaplardan, «qizil» mushohadalardan choʻchib yoxud hazar qilib oʻtirmadi, ishga foydasi tegsa bas, degan aqidadan kelib chiqdi. Tabir joiz boʻlsa, Choʻlponni uzoq manzilni koʻzlab yoʻlga chiqqan yoʻlovchiga mengzash mumkindek: yoʻlovchi oʻziga ozroq boʻlsa-da yoʻldosh boʻlgan aravaga chiqdi, «aravasiga chiqqandan keyin ashulasini ham aytdi»-yu, lekin yoʻlini yaqinlashtirgani foydaga qoldi. Oʻylashimizcha, Choʻlponning 1920 yillarda yozilgan ayrim maqolalariyu sheʼrlarini shu yoʻsin tushunilsagina qarashlar tadrijidagi mantiqiy izchillik kuzatilishi mumkin boʻladi.

Choʻlponning vaqtli matbuotda eʼlon qilingan sheʼrlarining aksariyat qismi uning sheʼriy toʻplamlariga kiritilgan emas. Eʼtibor berilsa, shoir 1926 yilgacha uchta sheʼriy toʻplam chop ettirgani holda, ulardan «qizil» ruhdagi sheʼrlar kamdan-kam oʻrin olganligini koʻrish mumkin boʻladi. Nega? Biz buni ikki asosiy sabab bilan izohlamoqchi boʻlamiz: birinchidan, Choʻlpon sheʼr va sheʼriy yoʻlda yozilgan publitsistikani farqlagan, sheʼriyatga ancha yuksak talablar qoʻygan; ikkinchidan, vaqtli matbuotda eʼlon qilingan sheʼrlarining aksariyatida «aravakash» ashulasiga «xirgoyi»si qoʻshilib turgan xolos. Bunga amin boʻlish uchun shoirning 20-yillar avvalida yozilib toʻplamlariga kiritilgan sheʼrlari bilan toʻplamlardan joy olmagan ayrim sheʼrlarini qiyoslab qoʻyish kifoya.

Choʻlponning bu davrda yaratgan sheʼrlarida fikru tuygʻularni ramzlar vositasida ifodalashga moyillik kuchaydiki, buning ildizlarini yuqorida koʻrsatib oʻtdik. Aytish mumkinki, «niqoblanish» zarurati Choʻlpon sheʼriyatining oʻziga xos ifoda yoʻsini, betakror uslubiyu poetik tafakkur tarzining shakllanishiga turtki bergan koʻrinadi. Ifoda yoʻsinining ramziyligi «Tortishuv tongi» (1920) nomli sheʼrda ham yaqqol koʻzga tashlanadi:

Yenggan qoʻshin boshligʻidek gerdayib

Botgan quyosh bulutlarning ostidan

Bosh koʻtarib chiqmoq uchun tirisha:

Shuning uchun beri yoqda irjayib

kulishurlar,

Unga qarshi qarshidan

Yigʻlov, siqtov, tovush, gʻavgʻo, xarxasha.

Tabiiyki, sheʼr ruhidan kelib chiqilsa, «quyosh» bu oʻrinda istiqlol, milliy ozodlik ramzi ekanligi anglashiladi. Shoir «botgan quyosh» deganida istiqlol uchun kurashdagi magʻlubiyatni, xususan, muxtoriyatning mahv etilishini nazarda tutadi. Muallif ishonadiki, quyosh manguga botmaganidek, istiqlol uchun kurash ham toʻxtamaydi: endilikda oʻsha «botgan quyosh» qaytadan bosh koʻtarib chiqmoq uchun tirishayotir – «tortishuv tongi» boshlanayotir. Keyingi satrlarda Choʻlpon koʻtarila boshlagan «quyosh»ga turlicha munosabatni tasvirlaydi: «beri yoqda irjayib kulishurlar». Kimlar ular? Muallif gapning egasini atayin tushirib (ellipsis) qoldirsa-da, mustamlakachilarni, istiqlol dushmanlarini nazarda tutayotgani ayon, zero, tanlangan soʻzlarning uslubiy boʻyoqlari («irjayib») ham shunga ishora qiladi. Shoir «koʻpdan beri zindonda quyosh koʻrmay zaxlab yotgan koʻngillar»ni oʻzi bilan quvonishga undaydi. Ayni paytda, «kishanlarni yasovchi ustalar», «boshqalarni «tubanlar» deb atovchi xoʻjalar» qaygʻursinlar, chunki ularning «yoz boshining qoridek» eriydigan, yoʻq boʻlib ketadigan kunlari yaqinligiga ishonadi, ishontiradi. Shoirning bu ishonchi:

Chiqadirgan quyoshni siz behuda

Etak bilan toʻsmoq uchun tirishmang,– degan xitobida yana bir parda yuqoriroq jarang topadi. Istiqlolning muqarrar gʻalabasiga qatiy ishonch ruhi nimadan oziqlanadi? Oʻylashimizcha, uni oziqlantiruvchi bir necha ildiz boʻlgan. Avvalo, Choʻlpon shu yillarda, ayniqsa, Fargʻona vodiysida jonlana boshlagan milliy ozodlik harakati – bosmachilikning ilk bosqichiga katta umid bogʻlagan koʻrinadi. Hartugul, keyinroq shoirni bosmachilarga xayrixohlikda, millatchilarning yigʻinlarida «Fargʻona vodiysida gullar ochilmay, bulbullar sayramay qoʻygan»ligi haqida gʻamboda sheʼrlar oʻqiganlikda ayblaganlari11 butkul asossiz deyishimiz ham unchalik toʻgʻri boʻlmasa kerak. Zero, bu davrda Choʻlpon ham boshqa maslakdoshlari kabi xalqni mana shu harakat tevaragida jipslashtirish, kuchlarni jamlagan holda bosh maqsadga safarbar etish payida boʻlganligi ehtimoldan xoli emas. Shu bois ham Choʻlpon «Ulugʻ yoʻlda» (1920) nomli sheʼrida:

Yoʻlimizda choʻllar, suvlar, dengizlar,

Bosguvchisin tanib boʻlmaslik izlar.

Shul izlarni bosib, dengizlar kechib,

Buyuk amal bilan boramiz bizlar, – deb yozadiki, bu satrlarda yuqoridagi fikrning toʻgʻriligiga dalolat bordek koʻrinadi bizga. Choʻlpon erkka eltuvchi «ulugʻ yoʻl»ga kirganlar diliga jo qilib borayotgan «buyuk amal» – istiqlol maqsadi «yoʻllardagi dengizlardan ulugʻroq» ekanini, baski, bu yoʻldan qaytish boʻlmasligini taʼkidlaydi. Shoir ishonadiki, endi «Ezilganlar tilak tilar bu yoʻli (bu safar, –D.Q.) burungidan toʻlugʻroq», yaʼni «ezilgan (xalqlar – D.Q.)lar» niyatida ancha qatʼiylashganlar. Shu bois ham:

Mahkam qilib bogʻlanilgan kamarlar!..

Tezroq!

Qanot!

Qushlar yangligʻ uchaylik,

Keng choʻllardan, dengizlardan kechaylik

Sharqning eski chigalini yechaylik!.– deya daʼvat qiladi shoir. Choʻlpon Sharqning «eski chigali»ni yechish uchun ulugʻ yoʻlga chiqqan, bu «buyuk amal» yoʻlida belni mahkam bogʻlaganlar orasida oʻzining ham borligidan, «biz» deya olganidan haqli ravishda faxr etadi. Albatta, «biz» deganida u avvalo oʻziga eskidan hammaslak boʻlgan jadid millatparvarlarini nazarda tutadi, zero, bu paytlarda shoir oʻzini ulardan ayri tasavvur ham etmagan. Choʻlpon ayni shu 1920 yilda yozilgan «Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasiga» nomli sheʼrida maʼnaviy ota ruhiga murojaat etib «chizgan yoʻlingdan yiroq ketmay, qimirlamay yuraman» deydiki, bu ham yuqoridagi fikrning dalilidir. Istiqlol yoʻlida kurashning turli yoʻllaridan foydalanayotgan jadidlar esa bu vaqtda bosmachilik harakatini markazlashtirish, sharq xalqlari, xususan, turkiy xalqlarning milliy ozodlik harakatlarini muvofiqlashtirish uchun intilayotgan edilar. Jadidlar sovet hukumati tomonidan tashkil etilib, 1920 yilning 1-5 sentyabr kunlarida Bokuda oʻtkazilgan Sharq xalqlari kongressidan ham oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishni niyat qilganlar, albatta. Qizigʻi shundaki, Choʻlponning toʻplamlaridan joy olgan 1920 yilga mansub sheʼrlarining ayrimlari Bokuda yozilganligi qayd etib qoʻyilgan. Choʻlponning Bokuda boʻlishi kongress ishiga qay darajada aloqadorligi (har holda, shoirning bitta sheʼri ostiga 1920 yil avgustida Bokuda yozilgani qayd etilgan) haqida maʼlumotga ega emasmiz, biroq undan koʻp narsa kutgani ravshan. Hazar esdaligi tarzida yozilgan «Yorugʻ yulduzga» sheʼrining lirik qahramoni yurtning tutqunlikda ekanidan ezilgan, buning sabablarini anglashga intilayotgan odam. Choʻlpon sheʼriyatida «yulduz» qoʻpincha maqsad ramzi sifatida kelishini eʼtiborga olsak, shoirning «yorugʻ yulduz» bilan sirlashishi bejiz emasligi seziladi. Yaʼni, «sirlashish» aslida shoirning oʻz qalbiga murojaati, iztirobli izlanishlarining bir parchasi sifatida namoyon boʻladi. Shoir turli «Falokatlar koʻrgan bobolarning istiqlolning qimmatini bilmagan»idan, soʻng zamondagi xonlar «el va yurtni saqlash uchun tuzukkina chora-tadbir koʻrmagan»idan oʻkinadi, natijada hozirgi avlod asoratda yashaydi, deb hisoblaydi:

Biz yoʻqsillar boshqalarga qul boʻlib,

Chet oyoqlar tovonida ezildik.

Har yaramas, har buzuqning tagida

Alam tortgan, jabr tortgan biz edik.

Lirik qahramon kayfiyatida koʻtarinkilik, daʼvatkorlik sezilmasa-da, eʼtiborga molik bir jihat yaqqol koʻzga tashlanadi. U yulduzdan qancha «achchiq boʻlsa ham toʻgʻri soʻzni yashirmasdan» aytishini oʻtinadi. Zero, u oʻziga yupanch izlayotgan odam emas, aksincha, oʻtmishdagi xatolarni anglashga intilayotgan odam. Xatolarni anglashlik unga oʻtmishni qoralash yoxud bobolarni yanish uchun emas, balki ularning endilikda takrorlanmasligi uchun zarur. Bu esa qahramonning kelajak oldidagi javobgarlikni teran idrok etishidan, koʻnglidagi aldamchi sokinlik ostida qudratli poʻrtana yashiringanidan dalolatdir. Darvoqe, «Poʻrtana»(1920) sheʼri ham Boku turkumining mantiqiy davomi deb qaralishi mumkin. Zero, garchi sheʼr Toshkentda yozilgan boʻlsa-da, unda Bahri Hazar taassurotlari aks etadi. Choʻlpon bu sheʼrda ham ramziy ifoda yoʻsiniga sodiq qoladi:

Poʻrtana qoʻzgʻoldi, poʻrtana yurdi,

Poʻrtana oʻzini qirgʻoqqa urdi.

Poʻrtana oldida bir kema koʻrdi

Ichida zich odam... oʻynatdi, surdi.

Avvaliga dengiz manzarasi tasvirlanayotgandek tuyulsa-da, sheʼrni oʻqigan sari zohiriy manzara zamiridagi ramziy maʼno ochilib boraveradi. Dunyoni ostin-ustin qilayozgan inqilob, erk deya qoʻzgʻalgan omma qudratini shoir poʻrtana timsolida tajassum toptirayotgandek. Shu asno sheʼrda yana bir muhim timsol – «koʻzlari kiyikni koʻr qilgan», «yuzlari oylarni botirgan» goʻzal maydonga chiqadi. Poʻrtananing oʻzida suyub «oq koʻpik ichida oqayotgan» goʻzalni:

Dam koʻkka irgʻitib, dam tortar koʻksiga

Shu yoʻlda oʻynatur qizni,

Kuldirib ul nurlik yuzni,

Suydirib ul oxu koʻzni,

Qul qilib sizni ham bizni...

Barchani, avvalo shoirning oʻzini maftun etayotgan, shu bois ham bir-biridan latif sifatlarla alqanayotgan goʻzal erk, ozodlik ramzidir. Maftunkor goʻzalning paydo boʻlishi dengiz poʻrtanasi tasvirining ramziy maʼnosini oʻzgartiradi: endi u «oshiq» qalbining ifodasiga aylanadi. Erksevar qalb qudrati shunchalarki, «Koʻtarsa boshini koʻklarga tegadir. Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda». Biroq shunchalar qudrati-la poʻrtana jimjit, oʻyida «qoʻzgʻalish degan soʻz» boʻlmagani holda «qiyomat uxlaydir». Nega? Chunki:

Bu mahshar, qiyomat, poʻrtana, toʻlqinlar –

Hammasi yoʻqsilning koʻnglida.

Bir damda dunyoni kuydirur vulqonlar

Ojizning u oʻtlik dilida...

Choʻlpon «yoʻqsil» deganida, yuqorida ham aytilganidek, kambagʻal bechoralarnigina emas, barcha mustamlaka zulmi ostida ezilgan ellarni nazarda tutadi. Poʻrtananing qoʻzgʻalish degan oʻy xayolida boʻlmagani holda uyquda (agar «qizil» maʼnoda tushunilsa, mantiqqa ham haqiqatga zid hol yuzaga keladi, chunki «qizil poʻrtana» sheʼr yozilgan paytda aslo uyquda emas edi) ekanligi ham shundan dalolat beradi. Sheʼr nihoyasiga yaqin shoir oʻz niyatini oshkor etadi, poʻrtana «mening koʻnglim, gʻalvani, janjalni, toʻpolon, qoʻzgʻalish, chuvalash, isyonni suyadir» deya tan oladi. Koʻramizki, Choʻlpon oʻquvchisiga, avvalo, erksevar qalblar qoʻzgʻalishi – poʻrtananing nechogʻli buyuk qudratga egaligini koʻrsatadi, soʻngra oʻzidagi kurashga tashnalikni unga yuqtirmoqchi boʻladi, shundan keyingina xitob qiladi:

Oʻyna, ey poʻrtana, toʻxtama, quvvat ol,

Chogʻ kelgach, erinib yotma, uxlama,

boʻlmasin yoʻqlama.

Koʻp ezgan dushmandan,

past jondan

Oʻchni ol, oʻchni ol, oʻch ol!

Xitobdan yaqqol seziladiki, Choʻlpon sheʼr yozilgan 1920 yilda istiqlol uchun kurashga fursat yetgan, buning uchun zarur sharoit yetilgan deb hisoblaydi. U bugunmi-erta Turkistondagi mazlum xalqlarning poʻrtanadek bosh koʻtarishiga, ezuvchilarini uloqtirib tashlashiga ishonch bilan yashaydi. Tabiiyki, bu ishonch shoirning jadidchilar bu yoʻlda olib borayotgan saʼy-harakatlardan yaxshi xabardor boʻlgani, kuchga kira boshlagan milliy ozodlik harakatiga katta umid bogʻlaganidan tugʻilgandir. Choʻlponning koʻpchilikka tanish boʻlgan «Kurash» sheʼri oʻzining mazmuniyu ruhi jihatidan «Poʻrtana»ga yaqin turadi. Sheʼrning ostiga uning 1921 yilda Toshkentda yozilgani qayd etilgan. Agar Choʻlponning 1921 yil may oyining oxirida Buxoroga joʻnagani hamda u yerda bir yil ziyodroq ishlagani eʼtiborga olinsa, «Kurash»ning taxminan shu yilning boshlarida yozilgani anglashiladi. «Poʻrtana»da kuzatilgan ishonch ruhi «Kurash»ning ilk satrlaridayoq boʻrtib turadi:

Chaqirguvchi, oʻkirguvchi bir tovush

Botirlarning jon soʻragan tovshidir.

Yiqitguvchi, agʻdarguvchi qoʻzgʻalish

Yaqindagi zoʻr kurashning boshidir.

Choʻlpon bu kurashdan chetda turganni dushman ataydi, «yoʻqsildagi imon toshib ketgan»i uchun ham uning bagʻoyat keskin kechishiga, murosa boʻlishi mumkin emasligiga ishonadi. Shu bois ham shoir masalani oʻta keskin, hamletchasiga qoʻyadi:

Ulugʻ, qattiq agʻdarguvchi bu kurash.

Yo bor boʻlish, yo yoʻq boʻlish:

– Yoʻq yarash!..

Choʻlponning masalani bunchalar keskin qoʻyishi yurtiga yetkazilayotgan zahmatning ozurda dilida chidab boʻlmas ogʻriqqa aylanganidandir. Shoir ona shahri Andijon tomonlarga borganida gullagan vodiyning xarob etilgani, yurtdoshlari mehnati-la obod qilingan qishloqlarni boyqushlar makon tutganini oʻz koʻzi bilan koʻradi; tul qolgan juvonlar, yetim-yesir bolalar, farzand dogʻida yuragi pora boʻlgan ota-onalarning faryodlarini oʻz qulogʻi bilan eshitadi; bosmachilikka qarshi kurash bahonasida qatli om qilingan qishloqlar, qizil qoʻshin sodir etgan xunrezliklar haqida eshitib biladi... Bularning bari shoir qalbini larzaga soladi, yurak qoni bilan yozgani «Buzilgan oʻlkaga» sheʼri dunyoga keladi.

Choʻlpon talqinidagi yurt makoniy tushunchagina emas, yoʻq, u – his qila biladigan mavjudlik, azob, quvonch, nafrat hislari unga aslo yot emas. Bu yurtning yovlardan bezganligi shunchalarki, togʻlardan tushayotgan suvlari «yigʻlar kabi inglaylar», «Yov... bormi? deb toʻrt tarafni tinglaylar». Bu yurtning yovlariga nafrati shunchalarki, zilol buloqlari shifobaxsh suvlarini chaqirilmagan «qoʻnoqlar»dan qizgʻonarlar. Choʻlpon yaratgan yurt timsolida mushfiq onalar – borligʻini farzandlariga begʻaraz bagʻishlay oladigan, yaxshiyu yomon kunlarni farzand orqasidan koʻradigan, azobiyu quvonchi farzandlari tufaylidan keladigan... – tajassum etilgandek. Shu maʼnoda shoirning beadaddek tuyuluvchi «nega, nima uchun»lari yurt – onaning «yarali tanlarini koʻrmayotgan», «koʻzining yoshlarini soʻrib olish»ga yaramayotgan farzandlarga qaratilgandir. Eʼtibor qilinsa, shoirning oʻtli nafratu alamlarida birozgina tushkunlik asarlari ham zuhur qilayotgandek koʻrinadi:

Nima uchun agʻdarilgan, yiqilgan,

Ogʻir tojniig zahar oʻqi koʻksingda?

Nima uchun yovlaringni bir zamon

Yoʻq qilgudek temirli oʻch yoʻq senda?

Mustamlaka siyosati davom etgani holda unga qarshi chinakam kuchning yoʻqligi shoir dilini oʻrtaydi. Bunda endi «Poʻrtana» yoxud «Kurash» dagi ruh sezilarli darajada susaygan. Nega? Chunki ilgari Choʻlpon «yorugʻ yulduz» bilan sirlashgan boʻlsa, endi ona yurt bilan dardlashadi: uning xayolidagi va hayotdagi mavjud hol orasida ulkan farqlar koʻzga tashlanadi. Shoir oʻzi «Poʻrtana»da orzu qilgan qudratni, ommaning erk deya bir yoqadan bosh chiqarishini, «yoʻqsildagi imonning toshib ketishi»ni aksariyat yurtdoshlarida koʻrmaydi. Orzu umidlarining sarobga aylanayozgani Choʻlponni iztirobga soladi, buning natijasi oʻlaroq 1921 yil oʻrtalariga qadar yozgan sheʼrlarida mahzun ohanglar, tushkunlik kayfiyati ustunlik qiladi. Shoirning shu vaqtda yozilgan «Yongʻin» nomli sheʼrida «koʻnglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar» deyishi ham fikrimizni dalillaydi. «Yongʻin» sheʼriga gazeta xabaridan «Talanmagan, yiqilmagan yer yoʻq. Goʻdaklar nayza boshida...» degan parchaning epigraf qilib olinishi yurtdagi vayronaligu xunrezliklar shoir ruhiyatiga nechogʻli qattiq taʼsir etganini koʻrsatadi:

Shunday katta bir oʻlkada yonmagan,

Yiqilmagan, talanmagan uy yoʻqmi?

Bir koʻz yoʻqmi qonli yoshin toʻkmagan,

Butun koʻngil umidsizmi, soʻndimi?

Shoir alam bilan qayd etayotgan haqiqatlar zamirida endi avvalgidek kurashga, qoʻzgʻalishga undash emas, oʻzining ham yurtining ojizligidan oʻkinish ohanglari kuchliroq keladi. Oʻzi orzulagan ommaviy qoʻzgʻalishni koʻrmagan Choʻlpon «Moʻminlarning oq vijdoni, imoni, sham soʻnganday tinsizgina soʻndimi?» deya oʻkinch-la oʻyga toladi. Zero, uning eʼtiqodida imon tushunchasi vatanga muhabbat tushunchasi bilan esh keladi, «hifzul vatan minal imon» – vatanni himoya qilmoq iymondandur, deb biladi. Choʻlpon «Poʻrtana», «Kurash» sheʼrlarida koʻrganimizdek qoʻzgʻalish shiddatiga nechogʻli maftun, erk uchun kurashga nechogʻli tashna boʻlmasin, avvalo, shoir, hassos qalb sohibi edi. Begunoh toʻkilgan qonlar esa, har vaqt boʻlganidek, eng avval shoir qalbini soʻroqqa tutadi:

Qilichlarning tillarida qizil qon

Buloqlaring suvi yangligʻ toshdimi?

Yalang bola, yalang goʻdak, maʼsum jon

Nayzalarning boshlaridan oshdimi?

Ayni shu davrda Choʻlpon «begunoh toʻkilayotgan qonlardan biror natija boʻlarmikan? Koʻzlagan maqsadimiz toʻkilgan qonlarga arzirmikan?» degan andishalarga borgan koʻrinadi. Har holda, xuddi shu vaqtlarda yozilgan «Yorqinoy» pyesasining qahramoni isyonkor Poʻlatning kurash nihoyalangach ham koʻp narsa oʻzgarishsiz qolayogganini koʻrib, «Muncha qon toʻkishning nima keragi bor edi?» deya oʻyga tolishi ham bejiz emas edi. Aytmoqchimizki, bu payt Choʻlponning hayot yoʻlini yoritib turgan «yorugʻ yulduz» anchagina xira tortgandi. Shoir koʻngli milliy ozodlik harakatining keng quloch yoyishiga, ommaviy tus ola bilishiga ishonolmay qolgandi. Choʻlpon dilidagi umidsizlik avj pardasiga koʻtarilgan davr mahsuli sifatida «Amalning oʻlimi» sheʼrini koʻrsata olamiz. Sheʼrning:

Kenglik xayollari uchdimi koʻkka?

Butun umidlarni yovlarmi koʻmdi?

Mangu tutqunlikka kirdimi oʻlka?

Xayolda porlagan shamlarmi soʻndi?– degan satrlari yuqoridagicha oʻylashimizga asos beradi. Shoirning iztiroblari yurt qaygʻusida chekkan ohlari «oʻtidan chiqqan shuʼlalar» yurtdoshlari «koʻkragidan bir joy topmagan»i, aksariyatining qalblari hamon uxlayotganligi sababli ham kuchayadi. U oʻzi ardoqlagan «erklik yulduzi»ning nuridan har bir mazlum dilida bir «iz» qolishiga ishonardi, biroq haqiqatda bunday boʻlib chiqmadi. Shu bois ham shoir:

U bir iz, koʻzimning nurlaridan ham

Yuksakdir, men uni oʻpmak istayman,

Agar topilmasa bu yurtlardan ham

Koʻchib yiroqlarga ketmak istayman,– deb yozadi. Aytish kerakki, bu shunchaki iddao emas edi. Choʻlponning «Yoʻl esdaligi» safarnomasi shunday deyishimizga asos beradiki, uni adibning bungacha koʻrib oʻtganimiz asarlari, uning hayot yoʻli haqida aytilgan fikrlar kontekstida talqin etsak, bunga amin boʻlishimiz mumkin koʻrinadi...

Avvaldan aytish joizki, «Yoʻl esdaligini» faqat shartli ravishdagina safarnoma deb atashimiz mumkin. Zero, uning odatdagi safarnomalardan jiddiy bir farqi bor: bunda erksevar ruhning koʻngil tor koʻchalari boʻylab mashaqqatli safari qalamga olinadi – real yoʻl va real manzil badiiy niyat ijrosida muhim boʻlmagani uchun ham adib ularni konkretlashtirmaydi. Asarni shartli ravishda boʻlsa-da safarnoma janriga mansub deyishga asos beruvchi jihatlari ham yoʻq emas: konkretlashtirilmagan boʻlsa-da, «yoʻl» obrazining mavjudligi, uning markazida sayyoh-muallif obrazining turishi. Xoʻsh, nima uchun adib safarnoma janrini tanladi? Mazkur savolga javob berish uchun Choʻlpon ijodiy merosiga yana bir qurgina nazar solishimizga toʻgʻri keladi.

Aytish mumkinki, hech kim makoniy va davriy oʻzgarishlarni yoʻlga chiqqan kishichalik oʻtkir his qilmasa kerak. Tabiiyki, makoniy va davriy oʻzgarishlar yoʻlchi ruhiyatiga-da muayyan taʼsir oʻtkazadi, dunyoqarashida muayyan oʻzgarishlar yasaydi. Dono xalqimizning «yurgan daryo, oʻtirgan boʻyro» degan purhikmat maqoli ham bejiz toʻqilmagan. Ehtimol shundandir, ogʻzaki va yozma adabiyotda oʻsish-oʻzgarishda koʻrsatilayotgan qahramonlar koʻpincha yoʻlga chiqadilar. Choʻlpon ijodiyotida ham yoʻl obrazi koʻpincha shu xil botiniy parallellar oʻtkazishga xizmat qiladi. Adibning ilk ijodidayoq «yoʻlsizlik»dan qiynalayotgan va «yoʻlga chiqqan» qahramonlar taqdiri qalamga olingan edi. «Qurboni jaholat»dagi siqiq muhitda boʻgʻilgan Eshmurod ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish yoʻlini topolmaganidek, safarga ham otlanmagan edi. Uning ziddi oʻlaroq, izlanayotgan Muhammadiyor safarga chiqadi va shuning muqobilida oʻzgaradi. Shunga oʻxshash holni «Kecha» romanida ham kuzatamiz: oʻz oilasining biqiq muhitida ezilgan Zebi ham safarga chiqadi. Biroq Zebining safari «bir yozilib kelish» maqsadidagina boʻlganidan, safar chogʻida ruhiyatida boshlangan oʻzgarishlar mantiqiy nihoyasiga yetmaydi. Zebidan farq qilaroq, Miryoqub chiqqan yoʻl oldinga qarab yuradi – u hayotini oʻzgartirishni niyat qilgan. Ehtimol shuning uchundir, «Kecha»da u ortiga, yaʼni, oʻz muhitga qaytmaydi, Choʻlpon uning yoʻli muayyan manzilga yetishiga ishora qiladi goʻyo. Oʻylaymizki, shu mulohazalarimizning oʻziyoq Choʻlpon nasriy ijodida «yoʻl» obrazi qahramonlardagi maʼnaviy-ruhiy oʻsish-oʻzgarishning botiniy muqobili(paralleli) ekani haqidagi daʼvomizni dalillaydi. Shunisi ham borki, Choʻlponning «Yurt yoʻli», «Ishq yoʻli», «Menim yoʻllarimda», «Uch-toʻrtta yulduz», «Sozim» kabi qator sheʼrlarida ham yoʻl motivi hozir. Ularning barini umumlashtiruvchi jihat shuki, yoʻlga chiqqan yoʻlchi – lirik qahramonning koʻzlagan aniq manzili bor: u yo yorni istab, yo yorugʻ bir yulduzni koʻzlab yoʻlga chiqqan; yorga yetish umidi kesilganida yoki yulduz xira tortganida yoʻlchi oʻrtanadi va aksincha. Aytish mumkinki, Choʻlpon sheʼriyatida «yoʻl» obrazi maqsad – milliy ozodlik va taraqqiy yoʻlidagi kurash ramzi sifatida talqin etiladi. Bundan anglashiladiki, Choʻlpon oʻz ruhiyatidagi ziddiyatli kurash, oʻzgarish jarayonini ifodalash uchun safarnoma janrini tanlagani bejiz emas: u xos oʻquvchisining «yoʻl» obrazidagi yuqoridagicha maʼnolar bilan yaxshi tanishligini, baski, bu narsa uning asardagi botiniy maʼnolarni anglashiga asos boʻlishini yaxshi biladi.

Choʻlpon mazkur safarnomasini «Bilim oʻchogʻi» jurnalida eʼlon qilarkan, sarlavha ostida «1921 yil 27 may» sanasini qayd etadiki, bundan ayni shu kuni yoʻlga chiqqani anglashiladi. Safarnomaning birinchi qismi «Koʻngilsiz chiqish» deb nomlangan boʻlib, uning boshlanishidayoq «bu kezuvimning qanday totli umidlar orqasida boʻlgʻonini bilganim holda...» degan soʻzlarga duch kelamiz. Xoʻsh, gap qanday «totli umidlar» haqida borayotir? Bu savolga javob berish uchun adib biografiyasiga murojaat qilishimiz darkor. Maʼlumki, 1921 yilning iyunidan Choʻlpon «Buxoro axbori» gazetasi muharriri vazifasida ishlay boshlagan edi. Safarnomada yoʻl konkretlashtirilmagan boʻlsa-da, uning Zarafshondan oʻtganligi anglashiladi. Shunga koʻra asarda adibning Buxoro safari aks ettirilgan, degan fikrga kelish mumkin. Aytish kerakki, amirlik tugatilgandan keyin jadidlar Turkiston mustaqilligi uchun kurashda yangi tashkil topgan Buxoro Xalq Respublikasi katta imkoniyatlar tugʻdirishi mumkin, deb hisoblaganlar. Shu bois ham koʻp oʻtmay Buxoroga jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan vakillari toʻplana boshlaydilar va bir tomondan, yangi jumhuriyatni mustahkamlash, ikkinchi tomondan, Turkiston mustaqilligiga erishish yoʻlida astoydil harakat boshlaydilar. Jumladan, Buxoro hukumatining rahbarlaridan biri boʻlmish Fitrat tomonidan «Buxoro axbori» gazetasiga muharrirlik qilish uchun taklif qilingan Choʻlpon ham qalami bilan shu yoʻlda xizmat qilishi lozim edi. Chamasi, adib maslakdoshlarining uzoqni koʻzlagan maqsadlaridan hali yoʻlga chiqmasidanoq voqif boʻlganu, koʻnglidagi soʻnishga kelgan umid yana porillab yongan koʻrinadi. Shu bois ham adib «totli umidlar»ni diliga jo aylab Buxoro safariga otlanadi. «Yoʻl esdaligi»da adib ruhiyatidagi tushkunlikning umidvorlikka aylanishi ramzlar vositasida ifoda etiladi. Yoʻlga chiqqanidan soʻng sayyoh-Choʻlpon xayol haqida oʻy surib, u haqda ilgariroq yozgan sheʼrini eslaydi:

Xayol...xayol... yolgiz xayol goʻzaldir,

Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman...

Adib oʻzining «Yoʻl esdaligi»ni yozish arafasidagi ruhiy holatini shu satrlarda yorqin ifodalaydiki, buni tasavvur etish uchun yana kontekstga murojaat etish zarur.

Yuqorida aytganimizdek, Choʻlpon ruhiyagidagi tushkunlik xayol va haqiqat orasidagi ulkan tafovutdan yuzaga kelgandi, shu bois ham u «haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqadi»: koʻrayotganlarini «haqiqat» deya tan olishga koʻngli chopmaydi, koʻnglida «erklik yulduzi» qoldirgan «iz» orzularidan voz kechishga yoʻl qoʻymaydi.

Koʻngli umid va umidsizlik orasida talosh boʻlib turgan damlarda uni xayol qutqaradi: «Ul menim eng umidsiz, eng qiynalgʻon, eng ezilgʻon choqlarimda kelib boshimdan silar, siypar, yupatar, erkalatar edi». Koʻramizki, yaqin oʻtmishida xayolot olami Choʻlponni «haqiqatning koʻzlari»dan yashiradigan, uning oʻksik koʻnglini ovutadigan yagona bir goʻsha edi. Endi esa Choʻlpon-sayyoh uchun xayolning ahamiyati oʻzgargandek: «Qorongʻilik menim umid bilan porlagʻon koʻnglimni oʻzining qoʻrqinch quchogʻlari orasiga olib oʻchurmakchi boʻladir, koʻnglum esa xayolning koʻkidan tushkusi kelmaydir». Aytish kerakki, bu oʻrinda «qorongʻilik» ham ramziy maʼnoga ega. Choʻlpon maslakdoshlarining Buxoro bilan bogʻliq boʻlgan niyatlariyu bu yoʻldagi saʼy-harakatlaridan voqif boʻlgach, «koʻngli umid bilan porlagan»i ayon. Biroq bir bora aldangan koʻngil endi ehtiyotkor boʻlib qolgan – unga shubhayu gumonlar-da yot emas. Adib koʻnglidagi umid bilan shubhayu gumonlar kurashini ramzlar (daraxtlar «bir toʻp xayol-vahm», «yogʻdusiz xira chirogʻlar», «qorongʻidan qoʻrqub, gʻujum boʻlub, berkinib yotqon daraxtlar») vositasida ifodalaydi. Shubhayu gumonlar kuchayib borgani sari koʻngil «qorongʻiliqqa sanoqsiz qargʻishlar yuboradi», biroq ular «qorongʻiliqning «vahm»larini tagʻin-da kuchaytirib, uning azamatini tagʻin-da orttirar edi». Qorongʻilik quyuqlashib borgani sari sayyoh dilidagi umidni bor kuchi bilan quvvatlantirishga intiladi. Biroq u qancha zoʻr bermasin, qorongʻilik quyuqlashaveradi, borliqdagi tabiiy jarayonni oʻzgartirishga qodir boʻlmaganidek, koʻngliga ham buyruq berishga ojiz qoladi. Shu asnoda safarnomada yana bir muhim obraz paydo boʻladi: «Moʻʼminlar yotar choqlarida, oʻzlarini uyquga berar choqlarida Alloh nomini aytib yotalar, oʻzlarini uyquning kuchli qoʻllari orasiga koʻmar edilar.

Men-da butun istagim, butun tilaklarim bilan sevganimning ismini aytdim va qorongʻilikning chuqur qaʼriga otildim...»

Koʻramizki, Choʻlpon uchun Buxoroga bogʻlagan umidlari hamon «qorongʻilik» – ularning amalga oshish-oshmasligini bilmaydi, shunday boʻlsa-da, maʼshuqasi – yurt ozodligi orzusini diliga tukkan holda dadil qorongʻilik quchogʻiga kirib boradi. Bungacha yuritgan mulohazalarimiz safarnoma kontekstida «maʼshuqa» – yurt ozodligi ramzi sifatida kelayotganiga ishontira oladi, deb oʻylaymiz. Boz ustiga, Choʻlponning bir qator sheʼrlarida ham «maʼshuqa» – ayni shu maʼnoda talqin etilgani yaqqol koʻzga tashlanadi.

Biz Choʻlponni xaqli ravishda novator ijodkor deb ataymiz. Sirasi, shoirning «oʻzbek adabiyotiga yangi toʻn kiygizgan»i12 oʻz zamondoshlari tomonidan-da eʼtirof etilgan. Ayni paytda, hech bir ijodkor, hatto eng buyuk isteʼdod sohiblari-da, oʻzini voyaga yetkazgan xalq madaniyati taʼsiridan butkul uzilib ketolmaydi. Tabiiyki, Choʻlpon ijodiyoti ham quruq joyda yuzaga kelgani yoʻq, ming yillar bilan oʻlchanuvchi mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi anʼanalari unga asos boʻlib xizmat qildi. Buni, xususan, Choʻlpon sheʼriyatida «oshiq» va «yor» obrazlari talqinida ham kuzatiladi. Mumtoz sheʼriyatimizda faol qoʻllanilgan mazkur ramzlarga Choʻlpon yangi maʼno yukladi: uning talqinida «yor» – yurt ozodligiyu «oshiq» – erkka tashna koʻngil. Yaʼni, mutasavvuf shoirlar intilgan maʼnaviy-estetik ideal HAQ boʻlsa, Choʻlpon intilib yashagan ijtimoiy-estetik ideal YURT OZODLIGI boʻlib qoldi. Bundan anglashiladiki, Choʻlpon ijodiyotidagi ramzlar, asarlari qatidagi botiniy mazmun mumtoz sheʼriyatimizdan turtki olgan holda tushunilishi lozim. Zero, Choʻlpon tasavvuf sheʼriyatidan nafaqat quruq shaklni, ruhni-da oʻzlashtirgandek. Shu bois ham shoir talqinidagi yorga muhabbat «ilohiy bir muhabbat, ishq»(«Aldanish») dirki, vujudiga sut bilan kirganu yurak qoniga aylangan:

Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim,

Ishqning maydonina qonimi sochdim... («Ishq»)

Albatta, bu satrlarda «anodin qay kuni tugʻdim, sening ishqing bilan yondim» deya xitob etgan Mashrab ruhini tuymaslik mumkin emas. Ayni paytda, bu esini taniboq maʼshuqasiga koʻngil bergan, «zunnori ishq»(«Ishq»)ni bogʻlagan onidan maʼshuqasiga eltadigan yoʻlnigina «haq yoʻl» («Sozim») deb bilgan Choʻlponning oʻz izhoridir. Maʼshuqasi hajrida yashayotgan Choʻlpon-oshiq uchun uning vasliga intilmak hayot mazmunidirki, oʻzini shu yoʻldagi bir darvesh, qalandar («Ishq yoʻli», «Qalandar ishqi») his qiladi. Choʻlpon yor vaslini «pok istakli kuch» («Yurt yoʻli») bilangina istash mumkin, bu yoʻlga kirgan kishi «najotni oʻzligini unutishu yorga singib ketish»(«Ishq yoʻli»)da koʻrmogʻi kerak, deb hisoblaydi. Shu bois ham oʻzining ayrim yoʻldoshlarida «dil buzuq»(«Yotoqdan»)ligini koʻrib oʻrtanadi. Eʼtiborli jihati shundaki, qalbida shu buyuk ishq bilan yashagan shoir uning zarralarini satrlar qatiga joylarkan:

Soʻylarkan tillarim na yomon soʻzlar,

Yozarkan qalamim na hazin ogʻlar,

Soddadil bunlardan ne maʼni onglar,

Bilmaz-ku oʻldugʻin izhor ishqi,– deb yozgan edi. Koʻrinadiki, Choʻlpon oʻzining «ishq izhori»ni har kim ham anglay olmasligini biladi, hammaga dardini toʻkkani holda chinakam hamdard boʻla biladiganlarning ozligini teran idrok qiladi. Shu mulohazalarga tayangan holda biz Choʻlponning aksar sheʼrlarida xos oʻquvchiga moʻljallangan ramziy qatlam mavjud va unda yurt ozodligi mavzusi poetik talqin etiladi, deb hisoblaymiz.

Demak, Choʻlpon ijodiyoti kontekstidan kelib chiqqan holda «Yoʻl esdaligi»da paydo boʻlgan maʼshuqa obrazi yurt ozodligi ramzi ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qilishimiz mumkin. Maʼshuqa obrazining paydo boʻlishi bilan «qorongʻiliq» chekinadi: ilgari maʼshuqasiga yetish umidi tamom kesilgan, unga hatto xayolot olamida-da joy topilmay qolgan damlarda choʻkib qolgan ruh erk epkinidan havolanib tiriladi goʻyo. Maʼshuqasiga yetish uchun kurashdan toʻxtamaslik zarurligini qaytadan idrok etib, butun borligʻini sevgisiga baxshida etishga chogʻlangach, «qorongʻiliqning quchogʻidagi esiriklik, xushsizligimdan endi oʻzimga keldim» deya eʼtirof etadi. Endigina oʻziga kelgan sayyoh koʻzi tushgan manzara ham, tabiiyki, uning ayni paytdagi kayfiyatiga mos: «Qizdirgʻuchi quyosh yoʻq, qora-zahar bulutlar ham yoʻq. Koʻk allaqanday chuchmal bir tusda turar edi». Avvalo, bir ruhiy holatdan ikkinchisiga oʻtayotgan sayyoh ruhiyatida shu xil oraliq, biroz chuchmal vaziyatning boʻlishi tabiiy koʻrinadi. Ikkinchi tomondan, oʻylashimizcha, parchaga yuklangan ramziy maʼno ham sayyoh ruhiyatini tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, Choʻlpon ijodiyotida «qora bulut» koʻproq mustamlakachilar, yurtining erkini boʻgʻib yotganlar ramzi sifatida talqin qilinadi. Yuqoridagi parchada «qora bulut»ga «zahar» sifatlovchisi qoʻshilganki, bu, bizningcha, ifodaning maʼno doirasini ancha kengaytiradi. Zero, muallif munosabatini yaqqol ifodalab turgan bu sifatlash faqat «qora bulut»lardan zada kishigagina taalluqli boʻlishi mumkin. Shunday tasavvur tugʻiladiki, goʻyo sayyoh «qora bulut»larning yoʻqligidan xursand, shu tufayligina erkin nafas olayotgandek. Holbuki, gap faqat bahorning oʻzgaruvchan havosi haqida borganida, bu xil munosabat ortiqchadek tuyulishi mumkin edi. Shu oʻrinda davr kontekstiga murojaat qilib, Buxoro Xalq Jumhuriyati mustaqil davlat tuzilmasi sifatida dunyoga kelganini, hartugul, oʻzining ilk bosqichida mustaqil boʻlganini eslash joiz. Choʻlpon bu oʻrinda «qora bulut»lardan forigʻ yurt tomon borayotganini, shu bois ham umidlari tobora yuksalayotganini aytmoqchi emasmikan?.. Fikrimizcha, parchadagi «qizdirguchi quyosh» birikmasi ham shu xil andishani birmuncha quvvatlaydi. Maʼlumki, inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq oktyabrni quyoshga mengzashlik adabiyotda rusum boʻlib ulgurgandi. Eʼtiborli jihati shundaki, Choʻlpon sheʼriyatida oktyabrga nisbatan shu xil tashbeh qoʻllanilmagan. Faqat bittagina sheʼrida, mashhur «Qalandar ishqi» gʻazalining maqtaʼsida shoir shu ramzga murojaat qiladi:

Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim, doʻstlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

Choʻlponning qator sheʼrlari («Yurt yoʻli», «Men qochmadim», «Uch-toʻrtta yulduz» va boshq.)da erk, ozodlik, milliy istiqlol ramzi sifatida YULDUZ olingan. Yaʼni, maqtaʼning ramziy mazmuni shoir taxallusining asl maʼnosi – «yulduz» bilan bogʻliq. Gʻazalning ramziy maʼnosini anglash uchun shoirning u yozilgan paytdagi ruhiy holatini tasavvurimizda tiklashga (yuqorida bu paytni bir qur tasavvur qilganmiz) urinib koʻrish darkor. Bilamizki, fevral inqilobidan soʻng Choʻlponning ijtimoiy faolligi benihoya ortgandi. Sababki, shoir yuzaga kelgan sharoitda yurtining demokratik yoʻl bilan ozod boʻlish imkoniyati mavjudligiga chin dildan ishondi, muxtoriyatchilik harakatiga katta umid bogʻladi. Choʻlpon faol muxtoriyatchilar bilan birga Turkistonning turli shaharlariga borib tashviqot ishlarini olib bordi yonib va yondirib yashadi. Mavjud sharoitda Rusiya imperiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning mustaqillik yoʻlida baqamti harakatigina durustroq natija berishi mumkin, deb hisoblagani tufayli shoir turkchilik gʻoyalarini harakat dasturi deb bildi. Choʻlponning Kavkaz turklari bilan aloqa bogʻlash uchun joʻnagan Fargʻona hayʼati tarkibida boʻlishi, Qoʻqonda muxtoriyat eʼlon qilinishi bilanoq Orenburgga joʻnashiyu Boshqirdiston jumhuriyatini mustahkamlash orqali oʻz yurti ozodligiga koʻshish qilishni niyat etgani ham shundan dalolatdir.

Biroq, taassufki, shoirning osmon qadar umidlari yerparchin boʻldi: bolsheviklar hukumati Qoʻqon muxtoriyatini qonga botirdilar. Boshqirdistondagi saʼy-harakatlaridan ham natija chiqmagach, shoir 1919 yil boshlarida yurtiga qaytdiki, «Qalandardek yurib dunyoni kezdim topmayin yorni, Yana kulbamga qaygʻular, alamlar birla qaytdim-ku», deya nola chekishi shundandir. «Qalandar ishqi» gʻazalini shoir ayni shu xil ruhiy holatda yozgan ediki, maqtaʼning maʼnosi shu kontekstda konkretlashadi. Yaʼni, bu oʻrinda shoirning «muhabbat osmoni» – yurt ozodligi uchun kurash yoʻlini yoritib turgan yulduzni yerga botirgan «quyosh» – oktyabr inqilobiga munosabati oʻz ifodasini topgan. Fikrimizni quvvatlantirish uchun Choʻlponning «Men qochmadim» nomli sheʼriga toʻxtalib oʻtish joiz. Muhimi shundaki, mazkur sheʼr «Yoʻl esdaligi» bilan deyarli bir vaqtda yozilgandir. Ikkinchi tomondan, «Men qochmadim» sheʼri noma (poslaniye) janriga mansub boʻlib, unda shoir oʻzining Buxoroga joʻnashini qaynoq ijtimoiy hayotdan qochish deb baholagan «Toshkentdagi oʻrtoqlariga» murojaat qiladi. Tabiiyki, bu oʻrinda eskidan aloqada boʻlgan kishilar orasida «muloqot konteksti» mavjudligini nazarda tutmoq lozim boʻladi. Yaʼni, bu oʻrinda shoirning fikrini ishora bilangina ifodalash imkoniyati kengayadi. Shu jihatdan quyidagi satrlarga eʼtiborni tortamiz:

Men yangilar oʻlkasidan sinmagan

Bir qanotni taqib olib qoʻzgʻaldim:

Shu yoʻlimda yaproqlari soʻlmagan

«Yosh yogʻoch»ning soyasida toʻxtaldim.

Albatta, Choʻlpon «yangilar oʻlkasi» deganida qizil Turkistonni nazarda tutgani yaqqol anglashiladiki, u yerda shoirning bir qanoti singan. Shu bois ham «tilakni izlayotgan» shoir yana «yoʻl»ga chiqib, «yosh yogʻoch» Buxoro jumhuriyati soyasida toʻxtalgan. Eʼtiborli jihati shuki, Choʻlpon «yosh yogʻoch»ning yaproqlari soʻlmaganligini ayricha taʼkidlaydi. Yaʼni, «yosh yogʻoch» bilan «yangilar oʻlkasi» qarshi qoʻyilayottani eʼtiborga olinsa, keyingisining yaproqlari soʻlgan, uni «qizdirgʻuchi quyosh» soʻldirgan degan maʼno kelib chiqadi. Baski, shoir u daraxt soyasida qizdirguchi quyosh taftidan omon topolmaydi, undan qutulish uchun «yosh yogʻoch»ning soyasiga kelgan. Demak, «Yoʻl esdaligi»da koʻrganimiz «qizdirguchi quyosh» ramzini ham shu yoʻsin tushunilgani toʻgʻriroq boʻladi. Zero, hukumat gazetasi muharriri vazifasida ishlagan Choʻlponning Buxoro hukumati bolsheviklarga yaqinlashib, keyingilarning mavqei kuchaya boshlaganida muharrirlikni tark etgani ham shu fikrni quvvatlaydi. «Qizdirguchi quyosh» va «qora bulut»larning yoʻqligi sayyoh umidini kuchaytiradi, safarnomaning hissiy tonalligi oʻzgaradi. Endi uning markazida sayyoh-oshiq turadiki, uning xayolini maʼshuqa vasligina band etgan. Tevarak-atrofiga oshiqona boqqani uchun ham u har neda «yor» aksini koʻradi, har ne unga «yor»-ni eslatadi. Aytish kerakki, bu oʻrinda ham tasavvuf sheʼriyatining muayyan taʼsiri seziladi. Sayyoh ruhiyatida umidvorlik kuchayishi sababli ham «otsiz aroba»lari uchib borayotgandek tuyuladi unga, koʻz oldida «uchmoh manzarasi» namoyon boʻladi:

«Qizil lolalardan birikkan tengiz keng edi.

Butun borligʻimni oʻziga oʻrab, chulgʻab tortar edi.

Qizil tengiz – sevgi.

Uning menim sevgi yoʻlimda uchrashi sevgimning

umidli, sof, oppoq ekanligini koʻrsatar edi».

Koʻramizki, bu oʻrinda Choʻlpon ramzning maʼnosiga oʻziyoq ishora qiladi: uning uchun «qizil tengiz – sevgi». Aytish kerakki, Choʻlpon ijodiyotida dengiz goh oʻzida beadad qudratni jam etgan isyonkor qalb, goh esa erk uchun kurash («Poʻrtana», «Oʻtli suv») ramzi sifatida talqin qilinadi. Adibning dengizni sevgi deb atashi bejiz emas: uning tushunishicha, yorga yetish uchun kurashning oʻzi sevgi, adib oʻtli ohlardan nari oʻtmaydigan sevgini tan olmaydi, uning tasavvuridagi sevgi faollikni taqozo qiladi. Kurash – sevgining jozib bir oʻti borki, u yana sayyohning butun borligʻini chulgʻamoqchi boʻladi. Yana deyishimizning boisi shuki, bundan yarim yillar ilgari u «Karashma dengizin koʻrdim, na nozlik toʻlquni bordir, Halokat boʻlgʻusin bilmay, qulochni katta otdim-ku», deya nola chekkandi. Yaʼni, kurashda halokat topib «yoʻlni yoʻqotgan» chogʻlari kurashchanlik ruhidan ayrilgan boʻlsa, endi yana oʻsha ruh unga qaytayotir. Sayyoh dilida sevgi oʻti kuchaya boshlaganidan «bir bulbul boʻlsa edi-da, gul tengizining qizil toʻlqunlariga qoʻnub, ishqimning ogʻir bir nagʻmasini sayrasa edi» deb orzulaydi. Ilgari, «Qalandar ishqi»da shoir «uning gulzorida bulbul oʻqib qon ayladi bagʻrim» deya koʻzidan yoshlar toʻkkan boʻlsa, endi bulbul nagʻmasi kurash ruhini ishqqa toʻyintirish, uni quvvatlantirish uchun zarur. Koʻramizki, Choʻlpon ijodiyoti kontekstida «Yoʻl esdaligi»ning bu qismi «Qalandar ishqi» bilan kontrastli munosabatga kirishadi.

Qalbi ishq bilan toʻlgan Choʻlpon-sayyohning koʻzi tushganki narsa uning yurti, maʼshuqasi haqidagi oʻylarini chuqurlashtiradi. Zero, koʻrayotganlarining mohiyati vijdonli kishini shunga undamasligi ham mumkin emasdek. Sayyoh «vafo koʻrmagan oshiqning koʻngliday buzgʻunlikka uchragan Jizzax shahri»dan chiqib, togʻ tomon yoʻl solganlarini aytadi. Shu qisqagina jumla bilan Choʻlpon xos oʻquvchisini yaqin oʻtmishga, 1916 yil voqealariga qaytaradi. Erk uchun kurashning avvalgi safida turgan Jizzaxning chor qoʻshinlari tomonidan vayron etilganiyu erkning hanuz orzuligicha qolayotgani adibga yuqoridagicha ramziy tashbeh qoʻllash imkonini beradi. Choʻlpon talqinidagi yurt makoniy tushunchagina emas, balki his qila biladigan mavjudlik ekanligini («Buzilgan oʻlkaga») yuqorida taʼkidladik. Shu bois ham adib Jizzax timsolida vafosiz sevgidan yuragi sadpora oshiqni koʻradi, unga oʻzini hamdard, dardiga malham izlashlikni burchi deb biladi, oʻquvchisining-da shu xil oʻylashini istaydi. Yuqoridagi ramziy tashbehning yana bir muhim funksiyasi shuki, u sayyoh ruhiyatidagi yana bir burilishni asoslashga xizmat qiladi. Vayrona shahar manzaralari qalbida ogʻriq uygʻotgan sayyoh Jizzaxdan chiqqach-da undan forigʻ boʻlolmaydi: u yurtining oʻtmishi, tarixiy qismati haqida oʻylaydi: «Bir sharq shoiri «Togʻlar, goʻzal yurtimni saqlagʻuchi devorlar kabi», degan edi, men esam:

Yuksak togʻlar menim baʼzan aldagʻon

Xayolimday yuksaklarga oʻsmishlar.

Xayolimni haqiqatlar toʻsmishdi,

Biroq togʻning yuksalishini qanday

kuchlar toʻsmishlar? – dedim...»

Koʻramizki, Choʻlponni togʻlarning nega yuksala olmaganiyu yurtini asoratdan saqlab qololmagani oʻylatadi. Sirasi, adib hanuz na koʻnglidan va na tabiatdan javob ololmayotgan bu savollarni ilk ijodidayoq oʻrtaga tashlagandi. Yurtidan chiqib ketayotgan Muhammadiyorning «Ey, Chingiz va Temur askarlarini koʻrgan qop-qora togʻlar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini koʻrgan togʻ bobolar!» deya xitob qilishi, keyinroq sheʼrlaridan birida lirik qahramonning «yovlarning el koʻksida ishrat surishi»ga olib kelgan «otalarning tarixdagi xatosin» surishtirib suhbatdoshi yorugʻ yulduzni savollarga koʻmib tashlashi («Yorugʻ yulduzga») ham yuqoridagicha savollar Choʻlponni anchadan beri oʻylatishidan dalolatdir. Mazkur bobning «Togʻlar va ularning goʻzallik va hunukliklari» deb nomlanishida ham chuqur maʼno botindir. Sayyoh eʼtirof etadiki, «yiroqdan chiroylik boʻlib koʻringan va kichkinagina deb oʻylangan togʻlar yaqin yetgach dev gavdasiday kengaygan, vahmimday oʻsgan edi». Choʻlpon yurtining oʻtmishiga mardona nazar tashlagani uchun ham uni butun goʻzalligiyu buyukligi, dahshatu xunukliklari bilan koʻra oladi. Yaʼni, adib har vaqt tarix haqida oʻylarkan, yurtining buyuk oʻtmishi bilan faxrlangani holda («Sharq nuri»), uning «soʻng davri» shon-shavkatdan nechogʻli mosuvo(«Yorugʻ yulduzga») ekanligini ham teran idrok eta oladigan darajada xolis tura biladi. Shu tufayli ham u koʻrgan buyuk choʻqqilar tepasida «olbosti»lar oʻtirgandek tuyuladi; har lahza qurbon istab uchib yurgan «qora lochin, uziqara sor va yirtqich choʻzaxot»larni koʻrib yuragi seskanadi uning, dahshatga tushadi. Biroq shunisi maʼlumki, oʻtmishga bu xil munosabat kelajak oldidagi ulkan masʼuliyat hissini tugʻdiradi: sayyoh-oshiqning muhabbati havas yoxud mutaassiblarcha berilish emas – anglangan ijtimoiy-shaxsiy zaruratdir. Masʼullikni teran his qilgani uchun ham sayyoh-oshiq aldanishdan kelgan iztiroblarni, ogʻir oʻylaru lahzalik qoʻrquvni yengib, yana maʼshuqa xayoliga berilaveradi. Choʻlpon-sayyoh ruhiyatidagi shu xil burilish kapalak obrazi vositasida ifodalanadi. Erk oshigʻi sayyoh bilan gul oshigʻi kapalakni bir xil dard birlashtiradi, ikkisi oshiqlar tilida soʻzlashadilarki, bunda qalblar tutashadi. Kapalak soʻylagan ishq ertagi sayyoh dilida vasl ishtiyoqini yanada kuchaytiradiki, u ham oʻzining «qizil lola»sini oʻylaydi. Albatta, sayyoh uchun kapalak visol baxtining mujassam ifodasi. Biroq, oʻylashimizcha, kapalak obrazining mazmun-mohiyati shu bilangina cheklanmaydiki, bunga quyiroqda yana qaytamiz.

Vujudi ishqqa toʻlgan sayyoh Zarafshonni quyoshga oshiq togʻ koʻz yoshlaridan yaralgan, deb taʼriflaydi. Ayni paytda, koʻz yoshlarining oʻzlari ham zoʻr dengizga oshiqlar, biroq faqat «ulardan baxtli boʻlgʻonlari tengizning quchogʻiga tushalar, baxtsizlari dalalarda yerga singib yoʻq boʻlub ketarlar». Zarafshon haqidagi bu nav oʻylar Choʻlpon-sayyoh mushohadalarini yana bir muhim masalaga taqaydilar:

«Men-da qochqon maʼshuqamni quvib boraman, yetayinmi, quchogʻiga kirayinmi yo yerga, yoʻqliqgʻa singib bitayinmi?

Koʻkdagi bulut, oq bulut parchalari ustida qizil lolalar ochilgʻon edi.

Qizil lolalarning qizil tuslari kun botish yoqda koʻk yuziga sochilgʻonlar edi».

Bir qarashdayoq sayyoh qarshisida tanlov imkoniyati paydo bulgani anglashiladiki, avvalo, uning qanday sharoitda yuzaga kelganiga diqqat qilish lozim. Ilgariroq yuritgan mulohazalarimizdan kelib chiqilsa, safarnoma kontekstida «qizil lola» maʼshuqa, «qizillik» kurash ramzi sifatida kelayotgani ravshan. Sayyoh qizil lolalarning «qizil tuslari» kun botish tomonda yoyilganini aytadi. Agar safar yoʻnalishini, sayyohning ayni patda Zarafshondan endigina oʻtganini eʼtiborga olsak, kun botish tomonda Buxoro joylashgani ham aniq boʻladi. Demak, tanlov imkoniyati sayyoh Buxoroga yaqinlashganida paydo boʻladiki, bu bevosita uni Buxoroga chorlagan maqsad bilan bogʻliqdir. Eʼtibor berilsa, shu oʻrinda sayyoh diliga yana ozmi-koʻpmi umidsizlik soya solganini sezish qiyin emas. Biroq, oʻylashimizcha, bu umidsizlik avvalgilaridan birmuncha farq qiladi, chunki u sayyoh dilida insonga xos ojizlikning vaqtincha ustunligi mahsulidir. Zero, butun borligʻini kurashga bagʻishlagan sayyohni ayni damda «kurashning natijasini MEN koʻra olamanmi, yoʻqmi? Oʻzim uchun ham yashashim kerak-ku!» qabidagi andishalar chulgʻaydi. Yaʼni, «oʻzlik»dan koʻpdan beri uzilib, «koʻplik» ichra botib ketgan»(«Men qochmadim») Choʻlpon ruhiyatida bu lahzalarda «oʻzlik» bosh koʻtaradi. Inson bolasining, ayniqsa, Choʻlpondek bir necha yillik orzu-intilishlarida «yolgʻiz aldanishni koʻrgan bir banda» («Yupanmoq istagi»)ning yana qaynoq faoliyatga shoʻngʻish arafasida shu xil oʻylarga berilishi tabiiy koʻrinadi bizga. Ikkinchi tomondan, ayni shu xil oʻz qalbini taftish etish, meditativ mushohadaga berilishlik lirik turning xos xususiyatlaridanki, bu narsa «Yoʻl esdaligi»ning janr xususiyatlari haqida ilgari aytgan fikrlarimizni tasdiqlaydi.

Choʻlpon-sayyoh dilidagi chigalliklar yechimini yana tabiatdan izlaydi, uning ruhida kechgan ziddiyatli olishuvda umidning uzil-kesil gʻalaba qilgani botayotgan quyoshga boqib surgan oʻylarida oʻz ifodasini topadi:

«Menim umidim ham shu quyosh kabimi botar?

Meni sevgim ham shu quyosh kabimi bitar?

Qoʻrqamen...

Yoʻq, bu quyosh bugun botar, yana ertaga bosh koʻtarib chiqar.

Biroq dunyo shu dunyo, tabiat shu tabiat,

borliq shu borliqdir.

Menim umidim ham shu chogʻda quyosh bilan birgami botar?

Yoʻq, ul baʼzan botar, uning ham shunday kechi bor,

yana tongi kelgach bosh koʻtarib chiqar.

Biroq sevgi oʻshal sevgi, ishq shul ishq,

muhabbat shul muhabbat, ul manguga botmas!»

Oʻzining hayotiy tajribasiga tayanib, qalb tugʻyonlariga quloq tutgan holda lirik-falsafiy mushohadaga berilgan Choʻlpon dil tubida botin beshak haqiqatni inkishof etadi: umid mashʼaladek porillab yonishi yoxud soʻnishi mumkin, lekin «sevgi» – yurt ozodligi, erkinlik istagi boqiydir. Shu bois ham u yurtining qachondir bir kun ozod boʻlishiga ishonadi, oʻzgalarni-da shunga ishontirishga intiladi. Ayni shu ishonch tufayli ham sayyoh: «Menim sevgim ham qalbimda qizgʻaldoq lola boʻlub ochilmish, tanamga qizgʻish tuslarini tarqata boshlamish edi», – deya eʼtirof etadi. Shu oʻrinda sayyoh yana «kapalak bilan lolaning birlashgani»ni esga soladiki, mazkur obrazning mazmun-mohiyati oydinlashadi. Kapalak qisqagina umri hali zamon tugashini bilgani holda gul ishqi bilan yashaydi, uning uchun oshiqlikning oʻzi baxt, zero, sevgi uning uchun hayot mazmuni, uning uchun gul ishqida yonib yashashgina hayotdir. Sayyoh dilidagi chigalliklarni yozishda shu jajji maxluqdan ibrat olganidek, uni oʻzgalar uchun-da ibrat qilib koʻrsatmoqchi boʻladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, safarnomaning soʻnggi bobi «Chin birlik» deb nomlanadi: maʼshuqa vaslini izlab yoʻlga chiqqan oshiq unga yetishadi, ikkisi chin maʼnodagi birlikni his etadilar. Kuramizki, «Yoʻl esdaligi»ni yaratishda Choʻlponning tasavvuf adabiyotidan taʼsirlanishi nafaqat unda ishlatilayotgan ramzlar, balki asarning kompozitsion qurilishida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Biroq, yuqorida aytdikki, Choʻlpon-sayyoh uchun real yoʻl emas, erksevar ruhning ruhiyat manzillarida turli sinovlarga dosh berib, har ne oʻzga tashvishlardan forigʻ boʻlishi, tozarishi muhimroqdir. Yaʼni, sayyoh oshiqning «chin birlik»ka erishuvi, «sevgi»siga tamom singib ketgani adibning ruhiyatini kemirgan tushkunlikni yengib Buxoroga kelishiyu butun kuch-quvvatini maʼshuqasi – yurt ozodligi uchun kurashga safarbar etishning ramzidir.

Choʻlponning Buxorodagi harakatlarga katta umid bogʻlagani «Men qochmadim» nomli sheʼrida, uning «tilak yulduzi»dan koʻz uzmayman degan eʼtirofida yanada yaqqol koʻzga tashlanadi. Toʻgʻri, bu yulduzni goh-goh «qora bulut» qoplaydi, shunday boʻlsa-da «yana uning yuzi koʻrinib, koʻzlarimni qamashtirib qoʻyadir» deb yozadi shoir. Koʻrinadiki, Buxoroga kelganidan keyingi dastlabki vaqtlarda Choʻlpondagi umidvorlik hissi ancha yuksalgan. Sheʼrning yakunidagi «Men tilakni izlayman, Qanot kuchlik, borgan sari tezlayman!» degan soʻzlar ham shundan darak beradi.

Tabiiyki, Choʻlpon oʻzi shunchalar katta umid bogʻlagan Buxoro jumhuriyatining asoslarini mustahkamlash yoʻlida ham muharrir, ham publitsist sifatida astoydil harakat qildi. Uning maqolalari koʻproq oddiy xalqning siyosiy ongini oʻstirish, jumhuriyatning mohiyatiyu afzalliklarini unga anglatish, davlatni boshqarishda xalqning roli va taʼsirini oshirish maqsadlariga qaratildi. Jumladan, «Hukumat qurultoyi» nomli maqolani olib koʻraylik. Choʻlpon yozadi: «Yosh jumhuriyatimizning ismi «Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati»dir. Bu ism uch muhim va ulugʻ soʻzdan murakkabdir: «xalq», «shoʻro», «jumhuriyat»! Mana shu uch ulugʻ soʻzni bizga tafsir etguvchi narsa oldimizdagi qurultoydir. Bu qurultoyda «xalq»(massa)ning «jumhur»i, yaʼni aksariyati tarafidan yuborilgʻon vakillar «shoʻro», yaʼni mashvarat qilib mamlakatimizning asosiy qonunlarini, shakl idorasini muzokara va hal qilurlar».

Keltirilgan parchaning oʻziyoq Choʻlpon sodda tilda yozishga, har bir masalani ikir-chikirigacha mufassal tushuntirishga intilganini koʻrsatadiki, bu narsa yuqoridagicha maqsadlar bilan izohlanishi mumkin. Muallif xalqni qurultoy vakillarini saylashga jiddiy ahamiyat bilan qarashga chaqiradi, chunki: «Xalqning tinchligi bilan tinchsizligi, Vatanning saodati bilan falokati, hukumatning intizomi bilan buzuqligi shul qurultoy natijasida muqarrar boʻlur». Aytish kerakki, Choʻlpon bu gaplarni mavhum «jumhuriyat» tushunchasining mazmun-mohiyatidan kelib chiqibgina aytmadi, yoʻq. U xalqning faollashuvi, yosh jumhuriyat atrofida jipslashishi nechogʻli muhimligini oʻzining hayotiy tajribasida koʻrib anglagan edi. Turkistondagi milliy ozodlik harakati ommaviy tus olmagani uchun ham avj ololmayotganini bilgan, Buxoro jumhuriyatini keng omma astoydil qoʻllamasa, zarur boʻlsa uni qoʻlda qurol bilan himoya qilishga shay turmasa, uzoqqa borolmasligiga koʻzi yetgan Choʻlpon oʻzining eng mashhur asarlaridan sanalmish «Xalq» sheʼrini shu yerda yozgani ham bejiz emas. Sheʼrning soʻnggi bandida muallif hukumatdagi vakillarga, oʻzining maslakdoshlariga xitoban:

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!– deb yozadi. Sheʼrning qurilishi – avvaliga xalqning beqiyos qudrati taʼrif etilishiyu oxirida yuqoridagicha chaqiriqning yangrashi Choʻlponning maqsadi xalq shaʼniga madhiya aytish boʻlmaganini koʻrsatadi. Shoir taʼriflagan kuch-qudratga ega boʻlishi uchun xalqning qoʻzgʻalishi («Xalq qoʻzgʻalsa kuch yoʻqdurkim, toʻxtatsun...») taqozo qilinadi. Shu bois ham muallif xalq ichiga borishga, uning qudratini oʻziga anglatib, unga tayanishga chaqiradi. Choʻlpon hissiyot kishisi, shu bois ham osmon qadar orzu-umidlar qoʻynida yashaydi, ularga yetish uchun mavjud imkoniyatlarni qoʻpincha hissiy mushohada etadi, ularga juda katta umid bogʻlaydi. Biroq qator-qator aldanishlar natijasida u maqsadga yetishish oson emasligini, bu yoʻlda hali koʻp mashaqqatli dovonlar borligini tobora teran idrok etib boradi.

Shoirning 1921 yil oxirlarida yozilgan «Yurt yoʻli» sheʼrida shunga dalolat qiluvchi satrlar bor:

Uzoq... ogʻir yoʻlga chiqqan yoʻlchimen,

Bu yoʻllarda qilogʻuzim yulduzdir.

Men yurtimning pok istakli kuchimen,

U yulduzning tugalishi kunduzdir.

Koʻramizki, «uzoq» soʻzidan keyin ishlatilayotgan koʻp nuqta sifatning darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, lirik qahramon yoʻlning uzoq va ogʻirligini anglagani holda undan qaytish fikridan yiroq, chunki yoʻl nihoyasida yorugʻ kunlar kelishiga imoni komil. Oʻzini «yurtning pok istakli kuchi» deb hisoblagan shoir tomirlarida kechmishlarning qoni gupurayotganiyu bilaklariga kuch toʻlib borayotganini his qiladi, ayni paytda, «oyoqlari tolgani»-ni ham yoʻlakay eʼtirof etadi. Qiziq, nega endi sheʼr nihoyasida ham yoʻldan qaytmasligini yana qayta taʼkidlayotgan Choʻlpon «oyoqlari tolgani»ni aytadi? Oʻylashimizcha, mazkur savolga shu davrda yozilgan sheʼrlar qatidan javob topishimiz mumkin. Butun vujudi bilan ishga shoʻngʻigan Choʻlpon 1921 yil oxirlarida xastalanib, yangi yilning boshlarini kasalxonada oʻtkazgan. Toʻplamlardan joy olgan toʻrtta sheʼrning kasalxonada yozilgani qayd etilganki, ularning sanalariga diqqat qilinsa, shoirning 1922 yil yanvar oyi boshlaridan fevralning oʻrtalarigacha davolangani anglashiladi. Aytish kerakki, xastalik davrida yozilgan sheʼrlarda biroz tushkunlik asarlari zuhur qiladi. Albatta, bunda kasallikning ham maʼlum taʼsiri bor, biroq tushkunlikni shuning oʻzi bilangina izohlash kamlik qiladigandek koʻrinadi. Tushkunlik kayfiyati, ayniqsa:

Ogʻriq oldi, qaygʻi oldi, zor oldi,

Soʻnik koʻzli, bagʻri ezik yor qoldi,– satrlari bilan boshlanuvchi «Yotoqdan» nomli sheʼrda boʻrtibroq koʻzga tashlanadi. Sheʼrdagi «Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq» degan satr, fikrimizcha, ayricha eʼtiborga moliqdir. Yurt ozodligini «yor», unga intiluvchini «oshiq» deb bilgan shoir yorga yetishmoq uchun oshiq dilining boshqa har narsadan forigʻ boʻlishini, oshiq kerak boʻlsa oʻzligidan-da kechishi lozimligini shart qilib qoʻyadi. Ehtimol shuning uchundirki, shoir «men yurtimning pok istakli kuchimen» deya faxr etadi. Shu xil eʼtiqod bilan yashagan Choʻlpon, baxtga qarshi, Buxoro hukumatidagi shaxslarda, oʻzining jadid birodarlarining barida ham hamma vaqt pok niyatni koʻrolmay qoladi. Oʻsha paytda Buxoroda boʻlgan A.Z.Validiy hukumatdagi yetakchi shaxslar haqida toʻxtalib: «Oralarida qarama-qarshiliklar boʻldi. Avvalo Fayzulla bilan Abdulqodir orasidagi ziddiyat millionerlar orasidagi eski oʻzaro kelishmovchilik asorati boʻlsa kerak. Keyinroq bu kelishmovchilik kuchayib, kengayib ketdi. Bundan qizillar foydalandi»13, – deb yozgan edi. Tabiiyki, hukumat gazetasi muharriri boʻlib turgan Choʻlpon bu kelishmovchiliklardan bevosita yoki bilvosita xabardor boʻlib turgan. Shoir ulugʻ maqsad yulida shaxsiy manfaatning, shaxsiyatparastligu eski gina-kuduratlarning nechogʻli katta gʻov boʻlishi mumkinligini chuqur his qilib oʻrtangan, «dili buzuq» birodarlaridan noligan. Bu kelishmovchiliklarning shoir ruhiyatiga qattiq taʼsir qilgani sheʼrning soʻnggi satrlarida ochiqroq koʻzga tashlanadi:

Alam oldi, firoq oldi, qon oldi,

Amal qoldi... Koʻzi yoshli jon qoldi.

Eʼtibor qilinsa, «amal qoldi...» deya koʻp nuqta qoʻyayotgan shoir dili buzuqlar tufayli eski maqsadning aro yoʻlda qolayotganini iztirob bilan taʼkidlayotganini, shu bois ham koʻzi yoshli ekanini anglash qiyin emas.

Choʻlponning «Buxoro axbori»da atigi olti oygina muharrirlik qilgani ham, avvalo, uning yosh jumhuriyatga bogʻlagan umidlari yuqoridagicha sabablarga koʻra susaygani bilan izohlanishi mumkin. Biroq, fikrimizcha, buning birmuncha jiddiyroq sabablari ham boʻlgan. Choʻlpon gazetaning 1921 yil 3 noyabr sonida «Tarixdan» nomli sheʼrini eʼlon qilganki, bu sheʼr shunday oʻylashimizga asos beradi. Sheʼrning ilk satrlariyoq Choʻlponning yuz berayotgan voqealarga munosabatini oshkor etadi:

Qorongʻi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa elning baxtimidir «koʻlanka»ga sotilgʻon?

Choʻlpon Buxoro jumxuriyatining sovetlarga yaqinlashuvini, kommunistlar firqasi olib borayotgan siyosatni «el baxtini sotmoq» deya baholaydiki, shu tufayli ham bu yerga kelganidan beri xayol koʻkida porlagan yulduzi soʻngan, bunda ham «qorongʻi kech» hukmronligi boshlangan. Ruhiyati yaqinligidan boʻlsa kerak, mazkur sheʼr koʻp jihatdan «Buzilgan oʻlkaga»ni yodga soladi:

Uzoq yoʻlning ozgʻin, kuchsiz yoʻlovchisi daraksiz,

Nima uchun bu yoʻllarda oy yogʻdusi keraksiz?

Nima uchun toʻfonlarni qonatgʻuchi olov yoʻq?

Nima uchun el sopqoni topa olmas kuchli oʻq?

Nima uchun shuncha jonlar hur oʻlkada «ozod» qul?

Nima uchun yoʻlchilarga koʻrsatilmas toʻgʻri yoʻl?...

Qizigʻi shundaki, Choʻlpon «Xalq» sheʼrini yozganiga toʻrt oy toʻlmay turib «hur oʻlkada «ozod» qul» boʻlib yashayotgan, sopqoniga «kuchli oʻq» topishdan ojiz el haqida yozadi. Oʻz qarashlariga muvofiq holda, shoir buni xalq boshida turganlarning toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga ojizligi bilan izohlaydi. Buxoro jumhuriyati mustaqilligining nomigagina boʻlib qolgani, «uzoq yoʻl» – Turkiston mustaqilligi yoʻlovchilarining daraksiz ketgani Choʻlponni hammasidan ortiq achintiradi. Xuddi shu ijtimoiy-siyosiy sharoitda, bir oy moʻlroq oʻtgach, Choʻlpon kasalxonaga yotadi va shu koʻyi gazetadagi faoliyatini ham toʻxtatadiki, buning tub sabablari sheʼrning soʻnggi misralarida oʻz ifodasini topgan:

Bu yaramas!– deya ogʻzim ochilmasdan bir buyruq:

«Mundogʻ achchiq figʻonlarga bu oʻlkada luzum yoʻq!»

Qorongi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa menim «ohlarim»mi boʻgʻizimda tutilgʻon.

Koʻramizki, Choʻlponning «Buxoro axbori»dan ketishi, birinchi navbatda, soʻz erkinligiga tajovuz qilina boshlagani bilan bogʻliqdir. Bunday siqiq sharoitda gazetada ishlashidan na istiqlol maqsadiga va na xalqi uchun biror naf koʻrmagan shoir muharrirlikdan ketgan koʻrinadiki, uning fidoyiligidan yana bir bora shohidlik berayottan mazkur fakt koʻpchilik uchun maʼnaviy saboq boʻlsa arzigulikdir.

Choʻlpon 1922 yil mart oyida Toshkentga kelib, bir-ikki Buxoro safarida boʻlganini aytmasak, bir yildan ziyodroq shu yerda ishladi. Avvaliga, tabiiyki, shoir ruhiyatida Buxoro taassurotlarining taʼsiri kuchli boʻlib turadi. Uning mart oyida Toshkentda yozilgan «Shu kunda» nomli sheʼrida:

Istagingga yetar ekan qanotlaring sindimi,

ey koʻnglimning bulbuli?

Senga qarshi kulib turgan goʻzal chechak tindimi,

tashladimi bir yoʻli?– degan satrlarining uchrashi ham shundan. Biroq Choʻlpon ruhiy faoliyat kishisi boʻlganligidan oʻzining orzu-umidlaridan ayro yashay olmaydi. Zero, u oʻzi koʻngil bergan «yor» – yurt ozodligini «unutmoq uchun sevmagan»: «Koʻngilga yoshlikdan oʻzlashgan qaygʻi to goʻrga kirguncha tashlaya olmas», – deb yozadi shoir «Javob» nomli sheʼrida. Shoirning gʻamboda koʻngli oʻziga yupanch izlaydi, biroq bu yupanch uning orzu-umidlarini unuttirishi emas, aksincha, umid yulduzini yanada charogʻon etishi lozim. Shu bois ham «Yupanmoq istagi» sheʼridagi:

Turmushda, xayolda... har bir narsada

Yolgʻiz aldanishni koʻrgan bu banda

Borliqqa qargʻishlar yogʻdirgan banda,

Balki yupatgusi u achchiq soʻzlar?–

qabilidagi iztirobli oʻylar adogʻida Choʻlpon:

Oʻylagan oʻylarga koʻngil yupanmas

Koʻngilning istagi oʻy bilan qonmas,

Aytarlar bu tunda yorugʻ sham yonmas,

Chaqmasa gugurtni asl oʻgʻillar... – degan xulosaga keladi. Shoir hamon yurt ozodligi uchun zoʻr kurashning qoʻzgʻalishiga, Turonzaminda «asl oʻgʻillar» yitib ketmaganiga ishonadi, ishongisi keladi. Shoir ruhiyatidagi shu xil ishonch «Qoʻzgʻalish» sheʼrining butun mazmun-mundarijasiga singdirib yuborilgan. Sheʼrning lirik qahramoni oʻzini va millatini haqir koʻrgan, to qiyomatga qadar oʻz qoʻlida qullikda ushlab turishni istagan «xoʻjalar»ga qarata «Kishanlaring zang bosgandur, sergak boʻlkim uzilur!» deya xitob qiladi, chunki «bogʻliq qulning bosh koʻtargan kuch» ekaniga ishonadi. Sheʼrdagi qatʼiyat, keskinlik «Kurash»dagidan aslo kam emas: «Yo bitarman yoki sening saltanating buzilur!»

Toshkentda ekanida Choʻlpon jurnalistika sohasida, ayniqsa, barakali ijod qildi. U oʻzining eski aqidalariga sodiq qolgan holda yangi hukumat maorif, madaniyat sohasida olib borayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatladi, bu boradagi kamchiliklarga murosasiz munosabatda boʻldi. Shunga qaramay, Choʻlponning bu davrdagi jurnalistik ijodida Sharq mavzusi yetakchi oʻrin tutdi. Adib Sharq mamlakatlaridagi milliy ozodlik harakatlarini, Gʻarb fotihlarining ularni daf etish yoʻlidagi xunrezliklariyu siyosiy hiyla-nayranglarini yoritish orqali oʻquvchi omma ongiga taʼsir qilishni koʻzlagan edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu oʻrinda fikrimizni asoslash uchun birmuncha orqaga qaytishimiz joiz. 1920 yilda Choʻlpon Fitratning Hindiston hayotidan olingani holda Turkiston dardlaridan bahs etuvchi «Chin sevish» pyesasining sahna talqini haqidagi maqolasida: «Xalqimiz buyuk armonli, sof adabiy narsalarga ham tushunib keladir. Bu oʻzbek sahnasining zoʻr yengishi, bundan foydalanuv kerak»,– degan xulosaga kelgan edi. Aytmoqchimizki, adib Sharq mavzusi haqida yozarkan, ziyrak gazetxonning satrlar orasidagi «buyuk armon»ni ilgʻay olishiga umid qilgan.

«Yunonistondagi oʻzgarish» nomli maqolasida Choʻlpon bu mamlakatda sodir etilmish saroy toʻntarishining mohiyatini ochib beradi: «masala Vanadilus bilan Konstantinning oʻrtasida emas, Angliya bilan Fransiya oʻrtasidadir». Katta siyosat maydonidagi bu xil hiyla-nayranglarga yaxshi tushunib qolgan muallif oʻzlarining maqsadlari yoʻlida oʻzga xalqlaru mamlakatlar manfaatlarini mensimaydigan davlatlarga, «buyuk davlatchilik» siyosatiga nafratini ifodalaydi. Choʻlponning shu yillarda yozilgan qator maqolalarida Yunonistonni vosita qilgan holda Turkiyaning mustaqilligiga tahdid boʻlayotganidan xavotirlanish hissi sezilib turadi. Tabiiyki, mazkur sharoitda muallif Yunonistonga xayrixoh boʻlolmaydi, ayni paytda, buning chuqurroq sabablari ham bor: «Yunonistonda qanday hukumat boʻlmasin, kimgina ish boshiga kelmasin, «Ulugʻ Yunoniston» mafkurasi butkul koʻmilmas. Buning uchun tublik oʻzgarish – miya oʻzgarishi kerakdir. Boshqa ellarga ham oʻz erklari bilan oʻz tuproqlarida tinch yashamoq huquqini eʼtirof qila olaturgʻon hukumat lozimdir». Aminmizki, Choʻlpon bu oʻrinda sovetlar Rossiyasida hamon davom etayotgan «buyuk davlatchilik» siyosatini nazarda tutgan. Zero, Turkiston muxtoriyatining tugatilishi, Buxoro jumhuriyati mustaqilligiga rahna solinayotganiga guvoh boʻlgan Choʻlpon oʻzgacha oʻylashi ham mumkin emasdek. Oʻquvchi esa uzoq Yunoniston tafsilotlarini yurtida boʻlayotgan hodisalar bilan bemalol qiyoslash imkoniga ega, chunki u ham inqilobdan keyingi Turkiston sharoitida «buyuk davlatchilik» illatlarining «qanday hukumat boʻlmasin butkul qoʻmilmas»ligi, buning uchun «miya oʻzgarishi» zarurligiga amin boʻlgan.

«Oktyabr inqilobi va Sharq dunyosi» nomli maqolasida Choʻlpon butun Sharq olamida boshlangan milliy ozodlik harakatlari haqida joʻshib yozadi. Muallif Sharq dunyosining oʻtmishdagi zabun ahvolidan soʻzlagach, oktyabr inqilobining kurashga, uygʻonishga chorlovchi bong boʻlganini, mazlumlar dilidagi qutulish umidi ortganini eʼtirof etadi: «Oktyabr inqilobidan burun Sharq dunyosi asir edi, qul edi. Ham bu qullikdan qutulish umidini yuzdan toʻqson toʻqquz yoʻqotgan edi.

Oktyabr inqilobidan keyin Sharq dunyosi uygʻondi. Qutulish yoʻllariga kirishdi, ham bir qismi bilfeʼl qutuldi. Qolgʻon qismi ham qutulish yoʻliga yugurmakdadir. Qutulishning yorisi boʻlgʻon qutulish umidi yuzda toʻqson toʻkqiz ortdi.

Yashasun Oktyabr inqilobi! Yashasun Sharq ozodligi!»

Koʻramizki, Choʻlpon oktyabr inqilobi va Sharq ozodligini bir-biriga aloqadorlikda koʻradi, sirasi, uning inqilobga iliq munosabatda boʻlishi ham shundan. Biroq kishi diliga andisha soladigan oʻrni «bir qismi bilfeʼl qutuldi» deyilayotganidir. Nahotki Choʻlpon oʻsha bir qism ichiga Turkistonni ham qoʻshayotgan boʻlsa? Oʻylashimizcha, yoʻq. Choʻlpon «bir qism»ni atayin konkretlashtirmagan, aks holda, Turkistonni ham shu qatorda sanashiga toʻgʻri kelur edi. Maqola yozilgan paytda esa xorijiy Sharq mamlakatlaridan Afgʻonistongina mustaqillik eʼlon qilgandi. Demak, «bir qism»ni shoʻro oʻquvchisi oʻzicha, Choʻlpon nazarda tutgan oʻquvchi oʻzicha anglashiga imkon bor edi. Fikrimizni dalillash uchun Choʻlponning shu maqola bilan deyarli bir vaqtda yozilgan «Kishan» sheʼriga murojaat qilishimiz mumkin. Sheʼr nihoyasida shoir yozadi:

Kishan, gavdamdagi dogʻing hanuz ham bitgani yoʻqdir,

Faqat butkul qutulmoqqa umidim endi ortiqdir!..

Modomiki, Choʻlpon «butkul qutulish» umidida yashayotgan ekan, demak, u yurtini ozod deb hisoblay olmaydi, bu fikrdan yiroq boʻlgani holda shoʻro matbuotida oʻz qarashlarini yoʻli bilan ifodalaydi.

Ilgari aytganimizdek, Choʻlponning 20-yillar ijodida sheʼriy yoʻlda yozilgan publitsistik asarlar ham talaygina. Shulardan bittasi, 1922 yil oxirida yozilgan «Istiqlol» sheʼri Choʻlpon shoʻro matbuotida eʼlon qilgan asarlar koʻp hollarda tagmaʼno kasb etishi haqidagi fikrlarimizni yanada mustahkamlaydi: Oʻzining keskin tanqidiy ruhi bilan mazkur sheʼr, dadil aytishimiz mumkinki, oʻtkir siyosiy pamflet darajasiga koʻtariladi. Shoir sheʼrga ingliz siyosatchisi Kerzonning «Turkiyaga biz istiqlol beramiz» degan gapini epigraf qilib oladi-da, boshdanoq ushbu siyosiy ikkiyuzlamachilik, nayrangni fosh etishga kirishadi:

Kirzoʻn toʻra istiqlolni tarqatadur bemalol,

Shuning uchun bilmoq kerak: u qandogʻi istiqlol.

Dastlabki satrlardayoq oʻquvchi koʻz oldida Kirzoʻn toʻraning goʻyo sochqi sochayotgandek «istiqlol» tarqatayotgan holatini tasvirlarkan, Choʻlpon oʻzi uchun muqaddas tushunchani siyqalashtirayotganlarga, zamona zoʻrlariga munosabatini yashirmaydi. Turkiyaga inʼom etilmish istiqlolni tasvirlarkan, shoir oʻquvchi koʻz oldida sadaqa etilgan istiqlol karikaturasini chizib beradi:

U shundoq bir istiqlolkim, Turkiyaga berilmish,

Uni olgan Turkiyani koʻramizkim, hur boʻlmish:

Poytaxti Istambulga toʻlib olgan angiliz,

Turk xalqidan u yerlarda na bir asar, na bir iz.

Sultonini qurchoq qilib oʻlturgʻizib qoʻyganlar,

Qanotini sindirganlar, patlarini yulganlar.

Har harakat qiligʻiga qorovullar qoʻyganlar,

Biroz erkin tushunganning koʻzlarini oʻyganlar...

Eʼtibor bering-a, Choʻlpon oʻzini xuddi voqea-hodisalarning jonli guvohidek tutmayaptimi? Shunaqaga oʻxshaydi, biroq buning hech bir ajablanarli joyi yoʻq. Zero, yurt boshidagi «sulton»ning pati yulinganiyu har bir harakatiga qorovul qoʻyilgani, erkin fikrlovchilarning quvgʻin qilinishi, eng muqaddas joylarning toptalishi – bular bari Turkiyaninggina emas, ayni paytda Turkistonning ham dardlaridir. Bu xil umumiylik, ayniqsa, tubandagi satrlarda yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi:

Anatoʻli boshdan oyoq kuydirilgan, talangan,

Turk yurtida turklar uchun hech bir narsa qolmagan.

Turk yurtini turkdan saqlash angilizlar qoʻlida,

Pulemyotlar, zambaraklar istiqlolning yoʻlida...

Olis Turkiya haqida yozayotgan Choʻlpon «yiqilmagan, talanmagan uy»i qolmagan yurtini, uni haqiqiy egalaridan «himoya» qilish uchun oʻzga hududlardan jalb etilgan qizil qoʻshinni, istiqlol deya chiqqanlar yoʻlida gʻov boʻlib turgan pulemyotu zambaraklarni bir lahza boʻlsin xayolidan nari etmaydi. Inʼom etilayotgan «istiqlol»ning neligini obdon anglatgach, Choʻlpon sheʼrini yana xitob bilan yakunlaydi:

Kirzoʻn toʻram, biz bilamiz u qandogʻi istiqlol,

Oladigan ahmoq boʻlsa, berabering bemalol!..

Eʼtibor berilsa, shoirnnng «biz» deyayotgani sheʼrning umumiy kontekstiga nomuvofiqligini sezishimiz mumkin. Zero, bunga qadar, garchi Choʻlpon oʻzini goʻyo voqealarning jonli guvohiday tutsa-da, til unsurlari chetdan kuzatuvchiga mos tarzda shakllantirilgan edi («poytaxti», yaʼni, uning poytaxti; «sultonini» – uning sultonini, «boshlarida» – uning boshlarida va boshq.). Fikrimizcha, Choʻlpon sheʼr nihoyasida «biz» tilidan gapirar ekan, bir tomondan, chin maʼnodagi istiqlol uchun kurashayotgan turk vatanparvarlarini, ikkinchi tomondan, hamon «butkul qutulish» umididan voz kechmagan oʻzi va maslakdoshlarini nazarda tutadi.

Choʻlpon dilidagi umidvorlikni nechogʻli quvvatlantirishga intilmasin, ruhiyatiga ilgariroq ingan umidsizlik kayfiyati 1922 yilda ham bot-bot bosh koʻtarib, koʻnglida iztirob qoʻzgʻab turgan koʻrinadi. Shoir atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarni mushohada qilib, odamlardagi umumiy kayfiyatni oʻrganib, oʻzi koʻzlagan maqsadning tobora uzoqlashib borayotganini his qilgan, chogʻi. Zero, bu vaqtda uch-toʻrt yil davom etayotgan urush harakatlaridan sillasi qurigan aksariyat kishilarda «nima boʻlsa boʻlsinu, tinchlik qaror topsa bas» degan fikr muqimlashib qolayozgan edi. Choʻlpon shu xil umidsizlik, avvalo, oʻz dilida gʻimirlagan umidsizlik bilan olishib yashagandek:

Koʻngil sen bunchalar nega

Kishanlar birla doʻstlashding?

Na faryoding, na doding bor,

Nechun sen buncha sustlashding?

Fikrimizcha, borgan sari avjlanayotgan umidsizlik xurujlariga zoʻr bilan dosh berib turgan shoirning «Kishan kiyma, boʻyin egma, Ki sen ham hur tugʻilgʻonsen» degan hayqirigʻi nafaqat oʻzgalarga, balki eng avval uning oʻziga, oʻz koʻngliga qaratilgandir. Zero, umidsizlikka boʻy bergisi kelmayotgan shoir beshak haqiqatni takrorlash bilan oʻksik koʻnglini ovutishni, unga ruhiy madad berishni istasa ne ajab?! Shu oʻrinda Choʻlpon ruhiyatidagi umidsizlikni quvvatlantiruvchi yana bir omil haqida toʻxtalib oʻtish joiz. Shoirning oʻz vaqtida eʼlon qilinmasa-da, zamondoshlari xotirasida bizgacha yetib kelgan sheʼrlaridan biri Anvar poshshoning oʻlimi munosabati bilan yozilgan, deb hisoblanadi. Bizga bu sheʼrdan tubandagi parchagina maʼlum:

Eng soʻnggi umidni qonga boʻyagan,

Oh, qanday xayrsiz zamonlar kelgan?

Faryodim dunyoni boʻgʻib oʻldirsin,

Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin...

Agar mazkur satrlar chindan ham Anvar poshsho oʻlimi munosabati bilan yozilgan, desak, u holda Choʻlpon ruhiyatidagi umidsizlanish ildizlari biroz ochilgandek boʻladi. Gap shundaki, yuqorida aytganimdek, Choʻlponning umidlarini yashnatgan omillardan biri milliy ozodlik harakati – bosmachilikning avj ola boshlagani edi. Ayni paytda, maslakdoshlari kabi Choʻlpon ham bu harakatni markazlashtirib, har biri oʻz boshicha ish koʻrayotgan guruhlarning kuchlarini jamlagan holda yagona maqsadga yoʻnaltirilsagina undan naf tegishi mumkinligini teran idrok etgan. Chamasi Anvar poshsho timsolida Choʻlpon Turkistondagi milliy ozodlik harakatini birlashtirish yoʻlidagi intilishlarga katta umid bogʻlagan. Taassufki, shoirning bu umidlari «qonga boʻyalgan»idek, buyuk sarkardalar yetishgan Turonzaminda oʻsha paytda mavjud kuchlarni birlashtira olgudek boshqa bir kuchli shaxs ham maydonga chiqmadi. Tabiiyki, bu narsa shoir dilidagi umidsizlik kayfiyatini kuchaytirdi. Shunga tayanib, Choʻlponning eng mahzun asarlaridan biri boʻlmish «Aldanish» sheʼri ham, garchi yozilgan sanasi aniq koʻrsatilmagan boʻlsa-da, 1922 yilning avgustidan keyin yozilgan, deyishimiz mumkin. Eʼtiborli jihati shundaki, sheʼr sarlavhasini muallif ruscha «razocharovaniye» soʻzi bilan izohlagan, yaʼni, uni umidlaru ishonchning barbod boʻlishi maʼnosida tushunish kerakligiga ishora qilgan. Lirik qahramon «besh yillik yonish»lari nihoyasida ortiga oʻgirilib, «Koʻzimga koʻringan sarobmi edi, Men shunga aldanib togʻlarmi oshdim» deya oʻyga toladi. Choʻlpon goʻyo oʻzining besh yillik umrini – 1917 yildan to sheʼr yozilgan davrgacha boʻlgan hayotini sarhisob etadi. Yoʻq, shoir koʻngli oʻzi bor kuch-quvvatini bagʻishlagan, yetishiladigan kunlari yaqin deb oʻylagan maqsadni sarob deyishlikka osonlikcha koʻnmaydi:

Qoʻlimni tegizdim... Odam edi-ku,

Koʻzimda oʻynagan bir nur edi-ku,

Sezgim-da sogʻ, tetik, bardam edi-ku,

Boʻynimga qoʻl solgan bir hur edi-ku.

Darhaqiqat, Choʻlpon fevral inqilobidan keyingi yillarda tarix Turkistonning ozod boʻlishi uchun qulay imkoniyatlar yaratganiga dildan ishongan, shu bois ham yigit yoshidayoq koʻngil bergani boʻlmish «yor»ni – yurt ozodligini «ilohiy muhabbat, ishq bilan sevgan»di. Biroq besh yillik saʼy-harakatlar, «yonish-kuyishlar» zoyega ketganida shoir:

Oh, endi bildimkim, barchasi xayol,

Barchasi bir totli, rohat tush ekan.

Ket, yoʻqol koʻzimdan, haqiqat, yoʻqol,

Bagʻrimga botmoqda ogʻuli tikan,– deya nola chekadi. Koʻramizki, sarlavha ostida berilgan izohning mohiyati ayni shu satrlarda ochiladi. Shoir shu choqqacha koʻnglida ardoqlab kelgan ishonchu umidlarining bor yoʻgʻi xayol, rohat tush boʻlib chiqqanini eʼtirof etishga majbur. Shu bois ham mavjud haqiqatni koʻrishni, uni tan olishni istamaydi. Ayonki, haqiqatni tan olishni istamaslik koʻngilning «sevgi»yu umidlarni butkul soʻnishdan saqlash ilinjidagi ojiz isyonidir. Biroq ilgarilari bu narsa shoir uchun birmuncha oson kechgan boʻlsa, endi koʻz oldida turgan haqiqatni «quvish» tobora qiyinlashib boradiki, shoirning:

Chindan-da koʻnglimda sevgi oʻtlari,

Choʻgʻsiz oʻchib qolgan shamdek soʻndimi?

Chindan-da men bu kun sevmasmi boʻldim?

Chindan-da muhabbat oʻtimi soʻndi?– deyishi ham shundandir. Choʻlponning «Aldanish»dan keyingi sheʼrlarida endi oʻzlikdan kechib «ulugʻ yoʻl»ga kirgan qalbning daʼvatkor naʼrasi, komil ishonch ruhi bilan yoʻgʻrilgan kurashga chorlov deyarli koʻrilmaydi. Endi ularda koʻproq umidlari chilparchin boʻlgan qalb iztiroblari akslanadi, darz ketgan koʻngil shishasining har vaqt ham uygʻunlasha olmaydigan turfa jaranglari eshitiladi. Hatto, bir qarashdan isyon ruhining ayni oʻzi boʻlib koʻrinuvchi «Bas endi» sheʼrida ham, tan olish kerak, yovlarga nafrat va ojizlik hislari baqamti keladi. Zero, nafrat va qatʼiyatlilik tajassumi boʻlib yangragan «Yetar, bas, chekdan oshqondur. Bu qargʻish, bu haqoratlar!» hayqirigʻidan soʻng:

Qoʻlimda soʻnggi tosh qoldi,

Koʻngilda soʻnggi intilmak,

Koʻzimda soʻnggi yosh qoldi,

Kuchimda soʻnggi talpinmak! – degan satrlarning kelishi ham oʻsha nouygʻunlikning yorqin ifodasidir. Mohiyatan, koʻnglining butun talpinishlari umidning butkul soʻnib bitishiga yoʻl qoʻymaslik ilinjidan yuzaga keladi. Toʻgʻri, shoir «Qoʻlimda soʻnggi tosh qoldi, Yovimga otmoq istayman! Koʻzimda soʻnggi yosh qoldi, Amalga yetmoq istayman!» ham deydi. Biroq endi bu istak avvalgidek ishonch bilan yoʻgʻrilmagani uchun ham «istak»ligicha qoladi. Seziladiki, Choʻlpon oʻzi intilgan maqsadga yetish imkoniyatlari qoʻldan boy berilganini teran idroq qiladi, lekin buni osonlikcha tan olishni istamaydi – erkka tashna qalb bunga koʻnaqolmaydi.

Tabiiyki, shoir qalbi nechogʻli sarkash boʻlmasin, mavjud haqiqatni butkul tan olmay oʻtishi ham mumkin emas. Choʻlpon ruhiyatidagi ayni shu burilish uning «Men ham sevaman» nomli sheʼrida oʻz ifodasini topadi. Aytish mumkinki, mazkur sheʼr «Aldanish»ga javob tariqasida yozilgandir. Zero, «Aldanish»da oʻz koʻnglini savollarga koʻmib tashlagan shoir ularga, xususan, ularning eng muhimi «Chindan-da men bukun sevmasmi boʻldim?» degan savolga javob ololmagandi. Choʻlpon oʻzining oʻtgan kunlari «yigitlik koʻkarib yashnagan» damlarini, «yorugʻ yulduz»lardan «sevgi kutib» oʻtkazgan, butun borligʻini oʻsha sevgiga qurbon qilgan paytlarini mushohada etarkan, ruhiyatida faylasufona xotirjamlik borday, ilgarigi hayajonli hapriqishlar, koʻtarinkiligu tushkun kayfiyatlar unga tamomila yotday tuyuladi:

Endi u kunlarim oʻtib ketdilar...

Endi turmushimda oydin kechlar yoʻq.

Vafosiz sevgilar uchib bitdilar...

Angladim: sevgida har koʻngil buzuq!

Ayonki, birinchi va uchinchi misralar oxiridagi koʻp nuqtalar ortida shoirning «Aldanish» yozilgan paytdan buyon kechirgan holati, iztirobu armonlari yotadi. Choʻlpon roʻyobga chiqmagan orzulariyu besamar ketgan intilishlarini oʻylab achinadi, ayni paytda, bularni amalga oshib boʻlgan fakt sifatida qabul qilishga harakat qiladi. Negaki, u hayotning davom etayotganligini, inson oʻtmishi bilangina yashay olmasligini teran idrok qiladi. Shoir endilikda turmushida «oydin kechlar» yoʻqligiga befarq emas, albatta, lekin bundan fojia yasash fikridan ham yiroq. Sezamizki, shoirning iztirobli oʻylari uni muayyan toʻxtamga olib kelgan: modomiki hayot davom etar ekan, har qanday sharoitda ham hayotini mazmunli qilishga intilish, dilda ezgu maqsadu koʻngilga ishqni jo aylab yashash lozim. Shu bois ham Choʻlpon:

Koʻnglim quruq emas, yana sevgi bor,

Faqat bu sevgida aldanish yoʻqdir,– deb yozadi. Choʻlpon «endi majnun boʻlib elni sevaman» deydiki, bu oʻrinda «avval, istiqlol maqsadi bilan yashaganida kimni sevgan edi?» degan tabiiy bir savol yuzaga keladi. Darhaqiqat, shoir «erklik yulduzi»ga oshiq boʻlganida ham el uchun yashagan, uning saodatini oʻylagan edi-ku? Bu oʻrinda bungacha yuritgan fikrlarimiz, talqinlarimiz asossiz boʻlib qolmayaptimikan? Oʻylashimizcha, yoʻq. Quyida shuni asoslashga urinib koʻramiz.

Esingizda boʻlsa, Choʻlpon Buxoroda ekanidayoq «oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq»ligidan noligan edi. Endi esa u «sevgida har koʻngil buzuq»ligini anglaganini eʼtirof etadi. Yaʼni, Choʻlpon umidlarining barbod boʻlishida erk deya maydonga chiqqanlarning bari ham «pok istakli kuch» boʻlolmaganini bosh sabablardan biri deya tushunadi. Zero, oraga manfaati shaxsiyaning aralashuvi natijasida maqsad uzoqlashibgina qolmadi, bundan jabru sitam koʻrgan avvalo el-yurt boʻlib qoldi. Ilgari Choʻlponga katta umidlar baxsh etgan milliy ozodlik harakati ham u oʻylagancha yakdil qudratli kuchga aylanolmadi, bunda ham, avvalo, guruh boshliqlari – qoʻrboshilar orasidagi oʻzaro kelishmovchiliklar, shaxsiyatparastligu manfaati shaxsiya pand berdi. Yakka-yakka holda, oʻz boshicha harakat qilayotgan guruhlar endi mustahkamlanib ulgurgan qizil qoʻshinga jiddiy havf sololmaganidek, oʻrtadagi qonli toʻqnashuvlardan jabr tortgan – yana xalq edi. Hozirda, oʻtmishga munosabatimiz oʻzgarayotgan paytda bu mulohazalarimiz kimgadir erish tuyular, ehtimol. Biroq, unutmaylikki, oʻsha guruhlarda ham insonlar faoliyat kursatishgan, baski, insonga xos ojizliklar ularga ham yot emas edi. Yaʼni, aytmoqchimizki, bu guruhlar aslo xunrezliklarga, talonchilikka yoʻl qoʻymagan deyishlik notoʻgʻri boʻlur edi. Shu oʻrinda oʻsha paytlarda Choʻlpondan biroz yoshi ulugʻroq boʻlgan, bosmachilik harakatida ishtirok etib, keyincha surgunlarda boʻlib qaytgan rahmatli bobomni eslagim keladi. Bobom u davr haqida deyarli gapirmasdilar, chamasi, bizning tushunmasligimizni anglardilar. Har tugul, bir bora ancha keskin tarzda: «Ha, bosmachilar toʻgʻri yoʻldan chiqib oʻgʻri boʻlgunlaricha ular bilan boʻlganman!» – deganlari hamon esimda. Nazarimda, bu gapning mohiyatini, uning zamiridagi iftixoru oʻkinish hissini endi-endi idrok qilayotgandek boʻlaman...

Choʻlpon Fargʻona vodiysida urush harakatlaridan xonavayron boʻlgan elni, dahshatli ochlikdan qirilayotgan goʻdaklaru qariyalarni oʻz koʻzi bilan koʻradi, ayni paytda, hozirgi holida milliy ozodlik harakati maqsadga olib borolmasligini, uning elga foydasidan koʻra ziyoni koʻproq tegishini teran idrok qiladi. Shu bois ham Choʻlpon 1923 yilda Andijonda chiqarilgan Fargʻona fronti shtabining nashri boʻlmish «Darxon» gazetasida ishlaydi, bosmachilikni tugatish ishiga qoʻshish qiladi. Shoir mazkur harakat tom maʼnodagi milliy ozodlik harakati sifatlariga ega paytda u haqda biron satr salbiy fikr aytmagan, aksincha, uni quvvatlagan boʻlsa, endi hozirgi holatini qoralaydi. Ravshanki, bunda ham Choʻlpon vayronagarchiligu xunrezliklardan bezgan xalq manfaatini koʻzlaydi.

Aytish kerakki, Choʻlpon uchun yoshlikdan koʻzlagan maqsadni mavridi yetilguncha orqaga surib qoʻyish, koʻproq bugunning tashvishi bilan yashash majburiyatini tan olishlik oson kechmagan. Biroq, taassufki, shart-sharoitlar koʻpincha insonning ezgu intilishlaridan ustun keladi. Shoirning 1928 yilda yozilgan «Somon parcha» nomli sheʼridagi:

Muhit kuchlik ekan, egdim boʻynimni,

Chaqmoqdek yaltirab oʻchish yoʻq endi,

Yolgʻon xayollarga koʻchish yoʻq endi,

Oqishning yoʻliga soldim oʻzimni,– degan satrida sharoit oldida ojiz qolgan qalb iztiroblari zuhur qiladi. Shoir dilini kuni-kecha erishilishi muqarrar tuyulgan yurt ozodligining «yolgʻon xayol»u «boshi berk koʻcha»ga aylanib qolgani, endilikda har ishni birdek «haq» deb borishga majburligi ezadi. U oʻzini zoʻr dengiz qoʻynidagi somon parcha his qiladi, ayni choqda:

Jimgina boradi kirsiz koʻnglimda

Erkin koʻpiklarning allaqanchasi,– deb yozadi. Darhaqiqat, Choʻlpon dilidagi erkka tashnalik, istiqlol umidining izsiz yoʻqolib ketishi mumkin emas: koʻnglidagi «erkin koʻpiklar» keyingi sheʼrlarida ham bot-bot yuzaga qalqiyveradi. Biroq endi shoir oldingidek kurashga chorlamaydi, uning imkoniyu ixtiyorida qolgani, «Qushning hadigi» nomli sheʼrida oʻzi topib aytganidek:

Uning butun tasallisi: toʻlib-toshib sayramoqdir,

Koʻm-koʻk dala-oʻrmonlarni eslab-eslab yigʻlamoqdir,

yigʻlamoqdir!.. – xolos. Biroq bu yoshlar, muxoliflarining daʼvolariga zid oʻlaroq, motam yoshlari emas edi, yoʻq. Zero, Choʻlpon dilini sitib chiqayotgan koʻz yoshlaridan oʻzga qalblarda «chechaklar unishi»ga, «haq yoʻli» qachondir bir kun albatta oʻtilishiga beshak ishonardi...

Ezgu maqsadlarini dil tubiga choʻktirgan Choʻlpon borliqni boricha qabul qilishga, mavjud imkoniyatlarni xalqining turmushini yaxshilash, taraqqiy qildirish maqsadlariga xizmat qildirishga astoydil bel bogʻladi. Xolislik haqqi aytish kerakki, yurtda bir qadar osoyishtalik oʻrnatilgach, shoirning xasta dilini ovutguchi ayrim oʻzgarishlar ham koʻzga tashlana boshlagan edi. Xususan, yangi hukumat maorif, madaniyat, sogʻliqni saqlash borasida olib borayotgan ishlar unga dalda berdi. Xuddi shu vaqtlarda boshlangan mahkamalarni tubjoylashtirish ishlarini ham Choʻlpon iliq qarshi oldi, bunda, chamasi, milliy siyosatning ham birmuncha toʻgʻri izga tushayotganini koʻrdi. Biroq shoirning tiyran qalb koʻzlari mohiyatga qaratilgani bois ham shoʻrolarning ogʻiz koʻpirtirib aytayotgan gaplari boshqayu, amaldagi siyosati boshqacha boʻlayotganini ravshan koʻrib turardi. Adibning 1924 yilda yozilgan «Vayronalar orasidan» nomli safarnomasida ayni shu xil kayfiyat oʻzining yaqqol ifodasini topadi. Andijondan Oʻsh va Jalolobodga qilingan safar davomida muallif oʻzi guvoh boʻlgan eng xarakterli voqealarni, koʻzi tushgan narsalarni qayd etib boradi. Biroq safarnomani faktlarning oddiygina qaydi deya olmaymiz, zero, unda faktografik va tahliliy qatlamlar yonma-yon boradi. Asar markazida turuvchi sayyoh-muallif obrazi shu ikki qatlamning uygʻun birikuvini taʼminlaydi. Bu yoʻllardan ilgari ham koʻp bor yurgan sayyoh mushohadasi hozirgi mavjud faktlar bilangina qanoatlanmaydi: u oʻzi bilgan oʻtmishga bot-bot qaytadi, chogʻishtirishga intiladi. Yurt qaygʻusida yashayotgan adib tafakkuri vaqt chegaralarini buzib yuboradi. Adib biron faktni keltirar ekan oʻtmishni eslaydi, mulohaza qiladi, uning oʻylari qatida esa doimo kelajak tashvishi botin boʻladi. Choʻlpon keltirayotgan faktlar reallikdan olingani ayon, biroq buni oddiygina naturalistik qaydlar maʼnosida tushunmaslik lozim. Zero, faol ijodkor shaxs sifatida Choʻlponning oʻz qarashlari, orzu-intilishlari, bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy-estetik ideali mavjud edi. Demakki, tanlanayotgan faktlar ham oʻsha idealga mos, birinchi galda adibning qarashlariyu xulosalarini ifodalashga xizmat qiladilar. Yurtining kecha va bugunini qiyoslarkan, adib urush keltirgan vayronaliklarni koʻrib eziladi, urush asoratlari bartaraf etilayotganini, yaratish davri boshlanayotganini koʻrib dili taskin topadi. Biroq yoʻl davomida duch kelgani ayrim faktlar uni chinakam tashvishga soladiki, ularni keltirish bilan oʻquvchini yurtining ertasi haqida jiddiyroq mushohada qilishga undaydi. Choʻlpon Xoʻjaobod paxta punktida «bir Zubov degan xazinachi bor ekan, uning eng shirin gapi koʻcha soʻkishlarining oʻrtacharogʻi ekan» deya alamli istehzo bilan yozadi. Muallif Zubovning mahalliy aholiga haqoratomuz muomalasi haqida xabar berarkan, qiziq bir faktni gazetxon eʼtiboriga havola qiladi. Gap shundaki, mahalliy aholi shikoyatlariga asosan, Oʻsh hukumati (yaʼni, oʻsha paytdagi uyezd hukumati) Zubovni chaqirtirganida, u «ish vaqti borolmayman» deydi-da, bormay qoʻyaqoladi. Qizigʻi shundaki, «paxta maʼrakasi(kompaniya –D.Q.)ga zarar kelmasin, deb Oʻsh hukumati ham oʻzicha bir narsa qilmasdan, muzofot mahkamalariga havola qilibdur». Koʻramizki, bu oʻrinda Choʻlponni oddiy bir kassirning mahalliy hukumatni mensimasligigina emas, oʻsha hukumatning hazinachi «ulugʻ ogʻa»lardan boʻlgani uchun-da hech bir taʼsir qilolmasligi hayratga soladi. Boz ustiga, uyezd hukumati paxta kompaniyasiga zarar yetishidan qoʻrqib masalani yuqoriga oshirar ekan, demak yuqori idoralar avvalo paxtani talab qiladi, uni yetishtiradigan xalq shaʼni esa ikkinchi darajali masala. Shu oʻrinda satr orasida Choʻlponning «bu mustamlakachilik siyosatining ayni oʻzi emasmi?» degan tashvishli savoli koʻzga tashlanadi. Zero, muallifning umidi ham shu aslida: u oʻzi aytmagan, aytolmagan gaplarni ziyrak gazetxon uqib olishiga ishonadi. Yoki boshqa bir oʻrinda Choʻlpon «poyezd ichida gʻalati-gʻalati ajoyibot, qiziq sirlar, tubjoy xalqqa qilinayotgan muomalalarni toza tomosha qildik» deb yozadi. Qarangki, bundan oʻn yil muqaddam, 1914 yilda «Doktor Muhammadiyor» hikoyasida tasvirlagan narsalarni muallif deyarli oʻzgarishsiz koʻradi, faqat endi oldingidek tasvirlash imkonidan mahrum! Choʻlponning 1924 yilda yozilgan maqolalaridan birini «Quturgʻon mustamlakachilar», boshqa birini «Istirohat mustamlakasi» deb atagani bejiz emas, zero, u oʻsha eski siyosatniig davom etayotganiga guvoh edi.

Choʻlpon milliy siyosatning qay tomon borayotganini nozik ilgʻaydiki, buni «Qalamning toyilishi» nomli maqolasida yaqqol kuzatishimiz mumkin. Maqolada masalaning qoʻyilish tartibiyoq oʻquvchini muayyan xulosaga yetaklaydi. Choʻlpon avvalo Moskvadagi Bosh paxta komitetining xabarnomasida «Oʻrta Osiyo va Qofqoziya jumhuriyatlari tuprogʻida unaturgʻon paxtani «oʻrus paxtasi» (russkiy xlopok) deb» atalganiga qarshi chiqadi. Xoʻp, adib buni oddiygina «qalam toyilishi»ga yoʻyishi, sobiqlardan chiqqan bironta mutaxassisning qilmishi deb tushunishi ham mumkin. Biroq «Turkpravda»da eʼlon qilingan bir suhbatda muxbir: «Pamir(Murgʻob)ni nimaga «oʻrus Pamiri» (Russkiy Pamir) deb atadi ekan? Agar «Xitoy Pamiri», «Angliz Pamiri» degan atamalar bor, bu ham bir jugʻrofiy atama demakchilarmi? Unda Turkistonni ham «oʻrus Turkistoni»(Russkiy Turkestan) desunlar, «Xitoy Turkistoni» degan atama ham bor...» – deya hayrat va istehzosini yashirmaydi. Koʻramizki, Choʻlpon bularni aslo tasodifiy hol deb qaramaydi, aksincha, buning zamirida shoʻro hukumatining ikkiyuzlama milliy siyosatini koʻradi. Ayniqsa, maqola nihoyasida bu ikkiyuzlamachilik yanada ravshanroq ochiladi. Choʻlpon gazetxon eʼtiborini Toshkentda nashr etilgan «Statistika solnomasi»dagi: «Turkistonni olgʻon oʻrus podshohlari uni mustamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan, iqtisodiy zarurat orqasida olgʻonlari yoʻq.... Shuning uchundirkim, Turkistonni olgʻondan keyin chor hukumati uni nima qilishini bilmay, hayron qolgʻon edi...» – degan daʼvoga qaratadi. Eʼtibor berilsa, daʼvoning zamirida Turkistonning bosib olinishiga olib kelgan tub sabablarni xaspoʻshlashdan chuqurroq ketuvchi maqsad botinligini sezish mumkin. Avvalo, iqtisodiy maqsad koʻzlanmagan boʻlsa, demak, Turkistonning bosib olinishi xayrlik maqsadlarda, deylik, «madaniyat kiritish» uchungina boʻlgan, degan xulosalarga puxta zamin tayyorlanadi. Ikkinchidan, modomiki Turkiston Rossiya uchun foydasiz ekan, uning Rossiya tarkibida boʻlishi avvalo, oʻzi uchun zarur, yaʼni, na eski va na yangi mustamlakachilik siyosati haqidagi gaplarga oʻrin yoʻq. Esingizda boʻlsa, sobiq ittifoq parchalanishi arafasida ham mazmunan shunga yaqin, «Oʻzbekiston Rossiyaning boqimandasi» qabilidagi daʼvolar koʻtarilgan edi.

Koʻrinadiki, shoʻrolarning milliy siyosati keyincha ogʻishib ketgan emas, boshdanoq muayyan reja asosida olib borilgandir. Choʻlpon bu xil ikkiyuzlamachilikni nozik ilgʻaydi, «qizil» gaplarga tayanib boʻlsa-da, oʻz fikrini ifodalaydi: «Bu toyilgʻon qalam oʻzining shu toyilishi bilan Oktyabr inqilobining birinchi kunidan beri qilinib kelayotqon daʼvolarning ustiga katta bir qora chiziq chizmoqchi shekillik!» Choʻlpon yangi hukumatning dekretu qarorlari bilan amaliyot orasida katta tafovutlar borligiga, soʻz va ish birligining yoʻqligiga koʻp bor amin boʻladi. Jumladan, «Chimkent xatlari» nomli maqolasida u yerdagi tubjoylashtirish ishlariga toʻxtalib: «Uyezd ijroqoʻmida yuqorida aytib oʻtilgan bir musulmon xotun bor, sarkotibning unvoni (familiyasi) ham tub joy xalqnikiga yaqinlashibroq eshitiladi. Shoʻʼba mudirlari orasida tub joyliqlar bor. Qolgʻonlarining hammasi ovrupolik oʻrtoqlarimiz. Bu yerda hatto tub joy xalq tilida yozilgʻon arizalarni qabul qilmaslar emish, degan gapni eshitdim. Lekin shoʻrolar xukumatining 8-yili mundoq latifa(aneqdot)larga ishonadurgan ahmoq yoʻqdur, deb oʻylayman»,– deb yozarkan, istehzoli kulgidan yana oʻzini tiyolmaydi.

Tabiiyki, bu xil latifanamo maynavozchilik asosiga qurilgan siyosat mahsullarini koʻrgan Choʻlpon qalamidan yana mahzun kuylar toʻkiladi. Biroq, unutmaylikki, siyosatda ustasi farang boʻlgan oʻrtoqlar shoirning koʻz yoshlaridan «chechaklar unishi» mumkinligini uning oʻzidan-da yaxshiroq bilardilar. Yoʻq, hurriyat deya maydonga chiqqan oʻrtoqlar shoirning hazin ovozini boʻgʻishni oʻzlariga ep koʻrmadilar, ular bu ishni oʻzlari tarbiyalab yetishtirgan mahalliy kadrlarga ishonib topshirdilar, xolos. Avvaliga Choʻlponni «koʻk shoiri», «ziyolilar shoiri», «oʻtmishga yuz burgan yigʻloqi shoir» deb taʼriflay boshladilarki, bu keyinroq qoʻyiladigan jiddiy ayblovlar uchun asos hozirlashdan boshqa narsa emas edi. Tabiiyki, Choʻlpon qalbidagi tugʻyonlarini yurtdoshlari anglamayotganlaridan, anglashni istamayotganlaridan oʻkindi, «men koʻk shoiri emasman» deya sheʼrlar bitdi. Taassufki, uni hatto koʻngil mulki fuqarolari boʻlmish shoirlar-da tushunmaydilar, tushunishni istamaydilar. Choʻlpon oʻzini yigʻloqiliqda ayblaganlardan biri boʻlmish Botuga javoban yozgan «Tan berdim» nomli sheʼrida:

Bizlar faqat oʻtganlarga bogʻlanib,

Oʻtganlardek asta-asta yoʻq boʻldik,

«Koʻngil» dedik, koʻngillarda «kul» boʻldik...

Oʻtganlarning kafaniga chulgʻonib.

U olovli koʻzlaringga qarasam,

Hamma yondan uchib chiqqan uchqunlarni sanasam,

Isyon oʻqi oʻlik tanga kirmasin,

Otguvchisi tosh –

Vatandosh boʻlmasin!..– degan dardli satrlarni bitadi. El-yurt dardi bilan yashagan shoirni oʻziga tosh otguvchilarning vatandoshlari ekanligi oʻrtaydi. Bu-ku, 1925 yildagi ahvol, oradan ikki yil oʻtgach, Choʻlponni «yoʻqsil xalq shoiri emas» deb eʼlon qilganlarida, ijodini xalq uchun zararli deb topganlarida, madaniyat xodimlariningʻ qurultoyidan shu xalqning «ziyoli» vakillari quvib solganlarida qanday ruhiy iztiroblar girdobida qolgan boʻlsaykin?!.. Boshqa bir buyugimiz A.Qodiriyni bir yil ilgari «odil» sud vositasida maʼnan oʻldirganlar Choʻlponni-da shu koʻyga solish uchun Qurultoyni tanlagan edilar. Hatto, respublikaning oʻsha paytdagi rahbarlaridan biri boʻlmish A.Ikromov ham oʻz nutqi bilan Choʻlponga tosh otuvchilar tegirmoniga suv quydi. Shoir oʻz boshida toʻplanayotgan qora bulutlarning chinakamiga xavf sola boshlaganini his qiladi, chor-nochor taslim boʻlishga chogʻlanadi: Qurultoy rayosat hayʼatiga «Eʼtizor» yozib, «tushunmaslik» orqasida yoʻl qoʻygan xatolariga, yaʼni shu el, shu yurt qaygʻusi bilan yashaganiga tavba qiladi, butun kuch-quvvatini «xatolarini ishchi-dehqon koʻnglidan ketkazish»ga sarflashga vaʼda beradi.

Qurultoy chaqirilgan 1927 yildan keyin Choʻlpon matbuotda juda kam koʻrinadi, biroq uning nomiyu «choʻlponchilik» degan yangi adabiy-siyosiy istiloh gazeta-jurnal sahifalaridan tushmay qoladi. Ayni paytda, Choʻlpon qarshisida «xatolarini ishchi-dehqon koʻnglidan ketkazish», oʻzining «tuzalayotgani»ni koʻrsatishdek kattakon majburiyat ham turardi. Tabiiyki, shoir imkoni tugʻildi deguncha shu majburiyat orqasida yozilgan sheʼrlarini eʼlon qilishga harakat qildi. Qizigʻi shundaki, Qurultoydan keyin yozilgan «Oʻn yil» nomli sheʼrida Choʻlpon hayotida ilk bor yurtini ozod deb ataydi:

Oʻn yil boʻldi, zanjirlarni uzib tashladik,

Ozod elda yorqin turmush qura boshladik...

Bu kun bayram! Ozod oʻlka oʻynab kuladi.

Bu kun bayram! Qizil bayroq soʻylab turadi...

Shoirning bungacha kuzatganimiz asarlaridagi qarashlarga tamoman zid fikrning tomdan tarasha tushgandek yuzaga kelishi ham sheʼrning majburiyat orqasida yozilganidan dalolatdir. Biroq, professor O.Sharafiddinov aytmoqchi, Choʻlpon endi «qanday asar yozmasin, hammasi beistisno «gʻoyaviy zararli, millatchilik ruhidagi asar» sifatida baholana boshladi»14. Respublika kommunistlari yoʻlboshchisining nutqidan ruhlangan, madaniyatchilar qurultoyining fatvosini olgan adabiy tanqidchilikning hurujlari kuchaygandan kuchayib bordi. Bu ham yetmagandek, 30-yillarning boshidagi haybatli sud jarayonlarida goho ishora bilan, goho ochiqchasiga Choʻlponni tilga olib oʻtdilar – navbat senga kelyapti, deya ogohlantirmoqchi boʻldilar uni. Mana shunday ogʻir vaziyatda Choʻlpon F.Xoʻjayev maslahati bilan Moskvaga joʻnadi: shoirning oʻz tevaragidagi gap-soʻzlar biroz bosilguncha yurtidan yiroqda boʻlib turishi maqbul koʻrilgan edi...

Hozirgi oʻquvchi koʻp ham xushlamaydigan «Soz» toʻplamidagi sheʼrlarning aksariyati yuqoridagicha majburiyat orqasida dunyoga kelgan edi. Choʻlpon mazkur toʻplamning «ochqich»i boʻlmish «Yana oldim sozimni» nomli sheʼrida shunga sezilar-sezilmas ishora ham berib qoʻygan:

Bir necha yil qantargach

Yana oldim sozimni,

Endi aytib yigʻlamas

Koʻngildagi rozimni...

Oʻylashimizcha, Choʻlpon sheʼrni «endi aytib yigʻlamas koʻngildagi rozimni» degan satri uchungina yozgandek. Eʼtibor berilsa, ayni shu satr sheʼrning mazmuniy-mantiqiy toʻqimasiga uygʻun singishib ketmagani yaqqol seziladi. Bir qarashda bu satr shoirning muholiflariga qaratilganki, «yigʻlamas» soʻzining oʻzidan turtki olib ham sheʼrning davomini eʼtiborga olgan holda uni quyidagicha tushunish mumkin: «xoʻp, meni yigʻloqilikda ayblagandilaring, endi yigʻlamayman. Chunki sovet voqeligining afzalligini anglashim barobari «koʻnglimdan kudurat koʻtarildi», endi sozimdan faqat «shan kuylar»gina toʻkilajak...» Biroq, sheʼrni faqat shu yoʻsin tushunishimizga «koʻngildagi rozimni» birikmasi xalaqit beradi. Aytmoqchimizki, Choʻlpon oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikrni pardalaydi, birgina satr yordamida botiniy maʼnolarga ishora qiladi. Yaʼni, bu satrlar birinchi galda shoirning chin muxlislariga qaratilgan, muallif ulardan uzr soʻraydi guyo: «Sizlarga aytadigan gaplarim, «koʻngil rozim» bor edi-yu, afsus, aytolmayman...»

Oʻzining siqiq muhitdagi holatiga Choʻlpon «Yangi men» sheʼrida juda yaxshi taʼrif beradi:

Millionlarning biri kabi

Men ham quvnoq, men ham shanman,

Kechmishlarning oʻlimiga

Qahqahalar solgan menman.

Sheʼrdagi soxta koʻtarinkilik zamirida erki boʻgʻilgan, «millionlarning biri kabi» yashash, fikrlash va soʻzlashga mahkum etilgan isyonkor qalbning iztiroblari, alamli kinoyasi botindir. Zero, oʻzining «yangi men»i tom maʼnodagi «menlik»dan tamomila yiroqligini chuqur his qilgan shoir oʻz oʻquvchisining sarlavha bilan sheʼr mazmunidagi nomutanosiblikni ilgʻab olishiga umid qiladi, oʻzini tushunishini va kechirimli boʻlishini istaydi.

Toʻplamning boshidan joy olgan ikki sheʼrida oʻzining chin muxlislariga shu yoʻsin uzrini izhor etgachgina Choʻlpon millionlarning biri sifatida yozgan sheʼrlarini joylashtiradi. Keyingi sheʼrlarda har yili kuzak inqolobni sharaflashni oʻziga burch deya biluvchi, «xalqlar otasi»ni Lenin ishining davomchisiyu ichimizda «eng yaxshimiz va eng saramiz» deya madh etuvchi, oʻquvchi ommani sinfiy xushyorlikka chaqiruvchi lirik qahramon boʻy koʻrsatadiki, bu endi shoirning oʻzligidan ayro tushgan «yangi men»idan boshqa narsa emas...

Xolis boʻlishga intilsak, sovet voqeligida Choʻlponni chin dildan quvontirgan ulkan oʻzgarishlar ham boʻlganligini eʼtirof etishimizga toʻgʻri keladi. Biroq bu oʻzgarishlar shoirni nechogʻli quvontirmasin, masalaning tub mohiyatiga qaragani uchun ham u mavjud voqelik bilan toʻla kelisholmas edi. Sababki, shoirning tiyran qalb koʻzlari kundan-kunga mustahkamlanayotgan tuzumning koʻpchilik uchun qorongʻu chizgilarini ilgʻar, bu chizgilar unga elining oʻzi orzulagan saodatidan xayrli fol ochishiga imkon bermas edi. Yuragi dardga toʻlgan Choʻlpon endi borliqning faqat nurli jihatlarinigina kuylay olar, millat qaygʻusida oʻtkazilgan salkam yigirma yil mobaynida iztirobli oʻylashlaridan tugʻilgan gaplari boʻgʻzida qotgan edi. Hayotining ayni shu pallasida Choʻlpon «Kecha va kunduz»ga qoʻl urdi, bosib oʻtilgan yoʻlni qahramonlari bilan yana bir karra, endi har bir qadamini oʻylab bosib oʻtishga jazm qildi. Zero, inqilob arafasidagi Turkiston voqeligining badiiy tahlili adibga yurtining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot tendensiyalarini kuzatish va shu asosda zamonasini tushunish imkonini beribgina qolmasdan, dilidagini aytishning yagona yoʻli ham edi. Shu maʼnoda «Kecha va kunduz»ning yozilishi Choʻlpon uchun ijtimoiy-shaxsiy zarurat ediki, uni chin maʼnodagi «ehtiyoj farzandi», buyuk sanʼatkorning «oqqush qoʻshigʻi» edi, degimiz keladi...

Biroq shunisi borki, Choʻlponning 30-yillarda yozilgan sheʼrlari ruhidan kelib chiqilsa, «Kecha va kunduz» dilogiyasini ham adib oʻzini «oqlab» olish maqsadida yozishga kirishgan, degan fikr tugʻilishi tabiiy. Zero, romanda shunga dalolat qiluvchi qator jihatlar koʻzga tashlanadi. Jilla qursa, romanning nomlanishini olaylik. Bir qarashdayoq hammasi ravshandek: inqilobdan avvalgi hayot – «Kecha», keyingisi –»Kunduz». Qissadan chiqadigan hissa ham qip-qizil: «Yashasin inqilob! Yashasin inqilob bergan hurlik va saodat!..» Biroq koʻngil bunga koʻnaqolmaydi, u Choʻlpondan boshqa narsani kutadi. Zero, ulkan isteʼdod sohibi boʻlmish Choʻlpon hayotni badiiy tadqiq qilarkan «oq-qora» sxemasidan imkon qadar qochganiga, katta badiiy haqiqatlarni inkishof etishga intilganiga koʻproq ishongimiz keladi. Yoʻq, bu Choʻlponni oqlash yoki ulugʻlashga intilish emas, aslo: u bunga sira muhtoj ham emas. Sirasi, bu ishonch koʻproq oʻzimizga kerak. Usiz tarix taqozosi bilan qoʻymijoz boʻlib qolgan millatimiz ichidan-da sherlar yetishganiga ishonishimiz dushvor, usiz «Choʻlpon» deyilganida koʻksimizning faxru gʻururga toʻlishi ham bekor. Bu ishonch koʻproq bizga – yangi yoʻl boshida ortiga oʻgirilib, chamalab-ikkilanib turgan avlodga – yuqorisiga oʻrlanayotganimiz narvonning hamma poyalari butligiga ishonishimiz, sobitqadam boʻlishimiz uchun zarur. Shu vajhdan ham koʻnglimizda milt etgan ishonchni asrabavaylab, uni imkon qadar mustahkamlashga harakat qilamiz.

Yuqorida amin boʻldikki, haqiqatni ochiq-oshkor aytolmaslik Choʻlponday olovqalb, tanglayi yurt va millat qaygʻusi bilan koʻtarilgan shoirni oʻrtagan. Mustabid tuzum jamiyatni oʻrgimchak toʻriday qoplagan bir davrda yozilgan bir maqolasida adib shunday deydi: «Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, xalq koʻpchiligi oʻz dardini bir yulgʻun bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda, xalqning ogʻir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, koʻpchilik fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizigʻi chiqib «hazil» yoʻli bilan yedirib yuborar edi (taʼkiddar bizniki,– D.Q.)».

Eʼtiborli jihati shundaki, bu soʻzlarni Choʻlpon «Kecha va kunduz» ustida qizgʻin ishlayotgan bir vaqtida yozgan. Qadim xalq sanʼati namoyondalariga chuqur hurmat va ajib bir havas bilan qaragan adib nahot oʻz dardini «yoʻli bilan yedirib yuborish»ni oʻylamagan boʻlsa? Albatta, oʻtmish bahona zamonasiga topib baho bergan Choʻlpon buning uchun oʻsha qiziqlardek «boshi ketishi» yoki «oq uylik (badargʻa)» qilinishi mumkinligini yaxshi bilgan. Biroq, boshqa bir narsa borki, u adibni ruhlantiradi, jurʼatu jasorat beradi unga: «Faqat ularning (qiziqarning,–D.Q.) ogʻizlaridan chiqqan buyuk haqiqatlar haqiqatgoʻy shoirlarning oʻlmas asarlari kabi xalq koʻngliga yozilib qolardi, muchallardan muchallarga koʻchardi»15. Bu soʻzlarni foniy dunyodagi barcha narsa oʻtkinchiyu, faqat HAQ va HAQIQATgina boqiy ekaniga imon keltirgan odamgina yozishi mumkindek koʻrinadi bizga. Choʻlpon shu eʼtiqod bilan yashaganki, uning koʻz oldimizda Qaqnus qushdek qayta boʻy tiklashi ham shu tufaylidandir...

Romanning nomlanishiga kelsak, S.Husayinning tergovda bergan maʼlumotiga koʻra, Choʻlpon «Oʻtmish toʻgʻrisida yozyapti deb ayblamasliklari uchun romanni shunday (yaʼni, «Kecha va kunduz» – D.Q) ikkiga boʻlishga majbur boʻlgan»ini16 aytgan. Koʻramizki, roman ustida ishlayotgan adib zarur ehtiyot choralarini koʻrishga, dardini oshkora aytmasdan, «yoʻli bilan yedirib yuborish»ga intilgan. «Kecha va kunduz» haqida yozuvchi hayotligida eʼlon qilingan yagona taqrizda unga quyidagicha ayb taqaladi: «Choʻlpon jadidlarni tasvirlaganda niqoblanadi, jadidlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz tili bilan xarakteristika bermasdan, bu vazifani asardagi kishilarga yuklaydi. Choʻlponning qahramonlari jadidlarni maqtab, koʻklarga koʻtaradi».17 Taqriz mualliflari haqlar: chindan ham romanda jadid savdogar paydo boʻlishi bilan Choʻlpon hikoyachilikni oʻzidan soqit qiladi. Negaki, taqrizchilar talabicha «toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz tili bilan xarakteristika» berilsa, uning uchun birgina yoʻl – jadidlarni «sovet yozuvchisi» pozitsiyasidan turib qoralashgina qolur edi. Oʻz-oʻzidan ayonki, agar Choʻlponning niyati oʻzini oqlab olishgina boʻlganida, «niqoblanish»ning hech bir zarurati qolmas, aksincha, «niqoblanish» oʻsha niyatga zid kelur edi. Shu oʻrinda romandagi boshqa bir jihatga ham eʼtiborni qaratgimiz keladi: adib Akbarali, Miryoqub kabi «yot unsur»larga namoyishkorona salbiy munosabatda boʻladi (zamona talabi), ayni paytda ularning har birida avvalo insonni koʻrishga, xatti-harakatlarining tub ijtimoiy-ruhiy asoslarini ochishga (realistik sanʼat talabi) intiladi. Shunisi ham borki, «sinfiylik» ogʻusi bilan zaharlangan kitobxon uchun moʻljallangan chizgilar boʻrtib, yuzada qalqib turadi va... tub sabablarni pardalaydi goʻyo.

Romanga buyuk proletar yozuvchisi M.Gorkiy soʻzlarining epigraf qilib olinishi ham, fikrimizcha, ehtiyot choralarining biridir: «Maʼrifat chogʻishtirib koʻrish bilan hosil boʻladi, bizning yoshlar esa oʻz koʻrganlarini hech nima bilan chogʻishtirolmaydilar, ular kechmishni bilmaydilar va shu uchun hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglayolmaydilar (taʼkid bizniki – D.Q.)». Biroq, agar epigrafga faqat ehtiyot chorasi deb qarasak ham yanglishgan boʻlib chiqamiz. Nega? Maʼlumki, roman yozilgan paytda yoshlar ongiga soxtalashtirilgan vatan tarixi singdirila boshlangan edi. Bosh tarixchi Stalindan andoza olib yozilgan bu tarix, masalan, sotsialistik inqilob ijtimoiy-tarixiy zaruriyat mahsuli sifatida yuz berganini, hatto, Turkistonda ham inqilob xalqning xohish irodasiga koʻra amalga oshganini hech bir eʼtirozga oʻrin qolmaydigan qilib uqtirardi. Ha, bolsheviklar firqasi olis istiqbolni koʻra olgan edi: oʻtmishni soxtalashtirishu zamonani ideallashtirish orqali yoshlar ongini mahv etishga astoydil kirishgan bolsheviklar oʻziga har jihatdan sodiq, har qanday siyosatini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaydigan «omma» uchun kurashardi. Tan olish kerakki, 30-yillarga kelib mafkuraviy kurashda bolsheviklar deyarli uzil-kesil gʻalabaga erishgan edilar. Zero, aksincha boʻlganida shu yillardagi dahshatli qatagʻon siyosatini ommaning qoʻllab-quvvatlashi ostida oʻtkazib boʻlarmidi?!.. Bizningcha, shu mulohazalardan kelib chiqilsa, Choʻlpon epigraf vositasida «Kecha va kunduz»da oʻzi koʻzlagan gʻoyaviy-badiiy niyatga ishora qilgani anglashiladi. Epigrafda taʼkidlanishicha, adib oʻtmishni yoshlar hozirgi zamonning qadriga yetsin (u paytlar oʻtmish haqidagi aksar asarlar shu ruhda edi) uchun emas, ular «hozirgi zamonning nimaligini» anglasinlar degan niyatda tasvirlashga jazm etgan. Choʻlpon tasvirlagan inqilob arafasidagi Turkiston ijtimoiy voqeligi bolshevistik mafkura singdirayotgan tarixiy «haqiqatlar»ga tamomila zid ediki, adib yoshlar uni «oʻz koʻrganlari bilan chogʻishtirib koʻrish» orqali koʻp narsalarning mohiyatiga yeta oladilar, deb umid qilgan.

Xoʻsh, Choʻlpon tasvirlagan voqelik rasmiy nuqtai nazardan nimasi bilan farqlanar edi? Avvalo, bolsheviklar inqilob arafasidagi Turkistonda asosiy ijtimoiy konflikt ezuvchi va eziluvchi sinflar orasida edi, deb uqtirganlar. «Kecha»da esa bunga zid oʻlaroq, asosiy ijtimoiy konflikt feodal asoslar va milliy burjuaziya orasida yotadi, mehnatkash xalq esa ijtimoiy faoliyatdan butkul yiroq. Bu esa Turkistonda sotsialistik inqilobning amalga oshishi tarixiy zaruriyat boʻlganligini inkor qilishdek gap edi. Bolsheviklar inqilobdan ilgari Turkiston ijtimoiy hayotida oʻz firqalarining roli katta boʻlganini daʼvo qilsalar, «Kecha»da ular loaqal eslab ham qoʻyilgan emas. Romandagi uygʻona boshlagan, ijtimoiy-maʼnaviy tadrijga yuz burgan yagona qahramon – Miryoqubning izlanishlari uni jadidchilik harakatiga yaqinlashtirishi ham bejiz emas. Zero, inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini qaytadan mushohada etganida ham adib unda xalqini istiqlol va taraqqiyga boshlovchi jadidchilikdan oʻzga bironta kuchni koʻrgan emas. Eng muhimi, jadidchilik harakati qoralanayotgan bir paytda Choʻlpon oʻquvchi ommada u haqda birmuncha adolatli tasavvur hosil qilishga intilganki, bu adibning tom maʼnodagi ijodiy va grajdanlik jasorati edi. Miryoqubning kundaliklaridagi qaydlar tarzida berilgan jadid savdogar Sh.Xoʻjayev soʻzlarida jadidchilik harakatining mohiyatiyu koʻzlagan maqsadi muxtasar ifodasini topganki, ularning ayrimlarini keltirib oʻtish maqsadga muvofiq:

«Bizdan necha baravar kichkina millatlar mustaqil bir hukumat qurib, oʻz davlatlari ila Yevropaning, shu madaniy Yevropaning markazida, yaʼni kindigi singari joyda yashaydi...»

« Ular urush muvaffaqiyatsiz bitsa, oʻsha yurtlarning parcha-parcha boʻlib boʻlinib ketishidan qoʻrqadilar, Russiyani, shu quloch yetmas keng oʻlkani, qilich kuchi bilan, qozoq oʻrisning nayzasi bilan qoʻrqitib butun holida qiyomatgacha ushlab qolmoq istaydilar...»

«Siz-biz sogʻin sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor, ruslar va boshqa ajnabiylar bizni emib yotadilar...»

Qizigʻi shundaki, «Kecha»ning 1936 yil nashrida mavjud boʻlgan bu gaplar 1988 yilda, roman «Sharq yulduzi»da qayta eʼlon qilinganida olib tashlangan. Negaki, yuzaki qaraganda gap chor imperiyasi haqida ketayotgan boʻlsa-da, oʻz vaqtida Choʻlpon «qizil imperiya»ni ham nazarda tutgan va koʻp jihatdan xaq boʻlib chiqqandi. Oʻsha vaqtda yurtimizda esa boshlagan istiqlol epkinlaridan jiddiy tashvishga tushgan gʻanimlar, tabiiyki, bu gaplarning oʻtib ketishiga imkon bermaganlar. Romanning jurnalda qayta eʼlon qilinishi ancha qiyin kechgani18 uning 80-yillar adogʻidagi ijtimoiy sharoitda ham aktuallik kasb etgani, mustamlakachilik siyosati asoslariga rahna solishga qaratilgani bilan izohlanishi lozim.

Choʻlpon oʻz qarashlarini yoʻli bilan ifodalasa-da, «Kecha» oʻz muallifining sovet voqeligini toʻlaligicha qabul qilolmaganini, oʻziga yoʻrgakda tekkan istiqlol va taraqqiy dardidan xalos boʻlolmaganini oshkor etdi. Tabiiyki, bunday sarkashlikni shoʻro tuzumi kechirmadi: adibni maʼnan magʻlub etolmagach, jisman mahv etdi. Hatto, oradan 20 yil oʻtgach ham, Choʻlponni grajdan sifatida oqlaganlari holda ijodiy merosini egalariga qaytarmadilar: uning koʻz yoshlaridan millionlab qalblarda chechaklar unishi mumkinligidan xavfsiradilar...

Istiqlol dardi bilan yashab, sadpora koʻnglida choʻng armon bilan ketgan Choʻlponning bezovta ruhi, shoyadki, endi orom topgan boʻlsa...

1997 yil

Izohlar

  1. Toʻgʻri, adabiyotning oʻta ijtimoiylashuvidan koʻpchiligimiz bezganmiz, hozirda bu hodisani baʼzan asosli, baʼzan asossiz qoralaymiz. Biroq hozirda mazkur hodisa sabablarini sovet davri bilangina bogʻlab tushuntirish hollari mavjudki, bizningcha, bu xatodir. Zero, aslida adabiyotning ijtimoiylashuvi tarixiy zaruriyat hosilasi, u koʻproq jadidchilik harakati bilan bogʻliqdir.
  2. Bu paytda yosh adib otasi bilan birga «Sadoi Fargʻona»ning Andijondagi vakili boʻlib turgan, boshqa jadid nashrlari bilan ham aloqa bogʻlagan edi.
  3. Choʻlpon yuzaga kelgan sharoitda targʻibot ishlarining nechogʻli muhimligini yaxshi bilgan. 1917 yil mayidan adib Andijonda «xalq bu muhim zamonlarda xabarga suvsaganini eʼtiborga olib, ham hozirgi vaqtda unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni osonlatmak uchun» ochilgan qiroatxona mudiri boʻlib ishlashi ham shundan boʻlsa, ehtimol.
  4. Karimov N. Choʻlpon. Toshkent, 1991. – B.13.
  5. Qarang: Choʻlpon. Yana oldim sozimni. Toshkent, 1991. – B. 560; Choʻlpon hayoti va ijodi bibliografiyasi. Toshkent, 1992.
  6. Sharq yulduzi. – 1993. № 5-6.– B.134 – 138.
  7. Shu manba, – B.138.
  8. H.Olimjon. Asarlar majmuasi. 5 jildlik. Toshkent,1972. 5-j. – B.111
  9. Shu manba, – B.106.
  10. Fitrat. Yopishmagan gajjaklar // Yoshlik. 1990. № 5
  11. Qarang: Katanyan R. Protiv Kasыmova, protiv kasыmovshinы. – Tashkent, 1931.; Qarshiboyev M. Muhit erkidagi tutqunlik. // Sharq yulduzi, 1990, № 10.
  12. V.Mahmud . Choʻlponning «Buloqlar»i //Turkiston, 1923. 10 dekabr.
  13. Sharq yulduzi, 1993. № 7-8. – B.174.
  14. O.Sharafiddinov. Choʻlponni anglash. – Toshkent, 1994. 21-bet
  15. Sanʼat. – 1991 yil, 10-son.
  16. Karimov N. Choʻlpon. Toshkent, 1991. – B.77 – 78.
  17. Qizil Oʻzbekiston. – 1937. 6 avgust.
  18. O.Sharafiddinov. Choʻlponni anglash. – Toshkent,1994. –B.41.

Dilmurod Quronov