(Poeziyada mantiq, did, axloq va boshqalar xususida)
Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, soʻng vaqtlarda nazmbozlik kasaliga yoʻliqqanlar – joʻngina gaplarini ham sheʼrga soladigan, eng yomoni, ularni “sheʼr” deb eʼlon qiladiganlar koʻpaygan. Qarangki, bularning baxtiga ovoz kuchaytirgichu fonogrammalar zamoni kelib, isteʼdodu diddan mosuvo qoʻshiqchilar ham koʻpaygandan koʻpaydi! Oʻxshatmaguncha uchratmas, deganlari shu-da: bular narigilari bitgan maza-matrasiz sheʼrlarni xorijdan oʻgʻirlangan kuylarga solib, kompyuter dasturlari yordamida sayqallab, chunon “kuylay” boshladilarki, tezda FM toʻlqinlarini zabt etib, qoʻl telefon “chip”larini toʻldirdilar. Ana endi qulogʻidan “naushnik” tushmaydigan, har neni undan taralayotgan ohangga mos muqom bilan qiladurgan “sanʼat shaydosi” qizchalar sheʼriyat nimayu qoʻshiqchilik sanʼati neligini qanday tushunishlarini fahmlab olavering!.. Yoʻq, koʻpam fahmingizni zoʻriqtirmayin-da, oʻzim bir misol keltirib qoʻyaqolay. Oʻtgan yili edi, vodiyga ijodiy safar dasturi doirasida chogʻi, universitetimizda sheʼrlari koʻplab mashhur xonandalar repertuaridan joy olgan Ahad Qayum bilan uchrashuv uyushtirildi. Oʻshanda talaba qizlarning dastxat olayin deb shoir ortidan yugurgilab yurganlarini koʻrib, sheʼriyat haqidagi tasavvurlarimiz nechogʻli qashshoqlashib qolganini nadomat bilan his qilgandim (shu gapimni yozdim-u, “oʻshanda ichimda hasad gʻivirlab, gʻayirligim qoʻzib qolmaganmidi ekan?” degan savolni oʻzimga qayta-qayta berib koʻrdim, haytovur, har gal ochiq yuz bilan “yoʻq” deya oldim). Axir, “muxlislarning” koʻpchiligi filologiya fakultetining talaba qizlari – ertaga yosh avlodga chin sheʼriyat neligini anglatish, badiiy soʻz jozibasini yuqtirishga tayyorgarlik koʻrayotganlar edi-da! Yana eshitdimki, ular orasida shoirning chin “fanat”lari ham, “Muhammad Yusuf – avom shoiri, Ahad Qayum – xoslar shoiri!” shiorini baland tutgan qoʻlbola munaqqidlar ham bor emish. Avvaliga, qoʻlbola munaqqid kinoya qilgan chiqar, deb oʻyladim, ichimda uning fahmi va zakiyligiga haq berdim (oʻsha didsiz fanatlar ichida yurib ularning ustidan boplab kulibdi, deb oʻyladim-da!) ham. Biroq dedilarki, yoʻq, u aytganlarini aslo kinoya emas, ayni ilmiy haqiqat sanaydi. Ana, xolos, buyogʻi qanchadan tushdi endi?! Ertangi tanqid omma didiga moslashish yoʻliga kirar ekan-da?! Vahimaga yoʻymang-u, aytganlarim negadir adabiyotimizning istiqbolidan tashvishli bong boʻlib (yoqamga tuflab qoʻydim, alhazar!) tuyulaveradi...
Oʻylaymanki, badiiy didning ommaviy tarzda susaygani – hamisha oʻquvchi omma ilgʻorida turgan talabalarning shunchaki vaznu qofiyali nutq bilan ShEʼRni, misraboz bilan ShOIRni farqlamay qoʻyayotgani adabiyotga aloqadorki odamni jiddiy tashvishga solmogʻi kerak. Albatta, mazkur holning sabablari koʻp, lekin eng avval oʻzimiz bilan bogʻliq tomonini mulohaza qilib olishimiz darkor. Toʻgʻrisi, bemaza sheʼrlar urchib ketayotgani haqida adabiy davralarda koʻpdan beri aytib kelamiz. Afsuski, faqat shugina: “aytib kelamiz” – vassalom! Hech birimiz oʻsha sheʼrlarning nimasi bemaza ekani, nima uchun ularni sheʼrga sanab boʻlmasligini koʻrsatib berishga hafsala qilmadik. Negaki, bunaqa sheʼrlarga osmondan qarab, ularni “tanqiddan tuban”, “diqqat-eʼtiborimizga nomunosib” deb bildik, – ular haqida bir nima yozishni oʻzimizga ep koʻrmadik. Endi tobora amin boʻlayotirmanki, bu masalada egallagan mavqeimiz, tutgan tutumimiz qilayotgan ishimizga, zimmamizdagi vazifaga xiyonatdan oʻzga emas ekan. Zero, jimgina tomoshabin boʻlib turmay vazifamizni sidqidildan bajarganimizda edi, balki bemaza sheʼrlar hozirgidek urchiblar ketmagan boʻlarmidi?!
***
Sheʼr mashqiga jazm etganlar, koʻpincha, eng qiyini soʻzlarni mavzun misralarga tizishu oʻrinli qofiyalar topish deb oʻylab xato qiladilar. Negaki, bu sheʼr texnikasi bilangina bogʻliq, yaʼni oʻrgansa boʻladigan jihat. Aslida mavzun misralaru benuqson qofiyalar vosita, xolos, ularning vazifasi muayyan tuygʻu yo fikrni izchil ifodalashu oʻquvchining lirik HOLni koʻnglida qayta yashatishiga imkon yaratishdir. Shu bois poetik mantigʻi va ifoda izchilligiga putur yetgan sheʼr, nechogʻli xushohang boʻlmasin, baribir “xomakligicha qolaveradi”.
Poetik mantiq, birinchidan, kechinma bilan u yuzaga kelayotgan holat mutanosibligini, ikkinchidan, lisoniy ifodaning tasvirlanayotgan kechinmaga mosligini, uchinchidan, sheʼrdagi misralar (bandlar)ning oʻzaro mantiqiy-mazmuniy bogʻliqligi (ketma-ketlik, izohlash, zidlash, qiyoslash, oʻxshatish kabi aloqalar asosidagi)ni taqozo etadi. Mazkur talablar nuqtai nazaridan bittagina sheʼrni bir boshdan koʻrib oʻtamiz:
Sizga qancha mehrim bersam ham,
Toʻymadingiz, toʻymadingizda.
Endi faqat men sizni deyman,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da1.
Ilk misradan lirik qahramon bunga qadar (shu lirik kechinma vaqtiga qadar) yoriga “qancha (yaʼni, koʻp) mehrin bergan”i, demak, anchadan beri unga muhabbati borligi anglashiladi. Ikkinchi misradagi “toʻymadingiz” soʻzining takrori va -da yuklamasi yuzaga keltirayotgan intonatsiya “nahot shuncha mehrga ham toʻymasangiz” tarzida yozgʻirish maʼnosini beradi. Holbuki, milliy badiiy tafakkurda “birgina narsaga – mehrga toʻyib boʻlmaydi” degan fikr oʻrinlashgan. Toʻgʻri, haqiqiy ijodkor badiiy tafakkurni baholi qudrat rivojlantirish, yangilashga intilishi, demak, undagi ayrim qarashlarni inkor qilishi tabiiy va zarur. Biroq uning bu harakati badiiy-estetik zaruratdan kelib chiqishi va asoslanishi shart. Yuqoridagi holatda esa bunday zarurat yoʻq, “toʻymadingiz” soʻzi “qoʻymadingiz”ga qofiyadosh boʻlgani uchungina qoʻllangan. Natijada oshiq yorga bergan mehrini minnat qilayotgandek holat yuzaga kelganki, bu oshiqona kechinma tabiatiga yopishmaydi. Keyingi misradagi “endi” soʻzi avvalgi ikki misra mantiqini tamom barbod etadi. Chunki “endi” soʻzi ish-harakatning nutq momenti (bu yerda lirik kechinma vaqti)dan boshlab va keyin amalga oshirilishini anglatadi. Shunaqa ekan, lirik qahramonning yorga anchadan beri mehr berib kelayotgani yolgʻon boʻlib chiqadimi?! Yoki u hozirga qadar bir emas, bir nechalarga mehr berib kelayotgan edim, demoqchimi? Eng qizigʻi, band kontekstida u yori “qoʻymagani” (yaʼni, majburiyat ortida) uchungina “faqat men sizni deyman” deyayotgan chiqadi, yaʼni yana oʻzini oʻzi inkor qiladi.
Ikkinchi bandni oʻqiymiz:
Muhabbat izlaysiz koʻzimdan,
Qolmang deysiz jonim oʻzimdan,
Sharpadek kezasiz izimdan,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Lirik qahramonning “faqat seni deyman” deya ont ichishi bilan maʼshuqaning oshigʻi koʻzidan “muhabbat izlashi” (kontekstda bu oshiq koʻzida muhabbatdan asar yoʻq, degan maʼnoni ham beradi!) bir-birini inkor qiladi. Maʼshuqaning oshiqni hol-joniga qoʻymay ortidan “sharpadek kezishi” (faqat uni deyishini bilsa, qaysi ahmoq qiz sharpadek maʼshuq izidan qolmaydi?!), “oʻzimdan qolmang” deya oʻtinishi ham birinchi band mazmunini inkor qiladi. Eʼtibor bering, ikkinchi bandni oʻqigach ham lirik kechinmani yuzaga keltirgan holatni tasavvur qilish imkoni haminqadar. Eng yomoni, maromga solib oʻqish asnosi aksariyat oʻquvchilar bu tomoniga eʼtibor ham bermaydi, xuddi radiodan taralayotgan zamonaviy qoʻshiqni qoʻshilib xirgoyi qilgan kabi, ohang mazmunni bosib ketadi – muqomlari ohangga mos-ku, nima desa deyavermaydimi!
Keyingi band mantiqni tamom parokanda etadi desak, mubolagʻa emas:
Xohlang yigʻlab, xohlang kulaman,
Siz istagan oshiq boʻlaman,
Sevish kerak boʻlsa sevaman,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Ikkinchi bandda maʼshuqa oshiq ortidan elanib yurgandi, bunisida navbat oshiqning oʻziga kelgan. Munday qaraganda, dastlabki ikki misra mantiqan “endi faqat sizni deyman” ontini sharhlab, yaʼni shoir goʻyoki tangani chaqaga maydalab beryapti, xolos. Biroq endigina “siri bilan” turgan, maʼshuqa bechorani izidan “sharpadek kezdirgan” lirik qahramon nechuk bu qadar keskin oʻzgardi? Sheʼrdan bunga biror asos, shunga turtki boʻlgan detal topilmaydi. Oqibat: oʻzi shusiz ham kechinma yuzaga kelgan holatni tasavvur qilib boʻlmayotgandi, endi buning imkoni tamom kesildi-qoldi. Shuncha ontu iltijolardan soʻng birdan “sevish kerak boʻlsa sevaman” (yaʼni, shu paytgacha sevgan emas, shu kerak boʻlsa, endi “marhamat koʻrsatib” ham qoʻyaveradilar) deyilishi oʻquvchini shoshirib qoʻyadi: bungacha sevmagan boʻlsa, gap oʻzi nima haqida borayotgandi?
Oʻquvchi shoshib qolganiga xayron qolmasa ham boʻladi, zero, gap qanday tuygʻu-kechinma haqida borayotganini lirik qahramonning oʻzi ham bilmaydi chogʻi:
Farqi yoʻqdir, hazilmi, chinmi,
Endi tanlab boʻldim men sizni,
Olay endi bir koʻnglingizni,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Xoʻp, ana, lirik qahramonimiz qizga munosabati hazilmi yo chinligini bilmasin, hayotda shunday holatlar ham boʻlishini aslo inkor qilmaymiz. Biroq “farqi yoʻq” degan qatʼiy hukmini qanday tushunish kerak? Axir, oʻzing sevgidan soʻzlab turgan boʻlsang-u, yana bu gaplaring “hazilmi yo chin”ligining farqi yoʻq desang? Holatga, ayni damdagi ruhiyatga mos emas-ku bu. Shu gaplarini eshiti-ib turgan va yana uning izidan “sharpadek kezishga” hozir maʼshuqaga ham xayf-e! Ehtimol, shoʻrlik til-zabonsiz bir maxluqdir, axir: “men sizni tanlab boʻldim!” deyapti-ku, xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham – shu, deganday qatʼiy. Unday desam, “qoʻymading-qoʻymading, mayli bir koʻnglingni olay” chorlovidan kishida buning maʼshuqasi “razovыy”, shekilli (yaʼni, oshiq oʻzini goʻyo “sevgi doʻkoni”da bir saf suluv ichidan tanlab olayotgandek tutmayaptimi?!) degan andisha tugʻiladi. Diliga ingan andishani “Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da” satriga urishtirgan oʻquvchi “bir koʻnglini olmaslikka qoʻymaydigan” maʼshuqani qay kepatada tasavvur qilsaykin?!
Oʻngu tersi nomaʼlum gaplaridan maʼshuqasi xavotirga tushishi mumkinligini oʻzi ham tuyqus fahmlab qoladimi, lirik qahramonimiz uni xotirjam qilishga shoshadi:
Boʻldi yetar xavotir olmang,
Qalbingizni shubhaga solmang,
Sizga ruxsat ortimdan qolmang,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Adashmasam, oʻzbekchada “Qalbingizni shubhaga solmang” kalimasi murojaat qilinayotgan odamga “oʻzingizni (oʻz xatti-harakatingiz bilan) shubhalantirmang” degan daʼvatni anglatadiki, ayni shaklda u holat mantiqiga muvofiq emas. Bu oʻrinda lirik qahramonning “gap-soʻzlarim, xatti-harakatim dilingizga shubha solmasin” deyishi mantiqan toʻgʻri boʻlardi. Koʻramizki, oʻzbek tilining uslubiy xususiyatlariga eʼtiborsizlik orqasida yana mantiqqa xilof holat yuzaga kelayotir. Shuning oʻzigina kam koʻringanmi, yoriga marhamatni tagʻin bir bahya koʻtarib, “ortidan qolmaslikka izn” beriladi. Siz qancha chamaladingiz, bilmadim-u, mening nazdimda maʼshuqaning oshiq qoshidagi maqomiyu qadri bir kuchukchadan – qaysiki, xush qarasang suykalib, “choʻp” desangoq badar ketadigan kuchukchadan ortiq koʻrinmadi... Shu bois boʻlsa kerak, keyingi misralar kaminaga “kir koʻylakka jun joʻyak” naqlini eslatdi:
Koʻkdan yulduz uzib beraman,
Gʻam devorin buzib beraman,
Hatto sheʼr ham yozib beraman,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Qarang, lirik qahramonimiz endi mumtoz sheʼriy qasamlar ichmoqda, lekin “ortidan qolmaslik uchun iznga muhtoj” yor qoshida bunaqa qasamlar ichishga hojat bormikan?! Yoʻgʻ-e, yor shoʻrlikning oʻzi buning koʻziga kuchuk boladay moʻltillab qarab turgan boʻlsa-yu, unga yana “yulduz uzib berilsa” – ortiqcha hashamat, isrof boʻladi-ku! Demak, ushbu bandning mazmuni ham oʻzidan oldingi band mazmuni bilan mantiqiy nomuvofiqlik hosil qilyapti. Bundan tashqari, “hatto” soʻzini notoʻgʻri qoʻllash oqibatida misralararo aloqada ham mantiqiy gʻalizlik yuzaga kelgan. Gap shundaki, “koʻkdan yulduz uzib berish”ning oʻzi mubolagʻaning haddi aʼlosi edi, agarki undan soʻng “hatto” soʻzi qoʻllanayotgan ekan, bajarilajak amalning undan-da mubolagʻaliroq boʻlishi taqozo etiladi. Shu yerga kelganda shoirning kamtarligi tutib ketganmi va yo yorini oʻzining ashaddiy muxlisi deb biladimi, “hatto”dan keyin “sheʼr ham yozib beraman” deya vaʼda qiladi. Hay, mayli, buni mumtoz sheʼriyat anʼanasidagi faxriyaga yoʻyib qoʻya turaylik-chi, asakamiz ketarmidi...
Sheʼrning hikmati masalning “alqissasi” kabi oxirida ekan, bu bandda shoir goʻyo bizning eʼtirozlarimizni oldindan bilgan kabi, oʻzini oqlamoqchi boʻlgan kabi:
Bilasiz-ku mening kimligim,
Ehtirosga darrov berilgum,
Sevgi desa juda boʻsh koʻnglim,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Qarang-a, oʻqiganlarimiz “sevgi desa juda koʻngli boʻsh”, ehtirosga tez beriluvchan (avom tilida bundaylar “tutruqsiz” deyilarmidi?!) odamning koʻngil holi ekan-u, shunga fahmimiz yetmay eʼtiroz ustiga eʼtiroz bostirib kelayotgan ekanmiz. Ehtimol, eʼtirozlarimizni kimdir qabul qilmas, kimlardir sheʼrdagi holatu kechinma gʻoyat hayotiy deya oʻzimizga eʼtiroz ham qilar. Adolat yuzasidan bunga muayyan darajada haq berish kerak, albatta. Biroq hayot sheʼriyatga toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchavermaydi-da, axir! Bu oʻrinda bir oddiy haqiqatni takror taʼkidlash zarur: har qanday kechinma ham, har kasning kechinmasi ham POEZIYaga daxldor boʻlavermaydi.
***
Muhabbat mavzusidagi sheʼrlarning eng mashhurlari ayriliqdan soʻzlaydiganlari ekaniga eʼtibor qilgan boʻlsangiz kerak. Sababini oʻylaganda, xayolga eng avval aksariyat erkaklarning hayotida loaqal bir bor “kuygani”yu shoirda oʻzining darddoshini koʻrgani kelsa, ehtimol. Unday desak, bunaqa sheʼrlar ayollarga ham birdek yoqadi-ku?! Nega? Menimcha, asosiy sabab – sheʼrda aks etgan yoʻqotish iztirobining goʻzalligida. Ha, sheʼriyat anʼanasida shunday: bir shoir yoʻqotish iztirobini “yorugʻ hasrat” deb aytadi, chunki hasrati ham yor bilan limmo-lim toʻlgan (A.Pushkin); boshqa biri yoridan ayro holatini “bu kun hamrohimdir goʻzal iztirob” deya taʼriflaydi (A.Oripov)... Sanab oʻtirmayin-da, sababga qaytay: har ikki holda ham iztirob nurli, shu bois qalbni nur chulgʻab olgan, endi unda kin, adovat, alamzadaligu nafrat kabilarga oʻrin yoʻq – goʻzal iztirob qarshisida ular oʻta mayda. Muhimi, sheʼrxon oʻz dilidagi iztirobni shunga mengzaydi – maʼnan yuksaladi; tagʻin biri oʻzga qalbda shunday goʻzal iztirob boʻlib yashayotganini his qiladi, oʻzini oʻsha goʻzallikka aloqador sezadi – nurlanadi. Xullas, ayriliqdan boʻzlovchi sheʼrlarning jozib kuchi ayni hislarni koʻngildan kechirtirishida, shu bois ular koʻnglimizga chippa yopishadi-qoladi.
Yaxshi bilasizki, har narsada meyor saklanishi kerak, suiisteʼmol – har nening kushandasi. Toʻgʻri, sheʼriyat haqida soʻz borganda statistik maʼlumotlarga tayanish gʻalati koʻrinadi. Shunday boʻlsa-da, jazm etdimu “Yolgʻiz ayol” toʻplamini varaqlab sanashga tushdim: hashpash deguncha ayriliqdan boʻzlovchi sheʼrlar adadi 25 dan oʻtdi – u yogʻiga sabrim chidamadi. Rosti, beixtiyor buncha sheʼrga mavzu bergan ayriliqning ortida turgan muhabbatni tasavvur qilishga urina boshladim: yo u – misli koʻrilmagan buyuk muhabbat, yo mening tasavvurim – oʻta ojiz! Yoʻq, xayriyat, tasavvurim ojiz ekan deb uzoq oʻkinishimga toʻgʻri kelmadi, jumboqning yechimi topila qoldi – “Bugun sevib qoldim uchinchi marta” nomli sheʼrga koʻzim tushdi:
Birinchi sevgimni zoʻrgʻa unutib,
Koʻngil qoʻygan edim ikkinchi marta,
Ne qilay undan ham baxtimni topmay,
Bugun sevib qoldim uchinchi marta.
E-ha, gap bu yoqda ekan: bugun uchinchi marta sevib qolgan boʻlsa, ayriliqdan boʻzlashlari kamida ikkita muhabbat bilan bogʻliq chiqadi, eʼtirozda sal oshirib yuboribman-da, esiz! Hali bu taassufim rostmana anglanib ulgurmasdan oxirgi banddagi mana bu satrlarni oʻqib, eʼtirozimga umuman oʻrin yoʻq ekan-ku, deb oʻyladim:
Ahad yasholmaydi sevgisiz, kuysiz,
Yoshlik – beboshlik-da, nima ham deysiz,
Qizlar chiroyli-da, koʻrib qaraysiz...
Toʻgʻri-da, sevgisiz yashay olmasa, yoshlik – beboshlik boʻlsa, chiroyli qizlar tugamasa – ayriliqdan boʻzlovchi yana qancha sheʼrga material kerak oʻzi! Jiddiy aytsam, “misli koʻrilmagan buyuk” deb oʻylaganim muhabbat parchalanib, uqalanib ketdi. Bunaqa ushoq muhabbat bilan bogʻliq ayriliq ham asl sheʼriyatning obyekti boʻlolmaydi, sababini “eshagiga yarasha tushovi” naqlidan orttirib izohlash mushkul. Ushoqligi bois bunday muhabbat qalbni tozartirishu yuksaltirishga ojiz, shundan u nafratu alamzadalikka osongina taslim boʻladi:
Oʻzganing bagʻrida sen baxtdan kulsang,
Men esa yurakda nafrat sanayman”.
Beixtiyor savol tugʻiladi: taqdir ayirganidan soʻng shunday nafratga sazovor yor chindanam sevilganmi? Lirik qahramon dilidagi tuygʻu chindanam muhabbat edimi? Sheʼr oxiridagi mana bu misralarni oʻqiganda, bu shubhalar yanada kuchayadi:
Azizim, aslida dardim yoʻq meni,
Sevgi dunyosida baxtim koʻp meni,
Sevasanmi, yoʻqmi Ahadga farqsiz –
Oshiqlar ichida qadrim koʻp meni.
Mazkur misralarni oʻqiganda lirik qahramon yoridan koʻra koʻproq oʻzini sevadigandek tuyuladi. Qarang, “aslida dardim yoʻq” degan daʼvosiyu “sevgi dunyosida baxti koʻp”ligidan faxr etishi bilan yoriga “koʻrib qoʻy, sensiz ham oʻlib qolmadim” deyayotgandek koʻrinmayaptimi?! Keyingi ikki misrada esa alamzadalik yanada ochiqroq ifodasini topgan. Oʻziga muhabbati balandligidan lirik qahramon eng avval yorini aybdor hisoblaydi – shunday oshiqni qadrlay olmagan-da! Yaʼni u muhabbatidan ayrilganiga emas, koʻproq oʻzining nafsoniyati ogʻringaniga kuyadi, alami kuchidan “oʻlganning ustiga tepgan” qabilida yorga iddaolar qiladi. Holatni shu yoʻsin mulohaza qilarkan, tabiiy bir ishtiboh tugʻiladi: lirik qahramon qalbida yoriga nisbatan muhabbat boʻlganmi oʻzi?! Ishtibohimiz bejiz emasligiga “Kimdir bugun, kimdir erta” sheʼrini oʻqiganda yana bir karra amin boʻlamiz. Sheʼrning dastlabki ikki bandida yorning ilgarigi holati bilan buguni qarshi qoʻyilgan: “Shahzodalar eshik qoqqan saroy eding, Sohibdillar ichra sohibchiroy eding... – Saroyingdan shahzodalar koʻchib ketdi, Sohibchiroy husning qayga uchib ketdi...” Koʻryapmizki, bu oʻrinda hayotning beshafqat qonuni aks etgan: yoshlik, husn, umr... – dunyoda neki bor oʻtkinchi. Yoʻq, lirik qahramon buni qonuniyat sifatida emas, Xudoning bevafo yorga bergan jazosi oʻlaroq talqin qiladi:
Nolalarim Xudoyimga yetdimi yo,
Ayt, sevgilim, ishq uvoli tutdimi yo,
Kechagina yarim koʻnglim xor etganding,
Menga xudo oʻzi rahm etdimi yo.
Nahotki oʻzini oshiq bilgan odam hamon “sevgilim” deb atayotgani ayolga yomonlik sogʻinsa?! Yoʻq desak, u Xudoga nima deb nola qilganu endi “oʻzi rahm etdimi” degan choqdagi qoniqishini qanday tushunish kerak?! Sheʼr yakunidagi “Malikalar eshik qoqqan saroy boʻldim, Sohibdillar ichra sohibchiroy boʻldim” misralari qoniqishning ogʻringan nafsoniyat bilan bogʻliqligini ochiq koʻrsatib turibdi. Holbuki, milliy badiiy tafakkurda “oshiqlik – oʻzdan kechmoq” deb, nafs esa ishq tabiatiga tamoman yot tushuncha oʻlaroq talqin qilinadiki, bu ming yillar davomida mumtoz shoirlarimiz asarlari orqali ongu ruhimizga singgan. Toʻgʻri, har bir avlod badiiy tafakkurga oʻzidan bir nima qoʻshish, uni yangilashu bir bahya boʻlsin yuqoriroq koʻtarishga harakat qilishi tabiiy. Biroq yuqorida kuzatilganlarni shu xayrli harakat doirasida koʻrish borib turgan xato, aksincha, ularni kun kelib badiiy tafakkur va didni parokanda qiluvchi “sekinlashtirilgan mina” deb bilgan toʻgʻriroq boʻladi.
Afsuski, yuqorida koʻrganlarimiz hali holva, baʼzan ogʻringan nafs xuruji shu qadar kuchayadiki, lirik qahramonimiz ochiqchasiga “soʻkish”ga oʻtib qoʻyaqoladi:
Yigʻlama!..
Shaytonning urgʻochisisan,
Hammani doʻzahga chorlovchisisan,
Yolgʻonchilarning eng yolgʻonchisisan,
Sevgi dunyosiga qoʻygandim qadam,
Bilmay bir shaytonni tanlab qoʻyibman.
Ana endi shoir izhori muhabbat uchun ishlatgan soʻzlar qatoriga “shaytonning urgʻochisi”ni qoʻyib koʻring-chi! Yor taʼrifida ishlatilgan chiroyli soʻzlar, unga qaratilgan xushkalomu lutflar salmogʻi shunchalarki, “shaytonning urgʻochisi” umuman koʻrinmay, yoʻq boʻlib ketganday. Bamisoli bir paqir zilol suvga bir tomchigina siyoh qoʻshilgani kabi: rangi aslo oʻzgarmagandek koʻrinadi, lekin suvning sofligini yoʻqotgani ayon haqiqat, eng yomoni, bu hol sizu bizga oydek ravshan! Xoʻsh, endi qandoq qilsak toʻgʻri boʻladi: osongina koʻzimizning aldoviga ishongan boʻlib “suv – sof” deb qoʻya qolsakmi yo... Yanayam yomoni, siyoh qurgʻur bir tomchigina emas-da. Yorni-ku qoʻya turaylik, oʻzgaga yomonlik tilashdan qaytarilgan ummat boʻlsag-u, shoirimiz: “Soʻnggi soʻzlarimni eshit, ey makkor, Bir kuni boʻlarsan itdan battar xor”, – deya xitob etsa, loaqal oʻsha ayol qachondir qalbida muhabbat uygʻota olganining andishasini qilmasa?! Andishadan soʻz ochganim nimasi, axir, bunaqa shafqatsiz “qargʻish”lar bosh harflar bilan taʼkidlab berilyapti-ku:
Sevmasmiding...
Bu kuningdan, ey bevafo,
OʻLMASMIDING...
Komil ishonch bilan aytamanki, misolga olingan sheʼrlardagi kechinma ezgulikdan ham, goʻzallikdan ham yiroq tushadi. Holbuki, poeziyaga daxldor kechinma yo ezgu, yo goʻzal boʻlmogʻi shart, agar ham ezgu, ham goʻzal boʻlca-ku – nur ustiga aʼlo nur! – bu sheʼrni chinakam durdona sanashning birlamchi sharti. Hayotda mohiyati ezgulik ila yovuzlik, ulugʻvorlik ila tubanlik, goʻzallik ila hunuklik orasida joylashgan turfa holatlarga duch kelamiz – ularning birisi koʻproq u tomon, boshqasi bu tomon tortibroq ketishi ham aqlga tayin. Xayriyatki, sheʼriyat mulki bedarvoza emas, ular sheʼrga faqat sanʼatkor qalbi orqaligina – ezgulikka yoʻgʻrilib, goʻzallik nuri bilan jilolanib kira oladi, xolos. Ha, toʻgʻri, bu darvozadan baʼzan ezgu yo goʻzal boʻlmagan narsalar ham kiradi, lekin ular ezgulik va goʻzallik nuri bilan shu qadar yoritiladiki – sazoyi boʻlganidan qochgani joy topolmay, xunukligi yo yovuzligini yashirolmay qolishadi. Tamsil qilmoqchi boʻlsak, shoir qalbi asalari uyasiga kirishni nazorat qiladigan qoʻriqchi arilar misoli. Aslida, bu shoir qalbining zotiy xossasi, faqat u muayyan sharoitda – shoir ilhom qanotida voqelikdan uzilib, goʻzallik va ezgulik qonunlari ustuvor IDEAL olamida yashay boshlagan ijod onlaridagina harakatga keladi. Yaʼni shoir hayotda sizu bizdan hech farq qilmasa-da, ijod onlari u koʻz ilgʻamas yuksaklikda boʻladi va, taʼkidlash kerak, chin sanʼatga doxil asarlar faqat oʻsha joyda turib yaratiladi. Demak, hamma gap oʻsha yuksaklikka koʻtarila olishda. Yoʻqsa, ijodga turtki beruvchi narsa-hodisalaru qalbimizda oʻchmas taassurot qoldiruvchi holatlarga toʻliq roʻyi zaminda hammamiz shoir boʻlib ketmasmidik?! Xullas, oʻsha yuksaklikka koʻtarilmasdan yaratilgan asarlar haqida “qiyomiga yetmabdi”, “xomroq ekan” qabilidagi baholar beriladi, sababi, ularda sizu biz ham koʻrib turgandan ortiq hech narsa yoʻq: ishlanmagan hayot materiali – ezgulikka yoʻgʻrilmagan, goʻzallik nuri bilan jilolanmagan xom ashyo bor, xolos...
***
Katta oʻlchamda olinsa, soʻz erkinligi boʻgʻilgan sharoitga isyon oʻlaroq “Men shoirman istasangiz – shu” hayqirigʻining baralla yangragani yaqinginada edi. Oʻsmirlik chogʻi shu hayqiriq yuragimizda aks sado berib, ruhimizni quvvatlantirib turgani ham ayon haqiqat. Biroq bugunimiz uchun bu gap mutlaqo toʻgʻri kelmaydi! Nega? Axir orada atigi bir yigit umricha fursat oʻtdi, xolos, nahotki shunchalar beqaror boʻlsam?! Kechagina faqat shu mavqedan qalam surganni shoir sanagan odam nega bugun yosh shoirning ijodda ayni shu mavqeni tutganini qabul qilolmayapman? Rosti, buni mushohada etaroq shuurimga “ruhim qaridimi?!” degan vahimalar ham indi... Lekin baribir bir narsaga aminman: soʻz erkinligining boʻgʻilishi fojea boʻlsa, mutlaq soʻz erkinligi kulfatning oʻzginasidir. Ajdodlarimiz soʻzni oʻqqa qiyos etib, uning qalbga jarohat yetkazishi mumkinligidan bizlarni ogoh etarkan, kamon oʻqini – “paykon” yo “xadang”ni nazarda tutganlar. Kamsitishga yoʻymang-ku, bu – oʻta ibtidoiy tasavvur. Zero, qanotli raketalar zamonida yashayapmiz, endilikda soʻz ruhiyatga ommaviy taʼsir etuvchi qurolga aylangan, bas, uni qoʻllashda ham muayyan cheklovlar boʻlishi zarur. Albatta, maʼmuriy yo boshqa zoʻrlik emas, oqibatni anglashdan kelib chiquvchi cheklovlar nazarda tutilmoqdaki, bas, gap yana ijodkor masʼuliyatiga borib taqaladi. Shoir “koʻnglimda neki boʻlsa barini va boricha ifodalayman!” deyishga haqli emas, chunki u shunchaki bir “quduq”qa va yo boʻshliqqa gapirayotgani yoʻq – aytganlari minglab qalblarga kirib boradi. Yaʼni, agar haq talashilsa, shoirning bu daʼvosiga oʻsha minglarning har biri “koʻnglimni ihotalashga haqliman!” daʼvosini qarshi qoʻyishi mumkin. Demak, shoir nimaniki istasa va oʻzi xohlagan yoʻsinda emas – oʻquvchilarining milliy, axloqiy, eʼtiqodiy qarashlari doirasida, ularning shaʼni, gʻururi, tuygʻularini ogʻrintirmaydigan tarzda ifodalashga burchlidir. Yaʼni soʻz erkinligi shu doira ichidagina yaratuvchi kuch, uning chegaralarini yorib chiqqan onidan boshlab – halokatlidir, chunki endi u milliy oʻzlik, koʻngil sofligi, eʼtiqod sobitligi, imon butunligiga daxl qila boshlaydi.
Aytganlarim shunchaki quruq vahima boʻlib koʻrinmasa edi, deb qoʻrqaman; umid qilamanki, keyingi tahlillar masala ancha jiddiy ekaniga ishontira oladi. Deylik, shunaqa sheʼrlardan biri maʼshuqaga “Bilaman, meniki boʻla olmaysiz, Bilaman qalbingiz oʻzga bilan band” degan murojaat bilan boshlanadi-da, har bir bandi oshiqning iltijosi – “Seni sevaman deng bir marta faqat” shaklidagi tarjeʼ misra bilan yakunlanadi. Xoʻp, agarki seniki boʻla olmas ekan va qalbi oʻzga bilan band boʻlsa, nega endi “sevaman” deyishi kerak?! Sheʼrning davomida oshiq maʼshuqasini “oʻn besh yil”dan beri kutayotganini anglaymiz. Agar oʻn besh yil ilgari “sevilgan” boʻlsa, hozir seniki boʻla olmasa va qalbi oʻzga bilan band boʻlsa – u birovning xotini ekan-da! Shunday ekan, birovning xasmiga koʻz olaytirishni “oshiqlik” sanash mumkinmi? Axir, oʻzbekning axloqida bundaylar “oriyatsiz”, “hamiyatsiz” deb bilinadi-ku, asl erlar bundan hazar qiladi-ku! Ehtimol, kimlardir bu gaplarimni ichi qoralikka va yo tirnoq ostidan kir qidirishga ham yoʻyar. Ovora boʻlgani qoladi, xolos, chunki buni taqdir ayirgan sevgilisiga muhabbati hanuz soʻnmagan oshiq kechinmalari tasvirlangan sheʼrlar sirasiga zoʻrlab ham qoʻshib boʻlmaydi. Negaki, ularda sheʼriyatga yarashadigan pokiza tuygʻular aks etgan, bunda esa shunchaki shahvoniy mayl, xohish... Ha, lirik qahramon tashvishi – shugina, yaʼni, mabodo, maʼshuqasi kelmasa, “Ertaga dunyoning shuhratin yigʻib, Bir shirin baxt topmay oʻlmasin Ahad”. Eʼtibor bering, lirik qahramon maʼshuqasidan koʻra oʻzini koʻproq sevadi, shu bois uni aynan shu yoriga yetisholmagani emas, “yetisholmaganlik fakti”ning oʻzi koʻproq oʻrtamoqda. Axir, alam qilmasinmi, “butun dunyo shuhratini yigʻib” turgan boʻlsa-yu, shuginaga yetisholmasa, alamning zoʻridan yoriga “Bilmaysizda menga kimlar zorligin” deya iddaolar qiladi. Hay, bunisi ham mayli, lirik qahramonimiz erisholmay oʻtib ketishdan shunchalar qoʻrqayotgan “bir shirin baxt” nimaykin, a?! Rostini ayting, bir mening koʻnglim buzuqmi yo siz ham shunday oʻyladingizmi?!..
Toʻplamlarni varaqlay turib, yuqoridagi kabi hollarning oʻta koʻpligidan, bot-bot “bir boʻlsa sheʼriyatga qoʻyiluvchi axloqiy talablar bekor boʻlib ketgan-u, kamina bexabar qolganman-ov” degan andisha kelaveradi. Axir, mana bunaqa misralarni oʻqiganingda kelarkan-da:
Qoʻllarimni uzma boʻyningdan jonim,
Qoʻyvorsang, oʻlaman qoʻyningdan jonim,
Bir tugmacha joy ber koʻnglingdan jonim,
Shu mehr yetadi butun umrimga,
Baxtli qil tinchgina yotay qabrimga.
Qiziq-da, qoʻllaring boʻynida, oʻzing qoʻynida ekansan, endi koʻnglidan “bir tugmacha joy” soʻrashga ozgina kech qolinmadimi?! Shunga tugmacha boʻlsin zarurat bormi?! Tagʻinam bilmadim-u, adashmasam, koʻnglidan joy bergunchayoq qoʻynidan joy berib qoʻyadigan ayol sevilmaydi, unga egalik qilinadi. Nihoyat, avvalroq duch kelganimiz “bir shirin baxt” hali faromush boʻlmagani bois beixtiyor unga “baxtli qil” soʻrovini mazmunan urishtirar ekansan-da, kishi: shuniyam sheʼrga solib oʻtirmay SMS yozib qoʻyaqolsa-ku – olam guliston, muddaosi joʻnroq hosil boʻlarmidi?! Maʼshuqa ham anʼanaga koʻra oʻta bagʻritosh, hatto “qabrga yotish” oldidagi odamning daʼvatlariga ham kelaqolmaydi, shu bois boshqa bir sheʼrda lirik qahramonimiz noiloj poʻpisaga oʻtadi:
Bunchalar makkorasan, bunchalar oʻjar
Qarmogʻimga ildiraman bir kuni.
Mayli, sen qiynayver, boʻlaver qaysar,
Aldab-suldab koʻndiraman bir kuni.
Toʻgʻri-da, shuncha iltijolar qildi – kelmadi, u ham yerdan chiqqan va yo koʻchada qolgan emas-da, axir, maʼshuqasiga “Aytib qoʻyay bilmaskansan sen meni” deyayotgani ham shunga dalil. Yaʼni aytmoqchiki, sening makring qirq eshakka yuk boʻlar, bizniki undan-da ortiq, shunday qilayki: “Sezmay ham qolasan roziligingni, Aldab-suldab koʻndiraman bir kuni”. Oʻz-oʻzidan xayolda “bu oʻzi nimaga koʻndirmoqchi boʻlyapti?” degan savol qalqib chiqadi. Nachora, javobi ham beixtiyor qalqib chiqadi-da: oʻsha onlar iboliroq sheʼrxon qizlarimizning uyatdan qizaringanini tasavvur qila olasizmi?! Yoʻq, holatning yoqimliligini aytmayapman, har bir shunday qizarinish hayo pardasini ozginagina boʻlsin koʻtarishini eslatib qoʻymoqchiman, xolos. Sirasini aytsam, kamina bu satrlarda qalbga qanot beruvchi muhabbatdan asar ham koʻrmayapman. Axir, bu “qorovul!” deya qichqiradigan holat, ne-ne shoirlar asrlar davomida kuylagan muhabbat oʻrnini yaqindan beri xorij kinosi taʼsirida ommalashayotgan, yaʼniki “shugʻullanmoq” feʼli bilan qoʻllanaturgan muhabbat ishgʻol qilayotganidan dalolat emasmi?!
Mumtoz sheʼriyatimizning lirik qahramoni yori agʻyorga “ostonasida yotish”, “koʻchasida devonavash yurish” kabilarni maʼn etmagani uchun iztiroblar chekadi, magar “bir qiyo boqib qoʻysa” bormi – ikkala dunyosi vayron deyavering shoʻrlikning! “Ha endi, buyam bir mubolagʻa-da, ayolni muhabbatiga ishontirish uchun nimalar demaydi yigit kishi?!” deya eʼtiroz qilarsiz, ehtimol. Yoʻq, yanglishasiz, bu shunchaki mubolagʻali lutf emas, aslo, uning zamirida ayolini qizgʻonmaganni imonsiz, dayus bilishdek milliy axloq prinsiplaridan biri yotadi. Uzoq yillar buni “ayollarga zulm qilish”, “feodallik” deb uqtirdilar, tan olish kerak, milliyligimizni barbod etishdan manfaatdor kuchlar ozmi-koʻpmi maqsadiga erishdilar ham, zero, ular ruhimizga kiritgan virus to hanuz suyak surib oʻtib kelyapti. Mana isboti:
Yoʻllaringni mendan burib ketsang ham,
Boshqaga qalbingni berib ketsang ham,
Agar oʻzga bilan yurib ketsang ham,
U oʻzingni ishing, mendan yashirma,
Faqat bir iltimos, sevmayman dema.
Oʻzbek yigitining yori “oʻzga bilan yurib ketsa ham” bu uning shaxsiy ishi deb turishi, ustiga-ustak, buni “mendan yashirma” deb soʻrashini aqlingizga sigʻdira olasizmi? Shunchalikda ham yana “sevmayman dema” deya oʻtinishini-chi? Qiyin-ov... Ammo afsus bilan qayd etish kerakki, oʻzga millatlar bilan tigʻiz maishiy aloqa, kino va televideniye taʼsirida bitta-yarimta shu tarz oʻylovchilar ham chiqib qolayotganini aslo inkor qilib boʻlmaydi. Xoʻp, bu-ku hayotning ravishi ekan, biroq sheʼriyatga bunday oʻy-fikr va kechinmalarning kirib ulgurgani hammamizni hushyor torttirishi kerak. Axir, bir tomoni, bugungi Gʻarb dunyosidagi koʻpchiligimizni jirkantirayotgan holatlarning boshlanishi shundan – dayuslikning axloq normasiga aylanib qolganidan emasmi?! Zero, avvaliga oʻzi “yura boshlaydi”, keyin ayolining “yurib ketishi”ga ruxsat beriladi, soʻng oʻzaro kelishgan holda ikkisi ikki tomonda tengdan “yurishadi” va shu tarz oila, nikoh kabi muqaddas tushunchalar qimmatini yoʻqotib boradi... Darvoqe, mabodo “yana oʻsha vahimami?” deya yozgʻirmoqchi boʻlsangiz, avval mana bu satrlarni mushohada qilib koʻring:
Xiyonatdan Ahad kechaver,
Yot quchogʻda yoring quchaver,
Oʻzgalarga mehring sochaver,
Bevafo, bevafo, jonim bevafo.
Keltirganimiz – “Bevafo” nomli sheʼrning yakunlovchi bandi, bungacha lirik qahramon oʻziga nima vaj bilandir “bevafolik” qilgan sevgilisini yozgʻiradi, borki alamlarini toʻkib soladi, unga “Umring yolgʻon xazon boʻladir, Guldek yuzing erta soʻladir, Baxting soʻnib, qadring sinadir” deya shoirona “qargʻishlar” yuboradi – shunchalikda ham koʻngli taskin topmaydi. Uning holati misoli burgaga achchiq qilib koʻrpaga oʻt qoʻyayotgan kabi: oʻsha bevafo yoriga oʻchakishib odamni odam etguvchi axloq meyorlariga tupuradi goʻyo. Axir, odam degani muhabbatsiz, nikohsiz “yot quchogʻda yorin quchaversa”, hech bir cheklovsiz “oʻzgalarga mehrini sochaversa” – hayvondan farqi qoladimi?! Eng yomoni, bu daʼvatning ochiqchasiga, baralla aytilayotgani. Endi tasavvur qilingki, shu sheʼr biron bir estrada “yulduzcha”sining “did”iga oʻtirishib qoldi-da, qoʻlbola bastakoriga tezda kuy bogʻlatib, sakrab-sakrab kuylagan qoʻshigʻi FM toʻlqinlaridan tushmay qoldi. Xoʻsh, nima boʻladi? Yuqorida aytganim tashqaridan keltirilgan virus edi, bunisi oʻshaning vujudimizga moslashgan – mutatsiyaga uchragan koʻrinishi. Mutant virusning esa, yaxshi bilasiz, dafʼi qiyinroq, antidot olmoq uchun vujudning bir kasallanib oʻtishi taqozo etiladi.
Yaqinginada doʻstona bir suhbat asnosi gap sheʼriyatimizdagi yuqoridagicha hollarga kelib taqalganida, kimdir birov “axir, mumtoz sheʼriyatimizda ham...” deya eʼtiroz qildi. Toʻgʻri, mumtoz sheʼriyatimizda ham, masalan, “labing shahdu shakar”, “labing bolidin totsam” yoki oʻsha mashhur “man andin bir soʻrorim bor” kabi kalimalar bor. Faqat ularda muddao zakiyona soʻz oʻyini bilan ifoda etilgan yoki unga ishora qilish bilangina cheklanilgan. Zamonaviy ifoda esa mana bunday:
Diydoriga qarab toʻysam,
Lablariga labim qoʻysam,
Nafaslari shirin-shirin,
Biram yoqar, biram yoqar.
Diqqat bilan qiyoslab koʻring: salaflar ishora yo soʻz oʻyini bilan yetkazgan maʼno bu misralarda hijjalab ifoda etilyapti. Sirasi, maʼlum lahzalar davomida kechuvchi jarayon va undan olingan huzurning mufassal qalamga olingani ushbu bandning erotik xarakter kasb etishiga olib keladi. Toʻgʻri, ushbu daʼvom kimgadir kulgili tuyular va keltirilgan parchada erotikadan asar ham yoʻq deya aksildaʼvo ham qilar va bu tabiiy ham. Negaki, turli madaniyatlar uchun buning meyori farqli boʻlgani bilan, madaniyatlar qorishuvi kuzatilayotgan globallashuv sharoitida bir madaniy muhit doirasida ham meyorlar turlichaligi kuzatilishi mumkin. Aslida xatar ham ayni shunda, zero, meyor turlichaligi mohiyatan milliy mentalitetimiz darz ketayotganidan darakdir. Birgina sheʼriy band tahlilidan shunday xulosa chiqarayotganim yoʻq, mana bunday satrlar ham shunga dalolat qiladi:
Qizgʻaldoqqa aylansaydim, qizgʻaldoqqa,
Yoqarmidim balki sendek qizaloqqa.
Qarang, qanchalar xushohang misralar – hech bir nuqsonsiz jaranglaydi, biroq mazmun tomoni, ayniqsa, yuqoridagicha mulohazalar kontekstida olinsa, kishini shoshirib qoʻyadi. Axir, “qizaloq” soʻzi hali voyaga yetmagan qizlarga nisbatan ishlatilardi-ku?! Kamiga “Mendan oʻzgani sevma” sheʼridagi “Hammasiga ishq kerak, Ahadga oshiq kerak” misralarini oʻqib, rosti, bir muddat hayron qotib qolsangiz, ajab emas. Hoynahoy, matnda “oshiq” emas, “maʼshuqa” soʻzi oʻrinliroq boʻlsa kerak, yana bilmadim. Qiziq, bu shunchaki eʼtiborsizlikdanmi yo yana har turli erkinliklarni qonuniylashtirayotgan Gʻarb taʼsirimikan? Ishqilib, birinchisi boʻlsin, yoʻqsa, bong urayotganlarim bekor...
***
Yaxshi bilasiz, bozorda “eksklyuziv mahsulot” degani ancha qimmat narxda yuradi, inja xaridor uni “ommaviy mahsulot” (“shirpotreb”)ga nisbatan yuz chandon yuksak qadrlashi ham maʼlum. Nega shunday? Menimcha, buning bosh sababini ularning yaratilish jarayonida koʻrgan toʻgʻri boʻladi: birinchisi ijodiylik ruhiga yoʻgʻrilgan – unga yaratuvchisining mehr-muhabbati singdirilgan; ikkinchisi esa ruhsiz – unda qolipning jonsiz izlari qolgan, xolos. Shunga qaramay, ommaviy mahsulot xaridorgir boʻladi, bunda molning sifati emas, xaridorning sotib olish imkonidan kelib chiqadigan talabning kattaligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu qonuniyat bugungi adabiy jarayonda ham toʻla amal qilayotgandek. Xususan, Ahad Qayum sheʼrlari eng avval bugungi qoʻshiqchilik talablarini qondirishga toʻla safarbar etilgan va, shubhasiz, uning ayni kundagi didiga yarasha. Qoʻshiqchilik “mahsuloti” esa, oʻz navbatida, keng ommaga – badiiy didi oʻtmaslashib borayotganidan noliyotganimiz jamiyatimizning qariyb yarmini tashkil qiluvchi yoshlarga moʻljallangan. Boshqacha aytsak, shoir “kerak pardani topgan”, shu bois paydar-pay sheʼr bitib, bastakorlar peshma-pesh kuy bastalab, xonandalar yonib-yondirib kuylab turishibdi... Darvoqe, alohida taʼkidlab sanayotgan boʻlsak-da, ushbu jarayonlarning bari “shou biznes” atalmish yagona tarmoqning uzvlari, xolos. Shou biznes esa – industriya, uning hududida amal qiluvchi asosiy qonun – “xaridorgir mahsulot ishlab chiqar va uni sotib foyda koʻr!” Bas, uning fuqaroligini qabul qilgan shoir, bastakoru qoʻshiqchi ham shunga amal qilishi shart, sanʼat qonunlari esa bu hududda faqat tavsiya kuchiga ega...
Qisqasi, “eng avval bugungi qoʻshiqchilik talablarini qondirishga toʻla safarbar etilgan” degan daʼvomizni asoslash maqsadida shoirning, masalan, “Qizmi bu, kiyikmi bu?!..” toʻplamini koʻzdan kechiramiz. Avvalo, shoir kuy bastalash va xonish qilish uchun eng qulay sheʼriy shakllarni tanlagani eʼtiborni tortadi. U ham boʻlsa xalq ogʻzaki ijodidagi qoʻshiqlarni hamda mumtoz sheʼriyatdagi murabbaʼ va mustahzodni eslatuvchi sheʼriy shakllar. Xususan, eng koʻp – 39 ta sheʼr xalq dostonlaridagi “faloniy bir soʻz aytib turgan ekan” tarzidagi izoh bilan boshlanuvchi toʻrtliklar shaklida: dastlabki uch misra oʻzaro qofiyalanib, toʻrtinchisi barcha bandlar oxirida tarjeʼ sifatida takrorlanadi. Dostonlardagi bunday oʻrinlar oʻqilganda beixtiyor xirgoyiga oʻtib ketilgani kabi, anʼana taʼsiri ushbu shakldagi zamonaviy sheʼrlarda ham saqlanadi. Toʻplamdagi tagʻin 25 ta sheʼrning ritmik-intonatsion qurilishi ham deyarli shunaqa, ular murabbaʼ shaklida, farqi – tarjeʼ misraning yoʻqligi. Moʻʼjazgina toʻplamdan joy olgan sheʼrlarning qariyb 60 foizi shu shaklda. Umuman olganda, u yoki bu shaklni suyish va undan keng foydalanishning hech aybli joyi yoʻq. Biroq shakl ijodkor uchun shunchaki qolip, qaysiki, gʻisht quygan kabi turli-tuman xom ashyo (muhabbat, visol, ayriliq va h.k.)ga toʻldirib paydar-pay tashlanaveradigan qolipga aylanib qolsa-chi? Unda ijodiylik ruhi oʻladi, bir-biridan aytarli farqsiz narsalarning tussiz qatori vujudga keladi...
Xushohanglik, musiqiylik, ijro uchun qulaylik kabi shakliy xususiyatlarga ustuvorlik berilishi, bularni taʼminlovchi qoʻshiqbop shaklning qolipga aylanishidan eng avval sheʼrning mazmuniy-mantiqiy tomoni jabr koʻradi. Gap shundaki, mazkur shakl mazmun butunligi va ifoda izchilligini taʼminlashda muayyan qiyinchiliklar tugʻdiradi. Zero, tarjeʼ misra banddagi oʻzidan avvalgi uch misraning oʻzi bilan mazmuniy bogʻlanishini taqozo etadi, ayni paytda, bitta misra bilan tugallanayotgani holda bandlar bir-biriga mazmunni izchil rivojlantiradigan tarzda bogʻlanishi zarur. Agar shu talablarni eʼtiborga olsak, aslida bu shaklda mukammal sheʼr bitish ancha mushkul ekanligi ayon boʻladi. Aytilganlar nuqtai nazaridan “Sizni menga Xudo uchratdi” sheʼrini koʻrib chiqaylik. Birinchi band:
Bu dunyodan sevgisin izlab,
Kimlardir oʻzini charchatdi.
Mening baxtim sizni topganim,
Sizni menga xudo uchratdi.
Bir qarashdayoq bandning mazmuniy-mantiqiy tashkillanishidagi izchillik yaqqol koʻzga tashlanadi: dastlabki ikki misra nisbiy tugallikka ega fikrni ifodalaydi, uchinchi misra unga qarshi qoʻyiladi, toʻrtinchi misra esa uchinchi misraddagi holatning sababini izohlab keladi. Misralar orasidagi zidlash va izohlash munosabatlari asosidagi mantiqiy aloqa mazmuniy butunlikni taʼminlaydiki, bu gʻoyat muhim. Zero, ritmik-intonatsion va mazmuniy jihatlardan nisbiy butunlikka ega boʻlish bandning belgilovchi xususiyatidir. Ikkinchi banddan boshlab ayni shu xususiyat kuzatilmaydi, natijada mantiqiy-mazmuniy parokandalik yuzaga keladi:
Uchrashdig-u, birga boʻlmadik,
Yigʻladig-u, ammo kulmadik.
Topishdig-u, baxtga yetmadik,
Sizni menga Xudo uchratdi.
Koʻrib turganimizdek, dastlabki uch misra bir xil sintaktik qolipdagi uyushiq gaplardan iborat, tanlangan sheʼriy shakl shuni taqozo etadi. Shakl qoʻyayotgan ushbu talab mazmunni izchil – oʻsish, pasayish yo kengayish tartibida ifodalash imkonini cheklaydi. Shu bilan birga, bunday uyushiq gaplarning tarjeʼ misra mazmuniga mos boʻlishi, sheʼr ritmik tarxida tarjeʼ sanash ohangida aytilgan uyushiq gaplardan soʻng ayricha urgʻulangani kabi, mazmuniy tashkillanishida ham xuddi shunday “zarb” olishi kerak boʻladi. Demak, sodda koʻringani bilan, bu sheʼriy shaklda chinakam badiiy qimmatga molik mazmunni ifodalash oson emas. Shundan boʻlsa kerak, ayrim soʻzlar, birikmalar, baʼzan ayrim misralar shunchaki qolipni toʻldirish uchungina kiritilgandek taassurot qoldiradi. Masalan, yuqoridagi bandning uchinchi misrasi birinchi misra maʼnosining oʻzini oqlamagan takrori boʻlsa, ularning oʻrtasiga pona boʻlib kirgan ikkinchi misra beoʻxshovroq koʻrinadi (balki, uchinchi misra bilan oʻrni almashganida, mazmun oʻsish tartibidagi izchillikda berilgandek taassurot qolarmidi). Eng yomoni – uchala misradan kelib chiqayotgan maʼno tarjeʼga nomuvofiq. Mantiqan ulardan soʻng, masalan, “Xudoyimning taqdiri ekan” mazmunidagi misra kelishi toʻgʻriroq boʻladi. Hozirgi holatida esa band tayinli bir mazmunga ega boʻlmay qolganki, buning sababi oʻzaro qofiyalangan uchta misra bilan tarjeʼ orasidagi mazmuniy munosabatning buzilganidadir. Xuddi shunday hol keyingi uchta bandda ham kuzatiladiki, bu sheʼriy shaklning oddiygina “qolip” boʻlib xizmat qilganidan dalolatdir.
Afsuski, yuqorida koʻrganimiz holatni shu shaklda yozilgan deyarli barcha sheʼrlarda – hech boʻlmaganda bir band doirasida – kuzatishimiz mumkin. Diqqat qilinsa, bu sheʼrlar uchun umumiy bir qonuniyat borligi koʻrinadi: mazmuniy tashkillanishi jihatidan birinchi band yaxshigina saviyada va u sheʼr oxirida aynan takrorlanadi. Fikrimizcha, bu bilan sheʼr (qoʻshiq)ning oʻquvchi (tinglovchi) tomonidan qabul qilinishi dasturlashtiriladi. Dastur algoritmi esa quyidagicha: birinchi band sheʼr (qoʻshiq) mazmunini modellashtiradi – model sheʼriy ohang (kuy) orqali oʻquvchi (tinglovchi) shuuriga koʻchadi – keyingi bandlar ham shu model bilan analogiya asosida qabul qilinadi – birinchi bandni takrorlash bilan taassurot yaxlitlashadi. Yaʼni shu tarz qabul qilgani uchun ham yetarli darajada oʻqish (tinglash) tajribasiga ega boʻlmagan oʻquvchi (tinglovchi) bitta-ikkita banddagi mantiqiy nomuvofiqliklarni ilgʻamaydi. Qatʼiy aytish mumkinki, oʻquvchi omma badiiy didi bilan bemaza sheʼrlar oʻrtasida teskari proporsiyadagi bogʻlanish mavjud: did pasaygani sari bemaza sheʼrlar koʻpayadi va, aksincha, koʻtarilgani sari – kamayadi.
Murabbaʼ shaklida deb aytganimiz sheʼrlarda mazmun izchilligi va mantigʻini taʼminlash yuqorida koʻrib oʻtilgan shakldagiga nisbatan osonroq. Sababi, bunda tarjeʼ yoʻq, demak, barcha bandlar mazmunini bitta misra mazmuniga muvofiqlashtirish talab qilinmaydi, bu esa banddan bandga mazmunni izchil rivojlantirishga keng va qulay imkon beradi. Biroq toʻplamlardagi shu nav sheʼrlarni koʻzdan kechirarkan, gap shakldagina emas, balki, ijodkorning oʻzi qilayotgan ishga, Hudo bergan isteʼdodiga, bir soʻz bilan aytsak, SOʻZga munosabatida ekaniga amin boʻlamiz. Ayniqsa, shakl bobidagi tajriba oʻlaroq yozilgan ayrim sheʼrlar, yoʻq, “soʻz tizmalari” borki, muallif isteʼdodini behuda sovurayotganini koʻrib achinib ketasan kishi. Shunday soʻz tizmalaridan birida mana bunday misralarga duch kelamiz:
Dengizu toʻfonaman,
Sellaru suronaman,
Oʻzing ayt qayonaman
Aytishga uyalaman.
Adashmasam, dastlabki ikki misra oʻzbek adabiy tilidagi “dengiz va toʻfonman, sel va suronman” shakliga toʻgʻri keladiki, bu yerda ifodaning gʻalizligini aytib oʻtirish ham ortiqcha. Keyin, nega endi “toʻfonaman, suronaman” shaklida? Qofiya talabi bilan-da. Qiziq-da, axir, bu bandning dastlabki misralari-ku?! Yo avval toʻrtinchi misrani yozib, soʻng avvalgilari unga unga qofiyadosh qilinganmi? Javobni sheʼrning ilk misrasidan topasiz, u esa “Ishqingda devonaman” shaklida, koʻrib turganimizdek, oshiq holining anʼanaviy ifodasi:
Ishqingda devonaman,
Husningga parvonaman,
Yoʻlingda mastonaman,
Muhabbatdan qonaman.
Fahmlayotgandirsiz, hamma balo sheʼrdagi oʻn uchta toʻrtlik bandning barcha misralarini, yaʼni ellik ikki misrani “devonaman”ga qofiyadosh qilishga behuda urinishda. Xay, shuni deb tilimizning ne koʻyga solinayotganini-ku qoʻya turaylik (bu toʻgʻrida quyiroqda maxsus soʻz yuritamiz), ilk banddayoq mazmunning bunchalar nochor, sayozligini koʻrib beixtiyor hafsalang pir boʻladi. Axir bosh band shu boʻlsa, davomida nimaniyam rivojlantirish (izohlash, sharhlash, isbotlash, inkor qilish va h.k.) mumkin boʻlardi, yaʼni “echki nima boʻldi-yu, dumi nima boʻlardi” degani shudir-da?! Xayoliga shuni keltirgan didli oʻquvchi adashmagan boʻladi, chunki davomida yanayam ajabtovur misralar tizilgan:
Choy bersang, choyxonaman, (?)
Gul tutsang, Fargʻonaman, (?)
Aytdim-ku, bir donaman,
Sevgiga chulgʻonaman.
Ehtimol, muxlislar shoir ijodiy eksperimentga moyil, bu yerda u barcha misralari oʻzaro qofiyadosh sheʼr yozishga harakat qilgan va bunga erishgan, deya kaminaga eʼtiroz ham qilishar. Xoʻp, biroq ijodiy eksperimentdan koʻpi bormi: bittagina arzirli badiiy samara olguncha qancha-qanchasi besamar ketadi – hammasini oʻquvchiga taqdim etish shart emas-da! Keyingi bandlarga ham mazmuni mos kelsa-kelmasa “... naman”ga qofiyadosh qilib “Vafoga oqlanaman (?), Qalbingda poklanaman...” (?), “Taqdirman, peshonaman...” (?) qabilidagi misralar tizilavergan.
Yuqorida yana bir sheʼriy shaklni “mustahzodni eslatadigan” deb ataganimiz boisi unda teng oʻlchamli uchta misra oʻzaro qofiyalanadi-da, band toʻrtinchi qisqa misra bilan yopiladi, koʻpincha, qisqa misra tarjeʼ sifatida takrorlanadi ham. Qisqa misra borligi uchungina “mustahzod”ga mengzashimizda, balki, zoʻrakilik koʻrinar. Biroq biz bu yerda koʻproq boshqa bir narsani – hazrat Navoiy mustahzod haqida “xalq orasida bir surud bor” deganlarini nazarda tutdik. Zero, “surud” qoʻshiq degani, hazratning aytishicha, qisqa misra orttirish bilan sheʼr qoʻshiq ohangiga moslanadi2. Darhaqiqat, bunday sheʼrlarning kuyi soʻzlarga qoʻshilib oqib kelayotgandek tuyuladi, musiqiyni his qilishga salgina qobil odam beixtiyor xirgoyiga oʻtib ketadi. Mana, shunday sheʼrlardan birining bosh bandi:
Qomatining naqshlari,
Zimdan turib boqishlari,
Yurakka oʻt yoqishlari,
Goʻzal!
“Tavsif” deb nomlangan ushbu sheʼr yor taʼrifiga bagʻishlangan, barcha bandlari “Goʻzal!” xitobi bilan yakunlanadi. Umuman olganda, bu badiiy niyat ijrosi uchun gʻoyat maqbul shakl ekani shubhasiz, biroq mazmun tomoni shunga munosib boʻlmay qolgan. Fikrli sheʼrxonda oʻqishni boshlaboq “Qomatining naqshlari” nima degani boʻlsa ekan?” degan savol tugʻiladi. Balki kimdir javob topar ham, kamina oʻylab oxiriga yetolmadim. Soʻng “zimdan turib boqishlari” degani ham kontekstga tushmayotgandek: “zimdan boqishni” fahmlashimiz, nigohimiz bilan “tutib olishimiz” mumkin, “zimdan turib boqish” esa “panadan, yashirinib turib boqish” maʼnosini beradiki, uni koʻrayotganimiz yoʻq, bas, “Goʻzal!” deya xitob qilish ham oʻrinsiz.
Xullas, gapni bozor qonuniyatlaridan boshlaganim bejiz emasligi ayon boʻldi, nazarimda. Yana “eksklyuziv mahsulot” bilan “shirpotreb” xususida ham toʻxtalgandimki, hozir oʻsha joydan davom qilish zarurati bor. Odatda, eksklyuziv mahsulot qoʻl mehnati bilan yaratiladi, albatta, mehnat unumdorligi ham shunga yarasha. Axir, oʻzingiz oʻylang, omadi chopib birdan shou biznes olamida “modniy shoir”ga aylanib qolsayu xonandalar sheʼrga navbat kutib turishsa, qoʻl mehnati bilan talabni qondirib boʻlarkanmi?! Xoʻsh, ahvol shunaqa ekan, “hammaga yetsin” degan yaxshi niyatda dastgohni ishga tushirib, beshta-toʻrtta qolip bilan peshma-pesh “shtampovka” qilganning nimasi yomon?!
***
Ishdan qaytar yoʻlim bozor oralab oʻtadi. Oʻtib borayotsam, ellik-ellik beshlar atrofidagi ayol shunday yoʻlakda, yergayoq yozilgan belboqqa bir yarim-ikki kilolar chamasi olmani terib qoʻygan, olmasi ham bozor odaminikiga oʻxshamaydi – yaltiratib artilmagan, oʻzi ham bir ahvol – gʻaribgina boʻlib oʻtiribdi... Xullas, zarurati boʻlmasa ham oʻsha olmani sotib olgim keldi: shoʻrlikni bozordan boʻshatsamu kun yorugʻida uyiga ketsa... Aytgan pulini savdolashmasdanoq berdim-da, ichimda bir ravshanlik tuygan holda yoʻlimda davom etdim. Ittifoqo, nenidir unutganimni eslab, ortga qaytdim. Keragimni xarid qilib qaytayotsam, yana xaligi ayol – shunday yoʻlakda, yergayoq yozilgan belboqqa bir yarim-ikki kilolar chamasi olmani terib qoʻygan, olmasi ham bozor odaminikiga oʻxshamaydi – yaltiratib artilmagan, oʻzi ham bir ahvol – gʻaribgina boʻlib oʻtiribdi... Ha-ya, menga olmaning hech zarurati yoʻq edi, unda nega sotib oldim? Oʻylasam, oʻshanda olmaga emas, ayolning “gʻaribgina boʻlib oʻtirgan” holati – hozir urfdagi soʻz bilan aytganda, “imij”iga xaridor boʻlgandekman. Soddamiz-da, bozor haqida gap ketsayoq “talab va taklif” deya bilimdonlik qilamiz, bularning oʻzini harakatga keltiruvchi omillar borligini xayolimizga ham keltirmaymiz. Bozor odami esa buni xoʻb biladi: u kishining raftori, kiyim-boshi, yurish-turishi va yana qator oʻzigagina maʼlum belgilariga koʻz qirini tashlaboq olarmanmi yo shunchaki soʻrarman ekani, nimani va qay yoʻsin taklif qilishu qancha narx aytsa qochirib yubormasligini bexato aniqlaydi. Negaki, inson ruhiyatini bilishda u jild-jild kitob koʻrgan psixologdan oʻtkirroq, chunki buni bozor atalmish ayovsiz raqobat maydonida, muttasil kasodga uchrash xavfi ostida yurib oʻrgangan. Yana, bilasiz... bozorga shayton oralagan. Axir, tirraqi buzoqcha arqonini oʻgʻilchasiga tutqazib qoʻyib, “Shugina yetimcha ekan...” deya xaridorni “iydir”moq payidagi otalar; “Ayolim operatsiya boʻladigan, yoʻqsa, onamdan qolgan tabarruk narsa edi, sotarmidim...” qabilida toʻqigan yolgʻonlariga oʻzlari ham ishonib ketganidan har bozor koʻziga yosh olaveradigan erlarning ustozi shayton boʻlmasa, kim?!..
Ahad Qayumni shou biznes vakili deya taqdim etdik, “shou biznes” degani esa, qoʻshilasizmi yoʻqmi, “bozor” bilan egiz tushunchadir. Yaʼni shoirimiz yuqorida taʼriflangan bozor odamiga xos “ruhshunoslik”dan mosuvo emas, aksincha, oʻzi anglaydimi yo yoʻqmi, fitratidagi ayni shu xususiyat muvaffaqiyatining bosh omillaridan biri desak, yanglish boʻlmaydi. Daʼvomiz asossiz emasligiga qanoat hosil qilish uchun shoir muxlislari koʻz oldida yaratgan “imij” – sheʼrlarida namoyon boʻluvchi lirik qahramonning suratu siyratini bir qurgina nazardan oʻtkazish kifoya.
Ahad Qayumning qator sheʼrlarida boʻy koʻrsatuvchi lirik qahramon – hayotda nihoyatda koʻp qiyinchiliklar koʻrgan, isteʼdodi tan olinmay turfa qarshiligu toʻsiqlarga duchor boʻlgan, yoru doʻstlardan xiyonatu yaqinlaridan taʼna-dashnomdan boshqani koʻrmagan... va shu monelarga qaramay hayotda oʻz oʻrnini topgan, hozir urf boʻlgan ibora bilan aytganda, “yorib chiqqan” odam. Koʻplab sheʼrlarga sochilib ketgan mazkur lirik qahramon “Yaqin oʻtmish” nomli xasbi holda toʻlaqonli gavdalangani bois, mulohazalarimizda shunga tayanamiz. Umid qilamanki, taʼriflaganim lirik qahramonni “Qayda koʻrgan boʻlsam ekan-a...” degan oʻy xotirangizni koʻpam zoʻriqtirmas: axir, bu oʻsha, bizga oʻtgan asrning 90-yillaridan kirib kela boshlagan “pufak operalar”ga xos qahramon tiplaridan biri-ku! Yodingizdadir, oʻshanda hassos qiz-juvonlarimiz kanizak izauralaru prosto mariyalar taqdiriga oʻz jigaridan-da ortiqroq kuyadigan, oʻzlaridan koʻra koʻproq ularning tashvishini qiladigan boʻlib qolmaganmidi?! Shunday. Negaki, “baxtsizlikdan – baxtiyorlikka” qolipida qurilgan bu seriallar toʻgʻridan-toʻgʻri soddadil tomoshabin ongiga taʼsir etishga, qalbidagi shafqat torlarini chertishga qaratilgan. Mushfiq opa-singillarimiz ekrandagi qahramonlarni hamdard boʻlib kuzatgan, ular bilan birga yigʻlab-yupangan, iztiroblar chekkan... xullas, oʻrtadagi estetik masofa yoʻqolgan, ular ekrandagi voqealarni sanʼat emas, hayotning bevosita davomi oʻlaroq qabul qilib, dillaridagi shafqatu achinish tuygʻularini toʻkib yengillaganlar. Yoʻq, bu sanʼat asari paydo qiluvchi katarsis emas, shunchaki qiz-juvonlarga xos turfa sabablar bilan toʻliblar ketadigan koʻngilni boʻshatib olishning bir koʻrinishi, xolos. Yaxshi maʼlum, shafiqa toifa mehr-muhabbatini qozonishning eng sinoqta yoʻli – achinish hissini uygʻotish. Zero, ayni his ularning fitratidagi onalikni joʻsh urdirib, mehrini achinish obyektiga yoʻnaltiradi. Deganim, serial qahramonlariga munosabat asosida ham shu narsa yotadiki, “pufak serial” ijodkorlari bundan ustomonlik bilan foydalanishadi. Ommaviy adabiyot esa shu seriallarga qarindosh, qisqasi, “Qazisan, qartasan...” degan gapda! Xuddi seriallardagi kabi, masalan, “Yaqin oʻtmish” sheʼrida ham lirik qahramon hayotda duch kelgan qiyinchiliklar boʻrttiriladi, iztiroblari quyuqlashtirilib, oh-figʻonlari urgʻulanadi. Shuning andishasini qilib boʻlsa kerak, sheʼr “Kimdir ishonadi, kimdir esa yoʻq” misrasi bilan boshlanadi. Keyin esa “hayot yoʻlida yomon qiynalgani”, “eng arzon ijara uylarda”, “Ochlik yupunlikda issiqmi, sovuq” sharoitda oʻtgan yillar eslanadi. Yuksak maqsadlarni koʻzlab poytaxti azimga kelganini unutmay, azoblarga matonat bilan dosh beradi: “Ikki kunda bir ham ovqatlanmasdan, Bir kunda ikkita kitob oʻqirdim...” Biroq har nening ham chegarasi bor-da, jumladan, bardoshning ham. Osonmi, axir, hayhotday shaharda orzulari bilan yolgʻiz qolgan boʻlsa, yordam qoʻlin choʻzguchini-ku qoʻying – biron bir tushunguvchi odam topilmasa, hatto otasidan “bir oz pul soʻrab yolvorish”-ga majbur boʻlsa. Xullas, lirik qahramon taqdirga tan berib qishlogʻiga qaytdi, faqat:
Otam menga rahm qilmay qoʻygandi,
Ol dedi, qoʻlimga ketmonni tutib.
Bu rol oʻynash emas, qoʻshiqchilikmas,
Taltayib ketibsan shaharda yurib...
Alam qilib ketdi,
Ichimga yutdim,
Otamning nigohi dilga sanchdi oʻq,
Oʻsha kun daladan sheʼr yozib qaytdim,
Kimdir ishonadi, kimdir esa yoʻq.
E-voh, qarangki, ota ham uning isteʼdodini qadrlay bilmagan, tan olmaganlar qatorida – mushfiq koʻngillarda achinish bir necha bahya koʻtarilmasinmi?! Ota uyida ham taskin topolmay, “soʻng bor sinay omadim” deya yana ortiga qaytsa-yu, yurak qoni bilan bilan yozgan “Sheʼrlarin bosmasa biron gazeta, Eshigin ochmasa bitta nashriyot”, tabiiyki, achinish yana bir necha bahyaga koʻtariladi... Shu asno xuddi seriallardagi kabi, najot kutmagan vaqtda kutmagan joydan keladi: “Bir nechta sheʼrlari kuyga solinib, Sanʼatkorlar ijro eta boshladi” – koʻz ochib yumguncha qahramonimiz oʻzini “omad tulporida” koʻradi... Ehtimol, siz ham eʼtibor qilgan chiqarsiz: omma birdan muvaffaqiyat qozongan odamni koʻp ham xushlayvermaydi – qiyiq qidirishga tushadi, lekin koʻrib oʻtganimiz ayricha holatki, menga qolsa uni “Kuloyim effekti” deb atagan boʻlardim. Negaki, omma oʻgay ona zugʻumidan qutulib qirolichaga aylangan Kuloyimning baxtiga chin dildan quvonadi – kechagina achinish obyekti boʻlgan odamga baxtning kulib boqishini adolat tantanasi oʻlaroq anglaydi. Bu esa, yuqorida olmani sotib olgach ichimda bir ravshanlik tuyganimni aytdim-ku, oʻquvchi dilida shunga oʻxshash qoniqish hosil qiladi, hayotda qiynalibroq turgan nekbinrogʻi umidlanadi, boshqasi esa qiynalayotgan bir oʻzi emasligini oʻylab yupanadi va h.k. Nachora, insonda shunga ruhiy ehtiyoj bor, barcha xalqlar folklorida Kuloyim qolipidagi asarlar koʻplab uchrashi ham bejiz emas. Biroq har neda meyor bor, har qanday suiisteʼmol esa – koni zarar.
Suiisteʼmol deganda insonlar qalbidagi shafqat tuygʻusini zoʻriqtirish, unga huda-behuda taʼsir qilish, sunʼiy qoʻzgʻatishga urinishni nazarda tutmoqdaman. Tilanchilikni kasb qilgan toifani bilasiz, oʻzini har ne gʻaribu miskin koʻrsatishga urinmasin, dilimizda shafqatdan koʻra koʻproq ijirgʻanishu nafrat uygʻotadi u. Zero, gʻaribu miskinlik bilan shunday koʻrinish oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor: birining koʻngilni yumshatishiyu ikkinchisining diydani qotirishi shundan. Toʻgʻri, “tanasi boshqa dard bilmas” degan gaplar bor, lekin oʻshanda ham “Yaqin oʻtmish” sheʼrida “shunday koʻrinish”ga urinish koʻproqqa oʻxshaydi. Deylik, “oltin davri” musofirchilikda oʻtganlarning koʻpi “eng arzon ijara uylarda” turgan emasmi?! Yoki, bitta-yarimta boyvachchani demasak, aksariyati stipendiyadan stipendiyagacha amal-taqal kun oʻtkazgan emasmi?! Koʻzni chirt yumgancha kursdosh qizni boyvachchalardek siylab va yo eldan qolmay deya moda boʻlgan matahni xarid qilib qoʻyib bir hafta-yarim hafta “ovqatlanmasdan”, kuni quritilgan nonu suvga qolsa-da, sir bermay yurganlarini koʻpchilik eslasa kerak?!.. Shunga qaramay, u kunlar sogʻinch bilan eslanadi, ularga fojeali tus berish xayolga ham kelmaydi. Toʻgʻri, istisnolar ham bor. Deylik, yoshlarga nasihat qilganda gohi biroz “oʻxshatishga”, oʻzlarning iborasi bilan aytganda, “risovka qilish”ga moyil boʻlinadi... Yoki qishlogʻidan chiqmagan suluv “qandoq odamga tushganiyu uning bu maqomga yetmogʻi oson boʻlmagani”ni bilib qoʻysin uchun goʻshangada shivirlab aytiluvchi gaplar ham shunday – istisno. Koʻryapmizki, ikkala holda ham asosda manfaat yotibdi, bizning lirik qahramonimiz ham shu sirada...
Lirik qahramon “na shoir, na aktyor” boʻlolmagani sababini “birovga oʻxshayolmasligi”, “qorani bu oq deyolmasligi”yu “nodonni yaxshi deb maqtayolmasligi”da koʻradi. Qarang, oʻziga bahosi shunchalar yuksakki, “sheʼrlarimda kamchiliklar bordir” degan andishani xayoliga yaqin ham yoʻlatmaydi. Isteʼdodning oʻziga ishongani yaxshi, albatta, lekin bunga asos ham boʻlishi kerak-da! Holbuki, bunga qadar koʻrib oʻtilgan sheʼrlar gazetayu nashriyotlar ularni chop etmay toʻgʻri qilgan ekan, degan xulosaga olib keladi. Bas, haqiqatgoʻyligim uchun sheʼrlarimni bosmadilar deya oʻzini jabrdiyda koʻrsatish ham shunchaki oʻz ampluasidagi rolga kirib qolganlikdan, yaʼni yaratilayotgan imij – qiyofaga tortilgan yana bir chizgi, xolos. Ikkinchi yoqdan, yigirma ikki yoshida sheʼriy kitob chop ettirgan va turli ijodiy tanlovu koʻriklar sovrindori boʻlib ulgurgan odamning ijodimga toʻsqinliklar boʻldi deya nolishlarida, yaxshilab quloq tutsangiz, noshukrlik ohanglari eshitiladi. Holbuki, agar Xurshid Davron ilk kitobi chop qilinganida 27, Shavkat Rahmon 28, Usmon Azim 29 yoshda boʻlganini esga olsak, aslida nolish emas, shukrona aytmoq kerak. Ha, toʻgʻri, eʼtirozga haqlisiz: nomzodini mukofotga qoʻymoq qasdida astoydil harakat qilganidan maktab yoshidayoq bitta-ikkitadan sheʼriy toʻplam chop ettirib qoʻyayotgan qizchalar ham bor. Xoʻp, eʼtirozni qabul ham qilay, faqat mashoyixlarning “Tepaga qarab fikr qil, pastga qarab shukr qil” degani esga kelaveradi-da. Nachoraki, qaysi tomon “tepa”yu qaysisi “past”ligi ham qay tomondan qarashga bogʻliq boʻlib qolarkan, chogʻi...
Axborot almashinuvi gʻoyat tigʻizlashgan hozirgi zamonda “piar” degani shou biznesning oʻta muhim unsuriga aylangan. Iloj qancha, ommaning eʼtiborida turish uchun oʻzini shov-shuvli tarzda eslatib turish kerak, yoʻqsa, axborot oqimida koʻmilib ketish hech gap emas. Adashmasam, internetda bir-ikki bor Ahad Qayum bilan bogʻliq shov-shuvlar ham koʻtarilgan, masalan, xabar inkor qilinguniga qadar bevaqt yoʻqotishga kuyib koʻz yosh qilib olishga ulgurganlar ham boʻlgan... Xullas, “piar” bilan “imij” – oʻzaro uzviy bogʻliq tushunchalar, ular bir-birini toʻldirib, quvvatlantirib turadi. Aytaylik, “Begim, demang, begoyim” toʻplamining taqdimida mana bu gap alohida abzatsga chiqarib yozib qoʻyilgan: “Uzoq muddatli yurak xastaligini boshidan kechirib turgan bir paytda ijod maydonida ham serqirra ijodkorimizdan yangiliklar bisyor...” Bu oʻsha ruschasiga “piar xod” degani, bizchasiga “piar usul”ning oʻzginasi! Koʻrib turganingizdek, u oʻquvchi dilida rahm-shafqat tuygʻusini qoʻzgʻatishga qaratilgan va, hech shubhasiz, moʻljalga bexato uradi. Endi ich-ichidan kelayotgan “Voy bechora-a!” xitobidan yuragi sel boʻlayozgan sheʼrxon qizlarning toʻplamni varaqlab bot-bot mana bu kabi misralarga duch kelgan choqdagi holatini oʻzingiz tasavvur qilavering: “Bugun balki oxirgi kunim”, “Oʻlim davo boʻlgay hamma dardimga”, “Oʻlim eshik qoqar, kuchayar ogʻriq”; “Yurak eng soʻnggi bir sasni kutmoqda, Soʻng mayli oʻlsam ham jon olsin rohat”; “Yurak yomonam sanchar, Shifoxona vatanim, Gʻammatodan oʻralar, Oʻlganimda kafanim” va hokazo. Ehtimol, odam kasal boʻlishi, xastalikda shu kabi oʻy-hislar kelishi mumkin-ku, dersiz. Mumkin, albatta. Biroq, avvalo, uni suiisteʼmol qilish, oʻquvchi ruhiyatiga taʼsir etish vositasiga aylantirib olish nojoiz. Ikkinchidan, oʻlim hammamizning qoshu qabogʻimiz orasida turgan narsa emasmi?! Bas, mantiqan “Bugun balki oxirgi kunim” degani nafaqat “uzoq muddatli yurak xastaligi” bor odam, balki har qaysimiz uchun ham ehtimoldagi narsa, axir. Shundayku-ya, lekin aksar mantiqni hissiyot falaj qilib qoʻyadi-da...
Shu oʻrinda ilgariroq internetda oʻrtoqlashganim bir voqeani takror boʻlsa-da yana aytib bergim keldi. Chamasi toʻrt yillar narida edi, bir talaba qizimiz menga uchrab, ilmiy ish qilmoqchiligini aytdi-da, keyin ham davom ettirish mumkin boʻlgan mavzu berishimni soʻradi. Qiziqishini soʻragandim, qisqasi, “bemaza sheʼrlarni” fosh qilmoqchi (mashgʻulotlarda aytgan gaplarimni oʻylaganmi yo birontasi maslahat berganmi – bunisini bilmayman) ekan. Xullas, niyatini maʼqullab, avvaliga oʻzida kitoblari bor bironta shoirni obyekt qilib olishni taklif qilgandim, Ahad Qayumni tanladi. Shoirning hamma kitoblari va u haqda chiqqan materiallarni topib oʻqishni topshiriq qilib berdim. Oradan qancha oʻtgani esimda yoʻq, talaba yana menga uchrashdi. Bilsam, topshiriqni bajaribdi, kitoblariyu “Darakchi” va shu kabilarda chiqqan materiallarni oʻrganibdi. Ichimda gʻayratiga tahsin aytib tursam, qizimiz yigʻlamoqdan beri boʻlib kutilmagan bir gap qildi: “Shu shoir haqida yozmasam, juda qiynalgan ekan!..”
Takror uchun uzr, Ahad Qayum sheʼrlarining ommalashuvida imijning roli haqida bundan orttirib bir nima aytishga ojiz boʻlsam, iloj qancha?! Darvoqe, diqqat markaziga imijning oʻquvchi ommaga taʼsiri masalasini qoʻyganimiz uchun bitta-ikkita chizgini asos qilib olish bilan cheklandik. Holbuki, tagʻin bir-ikkita muhim, deylik, shartli ravishda “kitobiylikdan yiroq koʻcha bolasi”, “dangalini aytuvchi chapani” yoki “yoqimli bezori” tarzida nomlash mumkin chizgilar ham eʼtiborga loyiqqi, bularni mulohaza qilib koʻrishni oʻquvchining oʻziga qoldirib turamiz.
***
Yaqinda shogirdlardan birisi ming hijolat bilan soʻrab qoldi: “Ozodbekning falon qoʻshigʻida “Yelkamda ikkita qushlar izi bor” degan joyi bor, shu nima deganiykan-a? Maʼnosini tushunishga shuncha harakat qildim...” Qiziqib, bilgisi kelib soʻralsa, domla odam, bilasiz, ichdan xursand boʻladi, shu kayfiyatda chiroyli qilib tushuntirishga shahd qildim-u, birdan “tormozlangan” kabi chaynala boshladim: “Sal gʻalizroq ekanmi? Koʻplik qoʻshimchasi “ikkita”dan keyin ortiqcha, notoʻgʻri ishlatilibdi. Shu... matnni koʻrish kerak ekan-da, kontekstda tushunarli boʻladi...” Xullas, kalovlanganim tuyqus oʻzim ham tushunolmayotganimni anglab qolganimdan ekanini sezgandirsiz, eplab holatdan chiqdim, keyin esimdan ham chiqib ketgan ekan, shu maqola bahona yana oʻsha savol qalqib chiqdi. Mana oʻsha matn:
Kelib koʻr, koʻksimda nishlar izi bor,
Tillarim uchida tishlar izi bor.
Yelkamda ikkita qushlar izi bor,
Qush edim, qaylarga bilmay qoʻndim man,
Bir seni oʻylasam, faqat yondim man.
Albatta, birinchi misraga eʼtirozimiz yoʻq – oshiq koʻksi hamisha paykonu tigʻlarga nishon boʻlib kelgan. Shakl talabi bilan ilk misraga hamohang, mantiq talabi bilan unga mazmunan bogʻliq ikkinchi misra ham, axloq tomoniga tirgʻalmasak, binoyidekkina. Biroq uchinchi misra mazkur talablarning birinchisiga muvofiq boʻlgani holda, ikkinchisiga javob berolmay qolgan. Sababi oddiy: ifodadagi gʻalizlik, sheʼr matni ustida qunt bilan ishlanmaganidirki, natijada yetkazilmoqchi boʻlgan mazmun oʻta xiralashgan. Shu bois faqat imkondagi maʼnolarni taxmin qilish mumkin, xolos. Xoʻp, “ikkita qushlar izi” deyilganda “ikkita qanot oʻrni” nazarda tutilgan, yaʼni keyingi misradagi “qush edim” birikmasiga qoʻshilib “qush edim qanotim qayrildi” maʼnosi ifodalangan, deylik. Darhol eʼtiroz tugʻiladi: bu yerda gap oʻzidan boshqa yana ikkita qush haqida ketyapti-ku! Eʼtirozni qabul qilib, ikkinchi taxminga oʻtamiz: birinchi misrada “nishlar izi” haqida gap borgandi, bu yerda ham raqiblar – “ikkita qush” qoldirgan iz nazarda tutilayotgandir?! Yana eʼtiroz tugʻiladi: yelkada “qushlar izi” emas, qush panjalarining izi qoladi-ku?! Xullas, ifoda gʻalizligi tushunish imkonini deyarli yoʻqqa chiqaradi. Eng yomoni, kuy va xonishga maftun, koʻpchiligi xonandaga qoʻshilib nola qilayotgan tinglovchilar bu gʻalizlikni sezmay qoladi. Biroq kun kelib sezib ham, oʻylab ham qolishadi-da, axir. Tamsil qilsak, bu yuzdagi nuqsonni upa-elik qilib yopgan kabi, upa-elik ketgach...
Chiroyli ifoda hammavaqt ham mantiqqa oshno boʻlavermaydi. Negaki, koʻpincha ifodaning bir vosita ekani, uning biron-bir fikr yo his-tuygʻuni ifodalash, narsa-hodisa yo holatni jonli tasvirlashga xizmat qilishi unutib qoʻyiladi-da, chiroyli yozish (yo soʻzlash)ning oʻzi maqsadga aylanib qoladi. Natijada tashbeh, sifatlashu istioralarni koʻproq ishlatishga moyillik paydo boʻladi. Albatta, asli buning yomon tomoni yoʻq, lekin tilning badiiy vositalari shunchaki bezak sifatida qoʻllansa, ortiqcha upa-elik chaplangan yuz kabi yoqimsiz boʻladi – goʻzallikka daʼvo katta-yu, haqiqatda undan asar yoʻq. Shunga oʻxshash, quyidagi misralar bir qarashda chiroyli va benuqson koʻrinsa, ehtimol:
Dilxonam eshigini,
Yopib ketding qarsillab,
Yoʻqsan, dil oʻchogʻida,
Yurak yonar charsillab...
Avvalo, Ahad Qayum toʻplamlaridagi bitta jiddiy kamchilikni taʼkidlab koʻrsatish kerak: ularda tinish belgilarini qoʻllashga juda eʼtiborsiz qaralgan, gʻijgʻij xatolarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, keltirilgan misolda birinchi misra oxiridagi hamda uchinchi misradagi ikkita verguldan biri ortiqcha. Muhimi, uchinchi misrada vergullardan qaysi biri qolishi mazmunga hal qiluvchi taʼsir qiladi: “Yoʻqsan dil oʻchogʻida, Yurak yonar charsillab” – “Yoʻqsan, dil oʻchogʻida Yurak yonar charsillab”. Kontekstdan kelib chiqsak, shoir koʻproq ikkinchi holatni: “dil oʻchogʻida yurak charsillab yonayotganini” nazarda tutgan koʻrinadi. Holbuki, agar “charsillab yonayotgan” boʻlsa, “yurak” bu yerda “qalb”, “koʻngil”, “dil” soʻzlarining sinonimi, demak, bu “dil oʻchogʻida dil yonyapti” degani boʻladiki, mantiq buziladi. Yoʻq, birinchi holat nazarda tutilgan deyilsa, unda yorga qarata aytilgan “yoʻqsan dil oʻchogʻida” xitobi mantiqsiz, axir, nega yor dil oʻchogʻida boʻlishi kerak?! Boshqa bir sheʼrda xuddi shu metaforani qoʻllashdagi xato bundan ham mantiqsiz holatni yuzaga keltiradi: “Chirschirs yonar yurak lovullab, Dilda daryo oqar shovullab...” Yaʼni, agar “yurak” va “dil” soʻzlari sinonim ekan, dil (yurak) bir paytning oʻzida yonayotgan va unda shovullab daryo oqayotgan boʻlib chiqadi.
Toʻgʻri, har bir shoir dunyoni, undagi narsa-hodisalar orasidagi aloqalarni oʻzicha koʻradi, oʻzicha ifodalaydi va ayni shu narsa isteʼdodning oʻziga xosligini belgilovchi bosh omildir. Shu bilan birga, xayriyatki, shoirning bisoti faqat oʻzi topgan-tutgandangina iborat emas, aks holda, u oʻta qashshoq boʻlib qolar edi. Voris sifatida u asrlar davomida yigʻilgan bisotni tasarruf etishga haqli, ayni choqda, uni isrof qilmaslik, oʻrinli ishlatish, boyitib, sayqallab borishga burchli hamdir. Anʼanaviy poetik obrazlarni qoʻllaganda, ularning aksariyati deyarli oʻzgarmas, turgʻun holga kelib qolganini yodda tutish lozim. Negaki, ular badiiy tafakkur va xotirada qaror topgan oʻz maʼnosiga ega, demak, ular kiritilishi mumkin boʻlgan kontekstlar, bogʻlana oladigan obrazlar doirasi ham belgilidir. Masalan, shaklan gʻazalga oʻxshash bir sheʼrdan olingan quyidagi baytni olaylik:
Shohdagi bulbul kabi, gul bilan koʻngil kabi,
Telbaday sevdim sani, yuragingga ismim yoz...
Oʻquvchi badiiy xotirasidagi bulbul obrazining maʼnosi uni “sevmoq” feʼliga mazmunan bogʻlash va “shoxdagi bulbul kabi seni sevdim” tarzida tushunishga asos boʻladi. Anʼanaga koʻra, “bulbul” obrazining mavjudligi “gul”ning ham boʻlishini taqozo etadi, ularning vazifasi ham belgili. Yuqoridagi baytda ikkala obraz ham bor, lekin bir-biriga mazmunan aloqador emas – anʼanadan chekinilgan. Natijada anʼanaviy “gul bilan bulbul” oʻrniga qoʻllangan “gul bilan koʻngil” qoʻshilmasi atash maʼnosiga ega, xolos, alohida holida ham, badiiy xotira kontekstida ham mazmun kasb etmaydi, matnning boshqa uzvlari bilan mazmunan bogʻlanmaydi ham – muallaq qoladi. Yaʼni ulugʻ shoirimiz boshqa narsaga qiyos etgan “uvada kamzulda billur tugmaday” holati yuzaga keladi – billur billurligicha qoldi, lekin tojlarni bezay oladigan tosh uvadaga uvol-da! Shubha yoʻqki, shoir “bulbul” va “gul” obrazlari mazmun-mohiyatini juda yaxshi biladi, shunday ekan, mazkur holatning yuzaga kelish sababini eʼtiborsizlikdan boshqa narsaga yoʻyib boʻlmaydi.
Afsuski, doim ham komil ishonch bilan bunday deyolmaymiz, chunki koʻpincha bunday hol anʼanaviy metaforalar mohiyatini yaxshi bilmaslikdan kelib chiqadi. Masalan, “Sinib qolmay bu sabr kosa, Qachon koʻrishamiz sevgilim” yoki “Chil-chil sinib sabr kosam, Oʻzim seni izlab borsam” kabi misralarni olaylik. Aslida “sabr kosasi” metaforasiga kosaning muayyan hajmga egaligi, yaʼni unga tomchilab turadimi va yo quyilibmi, baribir, payt kelib toʻlishi asosdir. Demak, endi u boshqa kosalar qatoridagi – sinishi, jaranglashi, uzatilishi, agʻdarilishi... mumkin boʻlgan bir kosa emas, bas, matndagi boshqa til birliklari bilan shundan kelib chiqqan holda mazmuniy aloqaga kirishadi. Yaʼni ushbu metafora “toʻlmoq” feʼli bilan bogʻlanadi, “sinmoq” soʻzi esa uning mantiqiga toʻgʻri kelmaydi. Yoki “Sadafdan sof edi koʻnglim, gardlik kildim”, “Sadafdan-da sof ishqing” misralarida ham qiyoslash asosini bilmaslik pand bergan. Zero, milliy badiiy tafakkurda “sadaf” oqlik etaloni sifatida qaror topgan, bu yerda asos – sadafning rangi, uning sofligi yo pokligi mezon qilingan emas.
Baʼzan esa shunday misralarga duch kelinadiki, beixtiyor “Shoir oʻzi yozganlarini kitobat qilgunga qadar qayta oʻqib ham koʻrarmikan? Muharrir-chi?” qabilidagi savollar xayolda qalqib chiqaverdi. Mana, masalan, “Sevilsang shunday sevilki...” deb boshlanuvchi sheʼrning davomidagi “Qanday?” savoliga javob boʻlmish misralardan biri: “Faqat sen boʻl xayolida, porla shamsi iqbolida”. Axir, “shamsi iqbol” degani “iqbol quyoshi” boʻlsa, quyoshda porlab boʻladimi?! Yoʻq, bu mubolagʻa ham emas, aslida “sevilsang shunday sevilki, uning uchun iqbol quyoshi boʻlib porla” deyilmoqchi. Biroq sheʼrda “demoqchi boʻlish”ning oʻzi kifoya emas, oʻshani uqsa boʻladigan qilib ifodalash ham kerak. Shunga oʻxshash, “Ishqingdan sarmast jonimni, Ado qilding, ado qilding” misrasidan kelib chiqadigan “jon ishqdan mast” degan fikr, shuningdek, “Ishq mayi joniga boʻlganda hamdam” misrasida “ishq mayi jonga hamdam” deyilgani ham mantiqqa xilof boʻlib, ulardan biron-bir mazmunni uqish amri mahol.
Olamni obrazli idrok etish narsa-hodisalar orasidagi aloqalarni aniqlash, ularni bir-biriga qiyoslash, zidlash, oʻxshatish kabi amallar orqali mohiyatga yaqinlashishni koʻzda tutadi. Chinakam isteʼdod nigohimizdan pinhon aloqalarni ham ilgʻab olib, soʻz orqali poetik obrazda mujassam etadi. Demak, shoir uchun sanʼatkorona nigoh qanchalik muhim boʻlsa, koʻrolgan va his etganlarini ifodalay olish ham shunchalik muhim, zero, ular ifodadagina moddiylasha oladi. Shu bois ham ikkisidan biri oqsaganki joyda badiiyat oʻladi. Sheʼrlariga qaralsa, Ahad Qayumda oʻtkirgina sanʼatkorona nigoh ham, obrazli fikrlashga moyillik ham bordek, biroq ifodadagi oqsash koʻpincha ularning moddiylashishiga xalal beradi. Buni, masalan, “Sensizlikda devona bu dil...” sheʼri misolida koʻrib oʻtish mumkin. Sheʼrda hijronzada oshiq holi chizilgan:
Sogʻinchlar, xazonlar uyumi,
Shubhalar, yolgʻizlik kiyimi,
Boshimda xavotir quyuni,
Sensizlikda devona bu dil.
Avvalo, “sogʻinchlar” va “shubhalar” soʻzlaridan keyin vergul emas, tire (–) qoʻyilishi kerak. Shunday qilinsa, shoir aslida “Sogʻinchlar – xazonlar uyumi” va “Shubhalar – yolgʻizlik kiyimi” shaklidagi ikkita vositasiz tashbeh qoʻllamoqchi ekani maʼlum boʻladi. Aytish kerak, tashbehlar topib ishlatilgan: sogʻinchning xazonlar uyumiga oʻxshatilgani hijronning davomiyligi, oshiq koʻngli bargsiz daraxt misoli yalangʻochlanib, huvillab borayotganiyu beixtiyor shubhalarga burkanayotgani... xullas, binoyidek obrazli ifoda. Afsuski, shundan boshqa bandlarning barida qiyomiga yetmagan obrazlarga duch kelamiz. Masalan, “Men seni hammadan qizgʻona, Dardlaringga boʻlay ostona” deyish bilan oshiq yoriga kelgan dardlarga toʻsiq boʻlishni tilamoqchi, holbuki, “ostona” toʻsiq emas – kiriladigan joy. Yaʼni istalganga tamom ters maʼno ifoda etilmoqda. Yoki “Xor boʻldim, jabrlar oʻchogʻi, Beshavqat hijronning pichogʻi, Qaydadir baxtlarning quchogʻi” misralarida “jabrlar oʻchogʻi” metaforasi hech bir mazmun kasb etmaydi, chunki muallaq qolgan, natijada uni “baxtlarning quchogʻi” bilan zidlash orqali ifodalash koʻzlangan maʼno mutlaqo chiqmay qoladi. Shunga oʻxshash, “Dilim – sahro, ochilmadi gul, Qargʻayzorda yem boʻldi bulbul” misralaridagi obraz ham chala tugʻilgan. Eʼtibor bering, bu oʻrinda original va gʻoyat goʻzal obraz imkoniyati mavjud, lekin ichki mantiq buzilgani bois toʻla amalga oshmagan. Gap koʻngilning sahroga aylangani, unda gul ochilmagani haqida borayotgan ekan, bulbulning aynan shu yerda – sahroda sayramay qoʻyishi muhim. Chunki “sahro – qaragʻayzor” qarshilantirishi asosida “gul shu yerda, bulbul uzoqda” maʼnosi chiqadiki, bu “oshiq shu yerda, yor uzoqda” qolipida qurilgan sheʼr mazmuniga zid keladi. Shuning uchun, bizningcha, bulbulning qaragʻayzordan koʻra sahroga mosroq joyda nobud boʻlishi yoki joyini koʻrsatmagan holda quzgʻunmi yo shunga oʻxshash “agʻyor” maʼnosini bergudek qushga “yem boʻlishi” maʼqulroq boʻlardi.
Ijodkorning original obraz yaratishga, fikr yo tuygʻuni oʻziga xos bir tarzda ifodalashga intilishi tahsinga loyiq. Biroq oʻziga xoslik haddi aʼlosidan oʻtib, oʻzigina tushunadigan boʻlib qolmasligi ham kerak. Qachonki obrazda ichki mantiq boʻlsa, mantiqiy fikrlashning umumiyligi asosida oʻquvchi uni tushuna oladi. Aks holda, mana bu banddagi kabi boshqotirma yuzaga keladi:
Uzuk qildim armon toshidan,
Koʻz yasadim koʻzim yoshidan
Bu dunyoni boshlab boshidan,
Dedim: Ahad, qayta kiyintir,
Azoblardan dilni yechintir.
Xoʻp, armon toshidan uzuk qilayotganiga ham koʻnaylik, unga koʻz yoshidan qandoq qilib koʻz yasash mumkin ekan?! Keyingi uch misrada ham mantiqsiz holat yuzaga kelgan: murojaat etilayotgan odam dunyoni qayta kiyintirishi kerakmi va yo dilni yechintirishimi?! Band kontekstiga “dunyoni qayta kiyintirish” daʼvosi qanchalik mos keladi? Yoki dunyoni qayta kiyintirishning natijasi dilni azoblardan yechintirish boʻladimi? Sirasi, ozgina eʼtibor bilan oʻqiganki odam qarshisida bunaqa savollarni bir zumda qatorlashtirib qoʻyadigan misralar Ahad Qayumning deyarli barcha sheʼrlarida topiladiki, ulardan bir nechtasini “izohga hojat yoʻq” tarzida keltirib oʻtish joiz:
Qalbim osmonida chaqmoqlar chaqar (?),
Ogʻu tutding labing gul sharobida... (?)
Bagʻrimda ildizlab ketgan surating (?),
Nur eding soyasiz, qalbim bogʻida... (?)
Bevafoyim, chap qanotim ingrayverar... (?)
Dil koʻylagi soʻkilar (?) sevgini xor qilganni...
Ijod degani ajib sir-sinoatlarga toʻliq, uning tabiatini oʻrganish yoʻlida qancha saʼy-harakatlar qilinganiga qaramay, to hanuz oʻzining koʻp qirralarini bizdan pinhon tutib kelayotgani ham shundan. Deganim, ijod onlari shoir tasavvurida yombi misol quyma tugʻiluvchi obrazlar ham yoʻq emasdir, biroq oʻquvchini hayratlantira oladigan goʻzal obrazlarning aksariyati matn ustida qunt bilan ishlash, turli variantlarni atroflicha mushohada qilishu ifodani muttasil sayqallab borish natijasidir. Yaʼni sheʼr deganni talab boʻlgani uchunoq “pachkalab” yozib tashlayverish durust emas, har bir misra ustida astoydil ter toʻkish zarur, shundagina Xudo bergan isteʼdod uvol ketmasdan, tom maʼnodagi badiiy asarlarga doʻnishi mumkin.
***
Aholiga yer uchastkalari berila boshlangan paytlar, imorat solishga hali tayyorligim yoʻq, tadbirkorlik urfga kirayotgan mahal emasmi, kallada bir oʻy aylanaverdi: “Shu yerga bogʻ qilsam, falon tup gilos eksam, hosilga kirsa...” xullas, u yogʻi tijoriy hisob-kitob. Rahmatli dadamning togʻalari boʻlardi, juda mirishkor bogʻbon, shu kishiga maslahat soldim: “Xoʻp oʻylabsan-u, qarashga vaqting boʻladimi?” - dedilar. “Ha, endi, koʻchatga yarasha pul qilsam... u yogʻi ish mavsumi mardikor yollab...” Kuldilar: “He-e, oʻzing qaramasang yo ustida turib ishlatmasang, mardikor qaragan bogʻ bogʻ boʻlarmidi-ya. Mardikorga nima, baylashgan kunlik pulini olsa boʻldi-da, erta bogʻning nima boʻlishi bilan necha pullik ishi bor...” Ahad Qayumning sheʼriy toʻplamlarini koʻzdan kechirish asnosi shu voqea, negadir, ikki-uch qaytalab yodga tushaverdi. Avvaliga ikki oʻrtada hech bir aloqa topmadim, toʻgʻrirogʻi, izlamagandim ham. Oʻylab koʻrsam, eslaganim bejiz emas, Ahad Qayumning sheʼriyatga, tilimizga munosabati mohiyatan mardikorning boqqa munosabatiga monand ekan. Sirasi, uning sheʼriyat mulkida oʻzini shou biznes vakili oʻlaroq tutayotgani yuqoridagi mulohazalarimizda yetarlicha isbotini topdi. Endi til masalasiga oʻtamiz.
Dangalini aytsam, Ahad Qayum sheʼrlarini oʻqiganda “bu yigit oʻzbek tilini biladimi yo endi oʻrganyaptimi?” degan andisha keladi. Bunga amin boʻlish uchun, masalan, “Avvalo inson boʻl” nomli sheʼrdan mana bu bandni olaylik:
Omad ostonangda turganda gullab,
Lazzatning tamidan hidlagin oʻylab,
Oʻzingdan pastlarni atayin qiynab,
Jonini ogʻritma, darmon malham boʻl,
Avvalo inson boʻl, avval odam boʻl!
Xoʻp, har qancha gʻaliz boʻlsa ham “omadning gullashi”ga koʻnaylik: ha endi, shoir fikrini majoziy ifoda etmoqchi boʻlibdi-yu, biroz oʻxshamay qolibdi-da. Biroq “tamni hidlash” degani nimasi? Axir, tam bilish boshqa, hid bilish boshqa, ikkisining fiziologik va psixologik mexanizmlari boshqa-boshqa emasmi?! Shuni bilgani uchun ham oʻzbek tamni hidlamaydi, totib koʻradi-da. Shunga oʻxshash, oʻquvchi sal quyiroqda “Balki oʻchirarsan dildan darzingni” misrasini oʻqib, “darzni ham oʻchirib boʻlarkanmi?!” deya hayron boʻlishi tabiiy. Agar bu holning yuzaga kelish sababini mushohada qilgudek boʻlsa, uchinchi misradagi “darzingni” soʻzi “lafzingni” va “qarzingni” soʻzlariga qofiyadosh boʻlgani uchungina kirib qolganini osongina fahmlab oladi. Hali hayronligi yozilmay turiboq bir bechora yoningga kelib muruvvat soʻrasa, “Beparvo boʻlmagin ahvolin koʻrib, Holidan kulmagin mulzam, motam boʻl” qabilidagi nasihatga duch keladi-da, “mulzam boʻlmoq” feʼlining holatga aloqasini ham, “motam boʻlmoq”ning maʼnosini ham anglayolmay garang boʻladi. Endi xolis ayting: bir sheʼrning yarmiga yetguncha toʻrt oʻrinda soʻz maʼnosini anglamaslikdan gʻalizlikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, “shoir oʻzbek tilini biladimi?” savoli oʻrinli boʻladimi?! Ushbu savol bejiz qoʻyilmagani va yuqoridagi holning aslo istisno emasligiga amin boʻlmoqni istasangiz, turli sheʼrlardan olingan mana bu gʻaroyib misrlarni mushohada qilib koʻring:
Muattar sas (?) bilan berganda maʼno...
Xasta, bemor degan oldim lavozim (?)
Xijron yoqar dil taftimni (?),
Toʻldirmoqda ishq kaftimni (?).
Oʻylayverib yuragim toʻydi (?)
Kamon boʻldim nishonsiz, yoysiz (?)
Menga xotirjamlik yoʻqdir ravoying (?)
Qabr ekan eng soʻnggi yoʻlim (?)
Tilshunoslikda soʻz valentligi tushunchasi borki, agar buni soddalashtirib aytmoqchi boʻlsak, bu soʻzning boshqa soʻzlar bilan munosabatida mohiyatan “kabutar bo kabutar, jins ba jins” qoidasi amal qiladi deganidir. Yaʼni muayyan soʻz istalgan boshqa soʻz bilan mazmunan bevosita bogʻlanavermaydi, uning oʻzi bogʻlana oladigan soʻzlar doirasi bor. Oʻzbek tilidan foydalanuvchilarning 99,99 foizi, balki, “soʻz valentligi” deganini eshitmagan ham chiqar, lekin tilni qoniqarli darajada bilganki odam 99,99 foiz holatda unga amal qiladi, chunki sogʻlom mantiq shuni taqozo etadi. Shuning uchun ham, masalan, “ogʻiz”ga “yopmoq” feʼlini bogʻlaganimiz holda, uni “lab”ga nisbatan ishlatmaymiz. Shoirimiz esa, oʻziga xos boʻlishga intilishi oʻta kuchli ekani boismi, bilmadim, “Lablaring yopilmas dir-dir titraysan” deyaveradi. Yoki har ne toʻpori boʻlsa ham, oʻzbek yigiti “Sevgim narxin bilmading, Yolgʻiz yorim boʻlmading” demasa kerak, chunki savqi tabiiysi bilan “sevgi” soʻziga “narx” muvofiq kelmasligini his qilib turadi. Baʼzan soʻzlarning bogʻlanishi mantiqdan shu qadar yiroqki, “bu shunchaki adashish emas-ov, axir, shuniyam bilmaslik mumkin ekanmi?! Hoynahoy, bu shoir oʻquvchisini hayratlantirish uchun qoʻllagan bir uslubiy priyom-u, men bexabar boʻlsam kerak” degan oʻy keladi. Masalan, aqlga ayonki, odam degani “yonboshlab”, “choʻzilib”, “yastanib”, “chalqancha”... yotishi mumkin, lekin “tik yotish”i, boʻlib ham qabrda “tik yotish”i aslo mumkin emas. Chamasi, Ahad Qayum boshqacha fikrda, uningcha, hozirgi oʻzbek qizlarining xulq-atvori shunchalar ayniganki, buni koʻrib “Endi Hamza qabrida tik yotadi”. Shunga oʻxshash gʻayrimantiqiy bogʻlanish mana bu misralarda ham yaqqol koʻrinadi:
Sensiz men gʻoʻzachoʻp oʻtinman,
Kam-koʻstsiz navrasta yetimman.
Yaxshi bilasiz, Sharq sheʼriyatida oshiq oʻzining yoridan ayro holatini oʻxshatmagan hech bir narsa-hodisa qolmagandek. Lekin shoirimiz topadi, tan olish kerak, “gʻoʻzachoʻp oʻtin” qiyosi chin maʼnoda original: adashmasam, bu tashbehni hali hech kimsa qoʻllagan emas; boz ustiga, u betakror ham: kelajakda ham uni biron-bir shoirning qoʻllashiga koʻzim yetmaydi. Chalgʻib ketdik, gap soʻzlarning oʻzaro bogʻlanish imkonlari haqida edi. Bu oʻrinda “kam-koʻstsiz” soʻzining “yetim”ga bogʻlangani mantiqiy gʻalizlikni keltirib chiqaradi. Negaki, “yetim” soʻzining oʻzida “kamlik” maʼnosi bor, zero, yetimga hech boʻlmaganda ota-ona yetishmaydi, bas, u “kam-koʻstsiz” boʻlolmaydi. Yaʼni shoir bu oʻrinda “kam-koʻstsiz” soʻzini, ehtimol, “chin yetim” va yo “gʻirt yetim” – ham otadan, ham onadan judo boʻlgan yetim maʼnosini ifodalash uchun qoʻllaydi-yu, soʻzlarning mazmuniy-mantiqiy aloqa imkonlarini bilmaganlikdan yana qovun tushirib qoʻyadi.
Eʼtibor qilgan boʻlsangiz kerak, tilimizni chala bilgan xorijlik fikrini ifodalash uchun oʻzi bilgan qolipga maʼnosi tanish soʻzlarni shunchaki joylayveradi – soʻzlar orasidagi na grammatik, na mazmuniy aloqalarni eʼtiborga oladi, uning gaplari kulgimizni qistatsa-da, muhimi, nima demoqchiligini fahmlab olaveramiz. Shunga oʻxshash, “Nahotki ushaldi tushlarim oʻngi” misrasiga duch kelgan oʻquvchi miyiqda kulib oʻtaverar-ku, lekin bu gapni xorijlik aytmayapti-da, oʻzbekda “tushlarning oʻngi ushalmaydi”, ular “oʻngidan kelishi” mumkin. Yoki “Judo qildi bizni shoʻr qismat” misrasidagi “shoʻr qismat” ifodasida ham gʻalizlik bor: oʻzbek “shoʻr”ni “peshona” bilan, “achchiq”ni esa “qismat” bilan qoʻllaydi, chunki tuz ham, qalampir ham oʻz joyida ishlatilishi kerak. Shunga oʻxshash, “peshonaga bitgan” degani “taqdirga yozilgani” maʼnosida ishlatiladi, yaʼni bu taqdir azalda “peshonaga bitib qoʻyiladi” aqidasi bilan bogʻliq. Biroq “Boshga bitgan peshonaning boʻlib shoʻri, Ikki nafar goʻdak qoldi norasida” deyishiga qaraganda, shoirning bu boradagi fikri ham original koʻrinadi. E birodar, axir, peshona boshga bitmaydi, u aslan boshning bir qismi-ku! Ehtimol, shoirni xalq tilida uchrovchi “boshimga bitgan balo” qabilidagi gaplar chalgʻitgandir, lekin bu yerda “bosh” soʻzi “peshona” oʻrnida ishlatilgan, xolos, yaʼni qism-butun aloqasi asosidagi maʼno koʻchishi yuz bergan. Yana tilda muayyan darajada turgʻunlik kasb etganki birikmaning uzvlari orasidagi aloqa “uzugu koʻz” misoli: ular bir-birigagina tugal mos tushadi. Deylik, “nasihat qilmoq”dagi “qilmoq” oʻrniga “aytmoq”, “bermoq” soʻzlarini qoʻyib koʻring-chi: gʻaliz ekanmi?! Shoirimiz buni bilmaydi yo tan olmaydi, chogʻi, “Nasihatlar berdim doʻstimga” deyaveradi. Soʻz qoʻllashdagi bunday eʼtiborsizlik koʻpincha kulgili holatlarni yuzaga chiqaradi. Masalan, nasihat sheʼrlaridan biridagi “Birov haqqi birov qornida qolmas” misrasi bir qarashda binoyidek, lekin qorinda nafaqat birovning, kishining oʻz haqi ham qolmaydi, qololmaydi-ku?!
Xuddi tilni chala bilgan xorijlik kabi A.Qayum ham koʻp hollarda soʻzlarni grammatik jihatdan notoʻgʻri bogʻlaydi, ifodalash koʻzlangan mazmunga nomuvofiq grammatik shakllarni qoʻllaydi. Masalan, mana bu banddagi kabi:
Soʻzlarni oʻynatadi,
Koʻzlarni oʻynatadi,
Jonimni qiynatadi,
Aldoqchi!
Dastlabki ikki misrada feʼlning orttirma nisbati qoʻllangani maʼqul: yor koʻzlarni, soʻzlarni oʻynatishi mumkin, biroq uchinchi misrada “jonimni qiynatadi” deyilishi bilan oshiq jonini yor oʻzi emas, balki “kimdir birovga qiynatadi” degan maʼno kelib chiqadiki, bu umumiy mazmunga yopishmaydi. Feʼl nisbatlarining maʼno va uslubiy xususiyatlarini, xususan, ayrim feʼllar majhul nisbatda qoʻllanmasligini bilmaslik boshqa bir sheʼrda ham koʻrinadi:
Har kimsa ham sevolmaydi, sevilmaydi,
Har kimsa ham kutolmaydi, kutilmaydi,
Har kimsa ham kuyolmaydi, kuyilmaydi...
Ehtimol, shoir tilshunos emas, bas, til qoidalarining barini bilishi ham shart emas, deya eʼtiroz qilinar? Toʻgʻri, biroq u “kuymoq” feʼli “sevilmoq”dagiga monand maʼno beruvchi shaklga ega emasligini bilishi kerak-da, axir. Zero, shoir til amaliyotining ilgʻorida boradi, bas, oʻzi qoʻllayotgan tilning goʻzalligiyu jozibasi, maʼno nozikliklariyu imkonlarini namoyon etishga ham masʼuldir. Afsuski, Ahad Qayum ayni vazifasini yo bilmaydi, yo tan olmaydi. Yoʻqsa, sheʼrlarida, masalan, kelishik qoʻshimchalarini ishlatish bilan bogʻliq uslubiy xatolar hozirgidek qalashib yotgan boʻlarmidi?! Mana bir misol:
Butun dunyo tor edi menga,
Kecha baxtim yor edi menga,
Mol-davlatim boʻlmagan bilan,
Sizdek doʻstim bor edi menga.
Moslashuv qoidasiga koʻra toʻrtinchi misrada “menga” emas, “mening” shakli boʻlishi lozim ediki, buni durustroq oʻqigan maktab bolasi ham biladi. Shoirimiz shuni ham bilmaydimi yo boshqa sababi ham bormikan a? Keyingi uchta misolga diqqat qilsak, u uslubiy jihatdan toʻgʻri boʻlishidan koʻra qofiyaga rost kelishi haqida koʻproq qaygʻuradigan koʻrinadi. Yoʻqsa, ikkinchi va uchinchi misralardagi “kundan”, “chindan” soʻzlariga qofiyadosh boʻlsin uchun bandni “Toʻldir jonim, qalbingni nurdan” deb boshlashini qanday izohlash mumkin?! Mana yana misollar: “Bir zum orom bermas dilni visoling”, “Ahad ado, ey gulruxsor, qarashingda”, “Seni menga talashdi ishq”, “Makon tutsam sahrolarga, dengizlarga”, “Asrab yurgin endi quchoqqinangga”...
Juda istasangiz, bunaqa misollarni yana koʻplab keltirish mumkin (tagi moʻl-da!), lekin bunga na hojat, na xohish bor. Hatto oxirgi misollarni sharhlab ham oʻtirmadim – xatolar shu darajada yaqqol koʻzga tashlanadi. Tagʻin ham biz nisbat va kelishik kategoriyalari bilan bogʻliq xatolarga toʻxtaldik, xolos, grammatik xatolarning boshqa koʻrinishlari ham tiqilib yotibdi. Bu shunchaki bilmaslikdanmi yo tilga eʼtiborsizlik, bepisandlikdanmi? Afsuski, nazarimda buni bilmaslikning oʻzi bilangina izohlab boʻlmaydi. Negaki, qariyb oʻn yillardan beri qalam surib, yigirmadan ziyod kitob chiqarib qoʻygan odam emasmi, istasa, shu vaqt ichida oʻrganar edi-da! Agarki shunday qilmapti, tilimizga, til egalariga bepisandlikdan boshqa izoh bormi bunga?! Xoʻp, ana, bilmaslikka ham yoʻyaylik, axir, busiz sheʼr yozishni-ku qoʻying, jumla tuzish ham mahol-ku...
***
Sheʼrda jumla qurilishining oʻziga xosligi, xususan, unda gap boʻlaklari tartibining odatdagidan jiddiy farqlanishi hammaga maʼlum. Shunchalarki, avom nazdida sheʼrning birinchi belgisi – shu, balki, qofiyadan keyin ikkinchisidir, xullas, hozir bunisi muhim emas. Muhimi, jiddiymi va yo hazil-mutoyiba uchunmi “shoirona” gapirishga qasd qilgan odam jumlani, masalan, “Bordim bozorga sahar” tarzida agʻdarib tuzadi. Aslida-ku, avom tushunchasiga zid oʻlaroq, tartib shunchaki oʻyin uchun emas, balki zarur joyga mantiqiy urgʻu berish, qofiyani rostlash kabi badiiy-estetik maqsadlar bilan oʻzgartiriladi. Biroq bu maqsadlar ham muayyan mazmunni ifodalashdan ustuvor boʻlolmaydi, bas, oʻzgartirish oʻquvchi odatiy tartibni fikran tiklashi va gap boʻlaklari orasidagi mazmuniy-grammatik aloqalarni koʻra olishiga xalal bermasligi zarur. Ayni talab buzilsa, salgina savodi borki kishi “ega-kesimini topib boʻlmaydi” deguvchi holat yuzaga keladi. Masalan, mana bu “purmaʼno” misralardagi kabi:
Togʻ ham boʻlgay yigʻilib zarra,
Tomchilardan toʻplangay ummon.
Bir qarashda binoyidek jumla, kuy joʻrligida eshitilsa-ku – tamom nuqsonsiz. Biroq birinchi misradagi gap boʻlaklarining aloqalari shundayki, tartib toʻgʻrilansa, “togʻ ham yigʻilib zarra boʻladi” maʼnosi kelib chiqadi. Holbuki, shoir “zarralar yigʻilib togʻ boʻladi” demoqchi, eng yomoni, oʻquvchi ham ikkinchi misraga qiyosan ayni shunday tushunaveradi. Yaʼni jumla tuzilishida saktalik borligi oʻquvchi xayoliga kelmaydi, bas, shunaqa “shohbayt”larni oʻqigani sari unda “til hissi” oʻtmaslashib boradi. Natijada u “Oyni toʻssa bulutlar, Yerga choʻmsa sukutlar” misralarini ham yamlamay yutaveradi, “sukutlar yerga” emas, “yer sukutga choʻmadi”-ku deb oʻtirmaydi.
Maʼlumki, jumla qoʻshma gap shaklida qurilganida, uni tashkil etuvchi sodda gaplarni oʻzaro grammatik vositalar bilan bogʻlab qoʻyishning oʻzi kam, ular orasida mustahkam mantiqiy-mazmuniy aloqa ham boʻlishi shart. Aks holda, isitmaning zoʻri yo sharobning kuchidan alahlayotgan kabi holat yuzaga keladi, masalan, mana bu kabi:
Sevgi shunday manguki,
Olamga afsonasan,
Sevgi shunday qoʻrquvki,
Yoʻqotsang vayronasan.
Jumla shaklan natija ergash gapli qoʻshma gap qolipida ekanini yaqqol koʻrib turasiz-u, “olamga afsona” boʻlish qanaqasiga “sevgining manguligi” natijasi ekanini anglayolmay garang boʻlasiz. Davomi bundan-da gʻalat: sevgining nimasi qoʻrquv-u, qoʻrquvni yoʻqotish qachon va kimga ziyon yetkazgan ekan?! Xullas, qolip bor-u, mazmun yoʻq hisobi, negaki, shoirning aytar gapi hali yetilmagan – oʻzini zoʻrlab yozishga oʻtirgandek taassurot qoldiradi kishida. Xay, bunda-ku jilla qursa qolip bor, mana bu bandda esa na sintaktik qolip, na bir joʻyali mazmun bor:
Nedir umr mazmuni,
Muhabbatim manguli,
Oshiqlarning tilida,
Orzulidir, ezguli.
Ha, shunaqa soʻz tizmalari ham sheʼr deb eʼlon qilinayotgan va sheʼr deb qabul qilinayotgan ekan, oʻquvchi omma didining darajasini oʻzingiz baholayvering. Oʻquvchilarning bir toifasi ilk misradagi ne-ne faylasuflarni necha ming yillardan buyon oʻylatib kelayotgan savolni oʻqigach, sodda emasmi, davomida ulkan poetik-falsafiy kashfiyot kutadi. Biroq keyingi misralarni oʻqib ham hech narsa anglamagach, sodda-da axir, “javobi ham juda ogʻir ekan, tishim oʻtmadi-yov” deya oʻzini aqli noqisroq sanab ketaveradi. Boshqa bir toifa oʻquvchi ham, hech narsa tushunmagan boʻlsa-da, oʻqimishli degan nomi bor emasmi, sir bermaydi: “bir men tushunmayotgan boʻlsam-chi?” degan hadigi bor – gapirib ahmoq koʻringandan, jim turib oqil tuyulgan yaxshi emasmi?! Yana bir toifa borki, unga sheʼrda nima deyilayotgani farqsiz, muhimi – kim degani: bozor-da, axir, “brend” degan gaplar bor…
Yuqorida ham koʻrdik, sheʼr – aldoqchi, koʻpincha, mazmundan mutlaqo mosuvo soʻzlar tizmasi ham binoyidek boʻlib koʻrinaveradi, haqiqatni koʻrishimizga ohang va oʻziga xos jumla qurilishi halal beradi. Qachonki sheʼrning jumla qurilishini fikran odatdagi tartibga keltirsak, mazmun tomonini toʻla baholay olamiz. Misol uchun mana bu misralarni olaylik:
Jon Ona yurt, mehr toʻla bulogʻi manda bor,
Koʻzlaringni riyolari boʻyogʻi sanda bor.
Demak, jumlaning undalmadan boshqa qismlarini odatiy tartibga keltirib koʻramiz: “manda mehr toʻla bulogʻi (?) bor, sanda (yaʼni, Ona yurtda) koʻzlaringni(ng) riyolari(ning) boʻyogʻi bor”. Rosti, hech narsa tushunmadim, oʻylaymanki, siz ham. Taxminimizcha, shoir “menda mehr toʻla buloq bor” demoqchi boʻlgan koʻrinadi. Ehtimol, lekin, ilgari ham aytgandik, sheʼrda demoqchi boʻlishning oʻzi kifoya emas, deyilishi yo anglanadigan qilib ishora qilinishi kerak. Aslida, bu yerda “bulogʻi” soʻzidagi egalik qoʻshimchasi olib tashlansa kifoya, misra grammatik jihatdan toʻgʻrilanadi. Biroq u holda vaznda saktalik yuzaga keladiki, chamasi, egalik qoʻshimchasi oʻlchovni tenglashtirish uchungina qoʻshilgan, shu maqsad yoʻlida mazmun qurbon berilgan. Yaʼni bu oʻrinda ham yuqorida kuzatganimiz Ahad Qayumga xos shaklga ustuvor ahamiyat berish holati kuzatiladi. Ikkinchi misra esa tuzaladigan – “odam boʻladigan” ahvolda emas. Toʻgʻrisi, Ona yurtga tatbiqan “koʻzlaringni riyolari” birikmasini har turli koʻrinishda bogʻlamoqchi boʻlib koʻrdim, maʼno chiqarolmadim. Urinib koʻring-chi, balki siz uddasidan chiqarsiz...
Negadir ayrimlar fikr-tuygʻu anʼanaviy sifatlashu istioralar, turgʻunlashgan poetik kalimalar(klishelar)u izofalarni qoʻllagan holda jimjimador ifodalansayoq sheʼriyatga daxldor boʻlib qoladi deb oʻylashadi. Mana bu satrlarga qaraganda, A.Qayum ham istisno emas, chamasi:
Qoʻllarim qon, ishqi jarohat,
Qayda jonon, maʼshuqi rohat.
Tan olish kerak, qoʻshmisraning jarangi zoʻr, xirgoyi qilib koʻring – tap-tayyor qoʻshiq, faqat mazmun ifodasi nochor. Toʻgʻri, shoir “qoʻllarim qon, bu ishqning jarohatidan” demoqchi ekanini tushunib olsa boʻladi, lekin matnda “qoʻllarim qon, bu jarohatning ishqi (?)” tarzida ifoda etilgan-da. Ikkinchi misradagi “maʼshuqi rohat” izofasi esa “rohat maʼshuqasi” maʼnosini beradiki, bu ham yor tavsifiga mos emas. Shunga oʻxshash, “Qalbim har burchagi darzi ishq ozor” misrasida “qalbimning har burchagi ishq ozoridan darz yegan” degan maʼnoni ifodalash koʻzlangan boʻlsa kerak. Xay, mayli, burchaklari bor qalb boʻlsa boʻlaqolsin, lekin “darzi ishq ozor”dagi soʻzlarning oʻzaro va gapning boshqa boʻlaklari bilan aloqalari qanday? Shoir muayyan mazmun ifodasi uchun zarur soʻzlarni keltirib, “u yogʻini oʻzing topib olaver” qabilida yoʻl tutmayaptimi?! Bu ishtibohimizni mana bu misralar ham quvvatlaydi:
Netay koʻngil yigʻlar bu dam,
Vasli umid alam, alam
Shundan oshiq Ahadni ham
Judo qilding, judo qilding.
Jumla qurilishining parokandaligi, misralar orasida grammatik va mazmuniy aloqa oʻta zaifligi bois koʻngil nega yigʻlayotgani ham, Ahad nimadan judo qilingani ham qorongʻuligicha qoladi. Ikkinchi misradagi “Vasli umid alam, alam” misrasi oʻz holicha maʼnosiz boʻlgani kabi, boshqa misralarga ham bogʻlanmagan, faqat chiroyli jaranglaydi va, ehtimol, kimlargadir sirli mazmunga egadek tuyular ham. Shunga oʻxshash, mabodo “Muhabbat mangu osmon, unga sigʻmaydi yolgʻon, Oʻldirar haqqi vijdon sevgini xor qilganni” misralarini oʻsha “sevgini xor qilgan” osiy oʻqib qolsa, kimdan xadik olishini bilmay garang boʻlsa, ehtimol.
Ahad Qayum misralarning oʻlchovda tengligini taʼminlashning juda oson yoʻlini topgan: yetishmayotgan boʻgʻinlar soniga qarab bitta-yarimta soʻzni qoʻshadi-qoʻyadi. Deylik, “Sening baxting, har kun oʻzingni, Koʻzguda koʻrasan...” deyish bilan fikr mantiqiy yakuniga yetdi, lekin keyingi misrada uch boʻgʻin kam, shartta “oʻzingni” soʻzi qoʻshiladi – vassalom. Xoʻp, takrorligi takror, xoʻsh, nima qipti shunga?! Yaʼni, “zato” qofiyasini, ohangini koʻring! Innaykeyin, unchalik takror ham emas: “oʻzingni koʻrasan” degani bor boʻyi bilan koʻrish, “yuzingni koʻrasan”da esa faqat yuzni koʻrish nazarda tutilgan-da, axir... Mayli, bu eʼtirozlarni qabul ham qilayin, “Sevolmaydi seni hech kim undek birov...” misrasiga nima deysiz?! Bunda yo “hech kim”, yo “birov” ortiqcha emasmi?! Shunchaki ortiqcha boʻlsa-ku, mayli, soʻz boʻgʻin sonini rostlash uchungina kiritilganini bilmaydi-da, mazmunga ham taʼsir qilib qoʻyadi, masalan, bunday:
Qaytmas endi ilk muhabbat ham,
Qaytmas endi orqaga vaqt ham...
Ikkinchi misradagi “endi” soʻzi mantiqqa xilof daʼvoni yuzaga keltiradi, zero, “vaqt endi orqaga qaytmaydi” jumlasining zamirida “ilgari qaytgan” maʼnosi ham mavjud. Darvoqe, tilshunoslikda “parazit soʻzlar” tushunchasi borki, u kishi nutqida hech zaruratsiz takrorlanib, goʻyo bogʻlashgagina xizmat qiladigan soʻzlarni anglatadi. Chamasi, shoir nazdida “endi”, “demak”, “hatto” kabi soʻzlar shu maqomda, ularning aksar mazmun tomoni oʻylanmay ishlatilgani shunday fikrga olib keladi. Biroq, yuqorida koʻrganimizdek, ular mazmunga ham jiddiy taʼsir qiladiki, quyidagi parchada buni yana bir karra kuzatish mumkin:
Nigohlari kamalak,
Nozik misli kapalak,
Hammadan ham u demak,
Goʻzal!
Jumlaning mantiqiy tashkillanishi shundayki, avval bir, soʻng boshqa belgi qayd etiladi-da, shularga asosan hukm chiqariladi. Maʼlumki, “demak” soʻzi oʻzidan avvalgi fikrlardan tabiiy ravishda va aqlga muvofiq tarzda kelib chiqadigan xulosaga ishora qiladi. Keltirilgan baytda tavsiflanayotgan qizning “nigohlari kamalak (?)”, oʻzi “kapalakdek nozik” ekani esa uning beshak “hammadan ham goʻzal” ekanligiga dalolat qilolmaydi. Demak, shoir “demak”ni mazmun tomonini oʻylamay, “parazit soʻz” maqomida ishlatgan deyishga yetarli asosimiz bor.
Jumla qurilishiga yetarli eʼtibor qilinmagani sabab koʻpincha boʻlak(qism)lar orasidagi aloqalar buzilib, gʻayriodatiy mazmun ifodalovchi misralar yuzaga keladi. Masalan, “Sevgidan baxt emas, koʻzi namlanar” deganda, balki, “sevgidan baxt emas, gʻam-anduh topdi” maʼnosini ifodalash koʻzda tutilgandir. Biroq jumlaning hozirgi holatida avval “sevgidan koʻzi namlanar” aloqasi koʻzga tashlanadiki, oʻzining mantiqan gʻalizligi yetmaganidek, xayolda “nima, baxt ham namlanishi kerakmidi?” qabilidagi eʼtirozni uygʻotadi. Yoki “Yigʻlamayman, hatto pulim qolmasa”, “Sevaman deb, yolgʻon aldab adashdimmi?” “Sevdimu, lek unutolmadim” kabi yana koʻplab micralar borki, ulardagi jumla qurilishi, boʻlak (qism)lar orasidagi mazmuniy aloqalarning buzilishi eʼtirozli, hatto, kulgili holatlarni yuzaga chiqaradi. Xushohang jarangu mazmunni doʻst tutmaslik bunday jumlalarga xos umumiy bir xususiyatdirki, ular sirasidagi “shohbayt” oʻlaroq quyidagi misralarni eʼtirof etish kerak chogʻi:
Chiroyligim, chiroyligim,
Hammadanam siz oyligim.
***
Xulosa oʻrnida ayrim fikrlarni urgʻulab qoʻyish bilanoq cheklanaman.
Avvalo, shuncha tanqidiy fikrlarni aytganim bilan, Ahad Qayumda Xudo bergan shoirlik isteʼdodi borligini inkor qilib boʻlmaydi. Faqat Xudo berganni tezdan bozorga chiqarib sotish yo sovurish emas, aksincha, asrab-avaylab, tarbiyalab rivojlantirish zarur. Isteʼdod turli-tuman sinovlar, chigʻiriqlardan oʻtadi. Ahad Qayum ijodiy taqdiriga yosh turib ulkan shuhrat topishu “xaridorgirlik” yozilgan ekan, hozir masala “bu sinovdan u isteʼdodini toblab chiqadimi yo butkul boy beribmi?” tarzida turibdi. Afsuski, hozircha yosh shoir keyingi yoʻlda, biz boʻlsa uning tez orada narigi yoʻlga oʻtishiga umidlana olamiz, xolos. Soniyan, yuqorida aytilganlar faqat Ahad Qayumga emas, balki uning misolida koʻpchilik – mahalliy xonandalarga “usilitel” qoʻyib berish asnosi oʻrindoshlik asosida qoʻshiq soʻzlari bilan taʼminlashning ham uddasidan chiqayotgan “shoir”larga, nafaqaga chiqqach tuyqus oʻzlaridagi shoirlik iqtidorini fahmlab qolgan otaxonu onaxonlarga, xullas, yaxshi niyat bilan qalam surayotgan barchaga taalluqlidir. Shoyadki yuqoridagi mulohazalarimiz sabab shulardan ayrimlari har neni ham sheʼrga solib boʻlmasligiyu yozilgan har neni eʼlon qilaverish maʼqul emasligini oz-moz anglasa, sheʼriyat muqaddas dargoh ekaniyu tildan foydalanish masʼuliyatini chinakamiga his etsa...
Izohlar
(Поэзияда мантиқ, дид, ахлоқ ва бошқалар хусусида)
Ўзингиздан қолар гап йўқ, сўнг вақтларда назмбозлик касалига йўлиққанлар – жўнгина гапларини ҳам шеърга соладиган, энг ёмони, уларни “шеър” деб эълон қиладиганлар кўпайган. Қарангки, буларнинг бахтига овоз кучайтиргичу фонограммалар замони келиб, истеъдоду диддан мосуво қўшиқчилар ҳам кўпайгандан кўпайди! Ўхшатмагунча учратмас, деганлари шу-да: булар наригилари битган маза-матрасиз шеърларни хориждан ўғирланган куйларга солиб, компьютер дастурлари ёрдамида сайқаллаб, чунон “куйлай” бошладиларки, тезда FM тўлқинларини забт этиб, қўл телефон “чип”ларини тўлдирдилар. Ана энди қулоғидан “наушник” тушмайдиган, ҳар нени ундан таралаётган оҳангга мос муқом билан қиладурган “санъат шайдоси” қизчалар шеърият нимаю қўшиқчилик санъати нелигини қандай тушунишларини фаҳмлаб олаверинг!.. Йўқ, кўпам фаҳмингизни зўриқтирмайин-да, ўзим бир мисол келтириб қўяқолай. Ўтган йили эди, водийга ижодий сафар дастури доирасида чоғи, университетимизда шеърлари кўплаб машҳур хонандалар репертуаридан жой олган Аҳад Қаюм билан учрашув уюштирилди. Ўшанда талаба қизларнинг дастхат олайин деб шоир ортидан югургилаб юрганларини кўриб, шеърият ҳақидаги тасаввурларимиз нечоғли қашшоқлашиб қолганини надомат билан ҳис қилгандим (шу гапимни ёздим-у, “ўшанда ичимда ҳасад ғивирлаб, ғайирлигим қўзиб қолмаганмиди экан?” деган саволни ўзимга қайта-қайта бериб кўрдим, ҳайтовур, ҳар гал очиқ юз билан “йўқ” дея олдим). Ахир, “мухлисларнинг” кўпчилиги филология факультетининг талаба қизлари – эртага ёш авлодга чин шеърият нелигини англатиш, бадиий сўз жозибасини юқтиришга тайёргарлик кўраётганлар эди-да! Яна эшитдимки, улар орасида шоирнинг чин “фанат”лари ҳам, “Муҳаммад Юсуф – авом шоири, Аҳад Қаюм – хослар шоири!” шиорини баланд тутган қўлбола мунаққидлар ҳам бор эмиш. Аввалига, қўлбола мунаққид киноя қилган чиқар, деб ўйладим, ичимда унинг фаҳми ва закийлигига ҳақ бердим (ўша дидсиз фанатлар ичида юриб уларнинг устидан боплаб кулибди, деб ўйладим-да!) ҳам. Бироқ дедиларки, йўқ, у айтганларини асло киноя эмас, айни илмий ҳақиқат санайди. Ана, холос, буёғи қанчадан тушди энди?! Эртанги танқид омма дидига мослашиш йўлига кирар экан-да?! Ваҳимага йўйманг-у, айтганларим негадир адабиётимизнинг истиқболидан ташвишли бонг бўлиб (ёқамга туфлаб қўйдим, алҳазар!) туюлаверади...
Ўйлайманки, бадиий диднинг оммавий тарзда сусайгани – ҳамиша ўқувчи омма илғорида турган талабаларнинг шунчаки вазну қофияли нутқ билан ШЕЪРни, мисрабоз билан ШОИРни фарқламай қўяётгани адабиётга алоқадорки одамни жиддий ташвишга солмоғи керак. Албатта, мазкур ҳолнинг сабаблари кўп, лекин энг аввал ўзимиз билан боғлиқ томонини мулоҳаза қилиб олишимиз даркор. Тўғриси, бемаза шеърлар урчиб кетаётгани ҳақида адабий давраларда кўпдан бери айтиб келамиз. Афсуски, фақат шугина: “айтиб келамиз” – вассалом! Ҳеч биримиз ўша шеърларнинг нимаси бемаза экани, нима учун уларни шеърга санаб бўлмаслигини кўрсатиб беришга ҳафсала қилмадик. Негаки, бунақа шеърларга осмондан қараб, уларни “танқиддан тубан”, “диққат-эътиборимизга номуносиб” деб билдик, – улар ҳақида бир нима ёзишни ўзимизга эп кўрмадик. Энди тобора амин бўлаётирманки, бу масалада эгаллаган мавқеимиз, тутган тутумимиз қилаётган ишимизга, зиммамиздаги вазифага хиёнатдан ўзга эмас экан. Зеро, жимгина томошабин бўлиб турмай вазифамизни сидқидилдан бажарганимизда эди, балки бемаза шеърлар ҳозиргидек урчиблар кетмаган бўлармиди?!
***
Шеър машқига жазм этганлар, кўпинча, энг қийини сўзларни мавзун мисраларга тизишу ўринли қофиялар топиш деб ўйлаб хато қиладилар. Негаки, бу шеър техникаси билангина боғлиқ, яъни ўрганса бўладиган жиҳат. Аслида мавзун мисралару бенуқсон қофиялар восита, холос, уларнинг вазифаси муайян туйғу ё фикрни изчил ифодалашу ўқувчининг лирик ҲОЛни кўнглида қайта яшатишига имкон яратишдир. Шу боис поэтик мантиғи ва ифода изчиллигига путур етган шеър, нечоғли хушоҳанг бўлмасин, барибир “хомаклигича қолаверади”.
Поэтик мантиқ, биринчидан, кечинма билан у юзага келаётган ҳолат мутаносиблигини, иккинчидан, лисоний ифоданинг тасвирланаётган кечинмага мослигини, учинчидан, шеърдаги мисралар (бандлар)нинг ўзаро мантиқий-мазмуний боғлиқлиги (кетма-кетлик, изоҳлаш, зидлаш, қиёслаш, ўхшатиш каби алоқалар асосидаги)ни тақозо этади. Мазкур талаблар нуқтаи назаридан биттагина шеърни бир бошдан кўриб ўтамиз:
Сизга қанча меҳрим берсам ҳам,
Тўймадингиз, тўймадингизда.
Энди фақат мен сизни дейман,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да1.
Илк мисрадан лирик қаҳрамон бунга қадар (шу лирик кечинма вақтига қадар) ёрига “қанча (яъни, кўп) меҳрин берган”и, демак, анчадан бери унга муҳаббати борлиги англашилади. Иккинчи мисрадаги “тўймадингиз” сўзининг такрори ва -да юкламаси юзага келтираётган интонация “наҳот шунча меҳрга ҳам тўймасангиз” тарзида ёзғириш маъносини беради. Ҳолбуки, миллий бадиий тафаккурда “биргина нарсага – меҳрга тўйиб бўлмайди” деган фикр ўринлашган. Тўғри, ҳақиқий ижодкор бадиий тафаккурни баҳоли қудрат ривожлантириш, янгилашга интилиши, демак, ундаги айрим қарашларни инкор қилиши табиий ва зарур. Бироқ унинг бу ҳаракати бадиий-эстетик заруратдан келиб чиқиши ва асосланиши шарт. Юқоридаги ҳолатда эса бундай зарурат йўқ, “тўймадингиз” сўзи “қўймадингиз”га қофиядош бўлгани учунгина қўлланган. Натижада ошиқ ёрга берган меҳрини миннат қилаётгандек ҳолат юзага келганки, бу ошиқона кечинма табиатига ёпишмайди. Кейинги мисрадаги “энди” сўзи аввалги икки мисра мантиқини тамом барбод этади. Чунки “энди” сўзи иш-ҳаракатнинг нутқ моменти (бу ерда лирик кечинма вақти)дан бошлаб ва кейин амалга оширилишини англатади. Шунақа экан, лирик қаҳрамоннинг ёрга анчадан бери меҳр бериб келаётгани ёлғон бўлиб чиқадими?! Ёки у ҳозирга қадар бир эмас, бир нечаларга меҳр бериб келаётган эдим, демоқчими? Энг қизиғи, банд контекстида у ёри “қўймагани” (яъни, мажбурият ортида) учунгина “фақат мен сизни дейман” деяётган чиқади, яъни яна ўзини ўзи инкор қилади.
Иккинчи бандни ўқиймиз:
Муҳаббат излайсиз кўзимдан,
Қолманг дейсиз жоним ўзимдан,
Шарпадек кезасиз изимдан,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Лирик қаҳрамоннинг “фақат сени дейман” дея онт ичиши билан маъшуқанинг ошиғи кўзидан “муҳаббат излаши” (контекстда бу ошиқ кўзида муҳаббатдан асар йўқ, деган маънони ҳам беради!) бир-бирини инкор қилади. Маъшуқанинг ошиқни ҳол-жонига қўймай ортидан “шарпадек кезиши” (фақат уни дейишини билса, қайси аҳмоқ қиз шарпадек маъшуқ изидан қолмайди?!), “ўзимдан қолманг” дея ўтиниши ҳам биринчи банд мазмунини инкор қилади. Эътибор беринг, иккинчи бандни ўқигач ҳам лирик кечинмани юзага келтирган ҳолатни тасаввур қилиш имкони ҳаминқадар. Энг ёмони, маромга солиб ўқиш асноси аксарият ўқувчилар бу томонига эътибор ҳам бермайди, худди радиодан таралаётган замонавий қўшиқни қўшилиб хиргойи қилган каби, оҳанг мазмунни босиб кетади – муқомлари оҳангга мос-ку, нима деса деявермайдими!
Кейинги банд мантиқни тамом пароканда этади десак, муболаға эмас:
Хоҳланг йиғлаб, хоҳланг куламан,
Сиз истаган ошиқ бўламан,
Севиш керак бўлса севаман,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Иккинчи бандда маъшуқа ошиқ ортидан эланиб юрганди, бунисида навбат ошиқнинг ўзига келган. Мундай қараганда, дастлабки икки мисра мантиқан “энди фақат сизни дейман” онтини шарҳлаб, яъни шоир гўёки тангани чақага майдалаб беряпти, холос. Бироқ эндигина “сири билан” турган, маъшуқа бечорани изидан “шарпадек кездирган” лирик қаҳрамон нечук бу қадар кескин ўзгарди? Шеърдан бунга бирор асос, шунга туртки бўлган деталь топилмайди. Оқибат: ўзи шусиз ҳам кечинма юзага келган ҳолатни тасаввур қилиб бўлмаётганди, энди бунинг имкони тамом кесилди-қолди. Шунча онту илтижолардан сўнг бирдан “севиш керак бўлса севаман” (яъни, шу пайтгача севган эмас, шу керак бўлса, энди “марҳамат кўрсатиб” ҳам қўяверадилар) дейилиши ўқувчини шошириб қўяди: бунгача севмаган бўлса, гап ўзи нима ҳақида бораётганди?
Ўқувчи шошиб қолганига хайрон қолмаса ҳам бўлади, зеро, гап қандай туйғу-кечинма ҳақида бораётганини лирик қаҳрамоннинг ўзи ҳам билмайди чоғи:
Фарқи йўқдир, ҳазилми, чинми,
Энди танлаб бўлдим мен сизни,
Олай энди бир кўнглингизни,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Хўп, ана, лирик қаҳрамонимиз қизга муносабати ҳазилми ё чинлигини билмасин, ҳаётда шундай ҳолатлар ҳам бўлишини асло инкор қилмаймиз. Бироқ “фарқи йўқ” деган қатъий ҳукмини қандай тушуниш керак? Ахир, ўзинг севгидан сўзлаб турган бўлсанг-у, яна бу гапларинг “ҳазилми ё чин”лигининг фарқи йўқ десанг? Ҳолатга, айни дамдаги руҳиятга мос эмас-ку бу. Шу гапларини эшити-иб турган ва яна унинг изидан “шарпадек кезишга” ҳозир маъшуқага ҳам хайф-э! Эҳтимол, шўрлик тил-забонсиз бир махлуқдир, ахир: “мен сизни танлаб бўлдим!” деяпти-ку, хоҳласангиз ҳам, хоҳламасангиз ҳам – шу, дегандай қатъий. Ундай десам, “қўймадинг-қўймадинг, майли бир кўнглингни олай” чорловидан кишида бунинг маъшуқаси “разовый”, шекилли (яъни, ошиқ ўзини гўё “севги дўкони”да бир саф сулув ичидан танлаб олаётгандек тутмаяптими?!) деган андиша туғилади. Дилига инган андишани “Қўймадингиз, қўймадингиз-да” сатрига уриштирган ўқувчи “бир кўнглини олмасликка қўймайдиган” маъшуқани қай кепатада тасаввур қилсайкин?!
Ўнгу терси номаълум гапларидан маъшуқаси хавотирга тушиши мумкинлигини ўзи ҳам туйқус фаҳмлаб қоладими, лирик қаҳрамонимиз уни хотиржам қилишга шошади:
Бўлди етар хавотир олманг,
Қалбингизни шубҳага солманг,
Сизга рухсат ортимдан қолманг,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Адашмасам, ўзбекчада “Қалбингизни шубҳага солманг” калимаси мурожаат қилинаётган одамга “ўзингизни (ўз хатти-ҳаракатингиз билан) шубҳалантирманг” деган даъватни англатадики, айни шаклда у ҳолат мантиқига мувофиқ эмас. Бу ўринда лирик қаҳрамоннинг “гап-сўзларим, хатти-ҳаракатим дилингизга шубҳа солмасин” дейиши мантиқан тўғри бўларди. Кўрамизки, ўзбек тилининг услубий хусусиятларига эътиборсизлик орқасида яна мантиққа хилоф ҳолат юзага келаётир. Шунинг ўзигина кам кўринганми, ёрига марҳаматни тағин бир баҳя кўтариб, “ортидан қолмасликка изн” берилади. Сиз қанча чамаладингиз, билмадим-у, менинг наздимда маъшуқанинг ошиқ қошидаги мақомию қадри бир кучукчадан – қайсики, хуш қарасанг суйкалиб, “чўп” десангоқ бадар кетадиган кучукчадан ортиқ кўринмади... Шу боис бўлса керак, кейинги мисралар каминага “кир кўйлакка жун жўяк” нақлини эслатди:
Кўкдан юлдуз узиб бераман,
Ғам деворин бузиб бераман,
Ҳатто шеър ҳам ёзиб бераман,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Қаранг, лирик қаҳрамонимиз энди мумтоз шеърий қасамлар ичмоқда, лекин “ортидан қолмаслик учун изнга муҳтож” ёр қошида бунақа қасамлар ичишга ҳожат бормикан?! Йўғ-э, ёр шўрликнинг ўзи бунинг кўзига кучук боладай мўлтиллаб қараб турган бўлса-ю, унга яна “юлдуз узиб берилса” – ортиқча ҳашамат, исроф бўлади-ку! Демак, ушбу банднинг мазмуни ҳам ўзидан олдинги банд мазмуни билан мантиқий номувофиқлик ҳосил қиляпти. Бундан ташқари, “ҳатто” сўзини нотўғри қўллаш оқибатида мисралараро алоқада ҳам мантиқий ғализлик юзага келган. Гап шундаки, “кўкдан юлдуз узиб бериш”нинг ўзи муболағанинг ҳадди аълоси эди, агарки ундан сўнг “ҳатто” сўзи қўлланаётган экан, бажарилажак амалнинг ундан-да муболағалироқ бўлиши тақозо этилади. Шу ерга келганда шоирнинг камтарлиги тутиб кетганми ва ё ёрини ўзининг ашаддий мухлиси деб биладими, “ҳатто”дан кейин “шеър ҳам ёзиб бераман” дея ваъда қилади. Ҳай, майли, буни мумтоз шеърият анъанасидаги фахрияга йўйиб қўя турайлик-чи, асакамиз кетармиди...
Шеърнинг ҳикмати масалнинг “алқиссаси” каби охирида экан, бу бандда шоир гўё бизнинг эътирозларимизни олдиндан билган каби, ўзини оқламоқчи бўлган каби:
Биласиз-ку менинг кимлигим,
Эҳтиросга дарров берилгум,
Севги деса жуда бўш кўнглим,
Қўймадингиз, қўймадингиз-да.
Қаранг-а, ўқиганларимиз “севги деса жуда кўнгли бўш”, эҳтиросга тез берилувчан (авом тилида бундайлар “тутруқсиз” дейилармиди?!) одамнинг кўнгил ҳоли экан-у, шунга фаҳмимиз етмай эътироз устига эътироз бостириб келаётган эканмиз. Эҳтимол, эътирозларимизни кимдир қабул қилмас, кимлардир шеърдаги ҳолату кечинма ғоят ҳаётий дея ўзимизга эътироз ҳам қилар. Адолат юзасидан бунга муайян даражада ҳақ бериш керак, албатта. Бироқ ҳаёт шеъриятга тўғридан-тўғри кўчавермайди-да, ахир! Бу ўринда бир оддий ҳақиқатни такрор таъкидлаш зарур: ҳар қандай кечинма ҳам, ҳар каснинг кечинмаси ҳам ПОЭЗИЯга дахлдор бўлавермайди.
***
Муҳаббат мавзусидаги шеърларнинг энг машҳурлари айрилиқдан сўзлайдиганлари эканига эътибор қилган бўлсангиз керак. Сабабини ўйлаганда, хаёлга энг аввал аксарият эркакларнинг ҳаётида лоақал бир бор “куйгани”ю шоирда ўзининг дарддошини кўргани келса, эҳтимол. Ундай десак, бунақа шеърлар аёлларга ҳам бирдек ёқади-ку?! Нега? Менимча, асосий сабаб – шеърда акс этган йўқотиш изтиробининг гўзаллигида. Ҳа, шеърият анъанасида шундай: бир шоир йўқотиш изтиробини “ёруғ ҳасрат” деб айтади, чунки ҳасрати ҳам ёр билан лиммо-лим тўлган (А.Пушкин); бошқа бири ёридан айро ҳолатини “бу кун ҳамроҳимдир гўзал изтироб” дея таърифлайди (А.Орипов)... Санаб ўтирмайин-да, сабабга қайтай: ҳар икки ҳолда ҳам изтироб нурли, шу боис қалбни нур чулғаб олган, энди унда кин, адоват, аламзадалигу нафрат кабиларга ўрин йўқ – гўзал изтироб қаршисида улар ўта майда. Муҳими, шеърхон ўз дилидаги изтиробни шунга менгзайди – маънан юксалади; тағин бири ўзга қалбда шундай гўзал изтироб бўлиб яшаётганини ҳис қилади, ўзини ўша гўзалликка алоқадор сезади – нурланади. Хуллас, айрилиқдан бўзловчи шеърларнинг жозиб кучи айни ҳисларни кўнгилдан кечиртиришида, шу боис улар кўнглимизга чиппа ёпишади-қолади.
Яхши биласизки, ҳар нарсада меъёр сакланиши керак, суиистеъмол – ҳар ненинг кушандаси. Тўғри, шеърият ҳақида сўз борганда статистик маълумотларга таяниш ғалати кўринади. Шундай бўлса-да, жазм этдиму “Ёлғиз аёл” тўпламини варақлаб санашга тушдим: ҳашпаш дегунча айрилиқдан бўзловчи шеърлар адади 25 дан ўтди – у ёғига сабрим чидамади. Рости, беихтиёр бунча шеърга мавзу берган айрилиқнинг ортида турган муҳаббатни тасаввур қилишга урина бошладим: ё у – мисли кўрилмаган буюк муҳаббат, ё менинг тасаввурим – ўта ожиз! Йўқ, хайрият, тасаввурим ожиз экан деб узоқ ўкинишимга тўғри келмади, жумбоқнинг ечими топила қолди – “Бугун севиб қолдим учинчи марта” номли шеърга кўзим тушди:
Биринчи севгимни зўрға унутиб,
Кўнгил қўйган эдим иккинчи марта,
Не қилай ундан ҳам бахтимни топмай,
Бугун севиб қолдим учинчи марта.
Э-ҳа, гап бу ёқда экан: бугун учинчи марта севиб қолган бўлса, айрилиқдан бўзлашлари камида иккита муҳаббат билан боғлиқ чиқади, эътирозда сал ошириб юборибман-да, эсиз! Ҳали бу таассуфим ростмана англаниб улгурмасдан охирги банддаги мана бу сатрларни ўқиб, эътирозимга умуман ўрин йўқ экан-ку, деб ўйладим:
Аҳад яшолмайди севгисиз, куйсиз,
Ёшлик – бебошлик-да, нима ҳам дейсиз,
Қизлар чиройли-да, кўриб қарайсиз...
Тўғри-да, севгисиз яшай олмаса, ёшлик – бебошлик бўлса, чиройли қизлар тугамаса – айрилиқдан бўзловчи яна қанча шеърга материал керак ўзи! Жиддий айтсам, “мисли кўрилмаган буюк” деб ўйлаганим муҳаббат парчаланиб, уқаланиб кетди. Бунақа ушоқ муҳаббат билан боғлиқ айрилиқ ҳам асл шеъриятнинг объекти бўлолмайди, сабабини “эшагига яраша тушови” нақлидан орттириб изоҳлаш мушкул. Ушоқлиги боис бундай муҳаббат қалбни тозартиришу юксалтиришга ожиз, шундан у нафрату аламзадаликка осонгина таслим бўлади:
Ўзганинг бағрида сен бахтдан кулсанг,
Мен эса юракда нафрат санайман”.
Беихтиёр савол туғилади: тақдир айирганидан сўнг шундай нафратга сазовор ёр чинданам севилганми? Лирик қаҳрамон дилидаги туйғу чинданам муҳаббат эдими? Шеър охиридаги мана бу мисраларни ўқиганда, бу шубҳалар янада кучаяди:
Азизим, аслида дардим йўқ мени,
Севги дунёсида бахтим кўп мени,
Севасанми, йўқми Аҳадга фарқсиз –
Ошиқлар ичида қадрим кўп мени.
Мазкур мисраларни ўқиганда лирик қаҳрамон ёридан кўра кўпроқ ўзини севадигандек туюлади. Қаранг, “аслида дардим йўқ” деган даъвосию “севги дунёсида бахти кўп”лигидан фахр этиши билан ёрига “кўриб қўй, сенсиз ҳам ўлиб қолмадим” деяётгандек кўринмаяптими?! Кейинги икки мисрада эса аламзадалик янада очиқроқ ифодасини топган. Ўзига муҳаббати баландлигидан лирик қаҳрамон энг аввал ёрини айбдор ҳисоблайди – шундай ошиқни қадрлай олмаган-да! Яъни у муҳаббатидан айрилганига эмас, кўпроқ ўзининг нафсонияти оғринганига куяди, алами кучидан “ўлганнинг устига тепган” қабилида ёрга иддаолар қилади. Ҳолатни шу йўсин мулоҳаза қиларкан, табиий бир иштибоҳ туғилади: лирик қаҳрамон қалбида ёрига нисбатан муҳаббат бўлганми ўзи?! Иштибоҳимиз бежиз эмаслигига “Кимдир бугун, кимдир эрта” шеърини ўқиганда яна бир карра амин бўламиз. Шеърнинг дастлабки икки бандида ёрнинг илгариги ҳолати билан бугуни қарши қўйилган: “Шаҳзодалар эшик қоққан сарой эдинг, Соҳибдиллар ичра соҳибчирой эдинг... – Саройингдан шаҳзодалар кўчиб кетди, Соҳибчирой ҳуснинг қайга учиб кетди...” Кўряпмизки, бу ўринда ҳаётнинг бешафқат қонуни акс этган: ёшлик, ҳусн, умр... – дунёда неки бор ўткинчи. Йўқ, лирик қаҳрамон буни қонуният сифатида эмас, Худонинг бевафо ёрга берган жазоси ўлароқ талқин қилади:
Нолаларим Худойимга етдими ё,
Айт, севгилим, ишқ уволи тутдими ё,
Кечагина ярим кўнглим хор этгандинг,
Менга худо ўзи раҳм этдими ё.
Наҳотки ўзини ошиқ билган одам ҳамон “севгилим” деб атаётгани аёлга ёмонлик соғинса?! Йўқ десак, у Худога нима деб нола қилгану энди “ўзи раҳм этдими” деган чоқдаги қониқишини қандай тушуниш керак?! Шеър якунидаги “Маликалар эшик қоққан сарой бўлдим, Соҳибдиллар ичра соҳибчирой бўлдим” мисралари қониқишнинг оғринган нафсоният билан боғлиқлигини очиқ кўрсатиб турибди. Ҳолбуки, миллий бадиий тафаккурда “ошиқлик – ўздан кечмоқ” деб, нафс эса ишқ табиатига тамоман ёт тушунча ўлароқ талқин қилинадики, бу минг йиллар давомида мумтоз шоирларимиз асарлари орқали онгу руҳимизга сингган. Тўғри, ҳар бир авлод бадиий тафаккурга ўзидан бир нима қўшиш, уни янгилашу бир баҳя бўлсин юқорироқ кўтаришга ҳаракат қилиши табиий. Бироқ юқорида кузатилганларни шу хайрли ҳаракат доирасида кўриш бориб турган хато, аксинча, уларни кун келиб бадиий тафаккур ва дидни пароканда қилувчи “секинлаштирилган мина” деб билган тўғрироқ бўлади.
Афсуски, юқорида кўрганларимиз ҳали ҳолва, баъзан оғринган нафс хуружи шу қадар кучаядики, лирик қаҳрамонимиз очиқчасига “сўкиш”га ўтиб қўяқолади:
Йиғлама!..
Шайтоннинг урғочисисан,
Ҳаммани дўзаҳга чорловчисисан,
Ёлғончиларнинг энг ёлғончисисан,
Севги дунёсига қўйгандим қадам,
Билмай бир шайтонни танлаб қўйибман.
Ана энди шоир изҳори муҳаббат учун ишлатган сўзлар қаторига “шайтоннинг урғочиси”ни қўйиб кўринг-чи! Ёр таърифида ишлатилган чиройли сўзлар, унга қаратилган хушкалому лутфлар салмоғи шунчаларки, “шайтоннинг урғочиси” умуман кўринмай, йўқ бўлиб кетгандай. Бамисоли бир пақир зилол сувга бир томчигина сиёҳ қўшилгани каби: ранги асло ўзгармагандек кўринади, лекин сувнинг софлигини йўқотгани аён ҳақиқат, энг ёмони, бу ҳол сизу бизга ойдек равшан! Хўш, энди қандоқ қилсак тўғри бўлади: осонгина кўзимизнинг алдовига ишонган бўлиб “сув – соф” деб қўя қолсакми ё... Янаям ёмони, сиёҳ қурғур бир томчигина эмас-да. Ёрни-ку қўя турайлик, ўзгага ёмонлик тилашдан қайтарилган уммат бўлсаг-у, шоиримиз: “Сўнгги сўзларимни эшит, эй маккор, Бир куни бўларсан итдан баттар хор”, – дея хитоб этса, лоақал ўша аёл қачондир қалбида муҳаббат уйғота олганининг андишасини қилмаса?! Андишадан сўз очганим нимаси, ахир, бунақа шафқатсиз “қарғиш”лар бош ҳарфлар билан таъкидлаб бериляпти-ку:
Севмасмидинг...
Бу кунингдан, эй бевафо,
ЎЛМАСМИДИНГ...
Комил ишонч билан айтаманки, мисолга олинган шеърлардаги кечинма эзгуликдан ҳам, гўзалликдан ҳам йироқ тушади. Ҳолбуки, поэзияга дахлдор кечинма ё эзгу, ё гўзал бўлмоғи шарт, агар ҳам эзгу, ҳам гўзал бўлcа-ку – нур устига аъло нур! – бу шеърни чинакам дурдона санашнинг бирламчи шарти. Ҳаётда моҳияти эзгулик ила ёвузлик, улуғворлик ила тубанлик, гўзаллик ила ҳунуклик орасида жойлашган турфа ҳолатларга дуч келамиз – уларнинг бириси кўпроқ у томон, бошқаси бу томон тортиброқ кетиши ҳам ақлга тайин. Хайриятки, шеърият мулки бедарвоза эмас, улар шеърга фақат санъаткор қалби орқалигина – эзгуликка йўғрилиб, гўзаллик нури билан жилоланиб кира олади, холос. Ҳа, тўғри, бу дарвозадан баъзан эзгу ё гўзал бўлмаган нарсалар ҳам киради, лекин улар эзгулик ва гўзаллик нури билан шу қадар ёритиладики – сазойи бўлганидан қочгани жой тополмай, хунуклиги ё ёвузлигини яширолмай қолишади. Тамсил қилмоқчи бўлсак, шоир қалби асалари уясига киришни назорат қиладиган қўриқчи арилар мисоли. Аслида, бу шоир қалбининг зотий хоссаси, фақат у муайян шароитда – шоир илҳом қанотида воқеликдан узилиб, гўзаллик ва эзгулик қонунлари устувор ИДЕАЛ оламида яшай бошлаган ижод онларидагина ҳаракатга келади. Яъни шоир ҳаётда сизу биздан ҳеч фарқ қилмаса-да, ижод онлари у кўз илғамас юксакликда бўлади ва, таъкидлаш керак, чин санъатга дохил асарлар фақат ўша жойда туриб яратилади. Демак, ҳамма гап ўша юксакликка кўтарила олишда. Йўқса, ижодга туртки берувчи нарса-ҳодисалару қалбимизда ўчмас таассурот қолдирувчи ҳолатларга тўлиқ рўйи заминда ҳаммамиз шоир бўлиб кетмасмидик?! Хуллас, ўша юксакликка кўтарилмасдан яратилган асарлар ҳақида “қиёмига етмабди”, “хомроқ экан” қабилидаги баҳолар берилади, сабаби, уларда сизу биз ҳам кўриб тургандан ортиқ ҳеч нарса йўқ: ишланмаган ҳаёт материали – эзгуликка йўғрилмаган, гўзаллик нури билан жилоланмаган хом ашё бор, холос...
***
Катта ўлчамда олинса, сўз эркинлиги бўғилган шароитга исён ўлароқ “Мен шоирман истасангиз – шу” ҳайқириғининг баралла янграгани яқингинада эди. Ўсмирлик чоғи шу ҳайқириқ юрагимизда акс садо бериб, руҳимизни қувватлантириб тургани ҳам аён ҳақиқат. Бироқ бугунимиз учун бу гап мутлақо тўғри келмайди! Нега? Ахир орада атиги бир йигит умрича фурсат ўтди, холос, наҳотки шунчалар беқарор бўлсам?! Кечагина фақат шу мавқедан қалам сурганни шоир санаган одам нега бугун ёш шоирнинг ижодда айни шу мавқени тутганини қабул қилолмаяпман? Рости, буни мушоҳада этароқ шууримга “руҳим қаридими?!” деган ваҳималар ҳам инди... Лекин барибир бир нарсага аминман: сўз эркинлигининг бўғилиши фожеа бўлса, мутлақ сўз эркинлиги кулфатнинг ўзгинасидир. Аждодларимиз сўзни ўққа қиёс этиб, унинг қалбга жароҳат етказиши мумкинлигидан бизларни огоҳ этаркан, камон ўқини – “пайкон” ё “хаданг”ни назарда тутганлар. Камситишга йўйманг-ку, бу – ўта ибтидоий тасаввур. Зеро, қанотли ракеталар замонида яшаяпмиз, эндиликда сўз руҳиятга оммавий таъсир этувчи қуролга айланган, бас, уни қўллашда ҳам муайян чекловлар бўлиши зарур. Албатта, маъмурий ё бошқа зўрлик эмас, оқибатни англашдан келиб чиқувчи чекловлар назарда тутилмоқдаки, бас, гап яна ижодкор масъулиятига бориб тақалади. Шоир “кўнглимда неки бўлса барини ва борича ифодалайман!” дейишга ҳақли эмас, чунки у шунчаки бир “қудуқ”қа ва ё бўшлиққа гапираётгани йўқ – айтганлари минглаб қалбларга кириб боради. Яъни, агар ҳақ талашилса, шоирнинг бу даъвосига ўша мингларнинг ҳар бири “кўнглимни иҳоталашга ҳақлиман!” даъвосини қарши қўйиши мумкин. Демак, шоир ниманики истаса ва ўзи хоҳлаган йўсинда эмас – ўқувчиларининг миллий, ахлоқий, эътиқодий қарашлари доирасида, уларнинг шаъни, ғурури, туйғуларини оғринтирмайдиган тарзда ифодалашга бурчлидир. Яъни сўз эркинлиги шу доира ичидагина яратувчи куч, унинг чегараларини ёриб чиққан онидан бошлаб – ҳалокатлидир, чунки энди у миллий ўзлик, кўнгил софлиги, эътиқод собитлиги, имон бутунлигига дахл қила бошлайди.
Айтганларим шунчаки қуруқ ваҳима бўлиб кўринмаса эди, деб қўрқаман; умид қиламанки, кейинги таҳлиллар масала анча жиддий эканига ишонтира олади. Дейлик, шунақа шеърлардан бири маъшуқага “Биламан, меники бўла олмайсиз, Биламан қалбингиз ўзга билан банд” деган мурожаат билан бошланади-да, ҳар бир банди ошиқнинг илтижоси – “Сени севаман денг бир марта фақат” шаклидаги таржеъ мисра билан якунланади. Хўп, агарки сеники бўла олмас экан ва қалби ўзга билан банд бўлса, нега энди “севаман” дейиши керак?! Шеърнинг давомида ошиқ маъшуқасини “ўн беш йил”дан бери кутаётганини англаймиз. Агар ўн беш йил илгари “севилган” бўлса, ҳозир сеники бўла олмаса ва қалби ўзга билан банд бўлса – у бировнинг хотини экан-да! Шундай экан, бировнинг хасмига кўз олайтиришни “ошиқлик” санаш мумкинми? Ахир, ўзбекнинг ахлоқида бундайлар “ориятсиз”, “ҳамиятсиз” деб билинади-ку, асл эрлар бундан ҳазар қилади-ку! Эҳтимол, кимлардир бу гапларимни ичи қораликка ва ё тирноқ остидан кир қидиришга ҳам йўяр. Овора бўлгани қолади, холос, чунки буни тақдир айирган севгилисига муҳаббати ҳануз сўнмаган ошиқ кечинмалари тасвирланган шеърлар сирасига зўрлаб ҳам қўшиб бўлмайди. Негаки, уларда шеъриятга ярашадиган покиза туйғулар акс этган, бунда эса шунчаки шаҳвоний майл, хоҳиш... Ҳа, лирик қаҳрамон ташвиши – шугина, яъни, мабодо, маъшуқаси келмаса, “Эртага дунёнинг шуҳратин йиғиб, Бир ширин бахт топмай ўлмасин Аҳад”. Эътибор беринг, лирик қаҳрамон маъшуқасидан кўра ўзини кўпроқ севади, шу боис уни айнан шу ёрига етишолмагани эмас, “етишолмаганлик факти”нинг ўзи кўпроқ ўртамоқда. Ахир, алам қилмасинми, “бутун дунё шуҳратини йиғиб” турган бўлса-ю, шугинага етишолмаса, аламнинг зўридан ёрига “Билмайсизда менга кимлар зорлигин” дея иддаолар қилади. Ҳай, буниси ҳам майли, лирик қаҳрамонимиз эришолмай ўтиб кетишдан шунчалар қўрқаётган “бир ширин бахт” нимайкин, а?! Ростини айтинг, бир менинг кўнглим бузуқми ё сиз ҳам шундай ўйладингизми?!..
Тўпламларни варақлай туриб, юқоридаги каби ҳолларнинг ўта кўплигидан, бот-бот “бир бўлса шеъриятга қўйилувчи ахлоқий талаблар бекор бўлиб кетган-у, камина бехабар қолганман-ов” деган андиша келаверади. Ахир, мана бунақа мисраларни ўқиганингда келаркан-да:
Қўлларимни узма бўйнингдан жоним,
Қўйворсанг, ўламан қўйнингдан жоним,
Бир тугмача жой бер кўнглингдан жоним,
Шу меҳр етади бутун умримга,
Бахтли қил тинчгина ётай қабримга.
Қизиқ-да, қўлларинг бўйнида, ўзинг қўйнида экансан, энди кўнглидан “бир тугмача жой” сўрашга озгина кеч қолинмадими?! Шунга тугмача бўлсин зарурат борми?! Тағинам билмадим-у, адашмасам, кўнглидан жой бергунчаёқ қўйнидан жой бериб қўядиган аёл севилмайди, унга эгалик қилинади. Ниҳоят, аввалроқ дуч келганимиз “бир ширин бахт” ҳали фаромуш бўлмагани боис беихтиёр унга “бахтли қил” сўровини мазмунан уриштирар экансан-да, киши: шуниям шеърга солиб ўтирмай SMS ёзиб қўяқолса-ку – олам гулистон, муддаоси жўнроқ ҳосил бўлармиди?! Маъшуқа ҳам анъанага кўра ўта бағритош, ҳатто “қабрга ётиш” олдидаги одамнинг даъватларига ҳам келақолмайди, шу боис бошқа бир шеърда лирик қаҳрамонимиз ноилож пўписага ўтади:
Бунчалар маккорасан, бунчалар ўжар
Қармоғимга илдираман бир куни.
Майли, сен қийнайвер, бўлавер қайсар,
Алдаб-сулдаб кўндираман бир куни.
Тўғри-да, шунча илтижолар қилди – келмади, у ҳам ердан чиққан ва ё кўчада қолган эмас-да, ахир, маъшуқасига “Айтиб қўяй билмаскансан сен мени” деяётгани ҳам шунга далил. Яъни айтмоқчики, сенинг макринг қирқ эшакка юк бўлар, бизники ундан-да ортиқ, шундай қилайки: “Сезмай ҳам қоласан розилигингни, Алдаб-сулдаб кўндираман бир куни”. Ўз-ўзидан хаёлда “бу ўзи нимага кўндирмоқчи бўляпти?” деган савол қалқиб чиқади. Начора, жавоби ҳам беихтиёр қалқиб чиқади-да: ўша онлар иболироқ шеърхон қизларимизнинг уятдан қизаринганини тасаввур қила оласизми?! Йўқ, ҳолатнинг ёқимлилигини айтмаяпман, ҳар бир шундай қизариниш ҳаё пардасини озгинагина бўлсин кўтаришини эслатиб қўймоқчиман, холос. Сирасини айтсам, камина бу сатрларда қалбга қанот берувчи муҳаббатдан асар ҳам кўрмаяпман. Ахир, бу “қоровул!” дея қичқирадиган ҳолат, не-не шоирлар асрлар давомида куйлаган муҳаббат ўрнини яқиндан бери хориж киноси таъсирида оммалашаётган, яъники “шуғулланмоқ” феъли билан қўлланатурган муҳаббат ишғол қилаётганидан далолат эмасми?!
Мумтоз шеъриятимизнинг лирик қаҳрамони ёри ағёрга “остонасида ётиш”, “кўчасида девонаваш юриш” кабиларни маън этмагани учун изтироблар чекади, магар “бир қиё боқиб қўйса” борми – иккала дунёси вайрон деяверинг шўрликнинг! “Ҳа энди, буям бир муболаға-да, аёлни муҳаббатига ишонтириш учун нималар демайди йигит киши?!” дея эътироз қиларсиз, эҳтимол. Йўқ, янглишасиз, бу шунчаки муболағали лутф эмас, асло, унинг замирида аёлини қизғонмаганни имонсиз, даюс билишдек миллий ахлоқ принципларидан бири ётади. Узоқ йиллар буни “аёлларга зулм қилиш”, “феодаллик” деб уқтирдилар, тан олиш керак, миллийлигимизни барбод этишдан манфаатдор кучлар озми-кўпми мақсадига эришдилар ҳам, зеро, улар руҳимизга киритган вирус то ҳануз суяк суриб ўтиб келяпти. Мана исботи:
Йўлларингни мендан буриб кетсанг ҳам,
Бошқага қалбингни бериб кетсанг ҳам,
Агар ўзга билан юриб кетсанг ҳам,
У ўзингни ишинг, мендан яширма,
Фақат бир илтимос, севмайман дема.
Ўзбек йигитининг ёри “ўзга билан юриб кетса ҳам” бу унинг шахсий иши деб туриши, устига-устак, буни “мендан яширма” деб сўрашини ақлингизга сиғдира оласизми? Шунчаликда ҳам яна “севмайман дема” дея ўтинишини-чи? Қийин-ов... Аммо афсус билан қайд этиш керакки, ўзга миллатлар билан тиғиз маиший алоқа, кино ва телевидение таъсирида битта-яримта шу тарз ўйловчилар ҳам чиқиб қолаётганини асло инкор қилиб бўлмайди. Хўп, бу-ку ҳаётнинг равиши экан, бироқ шеъриятга бундай ўй-фикр ва кечинмаларнинг кириб улгургани ҳаммамизни ҳушёр торттириши керак. Ахир, бир томони, бугунги Ғарб дунёсидаги кўпчилигимизни жиркантираётган ҳолатларнинг бошланиши шундан – даюсликнинг ахлоқ нормасига айланиб қолганидан эмасми?! Зеро, аввалига ўзи “юра бошлайди”, кейин аёлининг “юриб кетиши”га рухсат берилади, сўнг ўзаро келишган ҳолда иккиси икки томонда тенгдан “юришади” ва шу тарз оила, никоҳ каби муқаддас тушунчалар қимматини йўқотиб боради... Дарвоқе, мабодо “яна ўша ваҳимами?” дея ёзғирмоқчи бўлсангиз, аввал мана бу сатрларни мушоҳада қилиб кўринг:
Хиёнатдан Аҳад кечавер,
Ёт қучоғда ёринг қучавер,
Ўзгаларга меҳринг сочавер,
Бевафо, бевафо, жоним бевафо.
Келтирганимиз – “Бевафо” номли шеърнинг якунловчи банди, бунгача лирик қаҳрамон ўзига нима важ биландир “бевафолик” қилган севгилисини ёзғиради, борки аламларини тўкиб солади, унга “Умринг ёлғон хазон бўладир, Гулдек юзинг эрта сўладир, Бахтинг сўниб, қадринг синадир” дея шоирона “қарғишлар” юборади – шунчаликда ҳам кўнгли таскин топмайди. Унинг ҳолати мисоли бургага аччиқ қилиб кўрпага ўт қўяётган каби: ўша бевафо ёрига ўчакишиб одамни одам этгувчи ахлоқ меъёрларига тупуради гўё. Ахир, одам дегани муҳаббатсиз, никоҳсиз “ёт қучоғда ёрин қучаверса”, ҳеч бир чекловсиз “ўзгаларга меҳрини сочаверса” – ҳайвондан фарқи қоладими?! Энг ёмони, бу даъватнинг очиқчасига, баралла айтилаётгани. Энди тасаввур қилингки, шу шеър бирон бир эстрада “юлдузча”сининг “дид”ига ўтиришиб қолди-да, қўлбола бастакорига тезда куй боғлатиб, сакраб-сакраб куйлаган қўшиғи FM тўлқинларидан тушмай қолди. Хўш, нима бўлади? Юқорида айтганим ташқаридан келтирилган вирус эди, буниси ўшанинг вужудимизга мослашган – мутацияга учраган кўриниши. Мутант вируснинг эса, яхши биласиз, дафъи қийинроқ, антидот олмоқ учун вужуднинг бир касалланиб ўтиши тақозо этилади.
Яқингинада дўстона бир суҳбат асноси гап шеъриятимиздаги юқоридагича ҳолларга келиб тақалганида, кимдир биров “ахир, мумтоз шеъриятимизда ҳам...” дея эътироз қилди. Тўғри, мумтоз шеъриятимизда ҳам, масалан, “лабинг шаҳду шакар”, “лабинг болидин тотсам” ёки ўша машҳур “ман андин бир сўрорим бор” каби калималар бор. Фақат уларда муддао закиёна сўз ўйини билан ифода этилган ёки унга ишора қилиш билангина чекланилган. Замонавий ифода эса мана бундай:
Дийдорига қараб тўйсам,
Лабларига лабим қўйсам,
Нафаслари ширин-ширин,
Бирам ёқар, бирам ёқар.
Диққат билан қиёслаб кўринг: салафлар ишора ё сўз ўйини билан етказган маъно бу мисраларда ҳижжалаб ифода этиляпти. Сираси, маълум лаҳзалар давомида кечувчи жараён ва ундан олинган ҳузурнинг муфассал қаламга олингани ушбу банднинг эротик характер касб этишига олиб келади. Тўғри, ушбу даъвом кимгадир кулгили туюлар ва келтирилган парчада эротикадан асар ҳам йўқ дея аксилдаъво ҳам қилар ва бу табиий ҳам. Негаки, турли маданиятлар учун бунинг меъёри фарқли бўлгани билан, маданиятлар қоришуви кузатилаётган глобаллашув шароитида бир маданий муҳит доирасида ҳам меъёрлар турличалиги кузатилиши мумкин. Аслида хатар ҳам айни шунда, зеро, меъёр турличалиги моҳиятан миллий менталитетимиз дарз кетаётганидан даракдир. Биргина шеърий банд таҳлилидан шундай хулоса чиқараётганим йўқ, мана бундай сатрлар ҳам шунга далолат қилади:
Қизғалдоққа айлансайдим, қизғалдоққа,
Ёқармидим балки сендек қизалоққа.
Қаранг, қанчалар хушоҳанг мисралар – ҳеч бир нуқсонсиз жаранглайди, бироқ мазмун томони, айниқса, юқоридагича мулоҳазалар контекстида олинса, кишини шошириб қўяди. Ахир, “қизалоқ” сўзи ҳали вояга етмаган қизларга нисбатан ишлатиларди-ку?! Камига “Мендан ўзгани севма” шеъридаги “Ҳаммасига ишқ керак, Аҳадга ошиқ керак” мисраларини ўқиб, рости, бир муддат ҳайрон қотиб қолсангиз, ажаб эмас. Ҳойнаҳой, матнда “ошиқ” эмас, “маъшуқа” сўзи ўринлироқ бўлса керак, яна билмадим. Қизиқ, бу шунчаки эътиборсизликданми ё яна ҳар турли эркинликларни қонунийлаштираётган Ғарб таъсиримикан? Ишқилиб, биринчиси бўлсин, йўқса, бонг ураётганларим бекор...
***
Яхши биласиз, бозорда “эксклюзив маҳсулот” дегани анча қиммат нархда юради, инжа харидор уни “оммавий маҳсулот” (“ширпотреб”)га нисбатан юз чандон юксак қадрлаши ҳам маълум. Нега шундай? Менимча, бунинг бош сабабини уларнинг яратилиш жараёнида кўрган тўғри бўлади: биринчиси ижодийлик руҳига йўғрилган – унга яратувчисининг меҳр-муҳаббати сингдирилган; иккинчиси эса руҳсиз – унда қолипнинг жонсиз излари қолган, холос. Шунга қарамай, оммавий маҳсулот харидоргир бўлади, бунда молнинг сифати эмас, харидорнинг сотиб олиш имконидан келиб чиқадиган талабнинг катталиги ҳал қилувчи аҳамият касб этади. Худди шу қонуният бугунги адабий жараёнда ҳам тўла амал қилаётгандек. Хусусан, Аҳад Қаюм шеърлари энг аввал бугунги қўшиқчилик талабларини қондиришга тўла сафарбар этилган ва, шубҳасиз, унинг айни кундаги дидига яраша. Қўшиқчилик “маҳсулоти” эса, ўз навбатида, кенг оммага – бадиий диди ўтмаслашиб бораётганидан нолиётганимиз жамиятимизнинг қарийб ярмини ташкил қилувчи ёшларга мўлжалланган. Бошқача айтсак, шоир “керак пардани топган”, шу боис пайдар-пай шеър битиб, бастакорлар пешма-пеш куй басталаб, хонандалар ёниб-ёндириб куйлаб туришибди... Дарвоқе, алоҳида таъкидлаб санаётган бўлсак-да, ушбу жараёнларнинг бари “шоу бизнес” аталмиш ягона тармоқнинг узвлари, холос. Шоу бизнес эса – индустрия, унинг ҳудудида амал қилувчи асосий қонун – “харидоргир маҳсулот ишлаб чиқар ва уни сотиб фойда кўр!” Бас, унинг фуқаролигини қабул қилган шоир, бастакору қўшиқчи ҳам шунга амал қилиши шарт, санъат қонунлари эса бу ҳудудда фақат тавсия кучига эга...
Қисқаси, “энг аввал бугунги қўшиқчилик талабларини қондиришга тўла сафарбар этилган” деган даъвомизни асослаш мақсадида шоирнинг, масалан, “Қизми бу, кийикми бу?!..” тўпламини кўздан кечирамиз. Аввало, шоир куй басталаш ва хониш қилиш учун энг қулай шеърий шаклларни танлагани эътиборни тортади. У ҳам бўлса халқ оғзаки ижодидаги қўшиқларни ҳамда мумтоз шеъриятдаги мураббаъ ва мустаҳзодни эслатувчи шеърий шакллар. Хусусан, энг кўп – 39 та шеър халқ достонларидаги “фалоний бир сўз айтиб турган экан” тарзидаги изоҳ билан бошланувчи тўртликлар шаклида: дастлабки уч мисра ўзаро қофияланиб, тўртинчиси барча бандлар охирида таржеъ сифатида такрорланади. Достонлардаги бундай ўринлар ўқилганда беихтиёр хиргойига ўтиб кетилгани каби, анъана таъсири ушбу шаклдаги замонавий шеърларда ҳам сақланади. Тўпламдаги тағин 25 та шеърнинг ритмик-интонацион қурилиши ҳам деярли шунақа, улар мураббаъ шаклида, фарқи – таржеъ мисранинг йўқлиги. Мўъжазгина тўпламдан жой олган шеърларнинг қарийб 60 фоизи шу шаклда. Умуман олганда, у ёки бу шаклни суйиш ва ундан кенг фойдаланишнинг ҳеч айбли жойи йўқ. Бироқ шакл ижодкор учун шунчаки қолип, қайсики, ғишт қуйган каби турли-туман хом ашё (муҳаббат, висол, айрилиқ ва ҳ.к.)га тўлдириб пайдар-пай ташланаверадиган қолипга айланиб қолса-чи? Унда ижодийлик руҳи ўлади, бир-биридан айтарли фарқсиз нарсаларнинг туссиз қатори вужудга келади...
Хушоҳанглик, мусиқийлик, ижро учун қулайлик каби шаклий хусусиятларга устуворлик берилиши, буларни таъминловчи қўшиқбоп шаклнинг қолипга айланишидан энг аввал шеърнинг мазмуний-мантиқий томони жабр кўради. Гап шундаки, мазкур шакл мазмун бутунлиги ва ифода изчиллигини таъминлашда муайян қийинчиликлар туғдиради. Зеро, таржеъ мисра банддаги ўзидан аввалги уч мисранинг ўзи билан мазмуний боғланишини тақозо этади, айни пайтда, битта мисра билан тугалланаётгани ҳолда бандлар бир-бирига мазмунни изчил ривожлантирадиган тарзда боғланиши зарур. Агар шу талабларни эътиборга олсак, аслида бу шаклда мукаммал шеър битиш анча мушкул эканлиги аён бўлади. Айтилганлар нуқтаи назаридан “Сизни менга Худо учратди” шеърини кўриб чиқайлик. Биринчи банд:
Бу дунёдан севгисин излаб,
Кимлардир ўзини чарчатди.
Менинг бахтим сизни топганим,
Сизни менга худо учратди.
Бир қарашдаёқ банднинг мазмуний-мантиқий ташкилланишидаги изчиллик яққол кўзга ташланади: дастлабки икки мисра нисбий тугалликка эга фикрни ифодалайди, учинчи мисра унга қарши қўйилади, тўртинчи мисра эса учинчи мисраддаги ҳолатнинг сабабини изоҳлаб келади. Мисралар орасидаги зидлаш ва изоҳлаш муносабатлари асосидаги мантиқий алоқа мазмуний бутунликни таъминлайдики, бу ғоят муҳим. Зеро, ритмик-интонацион ва мазмуний жиҳатлардан нисбий бутунликка эга бўлиш банднинг белгиловчи хусусиятидир. Иккинчи банддан бошлаб айни шу хусусият кузатилмайди, натижада мантиқий-мазмуний парокандалик юзага келади:
Учрашдиг-у, бирга бўлмадик,
Йиғладиг-у, аммо кулмадик.
Топишдиг-у, бахтга етмадик,
Сизни менга Худо учратди.
Кўриб турганимиздек, дастлабки уч мисра бир хил синтактик қолипдаги уюшиқ гаплардан иборат, танланган шеърий шакл шуни тақозо этади. Шакл қўяётган ушбу талаб мазмунни изчил – ўсиш, пасайиш ё кенгайиш тартибида ифодалаш имконини чеклайди. Шу билан бирга, бундай уюшиқ гапларнинг таржеъ мисра мазмунига мос бўлиши, шеър ритмик тархида таржеъ санаш оҳангида айтилган уюшиқ гаплардан сўнг айрича урғулангани каби, мазмуний ташкилланишида ҳам худди шундай “зарб” олиши керак бўлади. Демак, содда кўрингани билан, бу шеърий шаклда чинакам бадиий қимматга молик мазмунни ифодалаш осон эмас. Шундан бўлса керак, айрим сўзлар, бирикмалар, баъзан айрим мисралар шунчаки қолипни тўлдириш учунгина киритилгандек таассурот қолдиради. Масалан, юқоридаги банднинг учинчи мисраси биринчи мисра маъносининг ўзини оқламаган такрори бўлса, уларнинг ўртасига пона бўлиб кирган иккинчи мисра беўхшовроқ кўринади (балки, учинчи мисра билан ўрни алмашганида, мазмун ўсиш тартибидаги изчилликда берилгандек таассурот қолармиди). Энг ёмони – учала мисрадан келиб чиқаётган маъно таржеъга номувофиқ. Мантиқан улардан сўнг, масалан, “Худойимнинг тақдири экан” мазмунидаги мисра келиши тўғрироқ бўлади. Ҳозирги ҳолатида эса банд тайинли бир мазмунга эга бўлмай қолганки, бунинг сабаби ўзаро қофияланган учта мисра билан таржеъ орасидаги мазмуний муносабатнинг бузилганидадир. Худди шундай ҳол кейинги учта бандда ҳам кузатиладики, бу шеърий шаклнинг оддийгина “қолип” бўлиб хизмат қилганидан далолатдир.
Афсуски, юқорида кўрганимиз ҳолатни шу шаклда ёзилган деярли барча шеърларда – ҳеч бўлмаганда бир банд доирасида – кузатишимиз мумкин. Диққат қилинса, бу шеърлар учун умумий бир қонуният борлиги кўринади: мазмуний ташкилланиши жиҳатидан биринчи банд яхшигина савияда ва у шеър охирида айнан такрорланади. Фикримизча, бу билан шеър (қўшиқ)нинг ўқувчи (тингловчи) томонидан қабул қилиниши дастурлаштирилади. Дастур алгоритми эса қуйидагича: биринчи банд шеър (қўшиқ) мазмунини моделлаштиради – модель шеърий оҳанг (куй) орқали ўқувчи (тингловчи) шуурига кўчади – кейинги бандлар ҳам шу модель билан аналогия асосида қабул қилинади – биринчи бандни такрорлаш билан таассурот яхлитлашади. Яъни шу тарз қабул қилгани учун ҳам етарли даражада ўқиш (тинглаш) тажрибасига эга бўлмаган ўқувчи (тингловчи) битта-иккита банддаги мантиқий номувофиқликларни илғамайди. Қатъий айтиш мумкинки, ўқувчи омма бадиий диди билан бемаза шеърлар ўртасида тескари пропорциядаги боғланиш мавжуд: дид пасайгани сари бемаза шеърлар кўпаяди ва, аксинча, кўтарилгани сари – камаяди.
Мураббаъ шаклида деб айтганимиз шеърларда мазмун изчиллиги ва мантиғини таъминлаш юқорида кўриб ўтилган шаклдагига нисбатан осонроқ. Сабаби, бунда таржеъ йўқ, демак, барча бандлар мазмунини битта мисра мазмунига мувофиқлаштириш талаб қилинмайди, бу эса банддан бандга мазмунни изчил ривожлантиришга кенг ва қулай имкон беради. Бироқ тўпламлардаги шу нав шеърларни кўздан кечираркан, гап шаклдагина эмас, балки, ижодкорнинг ўзи қилаётган ишга, Ҳудо берган истеъдодига, бир сўз билан айтсак, СЎЗга муносабатида эканига амин бўламиз. Айниқса, шакл бобидаги тажриба ўлароқ ёзилган айрим шеърлар, йўқ, “сўз тизмалари” борки, муаллиф истеъдодини беҳуда совураётганини кўриб ачиниб кетасан киши. Шундай сўз тизмаларидан бирида мана бундай мисраларга дуч келамиз:
Денгизу тўфонаман,
Селлару суронаман,
Ўзинг айт қаёнаман
Айтишга уяламан.
Адашмасам, дастлабки икки мисра ўзбек адабий тилидаги “денгиз ва тўфонман, сел ва суронман” шаклига тўғри келадики, бу ерда ифоданинг ғализлигини айтиб ўтириш ҳам ортиқча. Кейин, нега энди “тўфонаман, суронаман” шаклида? Қофия талаби билан-да. Қизиқ-да, ахир, бу банднинг дастлабки мисралари-ку?! Ё аввал тўртинчи мисрани ёзиб, сўнг аввалгилари унга унга қофиядош қилинганми? Жавобни шеърнинг илк мисрасидан топасиз, у эса “Ишқингда девонаман” шаклида, кўриб турганимиздек, ошиқ ҳолининг анъанавий ифодаси:
Ишқингда девонаман,
Ҳуснингга парвонаман,
Йўлингда мастонаман,
Муҳаббатдан қонаман.
Фаҳмлаётгандирсиз, ҳамма бало шеърдаги ўн учта тўртлик банднинг барча мисраларини, яъни эллик икки мисрани “девонаман”га қофиядош қилишга беҳуда уринишда. Хай, шуни деб тилимизнинг не кўйга солинаётганини-ку қўя турайлик (бу тўғрида қуйироқда махсус сўз юритамиз), илк банддаёқ мазмуннинг бунчалар ночор, саёзлигини кўриб беихтиёр ҳафсаланг пир бўлади. Ахир бош банд шу бўлса, давомида ниманиям ривожлантириш (изоҳлаш, шарҳлаш, исботлаш, инкор қилиш ва ҳ.к.) мумкин бўларди, яъни “эчки нима бўлди-ю, думи нима бўларди” дегани шудир-да?! Хаёлига шуни келтирган дидли ўқувчи адашмаган бўлади, чунки давомида янаям ажабтовур мисралар тизилган:
Чой берсанг, чойхонаман, (?)
Гул тутсанг, Фарғонаман, (?)
Айтдим-ку, бир донаман,
Севгига чулғонаман.
Эҳтимол, мухлислар шоир ижодий экспериментга мойил, бу ерда у барча мисралари ўзаро қофиядош шеър ёзишга ҳаракат қилган ва бунга эришган, дея каминага эътироз ҳам қилишар. Хўп, бироқ ижодий экспериментдан кўпи борми: биттагина арзирли бадиий самара олгунча қанча-қанчаси бесамар кетади – ҳаммасини ўқувчига тақдим этиш шарт эмас-да! Кейинги бандларга ҳам мазмуни мос келса-келмаса “... наман”га қофиядош қилиб “Вафога оқланаман (?), Қалбингда покланаман...” (?), “Тақдирман, пешонаман...” (?) қабилидаги мисралар тизилаверган.
Юқорида яна бир шеърий шаклни “мустаҳзодни эслатадиган” деб атаганимиз боиси унда тенг ўлчамли учта мисра ўзаро қофияланади-да, банд тўртинчи қисқа мисра билан ёпилади, кўпинча, қисқа мисра таржеъ сифатида такрорланади ҳам. Қисқа мисра борлиги учунгина “мустаҳзод”га менгзашимизда, балки, зўракилик кўринар. Бироқ биз бу ерда кўпроқ бошқа бир нарсани – ҳазрат Навоий мустаҳзод ҳақида “халқ орасида бир суруд бор” деганларини назарда тутдик. Зеро, “суруд” қўшиқ дегани, ҳазратнинг айтишича, қисқа мисра орттириш билан шеър қўшиқ оҳангига мосланади2. Дарҳақиқат, бундай шеърларнинг куйи сўзларга қўшилиб оқиб келаётгандек туюлади, мусиқийни ҳис қилишга салгина қобил одам беихтиёр хиргойига ўтиб кетади. Мана, шундай шеърлардан бирининг бош банди:
Қоматининг нақшлари,
Зимдан туриб боқишлари,
Юракка ўт ёқишлари,
Гўзал!
“Тавсиф” деб номланган ушбу шеър ёр таърифига бағишланган, барча бандлари “Гўзал!” хитоби билан якунланади. Умуман олганда, бу бадиий ният ижроси учун ғоят мақбул шакл экани шубҳасиз, бироқ мазмун томони шунга муносиб бўлмай қолган. Фикрли шеърхонда ўқишни бошлабоқ “Қоматининг нақшлари” нима дегани бўлса экан?” деган савол туғилади. Балки кимдир жавоб топар ҳам, камина ўйлаб охирига етолмадим. Сўнг “зимдан туриб боқишлари” дегани ҳам контекстга тушмаётгандек: “зимдан боқишни” фаҳмлашимиз, нигоҳимиз билан “тутиб олишимиз” мумкин, “зимдан туриб боқиш” эса “панадан, яшириниб туриб боқиш” маъносини берадики, уни кўраётганимиз йўқ, бас, “Гўзал!” дея хитоб қилиш ҳам ўринсиз.
Хуллас, гапни бозор қонуниятларидан бошлаганим бежиз эмаслиги аён бўлди, назаримда. Яна “эксклюзив маҳсулот” билан “ширпотреб” хусусида ҳам тўхталгандимки, ҳозир ўша жойдан давом қилиш зарурати бор. Одатда, эксклюзив маҳсулот қўл меҳнати билан яратилади, албатта, меҳнат унумдорлиги ҳам шунга яраша. Ахир, ўзингиз ўйланг, омади чопиб бирдан шоу бизнес оламида “модний шоир”га айланиб қолсаю хонандалар шеърга навбат кутиб туришса, қўл меҳнати билан талабни қондириб бўларканми?! Хўш, аҳвол шунақа экан, “ҳаммага етсин” деган яхши ниятда дастгоҳни ишга тушириб, бешта-тўртта қолип билан пешма-пеш “штамповка” қилганнинг нимаси ёмон?!
***
Ишдан қайтар йўлим бозор оралаб ўтади. Ўтиб бораётсам, эллик-эллик бешлар атрофидаги аёл шундай йўлакда, ергаёқ ёзилган белбоққа бир ярим-икки килолар чамаси олмани териб қўйган, олмаси ҳам бозор одаминикига ўхшамайди – ялтиратиб артилмаган, ўзи ҳам бир аҳвол – ғарибгина бўлиб ўтирибди... Хуллас, зарурати бўлмаса ҳам ўша олмани сотиб олгим келди: шўрликни бозордан бўшатсаму кун ёруғида уйига кетса... Айтган пулини савдолашмасданоқ бердим-да, ичимда бир равшанлик туйган ҳолда йўлимда давом этдим. Иттифоқо, ненидир унутганимни эслаб, ортга қайтдим. Керагимни харид қилиб қайтаётсам, яна халиги аёл – шундай йўлакда, ергаёқ ёзилган белбоққа бир ярим-икки килолар чамаси олмани териб қўйган, олмаси ҳам бозор одаминикига ўхшамайди – ялтиратиб артилмаган, ўзи ҳам бир аҳвол – ғарибгина бўлиб ўтирибди... Ҳа-я, менга олманинг ҳеч зарурати йўқ эди, унда нега сотиб олдим? Ўйласам, ўшанда олмага эмас, аёлнинг “ғарибгина бўлиб ўтирган” ҳолати – ҳозир урфдаги сўз билан айтганда, “имиж”ига харидор бўлгандекман. Соддамиз-да, бозор ҳақида гап кетсаёқ “талаб ва таклиф” дея билимдонлик қиламиз, буларнинг ўзини ҳаракатга келтирувчи омиллар борлигини хаёлимизга ҳам келтирмаймиз. Бозор одами эса буни хўб билади: у кишининг рафтори, кийим-боши, юриш-туриши ва яна қатор ўзигагина маълум белгиларига кўз қирини ташлабоқ оларманми ё шунчаки сўрарман экани, нимани ва қай йўсин таклиф қилишу қанча нарх айтса қочириб юбормаслигини бехато аниқлайди. Негаки, инсон руҳиятини билишда у жилд-жилд китоб кўрган психологдан ўткирроқ, чунки буни бозор аталмиш аёвсиз рақобат майдонида, муттасил касодга учраш хавфи остида юриб ўрганган. Яна, биласиз... бозорга шайтон оралаган. Ахир, тиррақи бузоқча арқонини ўғилчасига тутқазиб қўйиб, “Шугина етимча экан...” дея харидорни “ийдир”моқ пайидаги оталар; “Аёлим операция бўладиган, йўқса, онамдан қолган табаррук нарса эди, сотармидим...” қабилида тўқиган ёлғонларига ўзлари ҳам ишониб кетганидан ҳар бозор кўзига ёш олаверадиган эрларнинг устози шайтон бўлмаса, ким?!..
Аҳад Қаюмни шоу бизнес вакили дея тақдим этдик, “шоу бизнес” дегани эса, қўшиласизми йўқми, “бозор” билан эгиз тушунчадир. Яъни шоиримиз юқорида таърифланган бозор одамига хос “руҳшунослик”дан мосуво эмас, аксинча, ўзи англайдими ё йўқми, фитратидаги айни шу хусусият муваффақиятининг бош омилларидан бири десак, янглиш бўлмайди. Даъвомиз асоссиз эмаслигига қаноат ҳосил қилиш учун шоир мухлислари кўз олдида яратган “имиж” – шеърларида намоён бўлувчи лирик қаҳрамоннинг сурату сийратини бир қургина назардан ўтказиш кифоя.
Аҳад Қаюмнинг қатор шеърларида бўй кўрсатувчи лирик қаҳрамон – ҳаётда ниҳоятда кўп қийинчиликлар кўрган, истеъдоди тан олинмай турфа қаршилигу тўсиқларга дучор бўлган, ёру дўстлардан хиёнату яқинларидан таъна-дашномдан бошқани кўрмаган... ва шу монеларга қарамай ҳаётда ўз ўрнини топган, ҳозир урф бўлган ибора билан айтганда, “ёриб чиққан” одам. Кўплаб шеърларга сочилиб кетган мазкур лирик қаҳрамон “Яқин ўтмиш” номли хасби ҳолда тўлақонли гавдалангани боис, мулоҳазаларимизда шунга таянамиз. Умид қиламанки, таърифлаганим лирик қаҳрамонни “Қайда кўрган бўлсам экан-а...” деган ўй хотирангизни кўпам зўриқтирмас: ахир, бу ўша, бизга ўтган асрнинг 90-йилларидан кириб кела бошлаган “пуфак опералар”га хос қаҳрамон типларидан бири-ку! Ёдингиздадир, ўшанда ҳассос қиз-жувонларимиз канизак изауралару просто мариялар тақдирига ўз жигаридан-да ортиқроқ куядиган, ўзларидан кўра кўпроқ уларнинг ташвишини қиладиган бўлиб қолмаганмиди?! Шундай. Негаки, “бахтсизликдан – бахтиёрликка” қолипида қурилган бу сериаллар тўғридан-тўғри соддадил томошабин онгига таъсир этишга, қалбидаги шафқат торларини чертишга қаратилган. Мушфиқ опа-сингилларимиз экрандаги қаҳрамонларни ҳамдард бўлиб кузатган, улар билан бирга йиғлаб-юпанган, изтироблар чеккан... хуллас, ўртадаги эстетик масофа йўқолган, улар экрандаги воқеаларни санъат эмас, ҳаётнинг бевосита давоми ўлароқ қабул қилиб, дилларидаги шафқату ачиниш туйғуларини тўкиб енгиллаганлар. Йўқ, бу санъат асари пайдо қилувчи катарсис эмас, шунчаки қиз-жувонларга хос турфа сабаблар билан тўлиблар кетадиган кўнгилни бўшатиб олишнинг бир кўриниши, холос. Яхши маълум, шафиқа тоифа меҳр-муҳаббатини қозонишнинг энг синоқта йўли – ачиниш ҳиссини уйғотиш. Зеро, айни ҳис уларнинг фитратидаги оналикни жўш урдириб, меҳрини ачиниш объектига йўналтиради. Деганим, сериал қаҳрамонларига муносабат асосида ҳам шу нарса ётадики, “пуфак сериал” ижодкорлари бундан устомонлик билан фойдаланишади. Оммавий адабиёт эса шу сериалларга қариндош, қисқаси, “Қазисан, қартасан...” деган гапда! Худди сериаллардаги каби, масалан, “Яқин ўтмиш” шеърида ҳам лирик қаҳрамон ҳаётда дуч келган қийинчиликлар бўрттирилади, изтироблари қуюқлаштирилиб, оҳ-фиғонлари урғуланади. Шунинг андишасини қилиб бўлса керак, шеър “Кимдир ишонади, кимдир эса йўқ” мисраси билан бошланади. Кейин эса “ҳаёт йўлида ёмон қийналгани”, “энг арзон ижара уйларда”, “Очлик юпунликда иссиқми, совуқ” шароитда ўтган йиллар эсланади. Юксак мақсадларни кўзлаб пойтахти азимга келганини унутмай, азобларга матонат билан дош беради: “Икки кунда бир ҳам овқатланмасдан, Бир кунда иккита китоб ўқирдим...” Бироқ ҳар ненинг ҳам чегараси бор-да, жумладан, бардошнинг ҳам. Осонми, ахир, ҳайҳотдай шаҳарда орзулари билан ёлғиз қолган бўлса, ёрдам қўлин чўзгучини-ку қўйинг – бирон бир тушунгувчи одам топилмаса, ҳатто отасидан “бир оз пул сўраб ёлвориш”-га мажбур бўлса. Хуллас, лирик қаҳрамон тақдирга тан бериб қишлоғига қайтди, фақат:
Отам менга раҳм қилмай қўйганди,
Ол деди, қўлимга кетмонни тутиб.
Бу роль ўйнаш эмас, қўшиқчиликмас,
Талтайиб кетибсан шаҳарда юриб...
Алам қилиб кетди,
Ичимга ютдим,
Отамнинг нигоҳи дилга санчди ўқ,
Ўша кун даладан шеър ёзиб қайтдим,
Кимдир ишонади, кимдир эса йўқ.
Э-воҳ, қарангки, ота ҳам унинг истеъдодини қадрлай билмаган, тан олмаганлар қаторида – мушфиқ кўнгилларда ачиниш бир неча баҳя кўтарилмасинми?! Ота уйида ҳам таскин тополмай, “сўнг бор синай омадим” дея яна ортига қайтса-ю, юрак қони билан билан ёзган “Шеърларин босмаса бирон газета, Эшигин очмаса битта нашриёт”, табиийки, ачиниш яна бир неча баҳяга кўтарилади... Шу асно худди сериаллардаги каби, нажот кутмаган вақтда кутмаган жойдан келади: “Бир нечта шеърлари куйга солиниб, Санъаткорлар ижро эта бошлади” – кўз очиб юмгунча қаҳрамонимиз ўзини “омад тулпорида” кўради... Эҳтимол, сиз ҳам эътибор қилган чиқарсиз: омма бирдан муваффақият қозонган одамни кўп ҳам хушлайвермайди – қийиқ қидиришга тушади, лекин кўриб ўтганимиз айрича ҳолатки, менга қолса уни “Кулойим эффекти” деб атаган бўлардим. Негаки, омма ўгай она зуғумидан қутулиб қироличага айланган Кулойимнинг бахтига чин дилдан қувонади – кечагина ачиниш объекти бўлган одамга бахтнинг кулиб боқишини адолат тантанаси ўлароқ англайди. Бу эса, юқорида олмани сотиб олгач ичимда бир равшанлик туйганимни айтдим-ку, ўқувчи дилида шунга ўхшаш қониқиш ҳосил қилади, ҳаётда қийналиброқ турган некбинроғи умидланади, бошқаси эса қийналаётган бир ўзи эмаслигини ўйлаб юпанади ва ҳ.к. Начора, инсонда шунга руҳий эҳтиёж бор, барча халқлар фольклорида Кулойим қолипидаги асарлар кўплаб учраши ҳам бежиз эмас. Бироқ ҳар неда меъёр бор, ҳар қандай суиистеъмол эса – кони зарар.
Суиистеъмол деганда инсонлар қалбидаги шафқат туйғусини зўриқтириш, унга ҳуда-беҳуда таъсир қилиш, сунъий қўзғатишга уринишни назарда тутмоқдаман. Тиланчиликни касб қилган тоифани биласиз, ўзини ҳар не ғарибу мискин кўрсатишга уринмасин, дилимизда шафқатдан кўра кўпроқ ижирғанишу нафрат уйғотади у. Зеро, ғарибу мискинлик билан шундай кўриниш ўртасида ер билан осмонча фарқ бор: бирининг кўнгилни юмшатишию иккинчисининг дийдани қотириши шундан. Тўғри, “танаси бошқа дард билмас” деган гаплар бор, лекин ўшанда ҳам “Яқин ўтмиш” шеърида “шундай кўриниш”га уриниш кўпроққа ўхшайди. Дейлик, “олтин даври” мусофирчиликда ўтганларнинг кўпи “энг арзон ижара уйларда” турган эмасми?! Ёки, битта-яримта бойваччани демасак, аксарияти стипендиядан стипендиягача амал-тақал кун ўтказган эмасми?! Кўзни чирт юмганча курсдош қизни бойваччалардек сийлаб ва ё элдан қолмай дея мода бўлган матаҳни харид қилиб қўйиб бир ҳафта-ярим ҳафта “овқатланмасдан”, куни қуритилган нону сувга қолса-да, сир бермай юрганларини кўпчилик эсласа керак?!.. Шунга қарамай, у кунлар соғинч билан эсланади, уларга фожеали тус бериш хаёлга ҳам келмайди. Тўғри, истиснолар ҳам бор. Дейлик, ёшларга насиҳат қилганда гоҳи бироз “ўхшатишга”, ўзларнинг ибораси билан айтганда, “рисовка қилиш”га мойил бўлинади... Ёки қишлоғидан чиқмаган сулув “қандоқ одамга тушганию унинг бу мақомга етмоғи осон бўлмагани”ни билиб қўйсин учун гўшангада шивирлаб айтилувчи гаплар ҳам шундай – истисно. Кўряпмизки, иккала ҳолда ҳам асосда манфаат ётибди, бизнинг лирик қаҳрамонимиз ҳам шу сирада...
Лирик қаҳрамон “на шоир, на актёр” бўлолмагани сабабини “бировга ўхшаёлмаслиги”, “қорани бу оқ деёлмаслиги”ю “нодонни яхши деб мақтаёлмаслиги”да кўради. Қаранг, ўзига баҳоси шунчалар юксакки, “шеърларимда камчиликлар бордир” деган андишани хаёлига яқин ҳам йўлатмайди. Истеъдоднинг ўзига ишонгани яхши, албатта, лекин бунга асос ҳам бўлиши керак-да! Ҳолбуки, бунга қадар кўриб ўтилган шеърлар газетаю нашриётлар уларни чоп этмай тўғри қилган экан, деган хулосага олиб келади. Бас, ҳақиқатгўйлигим учун шеърларимни босмадилар дея ўзини жабрдийда кўрсатиш ҳам шунчаки ўз амплуасидаги ролга кириб қолганликдан, яъни яратилаётган имиж – қиёфага тортилган яна бир чизги, холос. Иккинчи ёқдан, йигирма икки ёшида шеърий китоб чоп эттирган ва турли ижодий танлову кўриклар совриндори бўлиб улгурган одамнинг ижодимга тўсқинликлар бўлди дея нолишларида, яхшилаб қулоқ тутсангиз, ношукрлик оҳанглари эшитилади. Ҳолбуки, агар Хуршид Даврон илк китоби чоп қилинганида 27, Шавкат Раҳмон 28, Усмон Азим 29 ёшда бўлганини эсга олсак, аслида нолиш эмас, шукрона айтмоқ керак. Ҳа, тўғри, эътирозга ҳақлисиз: номзодини мукофотга қўймоқ қасдида астойдил ҳаракат қилганидан мактаб ёшидаёқ битта-иккитадан шеърий тўплам чоп эттириб қўяётган қизчалар ҳам бор. Хўп, эътирозни қабул ҳам қилай, фақат машойихларнинг “Тепага қараб фикр қил, пастга қараб шукр қил” дегани эсга келаверади-да. Начораки, қайси томон “тепа”ю қайсиси “паст”лиги ҳам қай томондан қарашга боғлиқ бўлиб қоларкан, чоғи...
Ахборот алмашинуви ғоят тиғизлашган ҳозирги замонда “пиар” дегани шоу бизнеснинг ўта муҳим унсурига айланган. Илож қанча, омманинг эътиборида туриш учун ўзини шов-шувли тарзда эслатиб туриш керак, йўқса, ахборот оқимида кўмилиб кетиш ҳеч гап эмас. Адашмасам, интернетда бир-икки бор Аҳад Қаюм билан боғлиқ шов-шувлар ҳам кўтарилган, масалан, хабар инкор қилингунига қадар бевақт йўқотишга куйиб кўз ёш қилиб олишга улгурганлар ҳам бўлган... Хуллас, “пиар” билан “имиж” – ўзаро узвий боғлиқ тушунчалар, улар бир-бирини тўлдириб, қувватлантириб туради. Айтайлик, “Бегим, деманг, бегойим” тўпламининг тақдимида мана бу гап алоҳида абзацга чиқариб ёзиб қўйилган: “Узоқ муддатли юрак хасталигини бошидан кечириб турган бир пайтда ижод майдонида ҳам серқирра ижодкоримиздан янгиликлар бисёр...” Бу ўша русчасига “пиар ход” дегани, бизчасига “пиар усул”нинг ўзгинаси! Кўриб турганингиздек, у ўқувчи дилида раҳм-шафқат туйғусини қўзғатишга қаратилган ва, ҳеч шубҳасиз, мўлжалга бехато уради. Энди ич-ичидан келаётган “Вой бечора-а!” хитобидан юраги сел бўлаёзган шеърхон қизларнинг тўпламни варақлаб бот-бот мана бу каби мисраларга дуч келган чоқдаги ҳолатини ўзингиз тасаввур қилаверинг: “Бугун балки охирги куним”, “Ўлим даво бўлгай ҳамма дардимга”, “Ўлим эшик қоқар, кучаяр оғриқ”; “Юрак энг сўнгги бир сасни кутмоқда, Сўнг майли ўлсам ҳам жон олсин роҳат”; “Юрак ёмонам санчар, Шифохона ватаним, Ғамматодан ўралар, Ўлганимда кафаним” ва ҳоказо. Эҳтимол, одам касал бўлиши, хасталикда шу каби ўй-ҳислар келиши мумкин-ку, дерсиз. Мумкин, албатта. Бироқ, аввало, уни суиистеъмол қилиш, ўқувчи руҳиятига таъсир этиш воситасига айлантириб олиш ножоиз. Иккинчидан, ўлим ҳаммамизнинг қошу қабоғимиз орасида турган нарса эмасми?! Бас, мантиқан “Бугун балки охирги куним” дегани нафақат “узоқ муддатли юрак хасталиги” бор одам, балки ҳар қайсимиз учун ҳам эҳтимолдаги нарса, ахир. Шундайку-я, лекин аксар мантиқни ҳиссиёт фалаж қилиб қўяди-да...
Шу ўринда илгарироқ интернетда ўртоқлашганим бир воқеани такрор бўлса-да яна айтиб бергим келди. Чамаси тўрт йиллар нарида эди, бир талаба қизимиз менга учраб, илмий иш қилмоқчилигини айтди-да, кейин ҳам давом эттириш мумкин бўлган мавзу беришимни сўради. Қизиқишини сўрагандим, қисқаси, “бемаза шеърларни” фош қилмоқчи (машғулотларда айтган гапларимни ўйлаганми ё биронтаси маслаҳат берганми – бунисини билмайман) экан. Хуллас, ниятини маъқуллаб, аввалига ўзида китоблари бор биронта шоирни объект қилиб олишни таклиф қилгандим, Аҳад Қаюмни танлади. Шоирнинг ҳамма китоблари ва у ҳақда чиққан материалларни топиб ўқишни топшириқ қилиб бердим. Орадан қанча ўтгани эсимда йўқ, талаба яна менга учрашди. Билсам, топшириқни бажарибди, китобларию “Даракчи” ва шу кабиларда чиққан материалларни ўрганибди. Ичимда ғайратига таҳсин айтиб турсам, қизимиз йиғламоқдан бери бўлиб кутилмаган бир гап қилди: “Шу шоир ҳақида ёзмасам, жуда қийналган экан!..”
Такрор учун узр, Аҳад Қаюм шеърларининг оммалашувида имижнинг роли ҳақида бундан орттириб бир нима айтишга ожиз бўлсам, илож қанча?! Дарвоқе, диққат марказига имижнинг ўқувчи оммага таъсири масаласини қўйганимиз учун битта-иккита чизгини асос қилиб олиш билан чекландик. Ҳолбуки, тағин бир-иккита муҳим, дейлик, шартли равишда “китобийликдан йироқ кўча боласи”, “дангалини айтувчи чапани” ёки “ёқимли безори” тарзида номлаш мумкин чизгилар ҳам эътиборга лойиққи, буларни мулоҳаза қилиб кўришни ўқувчининг ўзига қолдириб турамиз.
***
Яқинда шогирдлардан бириси минг ҳижолат билан сўраб қолди: “Озодбекнинг фалон қўшиғида “Елкамда иккита қушлар изи бор” деган жойи бор, шу нима деганийкан-а? Маъносини тушунишга шунча ҳаракат қилдим...” Қизиқиб, билгиси келиб сўралса, домла одам, биласиз, ичдан хурсанд бўлади, шу кайфиятда чиройли қилиб тушунтиришга шаҳд қилдим-у, бирдан “тормозланган” каби чайнала бошладим: “Сал ғализроқ эканми? Кўплик қўшимчаси “иккита”дан кейин ортиқча, нотўғри ишлатилибди. Шу... матнни кўриш керак экан-да, контекстда тушунарли бўлади...” Хуллас, каловланганим туйқус ўзим ҳам тушунолмаётганимни англаб қолганимдан эканини сезгандирсиз, эплаб ҳолатдан чиқдим, кейин эсимдан ҳам чиқиб кетган экан, шу мақола баҳона яна ўша савол қалқиб чиқди. Мана ўша матн:
Келиб кўр, кўксимда нишлар изи бор,
Тилларим учида тишлар изи бор.
Елкамда иккита қушлар изи бор,
Қуш эдим, қайларга билмай қўндим ман,
Бир сени ўйласам, фақат ёндим ман.
Албатта, биринчи мисрага эътирозимиз йўқ – ошиқ кўкси ҳамиша пайкону тиғларга нишон бўлиб келган. Шакл талаби билан илк мисрага ҳамоҳанг, мантиқ талаби билан унга мазмунан боғлиқ иккинчи мисра ҳам, ахлоқ томонига тирғалмасак, бинойидеккина. Бироқ учинчи мисра мазкур талабларнинг биринчисига мувофиқ бўлгани ҳолда, иккинчисига жавоб беролмай қолган. Сабаби оддий: ифодадаги ғализлик, шеър матни устида қунт билан ишланмаганидирки, натижада етказилмоқчи бўлган мазмун ўта хиралашган. Шу боис фақат имкондаги маъноларни тахмин қилиш мумкин, холос. Хўп, “иккита қушлар изи” дейилганда “иккита қанот ўрни” назарда тутилган, яъни кейинги мисрадаги “қуш эдим” бирикмасига қўшилиб “қуш эдим қанотим қайрилди” маъноси ифодаланган, дейлик. Дарҳол эътироз туғилади: бу ерда гап ўзидан бошқа яна иккита қуш ҳақида кетяпти-ку! Эътирозни қабул қилиб, иккинчи тахминга ўтамиз: биринчи мисрада “нишлар изи” ҳақида гап борганди, бу ерда ҳам рақиблар – “иккита қуш” қолдирган из назарда тутилаётгандир?! Яна эътироз туғилади: елкада “қушлар изи” эмас, қуш панжаларининг изи қолади-ку?! Хуллас, ифода ғализлиги тушуниш имконини деярли йўққа чиқаради. Энг ёмони, куй ва хонишга мафтун, кўпчилиги хонандага қўшилиб нола қилаётган тингловчилар бу ғализликни сезмай қолади. Бироқ кун келиб сезиб ҳам, ўйлаб ҳам қолишади-да, ахир. Тамсил қилсак, бу юздаги нуқсонни упа-элик қилиб ёпган каби, упа-элик кетгач...
Чиройли ифода ҳаммавақт ҳам мантиққа ошно бўлавермайди. Негаки, кўпинча ифоданинг бир восита экани, унинг бирон-бир фикр ё ҳис-туйғуни ифодалаш, нарса-ҳодиса ё ҳолатни жонли тасвирлашга хизмат қилиши унутиб қўйилади-да, чиройли ёзиш (ё сўзлаш)нинг ўзи мақсадга айланиб қолади. Натижада ташбеҳ, сифатлашу истиораларни кўпроқ ишлатишга мойиллик пайдо бўлади. Албатта, асли бунинг ёмон томони йўқ, лекин тилнинг бадиий воситалари шунчаки безак сифатида қўлланса, ортиқча упа-элик чапланган юз каби ёқимсиз бўлади – гўзалликка даъво катта-ю, ҳақиқатда ундан асар йўқ. Шунга ўхшаш, қуйидаги мисралар бир қарашда чиройли ва бенуқсон кўринса, эҳтимол:
Дилхонам эшигини,
Ёпиб кетдинг қарсиллаб,
Йўқсан, дил ўчоғида,
Юрак ёнар чарсиллаб...
Аввало, Аҳад Қаюм тўпламларидаги битта жиддий камчиликни таъкидлаб кўрсатиш керак: уларда тиниш белгиларини қўллашга жуда эътиборсиз қаралган, ғижғиж хатоларга йўл қўйилган. Жумладан, келтирилган мисолда биринчи мисра охиридаги ҳамда учинчи мисрадаги иккита вергулдан бири ортиқча. Муҳими, учинчи мисрада вергуллардан қайси бири қолиши мазмунга ҳал қилувчи таъсир қилади: “Йўқсан дил ўчоғида, Юрак ёнар чарсиллаб” – “Йўқсан, дил ўчоғида Юрак ёнар чарсиллаб”. Контекстдан келиб чиқсак, шоир кўпроқ иккинчи ҳолатни: “дил ўчоғида юрак чарсиллаб ёнаётганини” назарда тутган кўринади. Ҳолбуки, агар “чарсиллаб ёнаётган” бўлса, “юрак” бу ерда “қалб”, “кўнгил”, “дил” сўзларининг синоними, демак, бу “дил ўчоғида дил ёняпти” дегани бўладики, мантиқ бузилади. Йўқ, биринчи ҳолат назарда тутилган дейилса, унда ёрга қарата айтилган “йўқсан дил ўчоғида” хитоби мантиқсиз, ахир, нега ёр дил ўчоғида бўлиши керак?! Бошқа бир шеърда худди шу метафорани қўллашдаги хато бундан ҳам мантиқсиз ҳолатни юзага келтиради: “Чирсчирс ёнар юрак ловуллаб, Дилда дарё оқар шовуллаб...” Яъни, агар “юрак” ва “дил” сўзлари синоним экан, дил (юрак) бир пайтнинг ўзида ёнаётган ва унда шовуллаб дарё оқаётган бўлиб чиқади.
Тўғри, ҳар бир шоир дунёни, ундаги нарса-ҳодисалар орасидаги алоқаларни ўзича кўради, ўзича ифодалайди ва айни шу нарса истеъдоднинг ўзига хослигини белгиловчи бош омилдир. Шу билан бирга, хайриятки, шоирнинг бисоти фақат ўзи топган-тутгандангина иборат эмас, акс ҳолда, у ўта қашшоқ бўлиб қолар эди. Ворис сифатида у асрлар давомида йиғилган бисотни тасарруф этишга ҳақли, айни чоқда, уни исроф қилмаслик, ўринли ишлатиш, бойитиб, сайқаллаб боришга бурчли ҳамдир. Анъанавий поэтик образларни қўллаганда, уларнинг аксарияти деярли ўзгармас, турғун ҳолга келиб қолганини ёдда тутиш лозим. Негаки, улар бадиий тафаккур ва хотирада қарор топган ўз маъносига эга, демак, улар киритилиши мумкин бўлган контекстлар, боғлана оладиган образлар доираси ҳам белгилидир. Масалан, шаклан ғазалга ўхшаш бир шеърдан олинган қуйидаги байтни олайлик:
Шоҳдаги булбул каби, гул билан кўнгил каби,
Телбадай севдим сани, юрагингга исмим ёз...
Ўқувчи бадиий хотирасидаги булбул образининг маъноси уни “севмоқ” феълига мазмунан боғлаш ва “шохдаги булбул каби сени севдим” тарзида тушунишга асос бўлади. Анъанага кўра, “булбул” образининг мавжудлиги “гул”нинг ҳам бўлишини тақозо этади, уларнинг вазифаси ҳам белгили. Юқоридаги байтда иккала образ ҳам бор, лекин бир-бирига мазмунан алоқадор эмас – анъанадан чекинилган. Натижада анъанавий “гул билан булбул” ўрнига қўлланган “гул билан кўнгил” қўшилмаси аташ маъносига эга, холос, алоҳида ҳолида ҳам, бадиий хотира контекстида ҳам мазмун касб этмайди, матннинг бошқа узвлари билан мазмунан боғланмайди ҳам – муаллақ қолади. Яъни улуғ шоиримиз бошқа нарсага қиёс этган “увада камзулда биллур тугмадай” ҳолати юзага келади – биллур биллурлигича қолди, лекин тожларни безай оладиган тош увадага увол-да! Шубҳа йўқки, шоир “булбул” ва “гул” образлари мазмун-моҳиятини жуда яхши билади, шундай экан, мазкур ҳолатнинг юзага келиш сабабини эътиборсизликдан бошқа нарсага йўйиб бўлмайди.
Афсуски, доим ҳам комил ишонч билан бундай деёлмаймиз, чунки кўпинча бундай ҳол анъанавий метафоралар моҳиятини яхши билмасликдан келиб чиқади. Масалан, “Синиб қолмай бу сабр коса, Қачон кўришамиз севгилим” ёки “Чил-чил синиб сабр косам, Ўзим сени излаб борсам” каби мисраларни олайлик. Аслида “сабр косаси” метафорасига косанинг муайян ҳажмга эгалиги, яъни унга томчилаб турадими ва ё қуйилибми, барибир, пайт келиб тўлиши асосдир. Демак, энди у бошқа косалар қаторидаги – синиши, жаранглаши, узатилиши, ағдарилиши... мумкин бўлган бир коса эмас, бас, матндаги бошқа тил бирликлари билан шундан келиб чиққан ҳолда мазмуний алоқага киришади. Яъни ушбу метафора “тўлмоқ” феъли билан боғланади, “синмоқ” сўзи эса унинг мантиқига тўғри келмайди. Ёки “Садафдан соф эди кўнглим, гардлик килдим”, “Садафдан-да соф ишқинг” мисраларида ҳам қиёслаш асосини билмаслик панд берган. Зеро, миллий бадиий тафаккурда “садаф” оқлик эталони сифатида қарор топган, бу ерда асос – садафнинг ранги, унинг софлиги ё поклиги мезон қилинган эмас.
Баъзан эса шундай мисраларга дуч келинадики, беихтиёр “Шоир ўзи ёзганларини китобат қилгунга қадар қайта ўқиб ҳам кўрармикан? Муҳаррир-чи?” қабилидаги саволлар хаёлда қалқиб чиқаверди. Мана, масалан, “Севилсанг шундай севилки...” деб бошланувчи шеърнинг давомидаги “Қандай?” саволига жавоб бўлмиш мисралардан бири: “Фақат сен бўл хаёлида, порла шамси иқболида”. Ахир, “шамси иқбол” дегани “иқбол қуёши” бўлса, қуёшда порлаб бўладими?! Йўқ, бу муболаға ҳам эмас, аслида “севилсанг шундай севилки, унинг учун иқбол қуёши бўлиб порла” дейилмоқчи. Бироқ шеърда “демоқчи бўлиш”нинг ўзи кифоя эмас, ўшани уқса бўладиган қилиб ифодалаш ҳам керак. Шунга ўхшаш, “Ишқингдан сармаст жонимни, Адо қилдинг, адо қилдинг” мисрасидан келиб чиқадиган “жон ишқдан маст” деган фикр, шунингдек, “Ишқ майи жонига бўлганда ҳамдам” мисрасида “ишқ майи жонга ҳамдам” дейилгани ҳам мантиққа хилоф бўлиб, улардан бирон-бир мазмунни уқиш амри маҳол.
Оламни образли идрок этиш нарса-ҳодисалар орасидаги алоқаларни аниқлаш, уларни бир-бирига қиёслаш, зидлаш, ўхшатиш каби амаллар орқали моҳиятга яқинлашишни кўзда тутади. Чинакам истеъдод нигоҳимиздан пинҳон алоқаларни ҳам илғаб олиб, сўз орқали поэтик образда мужассам этади. Демак, шоир учун санъаткорона нигоҳ қанчалик муҳим бўлса, кўролган ва ҳис этганларини ифодалай олиш ҳам шунчалик муҳим, зеро, улар ифодадагина моддийлаша олади. Шу боис ҳам иккисидан бири оқсаганки жойда бадиият ўлади. Шеърларига қаралса, Аҳад Қаюмда ўткиргина санъаткорона нигоҳ ҳам, образли фикрлашга мойиллик ҳам бордек, бироқ ифодадаги оқсаш кўпинча уларнинг моддийлашишига халал беради. Буни, масалан, “Сенсизликда девона бу дил...” шеъри мисолида кўриб ўтиш мумкин. Шеърда ҳижронзада ошиқ ҳоли чизилган:
Соғинчлар, хазонлар уюми,
Шубҳалар, ёлғизлик кийими,
Бошимда хавотир қуюни,
Сенсизликда девона бу дил.
Аввало, “соғинчлар” ва “шубҳалар” сўзларидан кейин вергул эмас, тире (–) қўйилиши керак. Шундай қилинса, шоир аслида “Соғинчлар – хазонлар уюми” ва “Шубҳалар – ёлғизлик кийими” шаклидаги иккита воситасиз ташбеҳ қўлламоқчи экани маълум бўлади. Айтиш керак, ташбеҳлар топиб ишлатилган: соғинчнинг хазонлар уюмига ўхшатилгани ҳижроннинг давомийлиги, ошиқ кўнгли баргсиз дарахт мисоли яланғочланиб, ҳувиллаб бораётганию беихтиёр шубҳаларга бурканаётгани... хуллас, бинойидек образли ифода. Афсуски, шундан бошқа бандларнинг барида қиёмига етмаган образларга дуч келамиз. Масалан, “Мен сени ҳаммадан қизғона, Дардларингга бўлай остона” дейиш билан ошиқ ёрига келган дардларга тўсиқ бўлишни тиламоқчи, ҳолбуки, “остона” тўсиқ эмас – кириладиган жой. Яъни исталганга тамом терс маъно ифода этилмоқда. Ёки “Хор бўлдим, жабрлар ўчоғи, Бешавқат ҳижроннинг пичоғи, Қайдадир бахтларнинг қучоғи” мисраларида “жабрлар ўчоғи” метафораси ҳеч бир мазмун касб этмайди, чунки муаллақ қолган, натижада уни “бахтларнинг қучоғи” билан зидлаш орқали ифодалаш кўзланган маъно мутлақо чиқмай қолади. Шунга ўхшаш, “Дилим – саҳро, очилмади гул, Қарғайзорда ем бўлди булбул” мисраларидаги образ ҳам чала туғилган. Эътибор беринг, бу ўринда оригинал ва ғоят гўзал образ имконияти мавжуд, лекин ички мантиқ бузилгани боис тўла амалга ошмаган. Гап кўнгилнинг саҳрога айлангани, унда гул очилмагани ҳақида бораётган экан, булбулнинг айнан шу ерда – саҳрода сайрамай қўйиши муҳим. Чунки “саҳро – қарағайзор” қаршилантириши асосида “гул шу ерда, булбул узоқда” маъноси чиқадики, бу “ошиқ шу ерда, ёр узоқда” қолипида қурилган шеър мазмунига зид келади. Шунинг учун, бизнингча, булбулнинг қарағайзордан кўра саҳрога мосроқ жойда нобуд бўлиши ёки жойини кўрсатмаган ҳолда қузғунми ё шунга ўхшаш “ағёр” маъносини бергудек қушга “ем бўлиши” маъқулроқ бўларди.
Ижодкорнинг оригинал образ яратишга, фикр ё туйғуни ўзига хос бир тарзда ифодалашга интилиши таҳсинга лойиқ. Бироқ ўзига хослик ҳадди аълосидан ўтиб, ўзигина тушунадиган бўлиб қолмаслиги ҳам керак. Қачонки образда ички мантиқ бўлса, мантиқий фикрлашнинг умумийлиги асосида ўқувчи уни тушуна олади. Акс ҳолда, мана бу банддаги каби бошқотирма юзага келади:
Узук қилдим армон тошидан,
Кўз ясадим кўзим ёшидан
Бу дунёни бошлаб бошидан,
Дедим: Аҳад, қайта кийинтир,
Азоблардан дилни ечинтир.
Хўп, армон тошидан узук қилаётганига ҳам кўнайлик, унга кўз ёшидан қандоқ қилиб кўз ясаш мумкин экан?! Кейинги уч мисрада ҳам мантиқсиз ҳолат юзага келган: мурожаат этилаётган одам дунёни қайта кийинтириши керакми ва ё дилни ечинтиришими?! Банд контекстига “дунёни қайта кийинтириш” даъвоси қанчалик мос келади? Ёки дунёни қайта кийинтиришнинг натижаси дилни азоблардан ечинтириш бўладими? Сираси, озгина эътибор билан ўқиганки одам қаршисида бунақа саволларни бир зумда қаторлаштириб қўядиган мисралар Аҳад Қаюмнинг деярли барча шеърларида топиладики, улардан бир нечтасини “изоҳга ҳожат йўқ” тарзида келтириб ўтиш жоиз:
Қалбим осмонида чақмоқлар чақар (?),
Оғу тутдинг лабинг гул шаробида... (?)
Бағримда илдизлаб кетган суратинг (?),
Нур эдинг соясиз, қалбим боғида... (?)
Бевафойим, чап қанотим инграйверар... (?)
Дил кўйлаги сўкилар (?) севгини хор қилганни...
Ижод дегани ажиб сир-синоатларга тўлиқ, унинг табиатини ўрганиш йўлида қанча саъй-ҳаракатлар қилинганига қарамай, то ҳануз ўзининг кўп қирраларини биздан пинҳон тутиб келаётгани ҳам шундан. Деганим, ижод онлари шоир тасаввурида ёмби мисол қуйма туғилувчи образлар ҳам йўқ эмасдир, бироқ ўқувчини ҳайратлантира оладиган гўзал образларнинг аксарияти матн устида қунт билан ишлаш, турли вариантларни атрофлича мушоҳада қилишу ифодани муттасил сайқаллаб бориш натижасидир. Яъни шеър деганни талаб бўлгани учуноқ “пачкалаб” ёзиб ташлайвериш дуруст эмас, ҳар бир мисра устида астойдил тер тўкиш зарур, шундагина Худо берган истеъдод увол кетмасдан, том маънодаги бадиий асарларга дўниши мумкин.
***
Аҳолига ер участкалари берила бошланган пайтлар, иморат солишга ҳали тайёрлигим йўқ, тадбиркорлик урфга кираётган маҳал эмасми, каллада бир ўй айланаверди: “Шу ерга боғ қилсам, фалон туп гилос эксам, ҳосилга кирса...” хуллас, у ёғи тижорий ҳисоб-китоб. Раҳматли дадамнинг тоғалари бўларди, жуда миришкор боғбон, шу кишига маслаҳат солдим: “Хўп ўйлабсан-у, қарашга вақтинг бўладими?” - дедилар. “Ҳа, энди, кўчатга яраша пул қилсам... у ёғи иш мавсуми мардикор ёллаб...” Кулдилар: “Ҳэ-э, ўзинг қарамасанг ё устида туриб ишлатмасанг, мардикор қараган боғ боғ бўлармиди-я. Мардикорга нима, байлашган кунлик пулини олса бўлди-да, эрта боғнинг нима бўлиши билан неча пуллик иши бор...” Аҳад Қаюмнинг шеърий тўпламларини кўздан кечириш асноси шу воқеа, негадир, икки-уч қайталаб ёдга тушаверди. Аввалига икки ўртада ҳеч бир алоқа топмадим, тўғрироғи, изламагандим ҳам. Ўйлаб кўрсам, эслаганим бежиз эмас, Аҳад Қаюмнинг шеъриятга, тилимизга муносабати моҳиятан мардикорнинг боққа муносабатига монанд экан. Сираси, унинг шеърият мулкида ўзини шоу бизнес вакили ўлароқ тутаётгани юқоридаги мулоҳазаларимизда етарлича исботини топди. Энди тил масаласига ўтамиз.
Дангалини айтсам, Аҳад Қаюм шеърларини ўқиганда “бу йигит ўзбек тилини биладими ё энди ўрганяптими?” деган андиша келади. Бунга амин бўлиш учун, масалан, “Аввало инсон бўл” номли шеърдан мана бу бандни олайлик:
Омад остонангда турганда гуллаб,
Лаззатнинг тамидан ҳидлагин ўйлаб,
Ўзингдан пастларни атайин қийнаб,
Жонини оғритма, дармон малҳам бўл,
Аввало инсон бўл, аввал одам бўл!
Хўп, ҳар қанча ғализ бўлса ҳам “омаднинг гуллаши”га кўнайлик: ҳа энди, шоир фикрини мажозий ифода этмоқчи бўлибди-ю, бироз ўхшамай қолибди-да. Бироқ “тамни ҳидлаш” дегани нимаси? Ахир, там билиш бошқа, ҳид билиш бошқа, иккисининг физиологик ва психологик механизмлари бошқа-бошқа эмасми?! Шуни билгани учун ҳам ўзбек тамни ҳидламайди, тотиб кўради-да. Шунга ўхшаш, ўқувчи сал қуйироқда “Балки ўчирарсан дилдан дарзингни” мисрасини ўқиб, “дарзни ҳам ўчириб бўларканми?!” дея ҳайрон бўлиши табиий. Агар бу ҳолнинг юзага келиш сабабини мушоҳада қилгудек бўлса, учинчи мисрадаги “дарзингни” сўзи “лафзингни” ва “қарзингни” сўзларига қофиядош бўлгани учунгина кириб қолганини осонгина фаҳмлаб олади. Ҳали ҳайронлиги ёзилмай турибоқ бир бечора ёнингга келиб мурувват сўраса, “Бепарво бўлмагин аҳволин кўриб, Ҳолидан кулмагин мулзам, мотам бўл” қабилидаги насиҳатга дуч келади-да, “мулзам бўлмоқ” феълининг ҳолатга алоқасини ҳам, “мотам бўлмоқ”нинг маъносини ҳам англаёлмай гаранг бўлади. Энди холис айтинг: бир шеърнинг ярмига етгунча тўрт ўринда сўз маъносини англамасликдан ғализликка йўл қўйилган бўлса, “шоир ўзбек тилини биладими?” саволи ўринли бўладими?! Ушбу савол бежиз қўйилмагани ва юқоридаги ҳолнинг асло истисно эмаслигига амин бўлмоқни истасангиз, турли шеърлардан олинган мана бу ғаройиб мисрларни мушоҳада қилиб кўринг:
Муаттар сас (?) билан берганда маъно...
Хаста, бемор деган олдим лавозим (?)
Хижрон ёқар дил тафтимни (?),
Тўлдирмоқда ишқ кафтимни (?).
Ўйлайвериб юрагим тўйди (?)
Камон бўлдим нишонсиз, ёйсиз (?)
Менга хотиржамлик йўқдир равойинг (?)
Қабр экан энг сўнгги йўлим (?)
Тилшуносликда сўз валентлиги тушунчаси борки, агар буни соддалаштириб айтмоқчи бўлсак, бу сўзнинг бошқа сўзлар билан муносабатида моҳиятан “кабутар бо кабутар, жинс ба жинс” қоидаси амал қилади деганидир. Яъни муайян сўз исталган бошқа сўз билан мазмунан бевосита боғланавермайди, унинг ўзи боғлана оладиган сўзлар доираси бор. Ўзбек тилидан фойдаланувчиларнинг 99,99 фоизи, балки, “сўз валентлиги” деганини эшитмаган ҳам чиқар, лекин тилни қониқарли даражада билганки одам 99,99 фоиз ҳолатда унга амал қилади, чунки соғлом мантиқ шуни тақозо этади. Шунинг учун ҳам, масалан, “оғиз”га “ёпмоқ” феълини боғлаганимиз ҳолда, уни “лаб”га нисбатан ишлатмаймиз. Шоиримиз эса, ўзига хос бўлишга интилиши ўта кучли экани боисми, билмадим, “Лабларинг ёпилмас дир-дир титрайсан” деяверади. Ёки ҳар не тўпори бўлса ҳам, ўзбек йигити “Севгим нархин билмадинг, Ёлғиз ёрим бўлмадинг” демаса керак, чунки савқи табиийси билан “севги” сўзига “нарх” мувофиқ келмаслигини ҳис қилиб туради. Баъзан сўзларнинг боғланиши мантиқдан шу қадар йироқки, “бу шунчаки адашиш эмас-ов, ахир, шуниям билмаслик мумкин эканми?! Ҳойнаҳой, бу шоир ўқувчисини ҳайратлантириш учун қўллаган бир услубий приём-у, мен бехабар бўлсам керак” деган ўй келади. Масалан, ақлга аёнки, одам дегани “ёнбошлаб”, “чўзилиб”, “ястаниб”, “чалқанча”... ётиши мумкин, лекин “тик ётиш”и, бўлиб ҳам қабрда “тик ётиш”и асло мумкин эмас. Чамаси, Аҳад Қаюм бошқача фикрда, унингча, ҳозирги ўзбек қизларининг хулқ-атвори шунчалар айниганки, буни кўриб “Энди Ҳамза қабрида тик ётади”. Шунга ўхшаш ғайримантиқий боғланиш мана бу мисраларда ҳам яққол кўринади:
Сенсиз мен ғўзачўп ўтинман,
Кам-кўстсиз навраста етимман.
Яхши биласиз, Шарқ шеъриятида ошиқ ўзининг ёридан айро ҳолатини ўхшатмаган ҳеч бир нарса-ҳодиса қолмагандек. Лекин шоиримиз топади, тан олиш керак, “ғўзачўп ўтин” қиёси чин маънода оригинал: адашмасам, бу ташбеҳни ҳали ҳеч кимса қўллаган эмас; боз устига, у бетакрор ҳам: келажакда ҳам уни бирон-бир шоирнинг қўллашига кўзим етмайди. Чалғиб кетдик, гап сўзларнинг ўзаро боғланиш имконлари ҳақида эди. Бу ўринда “кам-кўстсиз” сўзининг “етим”га боғлангани мантиқий ғализликни келтириб чиқаради. Негаки, “етим” сўзининг ўзида “камлик” маъноси бор, зеро, етимга ҳеч бўлмаганда ота-она етишмайди, бас, у “кам-кўстсиз” бўлолмайди. Яъни шоир бу ўринда “кам-кўстсиз” сўзини, эҳтимол, “чин етим” ва ё “ғирт етим” – ҳам отадан, ҳам онадан жудо бўлган етим маъносини ифодалаш учун қўллайди-ю, сўзларнинг мазмуний-мантиқий алоқа имконларини билмаганликдан яна қовун тушириб қўяди.
Эътибор қилган бўлсангиз керак, тилимизни чала билган хорижлик фикрини ифодалаш учун ўзи билган қолипга маъноси таниш сўзларни шунчаки жойлайверади – сўзлар орасидаги на грамматик, на мазмуний алоқаларни эътиборга олади, унинг гаплари кулгимизни қистатса-да, муҳими, нима демоқчилигини фаҳмлаб олаверамиз. Шунга ўхшаш, “Наҳотки ушалди тушларим ўнги” мисрасига дуч келган ўқувчи мийиқда кулиб ўтаверар-ку, лекин бу гапни хорижлик айтмаяпти-да, ўзбекда “тушларнинг ўнги ушалмайди”, улар “ўнгидан келиши” мумкин. Ёки “Жудо қилди бизни шўр қисмат” мисрасидаги “шўр қисмат” ифодасида ҳам ғализлик бор: ўзбек “шўр”ни “пешона” билан, “аччиқ”ни эса “қисмат” билан қўллайди, чунки туз ҳам, қалампир ҳам ўз жойида ишлатилиши керак. Шунга ўхшаш, “пешонага битган” дегани “тақдирга ёзилгани” маъносида ишлатилади, яъни бу тақдир азалда “пешонага битиб қўйилади” ақидаси билан боғлиқ. Бироқ “Бошга битган пешонанинг бўлиб шўри, Икки нафар гўдак қолди норасида” дейишига қараганда, шоирнинг бу борадаги фикри ҳам оригинал кўринади. Э биродар, ахир, пешона бошга битмайди, у аслан бошнинг бир қисми-ку! Эҳтимол, шоирни халқ тилида учровчи “бошимга битган бало” қабилидаги гаплар чалғитгандир, лекин бу ерда “бош” сўзи “пешона” ўрнида ишлатилган, холос, яъни қисм-бутун алоқаси асосидаги маъно кўчиши юз берган. Яна тилда муайян даражада турғунлик касб этганки бирикманинг узвлари орасидаги алоқа “узугу кўз” мисоли: улар бир-биригагина тугал мос тушади. Дейлик, “насиҳат қилмоқ”даги “қилмоқ” ўрнига “айтмоқ”, “бермоқ” сўзларини қўйиб кўринг-чи: ғализ эканми?! Шоиримиз буни билмайди ё тан олмайди, чоғи, “Насиҳатлар бердим дўстимга” деяверади. Сўз қўллашдаги бундай эътиборсизлик кўпинча кулгили ҳолатларни юзага чиқаради. Масалан, насиҳат шеърларидан биридаги “Биров ҳаққи биров қорнида қолмас” мисраси бир қарашда бинойидек, лекин қоринда нафақат бировнинг, кишининг ўз ҳақи ҳам қолмайди, қололмайди-ку?!
Худди тилни чала билган хорижлик каби А.Қаюм ҳам кўп ҳолларда сўзларни грамматик жиҳатдан нотўғри боғлайди, ифодалаш кўзланган мазмунга номувофиқ грамматик шаклларни қўллайди. Масалан, мана бу банддаги каби:
Сўзларни ўйнатади,
Кўзларни ўйнатади,
Жонимни қийнатади,
Алдоқчи!
Дастлабки икки мисрада феълнинг орттирма нисбати қўллангани маъқул: ёр кўзларни, сўзларни ўйнатиши мумкин, бироқ учинчи мисрада “жонимни қийнатади” дейилиши билан ошиқ жонини ёр ўзи эмас, балки “кимдир бировга қийнатади” деган маъно келиб чиқадики, бу умумий мазмунга ёпишмайди. Феъл нисбатларининг маъно ва услубий хусусиятларини, хусусан, айрим феъллар мажҳул нисбатда қўлланмаслигини билмаслик бошқа бир шеърда ҳам кўринади:
Ҳар кимса ҳам севолмайди, севилмайди,
Ҳар кимса ҳам кутолмайди, кутилмайди,
Ҳар кимса ҳам куёлмайди, куйилмайди...
Эҳтимол, шоир тилшунос эмас, бас, тил қоидаларининг барини билиши ҳам шарт эмас, дея эътироз қилинар? Тўғри, бироқ у “куймоқ” феъли “севилмоқ”дагига монанд маъно берувчи шаклга эга эмаслигини билиши керак-да, ахир. Зеро, шоир тил амалиётининг илғорида боради, бас, ўзи қўллаётган тилнинг гўзаллигию жозибаси, маъно нозикликларию имконларини намоён этишга ҳам масъулдир. Афсуски, Аҳад Қаюм айни вазифасини ё билмайди, ё тан олмайди. Йўқса, шеърларида, масалан, келишик қўшимчаларини ишлатиш билан боғлиқ услубий хатолар ҳозиргидек қалашиб ётган бўлармиди?! Мана бир мисол:
Бутун дунё тор эди менга,
Кеча бахтим ёр эди менга,
Мол-давлатим бўлмаган билан,
Сиздек дўстим бор эди менга.
Мослашув қоидасига кўра тўртинчи мисрада “менга” эмас, “менинг” шакли бўлиши лозим эдики, буни дурустроқ ўқиган мактаб боласи ҳам билади. Шоиримиз шуни ҳам билмайдими ё бошқа сабаби ҳам бормикан а? Кейинги учта мисолга диққат қилсак, у услубий жиҳатдан тўғри бўлишидан кўра қофияга рост келиши ҳақида кўпроқ қайғурадиган кўринади. Йўқса, иккинчи ва учинчи мисралардаги “кундан”, “чиндан” сўзларига қофиядош бўлсин учун бандни “Тўлдир жоним, қалбингни нурдан” деб бошлашини қандай изоҳлаш мумкин?! Мана яна мисоллар: “Бир зум ором бермас дилни висолинг”, “Аҳад адо, эй гулрухсор, қарашингда”, “Сени менга талашди ишқ”, “Макон тутсам саҳроларга, денгизларга”, “Асраб юргин энди қучоққинангга”...
Жуда истасангиз, бунақа мисолларни яна кўплаб келтириш мумкин (таги мўл-да!), лекин бунга на ҳожат, на хоҳиш бор. Ҳатто охирги мисолларни шарҳлаб ҳам ўтирмадим – хатолар шу даражада яққол кўзга ташланади. Тағин ҳам биз нисбат ва келишик категориялари билан боғлиқ хатоларга тўхталдик, холос, грамматик хатоларнинг бошқа кўринишлари ҳам тиқилиб ётибди. Бу шунчаки билмасликданми ё тилга эътиборсизлик, беписандликданми? Афсуски, назаримда буни билмасликнинг ўзи билангина изоҳлаб бўлмайди. Негаки, қарийб ўн йиллардан бери қалам суриб, йигирмадан зиёд китоб чиқариб қўйган одам эмасми, истаса, шу вақт ичида ўрганар эди-да! Агарки шундай қилмапти, тилимизга, тил эгаларига беписандликдан бошқа изоҳ борми бунга?! Хўп, ана, билмасликка ҳам йўяйлик, ахир, бусиз шеър ёзишни-ку қўйинг, жумла тузиш ҳам маҳол-ку...
***
Шеърда жумла қурилишининг ўзига хослиги, хусусан, унда гап бўлаклари тартибининг одатдагидан жиддий фарқланиши ҳаммага маълум. Шунчаларки, авом наздида шеърнинг биринчи белгиси – шу, балки, қофиядан кейин иккинчисидир, хуллас, ҳозир буниси муҳим эмас. Муҳими, жиддийми ва ё ҳазил-мутойиба учунми “шоирона” гапиришга қасд қилган одам жумлани, масалан, “Бордим бозорга саҳар” тарзида ағдариб тузади. Аслида-ку, авом тушунчасига зид ўлароқ, тартиб шунчаки ўйин учун эмас, балки зарур жойга мантиқий урғу бериш, қофияни ростлаш каби бадиий-эстетик мақсадлар билан ўзгартирилади. Бироқ бу мақсадлар ҳам муайян мазмунни ифодалашдан устувор бўлолмайди, бас, ўзгартириш ўқувчи одатий тартибни фикран тиклаши ва гап бўлаклари орасидаги мазмуний-грамматик алоқаларни кўра олишига халал бермаслиги зарур. Айни талаб бузилса, салгина саводи борки киши “эга-кесимини топиб бўлмайди” дегувчи ҳолат юзага келади. Масалан, мана бу “пурмаъно” мисралардаги каби:
Тоғ ҳам бўлгай йиғилиб зарра,
Томчилардан тўплангай уммон.
Бир қарашда бинойидек жумла, куй жўрлигида эшитилса-ку – тамом нуқсонсиз. Бироқ биринчи мисрадаги гап бўлакларининг алоқалари шундайки, тартиб тўғриланса, “тоғ ҳам йиғилиб зарра бўлади” маъноси келиб чиқади. Ҳолбуки, шоир “зарралар йиғилиб тоғ бўлади” демоқчи, энг ёмони, ўқувчи ҳам иккинчи мисрага қиёсан айни шундай тушунаверади. Яъни жумла тузилишида сакталик борлиги ўқувчи хаёлига келмайди, бас, шунақа “шоҳбайт”ларни ўқигани сари унда “тил ҳисси” ўтмаслашиб боради. Натижада у “Ойни тўсса булутлар, Ерга чўмса сукутлар” мисраларини ҳам ямламай ютаверади, “сукутлар ерга” эмас, “ер сукутга чўмади”-ку деб ўтирмайди.
Маълумки, жумла қўшма гап шаклида қурилганида, уни ташкил этувчи содда гапларни ўзаро грамматик воситалар билан боғлаб қўйишнинг ўзи кам, улар орасида мустаҳкам мантиқий-мазмуний алоқа ҳам бўлиши шарт. Акс ҳолда, иситманинг зўри ё шаробнинг кучидан алаҳлаётган каби ҳолат юзага келади, масалан, мана бу каби:
Севги шундай мангуки,
Оламга афсонасан,
Севги шундай қўрқувки,
Йўқотсанг вайронасан.
Жумла шаклан натижа эргаш гапли қўшма гап қолипида эканини яққол кўриб турасиз-у, “оламга афсона” бўлиш қанақасига “севгининг мангулиги” натижаси эканини англаёлмай гаранг бўласиз. Давоми бундан-да ғалат: севгининг нимаси қўрқув-у, қўрқувни йўқотиш қачон ва кимга зиён етказган экан?! Хуллас, қолип бор-у, мазмун йўқ ҳисоби, негаки, шоирнинг айтар гапи ҳали етилмаган – ўзини зўрлаб ёзишга ўтиргандек таассурот қолдиради кишида. Хай, бунда-ку жилла қурса қолип бор, мана бу бандда эса на синтактик қолип, на бир жўяли мазмун бор:
Недир умр мазмуни,
Муҳаббатим мангули,
Ошиқларнинг тилида,
Орзулидир, эзгули.
Ҳа, шунақа сўз тизмалари ҳам шеър деб эълон қилинаётган ва шеър деб қабул қилинаётган экан, ўқувчи омма дидининг даражасини ўзингиз баҳолайверинг. Ўқувчиларнинг бир тоифаси илк мисрадаги не-не файласуфларни неча минг йиллардан буён ўйлатиб келаётган саволни ўқигач, содда эмасми, давомида улкан поэтик-фалсафий кашфиёт кутади. Бироқ кейинги мисраларни ўқиб ҳам ҳеч нарса англамагач, содда-да ахир, “жавоби ҳам жуда оғир экан, тишим ўтмади-ёв” дея ўзини ақли ноқисроқ санаб кетаверади. Бошқа бир тоифа ўқувчи ҳам, ҳеч нарса тушунмаган бўлса-да, ўқимишли деган номи бор эмасми, сир бермайди: “бир мен тушунмаётган бўлсам-чи?” деган ҳадиги бор – гапириб аҳмоқ кўрингандан, жим туриб оқил туюлган яхши эмасми?! Яна бир тоифа борки, унга шеърда нима дейилаётгани фарқсиз, муҳими – ким дегани: бозор-да, ахир, “бренд” деган гаплар бор…
Юқорида ҳам кўрдик, шеър – алдоқчи, кўпинча, мазмундан мутлақо мосуво сўзлар тизмаси ҳам бинойидек бўлиб кўринаверади, ҳақиқатни кўришимизга оҳанг ва ўзига хос жумла қурилиши ҳалал беради. Қачонки шеърнинг жумла қурилишини фикран одатдаги тартибга келтирсак, мазмун томонини тўла баҳолай оламиз. Мисол учун мана бу мисраларни олайлик:
Жон Она юрт, меҳр тўла булоғи манда бор,
Кўзларингни риёлари бўёғи санда бор.
Демак, жумланинг ундалмадан бошқа қисмларини одатий тартибга келтириб кўрамиз: “манда меҳр тўла булоғи (?) бор, санда (яъни, Она юртда) кўзларингни(нг) риёлари(нинг) бўёғи бор”. Рости, ҳеч нарса тушунмадим, ўйлайманки, сиз ҳам. Тахминимизча, шоир “менда меҳр тўла булоқ бор” демоқчи бўлган кўринади. Эҳтимол, лекин, илгари ҳам айтгандик, шеърда демоқчи бўлишнинг ўзи кифоя эмас, дейилиши ё англанадиган қилиб ишора қилиниши керак. Аслида, бу ерда “булоғи” сўзидаги эгалик қўшимчаси олиб ташланса кифоя, мисра грамматик жиҳатдан тўғриланади. Бироқ у ҳолда вазнда сакталик юзага келадики, чамаси, эгалик қўшимчаси ўлчовни тенглаштириш учунгина қўшилган, шу мақсад йўлида мазмун қурбон берилган. Яъни бу ўринда ҳам юқорида кузатганимиз Аҳад Қаюмга хос шаклга устувор аҳамият бериш ҳолати кузатилади. Иккинчи мисра эса тузаладиган – “одам бўладиган” аҳволда эмас. Тўғриси, Она юртга татбиқан “кўзларингни риёлари” бирикмасини ҳар турли кўринишда боғламоқчи бўлиб кўрдим, маъно чиқаролмадим. Уриниб кўринг-чи, балки сиз уддасидан чиқарсиз...
Негадир айримлар фикр-туйғу анъанавий сифатлашу истиоралар, турғунлашган поэтик калималар(клишелар)у изофаларни қўллаган ҳолда жимжимадор ифодалансаёқ шеъриятга дахлдор бўлиб қолади деб ўйлашади. Мана бу сатрларга қараганда, А.Қаюм ҳам истисно эмас, чамаси:
Қўлларим қон, ишқи жароҳат,
Қайда жонон, маъшуқи роҳат.
Тан олиш керак, қўшмисранинг жаранги зўр, хиргойи қилиб кўринг – тап-тайёр қўшиқ, фақат мазмун ифодаси ночор. Тўғри, шоир “қўлларим қон, бу ишқнинг жароҳатидан” демоқчи эканини тушуниб олса бўлади, лекин матнда “қўлларим қон, бу жароҳатнинг ишқи (?)” тарзида ифода этилган-да. Иккинчи мисрадаги “маъшуқи роҳат” изофаси эса “роҳат маъшуқаси” маъносини берадики, бу ҳам ёр тавсифига мос эмас. Шунга ўхшаш, “Қалбим ҳар бурчаги дарзи ишқ озор” мисрасида “қалбимнинг ҳар бурчаги ишқ озоридан дарз еган” деган маънони ифодалаш кўзланган бўлса керак. Хай, майли, бурчаклари бор қалб бўлса бўлақолсин, лекин “дарзи ишқ озор”даги сўзларнинг ўзаро ва гапнинг бошқа бўлаклари билан алоқалари қандай? Шоир муайян мазмун ифодаси учун зарур сўзларни келтириб, “у ёғини ўзинг топиб олавер” қабилида йўл тутмаяптими?! Бу иштибоҳимизни мана бу мисралар ҳам қувватлайди:
Нетай кўнгил йиғлар бу дам,
Васли умид алам, алам
Шундан ошиқ Аҳадни ҳам
Жудо қилдинг, жудо қилдинг.
Жумла қурилишининг парокандалиги, мисралар орасида грамматик ва мазмуний алоқа ўта заифлиги боис кўнгил нега йиғлаётгани ҳам, Аҳад нимадан жудо қилингани ҳам қоронғулигича қолади. Иккинчи мисрадаги “Васли умид алам, алам” мисраси ўз ҳолича маъносиз бўлгани каби, бошқа мисраларга ҳам боғланмаган, фақат чиройли жаранглайди ва, эҳтимол, кимларгадир сирли мазмунга эгадек туюлар ҳам. Шунга ўхшаш, мабодо “Муҳаббат мангу осмон, унга сиғмайди ёлғон, Ўлдирар ҳаққи виждон севгини хор қилганни” мисраларини ўша “севгини хор қилган” осий ўқиб қолса, кимдан хадик олишини билмай гаранг бўлса, эҳтимол.
Аҳад Қаюм мисраларнинг ўлчовда тенглигини таъминлашнинг жуда осон йўлини топган: етишмаётган бўғинлар сонига қараб битта-яримта сўзни қўшади-қўяди. Дейлик, “Сенинг бахтинг, ҳар кун ўзингни, Кўзгуда кўрасан...” дейиш билан фикр мантиқий якунига етди, лекин кейинги мисрада уч бўғин кам, шартта “ўзингни” сўзи қўшилади – вассалом. Хўп, такрорлиги такрор, хўш, нима қипти шунга?! Яъни, “зато” қофиясини, оҳангини кўринг! Иннайкейин, унчалик такрор ҳам эмас: “ўзингни кўрасан” дегани бор бўйи билан кўриш, “юзингни кўрасан”да эса фақат юзни кўриш назарда тутилган-да, ахир... Майли, бу эътирозларни қабул ҳам қилайин, “Севолмайди сени ҳеч ким ундек биров...” мисрасига нима дейсиз?! Бунда ё “ҳеч ким”, ё “биров” ортиқча эмасми?! Шунчаки ортиқча бўлса-ку, майли, сўз бўғин сонини ростлаш учунгина киритилганини билмайди-да, мазмунга ҳам таъсир қилиб қўяди, масалан, бундай:
Қайтмас энди илк муҳаббат ҳам,
Қайтмас энди орқага вақт ҳам...
Иккинчи мисрадаги “энди” сўзи мантиққа хилоф даъвони юзага келтиради, зеро, “вақт энди орқага қайтмайди” жумласининг замирида “илгари қайтган” маъноси ҳам мавжуд. Дарвоқе, тилшуносликда “паразит сўзлар” тушунчаси борки, у киши нутқида ҳеч заруратсиз такрорланиб, гўё боғлашгагина хизмат қиладиган сўзларни англатади. Чамаси, шоир наздида “энди”, “демак”, “ҳатто” каби сўзлар шу мақомда, уларнинг аксар мазмун томони ўйланмай ишлатилгани шундай фикрга олиб келади. Бироқ, юқорида кўрганимиздек, улар мазмунга ҳам жиддий таъсир қиладики, қуйидаги парчада буни яна бир карра кузатиш мумкин:
Нигоҳлари камалак,
Нозик мисли капалак,
Ҳаммадан ҳам у демак,
Гўзал!
Жумланинг мантиқий ташкилланиши шундайки, аввал бир, сўнг бошқа белги қайд этилади-да, шуларга асосан ҳукм чиқарилади. Маълумки, “демак” сўзи ўзидан аввалги фикрлардан табиий равишда ва ақлга мувофиқ тарзда келиб чиқадиган хулосага ишора қилади. Келтирилган байтда тавсифланаётган қизнинг “нигоҳлари камалак (?)”, ўзи “капалакдек нозик” экани эса унинг бешак “ҳаммадан ҳам гўзал” эканлигига далолат қилолмайди. Демак, шоир “демак”ни мазмун томонини ўйламай, “паразит сўз” мақомида ишлатган дейишга етарли асосимиз бор.
Жумла қурилишига етарли эътибор қилинмагани сабаб кўпинча бўлак(қисм)лар орасидаги алоқалар бузилиб, ғайриодатий мазмун ифодаловчи мисралар юзага келади. Масалан, “Севгидан бахт эмас, кўзи намланар” деганда, балки, “севгидан бахт эмас, ғам-андуҳ топди” маъносини ифодалаш кўзда тутилгандир. Бироқ жумланинг ҳозирги ҳолатида аввал “севгидан кўзи намланар” алоқаси кўзга ташланадики, ўзининг мантиқан ғализлиги етмаганидек, хаёлда “нима, бахт ҳам намланиши керакмиди?” қабилидаги эътирозни уйғотади. Ёки “Йиғламайман, ҳатто пулим қолмаса”, “Севаман деб, ёлғон алдаб адашдимми?” “Севдиму, лек унутолмадим” каби яна кўплаб миcралар борки, улардаги жумла қурилиши, бўлак (қисм)лар орасидаги мазмуний алоқаларнинг бузилиши эътирозли, ҳатто, кулгили ҳолатларни юзага чиқаради. Хушоҳанг жарангу мазмунни дўст тутмаслик бундай жумлаларга хос умумий бир хусусиятдирки, улар сирасидаги “шоҳбайт” ўлароқ қуйидаги мисраларни эътироф этиш керак чоғи:
Чиройлигим, чиройлигим,
Ҳаммаданам сиз ойлигим.
***
Хулоса ўрнида айрим фикрларни урғулаб қўйиш биланоқ чекланаман.
Аввало, шунча танқидий фикрларни айтганим билан, Аҳад Қаюмда Худо берган шоирлик истеъдоди борлигини инкор қилиб бўлмайди. Фақат Худо берганни тездан бозорга чиқариб сотиш ё совуриш эмас, аксинча, асраб-авайлаб, тарбиялаб ривожлантириш зарур. Истеъдод турли-туман синовлар, чиғириқлардан ўтади. Аҳад Қаюм ижодий тақдирига ёш туриб улкан шуҳрат топишу “харидоргирлик” ёзилган экан, ҳозир масала “бу синовдан у истеъдодини тоблаб чиқадими ё буткул бой берибми?” тарзида турибди. Афсуски, ҳозирча ёш шоир кейинги йўлда, биз бўлса унинг тез орада нариги йўлга ўтишига умидлана оламиз, холос. Сониян, юқорида айтилганлар фақат Аҳад Қаюмга эмас, балки унинг мисолида кўпчилик – маҳаллий хонандаларга “усилитель” қўйиб бериш асноси ўриндошлик асосида қўшиқ сўзлари билан таъминлашнинг ҳам уддасидан чиқаётган “шоир”ларга, нафақага чиққач туйқус ўзларидаги шоирлик иқтидорини фаҳмлаб қолган отахону онахонларга, хуллас, яхши ният билан қалам сураётган барчага тааллуқлидир. Шоядки юқоридаги мулоҳазаларимиз сабаб шулардан айримлари ҳар нени ҳам шеърга солиб бўлмаслигию ёзилган ҳар нени эълон қилавериш маъқул эмаслигини оз-моз англаса, шеърият муқаддас даргоҳ эканию тилдан фойдаланиш масъулиятини чинакамига ҳис этса...
Изоҳлар
Dilmurod Quronov