← Dilmurod Quronov
|

Adabiy jarayonda «Mom sindromi»

Dilmurod Quronov

Maqola · 2010 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Ezopda bir masal bor:

«Zevs hoʻkizni yaratdi, Prometey – odamni, Afina – uyni. Uchalovi kimning ijodi mukammalroq ekanligi masalasida bahslashib qolishdi-da, hakamlikka Momni taklif qilishdi. Ularning ijodini koʻrib, Momning gʻayirligi keldi va dedi: «Zevsning xatosi shuki, hoʻkizning koʻzlari shoxida emas – nimani va qayeriga suzayotganini bilolmaydi; Prometeyning xatosi shuki, odamning yuragi tashida emas, ichida ekan – uning yaxshi yo yomonligini birdan bilib boʻlmaydi; Afina uyni gʻildirakli qilmapti – yomon qoʻshni toʻgʻri kelib qolsa qochib ketib boʻlmaydi». Momning gʻayirlik qilayotganini sezgan Zevsning qahri keldi va uni Olimpdan haydab soldi».

Ezop masali ikkita beshak haqiqatni soʻzlaydi: birinchisi – bu yorugʻ olamda mukammal narsaning oʻzi yoʻq; ikkinchisi – gʻayirlik insonga tabiatan xos narsa. Bulardan kelib chiquvchi yana bir haqiqat shuki, agar Ezopga nisbat beriluvchi bu masal qariyb uch ming yillar naridan kelayotganini eʼtiborga olsak, bashariyat mazkur hikmatlarni ham, gʻayirlikning nomaʼqulligiyu bundayin feʼl Olimpdan quvilishga loyiqligini ham azaldan biladi. Lekin, bandalik-da... amalga kelganda aksar latifadagidek ish tutamiz. Yaʼniki, bir kasni masjidda nomaʼqul ish ustida tutib olib, yoqasidan oldilar:

– Shu ishni qilishga Xudodan qoʻrqmadingmi, nokas?

– Qoʻrqdim... qoʻrqdim-u, qoʻrqib-qoʻrqib qilaverdim-da...

***

Ulugʻbek Hamdamni el ogʻziga tushirgan «Muvozanat» romani eʼlon qilinganiga ham hademay oʻn yil boʻladi. Asli, Ulugʻbek bunga qadar ham ancha-muncha sheʼriy mashqlari, bir-ikki hikoyasiyu yana «Yolgʻizlik» qissasini eʼlon qilib, kichikroq davralarga xiyla tanilib ulgurgandi. Albatta, adabiy jamoatchilikning munosabati ham shunga yarasha edi: «Ha, endi, yana bir havasmand koʻngil yozuvchilikni orzu qilibdi-da, durust, durust... boʻladi, tarbiyalasa odam boʻladi...» Shu asno «Jahon adabiyoti»da «Muvozanat» eʼlon qilindi-yu, munosabat ham tubdan oʻzgardi: M.Qoʻshjonov, O. Sharafiddinov, U.Normatov, A.Rasulov kabi ustoz adabiyotshunoslar, P.Qodirovdek katta adiblar romanga yuksak baho berdilar... anchadan beri sokinlik hukm surayotgan adabiy jarayon jonlangandek boʻldi: asarni quvib izlashu topib oʻqish, u haqdagi qizgʻin fikr almashuvlar, katta-kichik davralarda muhokamayu munozaralar oʻtkazish, tahririyatga xatlar bitish, asar eʼlon qilingan jurnal sonlarining qoʻldan qoʻlga oʻtavergandan titilib ketishi... kabi deyarli unutilayozgan hodisalar kuzatilgandi oʻshanda. Biroq, yaxshi bilasizki, tanganing hamisha ikkinchi tomoni ham boʻladi: yuqoridagicha bahoyu munosabatga zid oʻlaroq «Mom sindromi» ham yetila boshladi... buning ustiga, Ulugʻbek ham ketma-ket yana ikkita roman eʼlon qilib qoʻydi-yu... Bunaqa vaziyatda taxminan quyidagicha andishalarning paydo boʻlishi tabiiy:

Har qancha iqtidorli boʻlsa-da, Ulugʻbek ham odam, bunday baholardan havolanib ketsa, nafaqat oʻziga, adabiyotimizga ham ziyon, axir! Endi asar taʼsiridan, u yuzaga keltirgan kitobxonlik eyforiyasidan chiqish, romanni xolis baholamoq zarur. Toki yosh adib yulduzlik kasaliga yoʻliqib, xudo bergan iqtidorini zoyega ketkazmasin! Yozganlarini sayqallab, adabiyotimizni tom maʼnoda boyita olsin...

Xolislik haqqi aytish kerak, bu juda toʻgʻri fikr, oʻz vaqtida uning koʻpchilik munaqqidlaru adiblar xayolidan oʻtganiga ham shubha qilmasa boʻladi. Lekin bu atigi bir fikr, xolos, hamma gap uning manshai – kelib chiqish manbaida.

... kamina iqtidori va xotirasiga ehtiromini kanda qilmaydigan katta adibimiz suhbatlaridan birida «Muvozanat» haqida bepisandlik bilan: «Bir joyda oʻqib qoldim bir parchasini. U hali jilva qilayotgan suvga oʻxshaydi»,1 – deydi. Sizga qanday bilmadim-u, soʻz maʼnosini jilvalantiruvchi zargar maqomidagi adibning gapida haqorat pinhondek tuyuladi menga. Axir, bepisand ohangda aytilgan «bir joyda», «bir parcha» degani... (Badgumon boʻlib qolishdan Oʻzi saqlasin, astagʻfurilloh!) Yer borib aytmasin-u, menga qolsa, yosh hamkasbga bunday munosabat manshai «Mom sindromi»dan oʻzga emas. Nachora, nechogʻli ulkan isteʼdod boʻlmasin, insonga xos ojizliklar unga ham yot emas. Toʻgʻri-da, axir: soʻnggi yillarda yaratgan yaxshigina romanlari deyarli aks sado bermay, «adabiyot oʻladi» degan gapga ishonib qolayozgan boʻlsa-yu, hali tetapoya bir yozuvchining romaniga shuncha shov-shuv... Buning ustiga tajribali nigohi romanning kam-koʻstlarini yaqqol koʻrib turgan boʻlsa: nahotki did deganlari ham shunchalar oʻtmaslashsa?! Dunyo bevafo... oʻquvchi omma bevafo... Biroq, tan olish kerak, adibning ulkan isteʼdodi suhbatda ham oʻzini koʻrsatadi, aytganlari oʻziga ham emas koʻringanmi, tezgina silliqlashga shoshadi: «Lekin samimiy yozibdi!» Mabodo ojizlik ustun kelmaganida, avval samimiy yozganlikni taʼkidlab, soʻng kamchiliklarini aytgan boʻlarmidi...

Gazeta-jurnal sahifalarida aks etgan adabiy jarayon – aysbergning yuzasi, xolos, uning katta va asosiy qismi jonli muloqot, «dedi-dedi»lar shaklida yashaydi. Asosiysi, koʻpchilik nigohidan pinhon ayni shu tomoni – haqqoniyroq, bunda asl munosabatni yashirish, boʻyab-bejash zarurati yoʻq, shu bois ular munosabatni ochiq koʻrsatadi...

... bugungi nasrimiz ilgʻorida turgan biz tengqur va hech shubhasiz, talantli yozuvchi: «Ulugʻbek Hamdam?!.. Kim ekan u... tanimayman!» – deya soxta hayronlik bilan yelka qisarmish. Bunisi endi kuni-kecha quloqqa chalingan gap. Ishonavering, talantli yozuvchining soxta hayronligi zimnidan ham «Mom sindromi» boʻy beradi. Zero, vaqtli nashrlardagi faolligidan tashqari shu kunga qadar uchta roman, ikki-uch sheʼriy toʻplam chiqargan ijodkorni tanimaslikka olishning oʻzi – munosabat, oʻsha ijodkor va uning asarlariga mensimay qarashdan boshqa narsa emas. Faqat bu oʻrinda «Mom sindromi»ning manshai boshqa, u kibrdan, ilmiy tilda aytsak «buyuklik maniyasi»dan kelib chiqadi. Yaʼni, yozuvchimiz oʻzining soʻnggi davr nasrchiligida alohida oʻrin tutishini (xolis aytsak, maʼlum darajada u haq ham) his qiladi – oʻzini yuksak choʻqqida tasavvur qiladi: olisda, koʻzga elas-elas chalinuvchi choʻqqilarda turgan A.Qodiriy, A.Qahhor va yana koʻzi uncha ilgʻamayotgan allakimlarni demasa, atrofida hech kim yoʻq! Pastga qarasaki, birisi choʻqqiga chiqish uchun tarmashayotibdi: «Qayt-e, koʻrmayapsanmi, joy band-ku!..»

... «dedi-dedi»larning keyingisi hammasidan oʻtib tushadi: «Rahmatli Ozod aka adabiyotga olib kirib qoʻydi, boʻlmasa Ulugʻbekning oʻzi hech narsa emas!» – deydi sirli qilib taniqli munaqqidlardan biri. Bu oʻrinda «Mom sindromi»ning manshai – munaqqidga yoʻrgakda tekkan nigilistlik kasali, uning uchun inkor qilinmaydigan narsaning oʻzi yoʻq, boʻlmaydi ham. Lekin gap bunda emas, muhimi – munaqqid adabiy jarayonning qoq chorrahasida turadi: poytaxtdagi adabiyotga aloqadorki odam bir oy, yarim oyda bir unga albatta duch keladi, desak mubolagʻa emas. Yaʼni, haligi fikr «kolxoz radiouzeli»dan eʼlon qilingan kabi. Aqlga tayinki, bu adabiy jamoatchilik fikrining shakllanishiga taʼsirsiz qolmaydi. Zero, garchi «kolxoz radiouzeli» desam-da, uning ishlash prinsipi «Amerika ovozi» kabi: toʻqqizta rostga bitta yolgʻonni oʻrab efirga uzatadi – tajribasiz odam yolgʻonni yamlamay yutadi. Bilgan-ku, aql tarozusiga solib koʻrar, bilmagan, deylik, poytaxtga kelib adabiy davralarda yoʻl izlab yurgan yosh bunga chippa-chin ishonib, oʻzining istiqboli isteʼdodi kuchiga emas, hayot yoʻlida bir kun Xizr misol duch keluvchi katta adib yo katta olimgagina bogʻliq deb oʻylab qolmaydimi? Eng yomoni, u shoʻrlik ham «havo-tomchi yoʻli bilan oʻtuvchi» bedavo nigilistlik kasalini yuqtirib olmaydimi?..

***

Ha, «Muvozanat»ning roʻyobga chiqishida ustoz O.Sharafiddinovning roli katta, buni yozuvchi uchrashuv va suhbatlarida har vaqt minnatdorlik bilan eʼtirof etadi... Gʻayirlik nafasi ufurib turgan gaplarga chalgʻimaslik lozim, zero, ustozning roman taqdiridagi ishtiroki, avvalo, katta harflar bilan yoziladigan INSON va MUNAQQID boʻlgani bilan izohlanadi. Yaʼni, agar ustoz romandagi Siz (gap egasini topadi!) doʻmbira qilib chalmoqchi boʻlayotgan kamchiliklarni koʻrmagan, desangiz, xomtama boʻlasiz – qattiq adashasiz. Negaki, MUNAQQID nigohi siznikidan chandon tiyrakligidan asardagi ulkan badiiy potensialni koʻrolgan, bagʻrikeng INSON sifatida uning nuqsonlariga juzʼiy, tuzatsa boʻladigan deb qaray olgan va shu bois aytadiki: «... yaxlit olganda roman menda juda katta taassurot qoldirdi»2. Munaqqidning «yaxlit olganda» deyishida gap koʻp: bu bilan, bir tomondan, romanning kamchiliklardan holi emasligi, ikkinchi tomondan, «yaxlit olinganda» oʻsha kamchiliklarni bosib tushadigan, ularga vaqtincha koʻz yumib tursa boʻladigan nimadir borligi taʼkidlanadi...

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: nima ekan oʻsha NIMADIR? «Muvozanat» nega, nimasi bilan katta avlod vakillariga – ustoz munaqqidlaru adiblarga maʼqul keldi?

Mazkur savolga javob izlashni O.Sharafiddinovning: «Romanni oʻqib chiqar ekanman, bugungi kun odamini tasvirlashda hali realizmning ochilmagan imkoniyatlari koʻp ekaniga imon keltirdim»,– degan gapidan boshlasak. Ehtimol, kimdir bu gapdan romanni katta avlodga maʼqul qilgan narsa – anʼanaviylik, degan xulosa chiqarar va bunda qisman haq ham boʻlar, lekin shuning oʻzi bilangina izohlash kamlik qiladi. Zero, munaqqid «realizmning hali ochilmagan imkoniyatlari»ga urgʻu bermoqda. Maʼlumki, realizmda badiiy bilish funksiyasi ustuvor, realistik roman jamiyatning joriy holatini tahlil qilishu u haqdagi yaxlit konsepsiya – badiiy falsafani ifodalashga intiladi. «Muvozanat»ga mazkur risolaviy talablar nuqtai nazaridan qarab koʻraylik.

Avvalo, Ulugʻbek Hamdam roman yozilgan payti koʻpchilikni qiynayotgan, koʻpchilikning ongu qalbida kechib oʻtgan yoki kechib turgan holatni qalamga oldi. Yaʼni, «Muvozanat» mavzu jihatidan gʻoyat dolzarb va muhimi, bir paytlari «Ona» romani haqida aytilgani kabi, «oʻz vaqtida yozilgan roman» sifatida dunyoga keldi. Masalaning ikkinchi tomoni – dolzarb mavzuning qanday yoritilgani. Roman koʻp jihatdan avtobiografik xarakterga ega – Ulugʻbek asarning koʻp oʻrinlarini yigʻlab yozgan, yurak-bagʻrini burda-burda qilib matnga singdirib yuborgan. «Muvozanat»ning bir oʻtirishda yozilgandek (M.Qoʻshjonov) taassurot qoldirishi, hatto asarni yoki muallifini uncha xushlamaydiganlar ham uning samimiy yozilganini beixtiyor eʼtirof etishlari shundan. Bular bari «Muvozanat»da ijtimoiy dardning tom maʼnoda shaxsiylanishi yoki shaxsiy dardning ijtimoiy jarango topishiga olib keldiki, romanning oʻquvchi ommada katta rezonans bergani ham shu bilan izohlanadi. Mazkur fikrga eʼtiroz qilinishi, asarni baholashda mavzuni asosga qoʻyayotganim sotsiologik va hatto «vulgar sotsiologik» yondashuv deya tanqid qilinishi mumkinligini his etib turibman. Lekin hukmga shoshmaslikni soʻrab, yana ustoz koʻmagiga tayanaman. O.Sharafiddinov «Muvozanat» haqidagi fikrlarini umumlashtirib: «Demak, gap bu yerda realizmda yoki modernizmda emas. Gap sanʼatkorda, uning tafakkurida va mahoratida. Adabiy asar esa chinakam asar namunasi boʻlmogʻi uchun, realizmga mansub boʻladimi, romantizm uslubida yozilgan boʻladimi, yoki qandaydir boshqa modernistik uslubga amal qiladimi, baribir, yana takror aytaman, uning markazida inson turmogʻi kerak, kitobxon insonning taqdiri, tabiati, hayoti haqida muayyan axborot olish bilan birga bu asardan estetik zavq ham ola bilsin»3.

Albatta, «Muvozanat»ning markazida inson – Yusufning taqdiri, uning iztirobli izlanishlari turganini hech kim inkor qilmas. Lekin, nazarimda, asarni maʼqul qilolmagan yoki maʼqul qilishni istamayotganlarga munaqqidning «gap sanʼatkorda, uning tafakkurida va mahoratida» deyishi oʻz shogirdiga orttirib baho berish, «estetik zavq» haqidagi mulohazasi ayni mubolagʻa boʻlib koʻrinishi tayindek. Axir, ular estetik zavqni badiiyat bilan bogʻliq tushunadilar va toʻgʻri qiladilar ham! Faqat bitta lekini bor: ular badiiyatni oʻzlaricha tushunadilar va shu tushunchalaridan kelib chiqib tilida nuqsonlari bor, ayrim oʻrinlarida publitsistiklik ustuvor, baʼzi epizodlari ishonarsizroq chiqqan, ... «Muvozanat» badiiy jihatdan boʻsh, demak, estetik zavq haqida gapirish ham ortiqcha, deb biladilar. Boshqacha aytsak, ularning nazdida «Muvozanat» mavzuning dolzarbligi, hayotimizdagi ayrim ogʻriqli muammolarni dadillik bilan aks ettirgani ... xullas, oson yoʻl bilan kitobxonlarni rom etgan. Holbuki, bu – xato tasavvur. Zero, «Muvozanat» oʻquvchisi asar badiiy voqeligini muallif nigohi orqali koʻradi, unda qahramonlar bilan birga yashab koʻradi, his qiladi; yozuvchi bilan birga ularning taqdiri, oʻzaro munosabatlarini muhokama qiladi, fojialari ildizini anglashga intiladi, qoʻyilgan muammolar yechimini izlaydi va pirovardida muayyan xulosalarga keladi – shularning bari «estetik zavq»dir. Yaʼni, estetik zavq asarning oʻz-oʻzicha namoyon boʻluvchi obyektiv xossasi emas, balki oʻquvchi ongiyu qalbida kechuvchi maʼnaviy-ruhiy jarayondir. Shu bois ham badiiyat hodisasi oʻqish jarayonidagina mavjud, u hamisha «yozuvchi – asar – oʻquvchi» birligida namoyon boʻladi. Demak, badiiyat hodisasining voqe boʻlishi asarning oʻzigagina emas, oʻquvchiga – uning ijodiy tasavvur imkoniyatlari, umummaʼrifiy va madaniy saviyasi, oʻqish malakasi, emotsional holati, niyati kabi qator omillarga ham bogʻliqdir. Shu jihatdan qaralsa, nega kimdir koʻzlariga surtib oʻqiydirgan kitob varaqlariga boshqa birovning «semichka» oʻrab sotishini, oqlab boʻlmasa-da, tushunish u qadar qiyin emas...

...mazkur mulohazalardan kelib chiqib va insofu adlga muvofiq xulosa qilsak, «Muvozanat»ning estetik zavq bera olishini eʼtirof etishimizga toʻgʻri keladi. Estetik zavq esa, bilasiz, sanʼatning eng muhim hosilasi, u insonga berishi mumkin boʻlgan asosiy neʼmat. Fikrimizcha, «yaxlit olganda» deganida O.Sharafiddinov «Muvozanat»ga badiiy asar, sanʼat hodisasi sifatida qarashni nazarda tutgan. Tabiiy savol tugʻiladi: xoʻsh, «yaxlit olish», badiiy asar, sanʼat hodisasi sifatida qarash qanday boʻladi? Maʼlumki, sanʼat «obrazlar tili»da gapiradi, jumladan, soʻz sanʼati ham. Adabiy asardagi obrazlar ham, xuddi gapdagi soʻzlar misoli oʻzaro aloqa-munosabatga kirishadi va asar butunligi – GAPda muayyan bir badiiy mazmunni ifodalaydi. Yaʼni, badiiyat hodisasi ayni shu «ikkilamchi til» asosida voqe boʻladi, «birlamchi til» nechogʻli muhim boʻlmasin, baribir, adabiyotning obraz yaratish vositasi, quroli boʻlib qolaveradi. Shunga koʻra, badiiy asarga avval «yaxlit olib» qarashimiz, «obrazlar tili» uni badiiyat hodisasini yuzaga chiqarishga yaroqli estetik obyektga aylantira oldimi yo yoʻqmi?» degan savolga javob berishimiz talab etiladi. Agar mazkur savolga tasdiq javobi berilsa, demak, boshqa barcha nuqsonu kamchiliklarga juzʼiy, tuzatsa boʻladigan deb qarash toʻgʻriroq boʻladi. Tamsil qilmoqchi boʻlsak, gap turfa toshlar orasidan olmosni ajrata bilish haqida bormoqda. Yaxshi bilasiz, ishlov berilmasidan turib koʻrimsizgina tuyulgan olmosda ming turli jilvalar imkoniyati bor. Biroq oʻsha imkonlarni roʻyobga chiqarish uchun, avvalo, olmosni shishadan ajratib olish zarur boʻladi va zikr qilingan katta avlod vakillari buni uddalay bildi...

***

... akademik M.Qoʻshjonov yozgan soʻz boshida bitta narsa – «Muvozanat»ning tom maʼnodagi ijodiy-ruhiy ehtiyoj mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgani ayricha taʼkidlanadi: «... muallifning maqsadi roman chop qildirib, koʻzga tashlanish emas. U hayot haqida, hayotida roʻy berayotgan keskin burilishlar haqida, oʻta ziddiyatli voqealar xususida chuqur oʻylaydi. Faqat oʻylaydigina emas, nimalardandir qanoat hosil qilsa, nimalardandir koʻngli toʻlmaydi, bular xususida bezovta boʻladi, kuyunadi, qaygʻuradi. Mana shu kuyunish va qaygʻurishlar uni qoʻliga qalam olishga undaydi»4. Bu, nazarimda, roman haqida aytilgan gʻoyat adolatli fikr: Ulugʻbek «Muvozanat»ni non yoki shon ilinjida yozmagan, aksincha, yozmaslikning iloji qolmagan, yorilmasa boʻlmaydigan holat yuzaga kelganida dilidagini qogʻozga toʻkkan-qoʻygan. Buni romanning ilk oʻquvchisi sifatida, oʻn uch yil muqaddam aspirantlar uyida Ulugʻbekning qoʻlyozmani menga berarkan: «Aka, bir narsa yozdim... nimaligini oʻzim ham bilmayman, koʻrib berasizmi?..»– degani kontekstida mudom his qilib turaman...

... gap shunga taqalganidan boʻlsa kerak, ilk taassurotlar qaytadan jonlangandek boʻladi. Qoʻlyozma tezgina oʻziga jalb qilgan, uni «bir zarbda» oʻqib, oʻzimni muallifga hamfikr, Yusufga hamdard his qilgandim oʻshanda. Goʻyo asar men haqda yozilgandek, unda koʻnglimdan kechirgan va qisman kechirib turgan holat aks etgandek: ... oʻzimni hayot toʻlqini bir chetga uloqtirib yuborgan xas, yaqin oʻn yillar dilda ardoqlab kelayotgan ezgu orzu-umidlari sarobga aylanib, «teshik togʻora» yonida turgandek his etayotgan... turish-turmushim ham shunga monand: tanlagan soham endi hech kimga kerak emasdek, goʻyo kun oʻtkazishdan boshqa maqsadning oʻzi yoʻq... adabiyot deganlari oʻzim kabi sir bergisi kelmay turgan hamkasbimning «piyoda ketaqolaylik, gaplashib ketamiz-da» degan daʼvati tufayligina eslanib, goʻyo adabiyot haqida miriqib subatlashish, aslida esa yoʻlkirani tejab qolish uchun universitetdan vokzalgacha piyoda qatnab yurgan... choʻntakda nomzodlik diplomi bilan goh suvoqchilik, goh «intellektual mardikorlik», goh esa chorbozorchi-biznesmenlikka qoʻl urgan, pirovardida oʻz-oʻzimni yengib, sohani oʻzgartirish haqida jiddiy oʻylay boshlagan... – xullas, muvozanat yoʻqolgan holat. Oʻsha ilk taassurot izmida qogʻozga tushirilgan taqrizda «Nazarimda, Ulugʻbek koʻpchiligimiz, ayniqsa, qirq yosh chegarasidagi avlod ruhiyatiga koʻzgu tutayotgandek boʻldi» deb yozganim shundan. Zero, men romanni, aniqrogʻi, u orqali soʻnggi oʻn yillik hayotimni qaytadan yashagan, maʼnaviy-ruhiy izlanishlar yoʻlida Yusufga hamrohligimni his etgan, xullas, tom maʼnodagi katarsis hodisasini koʻngilda kechirgan, demak, «Muvozanat» bahona badiiyat hodisasiga doxil boʻlgan edim...

... ustoz M.Qoʻshjonov romanga yozgan soʻz boshida Yusuf haqida: «... u faqat kitob titishu ilm egallash uni har doim ham baxtli qilolmasligini sezadi. U oʻz idealini, hayotga munosabatini oʻzgartirish ustida bosh qotiradi», – deyiladi. Olimning mazkur fikrini mulohaza qilarkan, «qirq yosh chegarasidagi avlod ruhiyati» deya taʼkidlash, roman ruhi koʻproq shu avlodga yaqin, degan qarashni mutlaqlashtirish unchalik toʻgʻri emasligini his qildim. Zero, «idealini, hayotga munosabatini oʻzgartirish» degani muayyan bir avlodgagina emas, balki bani odamga xos xususiyatdir. Sirasi, inson umri – idealni konkretlashtirish va hayotga munosabatiyu amallarini shunga moslashtirib borishdan iborat uzluksiz jarayon. Faqat tarixning burilish nuqtalarida uning tabiiy oqimi oʻzgaradi, unda ham gohi dunyoni buzguday hayqiriq bilan quturib-loyqalanib oqishlar, oʻzandan chiqishlar kuzatiladi; daryo oqimi faslga qarab oʻzgargani kabi, bu oqim ham jamiyatdagi fasl almashuviga bogʻliq. Agar ajdodlardan qolgan udumga koʻra 21 mart – Navroʻz bahor qishni almashtiradigan marra, desak, jamiyat tarixida ham shunday marralar bor: 1917, 1956, 1985, 1991... Aytmoqchi boʻlganim, umuman olganda ruhiyatdagi keskin evrilishlarni his va idrok etish uchun muayyan davr yo avlodga mansublik shart qilinmaydi, zero, bu alohida olingan insonga nisbatan ham, jamiyat hayotiga nisbatan ham universal hodisadir. Shunga qaramay, turli avlod vakillarining asarga munosabatini belgilovchi, uning estetik obyektga aylanishini taʼminlovchi omillar jiddiy farqlanadi. Deylik, katta avlod bu kabi marralarni bosib oʻtgan – oʻzining koʻrgan-kechirganlari bilan oʻxshashlik asosida Yusufning iztirobli izlanishlarini his etish va qadrlashga qobil. Demak, ular uchun «Muvozanat»ning estetik obyektga aylanishi yengilroq koʻchadi va aksincha...

... hayotida bunaqa marralardan bir nechtasini koʻrgan-kechirgan M.Qoʻshjonov asarga estetik obyekt sifatida yondashadi, shu bois ham qarashlarida undagi «obrazlar tili»ga tayanadi: «Roman syujetini asosan uchta qahramon sarguzashtlari tashkil qiladi. Uchalasi ham bugungi zamon qahramonlari. Biroq uch qahramon – uch hayot yoʻli. Mana shu hayot yoʻlining birligi romanda aks etgan voqelikning qay darajada dolzarbligini koʻrsatib turibdi». Allomaning «romanda aks etgan voqelik», yaʼni badiiy voqelikka urgʻu berayotgani fikrimizni dalillaydi, zero, birinchidan, badiiy voqelik «obrazlar tili» bilan yaratiladi, ikkinchidan, «obrazlar tili»ni tushunish asarga estetik obyekt sifatida yondashishni taqozo etadi. Shunday yondasha olgani uchun ham ustoz «obrazlar tili»ni UQADI va uqqanini muxtasar ifodalaydi: «Asar bilan tanishib shunday xulosaga kelasiz: butun olam muvozanat qonuni asosida turgan boʻlsa, jamiyat ham, uning asosini tashkil qilgan insonlar ham ayni muvozanat tufayli barqarordir. Muvozanat buzilgan zahoti hayotda, demak, uning aʼzolari orasida har xil kutilmagan oʻzgarishlar, hatto izdan chiqishlar boshlanadi». Darhaqiqat, «Muvozanat» yaqin oʻtmishimiz – odatlanilgan turmush tarzidagi tublik oʻzgarishlar ruhiyatimizda keskin evrilishlarni keltirib chiqargan davrdagi muvozanatsizlik holatini qalamga oldi. Yozuvchi qahramoni ruhiyatida yoʻqolgan muvozanatning tiklanish jarayonini tasvirlash asnosi kunning oʻtkir muammolariga javob izladi, anglash va anglaganlarini yaxlit konsepsiya – badiiy falsafa tarzida ifodalashga intildi. Margʻub tomoni shuki, asar badiiy voqeligida turli yosh, soha, turfa dunyoqarash kishilari, shahar va qishloq hayoti qamrab olindiki, natijada u davr voqeligining moʻʼjaz modeli boʻlib qoldi. Muhimi, ayni shu model oʻzida asosli va ahamiyatli badiiy falsafani aks ettirdi. Qahramoni Yusuf kabi adib ham hayotimizdagi nomargʻub koʻrinishlar ildizini oʻzi-da, oʻzimizda koʻrdi, aql va ruh tanballigidan forigʻ boʻlish va dunyoni koʻngilga muvofiqlashtirib yashash zaruratini tuydi, tuydirdi. Bugina emas, voqelikning koʻproq nursiz tomonlarini tasvirlagani holda, muallif «Muvozanat»ni umidvorlik tuygʻusi bilan yoʻgʻirib, nekbin falsafani ifodalay oldi: bu yorugʻ olamda muvozanat bilan muvozanatsizlikning oʻzaro almashinib turishi qonuniyat maqomidagi hodisa, shunga qaramay, inson dunyoni koʻngliga, mavjudligini mohiyatiga muvofiqlashtirishga intilib yashashi zarurki, bu – insonlik sharafidan kelib chiquvchi vazifa, ehtimol, inson hayotining mazmunidir...

... sanalgan jihatlari bilan «Muvozanat» roman janriga qoʻyiluvchi risolaviy talablarga toʻla javob berib, milliy tariximizdagi burilish pallalarini, hayoti shunday pallalarga toʻgʻri kelgan insonlar ruhiyatidagi evrilishlarni keng epik koʻlamda aks ettirolgan «Oʻtgan kunlar», «Kecha va kunduz», «Lolazor» singari barmoq bilan sanarli qatordan joy oldi. Darvoqe, shularni eʼtiborda tutib, oʻn uch yil avval, qoʻlyozmani qaytarish chogʻi muallifni roman bilan tabriklarkan, uning «Roman desam... boʻladimi?» degan savoliga qatʼiy qilib: «Roman. Juda yaxshi roman!» – degandim va hamon shu fikrda sobitman.

***

... va aksincha, ongli hayotida bunday marralarni bosib oʻtmagan avlodda mazkur jarayonning birmuncha qiyin kechishi ham ehtimolki, bunda yuqorida sanalgan oʻquvchining ijodiy tasavvur imkoniyatlari, umummaʼrifiy va madaniy saviyasi, oʻqish malakasi, emotsional holati, niyati kabi omillar ustuvorroq ahamiyat kasb etadi. Hozir bularning soʻnggisi – niyatga toʻxtalmoqchiman. Yaxshi maʼlum, xalqimizda niyatga alohida eʼtibor beriladi, koʻp hollarda amal niyatga qarab baholanadi. Menga qolsa, badiiyat hodisasining voqe boʻlishi ham avvalo niyat bilan bogʻliq, degan boʻlardim. Rahmatli bobom aytguchi edi: namozga niyat qilgan odamning quloq qoqishi «dunyo ishlarini ortimda qoldiryapman, yuzimni, dilimni Oʻzingga burdim» degani ekan. Yaʼni, niyat qancha xolis boʻlsa, ibodat shuncha mukammal: obid faqat Alloh bilan qoladi. Shunga oʻxshash, mutolaaga «badiiy asar oʻqish» niyati bilan kirishishgina matnni badiiyat hodisasiga aylantiradi. Yoʻqsa, matn – soʻzlardan tarkib topgan nutqiy tuzilma koʻrinishidagi yaxshi roman, deylik, ipak qurti parvarishiga oid qoʻllanmadan aytarli farq qilmaydi. Yuqorida niyat sanoq oxirida zikr qilingan esa-da, haqiqatda u – boshqa barcha omillarni harakatga keltiruvchi motor, usiz madaniy-maʼrifiy saviya ham, ijodiy tasavvur imkoniyatiyu oʻqish malakasi ham – barisi bekor. Zero, niyat obidni Alloh bilan muloqot kechuvchi ruhoniyat olamiga koʻchirgani kabi, oʻquvchi ham ijodkor bilan muloqot kechuvchi badiiyat olamiga niyat orqaligina koʻcha oladi. Faqat «koʻchish»ning muhim sharti bor – niyat xolisligi, buni esa ibodatga chogʻlangan obid dilidagi ehtiyoj yoki qalbini toʻldirgan Allohga nisbatan betama ishq, mutolaaga chogʻlangan oʻquvchidagi hamdardlik yoki badiiyatga begʻaraz oshuftalik taʼmin etadi. Ayonki, har ikki holda ham keyingisi tansiqroq, ular koʻproq xoslarga tegishdir...

... hamdardlik tuyishi qiyinroq boʻlgan avlod vakillaridan biri – H.Karvonli badiiy nasr tili masalalariga bagʻishlangan «davra suhbatini oʻqigach, U.Hamdamning «Muvozanat» nomli romani yodimga tushdi: asarni oʻqishni boshlab oxiriga yetkazolmaganim, roman negadir «tortib ketmagani»ni esladim va buning sababi asar tili bilan bogʻliq emasmikan, degan oʻyda kitobni qayta oʻqidim. Afsuski bu taxmin oʻqish jarayonida tasdiqlandi»5,– deb yozadi. Sirtdan qaraganda gʻoyat samimiy yozilgandek, lekin... Demak, «Muvozanat» oʻz vaqtida munaqqidni «tortib ketmagan», oʻshanda buning sababini bilolmaganidan «oxiriga yetkazolmay» tashlab qoʻygan-u, davra suhbati bilan tanishgach, sababni kashf etib turibdi. Sizga qanday, bilmadim-u, men bu gaplarning samimiyligiga ishona olmayman. Aksincha, agar munaqqid «Muvozanat»ning oʻquvchisi boʻlolmadim, deganida, beshak ishongan boʻlardim. Zero, asar yozilgan vaqtda «qirq yosh chegarasida» turgan va undan katta avlod vakillaridan farq qilaroq, munaqqidga roman asosida yotgan «dard»ning yuqishi qiyinroq. Negaki, katta avlod ruhiyatidagi evrilishlarni keltirib chiqargan oʻzgarishlar bilan bir vaqtda mustaqil hayotga qadam qoʻygan H.Karvonlining zamonani oʻzgacharoq idrok qilishi tabiiy. Ehtimol, hamkasblarga biroz malol ham kelar, lekin haqiqat shuki, har bir kitobning oʻz oʻquvchisi bor, munaqqid ham, nechogʻli yuksak did yo malaka egasi boʻlmasin, avvalo, oʻquvchidir. Yaʼni, barcha asarlarga birdek xolis va adolatli baho berishi mumkin boʻlgan munaqqidning oʻzi yoʻq. Albatta, mutaxassis sifatida buni eʼtirof etish osonmas – oʻzingni noqis sezasan, nafsing ogʻriydi kishi, lekin adolat haqqi tan olish zarur. Nazarimda, H.Karvonlining «Mom sindromi» taʼsiriga tushib qolishi shu haqiqatni iqror etolmaganlik bilan izohlanadi. Munaqqid koʻpchilik alqayotgan romanni qiziqib qoʻlga olgan-u, asar «tortib ketmagan»i bois hafsalasi pir boʻlgan. Oʻshanda qarshisida tanlov imkoniyati bor edi: yo «Muvozanat»ning oʻquvchisi boʻlolmaganini tan olish va yo boshqa sabablarni qidirish – munaqqid keyingi yoʻlni tanlaydi. Holbuki, «oxiriga yetkazolmagani»ning oʻzi asarga estetik obyekt sifatida qaray olmagani, romanning oʻquvchisi boʻlolmaganini koʻrsatib turibdi. Aslida, buning hech bir aybli joyi ham yoʻq. Lekin munaqqid buni oʻz-oʻziga ham iqror qilolmaydi, natijada niyat buziladi... chala-yarim oʻqilgan kitobni chetga surarkan «Nimasini maqtashadi buning?!» deya hayronlar qolgan, ayni damdagi holati va niyatiga mos javoblar taxminlab, boʻshgina asarni maʼqullash bilan oʻzlari xizmat qilayotgan adabiyotga zarar keltirayotganlarini sezmayotgan «kattalar»dan xafalar boʻlib ketgan esa-da ajab emas... Mayli, bular-ku, xayolga kelgani xolos, ikkinchi mutolaa niyatini munaqqidning oʻzi ochiq eʼtirof etadi: «buning sababi asar tili bilan bogʻliq emasmikan, degan oʻyda kitobni qayta oʻqidim». Xoʻsh, bu niyatning nimasi yomon, dersiz? Bilmadim, har holda, munaqqid badiiyatiga oshno boʻlolmaganidan ilgari chala-yarim oʻqigan asar mutolaasiga shu niyat bilan yondashayotgan ekan, bunday niyatni toza deyish qiyin. Zero, niyat toza boʻlmagani uchun ham ikkitagina jumlada asarda «ezgu gʻoya» ifodalanganini qayd etiboq «lekin»ga... undagi muvaffaqiyatsiz tashbehlar, nooʻrin qoʻllangan soʻzlaru kelishik qoʻshimchalari xato ishlatilgan oʻrinlarni bittalab sanashga oʻtib ketiladi. Aminmanki, agar bunaqa niyat bilan yondashilsa, nafaqat butun boshli roman, hatto u haqdagi shapaloqdek maqoladan ham istagancha kamchilik topish mumkin, kamina buni H.Karvonlining oʻzi ham yaxshi bilishiga aslo shubha qilmayman...

(... bir tomoni, baribir shayton bor emasmi, «qani shunday niyat bilan qarab boq-chi!» deya qitiqlab tursa, ikkinchi tomoni, daʼvolarim quruq boʻlib qolmayaptimi, degan andisha ichingni kemirib tursa, «Ke, hech yoʻq maqolaning boshlanishiga shunday niyat bilan qaray-chi!» deya yon berganingni sezmay qolasan ekan. Xullas, munaqqid yozadi: «Jahon adabiyotining barkamol namunalaridan hayratlanamiz, lekin bu yuksaklik zamirida yozuvchining asar tili ustida qattiq mehnat qilganiga koʻpda eʼtibor bermaymiz». Tagʻin bilmadim-u, tuzuk niyatli oʻquvchi bu jumlani «yuksaklik zamirida yozuvchining asar tili ustidagi qattiq mehnati yotganiga koʻpda eʼtibor bermaymiz» yoki «bu yuksaklikka erishish uchun yozuvchi asar tili ustida qattiq mehnat qilganiga koʻpda eʼtibor bermaymiz» qabilida uslubiy va mantiqiy jihatlardan toʻgʻrilab oʻqiyveradi. Shundan keyinoq munaqqid F.Kafka madhiga oʻtib, jumladan, «Yigirma yetti sahifada yarim soat muddat atrofida roʻy bergan voqealar ifodalanadi» deb yozadi, bechora tuzuk niyatli oʻquvchi esa kechirimlilikni oʻziga farz bilib, jumlani «yarim soat ichida roʻy bergan voqealar tasvirlanar ekan» deb tushunaveradi...

... ishtaha yemak chogʻi keladi, deganlaridek, shaytonga har qancha hay beray desam-da, yana bitta-ikkita narsani aytib oʻtmasam boʻlmaydiganga oʻxshayveradi. Munaqqidning Kafkaga muhabbati balandligidan boʻlsa kerak, uning til borasidagi xizmatlarini ibrat qilib koʻrsatmoqchi boʻladi: «muallif voqeani dialog vositasida koʻrsatib, voqeaga qahramon munosabatini, yaʼni uning kechinmalari, oʻy-fikrlari bayonini roviy monologi – nutqiga mahorat bilan uygʻunlashtirib yuboradi. Taʼkidlash joizki, bunda F.Kafka tilning yangi imkoniyatlarini ochadi». Mazkur hayrat izhorini oʻqib, «iye, muallifning nazariy tayyorgarligi ham oʻzimiz qatori, chogʻi» degan oʻyga bordim. Negaki, salkam Kafka kashfiyoti sifatida taqdim etilayotgan qahramon oʻy-kechinmalarining muallif tilidan berilishi – oʻziniki boʻlmagan muallif nutqi (ruslar buni «nesobstvennaya pryamaya rech» deyishadi) Kafkaga qadar ham boʻlganini talabalik yillarimiz maʼruzalarda esnab eshitgan edik. Tan olish kerak, munaqqid yozuvchiga ham oz boʻlsa-da haq beradi: «Romanda yozuvchi badiiy tasvir vositalaridan umuman foydalanmagan, deb boʻlmaydi», – deya eʼtirof etadi va darhol, haqi oʻtib ketayotganidan choʻchibmi, inkorga shoshadi: «Ammo ular shunchalik kamki, bu romanga xos emas». Bularni oʻqigach, nega munaqqid «Muvozanat» tili haqidagi mulohazalarida oddiygina statist maqomidan koʻtarila olmaganini oʻzimcha tushungandek boʻlaman. Sezishimcha, munaqqid badiiy tasvir vositalarini badiiy tilning belgilovchi xususiyatlari deb tushunadi, holbuki, ularning badiiy til uchun fakultativ hodisa, yaʼni obrazlilik va emotsionallik kabi belgilovchi xususiyatlarni kuchaytiradigan vositalar ekani allaqachon oddiy haqiqatga aylangan. Nima desam ekan, xullas, roman tili haqida maqola yozishga jazm etarkan ilgari oʻqilganlarni bir sidra takrorlab, yangilab qoʻyilsa yaxshi boʻlarmidi, degan andisha keladi-da...)

Xullas, munaqqidning niyati roman oʻqish emas, balki nega uning oʻquvchisi boʻlolmaganini oʻzi uchun aniqlash, oʻzini «oqlab olish» boʻlgan koʻrinadi. Shu bois ham, garchi oʻzi «afsuski, bu taxmin oʻqish jarayonida tasdiqlandi» deb yozsa-da, «afsuski»ni «xayriyat» maʼnosida tushunsak toʻgʻriroq boʻladi. Aytmoqchimanki, «Muvozanat»ning oʻquvchisi boʻlolmagani sababini oʻzidan qidirib koʻrishga munaqqidning boʻyni yor bermadi – asarning oʻzidan izladi, topdi va... oʻz-oʻzidan qoniqish hissini tuydi.

... mulohazalarimda tasavvurga erk berib baʼzan meyordan oshgandek koʻrinishim tayin. Umid qilamanki, hamkasb doʻstimiz kaminada oʻziga nisbatan gʻaraz yoʻqligi, badiiy asarni qabul qilish bilan bogʻliq muammo xususida oʻylaganlarimni ifodalash uchungina maqolasini misol qilib olganimni hisobga olib maʼzur tutar. Taʼkidlash zarurki, «Muvozanat»ga bunday munosabat bir H.Karvonliga xos deyish fikridan mutlaqo yiroqman: bu – munaqqidga tengdosh va undan yoshroq oʻquvchilarning aksariyatiga xos. Zero, «Muvozanat»ga munosabat masalasida retseptiv xususiyatlari bir-biridan farqlanuvchi turli avlodga mansub kishilargina emas, hatto baʼzan bir avlodning turli qatlamlariga mansub kishilar ham bir-biriga zid mavqelarda turib qoldilarki, bu koʻp jihatdan asar yaratilgan va unda aks etgan davr shart-sharoitlari bilan bogʻliqdir. Shuni nazarda tutsak, romanni katta avlodning salmoqli qismi yoqlab, yoshlarning salmoqli qismi yoqlay olmagani tabiiy ekani anglashiladi. Bu esa har bir asarning oʻz oʻquvchisi boʻladi degan qoida «Muvozanat»ga tatbiqan oʻta dolzarb, deganidir. Albatta, har kim ham oʻquvchi sifatida muayyan asar xususida oʻz qarashi, bahosiga ega boʻlish va ularni ifodalashga haqli. Lekin munaqqid degani baho va munosabatda yuqoridagicha jihatlarni ham eʼtiborda tutishi zarur. Chunki, garchi munaqqid ham birinchi galda oʻquvchi sanalsa-da, bahoni mutaxassis nuqtai nazaridan va imkon qadar xolis chiqarishi lozim boʻladi. Sirasi, bu unchalik qiyin ham emas, buning uchun bir narsani hamisha yodda tutish kifoya: bizning yozganlarimiz – matnda nafaqat bevosita aytganlarimiz, balki aytmagan, ifodalay olmagan yoki aytishni istamaganimizdan silliqlab-xaspoʻshlab oʻtganlarimiz ham muhrlanib qoladi. Yuqoridagi mulohazalarimiz maqola matnining shu taraflariga nazar tashlashga urinish deb tushunilsa yaxshi edi. Darvoqe, buni aytib oʻtirish ham ortiqcha: axir, bu hozir rasm boʻlgan postmodernizmdagi «dekonstruksiya» tamoyili-ku, yosh hamkasblarimiz buni bizdan yaxshiroq biladilar.

***

... bungacha aytilgan fikrlar kontekstida olsak, ustozidan «Yaxshi yozilgan asar oʻquvchini muvozanatdan chiqarishi kerak» degan hikmatni eshitib olgan M.Choriyevaning «Men esa «Muvozanat» romanida kitobxonni muvozanatdan chiqaradigan yangilik koʻrmadim»6, degan xulosasi mubolagʻali koʻrinadi. Mubolagʻa shundaki, bu oʻrinda shaxsiy taassurot umumlashtirilib, umuman «kitobxon»ga taalluqli hukm tarzida taqdim etilmoqda. Holbuki, maqola yozilgan paytda roman muvozanatdan chiqargan kitobxonlar boʻlganki, bunga atay koʻz yumilgani «Mom sindromi»idan nishona beradi. Zero, aks holda, «romanda meni muvozanatdan chiqara oladigan yangilik koʻrmadim» deya toʻgʻri va adolatli xulosaga kelinar edi. M.Choriyeva maqola daromadida: «Muvozanat» romanini oʻqib chiqarkanman, oddiy bir kitobxon sifatida oʻz taassurotlarimni tahlil qilishga, koʻnglimdan kechgan mushohadalar, xulosalarni esa qoralashga jurʼat etdim»,– deydi. Aytish kerakki, garchi muallif «oddiy kitobxon sifatida» deya oliftanamo kamtarlik daʼvosida boʻlsa-da, bu bilan asossiz hukm-xulosalarni oqlab boʻlmaydi. Adashmasam, «Muvozanat»ni beayov «urib chiqqan» ilk maqola muallifi M.Choriyeva boʻladi. Oʻshanda, muallifning Oliy Adabiyot kursi tinglovchisi ekanini bilib, oliftalikni ertaga dunyoni lol etishga chogʻlangan ayrim yosh isteʼdodlarga xos takabburlikka yoʻygan, bunga jiddiy qaramagan edim. Holbuki, maqola muallifining, deylik, asar tili haqida «xasta jumlalar», «isitmalagan jumlalar» kabi iboralarni qoʻllab, «u yoq-bu yogʻi «taroshlanib», uzundan-uzun, oʻrinsiz jumlalar ixchamlashtirilib berilganida yaxshi boʻlardi-yov» tarzida mazaxlab yozishi na milliy mentalitetga va na tanqid odobiga muvofiq keladi. Ha, oʻshandayoq jillaqursa shu tarafiga munosabat bildirish zarur edi. Nachora, tanqidchiligimizda «tanqiddan tuban» kalimasi bilan oqlanuvchi boshqa bir koʻrinishdagi oliftalik borki, kamina ham undan forigʻ emas...

(... aks holda, maqola siyohi qurimasidanoq oʻylaganlar aytilib, kasalning oldi olingan, bu narsa nafaqat maqola muallifi, boshqalar uchun ham foydaliroq boʻlarmidi?! Kech boʻlsa ham soʻraging keladi: «Singiljon, roman tili haqida bunchalar takabburona oliftalik bilan gapirishga maʼnaviy haqqim bormikan, degan andisha hech xayolingizga kelganmi? Haqli boʻlish uchun daʼvogarning uslubi kamida benuqson boʻlishi lozim emasmi? Yo bu borada «quymoqning yaxshi-yomonligini aytish uchun tuxum qilish shart emas» aqidasini oʻzingizga moslashtirib olganmisiz? Jillaqursa maqolangizning yuqorida keltirilgan ilk jumlasini olaylik: siz «oʻqib chiqarkanman ... jurʼat etdim» deysiz. Holbuki, «oʻqib chiqarkanman» feʼl shaklida harakat tugallanmaganligi maʼnosi boʻlib, jumla butunligida boshqa harakat bilan «bir paytda»likni anglatadi. Shu jihatdan qaralsa, jumlada uslubiy-mantiqiy gʻalizlik bor: oʻqish jarayonida «taassurot hosil boʻlishi» tushunarli, lekin asarni «oʻqib chiqqach»gina «jurʼat qilinadi». Roman haqida maqola yozayotgan odamning oʻz taassurotlarini tahlil qilish»ni niyat qilishi ham qiziq-da: axir, u romanni tahlil qilishi va yoʻl-yoʻlakay taassurotlarini bayon qilishi kerak emasmidi?! Menimcha, shunday, koʻngilda kechgan «taassurotlarni tahlil qilish» – boshqa kasb kishilarining ishi... Yoki «koʻnglimdan kechgan mushohadalar, xulosalarni esa qoralashga jurʼat qildim» deyilgani-chi! Axir, «mushohada» – fikr yuritish, oʻylash degani-ku, bu jarayonning koʻngilda kechishi gʻalati emasmi?!.. Kamina maqola muallifining bittagina jumlasiga toʻxtaldim va shu asno bir matal yodimga keldi-yu, uni eslatish noqulay...)

... M.Choriyeva oʻzining eʼtirozlarida roman tili bilangina cheklanib qolmaydi, pardani balandroq olgisi keladi: «muallif voqealarni tizish jarayonida gohida chalgʻib ketsa, baʼzi oʻrinlarda sunʼiylikka yoʻl qoʻyadi». Mazkur daʼvoni asoslash uchun, jumladan, xasta Amir holati tasvirlangan ikkita lavha – musicha bilan bogʻliq epizodlar dalil qilib olinadi. M.Choriyeva eʼtirozlari nimada ekanligini tushuntirib oʻtirishni ortiqcha sanaydi: «Shu ikkala – 60-71-qismlarni solishtirsangiz, bizning yuqoridagi sunʼiylik, jumlalar choʻzilishi, ortiqcha ishlatilgan soʻzlar kabi bir qancha daʼvomizga ham javob topasiz...» – deyish bilan kifoyalanadi. Til masalasidagi eʼtirozlarni (ularning qimmatiga qavs ichida baho berdik) qoʻya turaylik-da, «sunʼiylik» tamgʻasiga toʻxtalaylik. Fahmlashimcha, M.Choriyeva «sunʼiylik» deganda hayotiy, yaʼni ishonarli chiqmagan tasvirlarni nazarda tutadi va shu bois romandan olingan quyidagi parchani keltiradi: «... Va shu zahotiyoq qaqshatqich sovuqdan ucholmay, qanotlari shalpayib turgan musichani koʻrdi. (Uning koʻzlari xuddi sichqonni koʻrib qolgan mushuknikidek chaqnab ketdi. Musicha koʻmilmay qolgan tok shoxidan tushib ketay-tushib ketay deb turardi. Amir beixtiyor oʻrnidan turib ketdi, ogʻzining suvi qochdi.) Birozdan soʻng esa oʻzini tashqarida koʻrdi. Musicha endi muzlab, tarasha boʻlib qolgan, yerda yotardi. (Holi xarob edi, shunga qaramay, odam sharpasini sezishi bilan shalvirab qolgan qanotlarini qoqib uchmoqchi boʻldi, ikki-uch metr chamasi uchdi ham, ammo yana yerga quladi. Amir har qadam bosganda oʻng oyogʻi bor boʻyiga qaqshab ogʻrirdi, qattiq tepishganga oʻxshaydi, lekin uni harakatga keltirgan kuch – ochlikning hukmi oʻtkirroq edi, bir zum boʻlsin, hatto ikkilanishga izn bermasdi. Choʻloqlangancha, Amir musichaning ortidan atirgullarning quruq shoxlari shixshayib chiqib turgan qorli maydonga kirdi.) Musicha oppoq qorda yonboshi bilan yotar, koʻzlari olayib, qinidan chiqib ketay deb turardi. Amir oʻzini qush koʻzidan pana qilgan boʻlib, orqasidan yaqinlashdi va oʻljaga otildi. Lekin oʻtsa (aslida «oʻlja» – D.Q.) yana parillab uchib nariroqqa borib tushdi...» Avvalo shuki, maqolada biz qavs ichida bergan oʻrinlar tushirib qoldirilgan. Agar parchada izchil jarayon tasvirlangani eʼtiborga olinsa, mazkur qisqartirishlar uning mohiyatini buzganini aytishim ortiqcha. Jarayon tasviri sifatida qarasak, M.Choriyeva qoraytirib taʼkidlagan dastlabki ikki jumla aslo ortiqcha emas, balki, ular jarayon – silsilaning muhim halqalari. Yaʼni, jumlalar choʻzilishi, ortiqcha ishlatilgan soʻzlar qabilidagi eʼtiroz asossiz. Qoraytirib berilganiga qaraganda, M.Choriyevaga musichaning «koʻzlari olayib, qinidan chiqib ketay deb» yotishi sunʼiylik boʻlib koʻringan, chogʻi. Shunday boʻlsa, bu daʼvo ham asossiz: jarayon muallif nigohi orqaligina emas, Amir nigohi, balki, birinchi galda Amir nigohi orqali berilmoqda. Bas, sizu bizga musichaning moshdekkina koʻzi bu qadar boʻrtib koʻrinmasligi mumkin, lekin... hushi oʻziga kelgan chogʻlar yaqinlaridan, boringki, yorugʻ olamdan xafalangan, ochlikdan sillasi qurib yurgani holda firibgar sherigiga nasibasini oldirgan, goh xudu goh bexud ahvoldagi ruhiy xastaga shunday koʻrinsa... sogʻligida beozorlik timsoli deb bilgani shu jimitdek jonzotda hozir yagona najot – yemishni, ayni choqda, yuragida yigʻilgan dunyoga nisbatan alamini olishi mumkin boʻlgan yagona obyektni koʻrayotgan boʻlsa ne ajab?! Axir, ruhi sogʻlik bilan xastalik aro talosh boʻlib turibdi, shu bois ham shuuriga musichaning koʻzi sanchilayotgandek his qilib, «oʻzini qush koʻzidan pana» qilishga urinmayaptimi shoʻrlik?!.. Fikrimcha, shunday. Biroq buni his etish uchun asar badiiyatiga oshnolik, Amir koʻzi bilan ham qarab koʻrish talab etiladiki, M.Choriyeva buni yo uddalay olmaydi, yo istamaydi. Shu bois ham uning nazdida musicha bilan bogʻliq ikkita epizodning berilishi oʻrinsiz takror boʻlib, keyingisi avvalgi holatning «davomiga oʻxshash oʻrin», xolos. Holbuki, birinchi epizod – jigarining ahvolini koʻrib yuragi pora boʻlgan, chidab turishga holi kelmayotgan Yusuf nigohi orqali berilgan, har ikki epizodning oʻz gʻoyaviy-estetik vazifasi, yuki bor...

... xalqda «onangni otangga bepardoz koʻrsatma» degan naql bor, M.Choriyeva tamom zid yoʻldan boradi: oʻgay qizni sovchilarga tasqara qilib koʻrsatgan oʻgay ona misoli. Yuqorida koʻrganimiz parcha mohiyatini buzib berishning oʻzi – daʼvomizga asosli dalil. Biroq bugina emas. Muallifining aksar eʼtirozlari asar tili bilan bogʻliq boʻlsa-yu, maqolasiga olingan koʻchirmada «oʻlja»ning oʻrniga «oʻtsa» berilsa... yoki «Amir oʻziga oʻxshab bir xil – koʻk rangli ishton-koʻylak kiygan ikkita bemor bilan birga...» jumlasi maqolaga «Oʻziga oʻxshab bir xil ekan – koʻk rangli ishton-koʻylak kiygan ikkita bemor bilan birga...» shaklida oʻtsa, gʻirromlik boʻyi anqigandek tuyulmaydimi sizga?! Ehtimol, kim uchundir bu gʻirromlik boʻlsa ham vahima qilishga arzimaydigan, boringki, «mayda gʻirromlik» yo shunchaki «mexanik xato»dir. Balki, shundaydir. Lekin ishoning, kamina ham juday-la maydakash emas: maqolada kattaroq doiradagi gʻirromlikni sezmaganimda, eʼtibor ham bermagan boʻlardim. Mana, oʻsha kattaroq doiradagi gʻirromliklardan biri: «Yusufning qishlogʻiga kirib kelgandagi holatini eslaylik. U qayerga bormasin, goh «sumkasiga», goh choʻntagiga «qoʻl solib besh-oltita» qogʻozli qand olib, kichkintoylarga uzataveradi-yu, biroq bu qandlar sira tugab qolmaydi». Soddaroq gazetxon buni oʻqib beixtiyor «boplapti!» deb yuborishi mumkinligi ham, aslida M.Choriyeva shunaqa oson effekt – samarani koʻzlagani ham ehtimoldan holi emas. Lekin nima boʻlganda ham, bu gʻirt tuhmat – ishonmagan sanab boqsin: Yusuf birinchi bor qishlogʻiga kirgan mahali «sumkaning choʻntagiga qoʻl tiqib, bolalarga shirinlik ulashadi», keyin esa Kenjavoy amakisini yoʻqlab borganida endi «choʻntagiga qoʻl solib, besh-oltita qogʻozli qand olib, kichkintoylarga uzatadi» – vassalom, yaʼni bu oʻrinda «goh...goh...» deya hayron boʻlish umuman ortiqcha. M.Choriyeva bir narsaga durust razm qilmay qolgan chogʻi: Yusufni keksa enasini yoʻqlab kelish uchun Kenjavoy amakisinikiga yuborarkan, onasi yoʻqdan yoʻndirib boʻlsa-da qoʻliga tugun tutqazadi! Yusuf shu muhitda tarbiya topgan, bas, ketar chogʻi koʻngli boʻlmay, jiyanlarga berarman deb sumkasidan «besh-oltita qogʻozli qand» olib, choʻntagiga solib olsa... maylimi? Toʻgʻri, matndan Yusuf yana bir bor, kelgan kuni kechqurun butun oila jam boʻlgan payt siylovsiz qolgan jiyanlarga qand ulashganini ham anglash mumkin, lekin shunda ham «qandlar tugab qolishi» haqida qaygʻurish shart emas. Yoki yozuvchi M.Choriyevaga oʻxshash injiqroq oʻquvchilarni xotirjam qilish uchun, masalan, «sumkadagi kilosi atigi falon soʻmlik mayda shimiydirgan qand edi, nihoyatda barakali ekan lekin, bir kilosi piston dona chiqar-ov» deya izoh bergani durust boʻlarmidi?.. Shunga oʻxshash, M.Choriyeva Yusufning «yoʻldan biror kilo goʻsht olvolmaganiga afsus qil»gani bilan «oradan uch kun oʻtmay esa goʻshtdan qizgʻonilgan yoʻlkira haqida lom-mim deyilmay» sigirning sotilishi orasida ham mantiqsizlik koʻradi va buni mubolagʻaga yoʻyadi. Maqola muallifi matndan sal chalgʻigan koʻrinadi, sigir «oradan uch kun oʻtmay» sotilgani yoʻq. Oʻsha sigir sotilgani xabari berilgan bobdan shundoq avvalgi bobning «Yusuflar qishloqdan hadeganda qaytishavermadi» degan jumla bilan, xotinining xarxashasi esa «ishdan uch kun kechikdim»dan boshlangani shunga dalolat qiladi. Agarki, M.Choriyeva aytmoqchi «goʻshtdan qizgʻonilgan yoʻlkira» ekan, gap yoʻl haqiga uchma-uch yetadigan mablagʻ haqida bormoqda. Axir, Yusuf ham erkak kishi: har xil vaziyat boʻladi, qishlogʻida bir necha kun turib qolgach, besh-toʻrt soʻm sarf qilib qoʻyishi mumkinmi yo yoʻqmi? Fikrimcha, durust niyatli kitobxon buni shundogʻam toʻgʻri qabul qilaveradi. Tabiiyki, yoʻlkiradan nima uchun, qancha va qanday sarflab qoʻyilgani badiiy niyat ijrosi uchun muhim boʻlganida, yozuvchi buni tasvirlagan boʻlardi. Modomiki, unday emas ekan, shundogʻam tushunib olish mumkin narsani tasvirlash ezmalikka tortib ketadi... bundan tashqari, kitobxon Yusufning xotini emaski, unga harajatlaru choʻntakning joriy holati haqida hisob berib turishi zarur boʻlsa...

***

... bahs deganlari oʻzi koʻp yaxshi narsa. Faqat bir shart bilanki, u bahslashuvchi tomonlardan birining haqligini emas, haqiqatni aniqlashga yoʻnaltirilgan boʻlsa. «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati»da anʼanaviy tarzda berib boriluvchi bahslar adabiy jarayonni qoʻzgʻab-jonlantirish bilan tanqidiy fikrning oʻsishiga samarali taʼsir qilganini taʼkidlamaslik insofdan boʻlmasa kerak. Shunga qaramay, gazeta bahslarni tashkil qilish va oʻtkazish masalasida jiddiy oʻylab koʻrsa yanada foydaliroq boʻlarmidi, degan andisha tugʻiladi. Biz yuqorida toʻxtalgan ikkala maqola ham «OʻzAS»da va ikkisi ham «Bahs» ruknida berilgani andishamiz asossiz emasligini koʻrsatadi. Albatta, adabiyot gazetasi boʻlgani bilan «OʻzAS» ham matbuot nashri va oʻz faoliyatida shundan kelib chiqadi, publitsistika tamoyillariga tayanadi. Yaʼni, davriy nashr sifatida uning imkon qadar keng oʻquvchilar ommasini oʻziga jalb etadigan yoʻllar izlashi ham tabiiy. Ehtimol, bitta masala yoki bitta asar yuzasidan turlicha, hatto bir-biriga tamom zid fikrlarni eʼlon qilish shunday yoʻllarning biri hamdir. Lekin adabiyot gazetasi sifatida «OʻzAS»ning zimmasiga maʼlum darajada adabiy jarayon havosini belgilash, adabiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, oʻquvchi didini yuksaltirish kabi qator masʼuliyatli vazifalar ham tushadi. Demak, uning sahifalarida, xususan, «Bahs» ruknida eʼlon qilish uchun material tanlaganda muallif fikrining dadilligi yo boshqalardan keskin farqlanib turganigagina emas, adabiy-nazariy jihatdan asosli yo asossizligi, munosabatning xolis yo noxolisligiga ham qarash lozim boʻladi. Aminmanki, shu tomoni ham eʼtiborga olinganida, M.Choriyevaning maqolasi ham, H.Karvonlining maqolasi ham hozirgi koʻrinishida chop qilinmagan boʻlar edi. Asli buning uchun koʻp narsa talab qilinmaydi ham: bor-yoʻgʻi materialga adabiyotshunos sifatida ham qarash, zarur boʻlsa muallif daʼvolarining qay darajada asosli ekanini «ichki ekspertiza»dan oʻtkazish talab etiladi xolos...

... gazeta deyilgani bilan, aniqki, bu soʻz zamirida konkret odamlar turibdi. Shunday ekan, insonga xos ojizliklar gazetaga ham yot emas, albatta. Obroʻli nashrda gʻayirlik nafasi ufurib turgan maqolalarning shu holicha chiqib ketgani kishi koʻngliga ishtiboh soladi: «gazeta U.Hamdamni unchalik xushlamaydimi?» deya oʻylab qolasan... Toʻgʻri, «Muvozanat»dan olingan taassurotlar sovimay turiboq gazetada avval H.Ahmedov, soʻng I.Quvondiqovning maqolasi berildi, boshqa mavzulardagi qator chiqishlarda gap orasi roman ham tilga olinib, iliq fikrlar bildirildi. Lekin munday eslab koʻrsam, oʻshandan beri oʻtgan olti-yetti yillardan beri gazetada U.Hamdam ijodi haqida berilgan materialki bor, unda tanqidiy ruh ustuvorlik qilarkan: yuqoridagi ikki maqola, keyin N.Xudoyberganov bilan S.Sodiqning «Isyon va itoat» haqidagi chiqishlari, nihoyat, K.Joʻrayevning keyingi roman tarjimasi haqidagi maqolasi. Ochigʻi, shu oxirgi maqola koʻngildagi ishtiboh uchqunini pufladiki, buning oʻziga yarasha tarixi bor...

... chamasi uch yillar boʻlyapti, U.Hamdam universitetimizda boʻlib, talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin kafedraga chiqdik: uchrashuv kichikroq davrada davom qildi. Oʻshanda domlamiz K.Joʻrayev yozuvchiga maqola qoʻlyozmasini bergan edilar: «Avval muallifning oʻzi tanishib chiqsa, keyin, iloji boʻlsa, chop etilishiga yordam bersa...» Shu-shu maqola xayolimdan koʻtarilgan ekan. Keyinroq poytaxtga yoʻl tushganida Ulugʻbek bilan koʻrishdik, uning oʻzi maqoladan soʻz ochib qoldi: «Domlaning oldida xijolatman. Maqolani yaxshi yozgan ekan, menga yoqdi. Lekin oʻzing haqingda yozilgan narsani «chiqarib bering» deyish juda noqulay boʻlarkan. Birovlar orqali bir-ikki yerga joʻnatdim, natija boʻlmayapti...» Oʻziga ham nusxa qoldirgan ekan, oʻqib chiqdim. Maqola haqiqatan yaxshi yozilgan, Ulugʻbekning «menga yoqdi» deyishi bejiz emas edi. Ehtimol, gazetada maqolani oʻqigan kishilarning bu gapga ishonishi qiyindir. Lekin gap shundaki, qoʻlyozma aslida oʻn ikki betlik boʻlib, muallif uning uchdan ikki qismida «Isyon va itoat» romanini bilgichlik bilan tahlil qilgan, qolgan qismida tarjimaga toʻxtalgan edi. Tushungan boʻlsangiz kerak: yozuvchi samimiy fikrlar qatori aytilgan tanqidiy mulohazalarni ham qabul qilgan, yaʼni maqolaga «yaxlit olib» qaragan va shu bois «menga yoqdi», degan. Xullas, voqealarning keyingi rivoji menga qorongʻu, bilganim shuki, oradan shuncha vaqt oʻtib, gazetada qoʻlyozmaning uchdan biri – tanqidiy mulohazalar bildirilgan qismi «Maʼno va mantiq birlamchi»7 degan nom bilan eʼlon qilindi. Albatta, gazeta oʻz imkoniyatlarini hisobga olib maqolani qisqartirishga haqli. Lekin tabiiy savol tugʻiladi: nima uchun muallifning «Isyon va itoat» haqidagi ijobiy mulohazalari qisqartirilgan-u, tanqidiy fikrlari deyarli toʻliq eʼlon qilingan? Ehtimol, buni gazetada tarjima masalalari koʻtarilgani bilan osongina izohlash ham mumkindir. Faqat, bu holda boshqa qator savollar koʻndalang boʻladi. Avvalo, gazetada ilgari eʼlon qilingan ikkala maqolada ham «Isyon va itoat» ijobiy baholangan emas. Holbuki, kitobxonlar orasida ham, mutaxassislar orasida ham uni maʼqullaganlar, hatto, «Muvozanat»dan xushroq koʻrganlar (jumladan, marhuma N.Vladimirova, maʼqul koʻrgani bois oʻz tashabbusi bilan tarjimaga qoʻl urgan) yoʻq emas edi. Munday qarasang, gazeta fikrlar turlichaligini yoqlaydigandek, shu bois ham «Bahs» ruknini ochib qoʻyibdi. Shunday ekan, nimaga gazeta qoʻlyozmaning boshqa qismini bosmaydi? «Isyon va itoat» haqida tugal hukm chiqarib boʻlingan, deb biladimi? Yo boʻlmasa, U.Hamdam asarlariga ijobiy fikr ravo emas deb hisoblaydimi?.. Darvoqe, «Muvozanat» yuzasidan «Bahs»ga yozilgan tahririyat soʻzida «gazeta hajmi imkon bermagani bois maqolalar qisqartirilgan holda chop etilmoqda», deya taassuf bildirilgan edi. Buni eslab koʻngilga andisha keladi: oʻshanda ham qisqartirish shu yoʻsin amalga oshirilmaganmikan? Mabodo shunday boʻlsa, eʼtirozlar nishonini toʻgʻri olmagan boʻlib chiqmasmikanman?.. Albatta, qisqartirish muallif roziligi bilan amalga oshirilgan boʻlishi ehtimoli ham yoʻq emas. Biroq oʻshanda ham, nazarimda, yuqoridagi eʼtirozlardan gazetani butkul soqit qilib boʻlmasa kerak...

***

... ha, «Isyon va itoat»ni «Muvozanat»dan koʻra xushroq qabul qilganlarning boʻlgani bor gap. Esingizda boʻlsa kerak, «Isyon va itoat»ning chop etilishi P.Koeloning «Alximik» romani uygʻotgan shov-shuvlar hali tinib ulgurmagan bir paytga toʻgʻri kelgandi. Albatta, dunyoning koʻplab tillariga oʻgirilib millionlab tirajda chop etilgan chin maʼnodagi bestseller qarshisida atigi ikki ming nusxada bosilgan «Isyon va itoat» – misoli dengizga tushgan tomchi. Shunday boʻlsa-da, asar beiz ketmadi, zero «Muvozanat» muallifidan... Mayli, buni qoʻya turaylik-da, «Alximik»ka qaytaylik: asarni ehtiros-la koʻklarga koʻtarib alqaganlar ham, sovuqlikkami tortib ketuvchi vazminlik-la qarshilaganlar ham, «buning nimasiga shuncha shovqin!» deya gʻijinganlar ham boʻldi. Xullas, yana oʻsha gap: «Har bir asarning oʻz oʻquvchisi bor!» – jumladan, «Isyon va itoat»ning ham. Rostini aytay, oʻzim ham avvaliga bu sirada emasdim: ilk taassurotim, umuman olganda, yaxshi boʻlsa-da, asar kaminani «Muvozanat» qadar «muvozanatdan chiqara olmagan»ini, koʻngilga «Ulugʻbek biroz shoshmadimikan?!» degan andisha inganini tan olishim lozim. «Hay, oʻzgacharoq bir yoʻsinda yozilibdi-da, menga unchalik oʻtirishmadi, chogʻi...» – dedim-qoʻydim oʻshanda...

(... kitob chop etilganidan maʼlum muddat oʻtgach, aniq vaqti esimda yoʻq, Ulugʻbek telefonda aytib qoldi:

«– Ninel Vasilyevna «Isyon va itoat»ni rosa bir soat maqtadi, ishonasizmi?! «Muvozanat»dan, hatto, «Alximik»-dan ham baland, devordi...

– Ol-a...

– Oʻzim ham hayron boʻldim, aka, juda gʻalati boʻlarkan... Tarjima qilaman, deydi...»

Oʻshanda marhumaning bahosiga, rosti, jiddiy qaramagandim: «Ha, endi, keksayib qolgan ayol, oʻqib taʼsirlansa taʼsirlangandir... Ulugʻbek bilan deyarli hamxona ishlaydi, oxorli taassurotlarini toʻkib solsa solgandir – tayyorgina eshitar quloq boʻlsa...»

Koʻp oʻtmay roman tarjima qilindi, kitob boʻlib chiqdi ham. Oʻzingizdan qolar gap yoʻq: kitobdan elliktaginasi Andijon davlat tillar pedagogika institutining rus filologiyasi boʻlimida tarqatildi. Oʻsha vaqtda fakultetni boshqarib turgan doʻstimiz T.Rahmonovning aytishicha, rusiyzabon talabalar asarni juda yaxshi qabul qilishgan: turli bahs-munozaralar boʻlgan, muallif bilan uchrashuv uyushtirishni soʻrashgan...

... shundan beri koʻp oʻylayman: roman mutarjimni nimasi bilan bunchalar maftun etdi? Rusiyzabon talabalarni-chi? Nega bu talabalar oʻzbek nasrining ruschaga oʻgirilgan boshqa namunalariga, masalan, biz mudom hayrat-la oʻqiydigan «Oʻtgan kunlar»ga u qadar ragʻbat qilmaydilar-u, «Isyon va itoat»ga katta qiziqish bilan qaradilar? Gap tarjima saviyasidamikan? Unday desak, jillaqursa mutarjimning oʻzi asarni oʻzbekchada oʻqigan emasmi?!.. Yo gap mavzuda – uning umuminsoniy qiymatga molikligiyu dolzarbligining vaqt hukmidan tashqarida ekanidamikan? Unday desak, «Oʻtgan kunlar»da qoʻyilgan muammolar qiymat jihatidan aslo kam emas-ku?! Nazarimda, hamma gap – ifoda yoʻsinida. Deylik, «Oʻtgan kunlar»ning nafaqat mazmun-mundarijasi, ifoda yoʻsini ham tom maʼnoda milliy: u milliy turmushimiz, urf-odatlarimiz, tilimizda akslanuvchi milliy ruh bilan chambarchas bogʻlanib ketgan, asar jozibasini ulardan ayro holda his etish imkonsiz. Zero, bu oʻrinda badiiyat hodisasining voqe boʻlishi uchun oʻquvchining roman voqeligida oʻzbek boʻlib yashashi va romanni (oʻzbek) ongiyu qalbida yashatishi talab etiladi. Aksincha, «Isyon va itoat»da milliy turmush, umuman, reallik bilan bogʻlanish shartli va ancha zaif. Yaʼni, muallif haqiqatga monand realistik obrazlaru manzaralar yaratishni maqsad qilmaydi, shartli-ramziy obrazlar vositasida olamu odam mohiyatini anglashga intiladi. Shu jihatdan qaralsa, «Isyon va itoat»ga rivoyatnamolik (ruslar buni «pritchevost» deyishadi) xos boʻlib, ifoda xususiyatlariga koʻra u A.Kamyu, F.Kafka, G.Markes, X.Kortasar kabi sanʼatkorlarning asarlariga yaqinroq. Real voqelik bilan aloqasi zaif boʻlganidan «Isyon va itoat»dagi obrazlar xuddi masal va rivoyatlardagi kabi avvalboshdanoq universallik kasb etadi. Shunaqa ekan, asardagi obrazlarni bugungi voqelik bilangina bogʻlab tushunishga urinish – xato, bu oʻrinda oʻlchamni kattaroq olish lozim boʻladi. Fikrimcha, oʻzga xalq vakillariga asarning universal tomoni yaqinroq, zero ularning diqqati avvalo va toʻgʻridan-toʻgʻri shunga qaratiladi. Bas, rusiyzabon talaba obrazlarning universal mohiyatidan kelib chiqqan holda romanga «katta vaqt» (M.Baxtin) oʻlchovida – «isyon» va «itoat» konseptlari talqiniga F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy, A.Kamyu kabi adiblar talqinlari kontekstida qarab, ehtimol, oʻzi uchun yangi jihatlarni koʻrgan va tegishicha haq bergan boʻlsa ne ajab?!..)

... ha, «Muvozanat» muallifidan oʻquvchilar koʻp narsa kutgandi, jumladan, kamina ham. Tagʻin bilmadim-u, lekin savol «xoʻsh, nimani kutganding?» tarzida aniq qoʻyilsa, koʻpchilik javobga qiynalsa kerak. Hartugul, oʻzimda hanuz aniq javob yoʻq. Oʻylab koʻrsam, oʻshanda yozuvchidan kunimizni «Muvozanat»dagi kabi dadil va teran tahlil etgan tom maʼnodagi realistik asar kutgandekman, nazarimda, goʻyo Ulugʻbek shu yoʻlda bardavom boʻlishiyu loaqal yana bir bahya koʻtarilishi shartdek. Ochigʻi, oʻshanda «toʻxta, axir, yozuvchining ham dilida oʻz dardi, aytmoqchi boʻlgani bordir, qolaversa, dilidagini aytishga mos ifoda topish yoʻlida izlanayotgandir» qabilidagi andisha sira koʻngilga kelmagan, xullas, oddiygina xudbinlik qilgan koʻrinaman...

... «Insonlik – yuksak burch»8 nomli maqolasini yozganida hurmatli domlamiz N.Xudoyberganov ham shu kabi kayfiyatda boʻlgan chogʻi. Shu bois ham domla maqola avvalida M. Qoʻshjonov «Muvozanat»ni «yosh yozuvchining ijodiy yutugʻi sifatida baholaganiga toʻla qoʻshilishi»ni aytiboq keyingi asari «roman deb atalishga qanchalik loyiq va yozuvchining navbatdagi ijodiy yutugʻimi – bu endi jiddiy masala» ekanini taʼkidlaydi.

Avvalo, asar janri haqida. Munaqqidning «Isyon va itoat»ni roman deya eʼtirof etishiga nima monelik qilayotgani maqola yakunida anglashiladi: «Roman – hayot va insonning ichki olamini, mohiyatini keng va atroflicha tadqiq etadigan salmoqli badiiy tafakkur maydoni. Ammo bu fazilat «Isyon va itoat»da, afsuski, koʻzga tashlanmaydi». Holbuki, bu tahlil qilinayotgan asar tabiatiga mutlaqo zid xulosa, u haqda buning aksi aytilsa toʻgʻriroq boʻlardi. Zero, qavs ichidagi mulohazalarimizdan ham koʻrish mumkinki, «Isyon va itoat»da aynan hayotni, insonni badiiy tadqiq etish maqsadi yetakchilik qiladi, yaʼni yozuvchi uchun u olam va odam «mohiyatini keng va atroflicha tadqiq etadigan salmoqli badiiy tafakkur maydoni». Demak, masalani oʻzgacharoq – «asarning ayni shu jihati nega domlamiz eʼtiboridan chetda qoldi?» tarzida qoʻyish toʻgʻriroq boʻladi. Fikrimizcha, buning sababi olim «Isyon va itoat»-ning oʻziga xos ifoda yoʻsinini hisobga olmagani, unga realistik roman, yana ham aniqrogʻi, «Muvozanat» mezonlari bilan yondashganidadir. Jumladan, munaqqidning «Akbar qamoqdan chiqqach, keyin uning birdaniga Chelyabinskda yurganligi maʼlum qilinadi»,– deyishi asarning syujet-kompozitsion qurilishidagi oʻziga xoslikni hisobga olmaslik natijasidir. Avvalo, Akbar «birdaniga Chelyabinskka» borib qolgani yoʻq: uchinchi bobda tabib bilan bemor dialogi orqali uning qamoqdan chiqqani xabar qilinadi, – toʻrtinchi bobda Akbarning ustoziga: «nima qilishimni bilmayapman. Chiqqanimga ham bir oy boʻldi, lekin ishga hech qoʻlim bormayapti. Maktabga esa olishmas ekan...» degan izhori beriladi, – sakkizinchi bobda jujuq bolakay tilidan roʻzgʻordagi qiyinchiliklardan xabar berilib, Akbarning «polaponlarini yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻparkan, koʻzlariga achchiq yosh kelgani» va «boʻladi, goʻsht ham, ovqat ham boʻladi, bolajonlarim» tarzida misoli ontdek eshitiladigan soʻzlari beriladi, – faqat shulardan soʻnggina, toʻqqizinchi bobda, Akbar «Chelyabinskda yurganligi maʼlum qilinadi». Yaʼni, muallif bu jarayonni anʼanaviy romanlardagi kabi izchil va batafsil tasvirlamaydi, aksincha, rivoyadan atayin «suvni siqib chiqaradi», bu bilan esa asosiy eʼtiborni qoʻyilgan muammoga qaratadi. Atayinlik, masalan, u yoki bu personaj syujet liniyasida ketma-ket berilgan ikki voqea orasida oylar, baʼzan esa yillar bemalol tashlab ketilganida yaqqol koʻrinadi. Ayni choqda, bu oʻquvchi tasavvurida syujet voqealarining izchil va oʻzaro mantiqiy aloqadorlikda tiklanishiga halal bermaydi. Faqat, buning uchun oʻquvchidan yozuvchi taklif etayotgan shartga koʻnish, asarni qabul qilish mexanizmlarini shunga mos sozlash talab etiladi, xolos...

... domla bu shartga koʻnmaydi va yana «Isyon va itoat»ga realistik asar talablarini qoʻyishida davom etadi: «keyingi boblarda qandaydir Larisa xola, tabib, Tursunboy aka degan kishilar Akbar bilan oʻzaro munosabatda boʻlgani soʻzlanadi. Ha, faqat soʻzlanadi. Soʻngra Akbarning Diana ismli bir buzuqi ayolni sevib qolgani ham oshkor etiladi. Lekin romanda bu oʻzaro munosabatlarning magʻzi-mohiyati badiiy tadqiq etilmaydi». Negadir, domla bu gaplarni jiddiy aytganiga hanuz ishongim kelmayroq turadi, ular bahs qizigʻida bexos aytib yuborilgandek tuyulaveradi... Tagʻin bilmadim-u, ammo bu yoʻsin mulohaza nomdor munaqqidga munosib emasdek. Axir, romandagi alohida syujet chiziqlari markazida turgan qandaydir Larisa xola, tabib, Tursunboy aka degan kishilar taqdiri «isyon» va «itoat» konseptlarini teranroq badiiy mushohada qilishga xizmat qiladi-ku?! Yaʼni, yozuvchi maqsadi «oʻzaro munosabatlarning magʻzi-mohiyatini badiiy tadqiq» etish emas, zero, ularning asar strukturasidagi oʻrni va vazifasi boshqa: biri ikkinchisini toʻldiradi, yana birisi boshqasiga zidlanadi, birisi umumiy manzaraga nur, boshqasi esa soya tashlaydi va shu tariqa parchalardan tarkiblangan butunlik – mozaika yuzaga keladi. Taʼbir joiz boʻlsa, munaqqid mozaika muallifiga «nega choklari qolgan?!» deya eʼtiroz qiladiki, bu oʻrinda «yo sal uzoqroqdan qarab boqing, yo narigi zalga oʻtib rangtasvir asarlarini tomosha qila qoling», deyish oʻrinli boʻladi. Jumla ohangiga qaraganda, domla qahramonning «Diana ismli bir buzuqi ayolni sevib qolgani»ni sira hazm qilolmaydi. Albatta, inson sifatida muayyan toifaga nisbatan oʻz qarashiga ega boʻlish, munosabatini ifodalashga hamma ham haqli. Biroq shunisi ham borki, asar badiiy voqeligida harakatlanayotgan personajga munosabatda mazkur huquq cheklangan, bu oʻrinda badiiyat qonunlari ustuvor maqom tutadi (yoʻqsa, «Tirilish», «Kecha va kunduz», «Xolisxon», «Qoʻrqinchli Tehron» kabi oʻnlab asarlar adabiyotda «propiska»li boʻla olarmidi?!). Asosiysi, asarda Akbar «bir buzuqi ayolni sevib qolgani» shunchaki oshkor etilmaydi, aksincha, sevgi har ikki qahramonning maʼnaviy-ruhiy izlanishlarida muhim halqadir. Nazarimda, badiiyat hodisasiga sof axloqiy mavqedan yondashgani domlaning buni koʻra olishiga halal bergandek...

... aslida, munaqqidning asarda «koʻpgina voqealar, hodisalar, rivoyatlar qalamga olinadi. Ammo ular qahramonlar taqdiri va ruhiyatining mohiyatini ochishga deyarli xizmat qildirilmaydi» tarzidagi eʼtiroziga ham asarning mozaika tarzida qurilgani haqidagi mulohazamiz yetarli javob boʻlsa kerak. Biroq shu oʻrindagi fikrni dalillash yoʻsini qiziq koʻrindiki, bunga toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi: «asardagi asosiy qahramon Akbar oʻqituvchilik vazifasini bajarayotganida Sadr ismli oʻquvchi sinfga kirishdan bosh tortadi. «Kirmaymiz, bir haftadan keyin maktabni bitiradigan boʻlsak, oʻqidik nima-yu, oʻqimadik nima?» deydi. Akbar achchigʻlanib Sadrni yuziga tarsaki tushiradi va shu tarsaki uchun qamaladi. Oradan koʻp oʻtmay avf etiladi. Xoʻsh, bu voqea romanda nima uchun keltirilgan. Axir, Chexov asarda miltiq devorda osigʻliq turibdi, deyilsa, bu miltiq oxir-oqibatda otilishi kerak, degan edi-ku? «Isyon va itoat»da qalamga olingan yuqoridagi voqea esa faqat qahramon taqdiridagi bir voqea boʻlib qolgan. Uning magʻzi-mohiyatiga chuqur kirilmaydi va u qahramon ruhiyatining tahliliga xizmat qilmaydi». Negadir munaqqid xayolida Akbarning achchiqlanib tarsaki urganiyu shu sabab qamalib qolgani – quruq faktning oʻzigina qolibdi. Holbuki, beshinchi bobda Akbar tilidan soʻzlab berilgan voqea mohiyati shundangina iborat emas edi. Diqqat qilinsa, bu voqea Akbar hayotidagi burilish nuqtasi ekanini, u bilan bogʻliq syujet liniyasi shu fakt mushohadasidan boshlangani bejiz emasligini anglash mumkin boʻlardi. Shuningdek, asarda oʻsha voqea qahramonning keyingi hayotiga soya solib turgani ham yetarli darajada koʻrsatilgan. Faqat bu, xuddi Akbarning mazkur voqea taʼsirida tugʻilgan hayot, adolat va razolat, inson shaʼni va qadr-qimmati, feʼl-atvorining bungacha oʻziga qorongʻu boʻlgan tomonlari haqidagi iztirobli oʻylovlari kabi, bir necha bobga sochib yuborilgan. Bunisi endi, yuqorida koʻrganimizdek, asarning muallif ijodiy manerasi va niyatidan kelib chiquvchi oʻziga xos qurilishi bilan bogʻliqdir. Shunaqa ekan, agar kimdir qismlar orasidagi aloqani ilgʻay olmayotgan boʻlsa, aybni asardan qidirish nojoiz. Zero, asarda Chexov aytgan miltiq otilmay qolmagan, faqat u «pilta miltiq» boʻlmasdan, zamonaviy – «indamas miltiq» edi...

...nozik nuqta shuki, N.Xudoyberganov asarning gʻoyaviy tomonlariga ham jiddiy eʼtiroz bildiradi. Jumladan, Akbarning «Nega odamzotga bunchalar hassos qalb va nozik idrokni berganing holda uni shunchalar muvaqqat va ojiz qilib yaratding?!» tarzidagi oʻylari, munaqqidning fikricha, «insonlarning hozirgacha va bundan keyin yaratiladigan moʻʼjizalariga, beqiyos mardligiga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas» ekan. Koʻramizki, bu – ikki turli dunyoqarash toʻqnashgan nuqta, demak, ayni masalada hakamlik nooʻrin, faqat menga bunisi yaqinroq deyish mumkin, xolos. Munaqqid oʻz qarashlarida inson «Allohning Yerdagi xalifasi hisoblanadi. Bu – Allohning Insonga ishonganligi va uni mislsiz burch hamda imkoniyatlar sohibi etib yaratilganligining ramzidir. Insonning Alloh oldidagi burchi esa oʻzining buyuk va behad imkoniyatlar bilan yaratilganligini tiriklik olamida namoyon eta olishida namoyon boʻladi» degan fikrdan kelib chiqadi. Garchi munaqqid buni «agar diniy tasavvurdan kelib chiqsak» qabilidagi daromaddan soʻng aytayotgan boʻlsa-da, mohiyatan u Uygʻonish davrida paydo boʻlgan, soʻng Maʼrifatchilik mafkurasi choʻqqiga chiqargan antropotsentrik qarashning oʻzi. Insonning behad imkoniyatlariga urgʻu berilayotgani shunday deyishga imkon beradiki, bundan sal ilgariroq aytilgan «Axir, inson Oyga chiqdi va Oy jismidan parchalar olib, yerga qaytdi. Osmondagi yana bir qancha sayyoralarni tadqiq etayotgan ham inson. Yerda-chi? Yerda odamlar qanday mislsiz kashfiyotlar qilyapti? Uning imkoniyati, salohiyati hadsiz ekanligi kun sayin ayon boʻlyapti-ku! U hech qachon oʻzini «muvaqqat va ojiz» deb oʻylab oʻtirgani yoʻq» qabilidagi patetik fikrlar ham shuni tasdiqlaydi. Aslida, qarashlardagi asosiy farq – inson imkonlari masalasida: munaqqid ularni umuman hadsiz hisoblasa, yozuvchi inson Yaratgan qarshisida «muvaqqat va ojiz» deb biladi, inson haddini bilmogʻi kerak deb hisoblaydi. Ayni chogʻda, yozuvchining bu qarashi «insonlik – yuksak burch» ekanini aslo inkor qilmaydi. Sirasi, «Isyon va itoat» asli shu haqda, uning yetakchi qahramonlari inson hayotining mazmuni haqida, oʻzlariga belgilangan had doirasida, Yaratgan qarshisida «muvaqqat va ojiz» qolgani holda insonlik burchini uddalash haqida oʻylaydilar. Zero, bu XXI asr boʻsagʻasida – ikki asrdan ziyod imkonlari cheksizligiga ishonib yashagan INSON pirovardida oʻtgan asrdan meros «atom – yadro – neytron xavf»lari qatoriga «iqlimning global isishi»yu «ozon teshiklari» kabi yangi xavflar qoʻshilganidan lolu hayron turgan bir sharoitda maydonga kirgan avlodga xos qarashdir...

... shu mulohazalarga tayanib, N.Xudoyberganovning «Ulugʻbek Hamdam bu romanida oʻz ijodiy izlanishlarida oldinga emas, balki bir qadar orqaga ketgan, deb xulosa chiqarishga majbur boʻlamiz. Bunday gʻoyaviy-badiiy jihatdan boʻsh hamda yetilmagan asar yozuvchi uchun ham, adabiyot uchun ham yutqiziqdir», degan xulosasini yetarlicha asoslangan deb boʻlmaydi. Zero, u munaqqid bilan yozuvchi orasidagi badiiy-estetik prinsiplar hamda dunyoqarash bobidagi farqlardan kelib chiqayotir va shu bois ham mudom bahsli boʻlib qolaveradi.

***

... professor S.Sodiqning fikricha, «Ulugʻbek Hamdam oʻz romani uchun asos qilib olgan afsonalarga munosabat, aniqrogʻi, ishonish-ishonmaslik ham xalqimizning hozirgi tarkibiga koʻra uch xil» ekan: birinchi toifa – «dinga eʼtiqod qoʻygan»lar, ular «mazkur talqinni soʻzsiz maʼqullashi muqarrar»; ikkinchi toifa – «voqelikni dunyoviy tafakkur asosida idrok etadigan»lar, ularning afsonalarni «oʻzgacharoq tushunishga va baholashga urinishlari tabiiy»; uchinchi toifa – «ateistlar yoki dahriylar», ularning «diniy rivoyatlarga ishonmasliklari aslo shubha tugʻdirmaydi»9. Albatta, umuman olganda, bu oʻrinda S.Sodiq haq: dunyoqarash koʻp hollarda badiiyat bilan oʻquvchi orasida parda boʻlib tushishi mumkin, yaqin oʻtmishimiz bunga keragidan ortiq dalillar taqdim etadi. Biroq ayni shu dalillar – oʻtgan asrning 30-yillaridagi adabiy tanqid amaliyoti badiiy asarni gʻoyaviy asosga tayanibgina baholash nomaqbul ekanini ham koʻrsatadi. Afsuski, S.Sodiq maqolasida koʻproq shu yoʻldan borilgan. Shu darajadaki, maqolani oʻqib, beixtiyor XXI asrda, inson erkinliklari – soʻz, fikr, vijdon erkinliklari qonun bilan kafolatlangan mamlakatda, bagʻrikenglik tamoyiliga asoslangan jamiyatda yashayotganingga qayta-qayta shukrona keltirasan. Yaxshi maʼlum, adabiyotshunoslikda reminissensiya tushunchasi bor, uning qisqacha mazmuni shuki, har qanday badiiy asarda ilgari yaratilgan asarlarning tanish «iz»lari boʻlarkan. S.Sodiq maqolasini oʻqib, bunday «iz»lar adabiy tanqidiy asarda ham boʻlishi mumkinligiga ishonch hosil qilasiz:

 «... romandagi munozarali va shubhali falsafa...»

 «... mazkur falsafaning poetiklashtirilishi va targʻib qilinishi qanday oqibatlarga olib kelar ekan?»

 «... romandagi falsafaga suyanib, bir oz boʻlsa-da gʻayriodatiy koʻringan xatti-harakatlarning barchasi isyon yo itoatsizlik deb talqin qilinaversa, yangidan-yangi inkvizitsiyalar-u qatagʻonlarning boshlanib ketishi hech gap emasga oʻxshaydi»

 «Muttasil itoatga daʼvat etilishi oqibatida xalq manqurt darajasiga tushib qolmasmikan?»

 «...shubhali hamda bahsli bir shaklda ifodalangan isyon va itoat haqidagi gʻoyalarni jamlagan holda mutelik falsafasi deb atash toʻgʻriroq boʻladi.»

 «Mutelik falsafasi insonning tanqidiy nigohini oʻtmaslashtirishi tufayli yangilik va taraqqiyot yoʻlidagi toʻgʻanoqqa aylanishi hech gap emas...»

 «... mutelik falsafasi mustabid, yovuz hukmdorlar qoʻliga zulm pichogʻini qayrab berishga xizmat qilishi kundek ravshan...»

 «... shubhali va munozarali tarzda ifodalangan mutelik falsafasi gʻoyatda kutilmagan hamda xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin».

 «... chuqur oʻylangan, ammo bahsli, shubhali va hatto xavflidek tuyuluvchi gʻoyaviy falsafasi...»

Umid qilamanki, shukrona aytganim sababi tushunarli boʻldi: maqola eʼlon qilinganiga besh-olti yil boʻlib qoldiyamki, «Isyon va itoat» taʼqiqlangani ham yoʻq, muallifi ham binoyidek qatorimizda yuribdi. Garchi keltirilgan fikrlarning deyarli bari «-mikan», «koʻrinadi», «oʻxshaydi», «mumkin» tarzidagi gumon-ehtimol maʼnosini beradigan shakllarda ifodalansa-da, bitta fikr qayta-qayta taʼkidlab aytilgani uchunmi, ular tugal hukmday yangraydi. Ehtimol, bahslashib oʻtirish ham ortiqchadir-u, lekin beixtiyor shu yoʻsin «tanqid»lar va uning oqibatlarini koʻraverganidan yuragi koʻp zada boʻlgan A.Qahhor gaplari yodga tushadi: «Adabiy vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji boʻlsa yozuvchining boshiga chertib koʻrishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mishmishlarga oziq berishni oʻzining kasbi deb hisoblaydi»...

S.Sodiq yozuvchi «syujet chiziqlarini ongli ravishda bir-biriga uzviy bogʻlab yuborishga urinmagan»ini toʻgʻri taʼkidlaydi, lekin «asardagi har bir qahramon hayotda isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida koʻrinishlarini, shakllarini taʼkidlashga xizmat qiladi» deb hisoblaydi. Natijada, «biroz boʻlsa-da gʻayriodatiy koʻringan xatti-harakatlarning barchasi isyon yo itoatsizlik deb talqin qilinishi» mumkinligidan xavfsirayotganini unutgandek, oʻzi xuddi shu yoʻlni tutadi. Munaqqidga koʻra, asardagi Larisa xolaning ayanch qismati ham, Tursun jontalashning hayoti ham «isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida koʻrinishlari»-dir. Toʻgʻri, bu personajlar asarga qoʻyilgan muammoni badiiy talqin qilish uchun kiritilgan. Biroq bu ularning hayoti albatta isyon va itoat yoʻli degani emas-ku?! Durustroq oʻylab koʻrilsa, Larisa xolada na isyon va na itoat bor, aksincha, u mayllariga qul boʻlish yoʻlidan bordi, shu bois payti kelib itoat ehtiyojini tuyganida ham bunga erisholmadi. Yoki Tursun jontalashni olaylik. U isyonni xayoliga ham keltirgan emas, agar Larisa xola mayllarga qul boʻlib oʻtgan boʻlsa, Tursun jontalash oʻzi burch deb oʻylagan narsaga qul boʻlib oʻtdi – oilam, bola-chaqam deya chumoliday tinib-tinchimay yashadi, burchga qullik shu darajadaki, fidoyiligini hatto joni-jahonini tikkan oilasiyu farzandlari ham singdirolmaydi. Ekzistensial psixologiyaning yirik namoyandasi V.Frankl aytadiki: «Hayvondan farqli ravishda inson instinktlari unga nima zarurligini aytmaydi; kechagi kun kishisidan farqli tarzda bugun anʼanalar insonga nima qilish kerakligini oʻrgatolmaydi. Oʻziga nima kerakligini va nima qilishi zarurligini bilmagani uchun inson oʻzining nimani xohlashini ham idrok etolmaydigan boʻlib qoladi. Natijada u yo boshqalar xohlagan narsani xohlaydi (konformizm) yoki boshqalar talab qilgan ishni bajaradi (totalitarizm)»10. Olimning taʼkidlashicha, har ikki holat ham inson hayotini maʼnisiz qilib qoʻyadi. Shunga oʻxshash, Larisa xola ham, Tursunboy jontalash ham oʻzlari anglamagan holda hayotdan maʼni izlaydilar, aniqrogʻi, biri mayllariga toʻla erk berib, ikkinchisi mehnatiga andarmon boʻlib maʼni izlash – isyon qilish zaruratidan qutuladi. Ulardan farqli oʻlaroq, Akbar bu toifalarning ikkisiga ham kirmaydi: boshqalar xohlayotgandek yashashni ham, boshqalar talab qilganni bajarib yashashni ham istamaydi – isyon ayni shu nuqtadan boshlanadi. Yaʼni, isyonning maʼnosini lugʻatlardan izlashga hojat yoʻq, uni qahramonning hayotidan maʼni izlash qasdidagi evrilishlarga toʻliq yoʻl – Yaratgan qoshiga oʻzlikni anglagan holda borish istagidan tugʻilgan BUYUK SAFAR tadorigi deb tushunsa boʻladiki, oʻzlikni anglab kelingan itoat aslo MUTELIK emas...

... ha, Tursun jontalash hayotidan maʼni izlab oʻtirmadi, shu turish-turmushimning oʻzi maʼni deya oʻzini ishontirib yashayverdi. Biroq nihoya-chi? Nega umrining soʻnggi lahzalarida qurgan imoratiga «bitta gʻisht, bittagina gʻisht yetishmayapti...» deya toʻlgʻanadi? Nega safari qariganini bila turib oʻy-xayoli oʻsha kemtikda? Nega shu holida ham «oʻzim toʻldirolmadim oʻsha kemtikni» deya oʻrtanadi?.. Koʻngli taskin topmagani, topolmayotganidan emasmi?! Demak, tabibning «oʻlimgacha ulgurish», «oʻlmasdan burun nihoyani topish» haqidagi gaplari, «natijaga har kim oʻzi kelmogʻi shart» deya taʼkidlashi bejiz emas ekan-da! Shundayku-ya, lekin buni u yoki bu darajada qabul qilish uchun S.Sodiq ajratgan toifalarning dastlabki ikkitasiga mansublik ham shart qilinadi. Yaʼni, gap aylanib yana dunyoqarashga taqaladi...

(... dunyoqarash esa turfa, u dunyoning evrilishlari bilan baravar oʻzgarib turadi, bu oʻzgarishlarni ilgʻash uchun hayot bilan hamnafaslik talab qilinadi. Tursun jontalash sabab oʻsmir yoshimda oʻqiganim P.Qodirovning «Meros» qissasi bilan «Isyon va itoat» orasida bogʻliqlik koʻraman. Har qanday asar «katta vaqt» oʻlchamida boshqa asarlar bilan dialogik aloqada yashaydi deyiladi-ku... Mayli, bu muhim emas. Muhimi – «Meros»ni oʻqiganimda menga chinakam qahramonlik boʻlib koʻringan narsaga bugun butkul boshqa koʻz bilan qarayotganim. Shuni oʻylab, «xayriyat, qotib qolmabman», deyman-u, lekin... baʼzan talabalar bilan, oʻgʻillar bilan qarashlarimiz farqli ekanini his qilaman, goho, gaplarimiz bir-biriga toʻgʻri kelmay qolganida, boʻgʻilaman... Lekin iloj qancha, hayot shiddati tez, u bilan hamqadam bosishga qancha urinmay, yetib yurishim tobora qiyin boʻlayotgani, oʻgʻillaru shogirdlar uch qadam bosganida arang ikki qadam oldinlayotganimni, erta bu farqning yana kattarishi borligini ham his qilaman. Koʻnmay ilojim bormi, qoʻlimdan keladigani – «Feʼlimni keng qil, ilohi!» deb tilash, xolos...)

... maqolani oʻqiganda, S.Sodiq asarni tahlil qilishdan koʻra dunyoqarashini himoya qilishni koʻproq oʻylagandek tuyuladi. Ehtimol, maqsad kuchlilik qilib ketganidandir, baʼzan oʻzidek tajribali munaqqidga yarashmaydigan yoʻl tutadi, asarni oʻzi xohlagandek talqin qilib, buni yozuvchi talqini sifatida taqdim etadi: «Mana shu harakat, yaʼni ukaning akaga hurmatsizligi romanda Tursunboy hayotidagi isyon sifatida talqin etiladi». Aslida yozuvchi bunaqa talqindan yiroq, lekin munaqqid barcha personajlar hayotini «isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida koʻrinishlari» deb biladi va buni qanday qilib boʻlsa-da isbotlashga intiladi. Munaqqid talqinda matndan kelib chiqmaydi, oʻzinikini maʼqullash uchun: «Hurmatsizlik qilganini anglashdek ogʻriqli jarayondan ezilgan Tursunboy qiziloʻngach rakiga mubtalo boʻladi...» deya bemalol oʻzidan qoʻshib yuboraveradi. Goʻyo romanda Tursun jontalash qilmishidan bir muddat afsuslanganiyu tezda «Toʻy-maʼraka nima boʻpti, bir kun-yarim kunda oʻtar-ketar. Hayot oʻyin-kulgudan iborat emas-ku! Mehnat qilish kerak, mehnat! Faqat ishlagan odamgina bahra topadi...» deya oʻzini oqlab olgani yozilmagandek. Axir, yozuvchi qahramonining ertasidanoq yana ilgarigidek oʻz ishiga andarmon boʻlib ketganini, «Endi uning xayoli yana har kungidek oʻz ishi, oʻz tashvishi bilan band edi: akasini ham, u bilan boʻlib oʻtgan koʻngilsizlikni ham unutgandi...» deya taʼkidlaydi-ku! Munaqqidga buning mutlaqo qizigʻi yoʻqdek, yuqoridagi fikrini «... oʻlimi oldidan uzr soʻrab akasining huzuriga boradi. Shu tariqa bu qahramon ham axloqiy qadriyatlarni buzish olovli isyon ekanligini fahmlaydi va toʻligʻicha itoat yoʻliga qaytadi» tarzida xulosalayveradi. Albatta, asar talqinidagi bunday yondashuv haqlikni isbotlash uchun qulay boʻlishi mumkin, biroq ilmiylikdan butkul yiroqligi ham ayon haqiqatdir.

Shunga oʻxshash, haqligini isbotlash, fikrlarini dalillash uchun S.Sodiq tarixiy-hayotiy misollarga ham oʻzi xohlaganidek mazmun yuklaydi. Jumladan, uning fikricha, «Larisa xola yoshligida kishilarning juft-juft boʻlib yashashi-yu farzand koʻrishidek azaliy tamoyilga qarshi isyon koʻtargan». Avvalo, romanda bunday talqin yoʻqligini, bu yuqorida koʻrganimiz kabi munaqqidning kashfi ekanligini taʼkidlash joiz. Zero, Larisa xola isyon qilgani yoʻq – u qarshisidagi tanlov imkonidan foydalandi xolos: koʻp qatori tashvishu qiyinchiliklar bilan esh keluvchi yoʻlni emas, har ne jozib boʻlsa-da yeldek oʻtkinchi hoyu-havaslar yoʻlini tanladi. Tanlovni isyon deya yanglish tushunib olgan munaqqidning hushyorligi tutadi va hech ikkilanmay yozuvchini «har qanday isyon fojiaga olib boradi, shuning uchun inson isyondan saqlanishi – itoatda yashashi kerak» degan zararli gʻoyani targʻib etayotganlikda ayblashga tushadi. Keyinroq esa S.Sodiq romandagi talqinni yanada joʻnlashtiradi, endi unga yozuvchi goʻyo «oʻz vaqtida turmush qurmagan va farzand koʻrmagan odam fojiaga, baxtsizlikka mahkum» degan qarashni oldinga surgandek koʻrinadi va bu «qarashning shubhali» ekanini dalillash uchun shoira Zebunnisoni misol qiladi: «Larisa xola kabi Zebunniso ham umrida turmush qurmagan va farzand koʻrmagan. Biroq shoira buni oʻzi uchun fojia sanash u yoqda tursin, baralla:

Mening erim ham kitob,

Baxtim ham kitob,

Hatto jannatim ham kitob, – deb xitob qilgan. Demak, Zebunniso taqdirida isyondan itoatga qaytmaslik baxtsizlikka keltirmagandek tuyuladi». Ehtimol, «tuyuladi» deyishi munaqqidning buni faraz sifatida aytayotganiga ishoradir, lekin mazkur fakt «qarashning shubhaliligini isbotlaydigan» dalil sifatida keltirilyapti. Avvalo, adabiyotshunos sifatida S.Sodiq yaxshi biladiki, sheʼr – oniy kechinma izhori, shunday ekan, shoira hayotidagi millionlab lahzalarning birida ifodalangan koʻngil izhori bu qadar katta umumlashmaga asos boʻlolmaydi. Ikkinchidan, xuddi shu satrlarning oʻzi tamom aks maʼnoni anglatishi yoki ularning iztirobu alamlardan tugʻilgan boʻlishi mumkinligini ham inkor qilib boʻlmaydi. Koʻrinadiki, S.Sodiq faktni oʻziga moslashtirib talqin qilmoqda, ayrimlar jonli soʻzlashuvda buni «podtasovka» deb aytishadi. Yaʼni, aslida bu soʻzning lugʻaviy maʼnosi – «qartani oʻziga moslab chiylash», sodda qilib aytganda, «gʻirromlik» boʻladi...

(... «gʻirromlik» deganim juda keskin boʻlib koʻrinar-u, aslida, S.Sodiq «Larisa xola kabi Zebunniso ham umrida turmush qurmagan va farzand koʻrmagan» deb yozganini oʻqiboq tilga beixtiyor shu soʻz kelgandi. Qarang, munaqqid avvaliga «oʻz vaqtida turmush qurmagan va farzand koʻrmagan»-lik haqida gap ochgandi, endi, kerak boʻlib qolgach, tap tortmay asarni oʻzi qiyoslamoqchi boʻlgan faktga – Zebunniso taqdiriga moslashtiradi: Larisa xolani umrida turmush qurmaganga chiqaradi-qoʻyadi. Holbuki, Larisa hola roman voqeligiga ilk bor kirib kelgan oʻninchi bobdayoq «rahmatli eri»ni tilga oladi, keyin ham bot-bot «eri bilan tanishgan-sevishgan kezlarini eslab» entikib-eziladi, marhum erini tushlarida koʻradi...)

...Xuddi shunday hol itoatsizlikning «insonlik martabasi»ga zid emasligini asoslash uchun Ezop, keyin Galiley eslatilganida ham kuzatiladi. Munaqqid inkor pafosiga berilib ketganidan boʻlsa kerak, romanda gap Yaratgan qarshisidagi itoat haqida borayotganini unutadi goʻyo, bularning isyoni yaralmishga, uning timsolidagi zulm va jaholatga qaratilganini eʼtiborga olmay, bemalol dalil qilib keltiraveradi. Hayratlanarli tomoni shuki, munaqqid uchun shu asoslarning oʻzi «itoatga yuz burmagani uchun oʻz xalqining vijdoniga aylangan Ezopni «insonlik martabasi»-dan mahrum qilish aqldan boʻladimi?» deya muallifga iddaolar qilish yoki «itoatga yuz burmagani uchun Zebunnisoni ham insonlikka noloyiq deb qarash gʻirt bemaʼnilik hisoblanadi» deya ayblash uchun yetarli. Dadillik shunchalarki, qumdan qurilgan poydevorga ulkan imorat solishga aslo choʻchimasdan «Zebunniso ham, Navoiy ham butun ongli umrlari davomida islom diniga zarra gard yuqtirmagan» deya hakamlikni zimmasiga olarkan, Hazratning oʻzi «Qilibmen oncha isyonkim agar doʻzax aro kirsam, Mening behad gunohim birla doʻzax sar-basar toʻlgʻay...» deya tazarrular qilganini eslashni ortiqcha biladi...

... shu yoʻsin tahlildan kelib chiqib, S.Sodiq «Isyon va itoat» romanida «asosan, bir guruh kitobxonlarni, aniqrogʻi, butun borligʻi faqat ilohiyot ruhi bilan qamralgan kishilarnigina qay darajadadir ishontiradigan, diniy maʼrifat fidoyilari tomonidan koʻproq maʼqullanadigan gʻoyalar majmui oʻrtaga tashlangan» degan xulosaga keladiki, nechogʻli imperativ ohangda jarang topmasin, asosi boʻshligi bois uni qabul qilib boʻlmaydi.

***

... «Muvozanat» ham, yozuvchining boshqa asarlari ham kamchiliklardan butkul holi, degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Ularda, xususan, «Muvozanat» bilan «Isyon va itoat»da hali sayqallanishi zarur boʻlgan oʻrinlar talaygina, ayniqsa, til jihatidan. Umid qilamanki, kaminani kamchiliklarning bor yo yoʻqligi emas, «ularga tuzatsa boʻladigan, juzʼiy deb qarash kerakmi yo asarning hayot-mamotini hal qiluvchi debmi?» degan savol qiziqtirgani va ustozlar fikriga tayanib mazkur savolga «Tuzatsa boʻladigan, juzʼiy!» deya javob berganimni oʻquvchi tushunib oldi. Eʼtiroz qiluvchilar loaqal «Oʻtgan kunlar»ni yodga olsin: 1925 yilda romanning kitob holidagi birinchi boʻlimi chop etilganida, A.Qodiriy nashrning imlo va texnika tomonlari «koʻz koʻrib quloq eshitmagan bir yoʻsinda chiqdi» deya qattiq norozilangan. Shu bois 1926 yilda birinchi boʻlim til tomoni jiddiy tahrir qilingan holda qayta bosilgan. Qiziq tomoni, 1925 yil nashri imlo va texnika tomonlari bilan romanning «Inqilob» jurnalida chop etilgan variantidan koʻp ham farq qilmaydi. Bu esa 1925 yil nashridagi kamchiliklar sababi adibning «bosilishi chogʻida hozir boʻlolmagʻani» yoki nashriyot bilangina bogʻliq emasligini koʻrsatadi. Gap shundaki, romanning jurnalda eʼlon qilinishi bilan kitob holida chop etilishi orasida besh yillik masofa bor. Yaʼni, adib endi oʻz asaridan tamom uzilgan, unga besh yillik hayotiy ham ijodiy tajriba yuksakligidan qarab, «udur-budurlarni» koʻrish va bartaraf etishga har jihatdan tayyor boʻlgan. Keyin, 1933 yil nashri oldidan ham romanga juzʼiy tahrirlar kiritilgan11. Aytmoqchimanki, roman tili oʻquvchini rom etadigan hozirgi koʻrinishiga koʻp sayqallashlardan keyingina kelgan... Diqqat qilinsa, «Muvozanat»ning jurnal varianti bilan kitob holidagi birinchi (2004) va ikkinchi (2007) nashrlari orasida sezilarli farq borligini koʻrish mumkin – yozuvchi ishlamoqda. Shunday ekan, unga ozroq «vaqt limiti» ajratsak haqimiz ketmasa kerak?!

Yana bir tomoni: U.Hamdam «Muvozanat»da toʻxtab qolgani yoʻq – izlanyapti va shu izlanishlari natijasi oʻlaroq «Isyon va itoat», «Sabo va Samandar» romanlari yozildi. Muhimi, yozuvchining izlanishlarida izchillik va dadillik kuzatiladi: u izlanish yoʻlida «ortidagi koʻpriklarni buzib» bormoqda. «Muvozanat»da realistik tasvir tamoyillari, «Isyon va itoatda» ramziy-majoziy talqin, «Sabo va Samandar»da lirik-romantik yondashuv bilan ramziy-majoziylikning uygʻunlashuvi kuzatilayotgani shunday oʻylashga asos beradi. Menga qolsa, milliy-adabiy anʼanalarni ruhiga singdirgan va xorij adabiyotlaridan yaxshi xabardor boʻlgani holda bugungi kunimizda FAOL YASHAYOTGAN ijodkor vujudida bir paytning oʻzida shafqatsiz realist bilan tuzatib boʻlmas romantik, ramzlar vositasida olamu odamni anglash payidagi intellektual bilan hassos lirik yashayotgani hech ajablanarli emas. Shunday ekan, U.Hamdam ijodiga «har bir kitobning oʻz oʻquvchisi bor» degan qoidani unutmagan holda yondashish, deylik, «Muvozanat»ga qoʻyilgan mezonlar bilan «Isyon va itoat» yoki «Sabo va Samandar»ga qaramaslik toʻgʻriroq emasmi?!

Shundaylikka shundayku-ya, lekin buning uchun, avvalo, ongu ruhimizga sezdirmaygina kirib boradigan «Mom sindromi» viruslaridan saqlanish, unga qarshi emlanib olish zarur. Unga em boʻladigan dori – XOLIS NIYAT, bu esa judayla qahat mol emas, oʻzimiz istasak bas – har vaqt topiladi.

2010 yil

Izohlar

  1. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2002. 22 noyabr
  2. O.Sharafiddinov. Ijodni anglash baxti. – Toshkent, 2004. – B.244
  3. O.Sharafiddinov. Ijodni anglash baxti. – Toshkent, 2004. – B.245
  4. Qoʻshjonov M. Shiddat bilan yozilgan roman / U.Hamdam. Muvozanat. – Toshkent, 2004. – B.3 – 5.
  5. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2009. 9 yanvar
  6. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2003. 17 yanvar
  7. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2010. 19 fevral
  8. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2005. 15 iyun
  9. S.Sodiq. Ijodning oʻttiz lahzasi. – Toshkent: Sharq, 2005. – B.195; avvalroq maqolaning gazeta varianti eʼlon qilingan: Isyonning hududi bormi, itoatning-chi? / Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 2004. 12 noyabr.
  10. Frankl V. Chelovek v poiskax smыsla. – Moskva: Progress, 1990. – S. 25.
  11. Qarang: Sharq yulduzi. – 2007. № 1

Dilmurod Quronov