← Dilmurod Quronov
|

Yana davrlashtirish masalasiga doir

Dilmurod Quronov

Maqola · 2013 · XX asr oʻzbek adabiyoti masalalari. T.: Fan,2012t · «Zavqimdan bir shingil» toʻplamidan

Maʼlumki, mustaqillikka qadar adabiyotshunosligimizda va shundan kelib chiqib adabiyot oʻqitishda davrlashtirish muammosi goʻyo «uzil-kesil hal qilingan», darslik va qoʻllanmalarda ikkita: «Oʻzbek adabiyoti tarixi» va «Oʻzbek sovet adabiyoti» davrlari ajratilar edi, vassalom. Albatta, nafaqat adabiyot, balki umuman insoniyat tarixiga «inqilobgacha – inqilobdan keyin» qolipida qaragan shoʻro fanining bir uzvi boʻlmish adabiyotshunoslik uchun bu ayni ilmiy haqiqat sanalgan. Zero, oʻtgan asr boshlaridagi qizgʻin adabiy jarayonni goʻyo boʻlmaganday nazardan soqit qilgan va asli jadid adabiyoti namoyandasi boʻlmish Hamzadan «oʻzbek sovet adabiyotining asoschisi»ni yasagan holda adabiyotshunoslik buni mafkuraga maqbul «ilmiy haqiqat»ga aylantirdi. Natijada esa adabiyot tarixi ham shoʻrocha talqindagi ijtimoiy tarixga moslandi, yaʼni «feodalizmdan kapitalizmni chetlab sotsializmga sakrab oʻtilgan»i kabi, mumtoz adabiyotdan toʻppa-toʻgʻri shoʻro adabiyotiga oʻtildi. Mustaqillik arafalaridan eʼtiboran davrlashtirishdagi bu soxtakorlik keskin tanqid qilina boshlab, tez orada undan tamom voz kechildi. Soʻnggi yillarda bir qator olimlarimiz, jumladan, U.Normatov, N.Karimov, A.Rasulov, Q.Yoʻldoshevlar tomonidan masalaga yetarlicha oydinlik kiritildiki, bunday qaraganda, unga yana qaytishning zarurati ham yoʻqday tuyuladi. Biroq, masalan, «Adabiyotshunoslik» magistratura mutaxassisligi oʻquv rejasiga koʻzingiz tushsa, beixtiyor bunday tasavvur yanglish emasmikan degan andishaga borib qolasiz.

Gap shundaki, mazkur oʻquv rejasida «XX – XXI asr oʻzbek adabiyoti» kursini oʻqitish koʻzda tutilgan. Toʻgʻri, kursning nomi oʻquv materialining davriy chegaralarini aniq belgilab turibdi. Ehtimol, tuzuvchilar xuddi shu maqsadni koʻzlagan ham chiqar. Biroq shunisi borki, adabiyot tarixini davrlashtirish natijasi oʻlaroq hosil boʻlgan bosqich nomlari adabiyotshunoslik fani doirasida termin maqomiga ega sanaladi. Zero, ushbu nom (termin)larning har biri adabiyotimiz tarixidagi oʻzining aniq davriy chegaralari va oʻziga xos xususiyatlarga ega bir bosqichni anglatadi.

Maʼlumki, davrlashtirishda «adabiy davr», «adabiy asr» va «adabiy avlod» terminlari qoʻllanadi: adabiy davr ichida adabiy asrlar, oʻz navbatida, adabiy asr ichida adabiy avlodlar farqlanadi. Yigirma yillar muqaddam, 1993 yilda yozilgan bir maqolasida Q.Yoʻldoshev «eng qadimgi zamonlardan bugungi kungacha boʻlgan oraliqda yaratilgan oʻzbek adabiyoti bir-biridan keskin farq qiladigan uch davrni boshidan kechirgani»ni taʼkidlab, ularni quyidagicha nomlashni tavsiya etgan edi:

1. Islomgacha boʻlgan davrdagi adabiyot.

2. Islom taʼsiridagi adabiyot.

3. Jahoniy taʼsirlar davri oʻzbek adabiyoti.

Darhaqiqat, shunday. Adabiyotimiz tarixidagi mazkur davrlar aniq-ravshan koʻzga tashlanadi, shu bois ularni ajratish masalasida mutaxassislar orasida ixtilof yoʻq. Biroq, ularning nomlanishi, shuningdek, davriy chegaralarini belgilashda muayyan farqlar mavjud. Eʼtibor berilsa, Q.Yoʻldoshev nomlashda har bir davrning oʻziga xos xususiyatlaridan birini asos qilib olayotganini koʻrish mumkin. Albatta, adabiyotimiz rivojida IX – X asrlardan boshlab islom dini, XX asr boshlaridan esa Yevropa adabiyoti taʼsiri juda kuchli boʻlgan. Shunga qaramay, bizningcha, katta bir davrni unga xos bitta xususiyat (hatto uning dominantligi shubhasiz boʻlganida ham) bilan nomlash maqbul emas koʻrinadi. Zero, birinchidan, adabiyotimizning katta bir davrida islomiy dunyoqarash belgilovchi boʻlgani shubhasiz, biroq shu xususiyatning oʻzini davrlarni farqlash asosi qilib olsak, dunyoviy ilm mavqeidan chekingan boʻlamiz. Ikkinchi tomondan, «jahoniy taʼsirlar davri»da adabiyotimiz islom dini, islomiy dunyoqarash taʼsiridan mutlaqo xoli edi deyish ham haqiqatga xilof boʻladi. Nihoyat, XX asr oʻzbek adabiyotiga Gʻarb taʼsiri nechogʻlik kuchli boʻlmasin, baribir, u boy adabiy anʼanalar zaminida turibdi, bas, yuqoridagicha nomlash buni inkor qilish, oʻz-oʻzini kamsitish, malomat qilishdek boʻlib qolmaydimi?! Shu va shunga oʻxshash andishalarni nazarga olgan holda taʼkidlash mumkinki, adabiy davrni umumiyroq tarzda nomlab, soʻng unga xos xususiyatlarni darajalagan holda sanab qayd etish ilmiy jihatdan toʻgʻri va obyektivroq boʻladi. Shu qarashdan kelib chiqib yuqoridagi uchta davrni, bizningcha, quyidagicha nomlash mumkin:

1. Qadimgi turkiy adabiyot.

2. Oʻzbek mumtoz adabiyoti.

3. Yangi oʻzbek adabiyoti.

Aytish kerakki, oʻzining qaydiga koʻra oradan oʻn yillar (haqiqatda esa birmuncha koʻproq boʻlsa kerak) oʻtgach yozilgan salmoqli maqolasida Q.Yoʻldoshev ham uchinchi davrni «Yangi oʻzbek adabiyoti» deb ataydi va «ushbu atama millat adabiy tafakkuridagi tamomila oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan yangi davrni ifoda etib, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bugungi kunlarimizgacha boʻlgan zamoniy oraliqda yaratilgan milliy adabiyot namunalarini anglatadi» (171) deydi. Bu esa olimning davrlashtirish borasida yuqoridagi ilk takliflari taqdim etilgan paytdagi ruh-kayfiyat taʼsiridan xoli boʻlolgani va masalaga teran ilmiy yondashganini koʻrsatadi. Ikkinchi tomondan, bu paytga kelib «yangi oʻzbek adabiyoti» termini isteʼmolda ancha faollashgan, xususan, oliy taʼlim uchun oʻquv rejalarida ham shu nom qoʻllana boshlagan edi. Yodingizda boʻlsa, mustaqillikning ilk yillarida adabiyotimiz tarixining mazkur davri oliy taʼlim uchun oʻquv rejalarida «Hozirgi oʻzbek adabiyoti», «XX asr oʻzbek adabiyoti» nomlari bilan yuritilgan, ilmiy muomalada esa bularga qoʻshimcha oʻlaroq «Zamonaviy oʻzbek adabiyoti», «Hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti» kabi atamalar ham qoʻllangan edi. Shu bois ham Q.Yoʻldoshev: «Yangi oʻzbek adabiyoti» atamasi bizda baʼzan «XX asr adabiyoti» istilohining sinonimi, baʼzida «jadid adabiyoti» atamasining muqobili tarzida qoʻllaniladi» (171), – derkan, terminologiyada mavjud beqarorlikni maʼqullamaydi va bu oʻrinda toʻla haq. Albatta, bunday beqarorlikning yuzaga kelish sababi tushunarli: avvaliga «Oʻzbek sovet adabiyoti» zudlik bilan «XX asr oʻzbek adabiyoti»ga oʻzgartirildi, lekin asr oyoqlab qolgani uchun tezdayoq «Hozirgi oʻzbek adabiyoti» deyish maʼqul koʻrildi; tabiiy, atamadagi «hozirgi» soʻzining maʼnosi atalayotgan predmet mohiyatga u qadar mos emasdek tuyuladi, «zamonaviy» yoki «hozirgi zamon» sifatlari ham xuddi shunday... nihoyat, «yangi oʻzbek adabiyoti» deyish har jihatdan maʼqul koʻrildi. Negaki, bu atama predmetga, yaʼni XX asr tongidan boshlab gʻoyaviy-mazmuniy va poetik xususiyatlariga koʻra YANGILANGAN adabiyotimizga har jihatdan mosdir. Yangilanish qanday kechgani, uning omillariyu belgilari haqida koʻp yozildi, shu va maqsadimizga kirmagani bois bunga toʻxtalmaymiz. Faqat oʻtgan asr boshlaridan adabiyotimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga – yangi adabiy davrga kirgani va hozir ham shuning doirasida ekanini taʼkidlaymiz. Modomiki shunday ekan, oʻquv rejasida uni «XX – XXI asr oʻzbek adabiyoti» deb yuritish toʻgʻri emas. Zero, adabiyot oʻqitish ilmiy asosga qurilishi, adabiyotshunoslik erishgan yutuqlarga tayanishi lozimdir.

Endi masalaning ikkinchi va, fikrimizcha, ancha nozik ham bahsli tomoniga keldik: yangi oʻzbek adabiyotining davriy chegaralarini qanday belgilash kerak? Hozirda koʻproq ommalashgan qarashga koʻra, yangi oʻzbek adabiyoti davrini XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab hisoblanadi. Oʻz vaqtida ustoz N.Karimov bu holga munosabat bildirib: «Yangi oʻzbek adabiyotini maʼrifatparvarlik adabiyoti bilan boshlash tarafdorlari ham borki, ular oʻz «gʻoya»larini umumtaʼlim maktablarining adabiyot dasturlariga kiritishga ulgurdilar. Bizningcha, bu xato yoʻl»1, – deya kuyinib yozgandi. Afsuski, davr adabiyoti boʻyicha yirik mutaxassisning fikri inobatga olinmadi: hozirda mazkur «gʻoya» nafaqat umumtaʼlim maktablari, balki oliy taʼlim dasturlariga ham kirgan. Albatta, masala bahsli ekan, uni ilmiy doiralarda bir tomonga hal qilib, soʻngra oʻquv jarayoniga tatbiq etilsa toʻgʻriroq boʻlardi. Biroq, nazarimda, ushbu masalaning hal qilinishida ilmiy dalillardan koʻra koʻproq boshqa omillar – alohida shaxslarning obroʻsi va imkoni ustuvor ahamiyat kasb etib qoldi. Sirasini aytganda, OʻzMUda «Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» kafedrasining tashkil qilingani, bakalavriat bosqichi oʻquv rejasiga shu nomdagi oʻquv fanining kiritilgani, tez fursatda darslik yaratilgani – hammasida keyingi omilning hissasi katta. Ochigʻi, shu gapni yozdim-u, kimningdir: «Mustaqillik adabiyotimiz tarixini, ayniqsa, oʻtgan asr boshlaridagi adabiy jarayonni oʻrganishni dolzarb vazifaga aylantirib qoʻygan edi, bu ishlar shuni uddalash yoʻlidagi fidokorona harakat-ku!» – deya eʼtiroz qilishi, boshqa birovning kaminani noxolislikda, hatto bir oz «ichiqoralik»da ham ayblashi mumkinligini ich-ichimdan sezib turibman. Shu bois muxoliflardan oʻtinib soʻraymanki, ayblashdan avval yaxshilab xolisona oʻylab koʻring: axir, kafedra degani maʼlum miqdor oʻquv soatlariyu shtat birliklarini taqozo etsa... jadid adabiyotining oʻzidan yetarli soat chiqmasa... Shunday vaziyatda masalani ilmiy yoki boshqa yoʻl bilan hal qilishning ahamiyati qoladimi?! Ustozlar maʼzur tutsinlar-u, hammamiz ham bandamiz, axir, bunaqa vaziyatda «qozonchida ixtiyor, qaydan quloq chiqarsa» qabilida yoʻl tutilsa nima qipti?! Boz ustiga, rejadagi qilinajak ishlar xayrli, ezgu boʻlsa... Xullas, mavjud holatni dolzarblik bilan keyingi omillar – obroʻ va imkon bir nuqtada kesishganining natijasi deb qarash toʻgʻriroq. Darvoqe, oʻz muhofazamga yana bir dalil keltirsam ham boʻladi. Yodingizda boʻlsa, mazkur holatdan bir oz avvalroq dolzarbligu obroʻ va imkon yirik turkiyshunos alloma timsolida jamuljam boʻlgandi. Qiziq, oʻshanda ham turkologiya kafedrasi tashkil qilingan, oʻzbek filologiyasi yoʻnalishi oʻquv rejasiga «Turkologiyaga kirish», «Turk tili», «Turk adabiyoti» kabi yangi fanlar kiritilgan edi. Demak, ajablanishga hojat yoʻq: tarix qaytarilgan ekan, xolos...

Mavzuga qaytsak, N.Karimov «...maʼrifatparvarlik adabiyoti bilan Behbudiylar boshlab bergan jadid adabiyoti mutlaqo boshqa-boshqa hodisalardir» deb hisoblaydi. Olim toʻla haq, faqat, bizningcha, bu oʻrinda masalani oʻzgacharoq tarzda qoʻyish toʻgʻriroq boʻladi. Yaʼni «maʼrifatchilik adabiyoti» yuqorida qayd etgilgan «oʻzbek mumtoz adabiyoti» davriga kiradimi yo «yangi oʻzbek adabiyoti» davrigami? Agar uni yangi oʻzbek adabiyotiga kiritsak, u holda oʻzbek mumtoz adabiyoti XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib oʻz davrini yashab boʻlgan chiqadi. Holbuki, oʻsha Komil, Avaz, Muqimiy va Furqatlar ijodida mumtoz adabiyotga xos gʻoyaviy va poetik xususiyatlar ustuvor ekani ravshan. Yaʼni, ularning qator asarlarida maʼrifatparvarlik gʻoyalari aks etsa-da, birinchidan, ushbu gʻoyalar mumtoz adabiyot poetik tizimi (janr, poetik obrazlar, til va uslub) doirasida ifodalangan; ikkinchidan, ular qoldirgan ijodiy merosning salmoqli qismini gʻoyaviy-badiiy jihatlariga koʻra mumtoz adabiyot anʼanasidagi asarlar tashkil etadi; uchinchidan, maʼrifatparvarlik gʻoyalari ifoda etilganining oʻzi davr adabiyotiga «yangi» sifatini berish uchun asos boʻlolmaydi, bunday gʻoyalar Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yugnakiylardan boshlab kuzatiladi, yaʼni mumtoz adabiyotimizda ushbu gʻoyalar azaldan ifodalanib kelgan. Zero, maʼrifat gʻoyasi adabiyotning fitratidagi ibtidolardan biri, javhardir.

N.Karimov «maʼrifatparvarlik adabiyoti» deb atayotgan bosqich «Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» darsligida «Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining ilk bosqichi» deb nomlanib, chegarasi 1865 – 1905 yillar qilib belgilangan. Q.Yoʻldoshev esa ayni bosqichni «Oʻzbek maʼrifatchilik adabiyoti» deb ataydi. Shu oʻrinda «maʼrifatparvarlik» va «maʼrifatchilik» tushunchalari bir-biridan farqli ekanini eslatish joiz koʻrinadi. Maʼlumki, «maʼrifatparvar» soʻzi shaxsga xos sifatni, «maʼrifatchi» soʻzi esa muayyan faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxsni bildiradi, bas, shu ikki soʻzdan yasalgan otlar ham maʼno jihatidan farqlidir. Yaʼni, bu bosqichni «maʼrifatparvarlik adabiyoti» desa boʻlar, biroq «maʼrifatchilik adabiyoti» deyish haqiqatga mos emas, ushbu nomga jadid adabiyotining ilk bosqichi munosibroqdir. Darslik va oʻquv dasturida bu davr adabiyotiga xos «yangicha maʼrifatparvarlik»ka urgʻu berilganki, bu, chamasi, yuqoridagicha eʼtirozlar ziddi uchun boʻlsa kerak. Darslikda oʻqiymiz: «Rusiya Qoʻqon xonligi hududlarini bosib olib, Buxoro amirligi va Xiva xonligini oʻz vassaliga aylantirganidan boshlab oʻlka ijtimoiy-madaniy hayotida baʼzi yangiliklar ham roʻy bergan edi. Shulardan biri butun Markaziy Osiyoda Komil, Sattorxon, Furqat, Sayidrasul Aziziy, Rojiy Margʻiloniy kabi ilgʻor ziyolilar tomonidan asos solingan yangicha maʼrifatparvarlik yoʻnalishi va adabiyoti edi. Bu ziyolilar rus ilm-fani, tili va madaniyatini egallash, shu orqali, birinchidan, oʻzlikni anglashga va tiklashga urinish, ikkinchidan, zamona talablariga javob beradigan millat avlodini yetkazish yoʻlini tutdilar. Bu sohada buyuk omil maktab, matbuot, adabiyot edi. Matbuot yoʻq edi. Maktab va adabiyot esa tamom eskirgan edi. Mana shunday nozik sharoit va buyuk orzu Komil hamda uning bir qator maslakdoshlarini mashhur missioner N.Ostroumovning chor hukumati siyosatini oʻrniga qoʻyib kelayotgan «Turkiston viloyatining gazeti» bilan hamkorlik qilishga majbur etdi» (56). Koʻchirma choʻzilib ketdi, uzr, fikrdagi ichki ziddiyatni koʻrsatish uchun shunday qilish zarur. Eʼtibor berilsa, bu oʻrinda jadid maʼrifatchilariga xos xususiyatlarni maʼrifatparvarlarga koʻchirib qoʻyilayotgandek taassurot qoladi. Asli, ayni shu nuqtada maʼrifatparvarlar bilan jadid maʼrifatchilari orasidagi farq koʻzga tashlanadi. Zero, «matbuot yoʻq, maktab va adabiyot esa tamom eskirgan» sharoitda jadid maʼrifatchilari matbuotni bor qilish, maktab va adabiyotni yangilash harakatiga kirishganlar, salaflar esa mashhur missioner Ostroumov bilan hamkorlik yoʻlini tutganlar. Shunaqa ekan, «buyuk orzu» haqidagi gaplar ham shubha ostiga tushib qolmaydimi?! Komilning «yangicha maʼrifatparvarlik yoʻnalishidagi» asarlariga misol tariqasida darslikda «Ikki shoʻx» gʻazali toʻliq keltirilgan. Gʻazal, darslikda aytilishicha, oʻsha Ostroumovning ikki qizi fortepyano joʻrligida ijro etgan haroratli bal raqsi tomoshasidan olingan zavq natijasi. Qizigʻi – «... baytda fortepyano iborasining ishlatilishi, Yevropa turmush tarziga xos raqsning bunchalar mahorat bilan tasvirlanishi Komil sheʼriyati uchungina emas, balki butun koʻp asrlik sharq sheʼriyati uchun yangilik edi» deyilgani. Garchi gʻazal novatorona asar sifatida taqdim etilsa-da, agar «fortepyano» soʻzining ishlatilganini aytmasak, mumtoz sheʼriyatda koʻplab uchrovchi goʻzal vasfiga bagʻishlangan sheʼrlardan farq qilmaydi. Boz ustiga, unda «Yevropa raqsi tasvirlangan» emas, ehtimol, tasavvurga zoʻr berilsagina hayrat toʻla vasflar ortida raqs borligini his qilish mumkin hamdir. Bunisi ham mayli, mumtoz sheʼriyat anʼanasidagi tavsifiy gʻazal ekan, vasf obyektining oʻzgargani, deylik, raqsni yevropalik xonimlar ijro etayotgani uchungina sheʼr novatorona boʻlib qoladimi?! Xullas, bunda yangilikdan koʻra shunday deya taqdim etish istagi borligi haqiqatga yaqinroq koʻrinadi.

Agar yangicha maʼrifatparvarlik shu boʻlsa, demak, uning mohiyati Rusiya ilm-fani, texnikasi, rus madaniyati va turmush tarzini targʻib etish ekan-da?! Toʻgʻri, qoloqlikda qolgan Turkiston uchun Gʻarbning yutuqlaridan maqbullarini oʻzlashtirish gʻoyat muhim edi, shu jihatdan qaralsa, «kolyaska arobadan yaxshi», «tanchayu oʻchoqdan koʻra pechka qulay» mazmunidagi sheʼrlar ham maʼrifatparvarlik missiyasini oʻtagani shubhasiz. Biroq missioner Ostroumov dil tubida ardoqlagan «Turkistonni ruslashtirish» orzusiga yetish vositasi ham shu – rus madaniyati va turmush tarzini targʻib etish emasmidi?! Shunday, Ostroumovlar oʻz gazetalarida «Gimnaziya», «Vistavka xususida», «Nagʻma bazmi xususida» kabi sheʼrlar chop etilishidan manfaatdor edilar. Zero, ularning muallifi, darslikda aytilganidek, «dastlab rus ilm-faniga, Yevropaga moʻʼjizaday boqdi. Rus ziyolilarining Turkistondagi vakillariga xaloskordek qaradi. Bularning orqasida oʻz ustunliklarini namoyish qilish va u orqali zabt etilgan yurtni iqtisodiy va maʼnaviy asoratda saqlash maqsadi yotganligini birdaniga anglab yetmadi. Bu mumkin ham emasdi. Biroq yurt fojialari, taqdirning beayov zarbalari asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, Rusiyaning Turkistondagi siyosatining asl mohiyatini anglatdi» (31). Qizigʻi, sal keyinroq darslikda bunga zid fikr bayon qilinadi: «Tabiiyki, N.Ostroumov Furqatning sheʼrlarini oʻzi muharrirlik qilgan gazetada eʼlon qilishdan rus davlatining qudratini targʻib etish maqsadini koʻzlagan. Furqat esa tamomila boshqa niyatda boʻlgan: shoirning «Oʻz nafʼimiz uchun Rusiya umurigʻa mulohaza qilsoq lozimdur» degan fikri bunga dalil. Demak, u Yevropa va rus madaniyatini oʻz foydamizga xizmat qildirishimiz zarur, degan xulosaga keldi. Mazkur asarlarni shu maqsadda yozdi» (116). Koʻrib turganimizdek, keyingi koʻchirmada Furqat manzumalari aniq bir maqsad bilan yozilgan degan fikr oʻtkazilmoqda. Biroq, bizningcha, bunday hukm-xulosa uchun asos yetarli emas. Negaki, birinchidan, to oʻttizida Toshkentga kelguniga qadar ijodida bunday motivlar boʻlmagan; ikkinchidan, iqtidorli shoirga Ostroumovning qiziqib qolishiyu uni rus madaniyati bilan tanishtirishga gʻayrat qilishi bejiz emas: missionerlik faoliyati taqozosi bilan inson psixologiyasini juda yaxshi bilgan bu ustakor zavqi baland shoirni hayratlantirib, ohorli taassurotlarini gazetasida eʼlon qilish payida boʻlgani haqiqatga yaqinroq. Shu bois ham manzumalarni oʻqiganda, ularda hayrat va qoyil qolish hissi boshqa har neni bosib ketishiga amin boʻlamiz. Yaʼni, aytmoqchimizki, bu oʻrinda yuqorida keltirilgan birinchi koʻchirmadagi talqin, shoirning «rus ilm-faniga, Yevropaga moʻʼjizaday boqqani», oʻzi tanigan rus ziyolilariga «xaloskordek qaragani» toʻgʻriroq, mohiyatni anglash uchun esa muayyan vaqt, shu vaqt ichida orttirilgan hayotiy tajriba zarur.

Fikrimizcha, xuddi shu gapni umuman maʼrifatparvarlik adabiyotiga nisbatan ham aytish mumkin. Zero, maʼrifatparvarlik adabiyoti ham avvaliga nisbatan ilgʻorda boʻlgan rus ilm-fani, texnikasi, madaniyati, taʼlim tizimi... kabilarga havaslandi, oʻz yurtida ham shunday boʻlishini orzu qildi. Ayni chogʻda, bu adabiyot vakillari rus istilosining bevosita shohidlari ekani, koʻngillaridagi magʻlubiyat alami hali ohorli boʻlganini ham nazardan qochirmaslik lozim. Biroq alamlari nechogʻlik kuchli boʻlmasin, fikrli kishilar sifatida magʻlubiyat sabablarini mushohada qilish va, afsuski, buning boisi oʻzimizning qoloqligimizda ekanini tan olib, mavjud holatga koʻnib yashashga majbur edilar. Mazkur sharoitda rus istilosi bilan yurtga kirib kelgan maqbul yangiliklarni maʼqullashning oʻzi progressiv hodisa ediki, bu yangiliklar ularda yurtning qoloqlik domidan chiqishiga umid uygʻotgandi. Tabiiyki, maʼrifatparvarlar yurtimizning Rusiya qudrati qarshisida ojizligini teran anglaganlar, mavjud sharoitda orzulari faqat uning qoʻl ostidagina roʻyobga chiqishi mumkin deb bilganlar. Ularning, masalan, Dukchi eshon qoʻzgʻoloniga nisbatan tutgan mavqelari ham shu bilan izohlanadi. Xullas, mustamlaka siyosatining chin mohiyatiyu uning yurtimiz istiqboli uchun bexayrligi, chinakam taraqqiy tub islohotlar orqali voqe boʻlishiyu bu maqsad yoʻlida maʼrifatga tayanib harakat qilish zaruratining anglanishi uchun bir yigit umri – qirq yillar atrofida vaqt sarflandi. Yaʼni, aytmoqchimizki, maʼrifatparvarlik adabiyotini «milliy uygʻonish» hodisasi deya talqin qilishda zoʻrakilik bor. Sirasini aytganda, darslik mualliflari ham buni his qilgan, aniqrogʻi, oʻzlari sezib yo sezmasdan eʼtirof etib qoʻyganlar. Xususan, atama maʼnosi haqida darslikda: «Oʻzbek adabiyotida «millat» tushunchasi etnos maʼnosida Navoiydan boshlab ishlatilgani kuzatiladi. Lekin uning bugungi maʼnosini kasb etishi jadidchilik davri bilan bogʻliq»(5), – deyilishi shunday xulosaga asos beradi. Zero, agar millat tushunchasining «bugungi maʼnosini kasb etishi jadidchilik davri bilan bogʻliq» ekan, XIX asrning ikkinchi yarmini «milliy uygʻonish davri» deb atash ham, bu davrdagi maʼrifatparvarlik adabiyotini «milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining ilk bosqichi» sanash ham mantiqqa xilofdir. Axir, bunday desak, «Rusiya istilosi tufayli oʻzimizni millat sifatida anglay boshladik deganday eshitilmaydimi?! Yo xuddi yaqin oʻtmishda «Avrora» kreyseri toʻplarining sadosi proletariatni asriy uyqudan uygʻotdi» deya uqtirilgani kabi «rus zambaraklari sadosi Turkiston xalqlarini uygʻotdi» deyishimiz qoldimi endi?! Milliy gʻurur ogʻrinadi-da...

Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkinki, maʼrifatparvarlik adabiyoti biz yuqorida «Oʻzbek mumtoz adabiyoti» deb nomlagan adabiy davrning oxirgi bosqichi, shunga koʻra «Yangi oʻzbek adabiyoti» davri XX asr tongidan, jadid adabiyoti bilan boshlanadi. Maʼlumki, adabiyot tarixi – uzluksiz jarayon, demakki, har bir yangi bosqichga xos xususiyatlar oʻzidan avvalgi bosqichda nish urgan yoki kurtak holida mavjud boʻladi. Yaʼni yangi oʻzbek adabiyotiga xos ayrim jihatlarning maʼrifatparvarlik adabiyotida yuz koʻrsatgani ham tabiiy va qonuniy holdir. Demak, bir adabiy davrning oxirgi va ikkinchi adabiy davrning ilk bosqichini «Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» nomi ostida birlashtirish ilmiy jihatdan asosli emas. Boz ustiga, davrlashtirish masalasiga bunday yondashuv chalkashliklar keltirib chiqaradiki, buni bakalavriat bosqichi adabiyot dasturlari misolida koʻrish mumkin.

«Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» va «Yangi oʻzbek adabiyoti» fanlaridan namunaviy oʻquv dasturlari OʻzMU mutaxassislik kafedralarida ishlab chiqilgan, 2006 yilda tegishli tartibda tasdiqlanib, mamlakat oliy oʻquv yurtlaridagi filologiya (oʻzbek filologiyasi) taʼlim yoʻnalishlari oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan.

«Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» fanidan dasturda bu davr adabiyoti «uch bosqichga boʻlib oʻrganiladi: ilk bosqich (1865 – 1905), jadidchilik davri (1905 – 1917), ijtimoiy-siyosiy hamda mafkuraviy kurashlar davri (1917 – 1929)» deyilgan. «Yangi oʻzbek adabiyoti» fanidan dasturda esa yangi oʻzbek adabiyoti taraqqiyotining beshta asosiy bosqichi koʻrsatilib, dastlabki ikki bosqich quyidagicha tavsiflangan:

MAʼRIFATPARVARLIK YOKI JADID ADABIYOTI

Bu bosqich XX asr boshlaridan 1916 yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olishi. Unda jadidizm gʻoyalarining ustunligi. Bu davrda nodir badiiy kashfiyotlar vujudga kelmaganligi.

OʻZBEK ADABIYOTIDA REALIZM BOSQICHI

Bu davr 1916 yildan 1932 yilgacha davom etishi. Realizm haqida maʼlumot. Realizmning oʻzbek adabiyotidagi dastlabki namunalari».

Avvalo, adabiyotimiz tarixidagi bitta bosqichning ikkita oʻquv fani doirasida oʻrganilish toʻgʻri emas, bu oʻrinsiz takror. Ikkinchidan, davr adabiyoti bosqichlarining nomlanishi va xronologik chegaralari turlicha, bu esa oʻqitish ishlarida noqulay boʻlish bilan birga talabalarni chalgʻitadi. Xuddi shunday hol alohida ijodkorlar hayoti va ijodini oʻrganishda ham kuzatiladi. Xususan, ikkala dasturda ham Fitrat, A.Qodiriy va Choʻlpon ijodini oʻrganish koʻzda tutilganki, bu ham oʻrinsiz takrordir. Qiyoslang:

«Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» fani dasturida:

«CHOʻLPON (1897 – 1938). Tarjimai holi. Jadidchilik va Choʻlpon sheʼriyati. Shoirning oʻzbek sheʼr tizimidagi islohotlari. Hikoyalari. Dramalari. «Kecha va kunduz» romani. Romanning oʻzbek realistik nasri shakllanishi va taraqqiyotidagi ahamiyati».

«Yangi oʻzbek adabiyoti» fani dasturida:

«CHOʻLPON LIRIKASI. Adib biografiyasi va ilk hikoyalari. Choʻlponning XX asr 20-yillar sheʼriyati. Uning 30-yillar lirikasida murosasozlik ohanglari».

Oʻylaymanki, bitta ijodkor faoliyatining ikkita oʻquv fani doirasida «boʻlib» (yo «boʻlishib» desam toʻgʻri boʻladimi?) oʻrganilishi ham na ilmiy, na metodik jihatdan maqsadga muvofiq emasligini asoslab oʻtirishga hojat boʻlmasa kerak. Afsuslanarli tomoni shuki, ushbu dasturlar bitta fakultet qoshidagi ikkita kafedrada ishlab chiqilgan. Nahotki, butun mamlakat miqyosida tatbiq etiluvchi dasturlarni birgalikda atroflicha muhokama qilish mumkin boʻlmasa?! Mumkin, albatta. Biroq gap shundaki, ikkala kafedraning davrlashtirish masalasida tutgan ilmiy mavqei farqli. Demak, hamma illat bahsli muammoni bir tomonga hal qilmasdan turiboq oʻquv rejalariga oʻzgartirishlar kiritilganidan kelib chiqar ekan. Holbuki, yuqoridagi mulohazalarimiz «Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti» oʻquv fanini kiritishga zarurat yoʻqligini, uning bir qismini «Oʻzbek mumtoz adabiyoti», boshqa qismini «Yangi oʻzbek adabiyoti» oʻquv fanlari doirasida oʻqitish ilmiy va metodik jihatlardan toʻgʻri boʻlishini koʻrsatadi.

2012 yil

ZAVQIMDAN BIR SHINGIL...

Ahmad Aʼzamning ijodiy izlanishlari kaminani hamisha, nima desam ekan, hayratga solib, aniqrogʻi, shoshirib kelgan. Munday qarasang, yozganlari oddiy narsalar-u, nimasidir biz koʻnikkan narsalarga oʻxshamaydigandek, ongimizda muqimlashgan nazariy qoidalarga koʻpam mos kelmaydigandek tuyulaveradi. Hozir, yozuvchining «Hali hayot bor» kitobini oʻqib turib, shu tuygʻu yana yangilandi...

...adashmasam, bu tuygʻu dastlab «Odamning olasi» hikoyasini oʻqish asnosi paydo boʻlgandi, shekilli. Sababi, unda mazmun yangicha edi: oddiy bir odamning oddiy bir kuni, qahramoni ham gʻalatiroqmi-yey... maqtayin desang, biz maqtab oʻrgangan qahramonlarning haqi ketib qoladi, yomonlay desang – buning. Hammadan ham uning oʻsha chogʻlar biz asiri boʻlib yurgan sevgi haqida aytganlari: avval xoʻp gʻashingga tegadi-yu, kitobiy-stereotip qarashlaringni birdan parchalab yuborganini sezmay qolasan... bir kulging, bir yigʻlaging keladi. Oʻylab qarasam, oʻshanda Sherqoʻzining gaplarini beixtiyor «oʻgʻil boʻlib» eshitganman, chogʻi: «He, sodda bolam! Xotin deb oʻlib-tirilib pul yigʻasan, tushirib ham olasan. Toʻydan keyin uch-toʻrt hafta, chillang chiqquncha yashinmachoq oʻynab, quvlashib ham yurasan. Keyin... boshlanadi – roʻzgʻorning unisi kam, bunisi kam. Bir vaqt qarabsanki, sevgi degani donga qoʻngan chumchuqdek pir-r etib uchib ketibdi...» Qiziq, hozir «Odamning olasi»ga bugunning nazari bilan qaray olmayapman, harchand urinmay, oʻttiz yil naridagi taassurot bosib ketayotgandek... afsuski, oʻsha taassurot endi yaxlit emas, parchalanib ketgan – uni oʻrtoqlashish imkondan tashqarida. Iloj qancha, boshqacha aytolmaganim bois «yozuvchining mahorati shundaki, oʻquvchi tasvirlanayotgan voqeaga befarq qaray olmaydi, beixtiyor uning ishtirokchisiga aylanadi» qabilidagi navbatchi, navbatchi boʻlsayam rost gaplar bilan cheklanaman, maʼzur tuting.

...yodingizdadir, 80-yillarning oxirlarida koʻp qatori Ahmad Aʼzam ham gʻoyat faollashdi: «Bu kunning davomi», «Asqartogʻ tomonlarda», «Oʻzim bilan oʻzim» – bari shuning mahsuli. Shu oʻrinda muhim bir nuqtani ayricha taʼkidlamoq kerak: koʻpchilikdan farqli, AAʼzamda publitsistiklik emas, tahliliy nigoh kuchaydi va u jamiyatda mavjud holat mohiyatiga qaratildi. Muhimi – turli rakurslardan: «Bu kunning davomi»da oʻquvchi ismsiz qahramon – U(n)ga chetdan nazar soldi, «Asqartogʻ tomonlarda»da voqelikni Mahdining nigohi orqali kuzatdi, nihoyat, «Oʻzim bilan oʻzim»da beixtiyor «men» mavqeidan turib qaray boshladi. Yaʼni yozuvchi goʻyo «tom ustiga tom bosib» boradi: qalamga olingan ijtimoiy dardga oʻquvchini bosqichma-bosqich yaqinlashtirib, oʻziga sezdirmaygina shaxsiy dardiga aylantiradi.

Balki, aytganlarimdan «nuqtai nazar bilan bogʻliq mazkur usullar atayin, muayyan maqsadni koʻzlab qoʻllangan, bu esa yozuvchining mahoratidan darak» degan fikr kelib chiqar. Albatta, shunday deyishga asos yetarli. Lekin men buni mahoratdan koʻra boshqa narsaga – samimiyatga yoʻygan boʻlardim. Zero, bu asarlar, ulardagi obrazlar yozuvchi fikrlarini ifodalash uchun illyustratsiya emas, yoʻq, uning uchun shularni yaratish jarayonining oʻzi – izlanish, mohiyatga yaqinlashishdir. Ayni shu narsa – yozuvchining ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy izlanishlari jarayon sifatida aks ettiriladi, natijada oʻquvchi saboq oluvchi emas, balki izlanishlarning bevosita ishtirokchisiga aylanadi – ikki oʻrtada hamfikrlik, hamdardlik asosidagi samimiy muloqot, koʻngil oshnoligi yuzaga keladi. Darvoqe, ushbu asarlar yaratilgan 80-yillarning adogʻi fikr ahli uchun chinakam maʼnaviy-ruhiy izlanishlar davri edi. Hammasidan ham qandaydir besh-olti yil davomida tafakkurimizda yuz bergan oʻzgarishlar shiddatini ayting! Nazarimda, A.Aʼzam shu uchala asarda oʻzgarishlar shiddati va mohiyatini muhrlab qoʻyishga ulgurgandek:

birinchisida U «bunday yashab boʻlmaydi» degan qarorga keladi;

ikkinchisida Mahdi «odam bir narsani tubdan oʻylab olsa-yu, hech narsani oʻzgartirmasa, yana shunday yashayversa... Yoʻq, mumkin emas» deya ertadan harakat boshlashga chogʻlanadi;

uchinchisida esa oʻzgarishni oʻzidan boshlagan, «koʻnglini xuddi uy koʻtargandek» sarishta qilib, «koʻnglimning tubidan shunaqa tuygʻularim topilayotirki!.. Shunchalar badavlat ekanimni oʻzim bilmay, qashshoq-benavo yuravergan ekanman» deya hayron turgan, endi oʻzini dunyoni koʻngliga muvofiq oʻzgartirishga qodir his qilayotgan odamni koʻramiz... Ehtimol, joiz emas koʻrinar, shunday boʻlsa ham aytgim keldi: mazkur fikrlar A.Aʼzam asarlari eʼlon qilinishi bilan peshma-pesh oʻqilganda tugʻilgan. Oʻshanda «Bu kun... va uning davomi» nomli bir maqola yozgan va unda uchala asarda aslida bir odamning ijtimoiy tafakkurda shiddatli oʻzgarishlar kechgan qisqa bir davrdagi maʼnaviy-ruhiy tadriji kuzatilgan, degan fikrni oʻtkazishga harakat qilgandim. U payt taassurotlarim hali ohorli boʻlganigami yo qahramonlarning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari koʻnglimga yot emasligigami, har tugul, nazdimda durustgina maqola chiqqan va yuqoridagi fikr yetarli asoslangandek edi. Lekin tahririyatlar fikri oʻzgacharoq boʻldi, chogʻi, umid bilan joʻnatgan qoʻlyozmalar bedarak ketdi, aksiga olib, oʻzimda nusxasi saqlanmagan... «Yoʻqolgan pichoqning sopi oltin» deydilar, shundanmi, oʻsha maqolam hanuz juda boʻlakcha yozilgandek tuyulaveradi-da...)

...endi ohorli taassurotlarga kelsak. «Hali hayot bor» qissasini oʻqirkan beixtiyor Gogolning «Revizor»i yodga keladi. Unda ham hamma gap bitta voqea – nashriyotning oddiy bir xodimi Aʼlamning markazqoʻmdan yoʻqlanishi atrofida aylanadi. Shu birgina voqea va oʻsha voqeaga nashriyot xodimlarining munosabati... «Axir, qissa degani bunday boʻlmasdi-da! – beixtiyor nazariy bisotimni titkilay boshlayman. – Qissada bir-biriga bogʻliq voqealar zanjirdek tizilguchi... bu voqealarning bari asosiy qahramon bilan bogʻliq... ular oʻsha qahramon xarakterini ochib berishga xizmat qilguchi... yaʼni qissadagi voqealar vosita, pirovard maqsad qahramon boʻlguchi edi...» Xullas, nazariy qoidalardan kelib chiqsak, bu qissa emasdek. Lekin... maza qilib oʻqiganingni ham inkor qilolmaysan-da, odam! E-e, shu, adabiyotshunos degan noming bor, oʻrganib qolarkan, maza qilib oʻqiganingni bir yon surib, yoʻl izlayverasan ekan: hikoyami, qissami?.. Yana, haqiqatdan uzoqroq boʻlsayam ehtimoli yoʻq emas, ertami-indin «qissa degani mundoq boʻlur...» deya hijjalab tushuntirganingda, biron talabaning «falon qissa-chi?» deb qolishi ham bor...

(Fahmlagandirsiz, hanuz tanqidiy asarni keng omma oʻqiydi deb oʻylab yurganimdan boʻlsa kerak, bularni «olimona gaplar kimgayam kerak, asar haqidagi gapingni ayt-da qoʻymaysanmi!» degan eʼtiroz dafʼiga uzrxohlik maqsadida aytayotirman.)

...holat shundayki, janrni belgilab olish chindan ham zarur ekan. Fikrimcha, «Hali hayot bor» asari – qissaning nasrimizdagi yangi bir koʻrinishi, unda hikoya va dramaga xos poetik xususiyatlar uygʻunlashgani holda qissa problematikasi yetakchilik qiladi. Hikoyadagi kabi unda bitta voqea qalamga olingan, voqea oʻz holicha estetik qimmat kasb etadi (yaʼni, qissadan farq qilaroq, voqea qahramonga nisbatan vosita emas). Dramadagi kabi unda bitta voqea – Aʼlamning markazqoʻmdan yoʻqlanishi dramatik konfliktli holatni yuzaga keltiradi: barcha personajlarning xatti-harakatlari shu bilan bogʻliq, voqeaning izchil rivojidan koʻra u yuzaga keltirgan holat muhimroq. Yaʼni voqeaning izchil rivoji emas, holatning ichki rivoji ustuvor. Shunga koʻra, syujet epizodlar – dramadagi kabi almashinib turuvchi koʻrinishlardan tarkib topgan. Har bir koʻrinishda muayyan personajlar ishtirok etadi, ularning qiyofasi dramatik holat bilan bevosita bogʻliq holda ochilib boradi. Toʻgʻri, ushbu epizodlarni qahramon – Aʼlam bilan bogʻliq syujet chizigʻi birlashtiradi. Biroq, garchi syujet oʻzagini tashkil qilsa-da, Aʼlam chizigʻi gʻoyat ixcham: hovlisida koʻmir tashiyotganida xabarchi boradi – ishga kelib nima gapligini aniqlaydi – ariza berib ishdan ketadi. Yaʼni asar strukturasida bu chiziqning yordamchi funksiyada ekani atayin taʼkidlangandek. Holbuki, mabodo badiiy niyat ijrosida, muallif konsepsiyasini ifodalashda shu chiziq dominantlik qilganida, nazariy qoidalarga toʻla muvofiq hikoya yaratilgan boʻlur edi. Niyat esa boshqa, yaʼni butun boshli bir jamoa – jamiyatning bir halqasi qiyofasini, maʼnaviy qiyofasini chizish, xuddi shu narsa asarni hikoya janri doirasidan chiqaradi. Zero, asar qahramoni Aʼlam deganimiz bilan, u faqat struktura nuqtai nazaridangina ushbu mavqeni egallagan, konsepsiya nuqtai nazaridan esa JAMOA qahramon boʻlib chiqadi. Ayni shu jihatlar «Hali hayot bor»ni qissaning oʻziga xos yangi bir koʻrinishi deyishimizga asos beradi.

Aslida-ku, qissa asosida oddiygina voqea yotadi, hayotda bunga oʻxshash voqealarga koʻplab duch kelinadi va keyincha shunchaki latifa misoli eslab kulib yuriladi. Deylik, agar nashriyot rahbariga sim qoqqan Gulimoh Yulduzovna: «Kamolov Aʼlam hali ham sizda ishlayaptimi?» – deb soʻragan mahal stolidagi boshqa telefon jiringlab qolmaganida (shunday boʻlishi mumkin va tabiiy, axir, balki unga ham yuqoridan sim qoqishgandir, balki uyidan, balki boshqa – ahamiyati yoʻq!), nashriyot ari uyasidek toʻzib ketmagan, qissada oʻqiganimiz mashmashalar ham yoʻq edi. Mantiqan qaraganda, Gulimoh Yulduzovna muddaosini aytmasdan «Keyin gaplashamiz!» deya goʻshakni qoʻygan ekan, bunchalik xavotirga oʻrin boʻlmasligi kerak edi. Biroq qissada tasvirlangan muhit (davr) shundayki, undan doim ham mantiqqa rostlikni izlash befoyda. Zero, bu muhitda «yuqori – hammavaqt haq», u quyidagilarni xohlagan koʻyga solishi mumkin; quyi «Oʻynashmagin arbob bilan...» naqlini dasturilamal biladi, yuqori qarshisida «qoʻl bogʻlab» turish odat, mutelik hammaning qon-qoniga singib ketgan. Shu bois ham nashriyot direktori uchun yoʻqlov tabiiy hol emas, shoʻrlik «bir ishi bordir, soʻragandir, hali aytar» deb qoʻyaqolishga ojiz, kaltakning bir uchi oʻziga tegishidan xavotirda. Ajablanishga hech oʻrin yoʻq: mute inson oʻzini hamisha aybdor his qiladi (istalgan vaqtda aybdor qilinishi mumkin-da!), chunki u yuqori qarshisida goʻyo onadan tugʻilgandek bir alfozda – ishtonsiz, choʻpdan hadik olib yashashga majbur. Shu jihatdan qaralsa, direktor va ozmi-koʻpmi «masʼul»ligi bor boshqa xodimlarning oʻzlarini muhofaza qilishga qaratilgan (va bizga notabiiy koʻringan) harakatlari ular uchun tabiiy zarurat boʻlib chiqadi. Demak, shu holni keltirib chiqargan muhitning oʻzi noraso. Afsus, nashriyot (muhit)da hamma shunga koʻngan: birlari koʻngangina emas, mavjud holat va undagi oʻz oʻrnini saqlab qolish uchun andishani bir chetga surib qoʻyib jon-jahdi bilan tirishadi; boshqa birlari loqayd tomoshabin boʻlib turadi. Taʼkidlash joiz, yozuvchi personajlarning xatti-harakatlari, gap-soʻzlarini chetdan turib, goʻyo betaraf tasvirlasa-da, ularning ruhiyati oʻquvchi koʻz oldida shaffof holda namoyon boʻladi. Shu bois ham yozuvchining aytishi shart emas, oʻquvchi «bunday yashab boʻlmaydi, bunday yashash insonlik shaʼniga noravo!» degan fikrni uqib olaveradi. Sirasi, bu Ahmad Aʼzamga xos mahorat qirrasi... (Darvoqe, birgina odam, koʻnglida erkinlik tuygʻusi oʻlmagan Aʼlamgina mavjud ahvolga koʻnmaydi – ariza yozib ishdan ketadi. Toʻgʻri, bu qahramonlik emas, muhimi, yozuvchi ham buni qahramonlik deya talqin qilish fikridan yiroq. Zero, haqiqatda bu oʻzini inson oʻlaroq his etgan, tiriklik maʼnosi tirikchilikkina emasligini anglagan kishi borki qilishga burchli harakatdir. Fikrimcha, qissa qahramonining orqa planda qoldirilishi ham shu fikrni taʼkidlashga xizmat qiladi) ... aytmasdanoq ifodalash mahorati.

«Qatagʻon yili» hikoyasini oʻqib, «Aʼlamning harakati qahramonlik emas» deya hukm chiqarganda bir oz shoshmadimmikan degan andisha tugʻiladi kishida. Hikoyani oʻqirkan, beixtiyor yaqin oʻtmishdagi «paxta kampaniya»lari esga keladi: qulf osilgan idorayu muassasa eshiklaridagi «hamma paxtada» yozuvlari... yopilgan bozorlar... toʻxtatib qoʻyilgan avtobus yoʻlovchilarining «yoʻl haqi» uchun paxtazorga yoyilishi... shanba-bozor kunlaridagi koʻchalarni toʻldirgan avtobus karvonlari... – aytib nima qildik, bular koʻpchilikning yodida hali. Xullas, 1982 yil noyabr oyidagi zarbdor kunlardan biri, «Dalalarda yakkam-dukkam birchigit qolgan, sovxoz oktyabr oyi oʻrtalarida planni doʻndirib bajargan-u, elu yurt hali-hamon shu bajariqni toʻldirolmay jonhalak, boʻl-ha-boʻl hiqildoqqa kelgan». Asablar tarang, buning ustiga kech kuz izgʻirini achitib turgan bir payt oilasi bilan uyiga – Toshkentga qaytish uchun ulov poylab turgan hikoyachi bilan militsioner oʻrtasidagi dahanaki jang qalamga olingan hikoyada, shu xolos.

Yuqoridan «odamlar yurmasin koʻchada» degan topshiriq berilgan – hamma paxta hosili uchun kurashishi shart! Yaxshi eslaysiz: shoʻro davrida «plan»dan keyin «majburiyat» degani boʻlardi. Oʻshanda «majburiyat» deb yuravergan ekanmiz-u, soʻzning mohiyatga naqadar mosligiga eʼtibor qilmas ekanmizmi-yey?! Chindanam «majburiyat» degani koʻproq turli darajadagi «byuro» va «shtab»lardagi doʻq-poʻpisalar, raisu birgatlarning zugʻumlari, melisaning haybati bilan bajarilmasmidi?! Yo har qadamda ilingan qizil matodagi shiorlar, radio-televideniyedan yangragan chorlovlar shunchalar kuchli... Hay, mayli, bu boshqa masala. Xullas, melisaga «odamlarning koʻchada emas, dalada boʻlishi»ni taʼminlash yuklatilgan. Shoʻrlik quyushqondan chiqilayotganini biladi, lekin oʻziga yuklatilgan vazifani soʻzsiz bajaradi: «Endi... ishimiz shu-da. Bajar, desa – bajaramiz. Topshiriq qattiq». Munday qarasang, melisa yuqorining topshirigʻini ogʻishmay bajaradi, paxta siyosati hammaga teng deya barchadan itoat talab qiladi, dagʻdagʻalari qoʻrqqulik; odamlar ham uning talabini bajarayotgandek, ayni chogʻda, u bilan sichqon-mushuk oʻynayotgan misoli evini qilib tirikchilik yumushiga ham unnaydilar.

Sirasi, Said bovo «eshonbovomizning ullari» bilan koʻrishishga jahd qilmaganida, oʻz navbatida, «tavarrik odamning bolasi» ham cholning gapiga kulmay qoʻyaqolsa, olam guliston edi – hayotning «sichqon-mushuk» oʻyiniga monand oqimi davom etaverardi. Lekin bunday boʻlmadi: Said bovo niyatidan qaytmadi, hikoyachimiz esa kulib yubordi-da! Xuddi shu nuqtada melisa yigitning bitta qiyofasi koʻz oldimizda mukammal suratlanadi:

«Bu yerda men ruxsat bersam kulasiz!»

Koʻryapsizmi, qarshimizda endi shunchaki bir militsiya noziri emas, balki naq hokimi mutlaq turibdi: qoʻyib bersang «Men ruxsat bersam nafas olasan!» deyishdan ham toymaydigan alpozi bor. Shoʻro zamoni haqida gapira turib «mustabid tuzum-mustabid tuzum» deya noliymiz-u, asli tuzum degani shunchaki mavhumot ekanligini koʻpda oʻylamaymiz. Holbuki, mustabid tuzum ham men, sen va u – bizdan tashkil topadi. Unda yashagan har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik, zero, mutelik bilan mustabidlik bir-birini taqozo etuvchi egizak tushunchalardir. Qarang, melisa yigit markaziy gazeta muxbiri (yaʼni oʻz tushunchasida yuqorining vakili) balan gaplashayotganini anglashi bilanoq vujudidagi mustabid izsiz yoʻqoldi: «Boshdan shuni aytmaysizmi?» – deya oʻzini oqlashga, uzrxohlik qilishga oʻtadi. Ana endi uning dodini tinglang: «Mana, kechagi bozor, qor urib turibdi.Odamlar insofing bormi, kartishka-partishka olib olaylik, bir soatgina och, deb chuvvos yopishishdi menga. Qor-ku, ertalab boʻlsa, shu havoda kim ham dalaga chiqardi, debman. Mayli, yarim soat muhlat, bozorlaringizni qilib olinglar, lekin xafachilik yoʻq dedim». Ha, melisa yigit bir lahzagina hamqishloqlariga yuqorining vakili ekanligini unutib munosabatda boʻldi va... baloga qoldi: «Odamlar endi darvozadan kirib, savdoni boshlagan edi, babillab qora «Volga» kepqoldi. Odamlarga hech narsa degani yoʻq. Menga qarab: «Onayni falon sani! Sanga shapka kiydirganni onasini!» deb ke-yetdi!..» Endigina hammani bir ogʻiz «ruxsat» deyishiga mahtal qilib turgan melisa yigitni bu qadar toʻzitib soʻkayotgan raykom buva boʻladilar. Kim bilsin, bundan sal ilgariroq boshqa birovi, deylik, paxta topshirish grafigi bajarilmagani uchun uning-da onasini aybdor qilganmi? Ehtimoli aslo yoʻq emas, zero, mustabid tuzumda «musht ketdi» qoidasi amal qiladi: quyi pogʻonadagi shoʻrlik avval «Enangni qozi...» deya alamini yutadi, soʻng... oʻzidan quyidagiga sochadi. Eh-he, qurgʻur alam sochgan bilan tugay qolsaykan, koʻngilga toshday choʻkavergani yomon. Melisa yigitning alami hali yangi, koʻngli hanuz yigʻlab turibdi, «Mayli, shu odamlarni deb soʻkish eshitaman», – deya oʻzini ovutmoqqa harakat qiladi, lekin «birontasi, ey inson, soʻksang, oʻzini soʻk, onasida nima ayb demagani botib ketadi». Keyin hamqishloqlaridan gina qilishga haqqi yoʻqligini his qilib, alami bir bahya koʻtariladi: «E-e, bechoralarga nima ham deyman, hammamiz shunday». Qarang, melisa yigit xoʻrlik koʻrgach oʻzini hamqishloqlari bilan bitta qayiqda his qiladi, lekin koʻnglida yilt etgan isyon uchqunini darhol soʻndirib, oʻzini shu qismatga koʻnishga chogʻlaydi: «Ketvoray desam – ish bu, tirikchilik degan narsa bor. He, mayli-da, biz bir kichkina odam, melisalikni ham qilish kerak, baribir. Betni qalin qilib yuribmiz-da...» Mana, koʻz oldimizda melisa yigitning ikkinchi qiyofasi ham suratlandi: u ham boshqalar kabi mute bir odam... (boya «har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik» degandim, shu fikrga yana qaytgim keldi. Mojaro murosaga doʻngach, hikoyachi «halidan beri koʻnglini bosgan bir gʻashlik, oʻjar bir gunohkorlik tuygʻusi» haqida soʻzlaydi, guvohnomasini koʻrsatganiga uyalib ketganini aytadi. Toʻgʻri, hikoyachi oʻzini himoya qildi, lekin bunga guvohnomani koʻrsatib, melisa yigitga uning oʻzi kabi, yaʼni mustabidalarga xos muomala qilibgina erishdi. Koʻnglini noxush kayfiyat chulgʻagani, uyat hissi aslida shundan emasmi?!.) Endi yuqoridagi andishaga kelsak, tan olaqolay, «Aʼlamning harakati qahramonlik emas» deganim xato: oʻsha sharoitda ham ichki erkinligini saqlab, insonlik shaʼnini baland tutib yashashning oʻzi qahramonlik boʻlmasdan nima, axir?!.

Mashgʻulotlarda, singadigan davralarda bir qarashda oddiygina hayotiy holatda hikmat koʻrishu mohiyatiga teran nazar solgan holda unga badiiy-falsafiy qimmat bagʻishlash Ahmad Aʼzam ijodiy manerasiga xosligini taʼkidlab kelaman. Yangi kitobini oʻqib, bir jihat nazarimdan chetda qolib kelganini sezib qoldim. Men yozuvchi xayoloti bilan bogʻliq, chamasi, «Oʻzim bilan oʻzim»da nish bergan va keyincha ikkita shox chiqarib rivojlangan jihatni nazarda tutaman. Bu shoxlarning biri – liriklik, yaʼni voqelikni tasvirlash emas, munosabat ifodalashning oldingi planga chiqishi... (Ha-ya, «Oʻzim bilan oʻzim» eʼlon qilingan paytlar shapaloqday bir narsa yozib, uning lirik asar ekanligini isbotlashga uringan, oʻzimni yangi gap aytolgan sanab quvonib yurganim bor. U paytlari rus adabiyotidan dars berganimgami yo rus tilida yozish urf boʻlganigami, maqolani ruscha yozib, «Janrovoye svoyeobraziye poemы A.Agzama «Nayedine s samim soboy» deb atabman. Nomni qarang! Davomini yozmasa ham boʻlaveradigandek edi-yov…) Kitobga novella deb kiritilgan «Gul koʻtarib ketayotgan erkak»da xuddi shunday: unda epik asarga xos voqeabandlik, baski, hikoyachi yoʻq, unda koʻzi tushib turgan holatni mushohada etayotgan muallif – lirik subyekt bor, yaʼni u mohiyatan lirik asar. Shoxlarning ikkinchisi – xayolda yaralgan voqeaning qalamga olinishi: «Soyasini yoʻqotgan odam», «Notoʻgʻri tush» hikoyalarida shunday. Albatta, ular shunchaki xayolot mahsuli emas, balki shu voqelik taʼsirida, u haqdagi oʻy-qarashlarni, OʻZni ifodalash vositasi oʻlaroq yaratilgandir. Oʻzi sezmagani holda soyasini yoʻqotib qoʻyishu tush ichida tush koʻrishlar... – sagʻal modernistikroq izlanishlar isi kelmayaptimi?!. (Xabaringiz boʻlgandir, yaqinda internetda ikki katta ijodkorning munozarasi ketib, bahs qizigʻida «sizning avlodingiz nima qilib qoʻyibdi?» qabilidagi tanalar ham oʻrtaga chiqdi. Kamina tomonlarning birini yoqlash fikridan yiroqman-u, lekin insof yuzasidan bizdagi modernistik izlanishlar ilk bor 70-yillar avlodi, jumladan, Ahmad Aʼzam ijodida boʻy koʻrsatganini eʼtirof etish lozim deb oʻylayman. Faqat, ular istihola qilishganmi va yo u paytlar «modernist» degani deyarli tavqi laʼnat boʻlganigami, har tugul, oʻzlarini modernist deb atashmagan. Sirasi, gap bunda ham emas, gap badiiy tafakkur rivojining uzluksizligi va bu jarayonda har bir avlodning oʻz oʻrni borligida, yana bu holning ixtiyorimizdan tashqari mavjud ekanligida...)

Ahmad Aʼzam yangi kitobi muqovasiga «Koʻp ishni qilib koʻrdim, turli yumushga qoʻl urdim. Lekin hech biri yozishga, yozish beradigan mashaqqatli zavqqa teng kelmaydi...» degan izhorini yozdirib qoʻyibdi. Haqiqatan ham, kitobga yozuvchi, nazarimizda, adabiy jarayondan bir oz chetlashib qolgandek, «turli yumushga qoʻl urib» yurgan vaqtlari yozilgan asarlar kiritilibdi. Muallif «yozish beradigan zavq» haqida aytibdi, illo, oʻqish beradigan zavq ham bundan kam emas. Shuni oʻylab, kitobga kirgan asarlarning ayrimlariga, shunda ham muxtasar toʻxtaldim – oʻqib oladigan zavqingiz oʻzingizniki boʻlsin, dedim-da.

2012 yil

OʻYLASHGA UNDOVCHI ASAR

«Mangu darbadar»ning janrini muallif roman deb belgilabdi. Ehtimol, ayni hol didi anʼanaviy romanlar ruhida tarbiyat topgan oʻquvchida eʼtiroz uygʻotar ham. Axir, bunda yaxlit bir voqea boʻlmasa, koʻp planli syujet asosida voqelikning keng epik manzarasi tasvirlanmagan boʻlsa, markazida qahramon turmasa... – nimasi roman?!. Jahon adabiyoti tajribalaridan, xususan, Gʻarbda yarim asrlar ilgari boshlangan «yangi roman» bobidagi izlanishlardan ozmi-koʻpmi xabardor oʻquvchida eʼtiroz tugʻilmasayam kerak. Zero, «Mangu darbadar»da anʼanaviy eposga xos voqeaband syujet oʻrnida sirtdan bir-biriga bogʻlanmay turli makon va zamonda, goh reallik, gohi xayolotda kechuvchi voqealar tasvirlangan, markazida risoladagidek qahramon turmagan boʻlsa-da, ularni bir narsa – hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan muallif shaxsi birlashtiradi, yaxlit butunlikka – romanga aylantiradi...

Isajonning bitigi anʼanaviy yoʻlda yozilmagani aqlga tayin, lekin uni modernizm yo postmodernizmga taalluqli etishga-da qiynaladi kishi. Modernistik asar deyin desa, unda ham turfa uslublar – koʻhna diniy rivoyatlardan tortib hozirgi «internet tili»gacha, ham turfa janrlar – qadim diniy didaktikadan tortib urfdagi «boyevik»kacha... quroq-qorishiq bir butunlik kasb etayotibdi. Hay, postmodernistik asar deb qoʻya qolay desa, muallif olamu odam haqidagi oʻy-tashvishlarini ifoda etmoq uchun badiiy model – postmodernistlar inkor qilgan metarivoyat yaratib qoʻyibdi... Holatdan chiqishga urinish demang-u, nazarimda, Isajon oʻzi bilgan bizdagiyu xorijdagi ijodiy tajribalarning barini ichdan oʻtkazibdi – bugun oʻzini qiynab turgan muammmolarning badiiy idrokiyu ifodasi uchun maqbul shakl izlabdi, izlanishlari sintezga olib kelibdi.

Darvoqe, gʻarbda urf boʻlgan «izm»lar maʼnaviyatimiz uchun zararli deguvchilarning tashvishlari, albatta, asossiz emas. Margʻub tomoni shuki, Isajon oʻsha «izm»lardan maqbul shaklni olgani holda oʻzi milliy zaminda sobit turibdi. Jilla qursa, bir jihatni olaylik: postmodern kayfiyat degani millatlaru milliy madaniyatlar qorishuvini koʻzda tutadi, shunday zamindan unib chiqadi. Yozuvchimiz esa bu ruh-kayfiyatni butun vujudi bilan inkor qiladi, professor Ziyoning oʻgʻli kabi «oʻzi sevgan, amallaridan Oʻzi rozi boʻladigan xalq orasida» yaralganiga shukrona keltiradi, roʻzi mahsharda «oʻz jonajon tuprogʻida, oʻz jonajon millati bilan birga boʻlishni orzu qiladi»; Vatanni «iymonining qoʻrgʻoni» deb biladi, «dilining ildizlari shu yer osti buloqlariga bogʻlab qoʻyilganday, uzilsa quriydigandek» his qiladi oʻzini. Ha, asl ijod, agar u milliy-madaniy zaminda voqe boʻlsa, aslo koʻr-koʻrona taqlid boʻlmaydi. Zero, ijodiy sintez degani bir jihatdan alximiyaga monand: kimyogar turli moddalarni qorishtirib sar oltin olishga intilarkan, singishmagan moddalar choʻkindi boʻlib shishada qolaveradi.

Yozuvchi hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan, dedik. Axir, inson hayotidan maʼni izlash soʻnggi ikki asr mobaynida adabiyotning markaziy muammosiga aylanmadimi? Ha, hatto modernizmning ayrim oqimlari inson hayotini har qanday maʼnidan ayro tushadi deb daʼvo qildi ham, ozmi-koʻpmi shu kayfiyatga tushdik ham. Xayriyatki, islom nuri bilan yorishgan dillar bu kayfiyatni oʻziga sigʻdirolmadi, sigʻdirmadi. Jumladan, Isajon ham. Yozuvchi muammoning ildiziga nazar soladi va koʻradiki, Yaratganidan uzoqlashishi barobari inson hayotining mazmuni yoʻqolib borayotganini teranroq his qilgan, bu his muttasil kuchayib borgan. Va bu nihoyasiz jarayon. Shuning uchun ham romanda yaralmish – inson «tangrining irodasiga isyon oʻlaroq» yaratgan eng oliy mavjudot – klon ham olamning nechogʻlik mukammal yaratilganini idrok etgach, «mazkur silsila aro oʻz oʻrnini topishga harakat qiladi». Ammo, hayhot... topmaydi, topolmaydi.

Shu bois ham dunyolarga sigʻmaydi, olamni bunchalar mukammal yaratgan Zotni «izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini Oʻzidan soʻrash uchun» bosh olib chiqib ketadi. U koʻzlagan manzil belgili: izlagani – «Uning irodasiga va mening yaratilishimdan maqsadiga mos... keladigan makon va zamon». Biroq, hayhot... u tushgan yoʻl qayon eltadi, koʻzlagan manziliga yetadimi va yo oʻsha mangu darabadarga qismatdosh boʻlib qoladimi?.. Kim biladi, «butun olam ilgarilab borayotgan turli-tuman yoʻllar»ning qay biri haq yoʻl? Sobit ishonch bilan «qismatimiz shu sahroda yashab Parvardigorga ibodat qilish va ajalimiz yetganida jonimizni Oʻziga topshirishdir» deya kundalik yumushlariga mashgʻul badaviylarmi? Yo yorugʻ olamga etak silkib, butun borligʻi – qalbiyu aqli bilan Yaratganga yuzlangan avliyoning yoʻlimi?..

Asarda savollar qoʻyilgan, javob esa imkondan tashqarida, zero, uchinchi parvona misoli «alanga ichiga kirib otash ichra gʻoyib boʻlgan»-gina BILADI va... oʻzi «erishgan bilim haqida gapira olish imkoniyatidan mahrum boʻladi»...

Aslida, professor Ziyoning oʻgʻli aytmoqchi, «tevaragimiz rumuzlarga va timsollarga toʻladir». Va shu rumuzu timsollar «aql qulogʻiga baland ovoz bilan xitob qilib turibdi». Biroq biz, biz eshityapmizmi shu xitoblarni?! Mabodo, dovonga koʻtarilgan sari quloqlar bitgani kabi, bashariyat safida yuksalishimiz barobari «aql qulogʻi»miz ham bitib bormayaptimi?!.

Qadimgilar adabiyotni tabiatga taqlid deganlar. Chamasi, Isajonga ham shu yoʻldan borish maʼqul koʻrinibdi – romanni rumuzu timsollarga toʻldiribdi. Bu ramzu timsollar tafakkurimizga qaratilgan – fikr bilan ularni chaqishimiz tafakkurimizni charhlashiga imonim komil. Asarni oʻqiganda bir-biridan murakkab savollar ketma-ket qalqib chiqaversa ham, ehtimol. Lekin ular ichida eng muhimi, bugungi taraqqiy darajasiyu ertangi imkonlari ufqining chamasidan masruru magʻrur turgan XXI asr kishisi uchun eng joʻn va eng murakkabi mana bulardir, balki:

«Men kimman?»

«Otim nima?»

«ILK AVVAL KOʻZIMNI ISHQ BILAN OCHDIM...»

Sarlavhaga chiqarilgan Choʻlpon misrasida «Anodin qay kuni tugʻdim, sening ishqing bilan yondim» deya figʻon chekkan xijronzada Mashrab, umuman, Haq ishqini kuylab oʻtgan salaflar anʼanasining taʼsiri yoʻq emas. Biroq mudom «koʻngli yangilik qidirib» yashagan Choʻlpon salaflari faol qoʻllagan «ishq», «oshiq», «yor» obrazlariga yangicha maʼno yukladi: uning talqinida «yor» yurt ozodligi-yu, «oshiq» erkka tashna koʻngildir...

***

Shoir-da, ozroq mubolagʻa qilmasa boʻlmaydi, dersiz?! Yoʻq, uning «ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim» deyishi mubolagʻa emas. Zero, tanglayi millat dardi bilan koʻtarilgan, Taraqqiy va Istiqlol ishqi vujudiga sut bilan kirganu yurak qoniga aylangan uning. Mubolagʻaning dafʼiga mubolagʻa keltiryapti, demang, asli oʻzi shunday...

...1913 yilda Rusiya jadidlari rahnamosi, «Tarjimon» muharriri Ismoilbey Gʻasprali nomiga Turkistonning uyezd shaharlaridan birida yashab turgan oʻn olti yoshli yigitchadan maktub boradi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: «Andijonning baʼzi buyuklari menga derlar: «Sen «Shalola», «Turk yurdi», «Shahbal», «Tarjimon», «Vaqt» va «Iqbol» oʻqiysan, na uchun Mirzo Bedil va Xoʻja Hofizlarni oʻqimaysan? Bu savolga javob berishga ojiz qoldim. Agar javob bor boʻlsa, «Tarjimon»da chop etilishini qayta-qayta iltimos qilaman. Agar javob yoʻq boʻlsa, bu «yangi adabiyot»ni suvga, otashga otib, bor vaqtimni Mirzo Bedil va Xoʻja Hofizlar mutolaasi bilan oʻtkazayin». Bu – oʻsmir yoshidayoq jadid nashrlari bilan yaxshigina tanishib, ulardagi gʻoyalarni ruhiga singdirgan, atrofidagilar ularning ahamiyatini anglamayotgani, qabul qilolmayotgani, qarshi turganlaridan yuragi zada Choʻlponning ustozdan maʼnaviy koʻmak soʻrab bitgan iltijosi. Maktub ohangidan seziladiki, muallif qaysi yoʻldan borish masalasini oʻzi uchun hal etib boʻlgan, faqat yoʻl boshida turgan chogʻi dilidagi ikkilanishlar, shubha-gumonlarni yengish uchun kichik bir dalda, ragʻbat kutyapti, xolos...

...oʻziga toʻq savdogarning yolgʻiz oʻgʻli, tahlikali yoʻlga kirish oʻrniga otasining topganini yeb yotsa yoki birini oʻn qilay deb astoydil bel bogʻlasa boʻlmasmidi?! Yoʻq, boʻlmas edi. Chunki murgʻak diliga ingan ishq qarshisida «Dunyoga nega kelding? Yashashdan muddaoing ne?» tarzidagi savollarni koʻndalang qilib qoʻygan edi. Oʻsmir yoshidayoq bu qadar murakkab savollarga javob izlashga jazm etgani, taqdim etilgan yoʻllar ichidan oʻziga taqdir etilgani – tirikchilik emas, TIRIKLIK yoʻlini tanlagani...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...qalblar tutash boʻlsa, muloqot uchun masofa ahamiyatsiz. Ismoilbey Boqchasaroyda turib gʻoyibona shogirdining holini fahm etdi. Tasodifmi yo savqi tabiiysi bilan maktub egasining KIMligini his etganmi, har tugul, Andijondan «olganimiz ajoyib bir maktub chop etish va diqqatga loyiqdir. Sohibi maktub bizdan ancha goʻzal soʻylaganidan yozganlarini aynan keltiramiz» deya maktubni «Tarjimon»da eʼlon qiladi. Ustoz javobida «yangi adabiyot»ni suvga, otashga otaman» deya poʻpisa qilgan shogirdni bir oz koyigach, Bedilu Hofizlar mutolaasi ham zarur, ayni chogʻda, zamona ahvolidan ogoh boʻlish uchun «yangi adabiyot»ni oʻqish kerakligini uqtiradi. Ismoilbeyning javobi, adabiyotning ahamiyati haqidagi fikrlari Choʻlpon muhtojlik sezgan dalda boʻldi, endi u oʻylaganlari, tanlagan yoʻlining toʻgʻriligiga qanoat hosil qildi. Yarim yil moʻlroq oʻtgach eʼlon qilingan «Adabiyot nadir?» nomli maqolasida u millat taraqqiysi uchun adabiyotning nechogʻlik muhimligi, buning uchun adabiyot masʼulligini imkoni qadar asosladi, «Adabiyot yashasa millat yashar» degan xulosaga keldi. Bu yosh Choʻlponning anglangan ijodiy kredosi, ijoddagi dasturilamali boʻlib qoldiki, ilk qadamlaridanoq uni amalga oshirishga kirishdi: «Qurboni jaholat»da yurtining zabun holatini Eshmurod koʻzi bilan koʻrib ezildi, Muhammadiyorga qoʻshilib bu holning sabablarini qidirdi, undan chiqish yoʻllarini mushohada qildi. Publitsistik chiqishlarida «butun dunyoda manbatlikning (hosildorlik – D.Q.) birinchisi Amriqo boʻlsa, bizning Turkiston ham ikkinchi»-yu, nega xalqimiz nochor kun kechiradi tarzidagi kunning oʻta muhim muammolarini oʻrtaga tashladi, kuyunchaklik bilan yechim izladi. Choʻlponning bexato baholash mezoni – Taraqqiy, u mavjud holatni vatanining ertasi, taraqqiysi nuqtai nazaridan baholaydi, shunga mos munosabatda boʻladi. U yurtining tanazzuliga bois hollarni koʻrib qancha ezilsa, istiqboli uchun xayrli hollarni koʻrib shuncha quvonadi. Mana uni quvontirgan hollardan biri: Andijon stansiyasi qurilishini «shundogʻ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar koʻrub, ularning qoʻliga oʻtib ketayotganiga ichlari achishgan» mahalliy ishbilarmonlardan biri pudratchi sifatida olgan. Choʻlpon aql va tadbir bilan ish yuritadigan, oʻz foydasi bilan birga millat manfaatini ham koʻzlaydigan ishbilarmonlarning koʻpayishi yurtini obod, ozod va maʼmur qilishiga ishonadi. Maqola yakunidagi daʼvat ana shu ishonchga yoʻgʻrilgan: «Abdulla afandidek namuna koʻrsatgʻuchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub, vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar choʻntagiga solmasdan va bermasdan, oʻz choʻntakimizda olib yurmakimiz kerakdur. Bizga shundogʻ ishlarga kirishmoqgʻa vaqt!.. Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!..» Axir, bu gaplar mustamlakachilikning jon joyiga urmaydimi?! Jurʼatni qarang...

...oʻn yetti yosh – imkoniyatlaring beadad, qoʻl choʻzsang serviqor choʻqqilarga ham yetguday, jurʼat odatiy hol boʻlib tuyuladigan fasl. Bu pallada loaqal bir bor xayolan olamni lol qilishga chogʻlanmagan kim bor?! Yosh Choʻlponga ham, tabiiy, bu narsa yot emasdi, biroq u butun iqtidorini millat taraqqiysi maqsadiga boʻysundirdi. Shunchaki, yozuvchi degan nom olish, koʻngil xushligi, non yoki shon topish uchun qalam tebratmadi...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...Choʻlpon oʻz yoʻlini anglangan tarzda tanladi, uni oʻzining qismati bilib, sobit qadam qoʻydi:

Uzoq... ogʻir yoʻlga chiqqan yoʻlchimen,

Bu yoʻllarda qilogʻuzim yulduzdir.

Darhaqiqat, yoʻl uzoq va mashaqqatli; koʻzlangan maqsad – Yulduz, u goh bulutlar ortida koʻrinmay qoladi, goh ojiz miltirasa, goh charaqlab koʻzni qamashtiradi. Bu yoʻlda bekatlar talay, faqat ularni ikki turligina atash mumkin – UMID yo UMIDSIZLIK. Umid bekatlari – 1917 yil fevral inqilobi, Buxoro jumhuriyatining tashkil topishi, «bosmachilik» tamgʻasini olgan milliy ozodlik harakatining kuchayishi... Umidsizlik bekatlari – Qoʻqon muxtoriyatining qonga botirilishi, Buxoro jumhuriyatining tugatilishi, milliy ozodlik harakatining yagona kuchga birlasholmay parokanda boʻlishi...

Joni-jahonini tikib, butun vujudi bilan Yulduzga talpingan yoʻlchining Umidsizlik bekatlaridagi ruhiy holatini tasavvur qila olasizmi? Bir bekatdan ikkinchisiga muttasil koʻchib yurish uni necha bor oʻldirib-tirgizganini-chi? Umrining bahori – yigitlik davrining besh-olti yili mobaynida roʻy bergan evrilishlar, ulardan keluvchi iztiroblar necha-necha umrni xazon qilishga yetarlidek koʻrinmaydimi?! Shunda-da «bor-ye, jonim sabilmi» demasa, yoʻlidan qaytmasa, uni yoʻlida sobit qilgan nimaykin?.. Choʻlpon umidsizlik bekatlaridan birida, tushkunlikning zoʻridan ruhi sinayozgan pallada koʻngliga xitob etadi:

Koʻngil, sen bunchalar nega

Kishanlar birla doʻstlashding?..

Shoir eʼtiqodiga koʻra, koʻngilning «kishanlar bilan doʻstlashmogʻi» mumkin boʻlmagan hol, uning hurligi daxlsizdir. Choʻlpon oʻziga xitoban: «Tiriksen, oʻlmagʻonsen, Sen-da odam, sen-da insonsen», – deydi. Zero, uning nazdida inson shaʼni juda baland, tirik odam borki koʻngil hurligini saqlamogʻi lozim, faqat shugina uni INSON degan yuksak maqomda tutib turadi. Shu eʼtiqodda mustaqiym ekani uni ezgu yoʻlda sobitqadam qildi...

... insonlik shaʼnini yuksak qoʻygani, hur tugʻilgan inson hur boʻlmogʻi lozim, HURLIK insonlikning javhari deb bilgani...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...koʻksiga mushtlab «vatanim, xalqim» deguvchilar, minbarlardan joʻshib-yondirib soʻzlaguvchilar, varaq-varaq sheʼru doston bitguvchilar hamisha yetarli boʻlgan. Biroq masala oʻsha vatan, oʻsha xalq uchun nedandir – halovatdan, moldan yo jondan kechishga borib taqalsa, gʻalvir suvdan koʻtarildi, deyavering... Choʻlpon bularning baridan kecha oldi. Zero, u chinakam «oshiq», «yor»ga yetishdan oʻzga muddaosi yoʻq. Yurt ozodligini «yor», unga intiluvchini «oshiq» deb bilgan shoir yorga yetishmoq uchun oshiq dilining boshqa har nedan forigʻ boʻlishini shart qilib qoʻyadi. Biroq, ilojimiz qancha, manfaat deganlari ham bor narsa, biz koʻpda nazarga ilavermaydigan, ammo har qanday ezgu niyatni gʻorat, uning tegrasidagi hamjihatlikni barbod qila oladigan kuchdir u. Axir, «bosmachilik»ning yagona kuchga birlashib, keng koʻlamli milliy ozodlik harakatiga aylana olmagani, Buxoro hukumatining rahbarlari orasidagi kelishmovchiliklaru ulardan gʻanimlarning ustalik bilan foydalanib qolganlari zaminida shu narsa – manfaati shaxsiya yotmaydimi?! Oʻzini «yurtimning pok istakli kuchimen» deya faxr etgan Choʻlpon, afsuski, maslakdoshlarining barida ham «pok istak»ni koʻrolmadi, shunda qalamidan «Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq», «Angladim: sevgida har koʻngil buzuq!» degan iztirobu alamga toʻliq satrlar toʻkildi...

...soʻzi bilan amali, dilidagi bilan tilidagining birligi, vatan va millat manfaatini oʻzinikidan chandon baland qoʻyolgani, tom maʼnodagi FIDOYI ekanligi...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...darvoqe, Buxoro jumhuriyati. Choʻlponning unga bogʻlagan umidlari katta edi. Hukumat gazetasi muharriri vazifasiga taklif etilgach, yeng shimarib ishga kirishdi: Buxoroda turib Turkiston ozodligi uchun kurashni davom ettirishni koʻzladi, uni bu kurashdagi muhim platsdarm deb bildi, afsuski... Rahbarlar orasidagi kelishmovchiliklar gʻanimlarga qoʻl kelgani aytildi. Natijada Buxoro jumhuriyati shoʻrolar bilan yaqinlashdi, siyosiy hayotda bolsheviklar taʼsiri ustuvorlik qila boshladi. Oʻzi muharrirlik qilayotgan gazetaning 1921 yil 3 noyabr sonida eʼlon qilingan «Tarixdan» nomli sheʼrida Choʻlpon yuz berayotgan voqealarga munosabatini oshkor etadi:

Qorongʻi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa elning baxtimidir «koʻlanka»ga sotilgʻon?

Shoir nazdida, jumhuriyat hukumati olib borayotgan siyosat «el baxtini sotmoq»dan oʻzga emas, shu tufayli ham bu yerga kelganidan beri xayol koʻkida porlagan yulduzi soʻngan, bunda ham «qorongʻi kech» hukmronligi boshlangan. Xuddi shu ijtimoiy-siyosiy sharoitda Choʻlpon kasalxonaga yotadi va shu koʻyi gazetadagi faoliyatini ham toʻxtatadiki, buning tub sabablari sheʼrning yakunida oʻz ifodasini topadi:

Bu yaramas! – deya ogʻzim ochilmasdan bir buyruq:

«Mundogʻ achchigʻ figʻonlarga bu oʻlkada luzum yoʻq!»

Qorongʻi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa, manim «ohlarim»mi boʻgʻizimda tutilgʻon.

Anglash mumkinki, Choʻlponning «Buxoro axbori»dan ketishining bosh sababi soʻz erkinligiga tajovuz qilina boshlaganidir. Bunday siqiq sharoitda gazetaga muharrir boʻlishidan na istiqlol maqsadiga va na xalqi uchun bir naf koʻrmagan shoir isteʼfo bergan...

...amal kursisini shunchaki egallab turishni, vijdoniga xilof-u yuqoriga maqbul ish olib borishni oʻziga ep koʻrmagani, ezgu maqsadiga bir odim boʻlsa-da yaqinlashtirmay oʻtgan vaqtini zoye bilgani, erkiga tajovuzni singdira olmagani...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...1928 yilda yozilgan bir sheʼrida shoir oʻzini zoʻr dengiz qoʻynidagi somon parchaga oʻxshatadi, «Muhit kuchlik ekan, egdim boʻynimni... Oqishning yoʻliga soldim oʻzimni», – deya eʼtirof etadi. Uning «boʻyin egishi» oson kechmagan, bungacha...

...endi rostmana oyoqqa turib olgan yangi tuzum Choʻlpon timsolida jon dushmanini koʻrib yanglishmadi, zero, shoirning koʻz yoshlaridan «chechaklar unishi» muqarrarligini angladi. Yoʻq, hurriyat deya maydonga chiqqan «oʻrtoqlar» shoirning hazin tortgan ovozini boʻgʻishni oʻzlariga ep koʻrishmadi, sopini oʻzidan chiqarib, bu ishni oʻzlari yetishtirgan mahalliy kadrlarga qoʻyib berdilar. Choʻlponni «koʻk shoiri», «ziyolilar shoiri», oʻtmishga yuz burgan «yigʻloqi shoir» deya turtkilashlar, sondan chiqarishga harakatlar boshlandi. Shoir qalb tugʻyonlarini yurtdoshlari tushunmayotgani, tushunishni istamayotganidan ezildi, «men koʻk shoiri emasman» deya sheʼrlar bitdi, boʻlmadi... Nachora, oʻn-oʻn besh yillar avval yoshlarning barini birdek yondirgan gʻoyalar endi oʻz oʻrnini boshqa – hali sarob ekanligi bilinmagan yangi gʻoyalarga boʻshatib berayotgan, sarobga aldanganlar OLOMONga aylanayotgan palla edi bu. Shiddatli oʻzgarishlar avlodlar almashinuvini gʻoyat tezlashtirgan, «buyuk amal»iga sodiq Choʻlpon esa hamon bir oyogʻi bilan oʻtmishda – istiqlol uchun kurash jabhasida qolgan edi...

...oʻzligini saqlagan SHAXS olomonga sigʻmaydi: Choʻlpon «yoʻqsil xalq shoiri emas» dedilar, ijodini xalq uchun zararli deb topdilar, shu xalqning «ziyoli» vakillari uni madaniyat xodimlari qurultoyidan quvib soldilar. Qurultoy fatvosini olgan tanqidchilikning Choʻlponga xurujlari kuchaygandan-kuchaydi, 30-yillarning haybatli sud jarayonlarida navbat unga kelib qolgani ishora qilindi... Xullas, Choʻlpon nochor boʻyin egdi: Qurultoy hayʼatiga «Eʼtiroz» yozib, «tushunmaslik» orqasida yoʻl qoʻygan xatolariga, yaʼni shu el, shu yurt qaygʻusi bilan yashaganiga tavba qildi, butun kuch-quvvatini «xatolarni ishchi-dehqon koʻnglidan ketkazish»ga sarflashga vaʼda berdi. Qurultoydan keyin Choʻlpon matbuotda kam koʻrinadi, oʻzi aytmoqchi, sozini «bir necha yil qantarib» qoʻyadi, chunki «koʻngil rozini aytib yigʻlamagan» sheʼrni sheʼrga sanamaydi. Faqat qarshisida «tuzalayotgani»ni koʻrsatish majburiyati turganidan, ora-chura shunga mos sheʼrlarini eʼlon qilib turish bilan cheklanadi...

...ayni ijodiy kuchga toʻlgan Choʻlponning oʻquvchisiga aytari hali bisyor edi, u yoʻl izladi: dardlarini tarjimalari qatiga joyladi, sheʼrlaridagi nozik ishoralar yordamida imkon qadar boʻshanishga intildi. Biroq shuning oʻzi uni qoniqtirolmas edi. Zero, masalaning tub mohiyatiga qaragani uchun u mavjud voqelik bilan toʻla kelisha olmas, shoirning tiyran qalb koʻzlari kundan-kun mustahkamlanayotgan tuzumning koʻpchilikka qorongʻu chizgilarini ilgʻar, bu chizgilar unga elining saodatidan xayrli fol ochishga yoʻl bermas edi. Choʻlponing millat qaygʻusida oʻtkazgan salkam yigirma yillik umri davomida koʻrgan-kechirganlari, iztirobli oʻylashlaridan tugʻilgan gaplari boʻgʻzida qotib turar, «aytsam oʻldirarlar, aytmasam oʻlam» deyiladigan holat yuzaga kelgandi. Shunday qaltis bir vaziyatda u oʻzining «oqqush qoʻshigʻi» – «Kecha» romaniga qoʻl urdi va... boshini kundaga qoʻydi. Zero, Choʻlpon unda erksiz qalami kashf etgan imkonlarni toʻla ishga solib, yaqin oʻtmishning oʻz nazdida HAQQONIY, lekin rasmiy nuqtai nazarga nomuvofiq epik manzarasini chizgan, bu bilan oʻzining zamonga haqiqiy munosabatini fosh etgan edi...

...olomon ichida ShAXSligicha qolgani, oqim boʻylab oqimga qarshi suza olgani, ajal qilichi ostida ham eʼtiqodidan qaytmagani...

Bu-da bir oʻrnak.

***

...shunday yashagani, shunday oʻylagani, shunday ijod qilgani – Choʻlponning fojiasi: hayotida halovat koʻrmagani, hassos qalbi iztirobu alamlardan bir dam forigʻ boʻlmagani, qirchillama qirqida qirchinidan qiyilgani shundan.

...shunday yashagani, shunday oʻylagani, shunday ijod qilgani – Choʻlponning baxti: koʻz oʻngimizda Qaqnus qushday kuldan bosh koʻtargani, bugun barchaning tilida ekani, nomini tilga olganimizda koʻksimiz gʻururga toʻlib, koʻkragimiz bir koʻtarilib tushayotgani shundan.

Bu-da bir oʻrnak.

2009 yil

Izohlar

  1. Yoʻldoshev Q. Tahlil mashaqqatlari. // Yoniq soʻz. – Toshkent, 2006. – B.12 – 13; keyingi oʻrinlarda qavs ichida sahifa koʻrsatiladi.

Dilmurod Quronov