Ahmad Aʼzamning ijodiy izlanishlari kaminani hamisha, nima desam ekan, hayratga solib, aniqrogʻi, shoshirib kelgan. Munday qarasang yozganlari oddiy narsalar-u, nimasidir biz koʻnikkan narsalarga oʻxshamaydigandek, ongimizda muqimlashgan nazariy qoidalarga koʻpam mos kelmaydigandek tuyulaveradi. Hozir, yozuvchining «Hali hayot bor» kitobini oʻqib turib, shu tuygʻu yana yangilandi...
(...adashmasam, bu tuygʻu dastlab «Odamning olasi» hikoyasini oʻqish asnosi paydo boʻlgandi, shekilli. Sababi, unda mazmun yangicha edi: oddiy bir odamning oddiy bir kuni, qahramoni ham gʻalatiroqmi-yey... maqtayin desang, biz maqtab oʻrgangan qahramonlarning haqi ketib qoladi, yomonlay desang – buning. Hammadan ham uning oʻsha chogʻlar biz asiri boʻlib yurgan sevgi haqida aytganlari: avval xoʻp gʻashingga tegadi-yu, kitobiy-stereotip qarashlaringni birdan parchalab yuborganini sezmay qolasan... bir kulging, bir yigʻlaging keladi. Oʻylab qarasam, oʻshanda Sherqoʻzining gaplarini beixtiyor «oʻgʻil boʻlib» eshitganman, chogʻi: «He, sodda bolam! Xotin deb oʻlib-tirilib pul yigʻasan, tushirib ham olasan. Toʻydan keyin uch-toʻrt hafta, chillang chiqquncha yashinmachoq oʻynab, quvlashib ham yurasan. Keyin... boshlanadi – roʻzgʻorning unisi kam, bunisi kam. Bir vaqt qarabsanki, sevgi degani donga qoʻngan chumchuqdek pir-r etib uchib ketibdi...» Qiziq, hozir «Odamning olasi»ga bugunning nazari bilan qaray olmayapman, harchand urinmay, oʻttiz yil naridagi taassurot bosib ketayotgandek... afsuski, oʻsha taassurot endi yaxlit emas, parchalanib ketgan – uni oʻrtoqlashish imkondan tashqarida. Iloj qancha, boshqacha aytolmaganim bois «yozuvchining mahorati shundaki, oʻquvchi tasvirlanayotgan voqeaga befarq qaray olmaydi, beixtiyor uning ishtirokchisiga aylanadi» qabilidagi navbatchi, navbatchi boʻlsayam rost gaplar bilan cheklanaman, maʼzur tuting.
...yodingizdadir, 80-yillarning oxirlarida koʻp qatori Ahmad Aʼzam ham gʻoyat faollashdi: «Bu kunning davomi», «Asqartogʻ tomonlarda», «Oʻzim bilan oʻzim» – bari shuning mahsuli. Shu oʻrinda muhim bir nuqtani ayricha taʼkidlamoq kerak: koʻpchilikdan farqli, AAʼzamda publitsistiklik emas, tahliliy nigoh kuchaydi va u jamiyatda mavjud holat mohiyatiga qaratildi. Muhimi – turli rakurslardan: «Bu kunning davomi»da oʻquvchi ismsiz qahramon – U(n)ga chetdan nazar soldi, «Asqartogʻ tomonlarda»da voqelikni Mahdining nigohi orqali kuzatdi, nihoyat, «Oʻzim bilan oʻzim»da beixtiyor «men» mavqeidan turib qaray boshladi. Yaʼni yozuvchi goʻyo «tom ustiga tom bosib» boradi: qalamga olingan ijtimoiy dardga oʻquvchini bosqichma-bosqich yaqinlashtirib, oʻziga sezdirmaygina shaxsiy dardiga aylantiradi.
Balki, aytganlarimdan «nuqtai nazar bilan bogʻliq mazkur usullar atayin, muayyan maqsadni koʻzlab qoʻllangan, bu esa yozuvchining mahoratidan darak» degan fikr kelib chiqar. Albatta, shunday deyishga asos yetarli. Lekin men buni mahoratdan koʻra boshqa narsaga – samimiyatga yoʻygan boʻlardim. Zero, bu asarlar, ulardagi obrazlar yozuvchi fikrlarini ifodalash uchun illyustratsiya emas, yoʻq, uning uchun shularni yaratish jarayonining oʻzi – izlanish, mohiyatga yaqinlashishdir. Ayni shu narsa – yozuvchining ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy izlanishlari jarayon sifatida aks ettiriladi, natijada oʻquvchi saboq oluvchi emas, balki izlanishlarning bevosita ishtirokchisiga aylanadi – ikki oʻrtada hamfikrlik, hamdardlik asosidagi samimiy muloqot, koʻngil oshnoligi yuzaga keladi. Darvoqe, ushbu asarlar yaratilgan 80-yillarning adogʻi fikr ahli uchun chinakam maʼnaviy-ruhiy izlanishlar davri edi. Hammasidan ham qandaydir besh-olti yil davomida tafakkurimizda yuz bergan oʻzgarishlar shiddatini ayting! Nazarimda, A.Aʼzam shu uchala asarda oʻzgarishlar shiddati va mohiyatini muhrlab qoʻyishga ulgurgandek:
birinchisida U «bunday yashab boʻlmaydi» degan qarorga keladi;
ikkinchisida Mahdi «odam bir narsani tubdan oʻylab olsa-yu, hech narsani oʻzgartirmasa, yana shunday yashayversa... Yoʻq, mumkin emas» deya ertadan harakat boshlashga chogʻlanadi;
uchinchisida esa oʻzgarishni oʻzidan boshlagan, «koʻnglini xuddi uy koʻtargandek» sarishta qilib, «koʻnglimning tubidan shunaqa tuygʻularim topilayotirki!.. Shunchalar badavlat ekanimni oʻzim bilmay, qashshoq-benavo yuravergan ekanman» deya hayron turgan, endi oʻzini dunyoni koʻngliga muvofiq oʻzgartirishga qodir his qilayotgan odamni koʻramiz... Ehtimol, joiz emas koʻrinar, shunday boʻlsa ham aytgim keldi: mazkur fikrlar A.Aʼzam asarlari eʼlon qilinishi bilan peshma-pesh oʻqilganda tugʻilgan. Oʻshanda «Bu kun... va uning davomi» nomli bir maqola yozgan va unda uchala asarda aslida bir odamning ijtimoiy tafakkurda shiddatli oʻzgarishlar kechgan qisqa bir davrdagi maʼnaviy-ruhiy tadriji kuzatilgan, degan fikrni oʻtkazishga harakat qilgandim. U payt taassurotlarim hali ohorli boʻlganigami yo qahramonlarning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari koʻnglimga yot emasligigami, har tugul, nazdimda durustgina maqola chiqqan va yuqoridagi fikr yetarli asoslangandek edi. Lekin tahririyatlar fikri oʻzgacharoq boʻldi, chogʻi, umid bilan joʻnatgan qoʻlyozmalar bedarak ketdi, aksiga olib, oʻzimda nusxasi saqlanmagan... «Yoʻqolgan pichoqning sopi oltin» deydilar, shundanmi, oʻsha maqolam hanuz juda boʻlakcha yozilgandek tuyulaveradi-da...)
...endi ohorli taassurotlarga kelsak. «Hali hayot bor» qissasini oʻqirkan beixtiyor Gogolning «Revizor»i yodga keladi. Unda ham hamma gap bitta voqea – nashriyotning oddiy bir xodimi Aʼlamning markazqoʻmdan yoʻqlanishi atrofida aylanadi. Shu birgina voqea va oʻsha voqeaga nashriyot xodimlarining munosabati... «Axir, qissa degani bunday boʻlmasdi-da! – beixtiyor nazariy bisotimni titkilay boshlayman. – Qissada bir-biriga bogʻliq voqealar zanjirdek tizilguchi... bu voqealarning bari asosiy qahramon bilan bogʻliq... ular oʻsha qahramon xarakterini ochib berishga xizmat qilguchi... yaʼni qissadagi voqealar vosita, pirovard maqsad qahramon boʻlguchi edi...» Xullas, nazariy qoidalardan kelib chiqsak, bu qissa emasdek. Lekin... maza qilib oʻqiganingni ham inkor qilolmaysan-da, odam! E-e, shu, adabiyotshunos degan noming bor, oʻrganib qolarkan odam, maza qilib oʻqiganingni bir yon surib, yoʻl izlayverasan ekan: hikoyami? qissami?.. Yana, haqiqatdan uzoqroq boʻlsayam ehtimoli yoʻq emas, ertami-indin «qissa degani mundoq boʻlur...» deya hijjalab tushuntirganingda, biron talabaning «falon qissa-chi?» deb qolishi ham bor...
(Fahmlagandirsiz, hanuz tanqidiy asarni keng omma oʻqiydi deb oʻylab yurganimdan boʻlsa kerak, bularni «olimona gaplar kimgayam kerak, asar haqidagi gapingni ayt-da qoʻymaysanmi!» degan eʼtiroz dafʼiga, uzrxohlik maqsadida aytayotirman.)
...holat shundayki, janrni belgilab olish chindan ham zarur ekan. Fikrimcha, «Hali hayot bor» asari – qissaning nasrimizdagi yangi bir koʻrinishi, unda hikoya va dramaga xos poetik xususiyatlar uygʻunlashgani holda qissa problematikasi yetakchilik qiladi. Hikoyadagi kabi unda bitta voqea qalamga olingan, voqea oʻz holicha estetik qimmat kasb etadi (yaʼni, qissadan farq qilaroq, voqea qahramonga nisbatan vosita emas). Dramadagi kabi unda bitta voqea – Aʼlamning markazqoʻmdan yoʻqlanishi dramatik konfliktli holatni yuzaga keltiradi: barcha personajlarning xatti-harakatlari shu bilan bogʻliq, voqeaning izchil rivojidan koʻra u yuzaga keltirgan holat muhimroq. Yaʼni voqeaning izchil rivoji emas, holatning ichki rivoji ustuvor. Shunga koʻra, syujet epizodlar – dramadagi kabi almashinib turuvchi koʻrinishlardan tarkib topgan. Har bir koʻrinishda muayyan personajlar ishtirok etadi, ularning qiyofasi dramatik holat bilan bevosita bogʻliq holda ochilib boradi. Toʻgʻri, ushbu epizodlarni qahramon – Aʼlam bilan bogʻliq syujet chizigʻi birlashtiradi. Biroq, garchi syujet oʻzagini tashkil qilsa-da, Aʼlam chizigʻi gʻoyat ixcham: hovlisida koʻmir tashiyotganida xabarchi boradi – ishga kelib nima gapligini aniqlaydi – ariza berib ishdan ketadi. Yaʼni asar strukturasida bu chiziqning yordamchi funksiyada ekani atayin taʼkidlangandek. Holbuki, mabodo badiiy niyat ijrosida, muallif konsepsiyasini ifodalashda shu chiziq dominantlik qilganida, nazariy qoidalarga toʻla muvofiq hikoya yaratilgan boʻlur edi. Niyat esa boshqa, yaʼni butun boshli bir jamoa – jamiyatning bir halqasi qiyofasini, maʼnaviy qiyofasini chizish, xuddi shu narsa asarni hikoya janri doirasidan chiqaradi. Zero, asar qahramoni Aʼlam deganimiz bilan, u faqat struktura nuqtai nazaridangina ushbu mavqeni egallagan, konsepsiya nuqtai nazaridan esa JAMOA qahramon boʻlib chiqadi. Ayni shu jihatlar «Hali hayot bor»ni qissaning oʻziga xos yangi bir koʻrinishi deyishimizga asos beradi.
Aslida-ku, qissa asosida oddiygina voqea yotadi, hayotda bunga oʻxshash voqealarga koʻplab duch kelinadi va keyincha shunchaki latifa misoli eslab kulib yuriladi. Deylik, agar nashriyot rahbariga sim qoqqan Gulimoh Yulduzovna «Kamolov Aʼlam hali ham sizda ishlayaptimi?» deb soʻragan mahal stolidagi boshqa telefon jiringlab qolmaganida (shunday boʻlishi mumkin va tabiiy, axir, balki unga ham yuqoridan sim qoqishgandir, balki uyidan, balki boshqa – ahamiyati yoʻq!), nashriyot ari uyasidek toʻzib ketmagan, qissada oʻqiganimiz mashmashalar ham yoʻq edi. Mantiqan qaraganda, Gulimoh Yulduzovna muddaosini aytmasdan «Keyin gaplashamiz!» deya goʻshakni qoʻygan ekan, bunchalik xavotirga oʻrin boʻlmasligi kerak edi. Biroq qissada tasvirlangan muhit (davr) shundayki, undan doim ham mantiqqa rostlikni izlash befoyda. Zero, bu muhitda «yuqori – hammavaqt haq», u quyidagilarni xohlagan koʻyga solishi mumkin; quyi «Oʻynashmagin arbob bilan...» naqlini dasturilamal biladi, yuqori qarshisida «qoʻl bogʻlab» turish odat, mutelik hammaning qon-qoniga singib ketgan. Shu bois ham nashriyot direktori uchun yoʻqlov tabiiy hol emas, shoʻrlik «bir ishi bordir, soʻragandir, hali aytar» deb qoʻyaqolishga ojiz, kaltakning bir uchi oʻziga tegishidan xavotirda. Ajablanishga hech oʻrin yoʻq: mute inson oʻzini hamisha aybdor his qiladi (istalgan vaqtda aybdor qilinishi mumkin-da!), chunki u yuqori qarshisida goʻyo onadan tugʻilgandek bir alfozda – ishtonsiz, choʻpdan hadik olib yashashga majbur. Shu jihatdan qaralsa, direktor va ozmi-koʻpmi «masʼul»ligi bor boshqa xodimlarning oʻzlarini muhofaza qilishga qaratilgan (va bizga notabiiy koʻringan) harakatlari ular uchun tabiiy zarurat boʻlib chiqadi. Demak, shu holni keltirib chiqargan muhitning oʻzi noraso. Afsus, nashriyot (muhit)da hamma shunga koʻngan: birlari koʻngangina emas, mavjud holat va undagi oʻz oʻrnini saqlab qolish uchun andishani bir chetga surib qoʻyib jon-jahdi bilan tirishadi; boshqa birlari loqayd tomoshabin boʻlib turadi. Taʼkidlash joiz, yozuvchi personajlarning xatti-harakatlari, gap-soʻzlarini chetdan turib, goʻyo betaraf tasvirlasa-da, ularning ruhiyati oʻquvchi koʻz oldida shaffof holda namoyon boʻladi. Shu bois ham yozuvchining aytishi shart emas, oʻquvchi «bunday yashab boʻlmaydi, bunday yashash insonlik shaʼniga noravo!» degan fikrni uqib olaveradi. Sirasi, bu Ahmad Aʼzamga xos mahorat qirrasi... (Darvoqe, birgina odam, koʻnglida erkinlik tuygʻusi oʻlmagan Aʼlamgina mavjud ahvolga koʻnmaydi – ariza yozib ishdan ketadi. Toʻgʻri, bu qahramonlik emas, muhimi, yozuvchi ham buni qahramonlik deya talqin qilish fikridan yiroq. Zero, haqiqatda bu oʻzini inson oʻlaroq his etgan, tiriklik maʼnosi tirikchilikkina emasligini anglagan kishi borki qilishga burchli harakatdir. Fikrimcha, qissa qahramonining orqa planda qoldirilishi ham shu fikrni taʼkidlashga xizmat qiladi) ... aytmasdanoq ifodalash mahorati.
«Qatagʻon yili» hikoyasini oʻqib, «Aʼlamning harakati qahramonlik emas» deya hukm chiqarganda biroz shoshmadimmikan degan andisha tugʻiladi kishida. Hikoyani oʻqirkan, beixtiyor yaqin oʻtmishdagi «paxta kampaniya»lari esga keladi: qulf osilgan idorayu muassasa eshiklaridagi «hamma paxtada» yozuvlari... yopilgan bozorlar... toʻxtatib qoʻyilgan avtobus yoʻlovchilarining «yoʻl haqi» uchun paxtazorga yoyilishi... shanba-bozor kunlaridagi koʻchalarni toʻldirgan avtobus karvonlari... – aytib nima qildik, bular koʻpchilikning yodida hali. Xullas, 1982 yil noyabr oyidagi zarbdor kunlardan biri, «Dalalarda yakkam-dukkam birchigit qolgan, sovxoz oktyabr oyi oʻrtalarida planni doʻndirib bajargan-u, elu yurt hali-hamon shu bajariqni toʻldirolmay jon-halak, boʻlha-boʻl hiqildoqqa kelgan». Asablar tarang, buning ustiga kech kuz izgʻirini achitib turgan bir payt oilasi bilan uyiga – Toshkentga qaytish uchun ulov poylab turgan hikoyachi bilan militsioner oʻrtasidagi dahanaki jang qalamga olingan hikoyada, shu xolos.
Yuqoridan «odamlar yurmasin koʻchada» degan topshiriq berilgan – hamma paxta hosili uchun kurashishi shart! Yaxshi eslaysiz: shoʻro davrida «plan»dan keyin «majburiyat» degani boʻlardi. Oʻshanda «majburiyat» deb yuravergan ekanmiz-u, soʻzning mohiyatga naqadar mosligiga eʼtibor qilmas ekanmizmi-yey?! Chindanam «majburiyat» degani koʻproq turli darajadagi «byuro» va «shtab»lardagi doʻq-poʻpisalar, raisu birgatlarning zugʻumlari, melisaning haybati bilan bajarilmasmidi?! Yo har qadamda ilingan qizil matodagi shiorlar, radio-televideniyedan yangragan chorlovlar shunchalar kuchli... Hay, mayli, bu boshqa masala. Xullas, melisaga «odamlarning koʻchada emas, dalada boʻlishi»ni taʼminlash yuklatilgan. Shoʻrlik quyushqondan chiqilayotganini biladi, lekin oʻziga yuklatilgan vazifani soʻzsiz bajaradi: «Endi... ishimiz shu-da. Bajar, desa – bajaramiz. Topshiriq qattiq». Munday qarasang, melisa yuqorining topshirigʻini ogʻishmay bajaradi, paxta siyosati hammaga teng deya barchadan itoat talab qiladi, dagʻdagʻalari qoʻrqqulik; odamlar ham uning talabini bajarayotgandek, ayni chogʻda, u bilan sichqon-mushuk oʻynayotgan misoli evini qilib tirikchilik yumushiga ham unnaydilar.
Sirasi, Said bovo «eshonbovomizning ullari» bilan koʻrishishga jahd qilmaganida, oʻz navbatida, «tavarrik odamning bolasi» ham cholning gapiga kulmay qoʻyaqolsa, olam guliston edi – hayotning «sichqon-mushuk» oʻyiniga monand oqimi davom etaverardi. Lekin bunday boʻlmadi: Said bovo niyatidan qaytmadi, hikoyachimiz esa kulib yubordi-da! Xuddi shu nuqtada melisa yigitning bitta qiyofasi koʻz oldimizda mukammal suratlanadi:
«Bu yerda men ruxsat bersam kulasiz!»
Koʻryapsizmi, qarshimizda endi shunchaki bir militsiya noziri emas, balki naq hokimi mutlaq turibdi: qoʻyib bersang «Men ruxsat bersam nafas olasan!» deyishdan ham toymaydigan alpozi bor. Shoʻro zamoni haqida gapira turib «mustabid tuzum-mustabid tuzum» deya noliymiz-u, asli tuzum degani shunchaki mavhumot ekanligini koʻpda oʻylamaymiz. Holbuki, mustabid tuzum ham men, sen va u – bizdan tashkil topadi. Unda yashagan har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik, zero, mutelik bilan mustabidlik bir-birini taqozo etuvchi egizak tushunchalardir. Qarang, melisa yigit markaziy gazeta muxbiri (yaʼni oʻz tushunchasida yuqorining vakili) balan gaplashayotganini anglashi bilanoq vujudidagi mustabid izsiz yoʻqoldi: «Boshdan shuni aytmaysizmi?» – deya oʻzini oqlashga, uzrxohlik qilishga oʻtadi. Ana endi uning dodini tinglang: «Mana, kechagi bozor, qor urib turibdi.Odamlar insofing bormi, kartishka-partishka olib olaylik, bir soatgina och, deb chuvvos yopishishdi menga. Qor-ku, ertalab boʻlsa, shu havoda kim ham dalaga chiqardi, debman. Mayli, yarim soat muhlat, bozorlaringizni qilib olinglar, lekin xafachilik yoʻq, dedim». Ha, melisa yigit bir lahzagina hamqishloqlariga yuqorining vakili ekanligini unutib munosabatda boʻldi va... baloga qoldi: «Odamlar endi darvozadan kirib, savdoni boshlagan edi, babillab qora «Volga» kepqoldi. Odamlarga hech narsa degani yoʻq. Menga qarab: «Onayni falon sani! Sanga shapka kiydirganni onasini!» deb ke-yetdi!..» Endigina hammani bir ogʻiz «ruxsat» deyishiga mahtal qilib turgan melisa yigitni bu qadar toʻzitib soʻkayotgan raykom buva boʻladilar. Kim bilsin, bundan sal ilgariroq boshqa birovi, deylik, paxta topshirish grafigi bajarilmagani uchun uning-da onasini aybdor qilganmi? Ehtimoli aslo yoʻq emas, zero, mustabid tuzumda «musht ketdi» qoidasi amal qiladi: quyi pogʻonadagi shoʻrlik avval «Enangni qozi...» deya alamini yutadi, soʻng... oʻzidan quyidagiga sochadi. Eh-he, qurgʻur alam sochgan bilan tugay qolsaykan, koʻngilga toshday choʻkavergani yomon. Melisa yigitning alami hali yangi, koʻngli hanuz yigʻlab turibdi, «Mayli, shu odamlarni deb soʻkish eshitaman» deya oʻzini ovutmoqqa harakat qiladi, lekin «birontasi, ey inson, soʻksang, oʻzini soʻk, onasida nima ayb demagani botib ketadi». Keyin hamqishloqlaridan gina qilishga haqqi yoʻqligini his qilib, alami bir bahya koʻtariladi: «E-e, bechoralarga nima ham deyman, hammamiz shunday». Qarang, melisa yigit xoʻrlik koʻrgach oʻzini hamqishloqlari bilan bitta qayiqda his qiladi, lekin koʻnglida yilt etgan isyon uchqunini darhol soʻndirib, oʻzini shu qismatga koʻnishga chogʻlaydi: «Ketvoray desam – ish bu, tirikchilik degan narsa bor. He, mayli-da, biz bir kichkina odam, melisalikni ham qilish kerak, bari bir. Betni qalin qilib yuribmiz-da...» Mana, koʻz oldimizda melisa yigitning ikkinchi qiyofasi ham suratlandi: u ham boshqalar kabi mute bir odam... (boya «har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik» degandim, shu fikrga yana qaytgim keldi. Mojaro murosaga doʻngach, hikoyachi «halidan beri koʻnglini bosgan bir gʻashlik, oʻjar bir gunohkorlik tuygʻusi» haqida soʻzlaydi, guvohnomasini koʻrsatganiga uyalib ketganini aytadi. Toʻgʻri, hikoyachi oʻzini himoya qildi, lekin bunga guvohnomani koʻrsatib, melisa yigitga uning oʻzi kabi, yaʼni mustabidalarga xos muomala qilibgina erishdi. Koʻnglini noxush kayfiyat chulgʻagani, uyat hissi aslida shundan emasmi?!.) Endi yuqoridagi andishaga kelsak, tan olaqolay, «Aʼlamning harakati qahramonlik emas» deganim xato: oʻsha sharoitda ham ichki erkinligini saqlab, insonlik shaʼnini baland tutib yashashning oʻzi qahramonlik boʻlmasdan nima, axir?!.
Mashgʻulotlarda, singadigan davralarda bir qarashda oddiygina hayotiy holatda hikmat koʻrishu mohiyatiga teran nazar solgan holda unga badiiy-falsafiy qimmat bagʻishlash Ahmad Aʼzam ijodiy manerasiga xosligini taʼkidlab kelaman. Yangi kitobini oʻqib, bir jihat nazarimdan chetda qolib kelganini sezib qoldim. Men yozuvchi xayoloti bilan bogʻliq, chamasi, «Oʻzim bilan oʻzim»da nish bergan va keyincha ikkita shox chiqarib rivojlangan jihatni nazarda tutaman. Bu shoxlarning biri – liriklik, yaʼni voqelikni tasvirlash emas, munosabat ifodalashning oldingi planga chiqishi... (Ha-ya, «Oʻzim bilan oʻzim» eʼlon qilingan paytlar shapaloqday bir narsa yozib, uning lirik asar ekanligini isbotlashga uringan, oʻzimni yangi gap aytolgan sanab quvonib yurganim bor. U paytlari rus adabiyotidan dars berganimgami yo rus tilida yozish urf boʻlganigami, maqolani ruscha yozib, «Janrovoye svoyeobraziye poemы A.Agzama «Nayedine s samim soboy» deb atabman. Nomni qarang! Davomini yozmasa ham boʻlaveradigandek edi-yov…) Kitobga novella deb kiritilgan «Gul koʻtarib ketayotgan erkak»da xuddi shunday: unda epik asarga xos voqeabandlik, baski, hikoyachi yoʻq, unda koʻzi tushib turgan holatni mushohada etayotgan muallif – lirik subyekt bor, yaʼni u mohiyatan lirik asar. Shoxlarning ikkinchisi – xayolda yaralgan voqeaning qalamga olinishi: «Soyasini yoʻqotgan odam», «Notoʻgʻri tush» hikoyalarida shunday. Albatta, ular shunchaki xayolot mahsuli emas, balki shu voqelik taʼsirida, u haqdagi oʻy-qarashlarni, OʻZni ifodalash vositasi oʻlaroq yaratilgandir. Oʻzi sezmagani holda soyasini yoʻqotib qoʻyishu tush ichida tush koʻrishlar... – sagʻal modernistikroq izlanishlar isi kelmayaptimi?!. (Xabaringiz boʻlgandir, yaqinda internetda ikki katta ijodkorning munozarasi ketib, bahs qizigʻida «sizning avlodingiz nima qilib qoʻyibdi?» qabilidagi tanalar ham oʻrtaga chiqdi. Kamina tomonlarning birini yoqlash fikridan yiroqman-u, lekin insof yuzasidan bizdagi modernistik izlanishlar ilk bor 70-yillar avlodi, jumladan, Ahmad Aʼzam ijodida boʻy koʻrsatganini eʼtirof etish lozim deb oʻylayman. Faqat, ular istihola qilishganmi va yo u paytlar «modernist» degani deyarli tavqi laʼnat boʻlganigami, har tugul, oʻzlarini modernist deb atashmagan. Sirasi, gap bunda ham emas, gap badiiy tafakkur rivojining uzluksizligi va bu jarayonda har bir avlodning oʻz oʻrni borligida, yana bu holning ixtiyorimizdan tashqari mavjud ekanligida...)
Ahmad Aʼzam yangi kitobi muqovasiga «Koʻp ishni qilib koʻrdim, turli yumushga qoʻl urdim. Lekin hech biri yozishga, yozish beradigan mashaqqatli zavqqa teng kelmaydi...» degan izhorini yozdirib qoʻyibdi. Haqiqatan ham, kitobga yozuvchi, nazarimizda, adabiy jarayondan biroz chetlashib qolgandek, «turli yumushga qoʻl urib» yurgan vaqtlari yozilgan asarlar kiritilibdi. Muallif «yozish beradigan zavq» haqida aytibdi, illo, oʻqish beradigan zavq ham bundan kam emas. Shuni oʻylab, kitobga kirgan asarlarning ayrimlariga, shunda ham muxtasar toʻxtaldim – oʻqib oladigan zavqingiz oʻzingizniki boʻlsin, dedim-da.
2012 yil
Аҳмад Аъзамнинг ижодий изланишлари каминани ҳамиша, нима десам экан, ҳайратга солиб, аниқроғи, шошириб келган. Мундай қарасанг ёзганлари оддий нарсалар-у, нимасидир биз кўниккан нарсаларга ўхшамайдигандек, онгимизда муқимлашган назарий қоидаларга кўпам мос келмайдигандек туюлаверади. Ҳозир, ёзувчининг «Ҳали ҳаёт бор» китобини ўқиб туриб, шу туйғу яна янгиланди...
(...адашмасам, бу туйғу дастлаб «Одамнинг оласи» ҳикоясини ўқиш асноси пайдо бўлганди, шекилли. Сабаби, унда мазмун янгича эди: оддий бир одамнинг оддий бир куни, қаҳрамони ҳам ғалатироқми-ей... мақтайин десанг, биз мақтаб ўрганган қаҳрамонларнинг ҳақи кетиб қолади, ёмонлай десанг – бунинг. Ҳаммадан ҳам унинг ўша чоғлар биз асири бўлиб юрган севги ҳақида айтганлари: аввал хўп ғашингга тегади-ю, китобий-стереотип қарашларингни бирдан парчалаб юборганини сезмай қоласан... бир кулгинг, бир йиғлагинг келади. Ўйлаб қарасам, ўшанда Шерқўзининг гапларини беихтиёр «ўғил бўлиб» эшитганман, чоғи: «Ҳе, содда болам! Хотин деб ўлиб-тирилиб пул йиғасан, тушириб ҳам оласан. Тўйдан кейин уч-тўрт ҳафта, чилланг чиққунча яшинмачоқ ўйнаб, қувлашиб ҳам юрасан. Кейин... бошланади – рўзғорнинг униси кам, буниси кам. Бир вақт қарабсанки, севги дегани донга қўнган чумчуқдек пир-р этиб учиб кетибди...» Қизиқ, ҳозир «Одамнинг оласи»га бугуннинг назари билан қарай олмаяпман, ҳарчанд уринмай, ўттиз йил наридаги таассурот босиб кетаётгандек... афсуски, ўша таассурот энди яхлит эмас, парчаланиб кетган – уни ўртоқлашиш имкондан ташқарида. Илож қанча, бошқача айтолмаганим боис «ёзувчининг маҳорати шундаки, ўқувчи тасвирланаётган воқеага бефарқ қарай олмайди, беихтиёр унинг иштирокчисига айланади» қабилидаги навбатчи, навбатчи бўлсаям рост гаплар билан чекланаман, маъзур тутинг.
...ёдингиздадир, 80-йилларнинг охирларида кўп қатори Аҳмад Аъзам ҳам ғоят фаоллашди: «Бу куннинг давоми», «Асқартоғ томонларда», «Ўзим билан ўзим» – бари шунинг маҳсули. Шу ўринда муҳим бир нуқтани айрича таъкидламоқ керак: кўпчиликдан фарқли, ААъзамда публицистиклик эмас, таҳлилий нигоҳ кучайди ва у жамиятда мавжуд ҳолат моҳиятига қаратилди. Муҳими – турли ракурслардан: «Бу куннинг давоми»да ўқувчи исмсиз қаҳрамон – У(н)га четдан назар солди, «Асқартоғ томонларда»да воқеликни Маҳдининг нигоҳи орқали кузатди, ниҳоят, «Ўзим билан ўзим»да беихтиёр «мен» мавқеидан туриб қарай бошлади. Яъни ёзувчи гўё «том устига том босиб» боради: қаламга олинган ижтимоий дардга ўқувчини босқичма-босқич яқинлаштириб, ўзига сездирмайгина шахсий дардига айлантиради.
Балки, айтганларимдан «нуқтаи назар билан боғлиқ мазкур усуллар атайин, муайян мақсадни кўзлаб қўлланган, бу эса ёзувчининг маҳоратидан дарак» деган фикр келиб чиқар. Албатта, шундай дейишга асос етарли. Лекин мен буни маҳоратдан кўра бошқа нарсага – самимиятга йўйган бўлардим. Зеро, бу асарлар, улардаги образлар ёзувчи фикрларини ифодалаш учун иллюстрация эмас, йўқ, унинг учун шуларни яратиш жараёнининг ўзи – изланиш, моҳиятга яқинлашишдир. Айни шу нарса – ёзувчининг ижод онларидаги маънавий-руҳий изланишлари жараён сифатида акс эттирилади, натижада ўқувчи сабоқ олувчи эмас, балки изланишларнинг бевосита иштирокчисига айланади – икки ўртада ҳамфикрлик, ҳамдардлик асосидаги самимий мулоқот, кўнгил ошнолиги юзага келади. Дарвоқе, ушбу асарлар яратилган 80-йилларнинг адоғи фикр аҳли учун чинакам маънавий-руҳий изланишлар даври эди. Ҳаммасидан ҳам қандайдир беш-олти йил давомида тафаккуримизда юз берган ўзгаришлар шиддатини айтинг! Назаримда, А.Аъзам шу учала асарда ўзгаришлар шиддати ва моҳиятини муҳрлаб қўйишга улгургандек:
биринчисида У «бундай яшаб бўлмайди» деган қарорга келади;
иккинчисида Маҳди «одам бир нарсани тубдан ўйлаб олса-ю, ҳеч нарсани ўзгартирмаса, яна шундай яшайверса... Йўқ, мумкин эмас» дея эртадан ҳаракат бошлашга чоғланади;
учинчисида эса ўзгаришни ўзидан бошлаган, «кўнглини худди уй кўтаргандек» саришта қилиб, «кўнглимнинг тубидан шунақа туйғуларим топилаётирки!.. Шунчалар бадавлат эканимни ўзим билмай, қашшоқ-бенаво юраверган эканман» дея ҳайрон турган, энди ўзини дунёни кўнглига мувофиқ ўзгартиришга қодир ҳис қилаётган одамни кўрамиз... Эҳтимол, жоиз эмас кўринар, шундай бўлса ҳам айтгим келди: мазкур фикрлар А.Аъзам асарлари эълон қилиниши билан пешма-пеш ўқилганда туғилган. Ўшанда «Бу кун... ва унинг давоми» номли бир мақола ёзган ва унда учала асарда аслида бир одамнинг ижтимоий тафаккурда шиддатли ўзгаришлар кечган қисқа бир даврдаги маънавий-руҳий тадрижи кузатилган, деган фикрни ўтказишга ҳаракат қилгандим. У пайт таассуротларим ҳали оҳорли бўлганигами ё қаҳрамонларнинг маънавий-руҳий изланишлари кўнглимга ёт эмаслигигами, ҳар тугул, наздимда дурустгина мақола чиққан ва юқоридаги фикр етарли асослангандек эди. Лекин таҳририятлар фикри ўзгачароқ бўлди, чоғи, умид билан жўнатган қўлёзмалар бедарак кетди, аксига олиб, ўзимда нусхаси сақланмаган... «Йўқолган пичоқнинг сопи олтин» дейдилар, шунданми, ўша мақолам ҳануз жуда бўлакча ёзилгандек туюлаверади-да...)
...энди оҳорли таассуротларга келсак. «Ҳали ҳаёт бор» қиссасини ўқиркан беихтиёр Гоголнинг «Ревизор»и ёдга келади. Унда ҳам ҳамма гап битта воқеа – нашриётнинг оддий бир ходими Аъламнинг марказқўмдан йўқланиши атрофида айланади. Шу биргина воқеа ва ўша воқеага нашриёт ходимларининг муносабати... «Ахир, қисса дегани бундай бўлмасди-да! – беихтиёр назарий бисотимни титкилай бошлайман. – Қиссада бир-бирига боғлиқ воқеалар занжирдек тизилгучи... бу воқеаларнинг бари асосий қаҳрамон билан боғлиқ... улар ўша қаҳрамон характерини очиб беришга хизмат қилгучи... яъни қиссадаги воқеалар восита, пировард мақсад қаҳрамон бўлгучи эди...» Хуллас, назарий қоидалардан келиб чиқсак, бу қисса эмасдек. Лекин... маза қилиб ўқиганингни ҳам инкор қилолмайсан-да, одам! Э-э, шу, адабиётшунос деган номинг бор, ўрганиб қоларкан одам, маза қилиб ўқиганингни бир ён суриб, йўл излайверасан экан: ҳикоями? қиссами?.. Яна, ҳақиқатдан узоқроқ бўлсаям эҳтимоли йўқ эмас, эртами-индин «қисса дегани мундоқ бўлур...» дея ҳижжалаб тушунтирганингда, бирон талабанинг «фалон қисса-чи?» деб қолиши ҳам бор...
(Фаҳмлагандирсиз, ҳануз танқидий асарни кенг омма ўқийди деб ўйлаб юрганимдан бўлса керак, буларни «олимона гаплар кимгаям керак, асар ҳақидаги гапингни айт-да қўймайсанми!» деган эътироз дафъига, узрхоҳлик мақсадида айтаётирман.)
...ҳолат шундайки, жанрни белгилаб олиш чиндан ҳам зарур экан. Фикримча, «Ҳали ҳаёт бор» асари – қиссанинг насримиздаги янги бир кўриниши, унда ҳикоя ва драмага хос поэтик хусусиятлар уйғунлашгани ҳолда қисса проблематикаси етакчилик қилади. Ҳикоядаги каби унда битта воқеа қаламга олинган, воқеа ўз ҳолича эстетик қиммат касб этади (яъни, қиссадан фарқ қилароқ, воқеа қаҳрамонга нисбатан восита эмас). Драмадаги каби унда битта воқеа – Аъламнинг марказқўмдан йўқланиши драматик конфликтли ҳолатни юзага келтиради: барча персонажларнинг хатти-ҳаракатлари шу билан боғлиқ, воқеанинг изчил ривожидан кўра у юзага келтирган ҳолат муҳимроқ. Яъни воқеанинг изчил ривожи эмас, ҳолатнинг ички ривожи устувор. Шунга кўра, сюжет эпизодлар – драмадаги каби алмашиниб турувчи кўринишлардан таркиб топган. Ҳар бир кўринишда муайян персонажлар иштирок этади, уларнинг қиёфаси драматик ҳолат билан бевосита боғлиқ ҳолда очилиб боради. Тўғри, ушбу эпизодларни қаҳрамон – Аълам билан боғлиқ сюжет чизиғи бирлаштиради. Бироқ, гарчи сюжет ўзагини ташкил қилса-да, Аълам чизиғи ғоят ихчам: ҳовлисида кўмир ташиётганида хабарчи боради – ишга келиб нима гаплигини аниқлайди – ариза бериб ишдан кетади. Яъни асар структурасида бу чизиқнинг ёрдамчи функцияда экани атайин таъкидлангандек. Ҳолбуки, мабодо бадиий ният ижросида, муаллиф концепциясини ифодалашда шу чизиқ доминантлик қилганида, назарий қоидаларга тўла мувофиқ ҳикоя яратилган бўлур эди. Ният эса бошқа, яъни бутун бошли бир жамоа – жамиятнинг бир ҳалқаси қиёфасини, маънавий қиёфасини чизиш, худди шу нарса асарни ҳикоя жанри доирасидан чиқаради. Зеро, асар қаҳрамони Аълам деганимиз билан, у фақат структура нуқтаи назаридангина ушбу мавқени эгаллаган, концепция нуқтаи назаридан эса ЖАМОА қаҳрамон бўлиб чиқади. Айни шу жиҳатлар «Ҳали ҳаёт бор»ни қиссанинг ўзига хос янги бир кўриниши дейишимизга асос беради.
Аслида-ку, қисса асосида оддийгина воқеа ётади, ҳаётда бунга ўхшаш воқеаларга кўплаб дуч келинади ва кейинча шунчаки латифа мисоли эслаб кулиб юрилади. Дейлик, агар нашриёт раҳбарига сим қоққан Гулимоҳ Юлдузовна «Камолов Аълам ҳали ҳам сизда ишлаяптими?» деб сўраган маҳал столидаги бошқа телефон жиринглаб қолмаганида (шундай бўлиши мумкин ва табиий, ахир, балки унга ҳам юқоридан сим қоқишгандир, балки уйидан, балки бошқа – аҳамияти йўқ!), нашриёт ари уясидек тўзиб кетмаган, қиссада ўқиганимиз машмашалар ҳам йўқ эди. Мантиқан қараганда, Гулимоҳ Юлдузовна муддаосини айтмасдан «Кейин гаплашамиз!» дея гўшакни қўйган экан, бунчалик хавотирга ўрин бўлмаслиги керак эди. Бироқ қиссада тасвирланган муҳит (давр) шундайки, ундан доим ҳам мантиққа ростликни излаш бефойда. Зеро, бу муҳитда «юқори – ҳаммавақт ҳақ», у қуйидагиларни хоҳлаган кўйга солиши мумкин; қуйи «Ўйнашмагин арбоб билан...» нақлини дастуриламал билади, юқори қаршисида «қўл боғлаб» туриш одат, мутелик ҳамманинг қон-қонига сингиб кетган. Шу боис ҳам нашриёт директори учун йўқлов табиий ҳол эмас, шўрлик «бир иши бордир, сўрагандир, ҳали айтар» деб қўяқолишга ожиз, калтакнинг бир учи ўзига тегишидан хавотирда. Ажабланишга ҳеч ўрин йўқ: муте инсон ўзини ҳамиша айбдор ҳис қилади (исталган вақтда айбдор қилиниши мумкин-да!), чунки у юқори қаршисида гўё онадан туғилгандек бир алфозда – иштонсиз, чўпдан ҳадик олиб яшашга мажбур. Шу жиҳатдан қаралса, директор ва озми-кўпми «масъул»лиги бор бошқа ходимларнинг ўзларини муҳофаза қилишга қаратилган (ва бизга нотабиий кўринган) ҳаракатлари улар учун табиий зарурат бўлиб чиқади. Демак, шу ҳолни келтириб чиқарган муҳитнинг ўзи норасо. Афсус, нашриёт (муҳит)да ҳамма шунга кўнган: бирлари кўнгангина эмас, мавжуд ҳолат ва ундаги ўз ўрнини сақлаб қолиш учун андишани бир четга суриб қўйиб жон-жаҳди билан тиришади; бошқа бирлари лоқайд томошабин бўлиб туради. Таъкидлаш жоиз, ёзувчи персонажларнинг хатти-ҳаракатлари, гап-сўзларини четдан туриб, гўё бетараф тасвирласа-да, уларнинг руҳияти ўқувчи кўз олдида шаффоф ҳолда намоён бўлади. Шу боис ҳам ёзувчининг айтиши шарт эмас, ўқувчи «бундай яшаб бўлмайди, бундай яшаш инсонлик шаънига нораво!» деган фикрни уқиб олаверади. Сираси, бу Аҳмад Аъзамга хос маҳорат қирраси... (Дарвоқе, биргина одам, кўнглида эркинлик туйғуси ўлмаган Аъламгина мавжуд аҳволга кўнмайди – ариза ёзиб ишдан кетади. Тўғри, бу қаҳрамонлик эмас, муҳими, ёзувчи ҳам буни қаҳрамонлик дея талқин қилиш фикридан йироқ. Зеро, ҳақиқатда бу ўзини инсон ўлароқ ҳис этган, тириклик маъноси тирикчиликкина эмаслигини англаган киши борки қилишга бурчли ҳаракатдир. Фикримча, қисса қаҳрамонининг орқа планда қолдирилиши ҳам шу фикрни таъкидлашга хизмат қилади) ... айтмасданоқ ифодалаш маҳорати.
«Қатағон йили» ҳикоясини ўқиб, «Аъламнинг ҳаракати қаҳрамонлик эмас» дея ҳукм чиқарганда бироз шошмадиммикан деган андиша туғилади кишида. Ҳикояни ўқиркан, беихтиёр яқин ўтмишдаги «пахта кампания»лари эсга келади: қулф осилган идораю муассаса эшикларидаги «ҳамма пахтада» ёзувлари... ёпилган бозорлар... тўхтатиб қўйилган автобус йўловчиларининг «йўл ҳақи» учун пахтазорга ёйилиши... шанба-бозор кунларидаги кўчаларни тўлдирган автобус карвонлари... – айтиб нима қилдик, булар кўпчиликнинг ёдида ҳали. Хуллас, 1982 йил ноябрь ойидаги зарбдор кунлардан бири, «Далаларда яккам-дуккам бирчигит қолган, совхоз октябрь ойи ўрталарида планни дўндириб бажарган-у, элу юрт ҳали-ҳамон шу бажариқни тўлдиролмай жон-ҳалак, бўлҳа-бўл ҳиқилдоққа келган». Асаблар таранг, бунинг устига кеч куз изғирини ачитиб турган бир пайт оиласи билан уйига – Тошкентга қайтиш учун улов пойлаб турган ҳикоячи билан милиционер ўртасидаги даҳанаки жанг қаламга олинган ҳикояда, шу холос.
Юқоридан «одамлар юрмасин кўчада» деган топшириқ берилган – ҳамма пахта ҳосили учун курашиши шарт! Яхши эслайсиз: шўро даврида «план»дан кейин «мажбурият» дегани бўларди. Ўшанда «мажбурият» деб юраверган эканмиз-у, сўзнинг моҳиятга нақадар мослигига эътибор қилмас эканмизми-ей?! Чинданам «мажбурият» дегани кўпроқ турли даражадаги «бюро» ва «штаб»лардаги дўқ-пўписалар, раису биргатларнинг зуғумлари, мелисанинг ҳайбати билан бажарилмасмиди?! Ё ҳар қадамда илинган қизил матодаги шиорлар, радио-телевидениедан янграган чорловлар шунчалар кучли... Ҳай, майли, бу бошқа масала. Хуллас, мелисага «одамларнинг кўчада эмас, далада бўлиши»ни таъминлаш юклатилган. Шўрлик қуюшқондан чиқилаётганини билади, лекин ўзига юклатилган вазифани сўзсиз бажаради: «Энди... ишимиз шу-да. Бажар, деса – бажарамиз. Топшириқ қаттиқ». Мундай қарасанг, мелиса юқорининг топшириғини оғишмай бажаради, пахта сиёсати ҳаммага тенг дея барчадан итоат талаб қилади, дағдағалари қўрққулик; одамлар ҳам унинг талабини бажараётгандек, айни чоғда, у билан сичқон-мушук ўйнаётган мисоли эвини қилиб тирикчилик юмушига ҳам уннайдилар.
Сираси, Саид бово «эшонбовомизнинг уллари» билан кўришишга жаҳд қилмаганида, ўз навбатида, «таваррик одамнинг боласи» ҳам чолнинг гапига кулмай қўяқолса, олам гулистон эди – ҳаётнинг «сичқон-мушук» ўйинига монанд оқими давом этаверарди. Лекин бундай бўлмади: Саид бово ниятидан қайтмади, ҳикоячимиз эса кулиб юборди-да! Худди шу нуқтада мелиса йигитнинг битта қиёфаси кўз олдимизда мукаммал суратланади:
«Бу ерда мен рухсат берсам куласиз!»
Кўряпсизми, қаршимизда энди шунчаки бир милиция нозири эмас, балки нақ ҳокими мутлақ турибди: қўйиб берсанг «Мен рухсат берсам нафас оласан!» дейишдан ҳам тоймайдиган алпози бор. Шўро замони ҳақида гапира туриб «мустабид тузум-мустабид тузум» дея нолиймиз-у, асли тузум дегани шунчаки мавҳумот эканлигини кўпда ўйламаймиз. Ҳолбуки, мустабид тузум ҳам мен, сен ва у – биздан ташкил топади. Унда яшаган ҳар биримиз қай даражада муте бўлсак, шу даражада мустабид ҳам эдик, зеро, мутелик билан мустабидлик бир-бирини тақозо этувчи эгизак тушунчалардир. Қаранг, мелиса йигит марказий газета мухбири (яъни ўз тушунчасида юқорининг вакили) балан гаплашаётганини англаши биланоқ вужудидаги мустабид изсиз йўқолди: «Бошдан шуни айтмайсизми?» – дея ўзини оқлашга, узрхоҳлик қилишга ўтади. Ана энди унинг додини тингланг: «Мана, кечаги бозор, қор уриб турибди.Одамлар инсофинг борми, картишка-партишка олиб олайлик, бир соатгина оч, деб чуввос ёпишишди менга. Қор-ку, эрталаб бўлса, шу ҳавода ким ҳам далага чиқарди, дебман. Майли, ярим соат муҳлат, бозорларингизни қилиб олинглар, лекин хафачилик йўқ, дедим». Ҳа, мелиса йигит бир лаҳзагина ҳамқишлоқларига юқорининг вакили эканлигини унутиб муносабатда бўлди ва... балога қолди: «Одамлар энди дарвозадан кириб, савдони бошлаган эди, бабиллаб қора «Волга» кепқолди. Одамларга ҳеч нарса дегани йўқ. Менга қараб: «Онайни фалон сани! Санга шапка кийдирганни онасини!» деб ке-етди!..» Эндигина ҳаммани бир оғиз «рухсат» дейишига маҳтал қилиб турган мелиса йигитни бу қадар тўзитиб сўкаётган райком бува бўладилар. Ким билсин, бундан сал илгарироқ бошқа бирови, дейлик, пахта топшириш графиги бажарилмагани учун унинг-да онасини айбдор қилганми? Эҳтимоли асло йўқ эмас, зеро, мустабид тузумда «мушт кетди» қоидаси амал қилади: қуйи поғонадаги шўрлик аввал «Энангни қози...» дея аламини ютади, сўнг... ўзидан қуйидагига сочади. Эҳ-ҳе, қурғур алам сочган билан тугай қолсайкан, кўнгилга тошдай чўкавергани ёмон. Мелиса йигитнинг алами ҳали янги, кўнгли ҳануз йиғлаб турибди, «Майли, шу одамларни деб сўкиш эшитаман» дея ўзини овутмоққа ҳаракат қилади, лекин «биронтаси, эй инсон, сўксанг, ўзини сўк, онасида нима айб демагани ботиб кетади». Кейин ҳамқишлоқларидан гина қилишга ҳаққи йўқлигини ҳис қилиб, алами бир баҳя кўтарилади: «Э-э, бечораларга нима ҳам дейман, ҳаммамиз шундай». Қаранг, мелиса йигит хўрлик кўргач ўзини ҳамқишлоқлари билан битта қайиқда ҳис қилади, лекин кўнглида йилт этган исён учқунини дарҳол сўндириб, ўзини шу қисматга кўнишга чоғлайди: «Кетворай десам – иш бу, тирикчилик деган нарса бор. Ҳе, майли-да, биз бир кичкина одам, мелисаликни ҳам қилиш керак, бари бир. Бетни қалин қилиб юрибмиз-да...» Мана, кўз олдимизда мелиса йигитнинг иккинчи қиёфаси ҳам суратланди: у ҳам бошқалар каби муте бир одам... (боя «ҳар биримиз қай даражада муте бўлсак, шу даражада мустабид ҳам эдик» дегандим, шу фикрга яна қайтгим келди. Можаро муросага дўнгач, ҳикоячи «ҳалидан бери кўнглини босган бир ғашлик, ўжар бир гуноҳкорлик туйғуси» ҳақида сўзлайди, гувоҳномасини кўрсатганига уялиб кетганини айтади. Тўғри, ҳикоячи ўзини ҳимоя қилди, лекин бунга гувоҳномани кўрсатиб, мелиса йигитга унинг ўзи каби, яъни мустабидаларга хос муомала қилибгина эришди. Кўнглини нохуш кайфият чулғагани, уят ҳисси аслида шундан эмасми?!.) Энди юқоридаги андишага келсак, тан олақолай, «Аъламнинг ҳаракати қаҳрамонлик эмас» деганим хато: ўша шароитда ҳам ички эркинлигини сақлаб, инсонлик шаънини баланд тутиб яшашнинг ўзи қаҳрамонлик бўлмасдан нима, ахир?!.
Машғулотларда, сингадиган давраларда бир қарашда оддийгина ҳаётий ҳолатда ҳикмат кўришу моҳиятига теран назар солган ҳолда унга бадиий-фалсафий қиммат бағишлаш Аҳмад Аъзам ижодий манерасига хослигини таъкидлаб келаман. Янги китобини ўқиб, бир жиҳат назаримдан четда қолиб келганини сезиб қолдим. Мен ёзувчи хаёлоти билан боғлиқ, чамаси, «Ўзим билан ўзим»да ниш берган ва кейинча иккита шох чиқариб ривожланган жиҳатни назарда тутаман. Бу шохларнинг бири – лириклик, яъни воқеликни тасвирлаш эмас, муносабат ифодалашнинг олдинги планга чиқиши... (Ҳа-я, «Ўзим билан ўзим» эълон қилинган пайтлар шапалоқдай бир нарса ёзиб, унинг лирик асар эканлигини исботлашга уринган, ўзимни янги гап айтолган санаб қувониб юрганим бор. У пайтлари рус адабиётидан дарс берганимгами ё рус тилида ёзиш урф бўлганигами, мақолани русча ёзиб, «Жанровое своеобразие поэмы А.Агзама «Наедине с самим собой» деб атабман. Номни қаранг! Давомини ёзмаса ҳам бўлаверадигандек эди-ёв…) Китобга новелла деб киритилган «Гул кўтариб кетаётган эркак»да худди шундай: унда эпик асарга хос воқеабандлик, баски, ҳикоячи йўқ, унда кўзи тушиб турган ҳолатни мушоҳада этаётган муаллиф – лирик субъект бор, яъни у моҳиятан лирик асар. Шохларнинг иккинчиси – хаёлда яралган воқеанинг қаламга олиниши: «Соясини йўқотган одам», «Нотўғри туш» ҳикояларида шундай. Албатта, улар шунчаки хаёлот маҳсули эмас, балки шу воқелик таъсирида, у ҳақдаги ўй-қарашларни, ЎЗни ифодалаш воситаси ўлароқ яратилгандир. Ўзи сезмагани ҳолда соясини йўқотиб қўйишу туш ичида туш кўришлар... – сағал модернистикроқ изланишлар иси келмаяптими?!. (Хабарингиз бўлгандир, яқинда интернетда икки катта ижодкорнинг мунозараси кетиб, баҳс қизиғида «сизнинг авлодингиз нима қилиб қўйибди?» қабилидаги таналар ҳам ўртага чиқди. Камина томонларнинг бирини ёқлаш фикридан йироқман-у, лекин инсоф юзасидан биздаги модернистик изланишлар илк бор 70-йиллар авлоди, жумладан, Аҳмад Аъзам ижодида бўй кўрсатганини эътироф этиш лозим деб ўйлайман. Фақат, улар истиҳола қилишганми ва ё у пайтлар «модернист» дегани деярли тавқи лаънат бўлганигами, ҳар тугул, ўзларини модернист деб аташмаган. Сираси, гап бунда ҳам эмас, гап бадиий тафаккур ривожининг узлуксизлиги ва бу жараёнда ҳар бир авлоднинг ўз ўрни борлигида, яна бу ҳолнинг ихтиёримиздан ташқари мавжуд эканлигида...)
Аҳмад Аъзам янги китоби муқовасига «Кўп ишни қилиб кўрдим, турли юмушга қўл урдим. Лекин ҳеч бири ёзишга, ёзиш берадиган машаққатли завққа тенг келмайди...» деган изҳорини ёздириб қўйибди. Ҳақиқатан ҳам, китобга ёзувчи, назаримизда, адабий жараёндан бироз четлашиб қолгандек, «турли юмушга қўл уриб» юрган вақтлари ёзилган асарлар киритилибди. Муаллиф «ёзиш берадиган завқ» ҳақида айтибди, илло, ўқиш берадиган завқ ҳам бундан кам эмас. Шуни ўйлаб, китобга кирган асарларнинг айримларига, шунда ҳам мухтасар тўхталдим – ўқиб оладиган завқингиз ўзингизники бўлсин, дедим-да.
2012 йил
Dilmurod Quronov