← Dilmurod Quronov
|

“Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim...”

Dilmurod Quronov

Maqola · 2009

Sarlavhaga chiqarilgan Choʻlpon misrasida “Anodin qay kuni tugʻdim, sening ishqing bilan yondim” deya figʻon chekkan xijronzada Mashrab, umuman, Haq ishqini kuylab oʻtgan salaflar anʼanasining taʼsiri yoʻq emas. Biroq mudom “koʻngli yangilik qidirib” yashagan Choʻlpon salaflari faol qoʻllagan “ishq”, “oshiq”, “yor” obrazlariga yangicha maʼno yukladi: uning talqinida “yor” yurt ozodligiyu, “oshiq” erkka tashna koʻngildir...

Shoir-da, ozroq mubolagʻa qilmasa boʻlmaydi, dersiz?! Yoʻq, uning “ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim” deyishi mubolagʻa emas. Zero, tanglayi millat dardi bilan koʻtarilgan, Taraqqiy va Istiqlol ishqi vujudiga sut bilan kirganu yurak qoniga aylangan uning. Mubolagʻaning dafʼiga mubolagʻa keltiryapti, demang, asli oʻzi shunday...

... 1913 yilda Rusiya jadidlari rahnamosi, “Tarjimon” muharriri Ismoilbey Gʻasprali nomiga Turkistonning uezd shaharlaridan birida yashab turgan oʻn olti yoshli yigitchadan maktub boradi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: “Andijonning baʼzi buyuklari menga derlar: “Sen “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjimon”, “Vaqt” va “Iqbol” oʻqiysan, na uchun Mirzo Bedil va Xoʻja Xofizlarni oʻqimaysan? Bu savolga javob berishga ojiz qoldim. Agar javob bor boʻlsa, “Tarjimon”da chop etilishini qayta-qayta iltimos qilaman. Agar javob yoʻq boʻlsa, bu “yangi adabiyot”ni suvga, otashga otib, bor vaqtimni Mirzo Bedil va Xoʻja Xofizlar mutolaasi bilan oʻtkazayin”. Bu — oʻsmir yoshidayoq jadid nashrlari bilan yaxshigina tanishib, ulardagi gʻoyalarni ruhiga singdirgan, atrofidagilar ularning ahamiyatini anglamayotgani, qabul qilolmayotgani, qarshi turganlaridan yuragi zada Choʻlponning ustozdan maʼnaviy koʻmak soʻrab bitgan iltijosi. Maktub ohangidan seziladiki, muallif qaysi yoʻldan borish masalasini oʻzi uchun hal etib boʻlgan, faqat yoʻl boshida turgan chogʻi dilidagi ikkilanishlar, shubha-gumonlarni yengish uchun kichik bir dalda, ragʻbat kutyapti, xolos...

... oʻziga toʻq savdogarning yolgʻiz oʻgʻli, tahlikali yoʻlga kirish oʻrniga otasining topganini yeb yotsa yoki birini oʻn qilay deb astoydil bel bogʻlasa boʻlmasmidi?! Yoʻq, boʻlmas edi. Chunki murgʻak diliga ingan ishq qarshisida “dunyoga nega kelding? Yashashdan muddaoing ne?” tarzidagi savollarni koʻndalang qilib qoʻygan edi. Oʻsmir yoshidayoq bu qadar murakkab savollarga javob izlashga jazm etgani, taqdim etilgan yoʻllar ichidan oʻziga taqdir etilgani — tirikchilik emas, TIRIKLIK yoʻlini tanlagani...

....qalblar tutash boʻlsa, muloqot uchun masofa ahamiyatsiz. Ismoilbey Boqchasaroyda turib gʻoyibona shogirdining holini fahm etdi. Tasodifmi, yo savqi tabiiysi bilan maktub egasining KIMligini his etganmi, hartugul, Andijondan “olganimiz ajoyib bir maktub chop etish va diqqatga loyiqdir. Sohibi maktub bizdan ancha goʻzal soʻylaganidan yozganlarini aynan keltiramiz” deya maktubni “Tarjimon”da eʼlon qiladi. Ustoz javobida “yangi adabiyot”ni suvga, otashga otaman” deya poʻpisa qilgan shogirdni biroz koyigach, Bedilu Xofizlar mutolaasi ham zarur, ayni choqda, zamona ahvolidan ogoh boʻlish uchun “yangi adabiyot”ni oʻqish kerakligini uqdiradi. Ismoilbeyning javobi, adabiyotning ahamiyati haqidagi fikrlari Choʻlpon muhtojlik sezgan dalda boʻldi, endi u oʻylaganlari, tanlagan yoʻlining toʻgʻriligiga qanoat hosil qildi. Yarim yil moʻlroq oʻtgach eʼlon qilingan “Adabiyot nadir?” nomli maqolasida u millat taraqqiysi uchun adabiyotning nechogʻli muhimligi, buning uchun adabiyot masʼulligini imkoni qadar asosladi, “Adabiyot yashasa millat yashar”degan xulosaga keladi. Bu yosh Choʻlponning anglangan ijodiy kredosi, ijoddagi dasturulamali boʻlib qoldiki, ilk qadamlaridanoq uni amalga oshirishga kirishdi: “Qurboni jaholat”da yurtining zabun holatini Eshmurod koʻzi bilan koʻrib ezildi, Muhammadiyorga qoʻshilib bu holning sabablarini qidirdi, undan chiqish yoʻllarini mushohada qildi. Publitsistik chiqishlarida “butun dunyoda manbatlikning (hosildorlik – D.Q.) birinchisi Amriqo boʻlsa, bizning Turkiston ham ikkinchi”-yu, nega xalqimiz nochor kun kechiradi? tarzidagi kunning oʻta muhim muammolarini oʻrtaga tashladi, kuyinchaklik bilan yechim izladi. Choʻlponning behato baholash mezoni — Taraqqiy, u mavjud holatni vatanining ertasi, taraqqiysi nuqtai nazaridan baholaydi, shunga mos munosabatda boʻladi. U yurtining tanazzuliga bois hollarni koʻrib qancha ezilsa, istiqboli uchun xayrli hollarni koʻrib shuncha quvonadi. Mana, uni quvontirgan hollardan biri: Andijon stantsiyasi qurilishini “shundogʻ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar koʻrub, ularning qoʻliga oʻtib ketayotganiga ichlari achishgan” mahalliy ishbilarmonlardan biri pudratchi sifatida olgan. Choʻlpon aql va tadbir bilan ish yuritadigan, oʻz foydasi bilan birga millat manfaatini ham koʻzlaydigan ishbilarmonlarning koʻpayishi yurtini obod, ozod va maʼmur qilishiga ishonadi. Maqola yakunidagi daʼvat ana shu ishonchga yoʻgʻrilgan: “Abdulla afandidek namuna koʻrsatgʻuchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub, vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar choʻntagiga solmasdan va bermasdan, oʻz choʻntakimizda olib yurmakimiz kerakdur. Bizga shundogʻ ishlarga kirishmoqgʻa vaqt!... Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!..” Axir, bu gaplar mustamlakachilikning jon joyiga urmaydimi?! Jurʼatni qarang...

... oʻn yetti yosh — imkoniyatlaring beadad, qoʻl choʻzsang serviqor choʻqqilarga ham yetguday, jurʼat odatiy hol boʻlib tuyuladigan fasl. Bu pallada loaqal bir bor xayolan olamni lol qilishga chogʻlanmagan kim bor?! Yosh Choʻlponga ham, tabiiy, bu narsa yot emasdi, biroq u butun iqtidorini millat taraqqiysi maqsadiga boʻysundirdi. Shunchaki, yozuvchi degan nom olish, koʻngil xushligi, non yoki shon topish uchun qalam tebratmadi...

... Choʻlpon oʻz yoʻlini anglangan tarzda tanladi, uni oʻzining qismati bilib, sobit qadam qoʻydi:

Darhaqiqat, yoʻl uzoq va mashaqqatli; koʻzlangan maqsad — Yulduz, u goh bulutlar ortida koʻrinmay qoladi, goh ojiz miltirasa, goh charaqlab koʻzni qamashtiradi. Bu yoʻlda bekatlar talay, faqat ularni ikki turligina atash mumkin — UMID yo UMIDSIZLIK. Umid bekatlari — 1917 yil fevral inqilobi, Buxoro jumhuriyatining tashkil topishi, “bosmachilik” tamgʻasini olgan milliy ozodlik harakatining kuchayishi... Umidsizlik bekatlari — Qoʻqon muxtoriyatining qonga botirilishi, Buxoro jumhuriyatining tugatilishi, milliy ozodlik harakatining yagona kuchga birlasholmay parokanda boʻlishi...

Joni-jahonini tikib, butun vujudi bilan Yulduzga talpingan yoʻlchining Umidsizlik bekatlaridagi ruhiy holatini tasavvur qila olasizmi? Bir bekatdan ikkinchisiga muttasil koʻchib yurish uni necha bor oʻldirib-tirgizganini-chi? Umrining bahori — yigitlik davrining besh-olti yili mobaynida roʻy bergan evrilishlar, ulardan keluvchi iztiroblar necha-necha umrni xazon qilishga yetarlidek koʻrinmaydimi?! Shunda-da “bor-e, jonim sabilmi” demasa, yoʻlidan qaytmasa, uni yoʻlida sobit qilgan nimaykin?.. Choʻlpon umidsizlik bekatlaridan birida, tushkunlikning zoʻridan ruhi sinayozgan pallada koʻngliga xitob etadi:

Shoir eʼtiqodiga koʻra, koʻngilning “kishanlar bilan doʻstlashmogʻi” mumkin boʻlmagan hol, uning hurligi daxlsizdir. Choʻlpon oʻziga xitoban “Tiriksen, oʻlmagʻonsen, Sen-da odam, sen-da insonsen” deydi. Zero, uning nazdida inson shaʼni juda baland, tirik odam borki koʻngil hurligini saqlamogʻi lozim, faqat shugina uni INSON degan yuksak maqomda tutib turadi. Shu eʼtiqodda mustaqiym ekani uni ezgu yoʻlda sobitqadam qildi...

... insonlik shaʼnini yuksak qoʻygani, hur tugʻilgan inson hur boʻlmogʻi lozim, HURLIK insonlikning javhari deb bilgani...

... koʻksiga mushtlab “vatanim, xalqim” deguvchilar, minbarlardan joʻshib-yondirib soʻzlaguvchilar, varaq-varaq sheʼru doston bitguvchilar hamisha yetarli boʻlgan. Biroq masala oʻsha vatan, oʻsha xalq uchun nedandir — halovatdan, moldan yo jondan kechishga borib taqalsa, — gʻalvir suvdan koʻtarildi, deyavering... Choʻlpon bularning baridan kecha oldi. Zero, u chinakam “oshiq”, “yor”ga yetishdan oʻzga muddaosi yoʻq. Yurt ozodligini “yor”, unga intiluvchini “oshiq” deb bilgan shoir yorga yetishmoq uchun oshiq dilining boshqa har nedan forigʻ boʻlishini shart qilib qoʻyadi. Biroq, ilojimiz qancha, manfaat deganlari ham bor narsa, biz koʻp-da nazarga ilavermaydigan, ammo har qanday ezgu niyatni gʻorat, uning tegrasidagi hamjihatlikni barbod qila oladigan kuchdir u. Axir, “bosmachilik”ning yagona kuchga birlashib, keng koʻlamli milliy ozodlik harakatiga aylana olmagani, Buxoro hukumatining rahbarlari orasidagi kelishmovchiliklaru ulardan gʻanimlarning ustalik bilan foydalanib qolganlari zaminida shu narsa — manfaati shaxsiya yotmaydimi?! Oʻzini “yurtimning pok istakli kuchimen” deya faxr etgan Choʻlpon, afsuski, maslakdoshlarining barida ham “pok istak”ni koʻrolmadi, shunda qalamidan “Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq”, “Angladim: sevgida har koʻngil buzuq!” degan iztirobu alamga toʻliq satrlar toʻkildi...

... soʻzi bilan amali, dilidagi bilan tilidagining birligi, vatan va millat manfaatini oʻzinikidan chandon baland qoʻyolgani, tom maʼnodagi FIDOIY ekanligi...

... darvoqe, Buxoro jumhuriyati. Choʻlponning unga bogʻlagan umidlari katta edi. Hukumat gazetasi muharriri vazifasiga taklif etilgach, yeng shimarib ishga kirishdi: Buxoroda turib Turkiston ozodligi uchun kurashni davom ettirishni koʻzladi, uni bu kurashdagi muhim platsdarm deb bildi, afsuski... Rahbarlar orasidagi kelishmovchiliklar gʻanimlarga qoʻl kelgani aytildi. Natijada Buxoro jumhuriyati shoʻrolar bilan yaqinlashdi, siyosiy hayotda bolsheviklar taʼsiri ustivorlik qila boshladi. Oʻzi muharrirlik qilayotgan gazetaning 1921 yil 3 noyabr sonida eʼlon qilingan “Tarixdan” nomli sheʼrida Choʻlpon yuz berayotgan voqealarga munosabatini oshkor etadi:

Qorongʻi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa elning baxtimidir “koʻlanka”ga sotilgʻon?

Shoir nazdida jumhuriyat hukumati olib borayotgan siyosat “el baxtini sotmoq”dan oʻzga emas, shu tufayli ham bu yerga kelganidan beri xayol koʻkida porlagan yulduzi soʻngan, bunda ham “qorongʻi kech” hukmronligi boshlangan. Xuddi shu ijtimoiy-siyosiy sharoitda Choʻlpon kasalxonaga yotadi va shu koʻyi gazetadagi faoliyatini ham toʻxtatadiki, buning tub sabablari sheʼrning yakunida oʻz ifodasini topadi:

Bu yaramas! — deya ogʻzim ochilmasdan bir buyruq:

“Mundogʻ achchigʻ figʻonlarga bu oʻlkada luzum yoʻq!”

Qorongʻi kech... Koʻk yuzida yulduzlarmi otilgʻon?

Yoʻqsa manim “ohlarim”mi boʻgʻizimda tutilgʻon.

Anglash mumkinki, Choʻlponning “Buxoro axbori”dan ketishining bosh sababi soʻz erkinligiga tajovuz qilina boshlaganidir. Bunday siqiq sharoitda gazetaga muharrir boʻlishidan na istiqlol maqsadiga va na xalqi uchun bir naf koʻrmagan shoir isteʼfo bergan...

... amal kursisini shunchaki egallab turishni, vijdoniga xilof-u yuqoriga maqbul ish olib borishni oʻziga ep koʻrmagani, ezgu maqsadiga bir odim boʻlsa-da yaqinlashtirmay oʻtgan vaqtini zoe bilgani, erkiga tajovuzni singdira olmagani...

... 1928 yilda yozilgan bir sheʼrida shoir oʻzini zoʻr dengiz qoʻynidagi somon parchaga oʻxshatadi, “Muhit kuchlik ekan, egdim boʻynimni... Oqishning yoʻliga soldim oʻzimni” deya eʼtirof etadi. Uning “boʻyin egishi” oson kechmagan, bungacha...

... endi rostmana oyoqqa turib olgan yangi tuzum Choʻlpon timsolida jon dushmanini koʻrib yanglishmadi, zero, shoirning koʻz yoshlaridan “chechaklar unishi” muqarrarligini angladi. Yoʻq, hurriyat deya maydonga chiqqan “oʻrtoqlar” shoirning xazin tortgan ovozini boʻgʻishni oʻzlariga ep koʻrishmadi, sopini oʻzidan chiqarib, bu ishni oʻzlari yetishtirgan mahalliy kadrlarga qoʻyib berdilar. Choʻlponni “koʻk shoiri”, “ziyolilar shoiri”, oʻtmishga yuz burgan “yigʻloqi shoir” deya turtkilashlar, sondan chiqarishga harakatlar boshlandi. Shoir qalb tugʻyonlarini yurtdoshlari tushunmayotgani, tushunishni istamayotganidan ezildi, “men koʻk shoiri emasman” deya sheʼrlar bitdi, boʻlmadi... Nachora, oʻn-oʻn besh yillar avval yoshlarning barini birdek yondirgan gʻoyalar endi oʻz oʻrnini boshqa — hali sarob ekanligi bilinmagan yangi gʻoyalarga boʻshatib berayotgan, sarobga aldanganlar OLOMONga aylanayotgan palla edi bu. Shiddatli oʻzgarishlar avlodlar almashinuvini gʻoyat tezlashtirgan, “buyuk amal”iga sodiq Choʻlpon esa hamon bir oyogʻi bilan oʻtmishda — istiqlol uchun kurash jabhasida qolgan edi...

... oʻzligini saqlagan ShAXS olomonga sigʻmaydi: Choʻlpon “yoʻqsil xalq shoiri emas” dedilar, ijodini xalq uchun zararli deb topdilar, shu xalqning “ziyoli” vakillari uni madaniyat xodimlari qurultoyidan quvib soldilar. Qurultoy fatvosini olgan tanqidchilikning Choʻlponga hurujlari kuchaygandan kuchaydi, 30-yillarning haybatli sud jarayonlarida navbat unga kelib qolgani ishora qilindi... Xullas, Choʻlpon nochor boʻyin egdi: Qurultoy hayʼatiga “Eʼtizor” yozib, “tushunmaslik” orqasida yoʻl qoʻygan xatolariga, yaʼni shu el, shu yurt qaygʻusi bilan yashaganiga tavba qildi, butun kuch-quvvatini “xatolarni ishchi-dehqon koʻnglidan ketkazish”ga sarflashga vaʼda berdi. Qurultoydan keyin Choʻlpon matbuotda kam koʻrinadi, oʻzi aytmoqchi, sozini “bir necha yil qantarib” qoʻyadi, chunki “koʻngil rozini aytib yigʻlamagan” sheʼrni sheʼrga sanamaydi. Faqat qarshisida “tuzalayotgani”ni koʻrsatish majburiyati turganidan, ora-chura shunga mos sheʼrlarini eʼlon qilib turish bilan cheklanadi...

... ayni ijodiy kuchga toʻlgan Choʻlponning oʻquvchisiga aytari hali bisyor edi, u yoʻl izladi: dardlarini tarjimalari qatiga joyladi, sheʼrlaridagi nozik ishoralar yordamida imkon qadar boʻshanishga intildi. Biroq shuning oʻzi uni qoniqtirolmas edi. Zero, masalaning tub mohiyatiga qaragani uchun u mavjud voqelik bilan toʻla kelisha olmas, shoirning tiyran qalb koʻzlari kundan-kun mustahkamlanayotgan tuzumning koʻpchilikka qorongʻu chizgilarini ilgʻar, bu chizgilar unga elining saodatidan xayrli fol ochishga yoʻl bermas edi. Choʻlponing millat qaygʻusida oʻtkazgan salkam yigirma yillik umri davomida koʻrgan-kechirganlari, iztirobli oʻylashlaridan tugʻilgan gaplari boʻgʻzida qotib turar, “aytsam oʻldirarlar, aytmasam oʻlam” deyiladigan holat yuzaga kelgandi. Shunday qaltis bir vaziyatda u oʻzining “oqqush qoʻshigʻi” — “Kecha” romaniga qoʻl urdi va... boshini kundaga qoʻydi. Zero, Choʻlpon unda erksiz qalami kashf etgan imkonlarni toʻla ishga solib, yaqin oʻtmishning oʻz nazdida HAQQONIY, lekin rasmiy nuqtai nazarga nomuvofiq epik manzarasini chizgan, bu bilan oʻzining zamonga haqiqiy munosabatini fosh etgan edi...

... olomon ichida ShAXSligicha qolgani, oqim boʻylab oqimga qarshi suza olgani, ajal qilichi ostida ham eʼtiqodidan qaytmagani...

... shunday yashagani, shunday oʻylagani, shunday ijod qilgani — Choʻlponning fojiasi: hayotida halovat koʻrmagani, hassos qalbi iztirbu alamlardan bir dam forigʻ boʻlmagani, qirchillama qirqida qirchinidan qiyilgani shundan.

... shunday yashagani, shunday oʻylagani, shunday ijod qilgani — Choʻlponning baxti: koʻz oʻngimizda Qaqnus qushday kuldan bosh koʻtargani, bugun barchaning tilida ekani, nomini tilga olganimizda koʻksimiz gʻururga toʻlib, koʻkragimiz bir koʻtarilib tushayotgani shundan.

“Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim...”

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov