← Dilmurod Quronov
|

Choʻlpon haqida soʻz

Dilmurod Quronov

Suhbat

Choʻlpon nomi qaytarila boshlanganidan soʻng u haqdagi ilk maqola 1987 yilda eʼlon qilingan edi. Shunga ham, mana, 20 yildan oshdi. Oʻtgan yillar mobaynida Choʻlpon haqida yuzlab maqolalar, oʻnlab kitoblar eʼlon qilindi. Hozirda oʻzbek adabiyoti haqida gap ketsaki, daromadida Choʻlpon nomi albatta tilga olinadi. Mana, bugun Siz bilan biz ham Choʻlponni yod etish uchun ertalabdan uning nomidagi boqqa yigʻildik, haykali poyiga gullar qoʻydik, ruhiga duolar qildik. Bir paytlari shivirlab, yon-veriga olazarak qarab tilga olingan shoir nomi bugun hammaning tilida, shu darajadaki, uning nomini bilmagan odamning oʻzi yoʻq.

Nega shunday? Nima uchun biz Choʻlponni ulugʻlaymiz? Shaxsi yoki ijodining qaysi jihatlari uni shundayin ulugʻ sharafga muyassar etdi? Choʻlpon ijodi boʻyicha shugʻullangan bir mutaxassis sifatida shu savolga javob izladim va oʻzimcha topgan asosiy sabablarni sanab oʻtmoqchiman.

Birinchisi. Choʻlpon tanglayi millat dardi bilan koʻtarilgan shoir edi. Uning hayotdagi amallari ham, ijoddagi izanishlari ham millatning ertasi haqidagi tashvish, millat taraqqiysi, millat ozodligi kabi ulugʻ niyatlar bilan chambarchas bogʻliq edi. Oʻn yetti yoshida jadidlar rahnamosi Ismoil Gʻaspraliga yozgan maktubi, “Bizni xalq” nomli sheʼri, “Qurboni jaholat”, “Doʻxtur Muhammadiyor” nomli hikoyalari, “Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar”, “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik” singari maqolalaridan boshlab to soʻnggi asarlarigacha goh oshkor, goh satrlar orasidan shu dard — millat dardi silqib turadi. Choʻlponning oʻn yetti yoshida eski shaharda “Shoʻroi islom” jamiyati ochgan qiroatxonaga mudirlik qilgani, fevral inqilobidan soʻng yurtim demokratik yoʻl bilan ozod boʻladi degan ishonch bilan shaharma-shahar, qishloqma-qishloq kezib saylovga tashviqot olib borgani; 20 yoshida Fargʻona muzofotidan Kavkaz turklari bilan aloqa bogʻlash uchun yuborilgan delegatsiya tarkibiga kiritilgani, 21 yoshida Boshqirdiston hukumati raisiga kotiblik qilgani — bularning bari Choʻlponning hayotdagi amallari ham millat dardi bilan chambarchas bogʻliq boʻlganidan dalolat beradi. Yaʼni, Choʻlpon elim deb, yurtim deb yonib yashagan, yonib ijod qilgan — bugungi ehtiromning bosh omili shunda.

Ikkinchisi. Shoir yuragida yurtiga, Vataniga nisbatan buyuk muhabbat bor edi. Muhimi, bu muhabbat yuzaki, havoyi emas, balki chin maʼnoda anglangan muhabbat edi. Choʻlpon Vatanni butun goʻzalligu xunukliklari, ulugʻligiyu tubanligi, qudratiyu ojizligi bilan — yaxlit holda, ulgurchasiga sevar edi. Choʻlpon uchun Vatan jugʻrofiy tushunchagina emas, balki his qilishga qodir jonli mavjudot. U Vatanni onadek, yordek, singildek sevadi. Bu bejiz emas. Zero, Choʻlpon haqiqiy erkak, haqiqiy erkak esa ona oldida, yor oldida, singil oldida hamisha masʼul, ularning buguni va ertasi uchun javobgar sanaladi. Choʻlponning mashhur “Buzilgan oʻlkaga” nomli sheʼrida Vatanga hitoban “Kel, koʻzingning yoshlarini soʻrib olay...” deyilishi ham shundan dalolatdir. Choʻlpon shu masʼuliyatni soʻnggi damgacha his qilib, Vatan-Onaning “koʻz yoshlarini soʻrib olish” istagi bilan yashagan.

Uchinchisi. Choʻlpon insonni buyuk muhabbat bilan sevgan, inson qadri, shaʼni, erkini baland qoʻygan ijodkor — tom maʼnodagi gumanist sanʼatkor edi. Choʻlponning “Kishan kiyma, boʻyin egma, Ki sen ham hur tugʻilgʻonsen” degan mashhur satrlari uning ijodiy va hayotiy kredosi, dasturulamali edi. Choʻlpon oʻz asarlarida erksizlik fojialarini, har qanday koʻrinishdagi mutelikning millat tanazzuliga omil boʻlishini koʻrsatdi, erkin fikrlay oladigan, oʻzining muqim hayotiy pozitsiyasiga ega va uni himoya qilishga qobil odamlarni sogʻinib yashadi. Erkka tashna yashagani, oʻzga insonning shaʼni, qadri, erkini yuksak qoʻygani, fikr erkinligini tan olgani uchun ham Choʻlpon 30-yillar mashʼum qatagʻon mashinasi domida turib ham birovga nisbatan soxta koʻrsatma bermadi — oʻziga, oʻzligiga hiyonat qilmadi.

Toʻrtinchisi. Choʻlpon yangilikka oʻch odam edi. Ijodda ham, hayotda ham hamisha yangilikka intilib yashadi. Toʻgʻri, yangilikka oʻch, yangilikka tashna odamlar ham koʻp boʻlgan. Biroq Choʻlponni ulardan farqlovchi muhim bir jihat borki, bu ham boʻlsa, unda yangilikka nisbatan munosabatni belgilaydigan bexato mezon borligi. U har qanday yangilikka “bu millat uchun, uning ravnaqi uchun foydalimi?” degan mavqedan yondashgan, maʼqullarini qabul qilgan, nomaʼqullarini inkor qilgan, qattiq tanqid ostiga olgan. Bugun, yurtimiz dunyoga yuz tutgan, dunyo hamjamiyatida munosib oʻrnini egallayotgan sharoitda Choʻlponning shu prinsipini oʻzimizga olish juda zarur boʻlib turgani oydek ravshan.

Beshinchisi. Choʻlponda rost soʻzni, haq soʻzni aytishga jurʼat, jasorat bor edi. Adib dardni oshkor aytib boʻlmay qolgan bir paytda xalq qiziqlariga havas qilib: “Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, xalq koʻpchiligi oʻz dardini bir yulgʻun bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda, xalqning ogʻir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, koʻpchilik fuqaroning dard va hasratini bironta xalq yoki saroy qizigʻi chiqib hazil yoʻli bilan yedirib yuborar edi”,— deb yozgan edi. Oʻsha dahshatli zamonda nomi “qora roʻyxat”lar boshida turgan Choʻlpon qiziqlar singari dardini “yoʻli bilan” boʻlsa-da aytdi. Buning uchun oʻtmishdagi qiziqlar kabi “oq uylik” qilinishi yoki boshi ketishi mumkinligini juda yaxshi bilgan — shunda ham aytgan. Negaki, u HAQ SOʻZgina boqiyligini, qiziqlarning “ogʻizlaridan chiqqan buyuk haqiqatlar” singari “haqiqatgoʻy shoirlarning oʻlmas asarlarigina” xalq koʻngliga yozilib qolishini, muchallardan muchallarga koʻchishini yaxshi bilardi. Shu eʼtiqod bilan qalam tebratgani uchun ham Choʻlpon asarlari hanuz qimmatini yoʻqotgani yoʻq, umid qilamizki, yoʻqotmaydi ham.

Bugun Choʻlponni yod etarkanmiz, uning ruhini shod etmoqchi boʻlamiz. Holbuki, Choʻlponni yod etish koʻproq oʻzimizga, sizu bizga kerak. Zero, bir tomoni, agar Choʻlpon ruhini, umuman, buyuklarimiz ruhini oʻzimizga singdirsakgina, millatning istiqboli porloq boʻladi; ikkinchi tomoni, millatning, yurtning istiqbolini porloq etish bilangina Choʻlponning, umuman, barcha buyuklarimizning ruhini shod etishimiz mumkin boʻladi.

Ajdodlar ruhini shod etib yashash barchamizga nasib boʻlsin.

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov