Yigirma yillar narida, aspirantlar uyidagi adabiy suhbat asnosi gap Muhammad Yusufga taqalganida, suhbatdoshlardan biri uni “qoʻshiqchi shoir” deya mensimayroq tilga oldi, sheʼrlarini havaskor mashq darajasida deb baholadi. U paytlar sheʼriyatimizning ifoda bobidagi yangicha izlanishlariga, xususan, modernistik oqimlarga mahliyo boʻlib yurgan vaqtlarim, bunga eʼtiroz qilmadim, rosti, qay bir darajada oʻzim ham shu fikrga moyil edim. Endi oʻylasam, oʻshanda oʻzimni “sof sanʼat”ni tushunaturgan xoslar qatoriga qoʻyib kibrga berilgan, nazarga ilmay turganim “joʻn” sheʼrlar muallifining shuhrati muttasil ortib borayotganiga gʻayirlik qilgandekman. Holbuki, karvon oʻtaverarkan... Yoʻqsa, adabiyotni hech kim bizcha tushunmasligiga qatʼiy inongan davramizning nopisand munosabatiyu bahosiga qaramay, Muhammad Yusuf shuhrati muttasil ortib borarmidi?! Koʻpchiligimiz adabiyot haqida hatto oʻylashga ham fursat topolmay, endi kitob oʻqiydirgan odam qolmaganiga deyarli inonib qolgan vaqtlar toʻplamlari ming-minglab nusxalarda chop qilinarmidi?! Axir, shularning oʻziyoq xalqning shoiriga beqiyos mehr-muhabbatidan darak emasmi?! Muhammad Yusuf fenomeni hikmatini anglashga urinarkan, beixtiyor yana ortga oʻgirilaveraman, yaqin oʻtmishdagi oʻzimni, oʻy-qarashlarimni taftish qilmoqqa berilaman... Chorak asrlar muqaddam, ish bilan poytaxtga borib qolganda adabiy gurunglar poygagida vujudim quloq boʻlib oʻtirish muyassar boʻla boshlagan paytlar, birinchi marta “yer shoiri” degan taʼrifni eshitganman. Bilsam, hali rasmiy doiralar domiga tushmagan, koʻngillarida erk sogʻinchi soʻnmagan yosh ijodkorlar davrasida bu bir baho – “teran tomirlaridan uzilmagan” degani... “xalqdan chiqqanman” deya birushta koʻksiga mushtlashiga qaramay xalqdan “chiqib qolgan” shoirlardan emas, degani ekan. Menga qolsa, xalqning shoirga mehrini toblab turgan bosh omil shu – to oxirgi nafasi qadar “yer shoiri” boʻlib qolgani degan boʻlardim. Oʻziga gʻoyat qisqa vaqt berilganini sezgan kabi, u ijodda yangi yoʻllar qidirib yurmadi – eski yoʻlga tushdi-da, bir darvesh misoli avval xalqining dard-hasratini, soʻng kulib boqqan toleini xirgoyi qilganicha oxir manzil tomon ohista boraverdi...
Xullas, Muhammad Yusuf “yer shoiri” degan bahoga har jihatdan loyiq, desak, ayni haqiqat aytilgan boʻladiki, goʻyo eʼtirozga oʻrin yoʻqdek. Shunga qaramay, yubiley bahona shunday oʻylashga asos beruvchi omillarni yana bir sidra koʻrib oʻtish bizni fikrimizda sobit, boshqa birovlarni hamfikr etishi mumkinligi jihatidan maqsadga muvofiq koʻrindi.
***
Mazkur omillar ichida birinchi oʻringa hech ikkilanmasdan shoirning oʻz Vatani, xalqiga muhabatini qoʻyish lozim boʻladi. Negaki, aynan shu his, aniqrogʻi, har bir satri qatiga degudek singdirilgan ruh Muhammad Yusuf sheʼriyatining poetik oʻziga xosligini taʼminlagan belgilovchi xususiyatdir. Muhimi, shoirdagi bu hisning oʻzi boʻlakcha, yana ham toʻgʻrirogʻi, unga doyalik qilgan Vatan, xalq oʻzgacha:
Tuproq yurtim mening,
Toʻpori yurtim.
Koʻzimga toʻtiyo gʻubori yurtim.
Shoirning ilk ijodiga oid ushbu satrlarda oʻsha paytlari jamiyatda yetilib kelayotgan ijtimoiy kayfiyat zuhur etadi. Bu kayfiyat esa, deylik, Erkin Vohidovning mashhur “Oʻzbegim” qasidasi yoxud Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼridagi kayfiyatdan farqli, hatto, aytish mumkinki, ularga zid (albatta, bu oʻrinda dialektik maʼnodagi, yaʼni butunni tashkil qiluvchi ziddiyat nazarda tutilmoqda). Zidlik shundaki, avvalgi ikkala sheʼrning lirik qahramonlari ulugʻvor bir xilqat qarshisida (nuqtai nazar pastdan yuqoriga qaratilgan) tursa, keyingisida lirik qahramon Vataniga mushfiq nigoh tashlaydi (nuqtai nazar yuqoridan pastga qaratilgan). Sababi, avvalgi ikki sheʼrda milliy gʻururning qaddini rostlash zarurati anglangan davr ijtimoiy kayfiyati aks etgan, ikkinchisida – Vatan taqdiri uchun masʼullik teran his etila boshlangan davr kayfiyati. Aytmoqchimizki, avvalgi ikki sheʼr ulugʻ Oybekning “Bir oʻlkaki...” xitobi bilan boshlanuvchi anʼana yoʻlida – ularda Vatanning gʻururimizga oziq beruvchi nuqtalari urgʻulanadi; keyingi sheʼr “Buzilgan oʻlkaga” anʼanasida: Choʻlponning “kel koʻzingning yoshlarini soʻrib olay” xitobida shafqat toʻlib toshgani kabi, Muhammad Yusufning “tuproq yurtim mening” satrida ham shu his ustuvordir. Albatta, “tuproq”ni faqat “xokisorlik” maʼnosidagina tushunish toʻgʻri boʻlmaydi. Negaki, sheʼrning davomidagi “eng baland togʻlardan yuqori yurtim” kabi satrlar “tuproq” zamiridagi “toptalgan” maʼnosiga zidlanmoqda. Demak, ilk misradagi “tuproq” soʻzi, bir tomondan, shoirning xokisor yurtiga mushfiq munosabatini, ikkinchi yoqdan, uni toptaganlarga qarshi isyonini ifodalaydi ekan... Soʻzning maʼno qirralari haqida shu aytilganlar bilan kifoyalansa ham boʻladigandek-u, lekin koʻngil koʻnmaydi, nedir qoniqmaslik qoladi. Sababi shoirning quyidagi kabi satrlarni bitgani:
Shoir shunday koʻpki, ularga yer tor,
Hammasi mashhur va hammasi nomdor,
Ulugʻvor, ularga yetmoq koʻp dushvor,
Ammo ular oyga bosib yuzini
Turganda samoning bagʻriga ilk bor
Biz olib boramiz tuproq isini.
Avvalo, keltirilgan parchada shoirning ijodiy kredosi aks etganini aytmoq kerak. Ijodiy aʼmolini belgilash uchun u “yuzini oyga bosib turgan” shoirlarga oʻzini qarshi qoʻyib, ulardan farqlanishi, farqi “samo bagʻriga ilk bor tuproq isini olib chiqishi”da ekanini taʼkidlaydi. Yaʼni, aytish mumkinki, yarim asrlar keyingi voqelikda Muhammad Yusuf 20-yillarda urf boʻlgan “yer shoiri” – “koʻk shoiri” tarzidagi ayirmaga keladi. Biroq, oʻz davrida Choʻlponning “koʻk shoiri” deb malomat qilinganini yodga olsak, Muhammad Yusuf bunga oʻzgacha maʼno yuklayotganiga shubha qilmasa boʻladi. Zero, parchadagi “nomdor”, “ulugʻvor”, “mashhur” soʻzlari zimnidagi kinoyaga qarasak, gap sheʼr ahliga xos taxayyul parvozi toʻgʻrisida emas, Vatanini “jannatdan reportaj” qabilida taʼriflagan, shunday yozgani uchun har turli ragʻbat olgan va pirovardida ragʻbat uchungina yozishga odatlanganlar haqida ekani anglashiladi. Ularning talqinidagi Vatanda “inson eng hur yashaydi”, “inson qadri gʻoyat yuksak”... bunda dala yoʻq, “mardlar maydoni” bor, doʻppisiga paxta terayotgan bolakaylar yoʻq, “paxtazor polvonlari” bor... Ularning nazdida shunchaki mehnat yoʻq, “paxta fronti” bor, bas, qurbonlar boʻlishi ham tabiiy, koʻz yumib tursa boʻladi... Xullas, shu toifani “yuzini oyga bosib turgan”, yaʼni hayotdan uzilgan shoirlar deganida Muhammad Yusuf ayni haqiqatni aytgan. Bularga zid oʻlaroq, uning oʻzi hayotda bor odamlarni, ularning asl dardu quvonchlarini, yurtining haqiqatda mavjud manzaralarini qalamga oldi – Vatanni boricha koʻrmoq va bor holicha sevmoq aqidasi bilan ijod qildi. Shu bois ham turgʻunlikning biqiq sharoitida shoir mudom ona qishlogʻi – asl odamlaru asl tuygʻularni sogʻinib, ularga talpinib yashadi:
Xiyobonda lola,
Tuvakda lola,
Fontanlar qiqirlab kulaveradi.
Mening kindik qonim toʻkilgan dala,
Seni esa koʻrgim kelaveradi.
Balki, injiqroq oʻquvchi eʼtiroz ham qilar: “xiyobonu tuvakda lola boʻlsa, fontanlar qiqiqrlab tursa – nimasi yomon? Axir, bu ham goʻzallik, inson qoʻli bilan inson uchun yaralgan goʻzallik emasmi?” Munday qaraganda, eʼtiroz oʻrinlidek. Biroq shunday deb oʻylasak, sheʼrni soʻzma-soʻz va tor (yaʼni “shahar – qishloq” antitezasi deb) tushungan boʻlib chiqamiz. Holbuki, sheʼrdagi soʻz lugʻatdagi soʻzga teng emas, u obraz yaratadi. Soxtalik odatiy normaga aylanib, insoniy munosabatlar siyqalashib borayotgan muhitdagi shoir nazdida tuvakdagi gul ham, xiyobondagi gul ham, favvora suvining jilvasiyu jildirashi ham – bari notabiiylik timsoli. Ular soxtalikdan bezgan koʻngilning qishloq – shoir tasavvuridagi tabiiylik va samimiyat makoniga talpinishini ifoda etmoqqa xizmat qiladi. Soxtalik shunchalar odatiyki, odam samimiy tuygʻulari uchun xijolat chekadi:
Toshkentda sirenlar gullasa, singlim,
Va yana qandaydir akatsiyalar.
Bedazornimi-yey qoʻmsaydi koʻnglim,
Birovga aytishga odam uyalar...
Avvalo, bu oʻrinda “bedazor” shunchaki beda ekilgan paykal emas – shoirning ona qishlogʻi, yaqinlari bilan bogʻliq tuygʻu-kechinmalari, xotiralari umumlashmasi u. Shoʻro zamonida “bedazor” bilan bogʻliq his-tuygʻularini oshkora, yana “siren” va “akatsiyalar”ga zidlab aytolgani uchun ham istiqlol yillari “Rimni alishmasman bedapoyangga” degani shunchaki patetika emas, samimiy izhorligiga beshak ishonamiz. Endi masalaning ikkinchi tomoniga qaraylik. Qiziq-da, poytaxti azim boʻlsa, chor tarafdan kelib, shunda oʻrnab qolish ilinjida har koʻyga tushib yotgan isteʼdodlar qancha... Qishlogʻingga qiyoslasang komfortning oliy darajasi, senga yana nima kam, ey odam, shukur qilmaysanmi?! Yoʻq, bu aslo noshukurlik emas, sogʻinchning boshqa omillarini mushohada qilsak, bunga amin boʻlamiz. Shoir bejiz “siren” va “qandaydir akatsiyalar” haqida gapirmayapti, axir. Ular mustamlaka ramzlari emasmi?! Endi oʻttiz yillar narini bir eslang, shoirda “komfort kim uchun?” degan savol tugʻilishi tabiiy edimi yo yoʻqmi?! Shu kabi savollar girdobida qolgan onlari “shaharga oʻrganib qolgan” shoir qishlogʻidagi oʻzining “yoʻliga ilhaq” boqib, “paxta terib, oʻt yulib mayus” umri oʻtayotgan qizni eslaydi:
Uning sochi uzundan-uzun,
Uning sochi tovonga yetgan.
Lekin gulga oʻxshamas yuzi
Qoʻllari ham yorilib ketgan.
Yurak yonar uni oʻylasam,
Buyogʻi hech sheʼrga sigʻmaydi...
Qarang, yor vasf etilgan bandning dastlabki ikki misrasida poetik anʼana yoʻlidan borilgan, uchinchi misrada undan keskin chekinilgan: yor yuzi gulga oʻxshamaydi. Bu “gʻoʻza yaganalab zavqi toshgan qiz” va yo “qoʻshiq aytib ketmon chopayotgan atlas koʻylakli goʻzal” qabilidagi satrlarga toʻliq “mehnat poeziyasi”ga, “Sharq ayolini chaldevordan ozod qilib” dalaga chiqarganlarga taʼna emasmi?! Koʻp qatori yor yuzini gulga oʻxshatib, bechora qiz koʻnglini xushlab qoʻyaqolsa boʻlmasmidi? Yoʻq, boʻlmas edi. Negaki, uning uzunsoch qizga muhabbati aslida Vatanga muhabbatining oʻzidir. Shoir dilidagi ulkan muhabbatni atrofidagi narsalarga taqsim qilib oʻtirmaydi, aksincha, har birini – jajji jambilbargdan to beqiyos Vatani qadar – barini birdek ulkan muhabbat bilan sevadi qoʻyadi. Yana ham toʻgʻrirogʻi, uning talqinidagi Vatan mavhumot emas, balki oʻzi uchun qadri benihoya baland insonlar, joy va narsalardan tarkib topuvchi mavjudlikdir. Yaʼni bedazor yo jiyda tagi, qoʻllari yorilib ketgan singlisi yo yuzi gulga oʻxshamaydigan qiz, tanish terak va yo qora qumgʻon – barining timsolida shoirning Vatani, xalqiga muhabbati zuhur qiladi. Sheʼrlaridan birida aytganidek, Muhammad Yusuf Vatanni “iddaolar qilmay sevadi”, uning muhabbati tom maʼnoda begʻaraz, bas, uning turlanmogʻi imkondan tashqari, soxtalik esa tabiatiga mutlaqo yot. Ayni shu tuygʻu, nazarimda, Muhammad Yusuf sheʼrlariga millionlab dillar qulfini ochib bergan oltin kalitdir.
***
Muhammad Yusuf sheʼrlarini elga manzur etgan jihatlardan yana biri, fikrimcha, ularda tanish tuygʻularning qalamga olingani va, muhimi, bu tuygʻularning sodda bir yoʻsinda ifoda etilganidir. Holbuki, u sheʼriyatga kirib kelgan paytlari modern yoʻsinida – fikru tuygʻuni murakkab uslubda, ramzu ishoralar qatiga joylab, tumanli ifodalash urfga kirgandiki, hatto mutaxassislar ham “sheʼringizni tushuntirib bering” deya matbuotda chiqish qilganlar. Hozir biz uchun negaligi uncha muhim emas, balki, dilidagilar hammaga birdek tegishli deb bilgandir, Muhammad Yusuf anʼanaviy yoʻlni tanladi...
Darvoqe, “tanish tuygʻular” deganim ham izohtalab. Buyuk Tolstoy har qaysi inson qalbida mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan barcha qalblar imkoniyat tarzida yashaydi, degan. Toʻgʻri gap. Lekin har qanday tuygʻu ham koʻnglimizga chippa yopishib qolmasligi ham bor gap-da. Boshqacha aytsak, oʻzga koʻngildagi ayrim tuygʻularni hech zoʻriqishsiz koʻngildan kechira olamiz, ayrimlarini qayta his etishimiz esa qiyin kechadi: fursatmi, tajribami, mashqmi... – nimadir yetishmay turadi. Chippa yopishib qoladigan tuygʻular muayyan bir koʻlamda (umumbashariy, milliy, hududiy va b.) universallik kasb etadi. Deylik, adolat tuygʻusi umumbashariy (adolat mezonlarining farqli ekani boshqa masala) xarakterga ega. Shu bois adolat mezoni buzilgan hollarda har qanday shoir koʻngli, milliy yo hududiy mansubligidan qatʼi nazar, isyon qiladi. Muhammad Yusufning ilk ijodiga mansub “Qushlar ham yigʻlar” nomli bir voqeaband sheʼr bor. Voqea qishloqlarimiz hayoti uchun gʻoyat odatiy: yozda, bilasiz, “havo-jahon yaxshiligida imoratni bitkazay” deb oʻzbekning joni halak, aka-uka terak kesadilar. Terak qulaydi, uyasi buzilgan ona chumchuq chirillab qoladi. Mana, shu damda ukaning koʻnglidan kechgani:
Baland boʻlar uyimiz togʻdek,
Ayvonida ustun ul terak.
Biz yashaymiz koʻnglimiz chogʻdek,
Shunda qushlar yigʻlasa kerak.
Oʻsmir nigohida adolatsizlik sodir etildi: chumchuq huquqi poymol boʻldi. Toʻgʻri, katta boʻlgach koʻpchilik “hamma narsa inson uchun” aqidasiga binoan bu kabi hollarni meyor deb hisoblay boshlaydi. Biroq biz uchun bu oʻrinda boshqa narsa: holat “men” tilidan, shoirning bolalik taassuroti sifatida taqdim etilgani muhim. Zero, bu shoir ijodidan qizil ip boʻlib oʻtuvchi oʻtkir adolat tuygʻusi fitratidagi xislatning namoyonidir deyishga asos beradi. Xuddi shu tuygʻu keyinroq, masalan, “Yoqub mergan” sheʼrida ham ustuvorlik qiladi. Yoqub mergan – urushda oyogʻini qoldirib kelgan, qonunga muvofiq unga “Zaporojets” berilishi lozim. Biroq taʼmagir amaldor cholni sarson qiladi, arizasini eʼtiborsiz qoldiradi. Oqibat Yoqub cholning hammadan “koʻngli qoldi, Mashinasin boshqa olgʻir kimsa oldi”. Adolat toptalgani yetmagandek, andishasizlik shunchalarki, urush nogironining haqiga xiyonat qilgan kimsa “yallo qilib yuraveradi”. Ana endi shoirning holini koʻring:
Uni koʻrsam chol esimga kelaverar,
Gʻildiragi yuragimni ezaverar...
Yoqub cholga berishmagan “Zaporoj”ning.
Eʼtibor bering, Yoqub cholga nisbatan qilingan adolatsizlikni shoir shaxsan oʻziga nisbatan qilingan kabi qabul qiladi. Bu tabiiy ham, negaki har qanday adolatsizlik eng avval haqiqiy shoir yuragida aks sado beradi. Shu bois ham Muhammad Yusuf uchun adolatsizlikning katta-kichigi yoʻq – u butun millatga nisbatan (“Gdlyan”) boʻladimi, goʻdakka (“Turgʻunlik”) yo ayolga (“Taraqqiyot”), elda mashhur inson (“Shukur Burxon”) yo oddiy bir hamqishlogʻiga (“Moʻminjon”) nisbatanmi – barisi birdek qalbini oʻrtaydi. Sheʼrda shoir koʻngildan kechirgan chin tuygʻuning aks etishi esa ayni kechinma oʻquvchi koʻngliga koʻchishini, demakki, kuchli estetik taʼsirni taʼmin etadi.
Muhammad Yusufning koʻplab sheʼrlarida milliy turmush tarzimiz, mentalitetimiz doirasida universal tuygʻu-kechinmalar qalamga olinganki, ular shoir va sheʼrxon uchun umumiy, shu bois ham “tushunish maydoni” gʻoyat kengdir. Deylik, milliy tarbiya shundayki, farzand ota-ona orzusini roʻyobga chiqarish, xizmatini qilib duosini olishni niyat qilib yashaydi. Biroq hayot qonunlari shafqatsiz: jamiyatda oʻz oʻrningni topib, endi-endi niyatlaringni amalga oshirish imkoniga ega boʻlganingda, afsus, ularning foniy dunyodagi safarlari qarigan boʻlib chiqadi – niyatlar armonga doʻnadi. Bu hol, ayniqsa, Muhammad Yusuf singari oʻtgan asrning 50–70-yillari sharoitida tugʻilib oʻsgan ziyolilarning aksariyatiga xos. Negaki, bu davrda, hozir eʼtirof etish-etmasligimizdan qatʼi nazar, madaniy yuksalish kuzatilgan – qishloqlardan ming-minglab yoshlar ilm izlab poytaxti azimga, markaziy shaharlarga yoʻl olganlar. Yaʼni asrlar boʻyi shakllangan turmush tarzi oʻzgarishga yuz tutgandiki, bu avvalo koʻngilda kechadi. Mana, shunday kechimlardan bir zarra:
Ota, gʻoʻzangizni suv bosib ketdi,
Chumchuq vayron qildi joʻxoringizni.
Mening kitoblarim bir jambilbargcha
Yozolmadi lekin xumoringizni...
Demak, otaga kerakligini ich-ichidan his qilgani holda koriga yaray bilmayotgan farzandning iztirobu armonlari koʻpchilikning koʻngliga chippa yopishadi desak, aslo yanglishmaymiz. Xuddi shu gapni sogʻinch girdobiga tashlab ketilgan onalar, aka suyanchidan mahrum singillar... qisqasi, shaharda yashagani holda “shaharlik” boʻlib ketolmayotgan odamning umumiy nomi sogʻinchli armon va yo armonli sogʻinch boʻlgan tuygʻulari haqida ham aytish mumkin.
Tanish tuygʻular sirasida yana biri – armonga doʻngan muhabbatni alohida taʼkidlab koʻrsatish lozim. Albatta, katta boʻlgan sari “bizlar yosh payti...” deya goʻyo hamma narsa hozirgidan yaxshiroq edi degan daʼvoda sobit boʻlib boradi kishi. Shu dardga yoʻymang-u, u davrlar muhabbat degani ham oʻzgacha – aksar yor qoʻlini goʻyo tasodifan tutishu juda jurʼatli boʻlsa yashin tezligidagi chala oʻpichdan nari oʻtmagan, balki shu bois ham koʻngilga chuqur ildiz otgan, pokizaroq va romantikroq boʻlgandek tuyuladi menga. Shu bois ham kamina yigitlik chogʻlari bu his domiga tushgan teng-toʻshlarim loaqal bir bor, mayli juda qisqa fursat boʻlsin, koʻnglida “Sevish kerak, yashash shart emas!” deya hayqirganiga yoki hofizning “Qoʻynimda bir yoru, koʻnglimda bir yor” degan nolasini eshitiboq ichlarida ajib bir titroq tuyganlariga ishongim keladi. Menga qolsa, Muhammad Yusufdan olingan shu ikki satr “ziddiyatlar birligi” qonuniyatini oʻzida mujassam etgan holda davr uchun tipik “muhabbat taqdiri”ni namoyish etadi degan boʻlardim. Zero, ularning birinchisi yuksak romantikaga yoʻgʻrilgan muhabbatni, ikkinchisi muqarrar ayriliqni ifodalaydi. Mazkur satrlar orasiga esa ming-minglab olislarda harbiy xizmat oʻtayotgan va yo ilm egallayotgan yigitlaru “badjahl ota”dan yo “oʻtirib qolish” ehtimolidan qoʻrqib yigʻlay-yigʻlay “ostonasi tillo uylar”-ga ketgan qizlarning muhabbat taqdiri bitilgandek...
Nihoyat, yana oʻsha “dolzarblik” masalasi, har ne zeriktirgan va hozirda urfdan qolgan boʻlmasin, bunga ham toʻxtalish zarur. Toʻgʻri, shoʻro davridan qolgan asorat, lekin Muhammad Yusufda bu ham oʻziga xos: dolzarb masala jaydari yoʻsinda muhokama etiladi-da, chapani xulosaga kelinadi. Deylik, milliy qadriyatlarni tiklash masalasi dolzarb turgan palla shoir bu haqda umumiy tarzda emas, konkret fikr yuritadi. Gapni “odamlar doʻppi kiymay qoʻygani”dan boshlab, pirovardida “boshga loyiq doʻppi qolmadimi yo doʻppiga loyiq bosh?” deya oʻquvchi hamiyatiga qaratilgan savolni qoʻyadi. Yodingizda boʻlsa, savol gʻoyat tez ommalashgan – sheʼrni kim televizor yo radio orqali, kim uchrashuv yo boshqa tadbirda shoir tilidan eshitgan-da, oxirgi satrlar shundoq xotiraga muhrlanib qolavergan. Sababi, bu aksariyat oʻquvchilarning dil tubida, yana bir qismining til uchida turgan gap edi. Bunday gapni “topib aytish” uchun esa hayot qozonida xalq bilan birga qaynamoq kerakki, Muhammad Yusuf buni uddalay bilgan chinakam xalq shoiridir...
***
Har ne tanish tuygʻu va yo til uchida turgan gaplar aytilmasin, sheʼrga jozib kuch ato etuvchi jihat qanday aytilgani boʻlib qolaveradi. Bas, agar Muhammad Yusuf nima degani bilan cheklansak, uni sanʼatkor sifatida tanimagan boʻlib chiqamiz. Holbuki, oʻsha biroz toʻpori hislaru jaydari falsafa chinakam sanʼatkorona mahorat bilan ifoda etilgan. Faqat bu mahoratni koʻrib olishga, nima desam ekan, soddalik biroz xalaqit qiladi. Shoirning ilk toʻplamiga nom bergan sheʼrni olaylik:
Qoʻl ushlashib turgan shaddod qizlardek,
Qoshda oʻsma, qulogʻida ziraklar,
Tuyuladi menga qishloqqa borsam,
Tanish yoʻllar boʻyidagi teraklar.
Avvalo, mazkur band sintaktik jihatdan bitta gapga teng: mazmunan bitta xabar, bitta fikriy va intonatsion butunlik, bitta mantiqiy urgʻuga ega. Kundalik muloqotda ushbu jumla tamom boshqacha qurilishi tayin, demak, hozirgi shakli muayyan badiiy-estetik maqsadga muvofiq, yaʼni muallifning xizmati. Dastlabki ikki misraning sanash, uchinchisining pasayib borish ohangidaligi toʻrtinchi misradagi mantiqiy urgʻuni kuchaytiradi. Natijada oʻxshatish obyektini anglatuvchi “teraklar” soʻzi urgʻuli pozitsiyaga oʻtadi va sheʼrning qoq markazini egallab, obrazning javhari boʻlib qoladi:
Bu yigit kim?.. niqtashadi bir-birin,
Sergaklanib , sochlarini turmaklab,
Tanib sekin uh tortadi bittasi,
Qiqir-qiqir kular biri ermaklab.
Koʻrib turganimizdek, endi teraklar unutildi – qizlar qoldi, xolos. Zero, teraklar vazifasini oʻtab boʻldi: ular assotsiativ tarzda “shaddod qizlar”ni eslatdi, xotirani uygʻotib, tasavvurda gʻoyat hayotiy bir manzarani jonlantirdi. Aslida ham sheʼr “tanish teraklar” haqida emas, umrning ular yodga solgan onlari, oʻsha onlar bilan bogʻliq hayajonu armonlar haqida. Sheʼrda bir boragina qoʻllangan “teraklar” soʻzi shunday joylashtirilganki, ayni hislar hech bir zoʻriqishsiz oʻzga koʻngillarga koʻchaveradi, koʻchaveradi. Umid qilamanki. “koʻrib olishga soddalik biroz xalaqit qiladigan mahorat” deganda nimani nazarda tutganim tushunarli boʻldi.
Sanʼatkorona nigoh atrofimizdagi koʻrimsiz, nazdimizda goʻyo hech eʼtiborga loyiq boʻlmagan narsalarda ham bir hikmat topish, ularda koʻngil va yo turmushda yuzaga kelgan chigalliklar yechimini koʻrishga qobil boʻladi. Albatta, bunday nigoh egalari ham oz emas, biroq faqat oʻsha narsalar bilan tillasha biladiganlargina chinakam shoirdir. Muhammad Yusuf, shubhasiz, ayni shu sirada. Tillasha bilgani uchun ham u barmoq uzatganida “egasiz uy eshigi”ning yigʻlaganini eshitadi, “zang ilgak surilsa” oʻz joyiga emas, yuragiga “Qayerda yuribsan, egamning oʻgʻli?” degan savol boʻlib qadaladi. Tillasha bilgani uchun-da lolaqizgʻaldoq dardini olmoqqa, yalpizga dardini toʻkib solmoqqa shoshadi. Shoirning nigohi tushib, uning poetik olamiga kirganki narsa KOʻNGILli , yaʼni his etishga qobil mavjudotga aylanadi... hatto, tramvaylar ham. Oʻylasam, shu oʻrinda Muhammad Yusufning ayrim muxlislari eʼtiroz qilishlari ham mumkin ekan: “Axir, tramvay hissizlik timsoli emasmi?!” Shunday, bir qarashda tramvay hissizlik timsoli boʻlib koʻrinadi:
Bekatlarda men qolarman-da,
Aytar soʻzim qolib ketadi.
Bodomzorga seni har kuni
Tramvaylar olib ketadi.
Toʻgʻri, oshiqning holiga, termilib qolgan nigohlardagi unsiz zoriga qaramay tramvaylar har kuni yorini olib ketaveradi. Ha, jami toʻrt bandli sheʼrning uchta bandida oxirgi ikki misra taʼkidlab takrorlanadi. Ha, shoir tramvaylarni soʻkolmasligi, urolmasligidan afsuslanib, ularni koʻrolmasligini olam-hayqirib jahonga aytadi. Biroq shunda ham tramvayni hissizlik timsoli demagan boʻlardim. Negaki, tramvaylar oshiqning holiga aslo befarq emas, har kuni “Temir yoʻlga boshlarin urib, Gʻildiraklar nolib ketadi”. Nega shoir tramvay nolasini eshitmaydi? Axir, u “yur deb oʻzi ketar yoʻllarga tramvaylarni burolmayotgan” boʻlsa, ayb kimda? Tramvaydami yo uning oʻzidami? Ikkisida ham emas, asli hamma gap eʼtibordan chetda qolib turgan temir yoʻlda. Tramvay nima, axir, u ham shu temir izdan yurishga mahkum bir ojiz-ku! Bas, bu oʻrinda gap taqdiri azal haqida bormayaptimi?! Shunaqaga oʻxshaydi. Sevgisining istiqbolini koʻrolmay qiynalayotgan lirik qahramonimiz – oʻz davri kishisi, yaʼni, taqdiri azal degani unutilayozgan, bas, sevgisiga yetisholmaganlar buni aslo taqdirdan emas, boshqa narsalardan (mas., tushunmagan ota-ona, eski urf-odatlar, ijtimoiy tengsizlik va b.) koʻrishga odatlangan davrning. Axir, qator qissayu romanlar shundan soʻzlab, filmlar shuni koʻrsatib tursa, boshqacha boʻlishi ham qiyin edi-da! Shunday bir sharoitda ulgʻayganiga qaramay, shoir savqi tabiiysi bilan yuz berayotgan har neda taqdirning qoʻli borligiga inongan boʻlsa, ne ajab?!
Lirik kechinmani harakatga keltirgan hayotiy holatni tasavvur qilish imkoniyati qancha keng boʻlsa, sheʼrning tushunilish doirasi ham shuncha keng boʻladi. Lekin sheʼr degani epik tafsilotlarni xushlamaydi, ularning salmogʻi zaruratdan zarracha oshmasligi darkor, aks holda, kechinma ifodasi xiralashadi. Muhammad Yusufning mahorati shundaki, bir-ikki misradayoq oʻquvchini oʻsha lirik kechinma tugʻilgan hayotiy holatga koʻchiradi qoʻyadi. Masalan, ilk sevgi haqidagi sheʼrlaridan biri mana bunday boshlanadi:
Mana shu – men tugʻilgan goʻsha,
Uyga yetdim – ariq hatladim...
Dastlabki misralarni oʻqiboq, sheʼrxon hech bir zoʻriqishsiz maʼlum vaqt olisda yurgan odamning qishlogʻiga qaytgan holatini tasavvur qiladi, ruhan shunga mos emotsiyalarni qabul qilishga chogʻlanadi. Albatta, bu oʻrinda gap shoir tasavvuridagi, u xayolan muloqotga kirishib, qarshisida dardini toʻkib solayotgan xos sheʼrxon nazarda tutilayotir. Shoir unga ishonadi, uning hayoti davomida shunday holatdagi odamga xos elegiyaviy kayfiyatga oshno boʻlganini biladi va ikki misra bilan oʻsha kayfiyatni tiriltiradi qoʻyadi. Davomidan kelgan “Shu yerlik bir qizga yoqay deb, Uzun-uzun sheʼrlar yodladim” misralari esa qalb torlarini oʻsha tanish tuygʻu – armonga aylangan ilk sevgi nolalarini yanada nozik pardalarda chalishga sozlaydi. Bu esa lirik qahramon kechinmalarining oʻquvchi qalbida ham kechishini, yaʼni badiiyat hodisasisning roʻyobga chiqishini taʼminlaydi.
Lirik asarda qalamga olingan holat dramatizmi nechogʻli oʻtkir boʻlsa, his-tuygʻular ham shu qadar teran, taʼsirchan boʻladi. Negaki, yaxshi sheʼrxon oʻqish davomida beixtiyor oʻsha holatni koʻnglida, tasavvurida yashab oʻtadi (oʻzini lirik qahramon oʻrniga qoʻyadi, uning rolini ijro etadi). Mazkur jarayonni fikran rekonstruksiya qilib koʻrmoq uchun Muhammad Yusufning mashhur bir sheʼrini misolga olamiz:
Osmon choʻkib qoldi bu oqshom,
Yulduz boʻlib yogʻildi bir sas.
Bir mahalla nigohni koʻrdim:
Yashash kerak, sevish shart emas.
Ilk misrani oʻqiboq sheʼrxon mos emotsional holatni, yaʼni lirik qahramon nazdida “osmonni-da choʻktirgan” nedir iztirobli holni qabul qilishga chogʻlanadi. Ilk misra uygʻotgan kayfiyat ogʻir: lirik qahramon oʻzini yorugʻ olamda yolgʻiz sezayotir, osmon uni bosib kelmoqda va shu asno “Yulduz boʻlib yogʻildi bir sas”. Biroq lirik qahramon bu sasni eshitishni ham istamay nigohini yerga oladi-da, oʻziga qadalgan “bir mahalla nigohda” ham yana oʻsha hukmni oʻqiydi: “Yashash kerak, sevish shart emas”. Holat dramatizmi shunchalarki, lirik qahramon yeru osmonga baravar qarshi turibdi, koʻnglida ardoqlagan tuygʻu shunchalarki, yeru osmonga isyon oʻlaroq oʻzining “Sevish kerak... yashash shart emas!” degan hukmini baralla hayqirib aytadi. Yuqorida aytilganidek, juda koʻpchilik hayotida loaqal bir bora, atigi bir necha lahzaga boʻlsin, shu holga tushgan, bas, oʻqilgan chogʻi sheʼr ularning dil izhoriga aylanadi,ularning oʻppa-oʻziniki boʻlib qoladi.
***
Muhammad Yusuf haqida gap ketganda gohi “qoʻshiqchi shoir” deya biroz mensimayroq qarashga moyillik seziladi. Buni ahli qalam orasida tabiiy va zaruriy boʻlmish raqobatdan tugʻiluvchi, yumshatibroq aytsam, noqobil farzand – gʻayirlikka yoʻyib qoʻysam ham boʻlarku-ya, faqat bu holda sababni yuzadan qidirgan boʻlib chiqaman, chogʻi. Negaki, aslida bu sheʼr bilan musiqa, sheʼriyat bilan qoʻshiqchilik aloqalari nechogʻli mustahkam va ahamiyatli ekanini anglamaslikdan kelib chiqadi. Holbuki, sheʼr – ohanglar qanotida qalb qulogʻimizga kirib boruvi nutq, qani uni musiqiylikdan mahrum qilib koʻring-chi: bu holda sheʼr ham yoʻq boʻladi. Zero, musiqiy ohang – sheʼrning zotiy sifati. Qoʻshiqqa kelsak, u ham sheʼr, faqat unda oʻsha zotiy sifat gʻoyat boʻrttirilgandir... Aruziy ohanglar bilan maqomlarning nechogʻli yaqinligi, hazrat Navoiydan tortib Feruzga qadar koʻp mumtoz shoirlarimiz musiqiyda ham mohir boʻlganlari, shoh Mashrab gʻazallarini setor joʻrligida xonish qilib yurganini eslatmasak ham boʻlar. Sirasini aytganda, keng xalq ommasi Chokar, Miskin, Oraziy singari shoirlar oʻtganini asarlarini oʻqigani uchun emas, ularning sheʼrlari bilan aytiluvchi ashulalar kunda-kun ora radio yo televizordan yangrab turgani uchun biladi. Yaqinroqqa kelsak, “Oʻzbegim” qasidasi yoki “Birinchi muhabbatim” sheʼrining qoʻshiq qilingani navqiron mualliflarini oʻzbekning yetti yasharidan yetmish yasharigacha maʼlumu mashhur qilmadimi?! Axir, koʻpchilik koʻngliga chippa yopishgan qoʻshiq ularning soʻzi bilan aytilganini bilgach, toʻplamlarini izlab qolmaganmi?!
Shunga oʻxshash, Muhammad Yusufning shoir sifatida tanilishi, yashin tezligida shuhrat topishida qoʻshiqchilik sanʼatining hissasi ulkan: hali ilk kitobi chop etilmasidan sheʼrlari kuyga solinib, iqtidorli yoshlar tomonidan toʻy-maʼrakalarda aytib yurilgani shunga dalil. Yangi-yangi tele va radio kanallar paydo boʻla boshlagan 80-yillar adogʻidan esa sheʼrlari paydar-pay qoʻshiq qilinib, televizor ekranlari, radio toʻlqinlaridan uzukun tushmadi desak, mubolagʻa emas. Oʻn ming, yigirma minglab tomoshabin yigʻilgan stadionlar, eng katta konsert zallarida kunda-kun ora berilgan konsertlarda “Muhammad Yusuf sheʼri bilan...” deya tantanavor eʼlon qilib turilganini yodga olsak, fikrimizga boshqa dalil hojat ham emas.
Xullas, hozirda radio va televideniye bilan uzviy bogʻliq zamonaviy qoʻshiqchilik sheʼriyatning eng samarali, beqiyos targʻibotchisi ekanini yoqsa-yoqmasa eʼtirof etishimizga toʻgʻri keladi. Toʻgʻri, ayni imkonlar doirachi yo “usilitelchi”-dan chiqqan qoʻlbola shoirlarni ham maydonga chiqarayotgani bor gap va bu koʻpchilikning gʻashini keltirayotgani ham asosli. Biroq, axir, ayb imkonda emas, undan qanday foydalanilayotganida-ku! Bas, “qoʻshiqchi shoir” deya burun jiyiruvchilar shuni eʼtiborga olsalar toʻgʻri boʻladi. Aks holda, “qoʻlbola shoirlar” bilan Muhammad Yusufni farqlamayotgan boʻladilarki, oppa-ochiq turgan narsani koʻrolmayotganlari, ochigʻini aytganda, gʻayirlik bilangina izohlanishi mumkin.
Farq esa shuki, “qoʻlbola shoirlar”ning ish-amali kuyga moslab soʻz tizmoqdan iborat, Muhammad Yusuf esa SHEʼR yozadi: uning qoʻshiq qilib aytilgan sheʼrlari ham, eng avval, koʻngil holining ifodasi. Faqat oʻsha HOL xalqona shaklda, xalqona ohanglarda shu qadar samimiy ifodalanganki, beixtiyor xirgoyiga oʻtib ketasan, kishi. Masalan, “Mashrab xirgoyisi” nomli sheʼr:
Donishni qiynab toʻymagan,
Holi joniga qoʻymagan.
Nodon bilan kulib oʻynagan
Pixini yorgan dunyosan.
Bir qarashdayoq bu oʻrinda stilizatsiya usuli qoʻllangani, darveshlar xirgoyisiga xos ohang tiklangani koʻzga tashlanadi. Oʻqiganingda, beixtiyor bir maromda qadam bosgancha xirgoyi qilib borayotgan darveshlar safi koʻz oldingga keladi. Xuddi shu sheʼrni Oxunjon Madaliyev bir turli, Yulduz Usmonova boshqa bir yoʻsinda ijro etganlar. Umuman, har ikki talqin ham oʻzicha yaxshi – ikkalasi ham muxlislar olqishiga sazovor boʻlgan. Biroq, nazarimda, ikkala ijrochi ham Muhammad Yusuf sheʼrni yozish chogʻi koʻngilda kechirgan hol – darvesh holini berolgan emas. Koʻngil holi esa shundayki, lirik qahramon dunyodan butkul uzilgan – ruhan uzlatda, ayni damda u oʻzini “Dunyo yasanib, jilva qilib qoshima keldi, Turgʻil nari deb ketigʻa bir shattalab oʻtdim” deyolgan Mashrab maqomida sezadi. Yaʼni sheʼr ayni holni ifodalash, matnda muhrlash maqsadi bilan dunyoga kelgan, uning qoʻshiqqa aylanishi esa – ikkinchi hayotidir. Yana shuki, agar sheʼr qoʻshiqchilikda turli talqinlarga izn berar ekan, bu uning badiiy mukammalligi, butunligidan dalolatdir. Keyingi mulohazalarimiz shoir “stilizatsiya usulini qoʻllagan” degan fikrimizga tahrir kiritishni taqozo qiladi. Negaki, Muhammad Yusuf uchun xalqona ohang va ifoda stilizatsiya, yaʼni xalq ijodiga xos shakl va ohanglarni shunchaki tiklash emas, balki uning individual uslubiga XOS xususiyatga aylangandir. Yaʼni shoir koʻngil holini koʻproq xalqona yoʻsinda ifodalashga moyil, toʻgʻrirogʻi, hol izhori shunday ohangga yoʻgʻrilgancha oqib keladi goʻyo. Masalan, mana bunday:
Gʻirot mingan Goʻroʻgʻli
Bobom qani, aytinglar.
Qoʻngʻirotlik Alpomish
Ogʻam qani, aytinglar...
Qarang, bunda xalq ogʻzaki ijodi bilan bogʻliqlik yana ham ochiq-oshkor koʻrinadi. Hol-kayfiyat ham boshdanoq his etiladi: bugunidan qoniqmaslik tugʻdirgan gʻoyat kuchli oʻtmish sogʻinchi. Shoir bu sogʻinchini “qoʻlda kiyik ovlangan dala”, “kokillari yer oʻpgan sanam”, “kuyib ketgan jon” kabi xalqona ifodalarda izhor etadi. Yuragidagi dard benihoya kuchli, lekin har doimgidek, tushunguvchi odam yoʻq, shuning uchun:
Koʻnglim gulday ezilib,
Koʻzimga yosh toʻlyapti.
Eh, quyoshga osilib,
Botib ketgim kelyapti, – deya nola qiladi. Lirik qahramon gʻoyat tushkun kayfiyatda, lekin uni badbin (pessimist) deb boʻlmaydi. Zero, avvalo, bu oʻtkinchi holat, ikkinchidan, teran mushohadaga va shundan kelib chiqib kurashga undovchi holdir. Yana ushbu hol-kayfiyat ijtimoiy tabiatga egaligi, u millat tarixidagi burilish pallada el-yurt taqdirini oʻylab yashayotgan odam koʻnglining alamlari boʻgʻziga kelgan chogʻdagi surati ekanini aytmoq kerak... Darvoqe, ushbu sheʼr ham qoʻshiq qilingan, biroq qoʻshiqchi talqini yuqorida mazkur talqindan farqli. Bu tabiiy ham, zero, u qoʻshiqchilik sanʼati vakili oʻlaroq dunyoga kelgan va shu maqomda yashaydi – u alohida asardir. Yaʼni qoʻshiq ijro etilgan onidan oʻzining sheʼrdan ayro mustaqil hayotini boshlagan va sheʼrning ham shunday hayot kechirishiga xalal bermaydi. Ikki orada bunday munosabat qaror topishi uchun esa, yuqorida aytilganidek, sheʼrning koʻngil holining izhori oʻlaroq dunyoga kelishi talab qilinadi. Taʼkidlab aytamanki, Muhammad Yusufning qoʻshiq qilib aytilgan aksariyat sheʼrlari ushbu talabga toʻla javob beradi. Shunaqa ekan, uni aniq bir ijrochi va tayyor kuyga moslab sheʼr bitadirgan “qoʻshiqchi shoir”lar sirasida sanash ham borib turgan adolatsizlik boʻladi.
Ijodida yuqoridagicha tamoyilga tayangani uchun ham Muhammad Yusuf qoʻshiqchiligimiz badiiy saviyasini bir bahya boʻlsin koʻtarishga xizmat qila bildi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, bu sanʼat gurkirab rivojlangan bosqich – milliy qoʻshiqchiligimizning mustaqillik davri uning nomi bilan chambarchas bogʻliqdir. Milliy qoʻshiqchiligimiz tarixida yangi sahifa ochgan M.Xoliqov, O.Madaliyev, Gʻ.Boytoyev, Yu.Usmonova, S.Nazarxon singari qator iqtidorli sanʼatkorlar repertuaridagi sara qoʻshiqlar Muhammad Yusuf soʻzi bilan aytilgani ham shuning isbotidir. Deganim, muvaffaqiyatning muhim omili – isteʼdodli shoir sheʼrlariga, asosan, isteʼdodli kompozitorlar musiqa yozib, isteʼdodli sanʼatkorlar ijro etgani. Talantlar hamkorligida yaralgan qoʻshiq esa tinglovchini befarq qoldirmaydi, zamonaviy qilib aytsak, xayal oʻtmay “xit”ga aylanadi, xuddi shoir soʻzi bilan mustaqillik bayramlarining bosh sahnasida turib aytilgan qoʻshiqlar kabi...
Darvoqe, yaxshi qoʻshiq sheʼrning bizga koʻrinmay qolgan jozib qirralarini ochib ham beradi. Oʻzimdan, oʻz tajribamdan aytay. Muhammad Yusufning “Men dunyoni nima qildim, Oʻzing yorugʻ jahonim” satrlari bilan boshlanuvchi sheʼrining asl qimmatini Sevara Nazarxonning “Gʻichir-gʻichir tishimdagi Soʻligʻimsan, Vatanim” degan nolasini eshitgach angladim desam, shunchaki lutf deb oʻylamang. Endi shu sheʼrni oʻqisam, Sevaraning ohanglari tortib ketayotgandek tuyulaveradi, satrlar qatidagi buyuk muhabbatu dardni teranroq his qilayotgandek boʻlaman.
***
Muhammad Yusuf buyuklik daʼvosidan yiroq shoir edi. Hatto oʻzini “toʻpori nazmboz” atagani, “sheʼrim shuhratimga emas munosib” deya eʼtirof etgani ham bor gap. Biroq bir narsa shubhasiz: Muhammad Yusuf qisqa ijodiy umri davomida davrining, xalqining talab-ehtiyojlarini teran his etib yashadi; Vataniga begʻaraz muhabbat, elining dilidagi dard bilan ogʻrib, tili uchida turganni aytib qalam tebratdi. Bilasiz, oʻzbek salomni aliksiz qoldirmaydi: xalqimiz oʻz shoiri xotirasini eʼzozlab koʻrsatayotgan yuksak ehtirom buning yorqin dalilidir.
2014 yil
Йигирма йиллар нарида, аспирантлар уйидаги адабий суҳбат асноси гап Муҳаммад Юсуфга тақалганида, суҳбатдошлардан бири уни “қўшиқчи шоир” дея менсимайроқ тилга олди, шеърларини ҳаваскор машқ даражасида деб баҳолади. У пайтлар шеъриятимизнинг ифода бобидаги янгича изланишларига, хусусан, модернистик оқимларга маҳлиё бўлиб юрган вақтларим, бунга эътироз қилмадим, рости, қай бир даражада ўзим ҳам шу фикрга мойил эдим. Энди ўйласам, ўшанда ўзимни “соф санъат”ни тушунатурган хослар қаторига қўйиб кибрга берилган, назарга илмай турганим “жўн” шеърлар муаллифининг шуҳрати муттасил ортиб бораётганига ғайирлик қилгандекман. Ҳолбуки, карвон ўтавераркан... Йўқса, адабиётни ҳеч ким бизча тушунмаслигига қатъий инонган даврамизнинг нописанд муносабатию баҳосига қарамай, Муҳаммад Юсуф шуҳрати муттасил ортиб борармиди?! Кўпчилигимиз адабиёт ҳақида ҳатто ўйлашга ҳам фурсат тополмай, энди китоб ўқийдирган одам қолмаганига деярли инониб қолган вақтлар тўпламлари минг-минглаб нусхаларда чоп қилинармиди?! Ахир, шуларнинг ўзиёқ халқнинг шоирига беқиёс меҳр-муҳаббатидан дарак эмасми?! Муҳаммад Юсуф феномени ҳикматини англашга уринаркан, беихтиёр яна ортга ўгирилавераман, яқин ўтмишдаги ўзимни, ўй-қарашларимни тафтиш қилмоққа бериламан... Чорак асрлар муқаддам, иш билан пойтахтга бориб қолганда адабий гурунглар пойгагида вужудим қулоқ бўлиб ўтириш муяссар бўла бошлаган пайтлар, биринчи марта “ер шоири” деган таърифни эшитганман. Билсам, ҳали расмий доиралар домига тушмаган, кўнгилларида эрк соғинчи сўнмаган ёш ижодкорлар даврасида бу бир баҳо – “теран томирларидан узилмаган” дегани... “халқдан чиққанман” дея бирушта кўксига муштлашига қарамай халқдан “чиқиб қолган” шоирлардан эмас, дегани экан. Менга қолса, халқнинг шоирга меҳрини тоблаб турган бош омил шу – то охирги нафаси қадар “ер шоири” бўлиб қолгани деган бўлардим. Ўзига ғоят қисқа вақт берилганини сезган каби, у ижодда янги йўллар қидириб юрмади – эски йўлга тушди-да, бир дарвеш мисоли аввал халқининг дард-ҳасратини, сўнг кулиб боққан толеини хиргойи қилганича охир манзил томон оҳиста бораверди...
Хуллас, Муҳаммад Юсуф “ер шоири” деган баҳога ҳар жиҳатдан лойиқ, десак, айни ҳақиқат айтилган бўладики, гўё эътирозга ўрин йўқдек. Шунга қарамай, юбилей баҳона шундай ўйлашга асос берувчи омилларни яна бир сидра кўриб ўтиш бизни фикримизда собит, бошқа бировларни ҳамфикр этиши мумкинлиги жиҳатидан мақсадга мувофиқ кўринди.
***
Мазкур омиллар ичида биринчи ўринга ҳеч иккиланмасдан шоирнинг ўз Ватани, халқига муҳабатини қўйиш лозим бўлади. Негаки, айнан шу ҳис, аниқроғи, ҳар бир сатри қатига дегудек сингдирилган руҳ Муҳаммад Юсуф шеъриятининг поэтик ўзига хослигини таъминлаган белгиловчи хусусиятдир. Муҳими, шоирдаги бу ҳиснинг ўзи бўлакча, яна ҳам тўғрироғи, унга доялик қилган Ватан, халқ ўзгача:
Тупроқ юртим менинг,
Тўпори юртим.
Кўзимга тўтиё ғубори юртим.
Шоирнинг илк ижодига оид ушбу сатрларда ўша пайтлари жамиятда етилиб келаётган ижтимоий кайфият зуҳур этади. Бу кайфият эса, дейлик, Эркин Воҳидовнинг машҳур “Ўзбегим” қасидаси ёхуд Абдулла Ориповнинг “Ўзбекистон” шеъридаги кайфиятдан фарқли, ҳатто, айтиш мумкинки, уларга зид (албатта, бу ўринда диалектик маънодаги, яъни бутунни ташкил қилувчи зиддият назарда тутилмоқда). Зидлик шундаки, аввалги иккала шеърнинг лирик қаҳрамонлари улуғвор бир хилқат қаршисида (нуқтаи назар пастдан юқорига қаратилган) турса, кейингисида лирик қаҳрамон Ватанига мушфиқ нигоҳ ташлайди (нуқтаи назар юқоридан пастга қаратилган). Сабаби, аввалги икки шеърда миллий ғурурнинг қаддини ростлаш зарурати англанган давр ижтимоий кайфияти акс этган, иккинчисида – Ватан тақдири учун масъуллик теран ҳис этила бошланган давр кайфияти. Айтмоқчимизки, аввалги икки шеър улуғ Ойбекнинг “Бир ўлкаки...” хитоби билан бошланувчи анъана йўлида – уларда Ватаннинг ғуруримизга озиқ берувчи нуқталари урғуланади; кейинги шеър “Бузилган ўлкага” анъанасида: Чўлпоннинг “кел кўзингнинг ёшларини сўриб олай” хитобида шафқат тўлиб тошгани каби, Муҳаммад Юсуфнинг “тупроқ юртим менинг” сатрида ҳам шу ҳис устувордир. Албатта, “тупроқ”ни фақат “хокисорлик” маъносидагина тушуниш тўғри бўлмайди. Негаки, шеърнинг давомидаги “энг баланд тоғлардан юқори юртим” каби сатрлар “тупроқ” замиридаги “топталган” маъносига зидланмоқда. Демак, илк мисрадаги “тупроқ” сўзи, бир томондан, шоирнинг хокисор юртига мушфиқ муносабатини, иккинчи ёқдан, уни топтаганларга қарши исёнини ифодалайди экан... Сўзнинг маъно қирралари ҳақида шу айтилганлар билан кифояланса ҳам бўладигандек-у, лекин кўнгил кўнмайди, недир қониқмаслик қолади. Сабаби шоирнинг қуйидаги каби сатрларни битгани:
Шоир шундай кўпки, уларга ер тор,
Ҳаммаси машҳур ва ҳаммаси номдор,
Улуғвор, уларга етмоқ кўп душвор,
Аммо улар ойга босиб юзини
Турганда самонинг бағрига илк бор
Биз олиб борамиз тупроқ исини.
Аввало, келтирилган парчада шоирнинг ижодий кредоси акс этганини айтмоқ керак. Ижодий аъмолини белгилаш учун у “юзини ойга босиб турган” шоирларга ўзини қарши қўйиб, улардан фарқланиши, фарқи “само бағрига илк бор тупроқ исини олиб чиқиши”да эканини таъкидлайди. Яъни, айтиш мумкинки, ярим асрлар кейинги воқеликда Муҳаммад Юсуф 20-йилларда урф бўлган “ер шоири” – “кўк шоири” тарзидаги айирмага келади. Бироқ, ўз даврида Чўлпоннинг “кўк шоири” деб маломат қилинганини ёдга олсак, Муҳаммад Юсуф бунга ўзгача маъно юклаётганига шубҳа қилмаса бўлади. Зеро, парчадаги “номдор”, “улуғвор”, “машҳур” сўзлари зимнидаги кинояга қарасак, гап шеър аҳлига хос тахайюл парвози тўғрисида эмас, Ватанини “жаннатдан репортаж” қабилида таърифлаган, шундай ёзгани учун ҳар турли рағбат олган ва пировардида рағбат учунгина ёзишга одатланганлар ҳақида экани англашилади. Уларнинг талқинидаги Ватанда “инсон энг ҳур яшайди”, “инсон қадри ғоят юксак”... бунда дала йўқ, “мардлар майдони” бор, дўпписига пахта тераётган болакайлар йўқ, “пахтазор полвонлари” бор... Уларнинг наздида шунчаки меҳнат йўқ, “пахта фронти” бор, бас, қурбонлар бўлиши ҳам табиий, кўз юмиб турса бўлади... Хуллас, шу тоифани “юзини ойга босиб турган”, яъни ҳаётдан узилган шоирлар деганида Муҳаммад Юсуф айни ҳақиқатни айтган. Буларга зид ўлароқ, унинг ўзи ҳаётда бор одамларни, уларнинг асл дарду қувончларини, юртининг ҳақиқатда мавжуд манзараларини қаламга олди – Ватанни борича кўрмоқ ва бор ҳолича севмоқ ақидаси билан ижод қилди. Шу боис ҳам турғунликнинг биқиқ шароитида шоир мудом она қишлоғи – асл одамлару асл туйғуларни соғиниб, уларга талпиниб яшади:
Хиёбонда лола,
Тувакда лола,
Фонтанлар қиқирлаб кулаверади.
Менинг киндик қоним тўкилган дала,
Сени эса кўргим келаверади.
Балки, инжиқроқ ўқувчи эътироз ҳам қилар: “хиёбону тувакда лола бўлса, фонтанлар қиқиқрлаб турса – нимаси ёмон? Ахир, бу ҳам гўзаллик, инсон қўли билан инсон учун яралган гўзаллик эмасми?” Мундай қараганда, эътироз ўринлидек. Бироқ шундай деб ўйласак, шеърни сўзма-сўз ва тор (яъни “шаҳар – қишлоқ” антитезаси деб) тушунган бўлиб чиқамиз. Ҳолбуки, шеърдаги сўз луғатдаги сўзга тенг эмас, у образ яратади. Сохталик одатий нормага айланиб, инсоний муносабатлар сийқалашиб бораётган муҳитдаги шоир наздида тувакдаги гул ҳам, хиёбондаги гул ҳам, фаввора сувининг жилвасию жилдираши ҳам – бари нотабиийлик тимсоли. Улар сохталикдан безган кўнгилнинг қишлоқ – шоир тасаввуридаги табиийлик ва самимият маконига талпинишини ифода этмоққа хизмат қилади. Сохталик шунчалар одатийки, одам самимий туйғулари учун хижолат чекади:
Тошкентда сиренлар гулласа, синглим,
Ва яна қандайдир акациялар.
Бедазорними-ей қўмсайди кўнглим,
Бировга айтишга одам уялар...
Аввало, бу ўринда “бедазор” шунчаки беда экилган пайкал эмас – шоирнинг она қишлоғи, яқинлари билан боғлиқ туйғу-кечинмалари, хотиралари умумлашмаси у. Шўро замонида “бедазор” билан боғлиқ ҳис-туйғуларини ошкора, яна “сирень” ва “акациялар”га зидлаб айтолгани учун ҳам истиқлол йиллари “Римни алишмасман бедапоянгга” дегани шунчаки патетика эмас, самимий изҳорлигига бешак ишонамиз. Энди масаланинг иккинчи томонига қарайлик. Қизиқ-да, пойтахти азим бўлса, чор тарафдан келиб, шунда ўрнаб қолиш илинжида ҳар кўйга тушиб ётган истеъдодлар қанча... Қишлоғингга қиёсласанг комфортнинг олий даражаси, сенга яна нима кам, эй одам, шукур қилмайсанми?! Йўқ, бу асло ношукурлик эмас, соғинчнинг бошқа омилларини мушоҳада қилсак, бунга амин бўламиз. Шоир бежиз “сирень” ва “қандайдир акациялар” ҳақида гапирмаяпти, ахир. Улар мустамлака рамзлари эмасми?! Энди ўттиз йиллар нарини бир эсланг, шоирда “комфорт ким учун?” деган савол туғилиши табиий эдими ё йўқми?! Шу каби саволлар гирдобида қолган онлари “шаҳарга ўрганиб қолган” шоир қишлоғидаги ўзининг “йўлига илҳақ” боқиб, “пахта териб, ўт юлиб маъюс” умри ўтаётган қизни эслайди:
Унинг сочи узундан-узун,
Унинг сочи товонга етган.
Лекин гулга ўхшамас юзи
Қўллари ҳам ёрилиб кетган.
Юрак ёнар уни ўйласам,
Буёғи ҳеч шеърга сиғмайди...
Қаранг, ёр васф этилган банднинг дастлабки икки мисрасида поэтик анъана йўлидан борилган, учинчи мисрада ундан кескин чекинилган: ёр юзи гулга ўхшамайди. Бу “ғўза яганалаб завқи тошган қиз” ва ё “қўшиқ айтиб кетмон чопаётган атлас кўйлакли гўзал” қабилидаги сатрларга тўлиқ “меҳнат поэзияси”га, “Шарқ аёлини чалдевордан озод қилиб” далага чиқарганларга таъна эмасми?! Кўп қатори ёр юзини гулга ўхшатиб, бечора қиз кўнглини хушлаб қўяқолса бўлмасмиди? Йўқ, бўлмас эди. Негаки, унинг узунсоч қизга муҳаббати аслида Ватанга муҳаббатининг ўзидир. Шоир дилидаги улкан муҳаббатни атрофидаги нарсаларга тақсим қилиб ўтирмайди, аксинча, ҳар бирини – жажжи жамбилбаргдан то беқиёс Ватани қадар – барини бирдек улкан муҳаббат билан севади қўяди. Яна ҳам тўғрироғи, унинг талқинидаги Ватан мавҳумот эмас, балки ўзи учун қадри бениҳоя баланд инсонлар, жой ва нарсалардан таркиб топувчи мавжудликдир. Яъни бедазор ё жийда таги, қўллари ёрилиб кетган синглиси ё юзи гулга ўхшамайдиган қиз, таниш терак ва ё қора қумғон – барининг тимсолида шоирнинг Ватани, халқига муҳаббати зуҳур қилади. Шеърларидан бирида айтганидек, Муҳаммад Юсуф Ватанни “иддаолар қилмай севади”, унинг муҳаббати том маънода беғараз, бас, унинг турланмоғи имкондан ташқари, сохталик эса табиатига мутлақо ёт. Айни шу туйғу, назаримда, Муҳаммад Юсуф шеърларига миллионлаб диллар қулфини очиб берган олтин калитдир.
***
Муҳаммад Юсуф шеърларини элга манзур этган жиҳатлардан яна бири, фикримча, уларда таниш туйғуларнинг қаламга олингани ва, муҳими, бу туйғуларнинг содда бир йўсинда ифода этилганидир. Ҳолбуки, у шеъриятга кириб келган пайтлари модерн йўсинида – фикру туйғуни мураккаб услубда, рамзу ишоралар қатига жойлаб, туманли ифодалаш урфга киргандики, ҳатто мутахассислар ҳам “шеърингизни тушунтириб беринг” дея матбуотда чиқиш қилганлар. Ҳозир биз учун негалиги унча муҳим эмас, балки, дилидагилар ҳаммага бирдек тегишли деб билгандир, Муҳаммад Юсуф анъанавий йўлни танлади...
Дарвоқе, “таниш туйғулар” деганим ҳам изоҳталаб. Буюк Толстой ҳар қайси инсон қалбида мавжуд бўлиши мумкин бўлган барча қалблар имконият тарзида яшайди, деган. Тўғри гап. Лекин ҳар қандай туйғу ҳам кўнглимизга чиппа ёпишиб қолмаслиги ҳам бор гап-да. Бошқача айтсак, ўзга кўнгилдаги айрим туйғуларни ҳеч зўриқишсиз кўнгилдан кечира оламиз, айримларини қайта ҳис этишимиз эса қийин кечади: фурсатми, тажрибами, машқми... – нимадир етишмай туради. Чиппа ёпишиб қоладиган туйғулар муайян бир кўламда (умумбашарий, миллий, ҳудудий ва б.) универсаллик касб этади. Дейлик, адолат туйғуси умумбашарий (адолат мезонларининг фарқли экани бошқа масала) характерга эга. Шу боис адолат мезони бузилган ҳолларда ҳар қандай шоир кўнгли, миллий ё ҳудудий мансублигидан қатъи назар, исён қилади. Муҳаммад Юсуфнинг илк ижодига мансуб “Қушлар ҳам йиғлар” номли бир воқеабанд шеър бор. Воқеа қишлоқларимиз ҳаёти учун ғоят одатий: ёзда, биласиз, “ҳаво-жаҳон яхшилигида иморатни битказай” деб ўзбекнинг жони ҳалак, ака-ука терак кесадилар. Терак қулайди, уяси бузилган она чумчуқ чириллаб қолади. Мана, шу дамда уканинг кўнглидан кечгани:
Баланд бўлар уйимиз тоғдек,
Айвонида устун ул терак.
Биз яшаймиз кўнглимиз чоғдек,
Шунда қушлар йиғласа керак.
Ўсмир нигоҳида адолатсизлик содир этилди: чумчуқ ҳуқуқи поймол бўлди. Тўғри, катта бўлгач кўпчилик “ҳамма нарса инсон учун” ақидасига биноан бу каби ҳолларни меъёр деб ҳисоблай бошлайди. Бироқ биз учун бу ўринда бошқа нарса: ҳолат “мен” тилидан, шоирнинг болалик таассуроти сифатида тақдим этилгани муҳим. Зеро, бу шоир ижодидан қизил ип бўлиб ўтувчи ўткир адолат туйғуси фитратидаги хислатнинг намоёнидир дейишга асос беради. Худди шу туйғу кейинроқ, масалан, “Ёқуб мерган” шеърида ҳам устуворлик қилади. Ёқуб мерган – урушда оёғини қолдириб келган, қонунга мувофиқ унга “Запорожец” берилиши лозим. Бироқ таъмагир амалдор чолни сарсон қилади, аризасини эътиборсиз қолдиради. Оқибат Ёқуб чолнинг ҳаммадан “кўнгли қолди, Машинасин бошқа олғир кимса олди”. Адолат топталгани етмагандек, андишасизлик шунчаларки, уруш ногиронининг ҳақига хиёнат қилган кимса “ялло қилиб юраверади”. Ана энди шоирнинг ҳолини кўринг:
Уни кўрсам чол эсимга келаверар,
Ғилдираги юрагимни эзаверар...
Ёқуб чолга беришмаган “Запорож”нинг.
Эътибор беринг, Ёқуб чолга нисбатан қилинган адолатсизликни шоир шахсан ўзига нисбатан қилинган каби қабул қилади. Бу табиий ҳам, негаки ҳар қандай адолатсизлик энг аввал ҳақиқий шоир юрагида акс садо беради. Шу боис ҳам Муҳаммад Юсуф учун адолатсизликнинг катта-кичиги йўқ – у бутун миллатга нисбатан (“Гдлян”) бўладими, гўдакка (“Турғунлик”) ё аёлга (“Тараққиёт”), элда машҳур инсон (“Шукур Бурхон”) ё оддий бир ҳамқишлоғига (“Мўминжон”) нисбатанми – бариси бирдек қалбини ўртайди. Шеърда шоир кўнгилдан кечирган чин туйғунинг акс этиши эса айни кечинма ўқувчи кўнглига кўчишини, демакки, кучли эстетик таъсирни таъмин этади.
Муҳаммад Юсуфнинг кўплаб шеърларида миллий турмуш тарзимиз, менталитетимиз доирасида универсал туйғу-кечинмалар қаламга олинганки, улар шоир ва шеърхон учун умумий, шу боис ҳам “тушуниш майдони” ғоят кенгдир. Дейлик, миллий тарбия шундайки, фарзанд ота-она орзусини рўёбга чиқариш, хизматини қилиб дуосини олишни ният қилиб яшайди. Бироқ ҳаёт қонунлари шафқатсиз: жамиятда ўз ўрнингни топиб, энди-энди ниятларингни амалга ошириш имконига эга бўлганингда, афсус, уларнинг фоний дунёдаги сафарлари қариган бўлиб чиқади – ниятлар армонга дўнади. Бу ҳол, айниқса, Муҳаммад Юсуф сингари ўтган асрнинг 50–70-йиллари шароитида туғилиб ўсган зиёлиларнинг аксариятига хос. Негаки, бу даврда, ҳозир эътироф этиш-этмаслигимиздан қатъи назар, маданий юксалиш кузатилган – қишлоқлардан минг-минглаб ёшлар илм излаб пойтахти азимга, марказий шаҳарларга йўл олганлар. Яъни асрлар бўйи шаклланган турмуш тарзи ўзгаришга юз тутгандики, бу аввало кўнгилда кечади. Мана, шундай кечимлардан бир зарра:
Ота, ғўзангизни сув босиб кетди,
Чумчуқ вайрон қилди жўхорингизни.
Менинг китобларим бир жамбилбаргча
Ёзолмади лекин хуморингизни...
Демак, отага кераклигини ич-ичидан ҳис қилгани ҳолда корига ярай билмаётган фарзанднинг изтиробу армонлари кўпчиликнинг кўнглига чиппа ёпишади десак, асло янглишмаймиз. Худди шу гапни соғинч гирдобига ташлаб кетилган оналар, ака суянчидан маҳрум сингиллар... қисқаси, шаҳарда яшагани ҳолда “шаҳарлик” бўлиб кетолмаётган одамнинг умумий номи соғинчли армон ва ё армонли соғинч бўлган туйғулари ҳақида ҳам айтиш мумкин.
Таниш туйғулар сирасида яна бири – армонга дўнган муҳаббатни алоҳида таъкидлаб кўрсатиш лозим. Албатта, катта бўлган сари “бизлар ёш пайти...” дея гўё ҳамма нарса ҳозиргидан яхшироқ эди деган даъвода собит бўлиб боради киши. Шу дардга йўйманг-у, у даврлар муҳаббат дегани ҳам ўзгача – аксар ёр қўлини гўё тасодифан тутишу жуда журъатли бўлса яшин тезлигидаги чала ўпичдан нари ўтмаган, балки шу боис ҳам кўнгилга чуқур илдиз отган, покизароқ ва романтикроқ бўлгандек туюлади менга. Шу боис ҳам камина йигитлик чоғлари бу ҳис домига тушган тенг-тўшларим лоақал бир бор, майли жуда қисқа фурсат бўлсин, кўнглида “Севиш керак, яшаш шарт эмас!” дея ҳайқирганига ёки ҳофизнинг “Қўйнимда бир ёру, кўнглимда бир ёр” деган ноласини эшитибоқ ичларида ажиб бир титроқ туйганларига ишонгим келади. Менга қолса, Муҳаммад Юсуфдан олинган шу икки сатр “зиддиятлар бирлиги” қонуниятини ўзида мужассам этган ҳолда давр учун типик “муҳаббат тақдири”ни намойиш этади деган бўлардим. Зеро, уларнинг биринчиси юксак романтикага йўғрилган муҳаббатни, иккинчиси муқаррар айрилиқни ифодалайди. Мазкур сатрлар орасига эса минг-минглаб олисларда ҳарбий хизмат ўтаётган ва ё илм эгаллаётган йигитлару “баджаҳл ота”дан ё “ўтириб қолиш” эҳтимолидан қўрқиб йиғлай-йиғлай “остонаси тилло уйлар”-га кетган қизларнинг муҳаббат тақдири битилгандек...
Ниҳоят, яна ўша “долзарблик” масаласи, ҳар не зериктирган ва ҳозирда урфдан қолган бўлмасин, бунга ҳам тўхталиш зарур. Тўғри, шўро давридан қолган асорат, лекин Муҳаммад Юсуфда бу ҳам ўзига хос: долзарб масала жайдари йўсинда муҳокама этилади-да, чапани хулосага келинади. Дейлик, миллий қадриятларни тиклаш масаласи долзарб турган палла шоир бу ҳақда умумий тарзда эмас, конкрет фикр юритади. Гапни “одамлар дўппи киймай қўйгани”дан бошлаб, пировардида “бошга лойиқ дўппи қолмадими ё дўппига лойиқ бош?” дея ўқувчи ҳамиятига қаратилган саволни қўяди. Ёдингизда бўлса, савол ғоят тез оммалашган – шеърни ким телевизор ё радио орқали, ким учрашув ё бошқа тадбирда шоир тилидан эшитган-да, охирги сатрлар шундоқ хотирага муҳрланиб қолаверган. Сабаби, бу аксарият ўқувчиларнинг дил тубида, яна бир қисмининг тил учида турган гап эди. Бундай гапни “топиб айтиш” учун эса ҳаёт қозонида халқ билан бирга қайнамоқ керакки, Муҳаммад Юсуф буни уддалай билган чинакам халқ шоиридир...
***
Ҳар не таниш туйғу ва ё тил учида турган гаплар айтилмасин, шеърга жозиб куч ато этувчи жиҳат қандай айтилгани бўлиб қолаверади. Бас, агар Муҳаммад Юсуф нима дегани билан чеклансак, уни санъаткор сифатида танимаган бўлиб чиқамиз. Ҳолбуки, ўша бироз тўпори ҳислару жайдари фалсафа чинакам санъаткорона маҳорат билан ифода этилган. Фақат бу маҳоратни кўриб олишга, нима десам экан, соддалик бироз халақит қилади. Шоирнинг илк тўпламига ном берган шеърни олайлик:
Қўл ушлашиб турган шаддод қизлардек,
Қошда ўсма, қулоғида зираклар,
Туюлади менга қишлоққа борсам,
Таниш йўллар бўйидаги тераклар.
Аввало, мазкур банд синтактик жиҳатдан битта гапга тенг: мазмунан битта хабар, битта фикрий ва интонацион бутунлик, битта мантиқий урғуга эга. Кундалик мулоқотда ушбу жумла тамом бошқача қурилиши тайин, демак, ҳозирги шакли муайян бадиий-эстетик мақсадга мувофиқ, яъни муаллифнинг хизмати. Дастлабки икки мисранинг санаш, учинчисининг пасайиб бориш оҳангидалиги тўртинчи мисрадаги мантиқий урғуни кучайтиради. Натижада ўхшатиш объектини англатувчи “тераклар” сўзи урғули позицияга ўтади ва шеърнинг қоқ марказини эгаллаб, образнинг жавҳари бўлиб қолади:
Бу йигит ким?.. ниқташади бир-бирин,
Сергакланиб , сочларини турмаклаб,
Таниб секин уҳ тортади биттаси,
Қиқир-қиқир кулар бири эрмаклаб.
Кўриб турганимиздек, энди тераклар унутилди – қизлар қолди, холос. Зеро, тераклар вазифасини ўтаб бўлди: улар ассоциатив тарзда “шаддод қизлар”ни эслатди, хотирани уйғотиб, тасаввурда ғоят ҳаётий бир манзарани жонлантирди. Аслида ҳам шеър “таниш тераклар” ҳақида эмас, умрнинг улар ёдга солган онлари, ўша онлар билан боғлиқ ҳаяжону армонлар ҳақида. Шеърда бир борагина қўлланган “тераклар” сўзи шундай жойлаштирилганки, айни ҳислар ҳеч бир зўриқишсиз ўзга кўнгилларга кўчаверади, кўчаверади. Умид қиламанки. “кўриб олишга соддалик бироз халақит қиладиган маҳорат” деганда нимани назарда тутганим тушунарли бўлди.
Санъаткорона нигоҳ атрофимиздаги кўримсиз, наздимизда гўё ҳеч эътиборга лойиқ бўлмаган нарсаларда ҳам бир ҳикмат топиш, уларда кўнгил ва ё турмушда юзага келган чигалликлар ечимини кўришга қобил бўлади. Албатта, бундай нигоҳ эгалари ҳам оз эмас, бироқ фақат ўша нарсалар билан тиллаша биладиганларгина чинакам шоирдир. Муҳаммад Юсуф, шубҳасиз, айни шу сирада. Тиллаша билгани учун ҳам у бармоқ узатганида “эгасиз уй эшиги”нинг йиғлаганини эшитади, “занг илгак сурилса” ўз жойига эмас, юрагига “Қаерда юрибсан, эгамнинг ўғли?” деган савол бўлиб қадалади. Тиллаша билгани учун-да лолақизғалдоқ дардини олмоққа, ялпизга дардини тўкиб солмоққа шошади. Шоирнинг нигоҳи тушиб, унинг поэтик оламига кирганки нарса КЎНГИЛли , яъни ҳис этишга қобил мавжудотга айланади... ҳатто, трамвайлар ҳам. Ўйласам, шу ўринда Муҳаммад Юсуфнинг айрим мухлислари эътироз қилишлари ҳам мумкин экан: “Ахир, трамвай ҳиссизлик тимсоли эмасми?!” Шундай, бир қарашда трамвай ҳиссизлик тимсоли бўлиб кўринади:
Бекатларда мен қоларман-да,
Айтар сўзим қолиб кетади.
Бодомзорга сени ҳар куни
Трамвайлар олиб кетади.
Тўғри, ошиқнинг ҳолига, термилиб қолган нигоҳлардаги унсиз зорига қарамай трамвайлар ҳар куни ёрини олиб кетаверади. Ҳа, жами тўрт бандли шеърнинг учта бандида охирги икки мисра таъкидлаб такрорланади. Ҳа, шоир трамвайларни сўколмаслиги, уролмаслигидан афсусланиб, уларни кўролмаслигини олам-ҳайқириб жаҳонга айтади. Бироқ шунда ҳам трамвайни ҳиссизлик тимсоли демаган бўлардим. Негаки, трамвайлар ошиқнинг ҳолига асло бефарқ эмас, ҳар куни “Темир йўлга бошларин уриб, Ғилдираклар нолиб кетади”. Нега шоир трамвай ноласини эшитмайди? Ахир, у “юр деб ўзи кетар йўлларга трамвайларни буролмаётган” бўлса, айб кимда? Трамвайдами ё унинг ўзидами? Иккисида ҳам эмас, асли ҳамма гап эътибордан четда қолиб турган темир йўлда. Трамвай нима, ахир, у ҳам шу темир издан юришга маҳкум бир ожиз-ку! Бас, бу ўринда гап тақдири азал ҳақида бормаяптими?! Шунақага ўхшайди. Севгисининг истиқболини кўролмай қийналаётган лирик қаҳрамонимиз – ўз даври кишиси, яъни, тақдири азал дегани унутилаёзган, бас, севгисига етишолмаганлар буни асло тақдирдан эмас, бошқа нарсалардан (мас., тушунмаган ота-она, эски урф-одатлар, ижтимоий тенгсизлик ва б.) кўришга одатланган даврнинг. Ахир, қатор қиссаю романлар шундан сўзлаб, фильмлар шуни кўрсатиб турса, бошқача бўлиши ҳам қийин эди-да! Шундай бир шароитда улғайганига қарамай, шоир савқи табиийси билан юз бераётган ҳар неда тақдирнинг қўли борлигига инонган бўлса, не ажаб?!
Лирик кечинмани ҳаракатга келтирган ҳаётий ҳолатни тасаввур қилиш имконияти қанча кенг бўлса, шеърнинг тушунилиш доираси ҳам шунча кенг бўлади. Лекин шеър дегани эпик тафсилотларни хушламайди, уларнинг салмоғи заруратдан заррача ошмаслиги даркор, акс ҳолда, кечинма ифодаси хиралашади. Муҳаммад Юсуфнинг маҳорати шундаки, бир-икки мисрадаёқ ўқувчини ўша лирик кечинма туғилган ҳаётий ҳолатга кўчиради қўяди. Масалан, илк севги ҳақидаги шеърларидан бири мана бундай бошланади:
Мана шу – мен туғилган гўша,
Уйга етдим – ариқ ҳатладим...
Дастлабки мисраларни ўқибоқ, шеърхон ҳеч бир зўриқишсиз маълум вақт олисда юрган одамнинг қишлоғига қайтган ҳолатини тасаввур қилади, руҳан шунга мос эмоцияларни қабул қилишга чоғланади. Албатта, бу ўринда гап шоир тасаввуридаги, у хаёлан мулоқотга киришиб, қаршисида дардини тўкиб солаётган хос шеърхон назарда тутилаётир. Шоир унга ишонади, унинг ҳаёти давомида шундай ҳолатдаги одамга хос элегиявий кайфиятга ошно бўлганини билади ва икки мисра билан ўша кайфиятни тирилтиради қўяди. Давомидан келган “Шу ерлик бир қизга ёқай деб, Узун-узун шеърлар ёдладим” мисралари эса қалб торларини ўша таниш туйғу – армонга айланган илк севги нолаларини янада нозик пардаларда чалишга созлайди. Бу эса лирик қаҳрамон кечинмаларининг ўқувчи қалбида ҳам кечишини, яъни бадиият ҳодисасиснинг рўёбга чиқишини таъминлайди.
Лирик асарда қаламга олинган ҳолат драматизми нечоғли ўткир бўлса, ҳис-туйғулар ҳам шу қадар теран, таъсирчан бўлади. Негаки, яхши шеърхон ўқиш давомида беихтиёр ўша ҳолатни кўнглида, тасаввурида яшаб ўтади (ўзини лирик қаҳрамон ўрнига қўяди, унинг ролини ижро этади). Мазкур жараённи фикран реконструкция қилиб кўрмоқ учун Муҳаммад Юсуфнинг машҳур бир шеърини мисолга оламиз:
Осмон чўкиб қолди бу оқшом,
Юлдуз бўлиб ёғилди бир сас.
Бир маҳалла нигоҳни кўрдим:
Яшаш керак, севиш шарт эмас.
Илк мисрани ўқибоқ шеърхон мос эмоционал ҳолатни, яъни лирик қаҳрамон наздида “осмонни-да чўктирган” недир изтиробли ҳолни қабул қилишга чоғланади. Илк мисра уйғотган кайфият оғир: лирик қаҳрамон ўзини ёруғ оламда ёлғиз сезаётир, осмон уни босиб келмоқда ва шу асно “Юлдуз бўлиб ёғилди бир сас”. Бироқ лирик қаҳрамон бу сасни эшитишни ҳам истамай нигоҳини ерга олади-да, ўзига қадалган “бир маҳалла нигоҳда” ҳам яна ўша ҳукмни ўқийди: “Яшаш керак, севиш шарт эмас”. Ҳолат драматизми шунчаларки, лирик қаҳрамон еру осмонга баравар қарши турибди, кўнглида ардоқлаган туйғу шунчаларки, еру осмонга исён ўлароқ ўзининг “Севиш керак... яшаш шарт эмас!” деган ҳукмини баралла ҳайқириб айтади. Юқорида айтилганидек, жуда кўпчилик ҳаётида лоақал бир бора, атиги бир неча лаҳзага бўлсин, шу ҳолга тушган, бас, ўқилган чоғи шеър уларнинг дил изҳорига айланади,уларнинг ўппа-ўзиники бўлиб қолади.
***
Муҳаммад Юсуф ҳақида гап кетганда гоҳи “қўшиқчи шоир” дея бироз менсимайроқ қарашга мойиллик сезилади. Буни аҳли қалам орасида табиий ва зарурий бўлмиш рақобатдан туғилувчи, юмшатиброқ айтсам, ноқобил фарзанд – ғайирликка йўйиб қўйсам ҳам бўларку-я, фақат бу ҳолда сабабни юзадан қидирган бўлиб чиқаман, чоғи. Негаки, аслида бу шеър билан мусиқа, шеърият билан қўшиқчилик алоқалари нечоғли мустаҳкам ва аҳамиятли эканини англамасликдан келиб чиқади. Ҳолбуки, шеър – оҳанглар қанотида қалб қулоғимизга кириб боруви нутқ, қани уни мусиқийликдан маҳрум қилиб кўринг-чи: бу ҳолда шеър ҳам йўқ бўлади. Зеро, мусиқий оҳанг – шеърнинг зотий сифати. Қўшиққа келсак, у ҳам шеър, фақат унда ўша зотий сифат ғоят бўрттирилгандир... Арузий оҳанглар билан мақомларнинг нечоғли яқинлиги, ҳазрат Навоийдан тортиб Ферузга қадар кўп мумтоз шоирларимиз мусиқийда ҳам моҳир бўлганлари, шоҳ Машраб ғазалларини сетор жўрлигида хониш қилиб юрганини эслатмасак ҳам бўлар. Сирасини айтганда, кенг халқ оммаси Чокар, Мискин, Оразий сингари шоирлар ўтганини асарларини ўқигани учун эмас, уларнинг шеърлари билан айтилувчи ашулалар кунда-кун ора радио ё телевизордан янграб тургани учун билади. Яқинроққа келсак, “Ўзбегим” қасидаси ёки “Биринчи муҳаббатим” шеърининг қўшиқ қилингани навқирон муаллифларини ўзбекнинг етти яшаридан етмиш яшаригача маълуму машҳур қилмадими?! Ахир, кўпчилик кўнглига чиппа ёпишган қўшиқ уларнинг сўзи билан айтилганини билгач, тўпламларини излаб қолмаганми?!
Шунга ўхшаш, Муҳаммад Юсуфнинг шоир сифатида танилиши, яшин тезлигида шуҳрат топишида қўшиқчилик санъатининг ҳиссаси улкан: ҳали илк китоби чоп этилмасидан шеърлари куйга солиниб, иқтидорли ёшлар томонидан тўй-маъракаларда айтиб юрилгани шунга далил. Янги-янги теле ва радио каналлар пайдо бўла бошлаган 80-йиллар адоғидан эса шеърлари пайдар-пай қўшиқ қилиниб, телевизор экранлари, радио тўлқинларидан узукун тушмади десак, муболаға эмас. Ўн минг, йигирма минглаб томошабин йиғилган стадионлар, энг катта концерт залларида кунда-кун ора берилган концертларда “Муҳаммад Юсуф шеъри билан...” дея тантанавор эълон қилиб турилганини ёдга олсак, фикримизга бошқа далил ҳожат ҳам эмас.
Хуллас, ҳозирда радио ва телевидение билан узвий боғлиқ замонавий қўшиқчилик шеъриятнинг энг самарали, беқиёс тарғиботчиси эканини ёқса-ёқмаса эътироф этишимизга тўғри келади. Тўғри, айни имконлар доирачи ё “усилителчи”-дан чиққан қўлбола шоирларни ҳам майдонга чиқараётгани бор гап ва бу кўпчиликнинг ғашини келтираётгани ҳам асосли. Бироқ, ахир, айб имконда эмас, ундан қандай фойдаланилаётганида-ку! Бас, “қўшиқчи шоир” дея бурун жийирувчилар шуни эътиборга олсалар тўғри бўлади. Акс ҳолда, “қўлбола шоирлар” билан Муҳаммад Юсуфни фарқламаётган бўладиларки, оппа-очиқ турган нарсани кўролмаётганлари, очиғини айтганда, ғайирлик билангина изоҳланиши мумкин.
Фарқ эса шуки, “қўлбола шоирлар”нинг иш-амали куйга мослаб сўз тизмоқдан иборат, Муҳаммад Юсуф эса ШЕЪР ёзади: унинг қўшиқ қилиб айтилган шеърлари ҳам, энг аввал, кўнгил ҳолининг ифодаси. Фақат ўша ҲОЛ халқона шаклда, халқона оҳангларда шу қадар самимий ифодаланганки, беихтиёр хиргойига ўтиб кетасан, киши. Масалан, “Машраб хиргойиси” номли шеър:
Донишни қийнаб тўймаган,
Ҳоли жонига қўймаган.
Нодон билан кулиб ўйнаган
Пихини ёрган дунёсан.
Бир қарашдаёқ бу ўринда стилизация усули қўллангани, дарвешлар хиргойисига хос оҳанг тиклангани кўзга ташланади. Ўқиганингда, беихтиёр бир маромда қадам босганча хиргойи қилиб бораётган дарвешлар сафи кўз олдингга келади. Худди шу шеърни Охунжон Мадалиев бир турли, Юлдуз Усмонова бошқа бир йўсинда ижро этганлар. Умуман, ҳар икки талқин ҳам ўзича яхши – иккаласи ҳам мухлислар олқишига сазовор бўлган. Бироқ, назаримда, иккала ижрочи ҳам Муҳаммад Юсуф шеърни ёзиш чоғи кўнгилда кечирган ҳол – дарвеш ҳолини беролган эмас. Кўнгил ҳоли эса шундайки, лирик қаҳрамон дунёдан буткул узилган – руҳан узлатда, айни дамда у ўзини “Дунё ясаниб, жилва қилиб қошима келди, Турғил нари деб кетиға бир шатталаб ўтдим” деёлган Машраб мақомида сезади. Яъни шеър айни ҳолни ифодалаш, матнда муҳрлаш мақсади билан дунёга келган, унинг қўшиққа айланиши эса – иккинчи ҳаётидир. Яна шуки, агар шеър қўшиқчиликда турли талқинларга изн берар экан, бу унинг бадиий мукаммаллиги, бутунлигидан далолатдир. Кейинги мулоҳазаларимиз шоир “стилизация усулини қўллаган” деган фикримизга таҳрир киритишни тақозо қилади. Негаки, Муҳаммад Юсуф учун халқона оҳанг ва ифода стилизация, яъни халқ ижодига хос шакл ва оҳангларни шунчаки тиклаш эмас, балки унинг индивидуал услубига ХОС хусусиятга айлангандир. Яъни шоир кўнгил ҳолини кўпроқ халқона йўсинда ифодалашга мойил, тўғрироғи, ҳол изҳори шундай оҳангга йўғрилганча оқиб келади гўё. Масалан, мана бундай:
Ғирот минган Гўрўғли
Бобом қани, айтинглар.
Қўнғиротлик Алпомиш
Оғам қани, айтинглар...
Қаранг, бунда халқ оғзаки ижоди билан боғлиқлик яна ҳам очиқ-ошкор кўринади. Ҳол-кайфият ҳам бошданоқ ҳис этилади: бугунидан қониқмаслик туғдирган ғоят кучли ўтмиш соғинчи. Шоир бу соғинчини “қўлда кийик овланган дала”, “кокиллари ер ўпган санам”, “куйиб кетган жон” каби халқона ифодаларда изҳор этади. Юрагидаги дард бениҳоя кучли, лекин ҳар доимгидек, тушунгувчи одам йўқ, шунинг учун:
Кўнглим гулдай эзилиб,
Кўзимга ёш тўляпти.
Эҳ, қуёшга осилиб,
Ботиб кетгим келяпти, – дея нола қилади. Лирик қаҳрамон ғоят тушкун кайфиятда, лекин уни бадбин (пессимист) деб бўлмайди. Зеро, аввало, бу ўткинчи ҳолат, иккинчидан, теран мушоҳадага ва шундан келиб чиқиб курашга ундовчи ҳолдир. Яна ушбу ҳол-кайфият ижтимоий табиатга эгалиги, у миллат тарихидаги бурилиш паллада эл-юрт тақдирини ўйлаб яшаётган одам кўнглининг аламлари бўғзига келган чоғдаги сурати эканини айтмоқ керак... Дарвоқе, ушбу шеър ҳам қўшиқ қилинган, бироқ қўшиқчи талқини юқорида мазкур талқиндан фарқли. Бу табиий ҳам, зеро, у қўшиқчилик санъати вакили ўлароқ дунёга келган ва шу мақомда яшайди – у алоҳида асардир. Яъни қўшиқ ижро этилган онидан ўзининг шеърдан айро мустақил ҳаётини бошлаган ва шеърнинг ҳам шундай ҳаёт кечиришига халал бермайди. Икки орада бундай муносабат қарор топиши учун эса, юқорида айтилганидек, шеърнинг кўнгил ҳолининг изҳори ўлароқ дунёга келиши талаб қилинади. Таъкидлаб айтаманки, Муҳаммад Юсуфнинг қўшиқ қилиб айтилган аксарият шеърлари ушбу талабга тўла жавоб беради. Шунақа экан, уни аниқ бир ижрочи ва тайёр куйга мослаб шеър битадирган “қўшиқчи шоир”лар сирасида санаш ҳам бориб турган адолатсизлик бўлади.
Ижодида юқоридагича тамойилга таянгани учун ҳам Муҳаммад Юсуф қўшиқчилигимиз бадиий савиясини бир баҳя бўлсин кўтаришга хизмат қила билди, десак, асло муболаға бўлмайди. Зеро, бу санъат гуркираб ривожланган босқич – миллий қўшиқчилигимизнинг мустақиллик даври унинг номи билан чамбарчас боғлиқдир. Миллий қўшиқчилигимиз тарихида янги саҳифа очган М.Холиқов, О.Мадалиев, Ғ.Бойтоев, Ю.Усмонова, С.Назархон сингари қатор иқтидорли санъаткорлар репертуаридаги сара қўшиқлар Муҳаммад Юсуф сўзи билан айтилгани ҳам шунинг исботидир. Деганим, муваффақиятнинг муҳим омили – истеъдодли шоир шеърларига, асосан, истеъдодли композиторлар мусиқа ёзиб, истеъдодли санъаткорлар ижро этгани. Талантлар ҳамкорлигида яралган қўшиқ эса тингловчини бефарқ қолдирмайди, замонавий қилиб айтсак, хаял ўтмай “хит”га айланади, худди шоир сўзи билан мустақиллик байрамларининг бош саҳнасида туриб айтилган қўшиқлар каби...
Дарвоқе, яхши қўшиқ шеърнинг бизга кўринмай қолган жозиб қирраларини очиб ҳам беради. Ўзимдан, ўз тажрибамдан айтай. Муҳаммад Юсуфнинг “Мен дунёни нима қилдим, Ўзинг ёруғ жаҳоним” сатрлари билан бошланувчи шеърининг асл қимматини Севара Назархоннинг “Ғичир-ғичир тишимдаги Сўлиғимсан, Ватаним” деган ноласини эшитгач англадим десам, шунчаки лутф деб ўйламанг. Энди шу шеърни ўқисам, Севаранинг оҳанглари тортиб кетаётгандек туюлаверади, сатрлар қатидаги буюк муҳаббату дардни теранроқ ҳис қилаётгандек бўламан.
***
Муҳаммад Юсуф буюклик даъвосидан йироқ шоир эди. Ҳатто ўзини “тўпори назмбоз” атагани, “шеърим шуҳратимга эмас муносиб” дея эътироф этгани ҳам бор гап. Бироқ бир нарса шубҳасиз: Муҳаммад Юсуф қисқа ижодий умри давомида даврининг, халқининг талаб-эҳтиёжларини теран ҳис этиб яшади; Ватанига беғараз муҳаббат, элининг дилидаги дард билан оғриб, тили учида турганни айтиб қалам тебратди. Биласиз, ўзбек саломни аликсиз қолдирмайди: халқимиз ўз шоири хотирасини эъзозлаб кўрсатаётган юксак эҳтиром бунинг ёрқин далилидир.
2014 йил
Dilmurod Quronov