Yozuvchi Chingiz Aytmatov suhbatlaridan birida: «Kishi oʻzi bilmagan, his qilmagan narsalarni yozsa na oʻquvchini ishontira oladi, na yozganlari uni hayajonga soladi», – deydi. Maʼlumki, shu maʼnodagi eʼtirof sal oʻzgacharoq yoʻsinda koʻpchilik ijodkorlar tomonidan aytilgan, qolganlari ham bunga qoʻshilishlari tayin. Zero, bu – «badiiy obrazning materiali voqelik va ijodkor shahsidir» tarzidagi nazariy qoidaning soddaroq, ommaboproq ifodasi. Bu qoida esa, tabiiyki, barcha turdagi, jumladan, tarixiy mavzudagi asarlarda ham amal qiladi. Faqat tarixiy asarda bu oʻzgacharoq yoʻsinda kechadi. Gap shundaki, tarixiy mavzuga qoʻl urgan ijodkor tasvirlanayotgan davr voqeligidan uzilgan, bas, uning uchun ham oʻz zamonidagi, Ch.Aytmatov aytmoqchi, «oʻzi bilgan, his qilgan» voqelik material boʻlib xizmat qiladi. Negaki, tarixiy faktlar asarning nari borsa syujet sxemasini belgilar, oʻsha faktlarni jonlantirirish, tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirishda esa muayyan sharoitda (yaʼni, ijodkor yashagan voqelikda) shakllangan muallif shaxsi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ijodiy yetuklik pallasidagi Oybek bu haqda: «tarixiy romandagi asosiy narsa, menimcha, qanchalik uquv bilan keltirilishidan qatʼi nazar, tarixiy faktlarning oddiy bayonigina emas <...> boshqa har qanday asardagi singari – insondir»1, – deydi. Uning eʼtiqodiga koʻra, «ozodlik va baxtga intilish, muhabbat va sadoqat tuygʻulari, hasad yoki judolik, oʻlim dahshati va turmush nashʼasi tuygʻulari insonga doimo xos narsalar boʻlib, ming yillar davomida oʻzlaricha sira oʻzgarmadi <...> Insonlar vujudga kelgan davrlardan buyon insonlikcha kelmoqdalar». Shuning uchun ham Oybek «yozuvchi qaysi bir tarixiy davrga murojaat qilmasin, mabodo u davrning gʻayri yoki hattoki gʻalati koʻringan barcha xususiyatlari orasidan oʻziga tanish boʻlgan his-tuygʻular va fikrlar izlasa, pirovardida, mutlaqo xato qilmaydi», – deb hisoblaydi. Oybek bu gaplarni 1966 yilda, oʻzining qator tarixiy mavzudagi asarlarini elga manzur qilgach, aytganini eʼtiborga olsak, bular adib toʻplagan boy ijodiy tajribaning «qaymogʻi», uning tarixiy asar yozishda tayangan asosiy ijodiy-estetik prinsiplari deyishimiz mumkin.
Adibning doʻsti va ijodining yirik tadqiqotchisi H.Yoqubov «Bolalik» qissasi haqida fikr yuritarkan, uni «Oybekning tarixiy temalardagi baʼzi bir asarlarining ilk ilhom manbaini aniqlash, ulardagi ayrim obrazlarning asl ajdodlarini, prototiplarini topish, ularning mohiyatiga kirish uchun bir «kalit» hamdir»2, – deb taʼriflagan edi. Darhaqiqat, eʼtibor qilinsa, «Bolalik»dagi koʻp nuqtalar Oybekning tarixiy mavzudagi asarlarida u yoki bu tarzda akslanganini koʻrish qiyin emas. Toʻgʻri, «Bolalik» qissasi adibning tarixiy mavzudagi asarlaridan ancha keyin yozilgan: ijodiy faoliyatining shomiga kelibgina Oybek bolaligida koʻrgan-kechirganlarini, murgʻak xotirasida muhrlangan taassurotlarni badiiy jonlantirishga jazm etgan. Qissani mutolaa qilarkan, bu xotiralarning nechogʻli ohorli, jonli ekani hayratga soladi kishini. Tabiiyki, bu xotiralar ilgariroq, adib oʻzining tarixiy asarlari ustida ishlagan paytlarda ham mavjud, ehtimol, yanada ohorliroq, jonliroq edilar. Shu bois ham oʻtmish hayoti manzaralarini chizarkan, adibning oʻsha xotiralari asar voqeligiga proyeksiyalanadi.
Oybekning bolaligi mustamlaka zugʻumi kuchaygan, ijtimoiy hayotdagi keskin oʻzgarishlar va yurtdagi talotoʻplar tufayli xalq turmushi ogʻirlashgan davrlarga toʻgʻri keladi. Boʻlgʻusi adib xalqning ogʻir ahvolini koʻrdi, uning mashaqqati, iztirobu alamlaridan bola hazmiga yarasha totindi. «Bolalik»da xalqning ogʻir turmushi haqidagi maʼlumotlar kattalar tilidan beriladi, hikoyachi ularni goʻyo qanday eshitgan boʻlsa oʻshandaycha kitobxonga taqdim etadi. Kattalar esa «narx-navoning osmonga sapchigani»dan, zamona ayniganiyu insof-diyonat koʻtarilganidan, tirikchilikning ogʻirligidan... shikoyat qilishadi, oʻzlaricha buning sabablarini qidirishadi. Masalan, onasi bilan suhbatda qoʻshni ayolning gapini olaylik: «Boylar oʻlgurning pichogʻi moy ustida. Hammasi quturgan, hammasi olifta, kekkaygan, firogʻ dimogʻli <...> Qirilgurlar dangʻillama uylar, yigirma tanob, oʻttiz tanob bogʻlar, qoʻsh-qoʻsh qoʻralar soladi. Urush boshlandi-yu, un, yogʻ, oziq-ovqat bilan savdo qiladigan yangi-yangi boylar tugʻilyapti. Ishqilib zamon buzildi, yaqinda ehtimol oxir zamon boʻlar...» Koʻrib turganimizdek, ayol turmushning ogʻirlashishida boylarni aybdor qilmoqda. Toʻgʻri, hozirda bunday talqin sababini osongina Oybekning oʻtmishga «sinfiy yondashuvi» bilan izohlab qoʻysa boʻladi. Biroq shuni tan olish kerakki, jamiyatda zulm kuchaygan, buhron chuqurlashgan vaqtlarda olchoq kimsalarning oʻzgalar hisobiga boyish imkoniyati kengayadi – yurtning bir qismi oʻta boyib, ikkinchi qismi qashshoqlashib boradi. Bu esa, istasak-istamasak, manfaatlar toʻqnashuvi hosilasi boʻlmish ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqaradi. Yaʼni, bizningcha, bu oʻrinda «Oybek oʻzining bolalik davrini sinfiy nuqtai nazardan tasvirladi» degandan koʻra «realistik tasvirladi» deyilgani adolatliroq boʻladi. Zero, Oybek bolaligida xuddi shunday holatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan: jahon urushining boshlanishi bilan narx-navoning koʻtarilgani, natijada turmushning behad ogʻirlashganiyu norozilikning kuchaygani, yangi boylarning quturgani... – bular bari tugʻma isteʼdodli, kuzatuvchan yosh Muso xotirasida oʻchmas iz qoldirgan. Ayni shu holat «Bolalik»da mardikor olish bilan bogʻliq isyonning bosh omili sifatida talqin qilinadi – mardikor olish esa bir turtki, yetishmayotgan soʻnggi tomchi, xolos. Shunisi eʼtiborliki, Oybek Torobiy boshchiligidagi qoʻzgʻolonning yuzaga kelishini ham shunga monand talqin qiladi. Xususan, «Mahmud Torobiy» dramatik dostonida zulmdan ortiq ezilgan xalqning qoʻzgʻalishiga Chigʻatoyxon uchun «besh-oʻn hunarmand» va «bir necha qiz» berishni talab qilganlari turtki boʻladi. Shu nomli librettoda esa vafot etgan Chigʻatoyxon xonadoniga mansub «Ulugʻning qabriga tiriklayin Koʻmmak uchun yetti qiz» berishni talab etganlari xalqni qoʻzgʻaydi. Har ikki asardagi isyon sahnalarining tasviri ham «Bolalik»dagi isyon sahnasini eslatadi. Bu bejiz emas, albatta. «Bolalik» qissasidan maʼlum boʻladiki, boʻlgʻusi adib qoʻzgʻalgan xalq ichida yurgan, isyon manzaralari unga juda qattiq taʼsir qilgan. Bas, bu taassurotlarning keyinchalik uzoq oʻtmishdagi gʻalayonlar tasvirida oʻz izini qoldirmasligi mumkin emas edi.
Tugallanmagan «Gʻalvirchi» pyesasida esa Oybek oʻzgacharoq yoʻl tutadi: u qoʻzgʻolonning asosiy sababi oʻlaroq zulmning haddan oshganiga urgʻu beradi. Shu bois bunda avvalgi ikki asarda koʻrilgan «mardikor olish» voqeasiga oʻxshashlik yoʻq. Xalqning ogʻir ahvolini tasvirlarkan, adib «Gʻalvirchi»da ham bolaligida koʻrganlaridan andoza olgan. Jumladan, pyesadagi Torobiyning: «Yurt boshliqlari fuqaroning, elning qonidan semiradi, ulus uyining alangasida isinadi. Bu shon-shavkat, bu dabdaba, bu ziynat – hammasi lak-lak ulusning suyaklari ustiga qurilgan», – degani yuqorida keltirilgan qoʻshni ayol gapiga hamohang, faqat bunda umumlashtirib, kuchaytirib aytilgan. Sharoit shundayki, Torobiy taʼrifi bilan aytilsa, «sirtmoq hadsiz taranglashdi, ortiq chidash, toʻzim odamgarchilikka xiyonat»dir. «Bolalik» qissasi, dramatik doston va librettodagi isyon manzaralari, isyon qatnashchilarining xatti-harakatlari tasviri, gap-soʻzlarida ham xuddi shu maʼno boʻrtib turadi. Farqli tomoniga kelsak, moʻgʻullar «Gʻalvirchi»da birgina Otashning nabirasi Jamilani «otasining yoʻq gunohi badaliga» olib ketmoqchi boʻladilar. Qoʻzgʻonlon Torobiyning: «Otash otaning boshiga tushgan qora kun ertaga yo mening yo boshqa kambagʻalning boshiga tushuvi aniq. Yaktan boʻllaring, haq – bizniki!», – degan xitobi bilan boshlanadi. Bu xil oʻzgarishning sababi, bizningcha, Oybekning XIII asr voqeligini jonlantirishda bolalikdagi xotiralaridan emas, 30-yillar voqeligidan andoza olgani bilan izohlanishi mumkin. Gap shundaki, Oybekning Torobiy mavzusidagi avvalgi asarlari koʻproq urush davrining ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga qaratilgan boʻlsa, «Gʻalvirchi» pyesasiga adib oʻz ichki ehtiyoji – oʻtmish vositasida zamonasini teranroq anglash va anglaganini ifodalashdek chinakam ijodiy-ruhiy ehtiyoj talabi bilan qoʻl urgan. «Mardikor olish» voqeasiga oʻxshashlikning yoʻqotilishi bilan «Gʻalvirchi»da 30-yillarda kuzatilgan holatlarga monand situatsiya yuzaga keladi: «otasining yoʻq aybi» uchun bolasining jazolanishi, har bir mahkumning qatagʻon mashinasi qarshisida yolgʻiz qolishi – bular adib koʻrgan, qisman oʻz boshidan kechirgan holat. Shu maʼnoda Torobiyning gapi – Oybekning orzusi, qatagʻon moʻychinagi millat gullarini bir-bir yulib ketganida tugʻilgan armoni; qahramonining «Yaktan boʻllaring, haq – bizniki!» degani «xalqlar otasi» aytgan gapning joʻngina takrori emas, adibning qalb qaʼridan kelayotgan nidodir.
Albatta, biz Oybekka, umuman, stalinizm davrining nosogʻlom muhitida yashagan hassos qalbli, dili pok kishilarga nechogʻli qiyin boʻlganini, boringki, xotiralar, kitoblar, filmlar orqali tasavvur qila olarmiz ham. Biroq tasavvur qilish boshqayu – oʻzaro ishonchsizlik muhitida, zarbaning qay tomondan kelishini bilmay, ertami-indin ustingdan «chaquv» tushishi ehtimoli va buning oqibati nima boʻlishi mumkinligini har lahza tuyib yashash boshqa. Sirasi, Oybek bunday muhit haqida bolaligidayoq maʼlum tasavvurga ega boʻlgan. «Bolalik» qissasida keltirilgan quyidagi lavha shunday oʻylashimizga asos beradi: «Ehtiyot boʻlish kerak, – astagina shivirlab nasihat qiladi xalfa va shogirdlariga bobom.– Shu kunlarda palisa gʻiz-gʻiz sangʻib qoldi, chaqimchi voqeanavislar urchib ketdi, ularning ming xil yoʻli bor, aldaydi-avraydi, soʻzga soladi, keyin seni laqqa qoʻlga tushiradi. Zinhor-zinhor turmushimiz ogʻir, boshimizda falokat koʻp, dardimiz zoʻr demanglar». Ehtimol, boʻlgʻusi adib bolaligida bobosining bu gaplariga yetarli eʼtibor, qimmat bermagandir ham. Biroq ijodining yetuklik pallasida – umr poyoniga yaqinlashib, toʻlaligicha shunday muhitda kechgani ayon boʻlgach, bu har qanday mustabid tuzumning yashash usuli shu ekanini yana bir karra tasdiq etdi. Bunday deyishimizga sabab, ancha ilgari yozilgan asarlarida ham shunga monand holatlar qalamga olingan. Xususan, A.Deych bilan hamkorlikda yozila boshlagan «Shit naroda» pyesasida buxorolik amaldor Samarqandda tahsil olib qaytgan oʻgʻliga nasihat qilib, haqiqat ekan deya har qanaqa gapni aytavermaslikni tayinlaydi. Sababi: «Bыvayet vsyakaya pravda. Inoye spravedlivoye slovo opasneye dela. Osteregaysya, moy sыn, lishnego slova v Buxare. Zdes stenы, dveri i potolki imeyut ushi».
Rivoyat qiladilarki, nogoh Iskandarning shohi borligidan ogoh boʻlgan sartarosh, hech boʻlmagach, dardini quduqqa aytgan ekan. Shunga oʻxshash, Oybek oʻzi yashagan muhitga munosabatini, uning butun dahshatini oʻtmish haqidagi asarlariga singdirib yuboradi. Jumladan, «Navoiy» romanida tasvirlangan qator holatlar: saroydagi fitnalar, buyuk shoir ustidan imzosiz xatlaru chaquvlarning uyushtirilishi, Husayn Boyqaroning oʻz doʻsti orqasidan xufya qoʻyishi, Davlatbaxtning Xadichabegimga xufyalik qilishi...– bularning bari asar yaratilgan davr bilan mushtarak nuqtalardir. Ayniqsa, Oybek mehr bilan chizgan mudarris Sultonmurod taqdiri qatagʻon davrida yashagan ziyolilarimiz qismatiga hamohang. Zayniddin aytmoqchi, uni «mufsid fikrlar tarqatishda ayblamoqchi» boʻladilar, unga nisbatan igʻvolar uyushtiradilar, oʻz izmiga yuritishga urinadilar. Vaziri aʼzam Majididdinning olimga qaratilgan «islom mamlakatida, dinimizning istinodi musulmon komil podshohimiz davlatida majusiylarning, butparastlarning fikrlariga taqlid qilgʻuvchilarga omon bermasmiz» degan taxdidida 30-yillardagi «burjuaziyaning chirkin ideologiyasini tarqatuvchilarga, ularga ergashuvchilarga oramizda oʻrin yoʻq» qabilidagi dagʻdagʻalar ohangi yangraydi. Nihoyat, olimga nisbatan koʻrilgan chora ham stalinizm davri uchun odatiy, balki, eng yengil chorani eslatadiki, shunga oʻxshash holni Oybekning oʻzi shaxsan boshdan oʻtkazgan: «Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning saodatli zamonida musulmonlikning asosotiga rahna solgʻuvchi fikrlarni tolibi ilmlarga talqin etgani va hokazo...» uchun Sultonmurod «madrasadan tard qilingan edi».
30-yillar ijtimoiy-siyosiy muhitining roman voqeligida akslanishi, fikrimizcha, yuqorida koʻrilgandek ayrim detallar bilangina cheklanib qolmaydi, aksincha, ancha keng miqyosda kuzatiladi. Eʼtibor berilsa, romandagi bosh vazir Majididdin davrida yuritilgan siyosat tasviri koʻp jihatlari bilan qatagʻon davrini eslatadi. Sulton Husaynning eng yaqin kishisi boʻlib olgach, Majididdin uni atrofida dushmanlar toʻlib yotganiga, unga qarshi turli fitnalar oʻynalayotganiga ishontiradi – zulmni kuchaytirish, xufyalar tizimini kengaytirishga podshoning soʻzsiz rizoligini oladi. Bu tarzdagi talqin beixtiyor Stalin-Beriya juftligini yodga soladi. Toʻgʻri, eʼtiroz boʻlishi mumkin: «Ehtimol, bu ikki manfur shaxsning munosabatlari haqida soʻnggi yillarda eʼlon qilingan materiallarni oʻqib bilganimiz uchun shunday tuyular?» Ehtimol, shundaydir. Biroq roman ustida ishlayotgan Oybek buni oʻzining savqi tabiiysi, mohiyatga qaratilgan tiyrak qalb koʻzlari bilan ilgʻab olgan boʻlsa ne ajab?!
Bizni qiziqtirgan masala nuqtai nazaridan romandagi Majididdin bilan bogʻliq yana bir nuqta ayricha diqqatga loyiq. Mansabidan boʻshatilgan Majididdin, Nizomulmulkning maslahati bilan qiynoqqa solinadi, soʻng soʻroq qilish uchun devonxonaga keltiriladi: «...uni zindondan zanjirband holda olib kelishdi. U qiynoqdan, qaygʻudan, sharmandalikdan xarob va ozgan edi; soch-soqollarining oqi ham koʻpaygan edi. Lekin majolsiz boʻlsa ham, savollarga tetik javob berishga tirishdi». Eʼtibor berilsa, Oybek bungacha nafratini yashirmagan Majididdinni endi shafqat, achinish bilan tasvirlayotganini sezish qiyin emas. Negaki, adib oʻz zamonida qatagʻonga uchragan katta rahbarlarni koʻrgan, ularning koʻrgazmali sud jarayonlaridagi ayanch holatiga guvoh boʻlgan. Hassos qalbli gumanist sanʼatkor sifatida Oybek, mayda odamlardan farqli oʻlaroq, ularning qismatiga befarq qarashi yoki «qilgʻiligʻiga yarasha boʻldi» debgina xotirjam ketaverishi mumkin emas. Boz ustiga, u kechagina davr surgan, maʼlum darajada qatagʻon tegirmoniga suv quygan bu odamlar ham, katta oʻlchovda olinsa, qatagʻon qurbonlari ekanini teran his qilgan. Soʻroqning oʻsha sud jarayonlarini eslatishi ham bizni shu fikrda sobit etadi: «Savollardan keyin, koʻproq Nizomulmulkning ishorasi bilan, kotiblar va uning qoʻl ostida bir vaqtlar ishlagan mayda amaldorlar birin-ketin chiqib, uni qoralay boshladilar. Ularning nutqida, haqiqat bilan baravar mubolagʻa, poyma-poy ayblashlar ham sezilib turardi. Nihoyat, Majididdin butunlay ilojsiz, yordamchisiz, hamma ayblarni boʻyniga olishga majbur boʻldi. Soʻroq tugadi». Koʻrib turganimizdek, xuddi 30-yillardagi koʻrgazmali sud jarayonlari singari, Majididdinning soʻroq qilinishi faqat namoyish uchun kerak. Holbuki, gunohkor aniq, soʻroq ssenariysi oldindan tayyorlangan, kim gapirishiyu nimani gapirishi belgilik... Adib shu sababli ham Majididdin «hamma ayblarni boʻyniga olishga majbur boʻldi» deb yozadi. Yaʼni, oʻsha «hamma ayblar» sirasiga, tabiiyki, «haqiqat bilan mubolagʻa, poyma-poy ayblashlar» ham kiradi.
Oybek tarixiy asar haqida soʻz yuritarkan, «Begona davrni bilish, yaʼni uni bizning davrimizdan nimasi bilan ajralib turishini tasavvur qilishning oʻzigina yetmaydi. Uni yana tushunmoq, yaʼni uni bizning davrimiz bilan bogʻlab turgan narsalarni koʻrmoq lozim» degan edi. Yuqoridagi fikrlarimiz Oybek oʻz ijodida shu prinsipga toʻla amal qilganini, oʻtmishni tushunishga, uni oʻz zamoni bilan bogʻlab turgan iplarni koʻrishga harakat qilganini koʻrsatadi. Shu maʼnoda, Oybekning tarixiy mavzudagi asarlari, ayni paytda, juda zamonaviy hamdir.
Izohlar
Ёзувчи Чингиз Айтматов суҳбатларидан бирида: «Киши ўзи билмаган, ҳис қилмаган нарсаларни ёзса на ўқувчини ишонтира олади, на ёзганлари уни ҳаяжонга солади», – дейди. Маълумки, шу маънодаги эътироф сал ўзгачароқ йўсинда кўпчилик ижодкорлар томонидан айтилган, қолганлари ҳам бунга қўшилишлари тайин. Зеро, бу – «бадиий образнинг материали воқелик ва ижодкор шаҳсидир» тарзидаги назарий қоиданинг соддароқ, оммабопроқ ифодаси. Бу қоида эса, табиийки, барча турдаги, жумладан, тарихий мавзудаги асарларда ҳам амал қилади. Фақат тарихий асарда бу ўзгачароқ йўсинда кечади. Гап шундаки, тарихий мавзуга қўл урган ижодкор тасвирланаётган давр воқелигидан узилган, бас, унинг учун ҳам ўз замонидаги, Ч.Айтматов айтмоқчи, «ўзи билган, ҳис қилган» воқелик материал бўлиб хизмат қилади. Негаки, тарихий фактлар асарнинг нари борса сюжет схемасини белгилар, ўша фактларни жонлантиририш, тарихий ҳақиқатни бадиий ҳақиқатга айлантиришда эса муайян шароитда (яъни, ижодкор яшаган воқеликда) шаклланган муаллиф шахси ҳал қилувчи аҳамият касб этади. Ижодий етуклик палласидаги Ойбек бу ҳақда: «тарихий романдаги асосий нарса, менимча, қанчалик уқув билан келтирилишидан қатъи назар, тарихий фактларнинг оддий баёнигина эмас <...> бошқа ҳар қандай асардаги сингари – инсондир»1, – дейди. Унинг эътиқодига кўра, «озодлик ва бахтга интилиш, муҳаббат ва садоқат туйғулари, ҳасад ёки жудолик, ўлим даҳшати ва турмуш нашъаси туйғулари инсонга доимо хос нарсалар бўлиб, минг йиллар давомида ўзларича сира ўзгармади <...> Инсонлар вужудга келган даврлардан буён инсонликча келмоқдалар». Шунинг учун ҳам Ойбек «ёзувчи қайси бир тарихий даврга мурожаат қилмасин, мабодо у даврнинг ғайри ёки ҳаттоки ғалати кўринган барча хусусиятлари орасидан ўзига таниш бўлган ҳис-туйғулар ва фикрлар изласа, пировардида, мутлақо хато қилмайди», – деб ҳисоблайди. Ойбек бу гапларни 1966 йилда, ўзининг қатор тарихий мавзудаги асарларини элга манзур қилгач, айтганини эътиборга олсак, булар адиб тўплаган бой ижодий тажрибанинг «қаймоғи», унинг тарихий асар ёзишда таянган асосий ижодий-эстетик принциплари дейишимиз мумкин.
Адибнинг дўсти ва ижодининг йирик тадқиқотчиси Ҳ.Ёқубов «Болалик» қиссаси ҳақида фикр юритаркан, уни «Ойбекнинг тарихий темалардаги баъзи бир асарларининг илк илҳом манбаини аниқлаш, улардаги айрим образларнинг асл аждодларини, прототипларини топиш, уларнинг моҳиятига кириш учун бир «калит» ҳамдир»2, – деб таърифлаган эди. Дарҳақиқат, эътибор қилинса, «Болалик»даги кўп нуқталар Ойбекнинг тарихий мавзудаги асарларида у ёки бу тарзда аксланганини кўриш қийин эмас. Тўғри, «Болалик» қиссаси адибнинг тарихий мавзудаги асарларидан анча кейин ёзилган: ижодий фаолиятининг шомига келибгина Ойбек болалигида кўрган-кечирганларини, мурғак хотирасида муҳрланган таассуротларни бадиий жонлантиришга жазм этган. Қиссани мутолаа қиларкан, бу хотираларнинг нечоғли оҳорли, жонли экани ҳайратга солади кишини. Табиийки, бу хотиралар илгарироқ, адиб ўзининг тарихий асарлари устида ишлаган пайтларда ҳам мавжуд, эҳтимол, янада оҳорлироқ, жонлироқ эдилар. Шу боис ҳам ўтмиш ҳаёти манзараларини чизаркан, адибнинг ўша хотиралари асар воқелигига проекцияланади.
Ойбекнинг болалиги мустамлака зуғуми кучайган, ижтимоий ҳаётдаги кескин ўзгаришлар ва юртдаги талотўплар туфайли халқ турмуши оғирлашган даврларга тўғри келади. Бўлғуси адиб халқнинг оғир аҳволини кўрди, унинг машаққати, изтиробу аламларидан бола ҳазмига яраша тотинди. «Болалик»да халқнинг оғир турмуши ҳақидаги маълумотлар катталар тилидан берилади, ҳикоячи уларни гўё қандай эшитган бўлса ўшандайча китобхонга тақдим этади. Катталар эса «нарх-навонинг осмонга сапчигани»дан, замона айниганию инсоф-диёнат кўтарилганидан, тирикчиликнинг оғирлигидан... шикоят қилишади, ўзларича бунинг сабабларини қидиришади. Масалан, онаси билан суҳбатда қўшни аёлнинг гапини олайлик: «Бойлар ўлгурнинг пичоғи мой устида. Ҳаммаси қутурган, ҳаммаси олифта, кеккайган, фироғ димоғли <...> Қирилгурлар данғиллама уйлар, йигирма таноб, ўттиз таноб боғлар, қўш-қўш қўралар солади. Уруш бошланди-ю, ун, ёғ, озиқ-овқат билан савдо қиладиган янги-янги бойлар туғиляпти. Ишқилиб замон бузилди, яқинда эҳтимол охир замон бўлар...» Кўриб турганимиздек, аёл турмушнинг оғирлашишида бойларни айбдор қилмоқда. Тўғри, ҳозирда бундай талқин сабабини осонгина Ойбекнинг ўтмишга «синфий ёндашуви» билан изоҳлаб қўйса бўлади. Бироқ шуни тан олиш керакки, жамиятда зулм кучайган, буҳрон чуқурлашган вақтларда олчоқ кимсаларнинг ўзгалар ҳисобига бойиш имконияти кенгаяди – юртнинг бир қисми ўта бойиб, иккинчи қисми қашшоқлашиб боради. Бу эса, истасак-истамасак, манфаатлар тўқнашуви ҳосиласи бўлмиш ижтимоий кескинликни келтириб чиқаради. Яъни, бизнингча, бу ўринда «Ойбек ўзининг болалик даврини синфий нуқтаи назардан тасвирлади» дегандан кўра «реалистик тасвирлади» дейилгани адолатлироқ бўлади. Зеро, Ойбек болалигида худди шундай ҳолатларни ўз кўзи билан кўрган: жаҳон урушининг бошланиши билан нарх-навонинг кўтарилгани, натижада турмушнинг беҳад оғирлашганию норозиликнинг кучайгани, янги бойларнинг қутургани... – булар бари туғма истеъдодли, кузатувчан ёш Мусо хотирасида ўчмас из қолдирган. Айни шу ҳолат «Болалик»да мардикор олиш билан боғлиқ исённинг бош омили сифатида талқин қилинади – мардикор олиш эса бир туртки, етишмаётган сўнгги томчи, холос. Шуниси эътиборлики, Ойбек Торобий бошчилигидаги қўзғолоннинг юзага келишини ҳам шунга монанд талқин қилади. Хусусан, «Маҳмуд Торобий» драматик достонида зулмдан ортиқ эзилган халқнинг қўзғалишига Чиғатойхон учун «беш-ўн ҳунарманд» ва «бир неча қиз» беришни талаб қилганлари туртки бўлади. Шу номли либреттода эса вафот этган Чиғатойхон хонадонига мансуб «Улуғнинг қабрига тириклайин Кўммак учун етти қиз» беришни талаб этганлари халқни қўзғайди. Ҳар икки асардаги исён саҳналарининг тасвири ҳам «Болалик»даги исён саҳнасини эслатади. Бу бежиз эмас, албатта. «Болалик» қиссасидан маълум бўладики, бўлғуси адиб қўзғалган халқ ичида юрган, исён манзаралари унга жуда қаттиқ таъсир қилган. Бас, бу таассуротларнинг кейинчалик узоқ ўтмишдаги ғалаёнлар тасвирида ўз изини қолдирмаслиги мумкин эмас эди.
Тугалланмаган «Ғалвирчи» пьесасида эса Ойбек ўзгачароқ йўл тутади: у қўзғолоннинг асосий сабаби ўлароқ зулмнинг ҳаддан ошганига урғу беради. Шу боис бунда аввалги икки асарда кўрилган «мардикор олиш» воқеасига ўхшашлик йўқ. Халқнинг оғир аҳволини тасвирларкан, адиб «Ғалвирчи»да ҳам болалигида кўрганларидан андоза олган. Жумладан, пьесадаги Торобийнинг: «Юрт бошлиқлари фуқаронинг, элнинг қонидан семиради, улус уйининг алангасида исинади. Бу шон-шавкат, бу дабдаба, бу зийнат – ҳаммаси лак-лак улуснинг суяклари устига қурилган», – дегани юқорида келтирилган қўшни аёл гапига ҳамоҳанг, фақат бунда умумлаштириб, кучайтириб айтилган. Шароит шундайки, Торобий таърифи билан айтилса, «сиртмоқ ҳадсиз таранглашди, ортиқ чидаш, тўзим одамгарчиликка хиёнат»дир. «Болалик» қиссаси, драматик достон ва либреттодаги исён манзаралари, исён қатнашчиларининг хатти-ҳаракатлари тасвири, гап-сўзларида ҳам худди шу маъно бўртиб туради. Фарқли томонига келсак, мўғуллар «Ғалвирчи»да биргина Оташнинг набираси Жамилани «отасининг йўқ гуноҳи бадалига» олиб кетмоқчи бўладилар. Қўзғонлон Торобийнинг: «Оташ отанинг бошига тушган қора кун эртага ё менинг ё бошқа камбағалнинг бошига тушуви аниқ. Яктан бўлларинг, ҳақ – бизники!», – деган хитоби билан бошланади. Бу хил ўзгаришнинг сабаби, бизнингча, Ойбекнинг ХIII аср воқелигини жонлантиришда болаликдаги хотираларидан эмас, 30-йиллар воқелигидан андоза олгани билан изоҳланиши мумкин. Гап шундаки, Ойбекнинг Торобий мавзусидаги аввалги асарлари кўпроқ уруш даврининг ижтимоий-маънавий эҳтиёжларига қаратилган бўлса, «Ғалвирчи» пьесасига адиб ўз ички эҳтиёжи – ўтмиш воситасида замонасини теранроқ англаш ва англаганини ифодалашдек чинакам ижодий-руҳий эҳтиёж талаби билан қўл урган. «Мардикор олиш» воқеасига ўхшашликнинг йўқотилиши билан «Ғалвирчи»да 30-йилларда кузатилган ҳолатларга монанд ситуация юзага келади: «отасининг йўқ айби» учун боласининг жазоланиши, ҳар бир маҳкумнинг қатағон машинаси қаршисида ёлғиз қолиши – булар адиб кўрган, қисман ўз бошидан кечирган ҳолат. Шу маънода Торобийнинг гапи – Ойбекнинг орзуси, қатағон мўйчинаги миллат гулларини бир-бир юлиб кетганида туғилган армони; қаҳрамонининг «Яктан бўлларинг, ҳақ – бизники!» дегани «халқлар отаси» айтган гапнинг жўнгина такрори эмас, адибнинг қалб қаъридан келаётган нидодир.
Албатта, биз Ойбекка, умуман, сталинизм даврининг носоғлом муҳитида яшаган ҳассос қалбли, дили пок кишиларга нечоғли қийин бўлганини, борингки, хотиралар, китоблар, фильмлар орқали тасаввур қила олармиз ҳам. Бироқ тасаввур қилиш бошқаю – ўзаро ишончсизлик муҳитида, зарбанинг қай томондан келишини билмай, эртами-индин устингдан «чақув» тушиши эҳтимоли ва бунинг оқибати нима бўлиши мумкинлигини ҳар лаҳза туйиб яшаш бошқа. Сираси, Ойбек бундай муҳит ҳақида болалигидаёқ маълум тасаввурга эга бўлган. «Болалик» қиссасида келтирилган қуйидаги лавҳа шундай ўйлашимизга асос беради: «Эҳтиёт бўлиш керак, – астагина шивирлаб насиҳат қилади халфа ва шогирдларига бобом.– Шу кунларда палиса ғиз-ғиз санғиб қолди, чақимчи воқеанавислар урчиб кетди, уларнинг минг хил йўли бор, алдайди-аврайди, сўзга солади, кейин сени лаққа қўлга туширади. Зинҳор-зинҳор турмушимиз оғир, бошимизда фалокат кўп, дардимиз зўр деманглар». Эҳтимол, бўлғуси адиб болалигида бобосининг бу гапларига етарли эътибор, қиммат бермагандир ҳам. Бироқ ижодининг етуклик палласида – умр поёнига яқинлашиб, тўлалигича шундай муҳитда кечгани аён бўлгач, бу ҳар қандай мустабид тузумнинг яшаш усули шу эканини яна бир карра тасдиқ этди. Бундай дейишимизга сабаб, анча илгари ёзилган асарларида ҳам шунга монанд ҳолатлар қаламга олинган. Хусусан, А.Дейч билан ҳамкорликда ёзила бошлаган «Щит народа» пьесасида бухоролик амалдор Самарқандда таҳсил олиб қайтган ўғлига насиҳат қилиб, ҳақиқат экан дея ҳар қанақа гапни айтавермасликни тайинлайди. Сабаби: «Бывает всякая правда. Иное справедливое слово опаснее дела. Остерегайся, мой сын, лишнего слова в Бухаре. Здесь стены, двери и потолки имеют уши».
Ривоят қиладиларки, ногоҳ Искандарнинг шоҳи борлигидан огоҳ бўлган сартарош, ҳеч бўлмагач, дардини қудуққа айтган экан. Шунга ўхшаш, Ойбек ўзи яшаган муҳитга муносабатини, унинг бутун даҳшатини ўтмиш ҳақидаги асарларига сингдириб юборади. Жумладан, «Навоий» романида тасвирланган қатор ҳолатлар: саройдаги фитналар, буюк шоир устидан имзосиз хатлару чақувларнинг уюштирилиши, Ҳусайн Бойқаронинг ўз дўсти орқасидан хуфя қўйиши, Давлатбахтнинг Хадичабегимга хуфялик қилиши...– буларнинг бари асар яратилган давр билан муштарак нуқталардир. Айниқса, Ойбек меҳр билан чизган мударрис Султонмурод тақдири қатағон даврида яшаган зиёлиларимиз қисматига ҳамоҳанг. Зайниддин айтмоқчи, уни «муфсид фикрлар тарқатишда айбламоқчи» бўладилар, унга нисбатан иғволар уюштирадилар, ўз измига юритишга уринадилар. Вазири аъзам Мажидиддиннинг олимга қаратилган «ислом мамлакатида, динимизнинг истиноди мусулмон комил подшоҳимиз давлатида мажусийларнинг, бутпарастларнинг фикрларига тақлид қилғувчиларга омон бермасмиз» деган тахдидида 30-йиллардаги «буржуазиянинг чиркин идеологиясини тарқатувчиларга, уларга эргашувчиларга орамизда ўрин йўқ» қабилидаги дағдағалар оҳанги янграйди. Ниҳоят, олимга нисбатан кўрилган чора ҳам сталинизм даври учун одатий, балки, энг енгил чорани эслатадики, шунга ўхшаш ҳолни Ойбекнинг ўзи шахсан бошдан ўтказган: «Султон Ҳусайн Бойқаро Мирзонинг саодатли замонида мусулмонликнинг асосотига раҳна солғувчи фикрларни толиби илмларга талқин этгани ва ҳоказо...» учун Султонмурод «мадрасадан тард қилинган эди».
30-йиллар ижтимоий-сиёсий муҳитининг роман воқелигида аксланиши, фикримизча, юқорида кўрилгандек айрим деталлар билангина чекланиб қолмайди, аксинча, анча кенг миқёсда кузатилади. Эътибор берилса, романдаги бош вазир Мажидиддин даврида юритилган сиёсат тасвири кўп жиҳатлари билан қатағон даврини эслатади. Султон Ҳусайннинг энг яқин кишиси бўлиб олгач, Мажидиддин уни атрофида душманлар тўлиб ётганига, унга қарши турли фитналар ўйналаётганига ишонтиради – зулмни кучайтириш, хуфялар тизимини кенгайтиришга подшонинг сўзсиз ризолигини олади. Бу тарздаги талқин беихтиёр Сталин-Берия жуфтлигини ёдга солади. Тўғри, эътироз бўлиши мумкин: «Эҳтимол, бу икки манфур шахснинг муносабатлари ҳақида сўнгги йилларда эълон қилинган материалларни ўқиб билганимиз учун шундай туюлар?» Эҳтимол, шундайдир. Бироқ роман устида ишлаётган Ойбек буни ўзининг савқи табиийси, моҳиятга қаратилган тийрак қалб кўзлари билан илғаб олган бўлса не ажаб?!
Бизни қизиқтирган масала нуқтаи назаридан романдаги Мажидиддин билан боғлиқ яна бир нуқта айрича диққатга лойиқ. Мансабидан бўшатилган Мажидиддин, Низомулмулкнинг маслаҳати билан қийноққа солинади, сўнг сўроқ қилиш учун девонхонага келтирилади: «...уни зиндондан занжирбанд ҳолда олиб келишди. У қийноқдан, қайғудан, шармандаликдан хароб ва озган эди; соч-соқолларининг оқи ҳам кўпайган эди. Лекин мажолсиз бўлса ҳам, саволларга тетик жавоб беришга тиришди». Эътибор берилса, Ойбек бунгача нафратини яширмаган Мажидиддинни энди шафқат, ачиниш билан тасвирлаётганини сезиш қийин эмас. Негаки, адиб ўз замонида қатағонга учраган катта раҳбарларни кўрган, уларнинг кўргазмали суд жараёнларидаги аянч ҳолатига гувоҳ бўлган. Ҳассос қалбли гуманист санъаткор сифатида Ойбек, майда одамлардан фарқли ўлароқ, уларнинг қисматига бефарқ қараши ёки «қилғилиғига яраша бўлди» дебгина хотиржам кетавериши мумкин эмас. Боз устига, у кечагина давр сурган, маълум даражада қатағон тегирмонига сув қуйган бу одамлар ҳам, катта ўлчовда олинса, қатағон қурбонлари эканини теран ҳис қилган. Сўроқнинг ўша суд жараёнларини эслатиши ҳам бизни шу фикрда собит этади: «Саволлардан кейин, кўпроқ Низомулмулкнинг ишораси билан, котиблар ва унинг қўл остида бир вақтлар ишлаган майда амалдорлар бирин-кетин чиқиб, уни қоралай бошладилар. Уларнинг нутқида, ҳақиқат билан баравар муболаға, пойма-пой айблашлар ҳам сезилиб турарди. Ниҳоят, Мажидиддин бутунлай иложсиз, ёрдамчисиз, ҳамма айбларни бўйнига олишга мажбур бўлди. Сўроқ тугади». Кўриб турганимиздек, худди 30-йиллардаги кўргазмали суд жараёнлари сингари, Мажидиддиннинг сўроқ қилиниши фақат намойиш учун керак. Ҳолбуки, гуноҳкор аниқ, сўроқ сценарийси олдиндан тайёрланган, ким гапиришию нимани гапириши белгилик... Адиб шу сабабли ҳам Мажидиддин «ҳамма айбларни бўйнига олишга мажбур бўлди» деб ёзади. Яъни, ўша «ҳамма айблар» сирасига, табиийки, «ҳақиқат билан муболаға, пойма-пой айблашлар» ҳам киради.
Ойбек тарихий асар ҳақида сўз юритаркан, «Бегона даврни билиш, яъни уни бизнинг давримиздан нимаси билан ажралиб туришини тасаввур қилишнинг ўзигина етмайди. Уни яна тушунмоқ, яъни уни бизнинг давримиз билан боғлаб турган нарсаларни кўрмоқ лозим» деган эди. Юқоридаги фикрларимиз Ойбек ўз ижодида шу принципга тўла амал қилганини, ўтмишни тушунишга, уни ўз замони билан боғлаб турган ипларни кўришга ҳаракат қилганини кўрсатади. Шу маънода, Ойбекнинг тарихий мавзудаги асарлари, айни пайтда, жуда замонавий ҳамдир.
Изоҳлар
Dilmurod Quronov