Soʻnggi yillarda XX asr oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalari – Choʻlpon, Gʻ.Gʻulom, Oybek, A.Qahhor, H.Olimjon asarlarini yangicha talqin qilish yoʻlida tajriba oʻlaroq yozilgan maqolalarim bahslarga sabab boʻldi. Xususan, H.Olimjonning “Muqanna” dramasi haqida yozganim maqola1 oʻz vaqtida N.Karimov, Gʻ.Moʻminov kabi ustoz adabiyotshunoslarda jiddiy eʼtiroz qoʻzgʻagandi. Albatta, bahs hali tobida paytlar kimdir kaminani yoqlab, kim esa muxolif mavqeda turgani ham tabiiy. Biroq hozir muhimi bu emas, muhimi, ilmiy bahsning pirovardida konstruktiv xulosaga olib kelishi lozimligi. Afsuski, zikr etilgan bahs bu missiyani bajara olmadi, masala hamon ochiqligicha qolayotir. Toʻgʻri, “har kimniki oʻziga oy koʻrinar...” degan gap ham bor-u, biroq shunda ham adabiy tanqid bahsning prinsipial jihatlari, ratsional magʻziga yetarli eʼtibor qilmagandek tuyulaveradiki, kaminani yana shu masalaga qaytishga undagan ham ayni shu tuygʻudir. Demak, dastavval shu tuygʻuni yuzaga keltirgan va quvvatlab turgan nuqtalarga toʻxtalamiz.
Avvalo, kamina amalga oshirgan “Muqanna” talqinining ilmiylikdan mutlaqo yiroq deb topilgani. Jumladan, N.Karimov fikricha bunday talqin H.Olimjonni “mustabid tuzum bilan muxolifatda boʻlgan Choʻlpon va Fitratlar davrasiga ham yaqinlashtirish yoʻlidagi saʼy-harakat”, “tarixiy-adabiy muhitdan uzib olib ... bugungi qarashlarimizga yaqinlashtirishga urinish”2. N.Karimov talqinda zoʻrma-zoʻrakilik borligini silliqlabroq aytsa, Gʻ.Moʻminov dangalini aytadi qoʻyadi: “Siz “shoʻrolarga butun vujudi bilan qarshi boʻlgan” yasama qahramon yaratmoqchi boʻlasiz”3. Yana Gʻ.Moʻminov aytadiki, ayrim epizodlar talqini asosida chiqargan xulosalarim “gʻirt tuhmatdan boshqa narsa emas”; miyamga “xalqning milliy mustaqilligini bu adiblar (yaʼni shoʻro davrining yirik yozuvchilari – D.Q.) orzu qilmagan boʻlishi mumkin emas” degan tasavvurni joylab olganman-da, shuni isbotlash uchun “ular ijodini shagʻam yoqib titkilab”, “soxta va beasos” taxminlarni olgʻa suraman. Koʻrib turganingizdek, qay yoʻsin ifodalanganidan qatʼi nazar, ikkala olim ham kaminaning talqinini “soxtalashtirish” deb biladi. Ustozlarni bu xil qarashda sobit etgan tayanch nuqtasi ham bitta. Xususan, N.Karimov fikriga koʻra: “Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor singari zabardast adiblarimizning sovet davrida yaratgan asarlarida mavjud tuzumda roʻy bergan dahshatlarni fosh qiluvchi yoki ularga shama qiluvchi satrlar boʻlmaganidek, Hamid Olimjondan ham bunday, Siz aytmoqchi, jasoratni topishga intilish oʻsha tuzumni ham, shu tuzum davrida maydonga kelgan asarlarni ham tushunmaslikdan boshqa narsa emas”. Xuddi shunga oʻxshash Gʻ.Moʻminov ham: “bu adiblar oʻz yurti va millatining sodiq fuqarolari sifatida shoʻrolar siyosatiga, uning yagona partiyasi shiorlariga va bu yoʻlda, ayrim balandparvoz ohanglar, soxta koʻtarinkilik va taʼzim maʼnosidagi satrlarni hisobga olmaganda, asosan astoydil, chin dildan sadoqat bilan ijod qilganlar”, – deb biladi. Koʻryapmizki, ikkala olim ham zikr etilgan adiblar ijodi davr siyosati va mafkurasiga joʻrovoz, oʻzgacha ohanglar ularga butkul yot deb hisoblaydi. Kaminaning tasavvurida esa ular chinakam isteʼdod egalari, demakki, atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar mohiyatini anglash va shundan kelib chiqib SHAXS sifatida oʻz maʼnaviy mavqeini egallashga qodir kishilardir. Yaʼni “Muqanna”ni tushunishimizda kuzatiluvchi farqlar ayni shu nuqtadan oʻsib chiqqan.
Koʻrib turganingizdek, bahs anchagina keskin tus olgan, asosiysi, har ikki tomon ham oʻz fikrida sobit qoldi4. Adabiy tanqid bahsga, yumshoq qilib aytganda, ehtiyotkorlik bilan, goʻyo “janjal”ga aralashishga istihola qilgan kabi munosabatda boʻlib, nazarimda, uning asosidagi masala mohiyatiga emas, yuzada qalqib turgan tomonlariga eʼtibor berdi. Jumladan, istiqlol davri adabiy tanqidchiligini maxsus tadqiq etgan Q.Qahramonov tomonlarning asosiy konsepsiyasini muxtasar bayon qilgach, bahsda “asosiy eʼtibor badiiy asarda ifodalanayotgan gʻoyani ochishga qaratil”ganini qayd etish bilan cheklanadi5. 2012 yilda chop qilingan “Oʻzbek adabiy tanqidi tarixi” darsligida bahsga hakam sifatida emas, balki “yangi bosqich tanqidchilik shakllanishi tadrijiy takomilidagi metodologik tamoyillarning izlanishi” deb qaralgani aytilgan. Modomiki, bahsga ancha mufassal toʻxtalingan ekan, aniq bir mavqeda turilsa, fikrimcha, taʼlimiy maqsadga muvofiqroq boʻlardi. Afsuski, bahs yuzasidan chiqarilgan xulosa mavhumroq boʻlib qolgan. Negaki, darslikda, bir tomondan, tanqidchilikda “shoʻro davridagi atoqli adiblar” asarlari “tag zamiriga zimdan yashirilgan istiqlol gʻoyalari yoki hech boʻlmaganda, shoʻro istibdodini fosh etish maqsadi” borligini koʻrsatish tamoyili kuzatilgani va “bunday asarlar mavjud boʻlgani shubhasiz” ekani taʼkidlanadi. Ikkinchi tomondan, “bunday maqsad har bir asarga munosabatda zoʻrma-zoʻrakilik va sunʼiylik bilan amalga oshirilmasligi lozim” ekani uqtiriladi. Yana bilmadim-u, kaminaga bu oʻrinda “seniki ham toʻgʻri, buniki ham toʻgʻri” deyilayotgandek tuyuldi. Toʻgʻri, buning davomida aytilgan fikrlar munosabatga birmuncha aniqlik kiritadi: “Niyat nechogʻlik yaxshi boʻlmasin, bunday sunʼiylik badiiy asarni notoʻgʻri baholashga olib kelishi mumkin. Tanqid va adabiyotshunoslikdagi gipotetik usul oʻzining aniq va izchil tayanch nuqtalariga ega boʻlgandagina oqlaydi, aks holda, asar bahsida yuzaki taxminchilikni olib keladiki, u nainki bunday fikrni ilgari surayotgan munaqqid, balki, umuman tanqidchilikka hurmatni susaytirishga olib kelishi mumkin”6. Koʻramizki, biz qoʻllagan talqin yoʻsini “gipotetik” (faraziy) deb tushunilib, uning tanqid etikasiga putur yetkazish ehtimolidan ogoh qilinmoqda. Eng muhimi, bunday toʻxtamga oradan oʻn yildan ziyod oʻtgach – bahs ruhi soʻngan, yaʼni endi subyektivlik ehtimoli kesilib, obyektiv ilmiy xulosa chiqarish imkoni tugʻilgan vaqtda kelinmoqda. Ayni hol yana mavzuga qaytish, kaminaning talqinlari gipotetik (bahs kontekstida ushbu istiloh “xayoliy” maʼnosini kasb etayotgandek tuyulmaydimi sizga?) emasligini, binobarin, uning “tayanch nuqtalari”ni yana bir karra koʻrsatib oʻtish zaruratini tugʻdirdi.
I. Avvalo shuki, “Muqanna” talqini zaminida tarixiy-biografik asos yotadi. Faqat, bunda, birinchidan, tarixiy-biografik materialga Hamid Olimjonning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatini tasavvur qilishga yordam beruvchi vosita sifatidagina qaraldi; ikkinchidan, vosita ekani va koʻpchilikka maʼlum boʻlgani bois uni umumlashtirilgan holda eslatish bilan cheklanildi. Masalan, maqolada dastlab shoirga taʼrif tarzida mana bu biografik maʼlumot berilgan: “murgʻak yoshidanoq shoʻro taʼsirida shakllangan, oʻziga singdirgani yolgʻon haqiqatlarga chin haqiqat deya yurakdan ishongan va oʻsmirlarga xos oʻjar fidoyilik bilan davrning ziddiyatli gʻoyaviy kurashlar maydoniga kirgan faol shaxs...”7
Ushbu maʼlumot H.Olimjon ijodida tendensiozlik boʻlishi muqarrar va tabiiyligini asoslash uchun eslatilgan edi. Ha, eslatilgan edi. Negaki, maqolada qoʻyilgan masala boshqa, uni yoritish uchun bundan ortigʻi koʻplik qiladi, asosiy maqsaddan chalgʻitish ehtimoli bor. Ikkinchidan, bu taʼrif oʻquvchi ilgari oʻqigan-bilgan maʼlumotlarni xotirada tiklashi lozim edi. Modomiki, bunday boʻlmayotgan ekan, bu ishni birgalikda amalga oshirishga zarurat bor, shunday qilamiz:
1) H.Olimjon 1909 yilda tugʻilgan, yaʼni olam tartibotini agʻdar-toʻntar qilgan inqilob yuz berganida u atigi sakkiz yoshda edi; toʻqqiz yoshidan shoʻro maktabida, oʻn toʻrt yoshidan ped bilim yurtida tahsil oldi... Yaʼni shoir oila sharoitidan toʻppa-toʻgʻri shoʻro gʻoyalari hukmron muhitga koʻchganki, “murgʻak yoshidan shoʻro taʼsirida shakllangan” deganimda shu faktlarga tayanaman;
2) muhit taʼsirida shoir “oʻziga singdirgani yolgʻon haqiqatlarga chin haqiqat deya yurakdan ishongan”, bunday deyishimizga pedbilim yurtida oʻqib yurgan kezlari yozgan qator sheʼrlari yetarli asos beradi. U oʻzini “yoʻqsil el qoʻriqchisi” (“Komsomollar”) his qiladi, inqilob tufayli “Menga hech erk bermagan zolim boylar yoʻq boʻl”di (“Shodlik kun”), “Xoʻrliklardan qutuldik, Ezuvchini yoʻqotdik” (“Biz kim?”) deb biladi; yoshlar qatori oʻzini “leninizm qilichi” sanaydi, “Lenin yoʻli eng qimmatli yoʻllardandir bizlarga, Biz yodlaymiz uning yoʻlin chin yurakla har yerda” (“Hozirlanamiz”) deya eʼtirof etadi. H.Olimjon bu sheʼrlarini 16-17 yoshlarida yozgan, bas, bizga yoqish yo yoqmasligidan qatʼi nazar, ularning chin dildan aytilganiga shubha qilish oʻrinsiz;
3) taʼrifdagi uchinchi nuqta – “oʻsmirlarga xos oʻjar fidoyilik bilan davrning ziddiyatli gʻoyaviy kurashlar maydoniga kirgan faol shaxs...” Qalbini inqilobiy kurash romantikasi chulgʻagan oʻsmir – boʻlgʻusi shoirning gʻayrati ichiga sigʻmaydi, maydonga talpinadi. Eslang: oʻn beshida komsomolga kirdi, oʻn oltisida bilim yurtida chiqadigan devoriy gazeta va oylik jurnal redaktori; oʻn yettisida inqilobiy yozuvchilar shoʻʼba majlisi ishtirokchisi, “Zarafshon” gazetasi boʻlim boshligʻi; oʻn sakkizida Oʻzbeksiton ziyolilari ikkinchi qurultoyida vakil; oʻn toʻqqizida oʻzbek yangi alifbosi markaziy qoʻmitasi kotibi; yigirma yoshida butunittifoq dehqon yozuvchilari syezdiga delegat... Bularning bari shoirning oʻquvchilik va talabalik yillariga toʻgʻri kelishini hisobga oling-da, ijtimoiy faollik darajasi nechogʻli yuqori boʻlganini tasavvur qiling! Bunday faollikka quvvat berib turgan manba, shubhasiz, leninizm gʻoyalariga beshak ishonch edi. Eng muhim jihati, oʻsmir H.Olimjon gʻoyani formal qabul qilgan, yaʼni uning ongini “sof gʻoya” – hali hayotiy tajriba bilan toblanmagan abstrakt gʻoya bor, xolos. Ayni hol gʻoyani mutlaqlashtirish, uni birdan-bir toʻgʻri gʻoya sifatida tushunishga olib keladi. H.Olimjon shunday faollik, shu ruh bilan sheʼriyatga kirib keldi, ilk ijodida “kurash motivi” yetakchilik qilgani shundan, zero, ular ijtimoiy faoliyatning davomi oʻlaroq yaratilgandir.
II. Insonda hayotiy tajriba ortishi barobari dunyoqarashi ham oʻzgarib, konkretlashib boradi. Ayniqsa, H.Olimjon kabi isteʼdodli, demak, oʻtkir nigoh va teran fikr egasida oʻzi topingan gʻoya bilan reallik munosabatini idrok etish, haqqoniylik darajasini “sinovdan oʻtkazish” ehtiyojining tugʻilishi muqarrardir. Inson psixologiyasi va aqliy rivojlanishi bilan bogʻliq mazkur jihatlar hamda H.Olimjon hayoti va ijodidagi holatlardan kelib chiqib maqolada: “... maʼlum vaqt hayot qozonida qaynab, zamonasini va oʻzini chetdan mushohada qilish imkoniga ega boʻlgach, amin boʻlayotirki, «ertak boshqa, hayot boshqa» ekan. Bu atrofida sodir boʻlayotgan ijtimoiy hodisalar bolsheviklarning vaʼdayu daʼvolariga muvofiq kelmayotganini, til boshqayu dil boshqaligini koʻrgan, anglagan odam xulosasi, hukmidir”,- deyilgan. Shunday oʻylashga asos beruvchi nuqtalarni koʻrib oʻtamiz:
1) mukammal asarlar toʻplamining birinchi jildi mundarijasidan shoir uch yil davomida (1932-1934) atigi toʻrttagina sheʼr yozganini koʻrish mumkin. Shu uch yilda yana 9 ta maqola, 1 ta taqriz, 1 ta ocherk va 1 ta doston yozgan, 2 ta asarni tarjima qilgan. Balki, bu tarz statistika erish tuyular, lekin diqqatingizni ijodiy mahsulotning janr tomoniga qaratish uchun shunday qildim. Qarang, hissiy munosabatni ifodalovchi lirika salmogʻi oʻta kamaygan, aksincha, mantiq va tafakkurga asoslanuvchi janrlar salmogʻi toʻla ustuvorlik kasb etgan. Fikrimizcha, mazkur hol H.Olimjonda tafakkur qilishga moyillik kuchayganidan darak beradiki, buning zamirida anglash ehtiyoji yotadi. Ayni ehtiyoj mushohada obyektini mudom kengaytirib, oxir-oqibat tafakkur quvvatini jamiyatda yuz berayotgan hodisalar mohiyatini anglashga yoʻnaltirishi muqarrardir;
2) birinchi jild mundarijasi tahlilida davom qilsak, shoirning 1935-1938 yillar lirik ijodi, asosan, intim, peyzaj va falsafiy lirika namunalaridan iborat ekanligini koʻramiz. Zero, ayni shu yillarda yozilgan sheʼrlar unga “baxt va shodlik kuychisi” nomini olib bergan. Oʻtgan asrning 80-yillari oxiri 90-yillari boshlarida – mudhish 30-yillar haqiqati keng koʻlamda oshkor boʻlgan bir sharoitda, shoir shunchalar dahshatli yillarda “baxt va shodlik”ni kuylaganini tushunolmay, qabul qilolmay qoldik. Oʻsha yillari Choʻlpon xotirasiga oʻtkazilgan yigʻinda bir ulugʻ shoirimiz oʻz soʻzida oʻgʻrilar toʻdasi bilan sheriklik qilgan karnaychilar guruhi haqidagi rivoyatni keltirgandi: emishki, ular karnay-surnay chalib, oʻyin-kulgi bilan odamlarni chalgʻitib turishgan, bu vaqtda esa oʻgʻrilar bexavotir tomtesharlik bilan mashgʻul ekan. Notiq H.Olimjon mansub avlodni shu karnaychilarga mengzagandi: ular shoʻroni madh etib odamlarni chalgʻitib turgan, NKVD esa millatimiz gullarini bitta-bitta terib ketgan. Nachora, davr kayfiyati shu edi-da, aksariyatimiz shunday fikrda sobit edik. Shunchalarki, “axir, bir umrlik muhabbatini uchratishi, uylanishi, otalik baxtini tuyishi – xullas, hayotining eng baxtli damlari shu yillarga toʻgʻri kelgan va koʻnglidagini samimiy ifodalagan boʻlsa – shoirda nima ayb?” degan andisha xayolga yaqin yoʻlamagan. Fikrimcha, H.Olimjonning “karnaychilar” sirasida koʻrilishi ongimizdagi xronologik siljish tufayli, yaʼni u qatagʻon avjiga mingan 37-yilda ham aynan ilk ijodida kuzatilgan ruh-kayfiyatda boʻlgan deya yanglish oʻylaymiz. Holbuki, bu vaqtda shoir “kurash romantikasi”dan chekinib, oddiy va sokin insoniy baxtidan masrur, shu bois ijodida muhabbat va tabiat goʻzalligini tarannum etish, insonning inja tuygʻularini ifodalash ustuvor boʻlgan edi. Ayni hol fikrimiz mantigʻiga zidday. Zero, unga koʻra shoir bu bosqichda anglash ehtiyojini qondirish yoʻlidan borishi kerak, haqiqatda esa, aksincha, ijodida yana lirika salmoqdor boʻldi. Ushbu ehtiyojning zaruratga aylanmagani, bizningcha, shoirning “oʻz olami”da yashagani bilan izohlanishi mumkin. Reallikka nisbatan muxtoriyat maqomidagi bu olamda H.Olimjon baxtli edi, shu olamdan turib reallikda ham oʻzi kabi baxtli odamlarni koʻrdi – baxt va shodlikni kuyladi;
3) ehtiyojning qondirilmagani uning yoʻq boʻlgani emas, albatta, u bor, qondirilish vaqti kechiktirildi, xolos. Yuqorida aytilganlardan shoirning reallikka qaytgisi kelmay qolgani yaqqol koʻrinadi. Negaki, “oʻz olamida” xatarlardan panoh topadigandek his qiladi oʻzini. Zero, maʼlumki, qatagʻon shamoli H.Olimjonni chetlab oʻtmagan, koʻpchilik qatori u ham muttasil tahlikada yashagan, N.Karimov aytmoqchi, “1937 yildan arang omon qolgan”8. Mashʼum 1937 yil arafasida – 1936 yil 29 dekabrda yozilgan sheʼrida oʻlimga qarata: “Seni qanday kutar ekanman, Uchrasharmiz qaysi bir yerda?” degani shundan. Yigirma yetti yoshli navqironning mudom oʻlim xayoli bilan yashashi, “Oʻylaganda seni (oʻlimni – D.Q.) doimo, Yuragim orqaga tortadi Va bosadi muzday sovuq ter, Seskanaman, gʻamim ortadi” deya eʼtirof etishidan uning maʼnaviy-ruhiy jihatdan nechogʻli ogʻir sharoitda ekanini tasavvur qilish mumkin. Shu bois ham shoir “oʻz olami”ga qochadi, baxtiga burkanib yashirinmoqchi boʻladi goʻyo. Biroq shunda ham bexavotir boʻlolmaydi, chunki yelkasida mashʼum sharpa nafasini his qilib turadi. Xavotirning zoʻridan dushman emasligini eslatmoqqa, dushmanlardan farqini taʼkidlab, oʻzini ulardan ajratmoqqa shoshadi. Xususan, 1937 yilda yozilgan “Oʻlka” sheʼrida “Bilsinlarkim, yoʻldoshim boʻlmas Koʻzda yoshi bilan kulganlar” deya xitob etadi. Sheʼrning oʻrtasidagi ushbu misralarni urgʻulaganimizdan soʻng boshlanishidagi mana bu satrlar ham, bizningcha, fikrimizni quvvatlashga xizmat qiladi:
Men dunyoga kelgan kundanoq,
Vatanim deb seni uygʻondim.
Odam baxti birgina senda
Boʻluriga mukammal qondim.
Fikrimizcha, avval “koʻzda yoshi bilan kulganlar”ning dushmanlar, yaʼni “sovet voqeligini qabul qilolmaganlar” ekanini, soʻng shoir oʻzini ularga qarshi qoʻyganini eʼtiborga olsak, bu yerda gap “sotsialistik Vatan” haqida borayotganiga shubha qolmaydi. Shunday ekan, “odam baxti birgina senda” satrini “odam Vatandagina baxtli boʻladi” deb emas, “inson sotsialistik Vatandagina baxtli boʻladi” maʼnosida tushungan toʻgʻriroq boʻladi. Negaki, shoir xuddi shunday ekaniga “mukammal qondim” deyish bilan oʻzini “koʻzda yoshi bilan kulganlar”ga zid qoʻyib, muxotibiga “oʻziniki”lardan ekanini koʻrsatmoqda. Oxirgi banddagi “qayga desang qaytmay keturman” misrasi ham sodiqlik qasamidek jaranglaydi. Darvoqe, sheʼr Vatanga murojaat shaklida boʻlsa-da, asl muhotib bu emas. Asl muhotib mavhum (“Bilsinlarkim...”) qolgandek, lekin haqiqatda sadoqat izhori aynan unga – insonlar taqdirini hal qilish vakolatini oʻziga olgan, qatagʻon mashinasini yurgizgan koʻrinmas yovuz kuchga qaratilgandir. Munday qaraganda, H.Olimjon siyosiy jihatdan “aybsiz” boʻlgach, xotirjam yuraversa boʻladigandek. Jumladan, oʻsha mudhish yilda yozilgan bir sheʼrida “Yoʻldan ozganlarga hech bir boʻlmadim men qaygʻudosh ... Shul sababdinkim Vatanda boʻlmadim ilhomi xor” deganidan oʻzini haqiqatan ham “aybsiz” bilishi yaqqol koʻrinadi. Lekin u qatagʻon mashinasi qanday ishlashi, yovuz kuch hoʻlu quruqni baravar yondiraverishini ham biladi-da. Shu bois “ilhomi xor” deya qatagʻon qilingan ijodkorlarni nazarda tutgani holda, ularga ilk ijodidagi kabi keskin munosabatda emas, atigi oʻzining ulardan emasligini aytmoqchi, xolos. Negaki, endi u yovuz kuch qarshisida oʻzining nechogʻli ojizligini, oʻsha “ilhomi xor”lar kabi lahzada qurbonga aylanishi hech gap emasligini, yaʼni mohiyatan ularga qismatdosh boʻlib qolganini teran his etib turibdi. Toʻgʻri, H.Olimjon ularni “gʻoyaviy dushman”i deb bilgan, biroq endi, qatagʻon nafasini oʻz tanasida sinab koʻrgach, gʻoyaga qarshi gʻoya bilan kurashish boshqa, insonni jisman mahv etish boshqaligi, keyingisi insoniylikka zid ekanligiga imon keltirgan. Ayni hol yuz berayotgan ijtimoiy hodisalar mohiyatini anglash va ularga nisbatan oʻzining aniq maʼnaviy mavqeini belgilash ehtiyojini kuchaytirib, uning qondirilishini zarurat maqomiga koʻtaradi.
III. “Muqanna” talqinida nafaqat yuqorida bayon qilingan tarixiy-biografik asoslar, balki ijod psixologiyasi xususiyatlariga ham tayanilgan. Ularga ham tartibi bilan batafsil toʻxtashga harakat qilamiz.
1) maqolada “isteʼdodning chinakam sanʼat asariga doʻnishi uchun ijodkor hayotni goʻyo «chetdan» estetik mushohada (esteticheskoye sozersaniye) qila olishi, boshqacha aytsak, ruhan «uzlat» holatida boʻlishi darkor”,- deyilgan. Qulayligi uchun boʻlsa kerak, mutaxassislar bu holatni oʻyinga qiyoslab tushuntirishadi. Deylik, futbolchi match vaqti oʻyinni mushohada eta olmaydi – u oʻynaydi, mushohada qilish uchun chetdan kuzatish kerak (shu bois ham ishqibozlarning oʻzlarini futbolni oʻyinchilardan koʻra yaxshiroq biladigandek tutishlari juday-la asossiz emas). Demak, masalan, agar u tanaffus paytida yo oʻyin tugashi bilan intervyu bersa, aytganlari, bir tomondan, oʻyin haqida atigi konkret bir amplua nuqtai nazaridan chiqarilgan fikr (yaʼni, obyektni juda tor qamragan); ikkinchi tomondan, oʻyin chogʻidagi fikr va emotsiyalarning bevosita davomi (yaʼni, subyektiv va tendensioz). Holbuki, oʻsha futbolchi maʼlum vaqt oʻtib matchni videoyozuvda tomosha qilsa, oʻyinni va oʻyindagi oʻzini bir butunlikda koʻradi: endi unda obyektni toʻla qamrash va obyektiv mushohada qilish imkoni boʻladi.
Maqolada “H.Olimjonda bunday imkoniyat kam boʻlgan”i, “Muqanna”ga qadar uning koʻproq “oʻzi ichida qaynab yotgani, hayot haqida undan uzilolmagan holda yozgan”i taʼkidlangan. Ushbu xulosaga kelishimizning asosi shoirning ilk ijodini (1925-31) sotsializm gʻoyasini bayroq qilgan oʻsmir ijtimoiy faolligining davomi, ijodiy faoliyatidagi biz ajratgan uchinchi bosqichni (1935-38) baxt quchogʻidagi inson koʻngil izhorlari, oʻrtada kuzatilgan (1932-34) tafakkur qilishga moyillikni esa koʻproq yosh bilan bogʻliq, yaʼni tabiiy hodisa deb bilishimizdir. Aytish kerakki, biz “kam boʻlgan” degan hollar shoir nigohi davr voqeligi va shaxsiy hayotidan oʻzga obyektga qaratilganda kuzatiladi, chunki narsa-hodisa estetik obyektga aylanishi uchun subyektning undan uzilishi – chetlashishi talab etiladi. Shunday holni, masalan, “Ofeliyaning oʻlimi” sheʼrida koʻrish mumkin. Shoir oʻlmas tragediya voqeligidan tashqarida, ayni choqda, tragediya voqealari shoirdan tashqarida, bas, personajlar taqdiri uning uchun avtomatik tarzda estetik mushohada obyektiga aylanadi. Shu bois u fojea mohiyatini idrok qilishga intiladi va anglaganlarida oʻz taqdiriga uyqash nuqtalarni koʻradi. Negaki, estetik obyekt ijodkor HOLidan kelib chiqib va unga muvofiq anglanadi, ayni chogʻda, ijodkor oʻzini estetik obyekt orqali teranroq anglab boradi. Mazkur fikrlar H.Olimjonning “Pushkin”, “Kuychining xayoli”, boringki, tagʻin bitta-ikkita sheʼriga nisbatan muayyan shart bilan aytilishi mumkin, xolos. Tahlikali zamonda “oʻz olami”da panoh topgan shoirdan bundan ortigʻini kutish insofga xilof. Sirasi, hozir muhimi bu emas, muhimi, mazkur mulohazalardan H.Olimjonning yuqorida aytganimiz anglash ehtiyojini qondirishga intilgani va oʻz davri sharoitida shunga qulay imkon beruvchi obyekt topish yoʻlida izlangani koʻrinadi. Bas, shoirda Muqanna haqida asar yozish niyati ancha ilgari tugʻilgan (S.Azimov) ekan, buning shu izlanish doirasida sodir boʻlgani ehtimoldan yiroq emas;
2) demak, garchi yozish niyati ilgari paydo boʻlsa ham, “Muqanna” yillab yozilmay turgan. Nega? Ehtimoldagi sabablar sirasida qatagʻon yillari kamina talqin qilgan tarzda tushunilishi mumkin boʻlgan asarning yozilishi boshni qilichga tutish bilan barobar boʻlganini ham koʻrsatish zarur. Shu jihatdan qarasak, urush “Muqanna”ning yozilishiga imkon yaratdi, deyish ham mumkin, chunki urush sharoiti uni “ijtimoiy buyurtma”ga mos etdi qoʻydi. Yaʼni urush davrining ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga qaratilgan qatlam muallifning oʻtmish orqali zamonasi va undagi oʻzini badiiy idrok etishga qaratilgan qatlamni pardaladi. Eʼtiborli tomoni, ikkala qatlamda ifoda etilayotgan mazmun ham chin dildan, ikkisi ham mustaqil va bir-biriga xalal bermaydi;
3) asarga tanlangan material tabiati shundayki, muallif “tasvir predmeti – oʻtmishdan avtomatik tarzda uzilgan, yaʼni, oʻtmish uning uchun birinchi galda estetik mushohada obyekti”. Avvalo, oʻtmish zamona orqali idrok etilishi qonuniyat maqomidagi hol ekanini taʼkidlamoq kerakki, buni muxtasar izohlab oʻtamiz. Asarni yozishga tayyorgarlik jarayonida H.Olimjon qoʻzgʻolonga oid tarixiy manbalarni oʻrgangan. Tabiiyki, bu manbalarda faktlar qayd etilgan, xolos, tarixiy mavzudagi adabiy asarda esa oʻtmishni toʻlaqonli gavdalantirish, oʻsha faktlarni jonlantirish taqozo etiladi. Buni amalga oshirish uchun esa unda birgina yoʻl bor – zamonasidan andoza olish. Zero, u oʻtmishda yashab koʻrmagan, hayot haqidagi, inson va insonlararo munosabatlar haqidagi tasavvurlari zamonasida shakllangan. Ayni shu tasavvurlar, umumlashtirib aytsak, hayotiy tajribani proyeksiya qilib oʻtmish jonlantiriladi – shu tariqa oʻtmish zamona orqali idrok etila boshlanadi. Modomiki, tarixiy faktlar asosida oʻtmishdagi hayotiy holatlar, toʻqnashuvlar, turfa taqdirlarni ijodkor zamonasidan andoza olgan holda qayta yaratayotgan ekan, ayni chogʻda u oʻtmish orqali zamonasini ham idrok etayotgan boʻladi. Boshqacha aytsak, zamona bilan analogiya asosida badiiy aks ettirilgan oʻtmish analogiya asosida zamona mohiyatini anglashga yordam beradi. Shularni eʼtiborga olgan holda maqolada : “faktlar shaxs orqali, yaʼni, uning kayfiyati, holati, qarashlariga bogʻliq va ularga mos holda jonlanadi; ikkinchi tomondan, jonlangan tarix shaxsning holati, kayfiyati, qarashlariga zarur tahrirlar kiritadi. Demak, shaxsning tarixga «murojaat»i mohiyatan ikkiyoqlama jarayon – muloqot ekan. Shaxs ongida jonlangan faktlar faollashgach, uning oʻzini ruhiy faollikka – oʻxshashlik asosida (metaforik tarzda) zamonasini mushohada qilishga undaydi, oʻz davrini teranroq anglashiga asos boʻladi”,- deyilgan. Agarki mazkur psixologik jihatlar tarixni badiiy idrok etish jarayoniga xos ekan, “Muqanna”dagi ayrim personajlar, koʻrinish va dramatik holatlarni asar yaratilgan davr yo muallif shaxsiyati bilan bogʻlab talqin qilish aslo bugungi kunga moslashtirish va yo soxtalashtirish boʻlmaydi.
***
“Hamid Olimjonni bilamizmi?” nomli maqolam chop qilinganidan beri ham mana oʻn ikki yildan oshdi. (Darvoqe, shoir ijodi bilan ozmi-koʻp shugʻullanganki odamga maqola nomi erish tuyulgan, balki, biroz malol kelgan boʻlsa ham mumkin. Rosti, jurnalni qoʻlga oliboq koʻngilda shuning andishasini tuyganman. Negaki, bu nomni jurnaldagi doʻstlar qoʻyganlar, bilasiz, matbuot shunga oʻxshash “sensatsiya”li nomlarni xushlaydi, kamina uni “Tarix saboqlari” deb nomlagandim.). Oʻtgan vaqt davomida “Muqanna” talqini xususida eshitganim fikr-qarashlar turli-tuman, hatto bir-biriga mutlaqo zid: “Kashfiyot-ku!” deya alqaganlar ham, “Soxtalashtirish-ku!” deya yozgʻirganlar ham boʻldi. Eshitganda ikkala tomon ham ogʻmaslik – hovliqib ham ketmaslik, ruhni ham choʻktirmaslik harakatida boʻldim. Endi, bahs ruhidan forigʻ boʻlib, masalaga sovuqqon nigoh bilan qararkan, kamina amalga oshirgan talqin tarixiy-biografik va ijodiy-ruhiy asoslarga ega degan fikrimda qatʼiylashaman. Shunday ekan, “Muqanna”ga yondashuvimizni “gipotetik” deb hisoblash ham u qadar toʻgʻri emas, zero, bizning talqinni inkor qiluvchilar ham ayni shu asoslarga tayanmoqda.
2015 yil
Izohlar
Сўнгги йилларда ХХ аср ўзбек адабиётининг йирик намояндалари – Чўлпон, Ғ.Ғулом, Ойбек, А.Қаҳҳор, Ҳ.Олимжон асарларини янгича талқин қилиш йўлида тажриба ўлароқ ёзилган мақолаларим баҳсларга сабаб бўлди. Хусусан, Ҳ.Олимжоннинг “Муқанна” драмаси ҳақида ёзганим мақола1 ўз вақтида Н.Каримов, Ғ.Мўминов каби устоз адабиётшуносларда жиддий эътироз қўзғаганди. Албатта, баҳс ҳали тобида пайтлар кимдир каминани ёқлаб, ким эса мухолиф мавқеда тургани ҳам табиий. Бироқ ҳозир муҳими бу эмас, муҳими, илмий баҳснинг пировардида конструктив хулосага олиб келиши лозимлиги. Афсуски, зикр этилган баҳс бу миссияни бажара олмади, масала ҳамон очиқлигича қолаётир. Тўғри, “ҳар кимники ўзига ой кўринар...” деган гап ҳам бор-у, бироқ шунда ҳам адабий танқид баҳснинг принципиал жиҳатлари, рационал мағзига етарли эътибор қилмагандек туюлаверадики, каминани яна шу масалага қайтишга ундаган ҳам айни шу туйғудир. Демак, даставвал шу туйғуни юзага келтирган ва қувватлаб турган нуқталарга тўхталамиз.
Аввало, камина амалга оширган “Муқанна” талқинининг илмийликдан мутлақо йироқ деб топилгани. Жумладан, Н.Каримов фикрича бундай талқин Ҳ.Олимжонни “мустабид тузум билан мухолифатда бўлган Чўлпон ва Фитратлар даврасига ҳам яқинлаштириш йўлидаги саъй-ҳаракат”, “тарихий-адабий муҳитдан узиб олиб ... бугунги қарашларимизга яқинлаштиришга уриниш”2. Н.Каримов талқинда зўрма-зўракилик борлигини силлиқлаброқ айтса, Ғ.Мўминов дангалини айтади қўяди: “Сиз “шўроларга бутун вужуди билан қарши бўлган” ясама қаҳрамон яратмоқчи бўласиз”3. Яна Ғ.Мўминов айтадики, айрим эпизодлар талқини асосида чиқарган хулосаларим “ғирт туҳматдан бошқа нарса эмас”; миямга “халқнинг миллий мустақиллигини бу адиблар (яъни шўро даврининг йирик ёзувчилари – Д.Қ.) орзу қилмаган бўлиши мумкин эмас” деган тасаввурни жойлаб олганман-да, шуни исботлаш учун “улар ижодини шағам ёқиб титкилаб”, “сохта ва беасос” тахминларни олға сураман. Кўриб турганингиздек, қай йўсин ифодаланганидан қатъи назар, иккала олим ҳам каминанинг талқинини “сохталаштириш” деб билади. Устозларни бу хил қарашда собит этган таянч нуқтаси ҳам битта. Хусусан, Н.Каримов фикрига кўра: “Ойбек, Ғафур Ғулом, Абдулла Қаҳҳор сингари забардаст адибларимизнинг совет даврида яратган асарларида мавжуд тузумда рўй берган даҳшатларни фош қилувчи ёки уларга шама қилувчи сатрлар бўлмаганидек, Ҳамид Олимжондан ҳам бундай, Сиз айтмоқчи, жасоратни топишга интилиш ўша тузумни ҳам, шу тузум даврида майдонга келган асарларни ҳам тушунмасликдан бошқа нарса эмас”. Худди шунга ўхшаш Ғ.Мўминов ҳам: “бу адиблар ўз юрти ва миллатининг содиқ фуқаролари сифатида шўролар сиёсатига, унинг ягона партияси шиорларига ва бу йўлда, айрим баландпарвоз оҳанглар, сохта кўтаринкилик ва таъзим маъносидаги сатрларни ҳисобга олмаганда, асосан астойдил, чин дилдан садоқат билан ижод қилганлар”, – деб билади. Кўряпмизки, иккала олим ҳам зикр этилган адиблар ижоди давр сиёсати ва мафкурасига жўровоз, ўзгача оҳанглар уларга буткул ёт деб ҳисоблайди. Каминанинг тасаввурида эса улар чинакам истеъдод эгалари, демакки, атрофида юз бераётган воқеа-ҳодисалар моҳиятини англаш ва шундан келиб чиқиб ШАХС сифатида ўз маънавий мавқеини эгаллашга қодир кишилардир. Яъни “Муқанна”ни тушунишимизда кузатилувчи фарқлар айни шу нуқтадан ўсиб чиққан.
Кўриб турганингиздек, баҳс анчагина кескин тус олган, асосийси, ҳар икки томон ҳам ўз фикрида собит қолди4. Адабий танқид баҳсга, юмшоқ қилиб айтганда, эҳтиёткорлик билан, гўё “жанжал”га аралашишга истиҳола қилган каби муносабатда бўлиб, назаримда, унинг асосидаги масала моҳиятига эмас, юзада қалқиб турган томонларига эътибор берди. Жумладан, истиқлол даври адабий танқидчилигини махсус тадқиқ этган Қ.Қаҳрамонов томонларнинг асосий концепциясини мухтасар баён қилгач, баҳсда “асосий эътибор бадиий асарда ифодаланаётган ғояни очишга қаратил”ганини қайд этиш билан чекланади5. 2012 йилда чоп қилинган “Ўзбек адабий танқиди тарихи” дарслигида баҳсга ҳакам сифатида эмас, балки “янги босқич танқидчилик шаклланиши тадрижий такомилидаги методологик тамойилларнинг изланиши” деб қаралгани айтилган. Модомики, баҳсга анча муфассал тўхталинган экан, аниқ бир мавқеда турилса, фикримча, таълимий мақсадга мувофиқроқ бўларди. Афсуски, баҳс юзасидан чиқарилган хулоса мавҳумроқ бўлиб қолган. Негаки, дарсликда, бир томондан, танқидчиликда “шўро давридаги атоқли адиблар” асарлари “таг замирига зимдан яширилган истиқлол ғоялари ёки ҳеч бўлмаганда, шўро истибдодини фош этиш мақсади” борлигини кўрсатиш тамойили кузатилгани ва “бундай асарлар мавжуд бўлгани шубҳасиз” экани таъкидланади. Иккинчи томондан, “бундай мақсад ҳар бир асарга муносабатда зўрма-зўракилик ва сунъийлик билан амалга оширилмаслиги лозим” экани уқтирилади. Яна билмадим-у, каминага бу ўринда “сеники ҳам тўғри, буники ҳам тўғри” дейилаётгандек туюлди. Тўғри, бунинг давомида айтилган фикрлар муносабатга бирмунча аниқлик киритади: “Ният нечоғлик яхши бўлмасин, бундай сунъийлик бадиий асарни нотўғри баҳолашга олиб келиши мумкин. Танқид ва адабиётшуносликдаги гипотетик усул ўзининг аниқ ва изчил таянч нуқталарига эга бўлгандагина оқлайди, акс ҳолда, асар баҳсида юзаки тахминчиликни олиб келадики, у наинки бундай фикрни илгари сураётган мунаққид, балки, умуман танқидчиликка ҳурматни сусайтиришга олиб келиши мумкин”6. Кўрамизки, биз қўллаган талқин йўсини “гипотетик” (фаразий) деб тушунилиб, унинг танқид этикасига путур етказиш эҳтимолидан огоҳ қилинмоқда. Энг муҳими, бундай тўхтамга орадан ўн йилдан зиёд ўтгач – баҳс руҳи сўнган, яъни энди субъективлик эҳтимоли кесилиб, объектив илмий хулоса чиқариш имкони туғилган вақтда келинмоқда. Айни ҳол яна мавзуга қайтиш, каминанинг талқинлари гипотетик (баҳс контекстида ушбу истилоҳ “хаёлий” маъносини касб этаётгандек туюлмайдими сизга?) эмаслигини, бинобарин, унинг “таянч нуқталари”ни яна бир карра кўрсатиб ўтиш заруратини туғдирди.
I. Аввало шуки, “Муқанна” талқини заминида тарихий-биографик асос ётади. Фақат, бунда, биринчидан, тарихий-биографик материалга Ҳамид Олимжоннинг ижод онларидаги маънавий-руҳий ҳолатини тасаввур қилишга ёрдам берувчи восита сифатидагина қаралди; иккинчидан, восита экани ва кўпчиликка маълум бўлгани боис уни умумлаштирилган ҳолда эслатиш билан чекланилди. Масалан, мақолада дастлаб шоирга таъриф тарзида мана бу биографик маълумот берилган: “мурғак ёшиданоқ шўро таъсирида шаклланган, ўзига сингдиргани ёлғон ҳақиқатларга чин ҳақиқат дея юракдан ишонган ва ўсмирларга хос ўжар фидойилик билан даврнинг зиддиятли ғоявий курашлар майдонига кирган фаол шахс...”7
Ушбу маълумот Ҳ.Олимжон ижодида тенденциозлик бўлиши муқаррар ва табиийлигини асослаш учун эслатилган эди. Ҳа, эслатилган эди. Негаки, мақолада қўйилган масала бошқа, уни ёритиш учун бундан ортиғи кўплик қилади, асосий мақсаддан чалғитиш эҳтимоли бор. Иккинчидан, бу таъриф ўқувчи илгари ўқиган-билган маълумотларни хотирада тиклаши лозим эди. Модомики, бундай бўлмаётган экан, бу ишни биргаликда амалга оширишга зарурат бор, шундай қиламиз:
1) Ҳ.Олимжон 1909 йилда туғилган, яъни олам тартиботини ағдар-тўнтар қилган инқилоб юз берганида у атиги саккиз ёшда эди; тўққиз ёшидан шўро мактабида, ўн тўрт ёшидан пед билим юртида таҳсил олди... Яъни шоир оила шароитидан тўппа-тўғри шўро ғоялари ҳукмрон муҳитга кўчганки, “мурғак ёшидан шўро таъсирида шаклланган” деганимда шу фактларга таянаман;
2) муҳит таъсирида шоир “ўзига сингдиргани ёлғон ҳақиқатларга чин ҳақиқат дея юракдан ишонган”, бундай дейишимизга педбилим юртида ўқиб юрган кезлари ёзган қатор шеърлари етарли асос беради. У ўзини “йўқсил эл қўриқчиси” (“Комсомоллар”) ҳис қилади, инқилоб туфайли “Менга ҳеч эрк бермаган золим бойлар йўқ бўл”ди (“Шодлик кун”), “Хўрликлардан қутулдик, Эзувчини йўқотдик” (“Биз ким?”) деб билади; ёшлар қатори ўзини “ленинизм қиличи” санайди, “Ленин йўли энг қимматли йўллардандир бизларга, Биз ёдлаймиз унинг йўлин чин юракла ҳар ерда” (“Ҳозирланамиз”) дея эътироф этади. Ҳ.Олимжон бу шеърларини 16-17 ёшларида ёзган, бас, бизга ёқиш ё ёқмаслигидан қатъи назар, уларнинг чин дилдан айтилганига шубҳа қилиш ўринсиз;
3) таърифдаги учинчи нуқта – “ўсмирларга хос ўжар фидойилик билан даврнинг зиддиятли ғоявий курашлар майдонига кирган фаол шахс...” Қалбини инқилобий кураш романтикаси чулғаган ўсмир – бўлғуси шоирнинг ғайрати ичига сиғмайди, майдонга талпинади. Эсланг: ўн бешида комсомолга кирди, ўн олтисида билим юртида чиқадиган деворий газета ва ойлик журнал редактори; ўн еттисида инқилобий ёзувчилар шўъба мажлиси иштирокчиси, “Зарафшон” газетаси бўлим бошлиғи; ўн саккизида Ўзбекситон зиёлилари иккинчи қурултойида вакил; ўн тўққизида ўзбек янги алифбоси марказий қўмитаси котиби; йигирма ёшида бутуниттифоқ деҳқон ёзувчилари съездига делегат... Буларнинг бари шоирнинг ўқувчилик ва талабалик йилларига тўғри келишини ҳисобга олинг-да, ижтимоий фаоллик даражаси нечоғли юқори бўлганини тасаввур қилинг! Бундай фаолликка қувват бериб турган манба, шубҳасиз, ленинизм ғояларига бешак ишонч эди. Энг муҳим жиҳати, ўсмир Ҳ.Олимжон ғояни формал қабул қилган, яъни унинг онгини “соф ғоя” – ҳали ҳаётий тажриба билан тобланмаган абстракт ғоя бор, холос. Айни ҳол ғояни мутлақлаштириш, уни бирдан-бир тўғри ғоя сифатида тушунишга олиб келади. Ҳ.Олимжон шундай фаоллик, шу руҳ билан шеъриятга кириб келди, илк ижодида “кураш мотиви” етакчилик қилгани шундан, зеро, улар ижтимоий фаолиятнинг давоми ўлароқ яратилгандир.
II. Инсонда ҳаётий тажриба ортиши баробари дунёқараши ҳам ўзгариб, конкретлашиб боради. Айниқса, Ҳ.Олимжон каби истеъдодли, демак, ўткир нигоҳ ва теран фикр эгасида ўзи топинган ғоя билан реаллик муносабатини идрок этиш, ҳаққонийлик даражасини “синовдан ўтказиш” эҳтиёжининг туғилиши муқаррардир. Инсон психологияси ва ақлий ривожланиши билан боғлиқ мазкур жиҳатлар ҳамда Ҳ.Олимжон ҳаёти ва ижодидаги ҳолатлардан келиб чиқиб мақолада: “... маълум вақт ҳаёт қозонида қайнаб, замонасини ва ўзини четдан мушоҳада қилиш имконига эга бўлгач, амин бўлаётирки, «эртак бошқа, ҳаёт бошқа» экан. Бу атрофида содир бўлаётган ижтимоий ҳодисалар большевикларнинг ваъдаю даъволарига мувофиқ келмаётганини, тил бошқаю дил бошқалигини кўрган, англаган одам хулосаси, ҳукмидир”,- дейилган. Шундай ўйлашга асос берувчи нуқталарни кўриб ўтамиз:
1) мукаммал асарлар тўпламининг биринчи жилди мундарижасидан шоир уч йил давомида (1932-1934) атиги тўрттагина шеър ёзганини кўриш мумкин. Шу уч йилда яна 9 та мақола, 1 та тақриз, 1 та очерк ва 1 та достон ёзган, 2 та асарни таржима қилган. Балки, бу тарз статистика эриш туюлар, лекин диққатингизни ижодий маҳсулотнинг жанр томонига қаратиш учун шундай қилдим. Қаранг, ҳиссий муносабатни ифодаловчи лирика салмоғи ўта камайган, аксинча, мантиқ ва тафаккурга асосланувчи жанрлар салмоғи тўла устуворлик касб этган. Фикримизча, мазкур ҳол Ҳ.Олимжонда тафаккур қилишга мойиллик кучайганидан дарак берадики, бунинг замирида англаш эҳтиёжи ётади. Айни эҳтиёж мушоҳада объектини мудом кенгайтириб, охир-оқибат тафаккур қувватини жамиятда юз бераётган ҳодисалар моҳиятини англашга йўналтириши муқаррардир;
2) биринчи жилд мундарижаси таҳлилида давом қилсак, шоирнинг 1935-1938 йиллар лирик ижоди, асосан, интим, пейзаж ва фалсафий лирика намуналаридан иборат эканлигини кўрамиз. Зеро, айни шу йилларда ёзилган шеърлар унга “бахт ва шодлик куйчиси” номини олиб берган. Ўтган асрнинг 80-йиллари охири 90-йиллари бошларида – мудҳиш 30-йиллар ҳақиқати кенг кўламда ошкор бўлган бир шароитда, шоир шунчалар даҳшатли йилларда “бахт ва шодлик”ни куйлаганини тушунолмай, қабул қилолмай қолдик. Ўша йиллари Чўлпон хотирасига ўтказилган йиғинда бир улуғ шоиримиз ўз сўзида ўғрилар тўдаси билан шериклик қилган карнайчилар гуруҳи ҳақидаги ривоятни келтирганди: эмишки, улар карнай-сурнай чалиб, ўйин-кулги билан одамларни чалғитиб туришган, бу вақтда эса ўғрилар бехавотир томтешарлик билан машғул экан. Нотиқ Ҳ.Олимжон мансуб авлодни шу карнайчиларга менгзаганди: улар шўрони мадҳ этиб одамларни чалғитиб турган, НКВД эса миллатимиз гулларини битта-битта териб кетган. Начора, давр кайфияти шу эди-да, аксариятимиз шундай фикрда собит эдик. Шунчаларки, “ахир, бир умрлик муҳаббатини учратиши, уйланиши, оталик бахтини туйиши – хуллас, ҳаётининг энг бахтли дамлари шу йилларга тўғри келган ва кўнглидагини самимий ифодалаган бўлса – шоирда нима айб?” деган андиша хаёлга яқин йўламаган. Фикримча, Ҳ.Олимжоннинг “карнайчилар” сирасида кўрилиши онгимиздаги хронологик силжиш туфайли, яъни у қатағон авжига минган 37-йилда ҳам айнан илк ижодида кузатилган руҳ-кайфиятда бўлган дея янглиш ўйлаймиз. Ҳолбуки, бу вақтда шоир “кураш романтикаси”дан чекиниб, оддий ва сокин инсоний бахтидан масрур, шу боис ижодида муҳаббат ва табиат гўзаллигини тараннум этиш, инсоннинг инжа туйғуларини ифодалаш устувор бўлган эди. Айни ҳол фикримиз мантиғига зиддай. Зеро, унга кўра шоир бу босқичда англаш эҳтиёжини қондириш йўлидан бориши керак, ҳақиқатда эса, аксинча, ижодида яна лирика салмоқдор бўлди. Ушбу эҳтиёжнинг заруратга айланмагани, бизнингча, шоирнинг “ўз олами”да яшагани билан изоҳланиши мумкин. Реалликка нисбатан мухторият мақомидаги бу оламда Ҳ.Олимжон бахтли эди, шу оламдан туриб реалликда ҳам ўзи каби бахтли одамларни кўрди – бахт ва шодликни куйлади;
3) эҳтиёжнинг қондирилмагани унинг йўқ бўлгани эмас, албатта, у бор, қондирилиш вақти кечиктирилди, холос. Юқорида айтилганлардан шоирнинг реалликка қайтгиси келмай қолгани яққол кўринади. Негаки, “ўз оламида” хатарлардан паноҳ топадигандек ҳис қилади ўзини. Зеро, маълумки, қатағон шамоли Ҳ.Олимжонни четлаб ўтмаган, кўпчилик қатори у ҳам муттасил таҳликада яшаган, Н.Каримов айтмоқчи, “1937 йилдан аранг омон қолган”8. Машъум 1937 йил арафасида – 1936 йил 29 декабрда ёзилган шеърида ўлимга қарата: “Сени қандай кутар эканман, Учрашармиз қайси бир ерда?” дегани шундан. Йигирма етти ёшли навқироннинг мудом ўлим хаёли билан яшаши, “Ўйлаганда сени (ўлимни – Д.Қ.) доимо, Юрагим орқага тортади Ва босади муздай совуқ тер, Сесканаман, ғамим ортади” дея эътироф этишидан унинг маънавий-руҳий жиҳатдан нечоғли оғир шароитда эканини тасаввур қилиш мумкин. Шу боис ҳам шоир “ўз олами”га қочади, бахтига бурканиб яширинмоқчи бўлади гўё. Бироқ шунда ҳам бехавотир бўлолмайди, чунки елкасида машъум шарпа нафасини ҳис қилиб туради. Хавотирнинг зўридан душман эмаслигини эслатмоққа, душманлардан фарқини таъкидлаб, ўзини улардан ажратмоққа шошади. Хусусан, 1937 йилда ёзилган “Ўлка” шеърида “Билсинларким, йўлдошим бўлмас Кўзда ёши билан кулганлар” дея хитоб этади. Шеърнинг ўртасидаги ушбу мисраларни урғулаганимиздан сўнг бошланишидаги мана бу сатрлар ҳам, бизнингча, фикримизни қувватлашга хизмат қилади:
Мен дунёга келган кунданоқ,
Ватаним деб сени уйғондим.
Одам бахти биргина сенда
Бўлурига мукаммал қондим.
Фикримизча, аввал “кўзда ёши билан кулганлар”нинг душманлар, яъни “совет воқелигини қабул қилолмаганлар” эканини, сўнг шоир ўзини уларга қарши қўйганини эътиборга олсак, бу ерда гап “социалистик Ватан” ҳақида бораётганига шубҳа қолмайди. Шундай экан, “одам бахти биргина сенда” сатрини “одам Ватандагина бахтли бўлади” деб эмас, “инсон социалистик Ватандагина бахтли бўлади” маъносида тушунган тўғрироқ бўлади. Негаки, шоир худди шундай эканига “мукаммал қондим” дейиш билан ўзини “кўзда ёши билан кулганлар”га зид қўйиб, мухотибига “ўзиники”лардан эканини кўрсатмоқда. Охирги банддаги “қайга десанг қайтмай кетурман” мисраси ҳам содиқлик қасамидек жаранглайди. Дарвоқе, шеър Ватанга мурожаат шаклида бўлса-да, асл муҳотиб бу эмас. Асл муҳотиб мавҳум (“Билсинларким...”) қолгандек, лекин ҳақиқатда садоқат изҳори айнан унга – инсонлар тақдирини ҳал қилиш ваколатини ўзига олган, қатағон машинасини юргизган кўринмас ёвуз кучга қаратилгандир. Мундай қараганда, Ҳ.Олимжон сиёсий жиҳатдан “айбсиз” бўлгач, хотиржам юраверса бўладигандек. Жумладан, ўша мудҳиш йилда ёзилган бир шеърида “Йўлдан озганларга ҳеч бир бўлмадим мен қайғудош ... Шул сабабдинким Ватанда бўлмадим илҳоми хор” деганидан ўзини ҳақиқатан ҳам “айбсиз” билиши яққол кўринади. Лекин у қатағон машинаси қандай ишлаши, ёвуз куч ҳўлу қуруқни баравар ёндираверишини ҳам билади-да. Шу боис “илҳоми хор” дея қатағон қилинган ижодкорларни назарда тутгани ҳолда, уларга илк ижодидаги каби кескин муносабатда эмас, атиги ўзининг улардан эмаслигини айтмоқчи, холос. Негаки, энди у ёвуз куч қаршисида ўзининг нечоғли ожизлигини, ўша “илҳоми хор”лар каби лаҳзада қурбонга айланиши ҳеч гап эмаслигини, яъни моҳиятан уларга қисматдош бўлиб қолганини теран ҳис этиб турибди. Тўғри, Ҳ.Олимжон уларни “ғоявий душман”и деб билган, бироқ энди, қатағон нафасини ўз танасида синаб кўргач, ғояга қарши ғоя билан курашиш бошқа, инсонни жисман маҳв этиш бошқалиги, кейингиси инсонийликка зид эканлигига имон келтирган. Айни ҳол юз бераётган ижтимоий ҳодисалар моҳиятини англаш ва уларга нисбатан ўзининг аниқ маънавий мавқеини белгилаш эҳтиёжини кучайтириб, унинг қондирилишини зарурат мақомига кўтаради.
III. “Муқанна” талқинида нафақат юқорида баён қилинган тарихий-биографик асослар, балки ижод психологияси хусусиятларига ҳам таянилган. Уларга ҳам тартиби билан батафсил тўхташга ҳаракат қиламиз.
1) мақолада “истеъдоднинг чинакам санъат асарига дўниши учун ижодкор ҳаётни гўё «четдан» эстетик мушоҳада (эстетическое созерцание) қила олиши, бошқача айтсак, руҳан «узлат» ҳолатида бўлиши даркор”,- дейилган. Қулайлиги учун бўлса керак, мутахассислар бу ҳолатни ўйинга қиёслаб тушунтиришади. Дейлик, футболчи матч вақти ўйинни мушоҳада эта олмайди – у ўйнайди, мушоҳада қилиш учун четдан кузатиш керак (шу боис ҳам ишқибозларнинг ўзларини футболни ўйинчилардан кўра яхшироқ биладигандек тутишлари жудай-ла асоссиз эмас). Демак, масалан, агар у танаффус пайтида ё ўйин тугаши билан интервью берса, айтганлари, бир томондан, ўйин ҳақида атиги конкрет бир амплуа нуқтаи назаридан чиқарилган фикр (яъни, объектни жуда тор қамраган); иккинчи томондан, ўйин чоғидаги фикр ва эмоцияларнинг бевосита давоми (яъни, субъектив ва тенденциоз). Ҳолбуки, ўша футболчи маълум вақт ўтиб матчни видеоёзувда томоша қилса, ўйинни ва ўйиндаги ўзини бир бутунликда кўради: энди унда объектни тўла қамраш ва объектив мушоҳада қилиш имкони бўлади.
Мақолада “Ҳ.Олимжонда бундай имконият кам бўлган”и, “Муқанна”га қадар унинг кўпроқ “ўзи ичида қайнаб ётгани, ҳаёт ҳақида ундан узилолмаган ҳолда ёзган”и таъкидланган. Ушбу хулосага келишимизнинг асоси шоирнинг илк ижодини (1925-31) социализм ғоясини байроқ қилган ўсмир ижтимоий фаоллигининг давоми, ижодий фаолиятидаги биз ажратган учинчи босқични (1935-38) бахт қучоғидаги инсон кўнгил изҳорлари, ўртада кузатилган (1932-34) тафаккур қилишга мойилликни эса кўпроқ ёш билан боғлиқ, яъни табиий ҳодиса деб билишимиздир. Айтиш керакки, биз “кам бўлган” деган ҳоллар шоир нигоҳи давр воқелиги ва шахсий ҳаётидан ўзга объектга қаратилганда кузатилади, чунки нарса-ҳодиса эстетик объектга айланиши учун субъектнинг ундан узилиши – четлашиши талаб этилади. Шундай ҳолни, масалан, “Офелиянинг ўлими” шеърида кўриш мумкин. Шоир ўлмас трагедия воқелигидан ташқарида, айни чоқда, трагедия воқеалари шоирдан ташқарида, бас, персонажлар тақдири унинг учун автоматик тарзда эстетик мушоҳада объектига айланади. Шу боис у фожеа моҳиятини идрок қилишга интилади ва англаганларида ўз тақдирига уйқаш нуқталарни кўради. Негаки, эстетик объект ижодкор ҲОЛидан келиб чиқиб ва унга мувофиқ англанади, айни чоғда, ижодкор ўзини эстетик объект орқали теранроқ англаб боради. Мазкур фикрлар Ҳ.Олимжоннинг “Пушкин”, “Куйчининг хаёли”, борингки, тағин битта-иккита шеърига нисбатан муайян шарт билан айтилиши мумкин, холос. Таҳликали замонда “ўз олами”да паноҳ топган шоирдан бундан ортиғини кутиш инсофга хилоф. Сираси, ҳозир муҳими бу эмас, муҳими, мазкур мулоҳазалардан Ҳ.Олимжоннинг юқорида айтганимиз англаш эҳтиёжини қондиришга интилгани ва ўз даври шароитида шунга қулай имкон берувчи объект топиш йўлида излангани кўринади. Бас, шоирда Муқанна ҳақида асар ёзиш нияти анча илгари туғилган (С.Азимов) экан, бунинг шу изланиш доирасида содир бўлгани эҳтимолдан йироқ эмас;
2) демак, гарчи ёзиш нияти илгари пайдо бўлса ҳам, “Муқанна” йиллаб ёзилмай турган. Нега? Эҳтимолдаги сабаблар сирасида қатағон йиллари камина талқин қилган тарзда тушунилиши мумкин бўлган асарнинг ёзилиши бошни қиличга тутиш билан баробар бўлганини ҳам кўрсатиш зарур. Шу жиҳатдан қарасак, уруш “Муқанна”нинг ёзилишига имкон яратди, дейиш ҳам мумкин, чунки уруш шароити уни “ижтимоий буюртма”га мос этди қўйди. Яъни уруш даврининг ижтимоий-маънавий эҳтиёжларига қаратилган қатлам муаллифнинг ўтмиш орқали замонаси ва ундаги ўзини бадиий идрок этишга қаратилган қатламни пардалади. Эътиборли томони, иккала қатламда ифода этилаётган мазмун ҳам чин дилдан, иккиси ҳам мустақил ва бир-бирига халал бермайди;
3) асарга танланган материал табиати шундайки, муаллиф “тасвир предмети – ўтмишдан автоматик тарзда узилган, яъни, ўтмиш унинг учун биринчи галда эстетик мушоҳада объекти”. Аввало, ўтмиш замона орқали идрок этилиши қонуният мақомидаги ҳол эканини таъкидламоқ керакки, буни мухтасар изоҳлаб ўтамиз. Асарни ёзишга тайёргарлик жараёнида Ҳ.Олимжон қўзғолонга оид тарихий манбаларни ўрганган. Табиийки, бу манбаларда фактлар қайд этилган, холос, тарихий мавзудаги адабий асарда эса ўтмишни тўлақонли гавдалантириш, ўша фактларни жонлантириш тақозо этилади. Буни амалга ошириш учун эса унда биргина йўл бор – замонасидан андоза олиш. Зеро, у ўтмишда яшаб кўрмаган, ҳаёт ҳақидаги, инсон ва инсонлараро муносабатлар ҳақидаги тасаввурлари замонасида шаклланган. Айни шу тасаввурлар, умумлаштириб айтсак, ҳаётий тажрибани проекция қилиб ўтмиш жонлантирилади – шу тариқа ўтмиш замона орқали идрок этила бошланади. Модомики, тарихий фактлар асосида ўтмишдаги ҳаётий ҳолатлар, тўқнашувлар, турфа тақдирларни ижодкор замонасидан андоза олган ҳолда қайта яратаётган экан, айни чоғда у ўтмиш орқали замонасини ҳам идрок этаётган бўлади. Бошқача айтсак, замона билан аналогия асосида бадиий акс эттирилган ўтмиш аналогия асосида замона моҳиятини англашга ёрдам беради. Шуларни эътиборга олган ҳолда мақолада : “фактлар шахс орқали, яъни, унинг кайфияти, ҳолати, қарашларига боғлиқ ва уларга мос ҳолда жонланади; иккинчи томондан, жонланган тарих шахснинг ҳолати, кайфияти, қарашларига зарур таҳрирлар киритади. Демак, шахснинг тарихга «мурожаат»и моҳиятан иккиёқлама жараён – мулоқот экан. Шахс онгида жонланган фактлар фаоллашгач, унинг ўзини руҳий фаолликка – ўхшашлик асосида (метафорик тарзда) замонасини мушоҳада қилишга ундайди, ўз даврини теранроқ англашига асос бўлади”,- дейилган. Агарки мазкур психологик жиҳатлар тарихни бадиий идрок этиш жараёнига хос экан, “Муқанна”даги айрим персонажлар, кўриниш ва драматик ҳолатларни асар яратилган давр ё муаллиф шахсияти билан боғлаб талқин қилиш асло бугунги кунга мослаштириш ва ё сохталаштириш бўлмайди.
***
“Ҳамид Олимжонни биламизми?” номли мақолам чоп қилинганидан бери ҳам мана ўн икки йилдан ошди. (Дарвоқе, шоир ижоди билан озми-кўп шуғулланганки одамга мақола номи эриш туюлган, балки, бироз малол келган бўлса ҳам мумкин. Рости, журнални қўлга олибоқ кўнгилда шунинг андишасини туйганман. Негаки, бу номни журналдаги дўстлар қўйганлар, биласиз, матбуот шунга ўхшаш “сенсация”ли номларни хушлайди, камина уни “Тарих сабоқлари” деб номлагандим.). Ўтган вақт давомида “Муқанна” талқини хусусида эшитганим фикр-қарашлар турли-туман, ҳатто бир-бирига мутлақо зид: “Кашфиёт-ку!” дея алқаганлар ҳам, “Сохталаштириш-ку!” дея ёзғирганлар ҳам бўлди. Эшитганда иккала томон ҳам оғмаслик – ҳовлиқиб ҳам кетмаслик, руҳни ҳам чўктирмаслик ҳаракатида бўлдим. Энди, баҳс руҳидан фориғ бўлиб, масалага совуққон нигоҳ билан қараркан, камина амалга оширган талқин тарихий-биографик ва ижодий-руҳий асосларга эга деган фикримда қатъийлашаман. Шундай экан, “Муқанна”га ёндашувимизни “гипотетик” деб ҳисоблаш ҳам у қадар тўғри эмас, зеро, бизнинг талқинни инкор қилувчилар ҳам айни шу асосларга таянмоқда.
2015 йил
Изоҳлар
Dilmurod Quronov