← Dilmurod Quronov
|

“Men ne deydirman...”

Dilmurod Quronov

Maqola · 2003 · Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2003

Hurmatli domla! Avvalo, kaminaning ilmiy izlanishlari haqida aytganingiz iliq gaplar, maqolam haqidagi fikrlaringizni oʻrtoqlashishga fursat topganingiz uchun Sizga behad tashakkur. Domla, maqolam nima uchun Sizda eʼtiroz uygʻotganini xoʻb oʻyladim va shunday toʻxtamga keldimki, bu ikkimizning masalaga yondashishimizda qator farqli nuqtalar borligi bilan izohlanar ekan. Muayyan badiiy asar haqida turli nuqtalardan turib chiqarilgan fikrlarning har biri oʻzicha haq boʻlishi mumkinligini tan olganim holda, xatni javobsiz qoldirish odobdan emas, degan andisha bilan yozishga jazm qildim...

Modomiki, sarlavhaga chiqarganingiz “Hamid Olimjonni bilasizmi?” savoli menga qaratilgan ekan, avval shunga javob qilsam. Toʻgʻri, kamina H.Olimjon hayoti va ijodi bilan Siz kabi maxsus shugʻullangan emas, biroq bu narsa bir oʻquvchi, bir adabiyotshunos sifatida uning tasavvurida ham oʻzi bilgan, oʻzi tanigan H.Olimjon yashay olishiga xalal bermas. Xatingizni oʻqib amin boʻldimki, Siz bilgan H.Olimjon bilan mening tasavvurimdagi H.Olimjon suratan bir-biriga oʻxshash, siyratan boshqa-boshqa koʻrinadi. Negaki, Siz bilgan “H.Olimjon faqat 1937 yili emas, hatto urush yillarida ham zarracha oʻzgarmagan edi”. Kechirasiz-u, bunaqa gapni shoir ijodini chuqur bilgan Sizdek olim emas, mabodo H.Olimjonning oʻzi oʻz ogʻzi bilan aytganida ham ishonmaslikka haqqim bor. Zero, tirik odam muttasil oʻzgarishda boʻladi: hayotda bosgani har bir odim, nigohi tushgan har bir narsa, qulogʻiga kirgan har bir tovush, qoʻyingchi, umrning har lahzasi uning ongiyu qalbida oʻziga sezdirib yo sezdirmay iz qoldiradi, qarashlari, tasavvurlariga tahrirlar kiritadi. Mening tasavvurimdagi H.Olimjon — tirik odam, boz ustiga, isteʼdodli odam. Shunga koʻra, garchi u 1935 yilda “Abulfayzxon”da sovet davlatiga qarshi ilmoqli gaplar borligi uchun” Fitratga malomat yogʻdirgan boʻlsa-da, “Muqanna”gacha oʻtgan davrda mutlaqo oʻzgarishsiz qolishi mumkin emas. Aksincha, oʻzingiz aytmoqchi, “1937 yildan arang omon qolgan” ekan, H.Olimjon uchun zamonasini, zamonasidagi oʻzini qayta idrok qilish zaruratining chinakam maʼnaviy-ruhiy ehtiyojga aylanishi muqarrar emasmi?! Nazarimda, shoir haqida avvaldan shakllangan qatʼiy fikringiz borligi uchun ham “Mazkur asar (“Muqanna”-D.Q.) orqali sobiq sovet mamlakatida roʻy bergan qatliom haqida soʻzlash zarurati, adolatsizliklar, zulm va zoʻravonliklarga munosabat bildirish ehtiyoji Hamid Olimjonning hatto tushiga ham kirmagan”, deya keskin hukm chiqarasiz. Mazkur hukmingizni Siz H.Olimjon 30-yillarda, xususan, urush davrida yaratgan asarlar ruhidan kelib chiqib asoslaysiz. Kaminaning bu masalada fikri oʻzgacharoq boʻlgani uchun ham maqolada “Muqanna”ni shoirning urush davridagi boshqa asarlari sirasidagina koʻrish xato boʻlur edi” deb yozgandim. Negaki, maqolada aytilganidek, “isteʼdodning chinakam sanʼat asariga doʻnishi uchun ijodkor hayotni goʻyo “chetdan” estetik mushohada qila olishi, boshqacha aytsak, ruhan “uzlat” holatida boʻlishi darkor” va, fikrimcha, “Muqanna”ni yaratish onlarida oʻtmish bilan muloqotga kirishgan H.Olimjon ayni shunday holatda edi. Vaholanki, shoir merosidagi koʻplab asarlarda bu hol kuzatilmaydi. Sababi: “murgʻak yoshidanoq shoʻro taʼsirida shakllangan, oʻziga singdirgani yolgʻon haqiqatlarga chin haqiqat deya yurakdan ishongan va oʻsmirlarga xos oʻjar fidoyilik bilan davrning ziddiyatli gʻoyaviy kurashlari maydoniga kirgan faol shaxs hayoti, ijodi, faoliyati tendentsioz boʻlmasligi mahol edi”. Aytmoqchimanki, bular ijodkor oʻzi ichida qaynab turgani hayot haqida, undan uzilmagan va chinakam estetik mushohada qilmagan holda yaratgan asarlar edi. Yaʼni, bu asarlar chinakam ijod mahsuli boʻlmish sanʼat hodisasi sifatida emas, koʻproq muallif real ijtimoiy-siyosiy faoliyatining bevosita davomi oʻlaroq maydonga kelgan. Shularga koʻra, yuqoridagicha ikki turli hodisaga bir xil mezon bilan yondashish bizga maqbul koʻrinmaydi.

Shu oʻrinda qarashlarimizdagi yana bir muhim farqqa toʻxtalsak. Esingizda boʻlsa, maqolamning adogʻida: “Muqanna”da bevosita oʻzi yaratilgan payt — urush davrining ijtimoiy-siyosiy holatiga qaratilgan akutal mazmun yuzadayoq qalqib turadi. Bu haqda koʻp fikr bildirilgani, ikkinchi tomoni, maqsadimizga kirmagani bois biz bunga toʻxtalmadik. Aksincha, biz uni fikran olib tashlab, asarning chuqurroq qatlamlariga nazar solishga, shu orqali muallifining ijod onlaridagi ruhiyatini tasavvur qilishga, oʻy-fikrlarini uqish, his-tuygʻularini koʻngildan kechirib koʻrishga intildik”, deyilgan. Sababi, kamina konkret badiiy asarda real hayotdagi sanʼatkor emas, balki koʻproq ijod onlaridagi sanʼatkor akslanadi deb bilaman. Shunisi ham borki, bu ikkisining orasiga aslo tenglik alomati qoʻyib boʻlmaydi. Zero, ijodning ilohiy onlarida sanʼatkor Ideal qoʻynida yashaydi, u endi boshqa bir maʼnaviy-ruhiy butunlikni tashkil qiladi. Sanʼatkorning bungacha kechgan hayoti, bamisoli zikr soʻfiyni jazba holatiga keltiruvchi vosita boʻlgani kabi, ayni shu maʼnaviy-ruhiy butunlikni yetiltiradigan vosita, xolos. Ijod onlaridagi sanʼatkor voqelikni Ideal orqali idrok qiladi, Ideal asosida unga hissiy munosabat bildiradi, Ideal mezoni ila baholaydi. Sirasi, chinakam maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj hosilasi oʻlaroq vujudga kelgan ijod onlarida Ideal sanʼatkorga, sanʼatkor Idealga singib ketadiki, ayni shu holat maʼnaviy-ruhiy butunlikdir. Modomiki, badiiy asarda ijod jarayoni moddiylashar ekan, sanʼatkorning bungacha kechgan hayoti unga genetik jihatdangina aloqador. Yaʼni, sanʼatkorning hayotiga oid tafsilotlar bizga uning ijod onlaridagi ruhiy holatini tasavvur (his) qila olishimiz uchungina kerak. Aytmoqchimanki, asarning mazmun-mohiyatini ayni shu tasavvur (his) ochishga yordam beradi, tafsilotlarning oʻzi emas. Nazarimda, Siz muallif hayotiga oid tafsilotlarning oʻzini “Muqanna”ga ochqich qilayotirsizki, shu nuqtada yoʻlimiz ayro tushayotir...

Qarashlarimizdagi yana bir farqli nuqta shuki, Siz “tarixiy mavzuda yozilgan asar personajlarining gaplari har doim ham asar yozilgan davrga taalluqli boʻlavermaydi. Bu hol muallifning gʻoyaviy maqsadi bilangina bogʻliq”, deb hisoblaysiz. Toʻgʻri, fikringizning birinchi qismi ayon haqiqat (chunki “har doim ham ... boʻlavermaydi” deganingizning oʻzi “shunaqa ham boʻladi” degani), kamina ham bu xil daʼvodan yiroq. Biroq “bu hol muallifning gʻoyaviy maqsadi bilangina bogʻliq” deyishingiz, fikrimcha, xato. Negaki, bu xil yondashuvda tarixni muallif gʻoyaviy maqsadidan kelib chiqqani holda xohlagan koʻyga solishi mumkin boʻlgan jonsiz material deb tushungan boʻlamiz. Holbuki, adabiyot tarixi tasvir uchun tanlangan hayot materiali yozuvchiga boʻysunmay qoʻyishi mumkinligiga koʻplab yorqin misollar beradi. Shuni koʻzda tutib maqolada “biz odatlangan tarixga murojaat qildi” degan jumla aslida mohiyatga unchalik mos kelmaydi. Negaki, tarix jonsiz faktlar majmuigina emas. Shaxs ongi tarix bilan toʻqinganida oʻsha faktlar jonlanadi. Shunisi ham borki, bir tomondan, faktlar shaxs orqali, yaʼni, uning kayfiyati, holati, qarashlariga bogʻliq va ularga mos holda jonlanadi; ikkinchi tomondan, jonlangan tarix shaxsning holati, kayfiyati, qarashlariga zarur tahrirlar kiritadi. Demak, shaxsning tarixga “murojaat”i mohiyatan ikkiyoqlama jarayon — muloqot ekan”, deb yozgandim. Agar tarixiy asarning davrga aloqadorligi, Siz aytmoqchi, “muallifning gʻoyaviy maqsadi bilangina bogʻliq” boʻlib qolsa, oʻtmish bilan muloqot, demakki, ijodning oʻzi mavjud emas. Chunki oʻtmishni tayyor gʻoyaviy qoliplar asosida talqin qilish badiiy ijoddan yiroq tushadi: bu jarayon ijodga xos “yaratmoq” feʼli bilan emas, koʻproq hunarga xos “yasamoq” soʻzi bilan ifodalanadi. Kamina qalban aminmanki, “Muqanna” chinakam maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj mahsuli (jillaqursa ijod jarayonida tarixiy material bilan muloqot uni shu maqomga koʻtargan) oʻlaroq dunyoga kelgan, bas, uning ustida ishlayotgan payti H.Olimjon oʻzini sanʼatkor sifatida namoyon etgan, kosib sifatida emas. ..

Xatingizda yozasizki, “Agar shunday (yaʼni, shoʻrolarga qarshi maʼno topish —D.Q.) maqsad bilan tarixiy mavzudagi qaysi bir asarga nazar tashlamaylik, undan sovet voqeligida roʻy bergan hodisalarni eslatuvchi va goʻyo ular ustidan yozilgan aybnomalardek sado beruvchi satrlarni istagancha topamiz”. Haqiqatan ham shunday, bu masalada fikrimiz bir joydan chiqadi, biroq nega shundayligi masalasida qarashlarimiz yana farqlanadi. Siz bu xil maʼnoni oʻquvchi (yoki munaqqid) maqsadi bilangina bogʻlaysiz, men esa ijod jarayoni xususiyatlari bilan izohlamoqchi boʻlaman. Bunga maqolada muxtasargina toʻxtalgan ham edim: “tarixiy mavzuga qoʻl urgan ijodkor zamonasini oʻtmish orqali idrok etadi. Biroq bu tanganing bir tomoni, xolos; ikkinchi tomoni shuki, ijodkor oʻtmishni zamonasi orqali idrok etadi, oʻtmish zamona prizmasi orqali gavdalanadi”. Boshqacha aytsak, ijodkor tarixiy voqelikni zamonasidan andoza olgan holdagina badiiy gavdalantira oladi. Negaki, u oʻtmishda yashab koʻrgan emas, uning hayot haqidagi, inson, insonlararo munosabatlar haqidagi tasavvurlari zamonasida shakllangan. Yaʼni, ijodkor tasvirda zamonasidan nechogʻli uzoqlab ketmasin, badiiy talqinda undan tamom uzilib qolishi mumkin emas. Shunga koʻra, tarixiy mavzudagi asar ayni paytda zamonaviy mavzudagi asar hamdir. Shu bois ham maqolada “chinakam ijodiy-ruhiy jarayon mahsuli boʻlmish tarixiy mavzudagi asarda obrazning metaforiklik xususiyati yuksak darajada namoyon boʻlishi qonuniyat maqomidagi hodisadir.

Demak, tarixiy asar voqeligining asar yozilgan davr voqeligini yodga solib turishi ham qonuniyat maqomidagi hodisa ekan”, deya taʼkidlaganman.

Domla, eʼtibor bergan boʻlsangiz, javobimda jurnaldagi maqoladan qator koʻchirmalar keltirishga, undagi ayrim oʻrinlarni qayta bayon qilishga zarurat sezdim. Negaki, Siz meni asardagi ayrim parchani kontekstdan uzib olib talqin qilishda ayblaysiz-da, oʻzingiz bilibmi-bilmay ayni shu yoʻldan borasiz: maqolada keltirilgan asoslarni umuman eʼtiborga olmagan holda xulosalarni tanqid qilayotgandeksiz. Axir, bu janjal emas, — bahs, bahsda esa hadeb oʻzinikini maʼqul qilavermasdan muxolif tomonga ham quloq tutiladi, u nima deyayotgani va nechun shunaqa deyayotgani mushohada qilinadi. Afsuski, xatingizda ayni shu narsani koʻrolmadim, uni oʻqirkanman, xayolimga bot-bot sarlavhaga chiqarganim matal kelaverdi: “Men ne deydirman-u, qoʻbizim ne der”. Chamasi, ayni shu xil yondashuv xatingizning umumiy ruhini belgilagan, undagi ohangni samimiyatdan biroz yiroq tushirgan koʻrinadi. Yoʻqsa, kaminaning tahlil yoʻsini haqida “xasga yopishgan choʻkuvchidek, mahkam yopishib olib, olamshumul kashfiyot qilgan Arximeddek xitob etasiz”; “oʻzgacha libos kiydirmoqchi boʻlasiz”; “ustalik bilan H.Olimjonga bogʻlaysiz”; “kontekstdan shartta uzib olasiz-da, uning nima munosabat bilan aytilganini oʻylab ham oʻtirmay, bunday katta xulosani chiqarmoqchi boʻlasiz” kabi iboralarda, biroz kesatiqli, mazahli ohangda yozmagan boʻlur edingiz.

Xatingiz nihoyasida kaminaning ilgarigi ayblarini ham eslatib, “Choʻlponga bagʻishlangan kitobingizda ham oʻzingiz orzulagan ayrim holatlarni haqiqat sifatida taqdim etgan edingiz” deysiz. Xabarim bor, undagi “Goʻzal” sheʼrining “yangicha” talqinini eskidan qabul qilolmaysiz: Siz unda konkret ayol kuylangan deysiz, men goʻzal obrazida shoirning ideali aks etgan deb hisoblayman. Bu oʻrinda gap kaminaning /ayratiy xotirasi bilan tanish emasligida ham emas, gap koʻproq masalaga yondashishda. Rivoyat qiladilarki, Majnunga “Layli deganing qop-qora bir narsa ekan, uni deb shunchalar kuyib yonasanmi?” qabilida savol berganlarida, u “Mening koʻzim bilan qarang” deya javob bergan ekan. Bas, Majnun ular koʻrib turgan konkret Laylini emas, oʻzidagi tasavvurni sevadi, Laylini shu tasavvuri orqali koʻradi. Sirasi, bu barcha insonlarga xos xususiyat va agar shunday boʻlmaganda, ehtimol, sevgi haqida bunchalar koʻp sheʼr bitilmagan boʻlarmidi?! Aytmoqchimanki, Siz nazarda tutayotgan ayol ham Choʻlpon uchun bir turtki, xolos, shoir uning timsolida idealini kuylaydi. Oʻzingiz topib aytgandek, “istiqlolni uygʻotgan shoir” idealining asosini esa istiqlol tashkil qilishi, fikrimcha, aslo ajablanarli emas. Ikkinchi tomoni, nega endi Hazrat Navoiy koʻplab asarlaridagi “yor” timsolida Haqni (yaʼni, oʻz idealini) kuylagan, degan fikrni qabul qilish mumkin-u, Choʻlpon “yor” timsolida Istiqlolni (yaʼni, oʻz idealini) kuylagan, degan fikrni qabul qilish mumkin emas ekan? Axir, yangilikka nechogʻli oʻch boʻlmasin, Choʻlpon ham shu milliy adabiy anʼanalar zaminida yetishgan shoir, boz ustiga, oʻtgan davr mobaynida badiiy ijod tabiati tubdan oʻzgarib ketgan ham emas...

Hurmatli domla! Sizga yaxshi maʼlumki, hozirgi zamon talqin ilmi badiiy asar talqini adoqsiz jarayon deb uqdiradi. Bu esa konkret asarning turli davrlarda turlicha tushunilishi ham, har bir oʻquvchining uni oʻzicha tushunishi ham tabiiy deganidir. Bagʻrikenglik qilib, oʻzingiznikidan farqli talqinlarning yashashiga-da izn bersangiz, fikrimcha, adabiyotshunoslik ilmi bundan faqat yutadi — aslo yutqazmaydi.

“Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim...”

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov