← Dilmurod Quronov
|

Ideal va badiiy yaxlitlik

Maqola Husanboy Usmonov bilan hamkorlikda yozilgan

Dilmurod Quronov

Maqola · 1996 · Tafakkur. 1996, N4 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Keyingi yillar oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida markaziy oʻrinni tutib kelayotgan muammo – shoʻro davrida yaratilgan adabiyotga munosabat masalasi boʻlib qolayotir. Turli-tuman, koʻpincha bir-biriga tamomila zid qarashlarni maydonga chiqarayotgan bu muammo «uzoq yillar hukm surib kelgan vulgar sotsiologizm aqidalariga, mafkuraviy-siyosiy yondoshishga qarshi reaksiya, aks taʼsir koʻrinishi»1 sifatida yuzaga kelayotgani ham ayon haqiqatdir. Yoʻq, biz turli-tumanlikni qoralash niyatidan yiroqmiz, zero, demokratlashish yoʻliga kirgan jamiyatimiz ehtiyojlari ayni shu narsani taqozo qiladi. Respublikamiz prezidenti I.Karimov aytganidek, «jamiyatda fikr erkinligi, gʻoyalar rang-barangligi boʻlmasa, ayniqsa, unga yoʻl berilmasa, taraqqiyot, olgʻa siljish qiyinlashadi. Yaqin oʻtmishimiz – buning yaqqol dalilidir». Jamiyatimizda hukm surgan monomafkura siyosati turgʻunligu oxir oqibat inqirozga olib kelgan boʻlsa, soʻz sanʼatining tamomila mafkura xizmatiga boʻysundirilgani adabiyotimiz taraqqiyotini sustlashtirdi, katta potensial kuchga ega isteʼdodlarimizning toʻla namoyon boʻlishlariga imkon bermadi. Keyingi yillarda bot-bot takrorlanayotgan bu gaplar biz uchun isbot talab qilmaydigan haqiqat – aksiomadir. Shu bois ham soʻz sanʼatiga munosabatni oʻzgartirish, badiiy asarga yondashish va uni baholashning yangicha tamoyillarini ishlab chiqish kun tartibidagi birinchi masalaga aylanganini ham tan olamiz. Biroq bizni tashvishlantirayotgan narsa shuki, yangicha konsepsiyani ishlab chiqish yoʻlidagi urinishlarimiz – bir qutbdan ikkinchisiga sakrashga moyilligimizdanmi – yana eski oʻzanga tushib qolayotgandek. Ayniqsa, XX asr oʻzbek adabiyotiga, xususan, konkret ijodkor yoki badiiy asarga yana mafkuraviy jihatdangina yondashib, oʻzimiz sezmagan holda qoralayotganimiz vulgar sotsiologizm mavqeiga tushib qolayotganga oʻxshaymiz. Yaqin oʻtmishimizda yaratilgan badiiy asarlarda mafkura tazyiqi kuchli boʻlgani-yu bu narsa ularning qimmatini xiyla tushirganini eʼtirof etgan holda bariga bir koʻz bilan qarash, tamomila inkor qilish kayfiyatlariga mutlaqo qoʻshila olmaymiz.

Toʻgʻri, ijodkor voqeligu mafkuradan bir bahya boʻlsa-da yuqoriroq turishi lozim, ayni paytda ulardan butkul uzilib ketishi ham mumkin boʻlmagan hodisadir. Shunday ekan, biz istasak-istamasak, asarda yaratilgan badiiy borliq real borliq bilan munosabatda boʻlganidek, badiiy reallik vositasida ifodalanayotgan gʻoyalar tizimi – badiiy konsepsiya ham jamiyatda yetakchilik qilayotgan gʻoyalar tizimi – mafkura bilan munosabatda boʻladi. Xoʻsh, bu munosabat qay tarzda kechadi? Umuman, ijodning mafkuraviylashuvi nimadan? Bizningcha, ijodning mafkuraviylashuvini natija deb qarasak, uning sababini u yoki bu davrda mavjud mafkura mazmunida emas, balki sanʼatkorning oʻsha mafkura zamiridagi GʻOYA(mafkura mazmunini tashkil qilayotgan gʻoyalarni shunday ataylik)ga yoinki oʻz ijodiga formal yondashuvida deb tushunish toʻgʻriroq boʻladi. Biz bu oʻrinda GʻOYani umumiyroq hodisa deb olamiz-da, mafkura deganda uning muayyan maqsadga yoʻnaltirilib tizimga solingan koʻrinishini tushunamiz. Deylik, «buyuk xalq» GʻOYasi – qaysi tizimdaligiga bogʻliq holda – vatanni himoya qilish maqsadiga ham, oʻzga xalqlarni qul qilish niyatiga ham, yurtni obodu millatni taraqqiy ettirish maqsadiga ham birdek xizmat qilaverishi mumkin. Jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichida oʻsha jamiyat aʼzolarining idealiyu ehtiyojlariga mos GʻOYA shunday umumiylik kasb etadiki, uning asosidagi mafkura ommalashish imkoniga ega boʻladi. Biroq jamiyatning uzluksiz rivojlanishiyu ehtiyojlarining oʻzgarib borishi barobari oʻsha mafkuraning ham mos ravishda oʻzgarib borishi taqozo qilinadiki, aks holda u oddiy dogmaga aylanadi – taraqqiyotga toʻgʻanoq boʻlib qoladi. Shunga koʻra, sanʼatkor tomonidan mafkura asosidagi GʻOYaning formal qabul qilinishi uni oʻsha mafkuraga ijodiy yondashish, real voqelik bilan dialektik aloqasini teran idrok qilish imkonidan mahrum etadi. Natijada u mavjud mafkuraga singib ketadi, idealiyu ehtiyojlariga mos GʻOYA havoda muallaq qolayotganini anglamay qoladi – mafkuraning oddiygina xizmatchisi, aniqrogʻi, quliga aylanadi. Ayni shu nuqtadan sanʼatkor endi IJODKOR boʻlmay qoladi, zero, voqelikni qalbiyu ongida qayta ishlab, ideal asosida qayta yaratilgan badiiy voqelik vositasida dunyoni oʻzgartirishga (oʻzgartiruvchining oʻzini, yaʼni, insonni oʻzgartirish orqali) xizmat qilgan sanʼatkorgina tom maʼnodagi ijodkor sanalishi mumkin. Xoʻsh, GʻOYaning formal qabul qilinishi nimadan? Avvalo, har qanday mafkuraning ommalashishi uchun ikki shart taqozo qilinadi: 1) bashariyat tarixi davomida koʻp bor sinalgan, umuminsoniy qadriyatlarga muvofiq2 GʻOYalarga tayanish; 2) ommaning ehtiyojiga, manfaatiga mos keluvchi pirovard maqsadning mavjudligi. Shu ikki shartni oʻzida mujassam etgan yangi mafkura oʻzidan ilgarigi mafkuradan hafsalalari pir boʻlib, yashashning maqsadiyu hayotining mazmunini yoʻqotgan, aro yoʻlda qolgan odamlar uchun bir zaruriyatdirki, ayni shu xil ijtimoiy sharoitda u yuzlab, minglab, millionlab odamlar ongiga singadi, yashashning maqsadiga ishora qiladiyu hayotiga mazmun bagʻishlaydi ularning. Shunga koʻra, 20-yillardan boshlab sotsializm gʻoyalarining minglab ziyolilarimiz ongiga kirib kelgani, ularning hayoti mazmuniga aylangani, xolis yondashsak, tabiiy hol edi. Shunisi ham borki, muayyan mafkura shakllanayotgan payt jamiyatning aksar aʼzolari uni formal qabul qiladilar. Uning qabul qilinishi ayrim kishilar, xususan, ilgariroq boshqa mafkura asosida shakllanib ulgurgan kishilar uchungina qiyin kechishi mumkin: ular yo yangi mafkurani umuman qabul qilmaydilar, yoki boshdanoq unga tanqidiy munosabatda boʻladilar. Shu maʼnoda Fitrat, A.Qodiriy, Choʻlponlarning yangi mafkuraga munosabati bilan Oybek, Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, A.Qahhor kabi yangicha ijtimoiy sharoitda shakllangan kishilar munosabatining bir xil boʻlishini talab qilolmaymiz. Yaʼni psixologik jihatdan avvalgilari yangi mafkuraga qiyosiy-tanqidiy mavqeda turish imkoniga ega boʻlganlari holda, keyingilari bunga hali tayyor emaslar. Aminmizki, A.Qahhor muayyan hayotiy tajribaga ega boʻlgach aytgan «men partiyaning soldati emas, ongli aʼzosiman» degan mashhur gapini 30-yillarda aytish imkoni boʻlmaganidan emas, bunga hali oʻzi ruhan tayyor boʻlmaganidan aytolmagan. Demoqchimizki, mafkura asosidagi GʻOYaning formal qabul qilinishi koʻproq yoshlarga, xususan, yosh ijodkorlarga xos xususiyatdir. Eʼtibor berganmisiz: yangi mafkurani avvalo yoshlar qoʻllab quvvatlaydilar, mafkura yoyuvchilar asosiy kuchlarini yoshlar muhitiga safarbar etadilar. Nega shunday? Chunki avlodlar orasida har vaqt mavjud ijtimoiy-psixologik ziddiyat («otalar va bolalar» muammosi) asosida yangi mafkuraning singishi xiyla oson kechadi. Mafkuraning qabul qilinishi avlodlar orasidagi ijtimoiy-psixologik ziddiyatni gʻoyaviy ziddiyat darajasiga koʻtaradi. Tajribaning yetishmasligi bois yosh avlod mazkur mafkura insonning borliqni bilishi va oʻzgartirishi yoʻlidagi koʻplab bosqichlardan birigina ekanini anglamaydi; inkorni inkor etish dialektikasini tushunish darajasiga yetmagani holda «oʻzimdan oldingilarning nohaqligi mening haqligim isbotidir» aqidasigagina tayanib ish koʻradi; bashariyat tarixi nuqtai nazaridan qaraganda anchayin tor, subyektiv qarashini mutlaq haqiqat bilib, oʻzidan oldingilarni butkul inkor qila boshlaydi.

Yuqoridagi mulohazalar bizni hozirgi adabiy jarayondagi bahsu munozaralar ham mohiyatan gʻoyaviy ziddiyatlar asosidadir degan toʻxtamga olib keladi. Zero, bugungi kunda yaqin oʻtmishimizdagi adabiyotga vulgar sotsiologik yondashuvni ham, uni nigilistik tarzda inkor qilinishining ham, yosh ijodkorlar orasida «sof sanʼat» maslagiga shaydolikni ham kuzatib turibmizki, bular oʻsha mafkuraviylik kasali qoldirgan ogʻir asoratlar, oʻsha kasalning boshqa koʻrinishdagi rivojidan boshqa narsa emas. Shu bois ham bir qarashda fikrlar rang-barangligi boʻlib tuyulgan mazkur holni adabiyotimiz rivoji uchun xayrli holga yoʻyishga qiynaladi kishi. Negaki, yaxshidir-yomondir 70 yillik adabiyotimiz ham milliy madaniyatimiz tarixida bir bosqich, uni batamom inkor qilmoqchi boʻlsak, sassiq ekan deb burnini kesgan odam holiga tushib qolamiz.

Mafkuraviylashgan adabiyotdan bezgan bizning avlod klassik adabiyotga, XX asr gʻarb modernistik adabiyotiga murojaat qilib fikrlarini dalillashga, oʻzi uchun namuna topishga intilayotir. Umuman olganda-ku, bu narsa adabiyotimiz uchun xayrli, lekin ularni ijtimoiyligu mafkuradan holi hisoblab, shu asosda yaqin oʻtmishdagi oʻz merosimizni mensimaslik, undan voz kechishga intilishni normal hodisa sifatida baholab boʻlmaydi. Bizningcha, oʻtmish klassik adabiyotini ham, XX asr gʻarb modernistik adabiyotini ham mafkuradan, ijtimoiylikdan holi hodisa deb tushunish yanglish tasavvurdir. Hech oʻylab koʻrganmisiz: deylik, Dantening «Ilohiy komediya»sini oʻqigan kitobxon asarning dunyoga kelish sabablarini, qaysi mafkurayu qaysi ijtimoiy guruhlar manfaatiga xizmat qilgani ustida bosh qotirarmikan? Yoʻq, albatta. Bugungi kitobxonni doʻzah arxitektonikasiyu undagi azoblarning xilma-xilligi koʻproq qiziqtiradi. Holbuki, asar yozilgan vaqt ziddiyatlari, keskin siyosiy kurashlar unda oʻz aksini topgan: hatto, Dante asar yozilgan paytda barhayot boʻlgan ayrim dushmanlarini ham hech ikkilanmay doʻzahga joylab qoʻygandi. Yoki hozirda koʻproq bolalar adabiyoti seriyasida chop etiladigan «Gulliverning sayohatlari», «Gargantyua va Pantagryuyel» kabi asarlar oʻz davri jamiyatining asoslari ustidan kulib yozilgan oʻtkir hajv, pamflet ekani xayolimizga keladimi?! Oʻsmirlik chogʻimizda toʻlqinlanib oʻqiganimiz «Robinzon Kruzo» mohiyat eʼtibori bilan maʼrifatchilik gʻoyalarining targʻibiga xizmat qilgan, axir?! Oʻz vaqtida taniqli filolog olim A.Potebnya badiiy adabiyot mohiyatini soddaroq yoʻsinda tushuntirish uchun qadimgi yunon masallariga murojaat qilgandi.3 Uning fikricha, qadim yunon masallarining aksari konkret ijtimoiy hodisa bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan. Keyincha asos boʻlib xizmat qilgan ijtimoiy hodisa aktualligini yoʻqotadi-da unutiladi: masalda tasvirlangan voqea (olimning oʻzi buni «deystviye» deb ataydi)ning oʻzi qoladi-da, uning badiiy obrazga xos umumlashtirilganlik, universallik xususiyatlari kuchayadi – endi u oʻxshashlik asosida boshqa turfa hodisalar mohiyatini ochishga xizmat qilaveradi. Yuqoridagi asarlar misolida ham shunga oʻxshash holga duch kelmayapmizmikan? Mabodo shunday boʻlsa, yaqindagina yaratilgan, hali ijtimoiy asoslari aktualligini yoʻqotmagan asarlar haqida tugal hukm chiqarishga erta emasmikan?!..

Hozirgi kunda koʻpchiligimizga soʻz sanʼatining salkam etaloni boʻlib koʻrinayotgan modernistik adabiyot-chi? Chindan ham u ijtimoiylikdan uzoq, mafkuradan holi sof sanʼatmikan? Yoʻq, albatta, ular ham muayyan ijtimoiy sharoitning faol taʼsirida dunyoga kelgan. Faqat bu asarlardagi badiiy konsepsiyani ifodalash yoʻsinidagi oʻzgachalik hisobiga hosil qilingan «sof sanʼat»lik illyuziyasi ular yaratilgan muhit sharoitini bilmaganimiz, undan butkul uzilganimiz uchungina mutlaqlashtirilayotgandek koʻrinadi bizga.

Xoʻsh, badiiy konsepsiyani ifodalashning oʻzgacha yoʻsini deganda biz nimani nazarda tutamiz? Maʼlumki, asarda ifodalanayotgan badiiy konsepsiya unda yaratilgan dunyo obrazi – badiiy reallikdan oʻsib chiqadi. Shunisi ham borki, asarda tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa munosabati turlicha boʻlishi mumkin. Shu maʼnoda uchta mashhur asarni sirtdangina qiyoslab koʻraylik: A.Ribakovning «Arbat bolalari», L.Feyxtvangerning «Soxta Neron», A.Kamyuning «Vabo» («Chuma») romanlari mavzu eʼtibori bilan bir-biriga yaqin turadi. Har uchala asarda ham mustabidlik, totalitarizm dahshatlari qalamga olinadi, har uchala adib ham oʻzlari boshdan kechirgan – birinchisi stalinizm, boshqalari gitlerizm shaklida – totalitarizmning insoniylikdan yiroq hodisa, bashariyat uchun ofat ekanini uqdirmoqchi boʻladi. Deylik, «Arbat bolalari»da ifodalanayotgan va tasvirlangan narsa bir-biriga mos (avtologik obraz) va uzviy bogʻliq; «Soxta Neron»da zamonani anglash uchun antik dunyo voqeligi tasvirlanadi, yaʼni ifodalanayotgan va tasvirlanayotgan narsalar bir-biriga mos boʻlmasa-da, koʻplab tutash nuqtalarga ega (metalogik obraz); «Vabo»da esa obraz reallikdan umuman abstraktlashtirilgani bois katta umumlashmalilik, universallik kasb etadi (superlogik obraz). Yaʼni masal misolida koʻrganimiz obraz (bu oʻrinda dunyo obrazi)ning universal modelga aylanishi Kamyuda asar yaratilishi bilanoq amalga oshadi, «Soxta Neron»da bu jarayon birmuncha koʻproq, «Arbat bolalari»da undan-da koʻproq vaqt davomida kechadi. Darvoqe, asar ustida ishlayotgan payti A.Kamyu kundaligiga: «Vabo vositasida men bizni azoblagan biqiq sharoitni, biz yashagan quvgʻinlik va qoʻrquv muhitini ifodalamoqchi boʻlaman. Ayni paytda men ushbu talqinni butun mavjudlikka tadbiq etmoqchi boʻlaman»4, – deb yozganki, bu ham yuqoridagi fikrimizni birmuncha quvvatlaydi. Ikkinchi tomondan, qiyosga olganimiz asarlarning oʻquvchi tomonidan qabul qilinishi ham turlicha: «Arbat bolalari»ning oʻquvchisi hamdardlik hissi orqali roman voqeligiga olib kiriladi – konsepsiyaning anglanishi hissiyotdan mushohadaga tomon yuradi; hamdardlik hissi «Soxta Neron» oʻquvchisiga ham yot emas, biroq u voqealarning olis oʻtmishda roʻy berayotganini har dam sezib turadi, zamonasi bilan tutash nuqtalarni topib, mushohada qilib boradi – uning anglanishida hissiyotdan koʻra aqlning roli ustunroq; Kamyu yaratgan obrazning magʻzi esa tafakkur kuchi bilangina chaqiladi. Albatta, mazkur asarlarning farqli jihatlari koʻp, biroq ayni paytda biz uchun muhimlari – shular. Agar oʻquvchilarning talab-ehtiyojlari, psixologik xususiyatlariyu imkoniyatlari turlicha ekanligi eʼtiborda tutilsa, uchala tipdagi asarlar ham birdek yashashga haqli va zarurligi anglashiladi. Bas, masalaning «bulardan qay biri yaxshi» yoki «bularning qay biri chinakam badiiy asar» qabilida qoʻyilishi maqbul emas, bu yosh bolaga «dadang yaxshimi yo onang» qabilida savol bergan kabidir.

Yuqoridagi mulohazalarimiz badiiy adabiyotga, badiiy asarga munosabatni chin maʼnoda oʻzgartirishimiz zarurligini koʻrsatadi, hartugul, bizni shunga undaydi. Xoʻsh, badiiy adabiyotga, xususan, yaqin oʻtmishimizdagi adabiyotga munosabatimiz qanday boʻlishi kerak? Badiiy asarning ijtimoiy voqelik bilan munosabati qanday? Badiiy asarning mohiyati nimayu unga qay tarzda yondashib, qanday baholasak toʻgʻriroq boʻladi?.. Oʻz oldimizga qoʻyayotganimiz biri ikkinchisini yetaklab kelayotgan bu savollarga baholi qudrat, uzil-kesillik daʼvosidan tiyilganimiz va muayyan «retsept» berishga intilmaganimiz holda javob berishga, mulohazalarimiz bilan oʻrtoqlashishga jazm qilamiz.

Bizning badiiy adabiyot haqidagi qarashlarimiz «badiiy asar – badiiy kommunikatsiya vositasi» va «badiiy asar – sistem butunlik» degan eskidan maʼlum ikki prinsipga tayanadi. Quyida badiiy kommunikatsiya masalasiga toʻxtalib, shu asosda fikrlarimizni oydinlashtirish payida boʻlamiz. Maʼlumki, odatda badiiy kommunikatsiya jarayoni quyidagicha sxemada ifoda etiladi: reallik – sanʼatkor – badiiy asar – oʻquvchi – reallik. Yaʼni, sanʼatkor oʻzining reallik bilan munosabati mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan badiiy asar vositasida oʻquvchi bilan muloqotga kirishadi, uni oʻzgartirish orqali olamni oʻzgartirishga intiladi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, badiiy kommunikatsiyaning ilk bosqichi badiiy ijod jarayonidir.

Badiiy ijodning birlamchi sharti – ijodkor SHAXS butunligi. Shaxsning butunligi esa uning mohiyati va mavjudligining bir-biriga muvofiqligi demakdir. Ehtimol, joʻnlashtirilayotgandek tuyular, biroq shaxsning butunligi deganda, avvalo, uning maʼnaviy-ruhiy butunligini koʻzda tutamiz. Maʼnaviy-ruhiy butunlik esa shaxs intilgan IDEAL (mukammal inson va mukammal jamiyatning tasavvurdagi timsoli) mavjudligi va ayni paytda uning hayotiy prinsiplari oʻsha IDEALdan kelib chiqishi demakdir. Shunga koʻra, shaxs butunligi, umuman, SHAXS tushunchasi biz uchun muayyan xususiyatlarni oʻzida jam etgan insonning turgʻun holati emas, balki uzluksiz va adogʻsiz bir jarayondir. Zero, reallik bilan toʻqnashuv har vaqt shaxsning maʼnaviy-ruhiy butunligi – mohiyati va mavjudligi orasida ziddiyatlar keltirib chiqaraveradi. Mana shu ziddiyatlarni IDEALdan ruh olgan holda bartaraf etish orqali mavjudligini mohiyatiga muvofiqlashtirib borish, shu asno qadam ba qadam IDEALga yaqinlashib, yangi-yangi MAʼNO(smыsl)larni inkishof etishu ularni oʻz hayotiga, jamiyat hayotiga tatbiq etib borish ijodkorlikning bosh shartidir. Bu jihatdan tom maʼnodagi ijodkorni HAQ yoʻliga kirgan soʻfiyga mengzagimiz keladi. Soʻfiy HAQqa yaqinlashgani sari mavjudlikning mohiyatini teranroq idrok qilgani kabi ijodkor IDEALga yaqinlashgani sari hayotning, insonning mohiyatini teranroq ilgʻaydi. Soʻfiylik yoʻlining ibtidosi ham, intihosi ham HAQ boʻlganidek, ijodkor faoliyatining motivi ham, maqsadi ham IDEALdir.

Maqsad va motiv birligi ijodiy jarayonga yuksak darajadagi ichki butunlik bagʻishlaydiki, bu uni boshqa faoliyat turlaridan farqlovchi oʻzak xususiyatlardan biridir. Mazkur birlik umumahamiyatga molik (ijtimoiy) maqsadning shaxsiylanishi (personifikatsiya) orqali amalga oshadi. Oʻz mohiyati va mavjudligi orasida ziddiyat hosil boʻlgani bois ham sanʼatkor narsa-hodisalarning mavjud holatiga umumodatiydan tamomila farqli jihatdan yondasha boshlaydi. Nostandart yondashuv natijasida bunga qadar uning uchun amaliy faoliyat predmeti boʻlib, oʻz nazdida «anglangan», «tushunilgan» deb hisoblab kelingan narsa-hodisa bilish obyektiga aylanadi. Shaxs qarshisida oʻsha narsa-hodisani idrok qilish, oʻzlashtirish orqali uni yana amaliy faoliyat predmetiga aylantirish zarurati paydo boʻladi. Shu tariqa ijodning ilk bosqichida bilish ehtiyoji faoliyatning yetakchi motiviga aylanadi.

Narsa-hodisani bilish shaxs ongida uning yaxlit obrazini yaratishdan boshlanadi. Inson tafakkuri voqelikdagi real narsa-hodisaning xayoliy(idealnыy) modelini yaratish imkonini beradi. Modelni yaratish esa predmetni muayyan tarkibiy tuzilishga ega unsurlar majmui (mohiyat) va konkret muhitda yashayotgan yaxlit sistema (mavjudlik) sifatida tushunish demakdir. Muhim jihati shundaki, yaxlit obraz deganimiz turgʻun tasavvur boʻlmay, predmetning muhit bilan oʻzaro munosabatining eng optimal usullarini ifodalovchi dinamik modeldir. Negaki, predmetning mavjudlik shart-sharoitlari mohiyatiga mosligi uning rivojlanishi shartidir. Shu oʻrinda badiiy va ilmiy ijodning farqli jihatiga eʼtiborni tortgimiz keladi. Ijodning mazkur ikki turi ham obyektiv borliqning subyektiv obrazi (modeli) bilan ish koʻradi. Biroq oʻsha obrazning real asosi bilan munosabati jiddiy farqlanadi. Olim ilmiy-amaliy vazifani hal qilish uchun obrazni real asos – predmetga tobora yaqinlashtirib boradi. Sanʼatkor bu yoʻldan bormaganidek, u olamni oʻz dunyoqarashiga muvofiq tarzda butunicha qabul qiladi, hartugul, oʻz oldiga shundayin bagʻoyat mushkul vazifani qoʻyadi.

Dunyoni butunicha qabul qilishning yadrosi – oʻzida uning butun turfaligini, rang-barangligini mujassam etuvchi MAʼNOdir. Muayyan hayotiy situatsiyada dafʼatandek ayon boʻlgan MAʼNO aslida ijodkorning IDEAL tomon intilishi mahsuli, oʻsha IDEALning inkishof etilgan yangi qirrasidir. Bashariyatning tarixiy taqdiri va oʻz hayot yoʻlining chorrahasida xayolida chaqinday oʻtgan MAʼNO ijodkorning butun vujudini egallaydi, u oʻsha MAʼNOga singib ketadi. Kundalik turmush reallikka qaytarganida esa oʻsha MAʼNOdan kelib chiqib ijodkor hayotda mavjudligining ahamiyatsizligini, oʻzining kichik bir zarra – bir maromda ishlayotgan ijtimoiy mexanizmning «vintcha»si ekanligini his qila boshlaydi, bundan azoblanadi. Ayni shu nomukammallik hissidan hosil boʻlgan parokandalik – mohiyati va mavjudligining nomutanosibligi – uning koʻnglini kemtik etadi. Bu holdan qutulish, kemtikni toʻlatish uning uchun ichki ehtiyojga aylanadi. Ijodkor birinchi galda oʻzi yashayotgan muhitni oʻz tasavvuridagi butunlikka muvofiq tarzda oʻzgartirish istagida yonadi. Bu istakning bot-bot takrorlanishi natijasida uning oʻzi yashayotgan muhit qanday boʻlishi kerakligi haqidagi (yaʼni, IDEAL haqidagi) tasavvuri konkretlashadi – yozilajak asarning niyati shu tarzda yuzaga keladi.

Konkretlashgan MAʼNO endi ijodkor ongida butun bir mavjudot sifatida yashay boshlaydi, uni bot-bot odatiy turmush tarzidan uzib, voqelikka oʻz koʻzi bilan qarashga undaydi. Sanʼatkorning real hayoti bilan ongidagi tasavvurlar ziddiyati chinakam dard, ogʻriq darajasiga yetadi. Ijodkor shaxs butunligini endi faqat oʻsha MAʼNOga mos harakat qilganida, yaʼni, oʻsha MAʼNO uning hayot prinsipiga aylanganidagina tiklay oladi. Bu juda muhim nuqtadirki, badiiy idrok etish faqat ijodkor butun borligʻini – aqlu zakovati, qalb harorati, shuuriyu tajribasini toʻlaligicha MAʼNOga safarbar etsagina amalga oshishi mumkin boʻladi. MAʼNOni yashash prinsipiga aylantirgan, uni oʻz hayotiga joriy qilgan sanʼatkor yangi reallik – shaxsiy borligʻini5 yaratadi. Aniqrogʻi, mazkur yangi reallik sanʼatkorga MAʼNO prizmasi orqali tushib turgan IDEAL nuridan yaraladi. Zero, shaxsiy borliq mavjud narsa-hodisalarning sanʼatkor IDEALga muvofiq tashkillantirgan holati, obyektiv borliqning sanʼatkor alohida MAʼNOviy munosabatda boʻlgan va oʻziga xos butunlik kasb etadigan qismidir. Bu yangi voqelikda narsa-hodisalarning mavjudligi inson uchun ahamiyati bilangina belgilanadi. Sanʼatkor ularning ichidan oʻzi uchun shaxsiy ahamiyatga moliklarinigina ajratib oladiki, ajratib olish mezoni ham, demakki, yangi voqelikning yadrosi ham MAʼNOdan oʻzga narsa emas. Shaxsiy borliq ijodkorning tom maʼnodagi butunligini – mohiyati va mavjudligining birligini taʼminlaydi, uni yaxlit va butun maʼnaviy-ruhiy birlik – monadaga6 aylantiradi. Faqat yuksak darajadagi butunlikka erisholgan sanʼatkorgina borliqni butunicha akslantira oladi. Shu maʼnoda ijod onlaridagi sanʼatkorni vaznsizlik holatidagi tomchiga mengzagimiz keladi. Mabodo vaznsizlik holatida bir miqdor suv sochib yuborilsa, minglab tomchilarning har biri alohida-alohida butunlik – kattayu kichik soqqalarga ajralib ketadi. Bu soqqalarning har birida ularning bari akslanganidek, har biri ularning barida akslanadi. Yaʼni haqiqiy sanʼat asarida voqelik butunicha akslanganidek, oʻsha voqelikning har parchasida ijodkorning oʻzi akslanadi. Aytish kerakki, bu oʻrinda soqqaning katta-kichikligi ahamiyatsiz: hikoyadir, qissadir, romandir – unda akslanayotgan sanʼatkorning shaxsiy borligʻi real voqelikning modeli, u oʻziga ayon boʻlgan MAʼNO yordamida idrok etolgan olamu odam mohiyatidir.

Har qanday faoliyat singari badiiy ijod ham predmetlashadi, uning predmetlashuvi oʻzining mohiyati va mavjudligiga ega yangi butunlik – badiiy asarni maydonga chiqaradi. Yuqorida koʻrdikki, amalga oshishi jihatidan badiiy ijod tom maʼnodagi shaxsiy faoliyat, shunday boʻlsa-da, uning mahsuli boʻlmish badiiy asar mohiyat eʼtibori bilan ijtimoiy hodisadir. Zero, badiiy asar toʻqimasiga singdirilgan MAʼNO faqat ijtimoiy munosabatlar tizimidagina yashaydi. Faoliyat shakli sifatida ijod faqat inson tomonidan inson uchun yaratilgan predmet shaklidagina oʻz zamiridagi MAʼNOni oʻquvchiga, kengroq qarasak, avloddan avlodga yetkazadi. Shu maʼnoda badiiy asar badiiy muloqot vositasidir. Bundan koʻrinadiki, ijodkorlardan bot-bot eshitib qoladiganimiz «oʻzim uchungina yozdim» degan daʼvo – yarim haqiqat, xolos. Toʻgʻri, asarning yaratilishi ijodkor uchun shaxsiy ehtiyoj – butunligini tiklash vositasi edi. Biroq asarning yaratilishiyu ijod onlari MAʼNOning oʻz hayotiga va badiiy voqelikka tadbiq etilishi bilan bu ehtiyoj qondirildi. Ehtiyojning qondirilishi bilan uni yuzaga keltirgan MAʼNO ijodkor uchun soʻnadi, zero, endilikda bu MAʼNO uning uchun faoliyat manbai boʻlolmaydi. Ijodning IDEAL tomon tinimsiz intilish ekanligidan kelib chiqsak, chinakam sanʼatkor uchun har bir asari IDEALga yaqinlashishning bir bosqichi (tasavvuf maqomlari kabi) boʻlishi lozimligi ayonlashadi. Ijodining soʻnmasligi, rivojlanishi uchun sanʼatkor asarni yaratish chogʻida obyektiv borliqdan kechib oʻz shaxsiy borligʻini yaratgani kabi, endi oʻzi yaratgan yangi voqelikdan-da kechishi darkordir. Aks holda ijodkor oʻrnida depsinib qoladi: oʻziga qachondir ayon boʻlgan yaxlit MAʼNOni parchalab, bu parchalarni keyingi «nursiz asarlari»da chaynab berishdan nariga oʻtolmay qoladi. Birorta asari bilan yarq etib koʻringanu keyin shu darajaga koʻtarilolmay oʻtgan sanʼatkorlarning ijodiy taqdiri buning yorqin dalilidir.

Oʻylashimizcha, badiiy asar tabiatini yuqoridagicha mulohazalardan turtki olgan holda tushunishimiz maqbulroqdir. Biz talantli sanʼatkorning individual tabiatini inkor qilmagan holda, chinakam badiiy asarning kuchiyu jozibasi unda tom maʼnodagi unikal ijtimoiy-psixologik fenomenning muhrlanganida deb hisoblaymiz. Mazkur ijtimoiy-psixologik fenomenning unikalligi shundaki, u nafaqat boshqa sanʼatkorlar, hatto oʻsha ijodkorning faoliyatida ham qayta takrorlanishi mumkin boʻlmagan hodisadir. Shu maʼnoda «bitta daryoga ikki bora shoʻngʻish mumkin emas» degan gap ijodiy jarayonga toʻla tegishdir. Bu fikrga tayangan holda oʻzimiz uchun muhim ayrim xulosalarni qayd etib oʻtamiz.

Avvalo, badiiy asarda birinchi galda oʻsha betakror hodisa – ijodkorning IDEALga tomon yoʻlining bir bosqichi, boshqacha aytsak, maʼnaviy-ruhiy olamining IDEAL nuriga toʻyingan davri aks etadi. Sanʼatkorning bungacha va bundan keyingi hayoti asarga bevosita aloqador boʻlolmaydi. Zero, oʻzining real mavjudligidan kechib oʻzga dunyoda – IDEAL qoʻynida yashayotgani totli azobga yoʻgʻrilgan ijod onlarida sanʼatkor butunlay boshqa odam, boshqa olamdir. Shu bois ham badiiy asarga yondashish va baholashda ijodkorning real hayotida qilgan ishlaridan, shaxsiyatiga xos xususiyatlardangina kelib chiqish yaramaydi. Mabodo, shu yoʻldan borsak, nafaqat milliy adabiyotimiz, balki butun jahon adabiyotidagi aqllarimizni lolu qalblarimizni asir etgan koʻplab durdonalardan voz kechishimizga, ularni chiqitga chiqarishimizga toʻgʻri kelur edi. Taassufki, hozirda yaqin oʻtmishimizdagi adabiyotimizga munosabatda shu xil yondashishning ham taʼsiri sezilib qolayotir. Adibu shoirlarimizning birini «xufiyalik»da, boshqasini «qotillik»da, tagʻin birini «maddohlik»da ayblaymiz-da, shu asosda asarlariga avvalboshdanoq salbiy munosabatda boʻlamiz – beixtiyor ayblovlarimizga muvofiq chizgilarni izlay boshlaymiz. Hartugul, ijodkorning ham oʻzimiz qatori inson, baski, ojizligu nuqsonlardan xoli emasligini nazarda tutsak, anchagina chigalliklar oʻz-oʻzidan yechilishi mumkindek tuyuladi bizga.

Boshqa bir muhim nuqta shuki, chinakam badiiy asar oʻzi yaratilgan yoki oʻzida aks ettirilgan davr voqeligi bilan faqat genetik (yuzaga kelish jihatidangina) aloqadadir. Yaʼni, unda yaratilgan badiiy voqelik oʻsha davr voqeligining aynan oʻzi emas, uning MAʼNO vositasida qayta yaratilgan koʻrinishi – ijodkorning shaxsiy borligʻidir. Albatta, asar zamiridagi MAʼNOning idrok etilishida davr voqeligini bilish muhim, u oʻziga xos kalit vazifasini oʻtaydi. Biroq asarni faqat u yaratilgan davr voqeligidan kelib chiqibgina tushunish, badiiy voqelik bilan uning real asosi orasiga tenglik alomati qoʻyish xato boʻlur edi. Bu holda biz badiiy asar mohiyatini toraytirgan, uning oʻz davri uchun moʻljallangan yuzada yotuvchi aktual qatlaminigina bilib, chin mohiyati – boqiylikka boʻylovchi tub estetik qatlamini nazardan qochirgan boʻlib chiqamiz. Zero, chinakam badiiy asar zamoniy chegaralarni tan olmaydi, sababki, uning dunyoga kelish onlarida ijodkor vaqt chegaralarini buzib yuboradi. Yoʻq, bu odatdagi «chiroyli» gaplardan biri emas. Yuqorida ijodiy jarayonning ibtidosi ham, intihosi ham IDEAL ekanligini aytib oʻtgandik. IDEAL esa bashariyat tarixi davomida shakllanib, konkretlashib, yangi-yangi qirralari ochilib boruvchi gavhardirki, uni ajdodlarimiz tishida tishlab bizga yetkazganlaridek, biz ham uning jilolarini boyitgan holda avlodlarga yetkazishga masʼulmiz. Har bir avlod zimmasiga tushuvchi bu masʼul vazifani uddalash birinchi galda shu avlodning isteʼdodli vakillari chekiga tushadi. Shu maʼnoda ijod onlarida sanʼatkor bir oyogʻi bilan oʻtmishda turadi – bashariyatning boy tajribasiga tayanadi; bir oyogʻi bilan zamonasida muqim – IDEALni konkretlashtirish ehtiyoji muayyan ijtimoiy sharoitda yuzaga keladi; nihoyat, uning qalb koʻzi olis kelajakka – IDEALga qaratilgan boʻladi. Demak, amalga oshishi jihatidan nechogʻli individual tabiatga ega boʻlmasin, mohiyat eʼtibori bilan badiiy ijod ijtimoiy hodisadir. Shu oʻrinda bunday deyishga asos beruvchi muhim belgilarni taʼkidlab oʻtish maqsadga muvofiqdir. Bular: birinchidan, badiiy ijod – inson faoliyati turlaridan biri, konkret faoliyat turining shakl va usullarini esa inson jamiyatdan tayyor holda oʻzlashtiradi; ikkinchidan, ijod konkret ijtimoiy sharoitda yuzaga keladi va amalga oshadi; uchinchidan, badiiy ijodning asosi boʻlmish IDEAL ijtimoiy xarakterga ega; toʻrtinchidan, ijodning mahsuli boʻlmish badiiy asar faqat ijtimoiy munosabatlar tizimidagina yashaydi va muayyan qimmatga ega boʻladi.

Badiiy asarni u yaratilgan davr voqeligiga bogʻlab qoʻyish unga noijodiy yondashishning natijasidir. Holbuki, badiiy kommunikatsiyaning yakunlovchi bosqichi – asarning oʻqilishi va uqilishi ham tom maʼnodagi ijodiy jarayondir. Oʻquvchining diqqat-eʼtibori asar badiiy voqeligining real voqelikka nechogʻli mosligiga emas, uning zamiridagi MAʼNOga qaratilishi lozim. Oʻquvchi oʻz voqeligidan kechib badiiy asar voqeligida toʻlaqonli yashasagina ijod onlaridagi sanʼatkorga ruhan yaqinlashadi, shundagina oʻsha sanʼatkor MAʼNO vositasida anglagan olamu odam mohiyati unga ochilishi mumkin boʻladi. MAʼNOning «skeleti» boʻlmish mohiyat oʻzgarmas tabiatga egadirki, uning vositasida oʻquvchi oʻz zamonasini, zamondoshlarini, oʻzini teranroq idrok etadi. Oʻsha «skelet» asosida IDEALdan ruh olib oʻquvchi oʻzi uchun yangi MAʼNOni inkishof etadiki, shu jihatdan badiiy asarni «shifrlangan MAʼNO» deb tushunishimiz mumkin. Oʻquvchi inkishof etgan MAʼNO sanʼatkor asarida muhrlab ketgan MAʼNOning aynan oʻzi emas, balki IDEALning oʻzga bir sharoitda ochilgan yangi qirrasidir. Bizningcha, badiiy asarga shu xil ijodiy yondashuv mavjud boʻlgandagina u chinakam ijtimoiy-estetik qimmatga ega boʻladi, oʻz vazifasi – insonni oʻzgartirish orqali dunyoni oʻzgartirish, har ikkisini IDEALga yaqinlashtirish vazifasini uddalay oladi.

Hozirgi kunda, taassufki, badiiy asarga noijodiy yondashish oʻquvchi ommaning aksariyatiga xos boʻlib qolayotir. Koʻpchiligimiz badiiy asarni maʼnaviy-ruhiy imkoniyatlarimizni kengaytirish ehtiyoji bilan emas, koʻproq xordiq chiqarish niyati bilan oʻqiydigan boʻlib qolyapmiz. Doʻkonlarimizda yaltiroq muqovali, oldi-qochdi gaplarga toʻla kitoblar salmogʻining ortib borayotgani ham shundan dalolat beradi. Utilitar yondashuv natijasida koʻpchilik asardan voqea qidiradi, bu toifa uchun «Oʻtgan kunlar» Otabegu Kumushning sarguzashtlaridan boshqa narsa emas, «Qutlugʻ qon» – Yoʻlchi bilan Gulnor sevgisiyu bir ablah boyning toʻgʻanoq boʻlishi, xolos...– xullas, biz vositani maqsad deb tushunadigan boʻlib qolyapmiz. Ekzistensializm falsafasining yorqin namoyandalaridan biri K.Yaspers 30-yillardayoq Gʻarbdagi sharoitdan kelib chiqib: «yangi avlod yoshlar erishilgan narsalarni oʻzlashtirmay qoʻydilar; odamlar oʻtmish tomonidan berilgan narsalarni anglashga qobil emas, degan taassurot tugʻiladi»7, – deb yozgandiki, xuddi shunday hol bizda ham vujudga kelayotganga oʻxshaydi.

Bu holning yuzaga kelishida shoʻro davrida adabiyotga utilitar yondashuvning davlat siyosati maqomiga koʻtarilgani, chinakam ijtimoiy-shaxsiy ehtiyoj mahsuli sifatida emas, konkret ijtimoiy buyurtmani bajarish uchun yozilgan nursiz asarlarning koʻpaygani bosh omil boʻldi, albatta. Ayni paytda, bunda oʻquvchi didini shakllantirishga masʼul adabiy tanqidchiligimizning oʻz predmetiga noijodiy yondashishidan kelgan oqibatlarga ham koʻz yumib boʻlmaydi. Afsuski, shu holni chuqur his etgan, undan qutulish choralarini izlayotgan doʻstlarimiz ham bilibmi-bilmay yana oʻsha tegirmonga suv quyayotirlar. Bizningcha, toki adabiy tanqidchilik badiiy adabiyotga munosabatini tubdan oʻzgartirmas ekan, u maʼnaviyatimiz ravnaqi yoʻlidagi vazifalarini uddalay olmaydi. Buning uchun, avvalo, yetmish yillik adabiyotimizni biryoqlama qoralashu inkor qilish amaliyotidan voz kechishimiz zarur. Yuqorida aytdikki, chinakam badiiy asarda ijodkorning IDEALga tomon yoʻlining bir bosqichi, qalbi IDEAL nuriga maksimal toʻyingan davri aks etadi. Konkret ijodkor hayotida, tabiiyki, bunday onlar har vaqt ham boʻlavermaydi, demakki, u yaratgan asarlarning bari ham chin sanʼat asari boʻlishi mumkin emas. Tanqid — saralamoq demakdir. Shunday ekan, uning vazifasi merosga xolis yondashgan holda chinakam badiiy asarlarni ajratib olish, ularning zamiridagi MAʼNOlarning yangi qirralarini kashf etishu zamona ruhiga mos talqin qilishdir.

1996 yil

Izohlar

  1. U.Normatov. Haqiqat taqozosi // OʻzAS –1995. 17fevral
  2. Albatta, muayyan jamiyat taraqqiyotining buhronli sharoitida bunga zid, faqat tor manfaatdorlikka asoslangan mafkuraning ommalashishi ehtimoli ham istisno emas (mas.,fashizm). Biroq bu xil ommalashishning umri qisqa boʻladi.
  3. Potebnya A. Estetika i poetika. Moskva, 1976. – S. 464 – 559.
  4. Kamyu A. Izbrannoye. – Moskva: Pravda, 1990. – S.19.
  5. Maʼlumki, voqelikning umumiy qonuniyatlari doirasida mavjudligining oʻziga xosligi va makon-zamonda belgilanganligi sababli har bir narsa-hodisa yoki mavjudot oʻz individual borligʻiga ega. Inson boshqa mavjudotlardan farqli oʻlaroq atrof-muhitga saylab-tanlab munosabatda boʻladi. Inson borligʻini sistemalashtiruvchi narsa uning manfaatlarini birlashtiruvchi (integratsiya) maqsaddir. Faqat individual maqsadning umuminsoniy ideal (yaʼni insoniyat manfaatining mujassami) bilan mosligidagina shaxsiy borliq haqida gapirish mumkin boʻladi.
  6. Leybnits taʼlimotiga koʻra, «monada» harakatning ichki manbaiga egaligi bois oʻzicha mustaqil mavjud boʻla oladigan yahlit va yopiq butunlik – ruhiy mohiyatdir. U olamning bir parchasi boʻlishi bilan birga uni bus-butun aks ettira oladi ham. Bu xilda tushuniladigan shaxs olamning oʻzi singari cheksizdir.
  7. Yaspers K. Smыsl i naznacheniye istorii. – Moskva, 1991. – S.365.

Dilmurod Quronov