Ustoz U.Normatov roman haqida: «Har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi, avvalo, shu janr kamolotiga qarab belgilanadi desam, buni hech kim mubolagʻaga yoʻymaydi», – deb yozadilar. Darhaqiqat, shunday. Biroq bu – bugunning gapi. Oʻz vaqtida esa romanga munosabat, deylik, hozirgi kun didli oʻquvchisining ommaviy adabiyotga, «sariq matbuot» sahifalarida eʼlon qilinadigan bitiklarga munosabati yangligʻ boʻlgan. Shu sabab ham, masalan, italyan adabiyotshunosi Antonio Minturno bundan qariyb uch yuz ellik yillar avval: «Menga qolsa, kim yozganidan qatʼi nazar, muhokamasi gʻoʻr avom suyib ardoqlaydigan barcha romanlardan koʻra Petrarkaning bitta soneti didimga koʻproq xoʻbdir», – deydi. Negaki, «romanlarda Aristotel va Goratsiylar amal qilishni uqtirgan, Gomer va Vergiliylar amal qilgan shakl va tartib yoʻq», yaʼni ular mumtoz sanʼat talablariga javob bermaydi, demak, «na poeziyaning neligini, na shoirning barkamolligi nimadaligini bilmaydigan avom»gina ularni sevib oʻqishi mumkin. Minturnoning asosiy xulosasi shuki, «roman – varvarlar ixtirosi», u chinakam poeziyaga daxldor boʻlolmaydi.
Romanni sanʼatdan – poeziyadan tashqaridagi hodisa sifatida tushunish, uni antiestetizmda ayblash to XVIII asr oʻrtalariga qadar ham davom etgan. Jumladan, klassitsizm nazariyotchisi N.Bualo hayotlik chogʻida eʼlon qilmagan boʻlsa-da, kiborlar salonlarida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan «Roman qahramonlari» (1713 yilda chop etilgan) asarida romannavislarni uslub jimjimadorligi, tarixni anglayolmaslik, qadimiyat va zamona belgilarini kulgili darajada qorishtirib yuborishda, bir soʻz bilan aytganda, didsizlikda ayblaydi. Davr ijtimoiy tafakkuriga gʻoyat kuchli taʼsir oʻtkazgan Volter esa romanni atigi «yengiltabiat havoyi yoshlar koʻngilxushligi» deb biladi va oʻzini hurmat qilgan adiblar undan nafratlanmogʻi lozim deb uqtiradi. Aytish kerakki, Volter romanga qoʻyayotgan mazkur ayblov yangilik boʻlmasdan, balki ancha avvaldan kuzatilib keluvchi ayblovlarning yumshoqroq ifodalanishi edi, xolos. Xususan, Jan Rasinning ustozlaridan sanaluvchi Pyer Nikol 1665 yildayoq gunohkorona hislarni tasvirlovchi roman va pyesalar mualliflarini «qalblarni bulgʻovchilar» deb atagan. Yoki xonimqizlar tarbiyasi haqida qaygʻurgan markiza de Lamber romanlar mutolaasi yosh qizlar qalbi va shuuriga parokandalik olib kirishiyu hayo pardasini koʻtarib, koʻngillarda illatli intilishlarni kuchaytirishidan ogohlantiradi. Ish shu darajaga borib yetadiki, 1736 yilda iyezuit Sharl Pore «Avom roman deb atovchi kitoblar toʻgʻrisida...» mavzuida vaʼz qiladi va hukumatni behad urchib ketganidan boshqa adabiy janrlarni boʻgʻib, maʼnaviyatga putur yetkazayotgan romanga nisbatan qatʼiy chora koʻrishga chaqiradi. Oqibatda koʻp oʻtmay, 1737 yilda Fransiya qiroli farmon beradi, unga binoan endi qirollik hududida yangi romanlar faqat maxsus ruxsat bilangina chop etilishi mumkin boʻladi.
Romanga bunaqa salbiy munosabatning turli omillari mavjud boʻlsa-da, baribir, eng avval ijtimoiy omilni nazarga olishimizga toʻgʻri keladi. Yuqorida koʻrdikki, A.Minturno roman avom orasidagina mashhurligini qayd etadi, uni «varvarlar ixtirosi» deydi, xullas, romanga bepisand qaraydi. Darhaqiqat, roman kiborlar va ruhoniylar avom deb atovchi «uchinchi qatlam» – burjua orasida ommalashgan (bizda «burjua», «burjuaziya» soʻzlariga salbiy, siyosiy tus berilgan, aslan ularning oʻzagi «shaharliklar» degan maʼnoni beradi). Zero, romanlar ularning ona tilida – jonli tilda yaratilgan, mazmunan esa oʻzlari qaynab turgan hayotga yaqin boʻlgan. Aksincha, kiborlar va ruhoniylar poeziya tili sifatida faqat lotin tilini, badiiy asar deb esa antik adabiyot andozalariga mos keluvchi asarlarnigina tan olganlar. Xullas, romanga salbiy munosabat muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda shakllangan estetik didlar ziddiyati natijasidir. Ijtimoiy hayotda burjuaziya mavqeining orta borishi va bunga aks taʼsir oʻlaroq monarxik tartibotlarni saqlab qolishga intilish mazkur ziddiyatni kuchaytirdi. Klassitsizm shu intilishning adabiyotdagi koʻrinishi boʻlib, uning mazmun-mohiyati monarxik tuzumni mustahkamlashga qaratilgan edi. Shuning uchun bu adabiyot shakl (antik adabiyot qoidalari) va mazmun (ulugʻvor voqea va qahramonlar, qirollikka sadoqat va fidoyilik, qatʼiy axloqiy meyorlar) eʼtibori bilan konservativ xarakterda boʻlib, «zavq berish orqali foyda keltirish» aqidasiga qurilgandir. Aksincha, burjua muhitida ommalashgan romanda realistik tendensiyalar kuchli kelib, u har qanday cheklovlardan xoli, hayotning oʻzidagi kabi rang-barang va ajabtovur voqealarni qalamga olishga moyil. Yaʼni noziktab kiborlar yuksak poeziya tarafdori, ommaning didi va ehtiyojiga mos romanda esa poeziyadan ancha yiroq kundalik hayot qaynaydi. Xuddi shu holatni nazarda tutib keyincha Gegel oʻzining roman nazariyasini qadimgi dunyoning poetik tabiati va zamonaning prozaikligini qarshi qoʻyish asosiga qurgani bejiz emas edi.
Albatta, yuksak poeziyani daxlsiz saqlab qolish istagi nechogʻlik ulkan, shunga bel bogʻlagan ruhoniylarning vaʼzlari qanchalik oʻtli boʻlmasin, shu maqsad yoʻlida qirollik akademiyalari qancha faol ishlab, farmoni oliylar chiqarilmasin, baribir, tarix charxi oʻz bilganicha aylanaveradi. Tarixiy istiqbol esa oʻsha «avom»niki, bas, romanning eʼtirof etilishi va vaqti kelib «har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi»ni belgilaydigan maqomga erishishi ham tabiiy va qonuniy edi. Shunga qaramay, koʻrib oʻtganimizdek, yangi janrning poeziya mulkida fuqarolik olishi oson kechmagan. Darvoqe, roman yangimidi oʻzi? Yoʻq, albatta. Aslida, romanning ildizlari juda qadim davrlarga borib taqaladi. Romanga bagʻishlangan ilk maxsus tadqiqotlardan biri – «Romanlarning paydo boʻlishi haqida risola» (1666)ning muallifi Pyer-Daniel Yue janrning ibtidosini Provans yo Italiyadan izlash xatoligini, uning ildizlarini juda qadimdan, uzoq oʻlkalardan qidirish kerakligini taʼkidlaydi. Uning yozishicha, roman antik davrlarda yuzaga kelgan va uzoq asrlar davomidagi rivojlanish jarayonida hozirgi holiga kelgan. Masalaga tarixiy taraqqiyot nuqtai nazaridan qaragani uchun ham Yue oʻz davriga kelib «roman janri» tushunchasi oʻzgarganini nazarda tutadi va endilikda roman deganda «oʻquvchilarga zavq berish orqali nasihat qilish maqsadida toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan» asar tushunilishini taʼkidlaydi. «Roman oʻqish – vaqtni behuda sovurish» qabilidagi qarashga qarshi oʻlaroq, Yue «romanning bosh maqsadi <...> har vaqt ezgulikning taqdirlanishi, yovuzlikning jazolanishini koʻrsatish orqali oʻquvchiga saboq berish» deb biladi. Shuningdek, romanni «poeziya»dan, romannavislarni «poet»likdan nari qilish urf boʻlgan bir sharoitda Yue kishi: «...sheʼr toʻqigani uchun emas, balki yaratgan obrazlari uchun poet deb ataladi», shunga koʻra «romannavislarni ham poetlar qatoriga kiritish mumkin», – deydi.
Yuening asari romanga yuqoridagicha munosabat ustuvor boʻlgan bir vaqtda yaratilgan. Bu shundan dalolat beradiki, romanning adabiy janr, soʻz sanʼatining toʻlaqonli vakili sifatida qabul qilinishi nechogʻlik ogʻir kechmasin, uni tarixan shakllanib kelayotgan obyektiv hodisa deb tushunish ham tobora kuchayib borgan. Zero, oʻz navbatida roman ham soʻz sanʼatiga tobora shiddat bilan kirib borib, mavjud janrlarning xususiyatlarini yuvgʻich misoli shimib, ularni ham oʻziga oʻxshata va yetakchilik maqomiga intila borgan. Albatta, ayni sharoitda romanga qiziqishning kuchayishi, uni nazariy jihatdan anglashga intilishning boshlanishi ham tabiiy edi. Ijod amaliyotining nazariyadan hamisha oʻzib yurishi tabiiy va qonuniy hol, zero, nazariya oʻz qonun-qoidalarini ijod amaliyoti natijalariga tayanib, ularni umumlashtirish asosida ishlab chiqadi. Biroq romanga kelganda bu oʻzish yanada sezilarli boʻldi, negaki, roman tabiatan oʻzgarish, yangilanishga moyil va qobil janrdir. Deylik, Yue oʻzigacha va oʻz zamonida yozilgan romanlardan kelib chiqib, «toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan» asarni roman deb aytadi. Oradan bir asr oʻtib-oʻtmay mazkur taʼrif Yevropa romanchiligiga tatbiqan yaroqsiz boʻlib qoldi, chunki unda strukturasida sevgi tarixi yordamchi vazifani oʻtovchi tarbiya romani, psixologik roman singari janr koʻrinishlari vujudga keldi. Darvoqe, bizningcha, shunga oʻxshash jarayon gʻoyat intensiv tarzda oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladi. Ilk oʻzbek romani «Oʻtkan kunlar» strukturasida «sevgi tarixi» belgilovchi ahamiyat kasb etadi. Muallifning romanga yozgan soʻzboshisida «xalqimizni shu zamonning Tohir-Zuhralari ... bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz» deya taʼkidlab oʻtishi ham shundan. Albatta, «sevgi tarixi» romanda boshqa muammolarni badiiy talqin qilish uchun vosita boʻlgan, biroq uning oʻz holicha ham katta badiiy-estetik ahamiyat kasb etgani shak-shubhasiz (asarning xorijiy tillardan birida «Toshkentlik oshiqlar» nomi bilan chop etilgani bejiz emas). Oʻn besh yillar keyin dunyoga kelgan «Kecha va kunduz»da «sevgi tarixi» deyarli mavjud emas; «Sarob», «Qutlugʻ qon» romanlarida esa «sevgi tarixi»ning vosita ekanligi yaqqol sezilib turadi.
Yue taʼrifidagi mazmun bilan bogʻliq ikkinchi muhim jihat – «toʻqib chiqarilganlik». Oʻz taʼrifiga izoh berarkan, Yue «toʻqima» deyishdan murod romanni tarixdan ajratish ekanligini aytadi. Haqiqat va toʻqima nisbati – Yue uchun roman bilan tarixni farqlovchi asos. Yaʼni tarixda ham toʻqima bor, lekin, yaxlit olganda, u haqiqatdir; romanda ham haqiqat bor, lekin, yaxlit olganda, u toʻqimadir. Masalaning bu tarzda qoʻyilishi bejiz emas. Negaki, Yue nazarda tutgan tarix – Gerodot, Ktesiy, Filostrat, Simeon Metafrast kabilarning asarlari mohiyatan adabiyotning bir uzvi, aslida, ular xuddi adabiy asar kabi oʻqilgan. Zero, ularda asosiy maqsad tarixni tadqiq etish emas, balki oʻtmish voqealari (harbiy yurishlar, podshohlar tarixi, buyuklar hayoti)ni oʻqishli tarzda hikoya qilish boʻlgan. Bizningcha, bu gaplar Sharq adabiyotiga nisbatan – Firdavsiy «Shohnoma»sidan tortib Ogahiy tarixlarigacha, xalq ichida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan jangnomalaru manoqiblarga nisbatan ham bemalol aytilishi mumkin. Shu oʻrinda, mavridi kelib qoldi, ayrim mulohazalarni oʻrtaga tashlashga jazm etaman. Maʼlumki, oʻzbek adabiyotida roman janridagi ilk tajribalar – «Yangi saodat» va «Befarzand Ochildiboy» asarlari muvaffaqiyat topmagan. Albatta, ular yozilgan vaqtda hali yangi oʻzbek nasri ham, mualliflar ham yetarli tajribaga ega boʻlmagani bor gap. Biroq muvaffaqiyatsizlikning sababini shuning oʻzi bilangina izohlab boʻlmaydi. Fikrimizni oydinlashtirish uchun bizningcha, «Oʻtkan kunlar»ning muvaffaqiyatini taʼmin etgan omillarni eslash joiz. Romanning tez shuhrat topib qoʻlma-qoʻl oʻqilishiga sabab boʻlgan bosh omil, bizningcha, uning tom maʼnoda milliy adabiy anʼanalar zaminida turganidir. Albatta, roman gʻarb adabiyoti hodisasi ekanidangina kelib chiqilsa, bu fikrimiz ziddiyatli koʻrinishi mumkin. Biroq, shunisi ham ayonki, agar adabiy anʼanalarimiz zamini romanning ildiz otishi uchun qulay boʻlmaganida, oʻtgan asrning 20-yillarida oʻzbek romanining paydo boʻlishi ham mahol edi. Bizda ildizlari ming yillardan nariga borib taqaluvchi xalq dostonlari, qissalar, turfa xalq kitoblari, mumtoz shoirlarimiz masnaviy yoʻlida bitgan dostonlar, xullas, boy epik anʼana mavjud edi. Ilk romanimizning qator xususiyatlari (obrazlar tizimi, syujet motivlari, maktublar va h.k.) folklor va mumtoz dostonchilik anʼanalari zaminida yetishgani shundoq koʻzga tashlanadiki, bu uning gʻarb adabiyoti yoʻlidagi tajriba boʻlishdan ham avvalroq milliy adabiyotimiz vakili ekanligidan dalolat. Yana shuki, roman yozilgan davr kishilarining badiiy did va ehtiyojlari dostonu qissalar qatori koʻhna tarixlaru jangnomalarni ham oʻqib shakllangan edi. Shundan boʻlsa kerak, «Oʻtkan kunlar»ning koʻp oʻrinlarida aniq sanalar koʻrsatiladi, adib hikoya qilayotganlari shunchaki oʻzi toʻqigan choʻpchak emas, balki tarixda aynan yuz bergan voqealar deya taqdim etadi. Ehtimol, bu shunchaki bir badiiy priyom (rivoya motivirovkasi) emasmi deya eʼtiroz qilinishi mumkindir. Lekin A.Qodiriy uchun bu shunchaki priyom emas, balki, «Oʻtkan kunlar» ham «Oʻtkan kunlar» tanqidi ustida baʼzi izohlar»ida yozganidek, «joʻrttaga, xalqimizning saviyasini eʼtiborga olib» tanlangan ifoda yoʻsini. Negaki, adib «bizning omma to shu kungacha ham oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib kelayotganini» yaxshi biladi. Adib bu oʻrinda tarixlarni alohida tilga olmasa-da, yurtdoshlari uzun qish tunlarini tancha atrofida tarixu jangnomalar oʻqish bilan qisqartirishlarini ham yaxshi bilgani shubhasiz. Shu bois ham mavjud sharoitda eng maqbul yoʻlni topa oldi: «ommaning shu holini» nazarga olgan holda uning didiga mos rivoya, tasvir va ifoda yoʻsinidan bordi. Natijada, anʼanaviylikning ustuvorligi sabab aksariyat oʻquvchilar «roʻmon» atamasi bilan chop etilganiga qaramay «Oʻtkan kunlar»ni oʻzlari mutolaa qilib oʻrgangan kitoblaridek qabul qilavergan. Jumladan, ular uchun oʻqiganlari aslo choʻpchak emas, balki tarixlardagi kabi ayni haqiqat, shu bois oʻzlarini Otabekka doʻst tutib, Kumushni suyibu gʻanimlariga zimdan mushtlarini tugib oʻqiganlar...
Aytmoqchimizki, «Oʻtkan kunlar» bu jihati bilan ham eski va yangi adabiyot orasidagi koʻprik vazifasini ortigʻi bilan uddalagan. Yaʼni oʻzidan keyin yaratilgan «Kecha va kunduz», «Sarob», «Qutlugʻ qon» romanlarida ifoda tarzining tamom yangicha boʻlishiga zamin yaratgan. Ulardan farqli oʻlaroq, «Yangi saodat», «Befarzand Ochildiboy» asarlari uchun bunday zamin mavjud boʻlmagan. Gap shundaki, ularning ikkisi ham zamonaviy mavzuda yozilgan boʻlib, bizningcha, xuddi shu narsa ommaning estetik didiga muvofiq kelmas edi. Holbuki, M.Baxtin romanning «tugallanmagan hozir» bilan bogʻliqligi uni eposdan farqlovchi muhim xususiyat deb koʻrsatganini yodga olsak, ikkala asar ham janrning bu talabiga mos edi. Shu oʻrinda yana A.Qodiriyning «bizning omma to shu kungacha oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir» deganini eslatamiz. Tabiiyki, oʻquvchi omma oʻsha asarlarni «epik oʻtmish» («mutlaq oʻtmish») sifatida idrok etib, oʻzi bilan ularda tasvirlangan voqealar orasida hamisha «epik masofa»ni his qilib oʻrgangan. Yaʼni, bu jihatdan ham, A.Qodiriy aytmoqchi, «barmoq bilan sanarlik besh-oʻntagina (ular ham oʻz hunarlarida noʻnoqlardir) yoshlarimiz» istisno qilinsa, aksariyat omma «Yangi saodat», «Befarzand Ochildiboy» tipidagi asarlarni estetik idrok qilishga tayyor emas edi. Mazkur sharoitda «Oʻtkan kunlar»ning muvaffaqiyatini taʼminlagan eng muhim omil, bizningcha, uning tarixiy mavzuda yozilganidir. Ayni shu tufayli oʻquvchi bilan asarda tasvirlangan voqealar orasida «epik masofa» yoʻqoldi, ularni «tugallanmagan hozir» sifatida qabul qilish osonlashdi. Xoʻsh, buning asosi, ruhiy omillari nimada? Yuqorida davr oʻquvchisining tarixu jangnomalar oʻqiganini urgʻulab aytganimiz bejiz emas. Zero, oʻsha oʻquvchi tarixlarni, A.Qodiriy aytgan «oʻrta asr doston va hikoyalari»dan farqli oʻlaroq, oʻziga aloqador boʻlmagan «mutlaq oʻtmish» deb emas, balki muayyan bir vaqtda sodir boʻlgan va oʻzi yashab turgan davrga aloqador «tarixiy oʻtmish», uzluksiz kechayotgan ZAMONning bir boʻlagi sifatida idrok etgan. Aytmoqchimizki, aksariyat omma «Oʻtkan kunlar»ga avvalo tarix kabi yondashgan va shu bois ham hech bir zoʻriqishsiz, oʻzi ham sezmagan holda asar badiiy olamiga kirib qolgan – yangicha badiiyatga oshno boʻlgan. Darvoqe, koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, shunga oʻxshash hol avvalroq arab adabiyotida ham kuzatiladi: XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan arab romanchiligining qaldirgʻochlari tarixiy mavzuda yozilgan. Bu esa yuqoridagi mulohazalarimiz nafaqat oʻzbek, balki boshqa Sharq xalqlari adabiyotlariga ham taalluqli boʻlishi mumkinligini koʻrsatib, bunda muayyan qonuniyat amal qilayotir degan fikrga boshlaydi. Fikrimizcha, mazkur masalaning maxsus oʻrganilishi bir qator muammolarni oydinlashtirib, muhim nazariy xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Asosiy masalaga qaytsak, Yue roman bilan tarixni toʻqima va haqiqat nisbatiga asosan farqlaganiga kelib toʻxtagandik. Qizigʻi, uning oʻzi ham tanlagan farqlash asosi yetarli emasligini his qilib turadi. Chunki roman «toʻqib chiqarilgan voqea» asosiga quriladi degani bilan tarixiy mavzudagi romanlar borligini inkor qilolmaydi. Shu bois buyuk shaxslar (podshohlar, sarkardalar) hayoti qalamga olingan romanlarda toʻqima salmogʻi uchinchi qatlam kishilari haqidagi romanlarga nisbatan kamroq boʻlishini ham aytib oʻtadi. Yaʼni roman bilan tarix keskin farqlanmayaptiki, buning sabalariga quyiroqda toʻxtalamiz. Hozircha «toʻqib chiqarilgan voqea» asosiga quriladi deyish bilan bu oʻrinda ham uning, xuddi roman asosida sevgi tarixi yotadi degani kabi, romanni mazmun jihatidan tavsiflayotganini qayd etamiz.
Koʻryapmizki, Yue zamonida roman mazmun jihatidan farqlangan boʻlsa, tarixiy taraqqiyot davomida bu farqlar yoʻqqa chiqqan. Xuddi gʻazal kabi: avvaliga ayol madhiga bagʻishlangan sheʼrki «gʻazal» deyilgan – shu mazmun ifodasi uchun eng maqbul boʻlmish biz bilgan «gʻazal» shakli ommalashgan – ayni shaklda boshqa mavzudagi sheʼrlar ham bitila boshlagan, xullas, mazmun shaklga oʻtgan. Lekin shunisi borki, gʻazaldan farqli oʻlaroq, shakl jihatidan ham romanning qatʼiy belgilarini ajratish mushkul. Jumladan, Yue ilgari sheʼriy yoʻlda yozilgan asarlar ham «roman» deb atalaverganini aytib, zamonaviy romanga bergan taʼrifida nasrda yozilganlikni asosiy belgi sifatida taʼkidlaydi. Qizigʻi shundaki, janr taraqqiyotining keyingi bosqichlarida yana «sheʼriy roman»lar yozildi. Shunga oʻxshash, keyingi davrlarda roman taʼriflarida tilga olinuvchi qator shakliy belgilar: «yirik hajmli voqeaband asar», «koʻp planli murakkab syujet», «hayotni keng koʻlamda tasvirlash», «murakkab obrazlar sistemasini tashkil etuvchi koʻp sonli personajlar», «qahramon hayotining katta bir davrini qalamga olish» va shu kabilar mutaxassislarni bot-bot «ammo baʼzan istisnolar ham boʻladi, masalan...» qabilidagi izohlarni qayd etishga majbur qiladi. Negaki, ijod amaliyoti qaysidir jihati bilan bu qoidalarga tushmaydigan romanlarni paydo qilaveradi va shu hol romanning barcha koʻrinishlari uchun umumiy boʻlgan shakliy belgilarni aniqlash imkonini bermaydi.
Mazkur holni nazarga olgan holda nemis faylasufi F.Shlegel roman mohiyatini «mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslikda» koʻrib, hech bir nazariya romanni toʻla qamrab ololmasligini taʼkidlaydi. M.Baxtin ham romanni oʻrganishdagi qiyinchiliklar sababini ayni shunda koʻradi. Zero, allaqachon badiiy tajribani quyish mumkin boʻlgan tayyor qolip holiga kelgan boshqa janrlardan farqli oʻlaroq, roman «shakllanayotgan va hali tayyor holga kelmagan yagona janr»dir. Balki birmuncha keskin tuyular, lekin, fikrimizcha, Shlegelning qatʼiy hukmi haqiqatga ancha yaqin, «mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslik» romanning qismati koʻrinadi. Axir, Yuening asari romanga bagʻishlangan ilk tadqiqotlardan biri boʻlsa, orada oʻtgan vaqt davomida yana minglab tadqiqotlar yaratildi. Biroq romanga har jihatdan mukammal – barchani birdek qoniqtiradigan va shu janrga mansub etiluvchi barcha asrlarga muvofiq keladigan taʼrif berilganicha yoʻq, berilmaydi ham. Zero, har bir roman, bir tomondan, soʻz sanʼatida uzoq asrlar davomida kechgan izlanishlar mahsuli – u oʻzidan oldingi romanlar (shuningdek, boshqa xil asarlar) bilan genetik aloqada. Ikkinchi tomondan, har bir roman bugunning ijtimoiy-badiiy tafakkuri hosilasi, u bugunning estetik didi, ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga javob beradi. Bu esa romanga tarixiy aspektda qaralsa bir, zamonaviy aspektda qaralsa boshqa bir manzara hosil boʻlishi tabiiy va qonuniy deganidir. Shu bois ham, masalan, koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan konsepsiyalardan birining muallifi Gegel roman xususidagi fikr-mulohazalarini «eng yangi romanlar», «hozirgi maʼnodagi roman», «burjua epopeyasi sifatidagi roman» kabi andishalarini qayd etgan holda bayon qiladi. Zero, u nazarda tutgan roman bilan Yue nazarda tutgan roman, yaʼni har ikki olimning nazariy xulosalariga asos boʻlgan material boshqa-boshqadir. Shuni nazarda tutgan holda P.A.Grinser «roman doirasida anʼanaviy va yangi roman haqida gapirish oʻrinli boʻladi» deya taʼkidlaydiki, bunga qoʻshilish kerak.
Anʼanaviylarini qoʻya turaylik, yangi roman, yaʼni «burjua epopeyasi» sifatidagi roman nazariyasiga asos solgan Gegel janrning mohiyatini «qalb poeziyasi bilan turmushdagi munosabatlar prozasi», oʻz «ideallari va qalb amri»ga binoan yashyotgan odam bilan muhit ziddiyatida koʻradi. Gegel qarashlarini rivojlantirgan mutaxassislar roman asosiy eʼtiborni oʻz holicha butun bir olam boʻlmish odamga qaratadi degan mavqeda sobitlar. Jumladan, roman qahramonining taqdiri va egallagan mavqei uning oʻziga nomuvofiqligi (M.Baxtin) yoki «muhit bilan, uning meyor va talablari bilan kelisha olmasligi»ga (G.Pospelov), romanda «shaxs hayoti bilan ijtimoiy hayot nisbiy mustaqil stixiyalar» (V.Bogdanov) sifatida tasvirlanishiyu asosida «shaxsning intilishlari bilan umum qabul qilingan meyorlar ziddiyati» (A.Mixaylov) yotishiga urgʻu beriladi. Shundan kelib chiqib, «u yoki bu tarzda oʻzi yashayotgan ijtimoiy muhitga qarshi turgan shaxsning ruhiy olami» (Ye.Meletinskiy), uning «eski dunyoning tasavvur va aqidalari bilan toʻqnashuvda maʼnaviy va aqliy rivojlanishi», «ijtimoiy xarakterining shakllanishi» (G.Pospelov) romanning asosiy muammosi ekanligi eʼtirof etiladi. Professor Q.Yoʻldoshevning hozirgi milliy romanchiligimiz haqida toʻxtalib, uning «voqea ham, gʻoya ham emas, balki birinchi navbatda, betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviridir» deganiga ham shularning davomi sifatida qarash mumkin. Ushbu fikrning birinchi qismi, yaʼni «voqea ham, gʻoya ham emas» deyilgani zamonaviy romandagi siljishlarni ifoda etayotgandek boʻlsa-da, ikkinchi qismi, yaʼni janr mohiyatining «betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviri» bilan bogʻlab qoʻyilayotgani, bizningcha, janr mohiyatini tor tushunishga olib boradi. Negaki, birinchidan, bu taʼrif romanning birgina koʻrinishi – psixologik romanga nisbatan koʻproq mos keladi; ikkinchidan, shaxsning muhit bilan ziddiyatiyu ruhiyatidagi shu bilan bogʻliq tovlanishlarni tasvirlashning oʻzi tugal maqsad boʻlolmaydi. Kamina bilan Q.Yoʻldoshev qarashlaridagi farqlovchi chiziq ayni shu nuqtadan oʻtadiki, biz romanda qahramon (uning muhit bilan ziddiyatlari, ruhiyati) ham, voqea ham vosita deb hisoblaymiz. Zero, masalan, oʻzbek romanchiligining sara namunalari – «Oʻtkan kunlar», «Kecha va kunduz», «Qutlugʻ qon», «Lolazor», «Muvozanat» kabilar, Q.Yoʻldoshev aytmoqchi, «mualliflari personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganlari» uchun roman yoki ular Otabek, Miryoqub, Yoʻlchi, Yaxshiboyev, Yusuf otliq «betakror shaxslar ruhiyatidagi tovlanishlarni» tasvirlash uchungina yaratilgan desak, adiblarning badiiy niyatlarini chala anglagan boʻlib chiqamiz. Negaki, garchi gap niyat haqida borayotgan esa-da, asli har ikki holda ham asar badiiy voqeligidangina kelib chiqilayotgan, uning ortida turgan ijodkor subyekti eʼtibordan chetda qolayotgan boʻladi. Yaʼni, boshqacha aytsak, gap sanalgan asarlarning yaratilish sababiga, ularning yozilishini ehtiyojga aylantirgan omilga borib taqalmoqda. Shu maʼnoda, Q.Yoʻldoshev «romanning janrini belgilashda muallif niyati hal qiluvchi koʻrsatkich qilib olinsa, toʻgʻri boʻladi» deganida toʻla haq. Faqat bu oʻrinda oʻsha niyatning oʻzini aniqlab olish zarur boʻladi. Ispan adabiyotshunosi A.Priyeto «roman qoniqmaslik yoki ishonchu umidlarda aldanishdan kelib chiquvchi isyon natijasida dunyoga keladi» deb aytadi. Fikrimizcha, yuqoridagi romanlarning bari ayni shunday «isyon» – muayyan bir ijtimoiy-tarixiy sharoitda yetilgan maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj mahsulidirki, bizningcha, hozir buni asoslashga alohida toʻxtalib oʻtirishga zarurat boʻlmasa kerak. Shuningdek, ularning barida zamonni, jamiyatning joriy holatini idrok etishga intilish borligi, mualliflari uchun oʻzlari yaratgan badiiy voqelik olam va odam mohiyatini anglash uchun bir kalit, oʻzlari anglagan haqiqatni yaxlit badiiy konsepsiya tarzida ifodalash vositasi ekanligi ham shubha uygʻotmaydi. Zero, bular – Gegel nazarda tutgan «burjua epopeyasi» sifatidagi yangi romanning adabiyotimizdagi etalonlaridir. Bunday romanda esa, ushbu janr nazariyasi borasida Gegel taʼlimotining davomchisi boʻlmish G.Lukach fikricha, dunyoning yaxlitligiyu butunligini, mavjudlikning tub mohiyatini anglash – bosh muammo, qahramonning dunyo bilan ziddiyati oʻsha muammoni hal qilish vositasidir. Shunaqa ekan, «muallifning personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganligining oʻzi roman janrini belgilaydigan asosiy omil deyish mumkin» (Q.Yoʻldoshev) degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Zero, aks holda vositani maqsad deb tushunilgan boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, yuqoridagi fikrlarimiz hozirda «roman» deb yuritilayotgan barcha asarlarga emas, balki zamona badiiy tafakkurida eposning vorisi boʻlib turgan romanlarga taalluqlidir. Shu nuqtada «Eposning vorisi deganda nimani nazarda tutamiz?» degan savolning qalqib chiqishi tabiiy, demak, fikrimizni izohlash zarur.
Roman nazariyasiga oid ishlarda epos bilan romanning oʻzaro munosabati, ulardagi umumiy va farqli tomonlarga jiddiy eʼtibor berib kelinishi maʼlum. Jumladan, roman genezisi haqida gap borganda, uning eposdan oʻsib chiqqani, taraqqiyotining muayyan davrlarida oʻzida eposga xos xususiyatlarni koʻproq saqlab kelgani, shundan soʻnggina «zamonaviy epos» maqomini olgani taʼkidlanadi. Epos bilan romanni farqlashda turlicha asoslarga tayaniladi: eposning asosiy tamoyili – butunlik, romanniki – tarqoqlik; eposda jamoaviylik, romanda individuallik ustuvor; epos monologik, roman dialogik tafakkur asosiga quriladi qabilidagi farqlar mutaxassislar tomonidan atroflicha asoslab berilgan. Biroq hozir bizni farqlar emas, ikkisi uchun umumiy bir nuqta koʻproq qiziqtiradiki, quyida shunga muxtasar toʻxtalamiz.
Inson tomonidan yaratilgan narsa borki, maʼlum bir ehtiyoj tufayli dunyoga keladi va muayyan bir vazifani bajaradi. Obrazli tafakkur asosida yaralgan asarlar ham bundan istisno emas va bu jihatdan qadimiyatdagi asarlarni, bizningcha, uchta tipga ajratish mumkin: 1) olam tartibotini anglashga qaratilgan mif; 2) olam bagʻridagi odamni, uning butun olam bilan birligini idrok etishga qaratilgan epos; 3) konkret hayotiy holatlar idrokiga qaratilgan va amaliy-tatbiqiy xarakterdagi masal, ertak, rivoyat, hikoyat, latifa kabilar. Toʻgʻri, mif adabiyot emas, biroq adabiyotni undirgan zamin ekani ham shubhasiz, antik davrda mif va adabiyotning qorishiq yashagani ham shundan. Masalan, «Iliada» yoxud «Odisseya»da shunday qorishiqlik kuzatiladi. Darvoqe, mutaxassislarning «Iliada»dan «Odisseya»ga oʻtishda romanga xos unsurlar koʻzga tashlanishini taʼkidlashlari bejiz emas: markazida alohida shaxs – Odissey turgani, uning imkonlari xudolar belgilab qoʻygan taqdirdan kengligi shunday deyishga muayyan asos beradi ham. Lekin bizni bu oʻrinda boshqa narsa koʻproq qiziqtiradi. Demak, agar mif bilan qorishiq eposga roman unsurlari kirib kelgan ekan, vazifa nuqtai nazaridan ularda umumiylik boʻlishi tabiiy. Aytmoqchimizki, oʻz vaqtida mifning vazifasini epos zimmasiga olgan boʻlsa, keyincha, Yevropa xalqlari tarixida yangi davr boshlangach, bu ikkisining vazifasini «burjua eposi» sifatida maydonga chiqqan «yangi roman» oʻz zimmasiga oldi. Endi u, Volter aytmoqchi, «yengiltabiat havoyi yoshlar koʻngilxushligi» uchun yaratilmay, balki jamiyatning joriy holatini va shu orqali olamu odam mavjudligining mohiyatini badiiy idrok etish maqsadiga safarbar etildi.
Hozirgi oʻzbek adabiy-tanqidiy tafakkurida Gʻarb «yangi romani» andozasida olingan roman nazariyasi ustuvor. Bu tabiiy ham. Zero, oʻzbek romanchiligi shakllangan paytga kelib Gʻarbda «yangi roman» ikki asrdan ziyod rivojlanish yoʻlini bosib oʻtgan, adiblarimiz uchun tayyor ijodiy tajriba, adabiyotshunoslar uchun tayyor nazariy ishlanmalar mavjud ediki, bunday sharoitda badiiy ham tanqidiy tafakkurimizning izma-iz borishi tabiiy va qonuniy holdir. Biroq, yuqorida aytilganidek, hozirda «roman» deb yuritilayotgan asarlarning hammasi ham mazkur talablarga tushmaydi. Mavjud turfalik tufayli «buning nimasi roman?» deya hayron boʻlishlar, «roman talablariga javob bermaydi, chunki...» deya daʼvoni turli yoʻllar bilan asoslashga intilishlarga bot-bot duch kelamiz. Holbuki, bu ham, avvalo, romanning oʻzgaruvchan tabiati, ikkinchidan, uning joriy adabiy jarayondagi yangiliklarni oʻziga singdirishga qobil va moyilligi, uchinchidan, janrning turli koʻrinishlari turli ildizlardan suv ichishi bilan izohlanuvchi tabiiy va qonuniy bir holdir.
Romanning mudom oʻzgarishda yashashi davrning estetik didi, ijtimoiy va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga javob berishga intilish bilan izohlanadi. Masalan, Yevropa yangi romanida avvaliga qahramonning ijtimoiy-maʼnaviy izlanishlari voqealarning izchil tasviri orqali koʻrsatilgan, bu ritsarlik romanlari taʼsirida shakllangan didga mos edi. Jamiyatda ratsionalizmdan bezib, inson his-tuygʻulariga eʼtibor kuchayishi bilan romanda ham inson ichki olami tasvirining salmogʻi ortib boradi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib «qalb dialektikasi» (Tolstoy), inson ongidagi ziddiyatli izlanishlar tasviri (Dostoyevskiy) ustuvorlik kasb etsa, XX asr boshlarida «ong oqimi» (Joys) maydonga chiqadi. Shunga oʻxshash, «Oʻtkan kunlar»da personajlar ruhiyati koʻproq voqealar tasvirida ochiladiki, buning sababini yuqorida ommaning didi bilan izohladik. Yaqin tariximizdagi eng ziddiyatli davr idrokiga qaratilgan «Kecha va kunduz»da esa qahramon (Miryoqub) ongidagi ziddiyatlarning bevosita tasviri muhim ahamiyat kasb etadi. Yoki jamiyat hayotida yana bir burilish nuqtasi yetilgan pallada yozilgan «Lolazor»da yaqin oʻtmish Yaxshiboyev ongiyu qalbidan oʻtkazib sarhisob etilsa, «Muvozanat»da oʻtish davrining murakkablikalari Yusufning ongiyu qalbida akslanadi. Yaʼni sanalgan romanlarning har biri uslubi, ifoda tarziga koʻra nechogʻlik oʻziga xos boʻlmasin, davrni – inson vositasida jamiyatning joriy holatini idrok etishga qaratilgani ularni birlashtiradi, bitta janrga mansub etadi.
Yuqorida aytdikki, Gegel oʻz qarashlari «eng yangi romanlar»ga taalluqli ekanligini taʼkidlagan, shundan kelib chiqib matnda uni shu choqqacha «yangi roman» deb kelyapmiz. Holbuki, qariyb uch yuz yil davomida uning yangiligi qolmagan, aksincha, allaqachon «klassik tushunchadagi» yoxud «anʼanaviy» sifatlari bilan belgilana boshlagan. Bu ham tabiiy. Zero, kishilik jamiyati tarixining Gegel taʼrifidagi «yangi roman»ni maydonga chiqargan bosqichi boqiy emas. XX asr adogʻiga yaqinlashgan sari bashariyat oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirgani tobora ravshanlashib bordi. Ehtimol, turli sabablarga koʻra qay bir ellar buni ertaroq, qay birlari birmuncha kechroq his etgandir, lekin ixtiyorimizdan tashqaridagi obyektiv yangilanish jarayoni insonni oʻzgartirayotgani shubhasiz. Globallashuv sharoitida – olamning birligiyu Odam avlodining taqdiri tutashligini va ayni chogʻda oʻzaro munosabatlarda mehr-oqibat koʻtarilayotganini teran his etib; oʻz qudratiga mahliyo boʻlgani holda ich-ichidan ojizligini tuyib, turfa madaniyatlar aloqasi oʻta tigʻizlashganidan bir-biriga singib borayotgan makonda, zamon shiddatiga mos maromda muttasil shoshib yashayotgan insonning didi, maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlari ham shularga mos ravishda oʻzgarmoqda. Albatta, tabiatan oʻzgarishga moyil va mudom shakllanishdagi romanda ham davr bilan hamqadam yangilanish jarayoni kechdi. Shu maʼnoda, oʻtgan asrning oʻrtalarida bir guruh fransuz adiblarining roman bobidagi ijodiy tajribalari «yangi roman» nomi bilan umumlashtirilgani bejiz emas, zero, yangi davr yana «yangi roman»ni maydonga chiqara boshlagandi.
Oʻtgan asr adogʻidan boshlab bunday izlanishlar oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladiki, O.Muxtor, X.Doʻstmuhammad, T.Rustamov, U.Hamdam, I.Sulton kabi qator yozuvchilarning ijodiy tajribalari sabab hozirgi tanqidchilik «anʼanaviy roman» – «modernistik roman» ayirmalarini faol qoʻllashga zarurat sezmoqda. Negaki, endi «yangi roman» anʼanaviy deb qarala boshlangan eski «yangi roman»dan jiddiy farq qilishi tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, anʼanaviy romanda realistik tendensiyalar kuchliligidan haqiqatga monand manzaralar tasvirlansa, yangisida hayot bilan xayolot qorishib ketadi («Koʻzgu qarshisidagi odam», «Tepalikdagi xaroba»); avvalgisida avtologik obrazlar ustuvor boʻlsa, keyingisida ramziy-majoziy ifoda ustunlik qiladi («Bozor»); birini oʻqiganingda real xronotopni his etib tursang, boshqasida haqiqatga monanddek tuyuluvchi zamon ham, makon ham aslida shartli ekanini qabul qilishing darkor («Isyon va itoat»); biri bir-biriga uzviy bogʻliq voqealar asosiga qurilsa, ikkinchisi turli makon va zamonda kechuvchi fragmentlardan bir butunlik hosil qilishga intiladi («Boqiy darbadar») va hokazo. Tabiiyki, biz «yangi roman»ning faqat ayrim jihatlarini sanadik, aslida ular shunchalik rang-barangki, beixtiyor shoshiblar qoladi kishi.
Xoʻsh, bunchalar turfalikni umumlashtiruvchi nuqta qaysi? Qaysi jihat ularning barini bitta janrga – romanga mansub etadi? Axir, «qahramon va muhit ziddiyati» desak, masalan, «Boqiy darbadar»da qahramonning oʻzi yoʻq (balki shu hol kemtik boʻlib koʻringanidandir, hatto yangiliklarni teran his etuvchi va tabiatan ularga xayrixoh Q.Yoʻldoshev ham «Nazarimizda, professor Ziyoning oʻgʻli obrazi tabiati bir qadar kengroq tasvirlanishi, asoslanishi va takomilga yetkazilishi lozim edi» degan istak-tavsiyani beradi. Holbuki, agar shunday qilinganida, ayni shu obraz bosh qahramon maqomiga tortib qolar, asar strukturasining esa anʼanaviy roman andozalariga mos holda tubdan oʻzgarishi darkor boʻlur edi). Yoki «betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviri» demoqchi boʻlsak, masalan, «Koʻzgu qarshisidagi odam» yoxud «Tepalikdagi xaroba»da anʼanaviy tushunchadagi psixologik tasvir yoʻq-da?! Fikrimizcha, bularni umumlashtiruvchi bitta jihat bor: ularda yaratilgan badiiy voqelik – u xoh haqiqatga monanddek tuyulsin va xoh mutlaqo xayoliy, mayli, goh ertakka, gohi mifga tortib ketsinu goh hujjatli asosga egadek koʻrinsin – bulardan qatʼi nazar, mualliflari uchun jamiyatning joriy holatini badiiy idrok etish va shu asosda olamu odam mavjudligining mohiyati haqidagi oʻz qarashlarini tizim holida, yaxlit badiiy falsafa tarzida ifodalash uchun bir vositadir. Ayni shu narsa ularni anʼanaviy romanning vorisiga, uning bugungi kundagi koʻrinishiga aylantiradi. Sirasini aytganda, anʼanaviy roman uchun muhim sanalgan «qahramon va muhit konflikti», «qahramonning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari» kabi tushunchalar «yangi roman»da izsiz yoʻqolgani ham yoʻq, ular ijodkor subyekti tomon siljidi (albatta, siljish darajasi turlicha), xolos. Zero, yangi romandagi badiiy voqelik ortida hamisha oʻzining muhit bilan ziddiyatidan yuzaga kelgan muammolarni idrok etayotgan muallif qalbi, uning shu yoʻldagi maʼnaviy-ruhiy izlanishlari suratlanadi. Sababi, anʼanaviy romanda obyektivlashtirilgan tasvirga moyillik, yangi romanda esa ichdan oʻtkazilgan reallik tugʻdirgan oʻy-hislarga mos badiiy voqelik yaratish maqsadi ustuvor. Shu bois anʼanaviy roman oʻz maqsadiga yetish uchun realistik tasvirga ehtiyoj sezadi, yangi roman esa bu ichki majburiyatdan forigʻdir.
Nihoyat, hozirda roman deb yuritiluvchi asarlarning benihoya xilma-xil ekaniga keldik. Yuqorida bunday turfalik romanning oʻzgaruvchanligi, turli uslubiy-janriy xususiyatlarni oʻziga singdirishga qobilligi va janr koʻrinishlarining har biri oʻz ildizlaridan suv ichishi bilan izohlanishini aytib oʻtdik. Agar shu hol eʼtiborga olinsa, bizningcha, roman haqidagi bahslar ham toʻgʻri oʻzanga tushgan boʻlur edi. Zero, tanqidchilik amaliyotida koʻpincha eposning vorisi boʻlmish romanga qoʻyiluvchi talablarni janrning barcha koʻrinishlariga birdek tatbiq etmoqchi boʻlamizki, bu notoʻgʻri yondashuvdir. Masalan, oʻtmish voqealarini oʻqishli hikoya qiluvchi tarixu jangnomalar vorisi boʻlgan tarixiy romanlarni olaylik. Ularda tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish asnosida oʻtmishni va u orqali zamonaning ayrim muammolarini idrok etish, oʻtmish saboqlarini zamona uchun ibrat qilish maqsadlari kuzatiladi. Tarixiy haqiqatga sodiqlik talabi yozuvchini cheklaydi, shu bois unda, epos davomchisi boʻlgan roman muallifidan farqli oʻlaroq, jamiyatning joriy holatini idrok etish imkoni kamroq, metaforik yoʻsinda zamonaga munosabat bildirish bilan kifoyalanishga majbur. Lekin, baribir, romanning bu xili eposning vorisi boʻlgan romanga boshqalariga qaraganda yaqinroq turadi, chunki unda ham aksar oʻtmish materiali asosida olamu odam mohiyatini anglashga intilish kuzatiladi. Manoqib va holotlar davomchisi boʻlgan tarixiy-biografik romanda birmuncha oʻzgacha hol kuzatiladi, zero, uning bosh maqsadi tarixiy shaxs hayoti va faoliyatini yoritish boʻlib, boshqa hammasi shundan oʻstirib chiqariladi. Tarixiy-biografik romanda, oʻz vaqtida Yue aytganidek, badiiy toʻqima imkoni kam, shu bois unda koʻproq qahramon hayotini ibrat namunasi sifatida tasvirlash, u tushgan hayotiy holatlardan hikmatlar chiqarishu uning hayot falsafasini ifodalash bilan cheklaniladi. Mazkur fikrlarning qay darajada asosliligi haqida «Ulugʻbek xazinasi» bilan «Yulduzli tunlar» romanlarini qiyosiy mushohada etish bilan yetarli tasavvur hosil qilish mumkin, shuni oʻylab bu boradagi gapni muxtasar qilamiz.
Yuqorida obrazli tafakkur asosida yaralgan asarlarning uchinchi tipi amaliy-tatbiqiy xarakterda boʻlishini aytdikki, fikrimizcha, hozirgi romanlarning bir turkumi genetik jihatdan shu tipdagi asarlar bilan bogʻlanadi. Tatbiqiy-amaliy xarakterda deganimiz shuki, inson birgina bilish ehtiyoji bilan yashamaydi, uning uchun, masalan: vaqtichogʻlik qilish, hayratlanish, zavqlanish, hazil-mutoyiba kabilar ham tabiiy ehtiyojdir. Oʻz vaqtida turli-tuman ertaklaru rivoyatlar, hikoyatu latifalar ayni shu ehtiyojlarni qondirishga ham xizmat qilgan. Maʼlumki, adabiyotshunoslikda ritsarlik romanlarining sehrli ertaklar bilan genetik aloqasi atroflicha asoslab berilgan (A.Mixaylov, Ye.Meletinskiy). Biroq, birinchidan, ertak hududi sehrli ertaklar bilangina cheklanmaydi, ikkinchi tomondan, mazmuni va qurilishi jihatidan ertak, afsona, rivoyat, hikoyat, latifa kabilar bir-biriga juda yaqin, oralaridagi farqlar doim ham yaqqol koʻrinmaydi. Shuni eʼtiborga olgan holda ularning barini shartli ravishda «ertak» deya turaylik-da, mashhur «Ming bir kecha» ertaklarini yodga olaylik. Undagi koʻpgina ertaklar sarguzashtli syujet asosiga qurilgan; baʼzisida hayotning real manzaralari aks etsa, boshqasida fantastik mavjudotlarga duch kelinadi; birisi sayohat tafsilotlari, tagʻin biri qahramonning shumligi yo quvligi, boshqa biri jinoyat sirining ochilishidan hikoya qiladi, bir turkumi esa ishqiy-erotik mazmunda. Xullas, ziyrak oʻquvchi bu ertaklarda omma maʼqul qilib turgan roman (sarguzasht, detektiv, fantastik, ishqiy-erotik, qoʻrqinch va b.) ildizlarini koʻra oladi. Yaʼni ommaviy adabiyot deganimiz endi paydo boʻlgan emas, balki azaldan mavjud ediki, uning mavjudligi insonning turli ehtiyojlari bilan bogʻliqdir. Demak, hozirgi kunda ommaviy adabiyot vakili boʻlgan romanlarning urchib borayotgani, avvalo, shunga yarasha did va ehtiyojlar mavjudligi bilan izohlanadi.
Koʻryapmizki, roman masalasi turli davrlarda va turli munosabatlar bilan bot-bot qalqib chiqaveradigan «adabiyot nadir?» savoli kabi mangu muammolar sirasiga kiradi. Negaki, roman har bir davrning estetik didi va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga moslashib, adabiyotdagi yangiliklarni zudlik bilan oʻziga singdirgan holda mudom shakllanishda yashovchi janrdir. Albatta, masalaga yondashishda eng avval «roman» istilohi qaysi maʼnoda qoʻllanayotganini aniqlab olmoq zarur. Hozirda adabiyotshunoslaru qalam ahli tomonidan roman istilohi «epik tur janri» maʼnosida ham, «katta hajmli voqeaband asar» maʼnosida ham ishlatilmoqda. Holbuki, roman deb yuritilayotgan asarlar bir-biridan farqlanadi. Shunga koʻra, bizningcha, istiloh «janr» maʼnosida qoʻllanganida, yuqorida taʼriflangan eposning vorisi sifatidagi romanning nazarda tutilgani maqsadga muvofiqdir.
Устоз У.Норматов роман ҳақида: «Ҳар бир миллат адабиётининг бўй-басти, даражаси, аввало, шу жанр камолотига қараб белгиланади десам, буни ҳеч ким муболағага йўймайди», – деб ёзадилар. Дарҳақиқат, шундай. Бироқ бу – бугуннинг гапи. Ўз вақтида эса романга муносабат, дейлик, ҳозирги кун дидли ўқувчисининг оммавий адабиётга, «сариқ матбуот» саҳифаларида эълон қилинадиган битикларга муносабати янглиғ бўлган. Шу сабаб ҳам, масалан, итальян адабиётшуноси Антонио Минтурно бундан қарийб уч юз эллик йиллар аввал: «Менга қолса, ким ёзганидан қатъи назар, муҳокамаси ғўр авом суйиб ардоқлайдиган барча романлардан кўра Петрарканинг битта сонети дидимга кўпроқ хўбдир», – дейди. Негаки, «романларда Аристотель ва Горацийлар амал қилишни уқтирган, Гомер ва Вергилийлар амал қилган шакл ва тартиб йўқ», яъни улар мумтоз санъат талабларига жавоб бермайди, демак, «на поэзиянинг нелигини, на шоирнинг баркамоллиги нимадалигини билмайдиган авом»гина уларни севиб ўқиши мумкин. Минтурнонинг асосий хулосаси шуки, «роман – варварлар ихтироси», у чинакам поэзияга дахлдор бўлолмайди.
Романни санъатдан – поэзиядан ташқаридаги ҳодиса сифатида тушуниш, уни антиэстетизмда айблаш то XVIII аср ўрталарига қадар ҳам давом этган. Жумладан, классицизм назариётчиси Н.Буало ҳаётлик чоғида эълон қилмаган бўлса-да, киборлар салонларида қўлма-қўл ўқилган «Роман қаҳрамонлари» (1713 йилда чоп этилган) асарида романнависларни услуб жимжимадорлиги, тарихни англаёлмаслик, қадимият ва замона белгиларини кулгили даражада қориштириб юборишда, бир сўз билан айтганда, дидсизликда айблайди. Давр ижтимоий тафаккурига ғоят кучли таъсир ўтказган Вольтер эса романни атиги «енгилтабиат ҳавойи ёшлар кўнгилхушлиги» деб билади ва ўзини ҳурмат қилган адиблар ундан нафратланмоғи лозим деб уқтиради. Айтиш керакки, Вольтер романга қўяётган мазкур айблов янгилик бўлмасдан, балки анча аввалдан кузатилиб келувчи айбловларнинг юмшоқроқ ифодаланиши эди, холос. Хусусан, Жан Расиннинг устозларидан саналувчи Пьер Николь 1665 йилдаёқ гуноҳкорона ҳисларни тасвирловчи роман ва пьесалар муаллифларини «қалбларни булғовчилар» деб атаган. Ёки хонимқизлар тарбияси ҳақида қайғурган маркиза де Ламбер романлар мутолааси ёш қизлар қалби ва шуурига парокандалик олиб киришию ҳаё пардасини кўтариб, кўнгилларда иллатли интилишларни кучайтиришидан огоҳлантиради. Иш шу даражага бориб етадики, 1736 йилда иезуит Шарль Поре «Авом роман деб атовчи китоблар тўғрисида...» мавзуида ваъз қилади ва ҳукуматни беҳад урчиб кетганидан бошқа адабий жанрларни бўғиб, маънавиятга путур етказаётган романга нисбатан қатъий чора кўришга чақиради. Оқибатда кўп ўтмай, 1737 йилда Франция қироли фармон беради, унга биноан энди қироллик ҳудудида янги романлар фақат махсус рухсат билангина чоп этилиши мумкин бўлади.
Романга бунақа салбий муносабатнинг турли омиллари мавжуд бўлса-да, барибир, энг аввал ижтимоий омилни назарга олишимизга тўғри келади. Юқорида кўрдикки, А.Минтурно роман авом орасидагина машҳурлигини қайд этади, уни «варварлар ихтироси» дейди, хуллас, романга беписанд қарайди. Дарҳақиқат, роман киборлар ва руҳонийлар авом деб атовчи «учинчи қатлам» – буржуа орасида оммалашган (бизда «буржуа», «буржуазия» сўзларига салбий, сиёсий тус берилган, аслан уларнинг ўзаги «шаҳарликлар» деган маънони беради). Зеро, романлар уларнинг она тилида – жонли тилда яратилган, мазмунан эса ўзлари қайнаб турган ҳаётга яқин бўлган. Аксинча, киборлар ва руҳонийлар поэзия тили сифатида фақат лотин тилини, бадиий асар деб эса антик адабиёт андозаларига мос келувчи асарларнигина тан олганлар. Хуллас, романга салбий муносабат муайян ижтимоий-тарихий шароитда шаклланган эстетик дидлар зиддияти натижасидир. Ижтимоий ҳаётда буржуазия мавқеининг орта бориши ва бунга акс таъсир ўлароқ монархик тартиботларни сақлаб қолишга интилиш мазкур зиддиятни кучайтирди. Классицизм шу интилишнинг адабиётдаги кўриниши бўлиб, унинг мазмун-моҳияти монархик тузумни мустаҳкамлашга қаратилган эди. Шунинг учун бу адабиёт шакл (антик адабиёт қоидалари) ва мазмун (улуғвор воқеа ва қаҳрамонлар, қиролликка садоқат ва фидойилик, қатъий ахлоқий меъёрлар) эътибори билан консерватив характерда бўлиб, «завқ бериш орқали фойда келтириш» ақидасига қурилгандир. Аксинча, буржуа муҳитида оммалашган романда реалистик тенденциялар кучли келиб, у ҳар қандай чекловлардан холи, ҳаётнинг ўзидаги каби ранг-баранг ва ажабтовур воқеаларни қаламга олишга мойил. Яъни нозиктаб киборлар юксак поэзия тарафдори, омманинг диди ва эҳтиёжига мос романда эса поэзиядан анча йироқ кундалик ҳаёт қайнайди. Худди шу ҳолатни назарда тутиб кейинча Гегель ўзининг роман назариясини қадимги дунёнинг поэтик табиати ва замонанинг прозаиклигини қарши қўйиш асосига қургани бежиз эмас эди.
Албатта, юксак поэзияни дахлсиз сақлаб қолиш истаги нечоғлик улкан, шунга бел боғлаган руҳонийларнинг ваъзлари қанчалик ўтли бўлмасин, шу мақсад йўлида қироллик академиялари қанча фаол ишлаб, фармони олийлар чиқарилмасин, барибир, тарих чархи ўз билганича айланаверади. Тарихий истиқбол эса ўша «авом»ники, бас, романнинг эътироф этилиши ва вақти келиб «ҳар бир миллат адабиётининг бўй-басти, даражаси»ни белгилайдиган мақомга эришиши ҳам табиий ва қонуний эди. Шунга қарамай, кўриб ўтганимиздек, янги жанрнинг поэзия мулкида фуқаролик олиши осон кечмаган. Дарвоқе, роман янгимиди ўзи? Йўқ, албатта. Аслида, романнинг илдизлари жуда қадим даврларга бориб тақалади. Романга бағишланган илк махсус тадқиқотлардан бири – «Романларнинг пайдо бўлиши ҳақида рисола» (1666)нинг муаллифи Пьер-Даниэль Юэ жанрнинг ибтидосини Прованс ё Италиядан излаш хатолигини, унинг илдизларини жуда қадимдан, узоқ ўлкалардан қидириш кераклигини таъкидлайди. Унинг ёзишича, роман антик даврларда юзага келган ва узоқ асрлар давомидаги ривожланиш жараёнида ҳозирги ҳолига келган. Масалага тарихий тараққиёт нуқтаи назаридан қарагани учун ҳам Юэ ўз даврига келиб «роман жанри» тушунчаси ўзгарганини назарда тутади ва эндиликда роман деганда «ўқувчиларга завқ бериш орқали насиҳат қилиш мақсадида тўқиб чиқарилган севги тарихини насрда маҳорат билан тасвирлаган» асар тушунилишини таъкидлайди. «Роман ўқиш – вақтни беҳуда совуриш» қабилидаги қарашга қарши ўлароқ, Юэ «романнинг бош мақсади <...> ҳар вақт эзгуликнинг тақдирланиши, ёвузликнинг жазоланишини кўрсатиш орқали ўқувчига сабоқ бериш» деб билади. Шунингдек, романни «поэзия»дан, романнависларни «поэт»ликдан нари қилиш урф бўлган бир шароитда Юэ киши: «...шеър тўқигани учун эмас, балки яратган образлари учун поэт деб аталади», шунга кўра «романнависларни ҳам поэтлар қаторига киритиш мумкин», – дейди.
Юэнинг асари романга юқоридагича муносабат устувор бўлган бир вақтда яратилган. Бу шундан далолат берадики, романнинг адабий жанр, сўз санъатининг тўлақонли вакили сифатида қабул қилиниши нечоғлик оғир кечмасин, уни тарихан шаклланиб келаётган объектив ҳодиса деб тушуниш ҳам тобора кучайиб борган. Зеро, ўз навбатида роман ҳам сўз санъатига тобора шиддат билан кириб бориб, мавжуд жанрларнинг хусусиятларини ювғич мисоли шимиб, уларни ҳам ўзига ўхшата ва етакчилик мақомига интила борган. Албатта, айни шароитда романга қизиқишнинг кучайиши, уни назарий жиҳатдан англашга интилишнинг бошланиши ҳам табиий эди. Ижод амалиётининг назариядан ҳамиша ўзиб юриши табиий ва қонуний ҳол, зеро, назария ўз қонун-қоидаларини ижод амалиёти натижаларига таяниб, уларни умумлаштириш асосида ишлаб чиқади. Бироқ романга келганда бу ўзиш янада сезиларли бўлди, негаки, роман табиатан ўзгариш, янгиланишга мойил ва қобил жанрдир. Дейлик, Юэ ўзигача ва ўз замонида ёзилган романлардан келиб чиқиб, «тўқиб чиқарилган севги тарихини насрда маҳорат билан тасвирлаган» асарни роман деб айтади. Орадан бир аср ўтиб-ўтмай мазкур таъриф Европа романчилигига татбиқан яроқсиз бўлиб қолди, чунки унда структурасида севги тарихи ёрдамчи вазифани ўтовчи тарбия романи, психологик роман сингари жанр кўринишлари вужудга келди. Дарвоқе, бизнингча, шунга ўхшаш жараён ғоят интенсив тарзда ўзбек романчилигида ҳам кузатилади. Илк ўзбек романи «Ўткан кунлар» структурасида «севги тарихи» белгиловчи аҳамият касб этади. Муаллифнинг романга ёзган сўзбошисида «халқимизни шу замоннинг Тоҳир-Зуҳралари ... билан танишдиришка ўзимизда мажбурият ҳис этамиз» дея таъкидлаб ўтиши ҳам шундан. Албатта, «севги тарихи» романда бошқа муаммоларни бадиий талқин қилиш учун восита бўлган, бироқ унинг ўз ҳолича ҳам катта бадиий-эстетик аҳамият касб этгани шак-шубҳасиз (асарнинг хорижий тиллардан бирида «Тошкентлик ошиқлар» номи билан чоп этилгани бежиз эмас). Ўн беш йиллар кейин дунёга келган «Кеча ва кундуз»да «севги тарихи» деярли мавжуд эмас; «Сароб», «Қутлуғ қон» романларида эса «севги тарихи»нинг восита эканлиги яққол сезилиб туради.
Юэ таърифидаги мазмун билан боғлиқ иккинчи муҳим жиҳат – «тўқиб чиқарилганлик». Ўз таърифига изоҳ бераркан, Юэ «тўқима» дейишдан мурод романни тарихдан ажратиш эканлигини айтади. Ҳақиқат ва тўқима нисбати – Юэ учун роман билан тарихни фарқловчи асос. Яъни тарихда ҳам тўқима бор, лекин, яхлит олганда, у ҳақиқатдир; романда ҳам ҳақиқат бор, лекин, яхлит олганда, у тўқимадир. Масаланинг бу тарзда қўйилиши бежиз эмас. Негаки, Юэ назарда тутган тарих – Геродот, Ктесий, Филострат, Симеон Метафраст кабиларнинг асарлари моҳиятан адабиётнинг бир узви, аслида, улар худди адабий асар каби ўқилган. Зеро, уларда асосий мақсад тарихни тадқиқ этиш эмас, балки ўтмиш воқеалари (ҳарбий юришлар, подшоҳлар тарихи, буюклар ҳаёти)ни ўқишли тарзда ҳикоя қилиш бўлган. Бизнингча, бу гаплар Шарқ адабиётига нисбатан – Фирдавсий «Шоҳнома»сидан тортиб Огаҳий тарихларигача, халқ ичида қўлма-қўл ўқилган жангномалару маноқибларга нисбатан ҳам бемалол айтилиши мумкин. Шу ўринда, мавриди келиб қолди, айрим мулоҳазаларни ўртага ташлашга жазм этаман. Маълумки, ўзбек адабиётида роман жанридаги илк тажрибалар – «Янги саодат» ва «Бефарзанд Очилдибой» асарлари муваффақият топмаган. Албатта, улар ёзилган вақтда ҳали янги ўзбек насри ҳам, муаллифлар ҳам етарли тажрибага эга бўлмагани бор гап. Бироқ муваффақиятсизликнинг сабабини шунинг ўзи билангина изоҳлаб бўлмайди. Фикримизни ойдинлаштириш учун бизнингча, «Ўткан кунлар»нинг муваффақиятини таъмин этган омилларни эслаш жоиз. Романнинг тез шуҳрат топиб қўлма-қўл ўқилишига сабаб бўлган бош омил, бизнингча, унинг том маънода миллий адабий анъаналар заминида турганидир. Албатта, роман ғарб адабиёти ҳодисаси эканидангина келиб чиқилса, бу фикримиз зиддиятли кўриниши мумкин. Бироқ, шуниси ҳам аёнки, агар адабий анъаналаримиз замини романнинг илдиз отиши учун қулай бўлмаганида, ўтган асрнинг 20-йилларида ўзбек романининг пайдо бўлиши ҳам маҳол эди. Бизда илдизлари минг йиллардан нарига бориб тақалувчи халқ достонлари, қиссалар, турфа халқ китоблари, мумтоз шоирларимиз маснавий йўлида битган достонлар, хуллас, бой эпик анъана мавжуд эди. Илк романимизнинг қатор хусусиятлари (образлар тизими, сюжет мотивлари, мактублар ва ҳ.к.) фольклор ва мумтоз достончилик анъаналари заминида етишгани шундоқ кўзга ташланадики, бу унинг ғарб адабиёти йўлидаги тажриба бўлишдан ҳам аввалроқ миллий адабиётимиз вакили эканлигидан далолат. Яна шуки, роман ёзилган давр кишиларининг бадиий дид ва эҳтиёжлари достону қиссалар қатори кўҳна тарихлару жангномаларни ҳам ўқиб шаклланган эди. Шундан бўлса керак, «Ўткан кунлар»нинг кўп ўринларида аниқ саналар кўрсатилади, адиб ҳикоя қилаётганлари шунчаки ўзи тўқиган чўпчак эмас, балки тарихда айнан юз берган воқеалар дея тақдим этади. Эҳтимол, бу шунчаки бир бадиий приём (ривоя мотивировкаси) эмасми дея эътироз қилиниши мумкиндир. Лекин А.Қодирий учун бу шунчаки приём эмас, балки, «Ўткан кунлар» ҳам «Ўткан кунлар» танқиди устида баъзи изоҳлар»ида ёзганидек, «жўрттага, халқимизнинг савиясини эътиборга олиб» танланган ифода йўсини. Негаки, адиб «бизнинг омма то шу кунгача ҳам ўрта аср достон ва ҳикоялари билан озиқланиб келаётганини» яхши билади. Адиб бу ўринда тарихларни алоҳида тилга олмаса-да, юртдошлари узун қиш тунларини танча атрофида тариху жангномалар ўқиш билан қисқартиришларини ҳам яхши билгани шубҳасиз. Шу боис ҳам мавжуд шароитда энг мақбул йўлни топа олди: «омманинг шу ҳолини» назарга олган ҳолда унинг дидига мос ривоя, тасвир ва ифода йўсинидан борди. Натижада, анъанавийликнинг устуворлиги сабаб аксарият ўқувчилар «рўмон» атамаси билан чоп этилганига қарамай «Ўткан кунлар»ни ўзлари мутолаа қилиб ўрганган китобларидек қабул қилаверган. Жумладан, улар учун ўқиганлари асло чўпчак эмас, балки тарихлардаги каби айни ҳақиқат, шу боис ўзларини Отабекка дўст тутиб, Кумушни суйибу ғанимларига зимдан муштларини тугиб ўқиганлар...
Айтмоқчимизки, «Ўткан кунлар» бу жиҳати билан ҳам эски ва янги адабиёт орасидаги кўприк вазифасини ортиғи билан уддалаган. Яъни ўзидан кейин яратилган «Кеча ва кундуз», «Сароб», «Қутлуғ қон» романларида ифода тарзининг тамом янгича бўлишига замин яратган. Улардан фарқли ўлароқ, «Янги саодат», «Бефарзанд Очилдибой» асарлари учун бундай замин мавжуд бўлмаган. Гап шундаки, уларнинг иккиси ҳам замонавий мавзуда ёзилган бўлиб, бизнингча, худди шу нарса омманинг эстетик дидига мувофиқ келмас эди. Ҳолбуки, М.Бахтин романнинг «тугалланмаган ҳозир» билан боғлиқлиги уни эпосдан фарқловчи муҳим хусусият деб кўрсатганини ёдга олсак, иккала асар ҳам жанрнинг бу талабига мос эди. Шу ўринда яна А.Қодирийнинг «бизнинг омма то шу кунгача ўрта аср достон ва ҳикоялари билан озиқланиб келадир» деганини эслатамиз. Табиийки, ўқувчи омма ўша асарларни «эпик ўтмиш» («мутлақ ўтмиш») сифатида идрок этиб, ўзи билан уларда тасвирланган воқеалар орасида ҳамиша «эпик масофа»ни ҳис қилиб ўрганган. Яъни, бу жиҳатдан ҳам, А.Қодирий айтмоқчи, «бармоқ билан санарлик беш-ўнтагина (улар ҳам ўз ҳунарларида нўноқлардир) ёшларимиз» истисно қилинса, аксарият омма «Янги саодат», «Бефарзанд Очилдибой» типидаги асарларни эстетик идрок қилишга тайёр эмас эди. Мазкур шароитда «Ўткан кунлар»нинг муваффақиятини таъминлаган энг муҳим омил, бизнингча, унинг тарихий мавзуда ёзилганидир. Айни шу туфайли ўқувчи билан асарда тасвирланган воқеалар орасида «эпик масофа» йўқолди, уларни «тугалланмаган ҳозир» сифатида қабул қилиш осонлашди. Хўш, бунинг асоси, руҳий омиллари нимада? Юқорида давр ўқувчисининг тариху жангномалар ўқиганини урғулаб айтганимиз бежиз эмас. Зеро, ўша ўқувчи тарихларни, А.Қодирий айтган «ўрта аср достон ва ҳикоялари»дан фарқли ўлароқ, ўзига алоқадор бўлмаган «мутлақ ўтмиш» деб эмас, балки муайян бир вақтда содир бўлган ва ўзи яшаб турган даврга алоқадор «тарихий ўтмиш», узлуксиз кечаётган ЗАМОНнинг бир бўлаги сифатида идрок этган. Айтмоқчимизки, аксарият омма «Ўткан кунлар»га аввало тарих каби ёндашган ва шу боис ҳам ҳеч бир зўриқишсиз, ўзи ҳам сезмаган ҳолда асар бадиий оламига кириб қолган – янгича бадииятга ошно бўлган. Дарвоқе, кўпчиликка яхши маълумки, шунга ўхшаш ҳол аввалроқ араб адабиётида ҳам кузатилади: XIX асрнинг иккинчи ярмида шаклланган араб романчилигининг қалдирғочлари тарихий мавзуда ёзилган. Бу эса юқоридаги мулоҳазаларимиз нафақат ўзбек, балки бошқа Шарқ халқлари адабиётларига ҳам тааллуқли бўлиши мумкинлигини кўрсатиб, бунда муайян қонуният амал қилаётир деган фикрга бошлайди. Фикримизча, мазкур масаланинг махсус ўрганилиши бир қатор муаммоларни ойдинлаштириб, муҳим назарий хулосалар чиқариш имконини беради.
Асосий масалага қайтсак, Юэ роман билан тарихни тўқима ва ҳақиқат нисбатига асосан фарқлаганига келиб тўхтагандик. Қизиғи, унинг ўзи ҳам танлаган фарқлаш асоси етарли эмаслигини ҳис қилиб туради. Чунки роман «тўқиб чиқарилган воқеа» асосига қурилади дегани билан тарихий мавзудаги романлар борлигини инкор қилолмайди. Шу боис буюк шахслар (подшоҳлар, саркардалар) ҳаёти қаламга олинган романларда тўқима салмоғи учинчи қатлам кишилари ҳақидаги романларга нисбатан камроқ бўлишини ҳам айтиб ўтади. Яъни роман билан тарих кескин фарқланмаяптики, бунинг сабаларига қуйироқда тўхталамиз. Ҳозирча «тўқиб чиқарилган воқеа» асосига қурилади дейиш билан бу ўринда ҳам унинг, худди роман асосида севги тарихи ётади дегани каби, романни мазмун жиҳатидан тавсифлаётганини қайд этамиз.
Кўряпмизки, Юэ замонида роман мазмун жиҳатидан фарқланган бўлса, тарихий тараққиёт давомида бу фарқлар йўққа чиққан. Худди ғазал каби: аввалига аёл мадҳига бағишланган шеърки «ғазал» дейилган – шу мазмун ифодаси учун энг мақбул бўлмиш биз билган «ғазал» шакли оммалашган – айни шаклда бошқа мавзудаги шеърлар ҳам битила бошлаган, хуллас, мазмун шаклга ўтган. Лекин шуниси борки, ғазалдан фарқли ўлароқ, шакл жиҳатидан ҳам романнинг қатъий белгиларини ажратиш мушкул. Жумладан, Юэ илгари шеърий йўлда ёзилган асарлар ҳам «роман» деб аталаверганини айтиб, замонавий романга берган таърифида насрда ёзилганликни асосий белги сифатида таъкидлайди. Қизиғи шундаки, жанр тараққиётининг кейинги босқичларида яна «шеърий роман»лар ёзилди. Шунга ўхшаш, кейинги даврларда роман таърифларида тилга олинувчи қатор шаклий белгилар: «йирик ҳажмли воқеабанд асар», «кўп планли мураккаб сюжет», «ҳаётни кенг кўламда тасвирлаш», «мураккаб образлар системасини ташкил этувчи кўп сонли персонажлар», «қаҳрамон ҳаётининг катта бир даврини қаламга олиш» ва шу кабилар мутахассисларни бот-бот «аммо баъзан истиснолар ҳам бўлади, масалан...» қабилидаги изоҳларни қайд этишга мажбур қилади. Негаки, ижод амалиёти қайсидир жиҳати билан бу қоидаларга тушмайдиган романларни пайдо қилаверади ва шу ҳол романнинг барча кўринишлари учун умумий бўлган шаклий белгиларни аниқлаш имконини бермайди.
Мазкур ҳолни назарга олган ҳолда немис файласуфи Ф.Шлегель роман моҳиятини «мангу шаклланишда бўлиш ва ҳеч қачон тугалланмасликда» кўриб, ҳеч бир назария романни тўла қамраб ололмаслигини таъкидлайди. М.Бахтин ҳам романни ўрганишдаги қийинчиликлар сабабини айни шунда кўради. Зеро, аллақачон бадиий тажрибани қуйиш мумкин бўлган тайёр қолип ҳолига келган бошқа жанрлардан фарқли ўлароқ, роман «шаклланаётган ва ҳали тайёр ҳолга келмаган ягона жанр»дир. Балки бирмунча кескин туюлар, лекин, фикримизча, Шлегелнинг қатъий ҳукми ҳақиқатга анча яқин, «мангу шаклланишда бўлиш ва ҳеч қачон тугалланмаслик» романнинг қисмати кўринади. Ахир, Юэнинг асари романга бағишланган илк тадқиқотлардан бири бўлса, орада ўтган вақт давомида яна минглаб тадқиқотлар яратилди. Бироқ романга ҳар жиҳатдан мукаммал – барчани бирдек қониқтирадиган ва шу жанрга мансуб этилувчи барча асрларга мувофиқ келадиган таъриф берилганича йўқ, берилмайди ҳам. Зеро, ҳар бир роман, бир томондан, сўз санъатида узоқ асрлар давомида кечган изланишлар маҳсули – у ўзидан олдинги романлар (шунингдек, бошқа хил асарлар) билан генетик алоқада. Иккинчи томондан, ҳар бир роман бугуннинг ижтимоий-бадиий тафаккури ҳосиласи, у бугуннинг эстетик диди, ижтимоий-маънавий эҳтиёжларига жавоб беради. Бу эса романга тарихий аспектда қаралса бир, замонавий аспектда қаралса бошқа бир манзара ҳосил бўлиши табиий ва қонуний деганидир. Шу боис ҳам, масалан, кўпчилик томонидан эътироф этилган концепциялардан бирининг муаллифи Гегель роман хусусидаги фикр-мулоҳазаларини «энг янги романлар», «ҳозирги маънодаги роман», «буржуа эпопеяси сифатидаги роман» каби андишаларини қайд этган ҳолда баён қилади. Зеро, у назарда тутган роман билан Юэ назарда тутган роман, яъни ҳар икки олимнинг назарий хулосаларига асос бўлган материал бошқа-бошқадир. Шуни назарда тутган ҳолда П.А.Гринцер «роман доирасида анъанавий ва янги роман ҳақида гапириш ўринли бўлади» дея таъкидлайдики, бунга қўшилиш керак.
Анъанавийларини қўя турайлик, янги роман, яъни «буржуа эпопеяси» сифатидаги роман назариясига асос солган Гегель жанрнинг моҳиятини «қалб поэзияси билан турмушдаги муносабатлар прозаси», ўз «идеаллари ва қалб амри»га биноан яшётган одам билан муҳит зиддиятида кўради. Гегель қарашларини ривожлантирган мутахассислар роман асосий эътиборни ўз ҳолича бутун бир олам бўлмиш одамга қаратади деган мавқеда собитлар. Жумладан, роман қаҳрамонининг тақдири ва эгаллаган мавқеи унинг ўзига номувофиқлиги (М.Бахтин) ёки «муҳит билан, унинг меъёр ва талаблари билан келиша олмаслиги»га (Г.Поспелов), романда «шахс ҳаёти билан ижтимоий ҳаёт нисбий мустақил стихиялар» (В.Богданов) сифатида тасвирланишию асосида «шахснинг интилишлари билан умум қабул қилинган меъёрлар зиддияти» (А.Михайлов) ётишига урғу берилади. Шундан келиб чиқиб, «у ёки бу тарзда ўзи яшаётган ижтимоий муҳитга қарши турган шахснинг руҳий олами» (Е.Мелетинский), унинг «эски дунёнинг тасаввур ва ақидалари билан тўқнашувда маънавий ва ақлий ривожланиши», «ижтимоий характерининг шаклланиши» (Г.Поспелов) романнинг асосий муаммоси эканлиги эътироф этилади. Профессор Қ.Йўлдошевнинг ҳозирги миллий романчилигимиз ҳақида тўхталиб, унинг «воқеа ҳам, ғоя ҳам эмас, балки биринчи навбатда, бетакрор шахс руҳиятидаги товланишлар тасвиридир» деганига ҳам шуларнинг давоми сифатида қараш мумкин. Ушбу фикрнинг биринчи қисми, яъни «воқеа ҳам, ғоя ҳам эмас» дейилгани замонавий романдаги силжишларни ифода этаётгандек бўлса-да, иккинчи қисми, яъни жанр моҳиятининг «бетакрор шахс руҳиятидаги товланишлар тасвири» билан боғлаб қўйилаётгани, бизнингча, жанр моҳиятини тор тушунишга олиб боради. Негаки, биринчидан, бу таъриф романнинг биргина кўриниши – психологик романга нисбатан кўпроқ мос келади; иккинчидан, шахснинг муҳит билан зиддиятию руҳиятидаги шу билан боғлиқ товланишларни тасвирлашнинг ўзи тугал мақсад бўлолмайди. Камина билан Қ.Йўлдошев қарашларидаги фарқловчи чизиқ айни шу нуқтадан ўтадики, биз романда қаҳрамон (унинг муҳит билан зиддиятлари, руҳияти) ҳам, воқеа ҳам восита деб ҳисоблаймиз. Зеро, масалан, ўзбек романчилигининг сара намуналари – «Ўткан кунлар», «Кеча ва кундуз», «Қутлуғ қон», «Лолазор», «Мувозанат» кабилар, Қ.Йўлдошев айтмоқчи, «муаллифлари персонажлар шахсиятига хос қирраларни роман жанри миқёсида очишни бадиий ният қилганлари» учун роман ёки улар Отабек, Мирёқуб, Йўлчи, Яхшибоев, Юсуф отлиқ «бетакрор шахслар руҳиятидаги товланишларни» тасвирлаш учунгина яратилган десак, адибларнинг бадиий ниятларини чала англаган бўлиб чиқамиз. Негаки, гарчи гап ният ҳақида бораётган эса-да, асли ҳар икки ҳолда ҳам асар бадиий воқелигидангина келиб чиқилаётган, унинг ортида турган ижодкор субъекти эътибордан четда қолаётган бўлади. Яъни, бошқача айтсак, гап саналган асарларнинг яратилиш сабабига, уларнинг ёзилишини эҳтиёжга айлантирган омилга бориб тақалмоқда. Шу маънода, Қ.Йўлдошев «романнинг жанрини белгилашда муаллиф нияти ҳал қилувчи кўрсаткич қилиб олинса, тўғри бўлади» деганида тўла ҳақ. Фақат бу ўринда ўша ниятнинг ўзини аниқлаб олиш зарур бўлади. Испан адабиётшуноси А.Прието «роман қониқмаслик ёки ишончу умидларда алданишдан келиб чиқувчи исён натижасида дунёга келади» деб айтади. Фикримизча, юқоридаги романларнинг бари айни шундай «исён» – муайян бир ижтимоий-тарихий шароитда етилган маънавий-руҳий эҳтиёж маҳсулидирки, бизнингча, ҳозир буни асослашга алоҳида тўхталиб ўтиришга зарурат бўлмаса керак. Шунингдек, уларнинг барида замонни, жамиятнинг жорий ҳолатини идрок этишга интилиш борлиги, муаллифлари учун ўзлари яратган бадиий воқелик олам ва одам моҳиятини англаш учун бир калит, ўзлари англаган ҳақиқатни яхлит бадиий концепция тарзида ифодалаш воситаси эканлиги ҳам шубҳа уйғотмайди. Зеро, булар – Гегель назарда тутган «буржуа эпопеяси» сифатидаги янги романнинг адабиётимиздаги эталонларидир. Бундай романда эса, ушбу жанр назарияси борасида Гегель таълимотининг давомчиси бўлмиш Г.Лукач фикрича, дунёнинг яхлитлигию бутунлигини, мавжудликнинг туб моҳиятини англаш – бош муаммо, қаҳрамоннинг дунё билан зиддияти ўша муаммони ҳал қилиш воситасидир. Шунақа экан, «муаллифнинг персонажлар шахсиятига хос қирраларни роман жанри миқёсида очишни бадиий ният қилганлигининг ўзи роман жанрини белгилайдиган асосий омил дейиш мумкин» (Қ.Йўлдошев) деган фикрига қўшилиб бўлмайди. Зеро, акс ҳолда воситани мақсад деб тушунилган бўлади.
Таъкидлаш керакки, юқоридаги фикрларимиз ҳозирда «роман» деб юритилаётган барча асарларга эмас, балки замона бадиий тафаккурида эпоснинг вориси бўлиб турган романларга тааллуқлидир. Шу нуқтада «Эпоснинг вориси деганда нимани назарда тутамиз?» деган саволнинг қалқиб чиқиши табиий, демак, фикримизни изоҳлаш зарур.
Роман назариясига оид ишларда эпос билан романнинг ўзаро муносабати, улардаги умумий ва фарқли томонларга жиддий эътибор бериб келиниши маълум. Жумладан, роман генезиси ҳақида гап борганда, унинг эпосдан ўсиб чиққани, тараққиётининг муайян даврларида ўзида эпосга хос хусусиятларни кўпроқ сақлаб келгани, шундан сўнггина «замонавий эпос» мақомини олгани таъкидланади. Эпос билан романни фарқлашда турлича асосларга таянилади: эпоснинг асосий тамойили – бутунлик, романники – тарқоқлик; эпосда жамоавийлик, романда индивидуаллик устувор; эпос монологик, роман диалогик тафаккур асосига қурилади қабилидаги фарқлар мутахассислар томонидан атрофлича асослаб берилган. Бироқ ҳозир бизни фарқлар эмас, иккиси учун умумий бир нуқта кўпроқ қизиқтирадики, қуйида шунга мухтасар тўхталамиз.
Инсон томонидан яратилган нарса борки, маълум бир эҳтиёж туфайли дунёга келади ва муайян бир вазифани бажаради. Образли тафаккур асосида яралган асарлар ҳам бундан истисно эмас ва бу жиҳатдан қадимиятдаги асарларни, бизнингча, учта типга ажратиш мумкин: 1) олам тартиботини англашга қаратилган миф; 2) олам бағридаги одамни, унинг бутун олам билан бирлигини идрок этишга қаратилган эпос; 3) конкрет ҳаётий ҳолатлар идрокига қаратилган ва амалий-татбиқий характердаги масал, эртак, ривоят, ҳикоят, латифа кабилар. Тўғри, миф адабиёт эмас, бироқ адабиётни ундирган замин экани ҳам шубҳасиз, антик даврда миф ва адабиётнинг қоришиқ яшагани ҳам шундан. Масалан, «Илиада» ёхуд «Одиссея»да шундай қоришиқлик кузатилади. Дарвоқе, мутахассисларнинг «Илиада»дан «Одиссея»га ўтишда романга хос унсурлар кўзга ташланишини таъкидлашлари бежиз эмас: марказида алоҳида шахс – Одиссей тургани, унинг имконлари худолар белгилаб қўйган тақдирдан кенглиги шундай дейишга муайян асос беради ҳам. Лекин бизни бу ўринда бошқа нарса кўпроқ қизиқтиради. Демак, агар миф билан қоришиқ эпосга роман унсурлари кириб келган экан, вазифа нуқтаи назаридан уларда умумийлик бўлиши табиий. Айтмоқчимизки, ўз вақтида мифнинг вазифасини эпос зиммасига олган бўлса, кейинча, Европа халқлари тарихида янги давр бошлангач, бу иккисининг вазифасини «буржуа эпоси» сифатида майдонга чиққан «янги роман» ўз зиммасига олди. Энди у, Вольтер айтмоқчи, «енгилтабиат ҳавойи ёшлар кўнгилхушлиги» учун яратилмай, балки жамиятнинг жорий ҳолатини ва шу орқали оламу одам мавжудлигининг моҳиятини бадиий идрок этиш мақсадига сафарбар этилди.
Ҳозирги ўзбек адабий-танқидий тафаккурида Ғарб «янги романи» андозасида олинган роман назарияси устувор. Бу табиий ҳам. Зеро, ўзбек романчилиги шаклланган пайтга келиб Ғарбда «янги роман» икки асрдан зиёд ривожланиш йўлини босиб ўтган, адибларимиз учун тайёр ижодий тажриба, адабиётшунослар учун тайёр назарий ишланмалар мавжуд эдики, бундай шароитда бадиий ҳам танқидий тафаккуримизнинг изма-из бориши табиий ва қонуний ҳолдир. Бироқ, юқорида айтилганидек, ҳозирда «роман» деб юритилаётган асарларнинг ҳаммаси ҳам мазкур талабларга тушмайди. Мавжуд турфалик туфайли «бунинг нимаси роман?» дея ҳайрон бўлишлар, «роман талабларига жавоб бермайди, чунки...» дея даъвони турли йўллар билан асослашга интилишларга бот-бот дуч келамиз. Ҳолбуки, бу ҳам, аввало, романнинг ўзгарувчан табиати, иккинчидан, унинг жорий адабий жараёндаги янгиликларни ўзига сингдиришга қобил ва мойиллиги, учинчидан, жанрнинг турли кўринишлари турли илдизлардан сув ичиши билан изоҳланувчи табиий ва қонуний бир ҳолдир.
Романнинг мудом ўзгаришда яшаши даврнинг эстетик диди, ижтимоий ва маънавий-руҳий эҳтиёжларига жавоб беришга интилиш билан изоҳланади. Масалан, Европа янги романида аввалига қаҳрамоннинг ижтимоий-маънавий изланишлари воқеаларнинг изчил тасвири орқали кўрсатилган, бу рицарлик романлари таъсирида шаклланган дидга мос эди. Жамиятда рационализмдан безиб, инсон ҳис-туйғуларига эътибор кучайиши билан романда ҳам инсон ички олами тасвирининг салмоғи ортиб боради. XIX асрнинг иккинчи ярмига келиб «қалб диалектикаси» (Толстой), инсон онгидаги зиддиятли изланишлар тасвири (Достоевский) устуворлик касб этса, XX аср бошларида «онг оқими» (Жойс) майдонга чиқади. Шунга ўхшаш, «Ўткан кунлар»да персонажлар руҳияти кўпроқ воқеалар тасвирида очиладики, бунинг сабабини юқорида омманинг диди билан изоҳладик. Яқин тарихимиздаги энг зиддиятли давр идрокига қаратилган «Кеча ва кундуз»да эса қаҳрамон (Мирёқуб) онгидаги зиддиятларнинг бевосита тасвири муҳим аҳамият касб этади. Ёки жамият ҳаётида яна бир бурилиш нуқтаси етилган паллада ёзилган «Лолазор»да яқин ўтмиш Яхшибоев онгию қалбидан ўтказиб сарҳисоб этилса, «Мувозанат»да ўтиш даврининг мураккабликалари Юсуфнинг онгию қалбида аксланади. Яъни саналган романларнинг ҳар бири услуби, ифода тарзига кўра нечоғлик ўзига хос бўлмасин, даврни – инсон воситасида жамиятнинг жорий ҳолатини идрок этишга қаратилгани уларни бирлаштиради, битта жанрга мансуб этади.
Юқорида айтдикки, Гегель ўз қарашлари «энг янги романлар»га тааллуқли эканлигини таъкидлаган, шундан келиб чиқиб матнда уни шу чоққача «янги роман» деб келяпмиз. Ҳолбуки, қарийб уч юз йил давомида унинг янгилиги қолмаган, аксинча, аллақачон «классик тушунчадаги» ёхуд «анъанавий» сифатлари билан белгилана бошлаган. Бу ҳам табиий. Зеро, кишилик жамияти тарихининг Гегель таърифидаги «янги роман»ни майдонга чиқарган босқичи боқий эмас. XX аср адоғига яқинлашган сари башарият ўз тараққиётининг янги босқичига киргани тобора равшанлашиб борди. Эҳтимол, турли сабабларга кўра қай бир эллар буни эртароқ, қай бирлари бирмунча кечроқ ҳис этгандир, лекин ихтиёримиздан ташқаридаги объектив янгиланиш жараёни инсонни ўзгартираётгани шубҳасиз. Глобаллашув шароитида – оламнинг бирлигию Одам авлодининг тақдири туташлигини ва айни чоғда ўзаро муносабатларда меҳр-оқибат кўтарилаётганини теран ҳис этиб; ўз қудратига маҳлиё бўлгани ҳолда ич-ичидан ожизлигини туйиб, турфа маданиятлар алоқаси ўта тиғизлашганидан бир-бирига сингиб бораётган маконда, замон шиддатига мос маромда муттасил шошиб яшаётган инсоннинг диди, маънавий-руҳий эҳтиёжлари ҳам шуларга мос равишда ўзгармоқда. Албатта, табиатан ўзгаришга мойил ва мудом шаклланишдаги романда ҳам давр билан ҳамқадам янгиланиш жараёни кечди. Шу маънода, ўтган асрнинг ўрталарида бир гуруҳ француз адибларининг роман бобидаги ижодий тажрибалари «янги роман» номи билан умумлаштирилгани бежиз эмас, зеро, янги давр яна «янги роман»ни майдонга чиқара бошлаганди.
Ўтган аср адоғидан бошлаб бундай изланишлар ўзбек романчилигида ҳам кузатиладики, О.Мухтор, Х.Дўстмуҳаммад, Т.Рустамов, У.Ҳамдам, И.Султон каби қатор ёзувчиларнинг ижодий тажрибалари сабаб ҳозирги танқидчилик «анъанавий роман» – «модернистик роман» айирмаларини фаол қўллашга зарурат сезмоқда. Негаки, энди «янги роман» анъанавий деб қарала бошланган эски «янги роман»дан жиддий фарқ қилиши тобора яққол кўзга ташланмоқда. Жумладан, анъанавий романда реалистик тенденциялар кучлилигидан ҳақиқатга монанд манзаралар тасвирланса, янгисида ҳаёт билан хаёлот қоришиб кетади («Кўзгу қаршисидаги одам», «Тепаликдаги хароба»); аввалгисида автологик образлар устувор бўлса, кейингисида рамзий-мажозий ифода устунлик қилади («Бозор»); бирини ўқиганингда реал хронотопни ҳис этиб турсанг, бошқасида ҳақиқатга монанддек туюлувчи замон ҳам, макон ҳам аслида шартли эканини қабул қилишинг даркор («Исён ва итоат»); бири бир-бирига узвий боғлиқ воқеалар асосига қурилса, иккинчиси турли макон ва замонда кечувчи фрагментлардан бир бутунлик ҳосил қилишга интилади («Боқий дарбадар») ва ҳоказо. Табиийки, биз «янги роман»нинг фақат айрим жиҳатларини санадик, аслида улар шунчалик ранг-барангки, беихтиёр шошиблар қолади киши.
Хўш, бунчалар турфаликни умумлаштирувчи нуқта қайси? Қайси жиҳат уларнинг барини битта жанрга – романга мансуб этади? Ахир, «қаҳрамон ва муҳит зиддияти» десак, масалан, «Боқий дарбадар»да қаҳрамоннинг ўзи йўқ (балки шу ҳол кемтик бўлиб кўринганидандир, ҳатто янгиликларни теран ҳис этувчи ва табиатан уларга хайрихоҳ Қ.Йўлдошев ҳам «Назаримизда, профессор Зиёнинг ўғли образи табиати бир қадар кенгроқ тасвирланиши, асосланиши ва такомилга етказилиши лозим эди» деган истак-тавсияни беради. Ҳолбуки, агар шундай қилинганида, айни шу образ бош қаҳрамон мақомига тортиб қолар, асар структурасининг эса анъанавий роман андозаларига мос ҳолда тубдан ўзгариши даркор бўлур эди). Ёки «бетакрор шахс руҳиятидаги товланишлар тасвири» демоқчи бўлсак, масалан, «Кўзгу қаршисидаги одам» ёхуд «Тепаликдаги хароба»да анъанавий тушунчадаги психологик тасвир йўқ-да?! Фикримизча, буларни умумлаштирувчи битта жиҳат бор: уларда яратилган бадиий воқелик – у хоҳ ҳақиқатга монанддек туюлсин ва хоҳ мутлақо хаёлий, майли, гоҳ эртакка, гоҳи мифга тортиб кетсину гоҳ ҳужжатли асосга эгадек кўринсин – булардан қатъи назар, муаллифлари учун жамиятнинг жорий ҳолатини бадиий идрок этиш ва шу асосда оламу одам мавжудлигининг моҳияти ҳақидаги ўз қарашларини тизим ҳолида, яхлит бадиий фалсафа тарзида ифодалаш учун бир воситадир. Айни шу нарса уларни анъанавий романнинг ворисига, унинг бугунги кундаги кўринишига айлантиради. Сирасини айтганда, анъанавий роман учун муҳим саналган «қаҳрамон ва муҳит конфликти», «қаҳрамоннинг маънавий-руҳий изланишлари» каби тушунчалар «янги роман»да изсиз йўқолгани ҳам йўқ, улар ижодкор субъекти томон силжиди (албатта, силжиш даражаси турлича), холос. Зеро, янги романдаги бадиий воқелик ортида ҳамиша ўзининг муҳит билан зиддиятидан юзага келган муаммоларни идрок этаётган муаллиф қалби, унинг шу йўлдаги маънавий-руҳий изланишлари суратланади. Сабаби, анъанавий романда объективлаштирилган тасвирга мойиллик, янги романда эса ичдан ўтказилган реаллик туғдирган ўй-ҳисларга мос бадиий воқелик яратиш мақсади устувор. Шу боис анъанавий роман ўз мақсадига етиш учун реалистик тасвирга эҳтиёж сезади, янги роман эса бу ички мажбуриятдан фориғдир.
Ниҳоят, ҳозирда роман деб юритилувчи асарларнинг бениҳоя хилма-хил эканига келдик. Юқорида бундай турфалик романнинг ўзгарувчанлиги, турли услубий-жанрий хусусиятларни ўзига сингдиришга қобиллиги ва жанр кўринишларининг ҳар бири ўз илдизларидан сув ичиши билан изоҳланишини айтиб ўтдик. Агар шу ҳол эътиборга олинса, бизнингча, роман ҳақидаги баҳслар ҳам тўғри ўзанга тушган бўлур эди. Зеро, танқидчилик амалиётида кўпинча эпоснинг вориси бўлмиш романга қўйилувчи талабларни жанрнинг барча кўринишларига бирдек татбиқ этмоқчи бўламизки, бу нотўғри ёндашувдир. Масалан, ўтмиш воқеаларини ўқишли ҳикоя қилувчи тариху жангномалар вориси бўлган тарихий романларни олайлик. Уларда тарихий ҳақиқатни бадиий ҳақиқатга айлантириш асносида ўтмишни ва у орқали замонанинг айрим муаммоларини идрок этиш, ўтмиш сабоқларини замона учун ибрат қилиш мақсадлари кузатилади. Тарихий ҳақиқатга содиқлик талаби ёзувчини чеклайди, шу боис унда, эпос давомчиси бўлган роман муаллифидан фарқли ўлароқ, жамиятнинг жорий ҳолатини идрок этиш имкони камроқ, метафорик йўсинда замонага муносабат билдириш билан кифояланишга мажбур. Лекин, барибир, романнинг бу хили эпоснинг вориси бўлган романга бошқаларига қараганда яқинроқ туради, чунки унда ҳам аксар ўтмиш материали асосида оламу одам моҳиятини англашга интилиш кузатилади. Маноқиб ва ҳолотлар давомчиси бўлган тарихий-биографик романда бирмунча ўзгача ҳол кузатилади, зеро, унинг бош мақсади тарихий шахс ҳаёти ва фаолиятини ёритиш бўлиб, бошқа ҳаммаси шундан ўстириб чиқарилади. Тарихий-биографик романда, ўз вақтида Юэ айтганидек, бадиий тўқима имкони кам, шу боис унда кўпроқ қаҳрамон ҳаётини ибрат намунаси сифатида тасвирлаш, у тушган ҳаётий ҳолатлардан ҳикматлар чиқаришу унинг ҳаёт фалсафасини ифодалаш билан чекланилади. Мазкур фикрларнинг қай даражада асослилиги ҳақида «Улуғбек хазинаси» билан «Юлдузли тунлар» романларини қиёсий мушоҳада этиш билан етарли тасаввур ҳосил қилиш мумкин, шуни ўйлаб бу борадаги гапни мухтасар қиламиз.
Юқорида образли тафаккур асосида яралган асарларнинг учинчи типи амалий-татбиқий характерда бўлишини айтдикки, фикримизча, ҳозирги романларнинг бир туркуми генетик жиҳатдан шу типдаги асарлар билан боғланади. Татбиқий-амалий характерда деганимиз шуки, инсон биргина билиш эҳтиёжи билан яшамайди, унинг учун, масалан: вақтичоғлик қилиш, ҳайратланиш, завқланиш, ҳазил-мутойиба кабилар ҳам табиий эҳтиёждир. Ўз вақтида турли-туман эртаклару ривоятлар, ҳикояту латифалар айни шу эҳтиёжларни қондиришга ҳам хизмат қилган. Маълумки, адабиётшуносликда рицарлик романларининг сеҳрли эртаклар билан генетик алоқаси атрофлича асослаб берилган (А.Михайлов, Е.Мелетинский). Бироқ, биринчидан, эртак ҳудуди сеҳрли эртаклар билангина чекланмайди, иккинчи томондан, мазмуни ва қурилиши жиҳатидан эртак, афсона, ривоят, ҳикоят, латифа кабилар бир-бирига жуда яқин, ораларидаги фарқлар доим ҳам яққол кўринмайди. Шуни эътиборга олган ҳолда уларнинг барини шартли равишда «эртак» дея турайлик-да, машҳур «Минг бир кеча» эртакларини ёдга олайлик. Ундаги кўпгина эртаклар саргузаштли сюжет асосига қурилган; баъзисида ҳаётнинг реал манзаралари акс этса, бошқасида фантастик мавжудотларга дуч келинади; бириси саёҳат тафсилотлари, тағин бири қаҳрамоннинг шумлиги ё қувлиги, бошқа бири жиноят сирининг очилишидан ҳикоя қилади, бир туркуми эса ишқий-эротик мазмунда. Хуллас, зийрак ўқувчи бу эртакларда омма маъқул қилиб турган роман (саргузашт, детектив, фантастик, ишқий-эротик, қўрқинч ва б.) илдизларини кўра олади. Яъни оммавий адабиёт деганимиз энди пайдо бўлган эмас, балки азалдан мавжуд эдики, унинг мавжудлиги инсоннинг турли эҳтиёжлари билан боғлиқдир. Демак, ҳозирги кунда оммавий адабиёт вакили бўлган романларнинг урчиб бораётгани, аввало, шунга яраша дид ва эҳтиёжлар мавжудлиги билан изоҳланади.
Кўряпмизки, роман масаласи турли даврларда ва турли муносабатлар билан бот-бот қалқиб чиқаверадиган «адабиёт надир?» саволи каби мангу муаммолар сирасига киради. Негаки, роман ҳар бир даврнинг эстетик диди ва маънавий-руҳий эҳтиёжларига мослашиб, адабиётдаги янгиликларни зудлик билан ўзига сингдирган ҳолда мудом шаклланишда яшовчи жанрдир. Албатта, масалага ёндашишда энг аввал «роман» истилоҳи қайси маънода қўлланаётганини аниқлаб олмоқ зарур. Ҳозирда адабиётшунослару қалам аҳли томонидан роман истилоҳи «эпик тур жанри» маъносида ҳам, «катта ҳажмли воқеабанд асар» маъносида ҳам ишлатилмоқда. Ҳолбуки, роман деб юритилаётган асарлар бир-биридан фарқланади. Шунга кўра, бизнингча, истилоҳ «жанр» маъносида қўлланганида, юқорида таърифланган эпоснинг вориси сифатидаги романнинг назарда тутилгани мақсадга мувофиқдир.
Dilmurod Quronov