Tarixning har bir yangi davri insonning borliqdagi oʻrni, uning hayotiy maqsad va vazifalarini oʻziga xos tarzda tushunish hamda talqin qilish evaziga vujudga kelgan. Badiiy adabiyot ham borliqni, mavjud voqelikni taftish qilish asnosida olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm – badiiy konsepsiyani yaratadi. Adabiyotning markazida inson turishini hisobga olsak, badiiy konsepsiyaning negizini ham inson konsepsiyasi tashkil etishi oydinlashadi.
Adabiyotshunoslikda badiiy tafakkurning uch tipi farqlanadi: arxaik yoki mifopoetik; traditsionalistik yoki normativ; individual-ijodiy yoki tarixiy. Arxaik bosqichda inson oʻzini tabiatning ajralmas bir qismi sifatida his qiladi, sanʼat ham sinkretik – hali turlarga ajralmagan holda mavjud boʻladi. Traditsionalizm bosqichida adabiyot alohida soha sifatida shakllanadi, biroq ijodkorning inson haqidagi qarashlari davrga xos kanonlar doirasidan chetlashmaydi. Individual-ijodiy bosqichning asosiy farqlovchi xususiyati esa asarda real ijtimoiy shaxs – individ kechinmalari, unga xos nuqtayi nazarning ifodalanishidir. Roman janrining tugʻilishi va taraqqiyoti ayni shu evolyutsiya bilan chambarchas bogʻliq.
Roman – mazmun-mohiyati, ifoda imkonlari bilan hayotga, shu jumladan, ijtimoiy odamga eng yaqin janr. Zero roman insonni yaxlit ijtimoiy tuzilmalar kontekstida koʻrsatish, olam va odam munosabatlarini yirik epik koʻlamda, bor murakkabligi bilan tasvirlash qudratiga ega yagona janrdir.
Roman insoniyat oʻzini ijtimoiy mavjudot sifatida badiiy idrok etish ehtiyoji tugʻilgan pallada vujudga kelgan. V.Belinskiyning yozishicha, roman “ijtimoiy-fuqarolik, oilaviy va umuminsoniy munosabatlar cheksiz murakkab hamda dramatik shaklga kirgan, hayot chuqur va keng yoyilgan chigal elementlarning poyonsiz xilma-xilligiga aylangan davrda vujudga keladi”. Demak, roman ijtimoiy odamni anglashda, zamonaviy shaxsning murakkab kechmishlarini badiiy talqin qilishda epos qahramonining imkonlari toraygan, har jihatdan yangi inson konsepsiyasiga ehtiyoj tugʻilgan davrda yaratildi.
Ikki ming yillik tarixga ega boʻlsa-da, roman hamon navqiron janr. Sababi u xuddi kaltakesak kabi eskirgan va shikastlangan “aʼzo”larini tashlab, regeneratsiya qila oladi hamda buqalamun kabi vaziyat va sharoitga oson moslashadi, muntazam ravishda tusini oʻzgartirib turadi. Ayni shu xususiyatlari uni tushunish va tushuntirish imkonlarini cheklaydi. Nemis faylasufi F.Shlegel ikki asr oldin romanning mohiyati “mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslikda” ekanini qayd etgan. M.Baxtin ham “roman – shakllanayotgan va hali tayyor holga kelmagan yagona janr” deydi: agar boshqa janrlarni oʻrganish “oʻlik tilni oʻrganish kabi” boʻlsa, romanni oʻrganish “tirik va hali yosh tilni oʻrganish” kabi qiyindir.
Qariyb toʻrt asrki janrga xos muammolar D.Yue, F.Blankenburg, F.Shelling, Jan Pol, F.Shlegel, Novalis, F.Gegel, V.Belinskiy, A.Veselovskiy, D.Lukach, M.Baxtin kabi olimlar tomonidan oʻrganib kelinmoqda. Biroq haligacha romanning janriy xususiyatlarini aniq belgilab, muayyan qolipga solib beruvchi “formula” ixtiro qilingan emas.
Roman nazariyasiga doir dastlabki tadqiqotlarda (XVII–XVIII asrlar) janrning oʻziga xosligi eposga qiyosan belgilangan. Ularga koʻra: roman boshqa adabiy janrlarga xos maʼnoda “poetik” boʻlmasligi; roman qahramoni soʻzning na epik, na tragik maʼnosida “qahramonona” boʻlmasligi, oʻzida ham ijobiy, ham salbiy, ham kulgili, ham jiddiy xususiyatlarni jamlashi; qahramon tayyor va oʻzgarmas odam sifatida emas, balki hayotning oʻzi tarbiyalab borayotgan shaxs sifatida gavdalanishi; qadimgi dunyo uchun epopeya qanday boʻlsa, roman ham zamonaviy dunyo uchun shunday boʻlishi lozim.
Bu hukmlar mohiyatan eskirmagan boʻlsa-da, XVIII asrdan keyin ham shaklan, ham mazmunan jiddiy oʻzgarishlarga yuz burgan roman tabiatini anglashga ojizlik qiladi. Shu sababli M.Baxtin mazkur “eng plastik janr”ning muhim oʻziga xosliklarini qayta belgilaydi: romanning koʻptilli tafakkur bilan bogʻliq uslubiy uch oʻlchovliligi; roman badiiy obraziga xos zamon koordinatalarining tubdan oʻzgarishi; badiiy obrazning hozirgi notugal zamon bilan maksimal bogʻliqligi. Baxtin oʻz salaflarini inkor etmaydi, balki toʻldiradi va adabiyotshunoslikni muhim “instrument” – xronotop nazariyasi bilan qurollantiradi.
Ming yillar davomida roman har qancha tuslanmasin, uning yagona, azaliy haqiqati – zamonaviy inson (shaxs)ni anglash muammosi oʻzgarmadi. Roman taqdiri inson taqdirida yashaydi. Romanning tarixiy taraqqiyoti ijtimoiy munosabatlarning oʻsib borishi va shaxsning shakllanishi bilan parallel kechadi. Shu maʼnoda roman evolyutsiyasini davrlashtirish shaxs evolyutsiyasini davrlashtirish bilan barobar.
B.Grifsov roman taraqqiyotining toʻrt bosqichini sanaydi: II–XII asrlarda shakllangan yunon romani; XII–XV asrlardagi ritsarlik romanlari; XVI asrdan Ispaniyada yuzaga kelgan parodik-ritsarlik (satirik) romanlar; XVII asrda Fransiyada paydo boʻlib, butun Yevropaga tarqalgan yangi (burjua) roman. Nazariyotchilar orasida bu borada yakdillik yoʻq, biroq barchasi davrlashtirishda tarixiy-ijtimoiy sharoitning oʻzgarishi va unga monand inson konsepsiyasining taqdim etilishi qonuniyatiga tayanadi.
Masalan, yunon romanlari hali tom maʼnoda epos anʼanalari bagʻridagi roman edi, lekin uning qahramonida birinchi marta individual shaxsga xos xususiyatlar koʻrina boshlaydi. D.Lukachga koʻra, bu roman Yunonistonda “qadimiy ishlab chiqarish usulining inqirozi munosabati bilan tovarga egalik elementlari vujudga kelgan va shaxs ilk bor rasmiy mustaqillikka erishgan paytdan” vujudga keladi. Ritsarlik va burjua romanlari ham shunga oʻxshash omillar sabab paydo boʻladi.
Roman tabiatini ochish uchun nazariyotchilar odatda uni epos bilan qiyoslaydilar. Epos real, ijtimoiy dunyoning inʼikosi emas; u ijtimoiy munosabatlar hali mustahkam qaror topmagan, alohida shaxs qadri ahamiyat kasb etmagan davrlardagi xalqning ideal dunyo haqidagi tasavvurlari mahsuli. Shu sababli epos qahramonida individual shaxs elementlari yoʻq: u shaklan odam, mazmunan esa ideal. Eposda inson konsepsiyasi mavjud, biroq shaxs konsepsiyasi mavjud emas. Roman esa qahramonda alohida shaxsga xos muammolar, nuqtayi nazar va xarakter qirralari yoki muallifning tasvirlayotgan voqelikka nisbatan individual, kinoyaviy munosabati boʻrtib koʻrina boshlagan kezlarda eposdan ajralib chiqdi.
Janr boʻyicha eng dastlabki nazariy asar – “Romanning kelib chiqishi haqidagi risola” (1666) fransuz mutafakkiri Pyer-Daniel Yue qalamiga mansub. Unga qadar romanni eposga xos mezonlar doirasida oʻrganib kelgan boʻlsalar, Yue bu ikki janrni farqlashga harakat qiladi: uningcha, epos koʻproq moʻjizaviy voqelikni qamrab oladi, roman esa haqiqatga yaqin turadi.
Yuening zamondoshi Nikola Bualo esa romanni “klassik dostonning buzilgan shakli” deb biladi, uni ulugʻ hukmdorlar va qahramonlarning shonli sarguzashtlarini emas, oddiy maishiy turmush ikir-chikirlari va “sevgi oʻyinlari” atrofida aylanib yuruvchi janr sifatida yoqtirmaydi. Biroq oʻz salbiy qarashlarini aytarkan, Bualo istamagan holda muhim nazariy muammoni oʻrtaga tashlaydi: u romanning eposdan ayricha hodisa ekanini va real hayot hamda real insonlarni tasvirlashini tan oladi. Shu tariqa Yue va Bualo uzoq, afsonaviy oʻtmishni emas, hozirgi hayotni va real odamni tasvirlash romanning farqlovchi xususiyati ekanini koʻrsatib, romanni epos bilan qiyoslash anʼanasini boshlab beradilar.
Fransuzlardan bir asr keyin roman muammosiga nemis mutafakkirlari jiddiy qiziqa boshlaydi. F.Blankenburgning “Roman haqida tajriba” (1774) risolasi nemis adabiyotshunosligida janrni tizimli oʻrganishga qaratilgan ilk asar hisoblanadi. Unga koʻra, eposdagi odam “fuqaro” – muayyan davlat aʼzosi, romandagisi esa “oddiy”, “yalangʻoch odam”. Yaʼni epos qahramonida davlat va xalqning jamoaviy irodasi namoyon boʻladi, roman qahramoni esa oʻz holicha alohida dunyo.
Blankenburg romanda qahramon ham ichki, ham tashqi dunyosi bilan namoyon boʻlishi, mahoratli adib uning ruhiyatidagi evrilishlarni tashqi voqelik bilan aloqadorlikda tasvirlashi lozimligini yozadi. U romannavisni badiiy voqelikni oʻz shaxsiy qarashlari asosida gavdalantiruvchi “yaratuvchi” sifatida koʻradi. Olimning yana bir muhim fikri: “Agar dastlabki romannavislar butunlay fuqarolik davrida tugʻilgan va shakllangan boʻlsa edi, ular roman emas, balki poema yozardilar”. Demak, janrning gʻoyaviy-estetik shakllanishi, avvalo, ijtimoiy shart-sharoit va estetik ehtiyojga bogʻliq: roman vujudga kelgan davrda muallif emas, avvalo jamiyat yangi inson konsepsiyasiga ehtiyoj sezdi.
Epos va romanni qiyoslash anʼanasi Gegelga kelib teranlashadi. Faylasuf bugungi huquqiy, axloqiy va siyosiy shart-sharoitlarda eposdagi kabi ideal obrazlar yaratish imkoniyatlari oʻta chegaralangan, deb hisoblaydi va romanni “burjua epopeyasi” sifatida talqin qiladi. Uningcha, romanda ham eposdagi kabi olamning keng, yaxlit tasviri bor, biroq unda “olamning dastlabki poetik holati” – poeziya va nasr hali bir butun boʻlgan sinkretik holat mavjud emas. Oʻtmish sanʼati “poeziya” boʻlsa, zamonaviy munosabatlar qaror topgan yangi sivilizatsiya “proza”dir.
Gegel roman tabiatida “poetik qalb va uning ziddi boʻlgan maishiy munosabatlar prozasining” toʻqnashuvini koʻradi. Shu maʼnoda u Blankenburg xulosalariga “tuzatish” kiritadi: romanda faqat individual shaxsning gavdalanishini emas, balki shu shaxsning ijtimoiy hayot bilan ziddiyatli munosabatini ham koʻradi. V.Belinskiy ham Gegel izidan borib, epos va roman mohiyatida “poeziya” va “proza” ziddiyatini koʻradi: epos xalqning goʻdaklik davrida, hayoti poeziya va proza sifatida ikki qutbga ajralmagan kezlarda paydo boʻladi, romanda esa “oddiy maishiy prozaik hayot hodisalari ideallashtiriladi” va roman hayotni “ayni vaqtdagi holatida” koʻrsatadi.
Yuedan tortib Belinskiygacha boʻlgan olimlarda muammo yuzasidan deyarli bir xil xulosaning turli shaklda aytilishini koʻramiz. M.Baxtinga kelib bu “anʼana”ga barham beriladi: olim ikki janr tabiatini va ularga xos inson konsepsiyasini zamon-makon butunligi – xronotop asosida farqlaydi. Eynshteynning nisbiylik nazariyasi zamon va makon butunligi asosida olamni tadqiq qilgani kabi, Baxtin xronotopi ayni shu mezon bilan adabiyotni oʻrganadi. Soddaroq aytganda, agar asarda vaqt oʻlchami hisobga olinmasa, qahramonlar bir zamondan ikkinchisiga “sakrab” yursa va vaqt ularning xarakteriga taʼsir qilmasa – bu ertak yoki doston; badiiy zamon real vaqt qonuniyatiga monand harakatlansa – bu roman.
Baxtinga koʻra, “janr va janrga xos xususiyatlar aynan xronotop vositasida yuzaga chiqadi”, badiiy xronotopda vaqt omili makonga nisbatan muhimroq va xronotop “adabiyotda inson obrazi mohiyatini ham belgilaydi”. Eposga xos zamon jamoaviy: unda hayotning individual yoʻnalishi hali ajralib chiqmagan, vaqt ham hammaniki. Shu sababli epos qahramoni – toʻkis qahramon, u bunday toʻkislikka vaqt sinovlaridan oʻtib yetishmagan. Shaxs esa uch oʻlchamli badiiy fazoga sigʻmaydi, uni faqat vaqt bilan hisoblashuvchi toʻrt oʻlchamli badiiy fazo – romandagina gavdalantirish mumkin.
Eposning tasvir obyekti “mutlaq oʻtmish” boʻlib, qahramon bilan tinglovchini cheksiz “epik masofa” ajratib turadi. Romanning vaqt koordinatasi esa ayni zamon, aniqrogʻi, “tugallanmagan zamon”. Oʻquvchi qahramonning dardu tashvishlarini oʻzida his qilishi, tanqid qilishi yo ustidan kulishi uchun u bilan bir vaqt koordinatasida yashashi zarur. Roman sanʼatkor ana shu haqiqatni anglab, oʻz asariga VAQTni olib kirgan kezlarda vujudga keldi. Shundan beri ijodkor tarixiy, fantastik, modernistik yo postmodernistik roman yozadimi – farqi yoʻq, shaxsni real vaqt koordinatalarida tasvirlashga mahkum.
Baxtin bu jarayonda “xalq kulgu madaniyati” muhim rol oʻynaganini, roman muayyan shaxs yoki hayotiy voqeani hajv qiluvchi kulgu janrlaridan oʻsib chiqqanini aytadi: kulgu mutlaq epik masofani parchalaydi, odam bor-boricha, muvaffaqiyatiyu ojizliklari bilan talqin qilinadi. “Inson obraziga muhim dinamika kirib keldi, – deydi olim. – Bu dinamika obrazning turli holatlari oʻrtasidagi nomuvofiqlik boʻlib, odam oʻz-oʻziga muvofiq kelishni toʻxtatadi”.
Agar Gegel romanning markazida jamiyat bilan ziddiyatda turgan shaxsni koʻrgan boʻlsa, Baxtin bunga qoʻshimcha ravishda oʻz-oʻzi, ruhiyati va taqdiri bilan ham ziddiyatda turgan insonni koʻradi. Roman qahramoni har doim “yo oʻz taqdiridan balandroq, yo insoniyligidan pastroq”, yaʼni hech qachon toʻkis emas. Buning sababi – romanga xos inson konsepsiyasining tugallanmagan zamonda vujudga kelishi. Bunday konsepsiyada qahramon oʻz-oʻzi bilan, jamiyat, muallif, oʻquvchi va oʻz fazosidagi barcha madaniy unsurlar bilan bahsga kirishishi mumkin. Bu Baxtin boshqa tadqiqotlarida keng yoritgan polifonizm hodisasidir.
Roman nazariyasiga doir tadqiqotlarni tadrijiy kuzatsak, ularda ham inson badiiy konsepsiyasining izchil taraqqiyoti koʻrinadi: Yue va Blankenburg romanda individ – shaxsning gavdalanishini koʻrdilar; Gegel shaxsning jamiyat bilan ziddiyatini qayd etdi; Baxtin esa shaxsning jamiyat hamda oʻz-oʻzi bilan ziddiyatini – polifonizmni kashf etdi. Baxtinning qarashlari hozircha mazkur mavzudagi eng soʻnggi va muhim nazariy hukm boʻlishi mumkin.
Soʻnggi oʻn-oʻn besh yilda dunyo va ijtimoiy munosabatlarning tobora virtuallashib borayotganini kuzatyapmiz. Balki yaqin kelajakda insonning tafakkur tarzi jonli hayotda emas, virtual reallikda shakllana boshlar va ana shunday jamiyatda yashagan shaxs uchun tom maʼnoda yangi inson konsepsiyasiga – demak, romanning ham yangi shakliga ehtiyoj tugʻilar.
Koʻrinadiki, romanning janr sifatidagi maqsadlari ham, shakli va mazmuni ham inson konsepsiyasidan oʻsib chiqadi. Gegel romanning bosh muammolaridan biri sifatida “mavjud voqelik asosida shaxsni tarbiyalash”ni koʻrgan edi. Shu fikrdan ilhomlanib aytish mumkinki, roman insonni nafaqat badiiy ifodalaydigan va anglaydigan, balki uning muammolariga yechim taklif eta oladigan janr. Roman – jamiyat ongiga qadalgan fikriy urugʻ: u ijtimoiy munosabatlar taʼsirida subyektiv ibtido oʻlaroq tugʻiladi, muallif unga ishlov berib, yana jamiyatga taqdim etadi va yillar, asrlar oʻtib u daraxt misol boʻy choʻzib, atrofga tomir yoyadi.
Тарихнинг ҳар бир янги даври инсоннинг борлиқдаги ўрни, унинг ҳаётий мақсад ва вазифаларини ўзига хос тарзда тушуниш ҳамда талқин қилиш эвазига вужудга келган. Бадиий адабиёт ҳам борлиқни, мавжуд воқеликни тафтиш қилиш асносида олам ва одам ҳақида яхлит бадиий ҳукм – бадиий концепцияни яратади. Адабиётнинг марказида инсон туришини ҳисобга олсак, бадиий концепциянинг негизини ҳам инсон концепцияси ташкил этиши ойдинлашади.
Адабиётшуносликда бадиий тафаккурнинг уч типи фарқланади: архаик ёки мифопоетик; традиционалистик ёки норматив; индивидуал-ижодий ёки тарихий. Архаик босқичда инсон ўзини табиатнинг ажралмас бир қисми сифатида ҳис қилади, санъат ҳам синкретик – ҳали турларга ажралмаган ҳолда мавжуд бўлади. Традиционализм босқичида адабиёт алоҳида соҳа сифатида шаклланади, бироқ ижодкорнинг инсон ҳақидаги қарашлари даврга хос канонлар доирасидан четлашмайди. Индивидуал-ижодий босқичнинг асосий фарқловчи хусусияти эса асарда реал ижтимоий шахс – индивид кечинмалари, унга хос нуқтайи назарнинг ифодаланишидир. Роман жанрининг туғилиши ва тараққиёти айни шу эволюция билан чамбарчас боғлиқ.
Роман – мазмун-моҳияти, ифода имконлари билан ҳаётга, шу жумладан, ижтимоий одамга энг яқин жанр. Зеро роман инсонни яхлит ижтимоий тузилмалар контекстида кўрсатиш, олам ва одам муносабатларини йирик эпик кўламда, бор мураккаблиги билан тасвирлаш қудратига эга ягона жанрдир.
Роман инсоният ўзини ижтимоий мавжудот сифатида бадиий идрок этиш эҳтиёжи туғилган паллада вужудга келган. В.Белинскийнинг ёзишича, роман “ижтимоий-фуқаролик, оилавий ва умуминсоний муносабатлар чексиз мураккаб ҳамда драматик шаклга кирган, ҳаёт чуқур ва кенг ёйилган чигал элементларнинг поёнсиз хилма-хиллигига айланган даврда вужудга келади”. Демак, роман ижтимоий одамни англашда, замонавий шахснинг мураккаб кечмишларини бадиий талқин қилишда эпос қаҳрамонининг имконлари торайган, ҳар жиҳатдан янги инсон концепциясига эҳтиёж туғилган даврда яратилди.
Икки минг йиллик тарихга эга бўлса-да, роман ҳамон навқирон жанр. Сабаби у худди калтакесак каби эскирган ва шикастланган “аъзо”ларини ташлаб, регенерация қила олади ҳамда буқаламун каби вазият ва шароитга осон мослашади, мунтазам равишда тусини ўзгартириб туради. Айни шу хусусиятлари уни тушуниш ва тушунтириш имконларини чеклайди. Немис файласуфи Ф.Шлегел икки аср олдин романнинг моҳияти “мангу шаклланишда бўлиш ва ҳеч қачон тугалланмасликда” эканини қайд этган. М.Бахтин ҳам “роман – шаклланаётган ва ҳали тайёр ҳолга келмаган ягона жанр” дейди: агар бошқа жанрларни ўрганиш “ўлик тилни ўрганиш каби” бўлса, романни ўрганиш “тирик ва ҳали ёш тилни ўрганиш” каби қийиндир.
Қарийб тўрт асрки жанрга хос муаммолар Д.Юе, Ф.Бланкенбург, Ф.Шеллинг, Жан Пол, Ф.Шлегел, Новалис, Ф.Гегел, В.Белинский, А.Веселовский, Д.Лукач, М.Бахтин каби олимлар томонидан ўрганиб келинмоқда. Бироқ ҳалигача романнинг жанрий хусусиятларини аниқ белгилаб, муайян қолипга солиб берувчи “формула” ихтиро қилинган эмас.
Роман назариясига доир дастлабки тадқиқотларда (ХВИИ–ХВИИИ асрлар) жанрнинг ўзига хослиги эпосга қиёсан белгиланган. Уларга кўра: роман бошқа адабий жанрларга хос маънода “поетик” бўлмаслиги; роман қаҳрамони сўзнинг на эпик, на трагик маъносида “қаҳрамонона” бўлмаслиги, ўзида ҳам ижобий, ҳам салбий, ҳам кулгили, ҳам жиддий хусусиятларни жамлаши; қаҳрамон тайёр ва ўзгармас одам сифатида эмас, балки ҳаётнинг ўзи тарбиялаб бораётган шахс сифатида гавдаланиши; қадимги дунё учун эпопея қандай бўлса, роман ҳам замонавий дунё учун шундай бўлиши лозим.
Бу ҳукмлар моҳиятан эскирмаган бўлса-да, ХВИИИ асрдан кейин ҳам шаклан, ҳам мазмунан жиддий ўзгаришларга юз бурган роман табиатини англашга ожизлик қилади. Шу сабабли М.Бахтин мазкур “энг пластик жанр”нинг муҳим ўзига хосликларини қайта белгилайди: романнинг кўптилли тафаккур билан боғлиқ услубий уч ўлчовлилиги; роман бадиий образига хос замон координаталарининг тубдан ўзгариши; бадиий образнинг ҳозирги нотугал замон билан максимал боғлиқлиги. Бахтин ўз салафларини инкор этмайди, балки тўлдиради ва адабиётшуносликни муҳим “инструмент” – хронотоп назарияси билан қуроллантиради.
Минг йиллар давомида роман ҳар қанча тусланмасин, унинг ягона, азалий ҳақиқати – замонавий инсон (шахс)ни англаш муаммоси ўзгармади. Роман тақдири инсон тақдирида яшайди. Романнинг тарихий тараққиёти ижтимоий муносабатларнинг ўсиб бориши ва шахснинг шаклланиши билан параллел кечади. Шу маънода роман эволюциясини даврлаштириш шахс эволюциясини даврлаштириш билан баробар.
Б.Грифсов роман тараққиётининг тўрт босқичини санайди: ИИ–ХИИ асрларда шаклланган юнон романи; ХИИ–ХВ асрлардаги рицарлик романлари; ХВИ асрдан Испанияда юзага келган пародик-рицарлик (сатирик) романлар; ХВИИ асрда Франсияда пайдо бўлиб, бутун Европага тарқалган янги (буржуа) роман. Назариётчилар орасида бу борада якдиллик йўқ, бироқ барчаси даврлаштиришда тарихий-ижтимоий шароитнинг ўзгариши ва унга монанд инсон концепциясининг тақдим этилиши қонуниятига таянади.
Масалан, юнон романлари ҳали том маънода эпос анъаналари бағридаги роман эди, лекин унинг қаҳрамонида биринчи марта индивидуал шахсга хос хусусиятлар кўрина бошлайди. Д.Лукачга кўра, бу роман Юнонистонда “қадимий ишлаб чиқариш усулининг инқирози муносабати билан товарга эгалик элементлари вужудга келган ва шахс илк бор расмий мустақилликка эришган пайтдан” вужудга келади. Рицарлик ва буржуа романлари ҳам шунга ўхшаш омиллар сабаб пайдо бўлади.
Роман табиатини очиш учун назариётчилар одатда уни эпос билан қиёслайдилар. Эпос реал, ижтимоий дунёнинг инъикоси эмас; у ижтимоий муносабатлар ҳали мустаҳкам қарор топмаган, алоҳида шахс қадри аҳамият касб этмаган даврлардаги халқнинг идеал дунё ҳақидаги тасаввурлари маҳсули. Шу сабабли эпос қаҳрамонида индивидуал шахс элементлари йўқ: у шаклан одам, мазмунан эса идеал. Эпосда инсон концепцияси мавжуд, бироқ шахс концепцияси мавжуд эмас. Роман эса қаҳрамонда алоҳида шахсга хос муаммолар, нуқтайи назар ва характер қирралари ёки муаллифнинг тасвирлаётган воқеликка нисбатан индивидуал, киноявий муносабати бўртиб кўрина бошлаган кезларда эпосдан ажралиб чиқди.
Жанр бўйича энг дастлабки назарий асар – “Романнинг келиб чиқиши ҳақидаги рисола” (1666) франсуз мутафаккири Пер-Даниел Юе қаламига мансуб. Унга қадар романни эпосга хос мезонлар доирасида ўрганиб келган бўлсалар, Юе бу икки жанрни фарқлашга ҳаракат қилади: унингча, эпос кўпроқ мўжизавий воқеликни қамраб олади, роман эса ҳақиқатга яқин туради.
Юенинг замондоши Никола Буало эса романни “классик достоннинг бузилган шакли” деб билади, уни улуғ ҳукмдорлар ва қаҳрамонларнинг шонли саргузаштларини эмас, оддий маиший турмуш икир-чикирлари ва “севги ўйинлари” атрофида айланиб юрувчи жанр сифатида ёқтирмайди. Бироқ ўз салбий қарашларини айтаркан, Буало истамаган ҳолда муҳим назарий муаммони ўртага ташлайди: у романнинг эпосдан айрича ҳодиса эканини ва реал ҳаёт ҳамда реал инсонларни тасвирлашини тан олади. Шу тариқа Юе ва Буало узоқ, афсонавий ўтмишни эмас, ҳозирги ҳаётни ва реал одамни тасвирлаш романнинг фарқловчи хусусияти эканини кўрсатиб, романни эпос билан қиёслаш анъанасини бошлаб берадилар.
Франсузлардан бир аср кейин роман муаммосига немис мутафаккирлари жиддий қизиқа бошлайди. Ф.Бланкенбургнинг “Роман ҳақида тажриба” (1774) рисоласи немис адабиётшунослигида жанрни тизимли ўрганишга қаратилган илк асар ҳисобланади. Унга кўра, эпосдаги одам “фуқаро” – муайян давлат аъзоси, романдагиси эса “оддий”, “яланғоч одам”. Яъни эпос қаҳрамонида давлат ва халқнинг жамоавий иродаси намоён бўлади, роман қаҳрамони эса ўз ҳолича алоҳида дунё.
Бланкенбург романда қаҳрамон ҳам ички, ҳам ташқи дунёси билан намоён бўлиши, маҳоратли адиб унинг руҳиятидаги эврилишларни ташқи воқелик билан алоқадорликда тасвирлаши лозимлигини ёзади. У романнависни бадиий воқеликни ўз шахсий қарашлари асосида гавдалантирувчи “яратувчи” сифатида кўради. Олимнинг яна бир муҳим фикри: “Агар дастлабки романнавислар бутунлай фуқаролик даврида туғилган ва шаклланган бўлса эди, улар роман эмас, балки поема ёзардилар”. Демак, жанрнинг ғоявий-эстетик шаклланиши, аввало, ижтимоий шарт-шароит ва эстетик эҳтиёжга боғлиқ: роман вужудга келган даврда муаллиф эмас, аввало жамият янги инсон концепциясига эҳтиёж сезди.
Эпос ва романни қиёслаш анъанаси Гегелга келиб теранлашади. Файласуф бугунги ҳуқуқий, ахлоқий ва сиёсий шарт-шароитларда эпосдаги каби идеал образлар яратиш имкониятлари ўта чегараланган, деб ҳисоблайди ва романни “буржуа эпопеяси” сифатида талқин қилади. Унингча, романда ҳам эпосдаги каби оламнинг кенг, яхлит тасвири бор, бироқ унда “оламнинг дастлабки поетик ҳолати” – поезия ва наср ҳали бир бутун бўлган синкретик ҳолат мавжуд эмас. Ўтмиш санъати “поезия” бўлса, замонавий муносабатлар қарор топган янги сивилизация “проза”дир.
Гегел роман табиатида “поетик қалб ва унинг зидди бўлган маиший муносабатлар прозасининг” тўқнашувини кўради. Шу маънода у Бланкенбург хулосаларига “тузатиш” киритади: романда фақат индивидуал шахснинг гавдаланишини эмас, балки шу шахснинг ижтимоий ҳаёт билан зиддиятли муносабатини ҳам кўради. В.Белинский ҳам Гегел изидан бориб, эпос ва роман моҳиятида “поезия” ва “проза” зиддиятини кўради: эпос халқнинг гўдаклик даврида, ҳаёти поезия ва проза сифатида икки қутбга ажралмаган кезларда пайдо бўлади, романда эса “оддий маиший прозаик ҳаёт ҳодисалари идеаллаштирилади” ва роман ҳаётни “айни вақтдаги ҳолатида” кўрсатади.
Юедан тортиб Белинскийгача бўлган олимларда муаммо юзасидан деярли бир хил хулосанинг турли шаклда айтилишини кўрамиз. М.Бахтинга келиб бу “анъана”га барҳам берилади: олим икки жанр табиатини ва уларга хос инсон концепциясини замон-макон бутунлиги – хронотоп асосида фарқлайди. Эйнштейннинг нисбийлик назарияси замон ва макон бутунлиги асосида оламни тадқиқ қилгани каби, Бахтин хронотопи айни шу мезон билан адабиётни ўрганади. Соддароқ айтганда, агар асарда вақт ўлчами ҳисобга олинмаса, қаҳрамонлар бир замондан иккинчисига “сакраб” юрса ва вақт уларнинг характерига таъсир қилмаса – бу эртак ёки достон; бадиий замон реал вақт қонуниятига монанд ҳаракатланса – бу роман.
Бахтинга кўра, “жанр ва жанрга хос хусусиятлар айнан хронотоп воситасида юзага чиқади”, бадиий хронотопда вақт омили маконга нисбатан муҳимроқ ва хронотоп “адабиётда инсон образи моҳиятини ҳам белгилайди”. Эпосга хос замон жамоавий: унда ҳаётнинг индивидуал йўналиши ҳали ажралиб чиқмаган, вақт ҳам ҳамманики. Шу сабабли эпос қаҳрамони – тўкис қаҳрамон, у бундай тўкисликка вақт синовларидан ўтиб етишмаган. Шахс эса уч ўлчамли бадиий фазога сиғмайди, уни фақат вақт билан ҳисоблашувчи тўрт ўлчамли бадиий фазо – романдагина гавдалантириш мумкин.
Эпоснинг тасвир обекти “мутлақ ўтмиш” бўлиб, қаҳрамон билан тингловчини чексиз “эпик масофа” ажратиб туради. Романнинг вақт координатаси эса айни замон, аниқроғи, “тугалланмаган замон”. Ўқувчи қаҳрамоннинг дарду ташвишларини ўзида ҳис қилиши, танқид қилиши ё устидан кулиши учун у билан бир вақт координатасида яшаши зарур. Роман санъаткор ана шу ҳақиқатни англаб, ўз асарига ВАҚТни олиб кирган кезларда вужудга келди. Шундан бери ижодкор тарихий, фантастик, модернистик ё постмодернистик роман ёзадими – фарқи йўқ, шахсни реал вақт координаталарида тасвирлашга маҳкум.
Бахтин бу жараёнда “халқ кулгу маданияти” муҳим рол ўйнаганини, роман муайян шахс ёки ҳаётий воқеани ҳажв қилувчи кулгу жанрларидан ўсиб чиққанини айтади: кулгу мутлақ эпик масофани парчалайди, одам бор-борича, муваффақиятию ожизликлари билан талқин қилинади. “Инсон образига муҳим динамика кириб келди, – дейди олим. – Бу динамика образнинг турли ҳолатлари ўртасидаги номувофиқлик бўлиб, одам ўз-ўзига мувофиқ келишни тўхтатади”.
Агар Гегел романнинг марказида жамият билан зиддиятда турган шахсни кўрган бўлса, Бахтин бунга қўшимча равишда ўз-ўзи, руҳияти ва тақдири билан ҳам зиддиятда турган инсонни кўради. Роман қаҳрамони ҳар доим “ё ўз тақдиридан баландроқ, ё инсонийлигидан пастроқ”, яъни ҳеч қачон тўкис эмас. Бунинг сабаби – романга хос инсон концепциясининг тугалланмаган замонда вужудга келиши. Бундай концепцияда қаҳрамон ўз-ўзи билан, жамият, муаллиф, ўқувчи ва ўз фазосидаги барча маданий унсурлар билан баҳсга киришиши мумкин. Бу Бахтин бошқа тадқиқотларида кенг ёритган полифонизм ҳодисасидир.
Роман назариясига доир тадқиқотларни тадрижий кузацак, уларда ҳам инсон бадиий концепциясининг изчил тараққиёти кўринади: Юе ва Бланкенбург романда индивид – шахснинг гавдаланишини кўрдилар; Гегел шахснинг жамият билан зиддиятини қайд этди; Бахтин эса шахснинг жамият ҳамда ўз-ўзи билан зиддиятини – полифонизмни кашф этди. Бахтиннинг қарашлари ҳозирча мазкур мавзудаги энг сўнгги ва муҳим назарий ҳукм бўлиши мумкин.
Сўнгги ўн-ўн беш йилда дунё ва ижтимоий муносабатларнинг тобора виртуаллашиб бораётганини кузатяпмиз. Балки яқин келажакда инсоннинг тафаккур тарзи жонли ҳаётда эмас, виртуал реалликда шакллана бошлар ва ана шундай жамиятда яшаган шахс учун том маънода янги инсон концепциясига – демак, романнинг ҳам янги шаклига эҳтиёж туғилар.
Кўринадики, романнинг жанр сифатидаги мақсадлари ҳам, шакли ва мазмуни ҳам инсон концепциясидан ўсиб чиқади. Гегел романнинг бош муаммоларидан бири сифатида “мавжуд воқелик асосида шахсни тарбиялаш”ни кўрган эди. Шу фикрдан илҳомланиб айтиш мумкинки, роман инсонни нафақат бадиий ифодалайдиган ва англайдиган, балки унинг муаммоларига ечим таклиф эта оладиган жанр. Роман – жамият онгига қадалган фикрий уруғ: у ижтимоий муносабатлар таъсирида субектив ибтидо ўлароқ туғилади, муаллиф унга ишлов бериб, яна жамиятга тақдим этади ва йиллар, асрлар ўтиб у дарахт мисол бўй чўзиб, атрофга томир ёяди.
Saʼdullo Quronov