← Dilmurod Quronov
|

Milliy adabiyotimizni tarixiy poetika aspektida oʻrganish zaruratiga doir

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

Jahon hamjamiyatiga kiruvchi turli mamlakatlarning ijtimoiy taraqqiyot darajasi oʻzaro farqli boʻlib, bu milliy adabiyotlar taraqqiy darajasida ham oʻz aksini topadi. Eʼtiborli jihati shuki, umuman, kishilik jamiyati taraqqiyotining maʼlum bosqichlariga xos ijtimoiy-tarixiy sharoit alohida olingan har bir konkret jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichlarida mohiyatan oʻxshash tarzda takrorlanadi. Shunga bogʻliq holda milliy adabiyotlar taraqqiyotining muayyan bosqichlari ham mohiyatan oʻxshash boʻladiki, bu milliy adabiyotlar taraqqiyotidagi stadial umumiylik deb yuritiladi.

Jahon adabiy jarayoni benihoya rang-barang, zero, u bir vaqtning oʻzida yuzlab milliy adabiyotlar, turli yoʻnalish, oqim va maktablar, ularga mansub yo aslo aloqasi boʻlmagan ming-minglab individual uslubda qalam surayotgan ijodkorlarni oʻz ichiga oladi. Jahon adabiy jarayonini davrlashtirish bir qarashda imkonsizdek koʻrinishi shundan. Shunga qaramay, XIX asr oxiriga kelib tarixiy poetika asoschisi A.N.Veselovskiy jahon adabiy jarayonini bir butun deb tushunish anʼanasini boshlab berdi. Olim adabiy jarayonning «turli xalqlarda bir xil sharoit yuzaga kelganida takrorlanadigan»1 katta stadiya (davr)larini aniqlash adabiyot tarixi fani oldidagi muhim vazifa deb koʻrsatdi. Shuningdek, u antik yunon adabiyoti taraqqiyotini «umuman, adabiyot taraqqiyotining ideal meʼyori» deb tushunish biryoqlamalik ekanini taʼkidlaydi. Yigirma yillar oʻtib nemis faylasufi O.Shpengler: «Antik dunyo bilan Gʻarbiy Yevropa hech qanaqasiga Hindiston, Bobil, Xitoy, Misr, arab dunyosi va mayya madaniyatiga qaraganda imtiyozli maqom tutmaydi; bular bari yagona hayotning turfa zuhuroti» ekani-yu ular «tarixning umumiy manzarasida teng qimmatga ega»ligini taʼkidlaydi.2 Bular fanda adabiyot taraqqiyotining yevroposentrik konsepsiyasi darz ketib, «umumjahon adabiy jarayoni» tushunchasi bilan ish koʻrila boshlanganidan darak edi. Tarixiy poetika va qiyosiy adabiyotshunoslik yoʻnalishlarida olib borilgan tadqiqotlar ayni yondashuvning ilmiy jihatdan toʻgʻriligini tasdiqladi. Xullas, tarixiy poetika va qiyosiy adabiyotshunoslik yutuqlariga tayangan V.Jirmunskiyning keyinroq «bashariyat ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotining birligi, oʻz navbatida, adabiyot taraqqiyotining birligiga zamin boʻladi»3 degan fikrni hukm tarzida aytishi uchun puxta zamin yaratilgan edi.

Hozirda adabiy jarayon javharida yotuvchi jihatlarni nazarda tutgan holda adabiyot taraqqiyotining uchta stadiyasi (bosqichi) ni ajratish, garchi ular turlicha nomlansa-da, tarixiy poetikada koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan. Jumladan, sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat mualliflar guruhiga koʻra «badiiy tafakkurning eng umumiy va barqaror uchta: 1) arxaik yoki mifopoetik; 2) traditsionalistik yoki normativ; 3) individual-ijodiy yoki tarixiy (yaʼni tarixiylik tamoyiliga asoslanuvchi) tiplari»4 mavjud.

Arxaik bosqich tosh asridan boshlab antik Yunonistonda to mil. avv. VII – VI asrlar, Sharqda milodiy I asrgacha belgilanib, asosiy xususiyati sifatida sinkretiklik koʻrsatiladi. Istiloh yunoncha «farqlamaslik» soʻzidan olingan boʻlib, oʻzi anglatadigan tu­ shuncha mohiyatiga mos. Zero, bu oʻrinda eng avval tafakkurdagi sinkretiklik, yaʼni olamni yaxlit – tabiat bilan insonni, soʻz bilan u anglatgan narsani, «men» bilan «oʻzga»ni, hayotiy amal bilan sanʼatni farqlamasdan qabul qiladigan, hali abstrakt fikrlash va refleksiya (oʻzini anglash)ga qobil boʻlmagan ongga xos tafakkur nazarda tutiladi. Shu bilan bogʻliq tarzda sanʼatlar, adabiy turlar sinkretik (yaʼni hali bir-biridan ajralmagan, farqlanmagan) holda mavjud, asosiy shakl boʻlmish xorda muallif, qahramon va oʻquvchi qorishiq yashaydi – ular ham hali farqlanmagan. Shuningdek, badiiy tafakkur mexanizmlari shakllanmagan, ong hali oʻxshatish amaliga qobil emas, parallelizm asosida fikrlaydi. Xullas, arxaik davr sinkretizm bagʻrida badiiy tafakkurga xos asosiy xususiyat va mexanizmlar ibtidoiy koʻrinishida shakllangan, obrazli til, subyekt formalari, syujet arxetiplari, tur va janrlarning kurtaklari uzoq vaqt mobaynida asta-sekin yetilgan bosqichdir.

Traditsionalizm yoxud normativ poetika bosqichi Yevropada antik Yunonistondagi mil. avv. VI – V asrlardan XVIII asr oʻrtalarigacha, Sharqda esa milodiy I asrdan XIX asr oxiri – XX asr boshlariga qadar boʻlgan davrni, qariyb ikki yarim ming yilni oʻz ichiga oladi. Avvalo, bu bosqichda adabiyot (poeziya) alohida soha oʻlaroq ajraldi, uni anglashga intilish natijasida adabiyot nazariyasi vujudga keldi. Bu adabiyot nazariyasi anʼana, namuna va meʼyor tushunchalarini asos qilib oldi. Zero, traditsionalizmning mohiyati sara namunalarga ergashishda namoyon boʻladi, bu esa ijodkorning namunani yaratishda tayanilgan muayyan meʼyorlarga qatʼiy amal qilishini taqozo etadi.

Taʼkidlash kerakki, nechogʻlik muhim boʻlmasin, anʼanaviylik va meʼyoriylik tushunchalarining oʻzi adabiyot taraqqiyotining qariyb ikki yarim ming yillik davrini toʻla tavsiflash uchun kamlik qiladi. Shu bois ham uni boshqa xususiyatlariga tayanib tavsiflash harakati hanuz davom etib keladi. Jumladan, ayrim mutaxassislar buni kanoniklik, boshqalari reflektivlik, tagʻin birlari ritoriklik kabi xususiyatlar asosida amalga oshirishga harakat qilishgan. Hozirgi vaqtda esa ikkinchi bosqichni eydos tu­shunchasiga tayangan holda eydetik poetika davri5deb tavsiflash keng ommalashmoqda. Aytish kerakki, bu qarash universalligi bilan eʼtiborga loyiq, zero, eydos asosga olinsa, yuqorida mazkur – anʼanaviylik, meʼyoriylik, kanoniklik, ritoriklik, reflektivlik kabilar u bilan bogʻliq xususiyatlar sifatida talqin etilishi mumkin.

Shu oʻrinda yana bir muhim nuqtaga alohida toʻxtalib oʻtish­ ga zarurat seziladi. Gap shundaki, Yevropa adabiyotidagi ikkin­ chi bosqich oʻz ichida ikkita davrga ajratiladi: 1) qadimgi davr va oʻrta asrlar; 2) ilk yangi davr – Uygʻonish, barokko, klassitsizm. Sharq adabiyotidagi ikkinchi bosqichni esa oʻrta asrlardangina iborat deb bilish ommalashgan. Holbuki, masalan, N.I.Konrad mohiyat eʼtibori bilan Gʻarb adabiyotidagi kabi bosqichlar Sharq adabiyotida ham kechganini taʼkidlaydi.6 Darhaqiqat, agar Uygʻonish davri Yevropada yangi shakllanayotgan millatlarning oʻz tilida adabiyot (madaniyat) yaratishga harakati ekan, u holda X – XI asrlarda boshlangan turkiy tilda adabiyot yaratish harakatlari ham xuddi shunday Uygʻonish deb atalishi kerak emasmi?! Yoki adabiyotda islomiy gumanizm ruhining kuchayishi, tasavvuf taʼlimotiga koʻra borliqni Haqning tajallisi sifatida anglash va unga muhabbat qoʻyish – bular ham Uygʻonish gʻoyalariga hamohang emasmi?! Koʻrib turganimizdek, adabiyotimizning taraqqiyot yoʻlini ushbu masala nuqtayi nazaridan oʻrganib, oydinlashtirish zarur boʻlgan koʻplab masalalar mavjud.

Individual-ijodiy badiiy tafakkur bosqichi Yevropada XVIII asr oʻrtalaridan, Sharqda XIX asr oxiri – XX asr avvalidan boshlanib, hozirda ham davom etayotir. Avvalo, jamiyatdagi kabi shaxsning badiiy ijoddagi maqomi ham oʻzgardi: arxaik davrda muallif yoʻq edi, keyingi bosqichda mudom anʼana soyasida qolib keldi, uchinchi bosqichga kelib esa u markaziy oʻrinni egalladi. Endi muallif mavjud namunaga ergashish, belgilangan meʼyorlarga ogʻishmay rioya qilish majburiyatidan xalos boʻldi. Oʻzi va olamni anglash yoʻlida ijodkor soʻzdan erkin foydalanishi, unga shaxsiy sezimlari bilan bogʻliq xususiy maʼnolarni yuklashi mumkin boʻldi, natijada soʻz anʼana asosida anglanuvchi maʼnolariga qaraganda koʻlamliroq koʻpmaʼnolik kasb etdi: «ritorik soʻz» oʻrnini «muallif soʻzi» egalladi. Janr kanonlari yemirildi, ijod amaliyotida «har bir badiiy asar – oʻz holicha alohida janr» (F.Shlegel) tamoyili amal qiladigan boʻldiki, natijada adabiyot janriy-uslubiy jihatdan tubdan yangilandi. Adabiyot reallikka yaqinlashdi, nafaqat realistik, balki norealistik yoʻnalishdagi asarlarda ham reallik izlari yaqqol seziladigan boʻldi. Avvalgi bosqichdagidan farqli oʻlaroq, obraz oʻzi ifodalayotgan gʻoyaga nisbatan ham, aks ettirayotgan predmetiga nisbatan ham avtonomlik kasb etdi – tom maʼnodagi badiiyat hodisasiga aylandi. Shunga oʻxshash, «muallif – qahramon – oʻquvchi» uchligida ham har bir subyekt oʻz holicha avtonom boʻlib, ularning oʻzaro munosabatlari shu maqomdan turib qurila boshlandi. Ijod jarayoni individual-betakror hodisa sifatida tushunila boshladi. Endi bu jarayon oldindan belgilab qoʻyilgan qoidalar (kanon, meʼyor) asosida kechmaydi, aksincha, qoidalarning oʻzi ijod jarayonida yaratiladi. Zero, ijod jarayoni yakunlangan emas, balki mudom davom etayotgan hodisa sifatida tushuniladi va ayni xususiyati bilan u mudom oʻzgarishdagi olamga koʻproq mos keladi.

Nomiga mos tarzda uchinchi bosqich bilan individual ijodiy uslublar davri kirdi, adabiy jarayon endi ham ijodkor shaxsi, ham uni qurshagan voqelik bilan chambarchas bogʻliq kecha boshladi. Mazkur hol uchinchi bosqichda Yevropada kuzatilgan maʼrifatchilik, romantizm, realizm, modernizm, postmodernizm singari hodisalarni anglashda tabiiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Sababi, Yevropaning har bir mamlakatidagi ijtimoiy-madaniy shart-sharoitlar ham, ularning milliy adabiyotlardagi zuhuroti ham oʻziga xos, chunki ular bevosita ijodkor shaxsiyati orqali akslanadi. Ikkinchi tomoni, bu bosqichda Yevropa adabiyoti boshqa mintaqalardagi milliy adabiyotlar uchun lokomotiv boʻlib qolganini ham eʼtiborda tutish kerak. Yaʼni Yevropa adabiyotida kechgan jarayonlar boshqa milliy adabiyotlarda ham u yoki bu darajada kuzatiladi. Jumladan, yuqorida nomi zikr qilingan jamoaviy maqolada aytilishicha, «Sharq adabiyotlarida traditsionalistik tafakkurning yemirilishi adabiyotdagi maʼrifatchilik, romantizm va realizmga xos tendensiyalarning chatishuvi asosida kechadi».7 Darhaqiqat, eʼtibor qilinsa, XX asrning 10 – 20-yillarida adabiyotimizda maʼrifatchilik realizmi, romantizm va realizmga xos xususiyatlar qorishiq holda mavjud boʻlganini koʻrish mumkin. Mazkur jarayonlarni kuzatganda, eng avval, Gʻarbda ikki asr davomida kechgan jarayonlar milliy adabiyotimizda atigi 15 – 20 yil ichidayoq amalga oshgani koʻzga tashlanadi.8 Albatta, bunda ijtimoiy hayotda kechgan oʻzgarishlarning shiddati ham muhim, biroq Yevropa adabiyoti tajribasini ham eʼtibordan soqit qilmaslik kerak. Yaʼni milliy adabiyotimiz tayyor tajribaga tayanish imkoniga ega edi. Yana bir muhim jihati, bu holda yangiliklarning sinovga dosh berib, badiiy tafakkurga singishib ketgan qismini olib, qolganidan voz kechish mumkin. Masalan, modernizmning har bir oqimi maydonga chiqqan vaqtida keskin bahslarga sabab boʻlgan boʻlsa, vaqt oʻtib unga xos nomaqbul jihatlar inkor etilib, maqbullari umumbashariy estetik bisotga qoʻshilib ketadi. Oʻzbek adabiyoti modernizmning ayni shu jihatlarini oʻziga oldi, shu bois ham bu boradagi bahslar bizda u qadar keskinlashgani yoʻq.

Eʼtibor qilinsa, adabiy jarayonni davrlashtirish uni ilmiy oʻrganish uchun zaruriy amal ekani, aniqrogʻi, ushbu amal u haqda yaxlit ilmiy tasavvur hosil qilishning yagona vositasi ekanini anglash qiyin emas. Shu tufayli ham davrlashtirish adabiyot­ shunoslikning fundamental muammolaridan biri sifatida umum eʼtirofiga molik. Yuqorida amin boʻldikki, bunda har bir davrning oʻziga xos umumiy jihatlari (topika) diqqat markaziga qoʻyiladi. Adabiyotshunoslikda bu masalada qarashlar turlichaligi kuzatilib, u ikkita asosiy koʻrinishga ega: birinchisi adabiyotni davrla­ shtirishda ijtimoiy-tarixiy sharoitga asoslanishni, ikkinchisi esa adabiyotni faqat adabiy hodisalar, badiiy-estetik tamoyillardan kelib chiqib davrlashtirishni koʻzda tutadi. Albatta, bu oʻrinda har ikki tomonni ham toʻla yoqlash yoki toʻla inkor qilish maqbul emas, aksincha, oraliq mavqeni egallash toʻgʻriroq boʻlur edi. Chunki, yuqorida ham koʻrdik, ijtimoiy-tarixiy sharoitning oʻzgarishi adabiyotda sezilarli darajada aks etmagan davrlar boʻlgani kabi, ular juda kuchli iz qoldirgan davrlar ham boʻladi. Deylik, insonning ijtimoiylashuv darajasi kuchli boʻlmagan davrlarda (Yevropada XVIII asrgacha, bizda XX asr boshlarigacha) ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi oʻzgarishlar adabiyotda har vaqt ham yaqqol koʻzga tashlanmaydi, bundan keyingi davrlarda esa izsiz ketgan oʻzgarishning oʻzi yoʻqdek. Demak, bu bosqichni davrlashtiri­shda har bir konkret davriy oraliqdagi ijtimoiy-tarixiy sharoitni eʼtiborga olish va ayni sharoitning adabiyot (uning badiiy-estetik tomonlari)ga koʻrsatgan taʼsirini yaqqol koʻrsatish zarur boʻladi.

Xulosalab aytish mumkinki, adabiyotimizning taraqqiyot yoʻlini tarixiy poetika nuqtayi nazaridan oʻrganish bugungi adabiyotshunosligimiz oldida turgan dolzarb muammolardan biriga aylangan. Bu muammoning teran va atroflicha tadqiq etilishi esa fanimiz doirasidagi koʻplab ilmiy muammolarning yechilishiga yoʻl ochishi bilan birga adabiyotimizning azalan jahon adabiyotining muhim bir tarkibiy uzvi oʻlaroq rivojlanib kelganini asoslab koʻrsatish imkonini yaratadi.

Izohlar

  1. Веселовский А.Н. Историческая поэтика. – Л., 1940. – С.46.
  2. Шпенглер О. Закат Европы. – М.: Мысль, 1993. – С.22 – 23.
  3. Жирмунский В.М. Гете в русской литературе. – Л.: Наука, 1982. – С.8.
  4. Аверинцев С.С., Андреев М.Л., Гаспаров М.Л., Гринцер П.А., Михайлов А.В. Категории поэтики в смене литературных эпох // Историческая поэтика. Литературные эпохи и типы художественного сознания. Сб. статей. – М.: Наследие, 1994. – С.3 – 38.
  5. Қаранг: Бройтман С.Н. Историческая поэтика. – М., 2001.
  6. Қаранг: Конрад Н.И. Запад и Восток. – М.: Наука, 1966.
  7. Аверинцев С.С., Андреев М.Л., Гаспаров М.Л., Гринцер П.А., Михайлов А.В. Категории поэтики в смене литературных эпох // Историческая поэтика. Литературные эпохи и типы художественного сознания. Сб. статей. – М.: Наследие, 1994. – С.37 – 38.
  8. Қаранг: Қуронов Д. Жаҳон адабиётига йўл // Жаҳон адабиёти. 1997. №6. – Б.168 – 172.

Dilmurod Quronov