← Sa'dullo Quronov
|

Adabiyotni davrlashtirishda inson konsepsiyasi kategoriyasining ahamiyati

Saʼdullo Quronov

Tezis · 2022 · Ona tili taʼlimida oʻqitish va baholash muammolari respublika ilmiy-amaliy anjumani. Toshkent, 2022

Annotatsiya Mazkur maqolada adabiyotni davrlashtirishda inson konsepsiyasi kategoriyasining ahamiyati haqida soʻz yuritilgan. Jumladan, badiiy tafakkurdagi mifopoetik, traditsionalistik, individual-ijodiy bosqichlar inson konsepsiyasi bilan qiyosan oʻrganilgan. Badiiy tafakkur evolyutsiyasining muayyan davr ijtimoiy shartsharoitida vujudga kelgan inson konsepsiyasi taʼsirida harakatlanishi, zamonaviy oʻzbek adabiyotining rivoji, tarixiy taraqqiyot yoʻli, adabiy asrlar bevosita inson konsepsiyasidagi evrilishlar bilan bogʻliq ekani haqida xulosalar qilingan.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, badiiy tafakkur, arxaizm, traditsionalizm, individual-ijodiy badiiy tafakkur, adabiy davr, mumtoz adabiyot, zamonaviy oʻzbek adabiyoti.

Tarixning har bir yangi davri insonning borliqdagi oʻrni, uning hayotiy maqsad va vazifalarini oʻziga xos tarzda tushunish hamda talqin qilish evaziga vujudga kelgan. Zero, insoniyat oʻzi haqidagi tasavvurlari, xulosalariga tayanib jamiyatni tartibga soladi. Yashash tarzi, dunyoqarashini “inson kim?” savoliga javob izlash oʻlaroq shakllantirdi.

Adabiyotshunoslikka oid asarlarda badiiy adabiyotning bosh vazifasi sifatida bilish (evristik) funksiyasi qayd etiladi. Yaʼni adabiyot borliqni, undagi voqeahodisalarni, jumladan, insonni oʻrganish maqsadi ustiga bunyod boʻlgan: “Badiiy adabiyot borliqni obrazlar vositasida badiiy idrok qilish orqali bizning olam, odam, jamiyat haqidagi bilim va tasavvurlarimizni boyitadi” [7. B.97]. Oʻzining bu vazifasini amalga oshirish yoʻlida adabiyot voqea-hodisalar markaziga insonni qoʻydi. Negaki, “borliqning oʻzida inson shu xil mavqe egallaydi. Shunday ekan, badiiy adabiyotning borliqni idrok etishida inson obrazining asosiy vosita boʻlishi ham tabiiy va qonuniydir” [7. B.53]. Demak, “inson kim?” savoli adabiyotning, jumladan, ijodkorning ham bosh muammosidir.

Adabiyotda inson konsepsiyasining namoyon boʻlishi tabiiy va qonuniy jarayondir. Zotan, adabiyotning evristik funksiyasidan tashqari badiiy-konseptual funksiyasi ham mavjudki, bu uning yana bir oʻta muhim vazifasi sanaladi. Badiiy adabiyot borliqni, mavjud voqelikni taftish qilish asnosida olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm – badiiy konsepsiyani yaratadi. Adabiyotning markazida inson turishini hisobga olsak, badiiy konsepsiyaning negizini ham inson konsepsiyasi tashkil etishi oydinlashadi. Adabiyotshunos Mixail Golberg inson konsepsiyasiga shunday taʼrif beradi: “Inson konsepsiyasi juda ham keng qamrovli kategoriya (tushuncha) boʻlib, odamning olam va dunyoqarash, mafkura, axloq, estetik aloqalar hamda oʻzaro boshqa munosabat shakllarining ichki mohiyati majmui sifatida namoyon boʻladi” [3. B.286]. Koʻrinadiki, ijodkor olam haqidagi kompleksli, yaxlit hukmga inson konsepsiyasi orqali yetib boradi.

Inson konsepsiyasi badiiy asarni baholashda qanchalar muhim boʻlmasin, adabiyotshunoslikda alohida kategoriya sifatida nisbatan kam oʻrganilgan.

Adabiyotshunoslik nazariyasiga oid kitoblarda mazkur kategoriya taʼrifiga deyarli toʻxtalinilmagan, adabiyotshunoslik terminlar lugʻatida ham uchramaydi.

Bizningcha, bu inson konsepsiyasi kategoriyasining odatda badiiy konsepsiya tarkibida koʻrilgani bilan bogʻliq.

Rus adabiyotshunosligida inson konsepsiyasi istilohini ilk bor oʻtgan asrning 50-yillarida L.Timofeyev qoʻllaydi. Shu davrdan boshlab, turli tadqiqotlarda bu tushunchaga bot-bot duch kelish mumkin boʻldi. Adabiyotshunos Y.Gaponning taʼkidlashicha, Timofeyevga qadar adabiyotdagi inson muammosiga “obraz”, “qahramon”, “xarakter” kabi tushunchalar vositasida yechim izlangan [4. B.3].

Biroq, inson konsepsiyasi istilohi sanab oʻtilgan tushunchalarga nisbatan adabiy qahramonni ancha keng qamrovda, konseptual tarzda tushuntiradi. “Insonning badiiy konsepsiyasi, – yozadi yana bir rus adabiyotshunosi L. Kolobayeva, – maʼlum bir adabiy kontekstda odamni shaxs sifatida tushunish va tasvirlash yoʻlidagi turli tamoyillar, gʻoyalar, qarashlar majmuyini anglatuvchi tushunchadir. Inson konsepsiyasi yozuvchi ijodiy olamining mazmuni sifatida faqat bitta asarning emas, balki butun ijodiy yoʻlni va uning turli bosqichlarini xarakterlovchi, estetik qonuniyatlarini belgilovchi asosdir” [5. B.35]. Anglashiladiki, inson konsepsiyasi tushunchasi bizga muayyan asarni yoki adabiy davrni muallifning badiiy-gʻoyaviy konsepsiyasi bilan bevosita aloqadorlikda baholash imkon beruvchi tizimdir.

Badiiy tafakkur inson tafakkuri bilan oʻzaro aloqadorlikda rivojlanadi. Yaʼni insonning tarix sahnasidagi ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, siyosiy taraqqiyoti toʻgʻridan-toʻgʻri badiiy adabiyotga koʻchib oʻtadi. Bizning muayyan ijtimoiy shartsharoitida shakllangan dunyoqarashimiz, borliqdagi maqomimizni qanday belgilashimiz shu davr paradigmasini shakllantiradi: “Insoniyat tarixi – paradigmalar almashuvidir. Inson, oʻz oldiga qoʻygan oliy maqsadi qadrsizlanayotganini sezgach, yangi maqsadlarini koʻzlaydi va unga qarab intiladi” [2. B.160].

Mashhur fin olimi P.Kuusi insoniyatning madaniy evolyutsiyasini quyidagi uch yirik bosqichda tasniflaydi:

1. Ovchi va terimchilar madaniyati; 2. Agrar madaniyat; 3. Ilmiy-texnologik madaniyat [6. B.101].

Yana bir mashhur tarixchi, “Sapiyens: Insoniyatning qisqacha tarixi” nomli bestseller muallifi Yuval Noa Harari ham insoniyat taraqqiyotini uch bosqichga ajratarkan, Kuusidan farqli oʻlaroq birinchi bosqichni “Kognitiv inqilob” deb nomlaydi [8. B.4]. Tarix kontekstida olib qaralsa, madaniyatning, umuman, insonning dunyoqarashi shakllanishida uch omil muhim ahamiyat kasb etgan. Ovchi va terimchilarning dunyoqarashi bevosita tabiat – tabiiylik taʼsirida shakllangan. Bu davrda – inson tabiatning ajralmas bir uzvi. Tabiiylikka qanoat qilib, faqat ovchilik va termachilik ortidan kun koʻradi. Uning bosh maqsadi tabiatning suronli sharoitlarida omon qolish va nasl qoldirishdan iborat.

Agrar inqilob odamlarning oʻtroqlashishi, tabiat neʼmatlarini boʻysundirishi – xonakilashtirishi bilan boshlangan. Shu omillar sabab, kichik markaz, shahar va davlatlar yuza kela boshlaydi. Natijada, odamlar ijtimoiylashadi. Endi inson axloqi, uning olam haqidagi tasavvurlari tabiat hodisalari vositasida emas, balki ijtimoiymadaniy kontekstda shakllanadi va rivojlanadi. Nisbatan yaqin tarixda sodir boʻlgan ilmiy inqilob bizga kvantlar olamida “sayr qilish”, Oyga uchish, kompyuter bilan suhbatlashish va tana aʼzolarimizni sunʼiylashtirish imkonini berdi. Lekin shular bilan birga, u insoniyatga atom bombasini ham “tortiq” qildi. Endi insoniyat nafaqat dunyoni oʻzgartirishga, balki undagi hayotni yoʻq qilib yuborishga qodir ekani ayon boʻldi.

Adabiyotni davrlashtirish masalasida ham, xuddi, insoniyatning madaniy bosqichlari kabi uch davr eʼtiborga olinadi. Yetakchi adabiyotshunoslardan iborat mualliflar guruhiga koʻra, “badiiy tafakkurning eng umumiy va barqaror uchta: 1) arxaik yoki mifopoetik; 2) traditsionalistik yoki normativ; 3) individual-ijodiy yoki tarixiy tiplari” [1. B.4] mavjud.

Badiiy tafakkurning arxaik (mifopoetik) bosqichi paleolit davridan boshlab antik Yunonistonda miloddan avvalgi VII – VI asrlar, Sharqda esa milodiy I asrgacha davom etadi.

Traditsionalizm (normativ poetika) bosqichi Yevropada miloddan avvalgi avvalgi VI – V asrlardan XVIII asr oʻrtalarigacha, Sharqda esa milodiy I asrdan XIX asr oxiri – XX asr boshlarigacha davom etib, eng uzoq muddat — ikki yarim ming yillik davrni qamrab oladi.

Individual-ijodiy bosqich Yevropada XVIII asr oʻrtalaridan, Sharqda XIX asr oxiri – XX asr avvalidan boshlanib, hozirga qadar davom etmoqda.

Biz yuqoriroqda sanab oʻtgan tarixiy bosqichlar va badiiy tafakkur bosqichlarining bu qadar uygʻun kelishi, albatta, tasodif emas. Sababi, adabiyotshunoslik muayyan davr adabiyotini oʻrganar ekan, avvalo, shu davr ijtimoiy-tarixiy sharoitini hisobga oladi. Chunki «har bir davr adabiyotining rivojlanish darajasi, undagi turfa adabiy hodisalar koʻp jihatdan ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bogʻliq boʻladi. Ijtimoiy-tarixiy sharoit deganda jamiyatning ijtimoiyiqtisodiy, madaniy va maʼrifiy holati tushuniladiki, bular bari badiiy adabiyot taraqqiyotining tashqi omili (taʼkid bizniki – S.Q.) sanaladi» [7. B.418]. Shunday ekan, inson konsepsiyasi bir vaqtda ham adabiy-falsafiy, ham ijtimoiy kategoriyadir.

Adabiyotlar:

3. Гольберг М. Человек – время – литература // Вопросы литературы, 1984.

– №5. С. 238–244.

4. Гапон Е. Художественная концепция личности в творчестве В.Г.

Распутина 1990-х — 2000-х годов: Дис....канд. филол. наук. – Армавир. 2005.

– 167 c.

Saʼdullo Quronov