← Sa'dullo Quronov
|

Badiiy tafakkur evolyutsiyasi va inson konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2022 · Ilmiy xabarnoma. Gumanitar tadqiqotlar, 2022, № 7 (67)

Maqolada adabiyotshunoslikdagi inson konsepsiyasi kategoriyasiga atroflicha taʼrif berilgan. Inson konsepsiyasi kategoriyasi badiiy konsepsiyaning negizi ekani asoslangan. Shu bilan birga, adabiyotni davrlashtirishda ushbu kategoriyaning ahamiyati haqida soʻz yuritilgan. Jumladan, badiiy tafakkurdagi mifopoetik, traditsionalistik, individual-ijodiy bosqichlar inson konsepsiyasi bilan qiyosan oʻrganilgan. Badiiy tafakkur evolyutsiyasining muayyan davr ijtimoiy shart-sharoitida vujudga kelgan inson konsepsiyasi taʼsirida harakatlanishi, zamonaviy oʻzbek adabiyotining rivoji, tarixiy taraqqiyot yoʻli, adabiy asrlar bevosita inson konsepsiyasidagi evrilishlar bilan bogʻliq ekani haqida xulosalar qilingan.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, badiiy tafakkur, arxaizm, traditsionalizm, individual-ijodiy badiiy tafakkur, adabiy davr, mumtoz adabiyot, zamonaviy oʻzbek adabiyoti.

Выявлено значение категории концепция человека в периодизации литературы. Доказывается, что категория концепции человека является основой художественной концепции. В частности, мифопоэтический, традиционалистский, индивидуально-творческий этапы в художественном мышлении исследуются в сравнении с концепцией человека. Сделаны выводы о том, что на эволюцию художественного мышления влияет концепция личности, возникшая в социальных условиях определенного периода, что развитие современной узбекской литературы, путь исторического развития и литературные эпохи являются непосредственно связано с концепцией человека.

“Inson kim?” – bu bani basharning azaliy va abadiy savoli. Oʻtgan ming yillar davomida din, falsafa, tarix, sanʼat, siyosat, ruhshunoslik, jamiyatshunoslik kabi sohalar mazkur savolga javob izlaydi. Nafaqat javob izlaydi, balki javob izlash jarayonida taraqqiy etadi. Yaʼni bu savol barcha madaniy, axloqiy, iqtisodiy, siyosiy tuzilmalarning shakllanishi va rivojlanishiga asos boʻladi.

Tarixning har bir yangi davri insonning borliqdagi oʻrni, uning hayotiy maqsad va vazifalarini oʻziga xos tarzda tushunish hamda talqin qilish evaziga vujudga kelgan. Zero, insoniyat oʻzi haqidagi tasavvurlari, xulosalariga tayanib jamiyatni tartibga soladi.

Yashash tarzi, dunyoqarashini “Inson kim?” savoliga javob izlash oʻlaroq shakllantiradi.

Muhim jihati shuki, ushbu savolning javobi bashar uchun yagona emas. Turli din, millat, madaniyatlarda, hatto, yakka individlarda javoblar farqli boʻlishi mumkin. Biroq javoblar har qancha farq qilmasin, bu savol odamlarni birlashtirishga, hayotiy maqsad va vazifalarini umumlashtirishga qodir.

Adabiyotshunoslikka oid asarlarda badiiy adabiyotning bosh vazifasi sifatida uning bilish (evristik) funksiyasi qayd etiladi. Yaʼni adabiyot borliqni, undagi voqea-hodisalarni, jumladan, insonni oʻrganish maqsadi ustiga bunyod boʻlgan: “Badiiy adabiyot borliqni obrazlar vositasida badiiy idrok qilish orqali bizning olam, odam, jamiyat haqidagi bilim va tasavvurlarimizni boyitadi” [9. B.

97]. Oʻzining bu vazifasini amalga oshirish yoʻlida adabiyot voqea-hodisalar markaziga insonni qoʻydi. Negaki, “borliqning oʻzida inson shu xil mavqe egallaydi. Shunday ekan, badiiy adabiyotning borliqni idrok etishida inson obrazining asosiy vosita boʻlishi ham tabiiy va qonuniydir” [9. B. 53]. Demak, “Inson kim?” savoli adabiyotning, jumladan, ijodkorning ham bosh muammosidir. Biroq, bu savolga yechim izlashda, adabiyotning boshqa sohalarga qaraganda katta ustunligi bor. Adabiyot odam va olam munosabatlarining yaxlit modelini yaratgan holda, turli ijodiy eksperimentlar vositasida savollarga javob izlash, oʻz xulosalarini “tirik” obrazlar orqali koʻrsatish imkoniga ega. Ayni shu jihat, yaʼni badiiy adabiyotning muayyan bir asar, ijodkor yoki davrda insonning olamdagi maqomi, maqsad va vazifalari yuzasidan chiqargan yaxlit hukmi inson konsepsiyasidir.

Adabiyotda inson konsepsiyasining namoyon boʻlishi tabiiy va qonuniniy jarayondir. Zotan, adabiyotning evristik funksiyasidan tashqari badiiy-konseptual funksiyasi ham mavjudki, bu uning yana bir oʻta muhim vazifasi sanaladi. Badiiy adabiyot borliqni, mavjud voqelikni taftish qilish asnosida olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm – badiiy konsepsiyani yaratadi. Adabiyotning markazida inson turishini hisobga olsak, badiiy konsepsiyaning negizini ham inson konsepsiyasi tashkil etishi oydinlashadi. Adabiyotshunos Mixail Golberg inson konsepsiyasiga shunday taʼrif beradi: “Inson konsepsiyasi juda ham keng qamrovli kategoriya (tushuncha) boʻlib, odamning olam va dunyoqarash, mafkura, axloq, estetik aloqalar hamda oʻzaro boshqa munosabat shakllarining ichki mohiyati majmui sifatida namoyon boʻladi” [5. B. 286]. Koʻrinadiki, ijodkor olam haqidagi kompleksli, yaxlit hukmga inson konsepsiyasi orqali yetib boradi.

Inson konsepsiyasi badiiy asarni baholashda qanchalar muhim boʻlmasin, adabiyotshunoslikda alohida kategoriya sifatida nisbatan kam oʻrganilgan. Adabiyotshunoslik nazariyasiga oid kitoblarda mazkur kategoriya taʼrifiga deyarli toʻxtalinilmagan, adabiyotshunoslik terminlar lugʻatida ham uchramaydi.

Bizningcha, bu inson konsepsiyasi kategoriyasining odatda badiiy konsepsiya tarkibida koʻrilgani bilan bogʻliq.

Rus adabiyotshunosligida inson konsepsiyasi istilohini ilk bor oʻtgan asrning 50-yillarida L.Timofeyev qoʻllaydi. Shu davrdan boshlab turli tadqiqotlarda bu tushunchaga bot-bot duch kelish mumkin boʻldi. Adabiyotshunos Ye.Gaponning taʼkidlashicha, L.Timofeyevga qadar adabiyotdagi inson muammosiga “obraz”, “qahramon”, “xarakter” kabi tushunchalar vositasida yechim izlangan [6. B. 3]. Biroq “inson konsepsiyasi” istilohi sanab oʻtilgan tushunchalarga nisbatan adabiy qahramonni ancha keng qamrovda, konseptual tarzda tushuntiradi. “Insonning badiiy konsepsiyasi, – yozadi yana bir rus adabiyotshunosi L.Kolobayeva, – maʼlum bir adabiy kontekstda odamni shaxs sifatida tushunish va tasvirlash yoʻlidagi turli tamoyillar, gʻoyalar, qarashlar majmuini anglatuvchi tushunchadir. Inson konsepsiyasi yozuvchi ijodiy olamining mazmuni sifatida faqat bitta asarning emas, balki butun ijodiy yoʻlni va uning turli bosqichlarini xarakterlovchi, estetik qonuniyatlarini belgilovchi asosdir” [7. B. 35]. Anglashiladiki, inson konsepsiyasi tushunchasi bizga muayyan asarni yoki adabiy davrni muallifning badiiy-gʻoyaviy konsepsiyasi bilan bevosita aloqadorlikda baholashga imkon beruvchi tizimdir.

Shu oʻrinda mazkur kategoriyaga nisbatan turli shakldagi terminlar qoʻllangani eʼtiborga molik. Xususan, oʻzbek adabiyotshunosligida mazkur kategoriyaning “insonning badiiy konsepsiyasi”, “shaxs konsepsiyasi”, “inson konsepsiyasi” kabi turli shakldagi terminlarini uchratish mumkin. Izohli lugʻatlarga koʻra “inson” va “odam” soʻzlari maʼno jihatdan keskin farq qilmasa-da, ular isteʼmolda farqlanadi.

Yaʼni “inson” koʻp hollarda “shaxs” soʻziga sinonim qoʻyiladiki, bu uni ijtimoiy-axloqiy hodisa sifatida gavdalantiradi. Tabiiy fanlarga oid adabiyotlarda esa “odam” soʻzini qoʻllash anʼanaga aylangan. Bunday adabiyotlarda biz “odam”ni shaxs sifatida emas, biologik mavjudot sifatida tushunishga odatlanganmiz. Bu mulohazalarimizni tilshunoslik nuqtai nazaridan aniq dalillay olmasak-da, ushbu maqolada inson – shaxs, odam – biologik mavjudot sifatida talqin etilganini alohida qayd etishga zarurat sezamiz. Zero, bu oʻrinda “inson konsepsiyasi”, “insonning badiiy konsepsiyasi” yoxud “shaxs konsepsiyasi” terminlari ayni bir maʼnoni anglatadi.

Badiiy tafakkur inson tafakkuri bilan oʻzaro aloqadorlikda rivojlanadi. Yaʼni insonning tarix sahnasidagi ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, siyosiy taraqqiyoti toʻgʻridantoʻgʻri badiiy adabiyotga koʻchib oʻtadi. Bizning muayyan ijtimoiy shart-sharoitda shakllangan dunyoqarashimiz, borliqdagi maqomimizni qanday belgilashimiz shu davr paradigmasini shakllantiradi: “Insoniyat tarixi – paradigmalar almashuvidir. Inson, oʻz oldiga qoʻygan oliy maqsadi qadrsizlanayotganini sezgach, yangi maqsadlarni koʻzlaydi va unga qarab intiladi” [2. B. 160]. Shakllangan yangi paradigma esa konseptual ravishda, avvalo, badiiy adabiyotda boʻy koʻrsatadi. Demak, biz “Inson kim?” savoliga javob izlash asnosida butun tarixni davrlashtirish bilan birga, adabiyotning tadrijiy taraqqiyot yoʻlini ham yaxlit xaritada koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Mashhur fin olimi P.Kuusi insoniyatning madaniy evolyutsiyasini quyidagi uch yirik bosqichda tasniflaydi:

1. Ovchi va terimchilar madaniyati.

2. Agrar madaniyat.

3. Ilmiy-texnologik madaniyat [8. B. 101].

Yana bir mashhur tarixchi, “Sapiyens: Insoniyatning qisqacha tarixi” nomli bestseller muallifi Yuval Noa Harari ham insoniyat taraqqiyotini uch bosqichga ajratarkan, Kuusidan farqli oʻlaroq, birinchi bosqichni “Kognitiv inqilob” deb nomlaydi: “Bashariyatning tarixiy yoʻlini uch yirik inqilob belgilab beradi. 70 ming yil muqaddam roʻy bergan kognitiv inqilob tarixni boshlab bergan boʻlsa, jarayonni 12 ming yil oldingi agrar inqilob tezlashtirdi. Atigi 500 yil oldin boshlangan ilmiy inqilob esa tarixni batamom yakunlashi va sayyorada tamomila boshqa bir hodisalarning vujudga kelishiga sabab boʻlishi mumkin” [11. B. 6].

Tarix kontekstida olib qaralsa, madaniyatning, umuman, insonning dunyoqarashi shakllanishida uch omil muhim ahamiyat kasb etgan. Ovchi va terimchilarning dunyoqarashi bevosita tabiat – tabiiylik taʼsirida shakllangan. Bu davrda inson – tabiatning ajralmas bir uzvi. Tabiiylikka qanoat qilib, faqat ovchilik va termachilik ortidan kun koʻradi. Uning bosh maqsadi tabiatning suronli sharoitlarida omon qolish va nasl qoldirishdan iborat.

Agrar inqilob odamlarning oʻtroqlashishi, tabiat neʼmatlarini boʻysundirishi – xonakilashtirishi bilan boshlangan. Dehqonchilik va chorvachilik bilan kun koʻra boshlagan odamlarning hayot tarzi nisbatan yengillashadi.

Oʻta xatarli va mashaqqatli boʻlgan ovchilikka ehtiyojning kamayishi yer yuzi aholisining ortishiga sabab boʻladi. Chunki odamlar endi yegulikni hayotlarini xavf ostiga qoʻymay, koʻp miqdorda topishlari va zaxiraga olishlari mumkin edi. Oziq-ovqatning koʻpayishi esa oʻz-oʻzidan tugʻilish va yashash sifatining oʻsishiga xizmat qiladi. Shu omillar sabab, kichik markaz, shahar va davlatlar yuzaga kela boshlaydi. Natijada odamlar ijtimoiylashadi. Keyinroq pul ixtiro qilinadi. Savdosotiqning vujudga kelishi esa oʻzaro kommunikatsiyani taʼminlaydi. Shunday qilib koʻp qirrali madaniy jamiyatlar yuzaga keladi.

Endi inson axloqi, uning olam haqidagi tasavvurlari tabiat hodisalari vositasida emas, balki ijtimoiy-madaniy kontekstda shakllanadi va rivojlanadi.

Nisbatan yaqin tarixda sodir boʻlgan ilmiy inqilobga aynan qaysi voqea turtki boʻlgani yuzasidan olimlarning farazlari turlicha.

Ilmiy hamjamiyat anʼanasiga koʻra, bu inqilob Uygʻonish davrining soʻngida, 1543 yili Nikolay Kopernikning “Osmon sferalarining aylanishi haqida” nomli kitobining eʼlon qilinishi bilan boshlangan. Yu.Harariga koʻra, 1492 yili Xistofor Kolumb tomonidan Amerika qitʼasining topilishi ilmiy inqilobni boshlab bergan: “Amerikaning kashf etilishi yevropaliklarni real kuzatuvlarni oʻtmish anʼanalaridan ustun qoʻyishga undadi. Qitʼani oʻzlashtirishga boʻlgan ishtiyoq esa ulardan yangi bilimlarni tezroq rivojlantirishni talab etardi” [11. B. 194]. Albatta, bu qarashlarning har birida muayyan darajada haqiqat mavjud, shu bilan birga ularning birortasi mutlaq toʻgʻri boʻla olmasligi ham ayni haqiqat. Bizningcha, bu faktlar jahon tarixi sahnasida kichik bir ramz vazifasini oʻtaydi, xolos.

Haqiqat shundaki, ilmiy inqilob XV asrning soʻngi hamda XVII asrning boshlarigacha boʻlgan oraliqda sodir boʻldi va zamonaviy ilm-fan taraqiyoti uchun zamin yaratdi. Ilmiy inqilob bizga kvantlar olamida “sayr qilish”, Oyga uchish, kompyuter bilan suhbatlashish va tana aʼzolarimizni sunʼiylashtirish imkonini berdi. Lekin shular bilan birga, u insoniyatga atom bombasini ham “tortiq” qildi. Endi insoniyat nafaqat dunyoni oʻzgartirishga, balki undagi hayotni yoʻq qilib yuborishga ham qodir ekani ayon boʻldi.

Ilm-fanning taraqqiy etishi bizning olam va odam haqidagi tasavvurlarimizni inqilobiy tarzda kengaytirdi, ayni damda juda koʻplab bir-birini inkor qiluvchi tarmoqlarga ajratib tashladi. Bu hodisalar shaxs va jamiyat oldiga yangi maqsad va vazifalarni qoʻyish bilan birga, bizni javobsiz savollar girdobida jarlik tomon tortayotgani ham haqiqat. Zotan, taraqqiyot taqdim etayotgan global isish, yadroviy qurollanish, axborot xurujlari, terrorizm, bir xil jinslilar nikohi kabi muammolar insoniyatning mavjudlik haqidagi yagona gʻoya atrofida birlasha olmasligi, inson konsepsiyasining turfa xilligi oqibatidir.

Adabiyotni davrlashtirish masalasida ham xuddi insoniyatning madaniy bosqichlari kabi uch davr eʼtiborga olinadi. Yetakchi adabiyotshunoslardan iborat mualliflar guruhiga koʻra, “badiiy tafakkurning eng umumiy va barqaror uchta: 1) arxaik yoki mifopoetik; 2) traditsionalistik yoki normativ; 3) individual-ijodiy yoki tarixiy tiplari” [1. B. 4] mavjud.

Badiiy tafakkurning arxaik (mifopoetik) bosqichi paleolit davridan boshlab antik Yunonistonda miloddan avvalgi VII–VI asrlar, Sharqda esa milodiy I asrgacha davom etgan.

Traditsionalizm (normativ poetika) bosqichi Yevropada miloddan avvalgi VI–V asrlardan XVIII asr oʻrtalarigacha, Sharqda esa milodiy I asrdan XIX asr oxiri – XX asr boshlarigacha davom etib, eng uzoq muddat – ikki yarim ming yillik davrni qamrab oladi.

Individual-ijodiy bosqich Yevropada XVIII asr oʻrtalaridan, Sharqda XIX asr oxiri – XX asr avvalidan boshlanib, hozirga qadar davom etmoqda.

Biz yuqoriroqda sanab oʻtgan tarixiy bosqichlar va badiiy tafakkur bosqichlarining bu qadar uygʻun kelishi, albatta, tasodif emas.

Sababi, adabiyotshunoslik muayyan davr adabiyotini oʻrganar ekan, avvalo, shu davr ijtimoiy-tarixiy sharoitini hisobga oladi. Chunki “har bir davr adabiyotining rivojlanish darajasi, undagi turfa adabiy hodisalar koʻp jihatdan ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bogʻliq boʻladi. Ijtimoiy-tarixiy sharoit deganda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy holati tushuniladiki, bular bari badiiy adabiyot taraqqiyotining tashqi omili (taʼkid bizniki – S.Q.) sanaladi” [9.

B. 418]. Shunday ekan, inson konsepsiyasi bir vaqtda ham adabiy-falsafiy, ham ijtimoiy kategoriyadir. Quyida bu xulosaning nechogʻlik toʻgʻri ekanini, tarixning muayyan bosqichidagi ijtimoiy-tarixiy sharoit, shu davrga xos badiiy tafakkur va inson konsepsiyasi masalalarini oʻzaro uygʻun, yaxlit madaniy hodisa sifatida koʻrib chiqish orqali baholashga harakat qilamiz.

Badiiy tafakkurning mifopoetik bosqichga xos asosiy xususiyati sifatida sinkretiklik koʻrsatiladi. Sinkretizm yunoncha “farqlamaslik” soʻzidan olingan boʻlib, butun borliqni yaxlit tushunish demakdir. Sinkretizm – “inson tafakkurining hali boʻlinmagan holati” [4. B. 6]. Yaʼni “tabiat bilan insonni, soʻz bilan u anglatgan narsani, “men” bilan “oʻzga”ni, hayotiy amal bilan sanʼatni farqlamasdan qabul qiladigan, hali abstrakt fikrlash va refleksiya (oʻzini anglash)ga qobil boʻlmagan ongga xos tafakkur nazarda tutiladi” [9. B. 425]. Arxaik bosqichda sanʼat ham bir butun hodisa boʻlgan. Bu davrda sanʼatning turlari, umuman, ularni turlarga ajratuvchi chegara mavjud emasdi. Shu maʼnoda, sanʼatshunoslar sinkretizm istilohini sanʼatning qadimiy, hali turlarga xos spetsifik xususiyatlar boʻy koʻrsatmagan shakliga nisbatan ham qoʻllaydilar [3. B. 312]. Qadimgi odamlarning diniy rituallari sinkretizmga yorqin misol boʻla oladi. Bunday rituallarda odamlar bir vaqtning oʻzida qoʻshiq kuylashi (tabiatga murojaat qilib omonlik yoki yaxshi oʻlja soʻrashi), raqsga tushishi, nogʻora chalishi yo sahna elementlarini koʻrsatishi mumkin edi. Eʼtiborli jihati, rituallardagi sanʼat hodisalarining biri ikkinchisidan farqlanmagan. Boshqacha aytganda, bu “sanʼat” shu rituallardagina mavjud boʻlgan yaxlit marosimning muhim elementlari hisoblangan.

Arxaik bosqichda “inson tafakkurining hali boʻlinmagan”ligi, paleolit davrining shart-sharoitlari bilan bevosita bogʻliq.

Zero yuqorida ham qayd etganimizdek, bu davrda inson ongi serqirra ijtimoiy munosabatlar asosida emas, tabiat hodisalari, tabiiy shart-sharoitlar taʼsirida rivojlangan. Shu omil tufayli inson oʻzini tabiatning ajralmas bir qismi sifatida his qila olardi, xolos. Biz buni eng qadimgi xalq ogʻzaki ijodi namunalari misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Yirik folklorshunos Olga Freydenberg mifga “tafakkurning beixtiyor shakli” [12. B.

119] deya taʼrif beradi. Darhaqiqat, qadimgi insonlar miflarni qasddan yaratmaganlar.

Miflar odamlarning kundalik hayotidagi urf-odatlari va rituallari doirasida oʻzoʻzidan, mavjud udumlarning bayoni sifatida paydo boʻlgan.

Ibtidoiy odamlar uchun mif olamni bilishning asosiy vositasi hisoblangan. Shu maʼnoda miflar qadimgi odamlarning fikrlash tarzi, dunyoqarashi haqida keng maʼlumot bera oladi. Inson oʻzini tabiatning bir qismi sifatida tasavvur qilgan kezlarda atrofidagi narsalarga ham oʻzidagi sifatlardan kelib chiqib baho bergan. Shu sababli u tabiatdagi narsalarga insonga xos xususiyatlarni koʻchirgan. Yaʼni qadimgi odamning tasavvuricha, atrofdagi narsalar ham inson kabi fikrlaydi, inson kabi hayot kechiradi. Mifning fetishizm, animizm va totemizm kabi turlari ham ana shu tasavvurlarning mahsulidir.

Traditsionalizm badiiy tafakkur taraqqiyotida nisbatan eng uzoq muddat, qariyb ikki yarim ming yil hukm surgan bosqichdir.

Mazkur bosqichning bu qadar uzoq muddat davom etgani asrlar mobaynida ijtimoiy shartsharoitning deyarli oʻzgarmagani, feodal tuzimning barqarorligi, mustahkam diniy eʼtiqod, jamiyatlararo kommunikatsiyaning sustligi, ilf-fan inqilobining “kechikkani” kabi qator omillar bilan bogʻlanadi. Taʼkidlash zarurki, traditsionalizmning ikki yarim ming yillik umri dunyo madaniyati tarixidagi umumiy hisob boʻlib, u alohida olingan sivilizatsiyalarda bu qadar uzoq yashamagan.

Ijtimoiy shart-sharoitning oʻzgarishi, yangi paradigma va inson konsepsiyasining shakllanishiga qarab traditsionalizm Gʻarbu Sharqda turli davrlarda, turlicha vaqt chegaralarida dominantlik qilgan.

Mifopoetik bosqichda sinkretizm muhim ahamiyat kasb etgan boʻlsa, traditsionalizmga kelib sanʼat turlari oʻzidagi spetsifik jihatlarni yaqqol koʻrsata boshladi. Jumladan, adabiyot ham alohida soha sifatida shakllandi.

Traditsionalizmni farqlovchi eng muhim jihat ijodiy jarayonda anʼanaviylikning ustun turishidir. Xususan, Sharq mumtoz adabiyotida ijodkor mavzuni yoritishda imkon qadar ijtimoiylikdan qochadi, ifodada zamon va makon uygʻunligini taʼminlamaydi, qolaversa, talqinda oʻziga xoslikka intilmaydi. Yaʼni bu davr ijodkorlari oʻzining shaxsiy kechinmalarini, anʼanadan keskin farq qiluvchi fikr va gʻoyalarini ilgari surmagan. Professor D.Quronov bu haqda shunday yozadi: “...garchi mumtoz sheʼrda koʻngil izhori asosan “men” tilidan berilsa-da, haqiqatda uning ortida muayyan bir shaxs emas, koʻproq oʻquvchiga avvaldan tanish lirik subyektlardan biri – oshiq, mutafakkir, nosih yo zamonadan kuygan jabrdiyda namoyon boʻlaveradi. Ayni hol jamiyatda shaxs maqomi kuchaygan sharoitga muvofiq emas” [10. B. 192]. Xuddi shu omillar Sharq mumtoz adabiyotida muallif shaxsiyatiga ham parda tortadi. Baʼzan muallif yozgan asariga oʻz imzosini ham qoʻymagan. Zero, olamni faqat diniy-axloqiy mezonlar asosida tushungan inson, tabiiy ravishda, hayotini qatʼiy anʼanalar asosiga qurgan. Bu davr estetik qarashlarining birlamchi haqiqati sifatida dunyoning foniy ekanligi aytilgan, sanʼatkor uchun chinakam goʻzallik esa olam va odamning botini hisoblangan.

Mumtoz adabiyotda estetik tasavvurlar axloqdan ajratilmagan. Zero, mumtoz mutafakkirlar nazdida insonning asl goʻzalligi maʼnaviy goʻzallikdir. Shu kabi omillar sabab bu davrda insonning realistik tasviri badiiy qiymatga ega emasdi. Yaʼni, mumtoz ijodkor qahramonlarni real voqelikdagi xatti-harakatlari vositasida emas, balki mutlaq ideal tushunchalar orqali tasvirlaydi. Qahramonda eng goʻzal islomiy sifatlar (taqvo, ilm, odob, adolat, maʼrifat va b.) mavjudligini taʼrifda aytilganining oʻzi yetarli hisoblangan (yaʼni, masalan, taqvoli odam deyilishining oʻzida qiyofa haqidagi anʼanaviy tasavvur ham bor). Shu sababli ham shoir qahramondagi shunday sifatlar taʼrifiga koʻproq urgʻu beradi: sifat qay darajada mukammal va original taʼriflansa, shu darajada individual qiyofa hosil boʻladi. Natijada yerdan butunlay uzilgan, Sharqning ideal gʻoya va maqsadlariga yoʻgʻrilgan qahramon yaratiladi. Shu oʻrinda oʻrta asrlar falsafasiga rus adabiyotshunosi Yuriy Borevning: “...inson – gunohkor banda, choʻqqilarni zabt etishga yoʻnalish olgan va kamolga yetgach, dunyo saodatiga erishish uchun dunyo neʼmatlaridan voz kechgan – muqaddas zot” deya bergan taʼrifi Sharq mumtoz adabiyotidagi komil inson konsepsiyasiga ham mos ekanini qayd etmoq zarur.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, badiiy tafakkurdagi traditsionalizm Sharqda Gʻarbga nisbatan ancha uzoq muddat davom etadi. Xususan, milliy adabiyotimizda mumtoz adabiyot anʼanalari XX asr boshlarigacha davom etgani maʼlum. Bu vaqtga kelib maʼrifatchilik, sentimentalizm, romantizm kabi bosqichlardan oʻtib kelgan Gʻarb badiiy tafakkuri realizm va modernizm taʼsirida sayqal topayotgandi.

Bizda mazkur bosqichlarning ancha kech boshlangani, balki, qurama shaklda, bir vaqtning oʻzida namoyon boʻlgani ijtimoiy shart-sharoit va kommunikatsiya bilan bogʻliq. Zero, Turkistonda XX asrning boshlariga kelibgina anʼanaviy badiiy tafakkur qobigʻidan chiqish imkonini beruvchi ijtimoiy shart-sharoit vujudga keldi.

XX asr boshlarida ijtimoiy-madaniy hayotimizda sodir boʻlgan tub burilishlar, xususan, davriy nashrlarning paydo boʻlishi, jadidlar harakatining yuzaga kelishi, xorijiy adabiy oqimlarning taʼsiri natijasida birin-ketin realistik asarlar dunyo yuzini koʻra boshladi. Professor D.Quronov XX asr avvalida badiiy tafakkurda kechgan yangilanishning bosh omilini shunday izohlaydi:

“Hamma gap XX asr boshlari Turkiston jamiyatida shaxs maqomining oʻzgargani, insonning ijtimoiylashganida. Sodda qilib aytsak, Turkiston kishisi jamiyatning ahvoli, buguni va ertasi, mavjud holning sababi – xullas, siyosat haqida bosh qotiradigan boʻldi” [10. B. 191].

Haqiqatan, ijtimoiy hayotda sodir boʻlayotgan keskin oʻzgarishlar shu ijtimoiylikning bir boʻlagi – ijodkor shaxsini chetlab oʻtmadi.

Endi ijodkorning inson haqidagi, uning olamdagi oʻrni va maqomi haqidagi tasavvurlari oʻzgardi. Shunga mos ravishda, adabiyotda olam va odam munosabatlari haqidagi badiiy konsepsiya (inson konsepsiyasi) yangilanishi natijasida individual-ijodiy badiiy tafakkur bosqichiga oʻtildi.

Individual-ijodiy badiiy tafakkur bosqichining asosiy farqlovchi xususiyati realistik ifodadir. Anʼanaviy qoliplar taʼsiridan chiqa olgan ijodkor olamni individual tarzda badiiy mushohada qila boshladi. Ada-

Saʼdullo Quronov