Mulohazalarimizda adabiy asarga xos bittagina, biroq nazdimizda eng muhim jihatdan turtki olamiz. U ham boʻlsa adabiy asarning, eng avval, nutq hodisasi ekanligi. Zero, adabiy asarning yaratuvchisi – nutq irod etayotgan odam, yozmoq – tasavvurdagi (implitsit) oʻquvchiga gapirmoq va aytganlarini soʻzma-soʻz yozuvda aks ettirib bormoq demakdir. Shunga mos holda adabiy asarning oʻquvchisi – tinglayotgan odam, negaki, oʻqimoq ham asli yozuvda manguga muhrlangan nutqni qayta jonlantirish va shu asno tasavvurdagi (implitsit) yozuvchini tinglamoq demakdir. Bir necha yillar ilgari biz adabiy asarni GAP deb tushungan holda uning ayrim jihatlarini nutqiy kommunikatsiya birligi boʻlmish gap bilan qiyosan tavsiflashga harakat qilgandik1. Ushbu maqola oʻshanda boshlagan ishni yakunlash, ayni masalaga kengroq va maxsus toʻxtalish istagi bilan yozildi.
I. Farqlash oson boʻlsin deb “GAP” va “gap” shakllarida ikki turli ifoda etayotgan boʻlsak-da, ular kommunikativ qimmati nuqtai nazaridan teng – ikkisi ham bittadan kommunikativ birlik. Shu oʻrinda sintaktik birlik sifatidagi gap bilan kommunikativ birlik sifatidagi gap farqlanishini taʼkidlash zarur. Kommunikativ birlik sifatidagi gap (ayni maʼnoni ruslar “vыskazыvaniye” soʻzi bilan ifodalaydi) dialogdagi replikaga teng boʻlib, uning chegarasi nutq subyektining almashishi bilan belgilanadi. Yaʼni bu maʼnoda dialogdagi har bir replikani – u birgina tovush yo soʻz, bir necha soʻz yo bir necha gapdan tarkib topganidan qatʼi nazar – bitta gap deb tushunamiz.
I.1. Xuddi birgina tovush yo soʻz, bir necha soʻz yo bir necha gapdan tarkib topganidan qatʼi nazar, dialog replikasi bitta kommunikativ birlik sifatidagi gap hisoblangani kabi, ijodiy niyat roʻyobi boʻlmish har qanday asar – bir misra yo minglab misralardan, birgina epizod yo bir necha yillik voqealardan, bir necha daqiqalik koʻrinish va yo bir necha pardalardan tarkib topgan boʻlishidan qatʼi nazar – badiiy kommunikatsiyaning alohida bitta birligi, toʻlaqonli adabiy asardir. Yaʼni, masalan, mumtoz sheʼriyatdagi fard bilan doston va yo yangi adabiyotdagi novella bilan roman bu jihatdan oʻzaro tengdir. Dialogdagi replikaning chegaralari nutq subyektlarining almashinishi bilan belgilansa, adabiy asarning chegarasi ijod jarayoni – ijodiy niyat tugʻilishidan to asarga soʻnggi nuqta qoʻyilguncha oʻtgan vaqt bilan belgilanadi.
I.2. Har bir alohida olingan replika dialog jarayoniga nisbatan qism. Zero, dialogdagi replika oʻzidan avvalgi replikalarga javob sifatida yuzaga kelgan, shu bois mazmuni va ruhi ular bilan bogʻliq. Replikalar orasidagi bogʻliqlik tabiatiga koʻra (bevosita yo bavosita) ham, mustahkamligiga koʻra ham farqli: odatda, yaqin replikalar orasida bevosita, uzoqlari orasida bavosita bogʻliqlik kuzatiladi; ayrimlarining bogʻlanishi oʻta zaif, boshqalarini esa ajratib boʻlmaydigan darajada. Misol tariqasida quyidagi dialogni koʻrib oʻtish mumkin:
- Shaharga ketyapman.
- Yaxshi boring.
- Borasanmi?
- Ha.
Ushbu dialogda birinchi replika mazmunan nisbiy mustaqil, qolganlari esa turli darajada bir-biriga bogʻliq. Ikkinchi replika oʻz holicha ham “tilak” maʼnosini beradi, lekin mazmunini birinchisi bilan bogʻliqlikdagina toʻla namoyon etadi. Uchinchi replika ham xuddi shunday: birinchisiga bogʻlangan holda “Ortimdan shaharga borasanmi?” kabi mazmunni ifodalaydi. Toʻrtinchi replika esa uchinchi va u orqali birinchi replikaga bogʻlanadi va shundagina mazmuni konkretlashadi. Sirasi, birinchi jumlani mustaqil deganimiz ham shartli. Zero, dialogning kengayib borishi barobari u ham mazmunan toʻlishib boradi. Agar uni alohida olsak, faqat ketayotganlik xabarini uqamiz, boshqa jumlalar oʻramida esa muayyan hayotiy sharoit va oʻzaro munosabatlardan kelib chiquvchi nozik psixologik holatlar ham ilgʻanadi. Koʻrinadiki, muayyan sharoit va maʼlum vaqt oraligʻida kechuvchi dialog – nisbiy butunlik, shu bois ham u replikalarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlaydi. Xuddi shu kabi, maʼlum vaqt oraligʻida mavjud ijtimoiy-madaniy sharoitda kechuvchi adabiy jarayon ham nisbiy butunlik, ayni hol shu davrda yaratilgan asarlarning oʻzaro dialogik aloqasini muqarrar etib qoʻyadi. Faqat adabiy asarlarning dialogik aloqasi doim ham ochiq koʻzga tashlanmaydi, ikkinchi tomoni, ularni hamma ham birdek koʻrolmaydi, chunki oʻquvchilarning adabiy jarayondan xabardorlik, unga yaqinlik darajasi turlichadir.
I.2.1. Adabiy asarlarning aloqalari ham tabiati va sifatiga koʻra dialogdagi replikalarning aloqalari kabi. Masalan, yuqoridagi dialogga qiyosan olsak, Choʻlponning “Buzilgan oʻlkaga” sheʼri bilan Gʻayratiyning “Tuzalgan oʻlkaga” sheʼrlari oʻzaro birinchi va ikkinchi replikalar (Shaharga ketyapman – Yaxshi boring) orasidagi kabi munosabatda. Choʻlpon sheʼri gʻoyaviy-badiiy jihatdan mustaqil, Gʻayratiy sheʼri esa mazmun-mohiyatini “Buzilgan oʻlka”dan ayri holda namoyon etolmaydi. Botuning “Kel, birga kulaylik” sheʼri bilan Choʻlponning “Tan berdim” sheʼri orasidagi munosabat esa uchinchi va toʻrtinchi (Borasanmi? - Ha) replikalar kabi. Avvalo, uchinchi va toʻrtinchi replikalar kabi ikkisi ham mazmunan mustaqil emas. Botu sheʼrining mazmuni Choʻlponning “pessimistik” deya tanqid qilingan sheʼrlarisiz (xuddi “Borasanmi”ning mazmuni “Shaharga ketyapman”siz toʻliq boʻlmagani kabi) chala, tushunarsiz boʻlib qolganidek, Choʻlpon sheʼrining mazmuni ham ularga bogʻlangan holda konkretlashadi. Bundan tashqari, xuddi “Ha” dialogda “Borasanmi” orqali “Shaharga ketyapman”ga bogʻlangani kabi, Botuning aniq bir sheʼriga javob oʻlaroq yozilgan sheʼr ayni paytda Botu va unga hamfikr oʻzga shoirlarning shu mazmundagi boshqa sheʼrlariga (yaʼni avvalgi replikalarga) ham javobdir.
I.2.2. Dialogdagi replikalarni umumiy mavzu (va unga bogʻliq mavzuchalar) va suhbat ruhiy atmosferasi birlashtirgani kabi, davr adabiyotida yaratilgan asarlar ham, avvalo, mavzu va ijtimoiy kayfiyat umumiyligi bilan xarakterlanadi. Deylik, bu jihatdan “Kecha va kunduz” bilan “Qutlugʻ qon” bir-biri bilan mustahkam aloqada, ular bitta masalada soʻz yuritgani holda munosabat (modallik) jihatidan farqlanadi: biri inkor qilsa, ikkinchisi tasdiqlaydi.
I.2.3. Dialogdagi replika spontan emas, aksincha, u nutqiy vaziyat taqozosidir. Boshqacha aytsak, soʻzlovchi ogʻziga kelganini emas, nutqiy vaziyat talab etayotgan gapni aytadi. Ayni qoida adabiy jarayonda ham toʻla amal qiladi va bu adabiy asarlar orasidagi dialogik aloqaning yana bir muhim omilidir. Oʻtgan asrning 60-yillarida Oybekning “Bolalik”, A.Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” qissalari yaratilgani yoki Gʻ.Gʻulomning “Shum bola”ni ijtimoiy tahlil tomonlarini kuchaytirib qayta ishlaganiga ayni omil natijasi deb qaralishi mumkin. Zero, bularning bari mualliflarining oʻzlari bilgan oʻtmishni qayta idrok etish va baholash ehtiyojidan tugʻilgan, bu ehtiyojning oʻzi esa, jamiyat Stalin shaxsiga sigʻinish oqibatlarini bartaraf etishga astoydil kirishgan davr sharoiti mahsulidir.
1.3. Dialog replikalari, tabiiyki, nutq jarayonida yaratilmaydi, soʻzlovchi tayyor til materiallari (soʻzlar va gap qoliplari)dan oʻzi yetkazmoqchi boʻlgan mazmunni ifodalash uchun foydalanadi. Yaʼni ayni paytda kechayotgan suhbat til anʼanalarining bevosita davomi demakdir. Shunga oʻxshash, bugungi kunda yaratilayotgan adabiy asar ham milliy adabiy anʼanalardan oʻsib chiqadi va oʻzi ham tezda anʼanaga doʻnadi.
1.3.1. Suhbat asnosida soʻzlovchida oʻzi qoʻllagan ifodalardan qoniqmaslik hissi va shundan kelib chiquvchi fikrini aniqroq va taʼsirliroq ifodalashga intilishning hamisha mavjudligi nutqqa mudom yangi ifoda, shakl va uslublar kirib kelishining asosidir. Xuddi shu singari, adibu shoir borki, voqelikni jonli tasvirlashu fikr-tuygʻularini yorqin ifodalashni qasd etib, erishganiga qanoat qilmay qalam suradi va ayni hol bu boradagi ijodiy izlanishlarni bardavom etadi.
1.3.2. Xalqlarning oʻzaro savdo-iqtisodiy, maishiy, madaniy aloqalari, eng avval, tilda aks etadi. Zero, bunda til oʻzga til unsurlarini oʻzlashtiradi, shu hisobga ifoda imkoniyatlarini kengaytiradi. Oʻzligini saqlash uchun til oʻzga til unsurlaridan oʻz tabiatiga mos, ruhiga singishadigan unsurlarnigina qabul qiladi, ularni oʻziga moslab oʻzlashtiradi. Shunga oʻxshash, milliy adabiyotga oʻzga adabiyotlardan kirib kelgan adabiy asar shakllari ham tom maʼnoda oʻzlashgan, oʻzinikiga aylangandir. Zero, oʻzlashgan soʻzning shakli (talaffuzi), ruhi va mazmuni oʻzbekchalashgani kabi, masalan, roman ham milliy xususiyatlar kasb etgan, shu bois ham toʻla asos bilan oʻzbek romani deyiladi.
1.3.3. Kishilarning til vositasida oʻzaro axborot almashishini roʻyobga chiqaruvchi asosiy omillardan biri ularning ongida tayyor gap qolip (konstruksiya)larining mavjudligidir. Zero, shu qoliplarga til materiali – soʻzlarni joylashtirish orqali fikr shakllantiriladi va ifoda etiladi; tanish qoliplarga tizilgan soʻzlarning oʻzaro munosabatlaridan kelib chiqib fikr uqiladi (tinglovchi ongida qayta shakllantiriladi). Shu singari, ongimizda tayyor adabiy asar konstruksiyalari – janr qoliplari mavjudki, ularga hayot materialini joylagan holda badiiy mazmun shakllantiriladi.
II. Replikada soʻzlovchining ongida ayni paytda kechayotgan holat aks etganidek, adabiy asarda sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati muhrlanadi. Bu oʻrinda ikkita nuqtani taʼkidlab qayd etish lozim: 1) nutq momenti ham, ijod onlari ham izolyatsiyalangan emas, aksincha, butunning qismidir; 2) nutq momentida soʻzlovchi ongida kechayotgan holat ham, sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati ham spontan emas, aksincha, qator subyektiv va obyektiv omillar bilan belgilangandir.
II.1. Replikada aks etgan nutq momentidagi ruhiy holatda soʻzlovchi shaxsiyati – insoniy fazilat va nuqsonlari, feʼl-xoʻyi, intellektual saviyasi, maʼnaviy qiyofasi va sh.k.lar muhri bor. Biroq bular replikada toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki nutq momenti orqali, undagi lingvistik va ekstralingvistik omillar prizmasidan oʻtib akslanadi. Demak, replikaning mazmuni uni kim va qanday vaziyatda aytayotganiga bogʻliq konkretlashadi. Shunga oʻxshash, adabiy asarda aks etuvchi ijod onlaridagi maʼnaviy ruhiy holatda ham, shubhasiz, muallif shaxsiyati – uning hayot yoʻli bilan bogʻliq xarakteri, dunyoqarashi, orzu-intilishlari va sh.k.lar muhri bor. Biroq bular ham adabiy asarda toʻgʻridan-toʻgʻri emas, ijod jarayoni kechayotgan vaqtdagi sharoit (ijtimoiy va shaxsiy hayot, madaniy muhit, maʼrifiy holat va sh.k.)dan kelib chiquvchi kayfiyat fokusidan oʻtgan holda akslanadi. Demak, adabiy asar mazmunini sanalgan omillarga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlab qoʻyish xato, ular sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatini tasavvur (his) qilish imkonini yaratishi jihatidan ahamiyatli. Zero, ularning yordamida hosil qilingan tasavvur adabiy asarning mazmun-mohiyati va ruhini toʻgʻri tushunish va talqin qilish asosidir.
II.2. Soʻzlovchining replikada aks etgan nutq momentidagi ruhiy holati tom maʼnoda betakrordir. Zero, u ayni shu ruhiy holatga qayta kira olmaydi, bas, replikani ayni shu mazmun va ruhda qayta ayta olmaydi. Shunga oʻxshash, muayyan asarni yaratish onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holat ham betakror, ayni shu holatga sanʼatkor qayta kira olmaydi. Bu esa ayni maʼnaviy-ruhiy holatdan chiqqach, muallif asarni sayqallashi mumkin xolos, mazmuni va ruhiga daxl qiluvchi har qanday oʻzgartirish unga “yamoq” boʻlib tushadi deganidir.
II.3. Xalq maqoli aytilgan gapni otilgan oʻqqa qiyos qiladi. Maqolning eng keng ommalashgan maʼnosi “aytilgan gapni qaytarib boʻlmaydi” degani, yana u “aytib boʻlgan gapingning egasi emassan” degan maʼnoda ham faol ishlatiladi. Haqiqatan, shunday. Deylik, soʻzlovchi aytgan gap birovga ozor yetkazdi, u buni chindan-da istamagan. Lekin endi kech, aytilgan gap moddiylashib boʻldi, eshituvchi uni oʻz talqinida tushunishga haqli. Soʻzlovchi har ne kuyinib “unday emas, bunday demoqchiydim” desin, eshituvchi koʻnglini ozordan tamom forigʻ etolmaydi. Negaki, aytilgan, yaʼni tovushlarda moddiylashgan gap uningcha talqin qilishga ham izn beradi. Demak, soʻzlovchi talqini ham imkoniyatdagi talqinlardan biri, xolos, alohida mavqe tutmaydi. Shu maʼnoda, eʼlon qilingan adabiy asar ham endi muallifniki emas, oʻquvchi uni oʻzicha tushunishga haqli, bunda ham muallif talqini oxirgi instansiya boʻlolmaydi. Demak, goh-goh uchrab turadigan muallifning tanqidchilikdagi talqinlarga qarshi chiqishi yoki munaqqidning asar haqidagi muallif soʻzlariga beshak dalil sifatida yopishib olish hollari toʻgʻri emas.
III. Aytilgan gap yoxud eʼlon qilingan adabiy asarni turli-tuman talqin qilish imkoniyatlari hamisha mavjud va bu tabiiy ham qonuniy bir holdir. Zero, soʻzlovchi fikr yetkazmaydi, balki fikr ifodasi uchun shakllantirilgan gap – tovushlar kombinatsiyasini yetkazadi; tinglovchi esa, oʻz navbatida, oʻsha tovush kombinatsiyalarini fikrga aylantiradi va shu tariqa axborot almashish sodir boʻladi. Yaʼni tinglovchi shunchaki axborot qabul qiluvchi moslama emas, balki mazmunni qayta yaratuvchidir. Shunga oʻxshash, adabiy asar oʻquvchisi ham passiv qabul qiluvchi emas, asar badiiy voqeligini qayta yaratuvchidir.
III.1. Qadimdan “ifoda etilgan fikr yolgʻon” degan naql keladi. Buning asosi inson oʻylab va yo his qilib turganini soʻz bilan tugal ifodalashga ojizligi, demakki, oʻyidagi bilan tilidagining farq qilishidadir. Yaʼni ifoda hamisha soʻzlovchi ifodalashni istaganidan koʻra tor, chaladir. Nutqiy muloqot payti tinglovchi buni his qilib turadi, ifodadagi kemtiklarni (ekstralingvistik omillarga diqqat qilish, soʻzlovchi bilan munosabatlari kontekstini xotirga keltirish va, qisman, tasavvurini ishga solish asosida) toʻldirib olish payida boʻladi. Shunga oʻxshash, adabiy asarda ham muallif aytmoqchi boʻlganlarini toʻla ifodalay olmaydi, bunda ifodadagi kemtiklar oʻquvchining ijodiy tasavvurni toʻla ishga solishi hisobiga toʻldiriladi. Jonli muloqotdagidan koʻra murakkabligi shundaki, bunda bir qator ekstralingvistik omillar (ritm, temp, ton, umuman intonatsiya) ham matn asosida qayta yaratilishi zarur boʻladi.
III.2. Dialog ishtirokchilarining barchalari mazmun yaratuvchi subyekt ekan, u holda soʻzlovchi yetkazmoqchi boʻlgan (va oʻz nazdida yetkazgan) mazmun bilan tinglovchi anglagan mazmun aynan bir narsa boʻlolmaydi. Adabiy asar misolida esa mazmun yaratuvchi subyektlar soni (yozuvchi + oʻqigan har bir oʻquvchi) gʻoyat keng, bas, talqinlar soni ham shunga mutanosibdir.
III.2.1. Muayyan vaziyatda aytilgan replika suhbat ishtirokchilarining ayrimlariga bir, qolganlariga boshqa bir maʼnoni yetkazishi mumkin. Masalan, suhbat jarayonida birov ishtirokchilarning bari taniydigan odam haqida “Ahmad aka xoʻroz-da!” deb aytdi. Tinglovchilarning birisi choʻzib “ha-a”, tagʻin birisi bosh irgʻab, boshqasi imoyu soʻzsiz ushbu bahoni maʼqulladi. Qizigʻi, bu oʻrinda chinakam axborot almashuvi amalga oshmadi, chunki birinchi tinglovchi “Ahmad aka tezda urishib ketadigan, janjalkash odam” deb biladi; ikkinchisi “Ahmad aka ayollarga oʻchroq, “yuradigan” odam”ligidan xabardor, uchinchisi “Ahmad aka – mard odam” ekaniga amin boʻlgan, holbuki, soʻzlovchi “Ahmad aka ayollar brigadasi boshligʻi” ekanini nazarda tutgandi, xolos. Albatta, tinglovchilar anglagan mazmunlarda subyektivlik ustuvor, biroq ular obyektiv asos – aytilgan gapdan oʻsib chiqayotirki, ularni inkor qilib boʻlmaydi. Shunga oʻxshash, adabiy asar talqini ham muallif nazarda tutgandan tamom boshqa boʻlishi mumkin va bunga tabiiy deb qaramoq joiz. Bu oʻrinda faqat birgina talab oʻrinli: talqin matndan oʻsib chiqishi shart.
III.2.2. Ayrim hollarda turlicha tushunish imkoniyati soʻzlovchi tomonidan atayin yaratiladi. Masalan, birov bahorda qaytarish sharti bilan qarz bergan odam ishtirok etayotgan suhbatda “Mana, bahor ham keldi!” desa, buni qarzdor “Qarzni qaytarish vaqti keldi!” maʼnosida, boshqalar oʻz maʼnosida tushunadilar. Mazkur holatdagi bitta replika bilan adresatlarga turlicha maʼnolar yetkazilishida atayinlik (albatta, bunday vaziyat tabiiy ravishda ham yuzaga kelishi mumkinligini inkor qilib boʻlmaydi) bor, yaʼni soʻzlovchida maqsadli ravishda shu tarz gapirishi imkoniyati bor. Shunga oʻxshash, adabiy asar ham muallifning xos oʻquvchisiga boshqa, ommaga boshqa mazmunni yetkazishi mumkin. Masalan, Choʻlpon “Soz” toʻplamining birinchi sheʼrini “Bir necha yil qantargach, Yana oldim sozimni. Endi aytib yigʻlamas, Koʻngildagi rozimni” degan satrlar bilan boshlaydi. Bu bilan u, bir tomondan, shoʻrocha tarbiya topgan oʻquvchiga “endi shoʻrodan nolib yigʻloqi sheʼrlar yozmayman” deya vaʼda beradi; ikkinchi tomondan, xos oʻquvchisidan “sozim endi koʻngil rozini aytolmaydi” deya uzr soʻraydi.
III.2.3. Avvalgi (III.2.2) bandda tavsiflangan kabi mazmun plani ikkiga ajralishi boshqa omillar taʼsirida, aniqrogʻi, majburiyat orqasida yuzaga kelishi nutqiy muloqotda koʻproq uchraydi. Dialog kechayotgan vaziyat soʻzlovchiga doim ham oʻyidagini erkin ifodalash imkonini bermaydi: goh ijtimoiy-siyosiy sharoitni hisobga olib, goh milliy yo madaniy anʼanalar hurmatidan, gohi suhbatdoshlar andishasini qilib bitta gapdan qolishiga toʻgʻri keladi. Aksiga olib, ayni hol soʻzlovchidagi aytish ehtiyojini kuchaytiradi va u bir yoʻlini qilib – kinoya, qiyos, majoz kabi vositalar orqali fikrini ifodalashga intiladi. Aytish kerakki, bu tarz aytilgan replikaga soʻzlovchi yuklagan mazmun dialog kontekstidagina tushuniladi. Shunga oʻxshash, adabiy asar ham yaxlit holicha kinoya (mas., A.Oripov. “Chol va kommunizm qissasi”), qiyos (mas., A.Qahhor. “Dahshat”) yo majoz (mas., Oybek. “Naʼmatak”)ga aylanishi mumkin. Bunday asarlarga muallif yuklagan mazmun ham faqat kontekst (asar yaratilgan davrdagi sharoit, yetakchi ijtimoiy kayfiyat, muallif dunyoqarashi va sh.k.) doirasida anglashiladi.
IV. Nutqiy muloqotga kirishayotgan soʻzlovchi ham, badiiy muloqotga kirishayotgan ijodkor ham reprezentativ (tinglovchi yo oʻquvchiga informatsiya yetkazish), ekspressiv (informatsiyaga oʻz munosabatini ifodalash) va appelyativ (tinglovchi yo oʻquvchiga taʼsir oʻtkazish) maqsadlarni koʻzlaydi. Shu bois kommunikativ birlik boʻlmish replikada ham, adabiy asarda ham shu uchala maqsad har vaqt hozir, faqat har bir konkret birlikda ularning salmogʻi turlichadir. Tabiiyki, kommunikativ birlik (replika yo adabiy asar) ning tashkillanishi (struktura) shu uchala maqsadni roʻyobga chiqarish uchun optimal imkon berishi lozim. Shunaqa ekan, replika (gap)ning qurilishi bilan adabiy asar strukturasi orasida analogiyalar boʻlishi tabiiy. Fransuz adabiyotshunosi R.Bart: «struktura nuqtai nazaridan har qanday rivoyaviy matn gap modeliga muvofiq quriladi... har qanday hikoya – bu katta gap” deb hisoblaydi2.
IV.1. Albatta, R.Bart fikrini mutlaqlashtirib boʻlmaydi, lekin maʼlum asosga egaligini ham inkor qilish mushkul. Negaki, haqiqatan ham, hikoyalarning kompozitsion qurilishi, kengroq qarasak, gap modellarini yodga soladi. Deylik, “Novvoy qiz” (Choʻlpon) hikoyasi kontrast usulida qurilgan boʻlib, uning ikkita qismi bir-biriga qarshi qoʻyilgani, masalan, “Yurgan daryo – oʻtirgan boʻyra» qolipida; “Oqpodshoning inʼomi” hikoyasining qolipi sifatida esa quyidagicha gapni tuzish mumkin: “Usta Toʻxtash mukofot olaman deb, ajabtovur kovush yasadi va uni vistavkaga yuborib, oʻzi mukofot ilinjida orziqib xushxabar kutdi: oqpodshodan unga katta “ispasiba” keltirib berishdi”. Xullas, aksariyat hikoyalarning qurilishi, ularning qismlari yoki syujetini tashkil qilgan voqealar orasidagi aloqalarni shu tarz gap modellari orqali ifodalash mumkin3. Bu esa replika (gap) va adabiy asar qurilishida umumiy qonuniyatlar amal qilishidan dalolatdir.
IV.2. Kompozitsion usullar bilan sintaktik usullar orasida analogiyalar kuzatilishi ham qonuniyatlar umumiyligidandir. Masalan, gap boʻlaklarining odatdagi tartibini oʻzgartirish – inversiya usuli bilan syujet voqealari tartibining oʻzgartirilishi mohiyatan bir narsadir. Yoki tmezis – gap ichiga unga grammatik jihatdan bogʻlanmagan gap yoki boʻlakning kiritilishi bilan asar syujetiga bevosita bogʻliq boʻlmagan voqealarning kiritilishi haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Shunga oʻxshash, adabiy asarning kompozitsion qurilishida parallelizm, gradatsiya, ellipsis kabi sintaktik usullarning ham muqobillarini koʻrsatish mumkin.
IV.3. Adabiy asar kompozitsiyasida gapni murakkablashtiruvchi unsurlarning analoglari ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Deylik, modal konstruksiyalar gapga mazmun va grammatik jihatdan bogʻlanmay, soʻzlovchining oʻzi yetkazayotgan informatsiyaga munosabatini ifodalaydiki, mohiyati va vazifasiga koʻra ular voqeaband asarlardagi lirik chekinish kabidir. Yoki R.Akutagavaning mashhur “Changalzorda” hikoyasida qoʻllangan usul – bitta voqeaning uch ishtirokchi tomonidan hikoya qilinishi qay bir maʼnoda uyushiq boʻlaklar bilan murakkablashgan gapni eslatadi.
Xullas, nutqiy janr va badiiy kommunikatsiya vositasi sifatida adabiy asar nutqiy kommunikatsiya birligi boʻlmish gap bilan koʻplab umumiy jihatlarga egadir. Bularni yana bir karra eslatishga harakat qilganimiz, adabiy asarga nutqiy janr sifatida yondashganimiz oʻsha umumiy jihatlarni shunchaki koʻrsatib berish uchun emas, albatta. Bizningcha, ayni yondashuv adabiy asar, adabiy jarayon, adabiy asar talqini, adabiy-badiiy ijod tabiati kabi qator nazariy muammolarni toʻgʻri hal qilishga yoʻnalish, andoza berishi bilan ahamiyatlidir.
2014 yil
Izohlar
Мулоҳазаларимизда адабий асарга хос биттагина, бироқ наздимизда энг муҳим жиҳатдан туртки оламиз. У ҳам бўлса адабий асарнинг, энг аввал, нутқ ҳодисаси эканлиги. Зеро, адабий асарнинг яратувчиси – нутқ ирод этаётган одам, ёзмоқ – тасаввурдаги (имплицит) ўқувчига гапирмоқ ва айтганларини сўзма-сўз ёзувда акс эттириб бормоқ демакдир. Шунга мос ҳолда адабий асарнинг ўқувчиси – тинглаётган одам, негаки, ўқимоқ ҳам асли ёзувда мангуга муҳрланган нутқни қайта жонлантириш ва шу асно тасаввурдаги (имплицит) ёзувчини тингламоқ демакдир. Бир неча йиллар илгари биз адабий асарни ГАП деб тушунган ҳолда унинг айрим жиҳатларини нутқий коммуникация бирлиги бўлмиш гап билан қиёсан тавсифлашга ҳаракат қилгандик1. Ушбу мақола ўшанда бошлаган ишни якунлаш, айни масалага кенгроқ ва махсус тўхталиш истаги билан ёзилди.
I. Фарқлаш осон бўлсин деб “ГАП” ва “гап” шаклларида икки турли ифода этаётган бўлсак-да, улар коммуникатив қиммати нуқтаи назаридан тенг – иккиси ҳам биттадан коммуникатив бирлик. Шу ўринда синтактик бирлик сифатидаги гап билан коммуникатив бирлик сифатидаги гап фарқланишини таъкидлаш зарур. Коммуникатив бирлик сифатидаги гап (айни маънони руслар “высказывание” сўзи билан ифодалайди) диалогдаги репликага тенг бўлиб, унинг чегараси нутқ субъектининг алмашиши билан белгиланади. Яъни бу маънода диалогдаги ҳар бир репликани – у биргина товуш ё сўз, бир неча сўз ё бир неча гапдан таркиб топганидан қатъи назар – битта гап деб тушунамиз.
I.1. Худди биргина товуш ё сўз, бир неча сўз ё бир неча гапдан таркиб топганидан қатъи назар, диалог репликаси битта коммуникатив бирлик сифатидаги гап ҳисоблангани каби, ижодий ният рўёби бўлмиш ҳар қандай асар – бир мисра ё минглаб мисралардан, биргина эпизод ё бир неча йиллик воқеалардан, бир неча дақиқалик кўриниш ва ё бир неча пардалардан таркиб топган бўлишидан қатъи назар – бадиий коммуникациянинг алоҳида битта бирлиги, тўлақонли адабий асардир. Яъни, масалан, мумтоз шеъриятдаги фард билан достон ва ё янги адабиётдаги новелла билан роман бу жиҳатдан ўзаро тенгдир. Диалогдаги репликанинг чегаралари нутқ субъектларининг алмашиниши билан белгиланса, адабий асарнинг чегараси ижод жараёни – ижодий ният туғилишидан то асарга сўнгги нуқта қўйилгунча ўтган вақт билан белгиланади.
I.2. Ҳар бир алоҳида олинган реплика диалог жараёнига нисбатан қисм. Зеро, диалогдаги реплика ўзидан аввалги репликаларга жавоб сифатида юзага келган, шу боис мазмуни ва руҳи улар билан боғлиқ. Репликалар орасидаги боғлиқлик табиатига кўра (бевосита ё бавосита) ҳам, мустаҳкамлигига кўра ҳам фарқли: одатда, яқин репликалар орасида бевосита, узоқлари орасида бавосита боғлиқлик кузатилади; айримларининг боғланиши ўта заиф, бошқаларини эса ажратиб бўлмайдиган даражада. Мисол тариқасида қуйидаги диалогни кўриб ўтиш мумкин:
- Шаҳарга кетяпман.
- Яхши боринг.
- Борасанми?
- Ҳа.
Ушбу диалогда биринчи реплика мазмунан нисбий мустақил, қолганлари эса турли даражада бир-бирига боғлиқ. Иккинчи реплика ўз ҳолича ҳам “тилак” маъносини беради, лекин мазмунини биринчиси билан боғлиқликдагина тўла намоён этади. Учинчи реплика ҳам худди шундай: биринчисига боғланган ҳолда “Ортимдан шаҳарга борасанми?” каби мазмунни ифодалайди. Тўртинчи реплика эса учинчи ва у орқали биринчи репликага боғланади ва шундагина мазмуни конкретлашади. Сираси, биринчи жумлани мустақил деганимиз ҳам шартли. Зеро, диалогнинг кенгайиб бориши баробари у ҳам мазмунан тўлишиб боради. Агар уни алоҳида олсак, фақат кетаётганлик хабарини уқамиз, бошқа жумлалар ўрамида эса муайян ҳаётий шароит ва ўзаро муносабатлардан келиб чиқувчи нозик психологик ҳолатлар ҳам илғанади. Кўринадики, муайян шароит ва маълум вақт оралиғида кечувчи диалог – нисбий бутунлик, шу боис ҳам у репликаларнинг ўзаро боғлиқлигини таъминлайди. Худди шу каби, маълум вақт оралиғида мавжуд ижтимоий-маданий шароитда кечувчи адабий жараён ҳам нисбий бутунлик, айни ҳол шу даврда яратилган асарларнинг ўзаро диалогик алоқасини муқаррар этиб қўяди. Фақат адабий асарларнинг диалогик алоқаси доим ҳам очиқ кўзга ташланмайди, иккинчи томони, уларни ҳамма ҳам бирдек кўролмайди, чунки ўқувчиларнинг адабий жараёндан хабардорлик, унга яқинлик даражаси турличадир.
I.2.1. Адабий асарларнинг алоқалари ҳам табиати ва сифатига кўра диалогдаги репликаларнинг алоқалари каби. Масалан, юқоридаги диалогга қиёсан олсак, Чўлпоннинг “Бузилган ўлкага” шеъри билан Ғайратийнинг “Тузалган ўлкага” шеърлари ўзаро биринчи ва иккинчи репликалар (Шаҳарга кетяпман – Яхши боринг) орасидаги каби муносабатда. Чўлпон шеъри ғоявий-бадиий жиҳатдан мустақил, Ғайратий шеъри эса мазмун-моҳиятини “Бузилган ўлка”дан айри ҳолда намоён этолмайди. Ботунинг “Кел, бирга кулайлик” шеъри билан Чўлпоннинг “Тан бердим” шеъри орасидаги муносабат эса учинчи ва тўртинчи (Борасанми? - Ҳа) репликалар каби. Аввало, учинчи ва тўртинчи репликалар каби иккиси ҳам мазмунан мустақил эмас. Боту шеърининг мазмуни Чўлпоннинг “пессимистик” дея танқид қилинган шеърларисиз (худди “Борасанми”нинг мазмуни “Шаҳарга кетяпман”сиз тўлиқ бўлмагани каби) чала, тушунарсиз бўлиб қолганидек, Чўлпон шеърининг мазмуни ҳам уларга боғланган ҳолда конкретлашади. Бундан ташқари, худди “Ҳа” диалогда “Борасанми” орқали “Шаҳарга кетяпман”га боғлангани каби, Ботунинг аниқ бир шеърига жавоб ўлароқ ёзилган шеър айни пайтда Боту ва унга ҳамфикр ўзга шоирларнинг шу мазмундаги бошқа шеърларига (яъни аввалги репликаларга) ҳам жавобдир.
I.2.2. Диалогдаги репликаларни умумий мавзу (ва унга боғлиқ мавзучалар) ва суҳбат руҳий атмосфераси бирлаштиргани каби, давр адабиётида яратилган асарлар ҳам, аввало, мавзу ва ижтимоий кайфият умумийлиги билан характерланади. Дейлик, бу жиҳатдан “Кеча ва кундуз” билан “Қутлуғ қон” бир-бири билан мустаҳкам алоқада, улар битта масалада сўз юритгани ҳолда муносабат (модаллик) жиҳатидан фарқланади: бири инкор қилса, иккинчиси тасдиқлайди.
I.2.3. Диалогдаги реплика спонтан эмас, аксинча, у нутқий вазият тақозосидир. Бошқача айтсак, сўзловчи оғзига келганини эмас, нутқий вазият талаб этаётган гапни айтади. Айни қоида адабий жараёнда ҳам тўла амал қилади ва бу адабий асарлар орасидаги диалогик алоқанинг яна бир муҳим омилидир. Ўтган асрнинг 60-йилларида Ойбекнинг “Болалик”, А.Қаҳҳорнинг “Ўтмишдан эртаклар” қиссалари яратилгани ёки Ғ.Ғуломнинг “Шум бола”ни ижтимоий таҳлил томонларини кучайтириб қайта ишлаганига айни омил натижаси деб қаралиши мумкин. Зеро, буларнинг бари муаллифларининг ўзлари билган ўтмишни қайта идрок этиш ва баҳолаш эҳтиёжидан туғилган, бу эҳтиёжнинг ўзи эса, жамият Сталин шахсига сиғиниш оқибатларини бартараф этишга астойдил киришган давр шароити маҳсулидир.
1.3. Диалог репликалари, табиийки, нутқ жараёнида яратилмайди, сўзловчи тайёр тил материаллари (сўзлар ва гап қолиплари)дан ўзи етказмоқчи бўлган мазмунни ифодалаш учун фойдаланади. Яъни айни пайтда кечаётган суҳбат тил анъаналарининг бевосита давоми демакдир. Шунга ўхшаш, бугунги кунда яратилаётган адабий асар ҳам миллий адабий анъаналардан ўсиб чиқади ва ўзи ҳам тезда анъанага дўнади.
1.3.1. Суҳбат асносида сўзловчида ўзи қўллаган ифодалардан қониқмаслик ҳисси ва шундан келиб чиқувчи фикрини аниқроқ ва таъсирлироқ ифодалашга интилишнинг ҳамиша мавжудлиги нутққа мудом янги ифода, шакл ва услублар кириб келишининг асосидир. Худди шу сингари, адибу шоир борки, воқеликни жонли тасвирлашу фикр-туйғуларини ёрқин ифодалашни қасд этиб, эришганига қаноат қилмай қалам суради ва айни ҳол бу борадаги ижодий изланишларни бардавом этади.
1.3.2. Халқларнинг ўзаро савдо-иқтисодий, маиший, маданий алоқалари, энг аввал, тилда акс этади. Зеро, бунда тил ўзга тил унсурларини ўзлаштиради, шу ҳисобга ифода имкониятларини кенгайтиради. Ўзлигини сақлаш учун тил ўзга тил унсурларидан ўз табиатига мос, руҳига сингишадиган унсурларнигина қабул қилади, уларни ўзига мослаб ўзлаштиради. Шунга ўхшаш, миллий адабиётга ўзга адабиётлардан кириб келган адабий асар шакллари ҳам том маънода ўзлашган, ўзиникига айлангандир. Зеро, ўзлашган сўзнинг шакли (талаффузи), руҳи ва мазмуни ўзбекчалашгани каби, масалан, роман ҳам миллий хусусиятлар касб этган, шу боис ҳам тўла асос билан ўзбек романи дейилади.
1.3.3. Кишиларнинг тил воситасида ўзаро ахборот алмашишини рўёбга чиқарувчи асосий омиллардан бири уларнинг онгида тайёр гап қолип (конструкция)ларининг мавжудлигидир. Зеро, шу қолипларга тил материали – сўзларни жойлаштириш орқали фикр шакллантирилади ва ифода этилади; таниш қолипларга тизилган сўзларнинг ўзаро муносабатларидан келиб чиқиб фикр уқилади (тингловчи онгида қайта шакллантирилади). Шу сингари, онгимизда тайёр адабий асар конструкциялари – жанр қолиплари мавжудки, уларга ҳаёт материалини жойлаган ҳолда бадиий мазмун шакллантирилади.
II. Репликада сўзловчининг онгида айни пайтда кечаётган ҳолат акс этганидек, адабий асарда санъаткорнинг ижод онларидаги маънавий-руҳий ҳолати муҳрланади. Бу ўринда иккита нуқтани таъкидлаб қайд этиш лозим: 1) нутқ моменти ҳам, ижод онлари ҳам изоляцияланган эмас, аксинча, бутуннинг қисмидир; 2) нутқ моментида сўзловчи онгида кечаётган ҳолат ҳам, санъаткорнинг ижод онларидаги маънавий-руҳий ҳолати ҳам спонтан эмас, аксинча, қатор субъектив ва объектив омиллар билан белгилангандир.
II.1. Репликада акс этган нутқ моментидаги руҳий ҳолатда сўзловчи шахсияти – инсоний фазилат ва нуқсонлари, феъл-хўйи, интеллектуал савияси, маънавий қиёфаси ва ш.к.лар муҳри бор. Бироқ булар репликада тўғридан-тўғри эмас, балки нутқ моменти орқали, ундаги лингвистик ва экстралингвистик омиллар призмасидан ўтиб аксланади. Демак, репликанинг мазмуни уни ким ва қандай вазиятда айтаётганига боғлиқ конкретлашади. Шунга ўхшаш, адабий асарда акс этувчи ижод онларидаги маънавий руҳий ҳолатда ҳам, шубҳасиз, муаллиф шахсияти – унинг ҳаёт йўли билан боғлиқ характери, дунёқараши, орзу-интилишлари ва ш.к.лар муҳри бор. Бироқ булар ҳам адабий асарда тўғридан-тўғри эмас, ижод жараёни кечаётган вақтдаги шароит (ижтимоий ва шахсий ҳаёт, маданий муҳит, маърифий ҳолат ва ш.к.)дан келиб чиқувчи кайфият фокусидан ўтган ҳолда аксланади. Демак, адабий асар мазмунини саналган омилларга тўғридан-тўғри боғлаб қўйиш хато, улар санъаткорнинг ижод онларидаги маънавий-руҳий ҳолатини тасаввур (ҳис) қилиш имконини яратиши жиҳатидан аҳамиятли. Зеро, уларнинг ёрдамида ҳосил қилинган тасаввур адабий асарнинг мазмун-моҳияти ва руҳини тўғри тушуниш ва талқин қилиш асосидир.
II.2. Сўзловчининг репликада акс этган нутқ моментидаги руҳий ҳолати том маънода бетакрордир. Зеро, у айни шу руҳий ҳолатга қайта кира олмайди, бас, репликани айни шу мазмун ва руҳда қайта айта олмайди. Шунга ўхшаш, муайян асарни яратиш онларидаги маънавий-руҳий ҳолат ҳам бетакрор, айни шу ҳолатга санъаткор қайта кира олмайди. Бу эса айни маънавий-руҳий ҳолатдан чиққач, муаллиф асарни сайқаллаши мумкин холос, мазмуни ва руҳига дахл қилувчи ҳар қандай ўзгартириш унга “ямоқ” бўлиб тушади деганидир.
II.3. Халқ мақоли айтилган гапни отилган ўққа қиёс қилади. Мақолнинг энг кенг оммалашган маъноси “айтилган гапни қайтариб бўлмайди” дегани, яна у “айтиб бўлган гапингнинг эгаси эмассан” деган маънода ҳам фаол ишлатилади. Ҳақиқатан, шундай. Дейлик, сўзловчи айтган гап бировга озор етказди, у буни чиндан-да истамаган. Лекин энди кеч, айтилган гап моддийлашиб бўлди, эшитувчи уни ўз талқинида тушунишга ҳақли. Сўзловчи ҳар не куйиниб “ундай эмас, бундай демоқчийдим” десин, эшитувчи кўнглини озордан тамом фориғ этолмайди. Негаки, айтилган, яъни товушларда моддийлашган гап унингча талқин қилишга ҳам изн беради. Демак, сўзловчи талқини ҳам имкониятдаги талқинлардан бири, холос, алоҳида мавқе тутмайди. Шу маънода, эълон қилинган адабий асар ҳам энди муаллифники эмас, ўқувчи уни ўзича тушунишга ҳақли, бунда ҳам муаллиф талқини охирги инстанция бўлолмайди. Демак, гоҳ-гоҳ учраб турадиган муаллифнинг танқидчиликдаги талқинларга қарши чиқиши ёки мунаққиднинг асар ҳақидаги муаллиф сўзларига бешак далил сифатида ёпишиб олиш ҳоллари тўғри эмас.
III. Айтилган гап ёхуд эълон қилинган адабий асарни турли-туман талқин қилиш имкониятлари ҳамиша мавжуд ва бу табиий ҳам қонуний бир ҳолдир. Зеро, сўзловчи фикр етказмайди, балки фикр ифодаси учун шакллантирилган гап – товушлар комбинациясини етказади; тингловчи эса, ўз навбатида, ўша товуш комбинацияларини фикрга айлантиради ва шу тариқа ахборот алмашиш содир бўлади. Яъни тингловчи шунчаки ахборот қабул қилувчи мослама эмас, балки мазмунни қайта яратувчидир. Шунга ўхшаш, адабий асар ўқувчиси ҳам пассив қабул қилувчи эмас, асар бадиий воқелигини қайта яратувчидир.
III.1. Қадимдан “ифода этилган фикр ёлғон” деган нақл келади. Бунинг асоси инсон ўйлаб ва ё ҳис қилиб турганини сўз билан тугал ифодалашга ожизлиги, демакки, ўйидаги билан тилидагининг фарқ қилишидадир. Яъни ифода ҳамиша сўзловчи ифодалашни истаганидан кўра тор, чаладир. Нутқий мулоқот пайти тингловчи буни ҳис қилиб туради, ифодадаги кемтикларни (экстралингвистик омилларга диққат қилиш, сўзловчи билан муносабатлари контекстини хотирга келтириш ва, қисман, тасаввурини ишга солиш асосида) тўлдириб олиш пайида бўлади. Шунга ўхшаш, адабий асарда ҳам муаллиф айтмоқчи бўлганларини тўла ифодалай олмайди, бунда ифодадаги кемтиклар ўқувчининг ижодий тасаввурни тўла ишга солиши ҳисобига тўлдирилади. Жонли мулоқотдагидан кўра мураккаблиги шундаки, бунда бир қатор экстралингвистик омиллар (ритм, темп, тон, умуман интонация) ҳам матн асосида қайта яратилиши зарур бўлади.
III.2. Диалог иштирокчиларининг барчалари мазмун яратувчи субъект экан, у ҳолда сўзловчи етказмоқчи бўлган (ва ўз наздида етказган) мазмун билан тингловчи англаган мазмун айнан бир нарса бўлолмайди. Адабий асар мисолида эса мазмун яратувчи субъектлар сони (ёзувчи + ўқиган ҳар бир ўқувчи) ғоят кенг, бас, талқинлар сони ҳам шунга мутаносибдир.
III.2.1. Муайян вазиятда айтилган реплика суҳбат иштирокчиларининг айримларига бир, қолганларига бошқа бир маънони етказиши мумкин. Масалан, суҳбат жараёнида биров иштирокчиларнинг бари танийдиган одам ҳақида “Аҳмад ака хўроз-да!” деб айтди. Тингловчиларнинг бириси чўзиб “ҳа-а”, тағин бириси бош ирғаб, бошқаси имою сўзсиз ушбу баҳони маъқуллади. Қизиғи, бу ўринда чинакам ахборот алмашуви амалга ошмади, чунки биринчи тингловчи “Аҳмад ака тезда уришиб кетадиган, жанжалкаш одам” деб билади; иккинчиси “Аҳмад ака аёлларга ўчроқ, “юрадиган” одам”лигидан хабардор, учинчиси “Аҳмад ака – мард одам” эканига амин бўлган, ҳолбуки, сўзловчи “Аҳмад ака аёллар бригадаси бошлиғи” эканини назарда тутганди, холос. Албатта, тингловчилар англаган мазмунларда субъективлик устувор, бироқ улар объектив асос – айтилган гапдан ўсиб чиқаётирки, уларни инкор қилиб бўлмайди. Шунга ўхшаш, адабий асар талқини ҳам муаллиф назарда тутгандан тамом бошқа бўлиши мумкин ва бунга табиий деб қарамоқ жоиз. Бу ўринда фақат биргина талаб ўринли: талқин матндан ўсиб чиқиши шарт.
III.2.2. Айрим ҳолларда турлича тушуниш имконияти сўзловчи томонидан атайин яратилади. Масалан, биров баҳорда қайтариш шарти билан қарз берган одам иштирок этаётган суҳбатда “Мана, баҳор ҳам келди!” деса, буни қарздор “Қарзни қайтариш вақти келди!” маъносида, бошқалар ўз маъносида тушунадилар. Мазкур ҳолатдаги битта реплика билан адресатларга турлича маънолар етказилишида атайинлик (албатта, бундай вазият табиий равишда ҳам юзага келиши мумкинлигини инкор қилиб бўлмайди) бор, яъни сўзловчида мақсадли равишда шу тарз гапириши имконияти бор. Шунга ўхшаш, адабий асар ҳам муаллифнинг хос ўқувчисига бошқа, оммага бошқа мазмунни етказиши мумкин. Масалан, Чўлпон “Соз” тўпламининг биринчи шеърини “Бир неча йил қантаргач, Яна олдим созимни. Энди айтиб йиғламас, Кўнгилдаги розимни” деган сатрлар билан бошлайди. Бу билан у, бир томондан, шўроча тарбия топган ўқувчига “энди шўродан нолиб йиғлоқи шеърлар ёзмайман” дея ваъда беради; иккинчи томондан, хос ўқувчисидан “созим энди кўнгил розини айтолмайди” дея узр сўрайди.
III.2.3. Аввалги (III.2.2) бандда тавсифланган каби мазмун плани иккига ажралиши бошқа омиллар таъсирида, аниқроғи, мажбурият орқасида юзага келиши нутқий мулоқотда кўпроқ учрайди. Диалог кечаётган вазият сўзловчига доим ҳам ўйидагини эркин ифодалаш имконини бермайди: гоҳ ижтимоий-сиёсий шароитни ҳисобга олиб, гоҳ миллий ё маданий анъаналар ҳурматидан, гоҳи суҳбатдошлар андишасини қилиб битта гапдан қолишига тўғри келади. Аксига олиб, айни ҳол сўзловчидаги айтиш эҳтиёжини кучайтиради ва у бир йўлини қилиб – киноя, қиёс, мажоз каби воситалар орқали фикрини ифодалашга интилади. Айтиш керакки, бу тарз айтилган репликага сўзловчи юклаган мазмун диалог контекстидагина тушунилади. Шунга ўхшаш, адабий асар ҳам яхлит ҳолича киноя (мас., А.Орипов. “Чол ва коммунизм қиссаси”), қиёс (мас., А.Қаҳҳор. “Даҳшат”) ё мажоз (мас., Ойбек. “Наъматак”)га айланиши мумкин. Бундай асарларга муаллиф юклаган мазмун ҳам фақат контекст (асар яратилган даврдаги шароит, етакчи ижтимоий кайфият, муаллиф дунёқараши ва ш.к.) доирасида англашилади.
IV. Нутқий мулоқотга киришаётган сўзловчи ҳам, бадиий мулоқотга киришаётган ижодкор ҳам репрезентатив (тингловчи ё ўқувчига информация етказиш), экспрессив (информацияга ўз муносабатини ифодалаш) ва аппелятив (тингловчи ё ўқувчига таъсир ўтказиш) мақсадларни кўзлайди. Шу боис коммуникатив бирлик бўлмиш репликада ҳам, адабий асарда ҳам шу учала мақсад ҳар вақт ҳозир, фақат ҳар бир конкрет бирликда уларнинг салмоғи турличадир. Табиийки, коммуникатив бирлик (реплика ё адабий асар) нинг ташкилланиши (структура) шу учала мақсадни рўёбга чиқариш учун оптимал имкон бериши лозим. Шунақа экан, реплика (гап)нинг қурилиши билан адабий асар структураси орасида аналогиялар бўлиши табиий. Француз адабиётшуноси Р.Барт: «структура нуқтаи назаридан ҳар қандай ривоявий матн гап моделига мувофиқ қурилади... ҳар қандай ҳикоя – бу катта гап” деб ҳисоблайди2.
IV.1. Албатта, Р.Барт фикрини мутлақлаштириб бўлмайди, лекин маълум асосга эгалигини ҳам инкор қилиш мушкул. Негаки, ҳақиқатан ҳам, ҳикояларнинг композицион қурилиши, кенгроқ қарасак, гап моделларини ёдга солади. Дейлик, “Новвой қиз” (Чўлпон) ҳикояси контраст усулида қурилган бўлиб, унинг иккита қисми бир-бирига қарши қўйилгани, масалан, “Юрган дарё – ўтирган бўйра» қолипида; “Оқподшонинг инъоми” ҳикоясининг қолипи сифатида эса қуйидагича гапни тузиш мумкин: “Уста Тўхташ мукофот оламан деб, ажабтовур ковуш ясади ва уни виставкага юбориб, ўзи мукофот илинжида орзиқиб хушхабар кутди: оқподшодан унга катта “испасиба” келтириб беришди”. Хуллас, аксарият ҳикояларнинг қурилиши, уларнинг қисмлари ёки сюжетини ташкил қилган воқеалар орасидаги алоқаларни шу тарз гап моделлари орқали ифодалаш мумкин3. Бу эса реплика (гап) ва адабий асар қурилишида умумий қонуниятлар амал қилишидан далолатдир.
IV.2. Композицион усуллар билан синтактик усуллар орасида аналогиялар кузатилиши ҳам қонуниятлар умумийлигидандир. Масалан, гап бўлакларининг одатдаги тартибини ўзгартириш – инверция усули билан сюжет воқеалари тартибининг ўзгартирилиши моҳиятан бир нарсадир. Ёки тмезис – гап ичига унга грамматик жиҳатдан боғланмаган гап ёки бўлакнинг киритилиши билан асар сюжетига бевосита боғлиқ бўлмаган воқеаларнинг киритилиши ҳақида ҳам худди шу гапни айтиш мумкин. Шунга ўхшаш, адабий асарнинг композицион қурилишида параллелизм, градация, эллипсис каби синтактик усулларнинг ҳам муқобилларини кўрсатиш мумкин.
IV.3. Адабий асар композициясида гапни мураккаблаштирувчи унсурларнинг аналоглари ҳам яққол кўзга ташланади. Дейлик, модал конструкциялар гапга мазмун ва грамматик жиҳатдан боғланмай, сўзловчининг ўзи етказаётган информацияга муносабатини ифодалайдики, моҳияти ва вазифасига кўра улар воқеабанд асарлардаги лирик чекиниш кабидир. Ёки Р.Акутагаванинг машҳур “Чангалзорда” ҳикоясида қўлланган усул – битта воқеанинг уч иштирокчи томонидан ҳикоя қилиниши қай бир маънода уюшиқ бўлаклар билан мураккаблашган гапни эслатади.
Хуллас, нутқий жанр ва бадиий коммуникация воситаси сифатида адабий асар нутқий коммуникация бирлиги бўлмиш гап билан кўплаб умумий жиҳатларга эгадир. Буларни яна бир карра эслатишга ҳаракат қилганимиз, адабий асарга нутқий жанр сифатида ёндашганимиз ўша умумий жиҳатларни шунчаки кўрсатиб бериш учун эмас, албатта. Бизнингча, айни ёндашув адабий асар, адабий жараён, адабий асар талқини, адабий-бадиий ижод табиати каби қатор назарий муаммоларни тўғри ҳал қилишга йўналиш, андоза бериши билан аҳамиятлидир.
2014 йил
Изоҳлар
Dilmurod Quronov