(“Tafakkur” jurnali savollariga javob)
- Otalar va bolalar muammosi, garchi XIX asrga kelibgina ulugʻ rus adibi Ivan Turgenevning dovruqli romani bois oʻziga tayinli nom topgan boʻlsa-da, aslida azaliy masala. Siz yoshingiz nuqtai nazaridan “otalar” safida, kasbingiz taqozosiga koʻra esa “bolalar” davrasidasiz, demak, har ikki toifaning ahvol-ruhiyati sizga kundek ravshan. Ayting-chi, bugun otalar va bolalar muammosi qaysi yangicha qirralari bilan namoyon boʻlayotir? Bir adibimizning naqlicha, ushbu bahsda har qachon bolalarning qoʻli ustun kelar emish, sababi – otalar qazo qilib ketadi, bolalar esa yashab qoladi. Bir qarasang, hazilga, bir qarasang chinga oʻxshaydigan bu gapga, baribir, eʼtiroz qilging keladi kishi. Axir, otalar haqu bolalar nohaq boʻlishi ham mumkin-ku, shunday emasmi?
- Qizigʻi shuki, bizda Siz azaliy deb atayotgan muammoning mavjudligini inkor qiluvchilar ham bor, avval shunga toʻxtalsak. Besh-toʻrt yil narida shu muammoning adabiyotimizdagi talqinlarini oʻrganishga bagʻishlangan nomzodlik ishi himoya qilingan edi. Oʻshanda ayrim mutaxassislar “bu bizning adabiyotimiz uchun muammo emas, rus adabiyotshunosligidan andoza olinibdi” tarzida eʼtiroz qilgan, sezishimcha, buni soʻzsiz maʼqullaganlar ham kam emasdi. Odatda, bunday qarashni milliy mentalitetimiz, milliy tarbiya xususiyatlaridan kelib chiqib asoslamoqchi boʻladilar. Misol tariqasida diqqatingizni islom.uz saytidagi shu masalaga bagʻishlangan maqolaga qaratmoqchimanki, uning ilk jumlasiyoq eʼtiroz uygʻotadi: “Hozirgi zamonda “otalar va bolalar muammosi” degan gap chiqib qolgan”. Holbuki, bu aslo endi chiqib qolgan muammo emas. Qadim Bobilda besh yarim ming yil avval yasalgan idishga yoshlarning ayniganiyu gʻoyat qitmir va begʻam ekanlaridan nolib, “Bu kungi yosh avlod tamaddunimizni saqlab qolishga qodir emas” degan taassuf bitilgan ekan. Firʼavnlardan birining qabriga esa yoshlar qaysar va kattalarga quloq solmaydigan boʻlgani, bu ahvolda olam ular bilan tugashi afsus bilan qayd etilgan. Yana Qobilning Odam atoga ters borgani, Nuh alayhissalomning oʻgʻli Kanʼon oʻlim xavfi ostida ham ota soʻzini olmagani, Ibrohim Xalilullohning otalari dinini har yoʻl bilan inkor qilganlari – bular muammo azaliy ekaniga yetarli dalolat emasmi?!
Muammo mohiyatining “zamonaviy oilalarda kattalar va kichiklarning, yaʼni otalar va bolalarning, onalar va qizlarning murosasi kelishmas emish, ular bir tom ostida ahil, totuv yashay olishmas emish. Bunga esa ularning yoshi oʻrtasidagi farq tufayli dunyoqarashlarining mos kelmasligi sabab boʻlar emish”ga keltirilishi, fikrimizcha, uni joʻnlashtirishdir. Zero, hech bir tom yoʻqki, ostidagi otalar va bolalarning qarashlari, orzu-intilishlari, did yo qiziqishlarida muayyan farqlar boʻlmasa, shunga qaramay, aksariyat oilalarda murosa hukmron ekani ham ayon haqiqat. Toʻgʻri, bizda yosh bilan bogʻliq farqlar kamdan-kam hollardagina ochiq toʻqnashuvga olib keladi, buning uchun, shubhasiz, sharqona tarbiya va urf-odatlarimizdan minnatdor boʻlmogʻimiz kerak. Biroq shuning oʻzi, bizningcha, “Sharq oilalarida bu muammoning boʻlishi mumkin emas” deyishga, muammoning mavjudligini butkul inkor qilishga asos boʻlolmaydi: “kasalni yashirsang isitmasi oshkora” degan gaplar bor. Menga qolsa, muammoni “Gʻarbga xos” deya oʻzimizdan nari qilishga urinish oʻzni aldashdan boshqa narsa emas. Oʻz vaqtida oʻsha Gʻarbda ham oilada ota va bola munosabatlari bizdagiga monand – otaning soʻzi qonun boʻlgan. Faqat insonning ijtimoiylashuvi kuchaygan va taraqqiyot surʼatlari tezlashgan yangi davr, – koʻpchilik buning chegarasini XVIII asrdan oladi – soʻnggi uch yuz yillar davomida muammo hozirgi koʻrinishiga keldi. Bizda boʻlsa yangi davrga xos xususiyatlar XX asr boshlaridan – atigi yuz yillardan beri kuzatiladi. Qolaversa, “otalar va bolalar” muammosi degani oilaviy munosabatlar doirasi bilan cheklanmaydi, ictilohiy maʼnoda u avlodlar orasidagi ziddiyatni, jamiyatning taraqqiyotini taʼminlovchi ichki mexanizmlardan birini anglatadi.
Umumiy gaplarga oʻtib ketdik, uzr, bevosita savolga qaytsak. Darhaqiqat, koʻhna muammo bugun oʻziga xos tarzda namoyon boʻlmoqda. Avvalo, taraqqiyot va oʻzgarishlar shiddati avlodlar orasidagi davriy oraliqni tigʻizlashtirdi: ilgari “otalar va bolalar” tarzidagi muammo “akalar va ukalar” koʻrinishini olmoqda. Deganim, hozir xatto 10-15 yillik farq ham sezdiryapti. Yaʼni yigit yoshidagi odam oʻychan bosh qashigancha “Bizlar yoshligimizda bundoq edik, bular boʻlsa...” qabilida falsafa soʻqa boshlasa, bu shunchaki hazil emas, uning shu tarz oʻylash, his qilishiga asos bor. Oʻz navbatida, bunisi, fikrimcha, ikkinchi muhim jihat, vaqtning tigʻizlashuviga mos ravishda otalar va bolalar orasidagi masofa uzoqlashyapti, negaki, zamon shiddati bois ularning qarashlaridagi mushtaraklik muttasil kamayib bormoqda. Buning asosiy omili esa globallashuv sharoitidagi madaniyatlar qorishuvi va turli-tuman axborotlarni olish imkonlari benihoya kengayganidir. Zero, birinchidan, oʻsha qorishiq madaniyatga munosabat turlicha: kattalar yaxshi hazm qilolmay turgan narsalarni yoshlar tabiiy qabul qilishadi. Ikkinchidan, axborot olish imkonlaridan foydalana olish darajasi turlicha: deylik, ellikni qoralayotganlarning koʻpi uchun “smartfon”u “ayfon” deganlari bir goʻr – telefon, xolos, holbuki, bogʻchadagi ayrim bolakaylar ularning sizu bizning xayolimizga kelmagan amallarini koʻrsatishadi. Xullas, ushbu omillar taʼsirida “otalar va bolalar” muammosi barham topayotgandek – “otalar” oʻz holicha bir tomon, “bolalar” oʻz holicha boshqa bir tomon boʻlib borayotgandek tuyuladi. Tamsil qilmoqchi boʻlsak, vaziyat, elektriklar aytmoqchi, “Kontakt yoʻq!” holatiga kirmoqda, kontakt boʻlmagach esa, bilasiz, na uchqun chiqadi va na motor oʻt oladi. Shunga oʻxshash, jamiyatning oldinga yurishi uchun avlodlar orasidagi ziddiyat boʻlishi shart, “kontakt”ning yoʻqolishi turgʻunlik va boshboshdoqlikka olib boradi...
Oʻylab koʻrsa, “tomonlarning qay biri haq” masalasida yoshlikda bir tomonu ulgʻayganida boshqa tomonga moyil boʻlayotganini hamma ham eʼtirof etsa kerak. Sababi, hammamiz ham bu ziddiyatning bevosita ishtirokchisi, bas, xolis boʻlishimiz mahol. Faqat muammodan uzilib, u haqda abstrakt mushohada yuritsakkina xolis boʻlishga imkon tugʻiladi. Xolis qaragandagina bu oʻrinda “haqlik” masalasi emas, murosa muhimroq ekanini koʻramiz. Murosa deganim esa qarshi tomondagi maqbul jihatlarni ham koʻra olishni taqozo etadi. Albatta, yoshlarga xos yangilikka tashnalik va olamni oʻz orzu-xayollariga muvofiq koʻrish istagi kattalardagi bunday jihatlarni koʻrishga xalal beradi. Biroq ularda bitta ustunlik bor – VAQT, yaʼni oldinda hali oʻzlarining va avvalgilarning oʻy-qarashlariyu amallarini qayta koʻrib chiqish, qayta baholash imkoni bor. Kattalarda esa bu imkon kamroq va kun sayin sham misoli erib-tugab borayotgani his etilib turadi. Shundan boʻlsa kerak, kattalarda “vaqt tuzatadi” deb kutishga gohi sabr yetishmay qoladi, munosabatlari asabiy taranglik, gaplarida shikoyat ohanglari kuchayadi... Holbuki, agar yoshlarning uzrli holatini eʼtiborga olinsa, muammoning keskinlashuvi uchun masʼuliyat koʻproq “otalar” zimmasiga tushadi. Negaki, otalar eʼzozlagan qadriyatlarni bolalar qabul qilmayotgan boʻlsa, demak, yo ular chindan qimmatini yoʻqotgan, yo biz ularning qadriyat ekanini namoyon etolmadik. Mazkur sabablarning birinchisi tabiiy: yoshlar qadriyatlarimizning barini va bor holicha olmaydi, saylab va oʻz talab-ehtiyojlariga moslab oladi. Ikkinchisiga kelsak, agar hayotimiz davomida qadriyatning aslligini namoyon etolgan boʻlsak, tashvishga oʻrin yoʻq: bolalar ertami-kech, balki oʻzlari “otalar” maqomiga yaqinlashganlari saridir, uni qabul qilishadi. Yaʼni otalar haqlikni daʼvo qilishlari emas, hayotdagi amallari bilan ibrat boʻlishlari zarur va shundagina ertangi kundan koʻngil toʻq ketish mumkin boʻladi.
- Hozir butun insoniyat ekonomikotsentrizm (talaffuzi qiyinligini qarang!) hukmi ostida yashayotir – moddiy farovonlikka erishish maqsadlarning maqsadi goʻyo! Siz jadidchilik harakati va jadid adabiyoti tadqiqotchisi sifatida yaxshi bilasiz: Ismoilbek Gʻasprali “Farangiston maktublari”da Shayx Jalol tilidan bunday deb yozadi: “Molning koʻpligi va turfaligi, sanoat va hunarning taraqqiysi insonlarni saodatli qila olmaydi. Saodati insoniyaning chashmasi bitta, u ham boʻlsa haqqoniyatdir!” Ismoilbek Gʻasprali va boshqa jadid bobolar haqqoniyat deganda nimalarni nazarda tutgan? Ushbu qarash bizning davrimiz, XXI asr uchun nechogʻli ahamiyatli?
- Ha, xuddi shu muammoni bir yuz oʻttiz yil muqaddam Ismoilbek Gʻasprali ham koʻtargan, faqat u talaffuzi osonroq “foyda” soʻzini qoʻllagan. Men uning 1885 yilda chop qilingan “Ovrupo madaniyatiga betarafona bir nazar” risolasini nazarda tutmoqdamanki, u Ismoilbekning fikri deyish uchun qahramon tilidan aytilgandan koʻra ishonchliroq. Gʻarb dunyosidagi tanazzulni mushohada qilarkan, Gʻasprali buning asosiy omilini “yashamoqning gʻoyasi, harakatning sababi va insonlar orasidagi muomala foydadan boshqa bir istakka bogʻlanmasligi”da koʻradi. Unga koʻra, foyda jamiyatning maslagiga aylangani uchun ham ijtimoiy adolatsizlik, tengsizlik hukmron, bu hol esa tabiiy ravishda sotsializm gʻoyalarini tugʻdiradi. Oʻz davri sotsialistik gʻoyalarini oʻrgangan Gʻasprali ularni inson tabiatiga zid va bani bashar qarshisida turgan ulkan muammo sanagan holda bashorat qiladi: “Mudhish inqiloblar sotsializm tufayli sodir boʻladi. Oʻttiz yillik muhorabalar, fransuz Buyuk inqilobi mudhish sotsializm inqiloblari qarshisida oʻyinchoq boʻlib qoladi”. Qarangki, Ismoilbek tafakkur kuchi bilan oktyabr toʻntarishidan oʻttiz ikki yil avval uning Yevropa tarixidagi eng mudhish voqelardan-da dahshatli oqibatlarga olib kelishidan ogoh etmoqda. Mazkur tahlikali vaziyat foydani asosga qoʻyib, haqqoniyatning chetga surib qoʻyilgani natijasidirki, mutafakkir fikricha, eski madaniyatning nuqsoni ayni shudir. Shu oʻrinda Ismoilbek Gʻasprali jadidchilikka xos muhim bir qarashni – “Ovrupodan sanoat va texnika bilan birga yashash tarzi va qoidalarini” olmaslik kerakligini taʼkidlaydi. Negaki, agar taraqqiy yoʻliga kirgan islom oʻlkalari “Ovruponing izidan ergashib, oxir oqibatda sotsializm balolariga duchor boʻladigan boʻlsak, hayf bunday gʻayrat va mehnatimizga!” deb biladi. Yaʼni Gʻarbga koʻr-koʻrona ergashmasligimiz, “hayot haqida oʻz muqaddas gʻoyamizga ega boʻlishimiz” kerakki, bu – “haqqoniyat” asosiga qurilgan bir yashash tarzining mevasi” boʻlmish yangi madaniyatni barpo etish gʻoyasidir. Muhimi, musulmonlargina ushbu gʻoyani roʻyobga chiqarish uchun zarur sarmoya sohibi va bu sarmoya “Qurʼondirki, hukmining oʻzi “haqqoniyat”dir”. Shu oʻrinda mutafakkir qoʻllagan “haqqoniyat” soʻzining istilohiy maʼnosi anglashiladi. Yaʼni Qurʼoni Karimda aks etgan “yer va mulk, sarmoya va foiz, fard va jamiyat, tijorat va ish, xayr va hayrot”, umuman, inson faoliyatini tartibga soluvchi amrlarning har biri – “haqiqat”, ularning jami esa “haqqoniyat”dir. Ismoilbek janoblari qatʼiy ishonadiki, agar “mulk-tijorat va ish haqidagi Qurʼon qoidalari Ovrupocha huquq va axloqqa asos olinadigan boʻlsa edi” eski madaniyat tanazzulga yuz tutmas, xususan, “dahshat soluvchi sotsialistik fikrlarga mutlaqo oʻrin qolmasdi”. Bu esa bir ibratdir! Shuning uchun ham u musulmon oʻlkalarini taraqqiy ettirishning sharti oʻlaroq aqllarni maʼrifat-la yoritishu qalblarni haqqoniyatga toʻldirishni birinchi oʻringa qoʻyadi.
Ismoilbek Gʻasprali risolasidan qariyb oʻttiz yil keyin yaratilgan “Turkiy Guliston yoxud axloq”da Abdulla Avloniy yozadi: “Haqqoniyat deb ishda toʻgʻrilik, soʻzda rostlikni aytilur. Inson boʻstoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yoʻli ila chiqar. Insoniyatning ildizi oʻlan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur”. Fikrimcha, bu oʻrinda bir nuqtaga – taʼrif mazmunida dunyoviylik tomon siljish boʻlganiga diqqatni tortish kerak. Toʻgʻri, Avloniy ham istiloh Allohning muborak nomi bilan bogʻlanishi va “haqqoniyat nuri qaysi dilda jilvagar oʻlsa, janobi Haqning tavfiqi rabboniysi shu dilda nashʼu namo qilishi”ni taʼkidlaydi. Biroq shunda ham, salafidan farqli oʻlaroq, haqqoniyatni musulmonlarga farz qilingan qoidalar majmui emas, koʻproq inson axloqiga xos xususiyat sifatida talqin qiladi. Albatta, mohiyatda oʻzgarish boʻlmadi, biroq bu siljish oʻzida ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi oʻzgarishlarni aks ettirgani ham shubhasiz. Zero, bu vaqtga kelib milliy ziyolilar toifasi oyoqqa turish va oʻzini “qadim”chilarga qarshi qoʻyishga, Gʻasprali ofat sanagan sotsialistik gʻoyalar koʻpchilikka ozmi-koʻpmi taʼsir qilishga ulgurgan... xullas, bular endi boshqa, alohida va maxsus oʻrganishga loyiq masala.
Hozirgi kunga kelib “haqqoniyat” soʻzi isteʼmolda istilohiy maʼnosini yoʻqotgan, yangi izohli lugʻatda uning ikkita maʼnosi borligi qayd etilib, ular: “1. ayn. haqqoniylik. ... 2. ayn. haqiqat. ...” tarzida izohlangani ham shunga dalolat qiladi. Biroq muammo hamon dolzarb, siz aytgan ekonomikotsentrizm solayotgan jiddiy xavfni mudom sezib turibmiz. Xayriyatki, jamiyatimiz oʻziga oʻtmishni unutmaslik, ajdodlar tajribasiga tayanish kabilarni qadriyat biladi. Deganim, dastur qilib olganimiz “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” shiori va shu asosda maʼnaviyatga ustuvor ahamiyat berilayotgani, mohiyatan, oʻsha bobolar nazarda tutgan “haqqoniyat”ning bugungi voqelikdagi yangicha mavjudligidir.
- Suqrot oʻz fikrlarini ogʻzaki bayon etish bilan kifoyalangan, biror satr ham qogʻoz qoralagan emas. Buning sababi soʻralganda donishmand ”Axir, keyingi avlodlar biror fikrimni gʻalati talqin etgudek boʻlsa, bilagidan mahkam tutib, yoʻq, men buni nazarda tutmaganman, deb aytolmayman-da”, deya javob qaytargan ekan. Bugun dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalarni kuzata turib, Suqrot hakim bejiz xavotirga tushmagan ekan-da, degan xayolga borasan kishi. Axir, Ollohning kalomi – Qurʼoni karim oyatlarini bir-biridan farqli, hatto ziddiyatli sharhlash oqibatida qonli toʻqnashuvlar yuzaga kelayotganiga nima deysiz! Germenevtika magʻzini obdon chaqqan olim, qolaversa, “Talqin imkoniyatlari” degan kitob yozgan muallif sifatida aytsangiz: talqinda ham qandaydir qizil chiziq – oʻtish taqiqlangan sarhad bormi? Agar shunday chiziq boʻlmasa, talqin absurdga, bemaʼnilikka aylanib ketadi-ku!
- Suqrot falsafaning otalaridan biri sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas-da, qarang, shu gapining oʻziyoq uning nechogʻli donishmandligini koʻrsatadi! Rosti, meni ham koʻpdan beri oʻylatib keladigan savolni oʻrtaga tashladingiz. Darhaqiqat, nutqning, u xoh ogʻzaki va xoh yozma boʻlsin, turlicha tushunilishi bor gap. Negaki, nutqiy muloqot jarayonida biz birbirimizga fikr emas, uning ifodasi – nutq tovushlari yo yozuv belgilaridan tarkiblangan shaklni uzatamiz. Oʻz navbatida, tinglovchi (yoki oʻquvchi) oʻsha shaklni hissiy idrok etadi, yaʼni sezgilari – eshitish yo koʻrish orqali qabul qiladi va qaytadan fikrga aylantiradi. Demak, maʼno yaratuvchi subyekt bitta emas, shunday ekan, uzatuvchi ong bilan qabul qiluvchi ongdagi fikr ham aynan boʻlolmaydi. Oʻsha siz eslatgan kitobchada bunga bir misol keltirgandim, hozir shuni takrorlagim keldi. Tasavvur qilingki, “... suhbat ishtirokchilarining bari taniydigan odam haqida “Ahmad aka xoʻroz-da!” deyildi. Tinglovchilarning hammasi buni maʼqulladi, faqat ularning biri “Ahmad aka tez, janjalkash odam”ligini, ikkinchisi “Ahmad aka ayollarga oʻchroq, “yuradigan” odam”ligini, uchinchisi “Ahmad aka – mard odam” ekanini biladi va har biri oʻz bilganidan kelib chiqqan holda soʻzlovchini maʼqulladi. Holbuki, soʻzlovchi “Ahmad aka ayollar brigadasi boshligʻi” ekanini nazarda tutgan, xolos”. Qarang, shakl bitta boʻlgani holda suhbat ishtirokchilarining har biri unga oʻz maʼnosini yuklamoqda. Oʻzgalar bilan muomalada bot-bot “Unday demoqchi emasdim...” qabilida uzrxohlik qilish zarurati yuzaga kelib turishining asl manshai ham aslida shu. Faqat buni xafa boʻlayotgan tomon “oʻylamay gapirish”, uzrxohlik qilayotgan tomon boʻlsa “qildan qiyiq chiqarish” deb tushunishga moyilroq. Xoʻp, jonli muloqotda-ku uzrxohlik qilish, aytilmoqchi boʻlinganni izohlab berish, yaʼni, jillaqursa, suhbatdosh koʻngliga ingan gʻuborni ketkazishga harakat qilish imkoni bor, garchi bu imkon ham toʻliq samara berolmasa, gʻubordan baribir iz qolsa ham. Yozma nutqqa kelsak, unda shu haminqadar imkon ham kesiladi, yaʼni bunda endi “Aytilgan soʻz – otilgan oʻq” yoinki ruslarning “Qalam bilan bitilganni bolta bilan ham oʻchirib boʻpsan” maqollari toʻla va qatʼiy amal qiladi. Zero, yozuvda muhrlangan onidan fikr egasidan ayro mustaqil hayotini boshlaydi – ming-minglab onglarda qayta-qaytadan jonlanib, har birida oʻziga xos tarzda jilolanaveradi. Haqiqatan ham, Suqrot aytmoqchi, unga endi hatto egasi (muallifi)ning ham zarracha biyligi yoʻq, yaʼni muallifning talqini ham imkondagi talqinlarning biri, xolos.
Xullas, matnni turlicha tushunish imkoniyati hamisha mavjud, demak, u talqin asosi boʻlolmas ekan-da?! Negaki, agar matnga asoslanib qayta yaratilgan fikr toʻgʻri desak, unda turfa talqinlarning barini toʻgʻri deyish kerak boʻladi. Yaʼni bu holda, siz aytmoqchi, muqaddas manbalarni “bir-biridan farqli, hatto ziddiyatli sharhlash oqibatida” yuzaga kelayotgan holatlarni ham normal hol deb qabul qilishimiz kerakki, sogʻlom aql bunga koʻnmaydi. Ayni hol matn mazmuni kontekstdagina reallashadi degan qarashni ustuvor etdi. Unga koʻra, matnni kim, qachon, qanday vaziyatda yaratganidan kelib chiqib tushunish kerak. Biroq shunisi borki, biz umumlashtirib uchta savol shakliga keltirgan kontekstlarni ham har kim oʻzicha tasavvur qiladi. Deylik, matn yaratuvchisining kim ekani – hayot yoʻli, muhiti, feʼl-sajiyasi, orzu-intilishlari kabilar haqidagi bilimlarimiz farq qiladi, demak, u haqdagi tasavvurlarimiz ham farqli. Shunaqa ekan, matnning biografik kontekstdagi talqini ham subyektivlikdan, demakki, turlichalikdan xoli boʻlolmaydi. Xuddi shu hukmni boshqa kontekstlar (tarixiy, madaniy, ijtimoiy va h.k.)ga nisbatan ham bemalol aytish mumkin. Albatta, kontekstual tahlil bizni matn yaratuvchisi koʻzda tutgan mazmunga yaqinlashtiradi, biroq u – adoqsiz jarayonda, chunki kim, qachon, qanday vaziyatda soʻroqlariga javobimiz mudom aniqlashib, toʻlishib boradi...
Nihoyat, oʻsha “qizil chiziq – oʻtish taʼqiqlangan sarhad” haqida. Asli, shu choqqacha aytganlarimiz talqinda bunday chiziq yoʻq va boʻlishi ham mumkin emasligiga dalolat qilayotgandek. Zero, modomiki oʻquvchi (tinglovchi) mazmun yaratuvchi subyekt ekan, matnning oʻzini alohida olamizmi va yo kontekstlar doirasidami, qatʼi nazar, turlicha talqin qilish imkoniyatlari hamisha mavjud. Istaymizmi yoʻqmi, har ikki holda ham talqin yoʻnalishini belgilovchi bosh omil talqinchi boʻlib qolayotir. U esa, bilasiz, vijdon bilan nafs orasida talash – ikkisiga ham quloq tutib yashashga mahkum, qalbida jannat xayoli va yo oʻzga yuksak maqsad-intilishlari bilan boʻgʻzigacha turmush tashvishlariga botib yashayotgan ojiz bir banda. Shunday boʻlgach, talqinning shaxsiy yo guruhiy manfaatdan kelib chiqish ehtimoli ham, taassufki, juda katta. Jumladan, muqaddas manbalarni-da “bir-biridan farqli, hatto ziddiyatli sharhlash oqibatida qonli toʻqnashuvlar yuzaga kelayotgan”i ham shuning oqibatidir. Sirasi, ayni holat “qizil chiziq” masalasini gʻoyat dolzarb etayotgani, hozircha ayrimlarnigina oʻylatgan bu savolning ertami kech butun afkor omma ongini zabt etishi muqarrar ekani ham aqlga tayin. Biroq buning uchun yana qancha qurbonlar berilishi, qancha qon toʻkilishi kerak?!.. Bas, bashariyatni halokatdan saqlash uchun “qizil chiziq” tortilishi shart va u bandalarning bitiklari bilan ilohiy manbalar orasidan oʻtmogʻi kerak. Aslida-ku, bu chiziq azalan bor, faqat moddiyunchilik taʼsirida shaxsiy taqdiriyu olam ravishini oʻzi belgilashiga ishonib qolganidan kibrga berilgan yangi odam buni eʼtiboriga arzitmay qoʻydi, xolos. Endi esni yigʻib, yuqorida muxtasar tavsiflangan qonuniyatlar chiziqning berigi tomonidagina amal qiladi, narigi tomon – ilohiy manbalar hududi daxlsiz, degan haqiqatni qaytadan tan olish fursati yetdi. Holbuki, Allohning kalomini turlicha talqin qilayotganlarning aksari chin musulmonlik daʼvosida emasmi?! Shunday ekan, iymonli odam uchun Alloh – mutlaq EZGULIK, mutlaq HAQIQAT, mutlaq ADOLAT... boʻlishi kerak! Bas, muqaddas Kalomda shularga buyurilganmiz, bundan oʻzga maʼnolar uqayotgan boʻlsak, eng avval iymonimizni taftish qilib koʻrmoq zarur. Siz oʻrtaga tashlagan masala boʻyicha ojiz aqlimning yetgani shugina, yana Alloh oʻzi bilguchidir!
- Oʻzingizga maʼlum, matematikada soddalashtirish degan bir usul bor. Masalan, 4000/1000 dan surat va maxrajdagi uchtadan nol qisqartirilib, 4/1 hosil qilinadi. Bunda mohiyatga mutlaqo putur yetmaydi, chunki har ikki holatda ham boʻlinma – 4 ga teng. Endi nigohni fandan uzib, jamiyatga qaratsak: bugungi kishilar hayotida ham ancha-muncha “nollar”ni qisqartirib, soddalashtirishga ehtiyoj bordek, nazarimda. Bu oʻrinda men “nollar” deganda bizni insoniy mohiyatimizdan chalgʻituvchi, xoh moddiy, xoh maʼnaviy boʻlsin, barcha narsalarni nazarda tutyapman. Ushbu fikrga nima deysiz? Sizningcha, biz dastavval aynan qaysi ”nollar”dan xalos boʻlmogʻimiz zarur?
- Azbaroyi savolni arifmetik yoʻl bilan berganingiz yoqib ketganidan shu yoʻlda javob bergim keldi. Masala sharti hammaga maʼlum: inson farishta bilan hayvon oraligʻida yaratilgan, deyiladi. Buni mana bu shaklda ifodalash mumkin:
=1 holdek koʻrina boshlaydi... Taʼkidlash joizki, bu gaplar ijtimoiy maqomi baland kishilargagina tegishli deb oʻylagan xato qiladi. Zero, bu virusdan deyarli hamma zararlangan, kishining ijtimoiy maqomiga kasallanish darajasiyu isitmasi bogʻliq, xolos. Aytaylik, belgilangan oʻtish joyida piyodaga yoʻl bermagan haydovchi qilmishini kibrga yoʻysak, ehtimol, hayron boʻlar, eʼtiroz ham qilar. Biroq kuppa-kunduz kuni hech tortinmay piyoda haqini oʻzlashtirayotgani zamirida mensimaslik, kibr boʻlmay nima? Yoki soat falonga deb tumanning eng katta zaliga majlis chaqirib qoʻygan odamning uch-toʻrt soatlab bemalol “ushlanib” qolaverishi ham ayni kibrdan, oʻsha zalga toʻplangan odamlarni mensimaslikdan boshqa emas. Kechikkani-ku, xoʻp, uzr soʻrashni xayoliga ham keltirmasdan, avjiga chiqqani sari majlis ahlini yoppasiga “sen”lay boshlashi, tikka qilib qoʻyilgan osiylarga aytgani eshitsa ilon poʻst tashlaydigan haqoratlar – bular endi kibrning xuruji, joʻsh urib koʻpirishi, xalqona tilda aytsak, quturishi! Demoqchi boʻlganim, piyodada ham, arbobda ham kibr meyordan oshdi, faqat darajasi birinchisida, boringki, mingdan birlar bilan, ikkinchisida esa oʻndan birlar bilan oʻlchanadi...
Bir rivoyat esga kelyapti, adashmasam, Epikur edi, shogirdlari bilan tursa, oʻta bashang kiyingan kishi oʻtib qoldi. Faylasuf uni koʻrsatib aytdiki, “Bu kibrdan!” Biroz fursat oʻtib, endi oʻta juldur kiyingan kishi oʻtdi, ustoz unga ishora qilib dediki, “Bu ham kibrdan!” Sezgandirsiz, rivoyatni eslashdan murod – bitta xususiyatning bir-biriga tamom zid namoyoniga diqqatni tortish. Zero, insoniylik asoslaridan boʻlmish gʻurur, viqor, or kabi sifatlar manshai ham nafs, oʻzini sevish-da! Yaʼni nafsni butkul oyoqosti qilish ham, agar tarki dunyo qilmagan boʻlsa, kishini insoniylik mohiyatidan yiroqlashtiradi. Deylik, haqimizga surbetlarcha tajovuz qilinishiyu huquqimizning poymol etilishiga jim yoʻl qoʻyib berishimiz, qadrimizni yerga urib, shaʼnimizni tahqirlovchi haqoratlarni yutib yuborishimiz – otini har qancha chiroyli qilib “andisha” desak-da, haqiqatda qullik psixologiyasining qoldigʻi, unga qayta jon ato etgan esa yuqorida aytganimiz meyorning buzilishidir. Eng yomoni, shu qoldiq bilan kibrning chatishuvidan, nima desam ekan, “mutant” bir xususiyat paydo boʻldi. Qaysiki, oʻzi bosh boʻlgan muhitda hokimi mutlaq oʻlaroq, yuqori doiralarda esa mutelikni tugal boʻyniga olib harakat qilishni nazarda tutmoqdaman. Oqibat, “men boshliqman, sen – ahmoq, sen boshliqsan, men – ahmoq” tamoyili urfga kirib borayotgandek. Xullas, gap koʻp-u, koʻmir oz...
- Biz haqiqat jarchisi sanalmish adabiyotni butun xalqni qamrab olgan azim harakat sifatida koʻrishga odatlanganmiz. Ammo keyingi vaqtda bu azim harakat baliq ovlovchilar yoki marka yigʻuvchilar jamiyati aʼzolarining safi qadar torayib va siyraklashib bormayaptimi, adabiyot bir siqim yozuvchi va munaqqidlaru oz sonli oʻquvchilar ishi boʻlib qolmayaptimi? “Oqqan daryo oqaveradi” naqliga tayanib, adabiyot oʻzining yuksak mavqeini qayta tiklashiga umid qilish darkormi? Yoki uning keyingi taqdiri avvalgidan mutlaqo farqli oʻzga qonuniyatlar izmida boʻladimi?
- Darhaqiqat, biz adabiyotni siz aytganday koʻrishga odatlanganmiz. Zero, sizu bizning qarashlarimiz shakllangan vaqtlar adabiyot nafaqat badiiy, balki milliy ijtimoiy tafakkurning ham ilgʻorida borgan edi. Eslang, u vaqtlar hozirgidek oʻnlab telekanallar kecha-kunduz tinim bilmay ishlab turmas edi, internet deganlari-ku xayolimizga ham kelmagan... xullas, bizdagi maʼnaviy-ruhiy tashnalikni qondiradigan yagona chashma edi-da adabiyot. Ehtimol, bular hozirgilarga mubolagʻadek koʻrinar, lekin yaxshi kitobi bor odamni izlab topib, bir kun-yarim kunga soʻrab olib, gohi haftalab, oylab navbat kutib oʻqiganimiz bor va bu sizu biz uchun ayni haqiqat. Ha, ayni shunday: biz uchun haqiqat! Bas, uni yoshlarni – farzandlarimiz yo shogirdlarni yanish uchun dastakka aylantirib olish toʻgʻri emas-da! Keyingi vaqtlar shu fikrda tobora muqimlashib boryapman. Toʻgʻri-da, yoshlarimiz maʼnaviy-ruhiy tashnaligini qondira oladigan chashmalar koʻpayib ketdi, axir. Albatta, bu chashmalardan oqib turgan suvning taʼmi, sofligi, tarkibi bir xil emas, biroq, birinchidan, hammasi ham birdek tashnalikni qondiradi, ikkinchidan, bu tamom boshqa masala...
Mabodo soʻz va ijod erkinligi adabiyotning ommaviy oʻqilishiga barham berdi, desam, balki, paradoksal fikr aytganday koʻrinarman. Biroq haqiqatan ham shunday boʻldi. Oʻzingiz aytganday, biz adabiyotda “haqiqat jarchisi”ni koʻrib oʻrganganmiz. Zero, matbuot, radio va televideniyeda rasmiy nuqtai nazardan zigʻircha chekinishga yoʻl qoʻyilmagan bir sharoitda adabiyot ruh erkinligini reallashtirishga ozmi-koʻpmi imkon bera oladigan yagona maydon edi. Eslang-a, hozirgi oʻquvchiga borib turgan zamonasozlik boʻlib koʻrinuvchi sheʼrlar, deylik, Abdulla Oripov sheʼrlarining satr oralarida oʻsha ruhning isyonini uqqanmiz, undan maʼnaviy quvvat olganmiz. Ayni ruh yildan-yil kuchayib borganiyu 80-yillar oʻrtalariga qadar haddi aʼlosiga koʻtarilib borgani ham yodingizda boʻlsa kerak. Keyin soʻz erkinligi... Endi shoiru adiblar “yoʻlini qilib”gina aytolgan gaplarni xohlasa boshlovchi jurnalist ham bemalol aytadigan boʻldi. Tabiiyki, bunday sharoitda adabiyotning “haqiqat jarchisi” boʻlishiga zarurat qolmadi.
Choʻlponning “Adabiyot yashasa – millat yashar” xitobi, nima desam ekan, avans tariqasida aytilgan gap edi. Zero, otashin shoir bu oʻrinda millatni uygʻotish, unga oʻzligini tanitgan holda istiqlol va taraqqiy yoʻliga soluvchi yangi adabiyotni, yaʼni endigina shakllana boshlagan adabiyotni nazarda tutgan. Keyinroq, uloq shoʻroda ketib, adabiyot mafkura quroliga aylantirilgan sharoitda koʻproq “oʻtin yorishga sarflanayotgan” boʻlsa-da, A.Qahhor uning “atomdan kuchli” ekanini eʼtirof etgandi. Sizu biz kitob oʻqishga mukkadan ketgan chogʻlar esa oʻquvchi ommani erk sogʻinchiyu haqiqatga tashnalik birlashtirgandi, nazarimda. Demoqchi boʻlganim, adabiyotning ijtimoiy mavqei kuchaygan davrlarda oʻquvchi ommaning aksariyatini birlashtiruvchi gʻoya yo dard mavjud boʻlgan. Bugungi voqelik esa ulardan tamom farq qiladi. Zero, bugungi kun kishisi koʻproq oʻzi va yaqinlari turmushini farovon qilish, farzandlari istiqbolini taʼmin eta oladigan zamin hozirlash bilan band. Bunday vaziyatda esa adabiyotning ilgarigi ijtimoiy maqomga ega boʻlishi imkondan tashqarida.
Xullas, endilikda adabiyot nimagadir vosita boʻlib emas, oʻz holicha – adabiyot oʻlaroq yashayotir. Ayni holni eʼtiborga olmasdan, bugungi adabiyotga ham adabiyot haqida ilgari hosil qilgan tasavvurlar bilan yondashmoqdamiz. Holbuki, obyektning tabiati oʻzgargan ekan, yondashuvimizga ham muayyan oʻzgarishlar kiritilishi lozim. Muammoning yana bir oʻtkir qirrasi shuki, yosh avlodga adabiyotni oʻqitishimiz ham koʻproq oʻsha eskirgan tasavvurlarga tayanadi. Aytmoqchimanki, hozir adabiy ijodda, adabiyotni anglash va oʻqitishda yangilanish jarayonlari kechayotgan pallada, boshqacha aytsak, oʻtish davridamiz. Har qanday oʻtish davridagi kabi bunda ham ziddiyatlar, chalgʻishlar, yoʻqotishlar boʻlishi tabiiy. Biroq pirovard natijada jamiyat adabiyotni asl qimmatiga munosib qadrlaydi, javoban esa u millatni maʼnaviy yuksaltirishdek vazifasini uddalashda samarali va bardavom boʻladi.
2016 yil
Izohlar
(“Тафаккур” журнали саволларига жавоб)
- Оталар ва болалар муаммоси, гарчи XIX асрга келибгина улуғ рус адиби Иван Тургеневнинг довруқли романи боис ўзига тайинли ном топган бўлса-да, аслида азалий масала. Сиз ёшингиз нуқтаи назаридан “оталар” сафида, касбингиз тақозосига кўра эса “болалар” даврасидасиз, демак, ҳар икки тоифанинг аҳвол-руҳияти сизга кундек равшан. Айтинг-чи, бугун оталар ва болалар муаммоси қайси янгича қирралари билан намоён бўлаётир? Бир адибимизнинг нақлича, ушбу баҳсда ҳар қачон болаларнинг қўли устун келар эмиш, сабаби – оталар қазо қилиб кетади, болалар эса яшаб қолади. Бир қарасанг, ҳазилга, бир қарасанг чинга ўхшайдиган бу гапга, барибир, эътироз қилгинг келади киши. Ахир, оталар ҳақу болалар ноҳақ бўлиши ҳам мумкин-ку, шундай эмасми?
- Қизиғи шуки, бизда Сиз азалий деб атаётган муаммонинг мавжудлигини инкор қилувчилар ҳам бор, аввал шунга тўхталсак. Беш-тўрт йил нарида шу муаммонинг адабиётимиздаги талқинларини ўрганишга бағишланган номзодлик иши ҳимоя қилинган эди. Ўшанда айрим мутахассислар “бу бизнинг адабиётимиз учун муаммо эмас, рус адабиётшунослигидан андоза олинибди” тарзида эътироз қилган, сезишимча, буни сўзсиз маъқуллаганлар ҳам кам эмасди. Одатда, бундай қарашни миллий менталитетимиз, миллий тарбия хусусиятларидан келиб чиқиб асосламоқчи бўладилар. Мисол тариқасида диққатингизни islom.uz сайтидаги шу масалага бағишланган мақолага қаратмоқчиманки, унинг илк жумласиёқ эътироз уйғотади: “Ҳозирги замонда “оталар ва болалар муаммоси” деган гап чиқиб қолган”. Ҳолбуки, бу асло энди чиқиб қолган муаммо эмас. Қадим Бобилда беш ярим минг йил аввал ясалган идишга ёшларнинг айниганию ғоят қитмир ва беғам эканларидан нолиб, “Бу кунги ёш авлод тамаддунимизни сақлаб қолишга қодир эмас” деган таассуф битилган экан. Фиръавнлардан бирининг қабрига эса ёшлар қайсар ва катталарга қулоқ солмайдиган бўлгани, бу аҳволда олам улар билан тугаши афсус билан қайд этилган. Яна Қобилнинг Одам атога терс боргани, Нуҳ алайҳиссаломнинг ўғли Канъон ўлим хавфи остида ҳам ота сўзини олмагани, Иброҳим Халилуллоҳнинг оталари динини ҳар йўл билан инкор қилганлари – булар муаммо азалий эканига етарли далолат эмасми?!
Муаммо моҳиятининг “замонавий оилаларда катталар ва кичикларнинг, яъни оталар ва болаларнинг, оналар ва қизларнинг муросаси келишмас эмиш, улар бир том остида аҳил, тотув яшай олишмас эмиш. Бунга эса уларнинг ёши ўртасидаги фарқ туфайли дунёқарашларининг мос келмаслиги сабаб бўлар эмиш”га келтирилиши, фикримизча, уни жўнлаштиришдир. Зеро, ҳеч бир том йўқки, остидаги оталар ва болаларнинг қарашлари, орзу-интилишлари, дид ё қизиқишларида муайян фарқлар бўлмаса, шунга қарамай, аксарият оилаларда муроса ҳукмрон экани ҳам аён ҳақиқат. Тўғри, бизда ёш билан боғлиқ фарқлар камдан-кам ҳоллардагина очиқ тўқнашувга олиб келади, бунинг учун, шубҳасиз, шарқона тарбия ва урф-одатларимиздан миннатдор бўлмоғимиз керак. Бироқ шунинг ўзи, бизнингча, “Шарқ оилаларида бу муаммонинг бўлиши мумкин эмас” дейишга, муаммонинг мавжудлигини буткул инкор қилишга асос бўлолмайди: “касални яширсанг иситмаси ошкора” деган гаплар бор. Менга қолса, муаммони “Ғарбга хос” дея ўзимиздан нари қилишга уриниш ўзни алдашдан бошқа нарса эмас. Ўз вақтида ўша Ғарбда ҳам оилада ота ва бола муносабатлари биздагига монанд – отанинг сўзи қонун бўлган. Фақат инсоннинг ижтимоийлашуви кучайган ва тараққиёт суръатлари тезлашган янги давр, – кўпчилик бунинг чегарасини XVIII асрдан олади – сўнгги уч юз йиллар давомида муаммо ҳозирги кўринишига келди. Бизда бўлса янги даврга хос хусусиятлар ХХ аср бошларидан – атиги юз йиллардан бери кузатилади. Қолаверса, “оталар ва болалар” муаммоси дегани оилавий муносабатлар доираси билан чекланмайди, иcтилоҳий маънода у авлодлар орасидаги зиддиятни, жамиятнинг тараққиётини таъминловчи ички механизмлардан бирини англатади.
Умумий гапларга ўтиб кетдик, узр, бевосита саволга қайтсак. Дарҳақиқат, кўҳна муаммо бугун ўзига хос тарзда намоён бўлмоқда. Аввало, тараққиёт ва ўзгаришлар шиддати авлодлар орасидаги даврий оралиқни тиғизлаштирди: илгари “оталар ва болалар” тарзидаги муаммо “акалар ва укалар” кўринишини олмоқда. Деганим, ҳозир хатто 10-15 йиллик фарқ ҳам сездиряпти. Яъни йигит ёшидаги одам ўйчан бош қашиганча “Бизлар ёшлигимизда бундоқ эдик, булар бўлса...” қабилида фалсафа сўқа бошласа, бу шунчаки ҳазил эмас, унинг шу тарз ўйлаш, ҳис қилишига асос бор. Ўз навбатида, буниси, фикримча, иккинчи муҳим жиҳат, вақтнинг тиғизлашувига мос равишда оталар ва болалар орасидаги масофа узоқлашяпти, негаки, замон шиддати боис уларнинг қарашларидаги муштараклик муттасил камайиб бормоқда. Бунинг асосий омили эса глобаллашув шароитидаги маданиятлар қоришуви ва турли-туман ахборотларни олиш имконлари бениҳоя кенгайганидир. Зеро, биринчидан, ўша қоришиқ маданиятга муносабат турлича: катталар яхши ҳазм қилолмай турган нарсаларни ёшлар табиий қабул қилишади. Иккинчидан, ахборот олиш имконларидан фойдалана олиш даражаси турлича: дейлик, элликни қоралаётганларнинг кўпи учун “смартфон”у “айфон” деганлари бир гўр – телефон, холос, ҳолбуки, боғчадаги айрим болакайлар уларнинг сизу бизнинг хаёлимизга келмаган амалларини кўрсатишади. Хуллас, ушбу омиллар таъсирида “оталар ва болалар” муаммоси барҳам топаётгандек – “оталар” ўз ҳолича бир томон, “болалар” ўз ҳолича бошқа бир томон бўлиб бораётгандек туюлади. Тамсил қилмоқчи бўлсак, вазият, электриклар айтмоқчи, “Контакт йўқ!” ҳолатига кирмоқда, контакт бўлмагач эса, биласиз, на учқун чиқади ва на мотор ўт олади. Шунга ўхшаш, жамиятнинг олдинга юриши учун авлодлар орасидаги зиддият бўлиши шарт, “контакт”нинг йўқолиши турғунлик ва бошбошдоқликка олиб боради...
Ўйлаб кўрса, “томонларнинг қай бири ҳақ” масаласида ёшликда бир томону улғайганида бошқа томонга мойил бўлаётганини ҳамма ҳам эътироф этса керак. Сабаби, ҳаммамиз ҳам бу зиддиятнинг бевосита иштирокчиси, бас, холис бўлишимиз маҳол. Фақат муаммодан узилиб, у ҳақда абстракт мушоҳада юритсаккина холис бўлишга имкон туғилади. Холис қарагандагина бу ўринда “ҳақлик” масаласи эмас, муроса муҳимроқ эканини кўрамиз. Муроса деганим эса қарши томондаги мақбул жиҳатларни ҳам кўра олишни тақозо этади. Албатта, ёшларга хос янгиликка ташналик ва оламни ўз орзу-хаёлларига мувофиқ кўриш истаги катталардаги бундай жиҳатларни кўришга халал беради. Бироқ уларда битта устунлик бор – ВАҚТ, яъни олдинда ҳали ўзларининг ва аввалгиларнинг ўй-қарашларию амалларини қайта кўриб чиқиш, қайта баҳолаш имкони бор. Катталарда эса бу имкон камроқ ва кун сайин шам мисоли эриб-тугаб бораётгани ҳис этилиб туради. Шундан бўлса керак, катталарда “вақт тузатади” деб кутишга гоҳи сабр етишмай қолади, муносабатлари асабий таранглик, гапларида шикоят оҳанглари кучаяди... Ҳолбуки, агар ёшларнинг узрли ҳолатини эътиборга олинса, муаммонинг кескинлашуви учун масъулият кўпроқ “оталар” зиммасига тушади. Негаки, оталар эъзозлаган қадриятларни болалар қабул қилмаётган бўлса, демак, ё улар чиндан қимматини йўқотган, ё биз уларнинг қадрият эканини намоён этолмадик. Мазкур сабабларнинг биринчиси табиий: ёшлар қадриятларимизнинг барини ва бор ҳолича олмайди, сайлаб ва ўз талаб-эҳтиёжларига мослаб олади. Иккинчисига келсак, агар ҳаётимиз давомида қадриятнинг асллигини намоён этолган бўлсак, ташвишга ўрин йўқ: болалар эртами-кеч, балки ўзлари “оталар” мақомига яқинлашганлари саридир, уни қабул қилишади. Яъни оталар ҳақликни даъво қилишлари эмас, ҳаётдаги амаллари билан ибрат бўлишлари зарур ва шундагина эртанги кундан кўнгил тўқ кетиш мумкин бўлади.
- Ҳозир бутун инсоният экономикоцентризм (талаффузи қийинлигини қаранг!) ҳукми остида яшаётир – моддий фаровонликка эришиш мақсадларнинг мақсади гўё! Сиз жадидчилик ҳаракати ва жадид адабиёти тадқиқотчиси сифатида яхши биласиз: Исмоилбек Ғаспрали “Фарангистон мактублари”да Шайх Жалол тилидан бундай деб ёзади: “Молнинг кўплиги ва турфалиги, саноат ва ҳунарнинг тараққийси инсонларни саодатли қила олмайди. Саодати инсониянинг чашмаси битта, у ҳам бўлса ҳаққониятдир!” Исмоилбек Ғаспрали ва бошқа жадид боболар ҳаққоният деганда нималарни назарда тутган? Ушбу қараш бизнинг давримиз, XXI аср учун нечоғли аҳамиятли?
- Ҳа, худди шу муаммони бир юз ўттиз йил муқаддам Исмоилбек Ғаспрали ҳам кўтарган, фақат у талаффузи осонроқ “фойда” сўзини қўллаган. Мен унинг 1885 йилда чоп қилинган “Оврупо маданиятига бетарафона бир назар” рисоласини назарда тутмоқдаманки, у Исмоилбекнинг фикри дейиш учун қаҳрамон тилидан айтилгандан кўра ишончлироқ. Ғарб дунёсидаги таназзулни мушоҳада қиларкан, Ғаспрали бунинг асосий омилини “яшамоқнинг ғояси, ҳаракатнинг сабаби ва инсонлар орасидаги муомала фойдадан бошқа бир истакка боғланмаслиги”да кўради. Унга кўра, фойда жамиятнинг маслагига айлангани учун ҳам ижтимоий адолатсизлик, тенгсизлик ҳукмрон, бу ҳол эса табиий равишда социализм ғояларини туғдиради. Ўз даври социалистик ғояларини ўрганган Ғаспрали уларни инсон табиатига зид ва бани башар қаршисида турган улкан муаммо санаган ҳолда башорат қилади: “Мудҳиш инқилоблар социализм туфайли содир бўлади. Ўттиз йиллик муҳорабалар, француз Буюк инқилоби мудҳиш социализм инқилоблари қаршисида ўйинчоқ бўлиб қолади”. Қарангки, Исмоилбек тафаккур кучи билан октябрь тўнтаришидан ўттиз икки йил аввал унинг Европа тарихидаги энг мудҳиш воқелардан-да даҳшатли оқибатларга олиб келишидан огоҳ этмоқда. Мазкур таҳликали вазият фойдани асосга қўйиб, ҳаққониятнинг четга суриб қўйилгани натижасидирки, мутафаккир фикрича, эски маданиятнинг нуқсони айни шудир. Шу ўринда Исмоилбек Ғаспрали жадидчиликка хос муҳим бир қарашни – “Овруподан саноат ва техника билан бирга яшаш тарзи ва қоидаларини” олмаслик кераклигини таъкидлайди. Негаки, агар тараққий йўлига кирган ислом ўлкалари “Оврупонинг изидан эргашиб, охир оқибатда социализм балоларига дучор бўладиган бўлсак, ҳайф бундай ғайрат ва меҳнатимизга!” деб билади. Яъни Ғарбга кўр-кўрона эргашмаслигимиз, “ҳаёт ҳақида ўз муқаддас ғоямизга эга бўлишимиз” керакки, бу – “ҳаққоният” асосига қурилган бир яшаш тарзининг меваси” бўлмиш янги маданиятни барпо этиш ғоясидир. Муҳими, мусулмонларгина ушбу ғояни рўёбга чиқариш учун зарур сармоя соҳиби ва бу сармоя “Қуръондирки, ҳукмининг ўзи “ҳаққоният”дир”. Шу ўринда мутафаккир қўллаган “ҳаққоният” сўзининг истилоҳий маъноси англашилади. Яъни Қуръони Каримда акс этган “ер ва мулк, сармоя ва фоиз, фард ва жамият, тижорат ва иш, хайр ва ҳайрот”, умуман, инсон фаолиятини тартибга солувчи амрларнинг ҳар бири – “ҳақиқат”, уларнинг жами эса “ҳаққоният”дир. Исмоилбек жаноблари қатъий ишонадики, агар “мулк-тижорат ва иш ҳақидаги Қуръон қоидалари Оврупоча ҳуқуқ ва ахлоққа асос олинадиган бўлса эди” эски маданият таназзулга юз тутмас, хусусан, “даҳшат солувчи социалистик фикрларга мутлақо ўрин қолмасди”. Бу эса бир ибратдир! Шунинг учун ҳам у мусулмон ўлкаларини тараққий эттиришнинг шарти ўлароқ ақлларни маърифат-ла ёритишу қалбларни ҳаққониятга тўлдиришни биринчи ўринга қўяди.
Исмоилбек Ғаспрали рисоласидан қарийб ўттиз йил кейин яратилган “Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ”да Абдулла Авлоний ёзади: “Ҳаққоният деб ишда тўғрилик, сўзда ростликни айтилур. Инсон бўстони саломатга, гулзори саодатга ҳаққоният йўли ила чиқар. Инсониятнинг илдизи ўлан раҳмдиллик, ҳақшунослик, одиллик каби энг яхши сифатларнинг онаси ҳаққониятдур”. Фикримча, бу ўринда бир нуқтага – таъриф мазмунида дунёвийлик томон силжиш бўлганига диққатни тортиш керак. Тўғри, Авлоний ҳам истилоҳ Аллоҳнинг муборак номи билан боғланиши ва “ҳаққоният нури қайси дилда жилвагар ўлса, жаноби Ҳақнинг тавфиқи раббонийси шу дилда нашъу намо қилиши”ни таъкидлайди. Бироқ шунда ҳам, салафидан фарқли ўлароқ, ҳаққониятни мусулмонларга фарз қилинган қоидалар мажмуи эмас, кўпроқ инсон ахлоқига хос хусусият сифатида талқин қилади. Албатта, моҳиятда ўзгариш бўлмади, бироқ бу силжиш ўзида ижтимоий-тарихий шароитдаги ўзгаришларни акс эттиргани ҳам шубҳасиз. Зеро, бу вақтга келиб миллий зиёлилар тоифаси оёққа туриш ва ўзини “қадим”чиларга қарши қўйишга, Ғаспрали офат санаган социалистик ғоялар кўпчиликка озми-кўпми таъсир қилишга улгурган... хуллас, булар энди бошқа, алоҳида ва махсус ўрганишга лойиқ масала.
Ҳозирги кунга келиб “ҳаққоният” сўзи истеъмолда истилоҳий маъносини йўқотган, янги изоҳли луғатда унинг иккита маъноси борлиги қайд этилиб, улар: “1. айн. ҳаққонийлик. ... 2. айн. ҳақиқат. ...” тарзида изоҳлангани ҳам шунга далолат қилади. Бироқ муаммо ҳамон долзарб, сиз айтган экономикоцентризм солаётган жиддий хавфни мудом сезиб турибмиз. Хайриятки, жамиятимиз ўзига ўтмишни унутмаслик, аждодлар тажрибасига таяниш кабиларни қадрият билади. Деганим, дастур қилиб олганимиз “Юксак маънавият – енгилмас куч” шиори ва шу асосда маънавиятга устувор аҳамият берилаётгани, моҳиятан, ўша боболар назарда тутган “ҳаққоният”нинг бугунги воқеликдаги янгича мавжудлигидир.
- Суқрот ўз фикрларини оғзаки баён этиш билан кифояланган, бирор сатр ҳам қоғоз қоралаган эмас. Бунинг сабаби сўралганда донишманд ”Ахир, кейинги авлодлар бирор фикримни ғалати талқин этгудек бўлса, билагидан маҳкам тутиб, йўқ, мен буни назарда тутмаганман, деб айтолмайман-да”, дея жавоб қайтарган экан. Бугун дунёда рўй бераётган воқеа-ҳодисаларни кузата туриб, Суқрот ҳаким бежиз хавотирга тушмаган экан-да, деган хаёлга борасан киши. Ахир, Оллоҳнинг каломи – Қуръони карим оятларини бир-биридан фарқли, ҳатто зиддиятли шарҳлаш оқибатида қонли тўқнашувлар юзага келаётганига нима дейсиз! Герменевтика мағзини обдон чаққан олим, қолаверса, “Талқин имкониятлари” деган китоб ёзган муаллиф сифатида айтсангиз: талқинда ҳам қандайдир қизил чизиқ – ўтиш тақиқланган сарҳад борми? Агар шундай чизиқ бўлмаса, талқин абсурдга, бемаъниликка айланиб кетади-ку!
- Суқрот фалсафанинг оталаридан бири сифатида эътироф этилиши бежиз эмас-да, қаранг, шу гапининг ўзиёқ унинг нечоғли донишмандлигини кўрсатади! Рости, мени ҳам кўпдан бери ўйлатиб келадиган саволни ўртага ташладингиз. Дарҳақиқат, нутқнинг, у хоҳ оғзаки ва хоҳ ёзма бўлсин, турлича тушунилиши бор гап. Негаки, нутқий мулоқот жараёнида биз бирбиримизга фикр эмас, унинг ифодаси – нутқ товушлари ё ёзув белгиларидан таркибланган шаклни узатамиз. Ўз навбатида, тингловчи (ёки ўқувчи) ўша шаклни ҳиссий идрок этади, яъни сезгилари – эшитиш ё кўриш орқали қабул қилади ва қайтадан фикрга айлантиради. Демак, маъно яратувчи субъект битта эмас, шундай экан, узатувчи онг билан қабул қилувчи онгдаги фикр ҳам айнан бўлолмайди. Ўша сиз эслатган китобчада бунга бир мисол келтиргандим, ҳозир шуни такрорлагим келди. Тасаввур қилингки, “... суҳбат иштирокчиларининг бари танийдиган одам ҳақида “Аҳмад ака хўроз-да!” дейилди. Тингловчиларнинг ҳаммаси буни маъқуллади, фақат уларнинг бири “Аҳмад ака тез, жанжалкаш одам”лигини, иккинчиси “Аҳмад ака аёлларга ўчроқ, “юрадиган” одам”лигини, учинчиси “Аҳмад ака – мард одам” эканини билади ва ҳар бири ўз билганидан келиб чиққан ҳолда сўзловчини маъқуллади. Ҳолбуки, сўзловчи “Аҳмад ака аёллар бригадаси бошлиғи” эканини назарда тутган, холос”. Қаранг, шакл битта бўлгани ҳолда суҳбат иштирокчиларининг ҳар бири унга ўз маъносини юкламоқда. Ўзгалар билан муомалада бот-бот “Ундай демоқчи эмасдим...” қабилида узрхоҳлик қилиш зарурати юзага келиб туришининг асл маншаи ҳам аслида шу. Фақат буни хафа бўлаётган томон “ўйламай гапириш”, узрхоҳлик қилаётган томон бўлса “қилдан қийиқ чиқариш” деб тушунишга мойилроқ. Хўп, жонли мулоқотда-ку узрхоҳлик қилиш, айтилмоқчи бўлинганни изоҳлаб бериш, яъни, жиллақурса, суҳбатдош кўнглига инган ғуборни кетказишга ҳаракат қилиш имкони бор, гарчи бу имкон ҳам тўлиқ самара беролмаса, ғубордан барибир из қолса ҳам. Ёзма нутққа келсак, унда шу ҳаминқадар имкон ҳам кесилади, яъни бунда энди “Айтилган сўз – отилган ўқ” ёинки русларнинг “Қалам билан битилганни болта билан ҳам ўчириб бўпсан” мақоллари тўла ва қатъий амал қилади. Зеро, ёзувда муҳрланган онидан фикр эгасидан айро мустақил ҳаётини бошлайди – минг-минглаб онгларда қайта-қайтадан жонланиб, ҳар бирида ўзига хос тарзда жилоланаверади. Ҳақиқатан ҳам, Суқрот айтмоқчи, унга энди ҳатто эгаси (муаллифи)нинг ҳам заррача бийлиги йўқ, яъни муаллифнинг талқини ҳам имкондаги талқинларнинг бири, холос.
Хуллас, матнни турлича тушуниш имконияти ҳамиша мавжуд, демак, у талқин асоси бўлолмас экан-да?! Негаки, агар матнга асосланиб қайта яратилган фикр тўғри десак, унда турфа талқинларнинг барини тўғри дейиш керак бўлади. Яъни бу ҳолда, сиз айтмоқчи, муқаддас манбаларни “бир-биридан фарқли, ҳатто зиддиятли шарҳлаш оқибатида” юзага келаётган ҳолатларни ҳам нормал ҳол деб қабул қилишимиз керакки, соғлом ақл бунга кўнмайди. Айни ҳол матн мазмуни контекстдагина реаллашади деган қарашни устувор этди. Унга кўра, матнни ким, қачон, қандай вазиятда яратганидан келиб чиқиб тушуниш керак. Бироқ шуниси борки, биз умумлаштириб учта савол шаклига келтирган контекстларни ҳам ҳар ким ўзича тасаввур қилади. Дейлик, матн яратувчисининг ким экани – ҳаёт йўли, муҳити, феъл-сажияси, орзу-интилишлари кабилар ҳақидаги билимларимиз фарқ қилади, демак, у ҳақдаги тасаввурларимиз ҳам фарқли. Шунақа экан, матннинг биографик контекстдаги талқини ҳам субъективликдан, демакки, турличаликдан холи бўлолмайди. Худди шу ҳукмни бошқа контекстлар (тарихий, маданий, ижтимоий ва ҳ.к.)га нисбатан ҳам бемалол айтиш мумкин. Албатта, контекстуал таҳлил бизни матн яратувчиси кўзда тутган мазмунга яқинлаштиради, бироқ у – адоқсиз жараёнда, чунки ким, қачон, қандай вазиятда сўроқларига жавобимиз мудом аниқлашиб, тўлишиб боради...
Ниҳоят, ўша “қизил чизиқ – ўтиш таъқиқланган сарҳад” ҳақида. Асли, шу чоққача айтганларимиз талқинда бундай чизиқ йўқ ва бўлиши ҳам мумкин эмаслигига далолат қилаётгандек. Зеро, модомики ўқувчи (тингловчи) мазмун яратувчи субъект экан, матннинг ўзини алоҳида оламизми ва ё контекстлар доирасидами, қатъи назар, турлича талқин қилиш имкониятлари ҳамиша мавжуд. Истаймизми йўқми, ҳар икки ҳолда ҳам талқин йўналишини белгиловчи бош омил талқинчи бўлиб қолаётир. У эса, биласиз, виждон билан нафс орасида талаш – иккисига ҳам қулоқ тутиб яшашга маҳкум, қалбида жаннат хаёли ва ё ўзга юксак мақсад-интилишлари билан бўғзигача турмуш ташвишларига ботиб яшаётган ожиз бир банда. Шундай бўлгач, талқиннинг шахсий ё гуруҳий манфаатдан келиб чиқиш эҳтимоли ҳам, таассуфки, жуда катта. Жумладан, муқаддас манбаларни-да “бир-биридан фарқли, ҳатто зиддиятли шарҳлаш оқибатида қонли тўқнашувлар юзага келаётган”и ҳам шунинг оқибатидир. Сираси, айни ҳолат “қизил чизиқ” масаласини ғоят долзарб этаётгани, ҳозирча айримларнигина ўйлатган бу саволнинг эртами кеч бутун афкор омма онгини забт этиши муқаррар экани ҳам ақлга тайин. Бироқ бунинг учун яна қанча қурбонлар берилиши, қанча қон тўкилиши керак?!.. Бас, башариятни ҳалокатдан сақлаш учун “қизил чизиқ” тортилиши шарт ва у бандаларнинг битиклари билан илоҳий манбалар орасидан ўтмоғи керак. Аслида-ку, бу чизиқ азалан бор, фақат моддиюнчилик таъсирида шахсий тақдирию олам равишини ўзи белгилашига ишониб қолганидан кибрга берилган янги одам буни эътиборига арзитмай қўйди, холос. Энди эсни йиғиб, юқорида мухтасар тавсифланган қонуниятлар чизиқнинг бериги томонидагина амал қилади, нариги томон – илоҳий манбалар ҳудуди дахлсиз, деган ҳақиқатни қайтадан тан олиш фурсати етди. Ҳолбуки, Аллоҳнинг каломини турлича талқин қилаётганларнинг аксари чин мусулмонлик даъвосида эмасми?! Шундай экан, иймонли одам учун Аллоҳ – мутлақ ЭЗГУЛИК, мутлақ ҲАҚИҚАТ, мутлақ АДОЛАТ... бўлиши керак! Бас, муқаддас Каломда шуларга буюрилганмиз, бундан ўзга маънолар уқаётган бўлсак, энг аввал иймонимизни тафтиш қилиб кўрмоқ зарур. Сиз ўртага ташлаган масала бўйича ожиз ақлимнинг етгани шугина, яна Аллоҳ ўзи билгучидир!
- Ўзингизга маълум, математикада соддалаштириш деган бир усул бор. Масалан, 4000/1000 дан сурат ва махраждаги учтадан ноль қисқартирилиб, 4/1 ҳосил қилинади. Бунда моҳиятга мутлақо путур етмайди, чунки ҳар икки ҳолатда ҳам бўлинма – 4 га тенг. Энди нигоҳни фандан узиб, жамиятга қаратсак: бугунги кишилар ҳаётида ҳам анча-мунча “ноллар”ни қисқартириб, соддалаштиришга эҳтиёж бордек, назаримда. Бу ўринда мен “ноллар” деганда бизни инсоний моҳиятимиздан чалғитувчи, хоҳ моддий, хоҳ маънавий бўлсин, барча нарсаларни назарда тутяпман. Ушбу фикрга нима дейсиз? Сизнингча, биз даставвал айнан қайси ”ноллар”дан халос бўлмоғимиз зарур?
- Азбаройи саволни арифметик йўл билан берганингиз ёқиб кетганидан шу йўлда жавоб бергим келди. Масала шарти ҳаммага маълум: инсон фаришта билан ҳайвон оралиғида яратилган, дейилади. Буни мана бу шаклда ифодалаш мумкин:
=1 ҳолдек кўрина бошлайди... Таъкидлаш жоизки, бу гаплар ижтимоий мақоми баланд кишиларгагина тегишли деб ўйлаган хато қилади. Зеро, бу вирусдан деярли ҳамма зарарланган, кишининг ижтимоий мақомига касалланиш даражасию иситмаси боғлиқ, холос. Айтайлик, белгиланган ўтиш жойида пиёдага йўл бермаган ҳайдовчи қилмишини кибрга йўйсак, эҳтимол, ҳайрон бўлар, эътироз ҳам қилар. Бироқ куппа-кундуз куни ҳеч тортинмай пиёда ҳақини ўзлаштираётгани замирида менсимаслик, кибр бўлмай нима? Ёки соат фалонга деб туманнинг энг катта залига мажлис чақириб қўйган одамнинг уч-тўрт соатлаб бемалол “ушланиб” қолавериши ҳам айни кибрдан, ўша залга тўпланган одамларни менсимасликдан бошқа эмас. Кечиккани-ку, хўп, узр сўрашни хаёлига ҳам келтирмасдан, авжига чиққани сари мажлис аҳлини ёппасига “сен”лай бошлаши, тикка қилиб қўйилган осийларга айтгани эшитса илон пўст ташлайдиган ҳақоратлар – булар энди кибрнинг хуружи, жўш уриб кўпириши, халқона тилда айтсак, қутуриши! Демоқчи бўлганим, пиёдада ҳам, арбобда ҳам кибр меъёрдан ошди, фақат даражаси биринчисида, борингки, мингдан бирлар билан, иккинчисида эса ўндан бирлар билан ўлчанади...
Бир ривоят эсга келяпти, адашмасам, Эпикур эди, шогирдлари билан турса, ўта башанг кийинган киши ўтиб қолди. Файласуф уни кўрсатиб айтдики, “Бу кибрдан!” Бироз фурсат ўтиб, энди ўта жулдур кийинган киши ўтди, устоз унга ишора қилиб дедики, “Бу ҳам кибрдан!” Сезгандирсиз, ривоятни эслашдан мурод – битта хусусиятнинг бир-бирига тамом зид намоёнига диққатни тортиш. Зеро, инсонийлик асосларидан бўлмиш ғурур, виқор, ор каби сифатлар маншаи ҳам нафс, ўзини севиш-да! Яъни нафсни буткул оёқости қилиш ҳам, агар тарки дунё қилмаган бўлса, кишини инсонийлик моҳиятидан йироқлаштиради. Дейлик, ҳақимизга сурбетларча тажовуз қилинишию ҳуқуқимизнинг поймол этилишига жим йўл қўйиб беришимиз, қадримизни ерга уриб, шаънимизни таҳқирловчи ҳақоратларни ютиб юборишимиз – отини ҳар қанча чиройли қилиб “андиша” десак-да, ҳақиқатда қуллик психологиясининг қолдиғи, унга қайта жон ато этган эса юқорида айтганимиз меъёрнинг бузилишидир. Энг ёмони, шу қолдиқ билан кибрнинг чатишувидан, нима десам экан, “мутант” бир хусусият пайдо бўлди. Қайсики, ўзи бош бўлган муҳитда ҳокими мутлақ ўлароқ, юқори доираларда эса мутеликни тугал бўйнига олиб ҳаракат қилишни назарда тутмоқдаман. Оқибат, “мен бошлиқман, сен – аҳмоқ, сен бошлиқсан, мен – аҳмоқ” тамойили урфга кириб бораётгандек. Хуллас, гап кўп-у, кўмир оз...
- Биз ҳақиқат жарчиси саналмиш адабиётни бутун халқни қамраб олган азим ҳаракат сифатида кўришга одатланганмиз. Аммо кейинги вақтда бу азим ҳаракат балиқ овловчилар ёки марка йиғувчилар жамияти аъзоларининг сафи қадар торайиб ва сийраклашиб бормаяптими, адабиёт бир сиқим ёзувчи ва мунаққидлару оз сонли ўқувчилар иши бўлиб қолмаяптими? “Оққан дарё оқаверади” нақлига таяниб, адабиёт ўзининг юксак мавқеини қайта тиклашига умид қилиш даркорми? Ёки унинг кейинги тақдири аввалгидан мутлақо фарқли ўзга қонуниятлар измида бўладими?
- Дарҳақиқат, биз адабиётни сиз айтгандай кўришга одатланганмиз. Зеро, сизу бизнинг қарашларимиз шаклланган вақтлар адабиёт нафақат бадиий, балки миллий ижтимоий тафаккурнинг ҳам илғорида борган эди. Эсланг, у вақтлар ҳозиргидек ўнлаб телеканаллар кеча-кундуз тиним билмай ишлаб турмас эди, интернет деганлари-ку хаёлимизга ҳам келмаган... хуллас, биздаги маънавий-руҳий ташналикни қондирадиган ягона чашма эди-да адабиёт. Эҳтимол, булар ҳозиргиларга муболағадек кўринар, лекин яхши китоби бор одамни излаб топиб, бир кун-ярим кунга сўраб олиб, гоҳи ҳафталаб, ойлаб навбат кутиб ўқиганимиз бор ва бу сизу биз учун айни ҳақиқат. Ҳа, айни шундай: биз учун ҳақиқат! Бас, уни ёшларни – фарзандларимиз ё шогирдларни яниш учун дастакка айлантириб олиш тўғри эмас-да! Кейинги вақтлар шу фикрда тобора муқимлашиб боряпман. Тўғри-да, ёшларимиз маънавий-руҳий ташналигини қондира оладиган чашмалар кўпайиб кетди, ахир. Албатта, бу чашмалардан оқиб турган сувнинг таъми, софлиги, таркиби бир хил эмас, бироқ, биринчидан, ҳаммаси ҳам бирдек ташналикни қондиради, иккинчидан, бу тамом бошқа масала...
Мабодо сўз ва ижод эркинлиги адабиётнинг оммавий ўқилишига барҳам берди, десам, балки, парадоксал фикр айтгандай кўринарман. Бироқ ҳақиқатан ҳам шундай бўлди. Ўзингиз айтгандай, биз адабиётда “ҳақиқат жарчиси”ни кўриб ўрганганмиз. Зеро, матбуот, радио ва телевидениеда расмий нуқтаи назардан зиғирча чекинишга йўл қўйилмаган бир шароитда адабиёт руҳ эркинлигини реаллаштиришга озми-кўпми имкон бера оладиган ягона майдон эди. Эсланг-а, ҳозирги ўқувчига бориб турган замонасозлик бўлиб кўринувчи шеърлар, дейлик, Абдулла Орипов шеърларининг сатр ораларида ўша руҳнинг исёнини уққанмиз, ундан маънавий қувват олганмиз. Айни руҳ йилдан-йил кучайиб борганию 80-йиллар ўрталарига қадар ҳадди аълосига кўтарилиб боргани ҳам ёдингизда бўлса керак. Кейин сўз эркинлиги... Энди шоиру адиблар “йўлини қилиб”гина айтолган гапларни хоҳласа бошловчи журналист ҳам бемалол айтадиган бўлди. Табиийки, бундай шароитда адабиётнинг “ҳақиқат жарчиси” бўлишига зарурат қолмади.
Чўлпоннинг “Адабиёт яшаса – миллат яшар” хитоби, нима десам экан, аванс тариқасида айтилган гап эди. Зеро, оташин шоир бу ўринда миллатни уйғотиш, унга ўзлигини танитган ҳолда истиқлол ва тараққий йўлига солувчи янги адабиётни, яъни эндигина шакллана бошлаган адабиётни назарда тутган. Кейинроқ, улоқ шўрода кетиб, адабиёт мафкура қуролига айлантирилган шароитда кўпроқ “ўтин ёришга сарфланаётган” бўлса-да, А.Қаҳҳор унинг “атомдан кучли” эканини эътироф этганди. Сизу биз китоб ўқишга муккадан кетган чоғлар эса ўқувчи оммани эрк соғинчию ҳақиқатга ташналик бирлаштирганди, назаримда. Демоқчи бўлганим, адабиётнинг ижтимоий мавқеи кучайган даврларда ўқувчи омманинг аксариятини бирлаштирувчи ғоя ё дард мавжуд бўлган. Бугунги воқелик эса улардан тамом фарқ қилади. Зеро, бугунги кун кишиси кўпроқ ўзи ва яқинлари турмушини фаровон қилиш, фарзандлари истиқболини таъмин эта оладиган замин ҳозирлаш билан банд. Бундай вазиятда эса адабиётнинг илгариги ижтимоий мақомга эга бўлиши имкондан ташқарида.
Хуллас, эндиликда адабиёт нимагадир восита бўлиб эмас, ўз ҳолича – адабиёт ўлароқ яшаётир. Айни ҳолни эътиборга олмасдан, бугунги адабиётга ҳам адабиёт ҳақида илгари ҳосил қилган тасаввурлар билан ёндашмоқдамиз. Ҳолбуки, объектнинг табиати ўзгарган экан, ёндашувимизга ҳам муайян ўзгаришлар киритилиши лозим. Муаммонинг яна бир ўткир қирраси шуки, ёш авлодга адабиётни ўқитишимиз ҳам кўпроқ ўша эскирган тасаввурларга таянади. Айтмоқчиманки, ҳозир адабий ижодда, адабиётни англаш ва ўқитишда янгиланиш жараёнлари кечаётган паллада, бошқача айтсак, ўтиш давридамиз. Ҳар қандай ўтиш давридаги каби бунда ҳам зиддиятлар, чалғишлар, йўқотишлар бўлиши табиий. Бироқ пировард натижада жамият адабиётни асл қимматига муносиб қадрлайди, жавобан эса у миллатни маънавий юксалтиришдек вазифасини уддалашда самарали ва бардавом бўлади.
2016 йил
Изоҳлар
Dilmurod Quronov