← Dilmurod Quronov
|

Adabiy asar talqiniga doir ayrim qaydlar

Dilmurod Quronov

Maqola · 2015 · «Talqin imkonlari» toʻplamidan

Masala yuzasidan fikrlarimizni badiiy kommunikatsiya birligi sanaluvchi adabiy asarni nutqiy kommunikatsiya birligi boʻlmish gap bilan qiyoslagan holda bayon qilish koʻp jihatdan oʻngʻay koʻrindi. Zero, adabiy asar – eng avval, nutq hodisasi: adabiy asarning yaratuvchisi – nutq irod etayotgan odam, shunga mos tarzda adabiy asarning oʻquvchisi – tinglayotgan odam. Bunday deyishimizga asos, yozmoqning mohiyatan tasavvurdagi oʻquvchiga gapirmoq, oʻqimoq esa tasavvurdagi yozuvchini tinglamoq ekanidir. Biz toʻxtalmoqchi boʻlgan masala – talqin esa shu ikkisining orasidagi, aniqrogʻi, ikkisiga ham birdek taalluqli hodisadir.

1. Avvalo, talqin istilohini aniqlashtirib olishimiz zarur. Hozirgi isteʼmolda “interpretatsiya”ning sinonimi sifatida qoʻllanuvchi ushbu terminning istilohiy maʼnosi oʻzga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni maʼlum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish demakdir. Koʻrinib turganidek, bu oʻrinda terminni sohamiz, yaʼni adabiyotshunoslik doirasidan kengroq olyapmiz, biroq, baribir, matn hududidan chetga chiqqanimiz yoʻq: mazkur maʼnoda talqin deganimiz “matn germenevtikasi” chegarasida qolmoqda. Holbuki, talqin (interpretatsiya) termini hozirda koʻplab fan sohalari vakillari ilmiy muomalasida gʻoyat faol va biz yuqorida aytgandan ancha keng, yaʼni umuman biron narsani tushunish va tushuntirish amallari maʼnosida ishlatilmoqda.

1.1. Ilmiy muomalada keng qoʻllanuvchi “badiiy talqin” tushunchasi bilan “adabiy asar talqini” tushunchalarini farqlamoq kerak (qulaylik maqsadida amaliyotda ularning ikkisi ham koʻpincha bitta “talqin” soʻzi bilan ifodalangani uchun baʼzan aksincha hol kuzatiladi). Negaki, ushbu tushunchalarning birinchisi ijod jarayoni bilan, ikkinchisi adabiy asarni oʻqish (uqish) jarayoni bilan bogʻliq.

1.1.1. Badiiy talqin degani predmetni badiiy obraz vositasida idrok qilmoq (tushunmoq) va anglaganini badiiy obrazlar orqali ifodalamoq (tushuntirmoq)dirki, bu amallar ijod – yaratish jarayonidan tashqarida mavjud emas. Aslida, bu amallar badiiy sanʼatlarning bariga ham u yo bu darajada xos, biroq boshqalariga qaraganda bilish imkoniyatlari kengroq boʻlgan badiiy adabiyotda yaqqolroq namoyon boʻladi. Zero, adabiy-badiiy ijodga turtki beruvchi asosiy omillardan biri bilish ehtiyojidir. Masalan, Shukur Xolmirzayevning 80-yillar oxirlaridan boshlab 90-yillar oʻrtalarigacha yozgan asarlariga diqqat qilinsa, muallifning jamiyat aʼzolari ong-kayfiyatida yetilib kelayotgan oʻzgarishlar, ularning ijtimoiy hayotdagi yangiliklarga turlicha munosabatlariga ayricha eʼtibor berayotgani koʻrinadi. Sababi, odatlanilgan ijtimoiy tartibotu munosabatlarga darz ketib, eʼtiqodu qadriyatlarni qayta koʻrib chiqish taqozo etilayotgan bir sharoit – oʻtish davri uning qarshisiga qator savollarni koʻndalang qildi. Adib davr hayoti manzaralarini chizarkan, oʻzi yaratgan obrazlar yordamida shu savollarga javob izladi (davrni tushunishga intildi), muayyan xulosalarga keldi va asarlarida oʻsha obrazlarni anglaganlarini ifodalashga mos tartib va munosabatdorlikda joylashtirdi (davrni tushuntirishga intildi).

Mazkur jarayonni adabiyotshunoslikda “Shukur Xolmirzayev ijodida oʻtish davrining badiiy talqini” deb yuritamiz. Shunga oʻxshash, ijodkor biron tarixiy voqea, shaxs yo millat taqdiri, biron tuygʻu, insoniy xususiyat va shu kabilarni obrazlar vositasida badiiy talqin qilaverishi mumkin, adabiyotshunoslik esa mos holda nomlayveradi: “Torobiy qoʻzgʻolonining badiiy talqini”, “mardikor voqealarining badiiy talqini”, “ijodkor shaxsning badiiy talqini”, “xiyonatning badiiy talqinlari” va hokazo.

1.1.2. Avvalgi band (1.1.1.)da aytilganlardan kelib chiqsak, adabiy asar talqini mohiyatan “talqinning talqini”-dir. Zero, ijodkorning badiiy talqini natijasi badiiy obraz – belgilarda aks etgan ekan, endi oʻquvchi (munaqqid) ning ularga maʼni bermogʻi lozim boʻladi. Yaʼni adabiy asarni talqin qilish uchun badiiy obrazlar tilini mantiq tiliga koʻchirish talab etiladi. Faqat ushbu amalning salmogʻi oʻquvchi bilan munaqqid talqinida bir xil emas: oʻquvchi obrazning ayrim maʼno qirralarini “his qilish” darajasida qolish bilan qanoatlana oladi, munaqqid oʻsha qirralarni ham mantiqan asosli tushunmoqni maqsad qiladi.

2. Adabiy asar matn, yozma manba sifatida yashaydi. Har qanday yozma manba (matn) esa, zamonaviy germenevtikaning asoschisi F.Shleyermaxerga koʻra, ikkiyoqlama tabiatga ega: bir tomondan, u til tizimiga nisbatan qism, ikkinchi tomondan, muayyan bir individning ijod mahsulidir. Shunga koʻra talqinchi oldida bir-biriga bogʻliq ikkita vazifa turadi: birinchisi – matndagi lisoniy ifodani muayyan til tizimining uzvi sifatida oʻrganish (“grammatik” talqin), ikkinchisi – uning ortida turgan betakror subyektni anglash (“psixologik” talqin). Mazkur vazifalarning ikkalasini ham toʻla uddalash imkondan tashqarida, shuning uchun ham adabiy asar talqini cheksiz jarayondir.

2.1. Adabiy asarga, aniqrogʻi, adabiy-badiiy asarga tatbiqan “lisoniy ifoda” deyishning oʻzi kamlik qiladi. Negaki, bunda lisoniy ifoda obraz yaratishga xizmat qiladi, adabiy-badiiy asarda ifodaning oʻzi ikki qatlamli. Murakkablik shundaki, lisoniy ifodaning oʻzi bevosita mazmunga ega, ayni chogʻda, badiiy mazmun oʻsha lisoniy ifoda yaratayotgan obrazlar orqali, yaʼni “obrazlar tili”da ifodalanadi. Shunga koʻra, tushunish darajasi ham ikki turli. Deylik, lisoniy ifoda yetkazayotgan mazmunnigina tushungan oʻquvchi uchun badiiyat hodisasi mavjud emas. Masalan, “Oʻgʻri”ni oʻqigan bunday oʻquvchi uchun hikoyada tasvirlangan hayotiy voqea bor, voqeaga roviy munosabati va shundan kelib chiqadigan bevosita mazmun bor, xolos. Bas, uning uchun hikoya voqeligi bilan real voqelik orasida farq yoʻq, demak, real hayotiy voqeani mushohada qilishi bilan hikoyani mushohada qilishi orasida ham aytarli farq yoʻq. Hikoyadagi “obrazlar tili”da ifodalanuvchi mazmunning yuzaga chiqishini gap qurilishi, umuman, til qonuniyatlarga qiyosan koʻrib oʻtamiz. Avvalo, hikoyadagi asosiy obrazlarni aniqlab olamiz, bular: Qobil bobo, amaldorlar, mahalla ahli; boshqa obrazlar (detallar)ning bari shularga tobelanadi: izohlaydi, aniqlaydi, toʻldiradi. Qiyoslash uchun boshlangʻich grammatik shakldagi “uka”, “maktab”, “bormoq” soʻzlarini olaylik. Bularning har biri alohida olinganida ham maʼnoga ega, biroq mazmun ifodalash uchun ularni bir-biriga muayyan munosabatdorlikda bogʻlash talab qilinadi. Shu shart bajarilsa, masalan, “Ukam maktabga boradi” (yoki “Ukamning maktabiga bordim”, “Ukam bilan maktabga boraman” va sh.k.) tarzidagi mazmunni ifodalash yoki uqish mumkin boʻladi (aks holda, masalan, qoʻlida inglizcha-oʻzbekcha lugʻat, lekin ingliz tili grammatikasidan mutlaqo bexabar odamning inglizcha gap tuzishi yoki shunday odamning ingliz tilidagi gapni oʻqishiga monand hol yuzaga keladi: soʻzlarning maʼnosini biladi, lekin aniq bir mazmunni ifodalash yoki ifodlangan mazmunni uqishga ojiz). Koʻrib turganimizdek, misolga olingan uchtagina soʻz vositasida turlicha mazmunlarni ifodalash imkoni mavjud, soʻzlovchiga shulardan bittasi kerak, demak, u soʻzlarni oʻsha mazmunni ifodalashga mos tarzdagi munosabatdorlikda bogʻlaydi. Lisoniy ifodada soʻzlar orasidagi munosabatni grammatik vositalar ravshan koʻrsatib turadi, obrazlar orasidagi munosabatlarning esa bunday koʻrsatkichlari yoʻq, aniqrogʻi, ular lisoniy ifodadagi kabi ravshan koʻzga tashlanmaydi. Ayni hol obrazli ifodaning hamisha talqintalab boʻlishini belgilab, uni matnga asoslangan holda kontekst (muallifning ijodiy niyati, asar yozilgan davrdagi maʼnaviy-ruhiy holati; davr ijtimoiy-madaniy sharoiti, yetakchi ijtimoiy kayfiyat va b.)lar doirasida tushunish zaruratini keltirib chiqaradi. Agar shu tarz yondashsak, “Oʻgʻri”ning obrazlar tili ommaning tomoshabin maqomida turgani uchun qatagʻon mashinasi qarshisida yolgʻiz qolgan inson fojiasini aks ettirgan deyish mumkin boʻladi.

2.2. F.Shleyermaxer grammatik talqinning eng muhim sharti sifatida “muallif va ilk oʻquvchilar uchun umumiy boʻlgan til”ni koʻrsatadi. Agar til mudom harakatda, oʻzgarishda boʻluvchi hodisa ekanini eʼtiborga olsak, ushbu shart haqiqatan ham gʻoyat muhimligi ayon boʻladi. Deylik, tilning tarixiy taraqqiyoti jarayonida soʻz maʼnosining torayishi yo kengayishi, soʻzning tamom yangi maʼnoda qoʻllana boshlashi; oʻzlashma soʻz oʻzlashtirgan tilda oʻzgacha maʼno olishi yoki lugʻaviy maʼnolaridan faqat bittasinigina saqlab qolishi; oʻzga tildagi soʻzning turli grammatik shakllari oʻzlashtirgan tilda alohida mustaqil soʻzga aylanishi kabi hollar obyektiv ravishda mavjudligi buni yanada dolzarb etadi. Navoiy asarlarini tushunish uchun ular yaratilgan davr muhitida arab va fors tillarining maqomi yuksak boʻlgani, shoirning oʻzi va ilk oʻquvchilari – davrning ziyoli kishilari har ikki tilni mukammal bilganini eʼtiborda tutish, yaʼni nafaqat turkiy, balki arab va fors tillarining ham oʻsha davrdagi holatini bilish talab etiladi. Talqin qiluvchilarning bu boradagi bilimlari chuqurlashishi barobari Navoiy asarlari mazmunining ham yangi-yangi qirralari ochilaveradi.

Shunga oʻxshash, lisoniy ifodadagi neologizmlar ham “muallif va ilk oʻquvchilar uchun umumiy boʻlgan til”ga eʼtibor qaratishni talab qiladi. Masalan, Choʻlponning “Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku” misrasida “bahosiz pul” birikmasi neologizmdir. Negaki, to birinchi jahon urushi yillariga qadar pulning qadrsizlanishi tushunchasi xalqimizga yot boʻlgan: qadrsizlanish qogʻoz pulga xos, bunday pul esa bizga chor istilosi bilan kirib kelgan va to birinchi jahon urushigacha podsholik puli qadrsizlangan emas. Sheʼr yozilgan davr (1920) kishilariga “bahosiz pul” birikmasi Kerenskiy hukumati muomalaga kiritgan va tezda shiddatli ravishda oʻta qadrsizlangan pulni anglatgan. Yaʼni “ilk oʻquvchilar”ga ushbu birikma aloqadorlik asosida 1917 yil fevral inqilobi va yurtdagi taraqqiyparvar kuchlarning u bilan bogʻliq orzu-umidlarini eslatadiki, Choʻlpon shunga tayangan holda “fevral inqilobi tugʻdirgan umidlarga aldanib, u dunyoligimga ziyon yetkazdim” qabilidagi iztirobini izhor qiladi. Lisoniy ifodaning mazmunini anglab olgach esa biografik kontekstdan bu iztirob asosini tushunib yetamiz: tahlikali zamonda shoirning otasini oʻgʻlining siyosiy faolligi tashvishga solgan, uning yolgʻiz oʻgʻli oʻz yonida, xavf-xatardan yiroq boʻlishini istashi tabiiy. Kurash shavqiga berilgan oʻgʻil esa otani tashvishga qoʻyib, norozilantirib boʻlsa-da, oʻz bilganidan qolmaydi. Orada maʼlum vaqt oʻtgach, umidlari sarobga aylangan Choʻlpon endi otasini norozilantirganiga oʻkinadi, qilmishini “u dunyoni bahosiz pulga sotmoq” deb biladi. Ayon boʻlyaptiki, lisoniy ifodani tushunish obrazli ifodani idrok qilishning asosi, zero, busiz obrazlarni toʻlaqonli tasavvur qilish, ularni bir-biriga bogʻlab turgan gʻoyat nozik rishtalarni ilgʻab olish maholdir.

3. Avvalgi bandda ham koʻrdik, aslida, grammatik talqin bilan psixologik talqinning ajratilishida muayyan shartlilik bor. Zero, grammatik talqin obyekti boʻlmish matn ayni choqda subyektni anglashning ilk asosi hamdir. Negaki, matn muallifning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatini oʻzida aks ettiradi, demak, subyekt haqidagi ilk tasavvur ham matnning oʻzidan olinadi va shu tasavvur keyincha kontekstlar orqali toʻldirilib, aniqlashtirib boriladi. Aytilganlar ayrim mutaxassislar “obrazli tabiati”-ni inkor qiluvchi “izhor sheʼriyati”da yaqqol koʻrinadi. Bilganlar mayli, hozircha muallifini aytmay OʻzSSR tashkil boʻlganining 10 yilligi munosabati bilan yozilgan sheʼrdan bir bandni olaylik:

Diyorim, kattakon roʻzgʻorda bir tansan,

Qanday joy, nima ish – xoʻp yaxshi bilgansan,

Dunyoga yangidan tugʻilib kelgansan,

Oʻn yilda yangidan yasandi tarixing.

Sinchkov oʻquvchi bandning ikkinchi misrasi, yaʼni Oʻzbekistonga qarata “Qanday joy, nima ish – xoʻp yaxshi bilgansan” deyilgani sheʼrning madh ruhiga u qadar singishib ketmayotganini darhol sezadi. Chunki ohang shundayki, butun boshli mamlakatga yosh bolaga uqtirgan kabi “joying mana bu yer, vazifang mana bu” deya koʻrsatib qoʻyilgandek taassurot qoladi. Mumtoz sheʼriyatda madh qilgan boʻlib hajv qilmoq va, aksincha, hajv qilgan boʻlib madh etmoqqa asoslangan ifoda sanʼatlari borligini bilgan oʻquvchi bunda ham shu yoʻldan borilmaganmi degan andishaga borib, beixtiyor sheʼrga sinchiklabroq qaray boshlaydi. Xullas, lisoniy ifoda oʻquvchiga muallifning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati haqida tasavvur berdi, uning mavjud holatdan qoniqib-qoniqolmay turganini his qildirdi. Muhimi, agar oʻquvchiga sheʼr muallifi kim ekani maʼlum emasligini yodga olsak, uning tasavvuri bevosita matndan, lisoniy ifodadan oʻsib chiqqanini taʼkidlash mumkin. Endi sheʼr Choʻlponniki ekanligi maʼlum holatni tasavvur qilaylik: oʻquvchilarning aksariyati Choʻlpon haqidagi tasavvuridan kelib chiqib avvalboshdan yuqoridagicha mazmunni izlashga moyil boʻladi, boshqa bir qismi esa “Mana, Choʻlpon ham shoʻroni madh qilgan-ku!” degan iddaosi bilan qoladi. Ikkala holda ham subyektivlik ustuvor: birinchi toifa matndagi yuqoridagicha talqinni asoslovchi nuqtalarning keragidan ortigʻini topadi, ikkinchi toifa esa ularni mutlaqo koʻrmaydi. Koʻrib oʻtilgan hollar adabiy asar talqinida, eng avval, lisoniy ifodani atroflicha chuqur oʻrganish, shundan soʻnggina matnni boshqa kontekstlar doirasida olib qarash mumkin degan fikrning ishonchli isbotidir.

4. Nutq jarayonida aytilgan gap (dialogdagi replika) da soʻzlovchi ongida ayni payt (nutq momenti)da kechayotgan holat, adabiy asarda esa sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati muhrlanadi. Oʻsha gap aytilgan nutqiy vaziyat ham, soʻzlovchining ayni paytdagi ruhiy holati ham betakror – ikkisi ham vaqt daryosida oqib ketdi. Bu oʻrinda “bitta daryoga ikki bora shungʻib boʻlmaydi” qoidasi amal qiladi. Shundan kelib chiqsak, betakror nutqiy vaziyat va betakror ruhiy holatda aytilgan gapning oʻzi ham tom maʼnoda betakrordir. Aytilgan fikrlar ijod onlari, sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati va adabiy asarga ham birdek taalluqli.

4.1. Nutq momentidagi ruhiy holatda soʻzlovchi shaxsiyati (insoniy fazilat va nuqsonlari, feʼl-xoʻyi, intellektual saviyasi, maʼnaviy qiyofasi va sh.k.) muhri bor. Biroq soʻzlovchi shaxsiyati replikada toʻgʻridan-toʻgʻri emas, nutq momentidagi lingvistik va ekstralingvistik omillar prizmasidan oʻtib akslanadi. Demak, replika mazmuni uni kim va qanday vaziyatda aytayotganiga bogʻliq holda konkretlashadi. Shunga oʻxshash, adabiy asarda aks etuvchi ijod onlaridagi maʼnaviy ruhiy holatda ham, shubhasiz, muallif shaxsiyati – uning hayot yoʻli bilan bogʻliq xarakteri, dunyoqarashi, orzu-intilishlari va sh.k.lar muhri bor. Biroq bular ham adabiy asarda toʻgʻridan-toʻgʻri emas, ijod jarayoni kechayotgan vaqtdagi sharoit (ijtimoiy va shaxsiy hayot, madaniy muhit, maʼrifiy holat va sh.k.)dan kelib chiquvchi kayfiyat fokusidan oʻtgan holda akslanadi. Demak, adabiy asar mazmuni ham uni kim va qanday vaziyatda yozganiga bogʻliq holda konkretlashadi. Bu ikki omilni – kim aytgani va qanday vaziyatda aytganini aslo bir-biridan ajratib boʻlmaydi.

4.1.1. Gap (adabiy asar) mazmunini toʻgʻridan-toʻgʻri kim aytgani (yozgani)ga bogʻlab qoʻyish xato, bu holda soʻzlovchi (yozuvchi) oʻzgarmas, qotib qolgan maxluq sifatida tushunilgan boʻladi. Holbuki, yashayotgan odam mudom oʻsish-oʻzgarishda, tashqi olam bilan munosabati taʼsirida uning ruh-kayfiyati turlanib, turfalanib turadi. Gap (adabiy asar)da esa zamonda uzluksiz kechayotgan ayni shu jarayonning – silsilaning bir halqasi aks etadi, xolos. Shunga koʻra, “bu odamning unaqa deyishi aslo mumkin emas” yoki “ushbu yozuvchi bunaqa mazmunni koʻzda tutgan boʻlishi mumkin emas” qabilidagi daʼvolar asossizdir.

4.1.2. Gap (adabiy asar) mazmunini toʻgʻridan-toʻgʻri u aytilgan nutqiy vaziyat (asar yozilgan davr sharoiti)ga bogʻlab qoʻyish ham toʻgʻri emas. Negaki, soʻzlovchi (yozuvchi)ning aytganlari hamisha vaziyat mohiyatiga muvofiq boʻlishi shart emas: u gohi vaziyatga tamom zid keladigan gap qilishi, goh oʻsha vaziyat ustidan kulishi, goh esa “oʻzining olami”da (yaʼni ruhan uzlatga chekinib) yashagani holda vaziyatga butkul aloqasiz gap aytaverishi mumkin. Deylik, nojoʻya ishimiz uchun koyish oʻrniga “Barakalla!” eshitganimiz; Afandining somsaxonada “Goʻsht-goʻsht deysan, enagʻar, goʻshtsiz ham binoyiday somsa qilsa boʻlarkan-ku!” deya xotinni soʻkkani; xayolga chalgʻib ketgan joyimizdan qaytiboq suhbat mavzusidan yiroq gapni oʻrtaga tashlab qoʻyib kulgiga qolganimiz – bular yuqoridagi fikrlarni yetarlicha dalillay oladi. Shulardan kelib chiqsak, masalan, H.Olimjonni “zulm avj olgan vaqtda baxt va shodlikni kuylagan” deya malomat qilish toʻgʻri emas. Maʼlumki, shoirga “baxt va shodlik kuychisi” nomini 30-yillarning oʻrtalaridan boshlab yozgan sheʼrlari olib bergan. Uning umrlik muhabbatini uchratishi, uylanishi, otalik baxtini tuyushi – xullas, hayotining eng baxtli damlari shu vaqtga toʻgʻri keladi, tabiiyki, ijodida ham ijtimoiy-siyosiy lirika oʻrnini intim lirika egallaydi. Mazkur hol mohiyatan yuqorida keltirganimiz suhbat chogʻi oʻz xayoliga choʻmib umumiy mavzudan chiqib qolgan suhbatdosh holiga oʻxshash. Agarki suhbatdoshning holini tabiiy deb bilarkanmiz, shoirning mazkur holi ham shunday hisoblanishi kerak. Demak, aksincha, shoir ijodidagi mazkur faktning “ayb” sifatida talqin qilinishi gʻayritabiiy, gʻayriilmiy deb tushunilmogʻi kerak. Xulosa qilib aytganda, adabiy asarning oʻzi yozilgan davr bilan munosabatlari turli koʻrinishlarda boʻlishi mumkin, ular bevosita ijodkor maʼnaviy-ruhiy holati bilan bogʻliq, talqinda buni nazarda tutish shart qilinadi.

5. Modomiki, adabiy asarda sanʼatkorning ijod onlaridagi betakror maʼnaviy-ruhiy holati aks etar ekan, uning mazmun-mohiyatini anglashda oʻsha holatni tasavvur (his qilish) hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Tamsil qilsak, mazkur tasavvur (his qilish)ning urugʻi matn (lisoniy ifoda)ni oʻrganish davomida sochiladi, lekin faqat kontekstlar doirasidagina unadi. Ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatning yaqin kontekstlari quyidagilar: 1) muallif hayotining asar yaratilgan vaqtni oʻz ichiga oluvchi bosqichi; 2) muallif shu bosqichda yaratgan boshqa asarlar; 3) jamiyat hayotining muayyan bir davri va undagi yetakchi ijtimoiy kayfiyat; 4) shu davr adabiyoti. Yaʼni talqinchi oʻzining ixtiyorida mavjud vositalar (matn, ijodkor biografiyasiga doir faktlar, shu davrda yaratgan asarlari, davr hayoti haqidagi maʼlumotlar va b.)ga tayanib oʻsha betakror maʼnaviy-ruhiy holatni his (tasavvur) qilmogʻi lozim boʻladi. Tabiiyki, matnni his qila olish darajasi ham, kontekstlarga oid bilimlardan xabardorlik va ularni talqinga tatbiq eta olish iqtidori hammada bir xil emas. Ayni hol adabiy asarning turlicha talqin qilinishi, talqin imkonlarining cheksizligini taʼminlovchi asosiy omillardandir.

6. Inson oʻylab va yo his qilib turganini soʻz bilan tugal ifodalashga ojiz, oʻyidagi bilan tilidagi farq qiladi. Ifoda hamisha soʻzlovchi ifodalashni istaganidan koʻra tor, chala, tugallanmagandir. Tinglovchi buni his qiladi va ifodadagi kemtiklarni (ekstralingvistik omillarga diqqat qilish, soʻzlovchi bilan munosabatlari kontekstini xotirga keltirish va, qisman, tasavvurini ishga solish kabilar asosida) toʻldirish payida boʻladi. Shunga oʻxshash, adabiy asarda ham muallif aytmoqchi boʻlganini toʻla ifodalay olmaydi, bundagi kemtiklar oʻquvchining ijodiy tasavvurni toʻla ishga solishi hisobiga toʻldiriladi. Boshqa tomoni, adabiy asardagi implitsit soʻzlovchi nutqini tushunishning jonli muloqotdagidan koʻra murakkabligi shundaki, bunda qator ekstralingvistik omillar (ritm, temp, ton, umuman intonatsiya) ham matn asosida qayta yaratilishi zarur. Tabiiyki, bunga qobillik ham, ijodiy tasavvur imkonlari ham oʻquvchilarda farqli, ayni hol talqinlar turlichaligining yana bir omilidir.

7. Aytilgan gap (eʼlon qilingan adabiy asar)ni turli-tuman talqin qilish imkoniyatlari hamisha mavjud. Negaki, oʻzaro nutqiy muloqot (badiiy kommunikatsiya)da biz bir-birimizga fikr (mazmun) emas, balki uning ifodasi uchun shakllantirilgan gap (matn)ni yetkazamiz. Tinglovchi (oʻquvchi), oʻz navbatida, oʻsha gap (matnni)ni fikr (mazmun) ga aylantirishi lozim boʻladi va shu tariqa nutqiy muloqot (badiiy kommunikatsiya) amalga oshadi. Koʻrib turganimizdek, tinglovchi (oʻquvchi) shunchaki axborot qabul qiluvchi emas, balki mazmun yaratuvchi subyektdir. Shunga koʻra, soʻzlovchi yetkazmoqchi boʻlgan (va oʻz nazdida yetkazgan) mazmun bilan tinglovchi anglagan mazmun aynan bir narsa boʻlolmaydi. Adabiy asar misolida esa mazmun yaratuvchi subyektlar soni (yozuvchi + asarni oʻqigan har bir oʻquvchi) gʻoyat keng, bas, talqinlar soni ham shunga mutanosibdir.

7.1. Muloqot predmetidan xabardorlik darajasining farq qilishi tufayli muayyan vaziyatda aytilgan gap suhbat ishtirokchilariga turlicha mazmunlarini yetkazishi mumkin. Masalan, suhbat ishtirokchilarning bari taniydigan odam haqida “Ahmad aka xoʻroz-da!” deyildi. Tinglovchilarning hammasi buni maʼqulladi, faqat ularning biri “Ahmad aka tez, janjalkash odam”ligini, ikkinchisi “Ahmad aka ayollarga oʻchroq, “yuradigan” odam”ligini, uchinchisi “Ahmad aka – mard odam” ekanini biladi va har biri oʻz bilganidan kelib chiqqan holda soʻzlovchini maʼqulladi. Holbuki, soʻzlovchi “Ahmad aka ayollar brigadasi boshligʻi” ekanini nazarda tutgan, xolos. Tinglovchilar anglagan mazmunlarda subyektivlik ustuvor, biroq ular obyektiv asos – aytilgan gapdan oʻsib chiqyaptiki, ularni inkor qilib boʻlmaydi. Shunga oʻxshash, adabiy asar talqini ham muallif nazarda tutgandan tamom boshqacha boʻlishi mumkin va bunga tabiiy deb qaramoq joiz. Bu oʻrinda faqat birgina talab oʻrinli: talqin matndan oʻsib chiqishi shart.

7.2. Turlicha tushunish imkoniyati soʻzlovchi tomonidan atayin yaratilishi ham mumkin. Masalan, bahorda qaytarish sharti bilan qarz bergan odam ishtirok etayotgan suhbatda “Mana, bahor ham keldi!” deyilsa, buni qarzdor “Qarzni qaytarish vaqti keldi!” maʼnosida, boshqalar oʻz maʼnosida tushunadilar. Shunga oʻxshash, adabiy asar ham muallifning xos oʻquvchisiga boshqa, ommaga boshqa mazmunni yetkazishi mumkin. Choʻlpon “Soz” toʻplamining birinchi sheʼrini “Bir necha yil qantargach, Yana oldim sozimni. Endi aytib yigʻlamas, Koʻngildagi rozimni” satrlari bilan boshlaydi. Bu bilan u, bir tomondan, shoʻrocha tarbiya topgan oʻquvchiga “endi shoʻrodan nolib yigʻloqi sheʼrlar yozmayman” deya vaʼda beradi; ikkinchi tomondan, xos oʻquvchisidan “sozim endi koʻngil rozini aytolmaydi” deya uzr soʻraydi.

7.3. Mohiyatan 7.2. banddagi kabi, faqat soʻzlovchi ixtiyori bilan emas, majburiyat orqasida yuzaga keluvchi holatlar nutqiy muloqotda keng uchraydi. Zero, nutqiy vaziyat soʻzlovchiga doim ham oʻyidagini erkin ifodalash imkonini bermaydi: goh ijtimoiy-siyosiy sharoitni hisobga olib, goh milliy yo madaniy anʼanalar hurmatidan, goh suhbatdoshlar andishasini qilib bitta gapdan qolishiga toʻgʻri keladi. Aksincha, ayni hol soʻzlovchidagi aytish ehtiyojini kuchaytiradi va u bir yoʻlini qilib – kinoya, qiyos, majoz kabi vositalar orqali fikrini ifodalashga intiladi. Aytish kerakki, bu tarz aytilgan gapga soʻzlovchi yuklagan mazmun dialog kontekstidagina tushuniladi. Shunga oʻxshash, adabiy asar ham yaxlit kinoya (mas., A.Oripov. “Chol va kommunizm qissasi”), qiyos (mas., A.Qahhor. “Dahshat”) yo majoz (mas., Oybek. “Naʼmatak”)ga aylanishi mumkin. Bunday asarlarga muallif yuklagan mazmun ham faqat kontekst (asar yaratilgan davrdagi sharoit, yetakchi ijtimoiy kayfiyat, muallif dunyoqarashi va sh.k.) doirasida anglashiladi.

8. Maqolda aytilgan gapni otilgan oʻqqa qiyos qilinadiki, buning bir maʼnosi “aytib boʻlgan gapingning egasi emassan” demakdir. Masalan, soʻzlovchi aytgan gap birovga ozor yetkazdi, u esa buni chindan-da istamagan. Lekin endi kech, chunki aytilgan gap moddiylashib boʻldi: eshituvchi uni oʻz talqinida tushunishga haqli. Soʻzlovchi har ne kuyinib “unday emas, bunday demoqchiydim” desin, eshituvchi koʻnglini ozordan tamom forigʻ etolmaydi. Negaki, aytilgan, yaʼni tovushlarda moddiylashib boʻlgan gap uningcha talqin qilishga ham izn beradi. Shunga oʻxshash, eʼlon qilingan adabiy asar ham endi muallifniki emas, oʻquvchi uni oʻzicha tushunishga haqli, muallif talqini oxirgi instansiya boʻlolmaydi, chunki u ham imkondagi talqinlardan biri, xolos. Demak, goh-goh uchrab turadigan muallifning tanqidchilikdagi talqinlarga qarshi chiqishi yoki munaqqidning asar haqidagi muallif soʻzlariga beshak dalil sifatida yopishib olish hollari toʻgʻri emas.

***

Adabiy asar talqini masalasidagi mulohazalarimni gap bilan qiyosan bayon qilishga jazm etganim tanqidchilikdagi ayrim bahsli nuqtalarga oydinlik kiritish, yana ham aniqrogʻi, XX asr oʻzbek adabiyoti namunalaridan ayrimlarini yangicha talqin qilish yoʻlidagi urinishlarimga nisbatan bildirilgan fikrlarga javob berishu shu bahona qarashlarimni butlash va tartibga keltirish niyati bilan bogʻliq. Albatta, xali yetarli asoslanmagan ayrim xulosalar, batafsilroq yoritish zarur boʻlgan jihatlar borligi shubhasiz. Shunga qaramay, adabiy asar talqini borasida toʻplagan tajribam va oʻqib-oʻrganganlarim asosida bayon qilganlarim mutaxassislarda qiziqish uygʻotar va ular bildirgan fikrlar qarashlarimni yaxshiroq tartibga solishim, sayqallashimga yordam berar degan umidda qolaman.

2013 yil

Dilmurod Quronov