← Dilmurod Quronov
|

Adabiy taʼlimda tarixiy-biografik sharhning ahamiyati haqida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2011 · ADU. Ilmiy xabarnoma 2011 №4 · «Talqin imkonlari» toʻplamidan

Sharhlab oʻqitish taʼlimdagi, jumladan, adabiy taʼlimdagi eng qadimiy va sinalgan usullardan biridir. Qadim yunon faylasuflari Aflotunu Arastularning dialog shaklidagi asarlariga eʼtibor berilsa, shogirdlar bilan jonli suhbatlarning muhokama predmetini sharhlash asosiga qurilganini koʻrish mumkin. Sharq mudarrislari esa diniy yo dunyoviy ilmga oid fundamental xarakterdagi asarni maʼlum vaqt davomida sharhlab tushuntirganlar va shu asosda tolibul ilmlarning bu asarlar mazmun-mohiyatini puxta oʻzlashtirishlariga erishganlar. Darvoqe, oʻtmishdagi olimlarning u yoki bu asar sharhiga bagʻishlangan kitoblari (masalan, Forobiyning Arastuga sharhlari)ga, avvalo, ayni shu oʻqitish usuliga mos qoʻllanmalar sifatida qarash toʻgʻri boʻladi. Shunga oʻxshash, adabiy taʼlim ham, masalan, Shayx Saʼdiy, Xoʻja Hofizu Mirzo Bedil kabi ijodkorlar asarlari qatida botin maʼnolarni, ramzu majozlar vositasida ifodalangan teran falsafiy, soʻfiyona mazmunni ochib berishga – sharhlashga qaratilgan.

Albatta, asrlar davomida shakllangan bu anʼana izsiz yoʻqolgani yoʻq, u hozirgi adabiy taʼlimning unsur (instrument)laridan biri sifatida hamon yashab kelmoqda. Biroq, bizningcha, hozirgi adabiy taʼlimda, birinchidan, sharhga yetarli qimmat berilmasdan, u koʻproq “lugʻat bilan ishlash”, ayrim faktlarni qayd etish, oʻrganilayotgan mumtoz adabiyot namunalaridagi soʻfiyona maʼnolarni fragmentar tarzda ochib berishga intilish kabilar bilan cheklanib qolayotir; ikkinchidan, yangi adabiyot namunalarini oʻrganishda sharh goʻyo u qadar zarur emasdek, “shundoq ham tushunarli-ku” qabilidagi yondashuv kuzatiladi. Holbuki, sharh asardagi obrazlar tilini mantiq tiliga oʻgirishdirki, shu jihatdan u mumtoz adabiyotni oʻqitishda ham, yangi adabiyot namunalarini oʻrganishda ham birdek muhimdir. Mazkur fikrlarimizni, xususan, yangi adabiyot namunalarini oʻqitishda tarixiy-biografik sharhning ahamiyatini Choʻlponning “Qalandar ishqi” gʻazali misolida asoslashga harakat qilamiz.

Gʻazal 1920 yilda, Choʻlpon Sharq qurultoyi munosabati bilan Ozarbayjon poytaxti Bokuda boʻlgan paytda yozilgan boʻlib, haqli ravishda sheʼriyatimizdagi ishqiy lirikaning goʻzal namunalaridan biri sanaladi. Darhaqiqat, gʻazalni oʻqiganki sheʼrxon bu baho asosli ekanini ich-ichidan eʼtirof etadi. Biroq, maʼlumki, sheʼr “obrazlar tili”da soʻzlaydi, obraz esa tabiatan koʻpmaʼnolilik xususiyatiga egadir. Zero, obraz ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatni oʻziga muhrlagan holda tamom boshqa maʼnolar ifodasiga ham xizmat qilaveradi. Shunaqa ekan, gʻazalning tub mazmunini anglash uchun shoirning uni yozgan paytdagi ruhiy holatini tasavvur qilish lozim boʻladiki, bunga tarixiy-biografik maʼlumotlar asosidagina erishish mumkin.

Choʻlpon oila muhitidayoq jadid nashrlari bilan tanishgan, jadidchilik gʻoyalarini ongiyu qalbiga muhrlab, oʻsmir chogʻidan millat taraqqiysi va yurt ozodligi dardi bilan yashay boshlagan. 1917 yil fevral inqilobidan soʻng Choʻlponning ijtimoiy faolligi benihoya ortadi. Sababki, hammaslaklari qatori shoir ham yuzaga kelgan sharoitda yurtining demokratik yoʻl bilan ozod boʻlish imkoniyati mavjudligiga chin dildan ishonadi, muxtoriyatchilik harakati umidlarini qanotlantiradi. Choʻlpon Eski shahardagi oʻzi mudirlik qilib turgan qiroatxonada, faol muxtoriyatchilar bilan birga Turkistonning turli shaharlariga borib tashviqot ishlarini olib bordi, yonib va yondirib yashadi. Mavjud sharoitda Rusiya imperiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning mustaqillik yoʻlida baqamti harakatigina natija berishi mumkin deb hisoblagani bois turkchilik gʻoyalarini harakat dasturi, deb bildi: uning Kavkaz turklari bilan aloqa bogʻlash uchun joʻnagan Fargʻona hayʼati tarkibida boʻlishi, Qoʻqonda muxtoriyat eʼlon qilinmasidanoq Orenburgga joʻnashiyu Boshqirdiston jumhuriyatini mustahkamlash orqali oʻz yurti ozodligiga koʻshish qilishni niyat etgani ham shundan dalolatdir. Biroq, taassufki, tarix hukmi oʻzgacha edi: bolsheviklar hukumati Qoʻqon muxtoriyatini qonga botirdi, shoirning hammaslaklari yetakchi mavqe egallagan Boshqirdiston hukumati quvgʻin qilindi – osmon qadar umidlari yerparchin boʻlib, yonib-yelishlaridan hech bir natija chiqmagan Choʻlpon 1919 yil boshlarida yurtiga qaytdi. Oʻylaymizki, kuni-kecha orzular osmonida parvoz qilib yurgan yosh koʻngilga buning nechogʻli qattiq zarba boʻlganini tassavvur qilish qiyin emaski, “Qalandar ishqi” xuddi shu vaziyatda – shoir ruhiyatidagi umid va umidsizlik kurashida keyingisining qoʻli baland boʻlib turgan bir ruhiy holatda yozilgan.

Muhabbatning saroyi keng ekan yoʻlni yoʻqotdim-ku

Asrlik tosh yangligʻ bu xatarli yoʻlda qotdim-ku.

Agar yuqoridagi biografik maʼlumotlar kontekstida olib qarasak, Choʻlponning sheʼr yozilgan paytdagi ahvoli ruhiyasini bir soʻz bilan – “yoʻlsizlik” deb atash mumkin boʻladi. Xuddi shu “yoʻlsizlik”, noaniqlik holati uni oʻrtaydi, ortiga oʻgirilib, kechagi kunini mushohada qilishga undaydi. Shuning uchun keyingi baytda oʻqiymiz:

Karashma dengizin koʻrdim na nozlik toʻlqini bordur

Halokat boʻlgʻusin bilmay qulochni katta otdim-ku.

Bu oʻrinda oʻquvchi diqqatini “karashma dengizi” birikmasiga qaratish va uni yana biografik kontekstda talqin qilish mumkin. Avvalo, sheʼr Bokuda – Hazar dengizi sohillarida yaratilganini, xuddi shu hol “karashma dengizi” obrazining yaralishiga asos boʻlgani ehtimolini taʼkidlash lozim. Choʻlponning bir qator sheʼrlari (“Poʻrtana”, “Xalq”)da “dengiz” obrazidan “kurash”, “qudrat” maʼnolarini ifodalovchi ramzlar sifatida foydalanilgan. Shundan kelib chiqsak, biografik kontekstda “karashma dengizi” yosh Choʻlponni oʻziga jalb etgan kurash maydonini anglatadi deyishga asos bor. Darhaqiqat, fevral inqilobi umidlarini yuksaltigan Choʻlpon butun vujudi bilan kurashga kirdi (“qulochni katta otdi”), biroq oʻshanda u “halokat boʻlgʻusi” ehtimolini xayolga keltirmagan, endi, umidlari chilparchin (“halokat”) boʻlgach, kechagi kunini oʻkinch bilan mushohada etadi. Keyingi baytda shoirning oʻkinchi yanada yuqori pardaga koʻtariladi:

Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo doʻstlar,

Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.

Ushbu bayt tarixiy-biografik sharhning ahamiyati haqida yuqorida aytilgan gaplar nechogʻli asosli ekanini yaqqol koʻrsatadi. Zero, uni tarixiy-biografik kontekstdan tashqarida anglash qiyin. Avvalo, oʻquvchilar eʼtiborini “bahosiz pul” birikmasining oʻzbek tili uchun gʻalizroq ekanligiga qaratish, “birikma qanday maʼnoni bildiradi?” tarzida savol qoʻyish maqsadga muvofiq. Albatta, hozirgi oʻquvchi “bahosiz pul” birikmasi ostida qadrsizlangan pulni tushunishi tabiiy va oʻquvchilarning javobi ham shunga mos boʻladi. Ayni shu oʻrinda oʻqituvchi “qadrsizlanish, devalvatsiya” tushunchalari koʻproq qogʻoz pul bilan bogʻliqligi, rus istilosiga qadar qogʻoz pul muomalasi boʻlmagan Turkiston xalqi uchun ushbu tushunchalarning yangiligini aytishi kerak boʻladi. Turkistonda pulning qadrsizlanishi I jahon urushi yillarda boshlangan. Lekin fevral inqilobidan soʻng hukumat tepasiga kelgan Kerenskiy boshchiligidagi muvaqqat hukumat chiqargan pulning qadrsizlanishi zarbulmasal boʻlgulik darajada boʻlgan. Xullas, sheʼr yozilgan davr kishilariga shoir “bahosiz pul” deganida oʻsha Kerenskiy hukumati muomalaga kiritgan va tezda oʻta qadrsizlangan pulni nazarda tutayotgani aniq boʻlgan. Shu maʼlumotlarni bergach, oʻqituvchi shoir aloqadorlik asosida chiqargan puli orqali muvaqqat hukumatni nazarda tutgani, yaʼni bu oʻrinda metonimiya asosidagi koʻchim mavjudligini tushuntirishi mumkin. Shundan soʻng qisqagina fevral inqilobining burjua-demokratik inqilob boʻlgani, Kerenskiy hukumati mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirish shiorlari bilan chiqqanini eslatib oʻtish joiz. Ushbu tarixiy maʼlumotlarni bayon qilgach, biografik maʼlumotlar beriladi. Jumladan, Choʻlponning boshqa jadidlar kabi fevral inqilobi gʻoyalariga, xususan, yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sharoitida yurtining tinch yoʻl bilan ozodlikka erishishi mumkinligiga chin dildan ishonganini yana taʼkidlab aytish lozim. Shuning uchun ham yosh Choʻlpon butun vujudi bilan ijtimoiy-siyosiy faoliyatga beriladi. Shulardan kelib chiqsak, Choʻlpon baytda fevral inqilobiga ishonib “u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku” deya iztirob chekayotgani maʼlum boʻladi. Iztirobning asosi shuki, otasi uni bu yoʻldan qaytargan. Shu oʻrinda oʻqituvchi shoirning otasi Sulaymonqul bazzoz shoirtabiat, maʼrifatli va taraqqiyparvar inson boʻlgani, jadidchilik gʻoyalariga xayrixohligi bois 1914 yilda taʼsis etilgan jadid gazetasi – “Sadoyi Fargʻona”ning Andijondagi vakili boʻlib turganini ham eslatishi zarur. Qanchalik ilgʻor fikrli boʻlmasin, 1917 yilda hayotiy tajribasi boy Sulaymonqul bazzoz yurt talotoʻpli davrga kirganini teran his etib turgan. Tabiiyki, tahlikali zamonda shoirning otasini oʻgʻlining siyosiy faolligi tashvishlantirgan, u yolgʻiz oʻgʻlining yonida, xavf-xatardan yiroq boʻlishini istaydi. Biroq “karashma dengizi”ga oshufta oʻgʻil otani tashvishga qoʻyib, norozilantirib boʻlsa-da, oʻz bilganidan qolmaydi. Yaʼni milliy ruhda tarbiya topgan Choʻlpon endi otasini norozilantirganiga oʻkinadi, bu holni “u dunyoni bahosiz pulga sotmoq” deb biladi.

Gʻazalning navbatdagi baytida shoirning ayni damdagi ruhiy holati, umidlarida aldanishdan kelgan alamiztiroblari yanada yuqoriroq pardada, mumtoz sheʼriyatimizdagi obrazli ifodalar orqali oʻzining yorqin ifodasini topadi:

Uning gulzorida bulbul oʻqib qon ayladi bagʻrim,

Koʻzimdan yoshni joʻ aylab, alamlar ichra botdim-ku.

Agar mazkur bayt bilan avvalgi uchta bayt qiyoslab koʻrilsa, fikrimizcha, bir muhim jihatni sezish qiyin emas: dastlabki uchta baytda mumtoz sheʼriyatga xos obrazlilik taʼsiri u qadar sezilmaydi, bunisida esa anʼanaviy obrazlilik kuchli. Sababi, ushbu bayt keyingi baytga, unda anʼanaviy obrazlar orqali ifodalangan yangi mazmunni anglashga koʻprik boʻlib xizmat qiladi:

Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni,

Yana kulbamga qaygʻular, alamlar birla qaytdim-ku.

Maʼlumki, mumtoz sheʼriyatimizda Yor – Haqni izlab yoʻlga chiqqan solik obrazi keng oʻrin tutadi. Agar biografik kontekstdan kelib chiqsak, Choʻlpon ushbu anʼanaviy obrazga yangicha maʼno yuklaganini koʻrish qiyin emas. Darhaqiqat, yuqorida aytdikki, Choʻlpon ham yigit yoshidan Yor – Yurt ozodligi uchun kurash yoʻliga kirgan, yorni izlab dunyo kezgan (shahar-qishloqlarga chiqib tashviqot qilishi, Kavkazga, keyin Orenburgga borishi), “yorni topmay” besamar kezishlardan soʻng, sheʼr yozilishidan ilgariroq, qaygʻu-alamlar bilan yurtiga – “kulba”siga qaytgan edi. Xuddi shu kayfiyat, shoirning yurtida yuzaga kelgan vaziyatga gʻoyaviy-hissiy munosabati esa gʻazal maqtaʼsida oʻzining goʻzal ifodasini topgan:

Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim, doʻstlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

Maqtaʼda Choʻlpon yuragidagi choʻng dardni his qilish, hamdard boʻlishga qobil hammaslak doʻstlariga, umuman, oʻzini anglay oladigan xos oʻquvchiga murojaat etadiki, bu ham yuqoridagicha kontekst doirasida tushuniladi. Yaʼni, bu oʻrinda shoirning «muhabbat osmoni» – yurt ozodligi uchun kurash yoʻlini yoritib turgan yulduzni yerga botirgan «quyosh» – oktyabr inqilobiga munosabati oʻz ifodasini topgan.

Yuqoridagicha talqin, albatta, yagona hisoblana olmaydi. “Qalandar ishqi”ni tarixiy-biografik va qisman milliy adabiy anʼanalar kontekstida tushunishga intilganimiz, mohiyatan, shoir yozgan paytida gʻazalga yuklagan mazmunni tushunishga harakatdir. Ikkinchi tomondan, “Qalandar ishqi” kabi ramziy-metaforik ifoda yoʻsiniga qurilgan gʻazallar oʻzida avvalboshdan ikki turli talqin imkoni bilan yaraladi. Yaʼni bunday asarlarda tasvirlangan narsa (tasvir plani)dan bevosita oʻsib chiquvchi maʼno ham, kontekst(lar)da namoyon boʻluvchi tagmaʼno ham mustaqil, bir-biriga xalal bermagan holda yashayveradi. Demak, gʻazal mazmunining turlicha tushunilishi tabiiy va qonuniy holdir. Shunaqa ekan, “Qalandar ishqi” ayni yuqorida biz talqin qilgan mazmunda tushunilishi lozim degan daʼvodan saqlanmoq kerak. Fikrimizcha, shu holni nazarda tutgan holda gʻazalni oʻrganishda avval bevosita mazmuni yetkazilgani, yaʼni uning oʻquvchilar bilan ishqiy mavzudagi asar sifatida muhokama qilingani maqsadga muvofiqdir. Shundan keyingina gʻazalni tarixiy-biografik kontekstda tahlil va talqin qilib berilsa, bizningcha, oʻquvchilarning adabiyot haqidagi, badiiy ijod tabiati, badiiy asar mazmunining serqirraligi haqidagi tasavvurlarini boyitish imkoni yuzaga keladi. Bunday imkonlardan samarali foydalanish esa adabiy taʼlimdan koʻzlanuvchi maqsadga erishishda gʻoyat muhimdir.

2011 yil

Dilmurod Quronov