Dunyo tamadduniga nazar tashlansa, chinakam Shaxsni tarbiyalab, voyaga yetkazishda hamisha maʼlum kemtikliklar boʻlgan. Shu oʻrinda jamoaviy oʻyin — gʻalabaga kafolat qoidasi esa nainki sportda, balki adabiyotshunoslikda ham bir qadar koʻrinib qoldi.
Badiiy adabiyotga yondashuvlar farqlandi. Avvalgiday adabiyotshunoslik fani “sanitar” vazifasini oʻtamay qoʻygandek.
Demak, bir xossali individlardan emas, balki turli xususiyatlarga ega boʻlgan murakkab tarkibli geterogen shaxsiyatlardan tashkil topgan bugungi hayotda fikr erkinligi qaror topayotgani ijod ahliga qancha qulaylik tugʻdirgan boʻlsa, adabiyot tanuvchi olimlarga shuncha qiyinchilik paydo qiladi. Negaki, ilm qonuniyatlar bilan ish koʻrishni taqozo qiladi. Qonuniyat esa universallikni talab etadi. Universallik anʼanalar bagʻrida yetiladi. Hozir boʻlsa, badiiy ijod sohasida anʼanalarga amal qilmaslik anʼanaga aylanib bormoqda. Ammo adabiyotshunoslik va adabiyotga oʻz nazari bilan ilmiy-amaliy yondashayotgan munaqqidlar hali oramizda borligi quvonarli.
Professor Dilmurod Quronovning ilmiy fao liyatidagi ilk oʻziga xoslik shundaki, u egallagan falsafiy va ilmiy-nazariy bilimlarni adabiy yaratiqlarni tekshirishning ishonchli quroliga aylantira oladi. Shuning uchun ham olim har qanday mushkul ilmiy masalaning asl mohiyatiga kira biladi. Chunonchi, u badiiy ijodni isteʼdodli odamning olamni bilish va u haqdagi oʻy-tuygʻularini ifodalash ehtiyojining mahsuli hisoblaydi. U ifodalash ehtiyoji bilish ehtiyojidan kam boʻlmagan qudratga egaligini alohida taʼkidlaydi. Koʻrkam asarning yaratilish va oʻqilish kechimini odamlararo estetik muloqotning koʻrinishi hisoblagan Dilmurod: “…adabiy asarning moddiy asosi til unsurlaridan tarkib topgan matn, yaʼni zamonda voqe boʻlgan va yozuv yordamida qotirib qoʻyilgan nutqdir”, deb yozadi. Bunday yondashuvda nutq hamisha kimga yoki nimagadir qaratilgan boʻlishi bilan tabiiy ravishda muloqotni yuzaga keltirishi koʻzda tutiladi. Olim oʻzining bu qarashini: “…adabiy asarning oʻzi mohiyatan muloqot”, deya kuchlantiradi. U ijodkor biror asarni yozayotgandayoq juda aniq boʻlmasa-da, muayyan oʻqirmanni koʻzda tutib, u bilan muloqotga kirishishini: “…badiiy matn muddati kechiktirilgan… muloqot, badiiy asar esa shu muloqotning amalga oshishini taʼminlovchi vosita” ekanini qayd etadi. Olim bu qarashini: “…adabiy asar eng avval, nutq hodisasi: adabiy asarning yaratuvchisi — nutq irod etayotgan odam, shunga mos tarzda adabiy asarning oʻquvchisi — tinglayotgan odam. Bunday deyishimizga asos, yozmoqning mohiyatan tasavvurdagi oʻquvchiga gapirmoq, oʻqimoq esa tasavvurdagi yozuvchini tinglamoq ekanidir”, deya yanada konkretlashtiradi.
Dilmurod badiiy asar yozishgina emas, balki oʻqish ham ijodiy jarayon, deb biladi. Oʻqirman asarga badiiy hodisa deb yondashmas ekan, u koʻrkam yaratiqqa aylanmay qolaverishini qayd etadi. Chindan ham koʻrkam asar oʻqib tushungan odam uchungina mavjud boʻlib, oʻqimagan odam uchun esa yoʻq narsadir. Nazariy bilimlarini adabiy hodisalarni tadqiq etish kechimiga tatbiq qila olgan professor D.Quronov sharhli oʻqishdan zamonaviy adabiy taʼlimda foydalanishning nazariy asos lari va amaliy yoʻllarini koʻrsatib beradi. Tajribali pedagog sifatida olim “Adabiy taʼlimda tarixiy-biografik sharhning ahamiyati haqida” maqolasida: “…sharh asardagi obrazlar tilini mantiq tiliga oʻgirishdirki, shu jihatdan u mumtoz adabiyotni oʻqitishda ham, yangi adabiyot namunalarini oʻrganishda ham birdek muhimdir”, deb yozadi. Olim Choʻlponning mashhur “Qalandar ishqi” gʻazalini shoirning hayoti, ijodi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda shaxsiyatiga xos jihatlarni hisobga olgan holda tamomila oʻzgacha rakursda tekshiradi.
U turli hujjatlar, yodlovlar va oʻzining asos li taxminlariga tayanib, shoirning oʻsha sheʼrni yozayotgan vaqtdagi kayfiyati qanday boʻlganigacha koʻrsatib berishga erishadi. Shu usul yordamida gʻazal zamiridan bir dunyo yashirin ijtimoiy maʼno topadi. Buni olim: “Qalandar ishqi” kabi ramziy-metaforik ifoda yoʻsiniga qurilgan gʻazallar oʻzida avvalboshdan ikki turli talqin imkoni bilan yaraladi. Yaʼni, bunday asarlarda tasvirlangan narsa (tasvir plani)dan bevosita oʻsib chiquvchi maʼno ham, kontekst(lar) da namoyon boʻluvchi tagmaʼno ham mus taqil, bir-biriga halal bermagan holda yashayveradi. Demak, gʻazal mazmunining turlicha tushunilishi tabiiy va qonuniy holdir”, deya izohlaydi. Shu tariqa sharhlab oʻqish degani tushunarsiz soʻzlarni izohlashdangina iborat joʻn yumush boʻlmay, tadqiqotchi yoki oʻqituvchidan jiddiy tayyorgarlikni talab qiladigan samarali ilmiy yondashuv ekanini koʻrsatib beradi.
Olimning badiiy asarlarni mifopoetik talqin qilish borasidagi qarashlari oʻzbek ilmi uchun tamomila yangilik boʻldi. Oʻzbek adabiyottanuv ilmida ham miflar haqida koʻp gapirilgan. Tadqiqotlar qilingan, kitoblar chop etilgan, ammo mifopoetik yondashuv aslida nima ekani va uni amaliyotga qanday tatbiq etish mumkinligi qorongʻiligicha qolavergan. Dilmurod bu haqda: “Oʻtgan kunlar”ning… tez shuhrat topib qoʻlma-qoʻl oʻqilishiga sabab boʻlgan bosh omil, bizningcha, uning tom maʼnoda milliy adabiy anʼanalar zaminida turganidir… Oʻylasam, bu fikrni eskitdan turli shakllarda aytib kelaman ekan-u, unga isbotlanishi shart boʻlmagan aksiomadek qarar ekanman. Mifopoetik yondashuv esa… mazkur fikr ni ilmiy asoslash imkonini yaratar ekan”, deb yozadi. Ochigʻi, men mifopoetik yondashuvning milliy adabiy anʼanalar ildizini koʻrsatishga aloqasi borligini xayolimga ham keltirmaganman. Uni kunbotishliklar oʻylab topgan bir qadar sunʼiy nazariya sanab kelardim. Dilmurodning romanni shu usulda talqin qila bilganiga qoyil qoldim. Toʻgʻri, bu usul roman badiiyati va jozibasini toʻliq ochib berishga xizmat qiladi, deb hisoblamayman. Ayni vaqtda, bitikning tasvir yoʻsinida oʻzgarmas milliy universalliklar borligidan ham koʻz yumolmayman. Albatta, buyuk yozuvchi oʻz bitigiga bunday yondashuv boʻlishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan. Ammo olim oʻzining ilmiy qud rati sabab subyekt tomonidan yaratilgan badiiy obyekt bagʻridagi obyektiv qonuniyatni koʻra va koʻrsata bildi. Professor D.Quronov oʻz asarlarida har bir badiiy-estetik hodisani keltirib chiqargan omilni aniqlashga jiddiy eʼtibor qaratadi. Bunday yondashuv estetik hodisaning mohiyatini toʻgʻri anglashga imkon beradi. Olim koʻrkam adabiyotning ijtimoiylashuvi, koʻplar oʻylaganidek, sovet yozuvchilari emas, balki jadid ijodkorlaridan boshlanganini qayd etadi. Jadidlar badiiy adabiyotga toʻligʻicha ijtimoiy yuk ortib, uni maqsaddan vositaga aylantirdilar. Bu hol jadid adiblarining barcha bitganlarida yaqqol koʻrinib turadi.
Dilmurod Quronov — original fikrlaydigan olim. U hamisha hamma koʻrgan estetik hodisaning hech kim payqamagan jihatlarini koʻra va izohlay biladi. “Dushmanni tanitgan doʻst” maqolasida barchasi birday ketma-ket sanab ketilaveriladigan Fitrat, Choʻlpon va Qodiriy shaxsiyatlarining bir-biridan ayirmali qirralarini birgina chizgi bilan aniq koʻrsatib beradi: “Choʻlpon bilan Fitrat ijtimoiy jarayon ichida yashagan boʻlsalar, ijtimoiy jarayon A.Qodiriyning ichida yashagan”. Bu qarashning toʻgʻriligini buyuk adibning oʻz iqrorlari ham asoslaydi. U adabiyotga doir atamalarda ham oʻta aniqlik boʻlishiga intiladi. Negaki, har qanday atama mohiyatning nutqiy qobigʻidir. Shu sabab “badiiy talqin” bilan “adabiy talqin” tushunchalarini farqlash kerakligi, birinchisi ijodkorga, ikkinchisi adabiy isteʼmolchi, yaʼni oʻqirman yoki sinchiga tat biqan ishlatilsa, toʻgʻri boʻlishini qayd etadi. Olim ilmiy talqin “talqinning talqini” ekanini taʼkidlaydi. U adabiy talqin mohiyatini “… badiiy asardagi “obrazlar tilini” mantiq tiliga oʻgirmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir” tarzida ochiqlaydi. Dilmurod koʻproq darajada irratsional faoliyat mahsuli boʻlmish koʻrkam yaratiqlarni ratsional yoʻsinda ifodalay olish salohiyatiga ega kamsonli mutaxassislardandir.
Professor koʻrkam asarni oʻqish shunchaki isteʼmol jarayoni boʻlmay, oʻziga xos ijod kechimi ekani, u oʻqirmandan interfaol yondashuv ni talab qilishini uqtiradi. Olim badiiy asar mazmunini faqat muallifga bogʻlab qoʻyish toʻgʻri boʻlmaganiday, uni faqat yozilgan vaqt doirasi bilan chegaralab qoʻyish ham maʼqul emasligini, koʻrkam bitik hayotning oʻzi singari tinimsiz oʻzgarishlar ogʻushida boʻlishini urgʻulaydi. Chinakam badiiy yaratiqning muallifga, yaratilgan makon va zamonga bogʻliq boʻlmagan oʻz umri borligini: “Zero, obraz ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holatni oʻziga muhrlagan holda tamom boshqa maʼnolar ifodasiga ham xizmat qilaveradi”, tarzida qayd etadi. Olim bugungi adabiy jarayonning sof kuzatuvchisi boʻlganidan uning ogʻriqli nuqtasini: “Nazarimda, eng katta muammo — hozirgi adabiyotning oʻquvchini boy bergani”, deya aniq belgilaydi. Dilmurod Quronov — serqirra olim. U ilmu ijodning pedagogika, adabiyot nazariyasi, lugʻatchilik, matn shunoslik, komparativistika, sinchilik, oʻgirmachilik va noshirlik singari qator tarmoqlarida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Olim — besh yuzga yaqin ilmiy maqola, ikki darslik, uch monografiya, uch qoʻllanma, bir lugʻatning muallifi. Uning rahbarligida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lugʻati” bu sohadagi asosiy oʻquv vositasi sifatida qoʻllaniladi. Olimning “Adabiyot nazariyasi asoslari” darsligi mamlakatimizda bugun toʻliq amalda boʻlgan yagona nazariy bitikdir. Isteʼdod koʻp ulugʻ neʼmat, ammo shaxsiyati isteʼdodi darajasida boʻlmagan ijodkor chogʻdoshlariga koʻp tashvishlar keltirishi mumkin. Professor D.Quronov ulkan isteʼdod bilan yirik shaxsiyatni uygʻunlashtira bilgani uchun oʻzbek adabiyottanuv ilmi rivojiga sezilarli ijobiy taʼsir koʻrsata oldi. U eng murakkab ilmiy tushuncha va muammolar mohiyatini teran anglab yetgani uchun ham ular haqida juda tushunarli yoʻsinda fikr yuritadi. Ilmiy ifodadagi tushunarsizlik bilishdagi chalalikning tashqi koʻrinishidir. Olim eng chigal adabiy qonuniyatlarni anglatishda ham andijonliklar nutqida koʻp uchraydigan “juday-la”, “hech yoʻq”, “boʻlibam” soʻz birikmalarini qoʻllaydiki, bu hol uning qarashlariga alohida samimiyat bagʻish laydi. Dilmurod — oʻz nuqtai nazarini qattiq himoya qiladigan olim. Shu bois u tez-tez bahslashib turadi. Uning bahslari muxolifining shaxsiga emas, qarashlariga yoʻnaltirilgan boʻladi va raqibiga faqat mantiq bilan bosim oʻtkazadi. “Gipotetik usul” haqida mulohazalar”, “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Roman haqida ayrim mulohazalar”, “Yana davrlashtirish masalasiga doir” singari qator maqolalarida olimning oʻta bosiqlik bilan oʻz qarashlarini himoya qila bilishi yaqqol koʻzga tashlanadi.
Men ham Dilmurod bilan koʻp bahslashaman. Chunki uni koʻp oʻqiyman, koʻp taʼsirlanaman, koʻp narsa oʻrganaman. Tabiiyki, ayrim hollarda oʻzgacha fikrda ham boʻlaman va oʻz qarashlarimga tayanib, uning fikrlariga munosabat bildiraman. Ishonamanki, u shaxsim bilan emas, qarashlarim bilan bahs qiladi va haq yoʻl sari ogʻishmay yuraveradi.
Barchaga-barcha tomoni maʼlum boʻlgan qari ochunning hech kim koʻrmagan qirralarini koʻrish va koʻrsata bilish sanʼati boʻlmish badiiy adabiyot haqidagi original va asosli ilmiy qarashlari bilan millat badiiy-estetik tafakkuri rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan ulkan olimni qutlugʻ yoshi bilan muborakbod etib, uning ilmiy izlanishlari va shaxsiy hayotida yana koʻpdan-koʻp yutuqlar boʻlishini tilaymiz. Oʻzida pedagoglik, nazariyotchilik, sinchilik, oʻgirmachilik, noshirlik, oʻychillik singari sifatlarni uygʻunlashtirgan Dilmurod Quronovga ilmiy-ijodiy yuksalishlar yor boʻlsin!
Дунё тамаддунига назар ташланса, чинакам Шахсни тарбиялаб, вояга етказишда ҳамиша маълум кемтикликлар бўлган. Шу ўринда жамоавий ўйин — ғалабага кафолат қоидаси эса наинки спортда, балки адабиётшуносликда ҳам бир қадар кўриниб қолди.
Бадиий адабиётга ёндашувлар фарқланди. Аввалгидай адабиётшунослик фани “санитар” вазифасини ўтамай қўйгандек.
Демак, бир хоссали индивидлардан эмас, балки турли хусусиятларга эга бўлган мураккаб таркибли гетероген шахсиятлардан ташкил топган бугунги ҳаётда фикр эркинлиги қарор топаётгани ижод аҳлига қанча қулайлик туғдирган бўлса, адабиёт танувчи олимларга шунча қийинчилик пайдо қилади. Негаки, илм қонуниятлар билан иш кўришни тақозо қилади. Қонуният эса универсалликни талаб этади. Универсаллик анъаналар бағрида етилади. Ҳозир бўлса, бадиий ижод соҳасида анъаналарга амал қилмаслик анъанага айланиб бормоқда. Аммо адабиётшунослик ва адабиётга ўз назари билан илмий-амалий ёндашаётган мунаққидлар ҳали орамизда борлиги қувонарли.
Профессор Дилмурод Қуроновнинг илмий фао лиятидаги илк ўзига хослик шундаки, у эгаллаган фалсафий ва илмий-назарий билимларни адабий яратиқларни текширишнинг ишончли қуролига айлантира олади. Шунинг учун ҳам олим ҳар қандай мушкул илмий масаланинг асл моҳиятига кира билади. Чунончи, у бадиий ижодни истеъдодли одамнинг оламни билиш ва у ҳақдаги ўй-туйғуларини ифодалаш эҳтиёжининг маҳсули ҳисоблайди. У ифодалаш эҳтиёжи билиш эҳтиёжидан кам бўлмаган қудратга эгалигини алоҳида таъкидлайди. Кўркам асарнинг яратилиш ва ўқилиш кечимини одамлараро эстетик мулоқотнинг кўриниши ҳисоблаган Дилмурод: “…адабий асарнинг моддий асоси тил унсурларидан таркиб топган матн, яъни замонда воқе бўлган ва ёзув ёрдамида қотириб қўйилган нутқдир”, деб ёзади. Бундай ёндашувда нутқ ҳамиша кимга ёки нимагадир қаратилган бўлиши билан табиий равишда мулоқотни юзага келтириши кўзда тутилади. Олим ўзининг бу қарашини: “…адабий асарнинг ўзи моҳиятан мулоқот”, дея кучлантиради. У ижодкор бирор асарни ёзаётгандаёқ жуда аниқ бўлмаса-да, муайян ўқирманни кўзда тутиб, у билан мулоқотга киришишини: “…бадиий матн муддати кечиктирилган… мулоқот, бадиий асар эса шу мулоқотнинг амалга ошишини таъминловчи восита” эканини қайд этади. Олим бу қарашини: “…адабий асар энг аввал, нутқ ҳодисаси: адабий асарнинг яратувчиси — нутқ ирод этаётган одам, шунга мос тарзда адабий асарнинг ўқувчиси — тинглаётган одам. Бундай дейишимизга асос, ёзмоқнинг моҳиятан тасаввурдаги ўқувчига гапирмоқ, ўқимоқ эса тасаввурдаги ёзувчини тингламоқ эканидир”, дея янада конкретлаштиради.
Дилмурод бадиий асар ёзишгина эмас, балки ўқиш ҳам ижодий жараён, деб билади. Ўқирман асарга бадиий ҳодиса деб ёндашмас экан, у кўркам яратиққа айланмай қолаверишини қайд этади. Чиндан ҳам кўркам асар ўқиб тушунган одам учунгина мавжуд бўлиб, ўқимаган одам учун эса йўқ нарсадир. Назарий билимларини адабий ҳодисаларни тадқиқ этиш кечимига татбиқ қила олган профессор Д.Қуронов шарҳли ўқишдан замонавий адабий таълимда фойдаланишнинг назарий асос лари ва амалий йўлларини кўрсатиб беради. Тажрибали педагог сифатида олим “Адабий таълимда тарихий-биографик шарҳнинг аҳамияти ҳақида” мақоласида: “…шарҳ асардаги образлар тилини мантиқ тилига ўгиришдирки, шу жиҳатдан у мумтоз адабиётни ўқитишда ҳам, янги адабиёт намуналарини ўрганишда ҳам бирдек муҳимдир”, деб ёзади. Олим Чўлпоннинг машҳур “Қаландар ишқи” ғазалини шоирнинг ҳаёти, ижоди, ижтимоий-сиёсий фаолияти ҳамда шахсиятига хос жиҳатларни ҳисобга олган ҳолда тамомила ўзгача ракурсда текширади.
У турли ҳужжатлар, ёдловлар ва ўзининг асос ли тахминларига таяниб, шоирнинг ўша шеърни ёзаётган вақтдаги кайфияти қандай бўлганигача кўрсатиб беришга эришади. Шу усул ёрдамида ғазал замиридан бир дунё яширин ижтимоий маъно топади. Буни олим: “Қаландар ишқи” каби рамзий-метафорик ифода йўсинига қурилган ғазаллар ўзида аввалбошдан икки турли талқин имкони билан яралади. Яъни, бундай асарларда тасвирланган нарса (тасвир плани)дан бевосита ўсиб чиқувчи маъно ҳам, контекст(лар) да намоён бўлувчи тагмаъно ҳам мус тақил, бир-бирига ҳалал бермаган ҳолда яшайверади. Демак, ғазал мазмунининг турлича тушунилиши табиий ва қонуний ҳолдир”, дея изоҳлайди. Шу тариқа шарҳлаб ўқиш дегани тушунарсиз сўзларни изоҳлашдангина иборат жўн юмуш бўлмай, тадқиқотчи ёки ўқитувчидан жиддий тайёргарликни талаб қиладиган самарали илмий ёндашув эканини кўрсатиб беради.
Олимнинг бадиий асарларни мифопоэтик талқин қилиш борасидаги қарашлари ўзбек илми учун тамомила янгилик бўлди. Ўзбек адабиёттанув илмида ҳам мифлар ҳақида кўп гапирилган. Тадқиқотлар қилинган, китоблар чоп этилган, аммо мифопоэтик ёндашув аслида нима экани ва уни амалиётга қандай татбиқ этиш мумкинлиги қоронғилигича қолаверган. Дилмурод бу ҳақда: “Ўтган кунлар”нинг… тез шуҳрат топиб қўлма-қўл ўқилишига сабаб бўлган бош омил, бизнингча, унинг том маънода миллий адабий анъаналар заминида турганидир… Ўйласам, бу фикрни эскитдан турли шаклларда айтиб келаман экан-у, унга исботланиши шарт бўлмаган аксиомадек қарар эканман. Мифопоэтик ёндашув эса… мазкур фикр ни илмий асослаш имконини яратар экан”, деб ёзади. Очиғи, мен мифопоэтик ёндашувнинг миллий адабий анъаналар илдизини кўрсатишга алоқаси борлигини хаёлимга ҳам келтирмаганман. Уни кунботишликлар ўйлаб топган бир қадар сунъий назария санаб келардим. Дилмуроднинг романни шу усулда талқин қила билганига қойил қолдим. Тўғри, бу усул роман бадиияти ва жозибасини тўлиқ очиб беришга хизмат қилади, деб ҳисобламайман. Айни вақтда, битикнинг тасвир йўсинида ўзгармас миллий универсалликлар борлигидан ҳам кўз юмолмайман. Албатта, буюк ёзувчи ўз битигига бундай ёндашув бўлиши мумкинлигини хаёлига ҳам келтирмаган. Аммо олим ўзининг илмий қуд рати сабаб субъект томонидан яратилган бадиий объект бағридаги объектив қонуниятни кўра ва кўрсата билди. Профессор Д.Қуронов ўз асарларида ҳар бир бадиий-эстетик ҳодисани келтириб чиқарган омилни аниқлашга жиддий эътибор қаратади. Бундай ёндашув эстетик ҳодисанинг моҳиятини тўғри англашга имкон беради. Олим кўркам адабиётнинг ижтимоийлашуви, кўплар ўйлаганидек, совет ёзувчилари эмас, балки жадид ижодкорларидан бошланганини қайд этади. Жадидлар бадиий адабиётга тўлиғича ижтимоий юк ортиб, уни мақсаддан воситага айлантирдилар. Бу ҳол жадид адибларининг барча битганларида яққол кўриниб туради.
Дилмурод Қуронов — оригинал фикрлайдиган олим. У ҳамиша ҳамма кўрган эстетик ҳодисанинг ҳеч ким пайқамаган жиҳатларини кўра ва изоҳлай билади. “Душманни танитган дўст” мақоласида барчаси бирдай кетма-кет санаб кетилавериладиган Фитрат, Чўлпон ва Қодирий шахсиятларининг бир-биридан айирмали қирраларини биргина чизги билан аниқ кўрсатиб беради: “Чўлпон билан Фитрат ижтимоий жараён ичида яшаган бўлсалар, ижтимоий жараён А.Қодирийнинг ичида яшаган”. Бу қарашнинг тўғрилигини буюк адибнинг ўз иқрорлари ҳам асослайди. У адабиётга доир атамаларда ҳам ўта аниқлик бўлишига интилади. Негаки, ҳар қандай атама моҳиятнинг нутқий қобиғидир. Шу сабаб “бадиий талқин” билан “адабий талқин” тушунчаларини фарқлаш кераклиги, биринчиси ижодкорга, иккинчиси адабий истеъмолчи, яъни ўқирман ёки синчига тат биқан ишлатилса, тўғри бўлишини қайд этади. Олим илмий талқин “талқиннинг талқини” эканини таъкидлайди. У адабий талқин моҳиятини “… бадиий асардаги “образлар тилини” мантиқ тилига ўгирмоқ, образлар воситасида ифодаланган мазмунни тушуниш ва тушунтирмоқдир” тарзида очиқлайди. Дилмурод кўпроқ даражада иррационал фаолият маҳсули бўлмиш кўркам яратиқларни рационал йўсинда ифодалай олиш салоҳиятига эга камсонли мутахассислардандир.
Профессор кўркам асарни ўқиш шунчаки истеъмол жараёни бўлмай, ўзига хос ижод кечими экани, у ўқирмандан интерфаол ёндашув ни талаб қилишини уқтиради. Олим бадиий асар мазмунини фақат муаллифга боғлаб қўйиш тўғри бўлмаганидай, уни фақат ёзилган вақт доираси билан чегаралаб қўйиш ҳам маъқул эмаслигини, кўркам битик ҳаётнинг ўзи сингари тинимсиз ўзгаришлар оғушида бўлишини урғулайди. Чинакам бадиий яратиқнинг муаллифга, яратилган макон ва замонга боғлиқ бўлмаган ўз умри борлигини: “Зеро, образ ижод онларидаги маънавий-руҳий ҳолатни ўзига муҳрлаган ҳолда тамом бошқа маънолар ифодасига ҳам хизмат қилаверади”, тарзида қайд этади. Олим бугунги адабий жараённинг соф кузатувчиси бўлганидан унинг оғриқли нуқтасини: “Назаримда, энг катта муаммо — ҳозирги адабиётнинг ўқувчини бой бергани”, дея аниқ белгилайди. Дилмурод Қуронов — серқирра олим. У илму ижоднинг педагогика, адабиёт назарияси, луғатчилик, матн шунослик, компаративистика, синчилик, ўгирмачилик ва ноширлик сингари қатор тармоқларида самарали фаолият кўрсатиб келмоқда. Олим — беш юзга яқин илмий мақола, икки дарслик, уч монография, уч қўлланма, бир луғатнинг муаллифи. Унинг раҳбарлигида чоп этилган “Адабиётшунослик луғати” бу соҳадаги асосий ўқув воситаси сифатида қўлланилади. Олимнинг “Адабиёт назарияси асослари” дарслиги мамлакатимизда бугун тўлиқ амалда бўлган ягона назарий битикдир. Истеъдод кўп улуғ неъмат, аммо шахсияти истеъдоди даражасида бўлмаган ижодкор чоғдошларига кўп ташвишлар келтириши мумкин. Профессор Д.Қуронов улкан истеъдод билан йирик шахсиятни уйғунлаштира билгани учун ўзбек адабиёттанув илми ривожига сезиларли ижобий таъсир кўрсата олди. У энг мураккаб илмий тушунча ва муаммолар моҳиятини теран англаб етгани учун ҳам улар ҳақида жуда тушунарли йўсинда фикр юритади. Илмий ифодадаги тушунарсизлик билишдаги чалаликнинг ташқи кўринишидир. Олим энг чигал адабий қонуниятларни англатишда ҳам андижонликлар нутқида кўп учрайдиган “жудай-ла”, “ҳеч йўқ”, “бўлибам” сўз бирикмаларини қўллайдики, бу ҳол унинг қарашларига алоҳида самимият бағиш лайди. Дилмурод — ўз нуқтаи назарини қаттиқ ҳимоя қиладиган олим. Шу боис у тез-тез баҳслашиб туради. Унинг баҳслари мухолифининг шахсига эмас, қарашларига йўналтирилган бўлади ва рақибига фақат мантиқ билан босим ўтказади. “Гипотетик усул” ҳақида мулоҳазалар”, “Адабий жараёнда “Мом синдроми”, “Роман ҳақида айрим мулоҳазалар”, “Яна даврлаштириш масаласига доир” сингари қатор мақолаларида олимнинг ўта босиқлик билан ўз қарашларини ҳимоя қила билиши яққол кўзга ташланади.
Мен ҳам Дилмурод билан кўп баҳслашаман. Чунки уни кўп ўқийман, кўп таъсирланаман, кўп нарса ўрганаман. Табиийки, айрим ҳолларда ўзгача фикрда ҳам бўламан ва ўз қарашларимга таяниб, унинг фикрларига муносабат билдираман. Ишонаманки, у шахсим билан эмас, қарашларим билан баҳс қилади ва ҳақ йўл сари оғишмай юраверади.
Барчага-барча томони маълум бўлган қари очуннинг ҳеч ким кўрмаган қирраларини кўриш ва кўрсата билиш санъати бўлмиш бадиий адабиёт ҳақидаги оригинал ва асосли илмий қарашлари билан миллат бадиий-эстетик тафаккури ривожига сезиларли таъсир кўрсатган улкан олимни қутлуғ ёши билан муборакбод этиб, унинг илмий изланишлари ва шахсий ҳаётида яна кўпдан-кўп ютуқлар бўлишини тилаймиз. Ўзида педагоглик, назариётчилик, синчилик, ўгирмачилик, ноширлик, ўйчиллик сингари сифатларни уйғунлаштирган Дилмурод Қуроновга илмий-ижодий юксалишлар ёр бўлсин!
Qozoqboy Yoʻldosh