← Dilmurod Quronov
|

Bahodir Rahmonov. «Tong yulduzi»dan boshlangan yoʻl

Bahodir Rahmonov

Olim haqida

Umrni yoʻlga oʻxshatishadi. Demak, tugʻilishdan boshlanadi bu yoʻl. Lekin shunday insonlar borki, boshqalardan farqli oʻlaroq yoʻldan yoʻl axtaradilar, yaʼni ezgulik yoʻlini. Sof qalb va oʻtkir ongu shuuri bilan nihoyat, oʻz ketar yoʻllarini topa biladilar. Ertakdagi kenja botir kabi bir umr bu yoʻldagi mashaqqatlarni yengib boraveradilar. Taqdir deb atalmish bu yoʻldan umrga mazmun topadilar. Olloh bergan qobiliyatni ezgulik sari yoʻnaltira oladilar. Bu mening hamkasb doʻstim, taniqli olim Dilmurod Quronovning hayotidan chiqargan xulosamdir.

Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Dilmurod Quronovning umr yoʻli, haqiqatdan ham shunday ezgulik nurlari bilan yoʻgʻrilib ketgan. Shuning uchun ham men Dilmurodni «Tafakkur charogʻboni» deb atagim keladi.

Har bir ezgulik yoʻlining boshlanishi boʻladi. Boshlanish deganda men katta yoʻlga chiqib olguncha bosib oʻtilgan soʻqmoqlarni nazarda tutyapman. Tabiiyki, u ham yoʻl axtarib ilm soʻqmoqlaridan oʻtgan. Orzu tunlarining birida «Tong yulduzi» uning koʻngliga ezgulik yogʻdusini sochgandir. Menimcha, shundan boshlangan uning charogʻbon yoʻli. Anglagan boʻlsangiz «Tong yulduzi» bu – Choʻlponga ishora.

Dilmurod Quronov oʻzining 2000 yilda chop etilgan Choʻlponning ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadriji tadqiq etilgan «Istiqlol dardi» risolasini bobosi Mulla Oʻrinboy Azizbek oʻgʻli xotirasiga bagʻishlagan. Berilgan izohdan olimning ilm yoʻliga qadam qoʻyishdagi ruhiy ildizlarini anglab yetish mumkin: “…kitob ustida ishlarkanman bot-bot rahmatli bobomni esladim, – deb yozadi muallif, – u kishi «bosmachi» oʻtgan, surgunlarda boʻlgan… Bobomning oʻtmishi tufayli men sovet pionerining koʻnglida ne-ne iztirobu alamlar kechgani oʻzimgagina ayon. Bizga «qora» boʻlib koʻringan oʻtmish oramizda tubsiz jar boʻlib yotardi goʻyo… Rahmatli oʻtmishidan mutlaqo gap ochmas, endi oʻylasam, bizning tushunishdan ojizligimizni anglardi, chamasi… Bugun Choʻlpon ruhiyatini anglashga intilish asnosida bobomnida tushungandek boʻlaman, koʻngilda ogʻriqli bir armon choʻnglashib boradi…”

Izohdagi «iztirobu alamlar kechgani oʻzimgagina ayon», «Choʻlpon ruhiyatini anglashga intilish», «koʻngilda ogʻriqli bir armon» kabi jumlalardan Dilmurodning ilm taqdiridagi ibtido ildizlarini topganday boʻlasiz. Menimcha, Choʻlponning «Koʻngil, sen bunchalar nega Kishanlar birla doʻstlashding? Na faryoding, na doding bor…» satrlari bu yoʻlga dastlabki qadamni bosishga undagandir. Bilamizki, shoʻro mafkurasi «Kishan kiyma, Boʻyin egma, Ki sen ham xur tugʻilgʻansan!» deya erk istagan shoirning koʻngil ovozini oʻchirib uni tinglashdan va anglashdan mahrum qilgandi. Nihoyat, oʻtgan asr 80 yillarining ikkinchi yarmidan Choʻlponning, yaʼni «Tong yulduzi»ning yogʻdulari asta-asta tarala boshlandi. Erk degan soʻz oʻsha davr jonli muloqotida faollashdi. Dilmurod koʻnglidagi oʻsha «ogʻriqli armonlar» ilmiy yoʻlda ushalar orzuga aylandi. Faqat qatʼiylashish kerak edi. Chunki ilmiy faoliyatni jadidchilik va jadid adabiyoti bilan bogʻlash hali ham qaltis boʻlib turgan davr edi. Buni quyidagi maʼlumotdan ham bilsak boʻladi. Yaʼni Mustaqillikgacha sanoqli olimlarimizgina Choʻlpon hayoti va ijodiga murojaat qila olgan edilar. Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Naim Karimov, Ibrohim Haqqulov, Salohiddin Mamajonov, Boyboʻta Doʻstqorayev, Sherali Turdiyev, Sirojiddin Ahmedov, Murtazo Qarshiboyev va Rahimjon Otayevlarning maqolalari jurʼat bilan bosilgan ilk qadamlar edi. Dilmurod Quronov esa ayni shu davrda ilmdagi oʻz yoʻlini qatʼiy belgilab, shaxdam qadamlar bilan ezgu faoliyatini boshlab yuborgandi. Buning natijasi oʻlaroq 1992 yili «Kecha va kunduz» romanida xarakterlar psixologizmi” mavzusidagi nomzodlik, 1998 yilda esa «Choʻlpon nasri poetikasi» mavzusidagi doktorlik ilmiy ishini himoya qildi va dastlabki choʻlponshunos olimlar safidan mustahkam oʻrin oldi. Bu Choʻlpon tugʻilgan yurt Andijon uchun faxr va munosib ilmiy yutuq sifatida qabul qilindi. Ayni shu oʻrinda, Choʻlponning «Yoʻl esdaligi» nomli safarnomasi misolida aytilgan fikrlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman: «Aytish mumkinki, – deb yozadi olim, – hech kim makoniy va davriy oʻzgarishlarni yoʻlga chiqqan kishichalik oʻtkir his qilmasa kerak. Tabiiyki, makoniy va davriy oʻzgarishlar yoʻlchi ruhiyatigada muayyan taʼsir oʻtkazadi, dunyoqarashida muayyan oʻzgarishlar yasaydi». Bu fikr-xulosalar Dilmurodning ilmiy faoliyatiga ham tegishli deb oʻylayman. U Choʻlpon dunyosida tafakkur va ruhiyat yoʻlidagi yoʻlchi boʻlib, ezgu safar taʼsirlari bilan yangicha fikrlash darajasiga koʻtarila olgan «Ki sen ham hur tugʻilgʻansan» ruhidagi olimdir. Uning «Choʻlpon hayoti va ijodiy merosi», «Istiqlol dardi», «Choʻlpon nasri poetikasi», «Ruhiy dunyo tahlili», «Adabiyot nadir yoki Choʻlponning mangu savoli», «Adabiy oʻylar» nomli kitoblaridagi yangicha fikrlashlaru yangicha yondashuvlar, yangicha tahlilu ilmiy xulosalar bilan tanishar ekansiz, olimning tafakkur doirasi nechogʻlik keng ekanligidan hayratlanasiz.

Choʻlponshunoslikda qilinishi kerak boʻlgan va kechiktirib boʻlmas oʻta dolzarb, zahmattalab tadqiqot ishlarini amalga oshirish ayni oʻsha yillardan, Mustaqillikning birinchi oʻn yilligidan boshlangan edi. Ayniqsa, Choʻlponning 100 yilligi munosabati bilan bu boradagi ishlar jadallashtirildi. Dilmurod Quronov asosiy mutaxassislardan biri sifatida qisqa davr ichida zarur ishlarni amalga oshirishda bor bilimi hamda mehnatini sarfladi va bu zahmat davom etmoqda. Ayniqsa, eng muhim va masʼuliyatli vazifa boʻlgan Abdulhamid Choʻlpon asarlarini nashrga tayyorlab chop etish ishlarida faol qatnashdi. Choʻlpon 3 jildlik asarlar toʻplamining 2-jildini izohlar bilan nashrga tayyorladi. Kitob 1994 yilda chop etildi. Xuddi shu yili «Adabiyot nadir» toʻplamini nashrga tayyorlashda ham qatnashdi. Choʻlponning 4 jildlik asarlar toʻplamini nashrga tayyorlash va chop ettirish boʻyicha guruhga rahbarlik qilgan va ushbu toʻplamning 2-jildini izohlar bilan taʼminlab nashrga tayyorladi. Bu mehnatning samarasi esa 2016 yilda Choʻlpon muxlislariga kitob holida taqdim etildi.

Dilmurod Quronov 1997 yili Andijon viloyati Choʻlpon jamgʻarmasi tashkil qilinganidan buyon jamgʻarmaning bosh mutaxassisi vazifasida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 1998-2000 yillarda «Choʻlpon hayoti va adabiy merosi» amaliy tadqiqoti hamda 2000-2002 yillarda «Oʻzbek adabiyotida tarixiy-badiiy tafakkur tadriji» loyihasi uning ilmiy rahbarligida bajarilgan. 2011 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi «Nodavlat-notijorat tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash Jamoat Fondi» tomonidan eʼlon qilingan Grant tanlovida «Choʻlpon, biz seni unutmaymiz!» loyihasi bilan qatnashib, gʻolib boʻlgan. Bundan anglashilib turibdiki, Dilmurod Quronov oʻzbek adabiyoti ilmida choʻlponshunoslik yoʻnalishi poydevorini qoʻyishdek ezgu ishning fidoiylaridan biridir.

Adabiy jarayonda «Choʻlponni anglash» degan ibora Ozod Sharafiddinovning shu nomli tadqiqoti bilan yana-da jiddiylashdi. Bu esa adabiyotshunoslardan, avvalo oʻzi anglab yetish va soʻngra kitobxonlarning anglab yetishlari uchun ham chuqur izlanish kerakligini bildirardi. Dilmurod Quronovning ayni shu davrdagi tadqiqotlarini Choʻlponni anglash yoʻlidagi jiddiy ilmiy qadam desak yanglishmaymiz. Ayni shu oʻrinda Choʻlponning hammaga yod boʻlib ketgan, adabiyotning ijtimoiy vazifasiga qaratilgan «Adabiyot yashasa – millat yashar» fikr-xulosasini olim qanday izohlaganiga eʼtibor qilaylik: “Choʻlpon badiiy adabiyotni millat maʼnaviyatiga masʼul biladiki, bu daʼvo hali hanuz oʻz aktualligini yoʻqotgan emas. Jadidchilik gʻoyalari bilan yonib yashagan adib adabiyot timsolida millatga oʻzligini tanita oladigan, uni buyuk ishlarga safarbar etishga qodir kuchni koʻradi. Biroq bu kuch hali oʻzini namoyon qilolganicha yoʻq, chunki adibning millatdoshlari tirikchilik tashvishiyu oʻtkinchi hoyu havaslardan ortmayotirlar. Natijada esa «kundan-kunga ruhimiz tushib, kelaturgʻon istiqbolimizga umidsiz qarab» yashamoqdalar. Shu bois ham hozirda millatga «oʻtkir yurak kirlarini yuvadurgʻon toza maʼrifat suvi» boʻlmish adabiyot benihoya zarur, deb hisoblaydi Choʻlpon”.

Toʻgʻri, adabiyot, avvalo, soʻz sanʼati. Lekin olim Choʻlpon orqali adabiyotning millat taqdiri masalasida qodir kuchga ega ekanligini aytmoqchi.

Dilmurod adabiyot, jamiyat va inson koʻnglining sofligi va uygʻunligi uchun jonkuyarlik bilan qalam tebratayotgan faol munaqqidlardan biridir. Uning «Inson yoʻli», «Sheʼrda mantiq kerakmi?» «Oʻylashga undovchi asar», «Zavqimdan bir shingil», «Sheʼrlarida tuproq isi bor», «Quduqda oʻsgan nay ohanglari», «Ideal va badiiy yaxlitlik» kabi maqolalari hamda «Adabiyot biz koʻnikkan tushunchadangina iborat emas», «Tanqidda xolislik boʻlishi shart», «Ijod masʼuliyati» kabi suhbat va savollarga javoblaridagi, hatto ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari ham oʻquvchining adabiyot, jamiyat va inson haqidagi tushunchalarini boyitishga xizmat qiladi.

Professor Dilmurod Quronov amalga oshirgan xayrli ishlardan biri xususida alohida toʻxtalish lozim. Olim oʻzi tugʻilib oʻsgan Andijon zaminida qalam tebratgan va oʻz davrida tartibga keltirilmay, chop etilmay, eʼtibordan chetda qolib ketgan oʻtmish shoir va adiblarining asarlarini toʻplab «Andijon ijodkorlari merosidan» rukni ostida chop ettirib kelmoqda. Bu xayrli ish 2018 yildan boshlab amalga oshirib kelinmoqda. Asosan universitet professor-oʻqituvchilari hamda muzey ilmiy xodimlaridan iborat jamoaga Dilmurod yetakchilik qiladi. Hozirda uning umumiy tahriri ostida A.Qambarovnin «Navodir ul-vaqoye», A.Boqirning «Sogʻinch», H.Razzoqovning «Zulmatdagi nur», M.Mahjuriyning «Visoling orzusi», Anisiyning «Kulliyot» kitoblari hamda Manzur, Ojiz, Muntazir, Bimiy, Muhib, Pirimqori, Hofiz, Mushtoq, Mavjiy kabi ijodkorlarning asarlari jam boʻlgan «Koʻhna sadolar» toʻplami nashr etildi. Ushbu kitoblar munosib avlodlarning yaqin tariximizdagi ustozlarga boʻlgan hurmati, sadoqati va masʼuliyatining ifodasi sifatida yuzaga keldi.

Olimning faoliyatida koʻpqirralilik uning izlanuvchan, fidoiy, jonkuyar, hozirjavob, tilbilgich, kuchli nazariy bilim sohibi kabi fazilat va qobiliyatga ega ekanligidan dalolatdir. Isteʼdodli olim tomonidan chop etilgan Oliy oʻquv yurtlarining filolog talabalari uchun “Adabiyotshunoslikka kirish”, “Adabiyot nazariyasi asoslari” darsliklari, shuningdek, bir qator oʻquv qoʻllanmalari, tarjimalari, publitsistik maqolalari ham eʼtirofga loyiq. Qolaversa, adabiyotshunoslikning kelajagini yaratish yoʻlida ilmiy tadqiqotchilarga ustozlik qilishi, Ilmiy kengashlarning doimiy aʼzosi sifatida faoliyati yuritishi uning tinib-tinchimas, ilmga sadoqat bilan umrini baxshida qilgan kamtarin olim sifatida namoyon qiladi. Hozirda Dilmurod Quronov 2009 yilda tashkil etilgan «Ilmiy xabarnoma – Nauchnыy vestnik» jurnalining bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqda.

Afsuski, bu kabi sergʻayrat insonlarning barcha qirralarini va qilgan ishlarini birgina maqolaga sigʻdirib boʻlmaydi. Lekin Dilmurodning oʻziga xos, hattoki namuna qilarlik fazilatlaridan birini aytmaslik aslo mumkin emas, deb bilaman. Abdulla Avloniy yozadi: «Haqqoniyat deb ishda toʻgʻrilik, soʻzda rostlikni aytilur. Inson boʻstoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yoʻli ila chiqar. Insoniyatning ildizi oʻlan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur». Bu iqtibos Dilmurod Quronovning maqolasidan olindi. Maqolaning nomi ham «Ishda – toʻgʻrilik, soʻzda – rostlik» deb qoʻyilgan. Aytmoqchimanki, bu aynan Dilmurodning umr qoidasi, hayotdagi shiori, inson sifatidagi oʻzligidir. Hatto mening quyidagi xulosam ham oʻzining qalamiga mansub Choʻlpon haqidagi bir maqola yakuniga hamohangdir: «U shunday yashayapti, shunday oʻylayapti, shunday ijod qilayapti». Zero, «Tong yulduzi»dan boshlangan yoʻlning yoʻlchisiga eng munosib baho ham shudir.

Bahodir Rahmonov