← Dilmurod Quronov
|

Dilmurod Kuronov “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

Dilmurod Quronov

Yangilik · 2021

Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Dilmurod Kuronov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoniga loyiq koʻrildi.

Olim 35 yildan beri ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanadi.

Dilmurod Kuronov 100 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 2 ta darslik, 3 ta monografiya, 3 ta qoʻllanma, 1 ta lugʻat muallifi. Respublika matbuotida oʻzbek adabiyotshunosligi masalalariga bagʻishlangan 80 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etgan.

Uning umumiy tahriri va hammuallifligida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lugʻati” adabiyotshunoslik sohasida asosiy lugʻat sifatida foydalanib kelinmoqda.

Olim Abdulhamid Choʻlponning 3 jildlik asarlari toʻplamining 2-jildini nashrga tayyorlagan, 4 jildlik Choʻlpon asarlarini nashrga tayyorlash va chop ettirish boʻyicha guruhga rahbarlik qilgan.

D.Kuronov saʼy-harakatlari bilan 2018 yildan boshlab “Andijon ijodkorlari merosidan” nomli seriyada uning umumiy tahriri ostida seriyaning beshta kitobi chop etilgan. Olimning 2010–2019 yillarda “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Mutolaa va idrok mashqlari”, “Zavqimdan bir shingil”, “Talqin imkonlari”, “Adabiy oʻylar”, “Nazariy qaydlar”, “Adabiyot va b. haqida” nomli kitoblari chop etilgan.

Dilmurod Kuronov tarjima bilan ham shugʻullanib, “Gʻarb adabiy- tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari” qoʻllanma-xrestomatiyasida 15 ga yaqin olimlarning asarlari uning tarjimasida berilgan.

D.Kuronov rahbarligida 1 nafar fan nomzodi, 4 nafar falsafa doktori va 2 nafar fan doktori tayyorlangan.

Dilmurod Kuronov 2009 yili “Ilmiy xabarnoma – Nauchnыy vestnik” jurnalini davriy nashr sifatida tashkil qilgan va 10 yildan ortiq vaqt davomida jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqda.

Dilmurod Quronov