1987-yilda – Choʻlpon asarlarini egalariga qaytarishga ozmoz imkon paydo boʻlgandek boʻlgan bir vaqtda bu yoʻldagi ilk ehtiyotkor qadamni «Yoshlik» jurnali qoʻydi. Jurnalning 10-sonida Choʻlpon sheʼrlaridan saylangan oʻn bittasi chop qilinib, «Adabiy meros» ruknidagi jami ikki sahifalik jajjigina saylanmaga ustoz O.Sharafiddinovning muhofaza – «straxovka» maqsadiga qaratilgan bir sahifalik maqolasi ilova qilindi. Maqolaning aynan shu maqsadda yozilgani uning xulosasida yaqqol koʻrinadi: «Choʻlponday shoirning sovet tomoniga oʻtishi, yangi voqelikni ulugʻlab faol ijod qilishi sotsializmning bagʻri kengligidan, adabiyot uchun benihoya keng imkoniyatlar yaratib berganidan, kommunizm gʻoyalarining muzaffar hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi».1 Bularni yodga olish, hozirda quloqqa erish eshitiladigan koʻchirmani keltirishdan murod: avvalo, hali shoʻro tuzumi va mafkurasi kuchli bir sharoitda Choʻlpon va u kabilar ijodiy merosining qaytarilishi oson, silliqqina kechmaganini; ikkinchidan, u vaqtlar nafaqat oʻquvchi omma, hatto mutaxassislarga ham, O.Sharafiddinov aytmoqchi, «Choʻlponning nomi yaxshi tanish boʻlsa ham, uning oʻzi, ijodi tong yulduziday olis va sirli koʻrinadi»gan2 boʻlib qolganini eslatish. Holbuki, taqvimda 1987-yil – Choʻlponni yaqindan tanigan-bilganlarning koʻplari hali hayotda, taqdiriga uzoqroq umr koʻrish yozilgan shoirning tengdoshlari esa endigina toʻqson bilan toʻqnashgan payt edi. Yarim asr «qatagʻon» tamgʻasi ostida boʻlgani, katta-yu kichikka «millatchi burjua shoiri» deb tanitilgani, asarlarining aksari maxsus joylarda saqlangani, hayoti va ijodini oʻrganish «istiqbolsiz»ligi vajhidan tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolgani, xullas, shu kabilar Choʻlponni «olis va sirli» etib keldi. Xuddi shu omillar, ustoz topib aytganidek, «Choʻlpon haqida mulohazalarda haqiqatdan koʻra rivoyatga oʻxshab ketadigan mubolagʻalar koʻp»ligi, hayoti va faoliyatiga oid maʼlumotlarning chalkash boʻlishiga olib keldi. Jumladan, shoirning tugʻilgan yili masalasida.
O.Sharafiddinov mazkur maqolasida «Choʻlpon 1883-yilda Andijonda savdogar oilasida tugʻilgan»3 degan maʼlumot beradi. Keyingi – 1988-yilda «Kecha va kunduz»ning «Sharq yulduzi»-dagi qayta nashriga yozilgan kirish soʻzida esa O.Sharafiddinov boshqacha maʼlumot beradi: «Uning ijodi Oktyabr revolyutsiyasidan oldin – 1913-yilda boshlangan edi. U birinchi asarlarini eʼlon qilganida 20 yoshga toʻlgan, yosh boʻlsa-da, ancha mukammal bilimga ega boʻlgan bir yigit edi».4 Hisoblab koʻrilsa, bundan endi 1893-yil kelib chiqadi. Oradan uch yil oʻtib, 1991-yilda chop etilgan Choʻlponning «Yana oldim sozimni» toʻplamiga yozgan soʻzboshida olim «Soʻnggi yillarda paydo boʻlgan maqolalarda Choʻlponning tugʻilgan yili 1883-, 1893-, 1896-, 1897-, 1898-yillar deb har xil koʻrsatiladi»5 [3.5] deb yozadi. Soʻng shoirning singlisi Foiqa Sulaymon qizi akasining tugʻilgan yili sifatida 1898-yilni koʻrsatganini «ancha ishonarli» deb baholagani holda, «hozircha men Choʻlponning tavallud yilini 1897-yil deb belgilash tarafdoriman, chunki bu sana 1934-yilda, yaʼni Choʻlpon hayotlik vaqtida nashr etilgan Katta Sovet Qomusining 61-jildida (684-sahifada) keltirilgan» deb yozadi. Olimni bu xulosaga olib kelgan asoslar puxta: 1) Qomus maqolasini rus adibi V.Yan yozgan, u Choʻlpon bilan doʻstona aloqada boʻlib, ijodiy hamkorlik ham qilgan; 2) u «Qomusning buyurtmasi bilan Choʻlpon haqidagi maqolasini shoirning oʻzidan tasdiqlatib olgan».6
Nashr maʼlumotlarida «Yana oldim sozimni» toʻplamining bosmaxonaga 1990-yilning 28-fevralida berilgan deb qayd etilgani, bungacha qoʻlyozma maʼlum vaqt nashriyotda boʻlganini eʼtiborga olsak, O.Sharafiddinov soʻzboshini 1989-yil oxirlarida yozgani haqiqatga yaqinroq. Xuddi shu yili nashr qilingan «Bahorni sogʻindim» toʻplami esa bosmaxonaga 1988-yil 9-avgustda berilgan, yaʼni nashrga tayyorlash ishlari, jumladan, I.Haqqulning toʻplamga soʻzboshi yozishi (shoʻro senzurasining har turli toʻsiqlari hisobga olinmaganda ham) taxminan 1988-yil boshlariga toʻgʻri keladi. Mazkur soʻzboshida Choʻlponning tugʻilgan yili 1893-yil deb qayd etilgan.7 Bosmaxonaga 1990-yil 5-iyulida berilgan «Fidoyilar» toʻplamidan joy olgan E.Karimov maqolasida esa Choʻlpon 1897-yilda tugʻilgan deb yozilgan.8
Nashr bilan bogʻliq sanalar tahlilidan ayon boʻlyaptiki, Choʻlponning tugʻilgan yili sifatida 1897-yilni koʻrsatish 1989-yil oxirlari – 1990-yilga kelib boshlandi, bunga qadar esa koʻproq 1893-yil koʻrsatilgan. Bu hol, taxminimizcha, ikkita sabab bilan izohlanishi mumkin: 1) shu vaqtga qadar yuqorida eslatilgan Qomusdagi maʼlumot mutaxassislar eʼtiboridan chetda qolib kelgan; 2) bu vaqtga kelib, nihoyat, mutaxassislardan bir nechtasiga bungacha «maxfiy» tamgʻasi ostida saqlab kelingan arxiv materiallari bilan tanishishga ruxsat berila boshlangan.
Choʻlponning tugʻilgan yili qachondan va nima asosda 1893-yil deb koʻrsatila boshlangani haqida aniq maʼlumotga ega emasmiz. Hozircha faqat bu holning adabiyotlarda 60-yillardan kuzatila boshlanganini ayta olamiz, xolos. Har holda, Choʻlponning tugʻilgan yili «Katta sovet ensiklopediyasi»ning 29-jildi (1978), «Oʻzbek sovet ensiklopediyasi»ning 12-jildi (1979)da, «Qisqacha adabiyot ensiklopediyasi»ning 8-jildi (1975), M.Zokirov tayyorlagan «Tirik satrlar» (1967) toʻplami, B.Qosimovning «Izlay-izlay topganim» (1983) monografiyasi kabi koʻplab manbalarda 1893-yil deb koʻrsatilgan. Ushbu maʼlumotning maʼlum darajada «rasmiy» nashr sanaluvchi barcha ensiklopediyalardan oʻrin olgani uning maqomini, yaʼni «rasmiy maʼlumot» ekanini, tegishli idoralar maʼqullagan, ehtimol, taqdim etgan maʼlumot deb tu shunishga izn beradi. Shoirning vafot sanasi mazkur nashr larning deyarli barchasida 1939-yil deb koʻrsatilganki, bu ham maʼlumotning «rasmiy»ligi haqidagi fikrlarimizni quvvatlaydi.
Xullas, mamlakatda shaxsga sigʻinish oqibatlarini tugatish – reabilitatsiya jarayonlari boshlangan, jumladan, Choʻlpon fuqaro sifatida (ijodkor sifatida emas) oqlangan vaqtdan boshlab uning hayoti va ijodiy faoliyati 1893 – 1939-yillarda kechgan degan maʼlumot beshak qabul qilindi. Natijada oradan yigirma yillar oʻtib, oshkoralik yillari – shoirni toʻla oqlash yoʻlida ilk qadamlar qoʻyilganida ham, to Choʻlpon hayoti va ijodini hujjatli asosda oʻrganish boshlanguniga qadar, tabiiy tarzda shu maʼlumot toʻgʻri deb hisoblandi.
1988-yil 17-iyunda Andijon viloyatining oʻsha paytdagi bosh nashri – «Kommunist» gazetasida Choʻlponning jiyani – singlisi Foiqa Sulaymon qizining oʻgʻillari Oʻktam Mirzaxoʻjayevning «Shoir xonadoni bisotidan» nomli maqolasi eʼlon qilindi. Unda muallif onasining «Choʻlpon 1898-yilda tugʻilgan, uning yili sak – it boʻlgan... Andijon zilzilasi paytida (1902) ... togʻang toʻrt yashar bola ekan» degan gaplarini keltiradi. Taʼkidlash joiz, maqolada Choʻlponning tavallud sanasi masalasi alohida urgʻulangan. Maqola matnidan tashqaridagi holat (kontekst)dan ham xabardor boʻlganim bois kamina urgʻuni boshqalarga qaraganda yaqqolroq his qilamanki, hozir oʻsha holatni qisqacha tavsiflab oʻtish zarurati bor.
Maqola muallifi – rahmatli ustozimiz, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Oʻktamjon Mirzaxoʻjayev bizga siyosiy iqtisod fanidan dars bergan vaqtlaridan oramizda yaxshi munosabat shakllangan, buning ustiga, Choʻlpon ijodi boʻyicha ilmiy izlanish boshlaganim uchun munosabatlarimiz yanada tigʻizlashgan edi. Domlamiz, bir tomoni, davr sharoitidan kelib chiqib Choʻlponga aloqadorligini koʻp-da oshkor qilmay (toʻgʻrisi, yashirib) yashashga majbur boʻlgan, buning ustiga, koʻp vaqt obkom (viloyat partiya qoʻmitasi)ning tashqviqot boʻlimini boshqargan odam, siyosiy jihatdan gʻoyat hushyor edilar. Aytish kerak, oʻsha vaqtlari domlaning hushyorligi gohi-gohi gʻashimizni keltirgani ham bor, biroq hozirda koʻp yillar mafkura xizmatida boʻlgan va bu boradagi bizga qorongʻi koʻ-oʻp «nozik» jihatlardan boxabar kishining bunday feʼl-atvori aslo bejiz emasligiga aqlimiz yetib qolgan. Xullas, domlamiz ham, chamasi, V.Yan yozgan ensiklopediya maqolasidan bexabar, hatto shoirning yaqinlarida ham biron-bir hujjat boʻlmagan bir sharoitda Choʻlpon 1893-yilda yo O.Sharafiddinov koʻrsatganidek 1883-yilda emas, 1898-yilda tugʻilgan degan qarashni ommalashtirish, ilmda «propiskadan oʻtkazish»ga astoydil kirishgan edilar. Sababi, domla 1917-yilda 19 – 20 yoshda boʻlgan yigitchaning Oktyabr inqilobini «qabul qilolmagani» bilan 23 – 24 yoshli odamning «qabul qilmagani» orasida yer-u osmoncha farq borligini juda yaxshi bilar edi. Unutmangki, hali 1987 – 1988-yillarda edik: Choʻlpon «istiqlolni uygʻotgan shoir» sifatida emas, «qiyinchilik bilan boʻlsa-da Inqilobning mohiyatini toʻgʻri anglay olgan va shoʻro mavqeyiga oʻtgan» ijodkor sifatida safga qaytayotgan edi. Zero, yana uch yildan soʻng istiqlolga eri shamiz degan oʻy birovning xayol-xotiriga kelmagan, istiqlol hanuz hoʻ-oʻ yiroqlardagi miltiragan orzu edi u paytlar. Aytmoqchimanki, domlamiz mavjud sharoitda toʻgʻri yoʻl tutgan: togʻasining har jihatlan oqlanishini, bu ish yigirma yillar avval boʻlganidek aro yoʻlda qolmasligini, yaʼni «grajdan sifatida oqlanib, ijodkor sifatida oqlanmadi» qabilidagi holat boʻlmasligini juda-juda istagan va shunga muvofiq harakat qilgan. Xullas, ish oʻngdan kelib, domla koʻtargan muammo bir yilga borib-bormayoq hal boʻldi: hujjatlar topilib, ilmiy muomalaga kiritildi, Choʻlponning tugʻilgan yili 1897-yil deya eʼtirof etildi. Shoirning yaqinlarini ham bu sana qanoatlantirdi, har holda, hech bir eʼtiroz boʻlmadi. Koʻp oʻtmay, 1997-yilda hukumat qarori bilan Choʻlponning 100 yilligi, 2007-yilda esa 110 yilligi nishonlandi, darslik va qoʻllanmalar, umuman, barcha nashrlarda shu sana qayd etiladigan boʻldi.
Choʻlponning yana bir jiyani – Foiqa ayaning ikkinchi oʻgʻillari Xotam hoji Mirzaxoʻjayev shoir nomini abadiylashtirish, ijodiy merosini tiklash va ommalashtirish borasida qilinayotgan ishlardan qanoatlanmay oʻtdi. Rahmatli shu bois ham Choʻlpon jamgʻarmasi boshqaruvini qoʻlga olib, holatni oʻnglashga imkon qadar harakat qildi. Jumladan, 2012-yilda Choʻlpon asarlarining 4 jildligini chop ettirish harakatini boshladiki, buning oʻzi alohida tarix. Asosiy masalaga qaytsak, X.Mirzaxoʻjayev 1917-yil 4-yanvarda Choʻlpon jamgʻarmasi nomidan Prezidentga murojaat qilib, joriy yilda Choʻlpon tavalludiga 120 yil toʻlishi munosabati bilan respublika miqyosida yubiley va shu bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazishga oid takliflarini bayon qiladi. Ushbu xat Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yuborilib, unga uyushma raisi ning birinchi oʻrinbosari Sirojiddin Sayyid imzosi bilan javob xati yuborilgan. Javob xatida, jumladan: «Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon tavalludi rasmiy manbalarda, chunonchi, Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida 1898-yil deb belgilangan. Shu sababli ham oʻzbek adabiyotining yirik vakili Choʻlpon tavalludining 120 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan asosiy tadbirlar 2018-yilga moʻljallangan asosiy tadbirlar rejasiga kiritilganligini va mazkur sanani yuqori saviyada oʻtkazishda Siz bilan hamkorlik qilishga tayyorligimizni, xatingizda keltirib oʻtilgan masalalarga alohida eʼtibor qaratishimizni maʼlum qilamiz», – deyiladi. Hoji buvaning javob xatini olgan vaqtdagi holatini tushkunlikka tushdi deyilsa ham, tutaqdi deyilsa ham boʻlmaydigan, balki yanada yomon – ikkisining orasidagi, «oʻtdan olib choʻqqa solib» qabilidagi bir ahvolda edi. Sababi, umri oyoqlab qolganini ich-ichidan sezib turar, jamgʻarma faoliyatini oʻzi orzulagandek yoʻlga qoʻyolmagach, fikri-yodini «shu 120 yillik toʻyni chiroyli oʻtkazsam-u, soʻng yorugʻ yuz bilan katta safarga chiqsam» degan oʻy egallagandi. Javob xatida «rasmiy manbalarda ... 1898-yil deb belgilangan» deyilgani esa yengilgina harakat bilan dilidagi soʻnggi tilaklariga chiziq tortganday boʻlgandir, balki, hayajondan toʻliqib menga telefon qilganida juda topib baho berdi: «Ottpiska qilishyapti». Yaʼni byurokratiyaga xos bir usul – qutulib turish uchun javob yozish, chindan ham, javob xatida Hoji buvaning shoʻro zamonlaridan beri koʻp bor toʻqnashgani – byurokratiya hidini tuyganiga ajablanmasa ham boʻladigandek. U kishini eng avval «Ensiklopediya rasmiy nashrmi?» degan savol qiziqtirardi. Bizdan joʻyali bir javob ololmagach, javob izlab yana savollarni taxlaydi: «Unda avvalgi ensiklopediyalar-chi? Ular rasmiy emasmi?..» Albatta, savol oʻrinli ekani shubhasiz, zero, agar ular ham «rasmiy nashr» boʻlsa, unda 1897- va 1893-yil sanalarini nima qilamiz?
Xullas, Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi uchun Choʻlpon haqidagi maqola ustoz N.Karimov tomonidan yozilgan va unda shoirning tavallud sanasi 1898-yil deb koʻrsatilgan. Avvalo aytish kerakki, N.Karimov ham ilgari Choʻlpon 1897-yilda tugʻilganini qayd etgan edi. Xususan, olim 1991-yilda chop qilingan «Choʻlpon» nomli risolasida Choʻlponning singlisi Foiqa aya hamda zamondoshi shoir Ulfat aytgan maʼlumotdan xabardor boʻlgani holda ham «Choʻlpon V.Yan bilan qilgan suhbatida ham, NKVD qamoqxonasida maxsus anketalarni toʻldirganida ham oʻzining 1897-yilda tugʻilganini tasdiqlaydiki, bu soʻnggi sana bevosita Choʻlpon tomonidan aytilganligi va yozib qoldirilganligi tufayli biz uchun moʻtabar maʼlumot boʻlib qoladi» deb taʼkidlagan.9 Xoʻsh, unda nega oradan maʼlum vaqt oʻtib ustozning fikri oʻzgarib qoldi? Yo yangi maʼlumotlar qoʻlga kiritilganmi? «Vodiynoma» jurnalining 2018-yil 1-sonida eʼlon qilingan «Choʻlpon qachon tugʻilgan?» nomli maqolaga qaraganda, yaqin yillarda topilgan yangi maʼlumot yoʻqday. Xoʻsh, unday boʻlsa, olim Choʻlponning tavallud sanasini oʻzgartirganida qanday asoslarga tayanadi? Shu asoslarni aniqlab, ularning har biriga navbati bilan alohida toʻxtalib oʻtamiz.
Birinchisi. «Choʻlpon» maʼrifiy romanining ilk fasli «Zilzila» deb nomlangani, gapning 1902-yil Andijon zilzilasi tasviridan boshlangani bejiz emas: muallifning shoir tugʻilgan sana masalasidagi qarashi oʻzgargan. Yaʼni, agar 1991-yilda Foiqa ayaning xotirasi shunchaki maʼlumot uchun qabul qilibgina qoʻyilgan boʻlsa, endi asos qilib olinmoqda. Holbuki, maʼlumot oʻzgargani, yaʼni unga yangi tafsilot qoʻshilgani yoʻq, unga munosabat oʻzgardi. xolos. Bunday oʻzgarish sababini esa N.Karimov quyidagichv izohlaydi: «Pasport olish rasm boʻlgan 20-yillar oxiri – 30-yillarning boshlarida kishilarning nafaqat tugʻilgan sanasi, hatto ism-sharifini yozishda ham qoʻpol xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Shuning uchun ham keksalar pasportdagi maʼlumotdan koʻra muchalga koʻproq ishonch bildirishgan».10 Bizningcha, bu yerda gap koʻproq ilgarilari tavallud sanasining aniqligiga hozirgidek katta ahamiyat berilmaganida. Kattalar bolani tugʻruqxonalarda dunyoga keltirish qatʼiy qoidaga aylanib, tugʻruqxonadan berilgan maʼlumotnoma asosidagina «metrika» – tugʻilganlik haqida guvohnoma berish yoʻlga qoʻyilmagunicha deyarli hamma tavallud sanalari taxminlab (muchali asosida, biron voqeaga bogʻlab, boʻy-bastiga qarab va b.) yozilganini aytishadi. Albatta, bu gaplar keng ommaga taalluqli, ziyolilar bundan istisno qilinishi lozim. Xususan, oʻqimishli, buning ustiga, ruscha tahsil ham olgan Choʻlpon tugʻilgan sanasini imkon qadar aniq bilishga harakat qilmagan boʻlishi, bizningcha, mumkin emas. Darvoqe, 1926-yilda chop qilingan ishchi-dehqon kalendarida bir sahifaning yarmi Choʻlponga ajratilib, surati bilan qisqacha biografik maʼlumot berilgan. Unda, jumladan: «Choʻlponning oti Abdulhamid, otasi Sulaymonqul. Choʻlpon 1897-yil Andijon shahrida tugʻilgʻan», – deyiladi. Ayon boʻlyaptiki, Choʻlponning nafaqat 1936-yilda berilgan pasportida, balki undan oʻn yil ilgarigi manbada ham tavallud sanasi 1897-yil koʻrsatilgan. Demak, Choʻlpon tavallud sanasini shu deb bilgan yo shuni qabul qilgan. Shunaqa ekan, oradan shuncha vaqt oʻtgandan keyin ham «singlisi bunday degan edi»ni asos qilgan holda uni oʻzgartirishga zarurat bormikan? Bizningcha, yoʻq, Choʻlponning oʻzi tasdiqlagan sana ilmda ham eʼtiborli sanalishi kerak.
Foiqa ayaning xotirasida ikkita tayanch nuqta bor: 1) akasi zilzala vaqtida toʻrt yoshda edi; 2) akasining muchali it (sak) boʻlgan. Bularni u onasining gaplariga tayanib aytadi. Yuqorida ham aytdik, elimizda tavallud vaqtini yozma qayd etish urfi boʻlgan emas, buni muchal yoki biron bir ahamiyatli voqea-hodisaga bogʻlab aniqlash odat qilingan. Har ikki holda ham sana taqriban aniqlangan, bir yil-yarim yil oldinga yo ortga surilishi odatiy hol boʻlgan. Bu haqda H.Mirzaxoʻjayev ham Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi nomiga yozgan xatida toʻxtalgan: «Marhuma onamiz akasining muchali «sak»ligini aytgan boʻlsa ham, ilgarilari yil hisobidagi farqlar sabab muchal masalasida keksalar koʻpincha adashganlari, kishi muchalini yo bitta oldinga, yo bitta ortga surib yuborganlari (yaʼni it muchalida tugʻilganni tovuq, tovuq muchalida tugʻilganni it deb – D.Q.), shu masalada koʻp bahs-munozaralar kelib chiqqaniga guvoh boʻlganmiz». Shunga oʻxshash, masalan, «zilzila vaqtida toʻrt yoshda edi» degani ham bolaning yoshini taqriban aniqlashdir, yaʼni bunda ham bir yil-yarim yil farq eʼtiborga olinmaydi. Shulardan kelib chiqilsa, Foiqa aya bergan maʼlumot Choʻlpon «toʻgʻriligini oʻz imzosi bilan tasdiqlagan» (N.Karimov) faktni – sanani inkor qilish uchun, bizningcha, yetarli asos boʻlolmaydi.
Ikkinchisi – ustoz Foiqa aya bergan «maʼlumotning ishonarli va ayni haqiqat ekanligini Choʻlponning muchaldoshi andijonlik shoir Ulfat (Imodiddin Qosimov) ham tasdiqlagan» deb aytadi. Ulfat domladan «Bayoni hol» nomli sheʼriy avtobiografiya qolgan boʻlib, undagi aniq va ishonchli maʼlumot budir:
Ne deb, soʻrasangizkim, tugʻilgan yiling,
Toʻqqiz yuz bila bir ming olti, biling.
Imodiddin otim, Qosim oʻgʻliman,
Menga Andijondir sharaflik vatan.
Oʻz-oʻzidan ayonki, Ulfat domla 1906-yilda tugʻilgan boʻlsa, Choʻlponga muchaldosh boʻlishi mumkin emas. Unda muchaldoshlik haqidagi gap qaydan kelib qoldi? Fikrimizcha, buni quyidagicha izohlash mumkin: Ulfat domla 1989-yilda vafot etganlar, u vaqtlarda esa, yuqorida koʻrganimizdek, Choʻlponning tavallud sanasi, asosan, 1893- va baʼzan 1894-yil deb koʻrsatib kelingan. Yaʼni bu holda hamshahar shoirlar oralarida bir muchal farq qilgan holda muchaldosh boʻlishlari mumkin boʻladi. Faqat bu holda ularning muchali «sak» – it emas, «asp» – ot boʻlur edi. Koʻrinib turibdiki, Ulfat domla Foiqa aya bergan maʼlumotni tasdiqlayotgani yoʻq, aksincha, butkul boshqa maʼlumotni aytib, yaʼni uni inkor qilib turibdi.
Uchinchisi – «Sadoyi Turkiston» gazetasi tahririyati 1914-yil 18-aprel sonida eʼlon qilingan «Turkistonli qardoshlarimizga» sheʼriga ilova qilgan maʼlumot. Unda sheʼr muallifining 15 yoshda ekanligi qayd etilgan. Holbuki, xuddi shu yili mazkur gazetada Choʻlponning yana «Qurboni jaholat» va «Doʻxtur Muhammadiyor» hikoyalari, «Adabiyot nadir» nomli maqolasi; «Sadoyi Fargʻona» gazetasida «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik», «Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar» kabi maqolalari eʼlon qilingan; «Oyna», «Shoʻro» jurnallari, «Tarjumon» va «Vaqt» gazetalarida qator chiqishlar qilgan. Xullas, shu yilning oʻzida anchagina salmoqli ishlar qilinganki, ular hajmi jihatidan ham, mazmun-mohiyatiga koʻra ham 15 yoshli oʻsmirning ishi emas. Ulardagi shakllangan ijtimoiy-gʻoyaviy qarash, tahliliy nigoh, mustaqil pozitsiya kattaroq yoshga xosdir. Shu bilan birga, tahririyat tomonidan berilgan maʼlumot ham taxmin maqomida, xolos. Chunki, birinchidan, Choʻlpon sheʼr qoʻlyozmasini tahririyatga qanday yetkazgani: pochta orqalimi yo Toshkent safariga otlangan kishi orqalimi – maʼlum emas. Ikkinchidan, sheʼrga ilova qilib muallifning oʻzi haqida maʼlumot yuborgan-yubormagani ham qorongʻi. Oʻylab koʻrilsa, yubormagani haqiqatga yaqinroq. Zero, agar aksincha boʻlsa edi, xat ruhi – xuddi avvalroq Ismoilbeyni maftun etgan maktub kabi – tahririyat xodimlarini maftun etgan, natijada u ham eʼlon qilingan yoki, jilla qursa, xatdagi gaplar eslatilgan boʻlishi kerak edi. Sababi, bu Choʻlponning tahririyatga birinchi maktubi, unda mukotib oʻzini taqdim etishi, yaʼni oʻzining gʻoyibona tanigan maslakdoshlariga qalbi va oʻyidagini ochib koʻrsatishi, demakki, maktubning tahririyatni oʻziga rom etishi tabiiy boʻlur edi. Balki, yoshlar – Abdulhamid va M.Sanjarbekka berilgan taʼrifni xuddi ularni yaqindan tanigan odam yozgandek koʻrinar, biroq unday emas, bunday taʼrifga Choʻlpon yuborgan sheʼr matnining oʻzi ham yetarli asos beradi. Xullas, aytish mumkinki, sheʼr qoʻlyozmasining kishidan berib yuborilgan boʻlishi ehtimoli haqiqatga yaqinroq, chunki agar pochtadan yuborilganida, ilova maktubning boʻlishi zaruratga aylanar edi. Endi ilova maktub boʻlmagan degan fikrda toʻxtasak-da, yana xayolga erk bersak: sheʼrni omonat keltirgan kishiga «bu shoir oʻzi kim, yoshi nechada...» qabilida savol berishgan boʻlsa, u ham «ha, bir tolibi ilm bola, oʻn besh yoshlarda boʻlsa kerak» qabilida javob bergan boʻlishi ham ehtimol. Toʻgʻri, kaminani «xayolga erk berish»da ayblash mumkindir, lekin bunday boʻlmaganini isbotlashning iloji yoʻq ekan, bu xayol ham bir ehtimol sifatida yashashga haqli. Boz ustiga, modomiki tahririyat maʼlumoti hujjatli asosga ega emas ekan, u ham maqomda shunday ehtimollardan biri, xolos. Shunday ekan, u hujjatli maʼlumot (1897-yil sanasi – hujjatli)ni inkor qilish uchun asos boʻlolmaydi.
Toʻrtinchisi – «Sadoyi Turkiston» gazetasining 1914-yil 24-sentyabr sonida andijonlik «16 yoshli talaba»ning Ismoil Gasprinskiy vafoti munosabati bilan yozgan sheʼri bosilgan. Soʻnggi baytdagi «Hamidiy» taxallusi sheʼrning Abdulhamid Choʻlponga mansub ekanligidan dalolat beradi. Va bu fakt uning 1898-yilda tugʻilganligini koʻrsatadi».11 Avvalo, soʻnggi baytdagi «Hamidiy» taxallusi sheʼrning Choʻlpon qalamiga mansubligiga dalil boʻlolmaydi, chunki oʻsha vaqtlar Andijonda undan boshqa ham Hamid, Abdulhamid, Hamidullo otligʻlar koʻp boʻlgani, ulardan birontasining sheʼr mashq qilgani-yu «Hamidiy» taxallusini xush koʻrgan boʻlishi mumkinligi ehtimolini istisno etib boʻlmaydi. Shuningdek, sheʼr yozib yurgan talaba ismiga bogʻlamasa ham, boshqa vaj bilan, boringki, xushjarang tuyulganidan ayni taxallusni tanglagan boʻlsa ne ajab! Xullas, nima boʻlganda ham, sheʼriga «16 yoshli talaba» deb imzo qoʻygan Hamidiyning Choʻlpon ekanligiga ishonish qiyin. Axir ilk hikoyalarini «Abdulhamid Sulaymoniy» deb imzolagan, keyincha – 1914-yil aprel oyi oxirlaridan boshlaboq yozganlariga «Choʻlpon» deb imzo qoʻyishni boshlagan boʻlsa – nega endi sentyabr oyiga borib birgina sheʼri-da «Hamidiy» taxallusini keltirishi kerak? Boz ustiga, Choʻlponning bundan keyin yozgan sheʼrlarida ham ushbu taxallus umuman uchramaydi. Shulardan kelib chiqib Hamidiy taxallusini qoʻllagan shoir butunlay boshqa odam boʻlishi ham mumkin degan toʻxtamga kelamiz. Misol uchun olsak, oʻsha davr matbuotida andijonlik Shamsiddin Muhammadrasulzoda ismli bir shoir qatnashib turgan. Jumladan, uning «Fargʻona sahifasi» nomli «har kun chiqadurgʻon siyosiy, adabiy, xalq foydasi yoʻliga yuradirgʻon gʻazita»ning 1917-yil 15-aprel sonida eʼlon qilingan sheʼri:
Hamidiydur ilma qadam qoʻyon odam,
Chirmov kabi bir boʻlishga chirmashaylik, – misralari bilan yakunlanadi. Toʻgʻri, hozircha shoirning toʻrttagina sheʼri qoʻlimizda, shulardan bittasida «Hamidiy» taxallusi ishlatilgan, xolos. Faqat shunisi borki, sheʼrlarning hammasi maʼrifatchilik ruhida, ilm-maʼrifatga daʼvat mazmunida boʻlish bilan birga bir necha oʻrnida muallif talaba ekaniga ishoratlar bor. Yaʼni maʼrifatparvar inson12 sifatida uning maʼrifatchilik harakati rahnamosi Ismoil Gʻasprali vafoti munosabati bilan marsiya yozgan boʻlish ehtimoli yoʻq emas. Xullas, aytganlarimiz oʻsha marsiyani Shamsiddin Muhammadrasulzoda yozgan degan xulosa chiqarish uchun kamlik qilishi mumkin, biroq Hamidiy Choʻlpon emas deya taʼkidlash uchun, fikrimizcha, yetarli koʻrinadi.
Beshinchisi – xotiralar. Avvalo, xotira oʻz nomi bilan xotira-da, kundalik emas. Yaʼni ilgari boʻlib oʻtgan voqealarni eslashda xronologik aniqlik ham, tafsilotlar haqqoniyligi ham yuz foiz boʻlmaydi, boʻlishi mumkin ham emas. Zero, oʻtmish voqealarini yoritishga subyektiv omil aralashadi: xotiranavis oʻtmishni nafaqat eslaydi, uni qayta idrok qiladi, baholaydi, maʼlum darajada qayta yaratadi ham – xotirada subyektiv omil salmoqli keladi. Yana bir nozik tomoni, yosh ulugʻ boʻlib borgani sari xotira ham, istasak-istamasak, biroz zaiflashib, ayrim «klasterlari» oʻchib boradi, ong esa ularning oʻrnini «toʻldirish»ga intiladi – ijod qila boshlaydi. Albatta, bu borada vaqt hukmiga mutlaqo boʻy bermagan kishilar ham yoʻq emas, lekin ular juda-juda kam. Xullas, xotirani beshak haqiqat, ishonchli dalil, fakt oʻlaroq qabul qilganda biroz hushyorroq boʻlingani maʼqul.
N.Karimov «Choʻlponni yaxshi bilgan zamondoshlaridan biri» atoqli maʼrifatchi Moʻminjon Muhammadjonov xotiralariga ham tayanadi. M.Muhammajdonov «Turmush urinishlari» nomli roman-xotirasida Choʻlpon bilan ilk bor 1916-yilning kuzida koʻrishganini eslaydi-da, oʻshanda: «U oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlar chamasidagi, oq choʻtir, barvastadan kelgan bir yigitcha ekan», – deb yozadi.13 Avvalo, ustozning shu gapga asoslanib chiqargan «Bu maʼlumot ham «Choʻlpon 1898-yilda tavallud topgan» degan fikrni anglatadi»14 tarzidagi xulosasi u qadar ishonarli emas. Negaki xotiranavis «oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlar chamasidagi» deyapti, bu esa «haqiqatda necha yoshda ekanini bilmayman-u, koʻrinishidan oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlarda» deganidir. Yaʼni gap borayotgan odam haqiqatda oʻn olti yoshda ham, oʻn toʻqqiz yosh da ham boʻlishi mumkin, zero, kishi yoshini koʻrinishiga qarab tusmollaganda bir yil-yarim yil orttirib yo kamitib aytish odatiy hol. Yana bir muhim nuqta shuki, Choʻlpon haqidagi xotira asarning 1926-yildagi birinchi nashrida umuman yoʻq15, u 1964- va 1969-yillardagi nashrlarga kiritilgan. Agar ushbu oʻrinlar matnga 1964-yilgi nashrni tayyorlash jarayonida kiritilgan desak, u holda xotiranavis Choʻlpon bilan ilk uchrashuvini eslaganida tabarruk yoshda boʻlib chiqadi. Xullas, mazkur sabablarga koʻra ushbu xotirani Choʻlponning tavallud sanasini belgilash uchun asos qilib olish, fikrimizcha, ilmiy jihatdan unchalik toʻgʻri boʻlmaydi.
***
Ustoz N.Karimov «Vodiynoma»dagi maqolasini shoir «tugʻilgan sanani 1897-yil emas, balki 1898-yil deb belgilasak, Choʻlpon uchun eng aziz va muqaddas narsa – Adolat hazratlari kechikib boʻlsa-da tantana qilgan boʻladi» degan soʻzlar bilan yakunlaydi.16 Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda biz bunga zarurat yoʻq, aksincha, tavallud sanasini oʻzgartirish ilmiy jihatdan toʻgʻri boʻlmaydi, demak, adolatga ham rost kelmaydi deb hisoblaymiz. Choʻlpon oʻzi qabul qilgan va u hayotlik vaqtidagi hujjatlarda aks etgan 1897-yil tavallud sanasi sifatida eʼtirof etilishi kerak. Zero, hozirda buni taftish etishga hech bir ilmiy zarurat ham, bu sanani asosli inkor qila oladigan dalillar ham mavjud emas. Shunday ekan, bu maʼlumot hali toʻla ommalashib ketmasidan, yaʼni barcha axborot, ilmiy va taʼlimiy manbalarga koʻchib ulgurmasidan turib masalaga nuqta qoʻyish zarur. Shunday qilinsa, kelgusidagi chalkashliklar, oʻrinsiz bahslarning oldi olingan boʻladi.
Izohlar
1987-йилда – Чўлпон асарларини эгаларига қайтаришга озмоз имкон пайдо бўлгандек бўлган бир вақтда бу йўлдаги илк эҳтиёткор қадамни «Ёшлик» журнали қўйди. Журналнинг 10-сонида Чўлпон шеърларидан сайланган ўн биттаси чоп қилиниб, «Адабий мерос» рукнидаги жами икки саҳифалик жажжигина сайланмага устоз О.Шарафиддиновнинг муҳофаза – «страховка» мақсадига қаратилган бир саҳифалик мақоласи илова қилинди. Мақоланинг айнан шу мақсадда ёзилгани унинг хулосасида яққол кўринади: «Чўлпондай шоирнинг совет томонига ўтиши, янги воқеликни улуғлаб фаол ижод қилиши социализмнинг бағри кенглигидан, адабиёт учун бениҳоя кенг имкониятлар яратиб берганидан, коммунизм ғояларининг музаффар ҳаётбахш кучидан далолат беради».1 Буларни ёдга олиш, ҳозирда қулоққа эриш эшитиладиган кўчирмани келтиришдан мурод: аввало, ҳали шўро тузуми ва мафкураси кучли бир шароитда Чўлпон ва у кабилар ижодий меросининг қайтарилиши осон, силлиққина кечмаганини; иккинчидан, у вақтлар нафақат ўқувчи омма, ҳатто мутахассисларга ҳам, О.Шарафиддинов айтмоқчи, «Чўлпоннинг номи яхши таниш бўлса ҳам, унинг ўзи, ижоди тонг юлдузидай олис ва сирли кўринади»ган2 бўлиб қолганини эслатиш. Ҳолбуки, тақвимда 1987-йил – Чўлпонни яқиндан таниган-билганларнинг кўплари ҳали ҳаётда, тақдирига узоқроқ умр кўриш ёзилган шоирнинг тенгдошлари эса эндигина тўқсон билан тўқнашган пайт эди. Ярим аср «қатағон» тамғаси остида бўлгани, катта-ю кичикка «миллатчи буржуа шоири» деб танитилгани, асарларининг аксари махсус жойларда сақлангани, ҳаёти ва ижодини ўрганиш «истиқболсиз»лиги важҳидан тадқиқотчилар эътиборидан четда қолгани, хуллас, шу кабилар Чўлпонни «олис ва сирли» этиб келди. Худди шу омиллар, устоз топиб айтганидек, «Чўлпон ҳақида мулоҳазаларда ҳақиқатдан кўра ривоятга ўхшаб кетадиган муболағалар кўп»лиги, ҳаёти ва фаолиятига оид маълумотларнинг чалкаш бўлишига олиб келди. Жумладан, шоирнинг туғилган йили масаласида.
О.Шарафиддинов мазкур мақоласида «Чўлпон 1883-йилда Андижонда савдогар оиласида туғилган»3 деган маълумот беради. Кейинги – 1988-йилда «Кеча ва кундуз»нинг «Шарқ юлдузи»-даги қайта нашрига ёзилган кириш сўзида эса О.Шарафиддинов бошқача маълумот беради: «Унинг ижоди Октябр революциясидан олдин – 1913-йилда бошланган эди. У биринчи асарларини эълон қилганида 20 ёшга тўлган, ёш бўлса-да, анча мукаммал билимга эга бўлган бир йигит эди».4 Ҳисоблаб кўрилса, бундан энди 1893-йил келиб чиқади. Орадан уч йил ўтиб, 1991-йилда чоп этилган Чўлпоннинг «Яна олдим созимни» тўпламига ёзган сўзбошида олим «Сўнгги йилларда пайдо бўлган мақолаларда Чўлпоннинг туғилган йили 1883-, 1893-, 1896-, 1897-, 1898-йиллар деб ҳар хил кўрсатилади»5 [3.5] деб ёзади. Сўнг шоирнинг синглиси Фоиқа Сулаймон қизи акасининг туғилган йили сифатида 1898-йилни кўрсатганини «анча ишонарли» деб баҳолагани ҳолда, «ҳозирча мен Чўлпоннинг таваллуд йилини 1897-йил деб белгилаш тарафдориман, чунки бу сана 1934-йилда, яъни Чўлпон ҳаётлик вақтида нашр этилган Катта Совет Қомусининг 61-жилдида (684-саҳифада) келтирилган» деб ёзади. Олимни бу хулосага олиб келган асослар пухта: 1) Қомус мақоласини рус адиби В.Ян ёзган, у Чўлпон билан дўстона алоқада бўлиб, ижодий ҳамкорлик ҳам қилган; 2) у «Қомуснинг буюртмаси билан Чўлпон ҳақидаги мақоласини шоирнинг ўзидан тасдиқлатиб олган».6
Нашр маълумотларида «Яна олдим созимни» тўпламининг босмахонага 1990-йилнинг 28-февралида берилган деб қайд этилгани, бунгача қўлёзма маълум вақт нашриётда бўлганини эътиборга олсак, О.Шарафиддинов сўзбошини 1989-йил охирларида ёзгани ҳақиқатга яқинроқ. Худди шу йили нашр қилинган «Баҳорни соғиндим» тўплами эса босмахонага 1988-йил 9-августда берилган, яъни нашрга тайёрлаш ишлари, жумладан, И.Ҳаққулнинг тўпламга сўзбоши ёзиши (шўро сензурасининг ҳар турли тўсиқлари ҳисобга олинмаганда ҳам) тахминан 1988-йил бошларига тўғри келади. Мазкур сўзбошида Чўлпоннинг туғилган йили 1893-йил деб қайд этилган.7 Босмахонага 1990-йил 5-июлида берилган «Фидойилар» тўпламидан жой олган Э.Каримов мақоласида эса Чўлпон 1897-йилда туғилган деб ёзилган.8
Нашр билан боғлиқ саналар таҳлилидан аён бўляптики, Чўлпоннинг туғилган йили сифатида 1897-йилни кўрсатиш 1989-йил охирлари – 1990-йилга келиб бошланди, бунга қадар эса кўпроқ 1893-йил кўрсатилган. Бу ҳол, тахминимизча, иккита сабаб билан изоҳланиши мумкин: 1) шу вақтга қадар юқорида эслатилган Қомусдаги маълумот мутахассислар эътиборидан четда қолиб келган; 2) бу вақтга келиб, ниҳоят, мутахассислардан бир нечтасига бунгача «махфий» тамғаси остида сақлаб келинган архив материаллари билан танишишга рухсат берила бошланган.
Чўлпоннинг туғилган йили қачондан ва нима асосда 1893-йил деб кўрсатила бошлангани ҳақида аниқ маълумотга эга эмасмиз. Ҳозирча фақат бу ҳолнинг адабиётларда 60-йиллардан кузатила бошланганини айта оламиз, холос. Ҳар ҳолда, Чўлпоннинг туғилган йили «Катта совет энсиклопедияси»нинг 29-жилди (1978), «Ўзбек совет энсиклопедияси»нинг 12-жилди (1979)да, «Қисқача адабиёт энсиклопедияси»нинг 8-жилди (1975), М.Зокиров тайёрлаган «Тирик сатрлар» (1967) тўплами, Б.Қосимовнинг «Излай-излай топганим» (1983) монографияси каби кўплаб манбаларда 1893-йил деб кўрсатилган. Ушбу маълумотнинг маълум даражада «расмий» нашр саналувчи барча энсиклопедиялардан ўрин олгани унинг мақомини, яъни «расмий маълумот» эканини, тегишли идоралар маъқуллаган, эҳтимол, тақдим этган маълумот деб ту шунишга изн беради. Шоирнинг вафот санаси мазкур нашр ларнинг деярли барчасида 1939-йил деб кўрсатилганки, бу ҳам маълумотнинг «расмий»лиги ҳақидаги фикрларимизни қувватлайди.
Хуллас, мамлакатда шахсга сиғиниш оқибатларини тугатиш – реабилитация жараёнлари бошланган, жумладан, Чўлпон фуқаро сифатида (ижодкор сифатида эмас) оқланган вақтдан бошлаб унинг ҳаёти ва ижодий фаолияти 1893 – 1939-йилларда кечган деган маълумот бешак қабул қилинди. Натижада орадан йигирма йиллар ўтиб, ошкоралик йиллари – шоирни тўла оқлаш йўлида илк қадамлар қўйилганида ҳам, то Чўлпон ҳаёти ва ижодини ҳужжатли асосда ўрганиш бошлангунига қадар, табиий тарзда шу маълумот тўғри деб ҳисобланди.
1988-йил 17-июнда Андижон вилоятининг ўша пайтдаги бош нашри – «Коммунист» газетасида Чўлпоннинг жияни – синглиси Фоиқа Сулаймон қизининг ўғиллари Ўктам Мирзахўжаевнинг «Шоир хонадони бисотидан» номли мақоласи эълон қилинди. Унда муаллиф онасининг «Чўлпон 1898-йилда туғилган, унинг йили сак – ит бўлган... Андижон зилзиласи пайтида (1902) ... тоғанг тўрт яшар бола экан» деган гапларини келтиради. Таъкидлаш жоиз, мақолада Чўлпоннинг таваллуд санаси масаласи алоҳида урғуланган. Мақола матнидан ташқаридаги ҳолат (контекст)дан ҳам хабардор бўлганим боис камина урғуни бошқаларга қараганда яққолроқ ҳис қиламанки, ҳозир ўша ҳолатни қисқача тавсифлаб ўтиш зарурати бор.
Мақола муаллифи – раҳматли устозимиз, иқтисод фанлари номзоди, доцент Ўктамжон Мирзахўжаев бизга сиёсий иқтисод фанидан дарс берган вақтларидан орамизда яхши муносабат шаклланган, бунинг устига, Чўлпон ижоди бўйича илмий изланиш бошлаганим учун муносабатларимиз янада тиғизлашган эди. Домламиз, бир томони, давр шароитидан келиб чиқиб Чўлпонга алоқадорлигини кўп-да ошкор қилмай (тўғриси, яшириб) яшашга мажбур бўлган, бунинг устига, кўп вақт обком (вилоят партия қўмитаси)нинг ташқвиқот бўлимини бошқарган одам, сиёсий жиҳатдан ғоят ҳушёр эдилар. Айтиш керак, ўша вақтлари домланинг ҳушёрлиги гоҳи-гоҳи ғашимизни келтиргани ҳам бор, бироқ ҳозирда кўп йиллар мафкура хизматида бўлган ва бу борадаги бизга қоронғи кў-ўп «нозик» жиҳатлардан бохабар кишининг бундай феъл-атвори асло бежиз эмаслигига ақлимиз етиб қолган. Хуллас, домламиз ҳам, чамаси, В.Ян ёзган энсиклопедия мақоласидан бехабар, ҳатто шоирнинг яқинларида ҳам бирон-бир ҳужжат бўлмаган бир шароитда Чўлпон 1893-йилда ё О.Шарафиддинов кўрсатганидек 1883-йилда эмас, 1898-йилда туғилган деган қарашни оммалаштириш, илмда «пропискадан ўтказиш»га астойдил киришган эдилар. Сабаби, домла 1917-йилда 19 – 20 ёшда бўлган йигитчанинг Октябр инқилобини «қабул қилолмагани» билан 23 – 24 ёшли одамнинг «қабул қилмагани» орасида ер-у осмонча фарқ борлигини жуда яхши билар эди. Унутмангки, ҳали 1987 – 1988-йилларда эдик: Чўлпон «истиқлолни уйғотган шоир» сифатида эмас, «қийинчилик билан бўлса-да Инқилобнинг моҳиятини тўғри англай олган ва шўро мавқейига ўтган» ижодкор сифатида сафга қайтаётган эди. Зеро, яна уч йилдан сўнг истиқлолга эри шамиз деган ўй бировнинг хаёл-хотирига келмаган, истиқлол ҳануз ҳў-ў йироқлардаги милтираган орзу эди у пайтлар. Айтмоқчиманки, домламиз мавжуд шароитда тўғри йўл тутган: тоғасининг ҳар жиҳатлан оқланишини, бу иш йигирма йиллар аввал бўлганидек аро йўлда қолмаслигини, яъни «граждан сифатида оқланиб, ижодкор сифатида оқланмади» қабилидаги ҳолат бўлмаслигини жуда-жуда истаган ва шунга мувофиқ ҳаракат қилган. Хуллас, иш ўнгдан келиб, домла кўтарган муаммо бир йилга бориб-бормаёқ ҳал бўлди: ҳужжатлар топилиб, илмий муомалага киритилди, Чўлпоннинг туғилган йили 1897-йил дея эътироф этилди. Шоирнинг яқинларини ҳам бу сана қаноатлантирди, ҳар ҳолда, ҳеч бир эътироз бўлмади. Кўп ўтмай, 1997-йилда ҳукумат қарори билан Чўлпоннинг 100 йиллиги, 2007-йилда эса 110 йиллиги нишонланди, дарслик ва қўлланмалар, умуман, барча нашрларда шу сана қайд этиладиган бўлди.
Чўлпоннинг яна бир жияни – Фоиқа аянинг иккинчи ўғиллари Хотам ҳожи Мирзахўжаев шоир номини абадийлаштириш, ижодий меросини тиклаш ва оммалаштириш борасида қилинаётган ишлардан қаноатланмай ўтди. Раҳматли шу боис ҳам Чўлпон жамғармаси бошқарувини қўлга олиб, ҳолатни ўнглашга имкон қадар ҳаракат қилди. Жумладан, 2012-йилда Чўлпон асарларининг 4 жилдлигини чоп эттириш ҳаракатини бошладики, бунинг ўзи алоҳида тарих. Асосий масалага қайцак, Х.Мирзахўжаев 1917-йил 4-январда Чўлпон жамғармаси номидан Президентга мурожаат қилиб, жорий йилда Чўлпон таваллудига 120 йил тўлиши муносабати билан республика миқёсида юбилей ва шу билан боғлиқ тадбирлар ўтказишга оид таклифларини баён қилади. Ушбу хат Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмасига юборилиб, унга уюшма раиси нинг биринчи ўринбосари Сирожиддин Саййид имзоси билан жавоб хати юборилган. Жавоб хатида, жумладан: «Абдулҳамид Сулаймон ўғли Чўлпон таваллуди расмий манбаларда, чунончи, Ўзбекистон Миллий энсиклопедиясида 1898-йил деб белгиланган. Шу сабабли ҳам ўзбек адабиётининг йирик вакили Чўлпон таваллудининг 120 йиллиги муносабати билан ўтказиладиган асосий тадбирлар 2018-йилга мўлжалланган асосий тадбирлар режасига киритилганлигини ва мазкур санани юқори савияда ўтказишда Сиз билан ҳамкорлик қилишга тайёрлигимизни, хатингизда келтириб ўтилган масалаларга алоҳида эътибор қаратишимизни маълум қиламиз», – дейилади. Ҳожи буванинг жавоб хатини олган вақтдаги ҳолатини тушкунликка тушди дейилса ҳам, тутақди дейилса ҳам бўлмайдиган, балки янада ёмон – иккисининг орасидаги, «ўтдан олиб чўққа солиб» қабилидаги бир аҳволда эди. Сабаби, умри оёқлаб қолганини ич-ичидан сезиб турар, жамғарма фаолиятини ўзи орзулагандек йўлга қўёлмагач, фикри-ёдини «шу 120 йиллик тўйни чиройли ўтказсам-у, сўнг ёруғ юз билан катта сафарга чиқсам» деган ўй эгаллаганди. Жавоб хатида «расмий манбаларда ... 1898-йил деб белгиланган» дейилгани эса енгилгина ҳаракат билан дилидаги сўнгги тилакларига чизиқ тортгандай бўлгандир, балки, ҳаяжондан тўлиқиб менга телефон қилганида жуда топиб баҳо берди: «Оттписка қилишяпти». Яъни бюрократияга хос бир усул – қутулиб туриш учун жавоб ёзиш, чиндан ҳам, жавоб хатида Ҳожи буванинг шўро замонларидан бери кўп бор тўқнашгани – бюрократия ҳидини туйганига ажабланмаса ҳам бўладигандек. У кишини энг аввал «Энсиклопедия расмий нашрми?» деган савол қизиқтирарди. Биздан жўяли бир жавоб ололмагач, жавоб излаб яна саволларни тахлайди: «Унда аввалги энсиклопедиялар-чи? Улар расмий эмасми?..» Албатта, савол ўринли экани шубҳасиз, зеро, агар улар ҳам «расмий нашр» бўлса, унда 1897- ва 1893-йил саналарини нима қиламиз?
Хуллас, Ўзбекистон Миллий энсиклопедияси учун Чўлпон ҳақидаги мақола устоз Н.Каримов томонидан ёзилган ва унда шоирнинг таваллуд санаси 1898-йил деб кўрсатилган. Аввало айтиш керакки, Н.Каримов ҳам илгари Чўлпон 1897-йилда туғилганини қайд этган эди. Хусусан, олим 1991-йилда чоп қилинган «Чўлпон» номли рисоласида Чўлпоннинг синглиси Фоиқа ая ҳамда замондоши шоир Улфат айтган маълумотдан хабардор бўлгани ҳолда ҳам «Чўлпон В.Ян билан қилган суҳбатида ҳам, НКВД қамоқхонасида махсус анкеталарни тўлдирганида ҳам ўзининг 1897-йилда туғилганини тасдиқлайдики, бу сўнгги сана бевосита Чўлпон томонидан айтилганлиги ва ёзиб қолдирилганлиги туфайли биз учун мўтабар маълумот бўлиб қолади» деб таъкидлаган.9 Хўш, унда нега орадан маълум вақт ўтиб устознинг фикри ўзгариб қолди? Ё янги маълумотлар қўлга киритилганми? «Водийнома» журналининг 2018-йил 1-сонида эълон қилинган «Чўлпон қачон туғилган?» номли мақолага қараганда, яқин йилларда топилган янги маълумот йўқдай. Хўш, ундай бўлса, олим Чўлпоннинг таваллуд санасини ўзгартирганида қандай асосларга таянади? Шу асосларни аниқлаб, уларнинг ҳар бирига навбати билан алоҳида тўхталиб ўтамиз.
Биринчиси. «Чўлпон» маърифий романининг илк фасли «Зилзила» деб номлангани, гапнинг 1902-йил Андижон зилзиласи тасвиридан бошлангани бежиз эмас: муаллифнинг шоир туғилган сана масаласидаги қараши ўзгарган. Яъни, агар 1991-йилда Фоиқа аянинг хотираси шунчаки маълумот учун қабул қилибгина қўйилган бўлса, энди асос қилиб олинмоқда. Ҳолбуки, маълумот ўзгаргани, яъни унга янги тафсилот қўшилгани йўқ, унга муносабат ўзгарди. холос. Бундай ўзгариш сабабини эса Н.Каримов қуйидагичв изоҳлайди: «Паспорт олиш расм бўлган 20-йиллар охири – 30-йилларнинг бошларида кишиларнинг нафақат туғилган санаси, ҳатто исм-шарифини ёзишда ҳам қўпол хатоликларга йўл қўйилган. Шунинг учун ҳам кексалар паспортдаги маълумотдан кўра мучалга кўпроқ ишонч билдиришган».10 Бизнингча, бу ерда гап кўпроқ илгарилари таваллуд санасининг аниқлигига ҳозиргидек катта аҳамият берилмаганида. Катталар болани туғруқхоналарда дунёга келтириш қатъий қоидага айланиб, туғруқхонадан берилган маълумотнома асосидагина «метрика» – туғилганлик ҳақида гувоҳнома бериш йўлга қўйилмагунича деярли ҳамма таваллуд саналари тахминлаб (мучали асосида, бирон воқеага боғлаб, бўй-бастига қараб ва б.) ёзилганини айтишади. Албатта, бу гаплар кенг оммага тааллуқли, зиёлилар бундан истисно қилиниши лозим. Хусусан, ўқимишли, бунинг устига, русча таҳсил ҳам олган Чўлпон туғилган санасини имкон қадар аниқ билишга ҳаракат қилмаган бўлиши, бизнингча, мумкин эмас. Дарвоқе, 1926-йилда чоп қилинган ишчи-деҳқон календарида бир саҳифанинг ярми Чўлпонга ажратилиб, сурати билан қисқача биографик маълумот берилган. Унда, жумладан: «Чўлпоннинг оти Абдулҳамид, отаси Сулаймонқул. Чўлпон 1897-йил Андижон шаҳрида туғилған», – дейилади. Аён бўляптики, Чўлпоннинг нафақат 1936-йилда берилган паспортида, балки ундан ўн йил илгариги манбада ҳам таваллуд санаси 1897-йил кўрсатилган. Демак, Чўлпон таваллуд санасини шу деб билган ё шуни қабул қилган. Шунақа экан, орадан шунча вақт ўтгандан кейин ҳам «синглиси бундай деган эди»ни асос қилган ҳолда уни ўзгартиришга зарурат бормикан? Бизнингча, йўқ, Чўлпоннинг ўзи тасдиқлаган сана илмда ҳам эътиборли саналиши керак.
Фоиқа аянинг хотирасида иккита таянч нуқта бор: 1) акаси зилзала вақтида тўрт ёшда эди; 2) акасининг мучали ит (сак) бўлган. Буларни у онасининг гапларига таяниб айтади. Юқорида ҳам айтдик, элимизда таваллуд вақтини ёзма қайд этиш урфи бўлган эмас, буни мучал ёки бирон бир аҳамиятли воқеа-ҳодисага боғлаб аниқлаш одат қилинган. Ҳар икки ҳолда ҳам сана тақрибан аниқланган, бир йил-ярим йил олдинга ё ортга сурилиши одатий ҳол бўлган. Бу ҳақда Ҳ.Мирзахўжаев ҳам Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмаси раиси номига ёзган хатида тўхталган: «Марҳума онамиз акасининг мучали «сак»лигини айтган бўлса ҳам, илгарилари йил ҳисобидаги фарқлар сабаб мучал масаласида кексалар кўпинча адашганлари, киши мучалини ё битта олдинга, ё битта ортга суриб юборганлари (яъни ит мучалида туғилганни товуқ, товуқ мучалида туғилганни ит деб – Д.Қ.), шу масалада кўп баҳс-мунозаралар келиб чиққанига гувоҳ бўлганмиз». Шунга ўхшаш, масалан, «зилзила вақтида тўрт ёшда эди» дегани ҳам боланинг ёшини тақрибан аниқлашдир, яъни бунда ҳам бир йил-ярим йил фарқ эътиборга олинмайди. Шулардан келиб чиқилса, Фоиқа ая берган маълумот Чўлпон «тўғрилигини ўз имзоси билан тасдиқлаган» (Н.Каримов) фактни – санани инкор қилиш учун, бизнингча, етарли асос бўлолмайди.
Иккинчиси – устоз Фоиқа ая берган «маълумотнинг ишонарли ва айни ҳақиқат эканлигини Чўлпоннинг мучалдоши андижонлик шоир Улфат (Имодиддин Қосимов) ҳам тасдиқлаган» деб айтади. Улфат домладан «Баёни ҳол» номли шеърий автобиография қолган бўлиб, ундаги аниқ ва ишончли маълумот будир:
Не деб, сўрасангизким, туғилган йилинг,
Тўққиз юз била бир минг олти, билинг.
Имодиддин отим, Қосим ўғлиман,
Менга Андижондир шарафлик ватан.
Ўз-ўзидан аёнки, Улфат домла 1906-йилда туғилган бўлса, Чўлпонга мучалдош бўлиши мумкин эмас. Унда мучалдошлик ҳақидаги гап қайдан келиб қолди? Фикримизча, буни қуйидагича изоҳлаш мумкин: Улфат домла 1989-йилда вафот этганлар, у вақтларда эса, юқорида кўрганимиздек, Чўлпоннинг таваллуд санаси, асосан, 1893- ва баъзан 1894-йил деб кўрсатиб келинган. Яъни бу ҳолда ҳамшаҳар шоирлар ораларида бир мучал фарқ қилган ҳолда мучалдош бўлишлари мумкин бўлади. Фақат бу ҳолда уларнинг мучали «сак» – ит эмас, «асп» – от бўлур эди. Кўриниб турибдики, Улфат домла Фоиқа ая берган маълумотни тасдиқлаётгани йўқ, аксинча, буткул бошқа маълумотни айтиб, яъни уни инкор қилиб турибди.
Учинчиси – «Садойи Туркистон» газетаси таҳририяти 1914-йил 18-апрел сонида эълон қилинган «Туркистонли қардошларимизга» шеърига илова қилган маълумот. Унда шеър муаллифининг 15 ёшда эканлиги қайд этилган. Ҳолбуки, худди шу йили мазкур газетада Чўлпоннинг яна «Қурбони жаҳолат» ва «Дўхтур Муҳаммадиёр» ҳикоялари, «Адабиёт надир» номли мақоласи; «Садойи Фарғона» газетасида «Ватанимиз Туркистонда зироат ва деҳқончилик», «Ватанимиз Туркистонда темир йўллар» каби мақолалари эълон қилинган; «Ойна», «Шўро» журналлари, «Таржумон» ва «Вақт» газеталарида қатор чиқишлар қилган. Хуллас, шу йилнинг ўзида анчагина салмоқли ишлар қилинганки, улар ҳажми жиҳатидан ҳам, мазмун-моҳиятига кўра ҳам 15 ёшли ўсмирнинг иши эмас. Улардаги шаклланган ижтимоий-ғоявий қараш, таҳлилий нигоҳ, мустақил позиция каттароқ ёшга хосдир. Шу билан бирга, таҳририят томонидан берилган маълумот ҳам тахмин мақомида, холос. Чунки, биринчидан, Чўлпон шеър қўлёзмасини таҳририятга қандай етказгани: почта орқалими ё Тошкент сафарига отланган киши орқалими – маълум эмас. Иккинчидан, шеърга илова қилиб муаллифнинг ўзи ҳақида маълумот юборган-юбормагани ҳам қоронғи. Ўйлаб кўрилса, юбормагани ҳақиқатга яқинроқ. Зеро, агар аксинча бўлса эди, хат руҳи – худди аввалроқ Исмоилбейни мафтун этган мактуб каби – таҳририят ходимларини мафтун этган, натижада у ҳам эълон қилинган ёки, жилла қурса, хатдаги гаплар эслатилган бўлиши керак эди. Сабаби, бу Чўлпоннинг таҳририятга биринчи мактуби, унда мукотиб ўзини тақдим этиши, яъни ўзининг ғойибона таниган маслакдошларига қалби ва ўйидагини очиб кўрсатиши, демакки, мактубнинг таҳририятни ўзига ром этиши табиий бўлур эди. Балки, ёшлар – Абдулҳамид ва М.Санжарбекка берилган таърифни худди уларни яқиндан таниган одам ёзгандек кўринар, бироқ ундай эмас, бундай таърифга Чўлпон юборган шеър матнининг ўзи ҳам етарли асос беради. Хуллас, айтиш мумкинки, шеър қўлёзмасининг кишидан бериб юборилган бўлиши эҳтимоли ҳақиқатга яқинроқ, чунки агар почтадан юборилганида, илова мактубнинг бўлиши заруратга айланар эди. Энди илова мактуб бўлмаган деган фикрда тўхтасак-да, яна хаёлга эрк берсак: шеърни омонат келтирган кишига «бу шоир ўзи ким, ёши нечада...» қабилида савол беришган бўлса, у ҳам «ҳа, бир толиби илм бола, ўн беш ёшларда бўлса керак» қабилида жавоб берган бўлиши ҳам эҳтимол. Тўғри, каминани «хаёлга эрк бериш»да айблаш мумкиндир, лекин бундай бўлмаганини исботлашнинг иложи йўқ экан, бу хаёл ҳам бир эҳтимол сифатида яшашга ҳақли. Боз устига, модомики таҳририят маълумоти ҳужжатли асосга эга эмас экан, у ҳам мақомда шундай эҳтимоллардан бири, холос. Шундай экан, у ҳужжатли маълумот (1897-йил санаси – ҳужжатли)ни инкор қилиш учун асос бўлолмайди.
Тўртинчиси – «Садойи Туркистон» газетасининг 1914-йил 24-сентябр сонида андижонлик «16 ёшли талаба»нинг Исмоил Гаспринский вафоти муносабати билан ёзган шеъри босилган. Сўнгги байтдаги «Ҳамидий» тахаллуси шеърнинг Абдулҳамид Чўлпонга мансуб эканлигидан далолат беради. Ва бу факт унинг 1898-йилда туғилганлигини кўрсатади».11 Аввало, сўнгги байтдаги «Ҳамидий» тахаллуси шеърнинг Чўлпон қаламига мансублигига далил бўлолмайди, чунки ўша вақтлар Андижонда ундан бошқа ҳам Ҳамид, Абдулҳамид, Ҳамидулло отлиғлар кўп бўлгани, улардан биронтасининг шеър машқ қилгани-ю «Ҳамидий» тахаллусини хуш кўрган бўлиши мумкинлиги эҳтимолини истисно этиб бўлмайди. Шунингдек, шеър ёзиб юрган талаба исмига боғламаса ҳам, бошқа важ билан, борингки, хушжаранг туюлганидан айни тахаллусни танглаган бўлса не ажаб! Хуллас, нима бўлганда ҳам, шеърига «16 ёшли талаба» деб имзо қўйган Ҳамидийнинг Чўлпон эканлигига ишониш қийин. Ахир илк ҳикояларини «Абдулҳамид Сулаймоний» деб имзолаган, кейинча – 1914-йил апрел ойи охирларидан бошлабоқ ёзганларига «Чўлпон» деб имзо қўйишни бошлаган бўлса – нега энди сентябр ойига бориб биргина шеъри-да «Ҳамидий» тахаллусини келтириши керак? Боз устига, Чўлпоннинг бундан кейин ёзган шеърларида ҳам ушбу тахаллус умуман учрамайди. Шулардан келиб чиқиб Ҳамидий тахаллусини қўллаган шоир бутунлай бошқа одам бўлиши ҳам мумкин деган тўхтамга келамиз. Мисол учун олсак, ўша давр матбуотида андижонлик Шамсиддин Муҳаммадрасулзода исмли бир шоир қатнашиб турган. Жумладан, унинг «Фарғона саҳифаси» номли «ҳар кун чиқадурғон сиёсий, адабий, халқ фойдаси йўлига юрадирғон ғазита»нинг 1917-йил 15-апрел сонида эълон қилинган шеъри:
Ҳамидийдур илма қадам қўён одам,
Чирмов каби бир бўлишга чирмашайлик, – мисралари билан якунланади. Тўғри, ҳозирча шоирнинг тўрттагина шеъри қўлимизда, шулардан биттасида «Ҳамидий» тахаллуси ишлатилган, холос. Фақат шуниси борки, шеърларнинг ҳаммаси маърифатчилик руҳида, илм-маърифатга даъват мазмунида бўлиш билан бирга бир неча ўрнида муаллиф талаба эканига ишоратлар бор. Яъни маърифатпарвар инсон12 сифатида унинг маърифатчилик ҳаракати раҳнамоси Исмоил Ғаспрали вафоти муносабати билан марсия ёзган бўлиш эҳтимоли йўқ эмас. Хуллас, айтганларимиз ўша марсияни Шамсиддин Муҳаммадрасулзода ёзган деган хулоса чиқариш учун камлик қилиши мумкин, бироқ Ҳамидий Чўлпон эмас дея таъкидлаш учун, фикримизча, етарли кўринади.
Бешинчиси – хотиралар. Аввало, хотира ўз номи билан хотира-да, кундалик эмас. Яъни илгари бўлиб ўтган воқеаларни эслашда хронологик аниқлик ҳам, тафсилотлар ҳаққонийлиги ҳам юз фоиз бўлмайди, бўлиши мумкин ҳам эмас. Зеро, ўтмиш воқеаларини ёритишга субектив омил аралашади: хотиранавис ўтмишни нафақат эслайди, уни қайта идрок қилади, баҳолайди, маълум даражада қайта яратади ҳам – хотирада субектив омил салмоқли келади. Яна бир нозик томони, ёш улуғ бўлиб боргани сари хотира ҳам, истасак-истамасак, бироз заифлашиб, айрим «кластерлари» ўчиб боради, онг эса уларнинг ўрнини «тўлдириш»га интилади – ижод қила бошлайди. Албатта, бу борада вақт ҳукмига мутлақо бўй бермаган кишилар ҳам йўқ эмас, лекин улар жуда-жуда кам. Хуллас, хотирани бешак ҳақиқат, ишончли далил, факт ўлароқ қабул қилганда бироз ҳушёрроқ бўлингани маъқул.
Н.Каримов «Чўлпонни яхши билган замондошларидан бири» атоқли маърифатчи Мўминжон Муҳаммаджонов хотираларига ҳам таянади. М.Муҳаммаждонов «Турмуш уринишлари» номли роман-хотирасида Чўлпон билан илк бор 1916-йилнинг кузида кўришганини эслайди-да, ўшанда: «У ўн етти-ўн саккиз ёшлар чамасидаги, оқ чўтир, барвастадан келган бир йигитча экан», – деб ёзади.13 Аввало, устознинг шу гапга асосланиб чиқарган «Бу маълумот ҳам «Чўлпон 1898-йилда таваллуд топган» деган фикрни англатади»14 тарзидаги хулосаси у қадар ишонарли эмас. Негаки хотиранавис «ўн етти-ўн саккиз ёшлар чамасидаги» деяпти, бу эса «ҳақиқатда неча ёшда эканини билмайман-у, кўринишидан ўн етти-ўн саккиз ёшларда» деганидир. Яъни гап бораётган одам ҳақиқатда ўн олти ёшда ҳам, ўн тўққиз ёш да ҳам бўлиши мумкин, зеро, киши ёшини кўринишига қараб тусмоллаганда бир йил-ярим йил орттириб ё камитиб айтиш одатий ҳол. Яна бир муҳим нуқта шуки, Чўлпон ҳақидаги хотира асарнинг 1926-йилдаги биринчи нашрида умуман йўқ15, у 1964- ва 1969-йиллардаги нашрларга киритилган. Агар ушбу ўринлар матнга 1964-йилги нашрни тайёрлаш жараёнида киритилган десак, у ҳолда хотиранавис Чўлпон билан илк учрашувини эслаганида табаррук ёшда бўлиб чиқади. Хуллас, мазкур сабабларга кўра ушбу хотирани Чўлпоннинг таваллуд санасини белгилаш учун асос қилиб олиш, фикримизча, илмий жиҳатдан унчалик тўғри бўлмайди.
***
Устоз Н.Каримов «Водийнома»даги мақоласини шоир «туғилган санани 1897-йил эмас, балки 1898-йил деб белгиласак, Чўлпон учун энг азиз ва муқаддас нарса – Адолат ҳазратлари кечикиб бўлса-да тантана қилган бўлади» деган сўзлар билан якунлайди.16 Юқоридаги мулоҳазалардан келиб чиққан ҳолда биз бунга зарурат йўқ, аксинча, таваллуд санасини ўзгартириш илмий жиҳатдан тўғри бўлмайди, демак, адолатга ҳам рост келмайди деб ҳисоблаймиз. Чўлпон ўзи қабул қилган ва у ҳаётлик вақтидаги ҳужжатларда акс этган 1897-йил таваллуд санаси сифатида эътироф этилиши керак. Зеро, ҳозирда буни тафтиш этишга ҳеч бир илмий зарурат ҳам, бу санани асосли инкор қила оладиган далиллар ҳам мавжуд эмас. Шундай экан, бу маълумот ҳали тўла оммалашиб кетмасидан, яъни барча ахборот, илмий ва таълимий манбаларга кўчиб улгурмасидан туриб масалага нуқта қўйиш зарур. Шундай қилинса, келгусидаги чалкашликлар, ўринсиз баҳсларнинг олди олинган бўлади.
Изоҳлар
Dilmurod Quronov