Qozoqboy Yoʻldosh deganda hamon «bizda adabiy tanqid bor» deb oʻylovchilar dalil uchun barmoq bukib sanashga tush gan payt beshak tilga olinadigan «dinozavr»lardan biri koʻz oldimga keladi. Darhaqiqat, Qozoqboy aka oʻtgan asrning 90-yillari boshlaridan oʻzining adabiy-tanqidiy maqolalari bilan matbuotda faol qatnashib, adabiy-badiiy jarayonga, millat badiiy-estetik didiga sezilarli taʼsir koʻrsatib keladi. Munaqqid eʼlon qilgan adabiy-tanqidiy materiallar – maqola, taqriz, soʻzboshi va soʻngsoʻzlari, shuningdek, davra suhbatlari va bahslardagi ishtiroki, suhbatlardagi mulohazalari, soʻrovnomalarga javoblari koʻzdan kechirilsa, uning adabiy jarayonni muntazam kuzatib borishiga amin boʻlish mumkinki, bu – haqiqiy tanqidchiga xos muhim xususiyat. Badiiy soʻzni gʻoyat teran his qilishi, soʻz vositasida yaralgan irreal olamda oʻzini suvdagi baliq misol erkin sezishi unga asarning koʻpchilik nazaridan pinhon goʻzalligi, joziba kuchini ochishga imkon beradiki, bu – ikkinchi va ahamiyatiga koʻra birinchisidan ortiq boʻlsa ortiqki, aslo kam boʻlmagan xususiyat.
Mazkur xususiyatlarning birinchisi munaqqidning obzor maqolalari, aniqrogʻi, Yozuvchilar uyushmasining nasr, sheʼriyat, tanqid va adabiyotshunoslik kengashlarining yillik hisobotlari oʻlaroq oʻqilgan maʼruzalarining nashr variantlarida, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Muhimi, Qozoqboy Yoʻldosh bu ishga shun chaki hisobot deb emas, balki muayyan soha haqida oʻylab yurganlari bilan oʻrtoqlashish, undagi oʻtkir muammolarni oʻrtaga tashlash uchun bir imkoniyat deb qaraydi. Shu bois ham «Tahlil mashaqqatlari» (1992), «Oʻzbek nasri ufqlari» (1998), «Yangilanishlar muntazamligi» (2001) kabi maʼruzalarini, aytish mumkin boʻlsa, «yil hisoboti janri»ning sara namunalari degim, keyingi maʼruzachilarga shulardan andaza olishni tavsiya etgim keladi. Masalan, 1998-yilda nasr kengashi yigʻilishida oʻqilgan maʼruza keyinroq «Oʻzbek nasri ufqlari» nomi bilan chop etilgan. Unda munaqqid, jumladan, «oʻzbek hikoyachiligida pasayish, soʻnish yaqqol koʻzga tashlanib qolgani»dan xavotirga tushadi; «keksa avlod oʻz ishini qilayotir, yaʼni xotiralarini» yozish bilan mashgʻul, «nasrimizga yangi nafas olib kirishi lozim boʻlgan yoshlar esa yigitligidayoq qarib qolgandek tuyuladi» deya ijodkorlarga oʻz missiyalarini eslatishga, ijodga daʼvat etishga harakat qiladi. Munaqqid «iqtisodiy vaziyat tufayli umidli yozuvchilar ijoddan voz kechayotgani», «yaxshi asar yozganni emas, balki yaxshi ishga oʻtganni katta natijaga erishdi deb hisoblash» meʼyorga aylanayotganini afsus bilan qayd etarkan, baribir, «adabiy jarayonda ertangi umidlar ham kurtaklanayotganini» aniq koʻra oladi, shunga ishontiradi kishini.
Qozoqboy Yoʻldoshning tanqidchilik faoliyatida koʻpchilik eʼtirof etadigan bir jihat bor – yangilikni qoʻllab-quvvatlash. Sirasi, bunaqa odamlar ham, munaqqidlar ham kam emas. Biroq kimdir atrofdagilarning «qoloq, qotib qolgan» deyishlaridan qoʻrqib, kimdir zamondan ortda qolmaslik uchun, kimdir esa shunchaki modaga ergashib yangilikka nisbatan bagʻrikenglik qiladi. Qozoqboy akadagi bagʻrikenglik tabiati oʻzgacha: avvalo, yangilikni anglashga intiladi, agar tishi oʻtmay turgan joyi kelib qolsa, inkor etishga shoshmaydi – savqi tabiiysi bilan unda nimadir borligini his qila olsa boʻldi, oʻsha yangilikni qabul qiladi. Asli, haqiqiy bagʻrikenglik ham shu – oʻzganing sen tushunmagan yoki qabul qilolmagan fikriga ham haq berish, uning ham yashashga haqli ekanini eʼtirof etish. Biroq bu har qanday fikr-qarashni qabul qilish degani ham emas, yoʻq, oʻsha fikr-qarash atroflicha va chuqur mushohada qilinadi, shundan soʻnggina asoslab, dalillab rad etiladi. Munaqqidning «Tishing oʻtmasa tosh chaynama...» nomli maqolasi ayni shu tamoyil asosida yaralgan. Umuman, boshqalar bilan bahsga kirishganki boʻlsa, barida shu tamoyilga tayanadi, undan ogʻishmaslikka harakat qiladi. Fitratidagi ayni shu xususiyat Qozoqboy Yoʻldoshning adabiyotdagi yangilanishga, undagi yangicha ifodalarga sabrli va umidli munosabati asosidirki, yoshlar moderncha izlanishlarining himoyachisi, oʻrni kelsa, targʻibotchisi oʻlaroq tanilganining sababi ham shunda. Sabrli deganim, masalan, «Yurakni yer firoq – shilliqqurt» tashbehida oʻxshashlik asosini birdan topish mahol, yaʼni besabrroq odam boʻlsa, «berdi»sini aytguncha oʻldirib qoʻygudek. Qozoqboy aka esa, aksincha, shoshilmay mulohaza qilib koʻradi-da, sabr tagi sar oltin deganlaridek, bir qarashda xunuk (yaʼni anʼanaviy badiiyatdan yiroq) tashbeh magʻzidagi maʼnolarni ochib beradi: «Shilliqqurt yomonligi koʻzga tashlanmaydigan, «tortinchoq» va «odobli» zararkunandalardan. U butun-butun paykallarni bildirmay, imi-jimida gʻorat qilishi mumkin. M.Turkoy nazdida, firoq ham shunday: koʻzga koʻrinmaydi, birovga bilinmaydi, ammo ogʻriqli, ruhni yeb bitirishi mumkin boʻlgan dard». Umidli deganim, shunga oʻxshash hollarga duch kelganida qoʻl siltab ketavermaydi, aksincha, shu joyda ganjina borov deya umidlanaveradi, oqibat – natija ham niyatiga yarasha boʻladi. Muhimi, bunday yondashuv ham tasodif emas, balki anglangan ilmiy-ijodiy mavqe, munaqqid missiyasi ijodkor bilan oʻquvchi orasida koʻprik boʻlish ekanini teran anglaganidan kelib chiqadi. Zero, uningcha, «Bugungi oʻquvchi faqat isteʼmolchi emas, balki ijodkor ham boʻlishni istaydi. Unga shoir kashfiyotidan lazzatlanish kamlik qiladi. Shu bois lazzat yoʻlini oʻzi kashf etishni istaydi va bunga urinadi». Toʻgʻri, kitobxonlik madaniyati pasayib borayot gan hozirgi kunda bu fikr mubolagʻaliroq koʻrinar, lekin uning zamirida ham zimmasidagi kitobxon badiiy didini koʻtarish vazifasini anglash va shunday sheʼrxon sogʻinchi yotadi.
Milliy tariximizdagi yangi bosqich – mustaqillik davri oʻzbek adabiyotining oʻziga xos xususiyatlarini, undagi yetakchi tamoyillar, taraqqiyot yoʻnalishlarini aniqlash va nazariy umumlashtirishga ham, nazarimda, Qozoqboy Yoʻldosh boshqalardan koʻra ertaroq harakat boshladi. Oʻylab qaralsa, shunday boʻlishi tabiiy ham. Negaki aynan mustaqillik arafalaridan faollashgan munaqqid adabiy jarayon qozonida obdan qaynadi, ayni payt da, yuqorida ham aytdik, uni olimona nigoh bilan muntazam chetdan kuzatib tura oldi. Adabiyotshunoslik ilmining qator murakkab, bahsli muammolari borki, koʻpincha «qulogʻim tinch tursin» deb koʻpchilik ularni chetlab oʻtishga moyil. Muayyan bir davr adabiyotiga xos asosiy belgilarni aniqlagan holda uning umumiy manzarasini chizish, adabiy-tarixiy obzor tarzidagi maqola yozishning oʻzi boʻlmaydi. Bunga jurʼat ham, keng qamrovli olimona nigoh ham, tahliliy tafakkur quvvati ham kerak. Shularni oʻzida jam etolgan Qozoqboy Yoʻldoshning «Dastlabki dovon belgilari», «Yangi oʻzbek adabiyoti: ildizlar, belgilar, bosqichlar va atama», «Istiqlol nasri belgilari» kabi maqolalari, aminmanki, mazkur davr adabiyoti haqidagi fundamental tadqiqotlar poydevoridagi zalvorli toshlar boʻlib qoladi. Muhimi, mazkur maqolalarda adabiyotshunosligimiz uchun dolzarb masalalar oʻrtaga tashlanadi, muhim nazariy umumlashmalar chiqariladi, muayyan muammolar yechimi yuzasidan original nuqtayi nazarlar bayon qilinadi. Ehtimol, ularning ayrimlariga qoʻshilmaslik, boshqalari bilan bahslashish ham mumkindir, biroq adabiy-nazariy tafakkur rivoji uchun ahamiyatini koʻrmaslikning iloji yoʻq. Olimning jahon adabiyotidagi hodisalar, turli oqim va yoʻnalishlarni anglash, ularning milliy adabiyotimizga daxldorlik tomonini idrok etish maqsadlariga qaratilgan «Anglashning azobli yoʻli», «Modernizm: ildiz, mohiyat va belgilar», «Postmodernizm: ildiz, mohiyat va belgilar» kabi maqolalarining ahamiyati ham bulardan aslo kam emas. Shuning uchun ham bu asarlarni oʻqiganda matn ortida katta adabiyotshunos turganini mudom his qilasan kishi.
Albatta, hamisha gapning dangalini aytadigan, oʻz soʻzi bor va soʻzining zalvorini biladigan, kerak boʻlsa, ziyoli davralarda ham chapaniligi tutib qoladigan odamni hamma ham birday xushlayvermasligi tayin. Buning ustiga, insonchilik, hasad degan balo ham bor... Xullas, yashirib nimayam qildik, gohida «pedagogikadan yoqlagan, metodist» deya adabiyotshunoslikdan ixroj qilmasa ham, aytar soʻziga kamroq qimmat berishga urinish hollari sezilib qoladi. Bunaqa paytlar avval kulging qistaydi, soʻng jahling chiqadi... – odamning yuzi issiq deya oʻz-oʻzingga vaj soʻqiysan-da, indamay qoʻya qolasan. Holbuki, aynan Qozoqboy Yoʻldoshning metodist boʻlgani – eng avval adabiyotning, adabiyotshunoslikning yutugʻi. Negaki olim metodika sohasiga adabiy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish zarurati gʻoyat dolzarb boʻlib turgan mahalda kirib keldi. Holbuki, u vaqtlar «metodist» deya goʻyo kamsitmoqchi boʻluvchilar bu zaruratni durustroq anglab ham ulgurmagan, koʻplari «badiiy adabiyot ijtimoiy boʻlishi kerakmi yo sof sanʼat hodisasimi?», «endi falon-falonlarning asarlarini ham oʻrganamizmi yo zamona kemasidan uloqtiramizmi?» qabilidagi, oʻylab qoʻrilsa, besamar bahs-munozaralar bilan band edi. Shoʻro davri adabiy taʼlimi tubdan isloh etilishga muhtoj, ayni paytda, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarib ham qoʻymaslik, yaʼni «yuvindiga qoʻshib chaqaloqni ham uloqtirib yubormaslik» taqozo etilar edi. Shu vazifani uddalashga chogʻlangan Qozoqboy Yoʻldosh belgilovchi tamoyilni toʻgʻri tanladi – adabiyotni sanʼat sifatida oʻqitishni adabiy taʼlim asosi oʻlaroq talqin qildi. 1995-yilda chop qilingan adabiyot oʻqitish konsepsiyasida adabiyotshunos-pedagog olimning bu boradagi qarashlari toʻla aks etganki, buni «sof» adabiyotshunos yoki «sof» pedagog oʻlaroq uddalash qiyindek koʻrinadi menga. Afsus, konsepsiyani toʻliq joriy etish imkoni boʻlmadi: har doimgidek umumiy maqsadga erishish emas, oʻz koʻmochiga kul tortish harakati ustuvorlik qildiki, buning oʻzi alohida masala. Shunga qaramay, oʻsha yillari Qozoqboy Yoʻldosh muallifligida chop qilingan darsliklarda mazkur konsepsiya ruhi yaqqol sezilishini taʼkidlash joiz.
Qozoqboy Yoʻldosh oʻz faoliyati bilan oʻzbek adabiyotshunosligidagi metodikaga munosabatning oʻzgarishi zarur ekanligi, metodistlarning esa izlanishlarida oʻqitish masalasining oʻzi bilangina cheklanib qolmasligi kerakligini yaqqol koʻrsatib berdi desam, mubolagʻa yo yubiley bahona aytilguvchi qizil gap emas. Zero, jahon adabiyotidagi taraqqiyot tamoyillari-yu adabiyotshunoslikning dolzarb masalalaridan xabardor, adabiyot nazariyasini chuqur bilgan olimning oʻqitish masalalariga doir qarashlari, ishlari ham shunga yarasha boʻladi. Yaʼni olimning bu boradagi faoliyatini ishlatib kelayotganimiz «qarich» bilan oʻlchashimiz ravo emas, boshqacha «arshin» bilan yondashmoq kerak boʻladi. Fikrimizning dalili oʻlaroq Qozoqboy Yoʻldoshning keyingi ishlaridan biri – qizi bilan hammualliflikdagi «Badiiy tahlil asoslari» nomli kitobini koʻrsatish kifoya. Unda muallif taʼkidlab aytadi: «Qachonki boʻlajak filolog badiiy asarlarni tahlil etish yoʻl-yoʻrigʻini fan darajasida oʻrganmas va har qanday janrdagi estetik yaratiqni tahlil qila olish malakasiga ega boʻlmas ekan, adabiy taʼlimdan kuzatilgan asl maqsadga toʻliq erishilishi mumkin emas. Adabiyot oʻqituvchisi nochorligicha, adabiyot darslari zerikarliligicha, asardan chiqariladigan xulosa «ijtimoiy nasihat»ligicha qolaveradi». Shu gap Qozoqboy aka ilmiy izlanishlarini nega metodika yoʻnalishida davom ettirishga qaror qilganini, buning chin maʼnoda anglangan tanlov boʻlganini koʻrsatadi. Darhaqiqat, adabiyotning taraqqiy etishiga zamin taʼlim tizimida qoʻyiladi. Shunga amin ekanligi bois olim bu asosning mustahkam boʻlishini istaydi, adabiyot darslarining zerikarli boʻlmasligi uchun qanday tahlil usullaridan qay yoʻsin foydalanish lozimligini hijjalab tushuntiradi. Kitobda jahon adabiyotshunosligi badiiy tahlil bobida erishgan yutuqlar magʻzi yirik adabiyotshunos, munaqqid va pedagog olim Qozoqboy Yoʻldosh nigohi orqali bir fokusga yigʻiladi-da, filolog talabalarga begʻaraz taqdim etiladi. Hech ikkilanmay ishonaveringki, kitob magʻzini oʻzlashtira olgan talabaning soʻz sanʼati, adabiy asar, adabiyotshunosning vazifasi haqidagi tasavvurlari oʻzgaradi, ilmiy jihatdan toʻgʻri oʻzanga tushadi – ertaga ustozlaridan oʻzish imkoniyati kengayadi. Ayon boʻladiki, Qozoqboy Yoʻldosh nima bilan mashgʻul boʻlmasin – dars aytadimi, darslik yozadimi, ilmiy-metodik izlanish olib boradimi, qatʼi nazar – adabiyotning arigʻini chopayotgan, uning ertangi baravj rivoji uchun zamin hozirlayotgan boʻlib chiqadi.
Yetmishni qoralayotgan Qozoqboy Yoʻldosh, koʻz tegmasin, qilichday, tilagimiz, hech qachon dami qaytmasin, qalami hami sha taroshlangan boʻlib, soʻz sanʼati uchun qilayotgan ulugʻ xizmatida bardavom boʻlsin.
Қозоқбой Йўлдош деганда ҳамон «бизда адабий танқид бор» деб ўйловчилар далил учун бармоқ букиб санашга туш ган пайт бешак тилга олинадиган «динозавр»лардан бири кўз олдимга келади. Дарҳақиқат, Қозоқбой ака ўтган асрнинг 90-йиллари бошларидан ўзининг адабий-танқидий мақолалари билан матбуотда фаол қатнашиб, адабий-бадиий жараёнга, миллат бадиий-эстетик дидига сезиларли таъсир кўрсатиб келади. Мунаққид эълон қилган адабий-танқидий материаллар – мақола, тақриз, сўзбоши ва сўнгсўзлари, шунингдек, давра суҳбатлари ва баҳслардаги иштироки, суҳбатлардаги мулоҳазалари, сўровномаларга жавоблари кўздан кечирилса, унинг адабий жараённи мунтазам кузатиб боришига амин бўлиш мумкинки, бу – ҳақиқий танқидчига хос муҳим хусусият. Бадиий сўзни ғоят теран ҳис қилиши, сўз воситасида яралган ирреал оламда ўзини сувдаги балиқ мисол эркин сезиши унга асарнинг кўпчилик назаридан пинҳон гўзаллиги, жозиба кучини очишга имкон берадики, бу – иккинчи ва аҳамиятига кўра биринчисидан ортиқ бўлса ортиқки, асло кам бўлмаган хусусият.
Мазкур хусусиятларнинг биринчиси мунаққиднинг обзор мақолалари, аниқроғи, Ёзувчилар уюшмасининг наср, шеърият, танқид ва адабиётшунослик кенгашларининг йиллик ҳисоботлари ўлароқ ўқилган маърузаларининг нашр вариантларида, айниқса, яққол кўринади. Муҳими, Қозоқбой Йўлдош бу ишга шун чаки ҳисобот деб эмас, балки муайян соҳа ҳақида ўйлаб юрганлари билан ўртоқлашиш, ундаги ўткир муаммоларни ўртага ташлаш учун бир имконият деб қарайди. Шу боис ҳам «Таҳлил машаққатлари» (1992), «Ўзбек насри уфқлари» (1998), «Янгиланишлар мунтазамлиги» (2001) каби маърузаларини, айтиш мумкин бўлса, «йил ҳисоботи жанри»нинг сара намуналари дегим, кейинги маърузачиларга шулардан андаза олишни тавсия этгим келади. Масалан, 1998-йилда наср кенгаши йиғилишида ўқилган маъруза кейинроқ «Ўзбек насри уфқлари» номи билан чоп этилган. Унда мунаққид, жумладан, «ўзбек ҳикоячилигида пасайиш, сўниш яққол кўзга ташланиб қолгани»дан хавотирга тушади; «кекса авлод ўз ишини қилаётир, яъни хотираларини» ёзиш билан машғул, «насримизга янги нафас олиб кириши лозим бўлган ёшлар эса йигитлигидаёқ қариб қолгандек туюлади» дея ижодкорларга ўз миссияларини эслатишга, ижодга даъват этишга ҳаракат қилади. Мунаққид «иқтисодий вазият туфайли умидли ёзувчилар ижоддан воз кечаётгани», «яхши асар ёзганни эмас, балки яхши ишга ўтганни катта натижага эришди деб ҳисоблаш» меъёрга айланаётганини афсус билан қайд этаркан, барибир, «адабий жараёнда эртанги умидлар ҳам куртакланаётганини» аниқ кўра олади, шунга ишонтиради кишини.
Қозоқбой Йўлдошнинг танқидчилик фаолиятида кўпчилик эътироф этадиган бир жиҳат бор – янгиликни қўллаб-қувватлаш. Сираси, бунақа одамлар ҳам, мунаққидлар ҳам кам эмас. Бироқ кимдир атрофдагиларнинг «қолоқ, қотиб қолган» дейишларидан қўрқиб, кимдир замондан ортда қолмаслик учун, кимдир эса шунчаки модага эргашиб янгиликка нисбатан бағрикенглик қилади. Қозоқбой акадаги бағрикенглик табиати ўзгача: аввало, янгиликни англашга интилади, агар тиши ўтмай турган жойи келиб қолса, инкор этишга шошмайди – савқи табиийси билан унда нимадир борлигини ҳис қила олса бўлди, ўша янгиликни қабул қилади. Асли, ҳақиқий бағрикенглик ҳам шу – ўзганинг сен тушунмаган ёки қабул қилолмаган фикрига ҳам ҳақ бериш, унинг ҳам яшашга ҳақли эканини эътироф этиш. Бироқ бу ҳар қандай фикр-қарашни қабул қилиш дегани ҳам эмас, йўқ, ўша фикр-қараш атрофлича ва чуқур мушоҳада қилинади, шундан сўнггина асослаб, далиллаб рад этилади. Мунаққиднинг «Тишинг ўтмаса тош чайнама...» номли мақоласи айни шу тамойил асосида яралган. Умуман, бошқалар билан баҳсга киришганки бўлса, барида шу тамойилга таянади, ундан оғишмасликка ҳаракат қилади. Фитратидаги айни шу хусусият Қозоқбой Йўлдошнинг адабиётдаги янгиланишга, ундаги янгича ифодаларга сабрли ва умидли муносабати асосидирки, ёшлар модернча изланишларининг ҳимоячиси, ўрни келса, тарғиботчиси ўлароқ танилганининг сабаби ҳам шунда. Сабрли деганим, масалан, «Юракни ер фироқ – шиллиққурт» ташбеҳида ўхшашлик асосини бирдан топиш маҳол, яъни бесабрроқ одам бўлса, «берди»сини айтгунча ўлдириб қўйгудек. Қозоқбой ака эса, аксинча, шошилмай мулоҳаза қилиб кўради-да, сабр таги сар олтин деганларидек, бир қарашда хунук (яъни анъанавий бадииятдан йироқ) ташбеҳ мағзидаги маъноларни очиб беради: «Шиллиққурт ёмонлиги кўзга ташланмайдиган, «тортинчоқ» ва «одобли» зараркунандалардан. У бутун-бутун пайкалларни билдирмай, ими-жимида ғорат қилиши мумкин. М.Туркой наздида, фироқ ҳам шундай: кўзга кўринмайди, бировга билинмайди, аммо оғриқли, руҳни еб битириши мумкин бўлган дард». Умидли деганим, шунга ўхшаш ҳолларга дуч келганида қўл силтаб кетавермайди, аксинча, шу жойда ганжина боров дея умидланаверади, оқибат – натижа ҳам ниятига яраша бўлади. Муҳими, бундай ёндашув ҳам тасодиф эмас, балки англанган илмий-ижодий мавқе, мунаққид миссияси ижодкор билан ўқувчи орасида кўприк бўлиш эканини теран англаганидан келиб чиқади. Зеро, унингча, «Бугунги ўқувчи фақат истеъмолчи эмас, балки ижодкор ҳам бўлишни истайди. Унга шоир кашфиётидан лаззатланиш камлик қилади. Шу боис лаззат йўлини ўзи кашф этишни истайди ва бунга уринади». Тўғри, китобхонлик маданияти пасайиб бораёт ган ҳозирги кунда бу фикр муболағалироқ кўринар, лекин унинг замирида ҳам зиммасидаги китобхон бадиий дидини кўтариш вазифасини англаш ва шундай шеърхон соғинчи ётади.
Миллий тарихимиздаги янги босқич – мустақиллик даври ўзбек адабиётининг ўзига хос хусусиятларини, ундаги етакчи тамойиллар, тараққиёт йўналишларини аниқлаш ва назарий умумлаштиришга ҳам, назаримда, Қозоқбой Йўлдош бошқалардан кўра эртароқ ҳаракат бошлади. Ўйлаб қаралса, шундай бўлиши табиий ҳам. Негаки айнан мустақиллик арафаларидан фаоллашган мунаққид адабий жараён қозонида обдан қайнади, айни пайт да, юқорида ҳам айтдик, уни олимона нигоҳ билан мунтазам четдан кузатиб тура олди. Адабиётшунослик илмининг қатор мураккаб, баҳсли муаммолари борки, кўпинча «қулоғим тинч турсин» деб кўпчилик уларни четлаб ўтишга мойил. Муайян бир давр адабиётига хос асосий белгиларни аниқлаган ҳолда унинг умумий манзарасини чизиш, адабий-тарихий обзор тарзидаги мақола ёзишнинг ўзи бўлмайди. Бунга журъат ҳам, кенг қамровли олимона нигоҳ ҳам, таҳлилий тафаккур қуввати ҳам керак. Шуларни ўзида жам этолган Қозоқбой Йўлдошнинг «Дастлабки довон белгилари», «Янги ўзбек адабиёти: илдизлар, белгилар, босқичлар ва атама», «Истиқлол насри белгилари» каби мақолалари, аминманки, мазкур давр адабиёти ҳақидаги фундаментал тадқиқотлар пойдеворидаги залворли тошлар бўлиб қолади. Муҳими, мазкур мақолаларда адабиётшунослигимиз учун долзарб масалалар ўртага ташланади, муҳим назарий умумлашмалар чиқарилади, муайян муаммолар ечими юзасидан оригинал нуқтайи назарлар баён қилинади. Эҳтимол, уларнинг айримларига қўшилмаслик, бошқалари билан баҳслашиш ҳам мумкиндир, бироқ адабий-назарий тафаккур ривожи учун аҳамиятини кўрмасликнинг иложи йўқ. Олимнинг жаҳон адабиётидаги ҳодисалар, турли оқим ва йўналишларни англаш, уларнинг миллий адабиётимизга дахлдорлик томонини идрок этиш мақсадларига қаратилган «Англашнинг азобли йўли», «Модернизм: илдиз, моҳият ва белгилар», «Постмодернизм: илдиз, моҳият ва белгилар» каби мақолаларининг аҳамияти ҳам булардан асло кам эмас. Шунинг учун ҳам бу асарларни ўқиганда матн ортида катта адабиётшунос турганини мудом ҳис қиласан киши.
Албатта, ҳамиша гапнинг дангалини айтадиган, ўз сўзи бор ва сўзининг залворини биладиган, керак бўлса, зиёли давраларда ҳам чапанилиги тутиб қоладиган одамни ҳамма ҳам бирдай хушлайвермаслиги тайин. Бунинг устига, инсончилик, ҳасад деган бало ҳам бор... Хуллас, яшириб нимаям қилдик, гоҳида «педагогикадан ёқлаган, методист» дея адабиётшуносликдан ихрож қилмаса ҳам, айтар сўзига камроқ қиммат беришга уриниш ҳоллари сезилиб қолади. Бунақа пайтлар аввал кулгинг қистайди, сўнг жаҳлинг чиқади... – одамнинг юзи иссиқ дея ўз-ўзингга важ сўқийсан-да, индамай қўя қоласан. Ҳолбуки, айнан Қозоқбой Йўлдошнинг методист бўлгани – энг аввал адабиётнинг, адабиётшуносликнинг ютуғи. Негаки олим методика соҳасига адабий таълим тизимини тубдан ислоҳ қилиш зарурати ғоят долзарб бўлиб турган маҳалда кириб келди. Ҳолбуки, у вақтлар «методист» дея гўё камситмоқчи бўлувчилар бу заруратни дурустроқ англаб ҳам улгурмаган, кўплари «бадиий адабиёт ижтимоий бўлиши керакми ё соф санъат ҳодисасими?», «энди фалон-фалонларнинг асарларини ҳам ўрганамизми ё замона кемасидан улоқтирамизми?» қабилидаги, ўйлаб қўрилса, бесамар баҳс-мунозаралар билан банд эди. Шўро даври адабий таълими тубдан ислоҳ этилишга муҳтож, айни пайтда, қош қўяман деб кўз чиқариб ҳам қўймаслик, яъни «ювиндига қўшиб чақалоқни ҳам улоқтириб юбормаслик» тақозо этилар эди. Шу вазифани уддалашга чоғланган Қозоқбой Йўлдош белгиловчи тамойилни тўғри танлади – адабиётни санъат сифатида ўқитишни адабий таълим асоси ўлароқ талқин қилди. 1995-йилда чоп қилинган адабиёт ўқитиш концепциясида адабиётшунос-педагог олимнинг бу борадаги қарашлари тўла акс этганки, буни «соф» адабиётшунос ёки «соф» педагог ўлароқ уддалаш қийиндек кўринади менга. Афсус, концепцияни тўлиқ жорий этиш имкони бўлмади: ҳар доимгидек умумий мақсадга эришиш эмас, ўз кўмочига кул тортиш ҳаракати устуворлик қилдики, бунинг ўзи алоҳида масала. Шунга қарамай, ўша йиллари Қозоқбой Йўлдош муаллифлигида чоп қилинган дарсликларда мазкур концепция руҳи яққол сезилишини таъкидлаш жоиз.
Қозоқбой Йўлдош ўз фаолияти билан ўзбек адабиётшунослигидаги методикага муносабатнинг ўзгариши зарур эканлиги, методистларнинг эса изланишларида ўқитиш масаласининг ўзи билангина чекланиб қолмаслиги кераклигини яққол кўрсатиб берди десам, муболаға ё юбилей баҳона айтилгувчи қизил гап эмас. Зеро, жаҳон адабиётидаги тараққиёт тамойиллари-ю адабиётшуносликнинг долзарб масалаларидан хабардор, адабиёт назариясини чуқур билган олимнинг ўқитиш масалаларига доир қарашлари, ишлари ҳам шунга яраша бўлади. Яъни олимнинг бу борадаги фаолиятини ишлатиб келаётганимиз «қарич» билан ўлчашимиз раво эмас, бошқача «аршин» билан ёндашмоқ керак бўлади. Фикримизнинг далили ўлароқ Қозоқбой Йўлдошнинг кейинги ишларидан бири – қизи билан ҳаммуаллифликдаги «Бадиий таҳлил асослари» номли китобини кўрсатиш кифоя. Унда муаллиф таъкидлаб айтади: «Қачонки бўлажак филолог бадиий асарларни таҳлил этиш йўл-йўриғини фан даражасида ўрганмас ва ҳар қандай жанрдаги эстетик яратиқни таҳлил қила олиш малакасига эга бўлмас экан, адабий таълимдан кузатилган асл мақсадга тўлиқ эришилиши мумкин эмас. Адабиёт ўқитувчиси ночорлигича, адабиёт дарслари зерикарлилигича, асардан чиқариладиган хулоса «ижтимоий насиҳат»лигича қолаверади». Шу гап Қозоқбой ака илмий изланишларини нега методика йўналишида давом эттиришга қарор қилганини, бунинг чин маънода англанган танлов бўлганини кўрсатади. Дарҳақиқат, адабиётнинг тараққий этишига замин таълим тизимида қўйилади. Шунга амин эканлиги боис олим бу асоснинг мустаҳкам бўлишини истайди, адабиёт дарсларининг зерикарли бўлмаслиги учун қандай таҳлил усулларидан қай йўсин фойдаланиш лозимлигини ҳижжалаб тушунтиради. Китобда жаҳон адабиётшунослиги бадиий таҳлил бобида эришган ютуқлар мағзи йирик адабиётшунос, мунаққид ва педагог олим Қозоқбой Йўлдош нигоҳи орқали бир фокусга йиғилади-да, филолог талабаларга беғараз тақдим этилади. Ҳеч иккиланмай ишонаверингки, китоб мағзини ўзлаштира олган талабанинг сўз санъати, адабий асар, адабиётшуноснинг вазифаси ҳақидаги тасаввурлари ўзгаради, илмий жиҳатдан тўғри ўзанга тушади – эртага устозларидан ўзиш имконияти кенгаяди. Аён бўладики, Қозоқбой Йўлдош нима билан машғул бўлмасин – дарс айтадими, дарслик ёзадими, илмий-методик изланиш олиб борадими, қатъи назар – адабиётнинг ариғини чопаётган, унинг эртанги баравж ривожи учун замин ҳозирлаётган бўлиб чиқади.
Етмишни қоралаётган Қозоқбой Йўлдош, кўз тегмасин, қиличдай, тилагимиз, ҳеч қачон дами қайтмасин, қалами ҳами ша тарошланган бўлиб, сўз санъати учун қилаётган улуғ хизматида бардавом бўлсин.
Dilmurod Quronov