← Dilmurod Quronov
|

Adabiyot biz koʻnikkan tushunchadangina iborat emas (suhbat)

Dilmurod Quronov

Suhbat · 2015 · «Talqin imkonlari» toʻplamidan

(Yozuvchi U.Hamdam bilan suhbat)

Ulugʻbek Hamdam: Sir emas, keyingi qariyb yigirma-yigirma besh yil mobaynida davr tubdan oʻzgardi. Bu degani shuki, yangi davrga xos boʻlgan kayfiyat ham paydo boʻldi. Demak, istaymizmi-yoʻqmi, yangilangan kayfiyatni oʻz asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan boʻlishi kerak. Agar shunday boʻlsa, qani ular? Nega “manaman” deya koʻzga tashlanmayapti? Bu gapni yana shuning uchun aytayapmanki, davralarda koʻpincha 70-yillar avlodidan keyin bizda boshqa adabiy avlod shakllanmadi, degan yozgʻiriqlarni tez-tez eshitib qolamiz. Chindan ham shundaymi? Aksi boʻlsa, buning isboti bormi? Chunki har bir yangi avlodning oʻz ijodiy kredosi boʻladi, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishida oʻziga xoslik boʻladi, xoʻsh, shu xususiyatlar nimalarda koʻzga tashlanadi? XX asr oʻzbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, adabiy avlodlar bir-birlaridan juda koʻp jihatlarga koʻra yaqqol ajralib turganining guvohi boʻlamiz. Chunonchi, maʼrifat, islohot va ozodlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan ijtimoiy kayfiyat jadidlar avlodining; inqilob va shoʻroning ilk yillaridagi gʻalabali (buning zamiridagi qurbonlaru yoʻqotishlardan qatʼi nazar) yurishlari bilan bogʻliq ijtimoiy kayfiyat 20-yillar avlodining; sotsializm gʻoyasiga ishonchning tiriltirilishi bilan bogʻliq ijtimoiy kayfiyat 60-yillar avlodining; gʻoyaga ishonchning barbod boʻlishi va tub ijtimoiy oʻzgarishlar (jumladan, istiqlol) zaruratining his etilishi bilan bogʻliq ijtimoiy kayfiyat 70-yillar avlodining gʻoyaviy-estetik mavqeini belgilagan. Xoʻsh, bugun-chi?Bugungi adabiy avlodning (agar u shakllangan boʻlsa!) gʻoyaviy-badiiy-estetik qarashlari nimalardan iborat?

D.Quronov: Sirasini aytsam, men koʻproq “70-yillar avlodidan keyin bizda adabiy avlod shakllanmadi” deguvchilar fikriga qoʻshilaman. Biroq bu fikrni yozgʻiriq ohangida yoki adabiyotimizga 70-yillar avlodidan keyin kirib kelganlarni kamsitish maʼnosida aytish toʻgʻri emas deb bilaman. Nazarimda, Ulugʻbek XX asr oʻzbek adabiyotidagi adabiy avlodlarni juda toʻgʻri sanab oʻtdi, har birining gʻoyaviy-estetik mavqei, ijodiy kredosini belgilagan asosiy omil – davr dominant ijtimoiy kayfiyati mohiyatini ham loʻnda ifodaladi. Haqiqatan ham sanalgan avlodlar gʻoyaviy va adabiy-estetik qarashlari jihatidan bir-biridan aniq-tiniq farqlanadi. Savol tugʻiladi: mumtoz adabiyotimizda hozir biz nazarda tutayotgan maʼnodagi “adabiy avlod”lar bormi? Oʻylaymanki, agarda yoʻq desam, birov eʼtiroz qilmasa kerak. Demak, adabiy avlod degani muayyan davr, shu davr yuzaga keltirgan maʼlum shart-sharoitlar mahsuli ekan-da! Fikrimcha, shunday: u shaxs ijtimoiylashgan, oʻzining mohiyatiyu taqdirini jamiyat bilan birlikdagina idrok qilib, ijtimoiylikni shaxsiylikdan ustun qoʻygan davr mahsuli. Hozirgi inson esa, buni xoh Gʻarb taʼsiri deng va xoh boshqa, tamom boshqa olam: u turmushini yaxshilash, oʻzi va yaqinlarida mavjud imkonlarni namoyon etishu farovon yashash uchun zarur sharoitlar yaratish... kabi oddiy, kundalik tashvishlar bilan andarmon. Iloj qancha, yaqin-yaqinlargacha adabiyotimiz “meshchancha” deya qoralab kelgan turmush va tafakkur tarzi endi odatiy normaga aylanib ulgurganini tan olishga toʻgʻri keladi. Aytmoqchimanki, Ulugʻbek, siz aytgan “yangi davrga xos boʻlgan kayfiyat”, menimcha, shuning oʻzidir. Toʻgʻri, ich-ichimizda bu bilan kelisholmay turganimiz bor gap: ijtimoiy fikrga keng miqyosda taʼsir qila oladigan adabiyotni, nafaqat badiiy, balki ijtimoiy tafakkurning ham ilgʻorida boradigan ijodkorlarni – shu kunning gapini aytadigan “adabiy avlodni” hanuz sogʻinayotganimiz shundan. Holbuki, “yangilangan kayfiyatni oʻz asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan”, faqat undan salaflaridagi belgilarni izlash befoyda. Negaki, endi ijod ahlining barini birdek oʻrtovchi umummilliy dard yoʻq, yaʼni ijtimoiy dardni shaxsiylantira olishning oʻzi kifoya emas, aksincha, shaxsiy dardni ijtimoiy ahamiyatga molik darajada badiiy talqin qila olish salohiyati zarur. Endi bir oʻylang, bugungi sanʼatkor hammaning diliga birdek yoʻl topishi, hammaning dilidagini ayta olishi mumkinmi? Fikrimcha, yoʻq, uning aytganlari faqat bir qismning koʻnglidagina aks sado beradi, chunki ommadagi badiiy did turfa, maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlar xilma-xil. Ikkinchi tomoni, ijodkor bugun avvalo oʻzini ifodalaydi dedik. Demak, bugun asarlarda voqelanayotgan shaxsiyatning darajasi, maʼnaviy-ruhiy imkonlari-da turfa: birida olamiy muammolarning tashvishli talqini, boshqasida koʻngilning olis puchmoqlarida botin shahvoniy va yo vahshiyona mayllar muhri... Ijodkorlarning kimisi atrofidagi narsa-hodisa va yo voqeadan hikmat izlaydi, boshqasi tamom yangi voqelik yaratish payida, tagʻin birisi uchun aytaridan koʻra aytish jarayonining oʻzi muhimroq – soʻzlarni, ramzu timsollarni oʻynatish bilan ovora.

Ulugʻbek Hamdam: Nazarimda, bugungi kunda adabiyotimizning eng katta xususiyati uning rang-barangligidir. Ha, zamonaviy oʻzbek adabiyoti mavzu jihatidan ham, janriy oʻzgarishlar nuqtai nazaridan ham, uslub tomonidan ham gʻoyat xilma, xil koʻrinishga ega boʻlib borayotir. Fikrimcha, shu xilma, xillik va unga doimo ega boʻlish imkoni bizning asl, bebaho boyligimiz boʻlsa, ajab emas. Demak, avvalo, shu boylikning qadriga yetmoq, uni asrab-avaylamoq kerak boʻladi. Chunki ijod uchun erkinlik degani koʻchat uchun moʻʼtadil tuproq, suv va havodek gap. Modom shunday ekan, ijod erkinligi uchun bizning hammamiz, butun jamiyat, ayniqsa, uning ziyoli qatlami va ayniqsa, ijod ahli masʼuldir, toʻgʻrimi?

D.Quronov: Avvalo, agar xilma-xillik bebaho boylik deya eʼtirof etilarkan, bugun oʻzining gʻoyaviy-estetik mavqeiga ega adabiy avlod shakllanmayapti deya koyishimiz oʻrinsiz. Ijod erkinligi masalasiga kelsak, u bugunning kun tartibidan olingan desak boʻlaveradi. Biroq, nazarimda, boshqa bir masala – erkinlikning hadlari bormi yo chek-chegarasizmi degan masala dolzarblasha boshladi. Sirasi, ijod erkinligi ham demokratiyaga oʻxshash narsa: demokratiya huquq va burch birligini nazarda tutadi, agar burchlar inkor qilinsa, anarxiya yuzaga keladi. Shunga oʻxshash, ijodkor ham erkin, lekin u burchini – milliy madaniyat vakili ekanini, qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarga hurmat bilan qarashga burchli ekanini ich-ichidan his qilmogʻi kerak.

Ulugʻbek Hamdam: Boshqa tomondan, rang-baranglik deganimiz avlod degan tushunchani inkor etmaydimi? Axir avlod boʻlish uchun muhitning bir xilligiyu shunga yarasha dunyoqarashdagi yakranglik ham kerak boʻladi-da. Hozir isteʼmolda hamma “izm”lar mavjud. Kim anʼanada, kim mumtozda, kim modern va yana kim “supermodern”, yaʼni hamma yoʻnalishlarning kesishuvida ijod qilayapti. (Buni optimistlar “sintez” deydi, pessimistlar boʻlsa “boʻtqa”). Shunday bir vaziyatda dunyoni badiiy-estetik qabul qilishdagi yaqinlikka tayanadigan adabiy avlod haqida gapirish qanchalik oʻrinli ekan?

D.Quronov: Albatta, oʻrinli emas, buni yuqorida ham aytdim. Endi adabiyotimiz qiyofasi mozaikasimon ekaniga koʻnishimiz, koʻnikishimiz lozim. Zero, bu tabiiy va qonuniy bir holdir. Shunaqa ekan, avvalo, bugungi adabiy jarayondagi hodisalarga munosabatni shunga moslash, uni dunyoni badiiy idrok qilish bobidagi har qanday gʻoyaviy, badiiy-uslubiy izlanish yashashga haqli degan tamoyilga qurish kerak boʻladi. Yaʼni turli “izm”lar haqida balanddan turib, burun jiyirib gapirish toʻgʻri emas. Aksincha, adabiyot rivoji endilikda oʻsha “izm”lar orasidagi sogʻlom raqobat muhitini taqozo etadi. Mayli-da, axir, bir-biriga yaqin ijodkorlar oʻz klublari, adabiy maktablarini tashkil qilsinlar, ijodiy-estetik dasturlarini ishlab chiqsinlar, oʻzlarining matbuot va internet nashrlarini taʼsis etsinlar... Ravshanki, mavjud sharoit ijodiy uyushmalarda ham shunga mos tarkibiy oʻzgarishlar qilish, ularning faoliyatini uyushmalar uyushmasi tarzida yoʻlga qoʻyishni zaruratga aylantiradi.

Ulugʻbek Hamdam: Adabiyot biz koʻnikkan tushunchadangina iborat emas albatta, uning missiyasi xiyla teran, shunchalarki, insonning asliy va eng asosiy, ichkin ehtiyojlariga ajabtovur tarzda javob bera oladigandek tuyuladi menga. Chunonchi, qadimdan “Biz qaydan keldigu keturmiz qayon?” (Umar Xayyom) degan savol fikrlovchi inson uchun savollarning savoli boʻlib kelgan. Bunga muqaddas kitoblarda javob aytilgan. Odatda, oʻlmas bitiklarning javobi gʻoyat umumiy tarzda boʻladi. Fikr odami esa shu umumiylikni oʻzining va oʻzgalarning hayoti misolida konkretlashtirgisi, unga induvidual libos kiydirgisi, yaqindan tushungisi, his qilgisi keladi. Shu yerda adabiyot oʻzining obrazlar olami va ramziy tabiati bilan unga yordamga bel bogʻlaydi nazarimda. Rumiy hazratlari “Ichindagi ichindadir” asarida u dunyoni, ruhlar olamini bu dunyo orqaligina, bu dunyodan olingan misollar vositasidagina tushuntirish mumkin, deydi. Bu borada Karl Gustav Yungda ham ajoyib fikr bor ekan. Uning “Xotiralar, tushlar, mushohadalar” nomli asarida oʻlimdan keyingi hayotga ishora bor, bular tush, ong osti hayotimiz, degan fikr ilgari suriladi. Aslida, adabiyot oʻz tabiatiga koʻra xuddi shunday jihatlarni ham qamrab oladi va qamrab olmogʻi kerak emasmi? Faqat uch oʻlchovli olamga, bu dunyoning aqidalarigagina suyanib, uning talablarigagina moʻljallab bitilgan adabiyot inson koʻnglining yarimigagina malham boʻlishi mumkin, ha, shaksiz, u mavjud haqiqatning bir pallasigina boʻla oladi. Haqiqiy adabiyoda har ikki olamga ishora boʻlmogʻi va eng muhimi, haqiqiy katta adabiyot har ikki olamdan maʼnaviy turtki olib yaratilmogʻi kerak, deb oʻylayman. Chunki bu adabiyot bizning oʻzimiz, koʻngil holimiz, ong ustiyu ong ostidagi borliq “Men”imiz ekan, uning “besh kunlik dunyo”ning malayi boʻlib, undagi biron bir oʻtkinchi mafkuraga xizmat qilibgina “kun koʻrishi” har qanday jiddiy adabiyotning kechirilmas nuqsonidek tuyuladi menga... Shu xususda ham fikrlashib olsak.

D.Quronov: Kechirasiz-u, Ulugʻbek, fikringizda ichki ziddiyat koʻryapman: agarki adabiyot “men”imiz ekan, u “besh kunlik dunyo”-dan ayro tusholmaydi, negaki, “men”imiz dunyo bilan munosabatdagina mavjud. Bas, adabiyot oʻsha “men”ni dunyo bilan uzviy aloqada, yaʼni dunyodagi “men”ni yoki “men” orqali dunyoni oʻrganadi. Shunaqa ekan, ularni bir-biriga bu qadar keskin qarshi qoʻymagan maʼqul koʻrinadi. Axir, bizga shu besh kunlik dunyonigina qisman bilish imkoni berilgan, buni siz Rumiydan keltirgan fikr ham tasdiqlab turibdi. Toʻgʻri, adabiyotning voqelikka badiiy illyustratsiya boʻlishi ham, mafkura xizmatchisi boʻlishi ham noravo, lekin ulardan butkul holi ham boʻlolmaydi. Zero, ijodkor voqelikni badiiy idrok etarkan, u haqdagi muayyan fikr-qarashlarini ifoda etadi. Bas, jamiyatda yashab turgan shaxs sifatida ijodkorning fikr-qarashlari mavjud mafkuralardan biriga yaqin boʻlishi ajablanarli emas. Ha, biz shoʻrocha andozadagi adabiyot va mafkura munosabatidan zadamiz, shuning taʼsirida ikkisini bir-biridan tamom ayirishga harakat qilamiz. Holbuki, bir tomoni ong sohasi boʻlmish adabiyotning ichki mohiyatidan kelib chiquvchi mafkuraviylikni inkor qilish zoʻrlikning boshqacha koʻrinishidir.

Ulugʻbek Hamdam: Dunyo dunyo boʻlibdiki, ezgulik va yovuzlik kurashib keladi. Kecha adabiyot ezgulik, yaxshilik, yorugʻlikning yonida turib “jang” qilayotgan edi. Bugunchi?.. Bugun adabiyot ezgulik uchun kurashishdan “uyalmayaptimi”, “or-nomus” qilmayaptimi? Koʻpchilikning nazarida kulgili ahvolga tushib qolgan ezgulikning yonida, ezgulik uchun “jon olib, jon berish” adabiyotga gʻalati, sogʻlom mantiqdan uzoq tutim, “romantika” boʻlib koʻrinmayaptimi? Xullas, adabiyot bugun kimning, nimaning yonida va nima uchun?..

D.Quronov: Ha, sirtdan qarasang adabiyot hanuz ezgulik tomonida turgandek esa-da, afsuski, tashvishingizda asos yoʻq emas... Hammaga maʼlum, badiiy asardagi oshkor didaktika – nasihatbozlik qanchalik gʻashga tegsa, namoyishkorona ezgulik bayroqdori boʻlish ham shunchalik erish tuyuladi. Men sariq matbuot sahifalarida urchigandan urchib yotgan “ibratli” hikoyalarni nazarda tutyapman. Ehtimol, oʻzini shulardan farqlash uchun chin adabiyot ezgulik uchun kurashishdan “uyalibroq” turgan boʻlsa bordir. Albatta, bu notoʻgʻri, bu oʻz mavqeini qoʻshqoʻllab topshirish, janggohdan ura qochishdan boshqa emas. Umid qilamizki, chin adabiyot bu xatosini tez anglaydi va yana oʻz maqeini egallaydi. Biroq bu oʻrinda masalaning boshqa bir jihati muhimroq koʻrinadi. Aytaylik, jangari filmlarni koʻp koʻrganmiz – ularda qahramon hamisha ezgulik tarafida. Lekin ezgulik tantanasi kadr ortida qoladi, tomoshabinni esa kadrdagi mushtlashuvlar, otishmalar, qon toʻkishlar, fahsh sahnalar oʻziga jalb etadi... Albatta, buning inson psixologiyasi bilan bogʻliq asoslari bor, lekin hozir gap bu haqda emas. Gap shundaki, adabiyotda ham shu hol bot-bot koʻzga tashlanib qolayotir. Masalan, birov fohisha hayotini qalamga oladi-da, unda-da avvalo bir insonni koʻrmoqni, taqdir degani kutilmagan evrilishlarga boyligiyu inson hayotining u yo bu oʻzandan ketishiga atrofdagilar ham sababchi boʻlishlarini koʻrsatmoqchi boʻladi. Niyat-ku yaxshi, lekin shoʻrlik niyat fahsh sahnalar soyasida koʻmilib ketadi-da! Eng yomoni, aksar epizodlar milliy ruhga ozor yetkazadi, badiiy didga oʻtirishmaydi. Qizigʻi, birov buni beayov tanqid qilsa, boshqasi shuni oʻqimasdan adabiyotshunosman deb yurganlarni koyiydi, tagʻin birisi buni Choʻlpon boshlagan anʼanalarning davomi deydi. Mayli, Choʻlponning yozganlari oʻz davri uchun juday-la oshkora, bunga qoʻshilaylik ham. Holbuki, Choʻlpon tasviridagi fohisha oʻzi tushib qolgan botqoqdan chiqish umidida pul yigʻib, kun sanab yurgan bir mazluma, Miryoqub boʻlsa oʻzidagi “itlik”dan qutulib, odam boʻlishga chogʻlangan inson. Choʻlpon fahshni tanazzul sabablaridan biri sifatida talqin qiladi, eng muhimi, uning yozganlari insonning shahvoniy mayllariga emas, ong-tafakkuriga qaratilgan. Afsuski, hozirda yaratilayotgan ayrim asarlarga nisbatan bu gapni aytib boʻlmaydi. Aytmoqchimanki, ijodkorning oʻz oldiga ezgu niyat qoʻyganining oʻzi kam, bu niyatning qay yoʻsin amalga oshirilishi pirovard natijani – oʻquvchida qanday taassurot qoldirilishini belgilaydi.

Ulugʻbek Hamdam: Istaymizmi-yoʻqmi, bugun postmodernizm haqida toʻxtalmay oʻtolmaymiz. U nima, bugun dunyo olayotgan havo-nafasmi? Uning xususiyatlari XX asr oʻzbek adabiyoti misolida qanday va nimalarda koʻrinadi? U bizni qayerga boshlab ketayapti? Aslida, modomiki, postmodernistik kayfiyat koʻnglimizga tashrif buyurgan ekan, yaxshisi, uning qoʻlidan bizning yetaklaganimiz behroq emasmi? Axir, uning “manifesti”da mutlaq erkinlik degan, bir qarashda xush, mohiyatan esa insoniyatni nimalarga giriftor qilishi nomaʼlum boʻlgan (aslida, taxmin qilish qiyin emas!) bosh “modda” bor. Bu “modda” maddalab ketmaydimi?.. Chunki Hayot (Realizm) deb atalgan “Shohkoʻcha”ga nisbatan u (va har qanday boshqa “izm” ham) bor yoʻgʻi bir “yondosh koʻcha” boʻlsa-yu(va u oʻsha “Shohkoʻcha” tufayligina qadriyatga ega esa), bu koʻchaga ixtiyorini, soʻng oʻzini butunlay topshirib, ichkariga oyoq bosgan inson adashib ketmaydimi?.. (Bu borada fikr bildirayotganda u yoki bu “izm”ga boʻlgan muhabbatimiz va yoki nafratimiz qobigʻidan chiqib olsak, haqiqatga yaqinroq kelarmikanmiz, deyman).

D.Quronov: Bilasizmi, Ulugʻbek, adabiyotimizdagi Gʻarb taʼsiri masalasi koʻtarilsayoq, vahima ohangi oʻz-oʻzidan baland pardaga koʻtarilib ketaveradigandek tuyulaveradi menga. Umuman aytaman-da, hozir gap kelib qoldi... Oybekni eslang: Blok sheʼriyati bilan tanishgach sheʼriyat haqidagi fikrlarim butkul oʻzgarib ketdi deya eʼtirof etgandi u. Jumladan, shoir Blokdan rus simvolizmiga xos va keyincha impressionizm mutlaqlashtirgan “oniy lahzani” tasvirlash manerasini ijodiy oʻzlashtirdiki, shuning mahsuli oʻlaroq 20-yillarning oxirlarida peyzaj lirikasining goʻzal namunalari degulik qator betakror sheʼrlarini yaratdi. Lekin bu bilan Oybek simvolist ham, impressionist ham boʻlib qolmadi – milliy shoirimizligicha qoldi. Bir paytlar Choʻlponga Freyd talimoti taʼsiri haqida yozgandim: adib psixoanalizga xos yondashuvni Miryoqub ruhiyati tahlilida qoʻllaydi. Choʻlpon ham bu bilan freydchi boʻlib qolmadi – bor-yoʻgʻi milliy romanchiligimizni bir odim ilgarilatdi, xolos. Bunaqa misollarni yana keltiraverish mumkin, lekin bunga zarurat yoʻq deb oʻylayman. Faqat aytmoqchimanki, milliy madaniyatimiz oʻzga madaniyatlar bilan aloqada oʻzligini yoʻqotar darajada gʻarib emas, aksincha, gʻoyatda boy va tomirlari teran madaniyatdir. Bas, madaniyatlararo muloqot jarayonida u oʻziga singishadigan, OʻZINIKI boʻlib keta oladigan jihatlarnigina olib, boshqalarini siqib chiqarishga qodir. Aminmanki, postmodernizm ham bundan istisno emas. Mazkur qonuniyatning mudom amal qilishi uchun koʻp narsa talab etilmaydi – ijodkorlarimiz milliy oʻzligini, qaysi va qanday madaniyat vakili ekanlarini unutmay qalam tebratsalar kifoya.

Ulugʻbek Hamdam: Adabiyotning tabiatida oʻyinlik xususiyatining tobora tosh bosayotganligini koʻrib-sezib turibmiz. Bu albatta, yangi gap emas. Qadimdan adabiyotda “foyda” (mehnat) (utile) va “oʻyin” (ducle) degan ikki qanot mavjud boʻlib kelgan (negadir uchinchi xususiyat – sigʻinish, iltijo hissi haqida aytilmagan. Chunki badiiy asarning yaratilish asnosida mehnat va oʻyin zavqidan tashqari iltijo, sigʻinish hissiyoti ham ishtirok etadi). Faqat keyingi vaqtlarda oʻyinning hissasi kuchayib ketdi. Bu degani shuki, nimani aytishdan koʻra qanday aytish, dard aytishdan koʻra, “nimanidir” boʻlsayam goʻzal shakllar yordamida oʻquvchiga yetkazish birinchi oʻringa chiqib borayotir. Aslini olsangiz, modern, postmodern suyanadigan asosiy ustunlardan biri ham shu: hamma narsani oʻyinga, sanʼatga aylantirish. Nima deb oʻylaysizlar, “oʻyin”ga berilib, insonning katta harflar bilan yoziladigan DARDidan uzoqlashib ketmaymizmi? Bu ketishda adabiyot chindan ham boshqotirma - krossvordning boshqacharoq xiliga aylanib qolmaydimi?..

D.Quronov: Yoʻq, chamasi, bu masaladagi qarashim birmuncha optimistikroq va u, avvalo, insonning, soniyan, adabiyotning tabiatidan kelib chiqadi. Inson bir jihati ijtimoiy maxluq ekan, uning darddan mutlaq holi boʻlishiga koʻzim yetmaydi. Modomiki, dard boʻlar ekan, inson izhor ehtiyojini tuyadi. Izhor vositalaridan biri adabiyot boʻlsa, u inson tomonidan inson uchun yaratiladi va ijtimoiy munosabatlar tizimida yashaydi. Shularning oʻziyoq, fikrimcha adabiyotning kun kelib tamom oʻyin boʻlib qolmasligiga kafildir. Oʻyinga kelsak, u ijod tabiatiga yot emas, oʻzingiz aytgandek, ijodda oʻyin momenti qadimdan bor: soʻz oʻyinlari, oʻtkir qochirimlar, turfa koʻrinishdagi shakl oʻyinlari... Ijodkor uchun bular bari vosita edi: fikr-hisni oʻziga xos tarzda ifodalash va estetik zavqni kuchaytirish vositasi. Vaqti keldiki, postmodernchilar vositani mutlaqlashtirdilar, unga tugal maqsad deb qaray boshladilar: ularning ijodiy izlanishlari bois ijoddagi oʻyin koʻlami, imkonlari bagʻoyat kengaydi. Biroq bu hol, fikrimcha, mangu qololmaydi: qazisan, qartasan – aslingga qaytasan deganlaridek, oʻyin yana vosita maqomiga qaytadi. Zero, oʻzni ifodalash ehtiyojisiz ijod yoʻq, bas, oʻyin yana oʻzni ifodalashga, postmodernchilar kengaytirgan imkonlari bilan endi yanada samaraliroq xizmat qiladi. Darvoqe, bu qadar ishonch bilan gapirishim bejiz emas: badiiy tafakkur tarixidagi faktlar shunga asos beradi. Eslang-a, shovqin-suron bilan maydonga chiqqan impressionizm, ekspressionizim, ong oqimi, absurd kabi “izm”lar oʻz davrida nimanidir mutlaqlashtirgan, oʻshani asosga qoʻyib, adabiyot shunday boʻlur degan daʼvoni oʻrtaga tashlagan edi. Eʼtirof etish kerak, ularning har biri oʻzi asosga qoʻygan narsani yuksak darajada rivojlantirdi. Oqibat shu boʻldiki, ular rivojlantirgan narsa badiiy tafakkurga singib ketdi – adabiyot esa aslicha qoldi, faqat ularning ijodiy izlanishlari hisobiga imkonlari kengaydi, xolos.

Ulugʻbek Hamdam: Yuqorida aytilgan shuncha mulohazalardan kelib chiqib, bitta gapni alohida urgʻu bilan aytish lozimga oʻxshaydi: bugun jiddiy, oqni oq, qorani qora deb aytishga bilim, tafakkur kuchi va jasorati yetadigan adabiy tanqid har qachongidanda zarurroq ekan. Uning tushuntiruvchi, qarashlarimizni tiniqlashtiruvchi, adabiy-maʼnaviy oʻzagimizga ozuqa berguvchi, unga yangi ruh hadya etguvchi kuchiga jamiyatda katta ehtiyoj paydo boʻlganiga ortiq shubha yoʻq. Shu maʼnoda kunimizda badiiy asar qaysi mezonlardan turib baholanayapti: uning sifati, yangiligi, ilmiyligidan tashqari tanqidchining XOLISLIK darajasi qay ahvolda? degan haqli savollar tugʻiladi. Chunki, koʻpincha, badiiy asarlar baholangan tanqidiy maqola, ilmiy tadqiqot va yoki taqrizni oʻqib, oʻzingga oʻzing savol berib qolasan kishi: qaysi biri past, qaysi biri oʻrtayu qaysisi baland asar va nima uchun?.. Aksariyat hollarda hammasi birdek durdona oʻlaroq taqdim etiladi. (Va yoki koʻr-koʻrona “urib” tashlanadi). Nazarimda bu oʻrinda tanqidchilarimiz oʻquvchilik muhabbati (yoki nafrati) izhoridan olim-mutaxassis munosabatini bildirish darajasiga oʻsib borolmayapti. Yaʼni u oʻzining u yoki bu asarga yoki uning muallifiga boʻlgan simpatiya (yoki antipatiya) sini olimning qarashi deb oʻylayapti. Shulardan bitta haqli savol tugʻiladi: bugungi oʻzbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada oʻzida aks ettirmoqda?

D.Quronov: Menga qolsa, gapning poʻstkallasini aytib, tanqidchiligimiz bir joyda depsinib qolgani tobora ravshan boʻlib boryapti, u oʻz missiyasini bajarolmay qoldi degan boʻlardim. Mayli, javobi qanchalar noxush boʻlsa ham, avval mana bu savollarni qoʻyib koʻraylik: “Bugun adabiy tanqidiy asarlar oʻqilyaptimi? Oʻqilsa, kimlar oʻqiyapti?” Afsus, birinchi savolga dadil “ha!” javobini berishimiz mushkul. Sir emas, adabiy tanqidiy chiqishlarni, asosan, mutaxassislar hamda matbuotni muntazam kuzatib borishga oʻrganib qolgan ayrim katta yoshli oʻquvchilar “tarki odat – amri mahol” qabilida oʻqiydilar. Men bu gaplarni pedagogik faoliyatim davomidagi kuzatishlardan kelib chiqib aytayotirman: ertaga filolog mutaxassis boʻlib yetishadigan talabalarni olasizmi yo malaka oshirishga kelayotgan til-adabiyot oʻqituvchilarinimi – adabiy-tanqidiy materiallar chop etib boriladigan nashrlarni oʻqiydiganlari yuzdan birni ham tashkil qilmaydi desam, lof emas. Mazkur sharoitda “tanqid ommaning badiiy didini tarbiyalashga masʼul” degani quruq gap, negaki amalda “tanqid – tanqid uchun” tamoyili hukm surmoqda. Toʻgʻri, adabiy tanqidiy ishlarni chop etadigan nashrlar ham, ularning adadi ham kam, boz ustiga, ularning talablari ham tanqidchilarni biroz cheklaydi. Lekin bu asosiy sabab emas. Fikrimcha, tanqidning oʻzi oʻzgarishi zarur. Bilasiz, hozir tanqidchi oʻzini avvalo, adabiyotshunos oʻlaroq his qiladi, yozganlarida ham olimning nazari ustuvor. Balki, adabiy tanqidiy asarlarni koʻproq mutaxassislar oʻqishining sababi shundadir?! Holbuki, tanqid oʻquvchi omma bilan muloqot qilishi, uni adabiy asar mohiyatiga yaqinlashtirishi, muhimi, unda oʻqish ehtiyoji va uqish malakasini shakllantirishi lozim. Bu esa, oʻz navbatida, shu maqsadlarga mos uslub va ifoda tarzini taqozo etadi. Aytmoqchimanki, adabiy tanqidiy asar ilmiy maqoladek emas, adabiy asar kabi oʻqilishi, bir soʻz bilan aytsak, OʻQISHLI boʻlishi kerak. Ayni chogʻda, munaqqid oʻz fikrlarini puxta adabiy-nazariy asosda turgan holda ifodalashi lozim boʻladi. Fikrimcha, tanqidchilik shu talablardan kelib chiqib oʻzini oʻzgartirsa, undagi siz aytgan muammolar ham navbati bilan hal boʻladi. Bunisi endi boshqa, alohida masala...

2012 yil

Dilmurod Quronov