← Dilmurod Quronov
|

“Agar yozsang...”

Dilmurod Quronov

So'z boshi · 2010

Odat boʻlib qolgan, Halim Karimga koʻproq “shoir” deya murojaat qilaman. Ehtimol, bu gohi hazil-mutoyiba, gohi kulgandek ham koʻrinar, biroq dilda hamisha uning chin shoirligini iqror qilib kelganman. Menga qolsa, shoir – davralarni sel qilib sheʼr aytgan yo matbuotda paydar-pay sheʼr chiqarib, yaltiroq muqovali kitoblar chop ettirib turgan odam emas, balki, avvalo, atrofida yuz berayotgan voqealarni oʻz koʻnglida kechirayotgan, atrofidagi xushbaxtlar sururiyu baxtsizlar dard-adamini koʻnglida yashatayotgan odam – SHOIR... Chinakam shoir koʻngli qanday boʻlishini tasavvur qiloldingizmi? Halimjonda shunday koʻngil bor. Uning men bilgan eng yaxshi sheʼri – Muhammad Yusufga bagʻishlangan sheʼri koʻz oʻngimda tugʻilgan... radiodan el suygan shoir oʻlimi xabari eshittirilganda birga edik. Halimjon soʻzsiz stulga choʻkdi... rangi dokaday oqargancha bir muddat karaxt oʻtirdi, soʻng... soʻng yosh boladay hoʻngrab yigʻlashga tushdi. Ehtimol, kimlargadir bu hol biroz gʻalati ham tuyular. Lekin... bilgichlar aytsin: nafaqat shoirlar, balki jamiki yaxshi odamlar shoir yuragida oʻladi. Halimjonda shunday yurak borligini allaqachon ichdan iqror qilganman. Yaqinda bosmadan chiqqan “Yurak bilan soʻzlashuv” toʻplamiga kirgan sheʼrlar esa shu iqrorni mustahkamlaydi, xolos.

H.Karim – shoirlik daʼvosidan yiroq, lekin bu shunchaki kamtarlikdangina emas, balki sheʼriyatga yuksak talab bilan yondashganidan, qalamning “Yozsang agar toza qoʻl-la yoz!” degan xitobi koʻngil qulogʻida hamisha jaranglab turganidan. Oʻziga ayricha iqtidor berilganini dildan his qilgan shoir tirikchilik ummoniga shoʻngʻib ketib, bu neʼmatni yetarli qadrlay olmaganidan iztirob chekadi. Shu bois Yurak bilan yuzma-yuz kelganida “bir-birovga qarolmadik biz” deya oʻkinadi, Yurak bilan hamqadam, faqat uning izmiga boʻysunib yashashni sogʻinadi. Nachoraki:

Ha, toʻplamdagi sheʼrlar “ikki quti sigaret bilan esnab tugaydigan kunlar”da, aniqrogʻi, ularning ishxonayu roʻzgʻor tashvishlari aro nihoyat “oʻzi bilan oʻzi qolish” imkoni tugʻilgan lahzalarida tugʻilgan. Yaʼniki, ular yuqorida aytganimiz ogʻriqli SOGʻINCH mevalaridir. Shundanmi, ular oʻquvchini befarq qoldirmaydi, u bilan shoir yuragi orasidagi koʻprikka aylanadi...

Hozirgi yoshlarga qanday, bilmadim-u, lekin “Shoʻrolar bosmagan sheʼrlar” turkumi bizni – oʻrta yoshlilarni kechagi kunimizga qaytaradi, ortimizga oʻgirilib, oʻsha kunlarimizni qayta yashash, oʻsha paytlari koʻnglimizda joʻsh urgan jurʼatu jasorat, quvonchu iztirob, armonu umidlarni qayta koʻngildan kechirish imkonini beradi...

Shu gaplarni yozyapman-u, ich-ichimda bir eʼtiroz kuchayib bormoqda: “Xe-y, sheʼrni sharhlashga nima bor... axir, sheʼrdagi hislarni oʻzga yoʻsinda suratlantirish mumkin boʻlganida, shoir sheʼr yozib oʻtirarmidi, nodon”. Nailoj, yozish istagi nechogʻli kuchli boʻlsa-da, bu eʼtirozga joʻyali javob topishga ojizligimni ham tan olishga majburman. Shu bois gapni muxtasar qilib, sheʼr muxlislariga hali matbaa isi ketmagan “Yurak bilan soʻzlashuv” toʻplamini ilinib qolaman...

Darvoqe, shu kunlarda ellikni qoralayotgan shoir dilida “Yurak bilan soʻzlashuv” ehtiyoji tobora kuchayib borayotganini aytishni faromush qilibman. Toʻplamning oxiridan oʻrin olgan “Qaytish” nomli sheʼrni oʻqib koʻring-a, oʻzingiz ham bunga amin boʻlasiz. Demak, yetuklik pallasiga kirgan shoirdan samimiy hislarga yoʻgʻrilgan goʻzal sheʼrlar kutib qolishga asosimiz bor...

Dilmurod Quronov