← Sa'dullo Quronov
|

«Alisher Navoiy» romanida tarixiy shaxs konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2021 · Ilmiy xabarnoma. Gumanitar tadqiqotlar, 2021, № 5 (57)

Maqolada Oybekning “Navoiy” hamda Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlaridagi tarixiy shaxs konsepsiyasi shu asarlar yozilgan davr mafkurasi, badiiy tafakkuri nuqtai nazaridan oʻrganilgan. Har ikki yozuvchining tarixiy shaxs siymosini yaratishdagi oʻziga xos ifodasi ijodkorning badiiy-gʻoyaviy maqsadidan kelib chiqqan holda qiyosiy tahlilga tortilgan. Alisher Navoiy va unga zamondosh boʻlgan tarixiy shaxslarning badiiy talqinidagi xilmaxilliklar yuzasidan ilmiy xulosalar berilgan.

Kalit soʻzlar: tarixiy roman, tarixiy shaxs, toʻqima obraz, tarixiy shaxs konsepsiyasi, badiiy tafakkur, ijodiy gʻoya, bosh qahramon, navoiyshunoslik.

Roman yozish – mashaqqat. Tarixiy roman yozish esa ikki hissa mashaqqatdir. Zero, bunday asarda romannavis tarixiylik tamoyillarini mahkam tutishi, oʻzining olam va odam haqidagi badiiy konsepsiyasini mavjud tarixiy voqelikka tayangan holda ifodalashi lozim. Albatta, badiiy gʻoya talabi bilan tarixiy roman syujetiga toʻqima obrazlar, toʻqima voqelik ham kiritilishi mumkin. Romanda toʻqima obraz va voqealardan foydalanishning aniq chegarasi, qatʼiy oʻlchovi boʻlmasa-da, bu unsurlarning meyori tarixiy asar saviyasini belgilovchi asosiy omil hisoblanishini mahoratli muallif yaxshi anglaydi. Shu bois doim tarixiy haqiqat va badiiy toʻqima oʻrtasidagi oltin koʻprikni izlaydi. Bu yoʻlda yozuvchi “tarixiy manbalarni oʻrganadi, faktlar, voqealar, ularning ishtirokchilari haqida maʼlumotlarni yigʻadi. Uning endigi vazifasi – oʻrganganlarini badiiy qayta ishlash: badiiy voqelikda faktlar jonlanishi, voqealar yuz berishi, shaxslar yashashi lozim” [1. B. 55].

Mazkur jarayon tarixiy asarda muallif ijodiy imkoniyatlarini maʼlum darajada cheklashi tabiiy. Agar roman millatning ulugʻ siymolariga bagʻishlangan boʻlsa, yozuvchining ijodiy masʼuliyati bir necha karraga ortib, tarixiy asar yozish yanada mashaqqatliroq jarayonga aylanadi.

Zabardast yozuvchi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanini oʻqir ekansiz, beixtiyor yuqoridagi kabi masalalarni mulohaza qilasiz. Chunki Hazrat Navoiy nafaqat oʻzbek millatining, balki butun turkiy xalqlarning eng ulugʻ mutafakkirlaridan biri.

Navoiyning shaxsi, hayot yoʻli hamda ijodi koʻp va xoʻp oʻrganilgan. Shunday ekan, Isajon Sulton nima yangilik qila oldi, salaflaridan farqli oʻlaroq Navoiy siymosini qanday tasvirladi degan savol, tabiiyki, birinchi oʻringa chiqadi.

Avvalo shuni taʼkidlash joizki, adabiyotimiz tarixida Alisher Navoiyning toʻlaqonli badiiy siymosini yaratishga boʻlgan urinishlar u qadar koʻp emas.

Oybekning “Navoiy” romani (1944), Uygʻun va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasi (1945), Omon Muxtorning “Ishq ahli” romanlarida (2007) Alisher Navoiy siymosi tarixiy-ijtimoiy vaqealar markazida badiiy talqin etiladi. Bu asarlar ichida Navoiy shaxsiyatining nisbatan toʻlaqonli, konseptual badiiy qiyofasi Oybekning “Navoiy” romanida ifodalangan desak, mazkur asarning yozilganiga qariyb sakson yil boʻlganini eʼtibordan qochirmasligimiz lozim. Yaʼni oʻtgan sakson yil davomida ijtimoiy shart-sharoit ham, tuzum ham, adabiy-estetik qarashlar ham, hatto tarixning oʻzi ham yangilanganini hisobga olishimiz zarur. Shunday ekan, Isajon Sultonning Alisher Navoiy siymosini qaytadan badiiy talqin etishga boʻlgan urinishiga shunchaki shaxsiy ijodiy ehtiyoj sifatida emas, balki adabiy-madaniy hayotimizda yetilib kelgan umumestetik ehtiyojning mevasi sifatida qarash oʻrinli boʻladi.

Tarixiy romanda muallif (asosan) bosh qahramon timsolida tarixiy shaxs konsepsiyasini ilgari suradi. Yaʼni ijodkor olamni bilish yoʻlida oʻz badiiy talqinidagi tarixiy shaxs ruhiyatini taftish qiladi, uning murakkab taqdiriga nazar soladi. Shu tarixiy shaxs vositasida zamon va makonni oʻrganadi.

Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, falsafiy qarashlarini ilgari suradi.

Demak, tarixiy asarni baholashda oʻtmishning qay darajada haqqoniy jonlantirilgani emas, balki mavjud voqelik, tarixiy shaxs qay tarzda badiiy tafakkur qilingani hisobga olinadi. Shu maʼnoda Oybek va Isajon Sulton romanlarining oʻzaro qiyosida ham ikki adibning Alisher Navoiy obrazi misolida koʻrinadigan tarixiy shaxs konsepsiyasi eʼtiborga olinishi zarur.

Oybekning “Navoiy” romani haqida soʻz borganda muallif yashagan davr, shartsharoit, senzura va mafkura bosimini nazardan qochirmaslik lozim. Zero, Oybek dahosi istagan taqdirida ham Navoiyni oʻz idealidagi kabi tasvirlay olmasdi.

Sanalgan omillar taʼsirida Oybek koʻproq Navoiyning elparvarlik, kambagʻalparvarlik kabi jihatlariga eʼtibor qaratib, tarixiy shaxsning ijtimoiylashganiga urgʻu beradi.

Adabiyotshunos Matyoqub Qoʻshjonov “Navoiy” romani haqida yozarkan “Romanda adibning asosiy maqsadi ulugʻ shoir Alisher Navoiyning keng va koʻlamli ijodiga xos insonparvarlik gʻoyalarini ochib berishdan iborat edi” [2. B.

20] deya taʼkidlaydi. Ozod Sharafiddinov ham ayni masalada shunga yaqin soʻzlarni yozadi: “Oybek Navoiy xarakterini yaratar ekan, birinchi navbatda, uning buyuk gumanist ekaniga, nafaqat sanʼatkor, balki mutafakkir sifatidagi qarashlarini ifodalashga alohida ahamiyat beradi” [3. B. 3]. Chindan ham Oybekda Navoiy insonparvar shoir oʻlaroq xalqning farovonligi, ravnaqi, tinchligi yoʻlida tinim bilmas fidokor shaxs sifatida jonlantiriladi. Toʻgʻri, Navoiy tarixan shunday sifatlardan holi emasligi kundek ravshan. Biroq bu oʻrinda biz Oybekning Navoiy hayoti va xarakteridagi ayni shu jihatga urgʻu berayotgani, tarixiy shaxs konsepsiyasida shuni birinchi oʻringa olib chiqishga uringaniga eʼtiborni qaratmoqdamiz.

Yana bir yetuk adabiyotshunos Naim Karimov Oybekning tarixiy shaxs konsepsiyasidagi ayrim jihatlarga alohida eʼtibor qaratadi:

“Adib adolatli shoh va xalq, Navoiy va xalq, Navoiy va urush, Navoiy va madaniyat taqdiri, Navoiy va xalqlar doʻstligi singari masalalarni badiiy talqin etdi hamda zamondoshlari uchun muhim, kelgusi avlodlar uchun esa ibratli boʻlgan ijtimoiy-falsafiy qarashlarini shoir obrazi orqali olgʻa surdi” [4. B. 65]. Bundan tashqari, romanda Navoiy – gumanist, qaysidir maʼnoda xalq vakili oʻlaroq, oʻrta asrlar feodalizmiga zid qoʻyiladi. Oybekning oʻzi romani haqida shunday yozadi: “Navoiy” romanida asosan u davrdagi sotsial hayotni, kuchli intrigalarni, murakkab siyosiy voqealarni aks ettirishga tirishdim” [5. B. 203]. Adib taʼkidlaganidek, “Navoiy” romanida “kuchli (siyosiy) intrigalar” tasviriga alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda toʻqima obrazlardan ham foydalaniladi. Oʻz davrining mafkuraviy talabi nuqtai nazaridan ham Oybek shunday qilishi, feodalizmning badkirdorligini imkon qadar boʻrttirib tasvirlashi zarur edi.

Tan olib aytish kerak, ommaning Navoiy hayoti, u yashagan davr va unga zamondosh boʻlgan tarixiy shaxslar haqidagi tasavvurlari “Navoiy” romani vositasida shakllangan. Sababi, mazkur romanga qadar oʻzbek adabiyotida Navoiy haqida, umuman, oʻrta asrlar feodalizmi haqida katta hajmli badiiy asar boʻlmagan.

Oybekning bu romani Navoiy dahosini ommaga olib kirish, anglatish bilan birga, oʻquvchini besh asr naridagi tarixiy, siyosiy-ijtimoiy hayot bilan ham tanishtirgan. Boshqacha aytganda, oʻtgan asrning 40-yillarida Husayn Boyqaro, Jomiy, Xadicha begim, Majididdin singari tarixiy shaxslarni ommaga yozuvchi Oybek mashhur qilgan. Bu tarixiy shaxslar haqidagi tasavvurlarimiz ham Oybek talqinida ongimizga muhrlangan. Endi soʻnggi tadqiqotlar, aniqlangan yangi tarixiy faktlarga tayanib mazkur shaxslarning tarixiy badiiy qiyofasini qayta yaratish ehtiyoji tabiiy ravishda yuza kelgan.

Isajon Sulton yuqorida qayd etilgan ehtiyojni his qilgan holda Navoiy obrazini boshqa rakurslardan turib yaratishga urinadi.

Aytish mumkinki, Isajon Sulton Navoiy siymosini yaratishda Oybek talqiniga nisbatan zid yoʻlni tanlamaydi, balki mafkura bosimi tufayli Oybek Navoiy obrazida ifodalay olmagan ayrim qirralarni koʻrsatib berishga, mutafakkir siymosining nisbatan toʻlaqonli badiiy konsepsiyasini yaratishga urinadi.

Isajon Sultonning tarixiy shaxs konsepsiyasida ham xuddi Oybek kabi Alisher Navoiyning insonparvarlik, elparvarlik, maʼrifatparvarlik kabi fazilatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Biroq mazkur jihatlar Isajon Sultonda Navoiy siymosini yaratishdagi bosh omil emas. Adib “Alisher Navoiy” romanida koʻproq mutafakkir shoirning ijodiy-ruhiy olamini taftish etishga harakat qilgan. Yaʼni Isajon Sultonni yozuvchi sifatida Navoiyning aslida kim boʻlgani, uning kechinmalari, maʼnaviy dunyosi, oʻy-xayollari, armoni, shaxs sifatidagi qadriyatlari, iymoni, axloqi koʻproq qiziqtirgan.

Yangi romanning yutugʻi shundaki, adib Navoiy hayoti va ijodini diniy-eʼtiqodiy nuqtai nazardan talqin qilishga, ulugʻ mutafakkirning islom bilan yoʻgʻrilgan axloqi, aqidasi, tariqatdagi yoʻli va maqomi, umuman, avliyolik sifatlarini koʻrsatib berishga harakat qiladi. Bundan tashqari, Isajon Sulton navoiyshunoslikning soʻngi tadqiqotlariga, istiqlol yillarida aniqlangan tarixiy manbalarga asoslanadiki, bu oʻz-oʻzidan Navoiy hayoti va ijodining tom maʼnoda zamonaviy badiiy talqinining yaralishiga olib keladi.

Isajon Sulton Navoiy siymosini yaratar ekan, u yashagan davrni, tarixiy-ijtimoiy muhitni imkon qadar jonli tasavvur qilishga va tassavvurini soʻz vositasida aniq ifodalashga urinadi, “yozmoqning mohiyatan tasavvurdagi oʻquvchiga gapirmoq, oʻqimoq esa tasavvurdagi yozuvchini tinglamoq ekani”ni doim yodda tutadi. U shu yoʻl bilan buyuk mutafakkirni shakllantirib bergan ijtimoiy, siyosiy, madaniy-maʼrifiy omillarni zargarona mahorat bilan terib chiqadiki, natijada oʻquvchi Navoiy olamiga oson kirib boradi. Bu yoʻlda yozuvchi eng avvalo tarixning ishonarli, jonli manzaralarini yaratadi. Asarda Xuroson va Movoraunnahrning goʻzal tabiati, shahar, qishloq, ovul, bozorlaru guzarlar, sultonlar saroyiyu, oddiy aholi uylari, kiyim-kechak, uyroʻzgʻor buyumlari, ish qurollari, harbiy qurolaslahalar, xullas, tarixni jonlantiruvchi barcha unsurlar ipidan-ignasigacha mahorat bilan tasvirlangan. Mutolaa jarayonida oʻquvchi oʻzini xuddi tarixga tushib qolgandek his qiladi. Masalan, asar boshlanishida Alisher Navoiyning bolaligi oʻtgan amir Gʻiyosiddinbekning tashqi hovlisi mana bunday tasvirlanadi: “Keng tuproqkoʻchadan toʻgʻri kelinsa, uzun, qalin paxsa devor orasida kichik yogʻoch eshik va darvoza koʻrinadi. Eshikda temir halqa va kichik toʻqmoqcha boʻlib, kelgan kishi erkak boʻlsa halqani, xotin boʻlsa toʻqmoqchani uradi. Hovli gulu gulzor, mevali ogʻoch koʻp.

Chapda katta murabbaʼ, yaʼni toʻrtburchak hovuz koʻrinadi. Yana uy yonida kichikroq qilib qurilgan obxona ham bor, sopol quvuridan jildirab suv tushib turadi. Obxona yonida ochiq va yopiq oshxona, oshliqxona, zerzamin, yaʼni yertoʻla. Zerzamindagi katta sopol koʻzalar ichidagi suv jazirama mahali ham muzday boʻladi. Uning yonboshida ustiyu ichi somon suvoq bilan suvalgan pastak yaxchol koʻrinadi. Yaxchol shuki, chuqur qazilgan yertoʻla kuzda suvga toʻldiriladi, qishda u tubiga qadar muzlaydi. Qalin devorlari va sersomon suvogʻi yertoʻlani jazirama issiqda ham muzday tutib turadi, Hiriyda yozda muz boʻlishining sababi shunda” [6. B. 16]. Eʼtibor qilinsa, birgina tasvir bilan aholining yashash shartsharoitlari, axloqi, texnologik yutuqlariga ishora berilmoqda. Oʻquvchi asardagi bu kabi tasvirlar vositasida Navoiyning bolaligi oʻtgan muhitga tushib boradi. Bosh qahramonni uning atrofidagi voqeliklar bilan toʻlaqonli tasavvur etadi.

Oybekning “Navoiy” romanida voqealar Navoiyning 18 yoshda Samarqanddan Hirotga qaytishi bilan boshlanadi: “Adib “Navoiy” romanini yozgan vaqtda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlari muallifining muhabbati tarixi hamda bolalik va yoshlik yillarini tasvirlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymagan edi” [4. B. 70]. Aytish mumkinki, Oybek Navoiy xarakterining shakllanish bosqichlarini koʻrsatishni maqsad qilib olmagan: “Asarda qahramon xarakterning shakllanishi mukammal berilmaydi. Yozuvchi bu haqda baʼzi bir izohlar berish yoki qisqa mulohazalar yuritish bilan cheklanadi, xolos”

[7. B. 65]. Oybekdan farqli oʻlaroq, Isajon Sulton oʻz asarida Navoiyning butun hayotini qamrab oladi. Albatta, buning oʻziga yarasha jiddiy sabablari bor. Birinchidan, Navoiy 18 yoshga qadar shoir sifatida Movarounnahr va Xurosonda mashhur boʻlib ulgurgan edi.

Demak, Navoiyning tarixiy shaxs sifatidagi yaxlit qiyofasini yaratishda uning bolalik va oʻspirinlik chogʻidagi hayotini tasvirlash, shoir sifatida kamol topishiga taʼsir etgan asosiy omillarni shu davrdan izlash ehtiyoji bor. Qolaversa, hozirgi dunyo xaritasi nuqtai nazaridan qaralganda, Navoiyning ayni oʻsmirlik davri Oʻzbekiston bilan chambarchas bogʻliq. Bu davrda Navoiy Samarqandda yashab ijod qiladi va tahsil oladi.

Isajon Sulton Navoiyning bolalik va oʻsmirlik davrini tasvirlash orqali yana bir qoʻshimcha imkoniyatga erishadi. Bu Navoiyni kamol toptirgan olimu fuzalolar, shoir bilim olgan dargohlar, umuman, oʻrta asrlar taʼlim tizimi haqida atroflicha maʼlumot berish, mazkur jarayonlarni badiiy tasvirlash imkoniyati edi. Zero, Navoiyning gʻazal mulki sultoni, buyuk mutafakkir boʻlib yetishish bosqichlarini haqqoniy koʻrsatib berish uchun taʼlim omili juda ham muhim edi.

Romanda Navoiyning ilk ustozi – Abu Abdulloh Kulohiyning darslari juda jonli tasvirlangan boʻlib, bunda yozuvchi muayyan badiiy-gʻoyaviy maqsadni koʻzlaydi. Kulohiy toliblariga Qurʼon, handasa, abyotu nazmdan taʼlim berarkan, bir darsda soʻz haqida maʼruza qiladi. Maʼruzada soʻzning ilohiy qudrati, vazifasi, maʼno qirralari haqida aytib, jahon tillariga alohida toʻxtalib oʻtadi. U arab tiliga taʼrif berarkan, “... fasohat va balogʻat sayqali bilan ziynatlangan boʻlib, Tangri taoloning kalomi shu tilda nozil boʻldi. U tilning mukammalligiga shubha yoʻqdir” [6. B. 27], deydi. Biroq boshqa tillarning mavjud ekanida ham katta hikmat borligini eslatadi: “... Tangri azza va jalla xalqlarni va tillarni yaratganining hikmati ham bor. Yaʼni, oʻziga oʻsha til ila hamd aytilmogʻini iroda ayladi” [6. B.

28]. Mavlono Kulohiy toliblariga turkiy tilning maqomini koʻrsatib “... turkcha, forscha va hindcha – asl tillarning manbaidir” [6. B. 28], deydi. Soʻng turkcha soʻzlardan misollar keltirib, mazkur tilning naqadar muhtasham ekanini koʻrsatib beradi. Aytganlarining dalili sifatida Fariduddin Attordan bir gʻazal keltirib uni sharhlab beradi. Gʻazalni tinglagan toliblar turkiy tilning jozibasiga mahliyo boʻlib, maʼnolar ummoniga shoʻngʻib ketadi. Navoiyni turkiy tilda ijod etishga undagan ilk omillar romanda ana shunday ifodalanadi.

Hijriy 846 yilda Alisher Navoiy Samarqandga koʻchib oʻtadi. Romanda Samarqand Navoiyning ijodiy-maʼnaviy hayotida tub burilish yasagan maskan oʻlaroq tasvirlanadi.

Muallifning bu maqsadini samarqandlik olim Fazlulloh Abulaysning Navoiyga aytgan mana bu soʻzlari bilan dalillash mumkin: “Siz endi Samarqandda ulamo suhbatida boʻling, kerakli ilmlarni oʻrganing, Samarqand sizning taqdiringizda ilm bulogʻi boʻlib qolsin” [6. B.

147].

Alisher Navoiy Samarqanddagi Qozizoda Rumiy madrasasida tahsil olib, mudarrislardan fiqh, tarix, handasa, ilmi nujumga doir juda qimmatli bilimlarni oʻzlashtiradi. Ayniqsa, Fazlulloh Abulays bilan boʻlib oʻtgan suhbatlar Navoiyga katta maʼnaviy ozuqa boʻladi. Zero, mavlono Abulays Navoiyga “eʼtiqod sirlari”dan saboq beradi: “Madrasa darslari va Fazlulloh Abulays suhbatlari Alisher oʻy-fikrini behad kengaytirib, shu xulosaga olib keldi:

nafaqat yer yuzi, balki Koinot ham tengi yoʻq qudrat koʻrgazmasidir, uning haqiqatlari esa ilm tufayli maʼlum boʻlgay. Har dam, har nafasda bir savob hosil qilishga saʼy qilingaydir, savob esa niyatdan paydo boʻlishi maʼlum” [6. B. 146]. Suhbatlarning birida Alisher “Menga soʻfiylar borasida ham soʻz aytsangiz” deya mavlono Abulaysga murojaat etadi. Mavlono “soʻfiy” soʻzining lugʻaviy maʼnosini Abu Rayhon Beruniy, Abul Fath Butiy izohlari bilan tushuntirishga harakat qiladi. Soʻng eʼtiqod, ibodat masalalarida fikr yuritib, Xoʻja Ahror valiyning soʻzlaridan iqtibos keltiradi. Romanda mavlono Abulays bilan boʻlgan suhbatlar Navoiyning tariqatdagi yoʻlini belgilab olishida muhim ahamiyat kasb etgan omil sifatida urgʻulanadi: “Siz avliyoulloh yoʻlini tavsiya qildingiz!” deydi Navoiy mavlononing suhbatidan xulosa chiqarar ekan.

Navoiy samarqandlik yana bir yetuk olim mavlono Rizo Afzal qoʻlida fiqhdan saboq oladi. Bir darsda mavlono ilmi nujumning halolligini Qurʼoni Karim oyatlari bilan isbotlab berarkan, falakiyot ilmining afzalliklariga toʻxtaladi. Beruniy, Mirzo Ulugʻbek tadqiqotlaridan misollar keltiradi.

Romanda muallif shu tarzda Navoiy ijodida alohida oʻrin tutgan osmon jismlarining badiiy talqinini Samarqanddagi saboqlar bilan bogʻlashga urinadi.

Mavlono Xoja Misliy esa Navoiyga tarixdan dars beradi. Bu olimga taʼrif berilarkan, “musulmon va maʼjusiy tarixining tengi yoʻq bilimdoni boʻlib chiqdi”, deyiladi romanda. Xoja Misliy dars oʻtarkan, “...turfa uluslarning eʼtiqodi, urf-odatlari, qavmlarning qalqishini va tanazzuli haqida shunchalar jonli va haqqoniy hikoyalar soʻzlab berdiki! Arastuning “Tarix”, Abu Rayhonning “Osoru-l-boqiya” va ibn Kasirning “Al-bidoya va-n-nihoya” kitoblarini bir-biriga qiyoslab, toliblar tasavvurini to Odam Ato zamonasiga qadar yetkazdi” [6. B. 155]. Aytish mumkinki, Isajon Sulton Xoja Misliy timsolida Navoiy ijodidagi tarixiy voqealar, shaxslar, afsona va asotirlarning goʻzal badiiy ifodasiga manba boʻlgan shaxsni koʻradi. Yozuvchining mazkur ijodiy maqsadini asardagi mana bu gaplarda yaqqol koʻrish mumkin: “Har holda, Xoja Misliy ushbu hikmatlarning abyotga muhrlanishini va sanʼat libosiga oʻranishini juda istardi. Shu sababli, davrada Navoiy boʻlgan kezlari shoyon berilib, sevinib dars oʻtardi” [6. B. 155].

Ulugʻ shaxslarning millatlar oʻrtasida talash boʻlishi tabiiy hol. Alisher Navoiy siymosi haqida gap borganda ham butun turkiy xalqlar bu mutafakkirni oʻz tarixi bilan bogʻlashga urinadi. Isajon Sultonning mahorati shundaki, u hazrat Navoiyning kamolotga chiqishida, yetuk ijodkor va olim, mutasavvuf boʻlib yetishishida Samarqandda egallagan bilimlarining ahamiyatini yuqori oʻringa olib chiqadi. Mazkur voqelik asarda haqqoniy, zoʻraki talqinlarsiz tasvirlanadiki, bu oʻzbek oʻquvchisida iftixor tuygʻularini uygʻotmay qoʻymaydi.

Isajon Sulton Navoiy obrazini, umuman, romandagi boshqa tarixiy shaxslar obrazini yaratish masalasiga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Imkon qadar toʻqima obrazlar, toʻqima voqelik yaratishdan chekinadi. Bu haqda munaqqid Bahodir Karimov shunday yozadi:

“Badiiy soʻz sanʼatida iyjoz maqomi – kam soʻz bilan koʻp maʼnolar anglatish sanʼati qadrlanadi. Oʻylamay aytilgan yoki yozilgan ortiqcha soʻz ofat keltiradi. Toʻqima obrazlar taʼrifida badiiyat qoidalari oʻz vazifasini bajaradi, koʻpincha xarakter mantigʻiga mos tarzda ularning xatti-harakatlarini badiiy gʻoya ifodasi tomon burish ham mumkin. Ammo tarixiy shaxslar qismatini muallif juda ehtiyot boʻlib, bilib, oʻrganib, ularga roʻbaroʻ boʻlishdagi hisob-kitobini oʻylab yozadi va juda toʻgʻri qiladi” [8. B. 4]. Isajon Sulton tarixiy voqelikni boʻrttirib, siyosiy intrigalar qoʻshib, bosh qahramonni syujetning turli ziddiyatlarida “sinov”dan oʻtkazishi, uning xarakter qirralarini yanada kengroq ochib berishi mumkin edi. Biroq yozuvchi bunday qilmaydi. Badiiy voqelikni yaratishda faqat tarixiy manbalarda koʻrsatilgan, eng ishonchli faktlargagina tayanadi. Bizningcha, adib Navoiydek ulugʻ mutafakkir, avliyo zotga hurmat va ehtirom yuzasidan bunday “intriga”lardan tiyiladi. Bu esa asarning kamchiligi emas, balki fazilatidir.

Isajon Sultonning Navoiyga boʻlgan ehtiromi romandagi “muhabbat” mavzusi talqinida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Shu oʻrinda yana Oybekka qaytamiz. Buyuk adib ham oʻz romanida Navoiyning “muhabbat tarixi” haqida toʻxtalmaydi. Romanda bu masalaning boshqa bir yechimini topadi: “...asarda bosh qahramonning muhabbati tarixini emas, balki Sultonmurod bilan Dildorning – ikkinchi rejadagi qahramonlarning muhabbatini tasvir etdi va kitobxondagi ruhiy ehtiyojni shunday yoʻl bilan qondirdi. Ayni paytda bu muhabbat chizigʻini romandagi asosiy voqealar tizmasi bilan uzviy ravishda bogʻlay bildi” [4.

B. 69]. Isajon Sulton esa “Alisher Navoiy” romanida ishqiy liniya yaratmaydi. Bu haqida ogʻiz ochilganda, goʻzal axloq, andisha bilan “izoh” beriladi va mavzu butunlay yopiladi:

“Tavba, – dedi Majididdin bir oz jimlikdan soʻng, har ishni saqich kabi chaynashni xush koʻradiganlardan achchiqlanib: – Kishilarga qiladigan ish qolmabdimi, birovning birovga mayli bor yoʻqligini surishtirgaylar?

Modomiki soʻz kanizagu joriyalar haqida emas, darajotda teng nikoh, yaʼni oʻta mahram mavzuda boʻlsa, aqlli kishi buni qandoq muhokama qilsin?” [6. B. 239]

“Alisher Navoiy” romanida yozuvchi Navoiyning ijodiy olamini taftish etishga, mutafakkirning ijod lahzalarini badiiy talqin qilishga alohida eʼtibor qaratadi.

Adib Navoiyning ilhom pallasidagi maʼnaviy olamini, oʻy-xayollarini uning mahobatiga mos ravishda tasvirlashga, shu yoʻl bilan oʻquvchini Navoiy olamiga olib kirishga, uni anglatishga, tushuntirishga harakat qiladi:

“Kecha-kunduzning almashishi, quyosh chiqib botishi, oyning hiloldan badrga qadar oʻzgarishlari sezilmasdi. Maʼnolar olami uning ruhini oʻziga toʻla singdirib oldi. U olam insonlikning eng oliy choʻqqilari sari chorlardi” [6. B. 270]. Navoiyning “Xamsa”ni yozish chogʻidagi holat esa bunday tasvirlanadi.

“Kecha qorongʻusida sham shuʼlasiga gʻarq boʻlgan xona goʻyo behad kengayib ketganday, bu yerda turfa voqealar roʻy berardi. Qushlar inson tilida soʻzlar, koʻk uzra suzgan quyosh oʻz taqdiridan hikoya qilar, Koʻhi Qof ortidan moʻralagan yaʼjuj-maʼjujlaru ularga qarshi borayotgan imon lashkari oʻz mazmunidan soʻzlar...” [6. B. 270]. Asardagi bu tasvirlar oʻquvchi xayolotini kengaytirib, ijod onlarida goʻyo butun koinot bilan qovushib, olamni turli oʻlchamlarda koʻra boshlagan ulugʻ mutafakkirning ruhiyat dunyosiga kirib borish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat, asarda Navoiy ijodidagi muayyan asarning yaratilishiga turtki boʻlgan ijtimoiy, ruhiy omillarni koʻrsatib berishga urinish kuchli. Bu esa Navoiy ijodini biografik nuqtai nazardan “badiiy tadqiq” etish boʻlib, oʻquvchi bu talqindan soʻng shoir ijodini nisbatan yaxshiroq tushuna boshlaydi. Masalan, oʻspirinlik chogʻida Alisher tagʻoyisi bilan lola sayliga chiqadi. Ular togʻda tosh kesayotgan yosh sangoyi yigitni uchratib qolishadi. Yigit qoyatoshni yoʻnib vodiyga suv chiqarish ilinjida mehnat qilayotgan edi. Alisherga yigitning mashgʻuloti juda qiziq tuyilib uni suhbatga chorlaydi:

“Ismingiz ne? – deb soʻradi Alisher. Norgʻul, sodda bu yigitning ishtiyoqi unga xush kelgan edi.

– Xusrav, – dedi yigit. Suhbatdoshining hayron boʻlib qaraganini koʻrib, izoh berdi: – Ajablandingizmi? Otam koʻp kitob oʻqiydilar. Xusrav Dehlaviy degan shoirning “Xamsa”sini oʻqib, havas qilib, menga shu otni qoʻygan ekanlar.

– U holda, bu aroda Shirin ham boʻlgaydir, – dedi Alisher ham, “Xamsa»”i eslab.

– Aytsam inonmaysiz, biroq ulusda rostdan ham Shirin degan bir qiz bor” [6. B. 28].

Alisher sangoyi yigit bilan bir muddat suhbat quradi. Ketish chogʻida yigitga bir qancha tilla tanga hadya qiladi. Bu huzurbaxsh suhbat Navoiy qalbidan bir umrga joy oladi. U qachonki “Farhod va Shirin” dostonini yozishga kirisharkan, xayolan sangoyi yigitni va uning Shiringa boʻlgan muhabbatini jonlantiradi.

Sangoyi yigitning qalb harorati zarradek boʻlsa-da, Farhod obraziga koʻchib oʻtadi.

Isajon Sulton ayrim oʻrinlarda Farhod va Majnunning oʻy-xayollari, kechinmalarini Navoiy shaxsiyati bilan ham bogʻlashga urinadi.

Ayniqsa, “Xamsa”dagi ikki qahramonning oʻz otaonasi uchun chekkan iztiroblari Navoiyning qalb jarohatlari bilan uygʻunlashtirilgani asarda juda ham jonli, taʼsirli chiqqan. Zero, Alisher ham ota-onasidan erta yetim qoladi.

Ota-onasining fojiali vafoti, ular bilan vidolasha olmagani Navoiyning bir umrlik figʻoni edi: “Yazd choʻlida” onayizorining etaklariga oʻralasha-oʻralasha, yuzidan pardasi uchib, “Qoʻzim!” deya yigʻlab chopib kelganlarini qalam qismat qogʻoziga shunday naqshladi: “...

Soʻng ajal oʻz oʻqini Farhodning joniga urdi.

U oʻz umrining tugab borayotganini tushunib, otasini yodladi va bir sovuq oh tortib qoʻydi.

Onasi koʻz oldiga kelar ekan, koʻzidan ikkita qonli irmoq ochilganday boʻldi” [6. B. 275]. Yoki Majnunning ota-onasi qabriga borib qilgan faryodi Navoiyning oʻz ohu-zori edi: “Onaizor qabriga kelib toʻxtagach, faryod-figʻonlari olamga sigʻmay ketdi. Yoqa oʻrniga koʻksini chok qilib, yuragiga rahmsiz tigʻlar urdi. Koʻz yoshining selidan yerlar dengizga aylanib, qabrlari baliqlar kabi koʻrindi” [6. B. 273].

Saʼdullo Quronov