← Sa'dullo Quronov
|

Navoiy siymosining yangi talqini

Saʼdullo Quronov

Maqola · Sharq yulduzi jurnali

Roman yozish – mashaqqat. Tarixiy roman yozish esa ikki hissa mashaqqatdir.

Zero bunday asarda romannavis tarixiylik tamoyillarini mahkam tutishi, oʻzining olam va odam haqidagi badiiy konsepsiyasini mavjud tarixiy voqelikka tayangan holda ifodalashi lozim. Albatta badiiy gʻoya talabi bilan tarixiy roman syujetiga toʻqima obrazlar, toʻqima voqelik ham kiritilishi mumkin. Romanda toʻqima obraz va voqealardan foydalanishning aniq chegarasi, qatʼiy oʻlchovi boʻlmasa-da, bu unsurlarning meyori tarixiy asar saviyasini belgilovchi asosiy omil hisoblanishini mahoratli muallif yaxshi anglaydi. Shu bois doim tarixiy haqiqat va badiiy toʻqima oʻrtasidagi oltin koʻprikni izlaydi. Bu esa asarda muallif ijodiy imkoniyatlarini maʼlum darajada cheklaydi. Lekin, agar roman millatning ulugʻ siymolariga bagʻishlangan boʻlsa, yozuvchining ijodiy masʼuliyati bir necha karraga ortib, tarixiy asar yozish yanada mashaqqatliroq jarayonga aylanadi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanini oʻqirkansiz, beixtiyor yuqoridagi kabi masalalarni mulohaza qilasiz. Chunki Hazrat Navoiy nafaqat oʻzbek millatining, balki butun turkiy xalqlarning eng ulugʻ mutafakkirlaridan biri. Navoiyning shaxsi, hayot yoʻli hamda ijodi koʻp va xoʻp oʻrganilgan. Maktabda, oliy taʼlimda, qoʻshimcha axborot manbalarida ham eng koʻp eʼtibor qaratiladigan tarixiy siymolardan biri Alisher Navoiy hisoblanadi.

Kitob oʻqiydigan ziyolilar qatlamiga esa Navoiyning hayot yoʻli yod boʻlib ketgan desak mubolagʻa boʻlmas. Shunday ekan, Isajon Sulton nima yangilik qila oldi, avvalgi salaflaridan farqli oʻlaroq Navoiy siymosini qanday tasvirladi degan savol, tabiiyki, birinchi oʻringa chiqadi.

Avvalo shuni taʼkidlash joizki, adabiyotimiz tarixida Alisher Navoiyning toʻlaqonli badiiy siymosini yaratishga boʻlgan urinishlar u qadar koʻp emas.

Oybekning “Navoiy” romani (1944), Uygʻun va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasi (1945), Omon Muxtorning “Ishq ahli” romanlarida (2007) Alisher Navoiy siymosi tarixiy-ijtimoiy sharoit fonida badiiy talqin etiladi. Bu asarlar ichida Navoiy shaxsiyatining nisbatan toʻlaqonli, konseptual badiiy qiyofasi Oybekning “Navoiy” romani ifodalangan desak, mazkur asarning yozilganiga qariyb sakson yil boʻlganini eʼtibordan qochirmasligimiz lozim. Yaʼni oʻtgan sakson yil davomida ijtimoiy shart-sharoit ham, tuzum ham, adabiy-estetik qarashlar ham, hatto, tarixning oʻzi ham yangilanganini hisobga olishimiz zarur.

Shunday ekan, Isajon Sultonning Alisher Navoiy siymosini qaytadan badiiy talqin etishga boʻlgan urinishiga, shunchaki, shaxsiy ijodiy ehtiyoj sifatida emas, balki adabiy-madaniy hayotimizda yetilib kelgan umumestetik ehtiyojning mevasi sifatida qarash oʻrinli boʻladi.

Isajon Sulton tarixiy shaxs konsepsiyasini yaratishda xuddi Oybek kabi Alisher Navoiyning insonparvarlik, elparvarlik, maʼrifatparvarlik kabi fazilatlariga alohida eʼtibor qaratadi. Biroq mazkur jihatlar Isajon Sultonda Navoiy siymosini yaratishdagi bosh omil emas. Adib “Alisher Navoiy” romanida koʻproq mutafakkir shoirning ijodiy-ruhiy olamini taftish etishga harakat qilgan. Yaʼni Isajon Sultonni yozuvchi sifati Navoiyning aslida kim boʻlgani, uning kechinmalari, maʼnaviy dunyosi, oʻy-xayollari, armoni, shaxs sifatidagi qadriyatlari, iymoni, axloqi koʻproq qiziqtirgan.

Yangi romanning yutugʻi shundaki, adib Navoiy hayoti va ijodini diniyeʼtiqodiy nuqtai nazardan talqin qilishga, ulugʻ mutafakkirning islom bilan yoʻgʻrilgan axloqi, aqidasi, tariqatdagi yoʻli va maqomi, umuman, avliyolik sifatlarini koʻrsatib berishga harakat qiladi. Bundan tashqari, Isajon Sulton navoiyshunoslikning soʻnggi tadqiqotlariga, istiqlol yillarida aniqlangan tarixiy manbalarga asoslanadiki, bu oʻz-oʻzidan Navoiy hayoti va ijodining tom maʼnoda zamonaviy badiiy talqinining yaralishiga olib keladi.

Isajon Sulton Navoiy siymosini yaratar ekan, u yashagan davrni, tarixiyijtimoiy muhitni imkon qadar jonli tasvirlashga urinadi. U shu yoʻl bilan buyuk mutafakkirni shakllantirib bergan ijtimoiy, siyosiy, madaniy-maʼrifiy omillarni zargarona mahorat bilan terib chiqadiki, natijada oʻquvchi Navoiy olamiga oson kirib boradi. Bu yoʻlda yozuvchi eng avvalo tarixning ishonarli, jonli manzaralarini yaratadi. Asarda Huroson va Movarounnahrning goʻzal tabiati, shahar, qishloq, ovul, bozorlaru guzarlar, sultonlar saroyi-yu, oddiy aholi uylari, kiyim-kechak, uy-roʻzgʻor buyumlari, ish qurollari, harbiy qurolaslahalar, xullas, tarixni jonlantiruvchi barcha unsurlar ipidan-ignasigacha mahorat bilan tasvirlangan. Mutolaa jarayonida oʻquvchi oʻzini xuddi tarixga tushib qolgandek his qiladi. Masalan, asar boshlanishida Alisher Navoiyning bolaligi oʻtgan amir Gʻiyosiddinbekning tashqi hovlisi mana bunday tasvirlanadi:

“Keng tuproqkoʻchadan toʻgʻri kelinsa, uzun, qalin paxsa devor orasida kichik yogʻoch eshik va darvoza koʻrinadi. Eshikda temir halqa va kichik toʻqmoqcha boʻlib, kelgan kishi erkak boʻlsa halqani, xotin boʻlsa toʻqmoqchani uradi. Hovli gulu gulzor, mevali ogʻoch koʻp. Chapda katta murabbaʼ, yaʼni toʻrtburchak hovuz koʻrinadi. Yana, uy yonida kichikroq qilib qurilgan obxona ham bor, sopol quvuridan jildirab suv tushib turadi. Obxona yonida ochiq va yopiq oshxona, oshliqxona, zerzamin, yaʼni yertoʻla. Zerzamindagi katta sopol koʻzalar ichidagi suv jazirama mahali ham muzday boʻladi. Uning yonboshida usti-yu ichi somon suvoq bilan suvalgan pastak yaxchol koʻrinadi. Yaxchol shuki, chuqur qazilgan yertoʻla kuzda suvga toʻldiriladi, qishda u tubiga qadar muzlaydi. Qalin devorlari va sersomon suvogʻi yertoʻlani jazirama issiqda ham muzday tutib turadi, Hiriyda yozda muz boʻlishining sababi shunda”. Eʼtibor qilinsa, birgina tasvir bilan aholining yashash shartsharoitlari, axloqi, texnologik yutuqlariga ishora berilmoqda. Oʻquvchi asardagi bu kabi tasvirlar vositasida Navoiyning bolaligi oʻtgan muhitga tushib boradi.

Bosh qahramonni uning atrofidagi voqeliklar bilan toʻla qonli tasavvur etadi.

Oybekning “Navoiy” romanida voqealar Navoiyning 18 yoshda Samarqanddan Hirotga qaytishi bilan boshlanadi. Aytish mumkinki, Oybek Navoiy xarakterining shakllanish bosqichlarini koʻrsatishni maqsad qilib olmagan.

Oybekdan farqli oʻlaroq, Isajon Sulton oʻz asarida Navoiyning butun hayotini qamrab oladi. Albatta, buning oʻziga yarasha jiddiy sabablari bor. Birinchidan, Navoiy 18 yoshga qadar shoir sifatida Movarounnahr va Hurosonda mashhur boʻlib ulgurgan edi. Demak, Navoiyning tarixiy shaxs sifatidagi yaxlit qiyofasini yaratishda uning bolalik va oʻspirinlik chogʻidagi hayotini tasvirlash, shoir sifatida kamol topishiga taʼsir etgan asosiy omillarni shu davrdan izlash ehtiyoji bor. Qolaversa, hozirgi dunyo xaritasi nuqtai nazaridan qaralganda Navoiyning ayni oʻsmirlik davri Oʻzbekiston bilan chambarchas bogʻliq. Bu davrda Navoiy Samarqandda yashab ijod qiladi va tahsil oladi.

Romanda Navoiyning ilk ustozi – Abu Abdulloh Kulohiyning darslari juda jonli tasvirlangan boʻlib, bunda yozuvchi muayyan badiiy-gʻoyaviy maqsadni koʻzlaydi.

Kulohiy toliblariga Qurʼon, handasa, abyotu nazmdan taʼlim berarkan, bir darsda soʻz haqida maʼruza qiladi. Maʼruzada soʻzning ilohiy qudrati, vazifasi, maʼno qirralari haqida aytib, jahon tillariga alohida toʻxtalib oʻtadi. U arab tiliga taʼrif berarkan, “...fasohat va balogʻat sayqali bilan ziynatlangan boʻlib, Tangri taoloning kalomi shu tilda nozil boʻldi. U tilning mukammalligiga shubha yoʻqdir”, deydi. Biroq boshqa tillarning mavjud ekanida ham katta hikmat borligini eslatadi: “...Tangri azza va jalla xalqlarni va tillarni yaratganining hikmati ham bor. Yaʼni, oʻziga oʻsha til ila hamd aytilmogʻini iroda ayladi”.

Mavlono Kulohiy toliblariga turkiy tilning maqomini koʻrsatib, “...turkcha, forscha va hindcha – asl tillarning manbaidir”, deydi. Soʻng turkcha soʻzlardan misollar keltirib, mazkur tilning naqadar muhtasham ekanini koʻrsatib beradi.

Aytganlarining dalili sifatida Fariduddin Attordan bir gʻazal keltirib uni sharhlab beradi. Gʻazalni tinglagan toliblar turkiy tilning jozibasiga mahliyo boʻlib, maʼnolar ummoniga shoʻngʻib ketadi. Navoiyni turkiy tilda ijod etishga undagan ilk omillar romanda ana shunday ifodalanadi.

Hijriy 846 yilda Alisher Navoiy Samarqandga koʻchib oʻtadi. Romanda Samarqand Navoiyning ijodiy-maʼanaviy hayotida tub burilish yasagan maskan oʻlaroq tasvirlanadi. Muallifning bu maqsadini samarqandlik olim Fazlulloh Abulaysning Navoiyga aytgan mana bu soʻzlari bilan dalillash mumkin: “Siz endi Samarqandda ulamo suhbatida boʻling, kerakli ilmlarni oʻrganing, Samarqand sizning taqdiringizda ilm bulogʻi boʻlib qolsin”.

Alisher Navoiy Samarqanddagi Qozizoda Rumiy madrasasida tahsil olib, mudarrislardan fiqh, tarix, handasa, ilmi nujumga doir juda qimmatli bilimlarni oʻzlashtiradi. Ayniqsa, Fazlulloh Abulays bilan boʻlib oʻtgan suhbatlar Navoiyga katta maʼnaviy ozuqa boʻladi. Zero mavlono Abulays Navoiyga “eʼtiqod sirlari”dan saboq beradi: “Madrasa darslari va Fazlulloh Abulays suhbatlari Alisher oʻy-fikrini behad kengaytirib, shu xulosaga olib keldi: nafaqat yer yuzi, balki Koinot ham tengi yoʻq qudrat koʻrgazmasidir, uning haqiqatlari esa ilm tufayli maʼlum boʻlgay. Har dam, har nafasda bir savob hosil qilishga saʼy qilingaydir, savob esa niyatdan paydo boʻlishi maʼlum”.

Suhbatlarning birida Alisher, “Menga soʻfiylar borasida ham soʻz aytsangiz”, deya mavlono Abulaysga murojaat etadi. Mavlono “soʻfiy” soʻzining lugʻaviy maʼnosini Abu Rayhon Beruniy, Abul Fath Butiy izohlari bilan tushuntirishga harakat qiladi. Soʻng eʼtiqod, ibodat masalalarida fikr yuritib, Xoʻja Ahror valiyning soʻzlaridan iqtibos keltiradi. Romanda mavlono Abulays bilan boʻlgan suhbatlar Navoiyning tariqatdagi yoʻlini belgilab olishida muhim ahamiyat kasb etgan omil sifatida urgʻulanadi: “Siz avliyoulloh yoʻlini tavsiya qildingiz!” deydi Navoiy mavlononing suhbatidan xulosa chiqarar ekan.

Navoiy samarqandlik yana bir yetuk olim mavlono Rizo Afzal qoʻlida fiqhdan saboq oladi. Bir darsda mavlono ilmi nujumning halolligini Qurʼoni Karim oyatlari bilan isbotlab berarkan, falakkiyot ilmining afzalliklariga toʻxtaladi.

Beruniy, Mirzo Ulugʻbek tadqiqotlaridan misollar keltiradi. Romanda muallif shu tarzda Navoiy ijodida alohida oʻrin tutgan osmon jismlarining badiiy talqinini Samarqanddagi saboqlar bilan bogʻlashga urinadi.

Mavlono Xoja Misliy esa Navoiyga tarixdan dars beradi. Bu olimga nisbat berilarkan, “Musulmon va maʼjusiy tarixining tengi yoʻq bilimdoni boʻlib chiqdi”, deyiladi romanda. Xoja Misliy dars oʻtarkan, “...turfa uluslarning eʼtiqodi, urf-odatlari, qavmlarning qalqishini va tanazzuli haqida shunchalar jonli va haqqoniy hikoyalar soʻzlab berdiki, Arastuning “Tarix”, Abu Rayhonning “Osoru-l-boqiya” va ibn Kasirning “Al-bidoya va-n-nihoya” kitoblarini birbiriga qiyoslab, toliblar tasavvurini to Odam Ato zamonasiga qadar yetkazdi”. Aytish mumkinki, Isajon Sulton Xoja Misliy timsolida Navoiy ijodidagi tarixiy voqealar, shaxslar, afsona va asotirlarning goʻzal badiiy ifodasiga manba boʻlgan shaxsni koʻradi. Yozuvchining mazkur ijodiy maqsadini asardagi mana bu gaplarda yaqqol koʻrish mumkin: “Har holda, Xoja Misliy ushbu hikmatlarning abyotga muhrlanishini va sanʼat libosiga oʻranishini juda istardi. Shu sababli, davrada Navoiy boʻlgan kezlari shoyon berilib, sevinib dars oʻtardi”.

Ulugʻ shaxslarning millatlar oʻrtasida talash boʻlishi tabiiy hol. Alisher Navoiy siymosi haqida gap borganda ham butun turkiy davlatlar bu mutafakkirni oʻz tarixi bilan bogʻlashga urinadi. Isajon Sultonning mahorati shundaki, u hazrat Navoiyning kamolotga chiqishida, yetuk ijodkor va olim, mutasavvuf boʻlib yetishishida Samarqandda egallagan bilimlarining ahamiyatini yuqori oʻringa olib chiqadi. Mazkur voqelik asarda haqqoniy, zoʻraki talqinlarsiz tasvirlanadiki, bu oʻzbek oʻquvchisida iftixor tuygʻularini uygʻotmay qoʻymaydi.

Isajon Sultonning Navoiyga boʻlgan ehtiromi romandagi “muhabbat” mavzusida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu haqida ogʻiz ochilganda goʻzal axloq, andisha bilan “izoh” beriladi va bu mavzuda romanda butunlay yopiladi: “Tavba, – dedi Majididdin biroz jimlikdan soʻng, har ishni saqich kabi chaynashni xush koʻradiganlardan achchiqlanib: – Kishilarga qiladigan ish qolmabdimi, birovning birovga mayli bor yoʻqligini surishtirgaylar? Modomiki soʻz kanizagu joriyalar haqida emas, darajotda teng nikoh, yaʼni oʻta mahram mavzuda boʻlsa, aqlli kishi buni qandoq muhokama qilsin?”

“Alisher Navoiy” romanida yozuvchi Navoiyning ijodiy olamini taftish etishga, mutafakkirning ijod lahzalarini badiiy talqin qilishga alohida eʼtibor qaratadi. Adib Navoiyning ilhom pallasidagi maʼnaviy olamini, oʻyxayollarini uning mahobatiga mos ravishda tasvirlashga, shu yoʻl bilan oʻquvchini Navoiy olamiga olib kirishga, uni anglatishga, tushuntirishga harakat qiladi:

“Kecha-kunduzning almashishi, quyosh chiqib botishi, oyning hiloldan badrga qadar oʻzgarishlari sezilmasdi. Maʼnolar olami uning ruhini oʻziga toʻla singdirib oldi. U olam insonlikning eng oliy choʻqqilari sari chorlardi”. Navoiyning “Xamsa”ni yozish chogʻidagi holat esa bunday tasvirlanadi. “Kecha qorongʻusida sham shuʼlasiga gʻarq boʻlgan xona goʻyo behad kengayib ketganday, bu yerda turfa voqealar roʻy berardi. Qushlar inson tilida soʻzlar, koʻk uzra suzgan quyosh oʻz taqdiridan hikoya qilar, Koʻhi Qof ortidan moʻralagan yaʼjuj-maʼjujlari ularga qarshi borayotgan imon lashkari oʻz mazmunidan soʻzlar...” Asardagi bu tasvirlar oʻquvchi xayolotini kengaytirib, ijod onlarida goʻyo butun koinot bilan qovushib, olamni turli oʻlchamlarda koʻra boshlagan ulugʻ mutafakkirning ruhiyat dunyosiga kirib borish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat, asarda Navoiy ijodidagi muayyan asarning yaratilishiga turtki boʻlgan ijtimoiy, ruhiy omillarni koʻrsatib berishga urinish kuchli. Bu esa Navoiy ijodini biografik nuqtai nazardan “badiiy tadqiq” etish boʻlib, oʻquvchi bu talqindan soʻng shoir ijodini nisbatan yaxshiroq tushuna boshlaydi.

Masalan, oʻspirinlik chogʻida Alisher tagʻoyisi bilan lola sayliga chiqadi. Ular togʻda tosh kesayotgan yosh sangoyi yigitni uchratib qolishadi. Yigit qoyatoshni yoʻnib vodiyga suv chiqarish ilinjida mehnat qilayotgan edi. Alisherga yigitning mashgʻuloti juda qiziq tuyilib uni suhbatga chorlaydi:

“Ismingiz ne? – deb soʻradi Alisher. Norgʻul, sodda bu yigitning ishtiyoqi uni xush kelgan edi.

– Xusrav, – dedi yigit. Suhbatdoshining hayron boʻlib qaraganini koʻrib, izoh berdi: – Ajablandingizmi? Otam koʻp kitob oʻqiydilar. Xusrav Dehlaviy degan shoirning “Xamsa”sini oʻqib, havas qilib, menga shu otni qoʻygan ekanlar.

– U holda, bu aroda Shirin ham boʻlgaydir, – dedi Alisher ham, “Xamsa”ni eslab.

– Aytsam inonmaysiz, biroq ulusda rostdan ham Shirin degan bir qiz bor”.

Alisher sangoyi yigit bilan bir muddat suhbat quradi. Ketish chogʻida yigitga bir qancha tilla tanga hadya qiladi. Bu huzurbaxsh suhbat Navoiy qalbidan bir umrga joy oladi. U qachonki “Farhod va Shirin” dostonini yozishga kirisharkan, xayolan sangoyi yigitni va uning Shiringa boʻlgan muhabbatini jonlantiradi.

Sangoyi yigitning qalb harorati zarradek boʻlsa-da Farhod siymosiga koʻchib oʻtadi.

Isajon Sulton ayrim oʻrinlarda Farhod va Majnunning oʻy-xayollari, kechinmalarini Navoiy shaxsiyati bilan ham bogʻlashga urinadi. Ayniqsa, “Xamsa”dagi ikki qahramonning oʻz ota-onasi uchun chekkan iztiroblari Navoiyning qalb jarohatlari bilan uygʻunlashtirilgani asarda juda ham jonli, taʼsirli chiqqan. Zero Alisher ham ota-onasidan erta yetim qoladi. Ota-onasining fojiali vafoti, ular bilan vidolasha olmagani Navoiyning bir umrlik figʻoni edi:

“Yazd choʻlida 2 onaizorining etaklariga oʻralasha-oʻralasha, yuzidan pardasi uchib, “Qoʻzim!” deya yigʻlab chopib kelganlarini qalam qismat qogʻoziga shunday naqshladi:

“...Soʻng ajal oʻz oʻqini Farhodning joniga urdi. U oʻz umrining tugab borayotganini tushunib, otasini yodladi va bir sovuq oh tortib qoʻydi. Onasi koʻz oldiga kelar ekan, koʻzidan ikkita qonli irmoq ochilganday boʻldi”. Yoki Majnunning ota-onasi qabriga borib qilgan faryodi Navoiyning oʻz ohu zori edi: “Onaizor qabriga kelib toʻxtagach, faryod-figʻonlari olamga sigʻmay ketdi. Yoqa oʻrniga koʻksini chok qilib, yuragiga rahmsiz tigʻlar urdi. Koʻzyoshining selidan yerlar dengizga aylanib, qabrlari baliqlar kabi koʻrindi”.

Isajon Sulton navoiyshunoslikdagi soʻnggi tadqiqotlar, yangi tarixiy manbalarga asoslanib “Navoiyning Astrabotga surgun qilinishi” masalasiga ham oydinlik kiritadi. Yaʼni adib Navoiyning Huroson janubidagi Astirabod viloyatiga hokim etib tayinlanishida uni Hirotdan uzoqlashtirish, “surgun” qilish maqsadi boʻlmaganini koʻrsatib bergan. Husay Bayqaro shu yoʻl bilan janubda tobora kuchayib kelayotgan safaviylarga qarshi munosib himoya oʻrnatishni, bunda Navoiyning mavqei, kuchli siyosatdonlik mahoratidan foydalanishni koʻzlaydi.

Romanning bu bobida Navoiyning naqadar oʻtkir siyosatchi, odil va tashabbuskor rahbar boʻlgani ham ochib beriladi.

Yuqorida qayd etganimizdek, davr oʻtishi bilan tarixiy voqelikka, tarixiy shaxslarga boshqa rakurslardan qarashga, badiiy talqin qilishga boʻlgan ehtiyoj tabiiy ravishda yuzaga kelaveradi. Shu maʼnoda, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani nafaqat Navoiy haqidagi tasavvurlarimizni, balki besh asr naridagi tarix haqidagi bilimlarimizni ham boyitadi. Asar tom maʼnoda yangi avlod mevasi. U unib-oʻsib kelayotgan yangi avlod uchun Navoiyni anglashda, ijodini tushunishda, buyuk mutafakkir bilan yuzlashishda muhim manba boʻlib qoladi.

2 Bola Alisherning choʻlda uxlab qolib aravadan yiqilgani va adashib qolganiga ishora.

Saʼdullo Quronov