– Ulugʻbek aka, “Tafakkur” jurnalida eʼlon qilingan “Yangi inson” (2012) nomli dostoningiz, menimcha, bugungi oʻquvchining ayni koʻnglidagi asarlardan biri boʻldi. Zero, asarda zamondosh – Yangi insonning ijtimoiy va maʼnaviy qiyofasi turli rakurslardan tasvirlanadi.
“Yangi inson” istilohini ilk bor Uygʻonish davri mutafakkirlari qoʻllagan. Aslida esa, bu masala barcha oʻtish davrlari faylasufu ijodkorlarini oʻylantirib kelgan. Zotan, yangi davr kishisi oʻzidan avvalgi avlodning “nomai aʼmol”ini tanqid-taftish qilarkan, dunyoni qayta qurishga qodir Yangi insonni tarbiyalashga intilgan. Madaniyat tarixida bunga misollar koʻp. Maʼrifatchilar, keyinroq modernistlar ham Yangi inson siymosida nurli kelajakni bashorat qilgan. Shu nuqtai nazardan, tabiiy savol tugʻiladi: nega bugungi kun ziyolisi koʻproq Yangi insonning oʻzini tanqid qilishga moyil?
Sizning dostoningizda ham Yangi inson oʻzligini unutib, tubsiz jar yoqalab borayotgan zamondosh sifatida tasvirlangan. Uning ijtimoiy funksiyasi va badiiy talqini nega bu qadar keskin oʻzgarib ketdi? Siz Yangi inson izmidagi dunyoning ertasini qanday tasavvur qilasiz?
– Toʻgʻri, “Yangi inson” tushunchasi butunlay yangi hodisa emas. U avvalgi zamonlarda ham vaqti-vaqti bilan “tugʻilib”, oʻz vazifasini ozmi-koʻpmi bajargan. Ammo har bir davr kishilari Yangi insonga yangicha maʼno yuklaganlar. Maʼnoni atayin yuklamaganlar, albatta. Buni davrning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy shart-sharoiti belgilab bergan. Hozir ham taxminan shunday boʻlmoqda. Oʻtmishda Yangi insonda ezgu niyatlaru orzu-umidlar mujassam boʻlmogʻi tabiiy edi.
Chunki u davrdagi Yangi inson xos toifa edi. Tarixdan maʼlumki, xoslar (elita) jamiyatni taraqqiyot sari yetaklagan. Hozir dunyo jamiyatlarida paydo boʻlgan Yangi inson esa avom (omma) vakilidir. Buning maʼnosi shuki, u hamma qatori yeydi, ichadi, kiyadi, kezadi, ishratga beriladi... Yaʼni tom maʼnoda isteʼmolchi. Uning bosh xususiyati – isteʼmolchiligida, aslo yaratuvchiligida emas! Avvalgi Yangi inson isteʼmolchi boʻlish barobarida yaratuvchi ham edi (bu oʻrinda “yaratuvchi” soʻzi yangiliklar kashf qilib, jamiyatni taraqqiyot sari yetaklovchi maʼnosida ishlatilmoqda). Hozirgi Yangi inson esa sarflovchi, sovuruvchidir. Achinarli jihati shundaki, sovuruvchi yaratuvchining oʻrniga keldi. Isteʼmolchi-avom bir zamonlar hamma uchun namuna boʻlgan yaratuvchi-xosni chetga uloqtirib tashladi. “Taxtiravon”ga chiqib olgan isteʼmolchi-avomda yaratuvchi-xosning darajasidan, andak mubolagʻa bilan aytganda, asar ham yoʻq. Koʻrinib turibdiki, hozirgi Yangi inson bashariyatni taraqqiyot sari emas, balki jarlik, tanazzul sari sudraydigan mohiyatga ega. U goʻyo shunday dasturlangan. Binobarin, “Yangi inson” dostonida tavsiflangan kimsa – aksilqahramon boʻlib, bu meni ijodkor sifatida durustgina hushyor torttiradi. Axir, shu choqqacha kaminaning barcha asarlari bosh qahramonlari ezgulik, yorugʻlik, adolat tomonida turib kurashgan, iztirob chekkan insonlar edi-da. Endi koʻringki, ishimiz aksilqahramonlarga tushib oʻtiribdi... Ammo dostonda aksilqahramon oʻz holiga tashlab qoʻyilgan emas. Yonida unga va unga ergashganlarga tanbeh berib, “Bu yoʻlning adogʻida tubsiz jarlik bor!” deya ogohlantirib turguvchi roviy obrazi keladi. Endi hamma gap roviyning ogohlantirishlariga quloq tutguvchi oʻquvchining bor-yoʻqligida qolyapti...
Yangi insonga madaniyat tarixida koʻp karra eʼtibor qaratilgan, deganingiz oriy rost. Uzoqqa bormaylik, XX asrda ispan esteti va faylasufi Xose Ortega-i-Gasset Yangi insonni “omma” deya sifatlagan edi. Eslang, uning “Omma qoʻzgʻoloni” degan katta tadqiqot-maqolasi bor. Talabalik chogʻimiz, maqolani ilk oʻqigan kezlarimizda Gasset ilgari surgan ayrim fikrlar hayotdan, alalxusus, bizni qurshab turgan hayotdan ancha yiroqdek tuyulgan. Oradan hech qancha vaqt oʻtmadi, bor-yoʻgʻi chorak asr deng, atrofimizda maqolada taʼrifi keltirilgan “omma” paydo boʻlib ulgurdi. Ulgurdigina emas, maʼnaviy haqqi boʻlmagani holda, Gasset aytganidek, hamma joyga suqilib kirib, u yerdan munosib odamlarni – xoslarni quvib soldi.
Xoʻsh, ommani kim yoki nima paydo qildi? Hayot va uning qonun-qoidalarimi? Ana shu qonun-qoidalarga asoslangan kapitalistik munosabatlarmi?..
Albatta, shular. Bu munosabatlar paydo qilgan avlodni men “Yangi inson” deb atadim. Omma degani bu – hamma. Hammani ana u deya qoʻl bilan koʻrsatib boʻlmaydi (Gasset ham bu bilan Yangi insonning qiyofasizligiga urgʻu bergan, nazarimda). Men ommadan fardni (yakka insonni) ajratib oldim va unga “Yangi inson” deb nom berdim. Va uning sifatlarini birma-bir sanab, “Mana shu yaramas – sensan!” deya yuziga qoʻlimni bigiz qilib koʻrsatdim. Toki atrofimizda paydo boʻlib, tobora urchib ketayotgan, yoʻlida uchragan jamiki narsani moʻri malaxdek yutib, sovurib borayotgan kas oʻzining kimligini, kimlarning oʻrniga kelib, qanday bemaza ishlar qilayotganini bilsin! Aslida, bu... chuchvarani xom sanashdek gap. Negaki, Yangi inson hech qachon asl haqiqatni bilmaydi. Qanday ham bilsin, axir, uning isteʼmol qilishdek bitmas-tuganmas yumushi bor! U bundan ortmaydi. Ichida soat mexanizmidek raso ishlaydigan “dastur” izn bermaydi bunga. Haqiqatni Yangi insonga aylanmagan ozsonli xoslar bilishi zarur, toki oʻzini halokatdan saqlasin. Doston shu niyatda qogʻozga tushirildi. Yana, oʻtmishda yangi insonlik naqadar muborak maqom boʻlgan esa, hozirga kelib u asosan insoniyat shu kungacha yaratgan barcha ezgu amallarni, madaniyatlarni, munosabatlarni, sanʼat asarlarini sarflovchi, ularni oʻz jigʻildoniga hech bir andishasiz urib sob qilguvchi, alaloqibat, hammani tubsiz jarlik sari sudrovchi oʻta xavfli mutant maxluq ekanini taʼkidlamoq uchun yozildi. Men ijodkor sifatida “Yangi inson” dostonini bitdim, lekin oʻquvchi sifatida uni mutolaa qilar ekanman, Yangi insondan munosib insonga qarab borishimiz zarurligini tushunib yetdim. Bu nima degani? Biz Yangi insonni boqish, parvarishlash, unga sigʻinishdan tiyilib, bashariyatning ilgari yurishi, rivojlanishiga koʻmaklashuvi munosib insonlarni jamiyat yetakchisiga aylantiruvchi tizimni barpo qilishimiz lozim. Qatʼiy ishlaydigan ana shu tizimgina Yangi insonni qutqarishi mumkin, menimcha.
– “Hamma gap roviyning ogohlantirishlariga quloq tutguvchi oʻquvchining bor-yoʻqligida qolyapti...” dedingiz. Adabiyot, umuman, millatning taqdirida, madaniyatida, uning qay tarafga qarab yoʻl olishida, yaʼniki kelajagida oʻquvchining oʻrni shu darajada muhimmi?
– Ha, oʻquvchi va uning saviyasi masalasi adabiyotda, nafaqat adabiyot, balki butun boshli bashar hayotida juda muhim deb oʻylayman. Kuzatishlarim shunday oʻylashga asos beradi. Bir vaqtlar, aytaylik, oʻtgan asr 80-yillarida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matchon, Halima Xudoyberdiyeva kabi shoirlarimizning sheʼrlari koʻpchilik oʻquvchilar uchun tushunarli edi. Oʻsha davr kitobxonlarining asosiy qismi bugun badiiy didi ancha kamol topgan oʻquvchilar uchungina tushunarli boʻlgan sheʼrlar magʻzini qiyinchiliksiz chaqa olardi. Badiiy- estetik daraja baland edi-da. Boshqacha aytganda, maxsus adabiy tayyorgarlikdan oʻtmagan oddiy oʻquvchi ham nomi zikr etilgan shoirlar sheʼrlarini tushunardi. Tushunardigina emas, yod olib aytib yurardi. Xoʻsh, bugun-chi? Ahvol butunlay boshqacha. Yalpi adabiy-estetik daraja bir pogʻona pastga tushgandek. Yigirma besh yil avval zoʻriqishsiz tushunilgan, sevilgan adabiyot bugungi kunda, ne ajabki, asosiy oʻquvchilar ommasi uchun qoʻl yetmaydigan yuksaklik boʻlib tuyulmoqda. Holbuki, turmush tarzimizda misli koʻrilmagan oʻzgarishlar sodir boʻldi: murvatli televizorlar oʻrniga pultli, yupqa ekranli televizorlar, ruli ming azobda buriladigan yengil avtomobillar oʻrniga bitta barmoq bilan aylantirib boshqarish mumkin boʻlgan gidroboshqaruvli zamonaviy mashinalar keldi, koʻpfunksiyali mobil telefonlar va internetning insoniyatga taqdim qilayotgan beqiyos imkoniyatlari haqida-ku gapirmay qoʻyaqolay! Sirasi, taraqqiyot sari shaxdam qadamlar bilan odimlab, balki chopib borayotirmiz. Lekin hayot sharoitimiz shunchalar ilgarilagani holda nega badiiy-estetik tafakkurimiz ortga qarab ketmoqda? Nazarimda, bu oʻta jiddiy savol. Javobi esa... Ayni shu masala tagiga yetish adabiyotning koʻpgina hodisalari mohiyatini ochib tashlaydi. Ortga ketishning bir chekkasi oʻquvchiga borib ulanadi. Zero, badiiy asarni maʼnaviyat mahsuli deb olsak, uning oʻz vazifasini tom maʼnoda bajarishi oʻquvchining badiiy-estetik saviyasiga koʻp jihatdan bogʻliq. Lekin aksar masalaning bu tomonini unutib qoʻyamiz, “Yaxshi asar yozing!” deya ijodkorga murojaat qilamiz. Lekin uni hazm qilib, qadriga yetguvchi oʻquvchini tarbiyalash hech kimning xayoliga kelmaydi. Oʻzbek nasrida, xususan, hikoyachiligida 10-15 ta shunday hikoya yaratildiki, ular badiiy-estetik va falsafiy qimmatiga koʻra hatto jahon ichra ham eng ilgʻor adabiyot namunalaridandir. Lekin ularning mohiyatiga yetib, magʻzini chaqa oladigan oʻquvchi – anqoning urugʻi.
Bu noyob urugʻning soni, nari borsa, shu hikoyalar miqdori qadar, tamom-vassalom! Vaholanki, adabiyot yashamogʻi uchun ijodkor, asar va oʻquvchi uchligi lozim. Oʻquvchisiz adabiyot bir qanoti singan qushdek gap:
parvoz haqida faqat xayol surishi mumkin.
Ayni damda, oʻquvchida ham oʻquvchi borligini yodda tutmoq kerak. Har bir adabiyotning ijodkori oʻquvchisiga yarasha keladi. Hayotiy bir misol. Uyimga santexnik chaqirdim. U rus millatiga mansub edi. Bir necha kun ishlagani bois, har xil mavzularda suhbatlashib qoldik va u kaminaning yozuvchi ekanidan xabar topib, “Ruschada nimang chiqqan?” deya soʻradi. Men unga “Bunt i smireniye” degan romanimni oʻqishga berdim. Ikki kun oʻtar-oʻtmas santexnik ish asnosida men bilan roman toʻgʻrisida bahslasha ketdi. Joʻyali munozara qildi oʻziyam! Bu yerda gap kimning haqu kimning nohaqligida emas, yoʻq, men eʼtiborni boshqa tomonga qaratmoqchiman: bahslashayotganlarning biri oʻrta maʼlumotli, rus millatiga mansub oddiy santexnik, ikkinchisi esa oliy maʼlumotli, filologiya fanlari nomzodi, yozuvchi, shoir va adabiyotshunos, yaʼni kamina edi. Men XIX va XX asrlarda rus adabiyotining nega bunchalar baland parvoz qilganiyu Pushkin, Gogol, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov kabi adiblarning tugʻilishi sabablaridan birini, oʻta jiddiylaridan birini anglagandek boʻldim oʻshanda. Hatto santexniklar orasida badiiy asar haqida jiddiy mubohasalarga qodir ana shunday oʻquvchilar bor ekan, bu xalqqa munosib yozuvchiyu shoir ham hamisha tugʻilib yetishaveradi. Ajab, ushbu fikrdan teskari xulosa ham yasash mumkin ekan: oʻquvchining saviyasi qancha past boʻlsa, xuddi shunday saviyadagi “shair” yo “yozgʻuchi” ham har qadamda tirjayib qarshingizdan chiqaveradi...
Baʼzan boʻlajak mutaxassis-talabalarning saviyasidan xafa boʻlib ketasan kishi. Boʻlgʻusi filologlar Erkin Vohidov bilan uchrashuvga kimning kitobini koʻtarib borganini bilasizmi? Voqeani bayon etay: bir kun ikki talaba oldimga sheʼru maqola koʻtarib keldi-da, fakultetda boʻlib oʻtgan uchrashuv haqida soʻzlab berdi. Oʻzbekiston xalq shoiri, yurt qahramoni Erkin Vohidov bilan ijodiy kecha uyushtirilib, filolog-talabalar taklif etiladi. Bilasizmi, zamonamizning ulugʻ shoiri bilan uchrashuvga talabalarning aksari kimning kitobini koʻtarib boradi? Navoiyning deysizmi? Qani edi!.. Shigʻir yozuvchi bir shairning kitobini! (Haytovur, ulugʻ shoirga qarata “Imzo chekib bering shu kitobga!” deyishmabdi!) Demak, boʻlgʻusi adabiyotchilarning katta bir qismi shoir bilan shairning farqiga bormaydi.
Ertaga universitetni bitirib chiqqandan keyin ham yosh avlodga shairlarni targʻib qiladi. Ular taʼsirida ulgʻaygan millatdoshlarimizning saviyasi esa shairlar darajasidan koʻp-da uzoqqa bormaydi, xullas, “Men sevaman, sen sevasanmu?” deya oʻtadi boyoqishlar. Shigʻirchiga va uning kabi yozadiganlarga zarra gʻarazim yoʻq.
Mening dardim oʻquvchi va uning saviyasida. Ana shu – jiddiy muammo! Har doim eʼtibordan qolib kelayotgan muammo! Shigʻirchilar kelib ketaveradi...
Darvoqe, shundaymikan? (Ular kelishga-ku keldi-ya, biroq osonlikcha ketarmikan?..) Nazarimda, bu muammo yechimi ham oʻquvchiga bogʻliq. Baland saviyali oʻquvchigina shigʻirchilarning tanobini tortib qoʻyishi mumkin. Yoʻq, ular jisman yashayveradi, lekin shigʻir yozishni bas qiladi. Buning boshqa yoʻli yoʻq. Demak, yuksak didli oʻquvchining gʻamini yemoq kerak, toki ijodkor oʻz- oʻzidan ana shu oʻquvchiga tenglashishga majbur boʻlsin! Yuksak didli oʻquvchisi bor millatning esa adabiyo ti yuksak boʻladi! Buning uddasidan chiqa olsak, Navoiyni oʻqi, deya ogohlantirishga hojat qolmaydi. Yuksak didning oʻzi oʻquvchini navoiylarga yetaklab boradi.
Avlodlar dunyoqarashi, didlar oʻrtasida katta farq boʻlishi mumkin, buni tushunaman, albatta. 90-yillarning oʻrtalarida bir yosh shoir men yoqtirib oʻqigan anʼanaviy sheʼrlardan (masalan, “Oʻksib-oʻksib axtaraman nur, / Qorongʻuda boʻlgayman ado. / Qoʻngʻiroqlar sadosi kelur, / Qanday mashʼum bu goʻzal sado!”) uncha mutaassir boʻlmasligi, aksincha, qofiyasiz, ritmi siniq, lekin bagʻriga kuchli maʼnoni yashirgan asarlardan zavq tuyishini aytgan edi. Misol sifatida “Koʻzlarimda ikkita shovqin...” degan misrani oʻqib, uni berilib tahlil qilgan edi. Men yosh doʻstimni tushungan, qabul qilgan va oʻqigan misrasidan badiiy-estetik zavq tuygan edim. Nima boʻlganda ham, u sheʼrda chindan zalvorli yuk bor edi. Shularni eʼtirof etgan holda, yosh doʻstimga eʼtirozlarimni-da bildirgan edim: yaxshi asar barmoqda ham, aruzda ham, sochmada ham yozilishi mumkin. Uni vazni bois yoqtirish yoki yoqtirmaslik sanʼatdagi turfalik mohiyatini, shakllar oʻyinini tushunmaslikdir. Nafaqat hayotdagi, ayni choqda, sanʼatdagi tolerantlik ham ulugʻ neʼmat. Binobarin, badiiy asar qaysi “izm” yo shaklda yozilgan boʻlmasin, uning taqdirini isteʼdod hal qiladi. Biz badiiy asarni shu nuqtai nazardan baholashni oʻrganishimiz kerak...
Ammo bugungi kun oʻquvchisi yoqtirib oʻqiyotgan sheʼrlarning katta qismini chinakam sheʼr deb boʻlmaydi. Ularda na maza bor, na matra.
Bu nimadan dalolat? Sanʼatning inqirozidanmi? Didning oʻtmaslashuvidanmi? Yangi insonning urchiyotganidanmi?.. Afsuski, aytilganlarning hammasida jon bor. Qidirilsa, muammoning yana oʻnlab sababi topiladi. Xoʻsh, chora-chi, bormi chora?! Bu, menimcha, aksar ziyolilarning yurak-bagʻrini oʻrtab kelayotgan hayqiriq-savol boʻlsa, ajabmas. “Laʼnati savollar” degan mushohadalar paydo boʻlgan edi oʻtgan asrlarda jahon badiiy-falsafiy tafakkur olamida.
Adashmasam, javobi yoʻq savollar shunday atalardi. Oʻylashimcha, chorasizlikdan chiqmoqning-da chorasi bor. Lekin u insondan juda katta qurbonlikni – chinakam sanʼatu adabiyot yoʻlida umrni fido etib oʻtmoqni talab qiladi. Javob esa shunchaki soʻz emas, munosib yashaladigan umr ila beriladi.
Dunyo miqyosida olganda ham, kitob oʻqish, mutolaa zavqiga tolish tobora kamayib borayotgani bor gap. Nazarimda, bu hol oʻqimishli, bilimdon insonlarning yetarli qadr topmayotgani bilan izohlanadi. Buning isbotiga misolni yana oʻz hayotimdan olaqolay. Men ikki farzandimga oʻz kasbimni koʻp marta targʻib qilib koʻrdim. Axir, shuncha kitob yiqqanman, talay ilmiy rejalarim bor, hammasiga ulgurmasligimni bilaman. Shu uchun yonimga kirsalar, ham farzand, ham shogird boʻlsalar, deya umid qildim. Lekin boʻlmadi shekilli. Buni oʻtgan zamon feʼlida yozsam boʻlaverar.
Chunki ular boshqa sohani tanladi. Adabiyotu adabiyotshunoslikdan farqli oʻlaroq, jamiyat ichra eʼzoz topgan, odamlar ehtiyoji tushib turgan sohalarga qarab ketishdi. Nima demoqchiman? Oʻqimishli, bilimdon insonlarni (ayni choqda, har bir sohani) qadrlaylikki, qolganlar ham shunday boʻlishga intilsin. Hozirgi yoshlar hayotga real qaraydi: ularni quruq nasihat bilan tarbiyalab boʻlmaydi. Siz “Hoy bola, kitob oʻqi, yaxshi odam boʻl!” deb tursangiz-u, bu yoqda kitob oʻqimagan, boz ustiga, muttaham bir kasning oshigʻi olchi boʻlib tursa, albattaki, oltinga teng soʻzlaringiz yerda qoladi – bola oʻsha muttahamning hayot tarziga havas qila boshlaydi.
Bas, oriflarni toʻrga olib chiqaylik, toki yaxshilarga munosabatimizning oʻzi yoshlarga ibrat boʻlsin! Kelajakda intellekti baland millatlargina dunyo maydonida yashab qoladi. Chunki dunyoning qadam olishi shunday. Unda ulkan evrilishlar, assimilyatsiya jarayonlari kechmoqda.
Faqat va faqat oʻzining ulkan botiniy qiyofasiga ega xalqlargina evrilishlar boʻronidan eson-omon chiqishi mumkin. Botiniy qiyofa esa, masalan, marosimlarda boshga kiyilgan doʻppiyu yelkaga tashlangan toʻn bilangina emas, avvalo, ong va qalbga joylangan bilim bilan, oʻzlikni anglash va muttasil tafakkur qilish bilan shakllanadi. Demak, oʻqish, uqish va tafakkur qilish ulkan oʻzgarishlar ummonida millat qayigʻini halokatdan saqlab qoladigan – olgʻa suzishga imkon beradigan eshkaklardir.
– Adabiyot, umuman, sanʼatda badiiy asarning bashorat qilish funksiyasi borligi haqida aytiladi. Chingiz Aytmatovning manqurt fojiasi haqida yozganlarini oʻqib, “Olloh asrasin!” deb yuboradi kishi. Albatta, manqurt toifa hamma davrlarda ham boʻlgan. Ammo butun bir jamiyatning manqurtlashishi kuzatilmagan. Zamona faylasuflarining taʼkidlashicha, biz postindustrial, axborotlashgan jamiyatda yashayotirmiz. Bu jamiyatning har bir boʻgʻini, har bir shaxs hayoti axborot bilan chambarchas bogʻliq. Axborotning oʻzi esa hali-hanuz tushunish, boshqarish qiyin boʻlgan murakkab hodisaligicha qolayotir. Bu hodisa bugun jamiyatimizga axborot terrori, axborot blokadasi, axborot diversiyasi kabi koʻrinishlar bilan xavf solib turibdi. Axborot xuruji ommani manqurtlashtirib, zamonaviy til bilan aytganda, zombilashtirib bormayaptimi? Xoʻsh, bizning zaminda kasallikning qay belgilari kuzatilyapti? Bunga qarshi biron chora-tadbir taklif qila olasizmi?
– Akademik Yuriy Borev shu vaqtgacha insoniyat amal qilgan paradigmalar mavjud edi, endi boʻlsa yoʻq, deydi. Bu, sodda til bilan aytganda, insoniyat yurishi kerak boʻlgan yangi yoʻl yoʻq, degani. Tarixga nazar tashlasak, dunyoga bunday paradigmani goh Sharq, goh Gʻarb taqdim qilganini koʻramiz. Bugun ana shunday yoʻlning yangi modeli na Gʻarbda va na Sharqda bor. Nega? Nazarimda, buning zamirida taraqqiyot surʼatining shiddatli tus olgani bilan bogʻliq sabablar qalashib turibdi.
Inson hayotida soʻnggi yangilik avvalgi yangilikni oʻzlashtirib, unga toʻgʻri munosabatni shakllantirib boʻlmasidan yuz beryapti. Bilamizki, yangiliklar oʻz- oʻzicha sodir boʻlmaydi, balki avvalgisining inkori va yangisining eʼtirofi oʻlaroq daryo-daryo axborot bilan oqib keladi. Oqibatda insonning fikru xayoli siz aytayotgan har turli axborot bilan toʻlib-toshmoqda. Obrazli aytganda, hisobsiz xabaru yangiliklar boʻroni ichra koʻzlarini yumishga majbur boʻlgan zamondosh insonning yurar yoʻlini topolmay qolishi tabiiydir.
Endi siz aytayotgan axborot xuruji masalasiga kelsak, yangi urushning, mafkuraviy urushning turli koʻrinishlari bular. Bugun inson boshiga, oʻtmishda boʻlgani kabi, tuya terisini zoʻrlab kiydirib, quyosh tigʻiga oʻtqazib qoʻyish aslo shart emas. Biror xabar, maʼlumot, nagʻma... tinmay inson qulogʻiga quyilaversa, vaqt oʻtib oʻsha nomaqbul axborot oʻz ishini qiladi: inson beixtiyor uning taʼsiriga tushadi. Zamonaviy zombilashuv shunday kechadi.
Yana bir hayotiy misol. 90-yillarning avvali edi. Biz, talabalar paxta terimida, daladamiz. Yon-atrofda, dala boʻylab oʻsha kezlar endi-endi urf boʻlayotgan maza-matrasiz nagʻmalar yangrayapti. Kimningdir mashinasidan, kimningdir magnitofonidan degandek, xullas, har kuni topiladi bir dingʻir-dingʻir. Talabalarga nozir oʻlaroq biriktirilgan oʻqituvchi egat oralab yurarkan: “Jin ursin, shu qoʻshiqlar rosa jonga tegdi!” deya norozilandi. Men ham muallimni dastaklab nimalardir dedim. Shu... Oradan biron haftalar vaqt oʻtdi. Oʻqituvchi yana dala aylanib yurar ekan, tuyqus oʻzi tanqid qilgan nagʻmani zamzama etib ketayotganini eshitib qoldim:
“Iya, domla, oʻzingiz soʻkib, oʻzingiz xirgoyi qilyapsiz-ku?!” dedim ajablanib. “Ha endi, nima qilay, kunda besh-oʻn martalab qulogʻingizga kiraverganidan keyin istar-istamas xirgoyi qilar ekansiz-da!” deya javob berdi.
Bu safar domla nafaqat nagʻmadan, balki oʻzidan-da norozi edi. Endi oʻzimcha mushohada qilaman: biz yoqtirmagan kuy, qoʻshiq, gʻoya, surat va hokazolar hadeb ongimizga tiqishtirilaversa, axiyri bir kun, hatto ziyoli sanalganimiz ham unga taslim boʻlar ekanmiz-u, boshqalardan nimani kutamiz?.. Shu bois bizni inson va millat sifatida yoʻldan ozdiradigan axborotni avval-bosh danoq bartaraf qilish kerak, deya mulohaza yuritaman oʻzimcha. Yomonlikning qanot chiqarib, soʻng parvoz qilishiga imkon bermaslik lozim. Chunki ozgina qoʻyib bersangiz, unga bas kelib boʻlmaydi: iblis yangligʻ ichimizga qanday kirib, qonimizga qanday qoʻshilib olganini bilmay qolamiz!
Butun boshli jamiyatning manqurtlashishi, albatta, juda yomon hol. Yomonligi shundaki, jarayon bir boshlandimi, bas, uni toʻxtatib boʻlmay qoladi.
Toʻxtataman deganni jinniga chiqaradi. Kim deysizmi? Jamiyatning oʻzi. Kasalsan, deydi. Asli oʻzi nosogʻlom kimsalar sogʻ odamni ruhiy kasallar shifoxonasiga tiqadi. Chunki manqurtlashgan jamiyat hammaning oʻzi kabi boʻlishini xohlaydi. Oʻziga oʻxshamaganni oradan siqib chiqarishga urinadi va bunga erishadi ham. Qarabsizki, manqurt ekanidan oʻziyam bexabar, oʻqtin-oʻqtin ozod va baxtiyormiz deya qichqirib turadigan jamiyatlar paydo boʻladi. Aytilganlar, bir qaraganda, mubolagʻadek tuyulishi mumkin. Lekin manqurtlashuvning ayrim xususiyatlari hozirdanoq koʻpdan-koʻp dunyo jamiyatlarida, hatto eng rivoj topganlarida kuzatilayotgani insonni shunday achchiq oʻylar girdobiga tashlaydi. Chunonchi, hamma urushga qarshi, hamma urushni qoralaydi, lekin dunyoning boshi qirgʻindan chiqmayotir. Chunki manqurtlarcha tafakkur har qanday yoʻl bilan foyda olishga dasturlangan-da.
Endi foyda olish yoʻlidagi har qanday toʻsiqlar (insonlar) uloqtirib tashlanadi. Lekin ogʻizda urushga qarshi gapirilaveradi. Chuqurroq mulohaza qilinsa, katta foydaga mukkasidan ketgan kuchlar boylik va dunyoga hukmronlik gʻoyalariga qul boʻlib qolgani ayonlashadi. Iskandarning tobutdan chiqarib qoʻyilgan boʻsh qoʻllaridan ibrat olishga chogʻlangan kishini uchratish esa zamonamizda tobora kamyoblashib bormoqda. Bosib oʻtilgan yoʻllar, kechagi kunning xatolaridan ibrat olib, sogʻlom nazar bilan kelajakka intilish yoʻqmi, demak, bu yerda manqurtlashish bor, deb hisoblayvering.
“Hammasi shunchalar yomonmi, umid yoʻqmi, umid?!” deb soʻrasangiz – aytay: bor, hayot bor ekan, Yer yuzida atigi bir juft inson mavjud ekan, umid hamisha boʻladi. Axir, Odam Ato va Momo Havvodan paydo boʻlmadimi bularning bari! Shu jumladan, umid ham. Bugun hammasini ibtidodan boshlash shart emas – Otamiz va Onamiz kabi. Bizgacha barpo etilganni asrash va mustahkamlash bosqichida turibdi bani Odam. Agar buni ham eplay olmasa, albattaki, ibtidoga qaytishga toʻgʻri keladi. Lekin koinot gultoji etib yana inson saylanadimi yoki oʻzga maxluqot, bunisi yolgʻiz Yaratganga ayon.
Endi insonning hissasiga kelsak, u ona zamin farzandi oʻlaroq atrof- javonibda yuz berayotgan jiddiy voqea-hodisalarga oʻz munosabatini qatʼiy bildirib turishi, nimani maʼqullashiyu nimani qoralashini ayon etib borishi lozim. Bir yozuvchi sifatida men ham shunday qilishga urinyapman.
Jamiyat bilan bogʻliq ayrim qarashlarim asarlarimda ozmi-koʻpmi aks etgan. Chunonchi, “Muvozanat” romanimda jamiyat va uning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida baholiqudrat mulohaza yuritganman. Men oʻsha qarash eng toʻgʻri qarashdir, boshqasi yaramaydi, degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Muqobil qarashlarga hamisha bagʻrikengman. Agar u asosli boʻlsa, hurmat bilan qarshi olaman. Sirasi, romanda bosh qahramon Yusuf timsolida aytishga urinilgan muhim fikrlardan biri bunday: bashariyat shunday bir jamiyat qursaki, unda insonning koʻnglidagi orzusi qilayotgan ishiga, qilayotgan ishi esa koʻnglining orzusiga muvofiq tushsa. Yana, jamiyatda shunday bir tizim barpo etilsaki, bu tizim har bir sohaning munosiblarini turli xatarlardan himoya qilsa va ularni jamiyatning toʻriga olib chiqsa. Nazarimda, ayni shu tutum jamiyatning oldingi qatoriga ommaning emas, balki xoslar – munosiblarning oʻtishiga imkon yaratadi. Va har bir inson boyligi, tanish-bilishi, mute tabiati orqasidan emas, aksincha, fidokorona mehnati, isteʼdodi, oʻziga xos yondashuvi tufayligina jamiyat pillapoyalaridan yuqoriga koʻtarilishi mumkinligini anglab yetadi.
Bunday tizimda yashayotgan inson maʼrifat sari astoydil intiladi, bilim va malakasini muttasil oshiradi. Natijada u ham oʻzi uchun, ham jamiyat uchun qadrli va kerakli shaxsga aylanadi. Bu tarzda bino etilgan tizim poydor, mustahkam boʻladi. Ham ichda – onglarda, ham tashda – jamiyatda nashʼu namo topadi. Bunday tizim suyanishga loyiq boʻlib, u insonni mudom muvozanatda tutib turadi. Jamiyatda oʻrnatilgan bunday muvozanat koinotni ushlab turgan muvozanatdan ulgi oladi, aslida. Har qanday oʻzgarish ana shu buyuk muvozanat bagʻrida roʻy bersa, ona zamin boʻylab shum buhronlar ham sodir boʻlmaydi. Koinotni tutib turgan muvozanatga uygʻun yashash esa insonni – irqi, dini va amalidan qatʼi nazar, Hazrati insonga aylantiradi.
– Jamiyatda avlodlar almashinuvini estafetali yugurishga qiyoslash mumkin. Bunda estafeta tayoqchasini topshirayotgan yugurak tayoqchani jamoadoshiga shunchaki uzatmaydi, balki tezlik olgunicha u bilan birga chopadi. Negaki, marraga yetib olish uchun jamoaning har bir aʼzosi baravar masʼul. Siz oxirgi yillarda pedagog sifatida ham faoliyat yuritib kelayotirsiz. Yoshlar bilan ishlaysiz, demak, ularning oʻy-xayollari, yumushlari va maqsadlaridan boxabarsiz. Xoʻsh, bugungi yosh avlod tayoqchani qabul qilib olish uchun qoʻlini vaqtida uzatarmikan? Sizning avlod-chi, tayoqchani vaqtida uzatish va yoshlar tezlik olgunicha yonma-yon chopib borishga qodirmi?
– Tayoqcha ikki avlod oʻrtasida bir emas, bir necha bor yerga tushib ketib, uni olish uchun ancha-muncha vaqt yoʻqotib boʻlindi. Ilgariroq bir suhbatda (“Adabiyotga eʼtibor – insonga eʼtibor”, “Yosh kuch” jurnali, 2001) “yoʻqotilgan avlod” iborasini qoʻllaganman (bu ibora Heminguey, Remark kabi yozuvchilarda ham uchraydi. XX asrda sodir boʻlgan urushlar yozuvchilar qalamga olgan avlodlarni maʼnan mayib qilib qoʻygan edi). Yurtimizda mustaqillikning dastlabki murakkab yillarida inson nazari asosan moddiyatga yoʻnaltirildi. Talay saʼy-harakatlarga qaramay, tarozining maʼnaviyat pallasi havoda muallaq qoldi. Oqibatda yangi avlodning toʻlaqonli shakllanishi qiyin kechdi. Men tengi avlod ana shu qiyinchiliklar girdobida katta hayotga qadam qoʻydi, taʼbir joiz boʻlsa, tegirmon ichiga bir tushib chiqdi. Tegirmondan butun chiqdimi yo mayib boʻlib – buning javobi ogʻir. Harholda, oramizda parchalanganlar talaygina. Yetuk mutaxassis boʻlish salohiyatiga ega qanchadan-qancha tengdoshlarim tirikchilik koʻyida butunlay boshqa sohalar, hatto yurtlarga ketib qoldi. Ammo tegirmondan omon chiqqan ozsonli zamondoshlarim ham borki, ularning har biri butun boshli avlod bajaradigan ishlarga qodir deb oʻylagim keladi. Chunki zamon, uning sinovlari avloddoshlarimni shunday tarbiya qildi, tobladi.
Badiiy ijod, odatda, shu kabi ziddiyatli davrlarda qaddini tiklaydi...
Ilm va pedagogikada esa ahvol sal boshqacharoq. Bu jabhadagi yetishmovchilik, uzilish yaxshilikka olib bormaydi. Chunki ilmda yangi avlodni yetishmovchiliklar ichida butun qilib tarbiyalash amrimahol.
Mashaqqatu yoʻqotishlar taʼbi nazmi bor insonni zoʻr shoir qilib tarbiyalashi mumkindir, lekin olimni, pedagogni sindirib qoʻyadi.
Shu maʼnoda, men tengi adabiyotshunos avlodning sizlarga berishi kerak boʻlgan estafeta tayoqchasining yerga tushib ketishi tabiiy edi. Sohamizning bugungi manzarasiga qarang: keksa avlod hamon safda, ammo tobora siyraklashib bormoqda. Endi yangi avlodni tarbiyalaymiz, deya harakat qilyapmiz. Bu – yaxshi. Lekin qani orada turgan – keksa avlodga munosib, yosh avlodga esa ibrat boʻlgulik oʻrta avlod? Oʻrta avlodni tayin qiyofasi yoʻq ekan, yangisini qanday tarbiyalaymiz? Ilmga muntazam ravishda, yetarli moddiy-maʼnaviy eʼtiborning boʻlmagani, ilmiy daraja olishda yillar davomida hukm surgan tuturiqsiz qoidalar oʻrta avlodni mayib qilib qoʻydi. (Yoʻqsa, “Biz ham yuksaklarga tikkandik koʻzni!” deganlar oramizda moʻl edi!) Bugun ilmiy kengashlar jamoasi ancha gʻarib holga tushib qolgani shu achchiq haqiqat bilan izohlanadi. Men bir narsani tushunmayman: oʻzi shusiz ham bir ahvolda boʻlgan ilm ahli qarshisiga sunʼiy toʻsiqlarni kim qoʻymoqda? Nega qoʻymoqda?
Bundan koʻzlangan maqsad nima?.. Yangiliklar, oʻzgarishlar shunday qilinadimi?! Ish bu taxlit davom etgudek boʻlsa, isteʼdodli yoshlar boshqa sohalar, oʻzga yurtlarga ketib qoladi-ku? Ketganlar ham koʻp. Faqat qoʻlidan ish kelmaydigan isteʼdodsiz bechorahollargina ilmning tob tashlagan eshigini qoqishi mumkin. Shunday boʻlyapti ham. Lekin hozir ham kech emas. Ilmda har yil, har oyda oʻzgarishlar qilmasdan, jamiyatni, soha vakillari hayot tarzini, kerak boʻlsa, oʻy-xayollarini tartibga solishga, hayotni ham, xayolni ham ilmga, faqat ilmga yoʻnaltira oladigan oqilona siyosat yurgizish kerak, deb oʻylayman.
Ilmu fani, sanʼatu adabiyoti erkin boʻlmagan xalqning tafakkuri ham erkin boʻlmaydi. Tafakkuri erkin boʻlmagan xalq esa oʻzga xalqlarga qaroldek xizmat qilishga majbur.
Yosh avlod orasida koʻzlari chaqnagan, bilimga, yangilikka oʻch yigit-qizlar koʻp. Mening shulardan umidim katta. Ularni adolatsizlik, byurokratiya, qogʻozbozlik va korrupsiya degan ogʻir toshlarning ostida ezib qoʻymasak, bas, yangi avlod qaddini rostlab, kuch-qudratini namoyish etadi. Ana shundagina yosh avlod estafeta tayoqchasini oʻz vaqtida, munosib tarzda navbatdagi boʻgʻinga uzatishi mumkin. Asosiysi, yerga tushirmasdan...
– Jaloliddin Rumiyning siz turk tilidan tarjima qilgan “Ichindagi ichindadir” asari shu kunga qadar oʻn martadan koʻproq qayta nashr qilindi. Umuman, Rumiy asarlari butun dunyoda, ayniqsa, Gʻarb davlatlarida sevib oʻqilayotgani, doim eng xaridorgir kitoblar roʻyxatida ekani maʼlum. Ammo koʻpchilik Rumiyni faqat mutasavvif shoir sifatida taniydi. Mavlononing insonshunoslik, ruhshunoslik va jamiyatshunoslik sohalaridagi qarashlari esa koʻplarga qorongʻi.
Rumiyni tarjima qilgan va oʻrgangan olim sifatida mutafakkirning qarashlari zamonaviy dunyo uchun qanchalar ahamiyatli deb hisoblaysiz?
– Rumiy dongʻi yetti iqlimga ketgan zot. Sharqning boshqa biror soʻfiy shoiri bu borada Hazratga teng kelolmasa kerak. Umuman, butun dunyoda uning panjasiga panja ura oladigan siymo juda kam. Rumiy haqida yurtimizda ham talay kitoblar yozilgan. Lekin, shunga qaramay, hali biron vallamat bu teran ummonning tubiga yetib borolgani, uning duru javohirlarini insoniyatga koʻz-koʻz qilolgani yoʻq, menimcha. Nari borsa, “Rumiyda manavinday rivoyat bor” deya “Masnaviyi maʼnaviy”dan yoki “Ichindagi ichindadir”dan koʻp eslangan biron hikoyatni keltirib, fikrimizni andak kuchaytirib olamiz, xolos. Bas, bundan chuqurroq tushishga jurʼat qilmaymiz. Qilolmaymiz. Tafakkur kuchimiz yetmaydi-da. Rumiy goʻzal sheʼrni ham, chuqur hikmatni ham, haroratli maʼruzalarni ham asl manzilga borish yoʻlida vosita deb bilgan. Uning nazari hamisha mohiyatga qadalgan. Mutafakkirning oʻzi buni bot-bot takrorlaydi. Lekin mohiyat turli- tuman shakllarning qavat-qavat libosi ichra yashiringanidan unga har kimning ham tafakkur ziyosi yetib borolmaydi.
Rumiy ana shu shakllar tilsimini osonlik bilan yechib, asliyatdan ramzlar tilida xabar bergan, ham kechaning, ham bugunning va ham ertangi kunning mutafakkir shoiri, barcha zamonlar ziyolilarining ustozidir.
Rumiyning siz aytgan sohalarga, umuman, fanning koʻpgina yoʻnalishlariga qoʻshgan hissasi beqiyos. Gʻarb olimlari uning mushohadalari falsafada ham tamomila yangi qarashlarning tugʻilishiga turtki berganini qayd etadi. Chunonchi, Hegel dunyo yaratilishida ruhning birlamchi maqomga ega ekani haqidagi nazariyasini Rumiydan ilhomlanib ilgari surgan, deyishadi. XX asrda psixoanaliz otasi deb tan olingan Freyd inson intilishlariyu xatti- harakatlarida muhim oʻrin tutgan jinsiy maylni markaziy oʻringa qoʻyib, butun boshli nazariy qarashlarini tizimga solgan. Freyd qarashlarida biryoqlamalik bor, albatta. Chunki inson tavrini nainki biologik, ayni zamonda, ijtimoiy va ruhiy ildizlar ham belgilaydi. Rumiy esa insonning ruhiy ildiziga ahamiyat beradi. Biologik mayl oʻrni va ahamiyatini-da eʼtirof etadi. “Ichindagi ichindadir”da “Qaysga tahammulidan ortiq ehtiros berilgani uchun u majnunga aylandi” deb yozadiki, bu fikr payiga tushsangiz, majnunlikning boisi ham ruhiy ibtido, ham biologik omil boʻlib chiqadi. Gʻarb XX asrda tizimga solgan mazkur qarash Rumiyda XIII asrdayoq birgina jumla ostiga yashirib qoʻyilgan ediki, bu fakt uning insonni inson oʻlaroq tutib turgan ildizlarni naqadar nozik va teran tushunganidan dalolatdir.
Rumiy oʻzigacha mavjud hikmatni aynan takrorlamaydi, ularga ijodiy yondashadi, oʻzgartiradi, kutilmagan, taʼbir joiz boʻlsa, rumiyona maʼno qirralarini ochib yuboradi. Chunonchi, Ezopda echki va boʻri haqida bir masal bor. Unga koʻra, tomboshidagi echki pastda yurgan boʻrini kutilmaganda haqoratlab qoladi. Shunda boʻri echkiga yuzlanib, “Bu gapni sen emas, balki sen turgan joy aytyapti” deb javob beradi. Bundan anglashiladiki, echki bexatar yerda boʻlgani bois koʻngli tusagan nomaʼqulchilikni qilayotir. Rumiy “Ichindagi ichindadir”da masalga oʻzga “toʻn” kiydiradi. Yurt amiri shahar aylanib yurgan edi. Tomboshiga chiqib olgan bir odam turgan joyidan amirni haqorat qila ketadi. Amir darhol uni tuttirib, zindonband aylaydi. Vaqt oʻtib oʻzini soʻkkan odam esiga tushadi-da, uni qoshiga keltirishlarini amr etadi. Huzuriga kelganda amir soʻraydi: meni haqorat qilgan odam senmiding?
Fuqaro: yoʻq, amirim, u odam oʻsha tomboshida qoldi, zindondan chiqib, qarshingizda turgan butkul oʻzga odamdir, deya javob beradi. Xoʻsh, ildizi bitta boʻlgan masal Ezopda nimaniyu Rumiyda qay maʼnoni anglatyapti? Nazarimda, Ezopda baland martaba tufayli jazo olmasligiga ishongan echkining (inson) oʻsha maqomdagi kibrli holi bayon etilgan boʻlsa, Rumiy bu nuqtada toʻxtab qolmaydi. Aksincha, hikmat halqasini uzmay aytadiki, amirni haqoratlagan kishi boshqa vaziyatga tushib, yaʼni zindonda bir muddat oʻtirgach, kayfiyati, fikrati oʻzgarib, tamomila oʻzga odamga aylandi. Bu oʻrinda maʼno urgʻusi inson holini, fikrlarini oʻzgartirgan vaziyatga tushyapti. Inson jamiyatdan uzib olinib emas, balki uning ichida, uning tartib-intizomi bilan uygʻun oʻrganilyapti. Yaʼni jamiyat muhitining inson qarashlaridagi hissasi qayd etilyapti. Inson tabiatining yengil shabada taʼsirida u yoqdan-bu yoqqa aylanib turgan yaproqdek oʻzgaruvchanligi hamda buning sabablari ochib tashlanyapti. Darhaqiqat, inson qarashlari koʻpincha sharoitning, muhitning, vaziyatning mahsuli oʻlaroq namoyon boʻladi. Ulugʻ rus yozuvchisi Lev Tolstoy “Tirilish” romanida shunday toifa insonlar borki, ular oʻz hayoti davomida qanchadir foiz oʻzining, qanchadir foiz oʻzgalarning qarashlariga suyanib yashaydi, deydi. Rumiy esa nuktadonlik bilan insonning hatto oʻz qarashlari turlanishi sababiyatiga kirib borayotir.
Aytilganlar xamir uchidan bir patir, xolos. Rumiyning jamiyatshunos, insonshunos va ruhshunos ekaniga bagʻishlangan chinakam tadqiqotlar hali oldinda deb oʻylayman. Biz bobolarimiz qurgan davlatlardan, ular yozgan kitoblardan haqli ravishda faxrlanib yurguvchi avlodmiz. Lekin faxrlanishning oʻzi kam, judayam kam. Ular merosini chinakamiga tadqiq etib, oʻz maʼnaviy mulkimizga aylantirsakkina bobolarga munosib voris boʻlamiz. Jumladan, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy kabi ulugʻlarimiz asarlaridagi murakkab jumboqlar mohiyatiga yetib borish “otajonim Sharq”- ning yana ildam olgʻa ketishiga turtki beradi. Buning uchun esa, bizga nafaqat Sharq, ayni damda, Gʻarb erishgan ilmiy yutuqlar ham suv bilan havodek zarur. Zero, Rumiyning oʻzi insonlarni irqu dinidan qatʼi nazar (bularni u shunchaki shakl deb biladi), birdek bagʻriga bosadi va ularning koʻzlarida porlagan mazmunga qaraydi. Eng muhimi, ana shu mazmunning borligi va ezgu ekanidadir.
Saʼdulla QURONOV suhbatlashdi.
– Улуғбек ака, “Тафаккур” журналида эълон қилинган “Янги инсон” (2012) номли достонингиз, менимча, бугунги ўқувчининг айни кўнглидаги асарлардан бири бўлди. Зеро, асарда замондош – Янги инсоннинг ижтимоий ва маънавий қиёфаси турли ракурслардан тасвирланади.
“Янги инсон” истилоҳини илк бор Уйғониш даври мутафаккирлари қўллаган. Аслида эса, бу масала барча ўтиш даврлари файласуфу ижодкорларини ўйлантириб келган. Зотан, янги давр кишиси ўзидан аввалги авлоднинг “номаи аъмол”ини танқид-тафтиш қиларкан, дунёни қайта қуришга қодир Янги инсонни тарбиялашга интилган. Маданият тарихида бунга мисоллар кўп. Маърифатчилар, кейинроқ модернистлар ҳам Янги инсон сиймосида нурли келажакни башорат қилган. Шу нуқтаи назардан, табиий савол туғилади: нега бугунги кун зиёлиси кўпроқ Янги инсоннинг ўзини танқид қилишга мойил?
Сизнинг достонингизда ҳам Янги инсон ўзлигини унутиб, тубсиз жар ёқалаб бораётган замондош сифатида тасвирланган. Унинг ижтимоий функцияси ва бадиий талқини нега бу қадар кескин ўзгариб кетди? Сиз Янги инсон измидаги дунёнинг эртасини қандай тасаввур қиласиз?
– Тўғри, “Янги инсон” тушунчаси бутунлай янги ҳодиса эмас. У аввалги замонларда ҳам вақти-вақти билан “туғилиб”, ўз вазифасини озми-кўпми бажарган. Аммо ҳар бир давр кишилари Янги инсонга янгича маъно юклаганлар. Маънони атайин юкламаганлар, албатта. Буни даврнинг сиёсий, иқтисодий ва маънавий шарт-шароити белгилаб берган. Ҳозир ҳам тахминан шундай бўлмоқда. Ўтмишда Янги инсонда эзгу ниятлару орзу-умидлар мужассам бўлмоғи табиий эди.
Чунки у даврдаги Янги инсон хос тоифа эди. Тарихдан маълумки, хослар (элита) жамиятни тараққиёт сари етаклаган. Ҳозир дунё жамиятларида пайдо бўлган Янги инсон эса авом (омма) вакилидир. Бунинг маъноси шуки, у ҳамма қатори ейди, ичади, кияди, кезади, ишратга берилади... Яъни том маънода истеъмолчи. Унинг бош хусусияти – истеъмолчилигида, асло яратувчилигида эмас! Аввалги Янги инсон истеъмолчи бўлиш баробарида яратувчи ҳам эди (бу ўринда “яратувчи” сўзи янгиликлар кашф қилиб, жамиятни тараққиёт сари етакловчи маъносида ишлатилмоқда). Ҳозирги Янги инсон эса сарфловчи, совурувчидир. Ачинарли жиҳати шундаки, совурувчи яратувчининг ўрнига келди. Истеъмолчи-авом бир замонлар ҳамма учун намуна бўлган яратувчи-хосни четга улоқтириб ташлади. “Тахтиравон”га чиқиб олган истеъмолчи-авомда яратувчи-хоснинг даражасидан, андак муболаға билан айтганда, асар ҳам йўқ. Кўриниб турибдики, ҳозирги Янги инсон башариятни тараққиёт сари эмас, балки жарлик, таназзул сари судрайдиган моҳиятга эга. У гўё шундай дастурланган. Бинобарин, “Янги инсон” достонида тавсифланган кимса – аксилқаҳрамон бўлиб, бу мени ижодкор сифатида дурустгина ҳушёр торттиради. Ахир, шу чоққача каминанинг барча асарлари бош қаҳрамонлари эзгулик, ёруғлик, адолат томонида туриб курашган, изтироб чеккан инсонлар эди-да. Энди кўрингки, ишимиз аксилқаҳрамонларга тушиб ўтирибди... Аммо достонда аксилқаҳрамон ўз ҳолига ташлаб қўйилган эмас. Ёнида унга ва унга эргашганларга танбеҳ бериб, “Бу йўлнинг адоғида тубсиз жарлик бор!” дея огоҳлантириб тургувчи ровий образи келади. Энди ҳамма гап ровийнинг огоҳлантиришларига қулоқ тутгувчи ўқувчининг бор-йўқлигида қоляпти...
Янги инсонга маданият тарихида кўп карра эътибор қаратилган, деганингиз орий рост. Узоққа бормайлик, ХХ асрда испан эстети ва файласуфи Хосе Ортега-и-Гассет Янги инсонни “омма” дея сифатлаган эди. Эсланг, унинг “Омма қўзғолони” деган катта тадқиқот-мақоласи бор. Талабалик чоғимиз, мақолани илк ўқиган кезларимизда Гассет илгари сурган айрим фикрлар ҳаётдан, алалхусус, бизни қуршаб турган ҳаётдан анча йироқдек туюлган. Орадан ҳеч қанча вақт ўтмади, бор-йўғи чорак аср денг, атрофимизда мақолада таърифи келтирилган “омма” пайдо бўлиб улгурди. Улгурдигина эмас, маънавий ҳаққи бўлмагани ҳолда, Гассет айтганидек, ҳамма жойга суқилиб кириб, у ердан муносиб одамларни – хосларни қувиб солди.
Хўш, оммани ким ёки нима пайдо қилди? Ҳаёт ва унинг қонун-қоидаларими? Ана шу қонун-қоидаларга асосланган капиталистик муносабатларми?..
Албатта, шулар. Бу муносабатлар пайдо қилган авлодни мен “Янги инсон” деб атадим. Омма дегани бу – ҳамма. Ҳаммани ана у дея қўл билан кўрсатиб бўлмайди (Гассет ҳам бу билан Янги инсоннинг қиёфасизлигига урғу берган, назаримда). Мен оммадан фардни (якка инсонни) ажратиб олдим ва унга “Янги инсон” деб ном бердим. Ва унинг сифатларини бирма-бир санаб, “Мана шу ярамас – сенсан!” дея юзига қўлимни бигиз қилиб кўрсатдим. Токи атрофимизда пайдо бўлиб, тобора урчиб кетаётган, йўлида учраган жамики нарсани мўри малахдек ютиб, совуриб бораётган кас ўзининг кимлигини, кимларнинг ўрнига келиб, қандай бемаза ишлар қилаётганини билсин! Аслида, бу... чучварани хом санашдек гап. Негаки, Янги инсон ҳеч қачон асл ҳақиқатни билмайди. Қандай ҳам билсин, ахир, унинг истеъмол қилишдек битмас-туганмас юмуши бор! У бундан ортмайди. Ичида соат механизмидек расо ишлайдиган “дастур” изн бермайди бунга. Ҳақиқатни Янги инсонга айланмаган озсонли хослар билиши зарур, токи ўзини ҳалокатдан сақласин. Достон шу ниятда қоғозга туширилди. Яна, ўтмишда янги инсонлик нақадар муборак мақом бўлган эса, ҳозирга келиб у асосан инсоният шу кунгача яратган барча эзгу амалларни, маданиятларни, муносабатларни, санъат асарларини сарфловчи, уларни ўз жиғилдонига ҳеч бир андишасиз уриб соб қилгувчи, алалоқибат, ҳаммани тубсиз жарлик сари судровчи ўта хавфли мутант махлуқ эканини таъкидламоқ учун ёзилди. Мен ижодкор сифатида “Янги инсон” достонини битдим, лекин ўқувчи сифатида уни мутолаа қилар эканман, Янги инсондан муносиб инсонга қараб боришимиз зарурлигини тушуниб етдим. Бу нима дегани? Биз Янги инсонни боқиш, парваришлаш, унга сиғинишдан тийилиб, башариятнинг илгари юриши, ривожланишига кўмаклашуви муносиб инсонларни жамият етакчисига айлантирувчи тизимни барпо қилишимиз лозим. Қатъий ишлайдиган ана шу тизимгина Янги инсонни қутқариши мумкин, менимча.
– “Ҳамма гап ровийнинг огоҳлантиришларига қулоқ тутгувчи ўқувчининг бор-йўқлигида қоляпти...” дедингиз. Адабиёт, умуман, миллатнинг тақдирида, маданиятида, унинг қай тарафга қараб йўл олишида, яъники келажагида ўқувчининг ўрни шу даражада муҳимми?
– Ҳа, ўқувчи ва унинг савияси масаласи адабиётда, нафақат адабиёт, балки бутун бошли башар ҳаётида жуда муҳим деб ўйлайман. Кузатишларим шундай ўйлашга асос беради. Бир вақтлар, айтайлик, ўтган аср 80-йилларида Эркин Воҳидов, Абдулла Орипов, Рауф Парфи, Омон Матчон, Ҳалима Худойбердиева каби шоирларимизнинг шеърлари кўпчилик ўқувчилар учун тушунарли эди. Ўша давр китобхонларининг асосий қисми бугун бадиий диди анча камол топган ўқувчилар учунгина тушунарли бўлган шеърлар мағзини қийинчиликсиз чақа оларди. Бадиий- эстетик даража баланд эди-да. Бошқача айтганда, махсус адабий тайёргарликдан ўтмаган оддий ўқувчи ҳам номи зикр этилган шоирлар шеърларини тушунарди. Тушунардигина эмас, ёд олиб айтиб юрарди. Хўш, бугун-чи? Аҳвол бутунлай бошқача. Ялпи адабий-эстетик даража бир поғона пастга тушгандек. Йигирма беш йил аввал зўриқишсиз тушунилган, севилган адабиёт бугунги кунда, не ажабки, асосий ўқувчилар оммаси учун қўл етмайдиган юксаклик бўлиб туюлмоқда. Ҳолбуки, турмуш тарзимизда мисли кўрилмаган ўзгаришлар содир бўлди: мурватли телевизорлар ўрнига пультли, юпқа экранли телевизорлар, рули минг азобда буриладиган енгил автомобиллар ўрнига битта бармоқ билан айлантириб бошқариш мумкин бўлган гидробошқарувли замонавий машиналар келди, кўпфункцияли мобил телефонлар ва интернетнинг инсониятга тақдим қилаётган беқиёс имкониятлари ҳақида-ку гапирмай қўяқолай! Сираси, тараққиёт сари шахдам қадамлар билан одимлаб, балки чопиб бораётирмиз. Лекин ҳаёт шароитимиз шунчалар илгарилагани ҳолда нега бадиий-эстетик тафаккуримиз ортга қараб кетмоқда? Назаримда, бу ўта жиддий савол. Жавоби эса... Айни шу масала тагига етиш адабиётнинг кўпгина ҳодисалари моҳиятини очиб ташлайди. Ортга кетишнинг бир чеккаси ўқувчига бориб уланади. Зеро, бадиий асарни маънавият маҳсули деб олсак, унинг ўз вазифасини том маънода бажариши ўқувчининг бадиий-эстетик савиясига кўп жиҳатдан боғлиқ. Лекин аксар масаланинг бу томонини унутиб қўямиз, “Яхши асар ёзинг!” дея ижодкорга мурожаат қиламиз. Лекин уни ҳазм қилиб, қадрига етгувчи ўқувчини тарбиялаш ҳеч кимнинг хаёлига келмайди. Ўзбек насрида, хусусан, ҳикоячилигида 10-15 та шундай ҳикоя яратилдики, улар бадиий-эстетик ва фалсафий қимматига кўра ҳатто жаҳон ичра ҳам энг илғор адабиёт намуналаридандир. Лекин уларнинг моҳиятига етиб, мағзини чақа оладиган ўқувчи – анқонинг уруғи.
Бу ноёб уруғнинг сони, нари борса, шу ҳикоялар миқдори қадар, тамом-вассалом! Ваҳоланки, адабиёт яшамоғи учун ижодкор, асар ва ўқувчи учлиги лозим. Ўқувчисиз адабиёт бир қаноти синган қушдек гап:
парвоз ҳақида фақат хаёл суриши мумкин.
Айни дамда, ўқувчида ҳам ўқувчи борлигини ёдда тутмоқ керак. Ҳар бир адабиётнинг ижодкори ўқувчисига яраша келади. Ҳаётий бир мисол. Уйимга сантехник чақирдим. У рус миллатига мансуб эди. Бир неча кун ишлагани боис, ҳар хил мавзуларда суҳбатлашиб қолдик ва у каминанинг ёзувчи эканидан хабар топиб, “Русчада ниманг чиққан?” дея сўради. Мен унга “Бунт и смирение” деган романимни ўқишга бердим. Икки кун ўтар-ўтмас сантехник иш асносида мен билан роман тўғрисида баҳслаша кетди. Жўяли мунозара қилди ўзиям! Бу ерда гап кимнинг ҳақу кимнинг ноҳақлигида эмас, йўқ, мен эътиборни бошқа томонга қаратмоқчиман: баҳслашаётганларнинг бири ўрта маълумотли, рус миллатига мансуб оддий сантехник, иккинчиси эса олий маълумотли, филология фанлари номзоди, ёзувчи, шоир ва адабиётшунос, яъни камина эди. Мен XIX ва XX асрларда рус адабиётининг нега бунчалар баланд парвоз қилганию Пушкин, Гоголь, Достоевский, Толстой, Чехов каби адибларнинг туғилиши сабабларидан бирини, ўта жиддийларидан бирини англагандек бўлдим ўшанда. Ҳатто сантехниклар орасида бадиий асар ҳақида жиддий мубоҳасаларга қодир ана шундай ўқувчилар бор экан, бу халққа муносиб ёзувчию шоир ҳам ҳамиша туғилиб етишаверади. Ажаб, ушбу фикрдан тескари хулоса ҳам ясаш мумкин экан: ўқувчининг савияси қанча паст бўлса, худди шундай савиядаги “шаир” ё “ёзғучи” ҳам ҳар қадамда тиржайиб қаршингиздан чиқаверади...
Баъзан бўлажак мутахассис-талабаларнинг савиясидан хафа бўлиб кетасан киши. Бўлғуси филологлар Эркин Воҳидов билан учрашувга кимнинг китобини кўтариб борганини биласизми? Воқеани баён этай: бир кун икки талаба олдимга шеъру мақола кўтариб келди-да, факультетда бўлиб ўтган учрашув ҳақида сўзлаб берди. Ўзбекистон халқ шоири, юрт қаҳрамони Эркин Воҳидов билан ижодий кеча уюштирилиб, филолог-талабалар таклиф этилади. Биласизми, замонамизнинг улуғ шоири билан учрашувга талабаларнинг аксари кимнинг китобини кўтариб боради? Навоийнинг дейсизми? Қани эди!.. Шиғир ёзувчи бир шаирнинг китобини! (Ҳайтовур, улуғ шоирга қарата “Имзо чекиб беринг шу китобга!” дейишмабди!) Демак, бўлғуси адабиётчиларнинг катта бир қисми шоир билан шаирнинг фарқига бормайди.
Эртага университетни битириб чиққандан кейин ҳам ёш авлодга шаирларни тарғиб қилади. Улар таъсирида улғайган миллатдошларимизнинг савияси эса шаирлар даражасидан кўп-да узоққа бормайди, хуллас, “Мен севаман, сен севасанму?” дея ўтади боёқишлар. Шиғирчига ва унинг каби ёзадиганларга зарра ғаразим йўқ.
Менинг дардим ўқувчи ва унинг савиясида. Ана шу – жиддий муаммо! Ҳар доим эътибордан қолиб келаётган муаммо! Шиғирчилар келиб кетаверади...
Дарвоқе, шундаймикан? (Улар келишга-ку келди-я, бироқ осонликча кетармикан?..) Назаримда, бу муаммо ечими ҳам ўқувчига боғлиқ. Баланд савияли ўқувчигина шиғирчиларнинг танобини тортиб қўйиши мумкин. Йўқ, улар жисман яшайверади, лекин шиғир ёзишни бас қилади. Бунинг бошқа йўли йўқ. Демак, юксак дидли ўқувчининг ғамини емоқ керак, токи ижодкор ўз- ўзидан ана шу ўқувчига тенглашишга мажбур бўлсин! Юксак дидли ўқувчиси бор миллатнинг эса адабиё ти юксак бўлади! Бунинг уддасидан чиқа олсак, Навоийни ўқи, дея огоҳлантиришга ҳожат қолмайди. Юксак диднинг ўзи ўқувчини навоийларга етаклаб боради.
Авлодлар дунёқараши, дидлар ўртасида катта фарқ бўлиши мумкин, буни тушунаман, албатта. 90-йилларнинг ўрталарида бир ёш шоир мен ёқтириб ўқиган анъанавий шеърлардан (масалан, “Ўксиб-ўксиб ахтараман нур, / Қоронғуда бўлгайман адо. / Қўнғироқлар садоси келур, / Қандай машъум бу гўзал садо!”) унча мутаассир бўлмаслиги, аксинча, қофиясиз, ритми синиқ, лекин бағрига кучли маънони яширган асарлардан завқ туйишини айтган эди. Мисол сифатида “Кўзларимда иккита шовқин...” деган мисрани ўқиб, уни берилиб таҳлил қилган эди. Мен ёш дўстимни тушунган, қабул қилган ва ўқиган мисрасидан бадиий-эстетик завқ туйган эдим. Нима бўлганда ҳам, у шеърда чиндан залворли юк бор эди. Шуларни эътироф этган ҳолда, ёш дўстимга эътирозларимни-да билдирган эдим: яхши асар бармоқда ҳам, арузда ҳам, сочмада ҳам ёзилиши мумкин. Уни вазни боис ёқтириш ёки ёқтирмаслик санъатдаги турфалик моҳиятини, шакллар ўйинини тушунмасликдир. Нафақат ҳаётдаги, айни чоқда, санъатдаги толерантлик ҳам улуғ неъмат. Бинобарин, бадиий асар қайси “изм” ё шаклда ёзилган бўлмасин, унинг тақдирини истеъдод ҳал қилади. Биз бадиий асарни шу нуқтаи назардан баҳолашни ўрганишимиз керак...
Аммо бугунги кун ўқувчиси ёқтириб ўқиётган шеърларнинг катта қисмини чинакам шеър деб бўлмайди. Уларда на маза бор, на матра.
Бу нимадан далолат? Санъатнинг инқирозиданми? Диднинг ўтмаслашувиданми? Янги инсоннинг урчиётганиданми?.. Афсуски, айтилганларнинг ҳаммасида жон бор. Қидирилса, муаммонинг яна ўнлаб сабаби топилади. Хўш, чора-чи, борми чора?! Бу, менимча, аксар зиёлиларнинг юрак-бағрини ўртаб келаётган ҳайқириқ-савол бўлса, ажабмас. “Лаънати саволлар” деган мушоҳадалар пайдо бўлган эди ўтган асрларда жаҳон бадиий-фалсафий тафаккур оламида.
Адашмасам, жавоби йўқ саволлар шундай аталарди. Ўйлашимча, чорасизликдан чиқмоқнинг-да чораси бор. Лекин у инсондан жуда катта қурбонликни – чинакам санъату адабиёт йўлида умрни фидо этиб ўтмоқни талаб қилади. Жавоб эса шунчаки сўз эмас, муносиб яшаладиган умр ила берилади.
Дунё миқёсида олганда ҳам, китоб ўқиш, мутолаа завқига толиш тобора камайиб бораётгани бор гап. Назаримда, бу ҳол ўқимишли, билимдон инсонларнинг етарли қадр топмаётгани билан изоҳланади. Бунинг исботига мисолни яна ўз ҳаётимдан олақолай. Мен икки фарзандимга ўз касбимни кўп марта тарғиб қилиб кўрдим. Ахир, шунча китоб йиққанман, талай илмий режаларим бор, ҳаммасига улгурмаслигимни биламан. Шу учун ёнимга кирсалар, ҳам фарзанд, ҳам шогирд бўлсалар, дея умид қилдим. Лекин бўлмади шекилли. Буни ўтган замон феълида ёзсам бўлаверар.
Чунки улар бошқа соҳани танлади. Адабиёту адабиётшуносликдан фарқли ўлароқ, жамият ичра эъзоз топган, одамлар эҳтиёжи тушиб турган соҳаларга қараб кетишди. Нима демоқчиман? Ўқимишли, билимдон инсонларни (айни чоқда, ҳар бир соҳани) қадрлайликки, қолганлар ҳам шундай бўлишга интилсин. Ҳозирги ёшлар ҳаётга реал қарайди: уларни қуруқ насиҳат билан тарбиялаб бўлмайди. Сиз “Ҳой бола, китоб ўқи, яхши одам бўл!” деб турсангиз-у, бу ёқда китоб ўқимаган, боз устига, муттаҳам бир каснинг ошиғи олчи бўлиб турса, албаттаки, олтинга тенг сўзларингиз ерда қолади – бола ўша муттаҳамнинг ҳаёт тарзига ҳавас қила бошлайди.
Бас, орифларни тўрга олиб чиқайлик, токи яхшиларга муносабатимизнинг ўзи ёшларга ибрат бўлсин! Келажакда интеллекти баланд миллатларгина дунё майдонида яшаб қолади. Чунки дунёнинг қадам олиши шундай. Унда улкан эврилишлар, ассимиляция жараёнлари кечмоқда.
Фақат ва фақат ўзининг улкан ботиний қиёфасига эга халқларгина эврилишлар бўронидан эсон-омон чиқиши мумкин. Ботиний қиёфа эса, масалан, маросимларда бошга кийилган дўппию елкага ташланган тўн билангина эмас, аввало, онг ва қалбга жойланган билим билан, ўзликни англаш ва муттасил тафаккур қилиш билан шаклланади. Демак, ўқиш, уқиш ва тафаккур қилиш улкан ўзгаришлар уммонида миллат қайиғини ҳалокатдан сақлаб қоладиган – олға сузишга имкон берадиган эшкаклардир.
– Адабиёт, умуман, санъатда бадиий асарнинг башорат қилиш функцияси борлиги ҳақида айтилади. Чингиз Айтматовнинг манқурт фожиаси ҳақида ёзганларини ўқиб, “Оллоҳ асрасин!” деб юборади киши. Албатта, манқурт тоифа ҳамма даврларда ҳам бўлган. Аммо бутун бир жамиятнинг манқуртлашиши кузатилмаган. Замона файласуфларининг таъкидлашича, биз постиндустриал, ахборотлашган жамиятда яшаётирмиз. Бу жамиятнинг ҳар бир бўғини, ҳар бир шахс ҳаёти ахборот билан чамбарчас боғлиқ. Ахборотнинг ўзи эса ҳали-ҳануз тушуниш, бошқариш қийин бўлган мураккаб ҳодисалигича қолаётир. Бу ҳодиса бугун жамиятимизга ахборот террори, ахборот блокадаси, ахборот диверсияси каби кўринишлар билан хавф солиб турибди. Ахборот хуружи оммани манқуртлаштириб, замонавий тил билан айтганда, зомбилаштириб бормаяптими? Хўш, бизнинг заминда касалликнинг қай белгилари кузатиляпти? Бунга қарши бирон чора-тадбир таклиф қила оласизми?
– Академик Юрий Борев шу вақтгача инсоният амал қилган парадигмалар мавжуд эди, энди бўлса йўқ, дейди. Бу, содда тил билан айтганда, инсоният юриши керак бўлган янги йўл йўқ, дегани. Тарихга назар ташласак, дунёга бундай парадигмани гоҳ Шарқ, гоҳ Ғарб тақдим қилганини кўрамиз. Бугун ана шундай йўлнинг янги модели на Ғарбда ва на Шарқда бор. Нега? Назаримда, бунинг замирида тараққиёт суръатининг шиддатли тус олгани билан боғлиқ сабаблар қалашиб турибди.
Инсон ҳаётида сўнгги янгилик аввалги янгиликни ўзлаштириб, унга тўғри муносабатни шакллантириб бўлмасидан юз беряпти. Биламизки, янгиликлар ўз- ўзича содир бўлмайди, балки аввалгисининг инкори ва янгисининг эътирофи ўлароқ дарё-дарё ахборот билан оқиб келади. Оқибатда инсоннинг фикру хаёли сиз айтаётган ҳар турли ахборот билан тўлиб-тошмоқда. Образли айтганда, ҳисобсиз хабару янгиликлар бўрони ичра кўзларини юмишга мажбур бўлган замондош инсоннинг юрар йўлини тополмай қолиши табиийдир.
Энди сиз айтаётган ахборот хуружи масаласига келсак, янги урушнинг, мафкуравий урушнинг турли кўринишлари булар. Бугун инсон бошига, ўтмишда бўлгани каби, туя терисини зўрлаб кийдириб, қуёш тиғига ўтқазиб қўйиш асло шарт эмас. Бирор хабар, маълумот, нағма... тинмай инсон қулоғига қуйилаверса, вақт ўтиб ўша номақбул ахборот ўз ишини қилади: инсон беихтиёр унинг таъсирига тушади. Замонавий зомбилашув шундай кечади.
Яна бир ҳаётий мисол. 90-йилларнинг аввали эди. Биз, талабалар пахта теримида, даладамиз. Ён-атрофда, дала бўйлаб ўша кезлар энди-энди урф бўлаётган маза-матрасиз нағмалар янграяпти. Кимнингдир машинасидан, кимнингдир магнитофонидан дегандек, хуллас, ҳар куни топилади бир динғир-динғир. Талабаларга нозир ўлароқ бириктирилган ўқитувчи эгат оралаб юраркан: “Жин урсин, шу қўшиқлар роса жонга тегди!” дея норозиланди. Мен ҳам муаллимни дастаклаб нималардир дедим. Шу... Орадан бирон ҳафталар вақт ўтди. Ўқитувчи яна дала айланиб юрар экан, туйқус ўзи танқид қилган нағмани замзама этиб кетаётганини эшитиб қолдим:
“Ия, домла, ўзингиз сўкиб, ўзингиз хиргойи қиляпсиз-ку?!” дедим ажабланиб. “Ҳа энди, нима қилай, кунда беш-ўн марталаб қулоғингизга кираверганидан кейин истар-истамас хиргойи қилар экансиз-да!” дея жавоб берди.
Бу сафар домла нафақат нағмадан, балки ўзидан-да норози эди. Энди ўзимча мушоҳада қиламан: биз ёқтирмаган куй, қўшиқ, ғоя, сурат ва ҳоказолар ҳадеб онгимизга тиқиштирилаверса, ахийри бир кун, ҳатто зиёли саналганимиз ҳам унга таслим бўлар эканмиз-у, бошқалардан нимани кутамиз?.. Шу боис бизни инсон ва миллат сифатида йўлдан оздирадиган ахборотни аввал-бош даноқ бартараф қилиш керак, дея мулоҳаза юритаман ўзимча. Ёмонликнинг қанот чиқариб, сўнг парвоз қилишига имкон бермаслик лозим. Чунки озгина қўйиб берсангиз, унга бас келиб бўлмайди: иблис янглиғ ичимизга қандай кириб, қонимизга қандай қўшилиб олганини билмай қоламиз!
Бутун бошли жамиятнинг манқуртлашиши, албатта, жуда ёмон ҳол. Ёмонлиги шундаки, жараён бир бошландими, бас, уни тўхтатиб бўлмай қолади.
Тўхтатаман деганни жиннига чиқаради. Ким дейсизми? Жамиятнинг ўзи. Касалсан, дейди. Асли ўзи носоғлом кимсалар соғ одамни руҳий касаллар шифохонасига тиқади. Чунки манқуртлашган жамият ҳамманинг ўзи каби бўлишини хоҳлайди. Ўзига ўхшамаганни орадан сиқиб чиқаришга уринади ва бунга эришади ҳам. Қарабсизки, манқурт эканидан ўзиям бехабар, ўқтин-ўқтин озод ва бахтиёрмиз дея қичқириб турадиган жамиятлар пайдо бўлади. Айтилганлар, бир қараганда, муболағадек туюлиши мумкин. Лекин манқуртлашувнинг айрим хусусиятлари ҳозирданоқ кўпдан-кўп дунё жамиятларида, ҳатто энг ривож топганларида кузатилаётгани инсонни шундай аччиқ ўйлар гирдобига ташлайди. Чунончи, ҳамма урушга қарши, ҳамма урушни қоралайди, лекин дунёнинг боши қирғиндан чиқмаётир. Чунки манқуртларча тафаккур ҳар қандай йўл билан фойда олишга дастурланган-да.
Энди фойда олиш йўлидаги ҳар қандай тўсиқлар (инсонлар) улоқтириб ташланади. Лекин оғизда урушга қарши гапирилаверади. Чуқурроқ мулоҳаза қилинса, катта фойдага муккасидан кетган кучлар бойлик ва дунёга ҳукмронлик ғояларига қул бўлиб қолгани аёнлашади. Искандарнинг тобутдан чиқариб қўйилган бўш қўлларидан ибрат олишга чоғланган кишини учратиш эса замонамизда тобора камёблашиб бормоқда. Босиб ўтилган йўллар, кечаги куннинг хатоларидан ибрат олиб, соғлом назар билан келажакка интилиш йўқми, демак, бу ерда манқуртлашиш бор, деб ҳисоблайверинг.
“Ҳаммаси шунчалар ёмонми, умид йўқми, умид?!” деб сўрасангиз – айтай: бор, ҳаёт бор экан, Ер юзида атиги бир жуфт инсон мавжуд экан, умид ҳамиша бўлади. Ахир, Одам Ато ва Момо Ҳавводан пайдо бўлмадими буларнинг бари! Шу жумладан, умид ҳам. Бугун ҳаммасини ибтидодан бошлаш шарт эмас – Отамиз ва Онамиз каби. Бизгача барпо этилганни асраш ва мустаҳкамлаш босқичида турибди бани Одам. Агар буни ҳам эплай олмаса, албаттаки, ибтидога қайтишга тўғри келади. Лекин коинот гултожи этиб яна инсон сайланадими ёки ўзга махлуқот, буниси ёлғиз Яратганга аён.
Энди инсоннинг ҳиссасига келсак, у она замин фарзанди ўлароқ атроф- жавонибда юз бераётган жиддий воқеа-ҳодисаларга ўз муносабатини қатъий билдириб туриши, нимани маъқуллашию нимани қоралашини аён этиб бориши лозим. Бир ёзувчи сифатида мен ҳам шундай қилишга уриняпман.
Жамият билан боғлиқ айрим қарашларим асарларимда озми-кўпми акс этган. Чунончи, “Мувозанат” романимда жамият ва унинг мазмун-моҳияти тўғрисида баҳолиқудрат мулоҳаза юритганман. Мен ўша қараш энг тўғри қарашдир, бошқаси ярамайди, деган фикрдан мутлақо йироқман. Муқобил қарашларга ҳамиша бағрикенгман. Агар у асосли бўлса, ҳурмат билан қарши оламан. Сираси, романда бош қаҳрамон Юсуф тимсолида айтишга уринилган муҳим фикрлардан бири бундай: башарият шундай бир жамият қурсаки, унда инсоннинг кўнглидаги орзуси қилаётган ишига, қилаётган иши эса кўнглининг орзусига мувофиқ тушса. Яна, жамиятда шундай бир тизим барпо этилсаки, бу тизим ҳар бир соҳанинг муносибларини турли хатарлардан ҳимоя қилса ва уларни жамиятнинг тўрига олиб чиқса. Назаримда, айни шу тутум жамиятнинг олдинги қаторига омманинг эмас, балки хослар – муносибларнинг ўтишига имкон яратади. Ва ҳар бир инсон бойлиги, таниш-билиши, муте табиати орқасидан эмас, аксинча, фидокорона меҳнати, истеъдоди, ўзига хос ёндашуви туфайлигина жамият пиллапояларидан юқорига кўтарилиши мумкинлигини англаб етади.
Бундай тизимда яшаётган инсон маърифат сари астойдил интилади, билим ва малакасини муттасил оширади. Натижада у ҳам ўзи учун, ҳам жамият учун қадрли ва керакли шахсга айланади. Бу тарзда бино этилган тизим пойдор, мустаҳкам бўлади. Ҳам ичда – онгларда, ҳам ташда – жамиятда нашъу намо топади. Бундай тизим суянишга лойиқ бўлиб, у инсонни мудом мувозанатда тутиб туради. Жамиятда ўрнатилган бундай мувозанат коинотни ушлаб турган мувозанатдан улги олади, аслида. Ҳар қандай ўзгариш ана шу буюк мувозанат бағрида рўй берса, она замин бўйлаб шум буҳронлар ҳам содир бўлмайди. Коинотни тутиб турган мувозанатга уйғун яшаш эса инсонни – ирқи, дини ва амалидан қатъи назар, Ҳазрати инсонга айлантиради.
– Жамиятда авлодлар алмашинувини эстафетали югуришга қиёслаш мумкин. Бунда эстафета таёқчасини топшираётган югурак таёқчани жамоадошига шунчаки узатмайди, балки тезлик олгунича у билан бирга чопади. Негаки, маррага етиб олиш учун жамоанинг ҳар бир аъзоси баравар масъул. Сиз охирги йилларда педагог сифатида ҳам фаолият юритиб келаётирсиз. Ёшлар билан ишлайсиз, демак, уларнинг ўй-хаёллари, юмушлари ва мақсадларидан бохабарсиз. Хўш, бугунги ёш авлод таёқчани қабул қилиб олиш учун қўлини вақтида узатармикан? Сизнинг авлод-чи, таёқчани вақтида узатиш ва ёшлар тезлик олгунича ёнма-ён чопиб боришга қодирми?
– Таёқча икки авлод ўртасида бир эмас, бир неча бор ерга тушиб кетиб, уни олиш учун анча-мунча вақт йўқотиб бўлинди. Илгарироқ бир суҳбатда (“Адабиётга эътибор – инсонга эътибор”, “Ёш куч” журнали, 2001) “йўқотилган авлод” иборасини қўллаганман (бу ибора Ҳемингуэй, Ремарк каби ёзувчиларда ҳам учрайди. ХХ асрда содир бўлган урушлар ёзувчилар қаламга олган авлодларни маънан майиб қилиб қўйган эди). Юртимизда мустақилликнинг дастлабки мураккаб йилларида инсон назари асосан моддиятга йўналтирилди. Талай саъй-ҳаракатларга қарамай, тарозининг маънавият палласи ҳавода муаллақ қолди. Оқибатда янги авлоднинг тўлақонли шаклланиши қийин кечди. Мен тенги авлод ана шу қийинчиликлар гирдобида катта ҳаётга қадам қўйди, таъбир жоиз бўлса, тегирмон ичига бир тушиб чиқди. Тегирмондан бутун чиқдими ё майиб бўлиб – бунинг жавоби оғир. Ҳарҳолда, орамизда парчаланганлар талайгина. Етук мутахассис бўлиш салоҳиятига эга қанчадан-қанча тенгдошларим тирикчилик кўйида бутунлай бошқа соҳалар, ҳатто юртларга кетиб қолди. Аммо тегирмондан омон чиққан озсонли замондошларим ҳам борки, уларнинг ҳар бири бутун бошли авлод бажарадиган ишларга қодир деб ўйлагим келади. Чунки замон, унинг синовлари авлоддошларимни шундай тарбия қилди, тоблади.
Бадиий ижод, одатда, шу каби зиддиятли даврларда қаддини тиклайди...
Илм ва педагогикада эса аҳвол сал бошқачароқ. Бу жабҳадаги етишмовчилик, узилиш яхшиликка олиб бормайди. Чунки илмда янги авлодни етишмовчиликлар ичида бутун қилиб тарбиялаш амримаҳол.
Машаққату йўқотишлар таъби назми бор инсонни зўр шоир қилиб тарбиялаши мумкиндир, лекин олимни, педагогни синдириб қўяди.
Шу маънода, мен тенги адабиётшунос авлоднинг сизларга бериши керак бўлган эстафета таёқчасининг ерга тушиб кетиши табиий эди. Соҳамизнинг бугунги манзарасига қаранг: кекса авлод ҳамон сафда, аммо тобора сийраклашиб бормоқда. Энди янги авлодни тарбиялаймиз, дея ҳаракат қиляпмиз. Бу – яхши. Лекин қани орада турган – кекса авлодга муносиб, ёш авлодга эса ибрат бўлгулик ўрта авлод? Ўрта авлодни тайин қиёфаси йўқ экан, янгисини қандай тарбиялаймиз? Илмга мунтазам равишда, етарли моддий-маънавий эътиборнинг бўлмагани, илмий даража олишда йиллар давомида ҳукм сурган тутуриқсиз қоидалар ўрта авлодни майиб қилиб қўйди. (Йўқса, “Биз ҳам юксакларга тиккандик кўзни!” деганлар орамизда мўл эди!) Бугун илмий кенгашлар жамоаси анча ғариб ҳолга тушиб қолгани шу аччиқ ҳақиқат билан изоҳланади. Мен бир нарсани тушунмайман: ўзи шусиз ҳам бир аҳволда бўлган илм аҳли қаршисига сунъий тўсиқларни ким қўймоқда? Нега қўймоқда?
Бундан кўзланган мақсад нима?.. Янгиликлар, ўзгаришлар шундай қилинадими?! Иш бу тахлит давом этгудек бўлса, истеъдодли ёшлар бошқа соҳалар, ўзга юртларга кетиб қолади-ку? Кетганлар ҳам кўп. Фақат қўлидан иш келмайдиган истеъдодсиз бечораҳолларгина илмнинг тоб ташлаган эшигини қоқиши мумкин. Шундай бўляпти ҳам. Лекин ҳозир ҳам кеч эмас. Илмда ҳар йил, ҳар ойда ўзгаришлар қилмасдан, жамиятни, соҳа вакиллари ҳаёт тарзини, керак бўлса, ўй-хаёлларини тартибга солишга, ҳаётни ҳам, хаёлни ҳам илмга, фақат илмга йўналтира оладиган оқилона сиёсат юргизиш керак, деб ўйлайман.
Илму фани, санъату адабиёти эркин бўлмаган халқнинг тафаккури ҳам эркин бўлмайди. Тафаккури эркин бўлмаган халқ эса ўзга халқларга қаролдек хизмат қилишга мажбур.
Ёш авлод орасида кўзлари чақнаган, билимга, янгиликка ўч йигит-қизлар кўп. Менинг шулардан умидим катта. Уларни адолатсизлик, бюрократия, қоғозбозлик ва коррупция деган оғир тошларнинг остида эзиб қўймасак, бас, янги авлод қаддини ростлаб, куч-қудратини намойиш этади. Ана шундагина ёш авлод эстафета таёқчасини ўз вақтида, муносиб тарзда навбатдаги бўғинга узатиши мумкин. Асосийси, ерга туширмасдан...
– Жалолиддин Румийнинг сиз турк тилидан таржима қилган “Ичиндаги ичиндадир” асари шу кунга қадар ўн мартадан кўпроқ қайта нашр қилинди. Умуман, Румий асарлари бутун дунёда, айниқса, Ғарб давлатларида севиб ўқилаётгани, доим энг харидоргир китоблар рўйхатида экани маълум. Аммо кўпчилик Румийни фақат мутасаввиф шоир сифатида танийди. Мавлононинг инсоншунослик, руҳшунослик ва жамиятшунослик соҳаларидаги қарашлари эса кўпларга қоронғи.
Румийни таржима қилган ва ўрганган олим сифатида мутафаккирнинг қарашлари замонавий дунё учун қанчалар аҳамиятли деб ҳисоблайсиз?
– Румий донғи етти иқлимга кетган зот. Шарқнинг бошқа бирор сўфий шоири бу борада Ҳазратга тенг келолмаса керак. Умуман, бутун дунёда унинг панжасига панжа ура оладиган сиймо жуда кам. Румий ҳақида юртимизда ҳам талай китоблар ёзилган. Лекин, шунга қарамай, ҳали бирон валламат бу теран уммоннинг тубига етиб боролгани, унинг дуру жавоҳирларини инсониятга кўз-кўз қилолгани йўқ, менимча. Нари борса, “Румийда манавиндай ривоят бор” дея “Маснавийи маънавий”дан ёки “Ичиндаги ичиндадир”дан кўп эсланган бирон ҳикоятни келтириб, фикримизни андак кучайтириб оламиз, холос. Бас, бундан чуқурроқ тушишга журъат қилмаймиз. Қилолмаймиз. Тафаккур кучимиз етмайди-да. Румий гўзал шеърни ҳам, чуқур ҳикматни ҳам, ҳароратли маърузаларни ҳам асл манзилга бориш йўлида восита деб билган. Унинг назари ҳамиша моҳиятга қадалган. Мутафаккирнинг ўзи буни бот-бот такрорлайди. Лекин моҳият турли- туман шаклларнинг қават-қават либоси ичра яширинганидан унга ҳар кимнинг ҳам тафаккур зиёси етиб боролмайди.
Румий ана шу шакллар тилсимини осонлик билан ечиб, аслиятдан рамзлар тилида хабар берган, ҳам кечанинг, ҳам бугуннинг ва ҳам эртанги куннинг мутафаккир шоири, барча замонлар зиёлиларининг устозидир.
Румийнинг сиз айтган соҳаларга, умуман, фаннинг кўпгина йўналишларига қўшган ҳиссаси беқиёс. Ғарб олимлари унинг мушоҳадалари фалсафада ҳам тамомила янги қарашларнинг туғилишига туртки берганини қайд этади. Чунончи, Ҳегель дунё яратилишида руҳнинг бирламчи мақомга эга экани ҳақидаги назариясини Румийдан илҳомланиб илгари сурган, дейишади. ХХ асрда психоанализ отаси деб тан олинган Фрейд инсон интилишларию хатти- ҳаракатларида муҳим ўрин тутган жинсий майлни марказий ўринга қўйиб, бутун бошли назарий қарашларини тизимга солган. Фрейд қарашларида бирёқламалик бор, албатта. Чунки инсон таврини наинки биологик, айни замонда, ижтимоий ва руҳий илдизлар ҳам белгилайди. Румий эса инсоннинг руҳий илдизига аҳамият беради. Биологик майл ўрни ва аҳамиятини-да эътироф этади. “Ичиндаги ичиндадир”да “Қайсга таҳаммулидан ортиқ эҳтирос берилгани учун у мажнунга айланди” деб ёзадики, бу фикр пайига тушсангиз, мажнунликнинг боиси ҳам руҳий ибтидо, ҳам биологик омил бўлиб чиқади. Ғарб ХХ асрда тизимга солган мазкур қараш Румийда XIII асрдаёқ биргина жумла остига яшириб қўйилган эдики, бу факт унинг инсонни инсон ўлароқ тутиб турган илдизларни нақадар нозик ва теран тушунганидан далолатдир.
Румий ўзигача мавжуд ҳикматни айнан такрорламайди, уларга ижодий ёндашади, ўзгартиради, кутилмаган, таъбир жоиз бўлса, румийона маъно қирраларини очиб юборади. Чунончи, Эзопда эчки ва бўри ҳақида бир масал бор. Унга кўра, томбошидаги эчки пастда юрган бўрини кутилмаганда ҳақоратлаб қолади. Шунда бўри эчкига юзланиб, “Бу гапни сен эмас, балки сен турган жой айтяпти” деб жавоб беради. Бундан англашиладики, эчки бехатар ерда бўлгани боис кўнгли тусаган номаъқулчиликни қилаётир. Румий “Ичиндаги ичиндадир”да масалга ўзга “тўн” кийдиради. Юрт амири шаҳар айланиб юрган эди. Томбошига чиқиб олган бир одам турган жойидан амирни ҳақорат қила кетади. Амир дарҳол уни туттириб, зиндонбанд айлайди. Вақт ўтиб ўзини сўккан одам эсига тушади-да, уни қошига келтиришларини амр этади. Ҳузурига келганда амир сўрайди: мени ҳақорат қилган одам сенмидинг?
Фуқаро: йўқ, амирим, у одам ўша томбошида қолди, зиндондан чиқиб, қаршингизда турган буткул ўзга одамдир, дея жавоб беради. Хўш, илдизи битта бўлган масал Эзопда ниманию Румийда қай маънони англатяпти? Назаримда, Эзопда баланд мартаба туфайли жазо олмаслигига ишонган эчкининг (инсон) ўша мақомдаги кибрли ҳоли баён этилган бўлса, Румий бу нуқтада тўхтаб қолмайди. Аксинча, ҳикмат ҳалқасини узмай айтадики, амирни ҳақоратлаган киши бошқа вазиятга тушиб, яъни зиндонда бир муддат ўтиргач, кайфияти, фикрати ўзгариб, тамомила ўзга одамга айланди. Бу ўринда маъно урғуси инсон ҳолини, фикрларини ўзгартирган вазиятга тушяпти. Инсон жамиятдан узиб олиниб эмас, балки унинг ичида, унинг тартиб-интизоми билан уйғун ўрганиляпти. Яъни жамият муҳитининг инсон қарашларидаги ҳиссаси қайд этиляпти. Инсон табиатининг енгил шабада таъсирида у ёқдан-бу ёққа айланиб турган япроқдек ўзгарувчанлиги ҳамда бунинг сабаблари очиб ташланяпти. Дарҳақиқат, инсон қарашлари кўпинча шароитнинг, муҳитнинг, вазиятнинг маҳсули ўлароқ намоён бўлади. Улуғ рус ёзувчиси Лев Толстой “Тирилиш” романида шундай тоифа инсонлар борки, улар ўз ҳаёти давомида қанчадир фоиз ўзининг, қанчадир фоиз ўзгаларнинг қарашларига суяниб яшайди, дейди. Румий эса нуктадонлик билан инсоннинг ҳатто ўз қарашлари турланиши сабабиятига кириб бораётир.
Айтилганлар хамир учидан бир патир, холос. Румийнинг жамиятшунос, инсоншунос ва руҳшунос эканига бағишланган чинакам тадқиқотлар ҳали олдинда деб ўйлайман. Биз боболаримиз қурган давлатлардан, улар ёзган китоблардан ҳақли равишда фахрланиб юргувчи авлодмиз. Лекин фахрланишнинг ўзи кам, жудаям кам. Улар меросини чинакамига тадқиқ этиб, ўз маънавий мулкимизга айлантирсаккина боболарга муносиб ворис бўламиз. Жумладан, Жалолиддин Румий, Алишер Навоий каби улуғларимиз асарларидаги мураккаб жумбоқлар моҳиятига етиб бориш “отажоним Шарқ”- нинг яна илдам олға кетишига туртки беради. Бунинг учун эса, бизга нафақат Шарқ, айни дамда, Ғарб эришган илмий ютуқлар ҳам сув билан ҳаводек зарур. Зеро, Румийнинг ўзи инсонларни ирқу динидан қатъи назар (буларни у шунчаки шакл деб билади), бирдек бағрига босади ва уларнинг кўзларида порлаган мазмунга қарайди. Энг муҳими, ана шу мазмуннинг борлиги ва эзгу эканидадир.
Саъдулла ҚУРОНОВ суҳбатлашди.
Saʼdullo Quronov