← Sa'dullo Quronov
|

«Anor» hikoyasida obraz yaratish mahorati

Saʼdullo Quronov

Maqola

Oʻz ijod mahsulini haqiqiy sanʼat darajasiga koʻtarish, qoʻliga qalam olgan va ulugʻ choʻqqilar sari intilgan har bir yozuvchining maqsadidir. Bu maqsadga erishish esa adibdan yuksak mahoratni talab qiladi. Mahoratning muhim qirralaridan biri esa obraz yaratish sanʼatidir.

Oʻzbek hikoyachiligining choʻqqilaridan biri hisoblanadigan «Anor» hikoyasida, Abdulla Qahhorning obraz yaratish barasidagi yuksak mahorati yaqqol koʻzga tashlanadi. Oʻtmish voqealaridan habar beruvchu bu asarda boshqorongʻi xotiniga ikki dona anor topib bera olmagan Turobjon va «birdan bir orzusi-anor» boʻlib qolgan ayol obrazlari sanʼatkorona yaratilgan.

Asarning boshlangʻich nuqtasida quyidagi holatni kuzatamiz: «Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi... Joʻxori tuyayotgan xotini uning qoʻlidagi tugunchani koʻrib, kelisopini kelining ustiga qoʻya chopdi... chala tuyilgan joʻxori yerga toʻkildi». Bir tomonda, Turobjonning «yangigina» yaktagi tirsakkacha yirtilganiga, ikkinchi tomonda, ayolining ne mashaqqatlar bilan tuyayotgan asosiy yemishi hisoblangan joʻxorining toʻkilganiga eʼtibor bermaganligi roʻy beradigan hodisaning ular uchun juda muhim ekanligidan xabar beradi. Yozuvchi qahramonlardagi bu holatni oʻquvchiga yana ham kuchliroq singdirish uchun personajlar nutqidan unumli foydalanadi.

Eri «Akajon» deyishinigina soʻrasa ham, xotin «Akajon!» deydi-da, kamlik qildi shekilli «Jo-on aka!»ni qoʻshadi. Birinchi «Akajon» erining talabi bilan aytilgan boʻlsa, ikkinchi «Jo-on aka» koʻproq yalinish ohangida «Meni koʻpam kuttirma» degani boʻladi. Demak u nimanidir ilhaq boʻlib kutmoqda. Erining «Nima berasan?» degan savoliga biz uchun odatiy, oddiy holatlarga qarata ham aytishimiz mumkin boʻlgan «Umrimni beraman» deb emas, «Umrimning yarmini beraman!» deb javob qiladi. Ayol bu soʻzlarni chin dildan aytayotganligi sabab, «Umrimni beraman!» deya olmaganday tuyuladi bizga.

Tugundagi narsaning nima ekanligini bilgan va koʻziga jiqqa yosh kelgan xotinini koʻrarkan, «nima ekanini bildingmi? Asalarining uyasi» deydi Turobjon. U bozorda folon pul, piyoda yurganlar tugul otda yurganlarga ham yoʻq ASALni topib kelsa-yu, xotini buning asal ekanligiga «ishonmasa», u «Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!» deb yuboradi. Turobjon bu holatga tushunmadi, tushunishni istamaganligi uchunmas, tushuna olmaganligi uchun tushunmadi.

Asar boshidagi xursandchilik soʻndi. Turobjonning esiga yirtilgan yaktagi-yu, toʻkilgan joʻxori keldi. Er-xotin orasiga suvuqchilik tushdi.

Abdulla Qahhor kambagʻal insonlar obrazini yaratar ekan, qahramonlarning harakati, gap-soʻzlari, oʻy-xayollaridagi har bir ikir-chikirga, har bir detalga maʼno yuklaydi: Turobjon doʻppisini boshidan oldi... koʻzi yirtiq yengiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-toʻrt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!» Turobjondaylar uchun yaktak hali yangi, balki oʻquvchi uchun ham u yangidaydir? Lekin oʻsha davr kambagʻalining kiyim tutishidan kelib chiqib fikrlasak, kiyim u qadar yangi emas. Yana bir misol: «Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan goʻjaga qatiq ham rang kirgizolmadi». Qozonning zanlashi, xatto ovqatni qoraytirib yuborishi, yana bu qoralikni qatiq ham kesa olmasligi uchun bu qozon necha hafta, necha oy yogʻ koʻrmasligi kerak?

Yozuvchining mahotati shundaki, qahramonlaridagi holatni tasvirlarkan, oʻquvchi shubhalanmasligi uchun asar davomida uni voqelikka tayyorlab boradi. Abdulla Qahhor qahramonlarini shu qadar nochor, shu qadar qashshoq tasvirlaydiki, Turobjonning boshqorongʻi xotiniga ikki dona anor topib berolmasligi mumkinligiga shubha qilmaysan kishi.

Muhtojlik Turobjonni homilador ayoliga «Ajab qildim, jigarlaring ezilib ketsin!» deyish darajasigacha olib bordi. Bu jumla boshqorongʻi ayoliga anor topib berolmayotgan, ne-ne qiyinchilik bilan asal topib kelganda xotini uni rad etgan, yirtilgan yaktag-u, toʻkilgan joʻxoriga yuragi achigan Turobjonning alamini yengillashtirishi mumkin boʻlgan oxirgi najoti edi.

Adib oʻz yogʻiga oʻzi qovrilayotgan Turobjonning koʻkka, undagi qizgʻish oʻtga termulib: «Mushak, Mullajon qozining bogʻida. Mullajon qozi beshik toʻyi qilgan», deyishi va otilayotgan mushaklarning bahosi, sonini xom choʻt qila boshlashi lavhalarini yozadi. Shu topda tugʻilmagan norasidasiga Mullajon qozining tantanasiga sababchi boʻlayotgan goʻdakni solishtirayotgan, bolasining qismati haqida qaygʻurayotgan ota siymosi mohirona yaratiladi.

Asardagi boshqorongʻi ayol obrazi ham yuksak mahorat bilan tasvirlangan. Abdulla Qahhor hikoyani yozishidan bir-necha yillar oldin yon daftariga boshqorongʻi ayol haqida shunday yozib qoʻygan: «Er xotiniga jannatning taʼrifini qiladi. Xotinning koʻziga hovzikavsar va unda suzib yurgan baliqdan boshqa hech narsa koʻrinmaydi. Xotin baliqqa boshqorongʻi». Adibning bu qaydlari, Turobjon Mullajon qozi va uning bogʻi haqida gapirayotgan payitidagi xotinning holatiga judayam oʻxshaydi: «U Mullajon qozining bogʻini koʻrgan emas, ammo taʼrifini eshitgan... bogʻ emas anorzor».

Boshqorongʻi xotinning holatini faqatgina boshqoʻrongʻi xotin tushinishi mumkinligi haqida yozuvchining oʻzi aytib oʻtgan. Lekin asarni oʻqish davomida oʻquvchi ham bu holatni tushuna boshlaydi. Muallif shunday yozadi: «Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi-anor edi». Koʻrib turganingizdak ayolning olamdagi bor budi eri va anor orzusi boʻlib qolgan. Bu tushunchalar torozining ikki pallasiga teng munosabatda qoʻyilmoqda. Demakki, ayol boshiqorongʻi boʻlarkan, u oʻzi istagan narsani olamdagi barcha narsalardan ustun qoʻyishi mumkinligiga oʻquvchi shubha qilmaydi.

Ayol anor koʻyida shu darajada yonyabdiki, figʻoni falakka chiqqan erining dahshatidan ham choʻchimay qolgan. U erining «Oʻtgan bozor kuni yegan anoringni oʻynashing olib kelganmidi?!» degan savoliga oʻylab oʻtirmay «Oʻynashim olib kelgan edi!» deya javob qiladi.

Ayoldagi holatni yanada chuqurroq anglash uchun mana bu dialogni tahlil qilaylik:

«-Har narsaga roʻzgʻor achchiq boʻla bersa... qiyinroq boʻlar,-dedi Turobjon yaktagini kiyayotib,-kambagʻalchilik...

Ha, xotin bu soʻzlarni shikoyat tarzida aytdi. Atigi shu ikki soʻzning zamiriga tunlarini tunga, kunlarini kunga ulab erining anor olib kelishini intizorlik bilan kutayotgan, qalbi hasratga toʻla ayolning bor dardi yashiringan. Shu ikki soʻz zamirida oʻsha davr kambagʻallarining ayanchli qismati, asarning bor mazmuni gavdalangan.

Asar boshlanishidagi bir-ikki chizgi bilan adib kitobxonda er-u xotinning bir-biriga naqadar mehr-muhabbatli ekanliklariga shubha qoldirmaydi. Bunday kishilar kambagʻalchilik, nochorlikning har qanday sinoviga birgalikda sabr qilishi, bir-birlarining koʻnglini avaylashlari aniq. Shunga koʻra, xikoyada anor Turobjonning mehr-muhabbatini sinovdan oʻtkazish uchun ayol oʻylab topgan shunchaki injiqlik emas, balki qahramonning ixtiyoridan tashqari tabiiy zarurat sifatida asoslanadi. Shu bilan birga, «Anor» hikoyasida bor yoʻgʻi ikkitagina inson obrazini mahorat bilan yaratish orqali maishiy hayotning bir parchasini jonlantirarkan, yozuvchi katta ijtimoiy umumlashmalar chiqarishga erishadi.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov