Ilhomning makoni ... odamda mehr va gʻazab
uygʻotadigan hodisa va voqealarning magʻzida...
Abdulla Qahhor
Yozuvchi Y.Shamsharov Abdulla Qahhor haqidagi xotiralarida poyezddagi hamrohining «Dahshat» hikoyasi toʻgʻrisidagi quyidagi fikrlarini keltiradi: «Oʻtmishda ayol zoti boshidagi hamma xoʻrlik, musibat goʻyo shu kichik hikoyaga joylab qoʻyilgan. Oʻqiysizu agar koʻnglingizdagi gʻazab, nafrat hissi zarraday boʻlsa, toʻp oʻqiday gumburlab otiladi: oʻsha Olimbek dodxoga, barcha dodxoyu boy, mullalarga qarshi, ularni tugʻib voyaga yetkazgan eski tuzumga qarshi oʻq otiladi»1. Bu – maktabda oʻttiz besh yil adabiyotdan saboq bergan kishining gapi. Boshqa bir kitobxon, «siyosiy yetuk»ligini namoyish etib boʻlsa kerak, yozuvchiga «... oʻtmishda shundoq boʻlsa, ehtimol, boʻlgandir, lekin oʻzbek xotin-qizlari tarixining shunday malomatli sahifalarini hozir, bugungi kunda tiriltirish shartmidi? Siz oʻtmishni qalamga olganingizda, baʼzan uydirmachilikka berilib ketasiz...»2 deya eʼtiroz bildiradi. Ushbu misollar shoʻro davrida «Dahshat kitobxon ommaning aksariyati qanday tushunganini yorqin namoyish etadi. Albatta, hikoyaning bu yoʻsin tushunilgani koʻplab omillarga, jumladan, maktabda adabiyot oʻqitishning maqsadi bilan ham bogʻliq edi. Masalan, 70-yillarda chop qilingan adabiyot oʻqituvchilari uchun qoʻllanmada «Oʻgʻri» misolida adibning oʻtmish mavzusidagi hikoyalarini oʻqitishdan koʻzlangan maqsad quyidagicha ifodalangan: «Yozuvchining «Oʻgʻri» hikoyasi oʻtmishdagi kambagʻal dehqon Qobil bobo kabi kishilarning ezilganligi, talanganligi, xoʻrlanganligini bilishga yordam beradi, oʻquvchida ekspluatatsiyaga asoslangan tuzumga gʻazab-nafrat, oʻshanday dahshatlardan abadiy ozod qilgan Kommunistik partiya va Sovet hukumatiga cheksiz muhabbat uygʻotadi. Hikoyaning ahamiyati ham mana shunda»3. Aytish kerak, oʻqituvchilarga berilayotgan tavsiyalar havodan olingan emas, ular adabiyotshunoslik ilmiga tayangan holda ishlab chiqilgan, yaʼni, adabiyotshunoslikda ham hikoya shu ruhda tushunilgan. Misol uchun qahhorshunos M.Sultonovaning 60-yillar oʻrtalarida bildirgan fikrini keltiramiz: «Yozuvchi «Dahshat»da oʻtmish temasini ishlar ekan, asosan bir maqsadni – oʻtmishda insonning ezilishi, insonlik huquqlarining poymol etilishini koʻrsatishni; ezuvchi sinflarga nisbatan cheksiz nafrat va shu bilan erkin zamonamizni yanada qadrlash hissini uygʻotishni kuzatadi».4
Albatta, bu oʻrinda na kitobxon va na muallim, na metodist va na adabiyotshunos aybli emas, zero, badiiy asar konkret davrning maʼnaviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda va shularga muvofiq idrok etiladi. Yaʼni, chinakam badiiy asarning mazmuni serqatlamdir, konkret bir davrning maʼnaviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlariga bogʻliq holda oʻsha qatlamlardan biri aktuallashaveradi. Shuning uchun ham chinakam badiiy asar davr chegaralarini tan olmaydi, mangulikka daxldorlik daʼvosida qolaveradi. Zero, agar oʻtmishda yaratilgan asar kitobxonning bugungi kundagi ehtiyojlariga javob bermasa, mutlaqo isteʼmoldan chiqishi, bamisoli gazeta xabaridek unutilishi kerak boʻlardi. Bundan kelib chiqadiki, badiiy asarning talqinlari shu ehtiyojlarga mos ravishda oʻzgarib, yangilanib turishi tabiiy va ayni shu narsa uning umrzoqligini taʼminlovchi asosiy omildir. Afsuski, har jabhada boʻlganidek, adabiyotshunoslikda ham «inersiya kuchi»ning taʼsiri» amal qiladi: eskicha talqinlar taʼsiridan qutulish ancha qiyin kechadi. Professor H.Karimovning 1998 (!) yilda bildirgan quyidagi fikri buning yorqin dalilidir: «sobiq shoʻrolar davrida yozilgan talay asarlarda davlat siyosati ilgari surgan gʻoyani, yaʼni oʻtmishni qoralash vositasida sotsialistik jamiyat elga erk va baxt beruvchi tuzum ekanligini tasdiqlash oqibatida milliy sharoit bilan hisoblashmaslik, hayot haqiqati hamda mantiqiga bepisand qarash hollari roʻy berdi. Ayniqsa, bu borada Abdulla Qahhorning oʻtmish haqidagi ayrim hikoyalari yetakchilik qiladi. Bunga birgina «Dahshat» hikoyasi misol boʻla oladi».5 Olimning fikricha, hikoya yozilgan «yillarda koʻp narsa oydinlasha boshlaganiga qaramay, yozuvchi oʻzining oʻtmishni qoralash prinsipiga sodiq qolgan». Qarashlarining asosida shu fikr yotgani uchun ham H.Karimov hikoyada oʻtmish qanday tasvirlanganiga urgʻu beradi, asarda «yakka davlat siyosati taʼsirida oʻtmishni qoralash borasida ... hayot haqiqati va tarixga, milliy urf-odat hamda qadriyatlarga zid yoʻl tutilgan»ini asoslashga intilib, «Dahshat» endilikda «mahorat maktabi boʻlolmaydi» degan xulosaga keladi. Avvalo, oʻz vaqtida hurmatli domlamiz S.Sodiq maqola muallifining mazkur fikrlarini asosli inkor qilgani6, ikkinchidan, bizni boshqa masala qiziqtirgani uchun bunga toʻxtalib oʻtirmaymiz.
«Dahshat» haqidagi yuqorida keltirilgan fikrlarni umumlashtiruvchi jihat shuki, ularning bari hikoya oʻtmish haqida yozilgan degan asosga tayanadi. Darhaqiqat, hikoyaga oʻtmishdan material olingan, uning mazmun qatlamlaridan birini oʻtmish tashkil qilishi ham shubhasiz. Boz ustiga, adibning oʻzi «1960 yilda oʻzbek ayolining oʻtmishiga oid «Dahshat» degan bir hikoya yozgan edim»7 deya eʼtirof etganki, hech bir ikkilanishga, oʻzgacha talqinlarga oʻrin qolmaydigandek. Biroq, yaxshi maʼlumki, ijodkor qaysi davrga murojaat qilmasin, uni yozishga undagan narsa oʻz zamoni, oʻz zamonida yetilgan dard boʻlib qolaveradi. Zero, badiiy obrazning materiali voqelik va ijodkor shaxsi ekan, bundan boshqacha boʻlishi mumkin ham emas. Yaʼni, Abdulla Qahhor «oʻtmishda insonning ezilishi, insonlik huquqlarining poymol etilishini koʻrsatishni» maqsad qilibgina hikoyani yozishga kirishgan emas. Modomiki, mazkur daʼvomiz adibning eʼtirofiga-da zid kelayotgan ekan, asoslashning yagona yoʻli uning oʻziga murojaat qilish boʻladi.
«Yoshlar seminarida soʻzlangan nutq»ida oʻzining ijodiy tajribasi bilan oʻrtoqlasharkan, Abdulla Qahhor: «Men shu kungacha bitta-ikkita durust narsa yozgan boʻlsam birontasining ham gʻoyasini oldin belgilab olganim yoʻq»8, – deb aytadi. Abdulla Qahhorga koʻra, «yozuvchi hech vaqt «Nima toʻgʻrida yozsam ekan?» deb oʻylab, keyin birdaniga biron toʻgʻrida yozishni ixtiyor qilmaydi. Aksincha, hodisaga maʼlum munosabati, qanoatidan kelib chiqqan rozilik yoki norozilik uni yozishga majbur qiladi, uni oʻz ixtiyoriga qoʻymaydi». Adibning uqdirishicha, «yozishga majbur qiladi»gan holat ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish asosida yuzaga keladi, «ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi-yomon ekanini bilish uchun yozuvchining saviyasi juda-juda baland boʻlishi kerak».9
Albatta, hozirda Abdulla Qahhorning oʻzi qoʻyayotgan talabga toʻla javob berishi, ijtimoiy hodisalar mohiyatini teran anglay olish darajasidagi saviyaga ega sanʼatkor boʻlgani koʻpchilikda shubha uygʻotmasa kerak. Ayni choqda, oʻtgan asrning 80-yillari adogʻidan 90-yillar oʻrtalarigacha koʻpchiligimizda bunga shubha uygʻongani ham sir emas. Jumladan, professor H.Karimovning «bu yillarda (yaʼni, «Dahshat» yozilgan 60-yillarda – D.Q.) koʻp narsa oydinlasha boshlaganiga qaramay, yozuvchi oʻzining oʻtmishni qoralash prinsipiga sodiq qolgan» deb yozishi shundan dalolatdir. Ha, H.Karimov bir jihatdan haq: 60-yillarga kelib Stalin istibdodi davriga oid koʻp sirlar oshkor boʻlgan, ilgʻor fikrli kishilar ongida jamiyatning yaqin oʻtmishi haqida toʻgʻri tasavvur shakllanishi uchun yetarli imkon tugʻilgan edi. Agarki H.Karimov yozuvchi shunday sharoitda ham eski prinsiplariga sodiq qolgan deb bilar ekan, bundan yozuvchining «ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi-yomon ekanini» idrok qila olishiga, umumiy saviyasiga shubha bilan qaragani ayon boʻladi. Albatta, bu oʻrinda H.Karimovnigina ayblash insofdan boʻlmas edi. Zero, 80-yillar oxiri – 90-yillarda Abdulla Qahhor va u mansub avlod haqida muayyan stereotip shakllangan, ularda shoʻro siyosatining maddohlari, oʻz vazifasini adabiyot vositasida shoʻro siyosatini xalqqa singdirish deb bilgan ijodkorlarni koʻrishga moyillik kuchaygan edi. Toʻgʻri, ularning ijodida, hayotida shunday oʻylashga asos beruvchi jihatlar yoʻq emas. Biroq, nazarimda, stereotipni mutlaq haqiqat deb bilganimiz ularni bir inson, Abdulla Qahhor aytmoqchi, «hodisa va voqealarning magʻzi»ni chaqish, ularga «mehr yoki gʻazab» bilan munosabatda boʻlib muayyan qanoat (buni konsepsiya maʼnosida tushunish mumkin koʻrinadi – D.Q.) hosil qilish imkonini bergan ichki erkinlikka ega boʻlgan, jillaqursa, ijodning ilohiy onlarida shu imkonga erisholgan sanʼatkor sifatida koʻrishimizga halal berayotir. Fikrimizcha, ayni shu hol ularning asarlarini yangicha tushunish, yangicha talqin qilish yoʻlidagi harakatlarni qabul qilolmaslik, ularni gʻayriilmiy hodisa, «zamonaga moslashga urinish» deb tushunilishiga sabab boʻlmoqda. Birovga malol kelmasa deb qoʻrqaman, lekin bu nav munosabatda, nazarimda, yangi avlodning biroz kibrga berilgani, Abdulla Qahhor mansub avlodning saviyasini oʻzinikidan pastroq deb hisoblashga moyilligi boʻy berib turgandek tuyuladi. Nahotki, yaqin oʻtmishimizda yuz bergan ijtimoiy hodisalarning biz hujjatlarga tayanib yoki eshitib bilganlarimiz asosida anglagan «magʻzi» – mohiyatini oʻsha davrda yashagan, oʻsha davrni qalbida yashab oʻtgan talantli insonlar anglamagan boʻlsa?! Bunga ishonish, bu fikrni qabul qilish qiyin...
Ustoz O.Sharafiddinov guvohlik berishicha, «Dahshat» hikoyasini «yozish niyati adib yuragiga 50-yillarning boshida tushgan edi. Deyarli oʻn yil mobaynida u hikoyani oʻyladi, pishitdi, xayolida obdon ishladi».10 Bizningcha, adib ijodda amal qilgan prinsiplardan kelib chiqilsa, uning ayni yetuklik pallasida «Dahshat»dek kichkina bir hikoya ustida nega oʻn yillab ishlaganini anglash mumkindek koʻrinadi.
O.Sharafiddinov «Dahshat»ning yozilishiga xalq oʻrtasida ancha keng tarqalgan bir rivoyat turtki boʻlgan»ini aytadi. Rivoyatda kelishicha, bir yigit «oʻzining dovyurakligini isbot qilish uchun kechasi goʻristonga borib, tobutga pichoq sanchib kelmoqchi boʻladi. Biroq u oʻrnidan turib qaytayotganda arvoh uning etagidan tortqilab, ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Yigit qoʻrqib ketib, jon taslim qiladi».11 Bunday qaraganda, hikoyaning sxemasi tayyor: detallashtirib, muayyan hayotiy holatlar, dialoglar yaratilsa, jon berilsa bas, durustgina hikoya boʻladi. Biroq, negadir, A.Qahhor rivoyatni hikoyaga aylantirishga shoshilmaydi, yozib qoʻya qolmaydi. Nega? Chunki hali bu rivoyat adib uchun badiiy-estetik qimmat, ijtimoiy ahamiyatli mazmun kasb etmagan, yaʼni uning vositasida oʻquvchisiga aytmoqchi boʻlgan, aytmasa boʻlmaydigan gapi yoʻq, boshqacha aytsak, hali ilhom kelmagan edi. A.Qahhorga koʻra, «yaxshi asar, oʻquvchini maftun etadigan asar faqat ilhom bilan yozilgan asar»dir. Ilhom kelishi uchun esa «yozuvchining his qilishi shart»: «His, ichki dard kishining qalbini toshirib yuboradi. Bunday vaqtda kishi oʻzini qayerga qoʻyishini bilmaydi. Oʻzining dardiga boshqalarni sherik qilish, yuragini boʻshatish, kishiga azob berish darajasiga yetadi. Shu vaqtda qoʻl qalamga boradi. Kishining koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Yozish uchun hech narsa halal bermaydi. Fikr toʻkila boradi. Yozib ulgurib boʻlmaydi.
Kishidagi mana shunday holatni odatda ilhom deyishadi».12 Oʻz navbatida, kishining qalbini toshirib yuboradigan his, ichki dardning yuzaga kelishi uchun «ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi-yomon ekanini bilish» talab qilinadi: «Yozuvchi turmush hodisasini tahlil qilganidan soʻng unga maʼlum bir munosabatda boʻladi. Bu munosabati uning qanoati boʻladi. Uning biron hodisani his qilishi mana shu qanoati asosida boʻladi»13. Xoʻsh, qaysi ijtimoiy hodisalar tahlili asosida paydo boʻlgan qanoat Abdulla Qahhorning qalbini toshirib, «Dahshat»ni yozishga undadi?
Asos uchun hikoyani yozish niyati 50-yillarning boshlarida tugʻilgan degan maʼlumotni olarkanmiz, avvalo, oʻsha davrni va undagi adibni tasavvur qilib olishimiz lozim. Bu davrning xususiyatlari esa, maʼlumki, Stalin vafoti va undan keyin shaxsga sigʻinish oqibatlarining qoralanishi bilan bogʻliq holda xarakterlanadi. Abdulla Qahhorning 1953 yildan keyin yozilgan publitsistik asarlariga eʼtibor berilsa, ularda ertangi kunga ishonch, koʻtarinki ruh barq urib turganini koʻrish mumkin. Biroq 60-yillardan boshlab undagi bu ishonch ancha susaygani, aksincha, tanqidiy munosabat mutanosib ravishda kuchaya borgani koʻriladi. Mazkur holning sababini adibning yon daftaridagi quyidagi qayddan sezib olish qiyin emas: «Mamlakatimizda Stalindan soʻng uzundan-uzun momaqaldiroq boʻldiyu oʻtdi. Bu momaqaldiroqning birinchi sadosi xalqlar koʻnglida juda katta orzu-umidlar uygʻotdi, xalqlar buning ketidan keladigan obirahmatni kutdi, biroq momaqaldiroq shamol, toʻpolon qildi-yu, obirahmatdan bir tomchi ham tommadi».14
Ha, Abdulla Qahhor ham koʻp qatori obirahmatni kutgan, endi jamiyat toʻgʻri asoslarga quriladi deb ishongan, shu bois maqolalarida ishonch, umidvorlik barq urgan. Adib partiyaning «keyingi uchta syezdi, partiya markazqoʻmining talay tadbirlari hayotimizning havosini tozartir»di deb biladi, endi partiya siyosati toʻgʻri oʻzanga tushdi, bas, kommunistik jamiyat tantanasi muqarrar deya ishonadi. Uning qator maqolalari shu ishonch ruhi bilan yoʻgʻrilgan: adib kishilar turmushining yaxshilanib borayotganidan quvonadi, buyuk maqsad yoʻlida halal berayotgan holatlarni tanqid qiladi. Biroq vaqt oʻtgani sari gʻoya bilan hayot, maqsad bilan amal, soʻz bilan ish orasidagi ziddiyat koʻzga aniq tashlanib, jamiyat hayoti mohiyatan oʻzgarishsiz qolayotgani ravshanlashadiki, bu hol adibning ishonchi, umidlariga rahna solmasligi mumkin emas edi. Xususan va birinchi galda, uni kishilar ruhiyati oʻzgarishsiz qolayotgani tashvishga soladi. Zero, gumanist sanʼatkor sifatida Abdulla Qahhor insonni oʻzgartirmasdan turib jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi deb biladi: uning oʻsha yillari qabul qilingan «kommunizm quruvchisining axloq kodeksini» chin yurakdan maʼqullagani, «kult oqibatlarini odamlarning dilidan, aqlidan quvib chiqarish»15 adabiyotning kun tartibidagi asosiy vazifasi deb hisoblagani ham shundan. Albatta, A.Qahhor qoʻyilgan vazifaning nechogʻli ogʻirligini juda yaxshi tasavvur qiladi, chunki u «ilon chaqqan kishi ola arqondan qoʻrqadi» deganday, oʻsha zamonda aziyat tortgan yoki aziyat tortganlarni koʻrgan koʻp odamlar hanuz oʻziga kelolmayotgani»ga16 shohid edi. Adib 200 yil temir qoziqqa zanjirband etilgan filning zanjir chirib ado boʻlgach ham yana yuz yil qozigʻi atrofida aylangani haqidagi rivoyatni eslatib, «Fil jonivor, aql-idroki yoʻq, biz nega kult davri qoqib ketgan qoziq atrofidan yiroq ketolmaymiz?» – deya murojaat qiladi. Yozuvchi qatagʻon davrining kishilar diliga solgan dahshati hamon ketmagani, uning ketishi oson kechmasligini chuqur his qiladi. Boz ustiga, «tuxumdan tuk qidiradigan shubha bandalari»ning ilgarigidek faoliyatda ekani «jamiyatning butkul tozara olishi» borasidagi ishonchini yoʻqqa chiqaradi. Xuddi shu narsa, ijtimoiy hayotdagi shu holat adib uchun his etilgan shaxsiy dardga aylanadi, «dardiga boshqalarni sherik qilish, yuragini boʻshatish» ehtiyojini tugʻdirib, yozishga majbur qiladi. Hayotining ayni shu pallasida adib qachonlardir eshitgan rivoyat uning uchun badiiy-estetik qimmat, ijtimoiy ahamiyatli mazmun kasb etadi. Zero, adib uning «magʻzi»da oʻzini oʻrtagan dard bilan oʻxshashlikni, shaklida oʻsha dardni ifodalashga imkon beruvchi eng maqbul shaklni koʻrdi, koʻra oldi.
Shu oʻrinda «qachonlardir» deganimizga izoh berib oʻtish kerak koʻrinadiki, bunga ham adibning oʻzidan javob topamiz. A.Qahhor yoshlar seminarida soʻzlagan nutqida yozuvchi uchun hayotda koʻrganlari, eshitganlari juda muhim ekanini aytib, bularni yon daftarga qayd etib borishni maslahat beradi. Unga koʻra, «yozuvchining xotira daftari – mushohadalar xazinasi». Adib aytadiki: «Bundan olti yil burun daftarga shuni yozib qoʻygan ekanman: «Ajoyib it, oʻgʻri kirganda olkishlasang, yotib dumini yalaydi». Bu narsa olti yildan beri kerak boʻlgani yoʻq, ehtimol hech qachon kerak boʻlmas».17 Shunga oʻxshash, yuqoridagi rivoyat kundaliklarda qayd etilmagan boʻlsa-da, adib xotirasida mavjud boʻlgan. Agar biz yuqorida tavsif etgan sharoit yuzaga kelmaganida, ehtimol, bu rivoyat ham adibga hech qachon kerak boʻlmas, hikoyaga aylanmas edi. Shu maʼnoda, «Dahshat» oʻtmish haqidagi, aniqrogʻi, oʻtmish haqidagigina hikoya emas.18
«Dahshat»dagi Olimxon dodxo xonadoni – dahshat saltanati, Stalin davridagi jamiyatning jajji maketi. Eng qizigʻi, bu saltanatni dahshat vositasida boshqarayotgan dodxoning oʻzi ham dahshat hissidan forigʻ emas, u ham qoʻrquvda yashaydi (Stalin hayoti ham shunday emasmi?!). Ayni paytda, uning uchun dahshatni saqlab qolish, uni quvvatlantirib turish muhim, busiz saltanat zavol topadi (Stalin siyosati ham mohiyatan shunday emasmidi?!). Unsinning isyoni dahshatga emas, dodxoning oʻziga qaratildi: shoʻrlik oʻz vujudidagi qoʻrquvni yenga olmadi, shu qoʻrquv tufayli nobud boʻldi. Yaʼni, Stalindan soʻng «obirahmat» yogʻmaganining sababini adib kishilar vujudida dahshat yashab qolaverganida koʻrdi va buni badiiy obrazlarda muhrladi. Albatta, Unsinning isyoni bejiz ketmadi, yoʻq, u Nodirmohbegim ruhiyatida, taqdirida keskin oʻzgarish yasadi: ayol «yana kaltaklanishdan hayiqmay» jon berayotgan Unsinga parvona boʻldi, ruxsat soʻrab oʻtirmay «Ganjiravonga bir xizmatkorini yubordi». Shu jihatdan qaralsa, hikoyaning finali juda xarakterli: «Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shoxida chiyillar, gʻuvillar edi.
Darvozadan boshida paranji va qoʻlida oq tuguncha Nodirmohbegim chiqdi. U darvozaga yuzini oʻgirib, choʻnqaydi, ikki qoʻlini fotihaga ochib, bir nimalar dedi. Dodxoning oʻzi bilan birga bu dargohni yerning qaʼriga yuborganday ikkala mushtini uch marta yerga qadadi, keyin «bu dargohni endi yelkamning chuquri koʻrsin» deganday bir harakat bilan keskin burilib aravaga chiqdi, marhumaning bosh tomoniga oʻtirdi». Nodirmohbegim endi tamom boshqa odam, vujudidagi qoʻrquvni yenga olgan, «dodxoning oʻzi bilan birga bu dargohni yerning qaʼriga yubora» olgan odam. Shu maʼnoda, hikoyaning qahramoni ikkita: adabiy-estetik nuqtai nazardan hikoya qahramoni Unsin boʻlsa, ijtimoiy-maʼnaviy nuqtai nazardan, shubhasiz, qahramon Nodirmohbegimdir. Eng muhimi, har ikki qahramon ham adibga yot emas, har ikkisiga ham uning shaxsiy hayoti proyeksiyalangan. Yaʼni, «Dahshat» yozilguniga qadar Abdulla Qahhor Unsin hayotini yashab oʻtgan boʻlsa, «Dahshat»dan soʻng Nodirmohbegim yoʻlini tutdiki, shu tufayligina u 60-yillar oʻzbek ziyolilarining «vijdoni»ga aylana oldi. Demak, «Dahshat» adib hayotidagi burilish pallasini, uning shu davrdagi ruhiyatini oʻzida aks ettirgan asardir. Shu maʼnoda, «Dahshat» tom maʼnodagi ijod mahsuli – muallifning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari natijasi sifatida, rostmana shaxsiylangan ijtimoiy dard «yozishga majbur qilgan», yozmasa boʻlmaydigan holatga keltirganda dunyoga kelgan, chinakam ilhom bilan yozilgan asardir. Soʻz XX asr oʻzbek adabiyoti haqida boradimi, milliy nasrimiz taraqqiyoti haqidami, hikoya janri yo mahorat masalalari haqidami, qatʼiy nazar, «Dahshat»ning albatta tilga olinishi, uning turfa talqinlarga dosh va imkon berib kelayotganining siri ham shunda – ilhom bilan yozilganidadir.
2007 yil
Izohlar
Илҳомнинг макони ... одамда меҳр ва ғазаб
уйғотадиган ҳодиса ва воқеаларнинг мағзида...
Абдулла Қаҳҳор
Ёзувчи Й.Шамшаров Абдулла Қаҳҳор ҳақидаги хотираларида поезддаги ҳамроҳининг «Даҳшат» ҳикояси тўғрисидаги қуйидаги фикрларини келтиради: «Ўтмишда аёл зоти бошидаги ҳамма хўрлик, мусибат гўё шу кичик ҳикояга жойлаб қўйилган. Ўқийсизу агар кўнглингиздаги ғазаб, нафрат ҳисси заррадай бўлса, тўп ўқидай гумбурлаб отилади: ўша Олимбек додхога, барча додхою бой, муллаларга қарши, уларни туғиб вояга етказган эски тузумга қарши ўқ отилади»1. Бу – мактабда ўттиз беш йил адабиётдан сабоқ берган кишининг гапи. Бошқа бир китобхон, «сиёсий етук»лигини намойиш этиб бўлса керак, ёзувчига «... ўтмишда шундоқ бўлса, эҳтимол, бўлгандир, лекин ўзбек хотин-қизлари тарихининг шундай маломатли саҳифаларини ҳозир, бугунги кунда тирилтириш шартмиди? Сиз ўтмишни қаламга олганингизда, баъзан уйдирмачиликка берилиб кетасиз...»2 дея эътироз билдиради. Ушбу мисоллар шўро даврида «Даҳшат китобхон омманинг аксарияти қандай тушунганини ёрқин намойиш этади. Албатта, ҳикоянинг бу йўсин тушунилгани кўплаб омилларга, жумладан, мактабда адабиёт ўқитишнинг мақсади билан ҳам боғлиқ эди. Масалан, 70-йилларда чоп қилинган адабиёт ўқитувчилари учун қўлланмада «Ўғри» мисолида адибнинг ўтмиш мавзусидаги ҳикояларини ўқитишдан кўзланган мақсад қуйидагича ифодаланган: «Ёзувчининг «Ўғри» ҳикояси ўтмишдаги камбағал деҳқон Қобил бобо каби кишиларнинг эзилганлиги, таланганлиги, хўрланганлигини билишга ёрдам беради, ўқувчида эксплуатацияга асосланган тузумга ғазаб-нафрат, ўшандай даҳшатлардан абадий озод қилган Коммунистик партия ва Совет ҳукуматига чексиз муҳаббат уйғотади. Ҳикоянинг аҳамияти ҳам мана шунда»3. Айтиш керак, ўқитувчиларга берилаётган тавсиялар ҳаводан олинган эмас, улар адабиётшунослик илмига таянган ҳолда ишлаб чиқилган, яъни, адабиётшуносликда ҳам ҳикоя шу руҳда тушунилган. Мисол учун қаҳҳоршунос М.Султонованинг 60-йиллар ўрталарида билдирган фикрини келтирамиз: «Ёзувчи «Даҳшат»да ўтмиш темасини ишлар экан, асосан бир мақсадни – ўтмишда инсоннинг эзилиши, инсонлик ҳуқуқларининг поймол этилишини кўрсатишни; эзувчи синфларга нисбатан чексиз нафрат ва шу билан эркин замонамизни янада қадрлаш ҳиссини уйғотишни кузатади».4
Албатта, бу ўринда на китобхон ва на муаллим, на методист ва на адабиётшунос айбли эмас, зеро, бадиий асар конкрет даврнинг маънавий-руҳий, ижтимоий-сиёсий эҳтиёжларидан келиб чиққан ҳолда ва шуларга мувофиқ идрок этилади. Яъни, чинакам бадиий асарнинг мазмуни серқатламдир, конкрет бир даврнинг маънавий-руҳий, ижтимоий-сиёсий эҳтиёжларига боғлиқ ҳолда ўша қатламлардан бири актуаллашаверади. Шунинг учун ҳам чинакам бадиий асар давр чегараларини тан олмайди, мангуликка дахлдорлик даъвосида қолаверади. Зеро, агар ўтмишда яратилган асар китобхоннинг бугунги кундаги эҳтиёжларига жавоб бермаса, мутлақо истеъмолдан чиқиши, бамисоли газета хабаридек унутилиши керак бўларди. Бундан келиб чиқадики, бадиий асарнинг талқинлари шу эҳтиёжларга мос равишда ўзгариб, янгиланиб туриши табиий ва айни шу нарса унинг умрзоқлигини таъминловчи асосий омилдир. Афсуски, ҳар жабҳада бўлганидек, адабиётшуносликда ҳам «инерция кучи»нинг таъсири» амал қилади: эскича талқинлар таъсиридан қутулиш анча қийин кечади. Профессор Ҳ.Каримовнинг 1998 (!) йилда билдирган қуйидаги фикри бунинг ёрқин далилидир: «собиқ шўролар даврида ёзилган талай асарларда давлат сиёсати илгари сурган ғояни, яъни ўтмишни қоралаш воситасида социалистик жамият элга эрк ва бахт берувчи тузум эканлигини тасдиқлаш оқибатида миллий шароит билан ҳисоблашмаслик, ҳаёт ҳақиқати ҳамда мантиқига беписанд қараш ҳоллари рўй берди. Айниқса, бу борада Абдулла Қаҳҳорнинг ўтмиш ҳақидаги айрим ҳикоялари етакчилик қилади. Бунга биргина «Даҳшат» ҳикояси мисол бўла олади».5 Олимнинг фикрича, ҳикоя ёзилган «йилларда кўп нарса ойдинлаша бошлаганига қарамай, ёзувчи ўзининг ўтмишни қоралаш принципига содиқ қолган». Қарашларининг асосида шу фикр ётгани учун ҳам Ҳ.Каримов ҳикояда ўтмиш қандай тасвирланганига урғу беради, асарда «якка давлат сиёсати таъсирида ўтмишни қоралаш борасида ... ҳаёт ҳақиқати ва тарихга, миллий урф-одат ҳамда қадриятларга зид йўл тутилган»ини асослашга интилиб, «Даҳшат» эндиликда «маҳорат мактаби бўлолмайди» деган хулосага келади. Аввало, ўз вақтида ҳурматли домламиз С.Содиқ мақола муаллифининг мазкур фикрларини асосли инкор қилгани6, иккинчидан, бизни бошқа масала қизиқтиргани учун бунга тўхталиб ўтирмаймиз.
«Даҳшат» ҳақидаги юқорида келтирилган фикрларни умумлаштирувчи жиҳат шуки, уларнинг бари ҳикоя ўтмиш ҳақида ёзилган деган асосга таянади. Дарҳақиқат, ҳикояга ўтмишдан материал олинган, унинг мазмун қатламларидан бирини ўтмиш ташкил қилиши ҳам шубҳасиз. Боз устига, адибнинг ўзи «1960 йилда ўзбек аёлининг ўтмишига оид «Даҳшат» деган бир ҳикоя ёзган эдим»7 дея эътироф этганки, ҳеч бир иккиланишга, ўзгача талқинларга ўрин қолмайдигандек. Бироқ, яхши маълумки, ижодкор қайси даврга мурожаат қилмасин, уни ёзишга ундаган нарса ўз замони, ўз замонида етилган дард бўлиб қолаверади. Зеро, бадиий образнинг материали воқелик ва ижодкор шахси экан, бундан бошқача бўлиши мумкин ҳам эмас. Яъни, Абдулла Қаҳҳор «ўтмишда инсоннинг эзилиши, инсонлик ҳуқуқларининг поймол этилишини кўрсатишни» мақсад қилибгина ҳикояни ёзишга киришган эмас. Модомики, мазкур даъвомиз адибнинг эътирофига-да зид келаётган экан, асослашнинг ягона йўли унинг ўзига мурожаат қилиш бўлади.
«Ёшлар семинарида сўзланган нутқ»ида ўзининг ижодий тажрибаси билан ўртоқлашаркан, Абдулла Қаҳҳор: «Мен шу кунгача битта-иккита дуруст нарса ёзган бўлсам биронтасининг ҳам ғоясини олдин белгилаб олганим йўқ»8, – деб айтади. Абдулла Қаҳҳорга кўра, «ёзувчи ҳеч вақт «Нима тўғрида ёзсам экан?» деб ўйлаб, кейин бирданига бирон тўғрида ёзишни ихтиёр қилмайди. Аксинча, ҳодисага маълум муносабати, қаноатидан келиб чиққан розилик ёки норозилик уни ёзишга мажбур қилади, уни ўз ихтиёрига қўймайди». Адибнинг уқдиришича, «ёзишга мажбур қилади»ган ҳолат ижтимоий ҳодисаларни таҳлил қилиш асосида юзага келади, «ижтимоий ҳодисаларни таҳлил қилиш, унинг яхши-ёмон эканини билиш учун ёзувчининг савияси жуда-жуда баланд бўлиши керак».9
Албатта, ҳозирда Абдулла Қаҳҳорнинг ўзи қўяётган талабга тўла жавоб бериши, ижтимоий ҳодисалар моҳиятини теран англай олиш даражасидаги савияга эга санъаткор бўлгани кўпчиликда шубҳа уйғотмаса керак. Айни чоқда, ўтган асрнинг 80-йиллари адоғидан 90-йиллар ўрталаригача кўпчилигимизда бунга шубҳа уйғонгани ҳам сир эмас. Жумладан, профессор Ҳ.Каримовнинг «бу йилларда (яъни, «Даҳшат» ёзилган 60-йилларда – Д.Қ.) кўп нарса ойдинлаша бошлаганига қарамай, ёзувчи ўзининг ўтмишни қоралаш принципига содиқ қолган» деб ёзиши шундан далолатдир. Ҳа, Ҳ.Каримов бир жиҳатдан ҳақ: 60-йилларга келиб Сталин истибдоди даврига оид кўп сирлар ошкор бўлган, илғор фикрли кишилар онгида жамиятнинг яқин ўтмиши ҳақида тўғри тасаввур шаклланиши учун етарли имкон туғилган эди. Агарки Ҳ.Каримов ёзувчи шундай шароитда ҳам эски принципларига содиқ қолган деб билар экан, бундан ёзувчининг «ижтимоий ҳодисаларни таҳлил қилиш, унинг яхши-ёмон эканини» идрок қила олишига, умумий савиясига шубҳа билан қарагани аён бўлади. Албатта, бу ўринда Ҳ.Каримовнигина айблаш инсофдан бўлмас эди. Зеро, 80-йиллар охири – 90-йилларда Абдулла Қаҳҳор ва у мансуб авлод ҳақида муайян стереотип шаклланган, уларда шўро сиёсатининг маддоҳлари, ўз вазифасини адабиёт воситасида шўро сиёсатини халққа сингдириш деб билган ижодкорларни кўришга мойиллик кучайган эди. Тўғри, уларнинг ижодида, ҳаётида шундай ўйлашга асос берувчи жиҳатлар йўқ эмас. Бироқ, назаримда, стереотипни мутлақ ҳақиқат деб билганимиз уларни бир инсон, Абдулла Қаҳҳор айтмоқчи, «ҳодиса ва воқеаларнинг мағзи»ни чақиш, уларга «меҳр ёки ғазаб» билан муносабатда бўлиб муайян қаноат (буни концепция маъносида тушуниш мумкин кўринади – Д.Қ.) ҳосил қилиш имконини берган ички эркинликка эга бўлган, жиллақурса, ижоднинг илоҳий онларида шу имконга эришолган санъаткор сифатида кўришимизга ҳалал бераётир. Фикримизча, айни шу ҳол уларнинг асарларини янгича тушуниш, янгича талқин қилиш йўлидаги ҳаракатларни қабул қилолмаслик, уларни ғайриилмий ҳодиса, «замонага мослашга уриниш» деб тушунилишига сабаб бўлмоқда. Бировга малол келмаса деб қўрқаман, лекин бу нав муносабатда, назаримда, янги авлоднинг бироз кибрга берилгани, Абдулла Қаҳҳор мансуб авлоднинг савиясини ўзиникидан пастроқ деб ҳисоблашга мойиллиги бўй бериб тургандек туюлади. Наҳотки, яқин ўтмишимизда юз берган ижтимоий ҳодисаларнинг биз ҳужжатларга таяниб ёки эшитиб билганларимиз асосида англаган «мағзи» – моҳиятини ўша даврда яшаган, ўша даврни қалбида яшаб ўтган талантли инсонлар англамаган бўлса?! Бунга ишониш, бу фикрни қабул қилиш қийин...
Устоз О.Шарафиддинов гувоҳлик беришича, «Даҳшат» ҳикоясини «ёзиш нияти адиб юрагига 50-йилларнинг бошида тушган эди. Деярли ўн йил мобайнида у ҳикояни ўйлади, пишитди, хаёлида обдон ишлади».10 Бизнингча, адиб ижодда амал қилган принциплардан келиб чиқилса, унинг айни етуклик палласида «Даҳшат»дек кичкина бир ҳикоя устида нега ўн йиллаб ишлаганини англаш мумкиндек кўринади.
О.Шарафиддинов «Даҳшат»нинг ёзилишига халқ ўртасида анча кенг тарқалган бир ривоят туртки бўлган»ини айтади. Ривоятда келишича, бир йигит «ўзининг довюраклигини исбот қилиш учун кечаси гўристонга бориб, тобутга пичоқ санчиб келмоқчи бўлади. Бироқ у ўрнидан туриб қайтаётганда арвоҳ унинг этагидан тортқилаб, кетишига йўл қўймайди. Йигит қўрқиб кетиб, жон таслим қилади».11 Бундай қараганда, ҳикоянинг схемаси тайёр: деталлаштириб, муайян ҳаётий ҳолатлар, диалоглар яратилса, жон берилса бас, дурустгина ҳикоя бўлади. Бироқ, негадир, А.Қаҳҳор ривоятни ҳикояга айлантиришга шошилмайди, ёзиб қўя қолмайди. Нега? Чунки ҳали бу ривоят адиб учун бадиий-эстетик қиммат, ижтимоий аҳамиятли мазмун касб этмаган, яъни унинг воситасида ўқувчисига айтмоқчи бўлган, айтмаса бўлмайдиган гапи йўқ, бошқача айтсак, ҳали илҳом келмаган эди. А.Қаҳҳорга кўра, «яхши асар, ўқувчини мафтун этадиган асар фақат илҳом билан ёзилган асар»дир. Илҳом келиши учун эса «ёзувчининг ҳис қилиши шарт»: «Ҳис, ички дард кишининг қалбини тошириб юборади. Бундай вақтда киши ўзини қаерга қўйишини билмайди. Ўзининг дардига бошқаларни шерик қилиш, юрагини бўшатиш, кишига азоб бериш даражасига етади. Шу вақтда қўл қаламга боради. Кишининг кўзига ҳеч нарса кўринмайди. Ёзиш учун ҳеч нарса ҳалал бермайди. Фикр тўкила боради. Ёзиб улгуриб бўлмайди.
Кишидаги мана шундай ҳолатни одатда илҳом дейишади».12 Ўз навбатида, кишининг қалбини тошириб юборадиган ҳис, ички дарднинг юзага келиши учун «ижтимоий ҳодисаларни таҳлил қилиш, унинг яхши-ёмон эканини билиш» талаб қилинади: «Ёзувчи турмуш ҳодисасини таҳлил қилганидан сўнг унга маълум бир муносабатда бўлади. Бу муносабати унинг қаноати бўлади. Унинг бирон ҳодисани ҳис қилиши мана шу қаноати асосида бўлади»13. Хўш, қайси ижтимоий ҳодисалар таҳлили асосида пайдо бўлган қаноат Абдулла Қаҳҳорнинг қалбини тошириб, «Даҳшат»ни ёзишга ундади?
Асос учун ҳикояни ёзиш нияти 50-йилларнинг бошларида туғилган деган маълумотни оларканмиз, аввало, ўша даврни ва ундаги адибни тасаввур қилиб олишимиз лозим. Бу даврнинг хусусиятлари эса, маълумки, Сталин вафоти ва ундан кейин шахсга сиғиниш оқибатларининг қораланиши билан боғлиқ ҳолда характерланади. Абдулла Қаҳҳорнинг 1953 йилдан кейин ёзилган публицистик асарларига эътибор берилса, уларда эртанги кунга ишонч, кўтаринки руҳ барқ уриб турганини кўриш мумкин. Бироқ 60-йиллардан бошлаб ундаги бу ишонч анча сусайгани, аксинча, танқидий муносабат мутаносиб равишда кучая боргани кўрилади. Мазкур ҳолнинг сабабини адибнинг ён дафтаридаги қуйидаги қайддан сезиб олиш қийин эмас: «Мамлакатимизда Сталиндан сўнг узундан-узун момақалдироқ бўлдию ўтди. Бу момақалдироқнинг биринчи садоси халқлар кўнглида жуда катта орзу-умидлар уйғотди, халқлар бунинг кетидан келадиган обираҳматни кутди, бироқ момақалдироқ шамол, тўполон қилди-ю, обираҳматдан бир томчи ҳам томмади».14
Ҳа, Абдулла Қаҳҳор ҳам кўп қатори обираҳматни кутган, энди жамият тўғри асосларга қурилади деб ишонган, шу боис мақолаларида ишонч, умидворлик барқ урган. Адиб партиянинг «кейинги учта съезди, партия марказқўмининг талай тадбирлари ҳаётимизнинг ҳавосини тозартир»ди деб билади, энди партия сиёсати тўғри ўзанга тушди, бас, коммунистик жамият тантанаси муқаррар дея ишонади. Унинг қатор мақолалари шу ишонч руҳи билан йўғрилган: адиб кишилар турмушининг яхшиланиб бораётганидан қувонади, буюк мақсад йўлида ҳалал бераётган ҳолатларни танқид қилади. Бироқ вақт ўтгани сари ғоя билан ҳаёт, мақсад билан амал, сўз билан иш орасидаги зиддият кўзга аниқ ташланиб, жамият ҳаёти моҳиятан ўзгаришсиз қолаётгани равшанлашадики, бу ҳол адибнинг ишончи, умидларига раҳна солмаслиги мумкин эмас эди. Хусусан ва биринчи галда, уни кишилар руҳияти ўзгаришсиз қолаётгани ташвишга солади. Зеро, гуманист санъаткор сифатида Абдулла Қаҳҳор инсонни ўзгартирмасдан туриб жамиятни ўзгартириб бўлмайди деб билади: унинг ўша йиллари қабул қилинган «коммунизм қурувчисининг ахлоқ кодексини» чин юракдан маъқуллагани, «культ оқибатларини одамларнинг дилидан, ақлидан қувиб чиқариш»15 адабиётнинг кун тартибидаги асосий вазифаси деб ҳисоблагани ҳам шундан. Албатта, А.Қаҳҳор қўйилган вазифанинг нечоғли оғирлигини жуда яхши тасаввур қилади, чунки у «илон чаққан киши ола арқондан қўрқади» дегандай, ўша замонда азият тортган ёки азият тортганларни кўрган кўп одамлар ҳануз ўзига келолмаётгани»га16 шоҳид эди. Адиб 200 йил темир қозиққа занжирбанд этилган филнинг занжир чириб адо бўлгач ҳам яна юз йил қозиғи атрофида айлангани ҳақидаги ривоятни эслатиб, «Фил жонивор, ақл-идроки йўқ, биз нега культ даври қоқиб кетган қозиқ атрофидан йироқ кетолмаймиз?» – дея мурожаат қилади. Ёзувчи қатағон даврининг кишилар дилига солган даҳшати ҳамон кетмагани, унинг кетиши осон кечмаслигини чуқур ҳис қилади. Боз устига, «тухумдан тук қидирадиган шубҳа бандалари»нинг илгаригидек фаолиятда экани «жамиятнинг буткул тозара олиши» борасидаги ишончини йўққа чиқаради. Худди шу нарса, ижтимоий ҳаётдаги шу ҳолат адиб учун ҳис этилган шахсий дардга айланади, «дардига бошқаларни шерик қилиш, юрагини бўшатиш» эҳтиёжини туғдириб, ёзишга мажбур қилади. Ҳаётининг айни шу палласида адиб қачонлардир эшитган ривоят унинг учун бадиий-эстетик қиммат, ижтимоий аҳамиятли мазмун касб этади. Зеро, адиб унинг «мағзи»да ўзини ўртаган дард билан ўхшашликни, шаклида ўша дардни ифодалашга имкон берувчи энг мақбул шаклни кўрди, кўра олди.
Шу ўринда «қачонлардир» деганимизга изоҳ бериб ўтиш керак кўринадики, бунга ҳам адибнинг ўзидан жавоб топамиз. А.Қаҳҳор ёшлар семинарида сўзлаган нутқида ёзувчи учун ҳаётда кўрганлари, эшитганлари жуда муҳим эканини айтиб, буларни ён дафтарга қайд этиб боришни маслаҳат беради. Унга кўра, «ёзувчининг хотира дафтари – мушоҳадалар хазинаси». Адиб айтадики: «Бундан олти йил бурун дафтарга шуни ёзиб қўйган эканман: «Ажойиб ит, ўғри кирганда олкишласанг, ётиб думини ялайди». Бу нарса олти йилдан бери керак бўлгани йўқ, эҳтимол ҳеч қачон керак бўлмас».17 Шунга ўхшаш, юқоридаги ривоят кундаликларда қайд этилмаган бўлса-да, адиб хотирасида мавжуд бўлган. Агар биз юқорида тавсиф этган шароит юзага келмаганида, эҳтимол, бу ривоят ҳам адибга ҳеч қачон керак бўлмас, ҳикояга айланмас эди. Шу маънода, «Даҳшат» ўтмиш ҳақидаги, аниқроғи, ўтмиш ҳақидагигина ҳикоя эмас.18
«Даҳшат»даги Олимхон додхо хонадони – даҳшат салтанати, Сталин давридаги жамиятнинг жажжи макети. Энг қизиғи, бу салтанатни даҳшат воситасида бошқараётган додхонинг ўзи ҳам даҳшат ҳиссидан фориғ эмас, у ҳам қўрқувда яшайди (Сталин ҳаёти ҳам шундай эмасми?!). Айни пайтда, унинг учун даҳшатни сақлаб қолиш, уни қувватлантириб туриш муҳим, бусиз салтанат завол топади (Сталин сиёсати ҳам моҳиятан шундай эмасмиди?!). Унсиннинг исёни даҳшатга эмас, додхонинг ўзига қаратилди: шўрлик ўз вужудидаги қўрқувни енга олмади, шу қўрқув туфайли нобуд бўлди. Яъни, Сталиндан сўнг «обираҳмат» ёғмаганининг сабабини адиб кишилар вужудида даҳшат яшаб қолаверганида кўрди ва буни бадиий образларда муҳрлади. Албатта, Унсиннинг исёни бежиз кетмади, йўқ, у Нодирмоҳбегим руҳиятида, тақдирида кескин ўзгариш ясади: аёл «яна калтакланишдан ҳайиқмай» жон бераётган Унсинга парвона бўлди, рухсат сўраб ўтирмай «Ганжиравонга бир хизматкорини юборди». Шу жиҳатдан қаралса, ҳикоянинг финали жуда характерли: «Шамол ҳамон гувиллар, яйдоқ дарахтларнинг шохида чийиллар, ғувиллар эди.
Дарвозадан бошида паранжи ва қўлида оқ тугунча Нодирмоҳбегим чиқди. У дарвозага юзини ўгириб, чўнқайди, икки қўлини фотиҳага очиб, бир нималар деди. Додхонинг ўзи билан бирга бу даргоҳни ернинг қаърига юборгандай иккала муштини уч марта ерга қадади, кейин «бу даргоҳни энди елкамнинг чуқури кўрсин» дегандай бир ҳаракат билан кескин бурилиб аравага чиқди, марҳуманинг бош томонига ўтирди». Нодирмоҳбегим энди тамом бошқа одам, вужудидаги қўрқувни енга олган, «додхонинг ўзи билан бирга бу даргоҳни ернинг қаърига юбора» олган одам. Шу маънода, ҳикоянинг қаҳрамони иккита: адабий-эстетик нуқтаи назардан ҳикоя қаҳрамони Унсин бўлса, ижтимоий-маънавий нуқтаи назардан, шубҳасиз, қаҳрамон Нодирмоҳбегимдир. Энг муҳими, ҳар икки қаҳрамон ҳам адибга ёт эмас, ҳар иккисига ҳам унинг шахсий ҳаёти проекцияланган. Яъни, «Даҳшат» ёзилгунига қадар Абдулла Қаҳҳор Унсин ҳаётини яшаб ўтган бўлса, «Даҳшат»дан сўнг Нодирмоҳбегим йўлини тутдики, шу туфайлигина у 60-йиллар ўзбек зиёлиларининг «виждони»га айлана олди. Демак, «Даҳшат» адиб ҳаётидаги бурилиш палласини, унинг шу даврдаги руҳиятини ўзида акс эттирган асардир. Шу маънода, «Даҳшат» том маънодаги ижод маҳсули – муаллифнинг маънавий-руҳий изланишлари натижаси сифатида, ростмана шахсийланган ижтимоий дард «ёзишга мажбур қилган», ёзмаса бўлмайдиган ҳолатга келтирганда дунёга келган, чинакам илҳом билан ёзилган асардир. Сўз ХХ аср ўзбек адабиёти ҳақида борадими, миллий насримиз тараққиёти ҳақидами, ҳикоя жанри ё маҳорат масалалари ҳақидами, қатъий назар, «Даҳшат»нинг албатта тилга олиниши, унинг турфа талқинларга дош ва имкон бериб келаётганининг сири ҳам шунда – илҳом билан ёзилганидадир.
2007 йил
Изоҳлар
Dilmurod Quronov