Bir necha yil oldin jurnalimizda (“Jajji akademik” jurnali) “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” nomli sahifa ochib, unda ona tilidan qiziqarli, darsliklardan farq qiluvchi mashqlar va topshiriqlar berib borishga jazm qildik. Maktab dasrliklaridagi koʻr-koʻrona yod olishga qaratilgan qoidabozlik, grammatikaga asoslangan oʻqitish usuli bizni qoniqtirmasdi. Goʻyoki bola tilni emas, uning qonuniyatlarni bilishga, yod olishga majbur edi. Oʻshanda bu sahifani biror mutaxassisga topshirishga qaror qilib, boshqalardan ayricha fikrlaydigan pedagog-tilchilarni qidira boshladik. Tavsiya qilingan eng yaxshi nomzodlar bilan ishlay boshladik. Lekin ularning ayrimlari maqsadimizni tushunmas, qoidabozlikka asoslangan zerikarli ishlanmalarini koʻtarib kelaverishardi. Bir kuni shunday oʻqituvchilarning biri bilan suhbatlashib qoldim:
– Kechirasiz, mana 2-sinf Ona tili darsligini oling. “Jarangli va jarangsiz undoshlar” mavzusida berilgan qoida bir sahifani toʻldirib turibdi. Ayting-chi, shuni 8 yoshli bola hazm qila oladimi? Umuman, jarangli va jarangsiz undoshlarni qoidasi bilan bilish bolaga nima beradi? – soʻradim men.
– Ha, oʻlmang, savodxonlik muhim. Lekin bola soʻzlashuvda ayrim tovushlar “p” aytilgani bilan, yozma nutqda “b” yozilishini tushunib olishi uchun “jarangli” yoki “jarangsiz” degan terminlarni bilishi, shunga bogʻliq murakkab qoidalarni yod olishi shartmi? Bu kabi savodxonlik malakalarini muayyan matn va mashq, shu jumladan, oʻqituvchining sodda tushuntirishlari asosida ham shakllantirish mumkin-ku!
– Qoida ham kerak-da, qoidani yodlamasa ertaga oʻqishga kira olmaydi-ku! – nahot shunga ham tushunmasang degandek jigʻibiyron boʻldi mutaxassis.
Barini tushungandek boʻldim. Har holda, men koʻrayotgan katta mantiqsizlik uchun asosli, yagona javob edi bu. Demak, biz bolaga oʻz ona tildan samarali foydalanishni emas, DTM testlarini qanday yechishni oʻrgatar ekanmiz. Darvoqe, bolalar buni yomon oʻzlashtirmayapti. Oliy taʼlim muassasalariga kirish sinovlaridagi ballarni qarang. Darsliklar asosida tuzilgan oʻta qiyin testlarni abituriyentlarimiz osonlikcha yechishmoqda va bu malaka yildan-yilga oʻsib bormoqda. Ammo keyin-chi? Yoshlarimizning milliy tilimiz bilan bogʻliq keyingi hayoti qanday kechdi? Afsuski, maktablarda ona tili darslariga eng koʻp soat ajratilishiga qaramay yoshlar savodsiz boʻlib qolishdi. Oʻzlari mustaqil kichikroq maqola yozish tugul, ilmiy-ommabop maqolalarni tushunishda, oʻzlashtirishda qiyinchiliklarga duch kela boshladilar. Aksar yoshlar oʻzbek tilida oʻz fikrini ravon, erkin yetkazishni bilmaydilar. Chunki biz maktablarda tilni amaliy jihatdan oʻrgatmaymiz. Zero, oldimizga qoʻyilgan maqsadning oʻzi toʻgʻri emas!
Shu sabab boʻldi-yu xorijliklar ona tilini qanday oʻrgatarkan degan savol bizni qiynay boshladi. Ish jarayonida ingliz, fin, turk maktablarida ona tilini oʻqitish metodologiyasi oʻrganildi. Maʼlum boʻldiki, ularda yondashuv butunlay boshqacha.
Jahon tajribasiga koʻra ona tilini oʻqitish bolada tilga doir toʻrt koʻnikmani shakllantirishga qaratiladi. Yaʼni oʻqib tushunish, tinglab tushunish, nutq soʻzlash va yozish koʻnikmalarini yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchi ona tilini biluvchi shaxs sifatida shakllangan hisoblanadi. Bunda asosan til qonuniyatlari emas, balki koʻproq tilning amaliy jihatlari oʻrgatiladi. Bu tizimning oʻziga xosligi shundaki, unda Ona tili faniga shunchaki oʻquv predmeti sifatida qaralmaydi. Til butun borliqni: tabiatni, jamiyatni, fanlarni, oʻzlikni anglash va oʻrganish vositasiga aylantiriladi. Oʻquvchi Ona tili fanini oʻzlashtirish jarayonida, uni turli ijtimoiy munosabatlarda qoʻllashni oʻrganadi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, iqtisod, siyosat, jamiyatshunoslik kabi fanlarni oʻzlashtirishda til omilini his qiladi. Ertaga oʻzi muayyan soha mutaxassisiga aylanganida maktabda olgan bilimlari evaziga oʻzbek tilida ish yuritishga, nutq soʻzlashga, maqola yozishga, muhimi, teran fikrlashga qiynalmaydi.
Agar biz xorijiy tajribani oʻrganib, undan milliy tilimizga va mavjud shart-sharoitlarga mos jihatlarini oʻzlashtirar ekanmiz, tabiiyki, fan predmetlariaro muayyan struktural oʻzgarishlar qilishga ham majburmiz. Aks holda qilinayotgan oʻzgarishlardan maʼni boʻlmaydi. Yaʼni til oʻqitishdagi pirovard maqsadimiz oʻzgararkan, anʼanaviy fan tuzilmalarida oʻzgarishlar boʻlishi tayin. Shu jumladan, boshlangʻich sinflardagi Oʻqish va Ona tili fanining birlashtirilishi ham oldimizga qoʻyilgan maqsad hosilasidir.
Demak, biz endi bolalarimizga faqat oʻqishga kirishi, testni yaxshi yechishi uchun ona tilini oʻrgatmaymiz. Endi maktabda olingan bilimlar test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgandan keyin keraksiz boʻlib qolmaydi. Sababi biz bolalarni Ona tili fani vositasida katta hayotga tayyorlaymiz. Oldiga biror namuna qoʻyilmagunicha ariza yoza olmaydigan, kichikroq tadbir yoki marosimda toʻrtta gapni bir-biriga bogʻlab nutq soʻzlay olmaydigan avlodni yetishtirish bizning maqsadimiz emas! Shunday ekan, ona tili darsliklarimiz turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi, “Maʼnodosh soʻzlar”, “Gapda soʻzlarning bogʻlanishi”, “Feʼl kesim va ot kesim”, “Ega ergash gapli qoʻshma gaplar” va h.k. kabi mavzular boʻlmaydi. Oʻquvchilar koʻproq matn bilan ishlaydi. Endi mavzular tilning muayyan ijtimoiy vaziyatlarda qoʻllanilishi nuqtayi nazaridan tanlanadi. Masalan, “Navbatda turishni bilasizmi?”, “Oy Yerdan kattami?” “Jamoat transportlari”, “Soʻzni topib ishlating”, “Oʻzim xarid qilaman”, “Jamgʻarma pullarim”, “Dasturchilik qanday kasb?”, “Huquqshunos – huquq posboni”, “Mening birinchi biznes loyiham”, “Nobel mukofoti”, “Bahslashganda hurmat qil”, “Oʻzbekchasi bor-ku?!”, “Sayyohlarga gidlik qilsam-chi?”, “Oq saroyga bitilgan hikmat”, “Turizm iqtisodimiz tayanchi”, “Mening blog postlarim”, “Muqobil energiya”, “Maktab gazetasining muharriri”, “Diqqat, korrupsiya!”, “Nanotexnologiyalar”, “Ijtimoiy tarmoqlar”, “Zamonamiz qahramonlari” kabi mavzular yangi dasturdan oʻrin olgan. Darsliklarda shu mavzular doirasida turli matnlar, dialoglar, sheʼrlar beriladi. Matn ostida berilgan topshiriq va mashqlar asosida esa bola til grammatikasiga doir koʻnikmalarni egallab boradi. Ha, eʼtibor qiling, darsliklarimiz grammatik qoidalardan holi boʻlishi, bola turli qoidalarni yod olishga majburlanmasligi mumkin. Lekin grammatik koʻnikmalar oʻz oʻrnida qoladi. Yangi dasturda shu kunga qadar mavjud boʻlgan grammatik koʻnikmalarning deyarli bari saqlab qolingan. Shunchaki, endi bu qoidalar amaliy jihatdan oʻrgatiladi. Ularning shakliga emas, mazmuniga urgʻu beriladi. Shunga muvofiq kelajakda DTM testlarining baholash mezonlari ham oʻzgaradi.
Xoʻsh, endi yuqoridagilardan kelib chiqib mulohaza qilaylik-chi. Yangi yondashuvga koʻra ona tili darsliklari oʻzgarsa, turli qoidalar oʻrniga koʻproq matnlar bilan ishlansa, shu fan doirasida bolada oʻqib tushunish koʻnikmasi ham rivojlantirilsa, unda oʻqish fani nega kerak? Qaytaga, oʻqish va ona tili fanlarini qoʻshib yuborib, bir matn asosida, ham oʻqish faniga doir, ham ona tiliga doir koʻnikmalarni uzviy olib borish samaraliroq emasmi? Bola hozirgina oʻqigan matnidan taʼsirlanib turgan, hali tasavvurlari sovib ulgurmagan vaqtda shu matn bilan bogʻliq ona tiliga doir mashq va topshiriqlarni berish butun dunyo tajribasida bor-ku. Yaʼni rivojlangan davlatlarning taʼlim tizimida ona tili va oʻqish fanlari bir-biridan ajratilmaydi. Zero bu ikki fanning maqsad va vazifasi deyarli bir xil. Bundan tashqari, bizda har ikki fandan ham bitta oʻqituvchi dars oʻtadi. Dars soatlari birlashsa, umumiy soat yuklamasiga, asosiysi, oʻqituvchining maoshiga taʼsir etmasa, bu bolalarimiz kelajagi uchun faqat foyda-ku! Yana joriy yildan kiritilgan Tarbiya fani ham mohiyatan amaldagi Oʻqish faniga xos vazifalarni bajaradi. Bu yangi darslikda ham didaktik ruhdagi hikoya va ertaklar, sheʼrlar berib boriladi.
Shunday ekan, xavotirga oʻrin yoʻq. Hozir amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar faqat bugungi kunning mevasi emas. Oʻtgan oʻn yillar davomida grammatikaga asoslangan ona tili fanining samarasiz ekanligi, til oʻqitishdagi yondashuvni oʻzgartirish kerakligi haqida zamonamizning yetuk tilshunoslari, pedagoglari matbuotda koʻplab chiqishlar qilishgan. Ayniqsa, professor Baxtiyor Mengliyevning “Ma’rifat” gazetasida qilgan chiqishlarini yangicha yondashuvga oʻtish uchun dastlabki harakatlardan boʻlgan deyish mumkin. Yangi dastur, yangi fan, yangi darsliklar mavjud holatimiz, oʻtgan yillar davomida taʼlimda yoʻl qoʻyilgan xatolar chuqur tahlil qilingan holda, xorijlik va oʻzimizning mutaxassislar, amaliyotchi oʻqituvchilar ishtirokida yaratilmoqda. Asosiysi, oldimizga qoʻyilgan maqsad toʻgʻri.
Бир неча йил олдин журналимизда (“Жажжи академик” журнали) “Тилга эътибор – элга эътибор” номли саҳифа очиб, унда она тилидан қизиқарли, дарсликлардан фарқ қилувчи машқлар ва топшириқлар бериб боришга жазм қилдик. Мактаб дасрликларидаги кўр-кўрона ёд олишга қаратилган қоидабозлик, грамматикага асосланган ўқитиш усули бизни қониқтирмасди. Гўёки бола тилни эмас, унинг қонуниятларни билишга, ёд олишга мажбур эди. Ўшанда бу саҳифани бирор мутахассисга топширишга қарор қилиб, бошқалардан айрича фикрлайдиган педагог-тилчиларни қидира бошладик. Тавсия қилинган энг яхши номзодлар билан ишлай бошладик. Лекин уларнинг айримлари мақсадимизни тушунмас, қоидабозликка асосланган зерикарли ишланмаларини кўтариб келаверишарди. Бир куни шундай ўқитувчиларнинг бири билан суҳбатлашиб қолдим:
– Кечирасиз, мана 2-синф Она тили дарслигини олинг. “Жарангли ва жарангсиз ундошлар” мавзусида берилган қоида бир саҳифани тўлдириб турибди. Айтинг-чи, шуни 8 ёшли бола ҳазм қила оладими? Умуман, жарангли ва жарангсиз ундошларни қоидаси билан билиш болага нима беради? – сўрадим мен.
– Ҳа, ўлманг, саводхонлик муҳим. Лекин бола сўзлашувда айрим товушлар “п” айтилгани билан, ёзма нутқда “б” ёзилишини тушуниб олиши учун “жарангли” ёки “жарангсиз” деган терминларни билиши, шунга боғлиқ мураккаб қоидаларни ёд олиши шартми? Бу каби саводхонлик малакаларини муайян матн ва машқ, шу жумладан, ўқитувчининг содда тушунтиришлари асосида ҳам шакллантириш мумкин-ку!
– Қоида ҳам керак-да, қоидани ёдламаса эртага ўқишга кира олмайди-ку! – наҳот шунга ҳам тушунмасанг дегандек жиғибийрон бўлди мутахассис.
Барини тушунгандек бўлдим. Ҳар ҳолда, мен кўраётган катта мантиқсизлик учун асосли, ягона жавоб эди бу. Демак, биз болага ўз она тилдан самарали фойдаланишни эмас, ДТМ тестларини қандай ечишни ўргатар эканмиз. Дарвоқе, болалар буни ёмон ўзлаштирмаяпти. Олий таълим муассасаларига кириш синовларидаги балларни қаранг. Дарсликлар асосида тузилган ўта қийин тестларни абитуриентларимиз осонликча ечишмоқда ва бу малака йилдан-йилга ўсиб бормоқда. Аммо кейин-чи? Ёшларимизнинг миллий тилимиз билан боғлиқ кейинги ҳаёти қандай кечди? Афсуски, мактабларда она тили дарсларига энг кўп соат ажратилишига қарамай ёшлар саводсиз бўлиб қолишди. Ўзлари мустақил кичикроқ мақола ёзиш тугул, илмий-оммабоп мақолаларни тушунишда, ўзлаштиришда қийинчиликларга дуч кела бошладилар. Аксар ёшлар ўзбек тилида ўз фикрини равон, эркин етказишни билмайдилар. Чунки биз мактабларда тилни амалий жиҳатдан ўргатмаймиз. Зеро, олдимизга қўйилган мақсаднинг ўзи тўғри эмас!
Шу сабаб бўлди-ю хорижликлар она тилини қандай ўргатаркан деган савол бизни қийнай бошлади. Иш жараёнида инглиз, фин, турк мактабларида она тилини ўқитиш методологияси ўрганилди. Маълум бўлдики, уларда ёндашув бутунлай бошқача.
Жаҳон тажрибасига кўра она тилини ўқитиш болада тилга доир тўрт кўникмани шакллантиришга қаратилади. Яъни ўқиб тушуниш, тинглаб тушуниш, нутқ сўзлаш ва ёзиш кўникмаларини яхши ўзлаштирган ўқувчи она тилини билувчи шахс сифатида шаклланган ҳисобланади. Бунда асосан тил қонуниятлари эмас, балки кўпроқ тилнинг амалий жиҳатлари ўргатилади. Бу тизимнинг ўзига хослиги шундаки, унда Она тили фанига шунчаки ўқув предмети сифатида қаралмайди. Тил бутун борлиқни: табиатни, жамиятни, фанларни, ўзликни англаш ва ўрганиш воситасига айлантирилади. Ўқувчи Она тили фанини ўзлаштириш жараёнида, уни турли ижтимоий муносабатларда қўллашни ўрганади. Математика, физика, кимё, биология, география, иқтисод, сиёсат, жамияцҳунослик каби фанларни ўзлаштиришда тил омилини ҳис қилади. Эртага ўзи муайян соҳа мутахассисига айланганида мактабда олган билимлари эвазига ўзбек тилида иш юритишга, нутқ сўзлашга, мақола ёзишга, муҳими, теран фикрлашга қийналмайди.
Агар биз хорижий тажрибани ўрганиб, ундан миллий тилимизга ва мавжуд шарт-шароитларга мос жиҳатларини ўзлаштирар эканмиз, табиийки, фан предметлариаро муайян структурал ўзгаришлар қилишга ҳам мажбурмиз. Акс ҳолда қилинаётган ўзгаришлардан маъни бўлмайди. Яъни тил ўқитишдаги пировард мақсадимиз ўзгараркан, анъанавий фан тузилмаларида ўзгаришлар бўлиши тайин. Шу жумладан, бошланғич синфлардаги Ўқиш ва Она тили фанининг бирлаштирилиши ҳам олдимизга қўйилган мақсад ҳосиласидир.
Демак, биз энди болаларимизга фақат ўқишга кириши, тестни яхши ечиши учун она тилини ўргатмаймиз. Энди мактабда олинган билимлар тест синовларидан муваффақиятли ўтгандан кейин кераксиз бўлиб қолмайди. Сабаби биз болаларни Она тили фани воситасида катта ҳаётга тайёрлаймиз. Олдига бирор намуна қўйилмагунича ариза ёза олмайдиган, кичикроқ тадбир ёки маросимда тўртта гапни бир-бирига боғлаб нутқ сўзлай олмайдиган авлодни етиштириш бизнинг мақсадимиз эмас! Шундай экан, она тили дарсликларимиз турли грамматик қоидалардан имкон қадар тозаланади, “Маънодош сўзлар”, “Гапда сўзларнинг боғланиши”, “Феъл кесим ва от кесим”, “Эга эргаш гапли қўшма гаплар” ва ҳ.к. каби мавзулар бўлмайди. Ўқувчилар кўпроқ матн билан ишлайди. Энди мавзулар тилнинг муайян ижтимоий вазиятларда қўлланилиши нуқтайи назаридан танланади. Масалан, “Навбатда туришни биласизми?”, “Ой Ердан каттами?” “Жамоат транспортлари”, “Сўзни топиб ишлатинг”, “Ўзим харид қиламан”, “Жамғарма пулларим”, “Дастурчилик қандай касб?”, “Ҳуқуқшунос – ҳуқуқ посбони”, “Менинг биринчи бизнес лойиҳам”, “Нобел мукофоти”, “Баҳслашганда ҳурмат қил”, “Ўзбекчаси бор-ку?!”, “Сайёҳларга гидлик қилсам-чи?”, “Оқ саройга битилган ҳикмат”, “Туризм иқтисодимиз таянчи”, “Менинг блог постларим”, “Муқобил энергия”, “Мактаб газетасининг муҳаррири”, “Диққат, коррупсия!”, “Нанотехнологиялар”, “Ижтимоий тармоқлар”, “Замонамиз қаҳрамонлари” каби мавзулар янги дастурдан ўрин олган. Дарсликларда шу мавзулар доирасида турли матнлар, диалоглар, шеърлар берилади. Матн остида берилган топшириқ ва машқлар асосида эса бола тил грамматикасига доир кўникмаларни эгаллаб боради. Ҳа, эътибор қилинг, дарсликларимиз грамматик қоидалардан ҳоли бўлиши, бола турли қоидаларни ёд олишга мажбурланмаслиги мумкин. Лекин грамматик кўникмалар ўз ўрнида қолади. Янги дастурда шу кунга қадар мавжуд бўлган грамматик кўникмаларнинг деярли бари сақлаб қолинган. Шунчаки, энди бу қоидалар амалий жиҳатдан ўргатилади. Уларнинг шаклига эмас, мазмунига урғу берилади. Шунга мувофиқ келажакда ДТМ тестларининг баҳолаш мезонлари ҳам ўзгаради.
Хўш, энди юқоридагилардан келиб чиқиб мулоҳаза қилайлик-чи. Янги ёндашувга кўра она тили дарсликлари ўзгарса, турли қоидалар ўрнига кўпроқ матнлар билан ишланса, шу фан доирасида болада ўқиб тушуниш кўникмаси ҳам ривожлантирилса, унда ўқиш фани нега керак? Қайтага, ўқиш ва она тили фанларини қўшиб юбориб, бир матн асосида, ҳам ўқиш фанига доир, ҳам она тилига доир кўникмаларни узвий олиб бориш самаралироқ эмасми? Бола ҳозиргина ўқиган матнидан таъсирланиб турган, ҳали тасаввурлари совиб улгурмаган вақтда шу матн билан боғлиқ она тилига доир машқ ва топшириқларни бериш бутун дунё тажрибасида бор-ку. Яъни ривожланган давлатларнинг таълим тизимида она тили ва ўқиш фанлари бир-биридан ажратилмайди. Зеро бу икки фаннинг мақсад ва вазифаси деярли бир хил. Бундан ташқари, бизда ҳар икки фандан ҳам битта ўқитувчи дарс ўтади. Дарс соатлари бирлашса, умумий соат юкламасига, асосийси, ўқитувчининг маошига таъсир этмаса, бу болаларимиз келажаги учун фақат фойда-ку! Яна жорий йилдан киритилган Тарбия фани ҳам моҳиятан амалдаги Ўқиш фанига хос вазифаларни бажаради. Бу янги дарсликда ҳам дидактик руҳдаги ҳикоя ва эртаклар, шеърлар бериб борилади.
Шундай экан, хавотирга ўрин йўқ. Ҳозир амалга оширилаётган ўзгаришлар фақат бугунги куннинг меваси эмас. Ўтган ўн йиллар давомида грамматикага асосланган она тили фанининг самарасиз эканлиги, тил ўқитишдаги ёндашувни ўзгартириш кераклиги ҳақида замонамизнинг етук тилшунослари, педагоглари матбуотда кўплаб чиқишлар қилишган. Айниқса, профессор Бахтиёр Менглиевнинг “Маърифат” газетасида қилган чиқишларини янгича ёндашувга ўтиш учун дастлабки ҳаракатлардан бўлган дейиш мумкин. Янги дастур, янги фан, янги дарсликлар мавжуд ҳолатимиз, ўтган йиллар давомида таълимда йўл қўйилган хатолар чуқур таҳлил қилинган ҳолда, хорижлик ва ўзимизнинг мутахассислар, амалиётчи ўқитувчилар иштирокида яратилмоқда. Асосийси, олдимизга қўйилган мақсад тўғри.
Saʼdullo Quronov