← Dilmurod Quronov
|

Millat qanday yuksaladi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

(«Tafakkur» jurnali savollariga javob)

Oʻqituvchining jamiyatdagi mavqeyi, hurmatini tiklash gʻoyat muhim, albatta, hozir hammaning ogʻzida shu gap ekani ham bejiz emas. Biroq, aslida, masalaning ikkinchi tomoni – hozirda biz aytayotgan maqomga munosib maʼnaviy-axloqiy qiyofaga ega, bolalarga begʻaraz mehr va talabchanlik, yuksak intellektual salohiyat va kasbiga fidoyilikni oʻzida uygʻun mujassam etgan SHAXSni taʼlimga qaytarish masalasi bundan-da muhim va murakkabroq. Negaki oʻtgan yillar mobaynida ayni shunday kishilarni maktabdan ketkazish uchun nimaiki zarur boʻlsa qilindi – oʻqituvchi eshak qilib minilmadi, xolos. El ichida bir matal yuradiki, beli ogʻrimagan birovi: «Bekor eshak boʻlsa, qish chillasi Buxorodan muz tashitardim», – degan ekan. Sirasi, oʻqituvchiga munosabat shuning qabilida boʻlib qoldi desam, koʻp ham lof boʻlmas. Natija esa maʼlum: maktabda, asosan, boshqa ish qoʻlidan kelmaydiganlar qoldi, taʼlim tizimiga matriarxat davri qaytdi... Xullas, oʻqituvchilar tarkibining loaqal yarmini kasbiga har jihatdan munosib kishilar bilan toʻldirmaguncha oldinga siljish mahol. Tabiiyki, bu ishni shunchaki chiroyli shiorlar-u ezgu maqsadlarni roʻkach qilgan holda uddalab boʻlmaydi – keng koʻlamdagi va tub ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirilishi kerak ekani hammaga maʼlum. Shunday tadbirlarki, ularning amalga oshirilishi natijasida bitta maktab oʻqituvchisi vakant oʻrniga 2-3 ta oliy maʼlumotli mutaxassis talabgor boʻlsin-da, tanlovdan oʻtolmaganlarigina noiloj boshqa sohalarga (masalan, hokimiyat yoki huquq-tartibot organlari) boradigan boʻlsin. Ha, toʻgʻri, bu gaplarimni kim ertakka, kim xomxayolga yoʻyar, lekin biz xohlagan maktabni, taʼlim tizimini barpo qilishning boshqa yoʻli yoʻq! Mavjud sharoitda chala tadbirlar aslo ish bermaydi, «ozroq homilador boʻlib boʻlmaydi» degani shunaqa joyiga aytilgan...

Ikkinchi masala – maktab maqomi. Rim adibi Elianning aytishicha, qadim yunonlar Akademiyada kulishni taqiqlaganlar, toki bu dargoh nojiddiy, yengil-yelpi narsalardan toʻla ihotalansin. Ularning Akademiyasi – Aflotun asos solgan falsafa maktabi, olam va odam haqidagi oʻsha zamonda mavjud ilmlar oʻrgatiladigan dargoh, bizdagi oʻrta maktabga toʻgʻri keladi desam, yozgʻirmang. Toʻgʻri emasmi, oʻrta maktab bizga ham olam va odam haqidagi bugunda mavjud bilimlar asosini oʻrgatadi-da! Biroq unga munosabatimiz qanday? Yaqinda azonda piyoda sayr qilarkan, qirq yil narida oʻzim tamomlagan maktab hovlisini aylandim: oʻsha zamonlardan qolgan oʻquv korpuslari, oʻquvchilar koʻpayishi barobari va xoʻjalik ehtiyojlarini oʻylab qurilgan, nimasidir yopishmay turgandek qoʻshimcha binolar... oftobda yorilib, yogʻin-sochindan chiriy boshlagan deraza romlari... rangi oʻngib, chang oʻtirgan devorlar... – shaharda barpo etilayotgan zamonaviy imoratlarni koʻrib yurgan bolalarga juda gʻarib koʻrinsa kerak? Hovlining obodonlashtirilishida esa urfdagi «landshaft dizayni»dan asar yoʻqligini aytmasayam boʻladi... Xullas, oʻquvchining maktabga biz istagandek hurmat-u eʼzoz bilan qaramayotganida shuning taʼsiri yoʻq deb oʻylaysizmi?! Oʻylab qarasam, ellik yillar avval yaqin atrofda shu maktab binosining oldiga tushadigani yoʻq edi, chogʻi. Darvoqe, bobolarimiz masjid atrofda eng koʻrkam va salobatli imorat boʻlishi lozim deb bilmaganlarmi?! Balki, bu masjid-da – Allohning uyi dersiz?! Shunday, lekin maktablar aksar masjidlarda faoliyat yuritgani shunga yarasha munosabatni shakllantirish uchundek. Axir, hech birov masjiddan balandroq imorat solishga jurʼat etmagani, nisobi yetgan kishining masjid-u maktabga mulkidan vaqf ajratishga intilganida shuning taʼsiri yoʻqmi? Xoʻsh, atrofda yil sayin koʻpayib borayotgan hayhotdek koshonalarda oʻsayotgan bolalar maktabga qanday munosabatda boʻlsin?! Kechagina maktabda yolchitib oʻqimagani uchun mudom dakki yeb yurgan, bugun esa shu ko­ shonalarni dangʻillatib qoʻygan toparmon-u ishbilarmonlar-chi? Ular ham masjid yonidan ulovidan tushib yayov oʻtgan, tahoratsiz yo oyoq kiyimida ostonasini xatlamagan kishilar avlodimi?!. Xullas, maktab maqomini tiklash, qimirlaganki jon unga beixtiyor ehtirom-la qaraydigan darajaga koʻtarish zarur. Agar maktabga hozirgidek – iyerarxik pogʻonaning eng quyi poyasida arang ilashib turgan muassasa oʻlaroq qaralsa, islohotlarning kutilgan mevani berishi mahol. Maktab muxtoriyat maqomida boʻlsin, unga faqat koʻmaklashilsin – hanuz «rayono», «gorono», «oblono» atab kelinayotgan taʼlim boshqarmalaridan «boshqaruv» vakolatini butunlay olib, metodik yordam beruvchi va muvofiqlashtiruvchi markazga aylantirish; maktab faoliyatini har jihatdan va muntazam nazorat qilish vazifasini esa toʻlasicha Taʼlim inspeksiyasiga yuklash maqsadga muvofiq.

Keyingi masala – taʼlimga munosabat. Taʼlim haqida gap ketsayoq, avval oʻqituvchilar haqida, nari borsa, tizimdagi kamchiliklar haqida soʻz yuritamiz. Goʻyo taʼlim jarayonining ikkinchi subyekti – oʻquvchilar haqida ham, maktab koʻrsatuvchi xizmatning isteʼmolchilari haqida ham hech gapimiz yoʻq kabi. Holbuki, koʻmir oz, xolos, gap esa koʻp. Hozirda «taʼlimni demokratlashtirish» shiori urf boʻlgan: «bola huquqi» deymiz, «har bir oʻquvchida shaxsni koʻrish kerak» deymiz... Oʻqituvchini bir pulga olmayotgan, qirq besh daqiqa davomida qilar ishi uning qaqshagan asablarini egovlash boʻlgan erkatoyga nima chora koʻrmoq kerak deyilsa, «bola koʻngliga yoʻl topish kerak» qabilidagi chiroyli gapdan boshqa aytarimiz yoʻq. Yoki, mana, bir necha yildan beri huquq-tartibot idoralari-yu jamoatchilik koʻmagida davomat bilan olishib ham hali-hanuz koʻngildagidek natija yoʻq. Nega shunday? Buning ikkita sababini koʻraman: birinchisi, koʻrilayotgan chora-tadbirlar chala, saʼy-harakatlarimizda qatʼiyat yoʻq; ikkinchisi, uzoq yillar davomida ongimizga singib ketgan boqimandalik kayfiyati hamon kuchli. Yoʻqsa, puli oshib-toshgan mamlakatlarning barida ham bizdagidek bepul 11 yillik majburiy taʼlim yoʻqligi, taʼlimga bizdagi kabi topganining katta ulushini sarflayotgan davlatlar kamligini bila turib ham oʻzimizni «vazifasi boʻlgandan keyin qiladi-da!» qabilida tutarmidik?! Axir bilim olishga qunt qilmayotgan yoki darslarga qatnamayotgan oʻquvchi mohiyatan davlatning pulini shamolga sovurmayaptimi?! Endi mamlakat boʻyicha bunday oʻquvchilar qanchaligini chamalab koʻring-chi! Koni isrof emasmi?! Davlatning pulini sovurganlarga nisbatan chora koʻrilishi kerak, bu – tabiiy va qonuniy holat. Xoʻsh, yuqoridagi toifa oʻquvchilar-­chi?! Ularda javobgarlik yoʻq: «bola-da!» deymiz-qoʻyamiz. U bola boʻlsa, ota-onasi bor-ku! Afsuski, aksariyat ota-onalar bolaning bilim olishi, hatto tarbiyasi uchun oʻqituvchigina javobgar deb biladi. Yoʻq, ota-ona bolasining maktabda yurish-turishi, xulqi, davomati, oʻqishi, oʻzlashtirishi – hammasi uchun teng javobgar boʻlishi lozim. Tabiiyki, agar buning uddasidan chiqmasa, jazolanishi ham kerak. Ehtimol, bu qonunga toʻgʻri kelmaydi deb eʼtiroz qilinar?! Juda toʻgʻri keladi-da! Axir, bejizga majburiy taʼlim deyilmagan: hamma oʻqishga, bilim olishga majbur – bundan boʻyin tovlaganlar, befarq qaraganlarni jazolashning nimasi qonunga zid?! Jazoga kelsak, beixtiyor eskilardan qolgan gap yodga keladi: «Kambagʻalni urma, soʻkma – toʻnini yirt!» Yaʼni bir oʻquvchiga maktabda oʻqish uchun sarflanadigan bir yillik mablagʻ maʼlum boʻlgach, shunga mutanosib jarimalar tizimini qonunlashtirib qoʻyish kerak – vassalom. Darvoqe, «pul koʻp, toʻlayveraman-da!» deya oliftachilik qilinmaydigan, yaʼni takrorlansa jarima hajmi sezilarli oshib boradigan tizim-da! Chorrahalarda avtomobil qatnovi tartibga tushib qoldi-ku, ishonavering, biz nazarda tutgan choralar ham albatta ish beradi.

Nihoyat, yana bir muhim masala – stereotiplardan qutulish. Biz tengilar yaxshi biladi, maktabda oʻqigan paytlarimiz «Ikkisiz, ikki yilliksiz!» degan shior oʻrtaga tashlangan edi. Sotsialistik maktab erishgan «yutuqlar» shunchalar ediki, shiorni roʻyobga chiqarish uchun koʻp vaqt ketmadi: hademay maktablarda ikkichilar ham, sinfda qoluvchilar ham yitib ketdi – hammaga besh! Xoʻp, bu-ku bir bemaza tashviqot edi, lekin taʼlimda yozilmagan qonunga aylanib qoldi-da. Hatto hozirda, «sinfda qolish» neligini koʻpchilik bilmaydigan darajaga kelgan vaqtda ham, oʻsha qonun binoyidek amal qilyapti. Qiziq, shoʻrocha «hamma teng» aqidasidan hayotning barcha sohalarida voz kechsak-da, taʼlimda uni goʻyo saqlab qoldik. Holbuki, jamiyat allaqachon «besh qoʻl barobar emas» aqidasiga muvofiq yashay boshlagan. Shunaqa ekan, hamma birdek oʻrta maʼlumotli boʻlishi shartmi? Albatta, majburiy umumiy oʻrta taʼlimni ham, oʻn bir yil bepul taʼlim olish huquqini ham saqlab qolish kerak, nechogʻlik qiyin va qimmat ekaniga qaramay, buni uddalab turganimiz – faxrimiz. Biroq bu yetti yoshida maktabga kirib kelganki bola oʻn bir yildan soʻng undan shahodatnoma bilan chiqishi kerak degani emas-da! Axir, bizda bepul taʼlim olish huquqi kafolatlangan, xolos, taʼlim berish emas. Yaʼni davlat taʼlim olish uchun zarur sharoitlarni yaratadi – bilimni esa har kim oʻzi olishi kerak emasmi?! Shunday boʻlsa, taʼlim olish huquqidan foydalanmagan, bilim olish oʻrniga tarallabedod qilib yurgan yoki shu bugunoq foyda keltiradigan ishlar bilan mashgʻul boʻlishni avloroq bilganlarga nega shahodatnoma berilishi kerak? Axir, shahodatnoma «faloniy oʻquv rejadagi fanlarning dasturda belgilangan hajmini «qoniqarli» («yaxshi» yoki «aʼlo») darajada oʻzlashtirgan»iga guvohlik emasmi? Tokay pinak buzmay yolgʻon guvohlik beraveramiz?! Xullas, yoppasiga shahodatnoma berish amaliyotiga chek qoʻyish vaqti yetdi. Maktab dasturidagi fanlarni loaqal «qoniqarli» oʻzlashtirmaganlarga «haqiqatan maktabga kelib-ketib yurgan» mazmunidagi maʼlumotnoma berilsin, toki ish beruvchilar «nega bunaqaykin?» deb oʻylanibroq qolsin, tanlov yuzaga kelganida shahodatnomasi borini afzal koʻrsin. Yaʼni shahodatnoma shunchaki bir qogʻoz emas, kishining hayotida zarur hujjat ekanini hamma his qilishi kerak. Albatta, «shapaloqdek qogʻozni deb mustaqil hayotga endigina qadam qoʻyayotggan bir inson kelajagiga chiziq tortish toʻgʻri boʻlarmikin?!» degan andisha tugʻilishi mumkin. Yoʻq, unday boʻlmaydi. Sababi, unga oʻzlashtirolmagan fanlarni oʻzlashtirib topshirish imkoni qoldiriladi. Faqat, vaqtida bepul taʼlimni qadrlamagani uchun endi oʻsha fanlardan pullik dars olishi kerak boʻladi. Oʻylashimcha, bunday tadbir oʻquvchilarni harakatga keltirib qoʻyadi. Endi tasavvur qilingki, shunga oʻxshash tadbirlar majmuyi butun taʼlim davriga tatbiq etildi: nima boʻladi? Oʻquvchi maktabga shunchaki borishga majburligi bois emas, bilim olishga keladi; ota-ona bolasining oʻquv faoliyatini nazoratga oladi. Yaʼni oʻquvchilar ham, ota-onalar ham darslarning oʻz vaqtida, sifatli boʻlishidan manfaatdor – maktab faoliyati va undagi taʼlim jarayoni jamoatchilik nazoratida boʻladi. Demak, talab va taklif mutanosibligi qoidasiga muvofiq oʻqitish sifati ham, oʻqituvchilar saviyasi ham yuksaladi – taraqqiyotning tabiiy mexanizmi ishga tushadi. Faqat buning uchun sharoit yaratish, yuqorida aytganimizdek, keng koʻlamdagi tub ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-huquqiy islohotlar qilish kerak boʻladi.

Dilmurod Quronov