(Mutolaa mashqi)
***
Menga qolsa, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyni ilhomlantirgan «moziyga qaytib ish koʻrish xayrli» naqlini jamiki kitob javonlariga yozdirib qoʻygan boʻlardim. Zero, boshqa bir ulugʻ adibimiz Abdulla Qahhor aytmoqchi, yaxshi asar qaziga oʻxshaydi, «chaynagan sari mazasi chiqadi». Demak, vaqti-vaqti bilan moziyga – ilgari oʻqilgan kitoblarga qaytib turmoq joiz ekan. Darhaqiqat, «Oʻtgan kunlar»ni har gal varaqlaganda oʻzing uchun nedir yangi narsani topgandek boʻlasan, kishi...
Yusufbek hojining oʻgʻli bilan qudasini dor ostidan qaytargan xatida «bizning xalqning holiga yigʻlashni ham bilmaysan, kulishni ham» tarzidagi iztirobli taassuf bor. Taassufning boisi shuki, xalq Azizbek «tigʻi zulmi bilan qora qoniga belanilgʻan oʻgʻlining, otasining, onasining, ogʻasining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib... oʻsha qonxoʻrga oʻz qoni bilan yamin etdi», uni «to oʻzining bir tomchi qoni qolgʻunchaliq himoya qilmoqqa ond ichdi». Tahsinga loyiq jihati shuki, cheksiz afsus va shundan keluvchi achinishu iztirobga molik bu oʻrinlar Yusufbek hoji nigohi bilan, uning qalbiyu ongidan oʻtkazib beriladi. Muhimi, donishmand inson sifatida hoji taassuf izhori bilan cheklanmaydi, shu holning yuzaga kelishini teran tahlil qiladi, oʻylaydi, oʻquvchini ham oʻylashga undaydi: «Azizbekning buyrugʻi bilan kecha oʻrda tegiga barcha Toshkand xalqi yigʻilgan, bu yigʻinda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi. Azizbek oʻrda qorovulxonasidan turib fuqarogʻa salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf boʻlgʻuchilarning koʻzlaridan yoshlar oqmoqda edi». Sizga qanday, bilmadim-u, men shu oʻrinlarni oʻqiganda yarim asrlar soʻng uchinchi Abdullamiz tilidan yangragan «Hukmlar toʻqilur sening nomingdan!» xitobini eshitgandek boʻlaman, inson tabiatining oʻzgarmasligiga imon keltiraman. Qarang-a, xalq nomidan ish yuritish usuli-da oʻzgarmas, oʻzgartirishga zarurat yoʻq darajada mukammal!.. Demak, Azizbek buyrugʻi bilan «barcha Toshkand xalqi yigʻilgan» ekan. Ammo u shundoq xalqki, «har bir sinf» ichidan saylab olingan, Azizbek salomiga musharraf boʻlganining oʻzidanoq baxtiyor. Ha-da, baxtiyor boʻlmasinmi, axir, koʻp ichidan saylab olingani, oʻzgalardan ortiq koʻrilgani – baxt emasmi? «Oʻrda tegiga» yigʻilganlarning har biri manfaat koʻrdi – qoniqish tuydi, bas, siz nima istaysiz, shunga munosib koʻrilganidan koʻngli oʻsmasinmi, munosib koʻrganlarni yurakdan alqamasinmi?.. Endi «Toshkand xalqi» Azizbekni shu surur, shu minnatdorlik tuygʻusi bilan tinglaydi... endi «Toshkand xalqi» shu tuygʻular girdobida Azizbekning zulmini, haqsizligu xunrezlikni unutdi, zero, bular oʻtkinchi, muhimi, maqsad ulugʻ – Toshkent qipchoqlardan qutulsa, olam guliston... endi «Toshkand xalqi» – poda misoli yetovga tayyor. Azizbek esa choʻpon misoli, endi u «Toshkand xalqi»ni istaganidek manipulyatsiya qila oladi:
«Azizbek oʻrda darbozasigʻa osilgʻan ikki gavdani koʻrsatib soʻradi:
– Fuqaro! Koʻrasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazogʻa mustahiq boʻldilar?
Xalq:
– Bilmaymiz, taqsir!
Azizbekning oʻzi javob berdi:
– Bular Musulmon choʻloqning sarkardalaridan, qipchoqlarning yoʻlboshchilaridan va qora choponning dushmanlaridan boʻlgʻan ikki toʻngʻizning gavdalari! Men bularni siz qora chopon fuqarom tomonidan oʻch uchun oʻldirdim, siz qora chopon ogʻaynilarning qipchoq qoʻlida shahid boʻlgʻan qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun oʻldirdim! Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro?
Xalq javob berdi:
– Adolat! Xoʻb qilgʻansiz, taqsir! Qipchoqlarning jazolari shunday boʻlmogʻi kerak!»
Yuqorida taʼriflangan kayfiyat ogʻushida sarxush «Toshkand xalqi» olomonga aylangan, endi u oq-qorani ajratishga ojiz (darvoqe, xuddi shu epizodni tasvirlash oldidan Yusufbek hoji «Oʻgʻlim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozgʻanlarimni diqqat bilan oʻqi» deya ogohlantirib qoʻyadi); vaziyatni, someʼlarning ayni damdagi ruhiyatini yaxshi bilgan Azizbek tom ustiga tom bosib boradi: qilayotgan ishini faqat «qora chopon fuqaro» manfaati uchun deya taqdim qiladi, borib turgan haqsizlikni adolat deya fatvo olishga erishadi. Asli, aksar mustabidlarga xos tutum shu – har qanday noʼmaqulni ommaga maʼqullatib amalga oshirish, goʻyo shu bilan xotirjam boʻlinadi, masʼulligu javobgarlik boʻlib yuboriladi-da, xotirjam tortiladi. Vaholanki, xalq «oʻrda tegi»ga yigʻilganlardangina iborat emas, tarix xalqning barini beistisno qamray oladigan «oʻrda tegi»ni hali koʻrmagan. Shu bois mustabid haqidagi haqiqatning ikkinchi yarmi, odatda, yo u hokimiyatni qoʻldan bergach, yo boqiy dunyoga ketgach yuzaga chiqadi. Zero, oʻrda tomiga chiqib uzrxohlik qilayotgan Azizbekka qarata: «Endi esing kirdimi, oʻgʻri? Burundan oʻylab ish qilsang, boshingda bu balolar yoʻq edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirgʻan, kesdirgʻan, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yigʻlatgan sen emasmisan? Xanjaringni xayf koʻrib mahallarga chayon soligʻi solgʻan, ogʻalarimizni chayon zahri bilan oʻldirgan kim edi? Ket, toʻngʻiz, ket, tavba qilish zamoni oʻtdi, taqdiringga sen ham tan ber!» – degan ham shu «Toshkand xalqi», uning «oʻrda tegi»ga sigʻmagan qismi...
Yusufbek hojining, adibning, umuman, sogʻlom fikr egasining koʻzi bilan qaraganda, Azizbek – manfur kimsa, chunki manfaati shaxsiyasiga – mutlaq hokimiyatga umum manfaatini bayroq qilgan holda intiladi, bu maqsad yoʻlida oʻzgalar manfaatini toptash, begunoh qon toʻkish, minglab oilalarni xonavayron qilishdan toymaydi. Yuzaki qaralsa, «esimni tanigʻanimdan beri amal demay, mansab demay, faqat shu musulmonlar manfaatini koʻzlab kel»dim, «bu soqol shu el qaygʻusida oqardi» deguvchi Yusufbek hoji Azizbekning mutlaq antipodi sifatida gavdalantirilgandek koʻrinadi. Aslida bunday emas, adib inson amallarining «ichki dvigateli» boʻlmish shaxsiy manfaatni inkor qilish fikridan yiroq, mabodo shunday qilganida, keyincha ochiq yuz bilan «aynan men yozganchadir» deyolmas edi. Axir, Yusufbek hoji Azizbekning mushoviri, shu choqqacha uning yonida yurib zulmkorligiyu adolatsizligiga koʻp guvoh boʻlgan – chidab kelgan, isyon qilmagan. Hojida isyon qarorining yetilishini diqqat bilan kuzataylik: isyondan avvalgi kun, kechga tomon Hasanali unga oʻgʻlining qamalish xabarini yetkazadi. Yusufbek hoji biladiki, «ish juda nozik, gʻoyat qoʻrqunch edi. Chunki Margʻilon zindonida yotgʻuchi qipchoq dushmani boʻlgʻan Azizbek otaligʻining oʻgʻli edi. Toshkandning isyon chiqargʻan bir zamonida Otabekdek bir yigitning Margʻilonda qanday gunoh bilan boʻlsa-boʻlsin ushlanishi har jihatdan ham mudhish edi». Hojining ahvolini tushunish qiyin emas: «oʻgʻliga hujum qilgʻan bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan toʻxtadi va shundan soʻng – «Parvardigoro, keksaygan kunlarimda dogʻini koʻrsatma» dedi va koʻz yoshlari bilan soqolini yuvdi». Hasanaliga «zinhor uning qamalgʻanini onasi bilmasin» deb tayinlagan Yusufbek hojining tuni bilan mijja qoqmay, chorasizlikdan toʻlgʻanib chiqqani shundoq ham ayon, shu bois yozuvchi bunga toʻxtalib ham oʻtirmaydi. Azizbek ruxsat berarda «ertaga choyni oʻrdaga kelib ichish»ni tayinlagan, shunga muvofiq oʻrdaga kelganida hoji «ertadan boshlab yurtka oʻttiz ikki tangadan soliq sochish» amrini oladi. Teran fikrli inson sifatida Yusufbek hoji bunga qarshilik qilishga urinadi – befoyda. Ehtimol, farzandining Margʻilonda qamalishi oʻrtaga tushmaganida, hoji ilgarigidek sabrda bardavom boʻlarmidi?! Lekin vaziyat shundayki, xonlik foydasiga koʻtarilgan isyon – Otabekni qutqarishning yagona yoʻli: Yusufbek hoji xalqni isyonga koʻtaradi...
... mazkur hol Yusufbek hojining «ijobiy»ligiga putur yetkazmaydi. Zero, uni faqat oʻz manfaatini koʻzlab xalqni qoʻzgʻadi deyish insofdan emas. Chunki bu oʻrinda, avvalo, shaxsiy manfaat bilan el manfaati bir-biriga mos tushdi, ikkinchidan, soliq solinishi soʻnggi tomchi, yaʼni isyon uchun obyektiv sharoit yetilgan. Mabodo, shu sharoit yetilmagani holda hoji xalqni qoʻzgʻaganida, u oʻz manfaatinigina koʻzlagan, maqsadiga erishish uchun elni vosita qilgan boʻlur ediki, Azizbekdan hech farqi qolmasdi...
Oʻtgan asr tongida milliy adabiyotimizda roman janrini qaror toptirish yoʻlida koʻp ijodkorlar izlangan, biroq bu tarixiy-badiiy missiyani amalga oshirish Abdulla Qodiriyga nasib etdi. Negaki, unda olamu odam haqidagi yaxlit konsepsiya, roman janrining asosi boʻlmish badiiy falsafa boshqalarga qaraganda avvalroq shakllangan. Adib falsafasiga koʻra, insonni harakatlantiruvchi kuch – manfaat, shaxslar manfaatidan milliy manfaat tarkib topganidek, milliy manfaatlardan umumbashariy manfaat kelib chiqadi – tizim yuzaga keladi. Tizim unsurlarining bir-biri bilan uzviy bogʻliq va ayni choqda maʼlum ziddiyatda turishi tabiiyki, uning uchun normal yashash sharti – unsurlarning uygʻunlikda, murosada yashashi. Yaʼni, shaxsiy manfaat boshqa shaxslar manfaatidan ham, umum manfaatidan ham ustun qoʻyilmasligi (va aksincha), mavjud ziddiyatlar murosa yoʻli bilan oqilona hal qilib borilishi lozim. Aks holda... adib xuddi shu narsani Azizbekning shaxsiy manfaatni ustun qoʻygani bois Toshkent ahli boshiga tushgan shoʻrishlar yoxud birda qora chopon, birda qipchoq manfaatining ustun qoʻyilganidan har ikki el boshiga kelgan kulfatlar tasvirida koʻrsatadiki, bular biz uchun IBRATdir.
***
Klavdiy Elian haqida gʻoyat kam maʼlumotga egamiz: milodning II asri oxiri III asri birinchi yarmida yashagan Rim adibi, «yangi sofistlar» namoyandasi, dunyodan toq oʻtgan; «Turfa hikoyatlar»dan boshqa yana «Hayvonlar tabiati haqida», «Kentliklarning maktublari», «Ilohiy kuchlar haqida» kabi asarlar muallifi...– vassalom.
Uning hikoyatlari haqiqatan ham turfa: janr eʼtibori bilan goh latifa, goh rivoyat, goh masal, goh shunchaki qaydlar; ularda goh mashhur tarixiy shaxslar – podshohlaru allomalar, goh faqat Elian qalami tufayligina nomi tarixda qolgan zamondoshlar zikr etiladi. Shunga qaramay, ularni umumlashtiruvchi bitta jihat bor – ibratlilik. Shunisi ham borki, Elian faqat ibrat namunalariga emas, aksilibrat namunalariga ham diqqatni tortadi. Jumladan, bir ochofat mechkay haqidagi qaydlaridan soʻng yozadiki, «Bu kabi ishlarni ham zikr etmoq lozim, toki taqlid qilish uchun emas, taqlid qilmaslik uchun ibrat boʻlsin».
Albatta, qariyb ikki ming yillar ilgari yuz bergan voqealar tafsilotlari, undan-da avval yashagan kishilarning amallari biz uchun ibrat boʻla olarmidi tarzidagi eʼtirozlar tugʻilishi tabiiy. Biroq, chamasi, inson tabiatini oʻzgarmas deb biluvchilar haq: «Turfa hikoyatlar» sinchiklab oʻqilsa, bizni oʻylatgan muammolar olis ajdodlarni ham oʻylatgani, bizning orzu-intilishlarimiz ularga ham begona boʻlmaganini koʻrishimiz, tarix biz uchun tajriba maktabi ekani, insoniyat tarixi odam bolasining oʻz oʻtmishidan saboq olishni istamasligidan dalolat berishiga amin boʻlishimiz mumkindek koʻrinadi. Qizigʻi, «Turfa hikoyatlar» muallifi ham shu tarzda oʻylagan, oʻzini qiynagan muammolarni oʻtmish orqali anglashga, fikr-xulosalariyu munosabatini shu yoʻl bilan ifodalashga intilgan. Bejiz emas. Rivoyat qiladilarki, kunlardan bir kun Elianni uchratib qolgan Filostrat undan nima bilan mashgʻulligini surishtiradi. Elian rimliklar boshiga koʻp shoʻrishlar solgan va yaqinda beshan oʻlim topgan mustabid Ginnidga qarshi ayblov nutqi yozganini aytadi. Javoban Filostrat aytadiki: «Mabodo shu nutqingni uning hayotlik payti yozganingda, har ne tahsinimga loyiq boʻlarding. Chin eran tirik mustabidni fosh etmogʻi kerak, oʻtganlarni esa har kas tepkilay oladi», – haq gap, lekin nachoraki, aytishga oson, xolos.
Deylik, Elian antik davrdagi shahar-davlatlarda qonunlarga yuksak hurmat bilan qaralgani, qonun har nedan ustun bilingani haqida havas bilan yozadiki, oʻz davrida shu tamoyilning buzilayotgani uni jiddiy tashvishga solgan va... dardu armonlarini yuqoridagicha yoʻsinda, koʻproq antik yunon hayotidan olingan misollarda ifoda etgan. Bir qaydida aytilishicha, Isad ismli spartalik oʻsmir qonunga koʻra hali jang qilishga haqli boʻlmasa-da, gimnasiyadan janggohga qochib boradi va mardona kurashadi. Spartaliklar uni jasorati uchun gulchambar bilan taqdirlaydilar, ayni choqda qonunni buzgani uchun jarima soladilar. Yana bir oʻrinda esa afinaliklar Arkadiyaga elchi qilib yuborgan hayʼat, vazifasini aʼlo darajada uddalab kelganiga qaramay, avvaldan oʻrnatilgan tartibni buzgani uchun qatl qilingani qayd etiladi. Ehtimol, qadim yunonlarning bu ishlari hozirda oddiygina «harfxoʻrlik» (bukvoyedstvo) yoki, xususan, ikkinchi hol oʻta shafqatsizlik boʻlib koʻrinar. Balki, bunga asos ham bordir. Biroq gap tub mohiyatda: qonunning har nedan ustunligi, hammaning – nasabi, davlati, koʻrsatgan xizmati ... dan qatʼi nazar – qonun oldida barobarligida. Xuddi shu tamoyil asosidagi jamiyat orzusi kishilik jamiyati tongida tugʻilgan va to hanuz sogʻinch boʻlib yashaydi desak mubolagʻa emaski, Elian oʻsha sogʻinchni qonida sudrab oʻtib bizga yetkazgan halqalardan biridir.
Elian respublika tuzumini yoqlaydi, respublika anʼanalariga putur yetgan zamonda qadim Rim anʼanalarini sogʻinib yashaydi. Bunday odam dilida, tabiiyki, mustabidlikka qarshi isyon yashaydi. Elian hikoyatlaridan birida Triz otligʻ tiran haqida soʻz boradi. U hokimiyatiga xavf tugʻilishidan qoʻrqib fuqarolariga oʻzaro gaplashishni taqiqlaydi – fuqaro yuzu koʻz ifodalari, imo-ishora bilan muloqot qilishga oʻtadi. Triz bunday muloqotda ham oʻziga nisbatan xavf koʻradi – taʼqiqlaydi. Shunda yakkahokim istibdodiga chiday olmagan bir fuqaro bozor maydoniga keladi-da, hoʻng-hoʻng yigʻlayveradi, zum oʻtmay uning yoniga butun xalq kelib qoʻshiladi, maydon yosh daryosini oqizaveradi. Trizga buning xabarini yetkazishgach, shunga-da chek qoʻyish uchun soqchilari bilan maydonga shoshadi va sabr kosasi toʻlgan xalq qoʻlida oʻlim topadi. Asli, Triz – toʻqima obraz, tarixda bunday podsho oʻtgan emas, u mustabidlikka nafratini ifodalashni istagan adib xayolotining mahsuli, xolos. Boshqa bir qaydida Elian munosabatini yanada ochiqroq ifodalaydi, yozadiki: ilohlar odamlar foydasini koʻzlab mustabid hokimiyatini ikkinchi boʻgʻindan nari oʻtmaydigan qilib qoʻygan, oʻtgan davrlar mobaynida faqatgina uchta mustabidning taxtiga nabiralari vorislik qila olgan...
Elian jamiyatda fikrlar xilma-xilligi boʻlishi tabiiy va zarur deb biladi, buning isboti uchun ibratli bir hikoyat keltiradi. Emishki, Xiosda fuqarolar urushi natijasida anchagacha boshboshdoqlik hukm surib, endi bir tomonning qoʻli baland kela boshlagan paytda muxolif tomon kishilarining barini surgun qilish masalasi oʻrtaga qoʻyiladi. Shunda gʻoliblarning davlat miqyosida fikrlay oladigan bir vakili: «Zinhor bunday qilmasligimiz lozim; gʻalabadan soʻng ham maʼlum miqdor dushmanlarni saqlab qolmoq kerak, toki dushman yoʻqligidan oʻzaro dushmanlashib yurmaylik»,– deya ogohlantiradi. Albatta, xioslik, avvalo, oʻz firqasi manfaatini koʻzlaydi, lekin ayni shu narsa muvozanat garovi ekani ham ayon haqiqatdir. Muvozanatning yana bir omilini esa Elian saxovatda, nochorlarga yordam berishda deb biladi. Naql qiladiki: hamyurtlari ayanch ahvolda qolganini koʻrgan korinflik boylar – Teokl bilan Trasonid, shuningdek, mitileniyalik Praksid ularga saxovat koʻrsatishga, qarzlaridan kechishga chaqiradilar. Garchi boshqa boylarni koʻndirolmasalar-da, oʻz haqlaridan kechdilar va shu sababligina jonlarini saqlab qoldilar: qashshoqlikdan tinkasi qurigan el qoʻlga qurol olib, baxil boylarni ayovsiz mahv etdi. Qiziq emasmi, axir, bular qadimdayoq magʻzi chaqilgan hikmatlar, lekin, tarixning guvohlik berishicha, avlodlar ularni qayta-qaytadan unutib qoʻyavergan: unutish evaziga toʻlangan badalning hisobi yuritilganmikan?!.
Elian insonga xos qudratu ojizlik, fazilatu illatlardan naql qiluvchi koʻplab ibratli hikoyatlar keltiradi. U kishidagi kamtarlikni qadrlaydi, kibru havo, hadni bilmaslik ustidan kuladi. Jumladan, sotib olingan ming-minglab sayroqi qushlarga «Ganon – xudo!» degan birgina kalimani zoʻr berib oʻrgatib, ularni qoʻyib yuborsam shuhratim dunyoga yoyiladi deya xomtama boʻlgan, pirovardida ahmoq boʻlib qolavergan karfagenlik dengizchi; olam hukmdoriman deb bilgan Iskandar Demokritning asarlarida minglab olamlar bor deb yozishini oʻziga nisbatan haqorat sanagani haqidagi naqllarda kinoya, zaharxanda kulgi barq urib turadi. Qarangki, minglab olamlardan bittasiga-da toʻliq ega boʻlolmagan Iskandar yana xudolik daʼvosini qilsa?! Kulmay boʻladimi?! Elianning Iskandarga xushlamayroq qarashi shundan, chunki u – yangi zamon odami, yakkaxudolik qaror topayotgan davr kishisi. Mana, yana shu mavzudagi hikoyat mazmuni: Doroni yengib Eronni fath etgach, Iskandar ortiq havolanib ketdi – inson emas, iloh ekaniga amin boʻlib qoldi, qoʻl ostidagi xalqlardan oʻzini xudo deb eʼlon qilishni talab etdi. Albatta, bunga har bir xalq oʻzicha munosabatda boʻldi. Jumladan, lakonikaliklar bu talabga javoban qaror chiqarishdi: «Agarki Iskandar xudo boʻlmoqni xohlagan ekan, mayli boʻlaqolsin!» Elianga koʻra, lakonikaliklar bu qarori bilan Iskandarni mazaxlaganlar. Toʻgʻri-da, bandalar ruxsati bilan xudo boʻlish kulgili emasmi?! Elian inson aql-idrok bilan tortiluvchi hadni, insonligini hamisha yodda tutmogʻi lozim deb biladi. Ibrat uchun endi Iskandarning otasi – Filipp hayotidan naql qiladi. Emishki, Xeroneya ostonasida afinaliklarni magʻlub etgan Filipp haddan oshib ketish xavfidan choʻchib qullaridan biriga alohida vazifa yuklaydi: qul har kuni ertalab «Filipp, sen odamsan!» deya eslatib turgan. To quli shu kalimani uch bora takror aytmagunicha, Filipp xos xonasidan chiqmagan va kimsani yaqiniga yoʻlatmagan...
Haqqasti rost, haddini, foniy dunyodagi oʻrni, vazifasini toʻgʻri idrok qilolgan odam adashmaydi. Albatta, Elian bu gaplarni bevosita aytmaydi, lekin mazmun-mohiyati bilan turfa hikoyatlarni keltirish orqali oʻquvchisini shu xulosaga boshlaydi. Toʻgʻri idrok etolganlardan biri haqidagi naql mazmuni ham gʻoyat ibratli. Podshoh Antigon oʻgʻlining raiyat bilan munosabatda hukmfarmo va johilligini sezib qoldi-da, nasihat qilib dedi: «Nahot bilmasang, bolam, sen bilan menga berilgan hokimiyat – faxrli qullik!» Yaratgan va bandalari oldida oʻz oʻrni va vazifasini toʻgʻri anglash shudir...
... Elian hikoyatlarini oʻqirkan, ulardagi syujet motivlari, obrazlar, hayotiy holatlar, hukm-xulosalar – bari Sharqni, xalq ijodiyu mumtoz adabiyotni yodga solaveradi, ildizlarning bitta ekaniga, bari Odam safiy alayhissalomga borishiga ich-ichingdan inonib boraverasan...
***
Soʻz sanʼatining eng qadimgi janrlaridan biri, shubhasiz, masal boʻladi. Masalning otasi sanalmish yarim afsonaviy Ezopning miloddan avvalgi VI asrda yashagani, mutaxassislarning unga nisbat beriluvchi ayrim masallar asli bundan-da qadimiyroq deya taʼkidlashlari shunday deyish uchun yetarli asos beradi. Mayli, bunisi oʻz yoʻliga, hayratlanarlisi shuki, ular hamon ahamiyatini yoʻqotmagan. Hayotda – xoh uyda, xoh ishda va xoh koʻchada bot-bot shunday hollarga duch kelasanki, beixtiyor Ezop masallaridan biri xayolingga keladi, uni aytib bermoq istab qolasan...
... havolanish insonga xos ekan, nachora. Ish bilan bir idoraga kirganimda, yosh bir boshliqning shundoq yoʻlakda otasi tengi odamga tanbeh berayotgani ustidan chiqdim: atrofdagilardan andisha qilish qayda, aksincha, ularning borligi qoʻshimcha zavq berayotgandek, oqsoch boshning egilib turishi, yoʻq, borgan sari goʻyo koʻksiga singib borayotgandek boʻlgani... unga nashʼa qilayotgan kabi. Xayolimga Ezopning masali keldi:
«Boʻri uyni yonlab oʻtib borayotgandi, tomda yurgan echki uni boʻralab soʻkishga tushdi. Boʻri unga qarab dedi: «Xomtama boʻlma, birodar, meni soʻkayotgan sen emas – turgan joying!»
Ehtimol, bu masal butkul boshqa hayotiy holat taqozosi bilan toʻqilgandir, lekin ayni vaziyatda xayolimga kelgani shu boʻldi. Negaki, beixtiyor masal bilan holat orasidagi analogiyalar xayolimdan chaqinday oʻtdi. Va xayolga erk berdim: balki, yosh rahbar oʻzidan kattaroq rahbarlardan gula koʻtarayotgandir, balki, oʻzi ham kattaroq idoralar yoʻlaklarida shoʻrlik «boʻri»ga aylanar. Yana kim biladi? Aniq biladiganimiz shuki, echki toabad tomda qololmaydi. Qizigʻi, buni hamma biladi, tan oladi, lekin amalga kelganda... taassufki, bashariyat ming yillar davomida toʻplagan bilimu tajribalar yoʻqdek, aksar, Gʻazzoliy hazratlari aytmoqchi, ustiga kitob yuklangan eshak misoli tutamiz oʻzimizni. Sizga qanday bilmayman-u, oʻsha oqsoch kishining bosh egib turishi insoniyatga, demakki, menga ham haqoratdek tuyuladi. Lekin oʻshanda haqoratni ichimga yutdim: koʻp qatori koʻnikib qolganimdanmi, ishning bitishini oʻylabmi, xullas, «boʻri» falsafasiga qoʻshilib qoʻyaqoldim. Keyin alam qildi: e-voh, «tom»ning sehri, qudrati shunchalar kattami? Shunchalar ojiz, shunchalar manfaatparastmanmi? Nega shunday? Nega shunaqamiz?.. – yana hafsalasizgina Ezopni varaqlashga tushdim. Masallardan birisi diqqatimni tortdi, oʻzim izlagan javobni ilgʻagandek boʻldim:
«Qoʻzichoq boʻridan qochib ibodatxonaga kirib oldi. Boʻri uni qaytib chiqishga undab dedi: «Axir, kohinning qoʻliga tushsang xudolarga qurbonlik boʻlib ketasan-a!» Qoʻzichoq dedi: «Oqibati bir ekan, senga yem boʻlgandan xudolarga yem boʻlganim avlo!»
Ha, bejiz «ilgʻagandek boʻldim» demadim, avvaliga oʻzimga ham javob uzoqdek, «qulogʻidan tortib»gina holatga yaqinlashtirsa boʻladigandek koʻrindi. Axir, qoʻzichoq qarshisida tanlov zarurati aniq bir holatda yuzaga kelgan, bu tamom boshqa narsa emasmi?! Ehtimol, biroq qoʻzichoq falsafasining magʻzi butun, uni chaqsang koʻp narsa oydinlashadigandek. Toʻgʻri, hammamiz ham «oʻlim haq» deymiz, balki, masaldagi kabi ikki xil oʻlimdan birini tanlash zarurati yuzaga kelsa, qoʻzichoq yoʻlini tutarmiz ham. Lekin gap bunda emas. Insonga xos bir xususiyat shuki, «oʻlim haq» deganida aksar umuman oʻlimni koʻzda tutadi – oʻz oʻlimini emas. Aks holda, dunyoga kelishimiz oʻlim sari tashlangan qadam ekan, inson umrini toʻlasicha «qoʻzichoq holati» deb bilmasmidik?! Agar oʻlim har soniya «qoshu qabogʻimiz oʻrtasida» turganini shunchaki bilib emas, his qilib yashaganimizda, insonlik shaʼnini qadrlab oʻtgan boʻlmasmidik?! Inson umrining foniyligi, oʻlimning «neʼmat» ekani shunda emasmi?!.
Ezop masallarini oʻqiganda, kundalik hayotda norozilanib yurgan narsalarning koʻpiga oʻzimiz sababligimiz, illatlarning ildizi oʻzimizda ekani oydinlashib qolaveradi. Mana shunday masallardan biri:
«Kunlardan bir kun boʻri suruvdan olib qochgani sovliqni oʻngarib uyasiga ketayotgandi, sherga duch keldiyu, oʻljasini oldirib qoʻydi. Boʻri chetroqqa chiqib xitob qildi: «Oʻljamni tortib olganing adolatdan emas!» Sher kulib javob qildi: «Oʻzing-chi, oʻzing uni halol qoʻlga kiritibmiding yo ogʻayningdan sovgʻaga olganmiding-a?!»
Qiziq emasmi, biz adolatni koʻproq oʻzimiz adolatsizlikka uchraganda eslaymiz: haqqimizni talab qilamiz, qonundan himoya izlaymiz, adolat haqida hayajonga toʻlib soʻz yuritamiz. Holbuki, oʻzimiz adolatdan chekingan, qonunga unchalik raso kelmaydigan ish tutgan chogʻimiz adolatu qonunni surishtirib ham oʻtirmaymiz. Natija esa maʼlum: illat illatni chaqiradi, choʻpdan hadik olib, tilimiz qisiq holda yashayveramiz. Qancha achinmayin, haligi oqsoch kishining boshini xam qilib turishi shundan emasmikan degan andisha keladi xayolga. Bechora tirikchilik tashvishida har nega koʻz yumib, oʻzini toptash uchun asos yaratib qoʻygan boʻlsa ne ajab?! Mabodo shunday boʻlsa, bechoraning holi quyonnikidan aʼlo emas:
«Quyonni quvib yetgan ovchi iti goh uni tishlab, goh yalab-yulqab oʻynay boshladi. Joni hiqildogʻiga kelgan quyon zorlandi: «Azizim, sen yo tishlashingni, yo yalab-yulqashingni qoʻy, – menga doʻst yo dushmanligingni bilayin!..»
Kimningki xadigi choʻpdan ekan – ixtiyori qoʻldan ketgan, shu quyon misoli birovlar qoʻlidagi bir qoʻgʻirchoq. Shunaqa boʻlsa, «sher»ning mantigʻiga muvofiq harakat qilayotgan yosh rahbardan ginamizning asosi boʻshashib qolmaydimi?! Axir, uning qilmishi bor-yoʻgʻi oqibat ekan-ku?! Ehtimol, lekin bu narsa uning xatti-harakatini tushuntiradi, xolos, aslo oqlamaydi. Oqsoch odamning aybi nima, qayerda adashdi? Nima desam ekan, uning aybini hozirda aybga sanamaydigan boʻlib qolganmiz hisobi. Chunki u ham koʻp qatori bir odam, tirikchiligu bola-chaqa tashvishida turmush yukini yengillatay deb yoʻl izladi, xuddi Ezop masalidagi eshak kabi:
«Ustiga tuz ortilgan eshak daryo kechuvidan oʻtayotib toyib ketdi – suvga yiqildi. Tuz suvda erib ketib, yuk ancha yengilladi, eshak benihoya sevindi. Keyingi gal yana oʻsha joydan oʻtayotib, eshak «suvga yiqilsam, yukim yengillashadi, keyin turib ketaveraman» deb oʻyladi-da, atayin yiqildi. Ittifoqo, bu gal eshakka yuvgʻich ortilgan edi. Yuvgʻich suvni shimib olib, yuki ogʻirlashib ketgan eshak eplanolmay qoldiyu, suvga choʻkib oʻldi».
Eʼtibor bering-a, eshak topgan yoʻlning bir jozib tomoni bor: birov atay qilding deyolmaydigan darajada nozik. Darvoqe, negaligini bilmayman-u, oʻsha oqsoch kishi menda yaxshi odam tasavvurini qoldirdi, ehtimol, achinganim uchundir?! Bunisi muhim emas, chalgʻib ketdik... Ha, oʻsha odam ham tashvishlardan arish uchun yoʻl izlagan. Izlaganda ham hamma «yaxshi odam»lar singari vijdonni ortiq qiynamaydigan, oʻzini «juday-la rasvo emasman-ku» deya ovutib yursa boʻladigan yoʻl izlagan. Avvaliga-ku shunday yoʻlni topgan, lekin oqim kuchli emasmi, eplanolmay qolib izmini toʻla oqimga berib qoʻygan. Shoʻrlik nafs yoʻlida nafsni – shaxsini oʻldirib qoʻyib, hozirgi ahvoliga tushib turibdi. Endi u shunday, tirikchilik tashvishida sirtdangina «yaxshi odam» boʻlib oʻtaveradi va kun kelib umrini Ezop masalidagi pashsha misoli tugatadi:
«Pashsha shoʻrva solingan kosaga tushib qoldi-yu, choʻkayotib oʻz-oʻziga soʻzlandi: «Nima qipti, yedim, ichdim, choʻmildim – endi oʻlsam-da armonim yoʻq!»
Oʻzini aldab oʻrganib qolgan emasmi, shoʻrlik soʻnggi damda ham aldaydi: YASHADIMMI degan savolni qoʻymaydi, qoʻyolmaydi...
... mashhur filolog olim A.Potebnya maʼruzalarida adabiyotning, badiiy obrazning mohiyatini soddaroq yoʻsinda tushuntirish uchun masalni tanlagan. U aytadiki, masalning moʻʼjaz voqeasi hayotda biz duch keladigan muammolarning soddagina yechimi ekan. Nogoh shohid boʻlganimiz bir necha daqiqalik hayotiy holat bahona shuncha gapni toʻkdikki, olim haqqa oʻxshaydi. Menga qolsa, boshqa kitoblar qatori Ezop masallari ham har kimning ish stolida tursin degan boʻlardim.
2008 yil
(Мутолаа машқи)
***
Менга қолса, буюк адибимиз Абдулла Қодирийни илҳомлантирган «мозийга қайтиб иш кўриш хайрли» нақлини жамики китоб жавонларига ёздириб қўйган бўлардим. Зеро, бошқа бир улуғ адибимиз Абдулла Қаҳҳор айтмоқчи, яхши асар қазига ўхшайди, «чайнаган сари мазаси чиқади». Демак, вақти-вақти билан мозийга – илгари ўқилган китобларга қайтиб турмоқ жоиз экан. Дарҳақиқат, «Ўтган кунлар»ни ҳар гал варақлаганда ўзинг учун недир янги нарсани топгандек бўласан, киши...
Юсуфбек ҳожининг ўғли билан қудасини дор остидан қайтарган хатида «бизнинг халқнинг ҳолига йиғлашни ҳам билмайсан, кулишни ҳам» тарзидаги изтиробли таассуф бор. Таассуфнинг боиси шуки, халқ Азизбек «тиғи зулми билан қора қонига беланилған ўғлининг, отасининг, онасининг, оғасининг мазлум гавдаси тупроқ остида ҳали чириб битмай туриб... ўша қонхўрга ўз қони билан ямин этди», уни «то ўзининг бир томчи қони қолғунчалиқ ҳимоя қилмоққа онд ичди». Таҳсинга лойиқ жиҳати шуки, чексиз афсус ва шундан келувчи ачинишу изтиробга молик бу ўринлар Юсуфбек ҳожи нигоҳи билан, унинг қалбию онгидан ўтказиб берилади. Муҳими, донишманд инсон сифатида ҳожи таассуф изҳори билан чекланмайди, шу ҳолнинг юзага келишини теран таҳлил қилади, ўйлайди, ўқувчини ҳам ўйлашга ундайди: «Азизбекнинг буйруғи билан кеча ўрда тегига барча Тошканд халқи йиғилган, бу йиғинда уламолар ҳам бор, фузало ҳам бор; хулоса, шаҳарнинг ҳар бир синфидан ҳам ҳозир эди. Азизбек ўрда қоровулхонасидан туриб фуқароға салом қилди. Азизбекнинг саломига мушарраф бўлғучиларнинг кўзларидан ёшлар оқмоқда эди». Сизга қандай, билмадим-у, мен шу ўринларни ўқиганда ярим асрлар сўнг учинчи Абдулламиз тилидан янграган «Ҳукмлар тўқилур сенинг номингдан!» хитобини эшитгандек бўламан, инсон табиатининг ўзгармаслигига имон келтираман. Қаранг-а, халқ номидан иш юритиш усули-да ўзгармас, ўзгартиришга зарурат йўқ даражада мукаммал!.. Демак, Азизбек буйруғи билан «барча Тошканд халқи йиғилган» экан. Аммо у шундоқ халқки, «ҳар бир синф» ичидан сайлаб олинган, Азизбек саломига мушарраф бўлганининг ўзиданоқ бахтиёр. Ҳа-да, бахтиёр бўлмасинми, ахир, кўп ичидан сайлаб олингани, ўзгалардан ортиқ кўрилгани – бахт эмасми? «Ўрда тегига» йиғилганларнинг ҳар бири манфаат кўрди – қониқиш туйди, бас, сиз нима истайсиз, шунга муносиб кўрилганидан кўнгли ўсмасинми, муносиб кўрганларни юракдан алқамасинми?.. Энди «Тошканд халқи» Азизбекни шу сурур, шу миннатдорлик туйғуси билан тинглайди... энди «Тошканд халқи» шу туйғулар гирдобида Азизбекнинг зулмини, ҳақсизлигу хунрезликни унутди, зеро, булар ўткинчи, муҳими, мақсад улуғ – Тошкент қипчоқлардан қутулса, олам гулистон... энди «Тошканд халқи» – пода мисоли етовга тайёр. Азизбек эса чўпон мисоли, энди у «Тошканд халқи»ни истаганидек манипуляция қила олади:
«Азизбек ўрда дарбозасиға осилған икки гавдани кўрсатиб сўради:
– Фуқаро! Кўрасизми бу икки гуноҳкорни, нима учун бу жазоға мустаҳиқ бўлдилар?
Халқ:
– Билмаймиз, тақсир!
Азизбекнинг ўзи жавоб берди:
– Булар Мусулмон чўлоқнинг саркардаларидан, қипчоқларнинг йўлбошчиларидан ва қора чопоннинг душманларидан бўлған икки тўнғизнинг гавдалари! Мен буларни сиз қора чопон фуқаром томонидан ўч учун ўлдирдим, сиз қора чопон оғайниларнинг қипчоқ қўлида шаҳид бўлған қариндошларингизнинг руҳларини шодландирмоқ учун ўлдирдим! Ёки бу ҳаракатим адолатдан эмасми, фуқаро?
Халқ жавоб берди:
– Адолат! Хўб қилғансиз, тақсир! Қипчоқларнинг жазолари шундай бўлмоғи керак!»
Юқорида таърифланган кайфият оғушида сархуш «Тошканд халқи» оломонга айланган, энди у оқ-қорани ажратишга ожиз (дарвоқе, худди шу эпизодни тасвирлаш олдидан Юсуфбек ҳожи «Ўғлим, сен бир қадар оқ билан қорани ажрата оласан, ёзғанларимни диққат билан ўқи» дея огоҳлантириб қўяди); вазиятни, сомеъларнинг айни дамдаги руҳиятини яхши билган Азизбек том устига том босиб боради: қилаётган ишини фақат «қора чопон фуқаро» манфаати учун дея тақдим қилади, бориб турган ҳақсизликни адолат дея фатво олишга эришади. Асли, аксар мустабидларга хос тутум шу – ҳар қандай ноъмақулни оммага маъқуллатиб амалга ошириш, гўё шу билан хотиржам бўлинади, масъуллигу жавобгарлик бўлиб юборилади-да, хотиржам тортилади. Ваҳоланки, халқ «ўрда теги»га йиғилганлардангина иборат эмас, тарих халқнинг барини беистисно қамрай оладиган «ўрда теги»ни ҳали кўрмаган. Шу боис мустабид ҳақидаги ҳақиқатнинг иккинчи ярми, одатда, ё у ҳокимиятни қўлдан бергач, ё боқий дунёга кетгач юзага чиқади. Зеро, ўрда томига чиқиб узрхоҳлик қилаётган Азизбекка қарата: «Энди эсинг кирдими, ўғри? Бурундан ўйлаб иш қилсанг, бошингда бу балолар йўқ эди! Сен бизларга нима ишларни қилмадинг? Кун сайин неча гуноҳсизларни осдирған, кесдирған, болаларимизни ятим, оналаримизни қон йиғлатган сен эмасмисан? Ханжарингни хайф кўриб маҳалларга чаён солиғи солған, оғаларимизни чаён заҳри билан ўлдирган ким эди? Кет, тўнғиз, кет, тавба қилиш замони ўтди, тақдирингга сен ҳам тан бер!» – деган ҳам шу «Тошканд халқи», унинг «ўрда теги»га сиғмаган қисми...
Юсуфбек ҳожининг, адибнинг, умуман, соғлом фикр эгасининг кўзи билан қараганда, Азизбек – манфур кимса, чунки манфаати шахсиясига – мутлақ ҳокимиятга умум манфаатини байроқ қилган ҳолда интилади, бу мақсад йўлида ўзгалар манфаатини топташ, бегуноҳ қон тўкиш, минглаб оилаларни хонавайрон қилишдан тоймайди. Юзаки қаралса, «эсимни таниғанимдан бери амал демай, мансаб демай, фақат шу мусулмонлар манфаатини кўзлаб кел»дим, «бу соқол шу эл қайғусида оқарди» дегувчи Юсуфбек ҳожи Азизбекнинг мутлақ антиподи сифатида гавдалантирилгандек кўринади. Аслида бундай эмас, адиб инсон амалларининг «ички двигатели» бўлмиш шахсий манфаатни инкор қилиш фикридан йироқ, мабодо шундай қилганида, кейинча очиқ юз билан «айнан мен ёзганчадир» деёлмас эди. Ахир, Юсуфбек ҳожи Азизбекнинг мушовири, шу чоққача унинг ёнида юриб зулмкорлигию адолатсизлигига кўп гувоҳ бўлган – чидаб келган, исён қилмаган. Ҳожида исён қарорининг етилишини диққат билан кузатайлик: исёндан аввалги кун, кечга томон Ҳасанали унга ўғлининг қамалиш хабарини етказади. Юсуфбек ҳожи биладики, «иш жуда нозик, ғоят қўрқунч эди. Чунки Марғилон зиндонида ётғучи қипчоқ душмани бўлған Азизбек оталиғининг ўғли эди. Тошканднинг исён чиқарған бир замонида Отабекдек бир йигитнинг Марғилонда қандай гуноҳ билан бўлса-бўлсин ушланиши ҳар жиҳатдан ҳам мудҳиш эди». Ҳожининг аҳволини тушуниш қийин эмас: «ўғлига ҳужум қилған бу фалокатнинг тадбиридан ақли ожиз қолди, мияси ишлашдан тўхтади ва шундан сўнг – «Парвардигоро, кексайган кунларимда доғини кўрсатма» деди ва кўз ёшлари билан соқолини ювди». Ҳасаналига «зинҳор унинг қамалғанини онаси билмасин» деб тайинлаган Юсуфбек ҳожининг туни билан мижжа қоқмай, чорасизликдан тўлғаниб чиққани шундоқ ҳам аён, шу боис ёзувчи бунга тўхталиб ҳам ўтирмайди. Азизбек рухсат берарда «эртага чойни ўрдага келиб ичиш»ни тайинлаган, шунга мувофиқ ўрдага келганида ҳожи «эртадан бошлаб юртка ўттиз икки тангадан солиқ сочиш» амрини олади. Теран фикрли инсон сифатида Юсуфбек ҳожи бунга қаршилик қилишга уринади – бефойда. Эҳтимол, фарзандининг Марғилонда қамалиши ўртага тушмаганида, ҳожи илгаригидек сабрда бардавом бўлармиди?! Лекин вазият шундайки, хонлик фойдасига кўтарилган исён – Отабекни қутқаришнинг ягона йўли: Юсуфбек ҳожи халқни исёнга кўтаради...
... мазкур ҳол Юсуфбек ҳожининг «ижобий»лигига путур етказмайди. Зеро, уни фақат ўз манфаатини кўзлаб халқни қўзғади дейиш инсофдан эмас. Чунки бу ўринда, аввало, шахсий манфаат билан эл манфаати бир-бирига мос тушди, иккинчидан, солиқ солиниши сўнгги томчи, яъни исён учун объектив шароит етилган. Мабодо, шу шароит етилмагани ҳолда ҳожи халқни қўзғаганида, у ўз манфаатинигина кўзлаган, мақсадига эришиш учун элни восита қилган бўлур эдики, Азизбекдан ҳеч фарқи қолмасди...
Ўтган аср тонгида миллий адабиётимизда роман жанрини қарор топтириш йўлида кўп ижодкорлар изланган, бироқ бу тарихий-бадиий миссияни амалга ошириш Абдулла Қодирийга насиб этди. Негаки, унда оламу одам ҳақидаги яхлит концепция, роман жанрининг асоси бўлмиш бадиий фалсафа бошқаларга қараганда аввалроқ шаклланган. Адиб фалсафасига кўра, инсонни ҳаракатлантирувчи куч – манфаат, шахслар манфаатидан миллий манфаат таркиб топганидек, миллий манфаатлардан умумбашарий манфаат келиб чиқади – тизим юзага келади. Тизим унсурларининг бир-бири билан узвий боғлиқ ва айни чоқда маълум зиддиятда туриши табиийки, унинг учун нормал яшаш шарти – унсурларнинг уйғунликда, муросада яшаши. Яъни, шахсий манфаат бошқа шахслар манфаатидан ҳам, умум манфаатидан ҳам устун қўйилмаслиги (ва аксинча), мавжуд зиддиятлар муроса йўли билан оқилона ҳал қилиб борилиши лозим. Акс ҳолда... адиб худди шу нарсани Азизбекнинг шахсий манфаатни устун қўйгани боис Тошкент аҳли бошига тушган шўришлар ёхуд бирда қора чопон, бирда қипчоқ манфаатининг устун қўйилганидан ҳар икки эл бошига келган кулфатлар тасвирида кўрсатадики, булар биз учун ИБРАТдир.
***
Клавдий Элиан ҳақида ғоят кам маълумотга эгамиз: милоднинг II асри охири III асри биринчи ярмида яшаган Рим адиби, «янги софистлар» намояндаси, дунёдан тоқ ўтган; «Турфа ҳикоятлар»дан бошқа яна «Ҳайвонлар табиати ҳақида», «Кентликларнинг мактублари», «Илоҳий кучлар ҳақида» каби асарлар муаллифи...– вассалом.
Унинг ҳикоятлари ҳақиқатан ҳам турфа: жанр эътибори билан гоҳ латифа, гоҳ ривоят, гоҳ масал, гоҳ шунчаки қайдлар; уларда гоҳ машҳур тарихий шахслар – подшоҳлару алломалар, гоҳ фақат Элиан қалами туфайлигина номи тарихда қолган замондошлар зикр этилади. Шунга қарамай, уларни умумлаштирувчи битта жиҳат бор – ибратлилик. Шуниси ҳам борки, Элиан фақат ибрат намуналарига эмас, аксилибрат намуналарига ҳам диққатни тортади. Жумладан, бир очофат мечкай ҳақидаги қайдларидан сўнг ёзадики, «Бу каби ишларни ҳам зикр этмоқ лозим, токи тақлид қилиш учун эмас, тақлид қилмаслик учун ибрат бўлсин».
Албатта, қарийб икки минг йиллар илгари юз берган воқеалар тафсилотлари, ундан-да аввал яшаган кишиларнинг амаллари биз учун ибрат бўла олармиди тарзидаги эътирозлар туғилиши табиий. Бироқ, чамаси, инсон табиатини ўзгармас деб билувчилар ҳақ: «Турфа ҳикоятлар» синчиклаб ўқилса, бизни ўйлатган муаммолар олис аждодларни ҳам ўйлатгани, бизнинг орзу-интилишларимиз уларга ҳам бегона бўлмаганини кўришимиз, тарих биз учун тажриба мактаби экани, инсоният тарихи одам боласининг ўз ўтмишидан сабоқ олишни истамаслигидан далолат беришига амин бўлишимиз мумкиндек кўринади. Қизиғи, «Турфа ҳикоятлар» муаллифи ҳам шу тарзда ўйлаган, ўзини қийнаган муаммоларни ўтмиш орқали англашга, фикр-хулосаларию муносабатини шу йўл билан ифодалашга интилган. Бежиз эмас. Ривоят қиладиларки, кунлардан бир кун Элианни учратиб қолган Филострат ундан нима билан машғуллигини суриштиради. Элиан римликлар бошига кўп шўришлар солган ва яқинда бешан ўлим топган мустабид Гиннидга қарши айблов нутқи ёзганини айтади. Жавобан Филострат айтадики: «Мабодо шу нутқингни унинг ҳаётлик пайти ёзганингда, ҳар не таҳсинимга лойиқ бўлардинг. Чин эран тирик мустабидни фош этмоғи керак, ўтганларни эса ҳар кас тепкилай олади», – ҳақ гап, лекин начораки, айтишга осон, холос.
Дейлик, Элиан антик даврдаги шаҳар-давлатларда қонунларга юксак ҳурмат билан қаралгани, қонун ҳар недан устун билингани ҳақида ҳавас билан ёзадики, ўз даврида шу тамойилнинг бузилаётгани уни жиддий ташвишга солган ва... дарду армонларини юқоридагича йўсинда, кўпроқ антик юнон ҳаётидан олинган мисолларда ифода этган. Бир қайдида айтилишича, Исад исмли спарталик ўсмир қонунга кўра ҳали жанг қилишга ҳақли бўлмаса-да, гимнасиядан жанггоҳга қочиб боради ва мардона курашади. Спарталиклар уни жасорати учун гулчамбар билан тақдирлайдилар, айни чоқда қонунни бузгани учун жарима соладилар. Яна бир ўринда эса афиналиклар Аркадияга элчи қилиб юборган ҳайъат, вазифасини аъло даражада уддалаб келганига қарамай, аввалдан ўрнатилган тартибни бузгани учун қатл қилингани қайд этилади. Эҳтимол, қадим юнонларнинг бу ишлари ҳозирда оддийгина «ҳарфхўрлик» (буквоедство) ёки, хусусан, иккинчи ҳол ўта шафқатсизлик бўлиб кўринар. Балки, бунга асос ҳам бордир. Бироқ гап туб моҳиятда: қонуннинг ҳар недан устунлиги, ҳамманинг – насаби, давлати, кўрсатган хизмати ... дан қатъи назар – қонун олдида баробарлигида. Худди шу тамойил асосидаги жамият орзуси кишилик жамияти тонгида туғилган ва то ҳануз соғинч бўлиб яшайди десак муболаға эмаски, Элиан ўша соғинчни қонида судраб ўтиб бизга етказган ҳалқалардан биридир.
Элиан республика тузумини ёқлайди, республика анъаналарига путур етган замонда қадим Рим анъаналарини соғиниб яшайди. Бундай одам дилида, табиийки, мустабидликка қарши исён яшайди. Элиан ҳикоятларидан бирида Триз отлиғ тиран ҳақида сўз боради. У ҳокимиятига хавф туғилишидан қўрқиб фуқароларига ўзаро гаплашишни тақиқлайди – фуқаро юзу кўз ифодалари, имо-ишора билан мулоқот қилишга ўтади. Триз бундай мулоқотда ҳам ўзига нисбатан хавф кўради – таъқиқлайди. Шунда яккаҳоким истибдодига чидай олмаган бир фуқаро бозор майдонига келади-да, ҳўнг-ҳўнг йиғлайверади, зум ўтмай унинг ёнига бутун халқ келиб қўшилади, майдон ёш дарёсини оқизаверади. Тризга бунинг хабарини етказишгач, шунга-да чек қўйиш учун соқчилари билан майдонга шошади ва сабр косаси тўлган халқ қўлида ўлим топади. Асли, Триз – тўқима образ, тарихда бундай подшо ўтган эмас, у мустабидликка нафратини ифодалашни истаган адиб хаёлотининг маҳсули, холос. Бошқа бир қайдида Элиан муносабатини янада очиқроқ ифодалайди, ёзадики: илоҳлар одамлар фойдасини кўзлаб мустабид ҳокимиятини иккинчи бўғиндан нари ўтмайдиган қилиб қўйган, ўтган даврлар мобайнида фақатгина учта мустабиднинг тахтига набиралари ворислик қила олган...
Элиан жамиятда фикрлар хилма-хиллиги бўлиши табиий ва зарур деб билади, бунинг исботи учун ибратли бир ҳикоят келтиради. Эмишки, Хиосда фуқаролар уруши натижасида анчагача бошбошдоқлик ҳукм суриб, энди бир томоннинг қўли баланд кела бошлаган пайтда мухолиф томон кишиларининг барини сургун қилиш масаласи ўртага қўйилади. Шунда ғолибларнинг давлат миқёсида фикрлай оладиган бир вакили: «Зинҳор бундай қилмаслигимиз лозим; ғалабадан сўнг ҳам маълум миқдор душманларни сақлаб қолмоқ керак, токи душман йўқлигидан ўзаро душманлашиб юрмайлик»,– дея огоҳлантиради. Албатта, хиослик, аввало, ўз фирқаси манфаатини кўзлайди, лекин айни шу нарса мувозанат гарови экани ҳам аён ҳақиқатдир. Мувозанатнинг яна бир омилини эса Элиан саховатда, ночорларга ёрдам беришда деб билади. Нақл қиладики: ҳамюртлари аянч аҳволда қолганини кўрган коринфлик бойлар – Теокл билан Трасонид, шунингдек, митилениялик Праксид уларга саховат кўрсатишга, қарзларидан кечишга чақирадилар. Гарчи бошқа бойларни кўндиролмасалар-да, ўз ҳақларидан кечдилар ва шу сабаблигина жонларини сақлаб қолдилар: қашшоқликдан тинкаси қуриган эл қўлга қурол олиб, бахил бойларни аёвсиз маҳв этди. Қизиқ эмасми, ахир, булар қадимдаёқ мағзи чақилган ҳикматлар, лекин, тарихнинг гувоҳлик беришича, авлодлар уларни қайта-қайтадан унутиб қўяверган: унутиш эвазига тўланган бадалнинг ҳисоби юритилганмикан?!.
Элиан инсонга хос қудрату ожизлик, фазилату иллатлардан нақл қилувчи кўплаб ибратли ҳикоятлар келтиради. У кишидаги камтарликни қадрлайди, кибру ҳаво, ҳадни билмаслик устидан кулади. Жумладан, сотиб олинган минг-минглаб сайроқи қушларга «Ганон – худо!» деган биргина калимани зўр бериб ўргатиб, уларни қўйиб юборсам шуҳратим дунёга ёйилади дея хомтама бўлган, пировардида аҳмоқ бўлиб қолаверган карфагенлик денгизчи; олам ҳукмдориман деб билган Искандар Демокритнинг асарларида минглаб оламлар бор деб ёзишини ўзига нисбатан ҳақорат санагани ҳақидаги нақлларда киноя, заҳарханда кулги барқ уриб туради. Қарангки, минглаб оламлардан биттасига-да тўлиқ эга бўлолмаган Искандар яна худолик даъвосини қилса?! Кулмай бўладими?! Элианнинг Искандарга хушламайроқ қараши шундан, чунки у – янги замон одами, яккахудолик қарор топаётган давр кишиси. Мана, яна шу мавзудаги ҳикоят мазмуни: Дорони енгиб Эронни фатҳ этгач, Искандар ортиқ ҳаволаниб кетди – инсон эмас, илоҳ эканига амин бўлиб қолди, қўл остидаги халқлардан ўзини худо деб эълон қилишни талаб этди. Албатта, бунга ҳар бир халқ ўзича муносабатда бўлди. Жумладан, лаконикаликлар бу талабга жавобан қарор чиқаришди: «Агарки Искандар худо бўлмоқни хоҳлаган экан, майли бўлақолсин!» Элианга кўра, лаконикаликлар бу қарори билан Искандарни мазахлаганлар. Тўғри-да, бандалар рухсати билан худо бўлиш кулгили эмасми?! Элиан инсон ақл-идрок билан тортилувчи ҳадни, инсонлигини ҳамиша ёдда тутмоғи лозим деб билади. Ибрат учун энди Искандарнинг отаси – Филипп ҳаётидан нақл қилади. Эмишки, Херонея остонасида афиналикларни мағлуб этган Филипп ҳаддан ошиб кетиш хавфидан чўчиб қулларидан бирига алоҳида вазифа юклайди: қул ҳар куни эрталаб «Филипп, сен одамсан!» дея эслатиб турган. То қули шу калимани уч бора такрор айтмагунича, Филипп хос хонасидан чиқмаган ва кимсани яқинига йўлатмаган...
Ҳаққасти рост, ҳаддини, фоний дунёдаги ўрни, вазифасини тўғри идрок қилолган одам адашмайди. Албатта, Элиан бу гапларни бевосита айтмайди, лекин мазмун-моҳияти билан турфа ҳикоятларни келтириш орқали ўқувчисини шу хулосага бошлайди. Тўғри идрок этолганлардан бири ҳақидаги нақл мазмуни ҳам ғоят ибратли. Подшоҳ Антигон ўғлининг раият билан муносабатда ҳукмфармо ва жоҳиллигини сезиб қолди-да, насиҳат қилиб деди: «Наҳот билмасанг, болам, сен билан менга берилган ҳокимият – фахрли қуллик!» Яратган ва бандалари олдида ўз ўрни ва вазифасини тўғри англаш шудир...
... Элиан ҳикоятларини ўқиркан, улардаги сюжет мотивлари, образлар, ҳаётий ҳолатлар, ҳукм-хулосалар – бари Шарқни, халқ ижодию мумтоз адабиётни ёдга солаверади, илдизларнинг битта эканига, бари Одам сафий алайҳиссаломга боришига ич-ичингдан инониб бораверасан...
***
Сўз санъатининг энг қадимги жанрларидан бири, шубҳасиз, масал бўлади. Масалнинг отаси саналмиш ярим афсонавий Эзопнинг милоддан аввалги VI асрда яшагани, мутахассисларнинг унга нисбат берилувчи айрим масаллар асли бундан-да қадимийроқ дея таъкидлашлари шундай дейиш учун етарли асос беради. Майли, буниси ўз йўлига, ҳайратланарлиси шуки, улар ҳамон аҳамиятини йўқотмаган. Ҳаётда – хоҳ уйда, хоҳ ишда ва хоҳ кўчада бот-бот шундай ҳолларга дуч келасанки, беихтиёр Эзоп масалларидан бири хаёлингга келади, уни айтиб бермоқ истаб қоласан...
... ҳаволаниш инсонга хос экан, начора. Иш билан бир идорага кирганимда, ёш бир бошлиқнинг шундоқ йўлакда отаси тенги одамга танбеҳ бераётгани устидан чиқдим: атрофдагилардан андиша қилиш қайда, аксинча, уларнинг борлиги қўшимча завқ бераётгандек, оқсоч бошнинг эгилиб туриши, йўқ, борган сари гўё кўксига сингиб бораётгандек бўлгани... унга нашъа қилаётган каби. Хаёлимга Эзопнинг масали келди:
«Бўри уйни ёнлаб ўтиб бораётганди, томда юрган эчки уни бўралаб сўкишга тушди. Бўри унга қараб деди: «Хомтама бўлма, биродар, мени сўкаётган сен эмас – турган жойинг!»
Эҳтимол, бу масал буткул бошқа ҳаётий ҳолат тақозоси билан тўқилгандир, лекин айни вазиятда хаёлимга келгани шу бўлди. Негаки, беихтиёр масал билан ҳолат орасидаги аналогиялар хаёлимдан чақиндай ўтди. Ва хаёлга эрк бердим: балки, ёш раҳбар ўзидан каттароқ раҳбарлардан гула кўтараётгандир, балки, ўзи ҳам каттароқ идоралар йўлакларида шўрлик «бўри»га айланар. Яна ким билади? Аниқ биладиганимиз шуки, эчки тоабад томда қололмайди. Қизиғи, буни ҳамма билади, тан олади, лекин амалга келганда... таассуфки, башарият минг йиллар давомида тўплаган билиму тажрибалар йўқдек, аксар, Ғаззолий ҳазратлари айтмоқчи, устига китоб юкланган эшак мисоли тутамиз ўзимизни. Сизга қандай билмайман-у, ўша оқсоч кишининг бош эгиб туриши инсониятга, демакки, менга ҳам ҳақоратдек туюлади. Лекин ўшанда ҳақоратни ичимга ютдим: кўп қатори кўникиб қолганимданми, ишнинг битишини ўйлабми, хуллас, «бўри» фалсафасига қўшилиб қўяқолдим. Кейин алам қилди: э-воҳ, «том»нинг сеҳри, қудрати шунчалар каттами? Шунчалар ожиз, шунчалар манфаатпарастманми? Нега шундай? Нега шунақамиз?.. – яна ҳафсаласизгина Эзопни варақлашга тушдим. Масаллардан бириси диққатимни тортди, ўзим излаган жавобни илғагандек бўлдим:
«Қўзичоқ бўридан қочиб ибодатхонага кириб олди. Бўри уни қайтиб чиқишга ундаб деди: «Ахир, коҳиннинг қўлига тушсанг худоларга қурбонлик бўлиб кетасан-а!» Қўзичоқ деди: «Оқибати бир экан, сенга ем бўлгандан худоларга ем бўлганим авло!»
Ҳа, бежиз «илғагандек бўлдим» демадим, аввалига ўзимга ҳам жавоб узоқдек, «қулоғидан тортиб»гина ҳолатга яқинлаштирса бўладигандек кўринди. Ахир, қўзичоқ қаршисида танлов зарурати аниқ бир ҳолатда юзага келган, бу тамом бошқа нарса эмасми?! Эҳтимол, бироқ қўзичоқ фалсафасининг мағзи бутун, уни чақсанг кўп нарса ойдинлашадигандек. Тўғри, ҳаммамиз ҳам «ўлим ҳақ» деймиз, балки, масалдаги каби икки хил ўлимдан бирини танлаш зарурати юзага келса, қўзичоқ йўлини тутармиз ҳам. Лекин гап бунда эмас. Инсонга хос бир хусусият шуки, «ўлим ҳақ» деганида аксар умуман ўлимни кўзда тутади – ўз ўлимини эмас. Акс ҳолда, дунёга келишимиз ўлим сари ташланган қадам экан, инсон умрини тўласича «қўзичоқ ҳолати» деб билмасмидик?! Агар ўлим ҳар сония «қошу қабоғимиз ўртасида» турганини шунчаки билиб эмас, ҳис қилиб яшаганимизда, инсонлик шаънини қадрлаб ўтган бўлмасмидик?! Инсон умрининг фонийлиги, ўлимнинг «неъмат» экани шунда эмасми?!.
Эзоп масалларини ўқиганда, кундалик ҳаётда норозиланиб юрган нарсаларнинг кўпига ўзимиз сабаблигимиз, иллатларнинг илдизи ўзимизда экани ойдинлашиб қолаверади. Мана шундай масаллардан бири:
«Кунлардан бир кун бўри сурувдан олиб қочгани совлиқни ўнгариб уясига кетаётганди, шерга дуч келдию, ўлжасини олдириб қўйди. Бўри четроққа чиқиб хитоб қилди: «Ўлжамни тортиб олганинг адолатдан эмас!» Шер кулиб жавоб қилди: «Ўзинг-чи, ўзинг уни ҳалол қўлга киритибмидинг ё оғайнингдан совғага олганмидинг-а?!»
Қизиқ эмасми, биз адолатни кўпроқ ўзимиз адолатсизликка учраганда эслаймиз: ҳаққимизни талаб қиламиз, қонундан ҳимоя излаймиз, адолат ҳақида ҳаяжонга тўлиб сўз юритамиз. Ҳолбуки, ўзимиз адолатдан чекинган, қонунга унчалик расо келмайдиган иш тутган чоғимиз адолату қонунни суриштириб ҳам ўтирмаймиз. Натижа эса маълум: иллат иллатни чақиради, чўпдан ҳадик олиб, тилимиз қисиқ ҳолда яшайверамиз. Қанча ачинмайин, ҳалиги оқсоч кишининг бошини хам қилиб туриши шундан эмасмикан деган андиша келади хаёлга. Бечора тирикчилик ташвишида ҳар нега кўз юмиб, ўзини топташ учун асос яратиб қўйган бўлса не ажаб?! Мабодо шундай бўлса, бечоранинг ҳоли қуённикидан аъло эмас:
«Қуённи қувиб етган овчи ити гоҳ уни тишлаб, гоҳ ялаб-юлқаб ўйнай бошлади. Жони ҳиқилдоғига келган қуён зорланди: «Азизим, сен ё тишлашингни, ё ялаб-юлқашингни қўй, – менга дўст ё душманлигингни билайин!..»
Кимнингки хадиги чўпдан экан – ихтиёри қўлдан кетган, шу қуён мисоли бировлар қўлидаги бир қўғирчоқ. Шунақа бўлса, «шер»нинг мантиғига мувофиқ ҳаракат қилаётган ёш раҳбардан гинамизнинг асоси бўшашиб қолмайдими?! Ахир, унинг қилмиши бор-йўғи оқибат экан-ку?! Эҳтимол, лекин бу нарса унинг хатти-ҳаракатини тушунтиради, холос, асло оқламайди. Оқсоч одамнинг айби нима, қаерда адашди? Нима десам экан, унинг айбини ҳозирда айбга санамайдиган бўлиб қолганмиз ҳисоби. Чунки у ҳам кўп қатори бир одам, тирикчилигу бола-чақа ташвишида турмуш юкини енгиллатай деб йўл излади, худди Эзоп масалидаги эшак каби:
«Устига туз ортилган эшак дарё кечувидан ўтаётиб тойиб кетди – сувга йиқилди. Туз сувда эриб кетиб, юк анча енгиллади, эшак бениҳоя севинди. Кейинги гал яна ўша жойдан ўтаётиб, эшак «сувга йиқилсам, юким енгиллашади, кейин туриб кетавераман» деб ўйлади-да, атайин йиқилди. Иттифоқо, бу гал эшакка ювғич ортилган эди. Ювғич сувни шимиб олиб, юки оғирлашиб кетган эшак эпланолмай қолдию, сувга чўкиб ўлди».
Эътибор беринг-а, эшак топган йўлнинг бир жозиб томони бор: биров атай қилдинг деёлмайдиган даражада нозик. Дарвоқе, негалигини билмайман-у, ўша оқсоч киши менда яхши одам тасаввурини қолдирди, эҳтимол, ачинганим учундир?! Буниси муҳим эмас, чалғиб кетдик... Ҳа, ўша одам ҳам ташвишлардан ариш учун йўл излаган. Излаганда ҳам ҳамма «яхши одам»лар сингари виждонни ортиқ қийнамайдиган, ўзини «жудай-ла расво эмасман-ку» дея овутиб юрса бўладиган йўл излаган. Аввалига-ку шундай йўлни топган, лекин оқим кучли эмасми, эпланолмай қолиб измини тўла оқимга бериб қўйган. Шўрлик нафс йўлида нафсни – шахсини ўлдириб қўйиб, ҳозирги аҳволига тушиб турибди. Энди у шундай, тирикчилик ташвишида сиртдангина «яхши одам» бўлиб ўтаверади ва кун келиб умрини Эзоп масалидаги пашша мисоли тугатади:
«Пашша шўрва солинган косага тушиб қолди-ю, чўкаётиб ўз-ўзига сўзланди: «Нима қипти, едим, ичдим, чўмилдим – энди ўлсам-да армоним йўқ!»
Ўзини алдаб ўрганиб қолган эмасми, шўрлик сўнгги дамда ҳам алдайди: ЯШАДИММИ деган саволни қўймайди, қўёлмайди...
... машҳур филолог олим А.Потебня маърузаларида адабиётнинг, бадиий образнинг моҳиятини соддароқ йўсинда тушунтириш учун масални танлаган. У айтадики, масалнинг мўъжаз воқеаси ҳаётда биз дуч келадиган муаммоларнинг соддагина ечими экан. Ногоҳ шоҳид бўлганимиз бир неча дақиқалик ҳаётий ҳолат баҳона шунча гапни тўкдикки, олим ҳаққа ўхшайди. Менга қолса, бошқа китоблар қатори Эзоп масаллари ҳам ҳар кимнинг иш столида турсин деган бўлардим.
2008 йил
Dilmurod Quronov