← Dilmurod Quronov
|

Optimallashtirishda ham mantiq zarur

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

«Til va adabiyot taʼlimini optimallashtirish oʻzini qanchalik oqlamoqda?» nomli maqolada1 koʻpchiligimizni koʻpdan beri oʻylantirib kelayotgan masala koʻtarilibdiki, buning uchun maqola mualliflariga ham, tahririyatga ham tashakkur. Avvalo, maqolada koʻtarilgan muammolar oʻquv reja-yu dasturlarni ishlab chiqish va tatbiq etishning soʻnggi yillarda qaror topgan tartibi oʻzini oqlamayotganiga dalolat qiladi. Zero, ushbu muammolar oʻquv reja va dasturlarning soha mutaxassislarini jalb etgan holda keng muhokama etmay, oldindan bitta-ikkita OOʻYda sinab koʻrmasdanoq ommaviy tarzda tatbiq etilaverishining natijasidir.

Kuzatishlarimiz oʻquv rejadagn fanlar roʻyxatini ham, ularga ajratiladigan soatlar hajmini ham «setka»dan kelib chiqib belgilash qoidaga aylanganini koʻrsatyaptiki, buning natijasida baʼzan hatto mantiqqa xilof, kulgili holatlar ham yuzaga kelmoqda. Masalan, «Jahon va turkiy xalqlar adabiyoti» fani. Biz-ku ilgarilar «Jahon adabiyoti» hamda «Turkiy xalqlar adabiyoti» nomlari bilan ikkita fan boʻlganini bilamiz. Buni bilmaydigan kishi: «Turkiy xalqlar oʻzga sayyoradanmi?!» – deya hayron boʻlishi muqarrar. Qizigʻi, bunday «nom yasash»da fanlarning mazmun-mohiyati mutlaqo hisobga olinmaydi. Shu bois adabiyot tarixi yoʻnalishidagi «Yangi oʻzbek adabiyoti» faniga nazariy xarakterdagi «Adabiy tanqid tarixi» mexanik tarzda qoʻshib qoʻyilaveradi. Yoki adabiyot tarixini davrlashtirish adabiyotshunoslikning muhim muammolaridan ekanini mutlaqo nazarga ilmasdan «Oʻzbek mumtoz va milliy uygʻonish adabiyoti» tarzida duragay fan «yaratiladi». Elda yuradigan bir rivoyat yodga keladi: emishki, Stalin qurilajak temir yoʻl yoʻnalishini xaritaga belgilayotganida qalami toyib ketib, toʻgʻri chiziqdan kichik bir shoxcha chiqib qolgan ekan. Shoʻrlik quruvchilar buning neligini soʻrashga jurʼat qilolmay, botqoq ustidan bir necha kilometrlik shoxcha yoʻl solgan ekanlar. Xoʻp, reja tuzuvchilar oʻzlarini hokimi mutlaqdek tutgilari kelayotgan boʻlsa mayliku-ya, ammo jabri alaloqibat adabiyotga boʻlarkan-da...

Afsuski, gohi oʻquv rejadagi nomaqbul holat joʻngina manfaati shaxsiya – «falon kafedra yo falon mutaxassisga soat chiqarish» vajhi bilan ham yuzaga kelib qolaveradi. Qarangki, endilikda «Ona tili va adabiyoti» yoʻnalishi oʻquv rejasida «Adabiyotshunoslikka kirish» va «Tilshunoslikka kirish» fanlari «Mutaxassislikka kirish» nomi bilan umumlashtirilar ekan-da, soʻng oʻz ichida yana ikkiga boʻlib oʻqitilar ekan. Tagʻinam bilmadim-u, ammo bu tarz «optimallashtirish»ning choklari aniq koʻrinib qolarkan-da! Surishtirsak, bu ham misoli «hiylayi sharʼiy» ekan: necha zamonlardan beri tilshunoslik va adabiyotshunoslik kafedralarida oʻqitilgan fanlarni davri kelib qolgan hamkasblarimiz metodika yoʻnalishidagi kafedraga olmoqqa qasd qilgan ekanlar, shu xolos. Holbuki, shu fan boʻyicha tasdiqlangan namunaviy dasturda «Mutaxassislikka kirish» fani «Umumiy tilshunoslik va adabiyotshunoslik» («Adabiyotshunoslik nazariyasi» deyilmoqchi – D.Q.)ning dastlabki bosqichi...» deyilgan. Qiziq emasmi, fanning dastlabki bosqichi bir kafedrada, keyingi bosqichi boshqa kafedrada oʻqitilsa?!

Maqola mualliflari oʻzbek filologiyasi yoʻnalishi oʻquv rejalarida umumkasbiy fanlar salmogʻi 1999/2000-oʻquv yiliga nisbatan qariyb ming soatga kamayganini qayd etadilarki, bu masalaga oʻta jiddiy eʼtibor zarurligini koʻrsatadi. Darhaqiqat, oʻquv rejadagi bloklarni qayta koʻrib chiqqan holda umumkasbiy fanlarga ajratilgan soatlar hajmini tiklash, koʻpaytirish zarur. Sababi, biz gʻoyat boy adabiy merosga voris boʻlish bilan birga hozirgi adabiyoti ham ancha-muncha milliy adabiyotlardan aslo kam boʻlmagan xalqmiz.

Maqolada nomutaxassislik yoʻnalishlarda oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitishni qayta tiklash, boʻlgʻusi pedagoglarga «Oʻqituvchi nutq madaniyati» fanini asosiy fan sifatida oʻqitish, oʻquv rejalarni takomillashtirish masalalarining bugun gʻoyat dolzarbla­ shgani, «Til va adabiyot masalasi millat taqdiriga bevosita daxldor»ligi eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan qilib asoslangan. Shundan turtki va ruh olib, oʻquv reja va dasturlarni takomillashtirish boʻyicha ayrim takliflarni oʻrtaga tashlashga jazm etdik:

1. Oʻquv reja va dasturlar avval loyiha sifatida ishlab chiqilishi, respublikadagi barcha mutaxassislik kafedralarida muhokama qilinishi va ulardan tegishli taklif-mulohazalar olinishi, tayanch OOʻYda tashkil qilinadigan sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokidagi ishchi seminarda qiyomiga yetkazilib, shundan soʻnggina oʻquv jarayoniga joriy qilinmogʻi kerak.

2. Oʻquv reja va dasturlarni har yili yangilash amaliyotiga chek qoʻyish, ularni yangilash muddatini uzaytirgan holda qatʼiy belgilab qoʻyish zarur.

Hech shubha yoʻqki, globallashuv jarayonlarida kuzatiluv­chi madaniyatlar qorishuvi sharoitida milliy oʻzlikni saqlab qolish uchun milliy til va adabiyotning roli beqiyosdir. Yaʼni jahoniy vaziyat Choʻlpon aytgan «Adabiyot yashasa – millat yashar» degan shiorni bugun har qachongidan ham dolzarb etadi. Maqolada koʻtarilgan masalalar shu muammoni hal qilishga qaratilganki, ziyoli qatlam bunga aslo befarq qaramasligi kerak.

Izohlar

  1. Maʼrifat. 2017 йил 6 декабрь.

Dilmurod Quronov