Maqolada yozuvchi Nazar Eshonqulning “Goʻroʻgʻli” romani modernizm yoʻnalishi, jumladan, F.Nitshe, J.Sartr, A.Kamyu kabi mutafakkirlarning falsafiy, adabiy-estetik qarashlari asosida tahlilga tortilgan. Adib oʻzining inson konsepsiyasini ekzistensial falsafa asosida yaratgani, milliy romanchiligimizda ilk bor absurd odamni konseptual ravishda, yirik epik koʻlamda badiiy tafakkur qilgani dalillangan.
Kalit soʻzlar: modernizm, ekzistensializm, absurd odam, inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, romaniy tafakkur, oʻzbek romanlari.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida F.Nitshe, Z.Freyd, A.Bergson, K.Yung kabi faylasuf va ruhshunoslarning qarashlaridan taʼsirlangan bir guruh ijodkorlar sanʼatda yangi – modernizm yoʻnalishiga asos soladilar. Dastlab, Yevropa madaniyatida keng tarqalgan mazkur yoʻnalish, koʻp oʻtmay butun dunyoda ommalasha boshladi. Modernizm jahonda globallashuv jarayonlari boshlanayotgan bir vaqtda siyosiy, madaniy, iqtisodiy omillar oʻzaro kesishgan nuqtada vujudga keladi.
Rus adabiyotshunosi Y.Borev modernizmdagi inson konsepsiyasiga qisqacha qilib “inson – umuman olganda – yolgʻiz; bu adovatli (Kafka) va tutruqsiz (Kamyu) dunyoda ijtimoiy tuzilmalarsiz yashash mumkin emasligidan qaygʻuradi” (Borev, 2011:161) deya taʼrif beradi. Yaʼni modernistlar insonni ijtimoiy tuzilmalar, anʼana va qadriyatlarga qarshi qoʻyib, ulardan ajratib olishni istaydilar hamda uni yolgʻiz tarzda tasvirlaydilar. Biroq ular oʻz botinlarida insonning alaloqibat ijtimoiy mavjudot ekanidan qaygʻuradilar.
Modernistlarning inson konsepsiyasini kengroq tushunish uchun XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa xalqlari dunyoqarashiga jiddiy taʼsir oʻtkazib, fikriy inqiloblarni boshlab bergan faylasuf Fridrix Nitshe taʼlimoti bilan tanishib chiqish lozim. Zero, modernizm “oʻzining ilmiynazariy asosi sifatida F.Nitshening menchilik (individualistik) falsafasiga tayangan” (Yoʻldoshev, 2014:27). Shu sababli ayrim mutaxassislar modernizmning vujudga kelish vaqti sifatida XX asrning boshlarini emas, balki XIX asrning 70 yillarini koʻrsatadilar (Panova 1 ). Chunki ayni shu yillarda Nitshening Yevropa tafakkurini larzaga solgan ilk asarlari ommalasha boshlagan edi.
Nitshening inson konsepsiyasi, bir soʻz bilan aytganda, erkinlik asosiga quriladi. Faqat faylasuf erkinlik soʻziga juda keng maʼnolarni yuklaydi. Nitshe nazarda tutgan maʼno nafaqat jism va ruh erkinligi, balki iroda erkinligini ham qamrab oladi. Yaʼni u insonning dindan (metafizik olam)dan, jumladan, axloqdan erkinligini ham nazarda tutadi. Shu maʼnoda Nitshe uchun erkinlikning muayyan chegarasi mavjud emas. U “Erkinlikdan farovonlikni ustun koʻrish axloqsizlikdir”
(Nitshe, 2007:283) deya hisoblaydi. Ayni shu gʻoya bugungi Gʻarb tafakkurining asoslaridan biri hisoblanadi.
Nitshe dinni inson erkinligining eng katta tushovi deb biladi. Shu sababli “Xudo oʻldi: endi biz istaymizki, aʼlo odam yashasin!” (Nitshe, 2007:283) deya baralla xitob qiladi. Uningcha, xristianlik axloqi insoniyatni kamsitib, uni hayot lazzatlaridan boʻgʻadi, goʻzalliklardan begonalashtiradi.
Nitshe bunday dunyoda inson yolgʻiz va baxtsizlikka mahkum deb hisoblaydi (Qabulniyoziva, 2010:9). Shunday qilib, Nitshe insonni mavjudlikning yagona asosi sifatida olamning markaziga qoʻyish bilan birga, uni absurd dunyoning yolgʻiz “qahramon”iga aylantiradi. Modernizm yoʻnalishining M.Prust, J.Joys, J.Sartr, F.Kafka, A.Kamyu kabi yetuk namoyandalarining romanlarida aynan Nitshe qarashlariga uygʻun inson konsepsiyasini koʻrish mumkin.
Q.Yoʻldoshev “...oʻzbek modernizmini Kunbotish modernizmidan farqli oʻlaroq, olam tartiboti va uning Yaratuvchisiga ijodiy isyon natijasi emas, balki ayni shu ijodkor shaxsda kechayotgan inja ruhiy-intellektual holatning ifodasi tarzida yuzaga kelgan holatdir deyish toʻgʻriroq boʻladi” (Yoʻldoshev, 2014:32) deb yozadi. D.Quronov esa “Yangilanish jarayonida Gʻarb adabiyoti tajribalarini ijodiy oʻzlashtirishning ahamiyatiga ortiqcha baho berish, bizningcha, maʼqul emas”
(Quronov, 2016:28) deya taʼkidlaydi. Biroq oʻzbek adibi Nazar Eshonqulning “Goʻroʻgʻli yohud Hayot suvi” romani hurmatli ustozlarimizning oʻzbek modernizmi haqidagi qarashlari mutlaq toʻgʻri emasligiga yaqqol dalil. Sababi Nazar Eshonqul inson konsepsiyasini yaratishda nafaqat absurd falsafasi, Nitshe va Freyd qarashlariga tayanadi, balki Gʻarb modernizmining J.Joys, M.Prust, P.Sartr, F.Kafka, A.Kamyu kabi yetuk namoyandalari izidan boradi, ulardan ijodiy taʼsirlanadi.
Bu borada adabiyotshunos Islom YOqubov quyidagicha yozadi: “Asarda ekspressionizmga xos kayfiyat, uning usul va vositalarini ijodiy oʻzlashtirishga intilish kuzatiladi. N.Eshonqul roman badiiy realligida yaqin oʻtmish hayoti va qadr topmagan inson umrini absurd sifatida talqin qilishga intilgan” (Yoqubov, 2021:247).
N.Eshonqulning inson konsepsiyasi markazida ham erk masalasi turadi. Adib sobiq shoʻrolar davrida haq-huquqi boʻgʻilgan insonning ruhiy-maʼnaviy olamini chuqur taftish etishga, tuzum bilan ziddiyatga kirishgan shaxsning murakkab munosabatlarini tasvirlashga, mustabid siyosat inson ruhi va ongida qoldirgan jarohatlarning keyingi davr (tuzum)da boʻy bergan asoratlarini koʻrsatishga, bir vaqtning oʻzida oʻtmish va bugungi kun qahramonini bir shaxs siymosida yaratishga urinadi. Boshqacha aytganda, modernizmning uslubiy imkoniyatlari muallifga zamon va makon chegaralarini buzib, ijtimoiy hayotning shunday bir kinoyaviy modelini yaratish imkonini beradiki, oʻquvchi badiiy voqelikda ham oʻtmishni, ham “bugun”ni koʻra boshlaydi. Aytish joizki, bu romanda modernistik uslub nafaqat shaxs va jamiyatning serqirra, murakkab munosabatlarining badiiy talqinida, balki aytilayotgan gʻoya va fikrning oʻziga xos “qalqon”i oʻrnida ham samarali qoʻllanilgan.
“Goʻroʻgʻli” romani ilk bor 2012-yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan boʻlsa-da, muallifning oʻzi asarni 90-yillarda yozib tugatgani aytadi (Eshonqul, 2012:14). “Shu sababli – yozadi N.Eshonqul – asarda devorlarini zax bosgan, qulash arafasiga kelib qolgan, insonning botiniy quvvatini soʻrish evaziga yashagan tuzumning badboʻy hidlari anqib turibdi. Oʻtgan yillar davomida men asarni faqat tahrir qilish bilan shugʻullandim, xolos. Necha bor urinmay, uni qayta yozish, voqelikni boshqa izga solishga kuchim yetmadi” (Eshonqul, 2012:14).
XX asrning 90-yillari avvalidagi mafkuraviy, ijtimoiy-iqtisodiy parokandalik jamiyat ahlini chuqur depressiyaga solgani haqiqat. Ayniqsa, uzoq kutilgan istiqlol dastlabki yillarda sarobdek tuyildi va ziyolilar bundan qattiq iztirob chekdi. Ijodkorda absurd kayfiyatni uygʻotuvchi ijtimoiy shart-sharoit yetildi. Shunday ekan, N.Eshonqulning badiiy gʻoyasiga faqatgina uning falsafiy-estetik, axloqiy qarashlari nuqtayi nazaridan emas, balki koʻproq oʻtish davriga xos umumijtimoiy kayfiyat mahsuli sifatida qarash toʻgʻri boʻladi.
N.Eshonqulning inson konsepsiyasini anglash uchun adibning inson, adabiyot va sanʼat, jamiyat va davlat haqidagi adabiy-estetik, falsafiy qarashlari bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq.
“Fikr – bu botiniy qiyofa, – yozadi adib – odamning, shaxsning ichki qiyofasini koʻrsatib turuvchi koʻzgu. Fikri yoʻq odamning qiyofasi ham boʻlmaydi. Fikr odamning oʻzligini, oʻziga xosligini bildirib, mavjudligini koʻrsatib, talab qilib turadi. Fikr, aslida, “men mavjudman” degani” (Eshonqul, 2016:36). Biz “Goʻroʻgʻli” romanida inson qiyofasini belgilovchi ayni shu – fikr omilining boʻgʻilganini koʻramiz. Eʼtiborlisi, adib muayyan toifalarnigina emas, balki butun bir jamiyatni fikrsiz “murda”ga mengzaydi. Uning romanida jamiyatning oddiy ishchisidan tortib, eng yuqori rahbarlarigacha, olimidan tortib sanʼatkorigacha qiyofasini yoʻqotgan. Ular biqiq “lahad”da yashayotganini anglamaydi, biror kimsa yo kuch yoʻqki ularni bu zulmatdan olib chiqa olsa, shunchaki, hech vaqo yoʻq – yoʻqlik… Romanda ilgari surilgan ayni shu gʻoyaviy-falsafiy qarashlar uni absurd falsafasiga daxldor qiladi.
“Goʻroʻgʻli” romani nafaqat gʻoyaviy-falsafiy jihatdan, balki shakliy-ifodaviy xususiyatlariga koʻra ham modernizm yoʻnalishiga toʻla mos keladi. Asarda zamon va makon, reallik va xayolot chegaralari mavjud emas. Romandagi har bir qahramon ramziy, voqealar ham, vaziyatlar ham majoziylik kasb etadi, adibning oʻtkir kinoya va sarkazmiga qorishib noreal, yasama manzara fonida jonlanadi.
Roman qahramoni N.ning murakkab taqdirini his qilish uchun biz u yashaydigan jamiyat shart-sharoiti bilan tanishishimiz kerak. Buni qahramon ishlaydigan S. tashkiloti misolida ham koʻrish mumkin: “S. tashkiloti markaziy koʻchalardan biridagi hashamatli binoga joylashgan obroʻli idoralardan edi. Bu yerdagilar asli nima bilan shugʻullanishlarini va idora ishlab chiqargan qarorlar va koʻrsatmalarning nima uchun zarurligini oʻzlari ham unchalik tushunmas, biroq idoradagilar tinim bilishmas…” (Eshonqul, 2012:25) Bu asarda qahramonlarning ismi bir harfdan iborat, xolos. Yozuvchi bunday “ism” vositasida N. yashayotgan jamiyat haqida kengroq taassurot qoldirishga uringan. Zero, inson shaʼni, qadr-qimmati yoʻq jamiyatda oʻzlikni bildiruvchi biror omil boʻlishi mumkin emas. Qamoqdagi mahbuslar raqamlab chiqilganidek, romandagi qahramonlarga ham ism qoʻyilmaydi.
Roman syujetidagi konflikt N.ning arzimas xatolik tufayli “oʻlishi” bilan yuzaga keladi. Yoʻq, bu biologik oʻlim emas, qahramon kotibaning xatosi bilan oʻlgan xodimlar roʻyxatiga kirib qoladi, hujjat esa rahbar tomonidan allaqachon tasdiqlangan. N. boʻlsa hamkasblarining shundoqqina qarshisida turib ham oʻzining tirik ekaniga ishontira olmaydi. Chunki bu odamlar faqat hujjat va yuqoridan tushgan buyruqqa ishonadi, xolos. Shu sababli tabiiy ravishda “marhum”ni koʻmish marosimiga ham tayyorlana boshlashadi: “sizni koʻmish ministrlik bilan kelishilgan. Ehtimol, ministrning oʻzi ham qatnashar. Axir ularga qanday qilib yanglishibmiz, deb ayta olamiz. Yoʻq, bu sira mumkin emas” (Eshonqul, 2012:25) deydi bir hamkasbi.
Shunday qilib, endi N.ning qolgan umri oʻzining tirik ekanini isbotlashga urinish bilan oʻtadi.
Bu yoʻlda u butun jamiyatga, jamiyat tayangan qadriyatlarga qarshi turadi. Yozuvchi esa imkon qadar qahramon sarguzashtlarini bemaʼni va betiyiq vaziyatlar fonida tasvirlashga harakat qiladi.
Romandagi har bir voqea-hodisa yoki qahramonda insoniyatga xos muayyan illat, kayfiyat va gʻoya tipiklashadi, muallifning falsafiy qarashlariga yoʻgʻrilgan ramziy-majoziy obrazga aylanadi.
“Goʻroʻgʻli” romani oʻquvchining saviyasi, hayotiy koʻnikmasi, Gʻarb adabiyoti va falsafasidan xabardorlik darajasiga qarab turli maʼnolarda jilovlana oladi. Romanning yuzada koʻrinib turgan mazmuni uni sobiq mustabid davri bilan bogʻlaydi. Shaxs erki va huquqlari tizimli ravishda boʻgʻilgan jamiyatning oddiy odamlar nazaridan pinhon, chirkin manzaralarini jonlantiradi. Biroq bu asarning yuzada boʻrtib turgan maʼnolari xolos. Romanning asl mazmun-mohiyati ancha chuqur qatlamlardan joy olgan.
N.Eshonqulning Jan Pol Sartr ijodi haqida “uning adabiy asarlaridagi obrazlar adabiy qahramondan koʻra falsafiy tushunchalar va qarashlarning majozi edi” (Eshonqul 2 ) degani, aslida, uning oʻz asarlariga ham taalluqlidir. Shu maʼnoda “Goʻroʻgʻli” nomanidagi qahramonlarni ijtimoiy munosabatlar doirasidagina talqin qilish, romanni toʻla qonli tushunish va estetik zavq tuyishga monelik qiladi.
Yuqorida qayd etganimizdek, N.Eshonqulning inson konsepsiyasida tiriklik, erkinlik va fikrlovchilik sinonim tushunchalar. Faqat “erkinlik” masalasida adibning qarashlari Nitshe qarashlariga yaqin turadi. Yaʼni N.Eshonqul bu tushunchada nafaqat jism va ruh erkinligi, balki iroda erkinligini ham koʻzda tutadi. Shu maʼnoda, roman badiiy konsepsiyasi talqinida muayyan bir jamiyat, davr yoki tuzum doirasi bilan cheklanib qolish xato boʻladi. Aslida, N.ning oʻz tirikligini isbotlashga urinishi insoniyatning butun madaniy tarixi, mavjudlikning asoslari va koinotga nisbatan koʻtargan isyoni edi. Bu yoʻlda yozuvchi roman kompozitsiyasini qahramon va Xudo, qahramon va jamiyat, qahramon va “men” qarama-qarshiligi ustiga quradi.
Romanda N.ning ilohiy tartibotga nisbatan koʻtargan isyoni anchayin pardalangan. Biroq ziyrak oʻquvchi adib N. siymosida butun insoniyatni, u izlayotgan eng oliy rahbar – Tergovchi obrazida esa Xudoni nazarda tutganini ilgʻab oladi. Romanni bu tarzda talqin qilish uchun biz avvalo Havo obraziga eʼtibor qaratishimiz lozim.
N. Havo ismli fohishaning uyiga borib, unga uylanish niyatida ekanini bildiradi. N. va Havo oʻrtasidagi suhbat qahramon ruhiyatiga, umuman, yozuvchining badiiy konsepsiyasiga kirib borish uchun muhim kalit vazifasini oʻtaydi: “Bir kecha uygʻonib ketdim, – dedi N. stolning siniq oyogʻiga tikilgancha. – Chiroqni yoqib xonaga koʻz tikdim. Hamma narsa tartib bilan joylashgan, hamma narsa yetarli edi. Umuman, bir odam baxtli yashashi mumkin boʻlgan hamma narsa bor edi. Biroq shunda nimadir yetishmayotganini anglab qoldim. Bilasanmi, nima? Men qandaydir oʻlikka oʻxshab yasharkanman” (Eshonqul, 2012:22). Demak, N. hech qanday erki va irodasi yoʻq odam ekanidan iztirobda. U doim bir xil, tartibli umr kechiradi, qanday talab qilishsa, shunday yashaydi. Havoga uylanishi esa uning shu tartibotning buzishi, qaysidir maʼnoda isyoni edi.
Havo romanda ismi mavjud boʻlgan yagona qahramon. Ramziy obrazlar bilan oʻrab-chirmab tashlangan badiiy voqelikda yozuvchining Havodan koʻzlagan ijodiy niyatini anglab olish juda qiyin. Yuzada koʻrinib turgan alomatlarga koʻra, Havo jamiyat tanida hosil boʻlgan oʻsmaga oʻxshaydi. Chunki boshqalardan farqli oʻlaroq toʻlaqonli ismga ega, qolaversa, u jamiyat qabul qilgan axloq normalariga boʻysunmay fohishalik yoʻlini tutgan. N. esa najotni unga qovushishda koʻradi. Keyinchalik, N.ning sudiga Havo (endi Guli ismi bilan) guvoh sifatida chaqiriladi. Shunda Havo N. haqida “Undan bogʻda pishib yotgan olmani uzib berishini soʻradim. U ham ikkilanmay mening makrimga laqqa tushdi. Oʻshandayoq, men uchun olma uzgandayoq, u tavqi laʼnatga – shunday taqdirga mahkum etildi” (Eshonqul, 2012:21) deydi. Bulardan koʻrinib turibdiki, Havo ramziy-mistik qahramon – insoniyatning ibtidosi boʻlgan ayol. Ayni damda, N. ham muayyan bir shaxsning emas, insoniyat – Odamning ramzi. Demak, romandagi “lahad” obrazi kichik jamiyatning emas, balki butun dunyoning ramzi. Shunday ekan, N.Eshonqulning badiiy modeli faqat inson erki boʻgʻilgan sobiq mustabid davrini emas, balki butun dunyoni, insoniyatning madaniy tarixini qamrab oladi deyishga yetarlicha asoslar mavjud.
“Goʻroʻgʻli” – ekzistensial roman. N.Eshonqul olam mohiyatini anglash, inson mavjudligini baholash va badiiy talqin qilishda Gʻarb modernistlari, xususan, Jan Pol Sartr va Alber Kamyu izidan boradi, “Goʻroʻgʻli” romanida azaliy va abadiy maʼnisizlik bagʻrida yolgʻizlangan absurd odamni tasvirlaydi. Zero, N.ning taqdiri oʻz qismatiga tushgan ogʻir toshni orqalab choʻqqi tomon bemaqsad intilayotgan Sizif kechmishiga oʻxshaydi.
Ekzistensializmga koʻra mavjudlikning oʻzi fojia, zotan u maʼnisizdir. Buni oʻzgartirish uchun insonda muayyan iroda mavjud emas. Unda faqatgina azob-uqubat, qaygʻu ulashuvchi tanlov erkinligi bor, xolos. Yaʼni u bir yoʻlni tanlasa, boshqasidan voz kechishga mahkum. Ayni shu tiyilish, uning erkini yanada boʻgʻadi, azoblaydi. Biroq bu bilan ekzistensialistlar odamlarga absurd dunyoda faqat azob-uqubat chekib yashashni targʻib qilgan degan xulosaga bormaslik lozim.
Aksincha, ular olamning maʼnisizligini anglab yetish inson umrning mazmuni ekanini taʼkidlashga urinishgan. Xususan, Sartr aytadi: “Ekzistensialist uchun inson oʻzini anglashga imkon bermaydigan xilqat, sababi u avval boshidanoq hech narsani ifodalamaydi. U jarayondagina odam sifatida shakllangan, shunda ham, u oʻz-oʻzini shakllantirgan, xolos. Shunday ekan, uni yaratgan xudo boʻlmaganidek, odamning asl tabiati ham muvjud emas” (Sartr, 2006:6). Sartr falsafasiga koʻra, inson loyihasini insonning oʻzi yaratgan. Olam insonning oʻzida, tashqarida mavjud emas.
Bu bemaʼni, betiyiq dunyoning asosi inson ekan, demak u nafaqat oʻz-oʻziga, balki dunyoga ham javobgar. Odam shularni toʻla anglaganidan keyingina chin maʼnoda erkinlikka – ekzistensiyaga erishadi. Bu olamni maʼnisiz – absurd ekanini anglash va shu maʼsizlikning mazmun-mohiyatini his qilib yashash dilemmasidir. “Kamyu, – yozadi prof. Muhammadjon Xolbekov, – absurd bilan kurashning yagona yoʻli uning borligini, u mavjud ekanligini tan olish deb hisoblagan” (Xolbekov, 2013:11). Boshqacha aytganda, ekzistensiya modernistcha komil inson – aʼlo odam darajasidir.
N.Eshonqul “Goʻroʻgʻli” romanida Sartr va Kamyuning ekzistensial falsafasini N. qismati misolida toʻla ochib berishni ijodiy niyat qiladi, qahramonning ekzistensiyaga yetishish yoʻlini koʻrsatib beradi.
N. oʻzining tirikligini hamkasblariga isbotlab bera olmadi, keyinroq sud ham uning davosini asossiz deya hukm chiqardi. Ammo N. taqdirga tan bermadi, jamiyatdagi bemaʼni qonun-qoidalarni yaratib, hammani nazoratda ushlab turuvchi Tergovchini qidirib topishni va unga tirikligini isbotlashni ahd qiladi. Shu maqsadda mahkamaga borgan N. kutilmaganda Tergovchi aslida mahkamada ham boʻlmasligini bilib qoladi: “u hech qachon bu binoda boʻlmagan” deya tushuntiradi soqchi. Soqchining tushuntirishicha, shikoyatchilar “kechgacha oʻtirib, yana qaytib ketishadi. Baʼzilari yillab qatnaydi. Lekin shu paytgacha hech kim qabul qilmagan yoki qilinmagan”. Qizigʻi, “Shikoyatchilar hali bunday tartibdan biron marta nolishgani yoʻq. Aksincha, koʻplari shunga koʻnikib ham qolishgan” (Eshonqul, 2012:35). N. shundagina Tergovchining odamlarning shikoyatini qabul qilmasligini va hech qachon biror muammoni hal qilib bermaganini tushunib yetadi.
Mahkamadan chiqib u Olim bilan tanishadi. Romanda Olim ratsional tafakkur egasi, bilim va koʻnikmalarini empirik tadqiqotlar asosida shakllantiruvchi shaxs sifatida olamonga qarshi qoʻyiladi. Olim oʻzining kuzatishlariga tayanib “tergovchi oʻlgan” degan farazni ilgari suradi. Olim bu haqiqatni ommadan sir tutishayotganini aytadi: “Agar tergovchining oʻlgani oshkor boʻlib qolsa, shaharda jinoyatchilar bosh koʻtarishini va aql bovar qilmas tartibsizlik boshlanishini tasavvur qilayapsizmi?” (Eshonqul, 2012:35) deya tushuntiradi, u. Ayni shu nuqtaga kelganda Olim obrazi va Nitshe qarashlaridagi uygʻunlikni ziyrak oʻquvchi his qila boshlaydi. Olim tergovchining oʻlgani aytib, uning “soʻqir” yordamchilari doim xammomda oʻtirib undan qolgan qonun kitobini yod olishlarini ham aytib beradi. Olimning aytishicha, bu yordamchilar tana ozodaligiga jiddiy eʼtibor beradi va doim xammomda oʻtiradi: “Kimning badani toza boʻlsa, bilingki, oʻsha koʻproq haloldir” (Eshonqul, 2012:36). Albatta, bu oʻrinda adib jamiyatdagi muayyan toifaga xos illatlarni yoki diniy, axloqiy qadriyatlarni kinoya va sarkazm qilayotgan boʻlishi mumkin. N.Eshonqulning inson konsepsiyasini toʻlaqonli anglab yetishda bu omilning katta ahamiyati boʻlmagani sababli ishora va ramzlarning talqinda chuqurlashmaslikni lozim topdik (har qalay roman 90-yillarda – jamiyatda kuzatilgan absurd kayfiyat va shunga monand shart-sharoitda yozilganini hisobga olish lozim). Biz uchun olimning “dalil”laridan soʻng N. chiqargan xulosa muhimroq. Qahramon “men umrimni tergovchini izlash bilan, unga umid qilish bilan oʻtkazibman, u esa oʻlib yotibdi” (Eshonqul, 2012:37) deya taqdirga tan beradi. Sababi ayni shu xulosadan soʻng N. tom maʼnoda absurd shaxs sifatida shakllanadi. Aniqrogʻi, Sartr va Kamyu nazarda tutgan ekzistensiyaga yetishib, butun vujudi bilan borliqning bemaʼni ekanini anglab yetadi.
Hafsalasi pir boʻlgan N. uzlatga chekinadi, jamiyatdan ihotalanib yashay boshlaydi: “oʻzini tiriklayin koʻmib masxara qilayotgan dunyoga qaragisi kelmas, shu sababli yoz oʻtib, kuz kelgan boʻlishiga qaramay uning derazasi hamon yopigʻligicha turar” (Eshonqul, 2012:37). Yolgʻizlikda u oʻziga yangi ermak topadi. Bu itlarning uvullashini tinglash edi: “endi u bir paytlardagi kabi oʻz taqdirining adolatli hal qilinishini emas, itlarning uvlashini kutib yashardi” (Eshonqul, 2012:37).
N. erishgan ekzistensiya – erkinlik shu edi. Bu esa uni asta-sekin axloq normalari doirasida shakllangan ijtimoiy odam qiyofasidan, hayvonga evrilish jarayoni edi: “ichida hamma narsani tilka-pora qilish, badboʻy hidlardan mast boʻlish istagi uygʻonar, baʼzi kechalari u bu istak oldida ojiz qolib tanasini tishlab tashlar… N. itlarga qoʻshilib, asta-sekin uvlashni oʻrgandi… uvlagan sayin oʻzini olis va shafqatsiz ajdodlarining shuuri qoplab olar, uvlashda iltijo ham, hasrat ham, qahr va gʻazab ham mujassam edi” (Eshonqul, 2012:37). Roman gʻoyasiga koʻra, bu bosqichda N. olam mohiyatini anglaydi, endi unga erk va erksizlik, tiriklik va oʻlim tushunchalari yod. U goʻyo tabiat bilan bir butun hilqatga aylandi. Modernist mutafakkirlar nazdida bu “aʼlo odam” bosqichi hisoblanadi.
N. oʻzini oʻldirish uchun vakzalga qarab yoʻl olarkan, inson mavjudligining achchiq haqiqatlarini yana bir bor eslaydi: “bu dunyoda hech qaysi ish oʻzining ixtiyori bilan sodir boʻlmaganini, sodir boʻlmasligini anglagandi”. Uning fojiasi “voqelikdagi izchillikni buzaman deb behuda uringanida edi” (Eshonqul, 2012:43).
N.ning qisqa umri kurashlarda oʻtdi. U oʻz irodasi darajasini bilish uchun din bilan, jamiyat bilan va hatto oʻz “men”i bilan ziddiyatga kirishdi. Lekin modernistik gʻoyaga koʻra “cheksiz tugʻilish va oʻlimga asoslangan materiyaning abadiy tarzda bemaʼni aylanishi oʻrtasidagi bartaraf etish mumkin boʻlmagan qarama-qarshilik” (Panova 3 ) zamirida qurbon boʻldi. Biroq romanga koʻra, N.ning xudkushligi anglangan qadam edi. U olamda oʻzining zigʻircha ahamiyati, maqsad va muddaosi, muhimi irodasi yoʻqligini toʻla anglab yetganidan soʻng oʻlimga yuzlandi. Uning uchun bu shunchaki biologik oʻlim, xolos. Zotan u maʼnan allaqachon oʻlib boʻlgan yoki hech qachon yashamagan.
Xulosa qilib aytganda, “Goʻroʻgʻli” romani qahramoni N. absurd zamon va makonda toʻkis shakllangan absurd odam edi. Nazar Eshonqul milliy adabiyotimizdagi boshqa modernistlardan farqli oʻlaroq oʻzining inson konsepsiyasini ekzistensial falsafa asosida yaratadi. N.Eshonqul boshqalardan farqli holda absurd odamni konseptual ravishda, Gʻarb faylasuf va sanʼatkorlarining falsafiy-estetik qarashlariga suyanib yirik epik koʻlamda tafakkur qildi, adabiyotimizga insonning ilgari kuzatilmagan unikal badiiy konsepsiyasini taqdim etdi.
Мақолада ёзувчи Назар Эшонқулнинг “Гўрўғли” романи модернизм йўналиши, жумладан, Ф.Нитше, Ж.Сартр, А.Камю каби мутафаккирларнинг фалсафий, адабий-эстетик қарашлари асосида таҳлилга тортилган. Адиб ўзининг инсон концепциясини экзистенсиал фалсафа асосида яратгани, миллий романчилигимизда илк бор абсурд одамни консептуал равишда, йирик эпик кўламда бадиий тафаккур қилгани далилланган.
Калит сўзлар: модернизм, экзистенсиализм, абсурд одам, инсон концепцияси, бадиий концепция, романий тафаккур, ўзбек романлари.
ХИХ аср охири ва ХХ аср бошларида Ф.Нитше, З.Фрейд, А.Бергсон, К.Юнг каби файласуф ва руҳшуносларнинг қарашларидан таъсирланган бир гуруҳ ижодкорлар санъатда янги – модернизм йўналишига асос соладилар. Дастлаб, Европа маданиятида кенг тарқалган мазкур йўналиш, кўп ўтмай бутун дунёда оммалаша бошлади. Модернизм жаҳонда глобаллашув жараёнлари бошланаётган бир вақтда сиёсий, маданий, иқтисодий омиллар ўзаро кесишган нуқтада вужудга келади.
Рус адабиётшуноси Й.Борев модернизмдаги инсон концепциясига қисқача қилиб “инсон – умуман олганда – ёлғиз; бу адоватли (Кафка) ва тутруқсиз (Камю) дунёда ижтимоий тузилмаларсиз яшаш мумкин эмаслигидан қайғуради” (Борев, 2011:161) дея таъриф беради. Яъни модернистлар инсонни ижтимоий тузилмалар, анъана ва қадриятларга қарши қўйиб, улардан ажратиб олишни истайдилар ҳамда уни ёлғиз тарзда тасвирлайдилар. Бироқ улар ўз ботинларида инсоннинг алалоқибат ижтимоий мавжудот эканидан қайғурадилар.
Модернистларнинг инсон концепциясини кенгроқ тушуниш учун ХИХ асрнинг иккинчи ярмида Европа халқлари дунёқарашига жиддий таъсир ўтказиб, фикрий инқилобларни бошлаб берган файласуф Фридрих Нитше таълимоти билан танишиб чиқиш лозим. Зеро, модернизм “ўзининг илмийназарий асоси сифатида Ф.Нитшенинг менчилик (индивидуалистик) фалсафасига таянган” (Йўлдошев, 2014:27). Шу сабабли айрим мутахассислар модернизмнинг вужудга келиш вақти сифатида ХХ асрнинг бошларини эмас, балки ХИХ асрнинг 70 йилларини кўрсатадилар (Панова 1 ). Чунки айни шу йилларда Нитшенинг Европа тафаккурини ларзага солган илк асарлари оммалаша бошлаган эди.
Нитшенинг инсон концепцияси, бир сўз билан айтганда, эркинлик асосига қурилади. Фақат файласуф эркинлик сўзига жуда кенг маъноларни юклайди. Нитше назарда тутган маъно нафақат жисм ва руҳ эркинлиги, балки ирода эркинлигини ҳам қамраб олади. Яъни у инсоннинг диндан (метафизик олам)дан, жумладан, ахлоқдан эркинлигини ҳам назарда тутади. Шу маънода Нитше учун эркинликнинг муайян чегараси мавжуд эмас. У “Эркинликдан фаровонликни устун кўриш ахлоқсизликдир”
(Нитше, 2007:283) дея ҳисоблайди. Айни шу ғоя бугунги Ғарб тафаккурининг асосларидан бири ҳисобланади.
Нитше динни инсон эркинлигининг энг катта тушови деб билади. Шу сабабли “Худо ўлди: энди биз истаймизки, аъло одам яшасин!” (Нитше, 2007:283) дея баралла хитоб қилади. Унингча, христианлик ахлоқи инсониятни камситиб, уни ҳаёт лаззатларидан бўғади, гўзалликлардан бегоналаштиради.
Нитше бундай дунёда инсон ёлғиз ва бахцизликка маҳкум деб ҳисоблайди (Қабулниёзива, 2010:9). Шундай қилиб, Нитше инсонни мавжудликнинг ягона асоси сифатида оламнинг марказига қўйиш билан бирга, уни абсурд дунёнинг ёлғиз “қаҳрамон”ига айлантиради. Модернизм йўналишининг М.Пруст, Ж.Жойс, Ж.Сартр, Ф.Кафка, А.Камю каби етук намояндаларининг романларида айнан Нитше қарашларига уйғун инсон концепциясини кўриш мумкин.
Қ.Йўлдошев “...ўзбек модернизмини Кунботиш модернизмидан фарқли ўлароқ, олам тартиботи ва унинг Яратувчисига ижодий исён натижаси эмас, балки айни шу ижодкор шахсда кечаётган инжа руҳий-интеллектуал ҳолатнинг ифодаси тарзида юзага келган ҳолатдир дейиш тўғрироқ бўлади” (Йўлдошев, 2014:32) деб ёзади. Д.Қуронов эса “Янгиланиш жараёнида Ғарб адабиёти тажрибаларини ижодий ўзлаштиришнинг аҳамиятига ортиқча баҳо бериш, бизнингча, маъқул эмас”
(Қуронов, 2016:28) дея таъкидлайди. Бироқ ўзбек адиби Назар Эшонқулнинг “Гўрўғли ёҳуд Ҳаёт суви” романи ҳурматли устозларимизнинг ўзбек модернизми ҳақидаги қарашлари мутлақ тўғри эмаслигига яққол далил. Сабаби Назар Эшонқул инсон концепциясини яратишда нафақат абсурд фалсафаси, Нитше ва Фрейд қарашларига таянади, балки Ғарб модернизмининг Ж.Жойс, М.Пруст, П.Сартр, Ф.Кафка, А.Камю каби етук намояндалари изидан боради, улардан ижодий таъсирланади.
Бу борада адабиётшунос Ислом Ёқубов қуйидагича ёзади: “Асарда экспрессионизмга хос кайфият, унинг усул ва воситаларини ижодий ўзлаштиришга интилиш кузатилади. Н.Эшонқул роман бадиий реаллигида яқин ўтмиш ҳаёти ва қадр топмаган инсон умрини абсурд сифатида талқин қилишга интилган” (Ёқубов, 2021:247).
Н.Эшонқулнинг инсон концепцияси марказида ҳам эрк масаласи туради. Адиб собиқ шўролар даврида ҳақ-ҳуқуқи бўғилган инсоннинг руҳий-маънавий оламини чуқур тафтиш этишга, тузум билан зиддиятга киришган шахснинг мураккаб муносабатларини тасвирлашга, мустабид сиёсат инсон руҳи ва онгида қолдирган жароҳатларнинг кейинги давр (тузум)да бўй берган асоратларини кўрсатишга, бир вақтнинг ўзида ўтмиш ва бугунги кун қаҳрамонини бир шахс сиймосида яратишга уринади. Бошқача айтганда, модернизмнинг услубий имкониятлари муаллифга замон ва макон чегараларини бузиб, ижтимоий ҳаётнинг шундай бир киноявий моделини яратиш имконини берадики, ўқувчи бадиий воқеликда ҳам ўтмишни, ҳам “бугун”ни кўра бошлайди. Айтиш жоизки, бу романда модернистик услуб нафақат шахс ва жамиятнинг серқирра, мураккаб муносабатларининг бадиий талқинида, балки айтилаётган ғоя ва фикрнинг ўзига хос “қалқон”и ўрнида ҳам самарали қўлланилган.
“Гўрўғли” романи илк бор 2012-йили “Шарқ юлдузи” журналида чоп этилган бўлса-да, муаллифнинг ўзи асарни 90-йилларда ёзиб тугатгани айтади (Эшонқул, 2012:14). “Шу сабабли – ёзади Н.Эшонқул – асарда деворларини зах босган, қулаш арафасига келиб қолган, инсоннинг ботиний қувватини сўриш эвазига яшаган тузумнинг бадбўй ҳидлари анқиб турибди. Ўтган йиллар давомида мен асарни фақат таҳрир қилиш билан шуғулландим, холос. Неча бор уринмай, уни қайта ёзиш, воқеликни бошқа изга солишга кучим етмади” (Эшонқул, 2012:14).
ХХ асрнинг 90-йиллари аввалидаги мафкуравий, ижтимоий-иқтисодий парокандалик жамият аҳлини чуқур депрессияга солгани ҳақиқат. Айниқса, узоқ кутилган истиқлол дастлабки йилларда саробдек туйилди ва зиёлилар бундан қаттиқ изтироб чекди. Ижодкорда абсурд кайфиятни уйғотувчи ижтимоий шарт-шароит етилди. Шундай экан, Н.Эшонқулнинг бадиий ғоясига фақатгина унинг фалсафий-эстетик, ахлоқий қарашлари нуқтайи назаридан эмас, балки кўпроқ ўтиш даврига хос умумижтимоий кайфият маҳсули сифатида қараш тўғри бўлади.
Н.Эшонқулнинг инсон концепциясини англаш учун адибнинг инсон, адабиёт ва санъат, жамият ва давлат ҳақидаги адабий-эстетик, фалсафий қарашлари билан танишиб чиқиш мақсадга мувофиқ.
“Фикр – бу ботиний қиёфа, – ёзади адиб – одамнинг, шахснинг ички қиёфасини кўрсатиб турувчи кўзгу. Фикри йўқ одамнинг қиёфаси ҳам бўлмайди. Фикр одамнинг ўзлигини, ўзига хослигини билдириб, мавжудлигини кўрсатиб, талаб қилиб туради. Фикр, аслида, “мен мавжудман” дегани” (Эшонқул, 2016:36). Биз “Гўрўғли” романида инсон қиёфасини белгиловчи айни шу – фикр омилининг бўғилганини кўрамиз. Эътиборлиси, адиб муайян тоифаларнигина эмас, балки бутун бир жамиятни фикрсиз “мурда”га менгзайди. Унинг романида жамиятнинг оддий ишчисидан тортиб, энг юқори раҳбарларигача, олимидан тортиб санъаткоригача қиёфасини йўқотган. Улар биқиқ “лаҳад”да яшаётганини англамайди, бирор кимса ё куч йўқки уларни бу зулматдан олиб чиқа олса, шунчаки, ҳеч вақо йўқ – йўқлик… Романда илгари сурилган айни шу ғоявий-фалсафий қарашлар уни абсурд фалсафасига дахлдор қилади.
“Гўрўғли” романи нафақат ғоявий-фалсафий жиҳатдан, балки шаклий-ифодавий хусусиятларига кўра ҳам модернизм йўналишига тўла мос келади. Асарда замон ва макон, реаллик ва хаёлот чегаралари мавжуд эмас. Романдаги ҳар бир қаҳрамон рамзий, воқеалар ҳам, вазиятлар ҳам мажозийлик касб этади, адибнинг ўткир киноя ва сарказмига қоришиб нореал, ясама манзара фонида жонланади.
Роман қаҳрамони Н.нинг мураккаб тақдирини ҳис қилиш учун биз у яшайдиган жамият шарт-шароити билан танишишимиз керак. Буни қаҳрамон ишлайдиган С. ташкилоти мисолида ҳам кўриш мумкин: “С. ташкилоти марказий кўчалардан биридаги ҳашаматли бинога жойлашган обрўли идоралардан эди. Бу ердагилар асли нима билан шуғулланишларини ва идора ишлаб чиқарган қарорлар ва кўрсатмаларнинг нима учун зарурлигини ўзлари ҳам унчалик тушунмас, бироқ идорадагилар тиним билишмас…” (Эшонқул, 2012:25) Бу асарда қаҳрамонларнинг исми бир ҳарфдан иборат, холос. Ёзувчи бундай “исм” воситасида Н. яшаётган жамият ҳақида кенгроқ таассурот қолдиришга уринган. Зеро, инсон шаъни, қадр-қиммати йўқ жамиятда ўзликни билдирувчи бирор омил бўлиши мумкин эмас. Қамоқдаги маҳбуслар рақамлаб чиқилганидек, романдаги қаҳрамонларга ҳам исм қўйилмайди.
Роман сюжетидаги конфликт Н.нинг арзимас хатолик туфайли “ўлиши” билан юзага келади. Йўқ, бу биологик ўлим эмас, қаҳрамон котибанинг хатоси билан ўлган ходимлар рўйхатига кириб қолади, ҳужжат эса раҳбар томонидан аллақачон тасдиқланган. Н. бўлса ҳамкасбларининг шундоққина қаршисида туриб ҳам ўзининг тирик эканига ишонтира олмайди. Чунки бу одамлар фақат ҳужжат ва юқоридан тушган буйруққа ишонади, холос. Шу сабабли табиий равишда “марҳум”ни кўмиш маросимига ҳам тайёрлана бошлашади: “сизни кўмиш министрлик билан келишилган. Эҳтимол, министрнинг ўзи ҳам қатнашар. Ахир уларга қандай қилиб янглишибмиз, деб айта оламиз. Йўқ, бу сира мумкин эмас” (Эшонқул, 2012:25) дейди бир ҳамкасби.
Шундай қилиб, энди Н.нинг қолган умри ўзининг тирик эканини исботлашга уриниш билан ўтади.
Бу йўлда у бутун жамиятга, жамият таянган қадриятларга қарши туради. Ёзувчи эса имкон қадар қаҳрамон саргузаштларини бемаъни ва бетийиқ вазиятлар фонида тасвирлашга ҳаракат қилади.
Романдаги ҳар бир воқеа-ҳодиса ёки қаҳрамонда инсониятга хос муайян иллат, кайфият ва ғоя типиклашади, муаллифнинг фалсафий қарашларига йўғрилган рамзий-мажозий образга айланади.
“Гўрўғли” романи ўқувчининг савияси, ҳаётий кўникмаси, Ғарб адабиёти ва фалсафасидан хабардорлик даражасига қараб турли маъноларда жиловлана олади. Романнинг юзада кўриниб турган мазмуни уни собиқ мустабид даври билан боғлайди. Шахс эрки ва ҳуқуқлари тизимли равишда бўғилган жамиятнинг оддий одамлар назаридан пинҳон, чиркин манзараларини жонлантиради. Бироқ бу асарнинг юзада бўртиб турган маънолари холос. Романнинг асл мазмун-моҳияти анча чуқур қатламлардан жой олган.
Н.Эшонқулнинг Жан Пол Сартр ижоди ҳақида “унинг адабий асарларидаги образлар адабий қаҳрамондан кўра фалсафий тушунчалар ва қарашларнинг мажози эди” (Эшонқул 2 ) дегани, аслида, унинг ўз асарларига ҳам тааллуқлидир. Шу маънода “Гўрўғли” номанидаги қаҳрамонларни ижтимоий муносабатлар доирасидагина талқин қилиш, романни тўла қонли тушуниш ва эстетик завқ туйишга монелик қилади.
Юқорида қайд этганимиздек, Н.Эшонқулнинг инсон концепциясида тириклик, эркинлик ва фикрловчилик синоним тушунчалар. Фақат “эркинлик” масаласида адибнинг қарашлари Нитше қарашларига яқин туради. Яъни Н.Эшонқул бу тушунчада нафақат жисм ва руҳ эркинлиги, балки ирода эркинлигини ҳам кўзда тутади. Шу маънода, роман бадиий концепцияси талқинида муайян бир жамият, давр ёки тузум доираси билан чекланиб қолиш хато бўлади. Аслида, Н.нинг ўз тириклигини исботлашга уриниши инсониятнинг бутун маданий тарихи, мавжудликнинг асослари ва коинотга нисбатан кўтарган исёни эди. Бу йўлда ёзувчи роман композициясини қаҳрамон ва Худо, қаҳрамон ва жамият, қаҳрамон ва “мен” қарама-қаршилиги устига қуради.
Романда Н.нинг илоҳий тартиботга нисбатан кўтарган исёни анчайин пардаланган. Бироқ зийрак ўқувчи адиб Н. сиймосида бутун инсониятни, у излаётган энг олий раҳбар – Терговчи образида эса Худони назарда тутганини илғаб олади. Романни бу тарзда талқин қилиш учун биз аввало Ҳаво образига эътибор қаратишимиз лозим.
Н. Ҳаво исмли фоҳишанинг уйига бориб, унга уйланиш ниятида эканини билдиради. Н. ва Ҳаво ўртасидаги суҳбат қаҳрамон руҳиятига, умуман, ёзувчининг бадиий концепциясига кириб бориш учун муҳим калит вазифасини ўтайди: “Бир кеча уйғониб кетдим, – деди Н. столнинг синиқ оёғига тикилганча. – Чироқни ёқиб хонага кўз тикдим. Ҳамма нарса тартиб билан жойлашган, ҳамма нарса етарли эди. Умуман, бир одам бахтли яшаши мумкин бўлган ҳамма нарса бор эди. Бироқ шунда нимадир етишмаётганини англаб қолдим. Биласанми, нима? Мен қандайдир ўликка ўхшаб яшарканман” (Эшонқул, 2012:22). Демак, Н. ҳеч қандай эрки ва иродаси йўқ одам эканидан изтиробда. У доим бир хил, тартибли умр кечиради, қандай талаб қилишса, шундай яшайди. Ҳавога уйланиши эса унинг шу тартиботнинг бузиши, қайсидир маънода исёни эди.
Ҳаво романда исми мавжуд бўлган ягона қаҳрамон. Рамзий образлар билан ўраб-чирмаб ташланган бадиий воқеликда ёзувчининг Ҳаводан кўзлаган ижодий ниятини англаб олиш жуда қийин. Юзада кўриниб турган аломатларга кўра, Ҳаво жамият танида ҳосил бўлган ўсмага ўхшайди. Чунки бошқалардан фарқли ўлароқ тўлақонли исмга эга, қолаверса, у жамият қабул қилган ахлоқ нормаларига бўйсунмай фоҳишалик йўлини тутган. Н. эса нажотни унга қовушишда кўради. Кейинчалик, Н.нинг судига Ҳаво (энди Гули исми билан) гувоҳ сифатида чақирилади. Шунда Ҳаво Н. ҳақида “Ундан боғда пишиб ётган олмани узиб беришини сўрадим. У ҳам иккиланмай менинг макримга лаққа тушди. Ўшандаёқ, мен учун олма узгандаёқ, у тавқи лаънатга – шундай тақдирга маҳкум этилди” (Эшонқул, 2012:21) дейди. Булардан кўриниб турибдики, Ҳаво рамзий-мистик қаҳрамон – инсониятнинг ибтидоси бўлган аёл. Айни дамда, Н. ҳам муайян бир шахснинг эмас, инсоният – Одамнинг рамзи. Демак, романдаги “лаҳад” образи кичик жамиятнинг эмас, балки бутун дунёнинг рамзи. Шундай экан, Н.Эшонқулнинг бадиий модели фақат инсон эрки бўғилган собиқ мустабид даврини эмас, балки бутун дунёни, инсониятнинг маданий тарихини қамраб олади дейишга етарлича асослар мавжуд.
“Гўрўғли” – экзистенсиал роман. Н.Эшонқул олам моҳиятини англаш, инсон мавжудлигини баҳолаш ва бадиий талқин қилишда Ғарб модернистлари, хусусан, Жан Пол Сартр ва Албер Камю изидан боради, “Гўрўғли” романида азалий ва абадий маънисизлик бағрида ёлғизланган абсурд одамни тасвирлайди. Зеро, Н.нинг тақдири ўз қисматига тушган оғир тошни орқалаб чўққи томон бемақсад интилаётган Сизиф кечмишига ўхшайди.
Экзистенсиализмга кўра мавжудликнинг ўзи фожиа, зотан у маънисиздир. Буни ўзгартириш учун инсонда муайян ирода мавжуд эмас. Унда фақатгина азоб-уқубат, қайғу улашувчи танлов эркинлиги бор, холос. Яъни у бир йўлни танласа, бошқасидан воз кечишга маҳкум. Айни шу тийилиш, унинг эркини янада бўғади, азоблайди. Бироқ бу билан экзистенсиалистлар одамларга абсурд дунёда фақат азоб-уқубат чекиб яшашни тарғиб қилган деган хулосага бормаслик лозим.
Аксинча, улар оламнинг маънисизлигини англаб етиш инсон умрнинг мазмуни эканини таъкидлашга уринишган. Хусусан, Сартр айтади: “Экзистенсиалист учун инсон ўзини англашга имкон бермайдиган хилқат, сабаби у аввал бошиданоқ ҳеч нарсани ифодаламайди. У жараёндагина одам сифатида шаклланган, шунда ҳам, у ўз-ўзини шакллантирган, холос. Шундай экан, уни яратган худо бўлмаганидек, одамнинг асл табиати ҳам мувжуд эмас” (Сартр, 2006:6). Сартр фалсафасига кўра, инсон лойиҳасини инсоннинг ўзи яратган. Олам инсоннинг ўзида, ташқарида мавжуд эмас.
Бу бемаъни, бетийиқ дунёнинг асоси инсон экан, демак у нафақат ўз-ўзига, балки дунёга ҳам жавобгар. Одам шуларни тўла англаганидан кейингина чин маънода эркинликка – экзистенсияга эришади. Бу оламни маънисиз – абсурд эканини англаш ва шу маъсизликнинг мазмун-моҳиятини ҳис қилиб яшаш дилеммасидир. “Камю, – ёзади проф. Муҳаммаджон Холбеков, – абсурд билан курашнинг ягона йўли унинг борлигини, у мавжуд эканлигини тан олиш деб ҳисоблаган” (Холбеков, 2013:11). Бошқача айтганда, экзистенсия модернистча комил инсон – аъло одам даражасидир.
Н.Эшонқул “Гўрўғли” романида Сартр ва Камюнинг экзистенсиал фалсафасини Н. қисмати мисолида тўла очиб беришни ижодий ният қилади, қаҳрамоннинг экзистенсияга етишиш йўлини кўрсатиб беради.
Н. ўзининг тириклигини ҳамкасбларига исботлаб бера олмади, кейинроқ суд ҳам унинг давосини асоссиз дея ҳукм чиқарди. Аммо Н. тақдирга тан бермади, жамиятдаги бемаъни қонун-қоидаларни яратиб, ҳаммани назоратда ушлаб турувчи Терговчини қидириб топишни ва унга тириклигини исботлашни аҳд қилади. Шу мақсадда маҳкамага борган Н. кутилмаганда Терговчи аслида маҳкамада ҳам бўлмаслигини билиб қолади: “у ҳеч қачон бу бинода бўлмаган” дея тушунтиради соқчи. Соқчининг тушунтиришича, шикоятчилар “кечгача ўтириб, яна қайтиб кетишади. Баъзилари йиллаб қатнайди. Лекин шу пайтгача ҳеч ким қабул қилмаган ёки қилинмаган”. Қизиғи, “Шикоятчилар ҳали бундай тартибдан бирон марта нолишгани йўқ. Аксинча, кўплари шунга кўникиб ҳам қолишган” (Эшонқул, 2012:35). Н. шундагина Терговчининг одамларнинг шикоятини қабул қилмаслигини ва ҳеч қачон бирор муаммони ҳал қилиб бермаганини тушуниб етади.
Маҳкамадан чиқиб у Олим билан танишади. Романда Олим рационал тафаккур эгаси, билим ва кўникмаларини эмпирик тадқиқотлар асосида шакллантирувчи шахс сифатида оламонга қарши қўйилади. Олим ўзининг кузатишларига таяниб “терговчи ўлган” деган фаразни илгари суради. Олим бу ҳақиқатни оммадан сир тутишаётганини айтади: “Агар терговчининг ўлгани ошкор бўлиб қолса, шаҳарда жиноятчилар бош кўтаришини ва ақл бовар қилмас тартибсизлик бошланишини тасаввур қилаяпсизми?” (Эшонқул, 2012:35) дея тушунтиради, у. Айни шу нуқтага келганда Олим образи ва Нитше қарашларидаги уйғунликни зийрак ўқувчи ҳис қила бошлайди. Олим терговчининг ўлгани айтиб, унинг “сўқир” ёрдамчилари доим хаммомда ўтириб ундан қолган қонун китобини ёд олишларини ҳам айтиб беради. Олимнинг айтишича, бу ёрдамчилар тана озодалигига жиддий эътибор беради ва доим хаммомда ўтиради: “Кимнинг бадани тоза бўлса, билингки, ўша кўпроқ ҳалолдир” (Эшонқул, 2012:36). Албатта, бу ўринда адиб жамиятдаги муайян тоифага хос иллатларни ёки диний, ахлоқий қадриятларни киноя ва сарказм қилаётган бўлиши мумкин. Н.Эшонқулнинг инсон концепциясини тўлақонли англаб етишда бу омилнинг катта аҳамияти бўлмагани сабабли ишора ва рамзларнинг талқинда чуқурлашмасликни лозим топдик (ҳар қалай роман 90-йилларда – жамиятда кузатилган абсурд кайфият ва шунга монанд шарт-шароитда ёзилганини ҳисобга олиш лозим). Биз учун олимнинг “далил”ларидан сўнг Н. чиқарган хулоса муҳимроқ. Қаҳрамон “мен умримни терговчини излаш билан, унга умид қилиш билан ўтказибман, у эса ўлиб ётибди” (Эшонқул, 2012:37) дея тақдирга тан беради. Сабаби айни шу хулосадан сўнг Н. том маънода абсурд шахс сифатида шаклланади. Аниқроғи, Сартр ва Камю назарда тутган экзистенсияга етишиб, бутун вужуди билан борлиқнинг бемаъни эканини англаб етади.
Ҳафсаласи пир бўлган Н. узлатга чекинади, жамиятдан иҳоталаниб яшай бошлайди: “ўзини тириклайин кўмиб масхара қилаётган дунёга қарагиси келмас, шу сабабли ёз ўтиб, куз келган бўлишига қарамай унинг деразаси ҳамон ёпиғлигича турар” (Эшонқул, 2012:37). Ёлғизликда у ўзига янги эрмак топади. Бу итларнинг увуллашини тинглаш эди: “энди у бир пайтлардаги каби ўз тақдирининг адолатли ҳал қилинишини эмас, итларнинг увлашини кутиб яшарди” (Эшонқул, 2012:37).
Н. эришган экзистенсия – эркинлик шу эди. Бу эса уни аста-секин ахлоқ нормалари доирасида шаклланган ижтимоий одам қиёфасидан, ҳайвонга эврилиш жараёни эди: “ичида ҳамма нарсани тилка-пора қилиш, бадбўй ҳидлардан маст бўлиш истаги уйғонар, баъзи кечалари у бу истак олдида ожиз қолиб танасини тишлаб ташлар… Н. итларга қўшилиб, аста-секин увлашни ўрганди… увлаган сайин ўзини олис ва шафқациз аждодларининг шуури қоплаб олар, увлашда илтижо ҳам, ҳасрат ҳам, қаҳр ва ғазаб ҳам мужассам эди” (Эшонқул, 2012:37). Роман ғоясига кўра, бу босқичда Н. олам моҳиятини англайди, энди унга эрк ва эрксизлик, тириклик ва ўлим тушунчалари ёд. У гўё табиат билан бир бутун ҳилқатга айланди. Модернист мутафаккирлар наздида бу “аъло одам” босқичи ҳисобланади.
Н. ўзини ўлдириш учун вакзалга қараб йўл оларкан, инсон мавжудлигининг аччиқ ҳақиқатларини яна бир бор эслайди: “бу дунёда ҳеч қайси иш ўзининг ихтиёри билан содир бўлмаганини, содир бўлмаслигини англаганди”. Унинг фожиаси “воқеликдаги изчилликни бузаман деб беҳуда уринганида эди” (Эшонқул, 2012:43).
Н.нинг қисқа умри курашларда ўтди. У ўз иродаси даражасини билиш учун дин билан, жамият билан ва ҳатто ўз “мен”и билан зиддиятга киришди. Лекин модернистик ғояга кўра “чексиз туғилиш ва ўлимга асосланган материянинг абадий тарзда бемаъни айланиши ўртасидаги бартараф этиш мумкин бўлмаган қарама-қаршилик” (Панова 3 ) замирида қурбон бўлди. Бироқ романга кўра, Н.нинг худкушлиги англанган қадам эди. У оламда ўзининг зиғирча аҳамияти, мақсад ва муддаоси, муҳими иродаси йўқлигини тўла англаб етганидан сўнг ўлимга юзланди. Унинг учун бу шунчаки биологик ўлим, холос. Зотан у маънан аллақачон ўлиб бўлган ёки ҳеч қачон яшамаган.
Хулоса қилиб айтганда, “Гўрўғли” романи қаҳрамони Н. абсурд замон ва маконда тўкис шаклланган абсурд одам эди. Назар Эшонқул миллий адабиётимиздаги бошқа модернистлардан фарқли ўлароқ ўзининг инсон концепциясини экзистенсиал фалсафа асосида яратади. Н.Эшонқул бошқалардан фарқли ҳолда абсурд одамни консептуал равишда, Ғарб файласуф ва санъаткорларининг фалсафий-эстетик қарашларига суяниб йирик эпик кўламда тафаккур қилди, адабиётимизга инсоннинг илгари кузатилмаган уникал бадиий концепциясини тақдим этди.
Saʼdullo Quronov