← Sa'dullo Quronov
|

«Ming bir qiyofa» romanida erkin inson gʻoyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2023 · Sharq yulduzi jurnali, 2023, № 10

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida F.Nitsshe, Z.Freyd, A.Bergson, K.Yung kabi faylasuf va ruhshunoslarning qarashlaridan taʼsirlangan bir guruh ijodkorlar sanʼatda yangi – modernizm yoʻnalishiga asos soladilar.

Modernistlar olamni mantiqqa tayanmagan hissiy "tafakkur" asosidagina toʻlaqonli tushunish mumkin deb hisoblaydilar. Ular bunda mantiqiy-analitik mushohadaga qarshi turib, irratsional ongni yetakchi sanaydilar.

Modernizmga kelib insonga boʻlgan munosabat oʻzgardi, odamning mavjudlikdagi maqomi qaytadan baholandi. Boshqacha aytganda, sanʼatkorda insonning olamdagi maqomini qayta baholash ehtiyoji tugʻilgan nuqtada modernizm vujudga keldi.

Oʻzbek adabiyotida 80-yillar soʻnggiga kelib modernizm yoʻnalishi taʼsiridagi asar sezilarli tarzda koʻpaya boshladi. Mafkura bosimining bir qadar pasayishi madaniy hayotdagi jiddiy oʻzgarishlarga turtki boʻldi. Avvalo, ijodkor koʻnglidagi dardni aytishda nisbiy erkinlikni his qiladi. Ayni damda, qariyb bir asr davomida odamlarning butun fikr-xayolini band etib, eʼtiqod darajasiga koʻtarilgan kommunistik mafkuraning asl qiyofasi oshkor boʻladi. Qudratli va ulkan "imperiya" yemirilayotgan parokanda davr sanʼatkor ruhiyatiga, uning ijodiga jiddiy taʼsir oʻtkazadi. "80-yillar oxiri 90-yillar boshlaridagi vaziyat bizda modernizm adabiyotining, absurd inson obrazining tugʻilishi uchun zamin tayyorladi". Oʻzbek modernizmining "qaynagan" vaqti 90-yillarga toʻgʻri keladi. Bunga sabab ijodkorlarni birlashtirgan bir xil kayfiyat va shu kayfiyatni taʼminlab turgan "oʻtish davri" edi. Abduvali Qutbiddinning "Tasavvur lahzalari" sheʼri, Faxriyorning "Muchal yoshi", "Yoziq" kabi dostonlari, Bahrom Roʻzimuhammad, Aziz Saidning bir turkum sheʼrlari, Omon Muxtor, Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul, Ahmad Aʼzam hamda Ulugʻbek Hamdamning roman, qissa va hikoyalari ayni shu davrning mahsuli edi.

Albatta, oʻzbek ijodkorlari Gʻarb modernizmiga xos falsafiy-gʻoyaviy qarashlarni aynan "koʻchirib" olmadi. Milliy anʼana va qadriyatlarga mos ravishda uni qayta talqin qildi. Biroq talqinlar har qancha koʻp boʻlmasin, mazkur yoʻnalishning asosi – shaxs erki va inson qadri masalasi oʻzbek modern adabiyotining ham bosh gʻoyasiga aylandi.

Omon Muxtor mustaqillikning dastlabki yillarida birinchilardan boʻlib ijodiy eksperimentlarga qoʻl urgan, milliy roman tafakkurini modernistik uslub bilan boyitgan peshkadam ijodkorlardan sanaladi. Uning 90-yillarda yozilgan "Ming bir qiyofa", "Koʻzgu oldidagi odam", "Tepalikdagi xaroba", "Ayollar mamlakati va saltanati", "Aflotun", "Maydon" kabi romanlari badiiy yuksaklik darajasidan qatʼi nazar oʻzbek romanchiligida yangi davrni, oʻziga xos yoʻnalishni boshlab beradi. Mazkur romanlarda modernizm yoʻnalishiga xos talay ifoda usullari: zamon va makonning nomutanosibligi, reallik va xayolot chegarasining buzilishi, voqealarning izchil davriylikdagi rivoji hamda qahramonlar ruhiy olamining realistik mantiq asosida ochib berilmasligi kabi jihatlar kuzatiladi. Bu borada Dilmurod Quronov shunday yozadi: "Omon Muxtor ijodiy izlanishlaridagi eng maqbul jihat shuki, uning modern adabiyotiga xos usul va qarashlarni oʻzlashtirishida yuksak darajadagi ijodiylik kuzatiladi. Xususan, adib milliy folklor, diniy rivoyatlar va Sharq mumtoz adabiyotiga xos norealistik usullarni asos qilib oladi-da, ularni modern usullari bilan boyitadi, natijada ular milliy adabiy zaminning oʻzidan oʻsib chiqqandek, sof milliy estetik hodisadek taassurot qoldiradi". Albatta, Omon Muxtor ijodidagi bunday oʻziga xoslikka shunchaki ijodiy eksperiment, yangilik qilishga urinish sifatida qarash notoʻgʻri. Zotan bu yangiliklar avvalo ijodiy-ruhiy ehtiyojning mahsuli edi. Oʻzbek romanchiligida noanʼanaviy tamoyillarning shakllanishi haqida yozarkan, professor Zulfiya Pardayeva muammoni shunday izohlaydi: "...bahor havosiga oʻxshash inson tabiatini tasvirlash anʼanaviy romanlar poetikasi ramkasiga sigʻmaydi, shu sababdan ham yozuvchilar murakkab qurilishli roman poetikasiga murojaat etadilar". Darhaqiqat, 90-yillar boshida roʻy began hodisalar: SSSRning qulashi, kommunistik mafkuraning sarobga aylanishi, iqtisodiy qiyinchiliklar, oʻtish davri depressiyasi – bularning bari ijodkor ruhiy-maʼnaviy olamini parokanda qiladi. Unda davrni, insonning borliqdagi oʻrni, maqsad va vazifalarini qayta baholashga ehtiyoj tugʻdiradi. Shunday ekan, ijodkorning noanʼanaviy tajribalaridan murod yangi insonni anglash ehtiyojidan kelib chiqadi.

Adibning "Ming bir qiyofa" romani yadrosida ham erk gʻoyasi turadi. Yozuvchi sobiq shoʻrolar davrida haq-huquqi boʻgʻilgan insonning ruhiy-maʼnaviy olamini chuqur taftish etishga, tuzum bilan ziddiyatga kirishgan shaxsning murakkab munosabatlarini tasvirlashga, mustabid siyosat inson ruhi va ongida qoldirgan jarohatlarning keyingi davr (tuzum)da boʻy bergan asoratlarini koʻrsatishga, bir vaqtning oʻzida oʻtmish va bugungi kun qahramonini bir shaxs siymosida yaratishga urinadi. Boshqacha aytganda, modernizmning uslubiy imkoniyatlari muallifga zamon va makon chegaralarini buzib, ijtimoiy hayotning shunday bir kinoyaviy modelini yaratish imkonini beradiki, oʻquvchi badiiy voqelikda ham oʻtmishni, ham "bugun"ni koʻra boshlaydi. Aytish joizki, bu romanda modernistik uslub nafaqat shaxs va jamiyatning serqirra, murakkab munosabatlarining badiiy talqinida, balki aytilayotgan gʻoya va fikrning oʻziga xos "qalqon"i oʻrnida ham samarali qoʻllanilgan.

Albatta, asarda tasvirlangan voqea-hodisalar uning oʻtmish haqidagi roman ekanidan dalolat berib turadi. Biroq yozuvchining mazkur roman asnosida yaratgan inson konsepsiyasidan kelib chiqsak, asar muallif yashab turgan zamonga ham taalluqli ekani ayon boʻladi. Gap shundaki, ijodkorning inson konsepsiyasi real vaqtdan ortda ham, oldinda ham boʻla olmaydi. U asar yozilgan zamon va makon mahsuli. Shunday ekan, yozuvchi xoh oʻtmishni, xoh kelajakni tasvirlasin, alaloqibat oʻzi va zamondoshlarining mavjud holatini baholaydi.

Mazkur qarash tabiiy ravishda boshqa qator savollarni tugʻdiradi: Omon Muxtor nima sababdan oʻz zamonida turib oʻtmish voqealarini qalamga oldi? Yozuvchida oʻtmishda qolgan tuzum, shaxs va jamiyat munosabatlarini taftish qilish ehtiyoji nega paydo boʻldi? Nima uchun bevosita oʻz zamoniga yuzlanmadi? Oʻrtaga tashlangan savollarga javobni avvalo badiiy asar tabiatidan qidirish maqsadga muvofiq. Chunki davr yashab oʻtilganidan keyingina chinakam estetik obyektga aylanadi. Kishi oʻzi yashab oʻtgan zamonga turli rakurslardan boqishi, boshidan kechirganlarini obyektiv baholashi mumkin. Demak, oʻtgan zamondagi jamiyatning badiiy modelini yaratish ham nisbatan oson kechadi. Bundan tashqari, mustaqillikning dastlabki oʻn yilida ijodkorning sobiq mustabid tuzum haqida yozishi, oʻtgan davrni oʻz zamonasi bilan qiyoslashga urinishi shunchaki istak emas, balki ijtimoiy-ruhiy ehtiyoj edi. Negaki, 90-yillar boshidagi iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklar, oʻtish davri depressiyasi ijodkor (umuman ziyoli)da qariyb bir asr kutilgan istiqlolga nisbatan shubha, ishonchsizlikni tugʻdirishi tabiiy edi. Shunday ekan, ijodkor avvalo oʻzini va orzulangan erkinlikning mohiyatini anglashga urinadi. Mustabid tuzumning asl fojiasi va asoratlari haqida mulohaza yuritadi, xulosalar chiqaradi. Bu xulosalari bilan keng oʻquvchi ommasiga taʼsir oʻtkazishni, ularni tushkunlikdan chiqarishni maqsad qilsa-da, aslida yozganlari avvalo uning oʻzi uchun taskin, savollari uchun javob vazifasini oʻtaydi.

Oʻtmish haqida yozishning yana bir jihati shuki, bu jarayon ijodkorga yashab oʻtgan davri va yashayotgan davrini oʻzaro taqqoslash imkonini beradi. Goʻyoki oʻtmish haqida yozayotgan ijodkor bugun ayta olmaydigan yoki aytishga yoʻl qoʻyilmaydigan gaplarni "yozish" imkoniga erishadi. Ziyrak oʻquvchi uchun bir-ikki ishora va alomatlar berib, oʻtmish manzaralari bilan bugunni tasvirlashi ham mumkin boʻladi. Muxtasar qilib aytganda, inson konsepsiyasini oʻtmish koloritida yaratishning qator afzalliklari, keng ifodaviy imkoniyatlari mavjud.

Omon Muxtorning "Ming bir qiyofa" romani uch qism: "Toʻrt manzara", "Olisdagi odam", "Afandining bolaligi" kabi nisbiy mustaqillikka ega hikoyatlardan tashkil topgan. Yozuvchi inson konsepsiyasi markazida shaxsning ruhiy-maʼnaviy, ijtimoiy erkinligi muammosi turadi. Zotan erkinlikning har qanday shakli boʻgʻilgan jamiyatda kishi mehnati va qobiliyatiga yarasha qadr topmaydi (Abdulla Hakim, Burhon Sharif), oʻzligini yoʻqotadi (Gulxumor), yolgʻonlar qobigʻida yashaydi (Nasriddin Afandi) zulmkorlik, adolatsizlik, tilyogʻlamalik urchiydi (Rahim II, Gʻulom sartarosh). Eng achinarlisi, bunday jamiyatda inson oʻz qiyofasi bilan emas, balki ming bir qiyofaga kirib buqalamun singari hayot kechirishga mahkum.

Muallif asarning oʻziga xos kompozitsiyasi haqida "Asardagi hikoyatlarda, asosan, har xil odamlar uchraganidan, kimgadir ular bir-biriga deyarli bogʻliq emasdek tuyulishi mumkin. Ammo ziyrak oʻquvchi, nega uch hikoyat yaxlit asar deb atalgani, maʼno va mazmun nimadan iborat ekanligini oʻzi ilgʻab oladi, deb oʻylayman" deb yozadi. Chindan ham bir qarashda tarqoq, oʻzaro aloqasi yoʻqdek koʻrinuvchi mazkur hikoyatlarni romandagi markaziy qahramon Abdulla Hakim obrazi va uning ijodi birlashtirib turadi. Shunday ekan, yozuvchining inson konsepsiyasini anglash uchun birinchi hikoyat qahramoni Abdulla Hakimning murakkab taqdirini chuqurroq tahlil etishga zarurat bor.

Abdulla Hakim turmushda ham, ijodda ham omadi chopmagan soddadil, kamsuqum inson. U birovga yolgʻon gapira olmaydi, birovga ozor bermaydi, kezi kelsa, birovning manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻyadi. Ayni shu hislatlari uning boshiga yetdi — uni Burhon Sharif deb oʻylagan jinoyatchilar tomonidan qatl qilindi. Abdulla esa doʻstining jonini oʻylab uni sotmadi, oʻlimga rozi boʻldi. Roman voqealari Abdulla Hakimning ana shunday fojiaviy oʻlimi bilan boshlanadi. Bundan soʻng asarda uning ruhi va sheʼrlari "yashaydi", xolos.

Abdulla Hakimning oʻldirilishi bilan bogʻliq voqelik ramziy xarakterga ega. Umuman, uning kallakesarlar manziliga shofyorsiz aftobusda borib qolishi, uning Burhon Sharifga quyib qoʻygandek oʻxshashi, bu oʻxshashlikni doʻstu birodarlari tugul hatto Burhonning xotini Halima ham farqlay olmasligi kabi holatlarga biror ratsional izoh yoʻq. Sababi bularning bari ramzdir.

Abdulla Hakim oʻlimga qadar oʻz tanasining tutkuni boʻlgan. Bizningcha, bobning "Tutkun" deb nomlanishi ham shu bilan bogʻliq. Ruhi tutkun boʻlgan chogʻlarda qahramon oʻzligiga, shu oʻzlikni oʻrab turgan voqelikka yuqoridan qaray olmas, mavjudligini toʻlaqonli baholay olmasdi. Yozuvchining bu maqsadi koʻproq qiyomat kunida Abdullaning farishtalar tomonidan soʻroqqa tutilgan mahali ayon boʻladi: "Sen yotib-turish, yeb-ichib, kiyinishdan boʻlak narsani oʻylamasding. Sen oqimga tushgan xas eding, oqim qayoqqa olib borsa, ketaverarding. Umringda maʼno-maqsad yoʻq edi" deydi farishtalar. Bu bilan yozuvchi shoʻro siyosati odamlarni mankurt qilganini aytmoqchi boʻladi. Yana farishtalar unga oʻzligini anglashga urinib koʻrmagani, Xudoga eʼtiqod qilish, faqat unga suyanish oʻrniga odamdan boʻlgan rahbarlarga Xudodan koʻra koʻproq ishonganini aytib taʼna qilishadi. Mazkur holatga yozuvchi "Bu – aslida, Abdulla bilan birga, uning atrofidagi barcha odamlar, zamondoshlarining xam gunohi edi. Biroq, shoir boʻlganidan, bu gunoh, aftidan, unga yuklangan edi" deya izohlaydi. Koʻrinadiki, adib Abdulla Hakim siymosida faqat gunohkor shoirni emas, balki manqurt jamiyat timsolini yaratishga uringan.

Abdulla Hakim faqat ozod ruh bilangina hayoti davomida qilgan xatolarini, jamiyatdagi muammolarning tub ildizlarini koʻra oladi. Bu bilan adib oʻzlikni anglash uchun shaxs ruhi erkin boʻlishi kerak degan gʻoyani ilgari suradi va sobiq mustabid davrida inson ruhi tuzumning "tutqun"i boʻlgan va bu oʻzlikning parokanda boʻlishiga olib kelganiga ishora qiladi. Shu maʼnoda adabiyotshunos Zulfiya Pardayeva ham Abdulla Hakim siymosida "paradoksal tuzum voqeligida sinayotgan inson shaxsi" namoyon boʻlishini aytadi.

Adabiyotshunoslar Abdulla Hakim obrazi vositasida sotsialistik jamiyat ijodkorni "ortiqcha odam"ga aylantirib, uning oʻz missiyalarini bajarishiga yoʻl ochmaganligi oʻzlikni anglash yoʻlidagi katta toʻsiq boʻlgani haqida mulohaza yuritadilar. Bundan tashqari, Abdulla Hakim adibning ilohiy tartibotga solingan inson taqdiri haqidagi qarashlarini yoritishda muhim vositaga aylanadi. Alohida qayt etish lozimki, mazkur qahramon Omon Muxtorning inson konsepsiyasi absurd falsafasiga zid ekanini ham tasdiqlaydi. Zero, Abdulla Hakimning ruhi tanidan chiqib ham azob uqubatdan qutula olmagan, doʻzaxda ming turli qiynoqlarga solingan boʻlsa-da, keyinchalik gunohlaridan poklanib jannatga doxil boʻladi.

Romanning "Toʻrt manzara" nomli birinchi fasli asosan yozuvchining inson va uning mavjudlikdagi maqomi haqidagi falsafiy qarashlaridan iborat boʻlsa, "Olisdagi odam" faslida muallif eʼtiborni bevosita tuzum shakllantirgan xarakterlarga qaratadi.

"Olisdagi odam" faslida asosiy voqealar toʻqqiz qavatli koshona – "Tarix va madaniyat" tashkilotida sodir boʻladi. Bu tashkilot "Tarix va madaniyatni gullatish shiori ostida qadimiy obidalar — masjid va madrasalarni buzish, ming yillik koʻrkam hovuzlarni koʻmib tashlash, qabristonlarni toptash, ota-bobolardan qolgan eski kitoblarni yoqish bilan shugʻullanardi". "Tarix va madaniyat" tashkiloti umuman tuzumning ramzi boʻlsa, undagi markaziy qahramon – Gulxumor esa azal chashmasidan suv ichib qalbi poklangan shaxs ramzi. Biroq Gulxumor "Tarix va madaniyat" tashkilotiga ishga kirishi bilan uning ruhi milliy zamindan, "qalb shifokori" Sadirjondan ihotalandi. Tashkilotning ish tutumi, odamlarining feʼl-atvori sekin-asta Gulxumorga ham taʼsir eta boshladi, natijada qahramon bir qiyofadan boshqa qiyofaga evriladi. Tadqiqotchi N.Azizov buni shunday izohlaydi: "Abdulla Hakim taqdir sinoviga koʻnib, ongli ravishda oʻzligini, asl qiyofasini yoʻqotsa, Gulxumor oʻzi anglamay, ammo ichki xohish tufayli qiyofasizlikka yuz tutadi". Yozuvchining oʻzi esa tanqidchi Ahmad Otaboy bilan suhbatda shoʻro mafkurasining inson tafakkuriga taʼsiri haqida soʻzlarkan voqelikka "Inson va uning dunyoviy tafakkuri, dunyoni koʻrgan koʻzlari bogʻlandi-da, u faqat tor doirada, oʻzi yashab turgan muhit ichida, qobigʻida qoldi" deya taʼrif beradi. Romandagi toʻqqiz qavatli koshona Gulxumor taqdirida ana shunday "qobigʻ" rolini bajaradi.

Mana shu "qobigʻ" ichida pishib yetilgan tashkilot rahbari Kabirov fikrlariga eʼtibor qarating: “...menga shahardagi mana shu butun masjid-madrasalar buzilgani yoqadi, deb oʻylaysizmi?! «...» Iloj yoʻq, bildingizmi?! Bizga shunday koʻrsatma berilgan... Bizdan yuqorida katta-katta korchalonlar, devday odamlar bor. «...» Ular xalq oʻzining tarixini, madaniyatini bilmasin, buning ustiga, sharoitdan qiynalib, koʻz ochishga imkon topmasin, deb xalqni qullikda saqlash uchun shunday qilishadi!” Koʻrinadiki, Kabirov barini tushunadi. U shunchaki niqob bilan, boshqa qiyofa bilan yashaydi. Qoʻrqqani uchun, nafsiga qul boʻlgani uchun. Adib "ming bir qiyofa" deganda ayni shu holni, jamiyatda tuslanib yashayotgan, shunga mahkum etilgan odamlarni nazarda tutadi.

Gulxumor ham xuddi Abdulla Hakim kabi davr qurboni. Faqat Abdulla ijodiy erkinligi boʻgʻilgani, shaxs sifatida namoyon boʻla olmagani uchun halok boʻlgan boʻlsa, Gulxumor milliy qadriyatlarni, oʻzligini toptagani uchun manqurtga aylandi. Romanning uchinchi — "Afandining bolaligi" faslida esa biz qahramonning yolgʻonlar qurboniga aylanganiga guvoh boʻlamiz.

Nomaʼlum zamondagi nomaʼlum davlatda Rahim II otli podshoh hukmronlik qiladi. Rahim ikkinchining zulmkorligi va nodonligi cheku chegarasiz. U taxtga oʻtirarkan oldiga ikki muhim masalani qoʻyadi:

"1. Kultepa va butun muzofotdagi odamlar, yosh-qari, hamma baxtli boʻlishi kerak.

2. Olijanob bu maqsad yoʻlida kimki bizga qarshi tursa, unga shafqatsiz munosabatda boʻlish, dorga osish yoki shartta boshini tanasidan judo qilish kerak". Podshohning gʻoyasi bir qarashda mantiqli koʻrinishi ham mumkin. Zero, u odamlarni baxtli qilish uchun qaygʻuryapti. Biroq mulohaza qilinsa, ikki bandli gʻoya oʻta paradoksal. Yaʼni jamiyatda hammaning teng baxtli boʻlishi imkonsiz boʻlgani kabi, hammaning teng bir gʻoyani maʼqullashi ham mumkin emas. Alaloqibat bu gʻoya (ikkinchi bandga koʻra) minglab odamlarning kulini koʻkka sovuradi. Rahim ikkinchining bu tashabbusi mohiyatan kommunistik mafkuraning ayni oʻzi edi. Zotan kommunizmni qurish yoʻlida ham millionlab boshqacha oʻylaydigan odamlar qatagʻon qilindi.

Shunday qilib Rahim ikkinchi "Kim ogʻzini ochsa, osamiz yoki soʻyib tashlaymiz! Bundan buyogʻi qanday yashash, nima qilishni hamma odamlar uchun men oʻzim oʻylayman!" deb siyosat yuritdi. Ogʻzini ochgan-ochmagan minglab ziyolilarni qatl qildi. Uning zulmi, adolatsizligidan xalq nafratlana boshladi. Shunda u Gʻulom sartarosh degan uddaburon lofchining gapiga kirib yuziga "niqob" kiyadi. Gʻulom esa oʻz tadbirini "Men siz haqingizda afsona-latifalar toʻqib yuraman. Menga yetib kelgan har qanday voqeaga yangicha toʻn bichaman. Keyin, odamlar mana shu toʻnni kiyib ketaverishadi. Nomingiz elda doston boʻladi, shohim", deb tushuntiradi. Shu tariqa Rahim ikkinchining yolgʻonga tayangan siyosati boshlandi. Olis muzofotda yashovchi yosh Afandi ham ana Gʻulom sartarosh bichgan "toʻn"ni kiyib yurguvchilardan edi. "Rahim ikkinchining yurt soʻrashida – yozadi Dilmurod Quronov – shoʻro hukumati yetmish yil yuritgan siyosatda ishoralarni, sartarosh Gʻulomjon qoʻllagan tadbirda esa mafkurachilarning ish usuli va shakllarini koʻrgan". Bu shunday yolgʻonki, kishi jamiyatda oʻz koʻzi bilan koʻrib turgan voqelikka emas, ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan yolgʻonlarga ishonadi. Hayotiy maqsadlari, oʻzligini shu yolgʻon bilan bogʻlab tasavvur qiladi. Goʻyo kuch ishlatmay, qon toʻkmay odamlarni asir olish, yolgʻon siyosatning quliga aylantirish metodi. Shunchaki, bu yolgʻonlar tizimli, maqsadli boʻlsa kifoya. Zanjir reaksiyasini jamiyat ahlining oʻzi davom ettiradi. Yaʼni, ularning oʻzlari yolgʻonni "reallashtira" boshlaydi. Adolatsiz shohni bilib tursa-da adolatli deya olqishlaydi, och-nahor boʻlsa-da farovon jamiyat haqida qoʻshiq kuylaydi... Omon Muxtor ayni shu illatning asl mohiyatini, odamlar ruhi va ongidagi manzaralarini ochib berishga intiladi. Buni biz bola Afandi dunyoqarashining tadrijiy kengayishida ham yaqqol koʻramiz.

Afandi Gʻulom sartaroshni ilk bor uchratganda uning shoh haqidagi hikoyalariga mahliyo boʻlib qoladi: "Nasriddin oʻy-xayolini oʻgʻirlab, qoni-joniga chirmoviqday oʻralib olgan afsona-latifalarga berilib qolganidan, Gʻulomjondan ham koʻproq oʻzi hech qachon koʻrmagan, qandayligini tasavvur ham qilolmagan shohga maftun-mahliyo edi". Keyinchalik oʻzi ham sartaroshdan eshitganlarini el-ulusga yoyish bilan, baʼzan oʻzi ham yangi hikoyalar toʻqish bilan band boʻldi. Kun kelib u poytaxt – Kultepaga borishni, shohni oʻz koʻzi bilan koʻrishga ahd qiladi. Yoʻlda elning haqiqiy yashash sharoiti bilan tanishadi. Nurab yotgan pastqam loysuvoq uylarni, rangi "chollardan battar zarhil" bolalarni, "oʻttizga kirmay kampir boʻlgan juvonlar"ni, sahardan yarim kechgacha "loy kechib yurgan erkaklar"ni koʻrib xulosalari oʻzgara boshlaydi. Vaziyatni tanqidiy baholay boshlaydi. Ayni shu nuqtada romanning butun mazmun- mohiyatini qamrab olgan muallif nutqi – asarning kulminatsiyasi sodir boʻladi:

"Azaldan sening qismating shumidi, xalq?! Kimlar, boshman, deb sening boshingga chiqmadi! Jilovni qoʻliga olgan borki, seni soʻyadi, osadi, oʻldirish payiga tushadi! Zindonga tashlaydi! Bu yetmasa, seni kiyimsiz, och qoldiradi! Yoʻllarda tentirab, sarson-sargardon boʻlishga majbur qiladi!.. Hukmdordan qutuldim, deganingda ming xil toʻralar, beklarga tutilasan. Puldorlar, korchalonlar seni talaydi. Bulardan ham qutulganingda, bezorilar, oʻgʻrilarga yoʻliqasan. Seni bular ham uradi, tunaydi!.. Hammasi sendan qoʻrqish, ojiz-notavon, qul boʻlib yashashni talab qiladi! «...» Sen hamon ishonasan, bechora xalq! Ertangi kunga umidlanasan! Odil shoh izlaysan. Biron vijdonli hakam bordir-ku, deysan!" Yuqorida ham aytganimizdek, badiiy asarda shakllangan inson konsepsiyasi muallif yashagan zamon mahsulidir. Shunday ekan, Omon Muxtor badiiy konsepsiyasini faqat oʻtmish bilan bogʻlab talqin qilish xato. Yozuvchi oʻz zamondoshlarining qullik, mutelik, manqurtlik iskanjasidan hamon chiqa olmayotganidan, mustabid tuzum qoldirgan jarohatlar asorati hali-hamon "ogʻriq" berayotganidan qaygʻuradi. Oʻtmish manzaralarini tasvirlash orqali aslida bugunning kishisiga xitob qiladi, ishora va belgilar beradi.

Omon Muxtor oʻzining "Ming bir qiyofa" romanida Gʻarb modernizmiga xos ifoda shakllarini qoʻllagan boʻlsa-da, inson konsepsiyasini yaratishda Sharqning azaliy hayot falsafasidan uzilib ketmaydi. Buni biz Abdulla Hakimning doʻzaxda abadiy qolib ketmagani, gunohlardan poklanib jannatga kiritilganida koʻrishimiz mumkin. Bu hol modernizmning asosi boʻlgan absurd falsafasini inkor qilishini yuqoriroqda ham taʼkidladik. Negaki Sharq kishisi foniy dunyoda absurdni koʻrishi mumkin esa-da, boqiy dunyoda Adolat va Haqiqat mavjud ekaniga imon keltirib yashaydi.

Saʼdullo Quronov