← Sa'dullo Quronov
|

«Lolazor» romanida inson konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2023 · Ilmiy xabarnoma. Gumanitar tadqiqotlar, 2023, № 7 (75)

Maqolada Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romani inson konsepsiyasi kategoriyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Yozuvchining shoʻro ijtimoiy-siyosiy sharoitida shakllangan siyosiy tafakkurni taftish etish orqali hukmron elitani anglashga uringani, aldangan shaxs konsepsiyasi vositasida millat fojiasining tub mohiyatini ochib bergani asoslangan. “Lolazor” romani A.Soljenitsinning “Yolgʻonda yashamaslik”, V.Havelning “Kuchsizlar kuchi” asarlari bilan qiyosan oʻrganilib, ulardagi gʻoyalar mushtarakligi koʻrsatilgan.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, mafkura, siyosiy tafakkur, oʻzbek romanlari, romaniy tafakkur, sotsialistik realizm.

Oʻtgan asrning 80-yillari nafaqat sobiq Ittifoq xalqlari hayotida, balki umuman dunyo tarixida muhim siyosiy jarayonlarni qamrab olgan davr hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlangan Sovuq urush nihoyalab, sekin-asta Gʻarbning qoʻli baland kela boshlagan, SSSRda ichki ziddiyatlar ortib, siyosiy elita tuzumning muqarrar halokatini his etib ulgurgan, bunga qarshi turli chora va tadbirlarga zoʻr bergan davrlar edi.

80-yillar oʻzbek romanchiligi ham shu davrning shiddati, siyosiy shart-sharoitning keskin oʻzgarishi, avlodlar almashinuvi, “qayta qurish” davridagi nisbiy erkinlik va turfa xil qarashlarga mos ravishda rivojlandi, romannavislar yangi zamon uchun yangi inson konsepsiyasini taqdim eta boshladi.

Kommunistik mafkura va uning adabiy “quroli” boʻlgan sotsialistik realizm metodi nuqtayi nazaridan qaralsa, Shoʻro davri romanlaridagi inson konsepsiyasini anglash u qadar murakkab ish emas. Sababi shuki, bu davr ada biyoti badiiy-gʻoyaviy jihatdan hukmron mafkuraga boʻysundirilgan, sotsrealizmning gʻoyaviy chegaralari aniq va qatʼiy belgilangan “estetik qolip”ga solingan. Mazkur adabiy metodga koʻra “asarning inqilobiy faol gumanizm bilan yoʻgʻrilgan boʻlishi, uning markazida kommunistik gʻoyalar gʻalabasiga ishongan va shu yoʻlda tolmay kurashayotgan ijobiy qahramonning turishi, davr ziddiyatlarini marksistik sinfiylik nuqtayi nazaridan tushunish hamda baholash” [1. B. 280] talab etilgan. Shunday ekan, aksar romanlarni shu tayyor qolip va mezonlar asosida baholash, davr adabiyoti uchun tipik boʻlgan inson konsepsiyasini uchratish mumkin. Biroq 70-yillarga kelib sotsrealizmning hayotni haqqoniy tasvirlash va chinakam sanʼat asarlarini yaratish yoʻlidagi ojiz taraflari yaqqol koʻrina boshladi. Bunga ijodkorning Shoʻro mafkurasi va real voqelik oʻrtasidagi nomutanosiblikka koʻproq duch kela boshlagani sabab boʻldi. Oshkora boʻlmasa-da, sekin-asta sotsrealizm qoliplaridan chekinish, insonning hukmron mafkuraga u qadar mos boʻlmagan badiiy konsepsiyalarini yaratishga urinishlar kuzatildi. Ayniqsa, hokimiyat tepasida L.I.Brejnev boʻlgan “turgʻunlik davri” adabiyotida ana shu “qolipdan ogʻish” holati koʻproq uchradi. A.Muxtorning “Chinor”, Mirmuhsinning “Degrez oʻgʻli”, O.Yoqubovning “Diyonat”, P.Qodirovning “Qora koʻzlar”, Oʻ.Hoshimovning “Nur borki, soya bor” romanlarida Shoʻro jamiyatining ichki muammolari: mansabparastlik, poraxoʻrlik, zoʻravonlik kabi illatlar atroflicha ochib berildi. Ammo “bu asarlarda hali butun boshli ijtimoiy tuzumning, shu tuzum uchun hayotini tikkan shaxs faoliyatining fojiali ildizlarini tag-tugi bilan ochib berish yetishmaydi” [2. B. 393]. Yaʼni ijodkor qaysidir maʼnoda sotsrealizm mezonlaridan chekingan (jamiyatda keng tomir yoygan illatlarni roʻy-rost koʻrsatishining oʻziyoq muallifning mavjud tuzum bilan ziddiyatini anglatadi) boʻlsa-da, sanalgan mualliflar sotsrealizmning ustuvor maqsadlaridan biri – “kommunistik gʻoyalar gʻalabasiga ishongan”, bu yoʻlda “tolmay kurashayotgan ijobiy qahramon” yaratish tamoyilidan chekinishga jurʼat eta olmaydilar. Ha, buni aynan “jurʼatsizlik” deyish mumkin. Zotan, ular inson konsepsiyasini oʻz estetik ideallaridan emas, balki grajdanlik majburiyatidan kelib chiqib yaratadilar. Tuzum boshqachasiga imkon bermagan ekan, demak, ularning maqsadlarini ichki istak sifatida talqin qilish adolatsizlik boʻlar edi. Muxtasar qilib aytganda, “Brejnev turgʻunligi” davri romannavislari ijtimoiy muammolarni tanqidiy baholashga qodir inson konsepsiyasini yaratdilar va “anʼanaviy” roman tafakkurida ilk “ogʻish”ni qayd etdilar.

1985-yilga kelib sobiq Ittifoqda siyosiy-ijtimoiy shart-sharoit oʻzgardi, tarixda “qayta qurish” nomi bilan mashhur boʻlgan siyosiy bosqich boshlandi. Shunga mos ravishda adabiy-estetik qarashlar tublik oʻzgarishga yuz tutdi, adabiyotimizga 70-yillarda kirib kelgan avlodning ijodiy salohiyati yuksaldi, ularda voqelikni katta epik koʻlamda tasvirlash layoqati shakllandi. Boshqa tarafdan Gʻarb adabiyoti va sanʼati uchun “yopiq eshiklari” ochildi. Lekin eng muhimi, yangi inson konsepsiyasini yaratish uchun ulkan ijtimoiy ehtiyoj – DARD pishib yetildi.

Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor”ini shu davrdagi boshqa romanlardan farqlab turuvchi muhim jihati mavjud, unda barcha ijtimoiy muammolarning sababiyati mavjud siyosiy tafakkurga bogʻlanishi asoslab beriladi. Ayni vaqtda, yozuvchi shu muammolar uchun aniq echim taklif qila olmaydi. Lekin, har holda, paradoksal jamiyatga nisbatan ziyoli odam qanday pozitsiyada turishi kerak ekanini anglab yetadi.

Bu “yolgʻonda yashamaslik” [3] pozitsiyasi edi.

Yaʼni yolgʻonga asoslangan tuzum va manipulyativ hukmron elita taʼsiridan maʼnan xalos boʻlish, mavjud siyosiy-ijtimoiy jarayonlarning yolgʻon ekanini anglash, shu yolgʻonga hissa qoʻshmaslik – ziyoli insonning burchi. Bu burch mohiyatida nafaqat obyektiv voqelikni haqqoniy baholash, balki oʻzlikni anglash masalasi ham turadi. Boshqacha aytganda, yozuvchi yolgʻon jamiyatda yashayotganini anglagan shaxsni oʻzligini anglagan shaxsga tenglashtiradi. Shu sababli u “Lolazor” romanini toʻlaligicha kinoya asosiga quradi. “Boshqalar koʻra olmaganini koʻra olish M.Muhammad Doʻstning ularga kinoyaviy pozitsiyadan turib munosabat bildirishiga obyektiv asos yaratdi” [4. B. 156]. Yoki adib uchun kinoya shunchaki badiiy vosita emas, balki inson konsepsiyasi – oʻzligini anglagan shaxsning muhim asosi. Binobarin, shaxsning yolgʻonlardan yuqorida ekaniga yagona dalil uning shu voqelikka nisbatan kinoyaviy pozitsiyada turishidir. Yaʼni faqat aldanmagan odamgina kinoya qila oladi.

Yuqorida M.Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasi haqida yaxlit fikr aytish, oʻziga xos “keys”lar yaratishga urindik. Quyida esa ana shularning batafsil bayoniga kirishamiz.

Ustoz U.Normatov XX asr romanchiligi haqida fikr yuritarkan, “80-yillar oxirlariga kelib asr odamlari umri va faoliyatining bemaʼniligini oʻziga xos tarzda dadil va yaqqol aks ettiruvchi bir roman dunyo yuzini koʻrdi. Bu Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor”idir” [5. B. 393], deb aytadi. Albatta, bu oʻrinda olimning fikri biroz mubolagʻali, katta bir davr odamlari umri va faoliyatini bemaʼniga chiqarish esa oʻrinsiz qiyosdek koʻrinishi mumkin. Biroq M.Muhammad Doʻstning badiiy niyatidan, “Lolazor”da namoyon boʻlgan inson konsepsiyasi mohiyatidan kelib chiqsak, yuqoridagi qiyos aslo oʻrinsiz emas. Zotan, yozuvchi “Lolazor” romani orqali yolgʻon asosiga qurilgan davlat va jamiyatning yolgʻon turmush tarzi: fuqaroning taqdiri, faoliyati, orzu-istaklarini bor murakkabligi hamda fojiasi bilan koʻrsatishni maqsad qilgan.

“Lolazor” romanida koʻtarilgan muammo va inson konsepsiyasini toʻlaqonli anglash uchun kishida avvalo sobiq Ittifoq tuzumiga xos boʻlgan siyosiy madaniyat va siyosiy tafakkur haqida tasavvur boʻlishi lozim. Shu maʼnoda chexiyalik yirik siyosatchi Vatslav Havelning Shoʻrolar tuzumining butun mohiyatini ochib bergan “Kuchsizlar kuchi” asari “Lolazor” romanidagi inson konsepsiyasini tushunishda qoʻl keladi.

Vatslav Havel SSSR tuzumi “siyosiy byurokratiyaning nivelirlangan 1* jamiyat ustidan diktaturasi” sifatida xarakterlanishini aytadi va “diktatura” istilohida ijtimoiy maʼno – “maʼlum bir toʻda manfaatlari yoʻlida jamiyat aʼzolarini osonlik bilan manqurtlashtirish” [6. B. 8] nazarda tutilishini qayd etadi.

Maʼlumki, sobiq Ittifoq tipidagi siyosiy madaniyatlar jamiyatni uzoq yillar davomida mafkuralashtirish evaziga shakllanadi. Ayni damda, bu tipidagi siyosiy madaniyatlarda mafkura barqaror siyosatning poydevori hisoblanadi. Albatta, hududi jihatdan dunyoda birinchi oʻrinda turuvchi ulkan “imperiya” aholisini uzoq yillar davomida faqat zulm va total nazoratda boshqarib turish imkonsiz edi. Shu bois sovet hukmron elitasi siyosatning muhim quroli boʻlmish yolgʻondan samarali foydalanadi. Zero, “ijtimoiy va siyosiy kontekstda axborotni ongli ravishda buzish (yolgʻon) odamlarga taʼsir oʻtkazishning muhim omili, fenomenal muloqot shakli sanaladi” [7. B. 105]. Shu sababli ham yolgʻon hokimiyatni mustahkam tutib turish va siyosiy maqsadlarga erishish yoʻlida muhim qurolga aylantirilishi mumkin. Shoʻrolarning buyuk yolgʻoni esa ularning mafkurasi edi:

“Mafkura bu – tizim tashqi barqarorligining ustunlaridan biridir. Ayni paytda, bu ustun beqaror poydevor, yaʼni yolgʻonlar uzradir. Shuning uchun, mafkura – yolgʻonga rozi boʻlsangizgina sizni koʻtarib turadi” [6. B. 33].

Eʼtiborli jihati shuki, siyosiy mafkuralar har doim mohiyatan yolgʻon asosiga quriladi.

Shoʻrolar davridagi real hayot va “targʻibot”ning oʻzaro paradoksal munosabati ham shundan. Yaʼni “tizimdagi hayot ikkiyuzlamachilik va yolgʻon bilan qorishib ketgan boʻlib, bunda byurokratik hokimiyat – xalq hokimiyati deyiladi;

1 * nivelirlangan – “jamiyatdagi insonlarning oʻziga xos va farqli jihatlari yoʻq qilingan, qolipga solingan” – maʼnosida qoʻllanilgan.

ishchilar sinfi nomi bilan – ishchilar qul qilinadi; insonni total tahqirlash – inson erkinligi deb qaraladi” [6. B. 22].

“Lolazor” romanidagi ijtimoiy dardni his qilishimizda rus yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Aleksandr Soljenitsinning 1974 yilda yozilgan “Yolgʻonda yashamaslik” (“Жить не по лжи”) nomli essesi ham muhim ahamiyatga ega. Essening oʻziga xosligi shuki, u sobiq Ittifoqning yolgʻon siyosati bilan birga, davr ziyolilarining iztiroblarini ham butun mohiyati bilan ochib beradi: “...zoʻravonlik tez qariydi, bir necha yil oʻtadi – endi u oʻziga ishonmaydi, tutib turish, munosib koʻrinish uchun, albatta, ittifoqchilikka yolgʻonni chaqiradi. Zotan, zoʻravonlikni yolgʻondan boshqa hech vaqo yashira olmaydi, ayni damda, yolgʻonni faqat zoʻravonlikkina tutib tura olishi mumkin. Zoʻravonlik har kuni, har bir odamning yelkasiga ogʻir panjasini qoʻyavermaydi. Biroq u bizdan yolgʻonga boʻysunishni va har kuni unda ishtirok etishni talab qiladi. Sadoqatning mohiyati ayni shudir” [3]. Soljenitsin sobiq Ittifoqning ibtidoiy siyosati zoʻravonlikka, keyingi bosqichlarda esa zoʻravonlik va yolgʻon tandemiga asoslanganini aytmoqda.

Eʼtiborli jihati, bu yolgʻon siyosat shaxsdan nafaqat boʻysunishni, balki jarayonda “yolgʻonchi ishtirokchi” boʻlishni talab qiladi. Bizningcha, ayni shu omil Murod Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasini tushunishda muhim ochqich vazifasini oʻtaydi.

Oʻtgan asrning 70–80-yillar adabiyoti xususida soʻz yuritarkan, Mashhura Sheraliyeva shunday yozadi: “oʻzbek nasrining 70-yillar avlodi vakillari asarlaridagi eng muhim muammo insonning oʻz-oʻzini anglashi va oʻzligini namoyon etishi masalasi boʻlib qoldi” [4. B. 31].

Shu maʼnoda, M.Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasiga ham shaxsning oʻz-oʻzini anglash va oʻzini namoyon etish ehtiyoji nuqtai nazaridan qarash toʻgʻri boʻladi. Lekin total siyosat va yolgʻonlar asosiga qurilgan jamiyatda oʻzlikni anglash nimani bildiradi? Uning mazmun-mohiyati asli nimada? Va ayni sharoitda oʻzlikni namoyon etish imkonlimi? Biz mazkur savollarga ham javobni Soljenitsinning essesidan topamiz: “Shu vaziyatda bizning erkimizni taʼminlashi mumkin boʻlgan eng oddiy, eng kamtarona va imkonli vosita: yolgʻonda shaxsan ishtirok etmaslik! Mayli, yolgʻon hamma narsani qamrab olsin, mayli, yolgʻon barcha narsani egallab olsin, lekin siz eng kichik imkon bilan ayting: mayli egallab olsin, faqat men orqali emas!” [3] “Yolgʻonda yashamaslik” essesini oʻqib xulosa qilish mumkinki, Soljenitsin uchun sobiq Ittifoq muhitida oʻzlikni anglash, shu tuzumning yolgʻon ekanini anglash bilan yuzaga chiqadi. Bu kabi oʻzlikni anglash mavjud sharoitda shaxs imkoni doirasidagi juda joʻn, ayni damda kurashning samarali, yolgʻon tuzum uchun eng halokatli quroldir. Yaʼni jamiyatda yolgʻonda yashamaslikni ixtiyor etgan kishilar soni ortib borsa, yolgʻon tuzum oʻz-oʻzidan yemirila boshlaydi.

Endi, oʻzlikni namoyon etish masalasiga kelsak, bu qadam biroz murakkab va xatarli ekanini qayd etmoq zarur. Zotan, oʻzlikni namoyon etish zamirida yolgʻonda ishtirok etmaslikni baralla oshkor etish, isyon gʻoyasi turadi. Bu sobiq Ittifoq muhiti uchun nodir hol. Bunga jurʼat etganlar eng kamida ishdan olingan yoki qamalgan (Soljenitsin taqdiri yorqin misol).

“Lolazor” romanining markazida uch qahramon turadi. Bu uchovlonning roman mazmunida tutgan oʻrni va vazifasi, yozuvchining inson konsepsiyasidagi ahamiyatini tushunishda Saidqul Mardonning quyidagi tasnifi muhim rol oʻynaydi: “Oshno – Iskandari Zulqarnayn, Yaxshiboyev Iskandarning shoxini koʻrib ichiga singdirolmagan sartarosh, men esam – quduq, chuqur va zimiston quduq” [5. B. 329]. Oshno, Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardonlarning taqdiri, amoli, feʼli-huyidan kelib chiqsak, ularning birortasi ham bir vaqtda oʻzligini anglagan va oʻzligini namoyon etgan shaxslar emas. Aytmoqchi boʻlgan fikrimizni urgʻulash maqsadida quyida mazkur qahramonlar taqdirini teskari tartibda sharhlaymiz.

Saidqul Mardon yolgʻon jamiyatda ziyoli odam imkonidagi eng kichik maqom – “yolgʻonda yashamaslik”ni tanlaydi. Yaʼni isteʼdodli boʻla turib pana-pastqam joylarda yashashni va yolgʻonda ishtirok etmaslikni afzal biladi. Ayni damda, u oʻz taʼbiri bilan aytganda, “chuqur va zimiston quduq”. Jamiyat muammolarini anglasa-da oʻziga yutadi, tashqariga chiqarmaydi.

Borligi ham, yoʻqligi ham ahamiyatsiz. Boshqacha aytganda, oʻzligini anglaydi, biroq oʻzligini namoyon qilmaydi. Bu uning jurʼatsizligi, qoʻrquvidan. Shu oʻrinda adib Saidqul Mardon obrazi orqali mustabid tuzumning bosh quroli – qoʻrquvning odamlar shuurida naqadar chuqur tomir otganini koʻrsatib berganini ham qayd etish lozim. Uning fojiasi “quduq”ligi va shu sabab isteʼdodi hamda mavjudligini toʻla namoyon qila olmaganidir.

Yaxshiboyev kechroq boʻlsa-da oʻziligini anglagan odam. “Iskandarning shoxini koʻrib” qolishi – yolgʻonni anglashidan darak. Biroq oʻtmishdagi nopok ishlari, hatto qarigan vaqtida ham baʼzan ongli ravishda yolgʻonning faol ishtirokchisi boʻlib kelayotgani sabab maʼnan oʻzligini namoyon etishdan mahrum “sartarosh”.

Buni Yaxshiboyevning oʻzi ham yaxshi biladi va shu mahrumlik uning fojiasidir.

Oshno oʻzligini anglamaydi, turgan gapki, oʻzligini namoyon ham etmaydi. Bu borada uning jamiyatdagi boshqa odamlardan farqli, oʻziga xos maqomi ham bor. U nafaqat yolgʻonning faol ishtirokchisi, balki yaratuvchisi hamdir.

Eʼtiborlisi, u “yaratuvchi”likka shu qadar berilib ketganidan oʻzi toʻqigan yolgʻonga ongli ravishda oʻzi ishonadi. Romanda hukmron elitaga xos ayni shu jihat chuqur ruhiy-falsafiy koʻlamda ochib beriladiki, quyiroqda buni misollar bilan koʻrib chiqamiz.

Yuqoridagi uch qahramondan tashqari, yana bir muhim “qahramon” borki, usiz “Lolazor”dagi inson konsepsiyasini anglashning imkoni yoʻq. U barini zimdan kuzatib turgan, asarda na roviy, na muallif sifatida bevosita ishtirok etgan va voqelikka nisbatan kinoyaviy pozitsiyada turgan yozuvchi obrazidir. Yozuvchi oʻz romanidagi voqealarni aynan kinoyaviy uslubda tasvirlagani uchun ham badiiy voqelikning bilvosita ishtirokchisiga aylanadi. Yaʼni u yolgʻon jamiyatni yuqoridan turib kinoyaga olarkan, bu bilan yolgʻonda yashamayotganini, oʻzligini anglagani va shu asar misolida oʻzligini namoyon etayotganini “taʼkidlovchi” jamiyat aʼzosi. Va ayni shu “taʼkid” bilan Murod Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasi toʻlaqonli shakllanadi.

M.Sheraliyeva yozadi: “Nazar Yaxshiboyev ham M.Muhammad Doʻstni olamga nisbatan alohida nuqtayi nazar egasi sifatida qiziqtiradi, uning oʻz-oʻziga va atrofdagilarga nisbatan “maʼno beruvchi va baholovchi pozitsiyasi” romanda eng muhim badiiy funksiyani bajaradi”

[4. B. 168]. Darhaqiqat, Yaxshiboyev yozuvchi uchun olamni koʻrish va baholash vositasi, lekin, bizningcha, bosh maqsad emas. Yaʼni adib oʻzining inson konsepsiyasida tuzumning “yaratuvchilari” – hukmron elita, hokimiyatga xos tafakkurni anglashni pirovard maqsad qilib oladi. Yaxshiboyev esa bu jarayonda muhim qurol, qahramonning oʻz taʼbiri bilan aytganda Oshno uchun “ilova” xolos.

Nazar Yaxshiboyevning yoshlik davrlarini eslaylik. U kelishgan, aqli-xushi joyida, binoyidek qalami bor, qolaversa, urushdan koʻksi medallarga toʻlib qaytgan yigit. Ammo shuncha imkoniyati boʻla turib oʻzi istaganidek, vijdon amri bilan yashamadi, yashay olmadi. Bir umr Oshnoning soyasi boʻlib yurishga mahkum etildi. Yaxshiboyevning tanlagani “daxldorlik” boʻldi. U bu soʻzni GES quruvchisi nutqidan olgan edi: “Men, – deb soʻzladi oʻsha quruvchi kattakon yigʻinda, – asrimizning buyuk qurilishiga daxldor ekanimdan baxtiyorman” [8. B. 7].

Yaxshiboyev “daxldorlik”ni oʻzi ixtiyor qilmadi.

Oshno hali yurtning “kattasi” boʻlib ulgurmay, Yaxshiboyev uning izmidan chiqishga urindi.

Biroq Oshno bunga yoʻl qoʻymadi. Oliyani qamatdi, Sharifni ishga soldi, xullas, amalladi.

Yuqorida qayd etganimizdek, Shoʻro siyosiy tafakkuriga koʻra boshqaruv ierarxiya, byurokratiyaga asoslangan. Bunday vertikal tizimda unib-oʻsish, muayyan martabaga erishish uchun xodim oʻzidan yuqorida turuvchi rahbarga soʻzsiz itoat etishi lozim. Tabiiyki, tizim xodimdan nafaqat itoatni, balki qoʻrquv aralash sadoqatni ham talab qilgan. Bu “siyosat va qoʻrquv aralashgan nikoh”dan [8.

B. 428] oʻzga narsa emas. Xodim uchun esa “oʻsish”ning shu tizimdan oʻzga muqobili (deylik, xususiy sektorlar) boʻlmagan. Shunday ekan, “yuqori”ga intilgan va toʻkis hayot istagan har kim “daxldorlik”ni tanlashga majbur. Oʻz vaqtida Yaxshiboyev qarshisida ham shu ikki yoʻl: “daxldorlik”ni tanlab toʻkis yashash yoki isyon qilib gʻarib hayot kechirish tanlovi turardi. Tabiiyki, u birinchi yoʻlni tanlaydi va “oqimga tushib”, oʻzligini yoʻqotadi. Adabiyotshunos H.Karimov Yaxshiboyevning holatini “Oʻzining vijdoni buyurgan ishni bajara olmaydigan holatga tushib qolganidan nihoyatda alamzada. Bu alamzadalik Yaxshiboyevninggina emas, balki jamiyatning fojiasidir” [9. B. 294] deya taʼriflaydi.

Yaxshiboyev kech boʻlsa-da oʻzligini anglaydi. Bir umr yolgʻon siyosatning quli, yolgʻonning faol yaratuvchisi boʻlib kelganini tushunib yetadi.

Oshno kabi respublika, viloyat, tuman miqyosidagi rahbarlar, Qurbonoy, Toʻpori kabi “yulduzli” qahramonlar, Hotam Shoʻro, Muhsina xonim, Sharif, Chorshanbiyev kabi tipik obrazlar misolida millat fojiasining miqyosini koʻrsatib beradi.

Qayd etish lozimki, romanda hech bir qahramon Nazar Yaxshiboyevga oʻzlikni anglash darajasida teng kela olmaydi. U yolgʻon siyosatning koʻlamini hammadan koʻra kengroq his qiladi, eng katta rahbardan tortib, oddiy choʻpon taqdirigacha kirib boradi, ruhiy evrilishlarni kuzatadi, baholaydi, davr fojiasini butun murakkabliklari bilan koʻradi. Aslida, Murod Muhammad Doʻstni qiynagan muammo ham shu – davr ziyolisi, agar u juda ildamlab ketsa, fojiani faqat koʻra oladi, xolos, undan ortiq emas. Yaʼni yaxshiboyevlar oʻzligini toʻla anglasalar ham, oʻzligini namoyon (isyon) qila olmaydi. Zero, yolgʻon tizimli tuproqqa tomir otgan, har sohani total nazoratga olgan “qoʻrquv saltanati” bunga yoʻl qoʻymaydi. Sababi, undagi siyosiy tafakkur “oʻzaro siyosiy munosabatlarda keskin oʻzgarishlar boʻlmaydigan bir xil va siyqa siyosiy faoliyatni nazarda tutadi” [10. B. 69].

Demak, Nazar Yaxshiboyevning qismati maʼlum. Uni bir soʻz bilan “ilojsizlik” deb atash mumkin. U hayoti oxirlab, oʻtgan umrini sarhisob qilarkan, faqat roʻyoni koʻradi. Na turmushda, na ijodda va na mansabda yuk bosadigan biror xayrli ish qilganini bilmaydi. “Bulduruqda bogʻ qilolmadim. Armonki, qolgan hammasini bir tiyin qiladi: obroʻyimni ham, unvonimni ham, boringki, butun xonumonimni!” [8. B. 327] deydi u. Shu sababli u dunyoga kelib zigʻircha boʻlsa ham yolgʻon aralashmagan, qoʻl bilan ushlash mumkin boʻlgan rost ish qilishni koʻngliga tugadi. Oʻz qishlogʻida bogʻ yaratadi. Bu bogʻ Nazar Yaxshiboyev dunyoga kelib topgan yagona haqiqati, birdan bir yupanchi edi.

Adabiyotshunos R.Qoʻchqor “Lolazor” romani haqida “Bunda biror ijtimoiy tip nigohi orqali uning oʻzi yaratishda qatnashgan va oxir-oqibat oʻzi qul boʻlgan muhitning mohiyati tahlil qilinadi”

[5. B. 69] deya asarning muhim gʻoyasiga eʼtibor qaratadi. Chindan ham romanda tasvirlangan paradoksal ijtimoiy muhit uning faol aʼzolari – hokimiyat vakillari tomonidan yaratiladi. Unda yolgʻon – siyosiy madaniyatning ajralmas uzvi, aytish mumkinki, davlatchilikning asoslaridan biri. Yaʼni davlatchilik aholini mafkuralashtirish evaziga qurilarkan, shu mafkura propagandasining oʻzi yolgʻonga asoslanadi.

Yolgʻon ijtimoiy-siyosiy muhitda shu qadar keng quloch yozganki, kishilar uning mavjudligiga tabiiy holdek qarashga oʻrgangan. Matbuot, televidenie yoki radio “musaffo osmon”, “farovon hayot”, “yorqin kelajak” haqida bong urishi va bularning birortasi real ijtimoiy vaziyatga mos kelmasligi mumkin. Lekin ish berishi aniq. Zotan, propaganda shunday qurolki, u sekin-asta “farovon hayot” haqida illyuziya yaratishi va odamlarni osongina manipulyatsiya qilishi mumkin.

Shoʻro hukumati propagandaning ayni shu qudratidan samarali foydalanadi. Qizigʻi shundaki, bu yolgʻonga avvalo uning yaratuvchilari ishonadi. M.Muhammad Doʻst mazkur fenomenal hodisaga alohida eʼtibor qaratadi va uni anglashga intiladi. Shu sababli Oshnoning hali begʻubor, sofdil yigitlik chogʻlaridan tortib, mansab zinalaridan birma-bir koʻtarilishi, unda siyosiy madaniyatning shakllanishi hamda ruhiyatidagi evrilishlarni muayyan tadrijiylikda tasvirlaydi. “Agar taʼrif joiz boʻlsa, – yozadi Shuhrat Rizayev, – men romanni shaxsning yemirilishi haqidagi muayyan bir davr voqealari bilan bezalgan badiiy tadqiqot deb taʼriflagan boʻlardim”

[5. B. 70]. Olimning fikrlariga qoʻshimcha qilib aytish mumkinki, bu “badiiy tadqiqot”ning bosh obyekti Oshnodir.

Adib shaxsga sigʻinish, bir kishi irodasini mutlaqlashtirish, maddohlik, mansabparastlik, unvonparastlik, poraxoʻrlik, qoʻrqoqlik kabi illatlarning siyosiy elita ruhiyatida evolyutsion shakllanishi va bu jarayonga taʼsir etuvchi ruhiy-ijtimoiy omillarni birma-bir koʻrsatishni niyat qiladi. Oshnodek aqli, zukko, begona joyda “boshqa mazhab-ku” deya goʻsht yeyishdan tiyiladigan, haromdan qattiq hazar qiladigan odamning butunlay boshqa, yigʻlasa ham “jilmayibroq yigʻlaydigan” yuzsiz kimsaga aylanish jarayonini tasvirlaydi. Eng muhimi, yozuvchi sanalgan illatlarning siyosiy qarorlarga qanday taʼsir etishini ikir-chikirlari bilan, ishonarli tarzda tasvirlab beradi.

Yaxshiboyev doʻstining “siyosiy hushyor” boʻlib qolganini hali u Kattaqoʻrgʻon miqyosidagi yuqori lavozimlarga oʻtirgan vaqtda payqaydi. Oʻshanda Oshno hatto yolgʻiz chogʻlarida ham doʻstiga “Nazar”, “joʻra” deb emas, “Nazar Yaxshiboyevich” deb murojaat qiladigan, sizlab gapiradigan boʻlib qolgandi. Keyinchalik, Oshno yanada kattaroq lavozimlarga koʻtarilganda Yaxshiboyev ilk bor “tilini tishlagan”, “siyosiy hushyorlik”ni yoʻqotgan voqea sodir boʻldi. U bilmasdan Oshnoga haqiqatni aytib qoʻyadi. Chunki u hali Oshnoning haqiqatdan koʻra yolgʻonga moyil boʻlib qolganini bilmasdi. Oʻshanda Yaxshiboyev doʻstiga Hotam Shoʻroning halolligi, fidoyiligi haqida soʻzlab, “Men kolxozchidan bir chaqa pora olmadim” degan gaplarini aytib beradi va oʻzidan ilova qiladiki “kolxoz rayonga pora bermasa, rayon oblastga pora bermasa, oblast respublikaga pora bermasa, respublika Maskovga pora bermasa... qanday soz boʻlardi-ya!” [8. B. 345] Yaxshiboyev bularni samimiyatdan, azbaroyi xayr istab aytgani rost.

Biroq shu rostlik Oshnoga yoqmaydi, “Xoʻsh, oʻrtoq Yaxshiboyev, deb soʻraydi salmoq bilan, siz qayerda bizning sistemadan yaxshiroq sistemani koʻrdingiz; hamma teng huquqli; hamma barobar mehnat qiladi; mehnatiga yarasha haq oladi; oʻqish bepul; meditsina bepul; dam olgani borsangiz profsoyuz yoʻllanma beradi; bu gaplar esa – gʻirt koʻcha gaplar, xoʻsh, ayting-chi, qaysi kolxoz rayonga pora beribdi, qaysi rayon oblastga pora beribdi, oblast-chi?

<...> Moskvaga tuhmat qilishga qanday haddingiz sigʻdi?” [8. B. 345] Gap shundaki, totalitar tuzum uchun yolgʻonga “moyillik” ayni tabiiy va qonuniy jarayon. “Hokimiyat, – yozadi V.Havel, – oʻz yolgʻonlari asiri boʻlganligi uchun soxtakorlikka ehtiyoj sezadi. Oʻtmishni, bugunni, kelajakni va statistikani qalbakilashtiradi” [6. B. 23].

Romanda Oshnoning haqiqatdan koʻra yolgʻon siyosatga moyilligi Xotam Shoʻro va Qurbonoy obrazlarining oʻzaro qiyosida chiroyli ochib beriladi. Yozuvchi Hotam Shoʻro misolida halollik, rostgoʻylik, fidokorlik timsolini yaratishga, oʻz davrining haqiqiy qahramonini koʻrsatishga urinadi. Ayni damda, undaylar haqiqat tarafida turgani uchun ham hayotda roʻshnolik koʻrmasligini urgʻulaydi. Hotam Shoʻro oʻzi vasiylik qilgan hamqishloqlari yurtning katta rahbari boʻlsa-da, qishlogʻiga bir tegirmon suv olib kela olmasligidan kuyinadi. Qurbonoy esa mohiyati bilan soxta qahramon. Bir nafasda “men bir oddiy dehqonning qizi” deyishga oʻrgatilgan, asli holvafurushning qizi. “Qurbonoy qizingizning tarjimai holida ayrim nuqsonlar bor, masalan, uning yaqin oʻtmishda pistafurush-savdogar boʻlgani – borib turgan qusur, lekin biz uchun uning tuzalgani muhim emasmi, oʻrtoq Yaxshiboyev” [8. B. 347] deydi Oshno.

Eʼtibor qilinsa, Oshno “yolgʻon joyi” demayapti, balki “tuzatilgani” deyapti. Zero, Oshno uchun bu yolgʻon emas, aksincha, mafkuraga xizmat qiluvchi oliy haqiqat.

Vaqti kelib Oshno yolgʻonni yaratishga shu qadar berilib ketadiki, endi u oʻzi toʻqigan yolgʻonlarga sidqidildan ishona boshlaydi. Hatto shu darajaga boradiki, burnining ostini koʻrmay qoladi. Romanda bu holat oʻtkir kinoyaga olinadi: “... minbarda Oshno, hayʼatda – Yaxshiboyev, doxillik mayidan mast boʻlgan mahalliy faollar <...> Yigʻilganlarning ayrimlari istehzo bilan kulganini Oshno koʻrmaydi. Yaxshiboyev koʻradi, lekin sirtiga chiqarmaydi” [8. B. 324].

Oshno obod maskanda, anvoyi gullar, yashil daraxtlar qurshovida joʻshib nutq soʻzlarkan, bu uning kelishi oldidan tayyorlangan “vaqtinchalik dekoratsiya” ekanini bilmaydi. Yerdagi yorqin lolalar aslida tuvakdagi gul ekanini, u ketgandan soʻng yigʻib olinishini va yana keyingi manzilga ekilishini, minbar ortida yashnab turgan teraklar esa qayerdandir kesib kelib shunchaki qadab qoʻyilganini sezmaydi, chippa-chin ishonadi.

Shu sababli ham Yaxshiboyev bu qishloqqa suv kerak deganda, “Bulduruqning suvi oʻziga yetarli, nahotki yashnab turgan teraklarni koʻrmagan boʻlsangiz!?” [8. B. 452] deya jahl qiladi.

Oshnoning yolgʻonda yashashi yurtga juda qimmatga tushdi. U gʻoʻzashunos Aleksandr Shoymardonov bilan til biriktirib yurtni “obod” qilmoqni, hamma joyni paxtazorga aylantirmoqni niyat qiladi. Natijada, yurtda ekologik, epidemiologik talafotlar boshlanadi. Yaxshiboyev joʻrasining bu holiga shunday taʼrif beradi: “... ikki koʻzing ham ochigʻ-u, hech baloni koʻrmaysan. Soʻqirlik yomon, loaqal oʻzingni sal chekkaroqdan turib kurolmasang yomon!” [8. B. 452] Yozuvchi tobora “kolxoz”lashib borayotgan yurt kelajagidan qaygʻuradi. U xalqi boshiga kelgan qullik qismati, bogʻlari buzilib, oʻrniga paxta ekilishi, daryolarning boʻgʻilishi, dengizning qurishi, odamlarning ham maʼnan, ham jismonan mayib-majruh boʻlishi – bari-bariga yurtning kattalari, ularning ish tutumini belgilovchi siyosiy madaniyat sababchi demoqchi boʻladi. Zotan, yurtda shakllangan siyosiy tafakkurga koʻra islohotlar xalq uchun, barchasi inson uchun emas, balki bir hovuch mansabdorning manfaati uchun, “ochko” uchun amalga oshirilishini roʻy-rost koʻrsatishga urinadi.

Xoʻsh, Oshno qanday qilib bu ahvolga tushib qoldi? Albatta, u oʻzi istab yolgʻon hayotni tanladi deb atash qiyin. Chunki Yaxshiboyev Oshnodan qoʻrqib hamda nafsiga quloq tutib yolgʻon hayotga koʻnganidek, Oshnoning tepasida ham “nado!” deb turguvchi Katta Paxtakor bor. Katta Paxtakorning tepasida yana bittasi... Hammadan tepada esa asliyati yolgʻon boʻlgan mafkura turadi.

M.Muhammad Doʻst oʻzining inson konsepsiyasi markaziga “yolgʻonda yashayotgan” shaxslarni qoʻyarkan, ularning taqdiri, oʻy-xayollari, ruhiy evrilishlarini Shoʻro tuzumi tabiatidan kelib chiqib tasvirlaydi. Xulosa qiladiki, yolgʻon gʻoya asosiga qurilgan jamiyatda odamning toʻgʻri boʻlishi deyarli imkonsiz. Balki ayrimlar goʻyo “toʻgʻri” yashagandek, lekin bu ham aslida yolgʻonning mezonlariga koʻra “toʻgʻri”, romanda buning ochib berilishi esa, albatta, adibning mutafakkirona kashfiyotidir.

“Lolazor” – milliy adabiyotimizda hokimiyatni anglashni, hukmron elitaga xos murakkab ruhiy tovlanishlarni koʻrsatishni maqsad qilgan nodir asar. Shu maʼnoda oʻlmas asar, oʻlmaski, “har kishining oʻz zamoni va oʻz Oshnosi bor” [8.

B. 551]. Mutafakkir adib SSSR parchalangani bilan unga xos siyosiy tafakkur yangi hokimiyat vorislariga oʻtishini, asr boshlarida kommunizm otalari yaratib ketgan total, yolgʻon siyosat, xuddi, estafeta tayoqchasidek, “avtokratiya”, “demokratiya” kabi otlar bilan hali uzoq yillar yashashini sezganmi, eldoshu tildosh ukalarim “oʻzga avlod odamlarining ahvolini tushunsa, oʻshalarning hayotini oʻz umriga juda qisqa bir muddat payvand qilsa, soʻng oʻylasa, koʻp va xoʻp oʻylasa! Qiynalib, azoblanib, kulib, yigʻlab oʻylasa-da, minbaʼd oʻzlari oʻsha yoʻriqqa tushmasa!” [8. B. 551] deb niyat qiladi.

Qayd etish lozimki, Murod Muhammad Doʻst oʻzining inson konsepsiyasini davr va oʻzlikni anglashdek ulkan ehtiyoj pishib yetilganda, favqulodda katta mahorat bilan yaratdi. Keyingi davrlarda “Lolazor” kabi siyosiy tuzum va hukmron elitani anglashga qaratilgan romanlar yozilmadi. Sababi ehtiyoj boʻlmadi, aniqrogʻi, mavjud ehtiyojlar uchun “Lolazor” kifoya qiladi. Zotan, biz roman badiiy voqeligida

Saʼdullo Quronov