← Sa'dullo Quronov
|

Ulugʻbek Hamdamning muvozanat konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2023 · Ilmiy xabarnoma. Gumanitar tadqiqotlar, 2023, № 3 (71)

Maqolada U.Hamdamning “Muvozanat” romani inson konsepsiyasi kategoriyasi asosida tahlilga tortilgan. Adibning oʻtish davri voqealarini romaniy kontekstda taftish etgani, kapitalizm fuqarosining falsafiy, iqtisodiy, ijtimoiy omillarini tizimlashtirib, yangi inson konsepsiyasini yaratgani asoslangan. “Muvozanat” milliy adabiyotimizda ilk bor ekonomik odam (Homo Economicus) siymosini konseptual ravishda ifodalagan asar sifatida baholangan va bu Adam Smitning iqtisodiy-falsafiy qarashlari bilan dalillangan.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, romaniy tafakkur, oʻzbek romanlari, ekonomik odam, ijtimoiy odam, oʻtish davri.

1991-yil Oʻzbekiston Respublikasi oʻz mustaqilligini eʼlon qildi. Yetmish yildan ortiq davom etgan sovet mustamlakachiligidan soʻng xalqimiz nafaqat siyosiy-iqtisodiy jihatdan, balki tom maʼnoda ruhiy-maʼnaviy jihatdan ham erkinlikka erishdi. Albatta, mustaqillik – buyuk neʼmat. Unga erishish yoʻlida minglab yurt farzandlari jon berdi. Biroq mustaqil boʻlib davomli yashash mustaqillikka erishishdan koʻra ham qiyinroq, murakkabroq jarayondir. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston mustaqilligining ilk yillari xalqimizga iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-ruhiy jihatdan oson boʻlmagani tayin.

Bir tarafdan, uzoq yillar davomida asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va sanoat xom ashyosi yetkazib berishga ixtisoslashgan davlat iqtisodiyoti deyarli bankrot holatiga yetib, ishsizlik va yoʻqchilikni olib kelgan boʻlsa, ikkinchi tarafdan, yagona mafkura atrofida birlashib, shu mafkurani oʻz eʼtiqodi darajasiga koʻtargan, biroq bu “eʼtiqod”ning yolgʻon ekanini anglab yetgan jamiyat maʼnaviy jihatdan kuchli falajlandi. Mazkur “falajlik”ka professor Ozod Sharafiddinov shunday izoh beradi: “...maʼnaviy suyanchigʻi barbod boʻlgan, ixlos bilan ishongan ideallari sarob boʻlib chiqqan salkam 20 million odam! Hayot yoʻlining yarmidan koʻpini oʻtib qoʻygach, birdan oʻtgan umri behuda ketganini anglab qolgan, dunyoni poklashdek oliy niyatga xizmat qilyapman deb oʻylagan, aslida esa buning oʻrniga oʻzi butkul kirlanib bitgan 20 million inson. Insoniyat tarixida hali hech qachon bunaqa katta falokat, bunchalik hududsiz fojia roʻy bergan emas edi va ehtimolki, bundan keyin hech qachon roʻy bermas ham” [1. B. 53].

Ustoz adabiyotshunosning sobiq sovet xalqlari istiqlolga erishgan ilk yillardagi maʼnaviyruhiy evrilishlarga insoniyat tarixidagi “hududsiz fojia” deb taʼrif berishi bejiz emas, albatta.

Zero, sovet ittifoqi suyanib kelgan kommunistik mafkura shunchaki shior emas, balki bu hududda yashovchi qariyb 300 million odamning olamni bilish vositasi edi. Yaʼni kommunistik mafkura insonning yashash tarzi, orzu-istaklari, moddiy ehtiyojlari, ideal va maqsadlarini belgilab beruvchi hayotiy dastur, konsepsiya boʻlgan.

Mustaqillik eʼlon qilinganidan soʻng Sovet ittifoqining boshqa xalqlari qatori oʻzbek jamiyati ham mazkur hayotiy dasturni nafaqat yoʻqotdi, balki uning puch, yolgʻon ekanini anglab yetdi.

Endi jamiyatimiz sotsializmning butunlay ziddi boʻlgan kapitalizm qonuniyatlari asosida hayot kechirishi, shunga mos ravishda orzu-istaklari, ideal va maqsadlarini qaytadan belgilab olishi zarur edi. Ayni shu murakkab jarayon Oʻzbekistonning yangi tarixida oʻtish davri nomi bilan muhrlanib qoldi.

Shu oʻrinda muhim bir masalaga oydinlik kiritib olishga ehtiyoj sezamiz. Maʼlumki, hozirda biz oʻtish davri deb atayotgan qariyb oʻn yillik davr oraligʻida milliy adabiyotimizda koʻplab romanlar yaratildi. Biroq ularning hammasiga ham oʻtish davri adabiyoti namunasi sifatida qaray olmaymiz. Professor Yoʻldosh Solijonov oʻtish davri adabiyoti haqida soʻz yuritarkan, shunday yozadi: “Bozor munosabatlari oʻzoʻzidan insonning jamiyat, oila, jamoa, oʻzga yurt va odamlar oʻrtasidagi ziddiyat hamda aloqalar silsilasini ham yuzaga chiqaradi. Bunday vaziyatda turmushini oʻnglash uchun urinayotgan shaxs manfaati bilan yangilanishga yuz tutayotgan jamiyat va siyosat manfaatlari oʻrtasida oʻzaro toʻqnashuvlar vujudga keladi” [2. B.

147]. Bizningcha, olim nazarda tutgan yangi tuzumga moslashishga urinayotgan shaxs va jamiyat oʻrtasidagi ziddiyatlar ifodasi oʻtish davri adabiyotini belgilovchi eng muhim xususiyatdir. Lekin mustaqillikning dastlabki oʻn yilligida yozilgan barcha romanlarda ham jamiyatda bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga oʻtish vaqtidagi ijtimoiy-ruhiy, madaniy evrilishlar keng miqyosda tasvirlanmagan. Aniqrogʻi, oʻtish davriga xos voqea-hodisalar va ularning jamiyatga, xususan, muayyan individga taʼsirini yoritish barcha romannavislarning ham badiiy-gʻoyaviy maqsadiga aylanmagan. Shu maʼnoda oʻtish davri romanlari deganda bu davrda yozilgan barcha romanlarni emas, balki shu davrga xos ijtimoiy kayfiyati ifodalagan, yangi tuzum va shaxs oʻrtasidagi ziddiyatlar tasvirini oʻz badiiy maqsadiga aylantirgan romanlarni tushunishimiz maqsadga muvofiq. Boshqacha aytganda, oʻtish davri deb ataluvchi tarixiy bosqich va oʻtish davri adabiyoti deb ataluvchi madaniy bosqichni oʻzaro farqlashimiz zarur.

Adabiyotning markazida inson turadi. Shu nuqtayi nazardan qarasak, Shoʻro adabiyoti va Istiqlol adabiyotini farqlovchi eng muhim omil ham shaxs talqinida, insonning badiiy konsepsiyasida koʻrinadi. “XX asr yangi oʻzbek adabiyoti shaxs talqini bobida alohida bosqichni tashkil etadi, – deb yozadi Umarali Normatov.

– Muayyan sabablarga koʻra, asr adabiyotida shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida koʻrsatish ustuvorlik qildi” [3. B. 3]. Olim nazarda tugan “ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida”gi shaxs ijtimoiy odam (Homo sociologicus)dir. Istiqlol esa ijodkor chekiga yangi davrni anglash, kapitalistik jamiyatda shaxs maqomi, uning axloqi, ideal va maqsadlarini belgilash, bir soʻz bilan aytganda, yangi inson konsepsiyasini yaratish vazifasini yukladi. Buni teran his qilgan ijodkorlar qator asarlar yaratdilar. Ularning eng yorqin namunalari sifatida Shukur Xolmirzayevning “Dinozavr”, Xurshid Doʻstmuhammadning “Bozor” hamda Ulugʻbek Hamdamning “Muvozanat” romanlarini koʻrsatish mumkin. Bu asarlar oʻtish davrini romaniy kontekstda taftish etgani, bozor munosabatlariga qadam qoʻygan jamiyatning koʻp tarmoqli badiiy modelini yaratib, olam va odam munosabatlari haqida yaxlit badiiy konsepsiya taqdim etgani bilan qimmatlidir. Qolaversa, biz mazkur asarlarda ilk bor ijtimoiy odamning ziddi boʻlgan ekonomik odam (Homo Economicus) bilan tanishamiz.

Ekonomik inson [4. B. 130] kategoriyasi kapitalizmning, umuman, iqtisodiyotning falsafiy asosi hisoblanadi. XVIII asrda yashagan gʻarb faylasuflari A.Fergyuson, F.Xatcheson va D.Yumga koʻra, insoniyatning moddiy munosabatlari uning egoizmi asosiga quriladi [5. B. 127].

Yaʼni har bir individ oʻzining shaxsiy ehtiyojlari, manfaatidan kelib chiqibgina harakatlanadi va doim maksimal darajadagi foydani koʻzlaydi.

Ayni damda, inson tabiatiga xos mazkur omil jamiyatni boshboshdoqlikka emas, balki, aksincha, ijtimoiy muvozanatga, adolatga yetaklaydi. Zero, qandolatchining oʻz mahsulotini sifatli tayyorlashi azbaroyi odamlarni oʻylaganidan emas, balki ularning ishonchini qozonib koʻproq foyda koʻrish istagidandir.

Keyinroq zamonaviy iqtisod nazariyasi otalaridan biri hisoblanuvchi shotlandiyalik iqtisodchi va faylasuf Adam Smit ekonomik odam kategoriyasining nazariy asoslarini yaratdi. Unga koʻra, inson faqatgina oʻz manfaatini koʻzlab harakatlanadi va bu jarayon har doim ham anglangan tarzda kechmaydi. Yaʼni “koʻrinmas qoʻl” insonni hatto u maqsad qilmagan neʼmatlar tomon ham yetaklaydi, bu yoʻlda u jamiyat manfaatlari uchun anglangan, maqsadli harakatlaridan-da koʻproq foyda keltiradi [6.

B. 332]. Demak, biz ekonomik inson deganda oʻz nafsining quli, pul uchun hamma narsaga tayyor odamnigina tushunishimiz xato boʻladi.

Ekonomik odam ham oʻz mohiyati bilan ijtimoiy odamdir. Faqat u insonning shaxsiy manfaatlarini koʻproq himoya qilib, ijtimoiy tenglikka manfaat orqali yetib borishni koʻzlaydigan nazariyadir. Shu jihatdan, ekonomik odam tushunchasi ijtimoiy odam (Homo sociologicus)ga qarama-qarshi qoʻyiladi. Yaʼni ijtimoiy odam maksimal darajada faqat oʻz manfaatini emas, balki ongli ravishda umummanfaatini koʻzlaydi. Biroq kapitalizmning “otalari” odam oʻzi anglagan holda maksimal darajada umummanfaatini koʻzlab yashashi mumkin emasligini taʼkidlaydilar. Kapitalizmning poydevori esa ayni shu haqiqat – insonga xos ehtiyojlar asosiga quriladi, deb hisoblaydilar. Umuman, sotsializm va kapitalizmning oʻzaro farqi ham shu nuqtada ravshan koʻrinadi.

Biz yuqorida qayd etganimiz “Dinozavr”, “Muvozanat”, “Bozor” kabi romanlarning oʻziga xosligi shundaki, ularda asli ijtimoiy odam boʻlgan bosh qahramonning voqealar rivojida asta-sekin ekonomik odamga evrilishiga guvoh boʻlamiz. Bu romanlarning butun maʼno-mazmuni, voqea-hodisalarning zanjir kabi tizilishi mana shu evrilishning tasviri, ifodasi uchun boʻysundirilgan. Quyida mazkur qarashlarimizni Ulugʻbek Hamdamning “Muvozanat” romani misolida asoslashga harakat qilamiz.

“Muvozanat” – soʻzsiz oʻtish davrining eng yorqin romanlaridan biri. Oʻz davrida qoʻlmaqoʻl boʻlib oʻqilgan, adabiy davralarda keskin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan mazkur asar oʻtish davrini butun murakkabliklari bilan qamrab olgani bilan qadrlanadi. Xususan, Pirimqul Qodirov oʻz davrida “Muvozanat”ga soʻnggi oʻn yilliklarda yaratilgan eng yaxshi romanlardan biri [7. B. 4], deya baho bergan boʻlsa, Matyoqub Qoʻshjonov uning shiddat bilan yozilganini eʼtirof etadi [8. B. 3]. Ozod Sharafiddinov mazkur roman misolida realizmning hali ochilmagan imkoniyatlari koʻp ekaniga amin boʻlganini taʼkidlagan [9. B. 3].

Professor Dilmurod Quronov “Muvozanat” haqida soʻz yuritar ekan, “Kechirib turilgan kun haqida roman yozish oson emas: hodisaning estetik obyektga aylanishi uchun undan uzilish taqozo etiladi. Yuz berib turgan hodisotlar ichida boʻlgani holda ularni badiiy mushohada etish gʻoyat mushkul” [10. B. 5], deydi. Darhaqiqat, Ulugʻbek Hamdam badiiy ijodning murakkab yoʻlini tanlaydi. U hali yakunlanmagan, boʻlib turgan voqea-hodisalarning hissiy taʼsiri arib ulgurmagan kezlarda roman yozishga kirishadi.

Biroq, nazarimizda, ayni shu omil romanning muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Asarda biror satr, jumla yoʻqki, oʻquvchi unda yozuvchini, u boshidan kechirayotgan ijtimoiy dardni his qilmasa.

“Muvozanat” romanining yana bir oʻziga xosligi shundaki, unda katta bir davr, jamiyat hayoti yaxlit badiiy modelga jo etilgan. Oʻquvchi asar mutolaasiga kirisharkan, mazkur badiiy model vositasida oʻtish davri manzaralari:

ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy vaziyat, turli tabaqa, soha vakillarining kechmishi, yoshu qari, qishlogʻu shahar aholisining hayot tarzidan boxabar boʻladi. Ayni shu jihatni hisobga olgan D.Quronov “Muvozanat”ni “…milliy tariximizdagi burilish pallalarini, hayoti shunday pallalarga toʻgʻri kelgan insonlar ruhiyatidagi evrilishlarni keng epik koʻlamda aks ettirolgan “Oʻtgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Lolazor” singari barmoq bilan sanarli romanlar qatordan joy oldi” [11. B.

14], deya eʼtirof etadi.

Akademik M.Qoʻshjonovning “Roman syujetini asosan uchta qahramon sarguzashtlari tashkil qiladi. Uchalasi ham bugungi zamon qahramonlari. Biroq uchta qahramon – uchta hayot yoʻli. Mana shu uchta hayot yoʻlining birligi romanda aks etgan voqelikning qay darajada dolzarb ekanini koʻrsatib turibdi” [8. B. 3], deya asar markaziy qahramonlarini tasniflaydi.

Ammo bu oʻrinda hurmatli ustozning mazkur tasnifiga qoʻshila olmaymiz. Toʻgʻri, asar syujetidan kelib chiqsak, “Muvozanat” romani asosan uch qahramon: tarixchi olim Yusuf, amaldor Said, tadbirkor Mirazimlarning koʻrgan-kechirganlari asosiga qurilgandek. Biroq muammoga U.Hamdamning inson konsepsiyasi nuqtayi nazaridan qarasak, Yusufning akasi Amirning badiiy-gʻoyaviy ahamiyati yuqorida sanalgan qahramonlardan aslo kam emasligi oydinlashadi. Bu jihatdan professor Umarali Normatov “Romandagi eng yorqin, konseptual personajlardan biri shu Amir obrazidir, Amir yosh yozuvchining chindan-da badiiy yutugʻidir” [3. B.

3], deb yozganida toʻla haqli edi. Zero, 90-yillar avvalida hukumat taqdim etgan diniy erkinlik va jamiyatdagi diniy ilmsizlikning oʻzaro qovushmasligi oqibatida ayrim dindorlarda eʼtiqodiy, ruhiy, ijtimoiy muvozanatning buzilishi kuzatildi.

Yaʼni Amir – 90-yillar jamiyatiga xos katta bir guruhning tipik vakili. Shunday ekan, u romanning markaziy qahramonlaridan biridir. Boshqa tarafdan, professor Yoʻldosh Solijonovning “Romandagi har bir obrazning oʻz oʻrni, oʻz taqdiri, oʻz “men”i bor. Muhimi, “oʻyindan tashqari” holatda bironta ham personajni uchratmaysiz”

[12. B. 3], degan xulosasi har jihatdan asosliroq koʻrinadi. Sababi romanda hatto ikkinchi plandagi qahramonlarga ham (masalan, Gulshoda, Zahro) yozuvchi oʻz badiiy konsepsiyasidan kelib chiqib muhim ijtimoiy-ruhiy, falsafiy gʻoya yukini beradiki, ularsiz asarning badiiy mukammalligini tasavvur etib boʻlmaydi.

U.Hamdam oʻzining olam va odam haqidagi badiiy konsepsiyasini toʻrtta markaziy qahramon asosiga qurar ekan, romanda ularni oʻzaro qarama-qarshi qoʻyadi. Yaʼni mazkur qahramonlarning xarakteri, dunyoqarashi, hayotiy maqsadlari bir-biridan keskin farq qiladi. Ayni vaqtda, ularning bari hayotiy-ruhiy muvozanatni yoʻqotgani bilan umumiylikni kasb etadi. Asar esa mana shu buzilgan muvozanatni izlash yoʻllarini, bu yoʻlda qahramonlar ruhiyatida kechgan evrilishlar va xulosalarni koʻrsatishni maqsad qiladi. Undagi inson konsepsiyasiga olam va odam munosabatlaridagi muvozanat asos qilib olinadi. “Asar bilan tanishib, – yozadi M.Qoʻshjonov, – shunday xulosaga kelasiz:

butun olam muvozanat qonuni asosida turgan boʻlsa, jamiyat ham, uning asosini tashkil qilgan insonlar ham ayni muvozanat tufayli barqarordir. Muvozanat buzilgan zahoti hayotda, demak, uning aʼzolari orasida har xil kutilmagan oʻzgarishlar, hatto izdan chiqishlar boshlanadi”

[8. B. 4].

Professor Umarali Normatov roman bosh qahramoni Yusufni “romanchiligimizda oʻtish davri deb atalgan murakkab tarixiy jarayonning qahramoni” [13. B. 120], deganda topib aytgan.

Chunki biz Yusuf siymosida oʻtish davrining suronli sharoitida oʻzligini yoʻqotmay, oqu qorani anglab bozor munosabatlariga moslasha olgan ziyoli shaxsni koʻramiz.

Yusuf romanning bosh qahramoni oʻlaroq moddiy, maʼnaviy, ijtimoiy muvozanatsizlikning barcha alomatlarini oʻzida mujassam etadi.

Agar Saidda hokimiyat va ruhiyat, Mirazimda moddiyat va maʼnaviyat, Amirda eʼtiqod va amal oʻrtasidagi muvozanatsizlikka urgʻu berilgan boʻlsa, Yusuf shularning barini umumlashtirib, yozuvchining inson konsepsiyasini yaratishdagi bosh laboratoriyaga aylanadi. Boshqacha aytganda, Ulugʻbek Hamdam roman markazidagi toʻrt qahramonga insoniyatga xos toʻrt muhim omil – maʼrifat, pul, hokimiyat va dinni taqsimlab berarkan, aslida, bularning bari bir individda muvozanatli yoʻsinda mujassam boʻlishini orzu qiladi. Shuning uchun ham voqealar rivojida Yusufning inson, jamiyat, davlat haqidagi qarashlari teranlashib, oʻzi uchun muhim xulosalar chiqarganiga guvoh boʻlamiz.

Asar avvalida Yusuf sof ijtimoiy shaxs edi.

U hayotini ilmga bagʻishlagan. Hayotiy maqsad, orzu-istaklarini ilm-fan vositasida qondirishni koʻzlagan. Yusuf pul va hokimiyat lazzatini bilsa-da, uni koʻproq turkiy xalqlar tarixini oʻrganish, haqiqiy tarixni kitob sahifalariga muhrlash tashvishi bezovta qilardi. U bularni “bir tuzumdan ikkinchi tuzumga oʻtish jarayonini boshidan kechirayotgan millatning ertangi holiga taʼsir etadi deb tushunar va bu vazifani qolgan barcha dolzarb ishlardan-da muhimroq hisoblardi” [14. B. 60]. Lekin “bozor munosabatlari bu odamni chirpirak qilib uchiradi” [9. B. 3]. Endi u barini qayta mushohada qilishga, olam va odam haqidagi qarashlarini yangi zamon talablari asosida qayta baholashga majbur boʻladi.

Yozuvchi roman avvalida qahramonlari xarakteriga bergan ilk chizgilardayoq ular oʻrtasidagi ziddiyatni yaqqol koʻrsatishga urinadi.

Shahardan qishloqqa, ota uyiga kelgan Yusuf akasi Amir bilan suhbat qurar ekan, u bilan diniy-eʼtiqodiy masalada murosa qila olmaydi.

Amir Yusufdan soʻraydi:

– Namoz oʻqimay qoʻyibsan deb eshitdim.

Shu rostmi?

– Musulmonchilikda birlamchi nima, aka? – savolga savol ila javob qaytardi Yusuf.

– Iymon.

– Nega unda sizning birinchi savolingiz iymon haqida emas?” [14. B. 55].

Yusufning akasi bilan bahsi imon va amal haqida. Amir imon amal (ibodat) bilan birga boʻlishi shart ekanini aytsa, Yusuf musulmon uchun eng avvalo namoz emas, qalbdagi poklik muhim ekanini taʼkidlaydi: “…odamlar oʻz amallariga koʻra uchga boʻlinadi: Oliy Nizomni himoya qiluvchilar, Uni buzuvchilar va loqaydlar. Negadir koʻnglimda shunday bir qanoat borki, agar kishi oʻsha Oliy Nizomning quruv chilaridan boʻlsa, u namoz oʻqiydimi, oʻqimaydimi, hajga boradimi-yoʻqmi, baribir chin musulmondir” [14. B. 61]. Yusuf akasining faqat ibodat bilan cheklanib, oilaga, roʻzgʻorga eʼtibor qilmay qoʻyganidan ranjiydi. U akasiga dinda oʻrta yoʻlni tutish lozimligini, ibodat tushunchasi kengroq tushuncha ekanini, halol mehnat bilan rizq topish va bola-chaqani boqish ham farz amallardan ekanini uqtirmoqchi boʻldi. Lekin Amir ham boʻsh kelmaydi, “Har qancha vaj-korson koʻrsatmagin, Xudoning farz qilganlari oʻz oʻrnida qoladi. Uni oʻzgartirish uchun qancha bahona toʻqimagin, bekor” [14. B. 63], deb javob beradi. Bu oʻrinda yozuvchi ikki tarafning ham xulosalarini mutlaqlashtirishga urinmaydi. Zero, eʼtiqod masalasida har ikki qahramon ham muvozanatni yoʻqotgan.

Said – Yusufning kursdoshi, yaqin doʻsti. U Yusufdan farqli oʻlaroq ilmni emas, hokimiyatni tanladi. Odamlarni, jamiyatni harakatlantiruvchi asosiy kuch sifatida PUL va HOKIMIYATni koʻrdi. U doʻsti Yusufning tarix, milliy gʻurur, madaniyat, maʼrifat kabi qarashlarini xomxayol sifatida baholaydi. Ammo shu kabi qarashlari uning “hokimiyatida” boʻshliqlarni paydo qiladi.

Mirazim esa butunlay boshqa olam, dunyoni suv bossa, toʻpigʻiga chiqmaydi. “Qornim toʻq, boshim sogʻ, shuning oʻzi bas manga. Yetti ajdodimiz savdogar oʻtgan, men hech oʻylanmay oʻshalarning ishini davom ettiraman” [14.

B.29], derdi u. U.Hamdam jamiyatshunoslik yuzasidan xulosalarida faqat shaxsiy kuzatishlariga asoslanib qolmaydi. Adibning ilmiy faoliyati koʻzdan kechirilsa, uning jamiyat haqidagi qarashlarda Rumiy, Kant, Freyd, Yung kabi mutafakkirlarning tadqiqotlariga tayanganiga amin boʻlish mumkin. “Inson faqat sotsial mavjudot emas, – yozadi U.Hamdam. – U yana biologik, ruhiy asoslarga ham ega, oʻz hayotida ayni shu jihatlarning ham ifoda etilishiga ehtiyojmanddir”

[15. B. 17]. Shu maʼnoda adib oʻz vaqtida insonni “sotsial mavjudot” deb biluvchi Yusufni mavjudlikni asosan biologik kelib chiqishda koʻradigan Said va Mirazimga yoki faqat ruhoniy asosni tan oluvchi Amirga qarama-qarshi qoʻyadi.

Roman voqealari davomida Yusufning izchil ravishda ijtimoiy shaxsdan ekonomik shaxsga evrilishi kuzatiladi. Muhimi, bu evrilish ishonchli hayotiy dalillar, muqarrar ijtimoiy-ruhiy zarurat evaziga sodir boʻladiki, oʻquvchi insoniyat mavjudligida ijtimoiy, moddiy, ruhiy muvozanatning zaruratini teran anglay boshlaydi, hayot haqida xulosalar chiqaradi. Bu xulosalar roman voqeligi boʻylab Yusuf bilan qadam-baqadam yoʻl bosilarkan, yanada mustahkamlanib boradi.

Quyida “Muvozanat” romanidagi inson konsepsiyasining asosini tashkil etuvchi xulosalarga yetaklovchi voqea va taqdirlarni atroflicha koʻrib chiqamiz.

U.Hamdam oʻzining inson konsepsiyasida maʼnaviyatsiz boylikni qoralaydi. Albatta, moddiyat muhim, biroq moddiyat insondagi zaruriy sifatlarning bittasi, xolos: “...odamzod oʻz maʼnaviyatini moddiyat orqali namoyish etishu oʻz moddiy olamini maʼnaviyat tufayli tiklash va saqlashga majbur va mahkum” [13. B.100]. Yozuvchi bu qarashlarini Mirazimning hayoti misolida asoslashga urinadi.

Mirazim – juda ham badavlat tadbirkor.

Koʻngli nimaniki tusamasin, bari muhayyo.

Dangʻillama uy-joylar, eng soʻngi rusumdagi avtomobillar, koʻngilxushlik uchun goʻzal ayollar, dabdabali bazmlar – bular Mirazim topgan hayotiy “neʼmat”lar. “Hayot Mirazimdan hech narsani ayamayotgan edi, u nimaga qoʻl uzatsa, uzib olayotgandi. Faqat bir narsa – oldinda uni kutib turgan maqsad – manzil yoʻq edi”

[14. B. 95]. Muammo shundaki, uning boshqa orzu-istaklari mavjud emas. Aniqrogʻi, boshqa istaklarning tugʻilishiga zamin yaratuvchi maʼnaviy asosning oʻzi yoʻq. Shunday ekan, pul bilan erishish mumkin boʻlgan barcha neʼmatlarni qoʻlga kiritgan Mirazim qalbining tub-tubidagi katta boʻshliqni seza boshlaydi. Xotini Zahro bilan munosabatlariga darz ketadi. Oilaviy baxt topa olmaydi. Qolaversa, oʻzi qurgan biznes imperiyaning juda ham moʻrt ekanini, birgina shaxsning mansabdan ketishi oqibatida bu imperiyaning kuli koʻkka sovurilishi mumkinligini his qiladi, doim halovatsiz yashaydi.

U.Hamdam Said obrazi misolida zamonaning tipik amaldorini tasvirlaydi. Uning otashin nutqlari real hayotga sira mos emas, balki butunlay zid keladi. “Mana endi, – bazmlarning birida aytadi Said, – koʻkrakni kerib yashaydigan zamon keldi. Nihoyat, oʻzbekning yelkasiga ham oftob tegdi” [14. B. 102]. Endi shu Saidning zamonida qishloqdagi Yusufning bolalik doʻsti Sodiqning bergan savolini eslang: “Nega biz ochmiz?!” Adibning kinoyasi shuki, Said qanchalik aqlli, farosatli boʻlmasin, aytganlari samimiy – bunga, avvalo, uning oʻzi ishonadi. Agar shunday boʻlmaganida tor doirada, necha yillik qadrdonlariga bunday havoyi gaplarni aytmagan boʻlardi. Saidning otashin nutqi davom etadi: “Oʻzbekistonni necha oʻnlab mamlakatlar tan oldi. Necha oʻnlab mamlakatlar poytaxtida bizning elchixonamiz, necha oʻnlab mamlakatlarning elchixonalari bizning Toshkentimizda mavjud. Yusuf, ishon, bizga Mirazimboydek puldoru, senga oʻxshagan fidoiy kishilar judayam zarur” [14. B. 102].

Yusuf doʻstining soʻzlari samimiy ekaniga ishonsa ham, uning gaplari oʻziniki emasligini biladi.

Yaʼni barcha amaldorlarga xos boʻlgan qolip gaplar bu, “...oʻzining gapini qanday topib gapirsin? Axir buning uchun kishining oyogʻi oʻz zaminida – oʻz aqlu idroki, kuchu gʻayrati orqali bino etgani muhitda mustahkam turmogʻi kerak boʻlmaydimi?” [14. B.103] deya xayolidan oʻtkazadi Yusuf. Oʻqishni bitiribdiki, mansab zinalarining yuqorisiga koʻtarilib borgan Said maʼlum bosqichga yetganda reallikdan – yashab turgan muhitidan uzilib qoladi. Yozuvchi bu holni aravani tortib ketayotgan bosh amaldorning yoʻrigʻiga yoʻrgʻalash, u qaysi qoʻshiqni kuylasa, atrofidagi barcha anglab-anglamay shu unga joʻr boʻlishga majbur ekanidan deb biladi.

Biroq voqealar rivojida Saidning davlat va jamiyat haqidagi qarashlari oʻzgarib boradi.

Ayniqsa, Yevropa davlatlariga qilgan sayohatidan soʻng unda tuzumga, umuman, davlatchilikka nisbatan tanqidiy munosabat shakllanadi. Avvalo, uning tasavvurlari yangilanadi:

“…shundagina sobiq imperiya qariyb yetmish yil mobaynida adashib yurganligini ilk bora oʻz aqli bilan angladi” [14. B. 158]. Said dunyoqarashi qancha keng boʻlmasin, taraqqiy etgan jamiyatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrmagunicha shoʻrolar davriga obyektiv baho bera olmasligi tabiiy edi.

U rivojlangan kapitalistik davlatni uning bagʻrida turib oʻrganganidan keyingina sotsializm va kapitalizmning farqini ravshan ajrata boshladi:

“Fuqarolarni inkubatordan chiqqan joʻjalar misol bir xil kiyintirib, bir xil edirgan, hayot sharoitini ham yakrang qilib, shaxsiy tashabbus va manfaatni boʻgʻib kelgan sovetlar-ku! Yana oʻshalarning yoʻlidan boramizmi? Yoʻq, bu mumkin emas” [14. B. 158], deya xayolidan oʻtkazadi u. Yuqorida keltirilgan parchada, sotsializmning eng katta xatosi sifatida shaxsiy tashabbus va manfaatni boʻgʻishi koʻrsatilmoqda. Mazkur omil kapitalizmning, jumladan, ekonomik odam konsepsiyasining butunlay ziddidir. Zero, davlat qachonki har bir fuqaroning manfaatlarini qonun doirasida himoya qilsa, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish sharoitini yaratib bersagina, barqaror hamda qudratli boʻladi. Bu xulosalarni adib yana Said vositasida ifodalaydi: “Axir, VATAN MANFAATI yoʻq yerdan bino qilinmaydi, balki har bir fuqaro manfaatidan, ha-ha, aynan HAR BIR VATANDOSH MANFAATIDAN OʻSIB CHIQADI! Yaʼni yakka shaxs manfaatiga Vatan, Vatan manfaatiga yakka shaxs manfaatini qarshi qoʻymaslik kerak. Ular goʻyo bir-birini taqozo qilib yashovchi ikki qutb – biri ikkinchisisiz chinakamiga qad rostlay olmaydi” [14. B. 184].

Shu oʻrinda yozuvchi gʻoyalarini iqtisodchi va faylasuf Adam Smit qarashlari bilan muqoyasa qilishga ehtiyoj sezamiz: “Har bir odam, – yozadi Adam Smit, – oʻz manfaatlariga mos keluvchi neʼmatni doimiy ravishda, eng foydali shaklda topishga intilib yashaydi. Bu yoʻlda u faqat oʻz manfaatlarini koʻzlaydi, aslo umum manfaatini emas. Biroq odam tabiiy ravishda oʻz eʼtiborini faqat shaxsiy manfaatlariga qaratar ekan, bu faoliyat alaloqibatda jamoa manfaatlariga koʻproq mos keluvchi jarayonga aylanadi. Tabiiyki, kishi bu faoliyati bilan jamiyat manfaatlariga xizmat qilayotganini yoki qay darajada foyda keltirayotganini anglab yetmaydi...

U manfaatlari yoʻlida harakatlanib borarkan, odatda oʻzi anglagan holda, maqsadli ravishda jamiyat foydasi uchun qilgan xizmatlaridan anglamay qilgan xizmatlari nisbatan koʻlamliroq boʻladi” [10. B. 331]. U.Hamdam ham Said tilidan vatan manfaatiga “HAR BIR VATANDOSH MANFAATIDAN OʻSIB CHIQADI”, deya taʼrif bermoqda. Yaʼni davlatchilikni shakllantiruvchi omil, avvalo, odamlarning manfaatidir. Buni Said xayolidan oʻtkazgan quyidagi mulohazalar orqali yanada oydinroq tushunish mumkin:

“Xorijda yashab-ishlovchi oʻzbek vatandoshi nahotki moddiy manfaati boʻlmagani uchungina Oʻzbekistonning kelajagiga befarq qarasa?

Said-chi? Said ham shunday qilarmidi? Axir, Saidning holi boshqacha-ku! U shu yerda ishlayapti. Yana masʼul vazifada. Demak, mamlakat, millat manfaati haqida gapirish va qaygʻurishdan manfaatdor. Yaʼni u egallab turgan lavozimi nuqtayi nazaridan shunga burchli va majbur.

U xuddi ana shu xizmatlari evaziga haq oladi, oilasining porloq kelajagini taʼmin etadi. Agar hol oʻzgacharoq boʻlganda-chi?” [14. B. 183].

Yozuvchi odamlar tabiatiga xos egoizmni imkon qadar kengroq koʻlamda taʼriflashga urinarkan, vatan va vatandoshlik tushunchalari ham mazkur egoizm (manfaat) bilan bevosita aloqador ekanini asoslashga harakat qiladi. Ayni damda yozuvchi davlat va hokimiyatning burchlari haqida ham toʻxtaladi. U kishilarning manfaati vatansiz (bu oʻrinda davlat maʼnosida) qad rostlay olmasligini taʼkidlaydi. Xoʻsh, kapitalizmda davlatning vazifalari qanday boʻlishi kerak? Bu borada ham Adam Smitning gʻoyalari haligacha zamonaviy davlatchilikning asosi boʻlib kelmoqda. Mutafakkir davlatning rolini fuqarolar moli va joni xavfsizligini kafolatlashda, qonun ustuvorligini taʼminlashda koʻradi. U iqtisodiyot davlatning ortiqcha aralashuvisiz, tabiiy oʻsishi kerak, degan gʻoyani ilk bor oʻrtaga tashlagan mutafakkirlardan biridir.

Shu oʻrinda Saidning Yevropa mamlakatlari taraqqiyotiga sabab boʻlgan omillar va oʻz vatanida olib borilayotgan islohotlarni taqqoslab, oʻylagan mulohazalariga eʼtibor qaratamiz: “Ovrupa mamlakatlari faqat bir hovuchgina oligarxiyaninggina emas, balki har bir jamiyat aʼzosining ham moddiy-maʼnaviy ahvoli yaxshilangandagina yurt haqiqatan qudratli boʻlishini bundan bir-ikki asr muqaddam tushungan.

Yoʻqsa, bunday maʼmurlikni bir pasda bunyod etish mumkin emas” [14. B. 158]. Jamiyatda faqat bir hovuch toifa – monopol, lobbistlarning boyishi aslida kapitalizm gʻoyalariga zid.

Zero, kapitalizm hammaga birdek imkoniyat berish, sogʻlom raqobat yaratishdan manfaatdor. Sogʻlom raqobat boʻgʻilganda, davlat oʻz burchlarini toʻlaqonli ado etmaganidagina kapital bir hovuch odamlar qoʻlida yigʻila boshlaydi. Adib bularni Said timsolida aytishga urinadi.

Biroq Saidning bu xulosalari amaliyotga koʻchmay, xayol sifatida qolaveradi. Said uning oʻzi ham sherik boʻlgan adolatsiz tuzumning qurboni boʻladi. Arzimas sabablar tufayli boʻshatilib, keraksiz buyumdek uloqtiriladi.

Kuni kecha odamlar soyasiga salom berib yurgan salobatli amaldordan asar ham qolmaydi.

Keyinroq, goʻyo hammasini kech tushunib yetgan odamdek Yusufga “Sen ishlashing kerak boʻlgan joyda oʻtirdim. Agar dunyoda haqiqat boʻlganda oʻsha oʻringa men emas, sen oʻtirishing kerak emasmidi? Yoʻq-da haqiqat!” [14. B.

232] deya hasratlanadi. Lekin Yusuf doʻstining samimiyatiga ishonmaydi. Bu shunchaki man sabidan ayrilgan odamning diydiyolari, dardini kimgadir aytib yengil tortishiga oʻxshardi. Zero, bu odam uchun ayni vaqtdagi yagona yupanch yana mansabga oʻtirish, yana oʻsha adolatsiz tizimda faoliyat yuritishdir...

Said obrazi shu tariqa Ulugʻbek Hamdamning inson konsepsiyasida muhim rol oʻynab, adibning davlat va jamiyat, hokimiyat va shaxs oʻrtasidagi munosabatlar yuzasidan xulosalarini umumlashtiruvchi vositaga aylanadi.

Amir – romandagi eng murakkab, ziddiyatli qahramonlardan biri. U baʼzan juda ham aqlli, mutafakkir koʻrinadi, baʼzan esa johil. Yana baʼzan moʻtadil dindordan boʻlsa, baʼzan mutaassibga aylanadi. Xullas, bir qarashda Amirni tushunish qiyin. Lekin uning murakkab hayoti, taqdiriga qaralsa, qahramonning bunday chigal xarakterini tushunish mumkin boʻladi.

Amir fojeasining asl ildizlari shoʻrolar davrida dinning jamiyat hayotidan ihotalanishiga borib taqaladi. Yaʼni odamlarning muhim hayotiy-ruhiy ehtiyojlaridan biri boʻgʻiladi. “Mening oʻttiz besh yoshimgacha oʻrisning zamoni edi.

Qurʼonning nimaligini bilmasdik” [14. B. 47], deydi Amir. Yurt mustaqillikka erishgach, odamlarga diniy erkinlik berildi. Biroq ayni vaqtda zamon murakkablashdi, iqtisodiy muvozanat buzildi. Qishloqda oʻqituvchilik qilib, durustgina kun kechirib kelayotgan Amirning turmushi parokanda boʻldi. Ana shunday pallada Amir najotni dindan izladi. Davlat va jamiyat bagʻrida himoyasiz qolgan oʻqituvchi butun borligʻi bilan oʻzini din bagʻriga otdi. Natijada bu dunyoni unutib, hayotiy muvozanatini yoʻqotdi.

Amir obrazi adibning inson konsepsiyasida din va dunyo, imon-eʼtiqod masalalariga doir qarashlarini ifodalash vositaga aylangan. Oʻzaro suhbatlaridan birida Amir ukasiga “Oʻzingni qiynama, ukajon, bu dunyoda hamma narsa xudoniki. Sen aytayotgan Oliy Nizom ham, uning himoyasiyu buzilishi ham, xullas, hamma-hammasi. Sen oʻz takabburligingdan voz kecha olsang, bas – dunyo qaygʻusiyu unda tartib oʻrnataman degan tashvishing ham seni tark etadi. Shunda sen bir ish qolganini koʻrasan: farzlarni ado etish.

Qolgani behuda, safsata...” [14. B. 141], deydi.

Amirning mazkur chuqur falsafiy xulosalari, aslida, haqiqat va har bir musulmon imon keltirishi zarur boʻlgan aqidaviy masalalardir. Ammo Amir oʻz hayoti misolida mazkur eʼtiqodiy masalani ijtimoiylikdan butunlay ajratib talqin qiladi.

Farz amallar deganda faqat namoz, haj, zakot kabi muhim amallarnigina tushunib, ijtimoiylikka daxldor, masalan, oʻz farzandlarini boqish, himoya qilish kabi farz amallarni chetlab oʻtadi. U imonsizlik va beamallik ruhiy muvozanatni izdan chiqarishini aytib, bunga gʻarb hayotini misol tariqasida koʻrsatadi. Shunda Yusuf “Aka, oʻshalar barpo etgan moddiy hayot darajasiga erishmas ekanmiz, bizning ham ruhiy butunligimizga darz ketishi aniqqa oʻxshaydi” [14. B.

142], deya izoh beradi. Muxtasar qilib aytganda, biz Amirning taqdirida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning kimki dinda qattiq (gʻuluv) ketsa, din uni magʻlub qilishi haqidagi hadisining hayotiy misolini koʻramiz.

D.Quronov “Muvozanat” romani va muallifning badiiy niyati haqida toʻxtalib, “yaqin oʻtmishimiz – odatlanilgan turmush tarzidagi tublik oʻzgarishlar ruhiyatimizda keskin evrilishlarni keltirib chiqargan davrdagi muvozanatsizlik holatini qalamga oldi. Yozuvchi qahramoni ruhiyatida yoʻqolgan muvozanatning tiklanish jarayonini tasvirlash asnosi kunning oʻtkir muammolariga javob izladi, anglash va anglaganlarini yaxlit konsepsiya – badiiy falsafa tarzida ifodalashga intildi” [11. B. 14], deb yozadi.

Darhaqiqat, Ulugʻbek Hamdam millatimiz tarixida har jihatdan tub burilishlarga sabab boʻlgan

Saʼdullo Quronov