← Sa'dullo Quronov
|

Oʻtish davri romanlari va shaxs konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Tezis · 2023 · Sharq-u Gʻarb: Navoiy va Gyote xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya. Toshkent, 2023

Annotatsiya. Maqolada «Dinozavr», «Muvozanat», «Bozor» romanlari inson konsepsiyasi kategoriyasi asosida tahlilga tortilgan. Ularda kapitalizm fuqarosining falsafiy, iqtisodiy, ijtimoiy omillari tizimlashtirilib, yangi inson konsepsiyasi yaratilgani asoslangan. Romanlarda ilk bor ekonomik odam (Homo Economicus) siymosi konseptual ravishda ifodalagani Adam Smitning iqtisodiy-falsafiy qarashlari asosida dalillangan.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, romaniy tafakkur, oʻzbek romanlari, ekonomik odam, ijtimoiy odam, oʻtish davri.

Mustaqillik oʻzbek xalqiga nafaqat siyosiy-iqtisodiy jihatdan, balki, tom maʼnoda, ruhiy-maʼnaviy jihatdan ham erkinlik berdi. Albatta, bu ulugʻ neʼmat. Biroq mustaqil boʻlib davomli yashash, mustaqillikka erishdan koʻra murakkab jarayondir. Shunday ekan, Oʻzbekiston mustaqilligining ilk yillari xalqimizga har jihatdan oson boʻlmagani tayin. Bir tarafdan, asosan qishloq xoʻjaligiga tayanib kelgan iqtisodiyotimiz deyarli bankrot holatga yetib kelgan boʻlsa, ikkinchi tarafdan, yagona mafkura atrofida birlashib, shu mafkurani oʻz eʼtiqodi darajasiga koʻtargan, biroq bu «eʼtiqod»ning yolgʻon ekanini anglab yetgan jamiyat maʼnaviy jihatdan kuchli falajlandi. Oʻz vaqtida ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov bu holatni insoniyat tarixida hali hech qachon kuzatilmagan «hududsiz fojia» sifatida baholaydi [6.53]. Olim bunday taʼrifni bejiz qoʻllamaydi, sababi sovet ittifoqi suyanib kelgan kommunistik mafkura shunchaki shior emas, balki bu hududda yashovchi qariyb 300 million odamning olamni bilish vositasi edi. Yaʼni kommunistik mafkura insonning yashash tarzi, orzu-istaklari, moddiy ehtiyojlari, ideal va maqsadlarini belgilab beruvchi hayotiy dastur boʻlgan.

Mustaqillikdan soʻng Sovet ittifoqining boshqa xalqlari qatorida oʻzbek jamiyati ham mazkur hayotiy dasturni nafaqat yoʻqotdi, balki uning puch, yolgʻon ekanini anglab yetdi. Endi ular sotsializmning butunlay ziddi boʻlgan kapitalizm qonuniyatlari asosida hayot kechirishi, shunga mos ravishda orzu-istaklari, ideal va maqsadlarini qaytadan belgilab olishi zarur edi. Ayni shu murakkab jarayon Oʻzbekistonning yangi tarixida oʻtish davri nomi bilan muhrlanib qoldi.

Shu oʻrinda oʻtish davri deb ataluvchi tarixiy bosqich va oʻtish davri adabiyoti deb ataluvchi madaniy bosqichni oʻzaro farqlashga zarurat sezamiz.

Chunki oʻtish davridagi barcha romanlarda ham jamiyatdagi bir tuzumdan ikkinchi bir tuzimga oʻtish vaqtidagi ijtimoiy-ruhiy, madaniy evrilishlar keng miqyosda tasvirlanmagan. Shunday ekan, oʻtish davri romanlari deganda faqat shu davrga xos ijtimoiy kayfiyati ifodalagan, yangi tuzum va shaxs oʻrtasidagi ziddiyatlar tasvirini oʻz badiiy maqsadiga aylantirgan romanlarni tushunishimiz maqsadga muvofiq.

Adabiyotning markazida inson turadi. Shu nuqtai nazardan qarasak, shoʻro adabiyoti va istiqlol adabiyotini farqlovchi eng muhim omil ham shaxs talqinida, insonning badiiy konsepsiyasida koʻrinadi. «XX asr yangi oʻzbek adabiyoti, – yozadi Umarali Normatov, – shaxs talqini bobida alohida bosqichni tashkil etadi. Muayyan sabablarga koʻra, asr adabiyotida shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida koʻrsatish ustuvorlik qildi [3.

B.3]». Olim nazarda tugan «ijtimoiy munosabatlar maxsuli sifatida»gi shaxs ijtimoiy odam (Homo sociologicus)dir. Istiqlol esa ijodkor chekiga yangi davrni anglash, kapitalistik jamiyatda shaxs maqomi, uning axloqi, ideal va maqsadlarini belgilash, bir soʻz bilan aytganda, yangi inson konsepsiyasini yaratish vazifasini yukladi. Buni teran his qilgan ijodkorlar qator asarlar yaratdilar. Ularning eng yorqin namunalari sifatida Shukur Xolmirzayevning «Dinozavr», Xurshid Doʻstmuhammadning «Bozor» hamda Ulugʻbek Hamdamning «Muvozanat» romanlarini koʻrsatish mumkin. Bu asarlar oʻtish davrini romaniy kontekstda taftish etgani, bozor munosabatlariga qadam qoʻygan jamiyatning koʻp tarmoqli badiiy modelini yaratib, olam va odam munosabatlari haqida yaxlit badiiy konsepsiya taqdim etgani bilan qadrlidir. Qolaversa, biz mazkur asarlarda ilk bor ijtimoiy odamning ziddi boʻlgan ekonomik odam (Homo Economicus) bilan tanishamiz.

Ekonomik inson [8. B.130] kategoriyasi kapitalizmning, umuman, iqtisodiyotning falsafiy asosi hisoblanadi. Unga koʻra har bir individ oʻzining shaxsiy ehtiyojlari, manfaatidan kelib chiqibgina harakatlanadi va doim maksimal darajadagi foydani koʻzlaydi. Ayni damda, inson tabiatiga xos mazkur omil jamiyatni boshboshdoqlikka emas, balki, aksincha, ijtimoiy muvozanatga, adolatga yetaklaydi. Zero, qandolatchining oʻz mahsulotini sifatli tayyorlashi azbaroyi odamlarni oʻylaganidan emas, balki ularning ishonchini qozonib koʻproq foyda koʻrish istagidandir.

Keyinroq zamonaviy iqtisod nazariyasi otalaridan biri Adam Smit ekonomik odam kategoriyasining nazariy asoslarini yaratdi. U inson faqatgina oʻz manfaatini koʻzlab harakatlanar ekan, bu jarayon har doim ham anglangan tarzda kechmasligini aytadi. Yaʼni «koʻrinmas qoʻl» insonni, hatto, u maqsad qilmagan neʼmatlar tomon ham yetaklaydi, bu yoʻlda u jamiyat manfaatlari uchun anglangan, maqsadli harakatlaridanda koʻproq foyda keltiradi» [4. B.332]. Demak, biz ekonomik inson deganda oʻz nafsining quli, pul uchun hamma narsaga tayyor odamni tushunishimiz xato. Ekonomik odam ham oʻz mohiyati bilan ijtimoiy odam. Faqat u insonning shaxsiy manfaatlarini koʻproq himoya qilib, ijtimoiy tenglikka manfaat orqali yetib borishni koʻzlaydigan nazariyadir. Shu jihatdan, ekonomik odam tushunchasi ijtimoiy odam (Homo sociologicus)ga qarama-qarshi qoʻyiladi.

Yaʼni ijtimoiy odam maksimal darajada faqat oʻz manfaatini emas, balki ongli ravishda umummanfaatini koʻzlaydi. Biroq kapitalizmning «otalari» ayni shu jihat, odam oʻzi anglagan holda, maksimal darajada umummanfaatini koʻzlab yashashi mumkin emasligini taʼkidlaydilar.

Kapitalizmning poydevorini esa ayni shu haqiqat, insonga xos ehtiyojlar asosiga quradilar. Umuman, sotsializm va kapitalizmning oʻzaro farqi ham shu nuqtada ravshan koʻrinadi.

«Dinozavr», «Muvozanat», «Bozor» kabi romanlarning oʻziga xosligi shundaki, ularda asli ijtimoiy odam boʻlgan bosh qahramonning voqealar rivojida asta-sekin ekonomik odamga evrilishiga guvoh boʻlamiz. Bu romanlarning butun maʼno-mazmuni, voqea-hodisalarning zanjir kabi tizilishi mana shu evrilishning tasviri, ifodasi uchun boʻysundirilgan, goʻyo.

«Dinozavr» romani yakunlanmagan asar [5. B.20]. Shunday ekan, roman asosida turgan inson konsepsiyasini toʻla-toʻkis tasavvur qilishga ojizmiz.

Biroq birinchi kitobdagi ayrim ishoralarga tayanib, yozuvchining badiiy konsepsiyasi haqida muhim xulosalar chiqarish mumkin.

Roman bosh qahramoni Mahkam halol, samimiy va judayam isteʼdodli ijodkor. Dunyoni sanʼat qutqarishiga, ideal jamiyat oʻzaro mehr-oqibat, adolat, tenglik va hamjihatlik ustiga qurilishiga ishonadigan kommunist.

Biroq u ayni shu soddadilligi, toʻgʻriligi tufayli kapitalistik jamiyatga moslasha olmaydi. Zero unda egoizmdan asar ham yoʻq. Muammo shundaki, u kapitalizmning «otalari» kabi egoizmni jamiyat muvozanatini taʼminlovchi omil sifatida emas, balki tanazzul tomon yetaklovchi illat sifatida biladi. Chunki u atrofidagi odamlarning oʻz nafsi deb tuban maxluqqa aylanib borayotganini koʻrib turibdi. Ammo Mahkam sekin-asta bozor munosabatlariga moslashib ulgurgan bu odamlarni oʻrganishga, ularni tushunishga urina boshlaydi, har qalay, koʻnglida shu ishga nisbatan ragʻbat sezadi. U istaydimi, yoʻqmi, hayot «odam – odamga boʻri» qonuni ustiga qurilganini tan olishga mahkum. Biroq u boshqalar kabi toʻla-toʻkis hayvonga aylanib qolishni istamaydi. Kapitalizm qonunlari qanchalar surovli boʻlmasin, u oʻzida insoniylikning eng goʻzal fazilatlarini saqlab qolishga intiladi.

«Muvozanat» romani bosh qahramoni Yusuf – tarixchi olim. U butun umrini ilm olishga va uni yoyishga bagʻishlagan. Ilmini har qanday manfaatlaridan ustun qoʻygan va buni hayotining dasturi amaliga aylantirgan shaxs. U turkiy xalqlar tarixini oʻrganib, haqiqiy tarixni yozishni orzu qiladi [6. B.60]. Biroq uning hayotiy dasturi kapitalizmga mos kelmaydi. Endi u yangi tartibotga moslashish yoʻllarini – ruh va moddiyat munosabatining muvozanatini qidirishga mahkum.

«Muvozanat» romanining oʻziga xosligi shundaki, unda katta bir davr, jamiyat hayoti yaxlit badiiy modelga jo etilgan. Oʻquvchi asar mutolaasiga kirisharkan, mazkur badiiy model vositasida oʻtish davri manzaralari:

ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy vaziyat, turli tabaqa, soha vakillarining kechmishi, yoshu qari, qishlogʻu shahar aholisining hayot tarzidan boxabar boʻladi [2. B.14].

U.Hamdam oʻzining olam va odam haqidagi badiiy konsepsiyasini toʻrtta markaziy qahramon asosiga qurarkan, romanda ularni oʻzaro qaramaqarshi qoʻyadi. Yaʼni mazkur qahramonlarning xarakteri, dunyoqarashi, hayotiy maqsadlari bir-biridan keskin farq qiladi. Ayni vaqtda, ularning bari hayotiy-ruhiy muvozanatni yoʻqotgani bilan umumiylikni kasb etadi. Asar esa mana shu buzilgan muvozanatni izlash yoʻllarini, bu yoʻlda qahramonlar ruhiyatida kechgan evrilishlar va xulosalarni koʻrsatishni maqsad qiladi.

«Muvozanat» milliy adabiyotimizda ekonomik shaxs siymosini konseptual ravishda ifodalagan ilk romandir. Yaʼni «Muvozanat» romanida ilk bor sotsrealizmning maqsadi boʻlgan sotsial shaxs oʻrnida toʻla qonli ekonomik shaxsni koʻramiz. Albatta, oʻsha davrda yozilgan boshqa romanlarda ham ekonomik shaxsning alomatlari mavjud. Lekin U.Hamdam oʻz romanida kapitalizm fuqarosining falsafiy, iqtisodiy, ijtimoiy asoslarini tizimlashtirib, yaxlit yangi inson konsepsiyasini yarata olgani bilan qadrli.

Jamiyatning bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga oʻtish davri manzaralari, jarayonning ijtimoiy, ruhiy-maʼnaviy oqibatlari qalamga olingan asarlardan yana biri «Bozor» romanidir. Roman qahramoni Fozilbek – fozil yigit. U bozor, yaʼni jamiyatda adolat, halollik, mehroqibat koʻtarilayotganini biladi. Oʻzi va yaqinlarini bu xil yangi davrga maʼnan tayyor emasligini his qiladi. Oʻzini fido qilib boʻlsada «bozor»ni isloh qilishga urinadi. Qanday qilib toʻlaligicha bozor munosabatlari ustiga qurilayotgan jamiyatda inson boʻlib qolish yoʻllarini qidiradi.

«Bozor» tasvirlash prinsipiga koʻra biz yuqorida koʻrib chiqqan «Dinozavr», «Muvozanat» romanlaridan tubdan farq qiladi. Yaʼni anʼanaviy realistik uslubda emas, balki modernistik uslubda yozilgan boʻlib, toʻlaligicha ramziylik asosiga qurilgan.

Romanda bozor obrazi jamiyatning, balki butun dunyoning badiiy modeli. Ëzuvchi taʼbiri bilan aytganda «bozor – dunyo». Yaʼni adib inson mavjudligining barcha omillarini bozorga muqobil tarzda talqin qiladi.

X.Doʻstmuhammad oʻzining inson konsepsiyasini «bozor» modeli orqali ochib berishga urinarkan, avvalo, bu bozorga insoniyat xos manfaatning ramzi sifatida qaraydi: «Bu yorugʻ dunyoda bir-biriga tariqcha oʻxshaganoʻxshamagan tirik jon borki, nafsi oʻxshaydi, nafs bir xil, nafs odamlarni birxillashtiradi, tafovutlarni yoʻqqa chiqaradi, bozor manaman degan insoni komilni ham yalpisiga – bitta kuymay bozorga soladi» [1. B.7].

Ëzuvchining badiiy konsepsiyasida manfaat odamlarni har koʻyga soluvchi va barchani umumlashtiruvchi qudratli omil sifatida talqin qilinadi. Bu esa romanni «Dinozavr», «Muvozanat» asarlariga yanada yaqinlashtiradi.

Muallif oʻtish davriga ishora qilib, bu davrni «shayton oralagan bozor»ga mengzaydi. Asarning bosh muammosi ham shu, adib jamiyatdan halollik, maʼrifat koʻtarilib, tobora oʻgʻrilik, johillik kabi illatlar ortib borayotganidan tashvishda. Lekin «bozor aynidi, izdan chiqdi deb undan yuz oʻgirish kerakmi?» Roman oʻz mohiyati bilan ayni shu savolga javob izlash uchun yozilgan asardek, goʻyo.

Koʻrinadiki, «Dinozavr», «Muvozanat», «Bozor» romanlari badiiy gʻoyaviy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham mushtarak asarlardir.

Ularni jamiyat va shaxs, ruh va modda munosabatlaridagi muvozanatni, ularni bogʻlovchi oltin koʻprikni qidirayotgan qahramonlar obrazi birlashtirib turadi. Bu romanlar kapitalistik dunyoda inson kim, uning maqomi nima, hayotiy maqsad va vazifalari nimadan iborat, ragʻbati nimada, ijtimoiy muvozanatni taʼminlovchi omillar qaysi kabi savollarga romaniy tafakkurda yechim izlangan ilk asardir.

Saʼdullo Quronov