← Sa'dullo Quronov
|

Oʻtish davri romanlari va inson konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2024 · Filologik tadqiqotlar: til, adabiyot, taʼlim, 2024, № 3

Ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov sobiq sovet xalqlarining istiqlolga erishgan ilk yillaridagi ruhiy maʼnaviy-ruhiy evrilishlarga “hududsiz fojia” deya tarif bergandi.

Zero Oʻzbekiston mustaqilligining ilk yillari xalqimizga iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-ruhiy jihat oson boʻlmagan edi. Uzoq yillar davomida asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va sanoat xom ashyosi yetkazib berishga ixtisoslashgan davlat iqtisodiyoti deyarli bankrot holatiga keladi. Ishsizlik, uning ketidan yoʻqchilik yuzaga keldi. Boshqa tarafdan, yagona mafkura atrofida birlashib, shu mafkurani oʻz eʼtiqodi darajasiga koʻtargan, biroq bu “eʼtiqod”ning yolgʻon ekanini anglab yetgan jamiyat maʼnaviy jihatdan kuchli falajlandi. Endi ular sotsializmning butunlay ziddi boʻlgan kapitalizm qonuniyatlari asosida hayot kechirishi, shunga mos ravishda orzu-istaklari, ideal va maqsadlarini qaytadan belgilab olishi zarur edi. Ayni shu murakkab jarayon Oʻzbekistonning yangi tarixida oʻtish davri nomi bilan muhrlanib qoldi.

Adabiyotning markazida inson turadi. Shunday ekan, shoʻro adabiyoti va istiqlol adabiyotini farqlovchi eng muhim omil ham shaxs talqinida, adabiyotdagi inson konsepsiyasida koʻrinadi.

“XX asr yangi oʻzbek adabiyoti, – yozadi Umarali Normatov, – shaxs talqini bobida alohida bosqichni tashkil etadi. Muayyan sabablarga koʻra, asr adabiyotida shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida koʻrsatish ustuvorlik qildi 2 ”. Olim nazarda tugan “ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida”gi shaxs yuqorida qayd etilgan ekonomik inson (Homo Economicus)ning ziddi – ijtimoiy odam (Homo sociologicus)dir.

Bu ikkisi keng qamrovli ijtimoiy-falsafiy tushunchalar boʻlib, quyiroqda bu masalalarga aholida toʻxtalib oʻtganmiz.

Oʻtish davri ijodkorlar chekiga yangi davrni anglash, kapitalistik jamiyatda shaxs maqomi, uning axloqi, ideal va maqsadlarini belgilash, bir soʻz bilan aytganda, yangi inson konsepsiyasini yaratish vazifasini yuklar edi. Buni teran his qilgan ijodkorlar qator asarlar yaratdilar. Shukur Xolmirzayevning “Dinozavr”, Xurshid Doʻstmuhammadning “Bozor” romanlari ana shunday asarlar sirasidan hisoblanadi. Biz ularda oʻtish davri manzaralarini bor murakkabliklari koʻrish bilan birga, bozor munosabatlari qaror topgan jamiyat fuqarosi – ekonomik inson (Homo Economicus) konsepsiyasi bilan tanishamiz.

Ekonomik inson 3 kategoriyasi kapitalizmning, umuman, iqtisodiyotning falsafiy asosi hisoblanadi. Zamonaviy iqtisod nazariyasi otalaridan biri Adam Smit ekonomik odam kategoriyasining nazariy asoslarini yaratdi. Unga koʻra, inson faqatgina oʻz manfaatini koʻzlab harakatlanadi va bu jarayon har doim ham anglangan tarzda kechmaydi. “Koʻrinmas qoʻl” insonni, hatto, u maqsad qilmagan neʼmatlar tomon ham yetaklaydi, bu yoʻlda u jamiyat manfaatlari uchun anglangan, maqsadli harakatlaridanda koʻproq foyda keltiradi”. Deylik, qandolatchining oʻz mahsulotini sifatli tayyorlashi azbaroyi odamlarni oʻylaganidan emas, balki ularning ishonchini qozonib, koʻproq foyda koʻrish istagidandir. Demak, biz ekonomik inson deganda oʻz nafsining quli, pul uchun hamma narsaga tayyor odamni tushunishimiz xato. Ekonomik odam ham oʻz mohiyati bilan ijtimoiy odam. Faqat u insonning shaxsiy manfaatlarini koʻproq himoya qilib, ijtimoiy tenglikka manfaat orqali yetib borishni koʻzlaydigan nazariyadir. Shu jihatdan, ekonomik odam tushunchasi ijtimoiy odam (Homo sociologicus)ga qarama-qarshi qoʻyiladi. Ijtimoiy odam maksimal darajada faqat oʻz manfaatini emas, balki ongli ravishda umummanfaatini koʻzlaydi 1. Biroq kapitalizmning “otalari” ayni shu jihat, odam oʻzi anglagan holda, maksimal darajada umummanfaatini koʻzlab yashashi mumkin emasligini taʼkidlaydilar. Kapitalizmning poydevorini esa ayni shu haqiqat, insonga xos ehtiyojlar asosiga quradilar. Umuman, sotsializm va kapitalizmning oʻzaro farqi ham shu nuqtada ravshan koʻrinadi.

“Dinozavr” va “Bozor” kabi romanlarning oʻziga xosligi shundaki, ularda asli ijtimoiy odam boʻlgan bosh qahramonning voqealar rivojida asta-sekin ekonomik odamga evrilishiga guvoh boʻlamiz. Bu romanlarning butun maʼno-mazmuni, voqea-hodisalarning zanjir kabi tizilishi mana shu evrilishning tasviri, ifodasi uchun boʻysundirilgandek, goʻyo.

“Dinozavr” romani bosh qahramoni Mahkam halol, samimiy va judayam isteʼdodli ijodkor.

Dunyoni sanʼat qutqarishiga, ideal jamiyat oʻzaro mehr-oqibat, adolat, tenglik va hamjihatlik ustiga qurilishiga ishonadigan kommunist. Biroq u ayni shu soddadilligi, toʻgʻriligi tufayli kapitalistik jamiyatga moslasha olmaydi. Zero unda egoizmdan asar ham yoʻq. Muammo shundaki, u kapitalizmning “otalari” kabi egoizmni jamiyat muvozanatini taʼminlovchi omil sifatida emas, balki tanazzul tomon yetaklovchi illat sifatida biladi. Chunki u atrofidagi odamlarning oʻz nafsi deb tuban maxluqqa aylanib borayotganini koʻrib turadi. Ammo Mahkam sekin-asta bozor munosabatlariga moslashib ulgurgan bu odamlarni oʻrganishga, ularni tushunishga urina boshlaydi, har qalay, koʻnglida shu ishga nisbatan ragʻbat sezadi.

“Bozor” romani qahramoni Fozilbek – fozil yigit. U dunyoning ramzi boʻlgan bozor – jamiyatdan adolat, halollik, mehr-oqibat kabi fazilatlar koʻtarilayotganidan tashvishda. Oʻzi va yaqinlarini bu xil yangi davrga maʼnan tayyor emasligini his qiladi. Jonini fido qilib boʻlsada “bozor”ni isloh qilishga urinadi.

Qanday qilib toʻlaligicha bozor munosabatlari ustiga qurilayotgan jamiyatda inson boʻlib qolish yoʻllarini qidiradi.

Koʻrinadiki, “Dinozavr” va “Bozor” romanlari badiiy-gʻoyaviy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham mushtarak asarlardir. Ularni jamiyat va shaxs, ruh va modda munosabatlaridagi muvozanatni, ularni bogʻlovchi oltin koʻprikni qidirayotgan qahramonlar obrazi birlashtirib turadi. Quyida mazkur romanlarni birma-bir tahlil qilib, aytilgan fikrlarni atroflicha dalillashga harakat qilamiz.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev qalamiga mansub “Dinozavr” romanining birinchi kitobi 1996 yilda “Ëshlik” jurnalida, muallifning ikki enlik izohi bilan eʼlon qilinadi:

“Hayotdagi anchayin oʻzgarishni ham hazm va qabul qilish oson kechmaydi: koʻnikmalar-qanoatlar bu yoʻlda teran toʻsiqlar hisoblanadiki, avvalam bor, ana oʻshalarni “yengish”ga toʻgʻri keladi. Endi, tasavvur eting: hayotning oʻzi tubdan oʻzgarib, oʻzga bir izga tushsa, uni hazm va qabul qilish – ayniqsa, ijodkor uchun juda mushkul boʻladi. “Dinozavr” romanim – ana shu jarayon tasviridan iborat boʻlib, uch kitobni oʻz ichiga oladi: birinchisi ushbu – KUZ, qolganlari – KISH, BAHOR”. Bundan maʼlum boʻladiki, adib avval boshda roman-trilogiya yozishni niyat qiladi. Lekin, afsuski, adib vafotiga qadar asarning birinchi – Kuz qismini, keyingi kitobdan esa faqat ayrim boblarni eʼlon qilishga ulguradi, xolos. Shunday ekan, biz Sh.Xolmirzayevning kapitalistik jamiyat va uning bosh omili ekonomik inson haqidagi badiiy konsepsiyasini toʻla qonli tasavvur qila olmaymiz. Ammo birinchi kitobning oʻzidayoq yozuvchining ijodiy-badiiy maqsadini anglash, yangi inson konsepsiyasining muayyan darajadagi tugal chizgilarini koʻrish imkoniga egamiz.

Sh.Xolmirzayev oʻtish davri muammolarini romaniy tafakkur darajasida taftish etishda peshqadam boʻlgan: “Dadil aytish mumkinki, – taʼkidlaydi Umarali Normatov – oʻsha tub burilish asnosida, avvalo, adib qalbidagi, qolaversa, odamlar ruhiyatidagi evrilishlar, ularning holat-kayfiyati milliy adabiyotimizda ilk bor “Dinozavr” orqali roman koʻzgusida oʻz aksini topdi 3.

“Dinozavr” – har bir qahramoni, har bir satri bilan oʻtish davrining kayfiyati ufurib turgan roman. Goʻyo adib davr manzaralariga koʻzgu solgan, unda har kim (oʻquvchi)ga oʻzini koʻrish imkonini yaratgan.

Roman bosh qahramoni Mahkam – sobiq sovet davrida obroʻli kinorejissyor, keyingi davrda kinoindustriyaning qulashi bilan martaba va kasbini boy bergan isteʼdodli ijodkor. U samimiy, vijdonli, toʻgʻri fuqaro. Biroq ayni shu xislatlari unga bozor munosabatlariga moslashib ketishida monelik qiladi. Allaqachon, yangi mezonlarga koʻnikib ketgan sobiq aktrisa xotini Shahlo esa chet eldan mol olib kelib tijoratchilik bilan shugʻullanadi. Bu ayolning xarakteri va tutumlarida sanʼatkorga, ijodkorlarga xos nazokatdan asar ham qolmagan, u batamom “bozorchi ayol”ga aylanib ulgurgan.

Mahkam kech kuzning izgʻirin kunlarida xatarli safarga otlanarkan, qosh qoraygunga qadar eson-omon dovondan oʻtib olishni niyat qiladi.

Agar yoʻlovchilar bunga erisha olishsa, qolgani ravon yoʻl, hammasi yaxshi boʻladi...

Vodiyga olib oʻtuvchi dovon nafaqat Mahkam oilasining, balki butun jamiyat va davlatning oldida turgan katta mashaqqat, muammoni anglatadi. Yaʼni dovon yoʻli jamiyatning oʻtish davrida duch keladigan qiyinchiliklari ramzidir.

Qishning qirovli kunlari yaqin qolganda jamiyat ahli eski “Volga”ga minib yoʻlga otlanarkan, dovonning qorli, xatarli yoʻllaridan koʻtarilib, bir makondan ikkinchi bir makonga – bir tuzimdan ikkinchi bir tuzimga oshib oʻtishlari lozim.

Biroq eski “Volga” sinovli yoʻlga dosh bermaydi. “Choʻqqiga chiqishlariga taxminan bir chaqirim qolganda” avtomobilning motori ishdan chiqadi.

Mahkamning oilasi qahraton sovuqda, kimsasiz togʻlar bagʻrida qolib ketadi… Adib yoʻl-yoʻlakay qahramonlarning nutqi, oʻy-xayollari ifodasi asnosida ularning xarakteriga chizgilar beradi, vaziyatini maʼlum qiladi. Koʻrinadiki, oiladan tinchlik koʻtarilgan. Tijoratchilik bilan shugʻullanayotgan Shahlo erining noshudligi, omadsizligidan eziladi, uchragan kimsaga undan nolib, zahrini sochib olishdan hech tiyilmaydi. Yaqinda maktabni bitiradigan Sobit esa ota-onasini kuzatib, ulardan qay biri haq, kim toʻgʻri yoʻlda ekanini anglashga urinadi:

“– Uf, dadangni tengdoshlari allaqachon yoʻl topib ketishdi. Birovlari allaqanday fondlar ochvotti, film qilvotganlariyam koʻp...

– E, manga yoqmiydi oʻsha filmlar.

– Lekin kerak ekan-da. Yashash uchun qilish kerak! Davlat qaramay qoʻyganidan keyin..

– Umuman-ku, siz haqsiz.

– Albatta haqman-da! Ust-boshiga qara, uch yil burungi kastyum-shim. Durust bir paltosi yoʻq...

Bu kishiga bari-bir. Man uyalaman dadang bilan yurishga!” Romandan olingan yuqoridagi parchada Sobit endigina urchiy boshlagan, tijorat filmlariga munosabat bildirib, qisman boʻlsa-da bozor munosabatlari davrida didsizlikning ortishiga qarshi turibdi. Biroq ayni shu didsizlarcha yaratilgan filmlar odamlarni boqib, ust-boshini butun qilayotgani bilib, onasiga “Umuman-ku, siz haqsiz” deya javob beradi. Shahlo uchun esa boshqacha mezonning oʻzi yoʻq. Bu borada u yuzdayuz haq, chunki erining ust-boshi eski, durustroq paltosi ham yoʻq. Keltirilgan parcha misolida oʻtish davriga xos boʻlgan eng muhim omil – jamiyatda oʻzgarib borayotgan mezonlarni koʻrishimiz mumkin. Yaʼni bu davrda muvaffaqiyatli, isteʼdodli yoki ziyoli insonni belgilovchi mezonlar oʻzgardi.

“Dinozavr” romanini tahlil qilarkan, ustoz U.Normatov “asardagi eng katta jumboq – bosh qahramon Mahkam obrazidir” deya taʼkidlaydi.

Chindan ham Mahkam – jumboq. Uning timsolida na eski va na yangi tuzum yuzasidan aniq xulosaga kelgan shaxsni koʻrasiz. Aslida bu romanning keyingi qismlari yaratilmagani bilan ham bogʻliq. Yaʼni biz hozircha Mahkamning voqea-hodisalar taʼsirida rivojlanib, pishib yetilgan yakuniy qiyofasini koʻra olmaymiz. U romanning Kuz qismida xolis kuzatuvchi, ikki davr – tuzumning yutuq va kamchiliklarini toʻgʻri baholay oluvchi, hali bir tuzumni ikkinchisidan ustun qoʻyishga shoshmayotgan, mulohazakor qahramon sifatida taassurot qoldiradi.

Bizningcha, adib bosh qahramonni bejizga arosatdagi shaxs sifatida tasvirlamagan. Sababi oʻtish davrida aksar ziyolilar Mahkam kabi fikr-xulosalari hali toʻla shakllanib ulgurmagan, arosatda yashayotgan shaxslar edi. Arosatdagi shaxs tushunchasini Shahloning oilaviy davralarning birida eriga qoʻygan quyidagi tashxisi yanada oydinlashtiradi: “Manimcha, bu kishiga Shoʻro davrini tiklab berish kerak, xolos... Oʻsha sistemada yashab, bu kunlarni orzu qilib oʻtaversalar, bas”. Shahloning fikricha, uning eri bir vaqtda Shoʻro davridagi “farovonlik” bilan birga, milliy-madaniy istiqlolni ham xohlaydi.

Ëzuvchi “arosatdagi shaxs” tasviri orqali oʻtish davri ziyolilarining reallikka monand qiyofasini yaratish bilan birga, oʻtmish va bugunni muqoyasa qilayotgan qahramon vositasida yangi davrni obyektiv baholashni maqsad qiladi. Shu sababdan oʻquvchi koʻp hollarda Mahkam obrazida oʻz-oʻzini inkor qilayotgan, fikr-xulosalari tarqoq shaxsni koʻradi. Quyidagi parcha nafaqat Mahkamni, balki shu davrda ziyolilarini oʻylantirgan eng katta muammoni anglashimizda, ularni tushunishimizda muhim ahamiyatga ega:

“– Jamoljon, manda tayyor mavzu yoʻq, – dedi Mahkam birdan xoʻmrayib. – Toʻgʻrirogʻi, ham bor, ham yoʻq. Borligi shundaki, man bugungi hayot haqida... oʻzimning, qalbimning ovoziga quloq solib, qandaydir muhim bir asar qilgim bor. Bunga material serob... Ammo kansovka yoʻq. Yakun yoʻq, – deya hamsuhbatiga boqdi; nigohida: “Sizlarda bormi?” degan iltijo mavjud edi. Chunki hayotning oʻzida oʻsha kansovkani koʻrmayapman”.

Jamoliddin shu zamonda ishi yurishib, katta boylikka erishgan tijoratchilardan. U Mahkamga biror jiddiy mavzuda film suratga olishni taklif qilib, xarajatlarini oʻzi koʻtarishi mumkinligini aytadi. Lekin Mahkam asarning “kansovkani koʻrmayapman” deb javob beradi. Mahkam arosatda qolgan shaxs. U tiyiqsiz boʻron kabi bostirib kelayotgan kapitalizmning oqibatlarini ham, oʻzi kabi oqimga qarshi turib, odamiylik fazilatlarini saqlab qolishga urinayotgan ziyolilarning borar manzilini ham bilmaydi. Yuqorida O.

Sharafiddinov soʻzidan iqtibos qilib olganimiz – “hududsiz fojia” aslida shu boʻlsa, ajab emas.

Romanga Jamoliddin obrazining kirib kelishi va Mahkamning u bilan boʻlib oʻtgan suhbati asnosida oʻquvchi Sh.Xolmirzayev badiiy konsepsiyasida kapitalizmning bahosini ravshanroq koʻra boshlaydi. Adib judayam badavlat tadbirkor siymosida xalqparvar, maʼrifatparvar shaxsni koʻrishni istaydi. Albatta, yozuvchining bu xulosalari biz yuqorida qayd etgan ekonomik odam konsepsiyasiga zid keladi. Zero kapitalizmga koʻra, tadbirkor xalqparvar yo maʼrifatparvar boʻlishi amrimahol. U oʻz xalqiga tadbirkorlik faoliyatini shunchaki rivojlantirib, pul aylanmasini kengaytirib ham foyda keltirishi mumkin. Lekin yozuvchi biroz ijtimoiylashgan, egoizmdan holi tijoratchini ideallashtirishga urinadi.

Roman voqealari rivojida biz Mahkamning ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlar yuzasidan fikrlari asta-sekin oʻzgarib borayotganini qoʻramiz. Ayniqsa, Jamoliddin bilan uchrashuvdan soʻng tadbirkorlarga munosabati oʻzgaradi. Xayolan oʻz oʻgʻli Sobitning ham tijoratchi boʻlishiga rozi boʻlib, faqat “Jamol tipida” deya niyatini toʻgʻrilaydi.

Mahkam – kapitalizm qonunlari qanchalar suronli boʻlmasin, oʻzida insoniylikning eng goʻzal fazilatlarini saqlab qolishga intilgan qahramon. Balki butun roman, Sh.Xolmirzayevning oʻtish davridagi inson konsepsiyasi mana shu gʻoya ustiga qurilgan boʻlsa ajab emas.

Jamiyatning bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga oʻtish davri manzaralari, jarayonning ijtimoiy, ruhiy-maʼnaviy oqibatlari qalamga olingan asarlardan yana biri Xurshid Doʻstmuhammadning “Bozor” romanidir. Mazkur roman tasvirlash prinsipiga koʻra biz yuqorida koʻrib chiqqan “Dinozavr”, “Muvozanat” romanlaridan tubdan farq qiladi. Yaʼni “Bozor” anʼanaviy realistik uslubda emas, balki modernistik uslubda yozilgan boʻlib, toʻlaligicha ramziylik asosiga qurilgan. Umarali Normatov bu haqida “Yozuvchining diqqat-eʼtibori bozor manzaralari va mojarolarining bevosita oʻzini emas, personaj ongi, ruhiyatidagi aks-sadosini ifodalash, badiiy tahlil etishga qaratiladi, bunda “ong oqimi” tajribalaridan ijodiy foydalanadi” deb yozadi. Abdugʻafur Rasulov Gʻarb adabiyoti, xususan modernizmning milliy adabiyotimizdagi namunalari haqida soʻzlarkan, “Bozor” romanini alohida qayd etib oʻtgan 3 boʻlsa, Yoʻldosh Solijonov uni “oʻzbek nasrining soʻngi yillardagi original qiyofasini belgilaydi” deya eʼtirof qiladi.

Adib insoniyatni bozor vositasida tushunishga va tushuntirishga harakat qilarkan, bundan muayyan gʻoyaviy-badiiy maqsadni koʻzlaydi.

U oʻzining inson konsepsiyasi uchun “bozor modeli”ni poydevor qilib oladi. Bu poydevorga esa insoniyat xos manfaat – nafsning ramzi sifatida qaraydi: “Bu yorugʻ dunyoda bir-biriga tariqcha oʻxshagan-oʻxshamagan tirik jon borki, nafsi oʻxshaydi, nafs bir xil, nafs odamlarni birxillashtiradi, tafovutlarni yoʻqqa chiqaradi, bozor manaman degan insoni komilni ham yalpisiga – bitta kuymay bozorga soladi”. Ëzuvchining badiiy konsepsiyasida manfaat odamlarni har koʻyga soluvchi va barchani umumlashtiruvchi qudratli omil sifatida talqin qilinadi. Zero inson hech qachon oʻz nafsidan toʻla forigʻ boʻla olmaydi. Lekin nafsni oʻz holiga tashlab qoʻyish ham mumkin emas.

Muallif oʻzini qiynayotgan muammolarni birma-bir oʻrtaga tashlarkan, oʻtish davriga ishora qilib, bu davrni “shayton oralagan bozor”ga mengzaydi. Uni jamiyatdan halollik, maʼrifat koʻtarilib, tobora oʻgʻrilik, johillik kabi illatlar urchib borayotgani tashvishga soladi. Aynan shu davrga kelib odamlar nafsini jilolay olmay qoldi, bozor izidan chiqdi. Lekin “bozor aynidi, izdan chiqdi deb undan yuz oʻgirish kerakmi?” Bizningcha, asarning markaziy savoli, bosh muammosi shu savolda mujassam topgan. Albatta “bozor”dan voz kechish imkonsiz, biroq yechim mavjud – “bozorning yovuzlashib ketishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak”.

Xurshid Doʻstmuhammad oʻz badiiy konsepsiyasi markaziga MANFAATni qoʻyarkan, gʻoyaviy jihatdan Adam Smit qarashlariga yaqinlashadi, shu bilan birga, MANFAAT jamiyatni harakatlantiruvchi kuch sifatida talqin qilingan “Dinozavr” romaniga har jihatdan hamohang asarga aylanadi.

Dilmurod Quronov “Bozor”ning badiiy falsafasini uchta asosiy obraz: bozor, choyxona va qiroatxona tutib turadi, boshqa barcha obrazlar ularning atrofida uyushadi” deb yozgandi.

Romanda oʻzaro ziddiyatga kirishgan mazkur uch obrazning har biri oʻz muvozanatini yoʻqotgan.

Bozorga shayton oralagan boʻlsa, hokimiyat ramzi boʻlgan choyxona oʻgʻri va muttahamlarning makoniga aylangan, ziyo maskani hisoblanuvchi qiroatxona (kutubxona) esa nurab, kimsasiz maskan boʻlib qolgan.

Romanning bosh qahramoni Fozilbek ismi-jismiga mos, fozil yigit. U asarda yangi avlod vakili, kapitalizm fuqarosining ramziga aylangan. Fozilbek muallif ideallarini oʻzida mujassam etib, uning inson konsepsiyasida bosh omiliga aylantirilgan.

Fozilbek obrazining “Dinozavr” romanidagi Mahkamdan farqli jihatlari talaygina. Avvalo, u ijtimoiy odam (Homo sociologicus) emas.

Hali uylanmagan bu yosh yigitning ongu shuuri sotsializm gʻoyalari bilan zaharlanib ulgurmagan, yaʼni chinakamiga sotsialistik tuzumda yashab koʻrmagan. U kapitalizm farzandi. Shunday ekan, biz Fozilbek siymosida ijtimoiy odamning ekonomik odamga evrilishini kuzatmaymiz. Shukur Xolmirzayev oʻtish davrini keng epik koʻlamda qamrab olib, jamiyatning reallikka monand modelini yaratgan va oʻz badiiy konsepsiyasini bilvosita qahramonlari taqdiri orqali ifodalashga uringan boʻlsalar, Xurshid Doʻstmuhammad ijtimoiy koloritni nisbatan torroq oladi, davrning ramziy-falsafiy modelini yaratib oʻz gʻoyalarini bevosita Fozilbek orqali ifodalashga urinadi. Boshqacha aytganda, Fozilbek – bosh qahramon va bir vaqtda muallif siymosi.

“Bozor” romanining markaziy qahramonlaridan yana biri Qadriya isli kutubxonachi qiz boʻlib, u nurab borayotgan qiroatxona – maʼnaviyatning ramzidir. U pul bilan muomala qilishni bilmaydi. Faqat kitob oʻqish, kutubxonani obod qilish haqida oʻylaydi. Fozilbek va Qadriya oʻrtasida muhabbat rishtalarining bogʻlanishi esa “bozor odami” va maʼnaviyatning qovushishi demakdir. Zero yozuvchi badiiy konsepsiyasiga koʻra bozorning choʻkishi odamlardagi maʼnaviyatsizlik bilan bogʻliq.

Fozilbek davrning eng katta fojialaridan yana biri sifatida maʼrifat ulashuvchi ijodkor va olimlarning oʻzini “bozorga urishi”da koʻradi:

“Saʼdulla, Qadamboy, Berdiboylar shoirlik dov-dastgohini yigʻishtirib, oʻzlarini bozorga urdilar... Olimjonni aytmaysizmi?! Nima, bu umrlar esiz emasmi? Emin shoir bozor bilan bellashaman degandi, naq belini sindirishdi”.

Xurshid Doʻstmuhammadning inson konsepsiyasidagi muhim qahramonlardan yana biri bozorboshi – Qosimbekdir. Qosimbek ijtimoiy odam – eski odam. Umr boʻyi bozorni epaqaga solaman deb yashadi. Lekin umri poyoniga yetib qolganda buning imkonsiz ekanini tushunib yetdi. Endi u yangi bozorni epaqaga solish tugul, uning mohiyatinida anglab olishga ojiz ekanini bilib qoladi. Oʻz oʻrnini munosib oʻrinbosarlarga boʻshatib berish maqsadida, oʻgʻillari va shogirdlarini chaqirib bunday nasihat qiladi: “...unutmalaring, bozorni izga solish uchun qimirlagan jon borki, bari oʻzicha urinadi. Xudo xayrini bersin, hammasini oʻz holiga qoʻy, Xudo har bandaga oʻziga yarasha aql-hush bergan, bozorboshi oʻsha aql-hushning baridan foydalana bilishida gap koʻp”. Qosimbekning bu nasihati kapitalizmning bosh gʻoyalariga hamohang. Kapitalizmga koʻra, bozor mustaqil rivojlanishi, maʼmuriyat tomonida jilovlanishi yo izga solinishi kerak emas.

Bozor oʻz ichki qonuniyatlari asosida, oʻzing xato va yutuqlaridan xulosa chiqarib rivojlanaveradi. Hukumat esa adolatni, shaxs va mulk daxlsizligini taʼminlasa bas. Qosimbek gapida davom etib, “Bozor uchun Shomirza bilan Diyorbek qanchalik zarur boʻlsa, ularning yonida Sabriddin bilan Fozilbek turishi yuz karra shart”. Yaʼni bular pul, qudrat, adolat, maʼrifat ramziga aylangan qahramonlar. Ularning har biri bozor uchun suv va havodek zarur, yoʻqsa, bozor choʻka boshlaydi.

Fozilbek otasining nasihatlariga quloq tutadi. Endi u otasi kabi umrini bozorni epaqaga solaman, jilovlay degan orzu uchun sovurib yubormaydi, lekin oʻzi ham shayton oralab yuruvchi bozorning izmiga tushib yashamaydi. U oraliq yoʻlni topib, bozorni pul, hokimiyat va maʼrifatning oʻzaro adolatli muvozanati asosiga qurishni istaydi. Xurshid Doʻstmuhammadning badiiy konsepsiyasi esa mana shu xulosalarda mujassam topadi.

Xulosa qilib aytganda, “Dinozavr” va “Bozor” romanlari oʻtish davri adabiyotining eng yorqin namunalaridir. Bu asarlarda oʻtish davri romaniy kontekstda taftish etilgan. Bozor munosabatlariga qadam qoʻygan jamiyatning koʻp tarmoqli badiiy modeli yaratilib, olam va odam munosabatlari haqida yaxlit badiiy konsepsiya taqdim etgan. Ularda kapitalistik jamiyat fuqarosi – ekonomik inson konsepsiyasi yaratilgan.

Izohlar

  1. XX asr oʻzbek adabiyoti masalalari. Toʻplam. – Toshkent: Fan, 2012. – B.40.
  2. Felli Ch. Homo Economicus vs Homo Sociologicus.

Saʼdullo Quronov