← Dilmurod Quronov
|

Romanning yangi umri

Dilmurod Quronov

Suhbat · 2001 · Jahon adabiyoti, 2001, № 9

D.Quronov: - Hurmatli domla, mana, XX asr ham poyoniga yetdi. Nihoyalanayotgan asr adabiyotimiz uchun ulkan burilishlar, oʻzgarish, yangilanish davri boʻlganligi shubhasiz. Milliy adabiyotimiz XX asrda yangilanish yoʻliga, jahon adabiyoti taraqqiyotining bosh oʻzaniga oʻtib olganligi maʼlum. Asr sarhisobi boshlangan ekan, adabiyotshunoslik oldida milliy adabiyotimizning tarqqiyot yoʻlini tadqiq etish, undagi burilishlar, rivojlanish va depsanishlarning ildizlarini ochib berish vazifasi turibdiki, nazariy asosda umumlashtirilgan yutuqlar adabiyotimizning yangi asrdagi taraqqiyotga asos, yoʻqotishlar saboq boʻlmogʻi lozimdir. Albatta, bu maqsadga erishish uchun yirik fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish zarur boʻladi. Biz daʼvoni kichikroq olib, masalaning muhim bir qismi - milliy romanchiligimiz, xususan, uning istiqlol yillaridagi taraqqiyoti hususiyatlari haqida fikrlashsak. Domla, sizningcha bu davr oʻzbek romanchiligidagi eng muhim xususiyatlar, oʻzgarishlar, tamoyillar nimalarda koʻrinadi?

U.Normatov: - 80-yillar oʻrtalaridan yuz bergan jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayoti, maʼnaviyatidagi keskin oʻzgarish, evrilishlar tufayli asr davomida shakllangan yangi oʻzbek adabiyoti rivojida, barcha adabiy tur, janrlarda tub yangilanish jarayoni boshlandi. Istiqlol yillarida esa bu jarayon izchil tus oldi. Eng asosiysi, bu davrga kelib chinakam fikr erkinligi, xilma-xil mafkuraviy, ijodiy-estetik oqimlar, adabiy maktablarning shakllanishi uchun zamin hozirlandi. Bilasiz, mustabid tuzum davrida ham adabiyotning boyligi, undagi xilma-xillik haqida koʻp gapirilar edi. Biroq rang-baranglik, xilma-xillikni marksizm-leninizm mafkurasi, sotsialistik realizm doirasida tushunilar, bunday dunyoqarash, metoddan salgina chetga chiqish katta gunoh sanalardi. Rang-baranglik, xilma-xillik deganda asosan shakl, uslub, nari borsa uslubiy oqimlar xilma-xilligi tushunilar, sotsialistik aqidalar qolipiga tushmaydigan jamiki qarash, talqinlar marksizmga zid tamoyillar sifatida qatʼiyan rad etilar edi. Yetmish yil davomida ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotning hamma jabhalarini, millat ongini zabt etib oʻz yoʻrigʻiga yurishga majbur etgan hukmron mafkura yemirilgach, bizning milliy adabiyotimizda ham falsafiy-estetik jihatdan rang-barang, xilma-xil yoʻnalishga mansub asarlar, jumladan romanlar paydo boʻla boshladi. Chunonchi, 90-yillari moddiy dunyo qonuniyatlariga, tarixiylik, ijtimoiy tahlil mezonlariga qatʼiy amal qiladigan anʼanaviy realizm bilan barobar diniy-islomiy talqin ustivor qator asarlar maydonga keldi. Shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli emas, koʻproq ilohiy, tugʻma-tabiiy, sirli-sehrli mavjudot tarzida koʻrsatuvchi, uning ijtimoiy-tarixiy sharoit — tuzum, davlat, siyosat, mafkuraga boʻysunmaydigan gʻaroyib tuygʻu, xislatlarini badiiy tadqiq etuvchi, ekzistensializm falsafasiga tayanuvchi, aniqrogʻi, shunday talqinlarni oʻz ichiga oluvchi romanlar ham yaratila boshladi. Bu foniy dunyoning omonat, tagi puch gʻoyalariga aldangan shaxs umrining, mehnatining bemaʼniligini qabariq tarzda, koʻpincha ramziy–majoziy timsollar vositasida butun keskinligi, fojiasi bilan ochib beruvchi absurd asarlar, absurd qahramonlar xiyla koʻpaydi. 90-yillari deyarli barcha tur, janrlarda boʻlgani kabi oʻzbek romanchiligida modernizmning qaror topishi, muayyan milliy adabiy anʼana tusini olishi davri boʻldi. Asr poyoniga kelib oʻzbek tanqidchiligi va adabiyotshunosligida modernizm va anʼanaviylik tevaragida qizgʻin munozaralar boshlanishi tasodifiy emas. Bu hol adabiy jarayonning oʻzida yuz bergan tub yangilanishlarning adabiy jamoatchilik ruhiyatidagi, kayfiyatidagi aks¬¬–sadosidir.

60-80-yillar davomida milliy romanchiligimizda asr kishisining mashaqqatli umr yoʻli, taqdiri haqida hikoya qilish, qismati, hayotiy tajribalaridan saboq chiqarishga intilishdan iborat bir anʼana shakllangan edi. A.Muxtorning «Davr mening taqdirimda», «Chinor», Mirmuxsinning «Degrez oʻgʻli», Shuhratning «Oltin zanglamas», O.Yoqubovning «Diyonat», «Oqqushlar, oppoq qushlar», Oʻ.Hoshimovning «Ikki eshik orasi» romanlari ayni shu mushtarak jihatlari bilan oʻziga xos turkumni tashkil etadi. Bu asarlar shoʻro davri hayotining salbiy jihatlarini, ichki ziddiyatlarini, adolatsizlik va shafqatsizliklarini dadil koʻtarib chiqqanligi bilan oʻz davrida jamoatchilik eʼtiborini tortgan, katta qiziqish uygʻotgan edi. Biroq bu asarlarda hali butun boshli ijtimoiy tuzumning, shu tuzum uchun hayotini tikkan shaxs faoliyatining fojiali ildizlarini tag–tugi bilan ochib berish yetishmaydi. Bizning sharoitimizda ulardan buni kutish oʻrinsiz. 80-yillar oxirlariga kelib asr odamlari umri va faoliyatining bemaʼniligini oʻziga xos tarzda dadil va yaqqol aks ettiruvchi bir roman dunyo yuzini koʻrdi. Bu Murod Muhammad Doʻstning «Lolazor»idir. «Lolazor» orqali oʻzbek romanchiligi, qolaversa milliy adabiyotimizga absurd tuygʻusi va gʻoyasi kirib keldi. Roman butun umri puch gʻoyalar asosida yurtni lolazorga — boʻstonga aylantirish orzusida oʻtgan odamning, adashgan, aldangan kishilarning ayanchli qismati haqida bahs etadi. Istiqloldan ancha burun roman muallifi oʻz qahramonlari tayangan aqidalar absurd — maʼnisiz, oʻlimga mahkum ekanini favqulodda bir mahorat bilan ochadi; butun boshli yirik roman sahifalarida mavj urib turgan ajib bir poetik ohang — kinoya-kesatiqlar orqali oʻzining badiiy hukmini oʻqiydi.

«Lolazor»da namoyon boʻlgan absurd tuygʻusi va gʻoyasi 90-yillar boshlarida birin-ketin eʼlon etilgan epik asarlar — Oʻ.Hoshimovning «Tushda kechgan umrlar», Sh.Xolmirzayevning «Olaboʻji», T.Murodning «Otamdan qolgan dalalar», O.Yoqubovning «Adolat manzili» va, nihoyat, O.Muxtorning «Ming bir qiyofa»dan boshlangan yangi turkum romanlarida turli-tuman koʻrinishlarda izchil davom etdi...

D.Quronov: - Domla, kechirasiz, fikringizni boʻlaman. Adabiyotimizdagi, xususan, yoshlar ijodidagi izlanishlarga xayrixohligingiz koʻpchilikka maʼlum, ishonamanki, bu narsa yoshlar tomonidan tegishlicha qadralanadi ham. Ayni paytda, buni «modern uslubida yozilgan asarlar haqida soʻz yuritganda asl mohiyatiga yetmay mahliyo boʻlish» sifatida baholovchilar ham yoʻq emas. Albatta, mazkur masala yuzasidan keskin bahslar kechayotgan bir paytda shunday boʻlishi tabiiy ham. Nima boʻlganda ham, keyingi vaqtdagi chiqishlaringizda, suhbatlaringizda «absurd tuygʻusi», «absurd asar» kabi tushunchalarni bot-bot ishlatasiz. Shu masalaga mavzumiz doirasida kengroq toʻxtalsangiz

U.Normatov: Albatta, yuqoridagi romanlarning fazilati, ahamiyati faqat totalitar rejim tanqidi, adashgan, aldangan shaxslar umrining bemaʼni — absurddan iborat ekanini ochib berganligi bilangina cheklanmaydi. Hozirgi jahon adabiyotshunosligida badiiy asar qimmati, darajasi birinchi galda unda hayot va shaxsning yangicha konsepsiyasi hamda badiiy talqini, ifodasiga qarab beliglanadi. Shu yuksak umumbashariy adabiy-badiiy mezonlar asosida yondashiladigan boʻlsa, Oʻ.Hoshimovning «Tushda kechgan umrlar» romani 90-yillar oʻzbek adabiyotidagi jiddiy voqea, muhim yangilikdir. Bir qarashda roman yangi oʻzbek adabiyotida muayyan anʼanaga aylanib qolgan mavzu-muammolar — mustabid tuzum tanqidi, afgʻon urushi, «oʻzbeklar ishi» qurbonlari haqida bahs etadi. Biroq badiiy asarda, xususan, romanda yozuvchining yangi soʻzi u yaratgan jonli va koʻlamli shaxslar timsoli orqali gavdalanadi. «Tushda kechgan umrlar» romanidagi talay personajlar, xususan, ikki yorqin qahramon — Rustam va Komissar obrazlarini yozuvchining bugungi adabiyotimizdagi yangi soʻzi, badiiy kashfiyoti desa boʻladi.

Rustam — fojeiy shaxs. Katta hayotga endigina kirib kelayotgan, ona yurtning yetuk bir farzandi, sodiq fuqarosi boʻlishi, el-yurt uchun koʻp ishlar qilishi, sevgilisi vasliga erishib baxtli hayot kechirishi mumkin boʻlgan bu navqiron oʻgʻlon umri oʻn gulidan biri ham ochilmay turib xazonga aylanadi. Uning hayotini mustabid tuzum, totalitar rejim siyosatini yurgizganlar, afgʻon urushini boshlaganlar, «oʻzbeklar ishi», «paxta ishi» mojarosini oʻylab topgan gʻalamislar zavol etadi. Rustam halokati mana shu mudhish siyosatga zoʻr bir aybnoma kabi yangraydi.

Bilamizki, har qanday salmoqdor, ezgu gʻoya sanʼatkorona ifodasini topgan taqdirdagina qudratli kuch kasb etadi, asar gʻoyasi esa oʻquvchi qalbini asir etadigan yaxlit sirli-sehrli tasvir ohangi orqali pafosga aylanadi. «Tushda kechgan umrlar» romani «Kuz oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi» soʻzlari bilan boshlanadi. Ilk jumladagi mana shu mayus, mungli ohang asar davomida tovlanib, goh sokin, goh shiddatli tus olib vujud-vujudingizni qamrab oladi. Asar qahramoni qismati boshdagi oʻsha mungli soʻzlar bilan intihosiga yetadi. «Kuz oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi» jumlasi faqat qahramon qismatidagina emas, asarda aks etgan davr, muhit, jamiyatga ham daxldor — darhaqiqat, oʻsha yillari jamiyat bamisoli oʻlim toʻshagida yotgan bemordek talvasada. Oʻzbek adabiyotida bu qadar mayus, mungli romanni hozirgacha oʻqimagan edik. Roman bu jihatdan Hazat Navoiyning eng xazin, mungli dostoni «Layli va Majnun»ni yodga soladi. Dostonni oʻqiyotib siz Layli bilan Majnun bu foniy dunyodan baxt topolmasligini, cheksiz gʻam-anduhlardan faqat oʻlib qutulishlari mumkinligini his etib turasiz. «Tushda kechgan umrlar» romanida oʻzgacha davr, oʻzgacha vaziyat, muammo, mojarolar. Biroq bosh qahramon boshiga tushgan savdolardan qutulish yoʻli oʻsha — Rustam tipidagi oriyatli, vijdonli yigitni bu mudhish koʻrguliklardan oʻlimgina mosuvo etadi. Menimcha, chuqurroq karasak, Rustam obrazi talqinida ekzistensializm falsafasining taʼsiri seziladi...

D.Quronov: - Darhaqiqat, agar «Tushda kechgan umrlar» romanini ekzistensializm nuqtai nazaridan tushunmoqchi boʻlsak, Rustam obrazi talqinida oʻziga tamomila «begona dunyo»da, oʻziga «dushman dunyo»da yashagan shaxs fojiasini koʻramiz. Rustam oʻzi yashayotgan dunyoda oʻzini mutlaq «begona» his qiladi, oʻz dunyosidan mantiq, hayotidan maʼni topolmay qoldiki, ayni shu sharoitda uning qarshisida «hayot yashab oʻtishga arziydimi?» qabilidagi absurdga xos savol koʻndalang boʻldi. Absurd falsafasining otasi Kamyu: «Inson ongidan tashqarida absurd mavjud emas. Uning oʻlimi bilan, boshqa barcha narsalar kabi, absurd ham yoʻq boʻladi»,- deb yozadi. Ayni paytda, Kamyu insonning ixtiyoriy hayotdan ketishini ham yoqlamaydi, aksincha, uning talqinida «isyon oʻlim emas, hayot manbaidir. Uning tub mohiyati — vayronkorlik emas, bunyodkorlik mantiqidir». Yaʼni, insonning isyoni voqelikni oʻzgartirishga, tartibsizlikni (xaos) uygʻun tartibga (garmoniya) keltirishga qaratilishi lozim. Shu bilan birga, Kamyu — pessismist, dunyoni muayyan tartibga, bir paytlar maʼrifatchilar oʻylagandek inson uni «aqlga muvofiq holga keltira olishiga» ishonmaydi (aslida, modernizm dunyoqarash sifatida maʼrifatchilikning toʻla inkori boʻlib maydonga kelgan). Demak, Kamyu talqinidagi inson mavjudligining sharti boʻlmish «isyon» ham avvalboshdan absurd — sizif mashaqqatidan oʻzga emas, u insonning oʻzi uchungina kerak, uning oʻz hayotida maʼni bor deb oʻylashi uchun aldov, xolos. Ayni shu oʻrinda «Tushda kechgan umrlar»dagi va Kamyu talqinidagi «absurd» orasida ulkan farq mavjudligi koʻzga tashlanadi. Oʻ.Hoshimov umidvorlik hissidan mosuvo emas, uning uchun «absurd voqelik» jamiyat taraqqiyotidagi bir bosqich, «absurd tuygʻusi» shu bosqichda yoʻlsizlikdan qiynalayotgan shaxs dunyoqarashi, kayfiyatidagi muvaqqat holat. Kamyu uchun esa, maʼlumki, absurd — universal hodisa, u absurd tushunchasini insoniyatning tongidan shomiga qadar, azaldan abadga qadar tadbiq etadi...

Domla, hozir mavridi kelib qoldi, shu oʻrinda adabiyotshunosligimizdagi modernizm masalasidagi soʻnggi bahsni eslagim keladi. Xususan, unda adabiyotshunos S.Meli: «moderniy yoʻl ... insoniyat badiiy tafakkurini chuqurlashtirishda, inson ruhiyati puchmoqlariga kirib borishda muayyan yutuqlarga erishdi» derkan, Gʻarbning qator adiblari «modernizmning talay yutuqlarini realistik tasvir doirasiga olib kirib, katta badiiy kashfiyotlarga erishgan»ligini taʼkidlaydi. Nazarimda, Oʻ.Hoshimov ham ayni shu yoʻldan bordi, u gʻarb adabiyotiga xos jihatlarni ijodiy oʻzlashtirdi. Modernizmga xos xususiyatlar milliy-adabiy anʼanalar zaminida ijodiy oʻzlashgani uchun ham «Tushda kechgan umrlar» haqida soʻz borganda muallifni «gʻarbga taqlid qilish»da ayblash (yoki alqash) birovning xayoliga kelmaydi. Darvoqe, biz osongina «taqlid» deb ataydigan va koʻproq soʻzning lugʻaviy maʼnosidan kelib chiqiboq avvaldan birmuncha salbiyroq munosabatda boʻladigan hodisa aslida juda murakkab, adabiy-badiiy jarayonda qonuniyat maqomidagi hodisadir. Aytmoqchimanki, baʼzan bahs qizigʻida «adabiy taʼsir»ni ham «taqlid» tushunchasiga qoʻshib yuboramiz, ikkisiga-da bir koʻz bilan qaraymiz. Holbuki, milliy adabiyotimizga gʻarb adabiyotiga xos qandaydir jihat kirib kelayotgan ekan, demak, shunga ehtiyoj yetilgan. Aytaylik, «Lolazor» romanida «absurd tuygʻusi» eng kuchli ifodasini topgani bejizdan emas: asar yozilgan paytga kelib ijtimoiy hayotni isloh qilish borasidagi gʻoyalarga bot-bot aldangan jamiyatimizning oʻzida shu tuygʻu yetilgan edi. Qizigʻi shundaki, ekzistensializm (jumladan, absurd) falsafasi 50-60-yillarda gʻarb ziyolisining maʼnaviy-ruhiy qiyofasini koʻp jihatdan belgilagan boʻlsa, 80-yillarga kelib uning taʼsiri susaygan (aniqrogʻi, bu vaqtga kelib mazkur falsafaning maqbul jihatlari gʻarb maʼnaviyatiga singishib ketdi, nomaqbullari inkor qilindi) edi. Bizda esa, masalan, absurd tuygʻusi ayni shu vaqtdagina, yaʼni, uni taqozo etadigan va u singishadigan sharoit yetishgandagina paydo boʻldi. Ikkinchi tomondan, ekzistensializm (jumladan absurd) falsafasi adabiyotimizga bevosita birinchi manbalar orqali emas, adabiyot va sanʼat asarlari orqali kirib kelgan edi. Shu bois ham oʻzini «modernchi» deb bilmagan (tanqidchilikdan ham bu xil «yorliq» olmagan) adiblarning asarlarida hayotning, shaxsning badiiy talqinida mazkur falsafaning taʼsirini sezishimiz mumkin boʻladi...

U.Normatov: Inson, shaxs jumbogʻi, bu jumboqni yechishga intilish, inson hayoti mohiyatini anglashga, shaxs tabiati va ruhiyatini taftish va tahlil qilishga intilish —romanning, umuman, badiiy adabiyotning bosh vazifasi. XX asr davomida roman shakli, ifoda usullari juda koʻp oʻzgarishlarga duch kelsa-da, inson talqini uzoq vaqt oʻzgarishsiz qolib keldi. Faqat asr soʻngiga kelibgina ijodkor insonni anglash bobida yakka hokim dunyoqarash, mafkura tazyiqlaridan qutuldi, shaxsni turli falsafiy-estetik qarashlar nuqtai nazaridan badiiy talqin qilish imkoniga ega boʻldi. Nazarimda, soʻnggi yillar oʻzbek romanchiligidagi oʻsishni — oʻsish esa, shubhasiz, mavjud — taʼmin etgan eng muhim omil shu boʻlsa ajab emas. Bir qarashda keyingi oʻn yil mobaynida yaratilgan romanlarning aksariyati istiqlol arafasidagi, mustabid tuzum davridagi hayotni badiiy tahlil etishga qaratilgani tematik jihatdan torlikday, bir xillikdek taassurot qolirishi mumkin, ehtimol. Biroq, menimcha, bunda ham tabiiy, qonuniy holni koʻrganimiz toʻgʻriroq boʻladi. Negaki, kechagi kunimiz mana endi-endi ijodkorlarimiz uchun chinakam estetik obyektga aylanib bormoqda Zero, ijodkor(jumladan, boshqalar ham) endigina u davr hayotidan rostmana uzilib, unga tugal bir bosqich sifatida chetdan qarash, xolis va atroflicha chuqur mushohada qilish imkoniga ega boʻldi. Davrdan uzoqlashganimiz barobari, asardan asarga uning badiiy talqini chuqurlashib borayotgani buning yorqin dalili boʻlganidek, hali bu mavzuning «yopilmagan»idan ham dalolatdir. Ikkinchi tomondan, tematik jihatdan yaqin, yuzaki qaraganda bir-biriga oʻxshash asarlarda talqinlar turfaligi, ijodkor shaxsiy nuqtai nazarining tobora boʻrtib borayotgani adabiyotimizning ertasidan xayrli foldir. Aytaylik, oʻsha davr ijtimoiy hayoti jarayonlarining, absurd voqelikning shaxs tabiati, ruhiyatiga taʼsirini oʻrgangan adiblar ijodida bir qarashda oʻxshash, aslida bir-biridan jiddiy farqlanuvchi obrazlar(tiplar) yaratildi. Men bu oʻrinda «Tushda kechgan umrlar»dagi Komissar, «Olaboʻji»dagi Toʻqliboy Qoʻchqorov, «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi Dehqonqul obrazlarini nazarda tutmoqdaman.

Birinchi qahramon — Komissarning Soat Gʻaniyevich degan binoyiday ismi sharifi bor. Biroq ismi sharifidan koʻra Komissar degan laqabi unga koʻproq munosib (buni muallifning jajji topilmasi desa ham boʻladi). U shaxs emas, kasb, mansab-martaba, mafkura odami; bu odam butun umri davomida mustabid tuzum, totalitar rejim mafkurasi, siyosati qalqoni va qilichi sifatida ish koʻrdi, necha minglab odamlarning hayotini, dilini jarohatladi, yostigʻini quritdi.

Shunisi ham borki, bu odam hayotining kuzi allaqachon boshlangan, u ham oʻlim toʻshagida yotgan bemorni eslatadi. Biroq u buni tan olgisi kelmaydi, allaqachon otdan tushgan boʻlsa-da, egardan tushmagan. Mushtipar ayoli olamdan oʻtdi, farzandlari, kelinlari oʻzgacha yoʻl tanlab undan yuz oʻgirdi, ikkinchi umr yoʻldoshi unga xiyonat qildi; hayotda bironta doʻsti, tayanchi qolmadi; u suyangan jamiyat, eʼtiqod qoʻygan mafkura nuradi, quladi... Oʻzini bilgan, anglagan odam uchun bular naqadar katta fojia! Bu kimsaning fojiasi shundaki, u mana shunday fojiani his etishdan mahrum, shu holda ham inson qiyofasidagi mahluq hech narsa koʻrmagandek yashashda davom etadi... Hayotining har qanday maʼnidan mosuvoligini bir lahza boʻlsin oʻylab koʻrmagan, oʻylashdan ojiz Komissarni «yashadi» deb boʻladimi?! Qarangki, mustabid tuzum Komissarning hayotini absurdga aylantirgan, ayni paytda, u oʻsha mustabid tuzumning «vintchasi» ham va shundayligicha qoldi — absurd shunchalik boʻladi-da!

Komissardan farqli oʻlaroq, Toʻqliboy Qoʻchqorov mavjud voqelikni ancha teran idrok qiladi va ayni shu idrok etilgan voqelik uning ruhiyatidagi evrilishlarga olib keladi. Toʻqliboy Qoʻchqorov haqiqiy arbob, u rayonda partiya siyosatini izchillik bilan oʻtkazadi, kotiblik vazifasini qoyil qilib ado etadi, yaxshi, isteʼdodli odamlar hisobiga partiya safini mustahkamlash payida boʻladi. Aslida u ziyoli-oʻqituvchidan chiqqan rahbar xodim, u yangichadan ham, eskichadan ham durustgina xabardor; «roʻzi mashhar»ni ham eslab turadi; oʻz sohasi — xalq tarixini durust biladi, koʻpgina tarixiy voqea-hodisalar xususida oʻzining mustaqil-izchil qarashlari bor. Ayni paytda u sheʼriyat shaydosi, shoir, jurnalistlarni hurmat qiladi, oʻzi ham sheʼrlar yozib turadi. Qizigʻi shundaki, rayon miqyosida partiya siyosatini izchil oʻtkazishi lozim boʻlgan, amalda yuqoridan belgilangan buyruqlarni soʻzsiz bajaradigan, bajartiradigan bu rahbar xodim ichdan partiya siyosatini, eʼtiqodini qabul qilmaydi, qilolmaydi; xiyla aqlli, fikrlaydigan bu odam mavjud tuzumning turgan bitgani byurokratiyaga, qogʻozbozlikka asoslanganini, mustabid davlatu tuzumning tagi boʻsh ekanini, uni zulm va qoʻrqitish qurollarigina ushlab turganligini yaxshi anglaydi; u bosmachi deb badnom etilgan milliy ozodlik kurashchilarining, «panturkist» deb nomlangan istiqlol fidoyilarining tarixdagi asl oʻrnini, xizmatini ruhan qadrlaydi, katta qurbonlar evaziga boʻlsa-da istiqlol amalga oshishini istaydi; Tarakanov tipidagi maraz odamlarning kirdikorlarini miridan sirigacha biladi; davlat, partiya hozir oʻtkazayotgan siyosat — madaniy-diniy qadriyatlarning oyoq osti qilinishi, yurt boyliklarining talanishi, ona tabiatning toptalishi, maktab oʻquvchilarining yosh umri ogʻir mehnatda xazon etilayotgani kabi noxush ishlardan kuyunadi, kuyunadi-yu, baribir ijrochi arbob sifatida bu xato, adolatsiz siyosatni izchil davom ettiraveradi, chunki u oʻzini mustaqil arbob emas, shunchaki bir qoʻgʻirchoq, itoatkor, qaram, shu hokimiyatning quli ekanini, faqat egarda oʻtirganini aslo unutmaydi, unutolmaydi. Bir rayon xududida rasman hokimu mutloq sanalgan bu shaxs — ojiz notavon bir kimsa, oʻzi koʻrib bilib turgan qabohatlarga, xato siyosatga qarshi borolmaydi, hatto unda qabohatlarga qarshi isyon uchquni ham yoʻq. Demak, u arosatdagi odam, unda mustahkam iymon-eʼtiqod, yuksak maqsad yoʻq. «Bu dunyoning ishlarini oʻylayversang, jinni boʻlasan» deydi u. «Yoʻlsizlik»ka mubtalo iymon-eʼtiqodsiz bu odam endi oʻzini aysh-ishratga uradi, yashab qolishga harakat qiladi, shu tariqa oʻzini ovutadi. «Ha, uning asl gʻoyasi — yaxshi yashash». Bu kabi iymon-eʼtiqodsiz, subutsiz kimsalar oldida gunohu jinoyatlar uchun hech qanaqa toʻsiq — insof, andisha, sharm-hayo, olloh va bandasi oldida hadik-qoʻrquv, masʼuliyat hissi boʻlmaydi. Buni qarangki, Komissar bilan Toʻqliboy Qoʻchqorov mohiyatan birdek, zero, ular mustabid jamiyatning ikki turli sifat koʻrinishi (biri qatagʻonlik, ikkinchisi turgʻunlik) mahsullaridek taassurot qoldiradi. Shunga koʻra ularning ikkisini istagancha qiyoslasa, ulardan qay biri mudhishroq, ayanchroq, fojeroq ekanligini mulohaza qilaversa boʻladi...

D.Quronov: Domla, bu gaplaringiz meni yuqorida aytganim oʻzini «modernchi» deb bilmagan adiblar ijodida ham modernizm xususiyatlari borligi haqidagi fikrda sobit qiladi. Gap shundaki, men aytmoqchi boʻlgan taʼsir asarning shakliy xususiyatlarida emas, avvalo mazmunda — deylik, shaxs muammosining qay tarzda qoʻyilgani, insonning qay tarzda talqin qilinganida koʻriladi. Yuqorida koʻrganimiz har ikki qahramon talqinida ham masala «u yashadimi?», «uning hayotida maʼni bormi?» qabilida qoʻyilganki, «yashamoq» va «bor boʻlmoq» tushunchalarini farqlash ekzistensializm falsafasida markaziy masalalardan biri sanaladi. Masalan, ekzistensialistlar, xususan Sartr talqinicha, erksiz odam inson sifatida faoliyatda boʻlolmaydi, u — «bor», lekin «yashamaydi». Yaʼni, erksiz odam bir buyum singari mavjud xolos. Shunga oʻxshash, Komissar ham yashamaydi, u — «bor», xolos. Nega? Inson oʻzi mansub muhit taʼsiridan xoli boʻlolmasligi tabiiy. Ekzistensialistlar (xususan, Xaydeger) insonning «dunyoda mavjudligi» oʻzida, bir tomondan, uning «oʻzgalar bilan mavjudligi»ni, ikkinchi tomondan, «oʻz oʻzining mavjudligi»ni taqozo qilishini taʼkidlaydilar. Gap shundaki, insonning oʻzligi (Dasein) «oʻzgalar bilan mavjudlik»dagina namoyon boʻladi, zero, oʻziga xoslik, oʻzlik oʻzgalardan farqlilikdagina koʻrinadi. Faqat erkin odamgina «oʻzgalar bilan mavjudlik»da oʻziga xosligini saqlashi, oʻz holicha qolishi mumkin. Erksiz odam esa oʻzligini namoyon qilolmaydi, uni muhofaza qilishdan ojiz va shu bois hamma qatori odamga (Man) aylanadi — oʻzligini, qiyofasini yoʻqotadi. Totalitar tuzum sharoitida — erkinlikning har qanday koʻrinishlari boʻgʻilgan, barchaning birdek boʻlishi ragʻbatlantirilgan bir zamonda — necha minglab Soat Gʻaniyevichlarning komissarlarga aylanishi tabiiy emasmidi?! Shuningdek, mavjud tuzumning tub mohiyatini durustgina anglagan va, ayni paytda, bu tuzum oʻzidan nimani talab etishini juda yaxshi bilgan minglab Toʻqliboy Qoʻchqorovlarning oʻzligiga-da xiyonat qilishiyu xudbin kimsalarga aylanishi ham tabiiy koʻrinadi. Darvoqe, menimcha, Toʻqliboy Qoʻchqorov aslo yoʻlsizlikka mubtalo odam emas. Aksincha, oʻz vaqtida uning qarshisida ham tanlov imkoniyati boʻlgan: u yo oʻzligiga sodiq qolib kamsuqum-kamtar umrguzaronlik qilishi va yo oʻzligiga xiyonat qilib arbobga aylanishi mumkin edi. U keyingisini tanladi va buning evaziga erkini, oʻzligini qurbon qildi, zero, inson «yo har vaqt va toʻla erkin, yo erkin emas» (Sartr) - qisman erkin boʻlishi mumkin emas.

Tabiiyki, shularga oʻxshash kishilar, shularga oʻxshash taqdirlar voqeligimizda mavjudligi uchun ham ular realistik yoʻnalishdagi adabiyotimizda oʻz aksini topayotir. Demak, yuqoridagicha talqinlar faqat «taqlid», «adabiy taʼsir» bilangina emas, avvalo oʻsha asarlar yaratilgan (oʻsha asarlarda aks ettirilgan) davr ijtimoiy-tarixiy sharoiti va bir paytlar Gʻarbda shu nav falsafani vujudga keltirgan ijtimoiy-tarixiy sharoit orasidagi mushtarak, oʻxshash nuqtalar bilan ham izohlanishi zarur koʻrinadi. Shu maʼnoda, menimcha, modernizm masalasidagi bahsda S.Melining adabiyotimizdagi yangicha izlanishlarni koʻproq «taqlid» sifatida baholashi anchayin keskin va bahslidir. Munaqqidning «modernizm Gʻarb hodisasi sifatida oʻzbek maʼnaviy muhitida nashʼu namo topa olmaydi» degan hukmi yana eskicha mafkuraviy taʼqiq yoʻlini yodiga solganmi, keyingi paytlarda oʻzining jiddiy tanqidiy chiqishlari bilan diqqatni tortgan B.Roʻzimuhammad ham shunga yaqin ohangda javob qilmoqchi boʻladi. Holbuki, bu ruhdagi «bahsda haqiqat koʻmiladi» — aslo «tugʻilmaydi». Avvalo, S.Meli — zukko, bilimdon adabiyotshunos, u modernizm ichida salbiy — insoniylikka zid hodisalar ham mavjudligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham u «bu yoʻl faqat uslubgina emas. U oʻziga xos mafkura ham» deb kuyunadiki, buni bilmaydiganlar, bilsa ham «shoʻro davrida shunday uktirilardi» qabilida oʻylab ishonchsiz, eʼtiborsiz qaraydiganlar ham yoʻq emas. Buning ziddi sifatida B.Roʻzimuhammad modernizmda asosan badiiyat hodisasini koʻrishga moyil. Xullas, bahsda qutbiy mavqeni egallagan ikki kishi aslida bitta narsa haqida gaplashishadi-yu, biroq har biri oʻsha narsaning bitta tomonigagina yopishib oladi. Tamsil qilmoqchi boʻlsak, goʻyo ularning biri «quyosh — issiqlik manbai» desa, ikkinchisi «quyosh — yorugʻlik manbai» deya eʼtiroz bildiradi. Xabaringiz bor, domla, hozirda «yer yuzining global isish» jarayoni kuzatilayotganidan ogoh etib tashvishli bong chalayotirlar. Biroq shuni deb «quyosh kerakmi, yoʻqmi?» qabilida bahslashish birovning xayoliga kelmaydi — quyosh bizning istagimizdan qatʼiy nazar mavjud: har kuni chiqaveradi, botaveradi... Shunga oʻxshash, modernizmni adabiyotimizga «kiritmaymiz» deyish ham, uni «olib kiramiz» deyish ham puch — badiiy tafakkurning tabiiy tadriji bizning ixtiyorimizdan qatʼiy nazar uni paydo qiladi.

Endi masalaning anchagina nozik ikkinchi tomoni — B.Roʻzimuhammadning eʼtirozini qoʻzgʻagan S.Melining tashvishi — modernizmning «oʻzbek maʼnaviy muhiti» bilan munosabati haqida. Biz ildizlari mingyilliklar qaʼridan oziqlanuvchi maʼnaviyat egasi boʻlmish xalqmiz. Yaʼni, bizdagi maʼnaviyat yaxlit bir tizim holidagi butunlikka ega. Bas shunday ekan, butun sifatida maʼnaviyatimiz oʻziga uygʻun singishib ketadigan qism (yaʼni, oʻzgalarga xos qadriyat)larnigina qabul qiladi, ayrimlarini moslashtirib oʻziga olsa, boshqalarini inkor qiladi. Oʻylashimcha, maʼnaviyatimizni yopiq sistema sifatida tushunish, uni oʻrinsiz ihotalashga urinish esa ortiqcha zoʻriqish boʻlishi bilan birga, maxdudlikka va uning ortidan keluvchi maʼnaviy qashshoqlanishga olib boradi. Shu oʻrinda fikrimni oydinlashtirish uchun ekzistensialistlar formulasidan foydalangim keladi: bizning xalq sifatida «dunyoda mavjudligimiz» ham «oʻzga(xalq)lar bilan mavjudlik» va «oʻz oʻzidek mavjudlik» dan iboratdir. Nazarimda, S.Melining birmuncha keskin fikrlari botinida yurtimiz dunyoga yuz tutgan, xorij bilan har turli aloqalar kuchayayotgan, kommunikatsiya vositalari behad rivojlanayotgan bir sharoitda «oʻzgalarga singib ketmaymizmi, milliy qiyofamizni yoʻqotib qoʻymaymizmi» degan tashvish yotadi. Toʻgʻri, yomonini oʻylamasang yaxshilik boʻlmaydi, degan naql bor. Shunday boʻlsa-da, bu xil tashvishga yetarli asos yoʻqday. Zero, salkam bir yarim asr tutqunlikda yashab oʻzligini saqlay olgan xalq, inshoollo, ozod, erkin boʻlgan holatida uni yoʻqotmas. Sababi — ozod, erkin xalqning «oʻzga(xalq)lar bilan mavjudlik»da oʻzligini namoyon qilishga, «oʻz oʻzidek mavjud» boʻla olishga imkoni boʻladi, bu esa dunyoda munosib oʻrin egallashning shartidir. Baski, biz tashqi dunyodan ixotalanishimiz emas, aksincha, oʻzligimizni yaxshi tanib olgan holda unga dadil kirib borishimiz zarurdir.

Modernizm borasidagi bahsda goh botiniy va goh oshkora tarzda «realizm eskirdimi?» degan savol ham turdi, har kim unga oʻzicha javob berdi. Adabiyot tarixiga bir qur nazar solinsa, unda badiiy tafakkurning realistik va norealistik shakllari qadimdan baqamti yashab kelayotgani, ular orasidagi zidlik har birining kuchli tomonlarini namoyon etishiyu har ikkisining ojiz tomonlarini toʻldirib kelishiga guvoh boʻlish mumkin. Baski, realistik yoʻlni qotib qolgan narsa sifatida tushunmaslik kerak: yuqoridagi romanlar realizm adabiy jarayondagi yangiliklarni oʻziga singdirib, vazmin-xotirjam odimlayotganidan dalolat beradi. Demak, «endilikda ... «moderncha» asarlarga monand badiiy did shakllanayotgani» (B.Roʻzimuhammad) ham mutlaqo tasodifiy emas, balki yuqoridagicha jarayonlarning tabiiy hosilasidir.

U.Normatov: Darhaqiqat, hali bizda anʼanaviy realizmning imkoniyatlari, ochilmagan qirralari koʻp. Shaxsni jamiyat, ijtimoiyot, siyosat, mafkura bilan aloqador holda badiiy tadqiq etish yoʻllari eskirmaganini, realistik adabiyot oʻziga koʻp yangiliklarni singdirib ulgurganini «Adolat manzili», «Otamdan qolgan dalalar» romanlari misolida ham koʻrish mumkin. Xususan, keyingi romanda erksiz odamning bora-bora oʻzligini yoʻqotishi, bir buyumdek mavjud boʻladigan holga kelishi muqarrar ekanligi oʻzining sanʼatkorona ifoda etilgan. Romanda asr kishisi bosib oʻtgan yoʻlning ifoda qamrovi keng, personajlar qismatidan chiqadigan xulosa-saboqlar esa xiyla keskin — tendensioz ruhda. Asar voqealari hayoti, taqdir-qismati, ruhiy dunyosi ona yer, kindik qoni toʻkilgan tuproq bilan mustahkam bogʻliq, oʻzbekning ramzi degulik mehnatkash, zahmatkash inson — bosh qahramon Dehqonqul tilidan soʻzlab beriladi. Dehqonqul hikoyasini oʻz sarguzashtlaridan emas, balki bobosi Jamoliddin, otasi Surxoni Aqrab tarixidan boshlaydi. Chunki Bobo va Ota tarixini eslamay va soʻzlamay turib Dehqonqul qismati, xarakteri maʼnosini anglash, anglatish qiyin. Bobo — mustamlakachilarga isyon sifatida yurtini tashlab, ularning oyogʻi yetmagan joylarga ketdi; Ota yurtning mustaqilligi deb Qizil ofatga qarshi kurashda shahid ketdi... Xoʻsh, shoʻro davrining odami Dehqonqul Ota va Bobosidan nimalarni meros qilib oldi? «Sotsialistik hayot tarzi» sharoitida u nimalarga erishdi-yu, nimalarni boy berdi? Dehqonqulga Ota va Bobosidan faqat mehnatkashlik xislatigina oʻtgan, xolos. Ota-bobolarga xos yurtsevarlik, insoniy gʻurur, oʻzlikni anglash hissi unda butunlay barham topgan. Dadil aytish mumkinki, Dehqonqul obrazi — oʻzbek adabiyotida jiddiy badiiy kashfiyot. Dehqonqul sovet davri adabiyotida zavq-shavq bilan qalamga olingan mehnat qahramonlariga parodiya tarzida yaratilgan. U — totalitar tuzum, qizil imperiya siyosati tarbiyalab yetishtirgan «mehnat kishisi», «yangi inson» timsoli; mustabid hokimiyat munofiqona mafkurasining tirik qurboni. Dehqonqul shoʻrolar tuzumining deyarli tengdoshi. Yozuvchi adabiyotimizda urf boʻlgan yoʻldan bormaydi, qahramon taqdiri orqali davrni, «sotsialistik jamiyat tarixini ifodalash»ni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymaydi. Sovet hokimiyati yillarining «muhim pallalari» atayin chetlab oʻtiladi, fuqarolar urushi yillarida aqlini tanigan bolakay 60-yillarda ham bolakayligicha qolaveradi. Bu hol oʻquvchiga aslo «mantiqsizlik» boʻlib tuyulmaydi. Yozuvchini birinchi galda Dehqonqulni qul, mute qilib shakllantirgan hayotiy omillar qiziqtiradi.

Dehqonqulni avvalo Lenin ishiga, partiyaga, shoʻrolar hukumatiga, ulugʻ ogʻaga hurmat, sadoqat ruhida tarbiyalashgan, unga Leninni ota, Krupskayani ona deb oʻrgatishgan; oʻlan-laparlarni emas, «partiya-sovet qoʻshiqlari»ni tinglab, aytib tili chiqqan, uyqudan turganda ham, uyquga yotish oldidan ham, toʻyu maʼrakalarda ham partiya, dohiy, ulugʻ ogʻaga taʼzim, salom bilan yoʻgʻrilgan madhiyalar qulogʻiga quyilgan; yurti dunyoda eng ozod, hur, toʻq-farovon ekaniga, 80-yillarga borib kommunizmda yashashiga chippa-chin ishontirishgan... U bora-bora soʻz bilan amal orasidagi ziddiyatni sezgan, koʻrgan; tengdoshlari qatori oʻqishni qoʻyib paxta dalalaridagi, zaxarli ximikatlar yomgʻiri ostidagi «hur mehnat» gashti nima ekanini goʻdakligidayoq tatigan, bu «shonli mehnat»ga mehr-muhabbat ruhida voyaga yetgan. Salgina boʻlsin bu mashaqqatlardan oʻzini chetga olganida bosmachining, sovet tuzumi dushmanining oʻgʻli deb haqorat qilingan, bu xildagi dagʻdagʻalar koʻnglidagi qarshilik koʻrsatish tuygʻusini butunlay soʻndirgan... Shu tariqa Dehqonqul oʻziga xos manqurt bir kimsa boʻlib yetishadi. Bu odam faqat sadoqat bilan mehnat qilishnigina biladi. U dehqonchilik ilmini miridan sirigacha egallagan. Oʻzi oʻtqazgan har bir niholning holi, dardi unga ayon. U oʻzini ham, ayolini ham, bolalarini ham oʻylamay, ayamay betinim ter toʻkadi; tabiat bilan tutashib, tabiiy ofatlar bilan olishib, yengib yilma-yil moʻl hosil yetishtiradi, mashʼal brigadirga aylanadi.

Aslida buning nimasi yomon? Mehnat insonni ulugʻlaydi, deymiz-ku! Shunchalar fidoyi mehnatkash inson Dehqonqul nega koʻzimizga qahramon emas, ayanchli bir kimsa boʻlib koʻrinadi, oʻquvchida fahr-iftihor emas, oʻkinch-nadomat, achinish tuygʻusini qoʻzgʻotadi? Butun gap mana shunda. U kim uchun, nima uchun betinim ter toʻkayotganini, holi ne kechayotganini oʻylab ham koʻrmaydi. U karaxt bir holga tushib qolgan. Tevarak-atrofida, hayotda nimalar boʻlayotganligini, haq va nohaq ishlar, adolatsizliklar, yaqin kishilari, ayoli, farzandlari hol-ahvoli uni mutlaqo qiziqtirmaydi. Ideologiyaning qip-qizil munofiqona yolgʻonlariga aslo parvo qilmaydi, bemaʼni koʻrsatmalariga qarshilik koʻrsatmaydi, koʻrsatolmaydi; munofiq qalamkashlarning dala shunqorlari haqidagi munofiqona ocherki ham, moskvalik kinochilarning mashʼal brigada hayotiga bagʻishlangan boshdan-oyoq yolgʻonga qurilgan kartinasi ham uni ajablantirmaydi, aksincha, kartinadagi soxta rolni kinochilar aytganday qilib hech qiynalmay ijro etib beradi. Oʻzining, hamqishloqlarining oʻta nochor, ayanch turmushini koʻrib, bilib turib «Muncha shirin ekan bu Sovet davroni, Mamnun yashar har inson — yoʻqdir armoni» singari tutruqsiz qoʻshiqlarni beparvo tinglayveradi. Mashʼal brigadir boʻlib turib qoʻli qisqaligidan, mototsikl olishga qurbi yetmaganidan, ayolining oddiy soʻrovlarini bajo keltirolmayotganligidan, bugina emas, qozoni goʻsht koʻrmayotgani, bolalari toʻyib ovqat yemayotganidan iztirobga tushmaydi. Markazga, koʻrik-kengashga ijaraga olingan kiyimlarni kiyib borishdan or qilmaydi. Kengashdagi ishtiroki ham maʼlum — toʻriga qarab oʻtiradi, toʻridagilar chapak chalsa, u ham chapak chaladi, toʻridagilar oyoqqa tursa, u ham oyoqqa turadi...

Toʻgʻri, unda ham goho ota-bobodan qolgan gʻurur andak uch beradi, biroq u shaharga borib toʻr shlyapa bilan baxmal soʻzana sotib olishu telbalarcha baxmal soʻzanani shartta yirtib oyogʻiga paytava qilib oʻrash, teleekranda koʻringan Amerika prezidentiga boshdagi shlyapasini olib siltashdan nariga oʻtmaydi. Bu qoʻli ochiq, mehmondoʻst, tanti oʻzbek yemay, ichmay topganini mehmoni oldiga qoʻyadi, mehmoni oyogʻi ostiga qoʻy soʻyib keriladi, ammo mehmonlar uchun bozordan olib kelgan ikki dona xurmoni deb yetim oʻgʻilchasini urib ogʻzi-burnini qonga belaydi.

Xoʻsh, bu xildagi telbalarcha tantilik, sahovat, qullarcha erksiz mehnat, shoʻrolarga sadoqat, maʼnaviy karaxtlik, qaramlik, mutelik tufayli u nimalarga erishdi?! Oddiy orzulari ushalmay vafodor ayoli turmush sitamlari, mashaqqatlaridan toʻyib joniga qasd qiladi, toʻyib ovqat yemay oyoqqa turgan oʻgʻlonlari (oʻgʻlonlaridan birining ismi Qulmat) ochopat, mute, nogiron-dardman boʻlib yetishmoqda; oʻzi esa halol, faqirona mehnatlari evaziga yulgʻich, poraxoʻr deb ayblanib qamoqqa olinadi, aytib ado boʻlmas, tilga olib boʻlmas qiynoq, xoʻrliklarga giriftor etiladi, uni oʻz tezagini yeyishga majbur etadilar, erkaklik shaʼnini toptaydilar... Bu shoʻrlik banda shu darajaga borib yetganki, uni qamoqqa olib ketayotganlarida ham daladagi ishni, paxta terimini oʻylaydi; qamoqdagi azob-uqubatlar paytida ham «lenincha avlod»ga umid bogʻlaydi, shuncha xoʻrliklardan keyin ham dalasiga, mehnat quchogʻiga qaytish xayoli bilan nafas oladi.

Qisqasi, Dehqonqul qismati, karaxt holati, mute tabiati tasviri — imperiya siyosati, «sotsialistik hayot tarzi» millatni, milliy tuygʻu, qadriyatlarni toptashga qaratilgan, chiroyli shiorlarga oʻralgan, aslida genotsiddan iborat munofiqona kommunistik mafkura ustidan chiqarilgan zoʻr aybnomadir. Mustaqilligini yoʻqotgan oʻzligidan, qadriyatlaridan uzoqlashgan xalqning, fikrlashdan toʻxtagan mute, itoatkor kimsaning oxir oqibat keladigan manzili — shu! Yozuvchi Dehqonqul qismati orqali shu fikr-gʻoyani oʻquvchini larzaga solar bir tarzda ifoda etgan. Shu tariqa bu asari, aniqrogʻi, Dehqonqul obrazi orqali yozuvchi, oʻzi niyat qilganiday, oʻzbek xalqining, oʻzbek dehqonining oʻziga xos haykalini yaratdi. Romanning betakror ifoda tarzi, tili, tasvir ohangi, obrazlari xali koʻp jiddiy tadqiqotlar uchun ozuq beradi.

D.Quronov: Domla, yanglishmasam, gaplaringizdan «Otamdan qolgan dalalar» nafaqat dolzarb mavzusi, balki badiiy jihatlari bilan-da adabiyotimizda jiddiy voqea boʻldi, degan xulosa kelib chiqadi. Haqiqatan ham asarning oʻziga xos qurilishi, betakror ifoda yoʻsini, tildagi jozib ohang, samimiyat — bularning bari uning muvaffaqiyatini taʼminlagan asosiy omillardir. Biroq suhbatimiz roman xususida boʻlganidan men boshqa masalani oʻrtaga qoʻymoqchiman: «Otamdan qolgan dalalar» janr eʼtibori bilan romanmi? Maʼlumki, roman markazida inson taqdiri turgani holda u tugal maqsad emas, romaniy qahramon dunyoni badiiy idrok etish, dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalash vositasi. Shunga koʻra, odatda romaniy qahramon — oʻz muhitiga sigʻmayotgan, muhit bilan ziddiyatga kirishgan, izlanayotgan shaxs sifatida namoyon boʻladi. Shu jihatdan qaralsa, Dehqonqul risoladagi romaniy qahramon talablariga javob bermaydigandek. Nazarimda, bunga — Dehqonqulning toʻlaqonli romaniy qahramon sifatida boʻy koʻrsatishiga — rivoyaning birinchi shaxs tilidan berilgani monelik qilgan (Shu oʻrinda aniqlik kiritib qoʻymoqchiman: bu gapim afsus maʼnosida tushunilmasligi kerak, zero, «Otamdan qolgan dalalar»ning janrini roman deymizmi, boshqami — u yaxshi va betakror asarligicha qolaveradi.). Biroq ayni shu narsa — rivoyaning birinchi shaxsdan berilgani — asarda lirik ibtidoni kuchaytirgani ham yaqqol koʻrinadi. Boz ustiga, asarning koʻp oʻrinlarida voqeani tasvirlash (yoki narsa-hodisa, holatni tavsiflash) emas, ularga munosabat bildirish maqsadi yetakchilik qiladi. Bularning natijasi oʻlaroq, asarda lirik ibtido salmoqli, badiiy jihatdan belgilovchi oʻrin tutadiki, «Otamdan qolgan dalalar» nasrda bitilgan romanik xarakterdagi «poema»dek, «doston»dek taassurot qoldiradi. Asardagi ifoda yoʻsini hamda voqelikni badiiy idrok etish usulining xalq dostonlariga eshligi uning muvaffaqiyatini taʼminlagan qoʻshimcha omil emasmikin?!

Ikkinchi tomondan, «Otamdan qolgan dalalar»ni realistik asar sifatida baholaganimiz holda, unda realistik shartlilik darajasining yuqoriligi va bu narsa qatʼiy realizm talablaridan jiddiy chekinishlarga olib kelganligini eʼtiborda tutish lozim. Bu nimalarda koʻriladi? Avvalo, yuqorida eslatganingiz vaqtning shartliligi: 20-yillarda es tanigan bolakay 60-yillarda ham bolaligicha qoladi. Bugina emas, umuman asarda tasvirlangan (yoki eslatilgan, ishora qilingan) voqealar, tafsilotlar real xronologiyaga doim ham muvofiq kelavermaydi. Undagi qator obrazlar (mas., Ideologiya, kinochilar, mustamlakichilar va b.) realistik obrazlar sifatida emas, koʻproq shartli, ramziy «maska» sifatida boʻy koʻrsatadi. Shunga oʻxshash, asarda haqiqiy familiyalari ostida harakatlanuvchi shoʻro hukumatining taniqli arboblari (Poltorskiy, Kolesov, Uspenskiy va b.), xiyla murakkab taqdir egasi polkovnik Chanishevlarning bitta hayotiy holat — Aqrab qoʻrboshining qoʻlga olinishi doirasida tasvirlangani ham shartlilikdan oʻzga emas. Bulardan koʻrinadiki, asarda mustabid tuzumning tom maʼnodagi realistik obrazi emas, uning shartli obrazi yaratiladi: oʻquvchi koʻz oldida insoniylikdan butkul mahrum yovuzlik timsoli gavdalanadi. Asarning umumiy ruhini, Siz aytgandek «xiyla keskin - tendensioz» ruhini belgilagan bu kabi usul ( yovuzlik lagerining oʻta shartliligiyu ezgulik lagerining hayotiy tasvirlanishi) ham aslida xalq ogʻzaki ijodiga xosdir.

Xullas, hozircha mazkur asar tanqidchilikda koʻproq gʻoyaviy-mazmuniy jihatlaridan kelib chiqib baholangan boʻlsa, endilikda uning poetik xususiyatlari, badiiy oʻziga xosligini ochib berish vazifasi turibdi.

U.Normatov: Suhbatimizda anʼanaviy realistik yoʻldagi asarlarning ham yakrang emasligi, realizmning oʻziga koʻp yangiliklarni singdirishga, demakki, yashash va ravnaq topishga qodirligi yana bir karra tasdigʻini topayotir. Endi realistik boʻlmagan romanlar haqida fikrlashsak. Men yana absurd tuygʻusi ustivor, bu tuygʻu-gʻoya oʻziga xos tarzda namoyon boʻlgan romanlar, aniqrogʻi, O.Muxtorning yangi turkum romanlari haqidagi mulohazalarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

Omon Muxtorning 90-yillari yaratgan «Ming bir qiyofa», «Koʻzgu oldidagi odam», «Tepalikdagi xaroba», «Ayollar mamlakati va saltanati», «Aflotun», «Maydon» kabi moʻʼjaz va original romanlari milliy romanchiligimiz rivojida jiddiy yangilik boʻldi. Bu romanlar avvalo mazmun-mundarija, shakl-shamoyili, ifoda tarzining oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Oʻzbek romani 90-yillarga qadar asosan anʼanaviy realizm yoʻlidan bordi. Jumladan, Omon Muxtorning 70-80-yillari yaratgan «Yillar shamoli», «Egilgan bosh» romanlari shu yoʻnalishga mansub edi. Maʼlumki, jahon adabiyoti, jumladan romanchiligi asr boshidayoq anʼanaviy realizm bilan barobar modernizm, postmodernizm yoʻliga oʻtib janrning ifoda doirasini benihoya kengaytirgan, xilma-xil falsafiy-estetik oqimlarga tayanuvchi romanchilik maktablari shakllana boshlagan edi. Ayniqsa, absurd, ekzistensializm, mifologik va diniy tafakkur asosida hayotni, shaxsni badiiy tadqiq etish, ong oqimini kuzatish, ifodalash bobida katta tajribalar toʻplandi. Bizda ham ayrim adiblarimiz oʻsha jarayonalarga ohangdosh izlanishlar qilishga urinsa-da, istibdod yillaridagi adabiy siyosat, muhit bu xil urinishlarning toʻlaroq roʻyobga chiqishiga imkon bermadi. Nihoyat, 90-yillarga kelib buning uchun yoʻl ochildi.

Omon Muxtor yangi romanlarida zamonaviy jahon romanchiligi tajribalarini yodga tushiruvchi xususiyatlar talaygina — ularda anʼanaviy realizmga xos aniq zamon, aniq makon tushunchasi yoʻq, hodisa-voqealarni ayni hayotdagidek gavdalantirish, izchil bayon etish, qahramonlar ruhiyatini urf boʻlgan realizm mantiqi asosida ochish, ifodalash ham yoʻq: reallik bilan xayolot, oʻng bilan tush ayqash-uyqash holda keladi, aniqrogʻi, voqea-hodisalar real hayotda emas, xayolparast qahramonning xayolida, ongida kechadi; qahramon ongida reallik bilan xayolotning qoʻshilib-chatishuvidan iborat gʻaroyib dunyo, hayotning oʻziga xos badiiy modeli yaratiladi; u dunyo bilan bu dunyo orasidagi chegara yoʻqoladi, tiriklar oʻlikka aylanadi, ruh tandan ajralib bir-birini taftish etishadi, oʻliklar tirilib tiriklar bilan muloqotga kirishadi, turli asr odamlari bir-biri bilan roʻbaroʻ keladi...

Bir qarashda tartibsiz, mantiqsiz, ayqash-uyqash tuyulgan voqea-hodisalar zamiriga sinchiklab nazar tashlansa, masalan, Pushkin aytmoqchi, asarning oʻz ichki qonuniyatlari asosida yondashilsa, ularda teran maʼno, botiniy tartib, mantiq borligi oʻz-oʻzidan ayon boʻladi. Faqat buni anglab yetish uchun kitobxondan muayyan adabiy tayyorgarlik, koʻnikma talab etiladi. Aslida bu xildagi «bebosh» ifoda inson tafakkuri tarziga aslo zid emas, balki aynan unga mos. Oʻylab koʻring: roʻparangizda siz bilan gaplashib oʻtirgan suhbatdoshingiz, garchi koʻzi sizda, qulogʻi gapingizda boʻlsa-da, xayoli qayoqlarda ekanini qayerdan bilasiz?! Extimol, ayni damda u bir vaqtlar koʻngil bergan sevgilisi bilan uchrashar, olamdan oʻtib ketgan bobosi pandini tinglar yoki oʻz tasavvurida gavdalangan marhum bir ulugʻ siymo bilan muloqotga kirishar... Omon Muxtor romanlaridagi «bebosh» ifoda inson ruhiyatining ayni shu real gʻaroyiboti asosiga qurilgan.

Adib romanlari aniq makon va zamon tushunchasidan holi dedim. Bu mazkur romanlar real hayotdan, ijtimoiy mazmundan holi «sof sanʼat» namunasi degani emas. Asarlar mutolaasida siz bugungi kunda koʻpchilikni qiynayotgan, oʻyga toldirayotgan oʻtkir masalalarga duch kelasiz. Qolaversa bu romanlar hammadan burun hozirgi kunning maʼnaviy-estetik ehtiyoji oqibatida maydonga kelgan; bu xil asarlar faqat 90-yillar sharoitidagina yaratilishi mumkin. Ularni oʻqir ekansiz, dahshatli tush koʻrayotganday boʻlasiz: kechagi kuningiz, yetmish yillik hukmronligi davomida millionlab kishilarni yoʻldan ozdirgan, odamlar qismati, ruhiyatida adadsiz noxush, fojeiy asoratlar qoldirgan, halokatga mahkum mustabid tuzum qiyofasi jamiki vahshatlari bilan koʻz oldingizda gavdalanadi. Eng yomoni, bu tuzum odamlarni koʻngil gavhari — imon-eʼtiqoddan mahrum etdi, ularni vaziyatga qarab tovlanadigan ming bir qiyofali oddiy ijrochi jonzotga aylantirdi, maydalashtirdi. Eʼtibor bersangiz, Omon romanlaridagi oʻnlab personajlar tirik odamday gavdalansalar-da, ular aslida betayin, qiyofasiz kimsalardir. Imonsizlik, qiyofasizlik tufayli goho ular yovuz mahluqotga aylanadilar. Xatto yozuvchining nisbatan «ijobiy» qahramonlari ham bir qadar mayda, gunohkor, yoʻldan adashgan, ozgan bandalardir. Ular haqiqat koʻzgusiga roʻpara kelishdan choʻchiydi, najot qidirib «katta yoʻlga» chiqolmay toʻqayzorda tentiraydi...

Omon Muxtor romanlarida jahon zamonaviy adabiyoti tajribalariga esh jihatlar koʻp, biroq aytarli ularga taqlid yoʻq. Bu romanlarda sharqona milliy ruh ufirib turadi. «Uslub — yozuvchining oʻzi» degan naql bor; yangi romanlarida Omon Muxtorning oʻzligi, fikrlash tarzi avvalgi asarlariga qaraganda yorqinroq namoyon boʻlgan. Romanlarda badiiy kashfiyot desa arzigulik ramziy, majoziy obrazlar, lavhalar koʻp. Odamning turfa qiyofasini, botiniy bisotini oʻziga aynan koʻrsatadigan koʻzgu bilan bogʻliq voqealar yoki majruh olomon izdihomining bamisoli burlaklarday safga tizilib «Yo hakim, yo hokim» deya xitob qilib toʻqaydan chiqib, toʻqayga kirib yoʻlsiz kezishlari lavhasi teran maʼnodor, taʼsirchan chiqqan. «Tepalikdagi xaroba» romanida mavlono Lutfiyning salkam bir asrlik hayot yoʻlini, siymosini, sevgi sarguzashtlarini muallif betakror bir yoʻsinda — shoir sheʼriy satrlari va ularning sharhi orqali gavdalantiradi. Ulkan sheʼriy bisotdagi satrlar qatiga jo shaxsiy kechinma, ishoralardan maroqli syujet, butun boshli sarguzasht qissa yaratish — hali bizda koʻrilmagan tajriba. Buni oʻziga xos badiiy tadqiqot deb atash ham mumkin.

«Ayollar mamlakati va saltanati» tasvirning serjiloligi bilan ajralib turadi. Romanda har xil vaziyatlarda, reallik va xayolot mahsuli boʻlgan sahnalarda, ongdagi jarayonlar ifodasida personajlar hayoti va shaxsiyatiga xilma-xil tomondan yondashish ustivor. Bu roman matni muallifning boshqa romanlariga qaraganda puxtaroq ishlangan: avvalo roman muayyan doira boʻylab aylanuvchi, betinim takrorlanib turuvchi oʻziga xos sirli-sehrli musiqiy ohang bilan yoʻgʻrilgan, nasriy ifoda va sheʼriy satrlar omuxtaligi, nasrdan sheʼrga, sheʼrdan nasrga erkin koʻchish, oʻzga shoirlar sheʼriy satrlaridan erkin foydalanish, tarixiy hujjatlarga murojaat, xalq ogʻzaki ijodi namunalari — rivoyat va ertaklar syujetining qayta hikoyasi, xususan, «Uch yolgʻonda qirq yolgʻon» ertagi bayoni — bular asar matniga ajib fayz, koʻpohanglilik baxsh etgan. Bu roman asosida yaratilgan film milliy kinochiligimizda muhim yangilik boʻldi.

D.Quronov: Domla, Omon Muxtor romanlarining «sof sanʼat» namunasi emasligi, ularda ham real hayotimizdagi koʻpchilikni oʻylantirayotgan oʻtkir masalalar badiiy tadqiq etilganligini xoʻb ayttingiz. Men shu oʻrinda bir savol qoʻymoqchiman. Tasavvur qilingki, «Koʻzgu oldidagi odam» ingliz tiliga tarjima qilindi-yu, uni dunyoning boshqa bir burchidagi odam oʻqidi. U ham sizu biz kabi oʻylaydimi, unga ham yozuvchi bizdagi real hayot muammolarini idrok etishga intilayotgani bilinadimi? Menimcha, yoʻq. Aytmoqchimanki, real zaminidan uzilgach, romanning «sof sanʼat» hodisasi sifatida tushunilishi, undagi badiiy model (yaʼni, bizning voqeligimizning badiiy modeli) vositasida oʻsha oʻquvchi oʻziga tanish voqelikning (yaʼni, oʻz real voqeligining) muammolarini koʻrishi, ularning badiiy yechimini topishi ehtimoli koʻproq. Shunga oʻxshash, gʻarb modern adabiyoti namunalari ham bizda koʻproq badiiy model sifatidagina mavjud — biz bu modelni vujudga keltirgan zamindan uzilganmiz, baski, muallif asarga yuklagan mazmundan ancha yiroq boʻlganimiz holda model vositasida oʻz mazmunimizni shakllantiramiz. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: biz koʻproq modelga shaydomizmi yo oʻsha model vositasida oʻzimiz kashf etgan haqiqatlarga — oʻz ijodimiz (badiiy asarni oʻqish — ijodiy jarayon) mahsuligami?.. Nima boʻlganda ham, talabalar bilan ishlash tajribasi hozirda «Koʻzgu oldidagi odam» gʻarb modern adabiyoti namunalariga nisbatan yaxshi qabul qilinishini koʻrsatayotir. Bu, avvalo, asarning milliy zamindan uzilmaganligi, undagi ramzu ishoralar zamiridagi dard oʻquvchilarga begona emasligi bilan izohlanadi. Ikkinchi tomoni, afsuski, ayni shu narsa hali koʻpchilikning badiiy asarni chinakam ijodiy oʻqishga tayyor emasligini ham koʻrsatadi...

Biz yuqorida toʻxtalgan romanlar — «Tushda kechgan umrlar», «Olaboʻji», «Koʻzgu oldidagi odam» — tematik jihatdan bir-biriga yaqin, Siz aytmoqchi, ularda absurd tuygʻusining ustivorligi bu yaqinlikni yanada kuchaytiradi. Biroq ular ifoda usuli jihatidan jiddiy farqlanadi. Aytaylik, Oʻ.Hoshimov bilan Sh.Xolmirzayev kechagi kunimizni badiiy idrok etarkan, uni reallikka monand bir tarzda aks ettiradilar («aks ettiradi» deganimiz shartli, zero, bu ijodiy qayta ishlangan aks, yaʼni — badiiy obraz) va bu «aks»da ular kashf etgan haqiqatlar suratlanadi. O.Muxtor esa oʻzi kashf etgan haqiqatlarni ifodalash uchun reallikdagiga koʻpda mos kelmaydigan qahramonlar, holatlar, ramzlar yaratadi. Albatta, mutaxassislar Oʻ.Hoshimov bilan Sh.Xolmirzayevni realist, O.Muxtorni syurrealist deb farqlashlari mumkin. Biroq buning oddiy oʻquvchiga, hozirda bu asarlarning barini birdek yaxshi qabul qilayotgan, miriqib oʻqiyotgan odamga qanday ahamiyati bor?! Axir, u asarning oʻzinigina taniydi, tan oladi. Baski, oʻsha oʻquvchiga «bu yoʻllarning qay biri yaxshi» qabilida savol berish goʻdakka «otang yaxshimi yo onangmi» tarzida savol berish bilan barobar boʻlur edi. Maʼlumki, aksariyat hollarda goʻdak bu savolga javob berolmaydi, chunki u oʻyidagini aytishnigina biladi. Biroq bu holat uzoq emas — goʻdak unisi yo bunisini aniq qilib aytsa manfaat koʻrishini anglagunicha davom etadi, xolos... Nazarimda, adabiy jarayondagi hodisalar haqidagi fikrlarimizda baʼzan shu xil bolalarcha begʻuborlik yetishmayotgandek koʻrinadi.

Badiiy tafakkur shakli turlicha — realistik («Tushda kechgan umrlar», «Olaboʻji»), shartlilik darajasi yuqori boʻlgan realistik («Otamdan qolgan dalalar») va syurrealistik («Koʻzgu oldidagi odam») — asarlarda absurd tuygʻusining ustivorligi, menimcha, uning badiiyat bilan emas, avvalo, dunyoqarash bilan bogʻliq hodisa ekanligidan dalolatdir. Ayni shu hodisaning milliy maʼnaviyatimiz bilan munosabati haqidagi fikrlarni O.Muxtor asarlari bahona davom ettirish mumkin. Avvalo, O.Muxtor ijodiy izlanishlaridagi eng maqbul jihat shuki, uning modern adabiyotiga xos usul va qarashlarni oʻzlashtirishida yuksak darajadagi ijodiylik kuzatiladi. Xususan, adib milliy folklor, diniy rivoyatlar va Sharq mumtoz adabiyotiga xos norealistik usullarni asos qilib oladi-da, ularni modern usullari bilan boyitadi, natijada ular milliy adabiy zaminning oʻzidan oʻsib chiqqandek, sof milliy estetik hodisadek taassurot qoldiradi. «Koʻzgu oldidagi odam»da ham absurd voqelik qalamga olingan, biroq uning qahramoni — bu holat bilan kelisholmayotgan, izlanayotgan yigit. Mavjud holatning sabablarini tashqaridan izlab topolmagan, ruhan ezilib maʼnaviy inqirozga yuz tutgan Valini Allohga boʻlgan chala-yarim eʼtiqodigina tutib qoladi. U endi oʻziga, hazrat Navoiy aytmoqchi, «oʻz vujudiga tafakkur aylab» oʻzini qiynagan savollarga javob topadi: butun illatlar ildizini eʼtiqodsizlikda koʻradi, oʻzni tanish orqali Haqni tanigachgina koʻngli osoyish topadi. Romanda absurd voqelik bor — tushkunlik yoʻq, Valining oʻgʻlini Umid atagani ham shundan. Bu — absurdning sharqona, «noumid shayton» aqidasi bilan yashaydigan xalq vakiliga xos talqini. Albatta, bu xil talqin ekzistensialistlardan K.Yaspers qarashlariga oʻxshash, biroq uning milliy asosda yuzaga kelgani koʻproq haqiqatga yaqin — asarning umumiy ruhi shunga dalolat qiladi. Bu milliy adabiyotimiz gʻarb adabiyotidan keragini olishga, nokeragini inkor qilishu zarur oʻrinlarda u bilan bahslashishga qodir ekanligining yorqin dalilidir. Fikrimcha, O.Muxtor romanlari poetikasini atroflicha chuqur tadqiq etish orqali adabiyotshunosligimiz, adabiy tanqidchiligimiz oldidagi koʻplab chigal masalalarni oydinlashtirish mumkindek koʻrinadi.

U.Normatov: Fikringizga qoʻshilgan holda, ularni «Bozor» romaniga nisbatan-da aytish mumkin deb bilaman. Xurshid Doʻstmuhammadning «Bozor» romani «Oʻtkan kunlar» bilan boshlangan XX asr oʻzbek romanchiligining munosib yakuni degim keladi. Yoʻq, gap roman asrning oxirgi yili dunyo yuzini koʻrganidagina emas. Asrning ilk romani bilan soʻnggi romani «Bozor» orasida muayyan mushtarakliklar bor. «Bozor» qahramoni «Oʻtkan kunlar» qahramoni Otabek ismiga ohangdosh tarzda Fozilbek deb atalgan. Fozilbek ham Otabek singari bozor-tijorat odami. Otabek millat tarixining eng qaltis burilish pallasida, Chor Rossiyasi bosqini — istibdodi arafasida najot yoʻlini izlaydi; Fozilbek esa salkam bir yarim asr davom etgan istibdoddan soʻng istiqlolning dastlabki yillarida, milliy tiklanish pallasida, yangi ijtimoiy munosabatlarga oʻtish jarayonida yoʻl qidiradi. Ha, xuddi «Oʻtkan kunlar»da boʻlgani kabi bu roman muallifini ham tijorat odami boʻlmish qahramonning kasbi kori bilan bogʻliq muammo-mojarolar emas, birinchi galda el-yurt gʻami, ravnaqi, maʼnaviyati masallari qiziqtiradi. Bu yerda ham «Oʻtgan kunlar»dagi kabi oila, maishiy hayotga oid taomillar, orzu-havaslar, ikki yoshning erkin sevgi-muhabbati...

Yana koʻp jihatlari bilan «Oʻtkan kunlar»ni yodga tushiruvchi bu roman mavzu muammolar talqini, syujet tuzilishi, voqea-hodisalarni ifodalash tarzi, personajlar taqdiri, xarakteri, ruhiyati tasviri, badiiy tahlili jihatidan butunlay yangichadir. «Oʻtkan kunlar»da voqealar sodir boʻlgan makon qamrovi xiyla keng — buyogʻi Toshkent, u yogʻi Margʻilon, Qoʻqon; Otabek qismati Avliyo otada intihosiga yetadi. «Bozor»da esa voqealar asosan bir bozor va unga tutash qiroatxonada yuz beradi. Romanda bozor — metafora, ramz, timsol, hayotning oʻziga xos badiiy modeli. Muallif iborasi bilan aytganda, «bozorning oʻzi — dunyo», odamlarning ichini koʻrish, tomosha qilish borasida bozordan qulayroq joy yoʻq dunyoda, «bozor — odamlarning ich-ichini agʻdarib koʻz-koʻz qiladigan ajoyibxona», bunda har bir bandaning feʼlidagi zoʻravonlik, soddaligu mugʻombirlik, laqmaligu ustomonlik — hammasi bozorda yo pinxona, yo oshkora koʻzga tashlanadi. Eng muhimi, bozor — romanda muallif uchun jamiyat maʼnaviyatidagi bugungi ogʻriqli jarayonlarni badiiy taftish va tahlil etishning samarali vositasi.

Romanda bozor bilan yondosh holda qiroatxona tasviri ham bor. Bozor hamisha gavjum, jamiki tumonat bozorda; bozordagilarning fikri-xayoli tirikchilik, olish, nafsni qondirish ilinjida, bu yerda pulning qudrati xudoga teng. Nafs balosi tufayli goʻyo bozor yonmoqda, choʻkmoqda. Bozor yonidagi qiroatxona esa kimsasiz, xarob, xuvillab, toʻkilay deb turibdi. Bozorda hisobsiz odamlar qoʻlida aylanayotgan hisobsiz pullardan-da qimmatroq, noyobroq aql-idrok mevalari — fikrlar bir mehribonini topmay uvol ketyapti; bu yerda mil-mil kitob zah, mogʻor bosib yotibdi... Hayot hech qachon aqli rasolardan, fidoyilardan holi qolgan emas. Hamma oʻzini bozorga urayotgan, baloi nafs koʻyiga mubtalo boʻlib qolgan zamonda, qarangki, qoq bozorning ichidan, bozor odamlari orasidan, oilasidan bir maʼnaviyat, maʼrifat fidoyisi Fozilbek otilib chiqadi, ilohiy taqdir uni kimsasiz huvillab yotgan maskandagi yana bir maʼnaviyat fidoyisi Qadriyaga roʻbaroʻ qiladi. Axir, yozuvchi aytmoqchi, bu yorugʻ dunyo uchun pul hasratida yashamaydigan bir dalli-devona ham kerak-ku!

«Bozor»da «Oʻtkan kunlar»dagi kabi mashaqqatli sevgi sarguzashtlari, oilaviy mojarolar yoʻq. Yaqin kishilarining orzu-havaslari, kutkusi ikki yoshning sevgi va visol yoʻliga toʻgʻanoq boʻlolmaydi. Hatto Qadriyaning «qiz emas»ligi ham hali uylanmagan yigit Fozilbek koʻngil mayliga aslo monelik koʻrsata olmaydi. Romanda talqin etilishicha, maʼnaviy yaqinlik, ruhiy yuksaklik qudratli kuch, uning qarshisida turmushning turli-tuman toʻsiqlari, odat, ikir-chikirlar arzimas narsa boʻlib qoladi. Bu ikki yosh nafs balosi tufayli bozor yonayotgan, choʻkayotgan, nafs bandalarini olov qaʼriga tortib ketayotgan bir zamonda najot yoʻlini qidiradilar. Ular bozorni halokatdan qutqarish yoʻli maʼnaviyatda deb biladilar. Toʻgʻri, bozorsiz hayot, taraqqiyot yoʻq. Shoʻro davrining achchiq saboqlari buni toʻla tasdiqladi. Biroq «bozorning gullab yashnashi uchun xayol ham kerak, oʻylov ham kerak». Bozor kishilari xayoldan koʻra hayotga yaqinroq. Bu, bir jihatdan yaxshi, ammo xayolsiz, oʻylovsiz, yaʼni maʼnaviyatsiz hayotning oxiri zulmat. Bunday hayot oxir-oqibat halokatga mahkum. Fozilbek — oʻz hamkasblaridan farqli oʻlaroq, xayolga moyil — romantik tabiatli shaxs. Sevgilisi — maslakdoshi Qadriya bilan birga u bozor oʻzgarishlarini tushunish, uning tilini, hikmatini oʻrganish, zulmat qaʼriga choʻkayotgan bozorni maʼnaviyat, maʼrifat yogʻdusi bilan nurlantirish ustida astoydil oʻy suradi.

Romanda siz bevosita bozorning ichki ziddiyatlari, bozor munosabatlariga oid mojarolar tasvirini koʻrmaysiz; unda intrigaga ishqiboz kitobxonlarga xush keladigan qiziqarli sarguzashtlar yoʻq hisob. Yozuvchining diqqat eʼtibori bozor mojarolarining bevosita oʻzini emas, personaj ongi, ruhiyatidagi aks-sadosini ifodalash, badiiy tahlil etishga qaratiladi. Muallif XX asr jahon taraqqiyparvar modernistik adabiyotida sinovlardan oʻtgan ong oqimi maktabi tajribalaridan ijodiy foydalangan. Asar tili boshdan oyoq ramzlar, metaforalar, imo-ishoralar asosiga qurilgan. Bu tilni oʻqimay, uqmay turib romanni tushunish, uning tub mohiyatini anglash mahol.

D.Quronov: Domla, «Bozor» romanini «Oʻtkan kunlar»ga mengzaganingiz, ehtimol, kimgadir orttirib baholashdek erish tuyular, biroq ikkisining talay mushtarak nuqtalari borligi tayin. Har ikki romanda ham, Siz aytmoqchi, milliy tariximizning burilish nuqtalari, shu pallada yoʻl izlayotgan qahramonlar qalamga olingan. Biroq burilish nuqtalarining oʻzi turlicha, shu bois ham ular qahramonlar, mualliflar ongida turlicha akslanadi. Abdulla Qodiriy talqinidagi dunyo ishlariga «etak silkkan» Yusufbek hoji «odam boʻlishimizdan tamom umidimni kesib qoʻydim» derkan, uning soʻzlarida umidsizlik barq uradiki, bu — istiqlol orzusida yashagan va asarni yozayotgan palla orzusining tobora qoʻl yetmas boʻlib borayotganini chuqur his etgan muallifning dardi, armoni edi. Yusufbek hoji misoli Qosimbek oqsoqol ham bozorni «obod qilaman degan koʻyda umrini sovurgan»-da, endi «koʻmib yuboraman degan qarorini koʻtarolmay» ruhan singan odam. Biroq, oʻzi ruhan singan boʻlsa-da, Qosimbekning ertadan umidi bor: mulohazakor oʻgʻli Fozilbekka, bozorning «kunpayakun boʻlib ketmaslik uchun oʻzi insofiylarni topishga, koʻpaytirishga» majbur boʻlishiga, oʻshanda «illatlarga qarshi insofiylar bozor posangisini saqlashi»ga ishonadi. Atrofidagilarning befahm befarqligidan zada boʻlib «shu bozor-shu odamlarning koriga yaraydigan bolani oʻzi tugʻib berishga» jazm etgan kampirning Fozilbek bilan Qadriyaga qarata «San bilan manavi arzandangga ishonaman, yigit!» deyishi, ikki yoshning hayotga qarashidagi begʻubor teranlik — bular bari umidvorlikdan darakdir. Bir qarashdayoq X.Doʻstmuhammad talqinidagi «Bozor»ning absurddan boshqa narsa emasligi koʻzga tashlanadi. Biroq otasi umrini sovurish evaziga anglagan haqiqatni fozil Fozilbek erta ilgʻadi: u bozorni tamomila izga solish ham, tamomila bozor izmida yashash ham mumkin emasligiga inongan — yoʻlni oraliqdan izlash kerakligini teran anglagan odam. Sirasini aytsak, bu absurdning sharqona, oʻzbekona talqini emasmi?!..

«Bozor»ning badiiy falsafasini uchta asosiy obraz: bozor, choyxona va qiroatxona tutib turadi, boshqa barcha obrazlar ularning atrofida uyushadi. Romanda qalamga olingan davr fojiasi shuki, undagi «barcha yoʻllar bozorga olib boradi», «bozor maydoni pastlik... salgina xushyorlikni boy bergan odam pastlikka qarab tarvuzdek dumalab tushaveradi». Darhaqiqat, oʻn yillar ilgarigi voqeligimizda shu hol kuzatilmadimi?! Minglab odamlar oʻzlarining ideallari, orzu-intilishlari, kasb-kori, qoʻying-chi — oʻzligiga xiyonat qilib bozor atalmish «suvsiz hovuz»ga gʻarq boʻlmadilarmi?! Najot yoʻli esa bitta: avvalo, «gʻarq boʻlayotganini anglash», soʻng tarmashib tepaga intilish kerakki, bunda «qiroatxona poyidan chiqiladi» — maʼnaviyatgina insonni, jamiyatni halokatdan saqlashi mumkin.

X.Doʻstmuhammad «Jajman»dagi mahluqni romanga-da koʻchiradi. Xoʻsh, bu mahluq, Nojins qaydan binoga keldi? Bozor ahlining aksariyati Nojins yo «allaqaysi yurtdan yer qazib kelgan», yo «hibsxonadagi aristonlar bitidan urchigan», yo «atrofidagi odamlar illatidan vujudga kelgan» deb biladi; birgina Zar bobo uning odamlar vujudidagi hibsxonadan qochganini tan ola biladi, Qadriya esa mahluqning «omborga aylantirilgan masjiddan chiqqan»ligini aytadi. Qarang-a, ofat qarshisida turgan jamiyatda koʻpchilikning aybni oʻzidan sokit qilishi, ayrimlarninggina uni zimmasiga ola bilishiyu faqat chinakam fozil, xos kishilargina mohiyatga qaray bilishi naqadar haqqoniy ifodasini topgan! Bu jamiyatning moʻʼjaz maketi emasmi?! Masjidlarini omborxonaga aylantirgan, iymondan toygan odamlar koʻksidagi hibsxonadan qochgan mahluq endi ularni oʻz izmiga solgan. Choyxonani eslang: tilanchidan tortib ajabzotlargacha — bari Nojinsning izmida goʻyo; bozor esa endi nomigagina Qosimbek izmida, aslida uning jilovi-da Choyxona qoʻliga oʻtib boʻlgan...

Domla, «Bozor»ning oʻziga xos ifoda tarzi, uning ramz va ishoralarga boyligi, «bu tilni oʻqimay, uqmay turib romanni tushunish, uning tub mohiyatini anglash mahol»ligini juda toʻgʻri taʼkidladingiz. Men romanni ikki bora oʻqidim, biroq hamon unda tishim oʻtmagan nuqtalar qolgandek, yana qayta oʻqiganimda uning tamomila yangi qirralari ochiladigandek tuyulaveradi, shunga ishongim keladi. Xullas, istiqlol yillari milliy adabiyotimizda qayta-qayta oʻqishga arziydigan romanlar paydo boʻldiki, ularni oʻqish va uqishimiz bizni maʼnan yuksaltirishiga ishonchim komil.

U.Normatov: Gapingizdan bugungi suhbatimizni yakunlash, aytilganlarni xulosalash fursati yetgan koʻrinadi. Albatta, bir suhbat doirasida oʻn yil mobaynida adabiyotimizda yaratilgan romanlarning barini qamrab olish mushkul. Yoʻqsa, O.Yoqubovning «Adolat manzili», Sh.Xolmirzayevning «Dinozavr» romanlari; Abbos Saidning «Besh kunlik dunyo», Sh.Boʻtayevning «Qoʻrgʻonlangan oy» kabi romanchilik bobidagi ilk izlanishlari; xalqimizning chinakam tarixini yaratishga bel bogʻlagan adiblarimizdan P.Qodirovning «Ona lochin vidosi», Erkin Samandarning «Tangri qudugʻi», S.Siyoyevning «Yassaviyning soʻnggi safari», Xayriddin Begmatning «Mehribonim, qaydasan», Asad Dilmurodning «Mahmud Torobiy» singari romanlari

xususida toʻxtalishimiz, xolis muhokama qilishimiz mumkin boʻlur edi. Shunga qaramay, umid qilamizki, biz toʻxtalib ulgurgan asarlar bugungi romanchiligimizdagi asosiy tamoyillar haqida soʻzlash imkonini beradi.

Xullas, hozirgi romanchiligimiz jiddiy maʼnaviy, shakliy-uslubiy izlanishlar jarayonini boshdan kechiryapti, XX asr davomida shakllangan muayyan anʼanalar intihosiga yetib, butunlay yangi tamoyillar tarkib topmoqda. Eng muhimi, romannavislarimiz inson shaxsiyati, shaxs jumbogʻi tomon yuz oʻgirayotirlar, bu borada ayricha yangi tamoyillar paydo boʻlmoqda. Biroq bu boradagi buyuk kashfiyotlar xali oldinda. Biz yangilik, «kashfiyot» deb sanagan personajlar ham hozircha umumbashariy miqyoslarga koʻtarila olgani yoʻq. Endigina boshlanayotgan yangi asr oʻzbek romanchiligi uchun buyuk ixtirolar asri boʻlsa ajabmas.

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov