← Dilmurod Quronov
|

Mustaqillik davri oʻzbek romanchiligida badiiy ifodaning yangilanishi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2016 · «Adabiy o'ylar» toʻplamidan

Oʻtgan asr 90-yillaridan boshlab milliy nasrimiz poetik arsenalida badiiy shartlilik salmogʻining keskin ortishi, ramziy-majoziy obrazlar asosiga qurilgan asarlarning koʻpayishi, modernistik izlanishlarning keng koʻlam kasb etishi kuzatiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun O.Muxtor, T.Murod, X.Doʻstmuhammad, N.Eshonqul, Sh.Hamroyev singari koʻplab nosirlarning oʻsha yillardagi ijodiy izlanishlarini eslash kifoya.

Mustaqillik davri oʻzbek romani deganimiz, ayonki, 80-yillar romanchiligining bevosita davomi, yanayam kengroq qarasak, XX asr romanchiligining vorisi ekanligi shubhasiz. Shunga koʻra, oʻtgan qariyb chorak asr davomida milliy romanchiligimizda son jihatidan ham, sifat jihatidan ham jiddiy siljish boʻlganini taʼkidlagan holda, bunday oʻsish zaminida boy anʼana yotganini eʼtirof etish zarur boʻladi. Bizningcha, barcha kamchiligu yoʻqotishlari bilan ham, shoʻro davrida romanchiligimiz realistik adabiyot anʼanalarini oʻzlashtirdi, voqelikni, olam va odam mohiyatini badiiy idrok etishu mavjudlikning dolzarb muammolari haqidagi oʻylarni obrazlar orqali badiiy falsafaga doʻndirishni oʻrgandi. Xususan, “Oʻtgan kunlar” (A.Qodiriy), “Kecha va kunduz” (Choʻlpon), “Sarob” (A.Qahhor), “Qutlugʻ qon” (Oybek), “Diyonat” (O.Yoqubov), “Tushda kechgan umrlar” (Oʻ.Hoshimov), “Lolazor” (Murod Muhammad Doʻst) romanlari realistik idrokning goʻzal namunalaridir. Zero, ularda voqelik asliga monand bir koʻrinishda aks etdi – real makon va zamonda kechgan, haqiqatda yuz berishi mumkin voqealar tasvirlandi, sizu biz koʻrgan-bilgan odamlarga oʻxshash personajlar harakatlandi. Biroq bu romanchiligimizda realizm imkoniyatlari toʻla amalga oshirildi degani emas, hali bu yoʻnalishda juda koʻp izlanish taqozo etilardi. Biroq, shunga qaramay, 90-yillardan boshlab nasrimiz anʼanaviy realistik yoʻldan chekindi, nosirlarimiz faoliyatida badiiy ifodaning yangi shakl va usullarini izlash keng tus oldi. Bu holni yuzaga keltirgan asosiy omillar sifatida, bizningcha, quyidagilarni sanash mumkin:

1. Shoʻro yuritgan adabiy siyosat va uning maqsadlariga muvofiq shakllantirilgan sotsialistik realizm metodining ijod amaliyotiga koʻr-koʻrona tatbiq etilishi oqibatida “realizm” tushunchasi qalam ahli nazdida ham, oʻquvchi omma nazdida ham obroʻsizlandi – diskreditatsiyaga uchradi. Oshkoralik yillari, bir tomondan, shoʻroning asl basharasini ochib beruvchi hujjatli manbalar, ikkinchi tomondan, shoʻro davrining yirik adib va shoirlari haqidagi turfa materiallarning paydar-pay eʼlon qilinishi oʻquvchi ommada kechagi kumirlariga, umuman, badiiy soʻzga ishonchning soʻnishiga olib keldi.

2. Matbuot erkinligi sharoitida avvallari eʼlon qilishni xayolga ham keltirib boʻlmaydigan materiallar chop etila boshladi, informatsion “bum” holati yuzaga keldi. Bu vaziyatda adabiyotdan koʻngli qolgan oʻquvchi omma eʼtiboriga koʻproq “non-fistion” (arxiv hujjatlari, xotiralar, kundaliklar, yozishmalar; hujjatli proza) sazovor boʻldi; badiiy adabiyot namunalaridan esa bunga ilgari shoʻrolar maʼn etgan yoki “gʻaladonda qolib ketgan”lari loyiq koʻrildi.

3. Agar 70-yillarning ikkinchi yarmidan adabiyotimizda jamiyatning holati haqida rost soʻzni aytishga intilish asosiy tendensiyaga aylangan boʻlsa, oshkoralik sharoitida ushbu missiyani matbuot toʻla oʻz zimmasiga oldi va ortigʻi bilan uddalay boshladi. Endi hayotni nechogʻli haqqoniy aks ettirmasin, adabiyotning dolzarblik, haqqoniylik, tahliliylik kabi jihatlardan publitsistika bilan raqobat qilolmasligi tayin boʻlib qoldi. Xuddi shu vaziyatda badiiy ifodaning adabiyotga oʻzligini namoyon etish, oʻz oʻrnini topish va mavqeini tiklash imkonini bera oladigan yangi shakl va usullarini topishga qaratilgan ijodiy izlanishlar avj oldi.

Bizningcha, bu yoʻldagi ijodiy izlanishlar eng avval realistik asarlarda badiiy shartlilik salmogʻining ortishi tarzida namoyon boʻldi. Eʼtiborli jihati shuki, bunday izlanish suyagi realistik adabiyot bagʻrida qotgan, yaʼni ijodkor sifatida shakllanib ulgurgan nosirlarda ham kuzatildi. Xususan, Togʻay Murod oʻzining “Yulduzlar mangu yonadi”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Ot kishnagan oqshom” kabi qissalarida oddiy kishilar hayoti, qalb goʻzalligini realistik aks ettirgan, oʻquvchi omma eʼtirofiyu tanqidchilikning yuksak bahosiga sazovor boʻlgan edi. Biroq adibning va tarixiy taqdir taqozosi bilan mustaqillik davrining ilk romani oʻlaroq yaralgan “Otamdan qolgan dalalar”dayoq shartlilik darajasi ancha yuqori va ayni hol realizm talablaridan jiddiy chekinishlarga olib kelgan. Shu oʻrinda, avvalo, badiiy shartlilik istilohini qanday maʼnoda qoʻllanyotganimizni aniqlashtirib olish maqsadga muvofiq. Ushbu istilohni qoʻllaganda biz realizm doirasidagi hodisani – tasvirda hayotga monandlik prinsipidan ongli ravishda, muayyan gʻoyaviy-badiiy maqsadni koʻzlagan holda chekinishni nazarda tutamiz.

“Otamdan qolgan dalalar”da realizmdan chekinish eng avval makon va zamonning shartliligida koʻzga tashlanadi. Romanda tasvirlangan (yoki eslatilgan, ishora qilingan) voqea va tafsilotlar doim ham real xronologiyaga muvofiq kelavermaydi. Deylik, romandagi talqinga koʻra, Dehqonqul 20-yillarda es tanigan, biroq bu uning 60-yillarda ham bolaligicha qolishiga monelik qilmagan. Romanning ikkinchi bobidagi asosiy voqealar Abil jarchining koʻchama-koʻcha yurib jar solishiyu “Yoʻqsillar hukumati bilan koʻrishuv boʻladi!” deya hammani hovuz boʻyiga chorlashi bilan boshlanadi. Ayni voqealarning Dehqonqul nigohi orqali berilgani va haqiqatda ular faqat Buxoro amirligi qulagandan keyingina yuz berishi mumkinligi eʼtiborga olinsa, roman bosh qahramoni 20-yillarda es tanigan deganimiz, bizningcha, yetarlicha dalillangan boʻladi. Uchinchi bobda esa beshinchi sinfga koʻchgan, yaʼni taqriban 12-13 yoshlardagi Dehqonqul ilk bor yotoq bilan paxta terimiga jalb etilgani, oʻzi va maktabdoshlari – murgʻak bolalaru oʻsmirlar mavsum davomida koʻrgan-kechirganlari haqida hikoya qiladi. Dehqonqul keltirayotgan “paxta fronti” bilan bogʻliq tafsilotlarga eʼtibor qilinsa, voqealar 60-yillardan keyin yuz berayotganini anglash qiyin emas. Mana, shunday detallardan biri: hasharchilar yotohxonasiga aylantirilgan sinfxonadagi doska (bitiktaxta)da “5 sentyabr. Sovet xalqi 1980 yilda kommunizmda yashaydi” degan yozuv qolgan, yaʼni oxirgi dars shu mavzuda boʻlgan. Toʻgʻri, ushbu tafsilot bolalar oʻquv yili rostmana boshlanib ulgurmayoq paxtaga haydalganini (“Bechoralar! Bu yil haqidan bor-yoʻgʻi besh kun oʻqibdi-ya!”) taʼkidlashga xizmat qiladi. Ayni choqda, bu shiorning 60-yillarda – Xrushchev davrida olgʻa surilgani ham koʻpchilikka maʼlum haqiqat. Paxtazorlarga samolyotda dori sepish amaliyotining keng yoʻlga qoʻyilishi, kolxozlarning oʻz yuk mashinalariga ega boʻlishi kabi tafsilotlar ham 60-yillardan keyingi voqelikka xosdir. Darvoqe, xuddi shu kabi badiiy vaqt bilan real xronologiya orasidagi nomutanosiblik Ideologiya – raykom sekretari Klara Xodjayevna bilan bogʻliq holda ham yuzaga keladi. Gap shundaki, u – maktab direktorining oʻsha Dehqonqul ilk bor paxtaga jalb qilingan yili tugʻilgan egiz qizlaridan biri. Yaʼni, agar Klara Xodjayevna 60-yillarda tugʻilgan boʻlsa, mashʼum “paxta ishi” boshlangan paytda nari borsa yigirma beshlarda boʻlishi kerak edi. Romanga koʻra esa Ideologiya hali bu ishlar qoʻzgʻalmasidan avval rahbarlik rolini egallab ulgurgan. Agar qatʼiy realizm talabidan kelib chiqsak, bu oʻrinda “yozuvchi anaxronizmga yoʻl qoʻygan” yoki “eʼtiborsizlik orqasida tarixiylik tamoyilidan chekingan” qabilidagi ayblovlarni taqashimizga toʻgʻri kelur edi. Yaxshiki, oʻz vaqtida bunday ayblov hech kim – na bir tanqidchi va na oddiy kitobxon xayoliga keldi: har ikkisi ham buning muayyan maqsad bilan qilinganini darhol his etib, zamiridagi hikmatini anglashga harakat qildi. Bu esa, tabiiyki, asar yozilgan paytga kelib oʻquvchi omma ham, tanqidchilik ham badiiy shartlilikni qabul qilishga tayyor boʻlganidan dalolatdir.

Xoʻsh, mazkur “chekinish” bilan qanday gʻoyaviy-badiiy samaraga erishildi? Adib oʻzbek xalqining mustaqillikdan ayro – qullik asosratida yashagan davrini uch avlod timsolida aks ettirishga jazm etdi, yaʼni, bu jihatdan qaralsa, Jamoliddin ketmon – Aqrab qoʻrboshi – Dehqonqul silsilasi aslida bitta obraz sifatida qabul qilingani toʻgʻriroq boʻladi. Uchala obraz mohiyatida farq sezilgani holda, oʻsha mohiyatni belgilagan javhar umumiy. Erkin yashagan Jamoliddin ketmon oqpodshoga qul boʻlib yashashni istamadi, birgina imkoni bor edi – Buxoro amirligiga ketib qutuldi; oʻgʻli Aqrabda endi shu imkon ham yoʻq edi – shahidlik yoʻlini tutdi; Dehqonqul bolalikdan mutelik muhitida oʻsdi, oqibati jismiyu amallari ismiga monand – QUL boʻldi. Biroq uning vujudida-da oʻsha ajdodlaridan suyak surib oʻtib kelgan javhar harakatga keldi, u Ivan Ivanovichning aslini xoʻb bildi:

“Ivan Ivanovich! Sen tirigim tirnogʻini yeding, sen oʻligim yogʻini yeding – ammo toʻymading!

Ivan Ivanovich! Men ochlikdan oʻlmadim – Sen toʻqlikdan yorilmading!

Ivan Ivanovich! Men seni yuz oʻttiz yil toʻngʻich akam, dedim. Boʻldi – men endi seni toʻngʻich akam, demayman!

Men endi seni toʻngʻich aka degich tillarimni kesib itga tashlayman!”

Mutelikda umr kechirgan Dehqonqulning gaplaridagi qatʼiyatga eʼtibor bering-a, u gʻoyibdan paydo boʻlmadi, yoʻq, u oʻsha suyak surib oʻtgan javhar quvvatidan oziqlanadi. Shuni his qilgani uchun ham oʻquvchi Dehqonqulning oxirgi gaplarini qasam oʻlaroq qabul qiladi: “Men qaytib kelaman.

Yetti qavat yer ostidan boʻlsa-da qaytib kelaman.

Men dalalarimni deya, qaytib kelaman.

Meni dalalarim qaytarib keladi...”

Romanga aynan Dehqonqulning – mute umr kechirgan odamning bosh qahramon qilib olingani kimlargadir malol kelgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Biroq, birinchidan, yuqorida koʻrganimizdek, Dehqonqul mustamlaka davridagi oʻzbek xalqi obrazining bir qismi, xolos, obraz Jamoliddin ketmon va Aqrab qoʻrboshi bilan qoʻshilibgina toʻkis boʻladi. Ikkinchidan, to mustaqillik arafalariga qadar ham xalqda kurashchanlikdan koʻra mutelik ruhi ustivor ediki, bu jihatdan muallif hayot haqiqatiga sodiq qolganini yoqsa-yoqmasa tan olish kerak boʻladi. Boshqa tomoni, Dehqonqul qalbida oʻzi anglab-anglamagan erk sogʻinchi yashagani kabi, aksariyat yurtdoshlarimiz dilini ham ayni his tark etmagan, vaqt-bevaqt turli sabablar bilan junbishga kelib turgan. Koʻrinyaptiki, obraz xalq ruhi, uning tarixiy taqdiridagi fojealar va ularning ildizlarini ochishga har jihatdan mos yaratilgandir. Demak, bu oʻrinda realistik tamoyillaridan ongli ravishda chekinilgan, shartlilik hisobiga badiiy idrok imkoniyatlari kengaytirilgan. Ayni xulosani oʻzligi, milliy qiyofasini yoʻqotganlar obrazini tashkil etuvchi “maktab direktori – Ideologiya” silsilasi ham quvvatlaydi. Romanda Dehqonqul va Ideologiya silsilalari bir-biriga zidlanmagan boʻlsa ham, ularning yonma-yon tasvirlanayotgani beixtiyor qiyoslashga undaydi. Keyingi silsilada avvalgisidan bir halqa kam, shunga koʻra u aynan shoʻro davri mahsuli sifatida tushuniladi. Vaqt zichlashtirilgani bois maktab direktorida 30-50-yillarning partiya -sovet xodimlariga xos xususiyatlar ham “zichlangan” holda mujassamlangan. Undagi yuqorining har qanday amrini soʻzsiz bajarishga hozirlik, partiya-sovet koʻrsatmalarini har nedan: adolat, insof-diyonat, insoniylik, milliylik kabilardan beshak ustuvor bilish esa keyingi boʻgʻinga – Ideologiya tipidagi milliy oʻzligini butkul unutgan manqurtlarga doʻnadi. Koʻpchilik 70-80-yillarga keliboq tili, eʼtiqodi, urf-odatlarini unutgan, unutibgina qoʻysa ham bir navi, ulardan or qiladigan toifa yetishib qolganini yaxshi eslaydi. Ayon boʻladiki, realistik tasvir tamoyillaridan chekinish muallifga real voqelikdagi hodisa mohiyatiga, uni keltirib chiqargan omillarga teranroq nazar tashlash imkonini bergan.

Shartlilik nuqtai nazaridan asarda haqiqiy familiyalari ostida berilgan shoʻro hukumatining taniqli arboblari (Kolesov, Poltoratskiy, Uspenskiy, Rudzutak va b.), murakkab taqdir egasi Chanishevlarning bitta hayotiy holat – Aqrab qoʻrboshining qoʻlga olinishi epizodi doirasida harakatlanishi ham shartlikning bir koʻrinishi. Negaki, masalan, shoʻrolar Turkistonining ilk rahbarlaridan biri, aniqrogʻi, uning 1917 – 1918 yillardagi Xalq komissarlari soveti raisi F.I.Kolesov 1923 yildan Uzoq Sharqda faoliyat yuritgan, yaʼni sobiq Buxoro amirligi hududida bosmachilikning tugatilishida bevosita ishtirok etgan emas. Yoki boshqa bir mashhur inqilobchi – Turkiston Markaziy ijroqoʻmi prezidiumi aʼzosi P.G.Poltoratskiy ham Aqrab qoʻrboshini qoʻlga olishda ishtirok etolmasdi, chunki u 1918 yilda Marvda qatl qilingan. Taʼkidlash kerakki, bu hol roman badiiy haqiqatiga aslo putur yetkazmaydi. Negaki, muallif niyati oʻquvchi koʻz oldida shoʻro istilochilarining umumlashma obrazi – Qizilni gavdalantirish, xolos. Niyat ijrosi uchun tanlangan yoʻl ham oddiygina: voqealarni hikoya qilish asnosi oʻquvchiga maktab darsliklari, kinoyu spektakllar orqali tanish nomlar zikr qilinadi – vassalom. Tamsil qilmoqchi boʻlsak, xuddi bolakaylar oldiga oʻyinchoq gʻishtcha va boshqa qurilish ashyolarni toʻkib qoʻyib, “Uycha yasang!” deya topshiriq bergan kabi. Boshqa tomoni, voqealar Dehqonqul tilidan berilmoqda, yaʼni uning-da oʻziga darslik, kino va spektakllar orqali tanish nomlarni zikr qilayotgani ehtimoldan xoli emas...

Yurt oʻtmishidagi ziddiyatli, bugun sogʻlom aqlga gʻalat koʻrinuvchi hodisalar mohiyatini anglashu baholashda shartlilik oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Dehqonqulning sodda nigohi orqali berilgan manzaralar jaydari falsafaga doʻnadi, bu esa oʻz navbatida roman badiiy konsepsiyasiga asos boʻladi. Deylik, Jaloliddin ketmon faqat ish haqida oʻylaydi: “kalima qaytarib-qaytarib ketmon chopadi. Xudoni yodlab-yodlab ketmon chopadi. Xudoga shukrona aytib-aytib ketmon chopadi”. Ishiga berilgani shunchalarki, “yoʻldan kim oʻtadi-kim ketadi – bilmaydi. Bilgisi-da kelmaydi”. Oqibat shu boʻldiki, “ajabtovur ovozlar”ni eshitibgina yoʻlga boqdi: “saratonday sap-sariq balolar” bemalol-bexavotir oʻtib borayotganlarini koʻrdi... Sirasi, Jaloliddin ketmonning bu tarz tasvirlanishida ham shartlilik bor, zero, bu oʻrinda obrazning muayyan mazmunni ifodalash uchun muhim qirrasi boʻrttirilgan. Hikmat esa shuki, insonning bezagi deydiganimiz mehnatkashlik, sobirlik, qanoatu shokirlik kabilar ham, agar meyoridan oshsa, fojealarga omil boʻladi. Faqat, Dehqonqul buni juda kech, qachonki oʻz boshiga kulfat yogʻilganidagina (barcha ojiz insonlar singari) anglay boshlaydi.

Jaloliddin ketmon tilidagi “oqpodsho” soʻzi Rusiya podshosiga nisbatan ham, yurtiga bosib kirgan uning har qaysi fuqarosiga nisbatan ham ishlatilaveradi, natijada, “oqpodsho” chor mustamlakachilarining umumlashma obrazi sifatida boʻy koʻrsatadi. Chor istilosi davri qalamga olingan birinchi bobda gʻoyat tigʻiz mazmun ifoda etilganini sezish qiyin emas. Mabodo, shu mazmun realistik tasvir yoʻsinida ifodalanganida edi, hech shubhasiz, bobning hajmi hozirgidan ancha kattargan boʻlur edi. Yaʼni, yuqorida ham koʻrganimizdek, Togʻay Murod mazmunni zichlab-zichlab ifodalashga imkon izlaydi, aksar bunga erishadi. Jaloliddin ketmonning bosqinchilarga qarshiligi avvaliga ularning “betiga qayrilib qaramaslik” bilan cheklanadi: “Oqpodsho betini koʻrmayin-da, kuymayin-da...” Buning ajablanarli joyi yoʻq: axir, mehnat kishisi emasmi, Ketmondan bundan ortigʻini kutish yo talab qilish ham ortiqcha. Ayni choqda, qay tarz va darajadaligidan qatʼi nazar, ichki qarshiligi borligining oʻzi iymon-eʼtiqoddan nishonadir. Shu bois ham oʻz yeriga mehri qanchalar baland boʻlmasin, oʻsha “bir juft oqbadan olaboʻji” bulgʻagach, undan-da hech ikkilanmay voz kechadi. Iymonli odam sifatida u fahsh koʻrinish qarshisida “bilaklari bilan betlarini bekitadi”, aksincha, iymonsiz boʻlgani uchun ham oqpodsholar uni kalaka qilib “bilaklari bilan betlarini bekitadi”. Qarang, bungacha Ketmon murosaga borgan – oqpodsholar “betiga qaramay” boʻlsa-da oʻz ishiga andarmon boʻlib yurgan edi. Iymonga daxl qilishgach, chiday olmaydi – peshona teri singgan yerini tashlab ketadi, “dalasi yuzini qaytib koʻrmas boʻladi”. Murosa qilsa boʻlmasmidi? Kampiri aytganday “bosib-bosib suvlasa” boʻlmasmidi, axir, “Suv nimalarni yuvmaydi?” Yoʻq, u ayni iymon-eʼtiqod masalasida yon berolmaydi, murosaga bormaydi, chunki uni har nedan yuksak qoʻyadi. Asarda bu bejiz urgʻulangan emas, albatta. Illo, xalqimiz asoratda yashagan bir yuz oʻttiz yil davomida oʻzligimizni butkul yoʻqotmay chiqqanimizning negizi ham shunda – hamisha shunday oʻylovchi kishilar boʻlganida.

Aqrab qoʻrboshi – oqpodsho sodir etgan qatliom shohidi boʻlganida murgʻak ruhiyati darz yeb, esini tanigunicha tomma-tom yurib oʻshanda eshitgani “Otilsin!”, “Sartlar!”, “Chuchelalar!” kabi hayqiriqlarni qichqirib yurgan odam – yoʻqsillar hukumati bilan uchrashuvga borib kelgach, “Qizil, ket, qizil!” deya alahlaydigan boʻldi. Sababi, yoʻqsillar hukumatini u Qizil deb atadi, chunki “Tut shohiga qistirilgan yalovigacha qip-qizil. Ombor devorlariga iligʻliq soʻzanalarigacha qip-qizil”, biladiki, qon rangidan yorugʻlik tilab boʻlmaydi: “Qon rang – jallod rang!” Uning jaydari falsafasi “Qizil – Oqpodsho vorisi” degan anglamga olib keldiki, bolalikdagi alahlashlarning yangilangani shundan. Yuqorida aytganimiz shoʻro fotihlarining umumlashma obrazi – Qizil romanga shu tarz kirib keladi. Xuddi Jaloliddin ketmon tilidagi “Oqpodsho” soʻzi kabi, Aqrab qoʻrboshi ham “Qizil” soʻzini shoʻroga aloqadorki kishi yo narsaga nisbatan tekis qoʻllayveradi. Qizigʻi, soʻzning bu tarz qoʻllanishi ikkinchi bob doirasi bilan cheklanadi. Nega?

Avvalo, garchi roviy Dehqonqul boʻlsa-da, birinchi bobda u bobosi Jaloliddin ketmon, ikkinchi bobda esa asosan otasi Aqrab qoʻrboshi tomonidan koʻrilgan voqelikni omonat yetkazadi, uchinchi bobdan boshlabgina voqelik roviy nigohi orqali berilishini eslatish zarur. Jaydari falsafasi Aqrab qoʻrboshini shoʻro hokimiyati mohiyatan chor imperiyachi mustamlakachilik siyosatining davomi degan xulosaga olib kelgan, romanning ikkinchi bobiga shu mazmun-ruh singdirilgan. Uchinchi bobdan boshlab esa ayni mazmun-ruh tuman misoli tarqab ketadi goʻyo va bu tabiiy ham, chunki Dehqonqulda hali bunday qarashning oʻzi yoʻq. Faqat oxirgi – oʻninchi bobda, suddan soʻng dalasi bilan xoʻshlashish mahali yana oʻsha Qizil paydo boʻladi, shu tariqa Dehqonqulning koʻrgan-kechirganlari otasi va bobosining kechmishi bilan bogʻlanadi. Ayonki, bu bogʻlanish roman konseptual butunligida gʻoyat muhim, shu bois muallif uni amalga oshirishga ayricha hafsala qiladi: avvaliga zindonmashinadagi soqchini “qizil askar”, biroz keyin “qizil sarbon” ataydi, shundan keyinoq tiliga Qizil keladi – oʻquvchi buni ortiqcha zoʻriqishsiz qabul qiladi. Keyin, yanayam tushunarli boʻlsin deganmi, Qizil Ivan Ivanovichga bogʻlanadi:

“ – Nu? – dedi Qizil.

Ivan Ivanovich! Dalalarimda nu-nulamay tur, endi.

Dalalarim diydoriga toʻyib-toʻyib olayin, endi.

Ivan Ivanovich! Sen dala nimaligini bilarmiding? Sen sadqai dala ket!”

Koʻrib turganimizdek, endi Dehqonqulning qarashlarida tublik oʻzgarishlar yuz bergan, u endi oʻzini otasi va bobosining bevosita davomi, izdoshi oʻlaroq his qiladi. Uning Qizilga qaratilgan gaplari Aqrab qoʻrboshining Qizil haqida aytganlari bilan, Ivan Ivanovichga xitoblari esa bobosining Oqpodshoga deganlari bilan hamohang jarang topadiki, bu fikrimizning yaqqol dalilidir. Fikrimizcha, ayni talqin tarixan haqqoniydir. Zero, shoʻroni umuman tan olmagan yoki toʻla qabul qilmaganlar 30-yillarning oxiriga kelib asosan bartaraf qilingan, omon qolganlari esa damini chiqarmay yashashga mahkum etilgan. Sirasi, shu jihatdan qaraganda rasmiylarning “sotsializm uzil-kesil gʻalaba qildi” daʼvosi ham asosli. Bir tomoni maʼmuriy zugʻum, ikkinchi tomoni koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari va, ayniqsa, shoʻro taʼlim tizimi faoliyati natijasi shu boʻldiki, koʻpchilik jaloliddin ketmonlaru aqrab qoʻrboshilarni adashgan, gʻoyaviy cheklangani yoki aqli qosirligi bois oqu qorani ajrata olmaydiganlar deb tushundi – sotsialistik vatanni salkam yerdagi jannat bildi. Faqat 80-yillarning oxirlariga kelibgina keng omma shoʻroga muxolifatda turganlarning qarashlarida ham jiddiy asos borligini asta-sekin idrok eta boshladi. Eʼtibor bering: ushbu fikrlarni oʻzimiz oʻylab topmadik, yoʻq, biz ularni asardagi obrazlarning oʻzaro aloqasidan kelib chiquvchi mazmun sifatida taqdim etmoqdamiz, xolos. Demak, yurtimizda bir asrdan ziyod vaqt davomida kechgan voqealar, ular yurtdoshlarimiz ong-ruhiyatida yasagan oʻzgarishlarni badiiy idrok etishga chogʻlanarkan, adib kechmish voqealar tafsilotini minimumga keltiradi va, ayni choqda, bunga teskari proporsionallikda shartlilik asosida obrazlarning umumlashtiruvchilik xususiyatini oshiradi.

Yuqoridagi mulohazalarimizdan ayon boʻlyaptiki, “Otamdan qolgan dalalar” romanida badiiy shartlilik salmogʻi nechogʻli ustuvor boʻlmasin, u baribir realistik asardir. Ha, u klassik tushunchadagi realistik asar emas, ayni choqda, realizm hududidan chiqib ketmagan ham. Shunday hisoblashga qator asoslar bor: 1) asarda hayotga monandlik prinsipi, umuman olganda, saqlangan: real voqelikda yuz berishi mumkin (yuz bergan) voqealar, hayotiy holatlar qalamga olingani; 2) real hayotda uchraydigan (uchrashi mumkin boʻlgan) kishilar voqelikda mavjud (mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan) shart-sharoitlarda harakatlanadi, yaʼni mashhur “tipik sharoitlarda harakatlanuvchi tipik xarakterlar” (Engels) talabining bajarilgani; 3) personajlarni dunyo bilan oʻzaro munosabatda tasvirlash, ularning ruhiy olamiga eʼtiborning ustuvorligi; 4) tarixan aniq davr, jamiyat va voqealar tasvirlangani; 5) reallikka oʻzni va olamni anglash vositasi sifatida qaralgani; 6) voqea va xarakterlar rivojlanishda berilgan; 6) qahramon va jamiyat (muhit) konflikti diqqat markaziga qoʻyilgani va boshqalar. Asarda badiiy shartlilikning ustuvorligi esa Togʻay Murodning yuqorida tavsiflangan sharoitda millat tarixidagi tugallangan katta bir bosqichni badiiy idrok etish, oʻzi anglaganlarini obrazlar vositasida badiiy falsafa shaklida ifodalash niyati bilan bogʻliqdir. Yaʼni adib oʻzining ijodiy niyatiga, shuningdek, davrning ham ijtimoiy-maʼnaviy, ham badiiy-estetik ehtiyojlariga javob bera oladigan ifoda shakllarini topish yoʻlida izlandi va, aytish kerakki, eng maqbullarini topa bildi. Shu maʼnoda “Otamdan qolgan dalalar” romanini adabiy avlodlarni, anʼanaviy va yangilangan badiiy tafakkurni bogʻlovchi koʻprik deb aytish mumkin.

Yuqorida aytganimiz 90-yillarga kelib realistik ifodaning ijodkorlarimizni qoniqtirmay qolganini Omon Muxtor misolida ham koʻrish mumkin. Adib 90-yillarning boshlarida yaratgan “Ming bir qiyofa”, “Koʻzgu oldidagi odam”, “Tepalikdagi xaroba”, “Ayollar mamlakati va saltanati” kabi “moʻʼjaz romanlari” (U.Normatov) adabiyotimizda oʻzining ifoda tarzi, shakl va uslublari jihatidan chinakam yangilik boʻldi. Eʼtiborli tomoni shuki, Omon Muxtor bularga qadar anʼanaviy realistik yoʻlda “Yillar shamoli” (1976) va “Egilgan bosh” (1989) romanlarini yozgan, romannavis sifatida tanilib ulgurgan edi. Shunga qaramay, 1988-91 yillarda yozilgan “Ming bir qiyofa” romanida adib oʻzi yaxshigina egallagan realistik tasvir yoʻlidan bormagan, buning sababini, bizningcha, yuqorida koʻrsatilgan omillar bilan izohlash mumkin. Oʻzi tanlagan ifoda yoʻsiniga oʻquvchi hali koʻnikmaganini nazarda tutib boʻlsa kerak, romanning “Sharq yulduzi”dagi nashri oldidan adib “Ikki ogʻiz soʻz” aytish zaruratini tuygan va shu nomda soʻz boshi yozib, birinchi jumladayoq “Kim oʻqisin-oʻqimasin, ochigʻini aytishim kerak: bu – xayoliymi, falsafiymi, shunaqa bir asar!” deya eʼtirof etadi. Fikrimizcha, ushbu jumlada asarning badiiy oʻziga xosligi nimada ekani loʻnda ifoda etilgan. Zero, agar “xayoliy” degani uni realizmdan yiroqlashtirsa, “falsafiy” sifati ijodkor yaratgan badiiy voqelik shunchaki xayolga kelgani emas, unda muayyan bir falsafa mujassamligini anglatadi. Boshqa tomoni, ijodkor taxayyuli nechogʻli tizginsiz boʻlmasin, baribir, voqelikdan batamom uzilib ketolmaydi. Soʻz boshining davomida Omon Muxtor ham shuni eʼtirof etgan: “Albatta, yozuvchi har qanday asarda oʻzi kuzatgan – eshitgan, koʻrgan hayot haqiqatlarini aks ettiradi. Lekin baribir, bu asar koʻproq xayol mahsuli; men hayotdagi aniq voqealar, odamlarni – boʻyoq berib, umumlashtirib yuborishga harakat qilganman”1.

Darhaqiqat, uchta hikoyatdan tarkib topgan romanda haqiqat va xayolot ajib bir tarzda qorishib ketgan. Ilk hikoyatning dastlabki jumlalarini oʻqiganida oʻquvchi koʻz oldida real manzara, real hayotiy holat jonlanadi:

“Koʻcha oydin, yorugʻ, ammo boʻm-boʻsh edi.

U mashina tutishga ancha urindi. Boʻlmadi. Oʻlasi ichgan, oyoqda zoʻrgʻa turgan odamga mashina toʻxtaydimi? Qoʻrqishadimi, kim bilsin...” Ayni holatning haqiqatligi, yaʼni shunday holat hayotda yuz berishi mumkinligi aslo shubha uygʻotmaydi. Qahramonning shu vaziyatdagi harakati, deylik, avvaliga uning avtobusmi-trolleybusmi kutay deb bekatga yoʻl olishiyu soʻng bundan naf yoʻqligini anglab (yarim tun, axir!) piyoda ketishga jazm etishi yoki shu asnoda (omadi chopganini qarang, shunaqasi ham boʻladi-da!) boʻm-boʻsh avtobusning kelib qolishi – bular hammasi haqiqatga rost kelaveradi. Biroq oʻsha avtobusning haydovchisiz ekani – xayolot mahsuli, adib aytmoqchi “boʻyoq berib, umumlashtirib yuborishga harakat” natijasi. Avtobusga chiqqan onidan qahramonimiz ixtiyorni qoʻldan berdi – bundan keyingi voqealarning bari uning ixtiyoridan tashqari sodir boʻladi. Ha, unga avtobus “boshqa joydan boshqarilayotgandek” tuyulishi bejiz emas, zero, bu ijodkor xayoloti yaratgan taqdir ramzi, undan qochib qutulish ham, boshqa tomon burish ham bandaning ixtiyorida emas. Asarning ilk sahifalarida tasvirlangan ushbu holat, bir yoqdan, qahramonni oldinda bundan-da gʻaroyib hodisalar kutayotganidan ogoh etadi, ikkinchi tomondan, oʻquvchini ularni qabul qilishu magʻzini chaqishga emotsional va intellektual jihatlardan tayyorlaydi. Asli “haydovchisiz avtobus”-ning asosiy vazifasi shugina, birinchi manzarada (birinchi hikoyat oʻz navbatida toʻrt manzaradan iborat) undan boshqa noreal, xayoliy unsurning oʻzi yoʻq. Zero, keyingi voqealar: qahramon – Abdulla Hakimning allakimlar tomonidan Burhon Sharif oʻrniga yanglish hibsga olinishiyu allaqanday hujjatlar talabida beayov qiynoqqa solinishi, doʻstini sotmay azoblarga mardona turib berishi, nihoyat, katta yoʻlga chiqarib orqasidan xiyonatkorona oʻq uzilishi – bularning hammasi hayotga monand tasvirlanadi. Hartugul, bular oʻquvchi hech yoʻq kinolarda koʻrgani yo uzunquloq gaplar orqali ozmi-koʻp tasavvurga ega boʻlgani jinoyatchi guruhlar – mafiya xatti-harakatlari-da: detektivlarga xos biroz sirliligini demasa, hayotda yuz berishi mumkin voqealar sifatida qabul qilsa boʻladi. Shunga koʻra birinchi manzarada hayotga monandlik ustuvor deyish mumkin. Aytish kerakki, adib norealistik tasvir “dozasi”ni asta-sekin oshirib borgan: ikkinchi manzarada haqiqat va xayolot nisbati oʻzaro tenglashsa, uchinchi va toʻrtinchi manzaralar batamom xayolot asosiga qurilgan.

Ikkinchi manzara maqtul Abdulla Hakimning ruhi orqali, yaʼni arvoh nigohidan chiziladi va ayni hol haqiqat va xayolot tengligini taʼminlaydi. Negaki, jasadning yanglish Burhon Sharif deb tanilishi, uni dafn etish, oilasi, yaqinlari, tanish-bilishlarining bu yoʻqotish bilan bogʻliq oʻy-kechinmalari, xatti-harakatlari kabi tafsilotlarning bari realistik yoʻsinda berilgan, ayni choqda, ularning arvoh koʻzi bilan koʻrilayotgani va oʻsha arvoh – jasadning chin egasi ayni paytda ongida kechirayotgan oʻy-kechinmalar, ravshanki, toʻlasicha xayolot mahsuli. Muhimi, tanlangan ifoda yoʻsini shunchaki taxayyul oʻyini boʻlib qolgan emas, aksincha, muayyan bir gʻoyaviy-badiiy niyatga qaratilgan. Deylik, oʻquvchi Burhon Sharifni faqat Abdulla Hakimning gaplari orqali tanigan boʻlsa, endi u haqda boshqalar fikrini ham biladi, uning yaxshi inson ekaniga amin boʻladi, oʻz muhitida tutgan mavqei haqida toʻlaroq tasavvur hosil qiladi. Yoki Abdulla Hakim haqida xizmatdoshlari aytgan gaplar oʻquvchida u haqda hosil qilingan tasavvur keyingi manzarada – doʻzaxda unga tayinlangan jazoning haqligiga ishontiradi.

Uchinchi va toʻrtinchi manzaralar diniy rivoyatlar asosiga qurilgan. Xususan, uchinchisi “Goʻr azobi” deb nomlanib, undagi asosiy voqealar “qabr ustidagi oxirgi kishi yetti qadam uzoqlashgan”dan soʻng boshlanadi. Umuman olganda, talqinlar diniy rivoyatlar ruhida, faqat Munkar va Nakir berayotgan savollarga dunyoviy tus berilgan. Abdulla Hakim oʻzini yaxshi odam deb biladi, uningcha, birgina gunohi – “muhabbatda biroz beburdlik qilgani”, xolos. Farishtalarning bu masaladagi fikri esa tamom oʻzgacha ekani bois, birisi unga xitoban aytadi: “Qachondir aqalli biron marta Ollohga sidqidildan ibodat-iltijo qilganmisan?! Sen umring boʻyi hattoki Ollohning borligiga ham goh ishonib, goh ishonmay yashagansan... Xoʻp, umringda qaysidir payt bunday es-hushingni yigʻib, oʻzingni pok tutish haqida hech oʻylaganmisan?! Yoʻq, sen kun ora boʻkib ichib, boʻlgan boʻlmagan taomni yeb, pok-nopok joylarda yotib-turib, shuni hayot deb tushungansan. Sen hayvondek yashading. Hayvondan ham battar... axir, it oʻtirgan oʻrnini dumi bilan supuradi; mushuklar yuvinadi; qushlar taranadi. Senga bir qatla imtihon olamida yashash nasib etdi. Sen boʻlsang buni oʻylamading. Yerda tirik murdadek sudralib umring oʻtib ketdi”2.

Eʼtibor berilsa, farishtaning bu gaplari Abdulla Hakim foniy dunyoda kechirgan umrga baho oʻlaroq yangraydi. Ayni shu nuqtada Omon Muxtorning soʻz boshida aytgani “hayotdagi aniq voqealar, odamlarni – boʻyoq berib, umumlashtirib yuborishga harakat qilganman” deganiga toʻxtalish joiz. Yaxshi maʼlumki – birov buni oʻz boshidan oʻtkargan, boshqa birov oʻzidan kattaroqlarni kuzatib bilar – oʻsha “rivojlangan sotsializm davri” deya alqangan 70-yillardan ziyoli kishilar oʻzini “kichkina odam”, “ortiqcha odam” oʻlaroq his eta boshlagan edi. Ha, gap jamiyatda oʻzini bir “vintcha” va shu bois qoʻlidan hech ish kelmaydigan yoki nelardir qilishga qodir ekani holda aqliyu kuch-quvvatini hech kimga kerak emas his etgan ziyolilar haqida bormoqda. Mazkur vaziyatda ziyolilar qarshisida ikkita yoʻl bor edi: yo oʻzi ardoqlagan ideallardan voz kechib sharoitga moslashish – bu holda pichogʻi moy ustida boʻladi, yo oʻsha ideallariga sodiq qolib oʻzini chetga olish – bu holda avom nazdidagi “omadsizlar” safini toʻldiradi3. Abdulla Hakim oʻzini ikkinchi yoʻlni tanlaganlardan deb biladi: hayotdagi amallari ideallariga mos, atrofidagi nopokliklarga aralashmagan – yaxshi odam ekanligiga imoni komil! Faqat, birinchidan, atrof illatga botgani holda, Ahmad Aʼzamning qahramonlaridan biri shunga oʻxshash mavqe egallagan kishiga aytganidek, “ustidan shisha qalpoqni bostirib olib, menga gard yuqmaydi deb umid qilish”4 – xom xayol. Ikkinchi tomoni, garchi oʻzi shoirligi va “shoirki bor erkin, darveshtabiat yurishga moyillik sezishi” bilan izohlasa-da, mayxoʻrlikka rujuʼ qoʻyishiga gohi narigi yoʻldan borganlarga qiyoslab oʻzini ich-ichida “omadsiz” his etishi, bundan ezilishiyu alam oʻtini ichkilik bilan oʻchirmoqchi boʻlishi ham ozmi-koʻpmi sabab boʻlgan. Nihoyat, uchinchidan, uning oʻzi hech gunohga sanamaydigan yana bir aybi borki, u toʻrtinchi manzarada – mahshar kuni nomai aʼmoli ochilganida maʼlum boʻladi. Mahshar kuni ham hamon oʻzini gunohsiz biladi, ammo “kutilmaganda” (aslida esa diniy manbalarda aytilganiga mos) tana aʼzolari unga qarshi guvohlikka oʻtadi. Ularning hukmi esa qatʼiy: “Sen oqimga tushgan xas eding, oqim qayoqqa olib borsa, ketaverarding. Umringda maʼno-maqsad yoʻq edi. Sen oʻzingga qancha bino qoʻymagin, usting, taning singari ruhing ham pok emas edi”. Shoir odam umring “yotib-turish, yeb-ichib, kiyinish” uchungina sarflangan, ruhing pok emas, deyishlariga chiday olmay isyon qiladi. Lekin ayblovchilarning-da asosi puxta: oʻzini, oʻzligini anglamay kechgan umr zoye, shu ahvoliga aytganlari sheʼriy daʼvatlar zoye. Yana Xudoga ishongani holda “dunyoda hukmini oʻtkazib yashagan shohlar-arboblar”ga undan-da koʻproq ishongani... ishida, sheʼrlarida ularning nomini tilga olmay turolmaslik, haykalu suratlariga bamisoli butparastdek sigʻinish – bular shoirning eng ogʻir gunohi, ruhini bulgʻagan ham shular. Yuqorida Abdulla Hakim “oʻzini ikkinchi yoʻlni tanlaganlardan” deb biladi deganimiz bejiz emas. Zero, oʻzi shunday oʻylagani bilan, aslida u uchinchi yoʻlni ochmoqchi: ideallariga ham sodiq qolsa, ularga nomuvofiq ijtimoiy holatdan chiqarish mumkin nafdan ham quruq qolmasa – qozonga yaqin boʻlsa-yu, qarosini yuqtirmasa! Bu esa, tabiiyki, munofiqona yoʻl.

Omon Muxtor “Ming bir qiyofa”ni jamiyat aʼzolaridan tozarish, oʻzligini anglash va yangilanayotgan ijtimoiy munosabatlar sharoitida ongli ravishda oʻz mavqeini, hayotiy prinsiplari va maqsadlarini belgilab olish taqozo etilayotgan bir davrda yozdi. Ayni sharoitda Abdulla Hakim singari oʻzini “gunohsiz” deb oʻylovchilar talaygina, xususan, ijodkor ziyolilar orasida ham bundaylar koʻp boʻlgan. Soʻz boshida aytganidek, Omon Muxtor “oʻzi kuzatgan – eshitgan, koʻrgan hayot haqiqatlarini aks ettiradi”. Zero, u ijodkor ziyolilar qaynagan joy – “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatida, boz ustiga, yana boshqa koʻplab tahririyatlar joylashgan binoda ishlagan. Yaʼni oʻzi tasvirlagan singari odamlarni bevosita kuzatish, ular bilan muntazam muloqot qilish imkoniga ega boʻlgan. Oʻsha kuzatishlariyu muloqotlari davomida anglaganlarini ifodalash uchun reallikka monand manzaralarni emas, aksincha, koʻproq xayolot mahsuli boʻlgan va oʻquvchiga aytarini ifodalashga qulay imkon beruvchi badiiy voqelikni yaratadi. Xususan, yuqorida koʻrib oʻtganimiz toʻrt manzara davr ziyolisining maʼnaviy qiyofasiga koʻzgu tutganday, uning oʻz-oʻziga-da iqror qilishga jurʼat qilolmaydigan jihatlarini turli rakurslardan ochib beradi, oʻquvchining unga nisbatan xolis va toʻgʻri munosabatini shakllantiradi.

Romanning ikkinchi hikoyati negizida ham “ming yillar davomida odamlarning yetti uxlab tushiga kirmagan voqea” yotadi. Ha-da, hayot odatdagidek davom etib turganida “kutilmaganda” qoʻzgʻalgan va tobora zoʻraygan shamol shahar markazidagi eng mahobatli – “marmardan tiklangan toʻqqiz qavatli koshonani” allaqayoqlarga olib ketsa, kimning yetti uxlab tushiga kiribdi bu?! Eng qizigʻi, koshona va unda joylashgan tashkilotning birdan yoʻqolib qolgani Sadirjondan boshqaga bilinmaydi ham – xuddi boru yoʻqligi odamlarga mutlaqo farqsizday! Yana ham qizigʻi – haligi tashkilot shamol eltib tashlagan kimsasiz choʻlning qoq oʻrtasida ham hech narsa boʻlmagandek ishlayveradi. Yaʼni u odamlarga kerak boʻlmaganidek, unga ham odamlar kerak emas – oʻz qobigʻiga, oʻsha toʻqqiz qavatli marmar koshonasiga oʻralib qolgan, ishlash uchungina ishlayotgan, oʻzigagina kerak bir tashkilot. Koshona ichidagi tutum, kishilarning feʼl-xoʻyi, oʻzaro munosabatlari – barida yigirma yillar naridagi oʻquvchi oʻziga tanish chizgilarni koʻrgan, xususan, abadiyatga daʼvogar komfirqaning tarix suronida izsiz yoʻqolganini mushohada etgan. Shunga oʻxshash, uchinchi hikoyatda Rahim Ikkinchining yurt soʻrashida shoʻro hukumati yetmish yil yuritgan siyosatga ishoralarni, sartarosh Gʻulomjon qoʻllagan tadbirda esa mafkurachilarning ish usuli va shakllarini koʻrgan.

Omon Muxtor tanqidchi Ahmad Otaboy bilan suhbatida “Ming bir qiyofa”dagi har bir hikoyatni bitta roman qilish mumkinligini aytib, “Biroq mening maqsadim bu emas edi. Maqsadim – ixcham holda kattaroq bir gaplarni tashlash edi, iloji boricha”, deydi5. Aytish kerakki, adib koʻzlagan maqsad – chin sanʼatga xos va unga sanʼat yoʻli bilangina erishish mumkin. Romandagi hikoyatlar ihcham holida oʻquvchi nigohini xalqimizning yaqin oʻtmishdagi kechmishi mohiyatiga, fojialarining tub ildizlariga qarata olishi bilan gʻoyat qimmatlidir. Shuni nazarda tutib ustoz Umarali Normatov adibning 90-yillarda yaratgan romanlari haqidagi bunday deydi: “Bu romanlar hammadan burun hozirgi kunning maʼnaviy-estetik ehtiyoji oqibatida maydonga kelgan; bu xil asarlar faqat 90-yillar sharoitidagina yaratilishi mumkin. Ularni oʻqir ekansiz, dahshatli tush koʻrayotganday boʻlasiz: kechagi kuningiz, yetmish yillik hukmronligi davomida millionlab kishilarni yoʻldan ozdirgan, odamlar qismati, ruhiyatida adadsiz noxush, fojeiy asoratlar qoldirgan, halokatga mahkum mustabid tuzum qiyofasi jamiki vahshatlari bilan koʻz oldingizda gavdalanadi. Eng yomoni, bu tuzum odamlarni koʻngil gavhari — imon-eʼtiqoddan mahrum etdi, ularni vaziyatga qarab tovlanadigan ming bir qiyofali oddiy ijrochi jonzotga aylantirdi, maydalashtirdi”6.

Yuqoridagilarni xulosalab aytsak, milliy nasrimizdagi badiiy ifoda usul va shakllarining yangilanishi quyidagicha tartibda kechdi: realistik asarlarda badiiy shartlilik salmogʻining ortishi – realizm doirasida ramziy-majoziy obrazlarning keng qoʻllana boshlashi – norealistik yoʻlda yozilgan asarlarning paydo boʻlishi. Yangilanish jarayonida Gʻarb adabiyoti tajribalarini ijodiy oʻzlashtirishning ahamiyatiga ortiqcha baho berish, bizningcha, maʼqul emas. Chunki iqtidorli adiblarimiz eng avval milliy folklor va mumtoz adabiyotimiz tajribalarini ijodiy oʻzlashtirish, yutuqlarini rivojlantirish yoʻlini tutdilar. Togʻay Murod va Omon Muxtorning mustaqillik bilan deyarli tengdosh asarlari tahlilidan ayon boʻlyaptiki, milliy nasrimizda badiiy tafakkurning yangilanishi inqilobiy yoʻl bilan emas, tabiiy tadrijiy rivojlanish tarzida amalga oshgandir.

2016 yil

Izohlar

  1. Sharq yulduzi.- 1992.- №4.- B.3
  2. Omon Muxtor. Ming bir qiyofa.- T.: Sharq, 1994.- B.40.
  3. Bu haqda qarang: M.Sheraliyeva. Boburning andishasi.- T., 2015.- B.17-24.
  4. Ahmad Aʼzam. Asqartogʻ tomonlarda.- T., 1989.- B.92.
  5. Har kimning oʻz zamin, oʻz osmoni bor... / Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 1998. - 6 mart.
  6. Romanning yangi umri. // Jahon adabiyoti.- 2001- № 9.- B. 85.

Dilmurod Quronov