← Sa'dullo Quronov
|

«Jimjitlik» romanida inson konsepsiyasi

Saʼdullo Quronov

Tezis · 2023 · Chingiz Aytmatov va jahon adabiyoti xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya. Fargʻona, 2023

Annotatsiya: Maqolada “Jimjitlik” romani inson konsepsiyasi kategoriyasi asosida tahlilga tortilgan. Unda 80-yillar adabiy jarayonida yangi inson konsepsiyasini yaratish uchun ulkan ijtimoiy ehtiyojning pishib yetilgani, S.Ahmadning mazkur muammoga yechimni hukmron elita va mavjud siyosiy tafakkurdan qidirgani haqida soʻz boradi.

Kalit soʻzlar: inson konsepsiyasi, badiiy konsepsiya, romaniy tafakkur, o ʻzbek romanlari, adabiy jarayon.

XX asr 80-yillar romanchiligi davrning shiddati, siyosiy shart-sharoitning keskin oʻzgarishi, avlodlar almashinuvi, “qayta qurish” davridagi nisbiy erkinlikka mos ravishda rivojlandi. Mazkur adabiy davrni xarakterlovchi eng muhim omil shuki, unda yangi inson konsepsiyasini yaratish uchun ulkan ijtimoiy ehtiyoj - dard pishib yetildi.

Bu davr romanlarining umumiy oʻxshash jihatlari bisyor. Ularda “Brejnev turgʻunligi” davriga xos ijtimoiy illatlar keskin tanqid qilinadi [5. B.393]. Biroq Said Ahmad oʻzining “Jimjitlik” romanida biroz ayricha yoʻldan borib, ijtimoiy muammolar ildizini quyi pagʻonadagi amaldorlardan emas, balki hukmron siyosiy elita va mavjud siyosiy tafakkurdan qidiradi.

Adabiyotshunos M.Namozov yoshlik jurnalidagi davra suhbatida “Menimcha, “Lolazor” adabiyotimizda bizni “kechagi kun”ga olib kelgan odamlarning ruhini tadqiq qilishga dastlabki jiddiy urinish boʻldi” [4. B. 66-72] deb taʼkidlaydi.

M.Namozov oʻsha vaqtlarda biroz pardalab aytayotgan “kechagi kun”ga olib kelgan odamlar”dan murod hukmron elitadir. Chindan ham “Lolazor”da jamiyatdagi muammolarning tub sabablarini Stalin davrida shakllanib, turli koʻrinishlarda yashab kelayotgan totalitar siyosiy tafakkur bilan bogʻlashga, hukmron elita ruhiyatidagi evrilishlar tadrijini koʻrsatishga urinish kuchli. Biroq ayni shu harakat milliy romanchiligimizda ibtidoiy shaklda boʻlsa-da “Jimjitlik”dan boshlanganini qayd etmoq zarur.

Adabiyotshunoslar “Jimjitlik” romanidagi markaziy qahramonlardan biri Shavkat Rahimovning hayotiy prototipi sifatida Oʻzbekiston SSR rahbari (19591983) boʻlgan Sharof Rashidovni koʻrsatadilar [3.B.301]. S.Ahmad ham yurtning eng katta rahbarlari, ministrlar va yirik tashkilot raislarining ruhiyatini taftish etishga, ularning kechinmalarini tasvirlashga harakat qiladi.

Adib roman markaziga sovxoz direktori Mirvali hamda olim Tolibjonning oʻzaro qarama-qarshi taqdirini qoʻyadi. Adibning inson konsepsiyasi mana shu ikki obraz asosiga quriladi. Biroq Mirvali va Tolibjonning achchiq qismati, aslida, davlat rahbari boʻlgan Shavkat Rahimov siyosatining hosilasi ekanligi atroflicha ochib beriladi.

Mirvali uddaburon, sharoitga moslashib, odamlar bilan til topishishga usta, bezbet va dovyurak, biror ishni bitirish uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydi, xullas, sirtdan jimjitdek koʻringan, biroq ichkarisida “o ʻrmon qonunlari” hukm suradigan jamiyatning tipik rahbari. Tolibjon esa kamsuqum, halol inson.

Adolatsizliklarga chidab tura olmaydi, har qanday ishni qonuniy yoʻl bilan bitirishni istaydi. Asarning ayrim o ʻrinlarida jurʼatsiz, qoʻrqoq odam sifatida ham tasvirlanadi.

Mirvali ana shu xarakteri bilan sovxozda, umuman, respublika miqyosida katta ishlar qildi, yurtni obod etdi, minglab odamlarni ish bilan taʼminladi, davlat xazinasiga ulkan foyda keltirdi. Biroq u bu maqsadlarga erishish yoʻlida toʻg ʻri boʻlmadi, aniqrogʻi, mavjud tuzum, ijtimoiy sharoit uning toʻg ʻri ishlashiga yoʻl qoʻymadi.

Tolibjon esa halolligi uchun jamiyatga sigʻmadi. Bilagi kuchga toʻlgan yoshlik davrlarini xorijda oʻtkazdi. Toʻg ʻrirogʻi, adolat talab qilgani uchun quvgʻindi qilindi. U hali yoshlik chogʻlaridayoq “katta odam”larning nazariga tushadi, partiya safiga kiritiladi. Shu kezlarda oblast partiya konferensiyasida respublikada katta obroʻga ega boʻlgan rahbar Shavkat Rahimovni ayovsiz tanqid qiladi. Rahbarning koʻzlariga tik qarab: ʻ“Er-birodarlarini atrofiga toʻplayotganini, boʻysunmaganlarini badnom qilayotganini, butun mamlakat boʻylab shaxsga sigʻinish oqibatlari tugatilayotgan bir paytda respublikada yangi bir shaxs paydo boʻlganini ochiq-yoriq aytdi” [2. B. 8]. Adib Tolibjonning mazkur nutqidan keyingi holatni tasvirlarkan, romandagi inson konsepsiyasining yana bir muhim jihatini urgʻulaydi: “Oʻshanda qiziq bir holat roʻy bergandi. Zal boʻylab gulduros qarsaklar yangrab ketdi. Bu qarsak tovushlari qaydan chiqayotganini bilib boʻlmasdi. Odamlar stul tagiga qoʻllarini tiqib qarsak chalardilar. Ammo ularning yuzlaridan, koʻzlaridan qarsak chalayotganlari sezilmas edi” [2. B. 8]. Mazkur oʻrinda adib mustabid tuzumning bosh quroli - qoʻrquvning odamlar shuurida naqadar chuqur tomir otganini koʻrsatib beradi. Bu haqda adabiyotshunos Islom Ёqubov “romanning gʻoyaviy konsepsiyasida qoʻrquv saltanati millat tiynatida paydo qilgan ojizlik, haqsizliklarga dadil qarshilik koʻrsata olishdan choʻchish, ijtimoiy kurashchanlikka noqobillik kabi oʻsha yillarga xos illatlarning ijtimoiy - maʼnaviy ildizlari badiiy taftish etildi” [4. B. 66-72], deya qayd etadi. Chindan ham, S.Ahmad Tolibjon obrazida jasur, faol insonning qoʻrqoq, jurʼatsiz shaxsga aylanib qolishini ishonchli ijtimoiy dalillar bilan tasvirlaydi.

S.Ahmad oʻzining inson konsepsiyasida davr rahbarlariga xos unvonparastlik - “oltin yulduz” talvasasini juda katta mahorat bilan, ijtimoiy-ruhiy omillarini koʻrsatgan holda tasvirlab beradi.

Adib davlat rahbari Shavkat Rahimovning har ishni el-yurt ravnaqi, odamlarning farovon turmushini koʻzlab emas, balki aslida Moskvaga yoqish, unvonlarga erishish uchungina bajaradi deya talqin qiladi, buni millat va davrning fojiasi sifatida baholaydi.

Romanda sobiq Ittifoq davri siyosati, propagandasi va shaxsga sigʻinish illatlari odamlarni ana shunday “ruhiy kasal” qilishi, alaloqibat bundan oddiy xalq jabr koʻrishi mahorat bilan ochib berilgan.

Rahbarlar faoliyatidagi millatga eng koʻp zarar yetkazgan tutum, eng qabih ishlardan biri odamlarning bilimli boʻlishini ongli ravishda istamaslik edi. Bu borada Mirvalining: “Menga ishchi kerak, olim emas, ishchi. Ilmi boʻlsa togʻda echki boqadimi?... Savodi boʻlmasa katta boʻlganda anonim yozolmaydi, bildingmi”. Bunday qarash pinxona tarzda oʻsha davr rahbarlarining taʼlim borasidagi “strategiyasi”ga aylana boshlagan edi.

Bu rahbarlar tepaga koʻproq yoqish uchun yurtning har bir qarichiga paxta ekishga tayyor. Ular koʻproq hosil olish uchun daryo suvini choʻlni oʻzlashtirishga burishi, zaminni tonnalab kimyoviy dorilar bilan zaharlab kuydirishi, aholini turli kasalliklarga duchor qilishi mumkin. Hammasi unvon, hammasi “tepaga” yaxshi koʻrinish uchun. S.Ahmad oʻzining inson konsepsiyasi markaziga ana shu haqiqatni, buning jabrini koʻrayotgan odamlarni qoʻyadi va buni davr rahbarlarining ish tutumi misolida ochib beradi.

Tolibjon va Jayrona romanda jamiyatdagi illatlarning aslini anglab yetgan qahramonlar sifatida tasvirlanadi. Ular ortiq bunday yashab boʻlmasligini tushungan, bunga qarshi isyon koʻtarish zaruratini his qilgan kishilar edi. Ular Rahimov va Mirvalining butun kirdikorlari aks etgan hujjatlarni yigʻib, Moskvaga yuborishni reja qiladilar. Biroq bu reja amalga oshmaydi, Mirvali ularning boshiga yetadi. Baribir oddiy xalqning istagi, irodasi roʻyobga chiqmaydi, siyosatga yem boʻlib ketaveradi.

S.Ahmadning badiiy konsepsiyasiga koʻra, xalqning musibatlari, odamlarning ayanchli taqdiri nafaqat kattayu-kichik rahbarlarning ish tutimi oqibati, balki umuman mavjud siyosiy tafakkurning hosilasidir. Mirvali oʻlishi, Rahmonov qamalishi mumkin, lekin bu bilan ijtimoiy hayot o ʻzgarib qolmaydi, toki siyosiy tafakkur oʻzgarmas ekan, xalq baribir roʻshnolik koʻrmaydi.

S.Ahmadning inson konsepsiyasi markazida muammoni koʻrib turgan, unga nisbatan nafrat bilan qarayotgan va ortiq bunday yashash mumkin emasligini anglab yetgan odam turadi.

Saʼdullo Quronov