Oʻtgan asrning oxirlarida nasrimizning yangi avlodi Gʻarb, Lotin Amerikasi va Uzoq Sharq nasriga favqulodda kuchli qiziqish bilan qaray boshladi. Bu XX asr boshlaridan shakllana boshlagan va beqiyos shiddat-la rivojlangan milliy badiiy proza anʼanalarini inkor qilish, yangi yoʻl izlash natijasi edi. Jamiyat hayotidagi keskin burilish davriga toʻgʻri kelgani uchun ham inkor ruhi gʻoyat kuchli edi. Sir emas, oʻsha sharoitda biz – oʻzidan avalgilar suyib oʻqigan asarlarni «zamona kemasidan uloqtirgan» yangi avlod oʻquvchilariga Gʻarb, Lotin Amerikasi va Uzoq Sharq adabiyotining namunalari asl sanʼat namunalari boʻlib koʻrindi. Goʻyo ular ijtimoiylik, gʻoyaviylik, mafkuraviylik kabi «adabiyotga mutlaqo yot» narsalardan tamom forigʻ, sof badiiyatning tajassumi. Haqiqatda esa bu gʻirt yanglish tasavvur edi, zero, ulardagi obrazlar ham oʻzlari yaratilgan ijtimoiy makon va zamon bilan chambarchas bogʻliq.1 Faqat oʻsha makon va zamondan uzilganimiz uchun ham bu asarlar moʻjiza koʻrindi – koʻplab yosh isteʼdodlar ularning ifoda usuliga ergashdi. Tabiiyki, katta avlod buni qabul qila olmadi, yoshlarni «taqlidchilik»da, «koʻchirmachilik»da aybladi, yozganlarining «milliylikka xilofligi»-yu «mafkuraviy xavfi»-dan ogohlantirib bong urdi. Holbuki, bu jarayon shunchaki yoshlarning Gʻarbga havaslangani natijasida emas, balki milliy adabiyotda yangilanish ehtiyoji yetilgani tufayli harakatga kelgan edi. Ikkinchi tomoni, xorij adiblariga har qancha ergashmasin, milliy zaminda yetishgan va milliy tilda milliy turmushni aks ettirayotgan ijodkor hech qachon oddiy nusxakash boʻlib qolmaydi – sanalgan omillar bunga yoʻl bermaydi. Chinakam isteʼdod uchun taʼsir bir turtki – oʻzga madaniyat vakili boʻlmish adib badiiy kash fini oʻz millati xizmatiga safarbar etish, u bilan ijodiy bahsga kirishishga daʼvatdir. Endigi muddaomiz mazkur qarashni Xurshid Doʻstmuhammad misolida asoslashdan iborat.
***
Xurshid Doʻstmuhammad «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasini «Tafakkur»da eʼlon qilarkan, uni mana bu moʻjazgina taqdim bilan taʼminlaydi: «Koʻp yillar boʻldi, italiyalik mashhur adib Dino Bussatining «Yetti qavat» degan hikoyasi taʼsirida yuraman. Nihoyat, ushbu favqulodda oʻziga xos hikoyani bir qadar erkin tarjima qilib, unga «nazira» oʻlaroq hikoya bitdim. Tajriba qanday samara berganini baholash oʻquvchiga havola...» Taʼkidlash zarur boʻlgan nuqta shuki, hikoya 2001-yilda yozilgan va shu yiliyoq «Tafakkur»ning 3-sonida bosilgan – tandirdan uziboq dasturxonga tortilgan. Oradan 4 yil oʻtib adibning «Beozor qushning qargʻishi» nomli hikoyalar toʻplamiga kiritilganida ham mazkur taqdim saqlanib qolgan, faqat uning birinchi jumlasi oʻzgargan: «Italiyalik mashhur adib Dino Bussatining «Yetti qavat» hikoyasini oʻqidim-u ancha vaqtgacha uning taʼsirida yurdim». Koʻryapmizki, bunda feʼlning zamon shakli oʻzgargan, sirasini aytsak, shunday qilingani toʻgʻri ham: toʻrt yil keyin kiritilgan oʻzgartirish «taqdim»ni aynan hikoya yozilgan vaqt emas, aniqlashtirilmagan vaqtga (yaʼni barcha zamonlarga) taalluqli etadi. Shu bilan birga, shakldagi oʻzgarish jumla mazmunida ham jiddiy (biz uchun gʻoyat muhim) oʻzgarish yasaganini ham taʼkidlash kerak. Agar birinchi holda Dino Bussati hikoyasini «koʻp yillar» avval oʻqigan muallif hamon uning «taʼsirida yurgani» anglashilsa, ikkinchisi adib ruhiyatidagi mazkur jarayon kechib oʻtib boʻlganini koʻrsatadi. Maʼlum boʻlyaptiki, adib ruhiyatida yillar davomida kechgan jarayon «nazira» hikoyaning yozilishi bilan yakun topmoqda. Boshqacha aytsak, biz aytayotgan jarayon aslida, nazira, hikoyaning yaralish jarayonidan boshqa emas. Zero, asarning yaratilishi bilan tugagan jarayon oʻsha asar muallif ongida embrion holida bino boʻlgan pallada – ijodiy niyat paydo boʻlganida harakatga kelgan. Ijodiy niyatning tugʻilishi esa bu oʻrinda madaniyatlararo dialog – muloqot natijasidir.
M.Baxtin «katta dialog» haqida soʻz yuritarkan, uning «katta vaqt» qoʻynida kechishi, replikalari esa alohida asarlardan iborat boʻlishini nazarda tutadi: «Asar – nutqiy muloqot zanjiridagi halqa; xuddi dialog replikasi kabi, u ham boshqa asarlar – replikalar bilan bogʻliq...»2 Olimning uqtirishicha, dialog replikasi oʻlaroq adabiy asar oʻzga (lar)ning u yoki bu tarzdagi javobi, yaʼni javob reaksiyasini koʻzda tutadi. Oʻz-oʻzidan ayonki, nutqiy muloqot zanjirining halqalari – adabiy asarlar vositasida madaniyatlararo muloqot ham kechadi. Shu bois Baxtin asarlarida «katta dialog» tushunchasi talqini bir asar doirasida kechuvchi hodisadan global koʻlamdagi universal hodisa tomon muttasil kengayib boradi.3 Bularni eslashdan murod – «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasining yaratilish jarayonini, uni harakatga keltirgan mexanizmlarni tasavvur qilib koʻrish. Xullas, oʻz vaqtida, Dino Bussati hikoyalarining ruscha tarjimalari oʻzbek adabiy jarayoni faktiga aylani shi bilan, tabiiyki, ular (har biri)ga javoban u yoki bu tarzdagi reaksiya ham yuzaga keladi. Mazkur reaksiya, bizningcha, ikki turli koʻrinishda namoyon boʻladi. Ularning birinchisini koʻproq oʻquvchi individualligi – tugʻma qiziquvchanlik, hayrat va zavqqa tashnalik, notanish xorijiy narsa bilan bogʻliq kutuv kabilar, ikkinchisini esa oʻquvchi mansub madaniy kontekst (oʻxshashlik, zidlik, begonalik kabi) belgilaydi. Yaʼni mazkur omillar behad hayratlanish, hafsalaning pir boʻlishi, alqash yo befarq qolish, qoʻshilish yo bahslashish, qabul qilish yo rad etish kabi javob reaksiyalarini hosil qiladi. Jumladan, X.Doʻstmuhammadning «koʻp yillar» Dino Bussati hikoyasi taʼsirida yurgani zamirida ham ayni omillarning biri yotadiki, hozir shuni aniqlab olish zarurati bor.
Aytib oʻtish joiz, avvalo, bu oʻrinda bitta omilni qatʼiy belgilash mahol, ikkinchidan, oʻsha omilning taʼsirini mutlaqlashtirish ham toʻgʻri boʻlmas – boshqalarining ham ozmi-koʻp taʼsir etganlik ehtimolini istisno qilib boʻlmaydi. Shunga qaramay, nazira hikoyaning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib asosiy omilni tasavvur qilsa boʻladi. Fikrimizcha, bu oʻrinda madaniy kontekst bilan bogʻliq yuzaga kelgan bahslashish tarzidagi javob reaksiyasi yetakchilik qiladi. Ayni chogʻda, hikoyaning syujet-kompozitsion qurilishi, adib oʻzi koʻzlagan mazmun ifodasi uchun yaratgan badiiy model, sanʼatkorning mahorati zavq va hayrat uygʻotgani ham shubhasiz. Biroq, yaxshi maʼlumki, zavq-u hayratning umri qisqa – vaqt oʻtishi bilan har ne moʻjizaga koʻnikiladi. Demak, «koʻp yillar» hikoya taʼsirida yurishning asosida «bahslashish» tarzidagi javob reaksiyasi yotadi, yaʼni yozuvchi ongida shu yillar davomida italyan adibi bilan mental bahs kechadi.
Mazkur bahs X.Doʻstmuhammad mansub madaniy kontekst dan oʻsib chiquvchi «qoʻshilmaslik»dan boshlanadi. Sirasini aytganda, D.Bussati hikoyasida qoʻllangan model yangilik ham emas – yetti qavatlilik (jarayon, yoʻl, makon va b.) jahon folklori va adabiyotida juda keng tarqalgan. Italyan adibining badiiy kashfiyoti – almisoqdan qolgan oʻsha qolipdan foydalanib oʻzi mansub jamiyatdagi zamondosh inson mohiyatini ochib berishga erish ganida. Modelning shu mohiyatga mos tarzda oʻzgartirilgani, yaʼni anʼanadagi yuksalib borishning chappasiga aylantirilgani – yangilik, bu yangilik esa adib badiiy idrok etishga chogʻlangan hayot materiali – Gʻarb kishisi tabiatidagi uni qoniqtirmayotgan oʻzgarishlar bilan bogʻliq.
Mutaxassislar Bussatining ruhan Kafkaga yaqinligini bejiz taʼkidlamaydilar, Kamyu esa uning ayrim asarlarini farangiga oʻgirganki, bu ham, tabiiyki, ruhiy yaqinlik tufaylidan. Yaqinlik esa, eng avval, fikriy jihatdan, zamonasi va undagi odamni anglashda kuzatiluvchi mushtaraklikda namoyon boʻladi. Har uchala adib ham individualizmni bayroq qilgan jamiyatdagi insonni, uning anglash mushkul olamdagi oʻziga bogʻliq boʻlmagan shartsharoitlar izmida yolgʻizlikka mahkumligida namoyon boʻluvchi fojiasini qalamga oladi. Maʼlumki, bu holat – Gʻarb kishisi oʻz taqdirini oʻzi yaratishiga va shu tufayli Yaratganga muhtojligi yoʻqligiga beshak inongan holda olamni aqlga, yaʼni oʻz talab-ehtiyoj lariga muvofiq tubdan oʻzgartirish yoʻlidagi chiranishlari zoye ketib, aro yoʻlda qolgan vaqt mahsuli. Shu bois ham u yolgʻizlikdan qiynalib, umidsizlikka butkul taslim holda umrguzaronlik qiladi, koʻngilni tamom boy berganidan molparastga, shunchaki moddiy boyliklar yaratuvchi va isteʼmol qiluvchiga aylana boradi. Har uchala adib ham mazkur holat inson tabiatiga muvofiq emas deb biladi, iztirob chekadi, yaratgan asarlarida uni yengib oʻtish choralarini izlashadi, turli ijodiy eksperimentlarga qoʻl urishadi. Xususan, «Yetti qavat» ham shunday izlanishlar natijasidir.
Hikoya qahramoni Juzeppe Korte – deyarli sogʻlom odam, kasalxonada oʻrnatilgan tartiblarga beixtiyor boʻyinsungan, oʻzi istamagan va negaligini anglamagan holda qavatdan qavatga muttasil pasayib boradi. Qizigʻi, garchi pasayib borishga ich-ichidan qarshilik qilsa-da, bu jarayon aksar goʻyo uning roziligi bilan yoki boshqacha boʻlishi mumkin emasdek yoʻsinda amalga oshadi, aniqrogʻi, oʻziga (oʻquvchiga ham) shunday tuyuladi. Anglash qiyin emaski, yaxlit olib qaraganda, kasalxona – ramz, yuqorida muxtasar taʼriflaganimiz shaxsni ixtiyoridan ayirib komiga tortib ketayotgan jamiyat ramzi oʻlaroq yaratilgan. Shu jihatdan qaralsa, hikoyadagi detallar qatidagi maʼno ochilib boradi. Avvalo, kasalxona binosining muhtashamligi: ruscha tarjimada uning «mehmonxonalarga oʻxshash» ekanini aytish bilan kifoyalanilgan boʻlsa, erkin tarjima qilgan X.Doʻstmuhammad ushbu detalni birmuncha boʻrttirgan: «...kasalxona emas, naq mehmonxona deysiz! Palatalari ham besh yulduzli musofirxonalardan kam boʻlmasa kerak!» Palataning jihozlanishi ham shu hashamatga yarasha: «... ham shira ayol uni yettinchi qavatga boshlab chiqdi. Yop-yorugʻ palataga olib kirdi, xona shu qadar ozoda ediki, devorlari, anjomlari-yu jihozlaridan tortib choyshab-u deraza pardalarigacha bimisoli nurga chayilgandek oppoq edi. Pastak oromkursilarga kiydirilgan momiq gʻiloflarning oqligi odamning koʻnglini qitiqlaydigan darajada musaffo koʻrindi. Dino Kortening4 ruhi, ruhiga qoʻshilib butun vujudi huzurlandi». Mazkur detallar komfortni har nedan ustun va aʼlo biluvchi isteʼmolchilik jamiyatini xarakterlaydi. Oʻzbekcha tarjimada bu yanada boʻrtiq koʻrinadi: palatadagi qulayliklarni koʻrgan bemorning ruhi ham, vujudi ham birdek huzurlanadi, yaʼni ruh va vujud ozigʻi bitta – komfort va uni taʼminlovchi buyum-ashyolar. Ruscha tarjimada palatadagi jihozlar sanab-taʼriflangach, «Все здесь дышало спокойствием, гостеприимством и вселяло надежду», – deyilganki, bu bilan isteʼmolchi insonning umidi ham tamom komfortga bogʻliqligi taʼkidlanadi. Qahramonning boshiga tushgan tashvish – faqat oʻziniki, kasalxonaga kelganidan boshlab to soʻnggi damiga qadar yonida biron-bir yaqin kishisi – na xotini, na bola-chaqasi, na bir doʻsti koʻrinadi. Ushbu minus-detal Juzeppe Korte mahkum yolgʻizlik, mehr-oqibat badar ketgan jamiyatdagi insonning bosh fojiasini koʻrsatishga xizmat qiladi. Aytilganlardan nima uchun hikoyani oʻqigan oʻzbek adibi «qoʻshilmaslik» mavqeyini egallaganini anglab olish qiyin emas: u Gʻarb kishisining yuqorida muxtasar taʼriflangan ya shash tarzi, aʼmollarini, uning tushunchasidagi hayot mazmunini qabul qilolmaydi – u oʻzga madaniyat, oʻzga dunyoqarash bagʻri-da shakllangan. Shu bois adib italyan hamkasbining badiiy ifoda bobidagi mahorat-u kashfiga haq bergani holda, bamisoli uning koʻzgudagi aksi kabi butkul ters talqinni yaratadi. Zohid Yaqin bosib oʻtgan yoʻl Dino Korte yoʻliga ters yoʻnalishda ekani – buning yuzada koʻrinib turadigan asosi. Zohid Yaqinning kasalxonadagi yoʻli birinchi qavatdan boshlanadi – yettinchi qavat tomon koʻtarilib boradi. Dino Kortedan farq qilaroq, u oʻzining taqdiriga befarq boʻlmagan yaqinlari qurshovida – xotini, oʻgʻli, qaynisi – hammalari uning salomatligi tashvishida. Agar qavatdan qavatga koʻchilganda Dino Korte yuragini aksar vahima, qoʻrquv egallasa, Zohid Yaqin koʻchishni shukronalik bilan qabul qiladi, unga keyingi qavat avvalgisidan-da shinamroq, qulayroq koʻrinaveradi. Oʻlim oldidan Dino Korte dahshat va jazavaga tushsa, Zohid Yaqin oʻzini jalb etayotgan nedir yoqimli narsani tuyadi – shukronalar keltiradi. Negaki Dino Korte uchun oʻlim – dunyoning nihoyasi, Zohid Yaqin uchun esa u – boqiy dunyoning boshlanishi, xolos.
Shu oʻrinda yana adibning «bir qadar erkin tarjima qildim» degan iqroriga qaytish, tarjimadagi, taʼbir joiz boʻlsa, erkinlik darajasini koʻrib oʻtish maqsadga muvofiq. Hikoya rus tilidan oʻgirilgani uchun, tabiiy, ruscha matnni asliyat deb qabul qilishga toʻgʻri keladi. Asliyatda Juzeppe Korte soʻng damlarda dahshatli jimlik va qorongʻilikni his qilgani aytiladi-da, hikoya mana bu jumla bilan yakunlanadi: «Он повернул голову к окну и увидел, как шторы, повинуясь чьему-то таинственному приказу, медленно опускаются, преграждая доступ дневному свету». Yaʼni bunda qahramon oʻzi vahima ichida his etib turgani «dahshatli jimlik va qorongʻiliq» qaʼriga choʻkib ketayotganini biroz boshqacha yoʻsinda aytish bilan kifoyalanilgan. Aslida, hikoyadagi islomiy eʼtiqod kishisining eʼtirozini qoʻzgʻaydigan nuqtalardan biri ham – shu, oʻlimdan keyingi dahriyona yoʻqlik. Xuddi shu talqin hikoyani oʻqigan oʻzbek adibida «qoʻshilmaslik» hissini hosil qilgan yana bir jiddiy omil deb tushunilishi kerak. Zero, mazkur talqinga mutlaq «qoʻshilmasligi» sababli ham yozuvchi Zohid Yaqinning soʻnggi damlarini buning tamom aksicha, yaʼni nurga chulgʻab, jozib va umidbahsh ohanglarda tasvirlagan.
«Jimjitxonaga yoʻl» – Dino Bussati hikoyasining erkin tarjimasi bilan unga yozilgan nazira hikoyaning qoʻshilishidan hosil boʻlgan asar, yaʼni yangidan tarkiblangan butunlik. Shu butunlikni taʼminlash talabi bilan asliyatning yuqorida keltirilgan finali oʻzgartirilgan, shundayki, erkin tarjimada Dino Korte yorugʻ dunyoni tark etdi degan fikr kelib chiqmaydi, bunda qahramon qoʻrqinch jimlikni (qorongʻilikni emas) his qilib dahshatga tushadi: «Dino Kortening tili kalimaga kelmadi, qoʻlini bazoʻr qimirlatib koʻziga ishora qildi. Enaga xalatining choʻntagidan koʻzoynak olib, uning qanshariga qoʻndirdi. Bemor betini deraza tomonga burdi. Najot istab mayda sim toʻr qoplangan derazadan tashqaridagi daraxtzorga chiranib qaradi, ammo koʻz oldi chaplashib ketdi.
– Tunmi?.. – deb soʻradi u arang pichirlab. – Soat nech...
Enaga kampir aldamadi:
– Kunduz, uka... soat uch... – dedi ogʻir uf tortib...»
Avvalo, ruscha asliyatda mazkur epizod dialog shaklida berilgan emas, uni tarjimon «sahnalashtirgan»; matnning yuqorida keltirilgan oxirgi qismi esa tushirib qoldirilgan. Shundan keyin nazira hikoyaning soʻnggi epizodi beriladi-da, ikkisi uchun umumiy, yaʼni «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasining alohida qism sifatida ajratilgan moʻjaz xotimasi beriladi: «Oʻsha kuni bir-biridan olis Magʻrib va Mashriq shahrida bir paytning oʻzida ikki bemor bandalikni bajo keltirdi...» Koʻryapmizki, agar asliyat oʻzgartirilmasa, hikoya oxiridagi mazkur xotima mutlaqo ortiqcha boʻlib qolur edi. Holbuki, hozirgi koʻrinishida u hikoyadagi ikkita mustaqil va bir-biriga zidlangan qismni ham shaklan, ham mazmunan umumlashtirib, bir butunlikka mansub etuvchi kompozitsiya birligidir. Yaʼni Dino Bussatining «Yetti qavat» hikoyasi X.Doʻstmuhammadning «Jimjitlikka yoʻl» hikoyasiga qism oʻlaroq singdirib yuborilgan. Qism esa butun tarkibiga mexanik tarzda emas, balki butun nuqtayi nazaridan, unga har jihatdan muvofiqlashtirib kiritiladi. Shu bois ham asliyatdagi qahramonning yoʻqlik, mangu zulumot bagʻriga singib ketgani (yaʼni jon bergani)ni aniq anglatuvchi «kimningdir sirli amri bilan kun yorugʻini toʻsib asta-sekin tushib borayotgan pardalar» tushirib qoldiriladi-da, biroz mavhumlashtirilib, tun yo kun ekanligini anglab boʻlmaydigan holatga aylantiriladi. Negaki, agar shunday qilinmasa, birinchidan, hikoyada yuqoridagicha xotima mutlaqo ortiqcha boʻlib qolur edi. Ikkinchidan, mazkur oʻzgartirish tufayli qiyoslanayotgan tomonlar bir xil vaziyatga – hayot va oʻlim chegarasiga qoʻyiladi, ularning jon berardagi holatlarini qiyoslash orqali har birining hayoti, aʼmollari taftish va mushohada qilinadi, oʻquvchi ham shunga undaladi.
Yuqorida aytdikki, individualizm kasali asorati boʻlmish yolgʻizlikka mubtalo Gʻarb kishisining fojiasi Dino Bussati ijodida keng qalamga olingan. Jumladan, xasta Juzeppe Kortening yonida yaqinlarining yoʻqligi ham individualizm asosiga qurilgan jamiyatda shaxsning yolgʻizligi, bas, boshiga tushgan har qanday kulfat faqat uning oʻziniki boʻlishini koʻrsatadigan detal. Biroq yolgʻizlik qahramon yon-atrofida yaqinlarining yoʻqligidagina emas, atrofidagilarning unga, uning esa atrofidagilarga yo bir buyum, yo bir funksiya oʻlaroq qaraganlarida ham koʻrinadi. Masalan, kasalxonadagi enagani olaylik. Ruscha tarjimada u atigi uch bora tilga olinadi:
1. Hikoyaning boshlanishida, Juzeppe Korte oʻzi bilmagan holda oltinchi qavatga tushishga rozilik berib qoʻyganiga pu shaymon boʻlib turgan vaqtida: «А там, может, еще сиделка будет покрасивее», – deya oʻzini ovutadi.
2. Hikoyaning oxirida oʻlim vahimasiga boʻy bergan Juzeppe Korte oʻz koʻzlariga ishonmay koʻzoynak soʻraydi: «Он вызвал сиделку и попросил сильные очки».
3. Enaganing koʻzoynakni olib kelgani haqida hech gap yoʻq, Juzeppe Korte koʻzoynak yordamida daraxt barglari qimirlayotganini koʻrib, ularning haqiqiyligiga ishonch hosil qilgani aytil gach, «Сиделка вышла», – deyiladi.
Eʼtibor berilsa, adib enaga haqida ham xuddi palatadagi jihozlar haqida gapirgancha vaqt ajratayotgani, yaʼni unga ham oʻsha jihozlarcha qimmat berayotganini koʻrish qiyin emas. Hikoyada na Juzeppe Kortening enagaga, na enaganing Juzeppe Kortega munosabati aks etgan – goʻyo ikkisining orasida insoniy aloqa-munosabat rishtalari mutlaqo bogʻlangan emasdek. Aniqrogʻi, Juzeppe Korte enagaga bir buyum, bir funksiya oʻlaroq qaraydi, enaganing unga qarashi ham shunga monand. Mazkur hol insoniylikka shu qadar zidki, qabul qilish qiyinligidan boʻlsa kerak, erkin tarjimada (yuqorida keltirilgan koʻchirma) enaganing munosabati biroz ilitiladi: jon berish oldida alahlay boshlagan Dino Kortega qarab turib enaga «ogʻir uf tortib» qoʻyadi. Nazira hikoyadagi enaga kampir esa bulardan tamoman boshqacha, uning bemorga munosabati keskin farq qiladi:
1. Oltinchi qavatdagi enaga kampirning muloyim, bemorni bezovta qilib qoʻymaslikka tirishib muomala qilishida, «baraka toping, uka» degan xitobida, butun xatti-harakatida insoniy mehr ufurib turadi:
«Zohid Yaqin mijjalarini arang yirib ochdi-yu xonaning yorugʻligidan koʻzlari qamashdi. Enaga kampirni izladi.
– Men shu yerdaman, hech qayoqqa ketmayman, – dedi kampir bemorning muddaosini anglab».
Eʼtibor bering, enaga goʻyo bemor goʻdagi ustida bedor ona kabi: bolasining bezovtalanganini nafas olishidanoq sezadi, seziboq uni tinchlantirishga shoshadi. Bu endi aslo funksiya emas, bu – mehr, inson tiynatiga xos xususiyat.
2. «Enaga kampir shitob yurib palatadan chiqib ketdi. Kampir shoʻrlik bemorning ahvolida bu qadar keskin oʻzgarish yuz berishini kutmagan ekan, zum oʻtmay ikki erkak kishini boshlab kirdi». Munday qaraganda, enaga shunchaki oʻzining funksiyasi – xizmat vazifasi nuqtayi nazaridan qilishi kerak boʻlgan ishni bajarayotgandek: oʻsallab qolgan bemor qoshiga vrachlarni boshlab kirdi – shu xolos. Faqat shunisi borki, oʻzbek oʻquvchisi holatni bu tarz joʻnlashtirib qabul qilmaydi. Negaki u – insoniy munosabatlar hali tamom siyqalashib, odamiylik, rahm-shafqat, mehr-oqibat tuygʻulari butkul yitib ketmagan muhit kishisi. Albatta, uning milliy tiynatiga xos mazkur sifatlar tilida zuhur etadi, bas, shu til vositasida tasvirlangan hayotiy holatda ham ular albatta aks etadi. Yuqoridagi jumlada qoʻllangan birgina «shoʻrlik» soʻzi tasvirlangan holatni rahm-shafqat, mehr-oqibat tuygʻulariga yoʻgʻiradi. Jumla qurilishi shundayki, «shoʻrlik» aniqlovchisi «kampir» soʻziga ham, «bemor» soʻziga ham bogʻlanaverishi mumkin, har ikki holda ham hissiy boʻyoq oʻzgarmaydi. Zero, birinchi holda – «kampir shoʻrlik» deyilganida yozuv chi nigohi bilan enaganing yaxshi bir inson yorugʻ dunyoni tark etayotgan mahali ojizligidan shoshib qolgan holatini koʻramiz, koʻz oldimizda «oʻlim haq» yo «hammamiz ham oʻlamiz» tarzida oʻylab xotirjam tura olmaydigan ayol gavdalanadi. Ikkinchi holda – «shoʻrlik bemor» deyilganida holat kampir nigohi bilan koʻriladi, uning bemorga onalarcha, cheksiz rahm-shafqat bilan qarayotgani his etiladi.
3. Zohid Yaqin jon beryapti va «... shu payt oʻzi yotgan karavot havoda muallaq suzib borayotganini sezib qoldi.
– Karavotimning gʻildiragi bormi? – deb shoshib soʻradi u hamon tepasida girgitton boʻlayotgan enaga kampirdan.
– Bor, – dedi kampir, shunday dedi-yu keng yengini ogʻziga bosgancha shovqin solmay yigʻlab yubordi».
Enaga kampirda onalarga xos begʻaraz mehr borligi bemor «ustida girgitton» boʻlayotganida koʻzga tashlanadi. Shu mehr tufayli ham u oʻzganing taqdiriga befarq boʻlolmaydi, unga faqat «vazifa» nuqtayi nazaridan qaray olmaydi. Enaganing «keng yengini ogʻziga bosgancha shovqin solmay yigʻlashi» ham oʻlim haq ekanligiga imon keltirgan, turfa oʻlimlarni koʻraverib koʻzi pishgan, biroq hanuz yaxshilar oʻlimiga koʻnika olmagan odamning yigʻisi – alam-iztirob yo isyon emas, mehr izhoridir.
Koʻrib turganimizdek, «Yetti qavat»dagi enaga bilan nazira hikoyadagi enaga kampir bir-birining mutlaq ziddi sifatida yaratilgan. Avvalo, ularning ikkisida ham badiiy shartlilik darajasi yuqori, ikkisi ham muayyan bir mazmunni – biri insonlar orasida mehr-oqibat yoʻqligi, boshqasi esa mavjudligini ifodalash uchun maxsus yaratilgan. Shu bois bormi-yoʻq oraligʻida tasvirlangan «Yetti qavat»dagi enaga ham, mehrning tirik tajassumi boʻlgan enaga kampir ham haqiqatdan yiroq – ikkisida ham ifoda maqsadi bilan mubolagʻalashtirish bor. Yaʼni birining vazifasini jonsiz robot misoli, boshqasining esa insoniy mehrga yoʻgʻirib bajarishi boʻrttirilgan, natijada har ikkisi ham oʻzi mansub tibbiy jamoaga xos eng muhim xususiyatni quyuqlashtirib ifoda etadi. «Yetti qavat»dagi barcha tibbiy xodimlarning – sanitaridan tortib professor Dattiga qadar – xushmuomaliklari ortida befarqlik bor, hammalari oʻz funksiyalarini bekam-u koʻst bajarganlari holda Juzeppening qavatdan qavatga enishini hissiz kuzatishadi, hatto tilyogʻlamaliklari bilan bunga koʻmaklashishadi ham. Nazira hikoyada esa, aksincha, Zohid Yaqinga befarq tibbiy xodimning oʻzi yoʻq – biri achinib, boshqasi havaslanib, tagʻin birisi ibrat koʻzi bilan qayraydi unga, hammalari uning zimmasidagi yoʻl azobini yengillashtirishga intilishadi.
Dino Bussati talqinida absurdga moyillik bor: inson dunyo ga keladi, oʻziga bogʻliq boʻlmagan shart-sharoitlar izmida, kelib-ketishidan matlab neligini ham durust anglolmagan holda muqarrar ravishda intiho tomon boradi – uning hayoti maʼnidan mosuvo. Bu – XVIII asrdan boshlab ziyolilari yaksara moddiyunchilig-u dahriylikka berilgan Gʻarb kishisining XX asrning birinchi yarmiga kelgandagi holati. Unda endi jamiyatni oʻzi istaganidek qayta qura olishi-yu tabiatni butkul oʻz izmiga sola bilishiga ishonolmay qolgan, biroq shu holida ham Xoliqning borligini tan olishga boʻyni yor bermayotgan odamning abgor ruhiyati aks etadi. Undagi tushkunlig-u qoʻrquv, umidsizlig-u sarosimaga yoʻgʻrilgan absurd kayfiyati oʻlimni oxirgi nuqta deb bilganlikdan oziqlanadi. Undan farq qilaroq, «sivilizatsiyadan ortda qolgan», koʻpchiligi hatto dahriy tuzum zugʻumi ostida ham qoʻlidan kelganicha ibodatini qoʻymagan, loaqal, taomdan keyin shukrona aytish-u qabriston yonidan oʻtarda duoni kanda qilmagan, oʻlmoq intiho emas, boqiy dunyoga oʻtish deb biluvchi kishilar jamiyatida absurd kayfiyatga oʻrin yoʻq. Oʻlimni shunday anglagani uchun ham bu jamiyat kishisi hayotni imtihon deb, boqiy dunyo saodatiga erishmoq uchun ezgu amallar qilib va mudom komillikka intilib yashashim kerak deb biladi. Toʻgʻri, hamma ham birdek amal qilmas-ku, biroq aksariyat kishilar ongida har bir nafasim nomayi aʼmolimga yozib borilayotir, Mahshar kuni Sarhisob qilinadi degan ishonch hali butkul yitib ketmagani ham bor gap. Zohid Yaqin – shu jamiyat kishisi, shu bois ham uning safari tepadan pastga emas, pastdan tepaga yoʻnalgan.
Zohid Yaqin «shifoxonada qavatdan qavatga koʻchib-koʻtarilish dardiga mubtalo boʻlganini koʻproq oʻylayotgani» aytiladi, yaʼni bu bilan uning oʻtgan umrini sarhisob etayotganiga ishora qilinadi. Injiq qaysarlik bilan zinapoyadan oʻzi koʻtarilarkan, butun hayotini koʻz oldidan oʻtkazadi:
«U suyanchiqqa tirsagini qoʻyganicha uzoq oʻyga choʻmdi. Bolaligini, oʻsmirligini, shoʻx-shaʼn yoshligini koʻz oʻngidan oʻtkazdi.
Bir pogʻona koʻtarildi.
Uylandi. Toʻngʻichi tugʻilgan yillari kasb-korini topolmay obdan qiynaldi. Neki mashaqqat cheksa ichiga yutdi. <...>
Zohid Yaqin ikki pogʻona koʻtarildi. <...>
Keyin tinim bilmadi, ishi xoʻp yurishdi. Yegani – oldida, yemagani – ortida, izzat-hurmati joyida... <...>
Zohid Yaqin ikki-uch pogʻona koʻtarilganini oʻzi ham sezmadi».
Zohid Yaqinning zinapoyadan koʻtarilishida umumlashma ramziy maʼno kasb etadi: koʻpchiligimizga turmush tashvishlari bilan yelib-yugurib «ikki-uch pogʻona koʻtarilganini sezmay qolish» xosligi sir emas. Yaʼni umrning yeldek esib oʻtishi yoki daryomisol oqib ketishi haqidagi gaplar shunchaki tashbeh emas. Ayni fikr qavatdan qavatga koʻchishda yana bir bor taʼkidlanadi: bemor oʻzi sezib-sezmagan holatda uchinchi qavatdan oltinchi qavatga koʻchadi. Qavatlardagi hamshiralarning ismi ham ramziy maʼno kasb etib, qahramon umri bosqichlarini ifodalaydi: Shavqiya – zavq-u shavqqa toʻla yoshlikni, Mujohida – hayotdagi muqim oʻrnini topish-u turmush tashvishlarini aritish yoʻlidagi tinimsiz harakatda kechgan yillarni, Mushohida – oʻtgan umrini mushohada qilish davri, foniy dunyoni tark etish arafasini. Qahramon Shavqiyaning zavqli suhbatidan uch kunlab bahramand boʻlsa, Mujohida bilan qavatlar orasida yoʻl-yoʻlakaygina gapla shadi va shu ondayoq Mushohidaning qoʻliga oʻtadi. Xuddi shu vaziyatda oʻtib borayotgan Shavqiya bularga gap qotadi:
«Zohid yaqin boshini koʻtarib qizchaga qaradi.
– Qaqildoqmi?.. – dedi kulimsirab. Bir koʻngli Shavqiya bilan suhbatlashgisi keldi, biroq shu topda uning koʻziga Qaqildoq emas, hatto hozirgina bir koʻrishda maʼqul koʻrib qolgan Mujohida ham emas, Mushohida goʻzalroq, koʻrkamroq koʻrinib ketdi...»
Zohid Yaqinning bu holati oʻlimini boʻyniga olgan, taqdiriga taslim odamga xos: Shavqiya bilan gaplashgisi keladi, Mujohidaga ham befarq emas, biroq koʻngli endi Mushohidaga moyil boʻlib boradi.
Juzeppe Korte zulumotga – yoʻqlikka ketib borsa, Zohid Yaqin «sutdek nur ogʻushida yastanib yotgan keng va yam-yashil sayhonlik», professor aytmoqchi, «Zohid Yaqindek insonlargagina nasib etadigan joziba» tomon boradi. Holbuki, Zohid Yaqinning hayotida bunday ajratib, ibrat etib koʻrsatgudek hech narsa yoʻq – koʻp qatori umrguzaronlik qilgan odamdek. Unda nega, enaga kampir aytganidek, «kamdan kam odamga nasib qiladigan oltinchi qavatga koʻtariladi»? Javobni ham enaga kampirning gapidan izlash kerakka oʻxshaydi: «Ota-onangiz ismingizni bilib qoʻyishgan ekan, Zohid Yaqinboy». Aslida, ilgariroq Shavqiyaning: «Nega ism-sharifingiz gʻalati?» – deya Zohid Yaqinni savolga tutishi bilan oʻquvchi eʼtibori shu masalaga – qahramonning ismi-sharifiga qaratilgan edi. Shavqiya uning ismi-sharifiga oʻzicha maʼni beradi: «Zohid»ni bilaman, eshitganman, «Yaqin» degani... Odamga, koʻngilga yaqinlikni anglatsa kerak-da, topdimmi?!» Enaga kampir tanlov toʻgʻri boʻlgan deganida Haqqa yaqinlikni nazarda tutadi, hushyor-hushsiz holatdagi Zohid Yaqin ongida esa uning gapidagi «ota-ona» va «Yaqin» soʻzlari aks sado beradi: «Ota-yu onamga... yaqinman...» Oʻylashimizcha, aytilganlar el-qatori yashagan Zohid Yaqinning «oltinchi qavatga koʻtarilishi» sabablariga ishora qiladi. Avvalo, Zohid Yaqin odamga yaqin boʻldi – Alloh mukarram qilganga mehr koʻzi bilan qaradi; odamning koʻngliga yaqin boʻldi – mashoyixlarning koʻngilni Kaʼbaga mengzashlari bejiz emas. Ikkinchidan, Zohid Yaqin ota-onasiga yaqin boʻldi – teran tomirlaridan uzilmadi, shu bois-da hayot soʻqmoqlarida ogʻib-uloqib ketmadi. Nihoyat, uchinchidan, aytilganlar va ismiga monand zohidona – haromdan hazar qilib yashagani Zohid Yaqinni qalban Haqqa yaqin qildi: hamisha Uning shafqat va marhamatidan umidvor, taqdiriga taslim boʻlib, berganiga shukrona aytib yashadi...
***
Yuqorida aytganlarimiz va tahlil davomida xotirga kelgan oʻylarni umumlashtirib keladigan birinchi xulosamiz shuki, «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasi, bir tomondan, X.Doʻstmuhammadning Dino Bussati bilan ijodiy musobaqasi, ikkinchi tomondan, inson hayotining mohiyati haqida ikki turli madaniyat vakili orasida kechgan gʻoyaviy bahs oʻlaroq qabul qilinishi kerak. Aslida, ijodiy taʼsir natijasi oʻlaroq yaralgan, hatto «Gʻarbga koʻr-koʻrona taqlid» deb yozgʻirilayotgan har qanday asarda ham musobaqa va bahs ruhi kurtak holida mavjud, faqat ularning qay darajada rivoj olishi isteʼdod kuchi bilan bogʻliqdir. Demak, oʻtgan asrning 90-yillaridan boshlab «Gʻarbga taqlid» tamgʻasi urib kelinayotgan asarlarga qaytadan xolis nazar tashlash va munosib bahosini berish zarur. Ikkinchisi shuki, Dino Bussati qalamiga mansub «Yetti qavat» hikoyasining X.Doʻstmuhammad amalga oshirgan erkin tarjimasi «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasining tarkibiy qismiga aylangan, yaʼni yangi badiiy butunlikning mazmuni va ruhiga muvofiq jiddiy oʻzgarishlarga uchragan. Shu bois «Jimjitxonaga yoʻl» hikoyasining mazmun-mohiyatini anglash, italyan va oʻzbek adibi orasida kechgan gʻoyaviy-maʼnaviy bahsni kuzatish uchun yo X.Doʻstmuhammaddagi kuchli taassurotga asos boʻlgan «Yetti qavat» hikoyasining ruscha tarjimasi, yo italyancha asli, yo uning oʻzbek tiliga asliga monand tarjimasi (K.Baxriyev)ni qiyos asosi qilib olish lozim boʻladi.
Izohlar
Ўтган асрнинг охирларида насримизнинг янги авлоди Ғарб, Лотин Америкаси ва Узоқ Шарқ насрига фавқулодда кучли қизиқиш билан қарай бошлади. Бу ХХ аср бошларидан шакллана бошлаган ва беқиёс шиддат-ла ривожланган миллий бадиий проза анъаналарини инкор қилиш, янги йўл излаш натижаси эди. Жамият ҳаётидаги кескин бурилиш даврига тўғри келгани учун ҳам инкор руҳи ғоят кучли эди. Сир эмас, ўша шароитда биз – ўзидан авалгилар суйиб ўқиган асарларни «замона кемасидан улоқтирган» янги авлод ўқувчиларига Ғарб, Лотин Америкаси ва Узоқ Шарқ адабиётининг намуналари асл санъат намуналари бўлиб кўринди. Гўё улар ижтимоийлик, ғоявийлик, мафкуравийлик каби «адабиётга мутлақо ёт» нарсалардан тамом фориғ, соф бадииятнинг тажассуми. Ҳақиқатда эса бу ғирт янглиш тасаввур эди, зеро, улардаги образлар ҳам ўзлари яратилган ижтимоий макон ва замон билан чамбарчас боғлиқ.1 Фақат ўша макон ва замондан узилганимиз учун ҳам бу асарлар мўжиза кўринди – кўплаб ёш истеъдодлар уларнинг ифода усулига эргашди. Табиийки, катта авлод буни қабул қила олмади, ёшларни «тақлидчилик»да, «кўчирмачилик»да айблади, ёзганларининг «миллийликка хилофлиги»-ю «мафкуравий хавфи»-дан огоҳлантириб бонг урди. Ҳолбуки, бу жараён шунчаки ёшларнинг Ғарбга ҳаваслангани натижасида эмас, балки миллий адабиётда янгиланиш эҳтиёжи етилгани туфайли ҳаракатга келган эди. Иккинчи томони, хориж адибларига ҳар қанча эргашмасин, миллий заминда етишган ва миллий тилда миллий турмушни акс эттираётган ижодкор ҳеч қачон оддий нусхакаш бўлиб қолмайди – саналган омиллар бунга йўл бермайди. Чинакам истеъдод учун таъсир бир туртки – ўзга маданият вакили бўлмиш адиб бадиий каш фини ўз миллати хизматига сафарбар этиш, у билан ижодий баҳсга киришишга даъватдир. Эндиги муддаомиз мазкур қарашни Хуршид Дўстмуҳаммад мисолида асослашдан иборат.
***
Хуршид Дўстмуҳаммад «Жимжитхонага йўл» ҳикоясини «Тафаккур»да эълон қиларкан, уни мана бу мўжазгина тақдим билан таъминлайди: «Кўп йиллар бўлди, италиялик машҳур адиб Дино Буссатининг «Етти қават» деган ҳикояси таъсирида юраман. Ниҳоят, ушбу фавқулодда ўзига хос ҳикояни бир қадар эркин таржима қилиб, унга «назира» ўлароқ ҳикоя битдим. Тажриба қандай самара берганини баҳолаш ўқувчига ҳавола...» Таъкидлаш зарур бўлган нуқта шуки, ҳикоя 2001-йилда ёзилган ва шу йилиёқ «Тафаккур»нинг 3-сонида босилган – тандирдан узибоқ дастурхонга тортилган. Орадан 4 йил ўтиб адибнинг «Беозор қушнинг қарғиши» номли ҳикоялар тўпламига киритилганида ҳам мазкур тақдим сақланиб қолган, фақат унинг биринчи жумласи ўзгарган: «Италиялик машҳур адиб Дино Буссатининг «Етти қават» ҳикоясини ўқидим-у анча вақтгача унинг таъсирида юрдим». Кўряпмизки, бунда феълнинг замон шакли ўзгарган, сирасини айцак, шундай қилингани тўғри ҳам: тўрт йил кейин киритилган ўзгартириш «тақдим»ни айнан ҳикоя ёзилган вақт эмас, аниқлаштирилмаган вақтга (яъни барча замонларга) тааллуқли этади. Шу билан бирга, шаклдаги ўзгариш жумла мазмунида ҳам жиддий (биз учун ғоят муҳим) ўзгариш ясаганини ҳам таъкидлаш керак. Агар биринчи ҳолда Дино Буссати ҳикоясини «кўп йиллар» аввал ўқиган муаллиф ҳамон унинг «таъсирида юргани» англашилса, иккинчиси адиб руҳиятидаги мазкур жараён кечиб ўтиб бўлганини кўрсатади. Маълум бўляптики, адиб руҳиятида йиллар давомида кечган жараён «назира» ҳикоянинг ёзилиши билан якун топмоқда. Бошқача айцак, биз айтаётган жараён аслида, назира, ҳикоянинг яралиш жараёнидан бошқа эмас. Зеро, асарнинг яратилиши билан тугаган жараён ўша асар муаллиф онгида эмбрион ҳолида бино бўлган паллада – ижодий ният пайдо бўлганида ҳаракатга келган. Ижодий ниятнинг туғилиши эса бу ўринда маданиятлараро диалог – мулоқот натижасидир.
М.Бахтин «катта диалог» ҳақида сўз юритаркан, унинг «катта вақт» қўйнида кечиши, репликалари эса алоҳида асарлардан иборат бўлишини назарда тутади: «Асар – нутқий мулоқот занжиридаги ҳалқа; худди диалог репликаси каби, у ҳам бошқа асарлар – репликалар билан боғлиқ...»2 Олимнинг уқтиришича, диалог репликаси ўлароқ адабий асар ўзга (лар)нинг у ёки бу тарздаги жавоби, яъни жавоб реаксиясини кўзда тутади. Ўз-ўзидан аёнки, нутқий мулоқот занжирининг ҳалқалари – адабий асарлар воситасида маданиятлараро мулоқот ҳам кечади. Шу боис Бахтин асарларида «катта диалог» тушунчаси талқини бир асар доирасида кечувчи ҳодисадан глобал кўламдаги универсал ҳодиса томон муттасил кенгайиб боради.3 Буларни эслашдан мурод – «Жимжитхонага йўл» ҳикоясининг яратилиш жараёнини, уни ҳаракатга келтирган механизмларни тасаввур қилиб кўриш. Хуллас, ўз вақтида, Дино Буссати ҳикояларининг русча таржималари ўзбек адабий жараёни фактига айлани ши билан, табиийки, улар (ҳар бири)га жавобан у ёки бу тарздаги реаксия ҳам юзага келади. Мазкур реаксия, бизнингча, икки турли кўринишда намоён бўлади. Уларнинг биринчисини кўпроқ ўқувчи индивидуаллиги – туғма қизиқувчанлик, ҳайрат ва завққа ташналик, нотаниш хорижий нарса билан боғлиқ кутув кабилар, иккинчисини эса ўқувчи мансуб маданий контекст (ўхшашлик, зидлик, бегоналик каби) белгилайди. Яъни мазкур омиллар беҳад ҳайратланиш, ҳафсаланинг пир бўлиши, алқаш ё бефарқ қолиш, қўшилиш ё баҳслашиш, қабул қилиш ё рад этиш каби жавоб реаксияларини ҳосил қилади. Жумладан, Х.Дўстмуҳаммаднинг «кўп йиллар» Дино Буссати ҳикояси таъсирида юргани замирида ҳам айни омилларнинг бири ётадики, ҳозир шуни аниқлаб олиш зарурати бор.
Айтиб ўтиш жоиз, аввало, бу ўринда битта омилни қатъий белгилаш маҳол, иккинчидан, ўша омилнинг таъсирини мутлақлаштириш ҳам тўғри бўлмас – бошқаларининг ҳам озми-кўп таъсир этганлик эҳтимолини истисно қилиб бўлмайди. Шунга қарамай, назира ҳикоянинг мазмун-моҳиятидан келиб чиқиб асосий омилни тасаввур қилса бўлади. Фикримизча, бу ўринда маданий контекст билан боғлиқ юзага келган баҳслашиш тарзидаги жавоб реаксияси етакчилик қилади. Айни чоғда, ҳикоянинг сюжет-композитсион қурилиши, адиб ўзи кўзлаган мазмун ифодаси учун яратган бадиий модел, санъаткорнинг маҳорати завқ ва ҳайрат уйғотгани ҳам шубҳасиз. Бироқ, яхши маълумки, завқ-у ҳайратнинг умри қисқа – вақт ўтиши билан ҳар не мўжизага кўникилади. Демак, «кўп йиллар» ҳикоя таъсирида юришнинг асосида «баҳслашиш» тарзидаги жавоб реаксияси ётади, яъни ёзувчи онгида шу йиллар давомида италян адиби билан ментал баҳс кечади.
Мазкур баҳс Х.Дўстмуҳаммад мансуб маданий контекст дан ўсиб чиқувчи «қўшилмаслик»дан бошланади. Сирасини айтганда, Д.Буссати ҳикоясида қўлланган модел янгилик ҳам эмас – етти қаватлилик (жараён, йўл, макон ва б.) жаҳон фолклори ва адабиётида жуда кенг тарқалган. Италян адибининг бадиий кашфиёти – алмисоқдан қолган ўша қолипдан фойдаланиб ўзи мансуб жамиятдаги замондош инсон моҳиятини очиб беришга эриш ганида. Моделнинг шу моҳиятга мос тарзда ўзгартирилгани, яъни анъанадаги юксалиб боришнинг чаппасига айлантирилгани – янгилик, бу янгилик эса адиб бадиий идрок этишга чоғланган ҳаёт материали – Ғарб кишиси табиатидаги уни қониқтирмаётган ўзгаришлар билан боғлиқ.
Мутахассислар Буссатининг руҳан Кафкага яқинлигини бежиз таъкидламайдилар, Камю эса унинг айрим асарларини фарангига ўгирганки, бу ҳам, табиийки, руҳий яқинлик туфайлидан. Яқинлик эса, энг аввал, фикрий жиҳатдан, замонаси ва ундаги одамни англашда кузатилувчи муштаракликда намоён бўлади. Ҳар учала адиб ҳам индивидуализмни байроқ қилган жамиятдаги инсонни, унинг англаш мушкул оламдаги ўзига боғлиқ бўлмаган шартшароитлар измида ёлғизликка маҳкумлигида намоён бўлувчи фожиасини қаламга олади. Маълумки, бу ҳолат – Ғарб кишиси ўз тақдирини ўзи яратишига ва шу туфайли Яратганга муҳтожлиги йўқлигига бешак инонган ҳолда оламни ақлга, яъни ўз талаб-эҳтиёж ларига мувофиқ тубдан ўзгартириш йўлидаги чиранишлари зое кетиб, аро йўлда қолган вақт маҳсули. Шу боис ҳам у ёлғизликдан қийналиб, умидсизликка буткул таслим ҳолда умргузаронлик қилади, кўнгилни тамом бой берганидан молпарастга, шунчаки моддий бойликлар яратувчи ва истеъмол қилувчига айлана боради. Ҳар учала адиб ҳам мазкур ҳолат инсон табиатига мувофиқ эмас деб билади, изтироб чекади, яратган асарларида уни енгиб ўтиш чораларини излашади, турли ижодий экспериментларга қўл уришади. Хусусан, «Етти қават» ҳам шундай изланишлар натижасидир.
Ҳикоя қаҳрамони Жузеппе Корте – деярли соғлом одам, касалхонада ўрнатилган тартибларга беихтиёр бўйинсунган, ўзи истамаган ва негалигини англамаган ҳолда қаватдан қаватга муттасил пасайиб боради. Қизиғи, гарчи пасайиб боришга ич-ичидан қаршилик қилса-да, бу жараён аксар гўё унинг розилиги билан ёки бошқача бўлиши мумкин эмасдек йўсинда амалга ошади, аниқроғи, ўзига (ўқувчига ҳам) шундай туюлади. Англаш қийин эмаски, яхлит олиб қараганда, касалхона – рамз, юқорида мухтасар таърифлаганимиз шахсни ихтиёридан айириб комига тортиб кетаётган жамият рамзи ўлароқ яратилган. Шу жиҳатдан қаралса, ҳикоядаги деталлар қатидаги маъно очилиб боради. Аввало, касалхона биносининг муҳташамлиги: русча таржимада унинг «меҳмонхоналарга ўхшаш» эканини айтиш билан кифояланилган бўлса, эркин таржима қилган Х.Дўстмуҳаммад ушбу детални бирмунча бўрттирган: «...касалхона эмас, нақ меҳмонхона дейсиз! Палаталари ҳам беш юлдузли мусофирхоналардан кам бўлмаса керак!» Палатанинг жиҳозланиши ҳам шу ҳашаматга яраша: «... ҳам шира аёл уни еттинчи қаватга бошлаб чиқди. Ёп-ёруғ палатага олиб кирди, хона шу қадар озода эдики, деворлари, анжомлари-ю жиҳозларидан тортиб чойшаб-у дераза пардаларигача бимисоли нурга чайилгандек оппоқ эди. Пастак оромкурсиларга кийдирилган момиқ ғилофларнинг оқлиги одамнинг кўнглини қитиқлайдиган даражада мусаффо кўринди. Дино Кортенинг4 руҳи, руҳига қўшилиб бутун вужуди ҳузурланди». Мазкур деталлар комфортни ҳар недан устун ва аъло билувчи истеъмолчилик жамиятини характерлайди. Ўзбекча таржимада бу янада бўртиқ кўринади: палатадаги қулайликларни кўрган беморнинг руҳи ҳам, вужуди ҳам бирдек ҳузурланади, яъни руҳ ва вужуд озиғи битта – комфорт ва уни таъминловчи буюм-ашёлар. Русча таржимада палатадаги жиҳозлар санаб-таърифлангач, «Все здесь дышало спокойствием, гостеприимством и вселяло надежду», – дейилганки, бу билан истеъмолчи инсоннинг умиди ҳам тамом комфортга боғлиқлиги таъкидланади. Қаҳрамоннинг бошига тушган ташвиш – фақат ўзиники, касалхонага келганидан бошлаб то сўнгги дамига қадар ёнида бирон-бир яқин кишиси – на хотини, на бола-чақаси, на бир дўсти кўринади. Ушбу минус-детал Жузеппе Корте маҳкум ёлғизлик, меҳр-оқибат бадар кетган жамиятдаги инсоннинг бош фожиасини кўрсатишга хизмат қилади. Айтилганлардан нима учун ҳикояни ўқиган ўзбек адиби «қўшилмаслик» мавқейини эгаллаганини англаб олиш қийин эмас: у Ғарб кишисининг юқорида мухтасар таърифланган я шаш тарзи, аъмолларини, унинг тушунчасидаги ҳаёт мазмунини қабул қилолмайди – у ўзга маданият, ўзга дунёқараш бағри-да шаклланган. Шу боис адиб италян ҳамкасбининг бадиий ифода бобидаги маҳорат-у кашфига ҳақ бергани ҳолда, бамисоли унинг кўзгудаги акси каби буткул терс талқинни яратади. Зоҳид Яқин босиб ўтган йўл Дино Корте йўлига терс йўналишда экани – бунинг юзада кўриниб турадиган асоси. Зоҳид Яқиннинг касалхонадаги йўли биринчи қаватдан бошланади – еттинчи қават томон кўтарилиб боради. Дино Кортедан фарқ қилароқ, у ўзининг тақдирига бефарқ бўлмаган яқинлари қуршовида – хотини, ўғли, қайниси – ҳаммалари унинг саломатлиги ташвишида. Агар қаватдан қаватга кўчилганда Дино Корте юрагини аксар ваҳима, қўрқув эгалласа, Зоҳид Яқин кўчишни шукроналик билан қабул қилади, унга кейинги қават аввалгисидан-да шинамроқ, қулайроқ кўринаверади. Ўлим олдидан Дино Корте даҳшат ва жазавага тушса, Зоҳид Яқин ўзини жалб этаётган недир ёқимли нарсани туяди – шукроналар келтиради. Негаки Дино Корте учун ўлим – дунёнинг ниҳояси, Зоҳид Яқин учун эса у – боқий дунёнинг бошланиши, холос.
Шу ўринда яна адибнинг «бир қадар эркин таржима қилдим» деган иқрорига қайтиш, таржимадаги, таъбир жоиз бўлса, эркинлик даражасини кўриб ўтиш мақсадга мувофиқ. Ҳикоя рус тилидан ўгирилгани учун, табиий, русча матнни аслият деб қабул қилишга тўғри келади. Аслиятда Жузеппе Корте сўнг дамларда даҳшатли жимлик ва қоронғиликни ҳис қилгани айтилади-да, ҳикоя мана бу жумла билан якунланади: «Он повернул голову к окну и увидел, как шторы, повинуясь чьему-то таинственному приказу, медленно опускаются, преграждая доступ дневному свету». Яъни бунда қаҳрамон ўзи ваҳима ичида ҳис этиб тургани «даҳшатли жимлик ва қоронғилиқ» қаърига чўкиб кетаётганини бироз бошқача йўсинда айтиш билан кифояланилган. Аслида, ҳикоядаги исломий эътиқод кишисининг эътирозини қўзғайдиган нуқталардан бири ҳам – шу, ўлимдан кейинги даҳриёна йўқлик. Худди шу талқин ҳикояни ўқиган ўзбек адибида «қўшилмаслик» ҳиссини ҳосил қилган яна бир жиддий омил деб тушунилиши керак. Зеро, мазкур талқинга мутлақ «қўшилмаслиги» сабабли ҳам ёзувчи Зоҳид Яқиннинг сўнгги дамларини бунинг тамом аксича, яъни нурга чулғаб, жозиб ва умидбаҳш оҳангларда тасвирлаган.
«Жимжитхонага йўл» – Дино Буссати ҳикоясининг эркин таржимаси билан унга ёзилган назира ҳикоянинг қўшилишидан ҳосил бўлган асар, яъни янгидан таркибланган бутунлик. Шу бутунликни таъминлаш талаби билан аслиятнинг юқорида келтирилган финали ўзгартирилган, шундайки, эркин таржимада Дино Корте ёруғ дунёни тарк этди деган фикр келиб чиқмайди, бунда қаҳрамон қўрқинч жимликни (қоронғиликни эмас) ҳис қилиб даҳшатга тушади: «Дино Кортенинг тили калимага келмади, қўлини базўр қимирлатиб кўзига ишора қилди. Энага халатининг чўнтагидан кўзойнак олиб, унинг қаншарига қўндирди. Бемор бетини дераза томонга бурди. Нажот истаб майда сим тўр қопланган деразадан ташқаридаги дарахтзорга чираниб қаради, аммо кўз олди чаплашиб кетди.
– Тунми?.. – деб сўради у аранг пичирлаб. – Соат неч...
Энага кампир алдамади:
– Кундуз, ука... соат уч... – деди оғир уф тортиб...»
Аввало, русча аслиятда мазкур эпизод диалог шаклида берилган эмас, уни таржимон «саҳналаштирган»; матннинг юқорида келтирилган охирги қисми эса тушириб қолдирилган. Шундан кейин назира ҳикоянинг сўнгги эпизоди берилади-да, иккиси учун умумий, яъни «Жимжитхонага йўл» ҳикоясининг алоҳида қисм сифатида ажратилган мўжаз хотимаси берилади: «Ўша куни бир-биридан олис Мағриб ва Машриқ шаҳрида бир пайтнинг ўзида икки бемор бандаликни бажо келтирди...» Кўряпмизки, агар аслият ўзгартирилмаса, ҳикоя охиридаги мазкур хотима мутлақо ортиқча бўлиб қолур эди. Ҳолбуки, ҳозирги кўринишида у ҳикоядаги иккита мустақил ва бир-бирига зидланган қисмни ҳам шаклан, ҳам мазмунан умумлаштириб, бир бутунликка мансуб этувчи композиция бирлигидир. Яъни Дино Буссатининг «Етти қават» ҳикояси Х.Дўстмуҳаммаднинг «Жимжитликка йўл» ҳикоясига қисм ўлароқ сингдириб юборилган. Қисм эса бутун таркибига механик тарзда эмас, балки бутун нуқтайи назаридан, унга ҳар жиҳатдан мувофиқлаштириб киритилади. Шу боис ҳам аслиятдаги қаҳрамоннинг йўқлик, мангу зулумот бағрига сингиб кетгани (яъни жон бергани)ни аниқ англатувчи «кимнингдир сирли амри билан кун ёруғини тўсиб аста-секин тушиб бораётган пардалар» тушириб қолдирилади-да, бироз мавҳумлаштирилиб, тун ё кун эканлигини англаб бўлмайдиган ҳолатга айлантирилади. Негаки, агар шундай қилинмаса, биринчидан, ҳикояда юқоридагича хотима мутлақо ортиқча бўлиб қолур эди. Иккинчидан, мазкур ўзгартириш туфайли қиёсланаётган томонлар бир хил вазиятга – ҳаёт ва ўлим чегарасига қўйилади, уларнинг жон берардаги ҳолатларини қиёслаш орқали ҳар бирининг ҳаёти, аъмоллари тафтиш ва мушоҳада қилинади, ўқувчи ҳам шунга ундалади.
Юқорида айтдикки, индивидуализм касали асорати бўлмиш ёлғизликка мубтало Ғарб кишисининг фожиаси Дино Буссати ижодида кенг қаламга олинган. Жумладан, хаста Жузеппе Кортенинг ёнида яқинларининг йўқлиги ҳам индивидуализм асосига қурилган жамиятда шахснинг ёлғизлиги, бас, бошига тушган ҳар қандай кулфат фақат унинг ўзиники бўлишини кўрсатадиган детал. Бироқ ёлғизлик қаҳрамон ён-атрофида яқинларининг йўқлигидагина эмас, атрофидагиларнинг унга, унинг эса атрофидагиларга ё бир буюм, ё бир функсия ўлароқ қараганларида ҳам кўринади. Масалан, касалхонадаги энагани олайлик. Русча таржимада у атиги уч бора тилга олинади:
1. Ҳикоянинг бошланишида, Жузеппе Корте ўзи билмаган ҳолда олтинчи қаватга тушишга розилик бериб қўйганига пу шаймон бўлиб турган вақтида: «А там, может, еще сиделка будет покрасивее», – дея ўзини овутади.
2. Ҳикоянинг охирида ўлим ваҳимасига бўй берган Жузеппе Корте ўз кўзларига ишонмай кўзойнак сўрайди: «Он вызвал сиделку и попросил сильные очки».
3. Энаганинг кўзойнакни олиб келгани ҳақида ҳеч гап йўқ, Жузеппе Корте кўзойнак ёрдамида дарахт барглари қимирлаётганини кўриб, уларнинг ҳақиқийлигига ишонч ҳосил қилгани айтил гач, «Сиделка вышла», – дейилади.
Эътибор берилса, адиб энага ҳақида ҳам худди палатадаги жиҳозлар ҳақида гапирганча вақт ажратаётгани, яъни унга ҳам ўша жиҳозларча қиммат бераётганини кўриш қийин эмас. Ҳикояда на Жузеппе Кортенинг энагага, на энаганинг Жузеппе Кортега муносабати акс этган – гўё иккисининг орасида инсоний алоқа-муносабат ришталари мутлақо боғланган эмасдек. Аниқроғи, Жузеппе Корте энагага бир буюм, бир функсия ўлароқ қарайди, энаганинг унга қараши ҳам шунга монанд. Мазкур ҳол инсонийликка шу қадар зидки, қабул қилиш қийинлигидан бўлса керак, эркин таржимада (юқорида келтирилган кўчирма) энаганинг муносабати бироз илитилади: жон бериш олдида алаҳлай бошлаган Дино Кортега қараб туриб энага «оғир уф тортиб» қўяди. Назира ҳикоядаги энага кампир эса булардан тамоман бошқача, унинг беморга муносабати кескин фарқ қилади:
1. Олтинчи қаватдаги энага кампирнинг мулойим, беморни безовта қилиб қўймасликка тиришиб муомала қилишида, «барака топинг, ука» деган хитобида, бутун хатти-ҳаракатида инсоний меҳр уфуриб туради:
«Зоҳид Яқин мижжаларини аранг йириб очди-ю хонанинг ёруғлигидан кўзлари қамашди. Энага кампирни излади.
– Мен шу ердаман, ҳеч қаёққа кетмайман, – деди кампир беморнинг муддаосини англаб».
Эътибор беринг, энага гўё бемор гўдаги устида бедор она каби: боласининг безовталанганини нафас олишиданоқ сезади, сезибоқ уни тинчлантиришга шошади. Бу энди асло функсия эмас, бу – меҳр, инсон тийнатига хос хусусият.
2. «Энага кампир шитоб юриб палатадан чиқиб кетди. Кампир шўрлик беморнинг аҳволида бу қадар кескин ўзгариш юз беришини кутмаган экан, зум ўтмай икки эркак кишини бошлаб кирди». Мундай қараганда, энага шунчаки ўзининг функсияси – хизмат вазифаси нуқтайи назаридан қилиши керак бўлган ишни бажараётгандек: ўсаллаб қолган бемор қошига врачларни бошлаб кирди – шу холос. Фақат шуниси борки, ўзбек ўқувчиси ҳолатни бу тарз жўнлаштириб қабул қилмайди. Негаки у – инсоний муносабатлар ҳали тамом сийқалашиб, одамийлик, раҳм-шафқат, меҳр-оқибат туйғулари буткул йитиб кетмаган муҳит кишиси. Албатта, унинг миллий тийнатига хос мазкур сифатлар тилида зуҳур этади, бас, шу тил воситасида тасвирланган ҳаётий ҳолатда ҳам улар албатта акс этади. Юқоридаги жумлада қўлланган биргина «шўрлик» сўзи тасвирланган ҳолатни раҳм-шафқат, меҳр-оқибат туйғуларига йўғиради. Жумла қурилиши шундайки, «шўрлик» аниқловчиси «кампир» сўзига ҳам, «бемор» сўзига ҳам боғланавериши мумкин, ҳар икки ҳолда ҳам ҳиссий бўёқ ўзгармайди. Зеро, биринчи ҳолда – «кампир шўрлик» дейилганида ёзув чи нигоҳи билан энаганинг яхши бир инсон ёруғ дунёни тарк этаётган маҳали ожизлигидан шошиб қолган ҳолатини кўрамиз, кўз олдимизда «ўлим ҳақ» ё «ҳаммамиз ҳам ўламиз» тарзида ўйлаб хотиржам тура олмайдиган аёл гавдаланади. Иккинчи ҳолда – «шўрлик бемор» дейилганида ҳолат кампир нигоҳи билан кўрилади, унинг беморга оналарча, чексиз раҳм-шафқат билан қараётгани ҳис этилади.
3. Зоҳид Яқин жон беряпти ва «... шу пайт ўзи ётган каравот ҳавода муаллақ сузиб бораётганини сезиб қолди.
– Каравотимнинг ғилдираги борми? – деб шошиб сўради у ҳамон тепасида гиргиттон бўлаётган энага кампирдан.
– Бор, – деди кампир, шундай деди-ю кенг енгини оғзига босганча шовқин солмай йиғлаб юборди».
Энага кампирда оналарга хос беғараз меҳр борлиги бемор «устида гиргиттон» бўлаётганида кўзга ташланади. Шу меҳр туфайли ҳам у ўзганинг тақдирига бефарқ бўлолмайди, унга фақат «вазифа» нуқтайи назаридан қарай олмайди. Энаганинг «кенг енгини оғзига босганча шовқин солмай йиғлаши» ҳам ўлим ҳақ эканлигига имон келтирган, турфа ўлимларни кўравериб кўзи пишган, бироқ ҳануз яхшилар ўлимига кўника олмаган одамнинг йиғиси – алам-изтироб ё исён эмас, меҳр изҳоридир.
Кўриб турганимиздек, «Етти қават»даги энага билан назира ҳикоядаги энага кампир бир-бирининг мутлақ зидди сифатида яратилган. Аввало, уларнинг иккисида ҳам бадиий шартлилик даражаси юқори, иккиси ҳам муайян бир мазмунни – бири инсонлар орасида меҳр-оқибат йўқлиги, бошқаси эса мавжудлигини ифодалаш учун махсус яратилган. Шу боис борми-йўқ оралиғида тасвирланган «Етти қават»даги энага ҳам, меҳрнинг тирик тажассуми бўлган энага кампир ҳам ҳақиқатдан йироқ – иккисида ҳам ифода мақсади билан муболағалаштириш бор. Яъни бирининг вазифасини жонсиз робот мисоли, бошқасининг эса инсоний меҳрга йўғириб бажариши бўрттирилган, натижада ҳар иккиси ҳам ўзи мансуб тиббий жамоага хос энг муҳим хусусиятни қуюқлаштириб ифода этади. «Етти қават»даги барча тиббий ходимларнинг – санитаридан тортиб профессор Даттига қадар – хушмуомаликлари ортида бефарқлик бор, ҳаммалари ўз функсияларини бекам-у кўст бажарганлари ҳолда Жузеппенинг қаватдан қаватга энишини ҳиссиз кузатишади, ҳатто тилёғламаликлари билан бунга кўмаклашишади ҳам. Назира ҳикояда эса, аксинча, Зоҳид Яқинга бефарқ тиббий ходимнинг ўзи йўқ – бири ачиниб, бошқаси ҳавасланиб, тағин бириси ибрат кўзи билан қайрайди унга, ҳаммалари унинг зиммасидаги йўл азобини енгиллаштиришга интилишади.
Дино Буссати талқинида абсурдга мойиллик бор: инсон дунё га келади, ўзига боғлиқ бўлмаган шарт-шароитлар измида, келиб-кетишидан матлаб нелигини ҳам дуруст англолмаган ҳолда муқаррар равишда интиҳо томон боради – унинг ҳаёти маънидан мосуво. Бу – ХВИИИ асрдан бошлаб зиёлилари яксара моддиюнчилиг-у даҳрийликка берилган Ғарб кишисининг ХХ асрнинг биринчи ярмига келгандаги ҳолати. Унда энди жамиятни ўзи истаганидек қайта қура олиши-ю табиатни буткул ўз измига сола билишига ишонолмай қолган, бироқ шу ҳолида ҳам Холиқнинг борлигини тан олишга бўйни ёр бермаётган одамнинг абгор руҳияти акс этади. Ундаги тушкунлиг-у қўрқув, умидсизлиг-у саросимага йўғрилган абсурд кайфияти ўлимни охирги нуқта деб билганликдан озиқланади. Ундан фарқ қилароқ, «сивилизациядан ортда қолган», кўпчилиги ҳатто даҳрий тузум зуғуми остида ҳам қўлидан келганича ибодатини қўймаган, лоақал, таомдан кейин шукрона айтиш-у қабристон ёнидан ўтарда дуони канда қилмаган, ўлмоқ интиҳо эмас, боқий дунёга ўтиш деб билувчи кишилар жамиятида абсурд кайфиятга ўрин йўқ. Ўлимни шундай англагани учун ҳам бу жамият кишиси ҳаётни имтиҳон деб, боқий дунё саодатига эришмоқ учун эзгу амаллар қилиб ва мудом комилликка интилиб яшашим керак деб билади. Тўғри, ҳамма ҳам бирдек амал қилмас-ку, бироқ аксарият кишилар онгида ҳар бир нафасим номайи аъмолимга ёзиб борилаётир, Маҳшар куни Сарҳисоб қилинади деган ишонч ҳали буткул йитиб кетмагани ҳам бор гап. Зоҳид Яқин – шу жамият кишиси, шу боис ҳам унинг сафари тепадан пастга эмас, пастдан тепага йўналган.
Зоҳид Яқин «шифохонада қаватдан қаватга кўчиб-кўтарилиш дардига мубтало бўлганини кўпроқ ўйлаётгани» айтилади, яъни бу билан унинг ўтган умрини сарҳисоб этаётганига ишора қилинади. Инжиқ қайсарлик билан зинапоядан ўзи кўтариларкан, бутун ҳаётини кўз олдидан ўтказади:
«У суянчиққа тирсагини қўйганича узоқ ўйга чўмди. Болалигини, ўсмирлигини, шўх-шаън ёшлигини кўз ўнгидан ўтказди.
Бир поғона кўтарилди.
Уйланди. Тўнғичи туғилган йиллари касб-корини тополмай обдан қийналди. Неки машаққат чекса ичига ютди. <...>
Зоҳид Яқин икки поғона кўтарилди. <...>
Кейин тиним билмади, иши хўп юришди. Егани – олдида, емагани – ортида, иззат-ҳурмати жойида... <...>
Зоҳид Яқин икки-уч поғона кўтарилганини ўзи ҳам сезмади».
Зоҳид Яқиннинг зинапоядан кўтарилишида умумлашма рамзий маъно касб этади: кўпчилигимизга турмуш ташвишлари билан елиб-югуриб «икки-уч поғона кўтарилганини сезмай қолиш» хослиги сир эмас. Яъни умрнинг елдек эсиб ўтиши ёки дарёмисол оқиб кетиши ҳақидаги гаплар шунчаки ташбеҳ эмас. Айни фикр қаватдан қаватга кўчишда яна бир бор таъкидланади: бемор ўзи сезиб-сезмаган ҳолатда учинчи қаватдан олтинчи қаватга кўчади. Қаватлардаги ҳамшираларнинг исми ҳам рамзий маъно касб этиб, қаҳрамон умри босқичларини ифодалайди: Шавқия – завқ-у шавққа тўла ёшликни, Мужоҳида – ҳаётдаги муқим ўрнини топиш-у турмуш ташвишларини аритиш йўлидаги тинимсиз ҳаракатда кечган йилларни, Мушоҳида – ўтган умрини мушоҳада қилиш даври, фоний дунёни тарк этиш арафасини. Қаҳрамон Шавқиянинг завқли суҳбатидан уч кунлаб баҳраманд бўлса, Мужоҳида билан қаватлар орасида йўл-йўлакайгина гапла шади ва шу ондаёқ Мушоҳиданинг қўлига ўтади. Худди шу вазиятда ўтиб бораётган Шавқия буларга гап қотади:
«Зоҳид яқин бошини кўтариб қизчага қаради.
– Қақилдоқми?.. – деди кулимсираб. Бир кўнгли Шавқия билан суҳбатлашгиси келди, бироқ шу топда унинг кўзига Қақилдоқ эмас, ҳатто ҳозиргина бир кўришда маъқул кўриб қолган Мужоҳида ҳам эмас, Мушоҳида гўзалроқ, кўркамроқ кўриниб кетди...»
Зоҳид Яқиннинг бу ҳолати ўлимини бўйнига олган, тақдирига таслим одамга хос: Шавқия билан гаплашгиси келади, Мужоҳидага ҳам бефарқ эмас, бироқ кўнгли энди Мушоҳидага мойил бўлиб боради.
Жузеппе Корте зулумотга – йўқликка кетиб борса, Зоҳид Яқин «сутдек нур оғушида ястаниб ётган кенг ва ям-яшил сайҳонлик», профессор айтмоқчи, «Зоҳид Яқиндек инсонларгагина насиб этадиган жозиба» томон боради. Ҳолбуки, Зоҳид Яқиннинг ҳаётида бундай ажратиб, ибрат этиб кўрсатгудек ҳеч нарса йўқ – кўп қатори умргузаронлик қилган одамдек. Унда нега, энага кампир айтганидек, «камдан кам одамга насиб қиладиган олтинчи қаватга кўтарилади»? Жавобни ҳам энага кампирнинг гапидан излаш керакка ўхшайди: «Ота-онангиз исмингизни билиб қўйишган экан, Зоҳид Яқинбой». Аслида, илгарироқ Шавқиянинг: «Нега исм-шарифингиз ғалати?» – дея Зоҳид Яқинни саволга тутиши билан ўқувчи эътибори шу масалага – қаҳрамоннинг исми-шарифига қаратилган эди. Шавқия унинг исми-шарифига ўзича маъни беради: «Зоҳид»ни биламан, эшитганман, «Яқин» дегани... Одамга, кўнгилга яқинликни англаца керак-да, топдимми?!» Энага кампир танлов тўғри бўлган деганида Ҳаққа яқинликни назарда тутади, ҳушёр-ҳушсиз ҳолатдаги Зоҳид Яқин онгида эса унинг гапидаги «ота-она» ва «Яқин» сўзлари акс садо беради: «Ота-ю онамга... яқинман...» Ўйлашимизча, айтилганлар эл-қатори яшаган Зоҳид Яқиннинг «олтинчи қаватга кўтарилиши» сабабларига ишора қилади. Аввало, Зоҳид Яқин одамга яқин бўлди – Аллоҳ мукаррам қилганга меҳр кўзи билан қаради; одамнинг кўнглига яқин бўлди – машойихларнинг кўнгилни Каъбага менгзашлари бежиз эмас. Иккинчидан, Зоҳид Яқин ота-онасига яқин бўлди – теран томирларидан узилмади, шу боис-да ҳаёт сўқмоқларида оғиб-улоқиб кетмади. Ниҳоят, учинчидан, айтилганлар ва исмига монанд зоҳидона – ҳаромдан ҳазар қилиб яшагани Зоҳид Яқинни қалбан Ҳаққа яқин қилди: ҳамиша Унинг шафқат ва марҳаматидан умидвор, тақдирига таслим бўлиб, берганига шукрона айтиб яшади...
***
Юқорида айтганларимиз ва таҳлил давомида хотирга келган ўйларни умумлаштириб келадиган биринчи хулосамиз шуки, «Жимжитхонага йўл» ҳикояси, бир томондан, Х.Дўстмуҳаммаднинг Дино Буссати билан ижодий мусобақаси, иккинчи томондан, инсон ҳаётининг моҳияти ҳақида икки турли маданият вакили орасида кечган ғоявий баҳс ўлароқ қабул қилиниши керак. Аслида, ижодий таъсир натижаси ўлароқ яралган, ҳатто «Ғарбга кўр-кўрона тақлид» деб ёзғирилаётган ҳар қандай асарда ҳам мусобақа ва баҳс руҳи куртак ҳолида мавжуд, фақат уларнинг қай даражада ривож олиши истеъдод кучи билан боғлиқдир. Демак, ўтган асрнинг 90-йилларидан бошлаб «Ғарбга тақлид» тамғаси уриб келинаётган асарларга қайтадан холис назар ташлаш ва муносиб баҳосини бериш зарур. Иккинчиси шуки, Дино Буссати қаламига мансуб «Етти қават» ҳикоясининг Х.Дўстмуҳаммад амалга оширган эркин таржимаси «Жимжитхонага йўл» ҳикоясининг таркибий қисмига айланган, яъни янги бадиий бутунликнинг мазмуни ва руҳига мувофиқ жиддий ўзгаришларга учраган. Шу боис «Жимжитхонага йўл» ҳикоясининг мазмун-моҳиятини англаш, италян ва ўзбек адиби орасида кечган ғоявий-маънавий баҳсни кузатиш учун ё Х.Дўстмуҳаммаддаги кучли таассуротга асос бўлган «Етти қават» ҳикоясининг русча таржимаси, ё италянча асли, ё унинг ўзбек тилига аслига монанд таржимаси (К.Бахриев)ни қиёс асоси қилиб олиш лозим бўлади.
Изоҳлар
Dilmurod Quronov