← Sa'dullo Quronov
|

Bir teatr tarixiga nazar

Saʼdullo Quronov

Maqola

“Xalq uyi”, Hamza teatri, “Yosh gvardiya” teatri, Abror Hidoyatov teatri, Oʻzbek Davlat drama teatri – sanʼatsevar xalqimiz uchun qadrdon nomlar. Bu nomlar 1919-1924 yillar davomida azim Toshkentning Eski shahar hududida barpo etilgan teatr binosiga tegishli. Salkam yuz yoshni qoralagan va hamon ohori toʻkilmay kelayotgan binoda bugun Oʻzbek Davlat drama teatri faoliyat koʻrsatmoqda. Biz, bejiz, bino va teatrni ayro holda qoʻyishga urinmadik. Zero, bino tarixi teatrnikidan birmuncha oldinroq boshlanadi. Bino qurilishida Toshkentning bir guruh boylari jonbozlik koʻrsatadilar. Mashhur Zaripovlar sulolasining yetakchilaridan boʻlgan boylar qurilishga rahnamolik qilishib, oʻz yonlaridan yigirma tilla tangani bu xayrli ish uchun ajratadilar. Bino xalq hashari yoʻli bilan, loyiha asoschilaridan biri Said Karimboy hovlisi oʻrnida qad rostlaydi. Gʻulom Zafariyning “Halima” nomli spektakli mazkur teatr binosida qoʻyilgan ilk sahna asari boʻlgan. Toshkentliklarning eng sevimli goʻshalaridan biriga aylangan teatr, dastlab, “Xalq uyi” nomi bilan ataladi. 1939 yildan boshlab, binoda Hamza teatri oʻz faoliyatini boshlaydi. Biz faoliyatini yoritmoqchi boʻlganimiz Oʻzbek Davlat drama teatri 1968 yil, Hamza teatri boshqa binoga koʻchirilganidan soʻng tashkil topadi. Teatrning ilk nomi “Yosh gvardiya” boʻlib, Maksim Karimovning “Diydor” spektakli bilan ochib beriladi. Shundan soʻng, “Oʻn sakkiz yoshligim”, “Birinchi boʻsa”, “Uchinchi orzu”, “Besh kunlik kuyov”, “Otasining qizi”, “Ezop”, “Otilmagan oʻq”, “Hur qizlar” singari spektakllar sahna yuzini koʻrib, tomoshabinlar koʻnglidan joy oldi. Oʻsha kezlari teatrga Ergash Masafayev bosh rejissyor etib tayinlanadi. Shirin Azizova, Toʻgʻon Rejametov, Aziza Begmatova, Karomat Agzamova, Isamat Ergashev, Farhod Aminov, Madina Toʻxtayeva, Dono Boboxonova, Malika Ibrohimova, Noila Toshkenboyeva kabi artistlar birinchi ijodiy jamoa hisoblanadilar.

Albatta, yangi jamoaning faoliyati oson kechmagan. Asosan, yoshlardan tashkil topgan ijodiy guruhni oldinda mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanishlar kutardi. Isteʼdodli bu yoshlar jamoasiga chinakam sanʼatkor-rahbar suv va havoday zarur edi. Shu maʼnoda, teatrdagi ijodiy, badiiy yuksalish 1984 yildan boshlangan desak, xato boʻlmaydi. Boisi, oʻsha yildan teatrga bosh rejissyor etib Bahodir Yoʻldoshev tayinlanadi. Mahoratli rejissyor bunga qadar Hamza (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama) teatrining bosh rejissyori edi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi va bir qancha Davlat mukofotlari sovrindori boʻlmish Bahodir Yoʻldoshev qoʻl ostida shakllangan ijodiy guruh faoliyatida yangilanishlar yuzaga keldi. Birin-ketin XX asr oʻzbek teatrining eng sara spektakllari sahna yuzini koʻra boshladi. Ayniqsa, rejissyor sahnalashtirgan “Veytsayd voqeasi” va “Qora kamar” spektakllari alohida ahamiyatga molik. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning "Qora kamar" pyesasi asosidagi spektakl teatrning badiiy saviyasini yuqori pogʻonaga olib chiqish asnosida, Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Bu spektakl xalqimiz hayotidagi yuksak ijtimoiy-madaniy voqea darajasiga koʻtariladi. Chunki, ilk bor bu spektaklda bosmachi tamgʻasidagi chinakam oʻzbek vatanparvarining asl qiyofasi ozodlik yoʻlida, mustaqillik gʻoyasi uchun qahramonona kurash olib borgan fidoyi oʻgʻlon sifatida haqqoniy tasvirlanadi.

Shu yillar mobaynida, teatrning mavqei yuksalib, ijodiy guruh respublikaning eng kuchli jamoalaridan biriga aylandi. Oʻziga xos yoʻnalishda sahnalashtirilgan “Maysaraning ishi” (1988) spektakli Olmaota shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo va Qozogʻiston teatrlarining nufuzli "Navroʻz" festivalida bosh mukofotga sazovor boʻlib, ijodiy guruh Moskva shahri, keyinchalik esa Germaniya respublikasiga gastrol safarlariga chiqadilar. 1989 yil “Sharq allomalari” nomli spektakl Irlandiya va Buyuk Britaniya boʻylab namoyish etildi. Oʻtgan davr mobaynida, teatrda "Kelinlar qoʻzgʻaloni" (yangidan tiklangan variant), "Farmonbibi arazladi", "Ziyofat", "Maʼmura kampir", "Qitmir", "Buxoroi sharif" kabi spektakllar sahna yuzini koʻrdi.

1990 yil 24 sentyabrdan teatr Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek drama teatri deb atala boshlandi. Shu davrlarda teatrga Rossiya, AQSH, Turkiya, Tojikiston mamlakatlaridan rejissyorlar taklif etilib, “Alvido, hayot”, “Qirol Lir”, “Goʻzallar va mirshablar”, “Otello” spektakllari oʻzbek tomoshabinlariga taqdim etildi.

2008 yilga kelib, bu dargoh Oʻzbek Davlat drama teatri deb atala boshlandi. Bugun teatr ijodiy jamoasida Oʻzbekiston xalq artistlari Afzal Rafiqov, Elyor Nosirov, Dilbar Ismoilova, Aziza Begmatova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Dono Boboxonova, Neʼmat Alimov, Jumadilla Rametov, Madina Toʻxtayeva, Nazira Abduvohidova, Munojot Teshaboyeva, Raʼno Zokirova, Hoshim Arslonov hamda Gulbahor Yoʻldosheva, Muhabbat Abdullayeva, Shohida Uzoqova kabi taniqli aktyorlar va bir qator yosh ijodkorlar faoliyat koʻrsatmoqdalar. Ijodiy guruhga isteʼdodli rejissyor Sayfiddin Meliyev va truppa rahbari Xadicha Rizayevalar boshchilik qilishmoqda.

Hozirda, maʼmuriyat va ijodiy guruh teatr faoliyatida yangi sahifani ochmoqda, desak adashmaymiz. Zero, yosh isteʼdodlarning kashf etilishi va teatr truppasida ularning ahamiyati ortishi, ijodiy guruhning yangilanib, yosharib borayotganidan dalolat beradi. Bu borada, yosh va izlanuvchan rejissyor Sayfiddin Meliyev faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Uning yangicha va oʻziga xos yoʻnalishlardagi ijodiy izlanishlari teatrni badiiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Chunki keyingi yillarda sahnalashtirilayotgan spektakllar gʻoyaviy-badiiy jihati bilan nafaqat shu teatr tarixidagi sahna asarlaridan, balki butun oʻzbek spektakllaridan farqlanib turadi. Sayfiddin Meliyev sahnalashtirgan “Baxt eshik qoqqanda”, “Quroq”, “Medeya”, “Ezgulik yoʻlida”, “Jiydaliylar”, “Koʻkka uchgan orzular”, “Muvozanat” kabi spektakllarda turmushimizdagi jiddiy mavzularga eʼtibor qaratilib, ularda jamiyatimizning ayni damdagi muammolari oʻzining badiiy aksini topadi. Xususan, Shuhrat Rizayev va Nurulloh Abbosxonlarning asari asosidagi “Ezgulik yoʻlida” va Ulugʻbek Hamdamning “Muvozanat” romani asosidagi “Muvozanat” spektakllarini ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi katta hodisa, deb atash mumkin. Bu spektakllarda mustaqillikka erishganimizdan soʻng erishilgan yutuqlar, jamiyatdagi oʻzgarishlar va muayyan voqea-hodisalar silsilasida shakllangan kishilar ruhiyati butun sabab-oqibatlari bilan ifodalanadi. Spektakllardagi haqiqiy vatanparvar insonning yurti va millati ravnaqi yoʻlida kechgan zahmatlari jamiyatimiz ahli uchun ibrat boʻlib, biz ular siymosida chinakam zamona qahramonlarini koʻrishimiz mumkin. Yaqindagina Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan Teatr sanʼati haftaligi davomida “Ezgulik yoʻlida” spektakli namoyish etilib, mutaxassislar tomonidan zamonamiz qahramoni siymosini yoritib beruvchi sara asarlardan biri sifatida eʼtirof etildi. “Medeya” (Yevrepid) va “Koʻkka uchgan orzular” (Jon Steynbek) kabi spektakllarni ham teatrdagi ijodiy yuksalishni koʻrsatuvchi asarlar qatoriga kiritish mumkin. Yurtimizda boʻlib oʻtgan Art Week Style.uz – 2011 sanʼat haftaligi doirasidagi ikkinchi Xalqaro teatr festivalida Sayfiddin Meliyevning “Medeya” spektakli maxsus diplom bilan taqdirlangani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Bu yuksalishlarda teatr badiiy kengashining mualliflar bilan qilayotgan ijodiy hamkorligi ham alohida oʻrin tutadi. Albatta, kengash tomonidan hozirgi tomoshabin talabidagi asarlar dramaturglarga buyurtma qilib ham yozdiriladi. Ammo E.Nosirov, S.Meliyev, D.Ismoilova, S.Ahrorov, X.Rizayeva kabi ijodiy kengash aʼzolari bu bilan cheklanib qolmay, jahon va oʻzbek adabiyotining yorqin namunalarini sahnalashtirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqda. Sahnalashtirilayotgan asarlar, asosan, zamonaviy adabiyotimizga mansubligi bois, aksariyat spektakllar bevosita mualliflarning ishtirokida, ular bilan hamkorlikda sahnalashtirilmoqda. Shuni taʼkidlash joizki, bu kabi spektakllar tomoshabin estetik didini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan, shunday sahna asarlari tomoshabinning teatrga boʻlgan muhabbatini yanada oshirmoqda. “Medeya”, “Ezgulik yoʻlida”, “Muvozanat” kabi spektakllarga tomoshabinlarning quyilib kelishi va ikki yuz ellik kishiga moʻljallangan oʻrindiqlarga sigʻmay, spektaklni tik turgan holda kuzatishi fikrimizga dalil boʻla oladi.

Teatr faoliyatining yuksalishida, maʼmuriyat tomonidan olib borilayotgan ishlarning ham ahamiyati katta. Hozirda, teatrga sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Saidamin Axrorov direktorlik qilib kelmoqda. Talabchan va tabiatan yangiliklarga xayrixoh rahbar qoʻl ostidagi bir yuz oltmish uch kishilik teatr jamoasi mavqei kundan-kunga ortib bormoqda.

Rahbariyat teatrga isteʼdodli yoshlarni jalb etishga jiddiy ahamiyat qaratadi. Ijodiy guruhning sakson foizi yoshlar boʻlib, ular bilan ishlash va ularga keng imkoniyatlar yaratib berishda ushbu teatr oldingi saflarda turadi. Bugun teatrda P.Normatov, D.Masaidov, B.Mirmaqsudov, T.Mirmaqsudova, F.Meliboyeva, I.Murodova, S.Lutfullayev, F.Muxtorov, R. Egamberdiyev, S.Mansurov, Yu. Haydarova, I.Ochilov, N.Toshmatova kabi ixtidorli yoshlar faoliyat yuritmoqdalar. Ular nafaqat sahnada, balki, “Oʻzbektelefilm” va boshqa tijorat kinostudiyalari tomonidan suratga olinayotgan filmlar orqali ham xalqimiz koʻnglidan joy olib kelmoqdalar.

Keyingi yillarda teatr jamoasi yurtimizning turli viloyatlariga tez-tez safarlar uyushtirib turishni yaxshi yoʻlga qoʻyib olgan. Buni, teatrning ajralib turuvchi xususiyati sifatida ham koʻrsatish mumkin. Ijodiy guruh oʻzlarining jiddiy mavzudagi sahna asarlari bilan turli davlat tashkilotlari va bevosita teatrga kelib spektakl koʻrish imkoniyati chegaralangan muassasalarda ham namoyishlar koʻrsatib turishadi. Baʼzan, xuddi shu kabi chiqishlar Toshkent mahallalari boʻylab ham amalga oshiriladi. Bu esa teatr sanʼatining yurtimizdagi barcha hududlarga va jamiyatimizning turli qatlamlariga kirib borishini taʼminlaydi.

Teatrda yana bir xayrli ishga qoʻl urilgan. Oʻzbekistonda hizmat koʻrsatgan artist Jumadilla Rametov tashabbusi bilan teatr qoshida maxsus soqovlar studiyasi ish olib bormoqda. Bu studiyada eshitish qobiliyati boʻlmagan nogiron odamlar uchun imo-ishorali spektakllar, soqov artistlar ijrosida sahnalashtirilib kelinmoqda. Jumadilla Rametov rejissyorligida sahnalashtirilgan “Besh kunlik kuyov”, “Qaqildoq” spektakllari yurtimizning turli viloyatlarida nogironlarga xayriya yoʻli bilan namoyish etildi.

Keyingi paytlarda, mutaxassislar yoki sanʼatga yaqin kishilarning “Odamlar teatrga qaytishmoqda” degan soʻzlarini koʻp eshitmoqdamiz. Albatta, bu gaplar bejizga emas, zero, qaysi teatrga yuzlanmang qizgʻin ijodiy faoliyatga duch kelasiz. Xususan, mamlakatimizning nufuzli jamoalaridan biri – Oʻzbek Davlat drama teatri ijodkorlari ham tomoshabinlarning sahna asarlariga boʻlgan muhabbati yanada oshishiga oʻz hissalarini qoʻshib kelishmoqda. Biz esa ularga mana shu zahmatli va xayrli ishlarida yanayam zafarlar tilab qolamiz.

Saʼdullo Quronov