← Dilmurod Quronov
|

Dramatik asar kompozitsiyasi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Dramatik asar kompozitsiyasi haqidagi gapni uning tashqi qurilishi – tashqi kompozitsiyasidan boshlash maqsadga muvofiq. Negaki, bu nav asarning tashqi qurilishidayoq sahnadagi va sahnadan tashqaridagi unsurlar, yaʼni matnning personajlarga tegishli qismi (asosiy matn) bilan muallifga tegishli qismi (yondosh matn) yaqqol ajralib turadi. Toʻgʻri, asar muallifi, nomi, janri kabi maʼlumotlarning aniq ajralib koʻzga tashlanishi barcha turdagi asarlarga ham xos. Biroq dramada, masalan, bundan keyingi ramka unsurlari (qatnashuvchilar roʻyxati, parda, sahna yoki epizodlarning ajratib belgilanishi, voqea kechadigan joy tavsifi va b.) ham sahna voqeasidan aniq ajralib turadi. Masalan:

Sharof BOSHBEKOV

TEMIR XOTIN

Jiddiy komediya

Ishtirok etuvchilar:

QOʻCHQOR – traktorchi

«ALOMAT» – robot

OLIMJON – yosh olim

QUMRI – Qoʻchqorning xotini

SHAROFAT – qoʻshni juvon

SALTANAT – qoʻshni ayol

SUVON – mulla

TUROBJON – Qoʻchqorning oʻgʻli

BIRINCHI SAHNA

Qishloq. Oddiy, kamtarona hovli. Toʻgʻrida bir necha ustunli peshayvon, oʻngda pastakkina koʻcha eshigi, ol­ dinroqda yogʻoch karavot. Sahnadagi har bir jihoz, har bir buyumda nimadir yetishmaydi: eshik-deraza romla­ rining yarmi boʻyalgan, yarmining rangi oʻchib ketgan; yogʻoch karavotning bitta oyogʻi yoʻq, oʻrniga gʻisht terib qoʻ­ yilgan; koʻrpa-yostiqqa yamoq tushgan; piyolalarning labi uchgan yoki chegalangan, choynakning joʻmragiga tunuka kiygazilgan va hokazo.

Peshayvon ustuniga QOʻCHQOR arqon bilan chandib tash­ langan, ust-boshi, aft-angoriga qarab boʻlmaydi. Shu koʻyi uxlab qolgan boʻlsa kerak, avval sekin qimirlab qoʻyadi, soʻng koʻzini ochmay esnaydi. Oyoq-qoʻlining oʻziga boʻysunmayotga­ niga hayron boʻlib, bir-ikki chiranib koʻradi.

Ramka unsurlarini navbati bilan bir-bir koʻrib oʻtamiz. Eng avval muallif ismi-sharifi. Muallifning kim (klassik, mashhur, taniqli, boshlovchi) ekani oʻquvchining asarga dastlabki munosabatini belgilovchi omildir. Zero, muallif nomi bilan bogʻliq holda oʻquvchida muayyan es­ tetik kutuv hosil boʻladiki, mutolaa davomida kutuvi yo oʻzini oqlaydi, yo sarob boʻlib chiqadi, yo kutilmaganlik effektiga doʻnadi. Hozirda urf boʻlgan soʻz bilan aytsak, muallif nomi oʻziga xos «brend»dir. Albatta, asarni tovarga mengzaganimiz biroz qoʻpol koʻrinar, lekin bu oʻrinda mohiyatdagi mushtaraklik, funksiyalar oʻxshashligiga koʻz yumish ham toʻgʻri boʻlmaydi.

Asar nomi – sarlavha ham oʻquvchi diqqatini jalb eti­shi, qiziqtirishi lozim. Masalan, «Temir xotin» haqida umuman maʼlumotga ega boʻlmagan odam uchun nomdagi sirlilik kutuvni kuchaytiruvchi omil boʻladi. Tezdayoq, ishtirok etuvchilar roʻyxati bilan tanishgach, sirni fahmlaydi (yaʼni sarlavha mavzuga ishora qiladi) va endi qiziqishi robot ishtirokidagi voqeaga yoʻnaladi. Aksincha, «Temir xotin» haqida eshitgan (yoki filmini koʻrgan) odam uchun sarlavha ham «brend» boʻladi, yaʼni u asarni tanib oladi. Ayni chogʻda, sarlavha taʼsirida «tanish»ni eslashdan hosil boʻlgan qiziqish va kutuvning tabiati oʻzgacha: «Asar haqida oʻzgalardan eshitganim baholar qay darajada toʻgʻri?» yoki «Uni ekran talqini mashhur qilganmi yo asarning oʻzi ham zoʻrmidi?» qabilida. Sarlavhaning eng umumiy funksiyasi asar mavzusiga ishora qilish, uni loʻnda ifodalashdan iboratdir. Masalan, juda koʻp dramatik asarlar («Jaloliddin Manguberdi», «Mirzo Ulugʻbek», «Alisher Navoiy» va b.) sarlavhasiga ularning ishtirokchisi boʻlmish shaxs nomlari chiqariladi. Bunday nomlarning aksariyati asarning tarixiy-­bio­­gra­fik xarakterda ekani, sarlavhaga chiqarilgan shaxslar bilan bevosita bogʻliq tarixiy voqealardan bahs etishini anglatadi. Shuningdek, baʼzan sarlavhaga asarda qoʻyilgan asosiy muammo (Behbudiy. «Padarkush yoxud oʻqimagan bolaning holi»; Hoji Muin. «Eski maktab, yangi maktab»; I.Sulton. «Imon») ham chiqarilishi mumkin. Ayrim hollarda sarlavha orqali asarda tasvirlangan voqealarga gʻoyaviy-hissiy munosabat loʻndagina ifoda etiladi. Jumladan, Hamzaning «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari», «Tuhmatchilar jazosi»; A.Qahhorning «Tobutdan tovush», «Ogʻriq tishlar» pyesalarining nomlanishida ayni shunday holni kuzatish mumkin. Albatta, aytganlarimiz sarlavhaning badiiy-estetik funksiyalari haqidagi eng umumiy gaplar xolos. Holbuki, har bir konkret holda sarlavha bulardan boshqa funksiyalarni bajarishi, kutilmagan maʼno qirralarini namoyon etaverishi ham mumkin. Demak, sarlavhaga muhim kompozitsion unsur sifatida qarash, asar tahlilida buni yodda tutish maqsadga muvofiqdir.

Sarlavhadan soʻng, odatda, asar janri koʻrsatiladi. Albatta, bu ham shunchaki odat emas, balki oʻquvchini asarni qabul qilishga emotsional jihatdan «sozlash»ga xizmat qiladigan unsurdir. Deylik, sarlavhadan soʻng «komediya» deyilganini koʻrganida oʻquvchi yayrab kulishga, «tragediya» soʻzini koʻrganida esa oʻtkir va ziddiyatli hislarga sherik boʻlmoqqa ruhan chogʻlanadi. Aksar hollarda mualliflar asar janri bilan birga uning tarkibini ham qayd etib oʻtadilar: «Besh pardali tarixiy fojia» (M.Shayxzoda. «Mirzo Ulugʻbek»), «Besh parda, oʻn koʻrinishli drama» (Uygʻun, I.Sulton. «Alisher Navoiy»), «Toʻrt pardali komediya. Epilogi bilan» (A.Qahhor. «Ogʻriq tishlar»). Ayrim hollarda, oʻquvchini yanada aniqroq «sozlash» maqsadi bilan boʻlsa kerak, muallif janrni noodatiy tarzda belgilaydi. Masalan, «Temir xotin»-ning janri «jiddiy komediya» deb belgilangan. Avvalo, «jiddiy komediya» deyilishida paradoks borki, shuning oʻziyoq oʻquvchi diqqatini jalb etadi. Ikkinchi tomondan, muallif oʻquvchisini kulgi ostida jiddiy gaplar yotganidan ogoh etmoqda, yaʼni goʻyo aytmoqchi boʻladiki: «Maqsadim kuldirish emas, kulgi – oʻtkir muammolarga diqqatingizni tortish vositasi, xolos». Aytish kerakki, asar janrini bu kabi qoʻshimcha maqsadli qilib belgilash milliy dramaturgiyamizning ilk odimlaridanoq koʻzga tashlanadi. Masalan, oʻzbek tilidagi ilk dramatik asar – «Padarkush»ning janri «Turkiston maishatidan olingan ibratnoma» deb belgilangan. Toʻgʻri, Behbudiy buning ostida yana «3 parda 4 manzarali, milliy birinchi fojia» deb asar janrini anʼanaviy tarzda ham qayd etadi. Biroq muallifning oʻzi uchun «ibratnoma» muhimroq, bu bilan u yurtdoshlarini ibratlanishga, koʻzni ochishga chaqiradi. Shunga oʻxshash, E.Aʼzam «Farrosh kampirning tushi» nomli asari janrini «Boshiga «kulfat» tushgan bir bekorchixona hangomasi», tarkibini esa «Ikki qism – bir talay diydiyodan iborat» deb belgilaydi. Albatta, ziyrak oʻquvchi «hangoma» deyilganidan qarshisidagi komediya ekanini darhol fahmlaydi. Shu bilan birga, ishxonaning «bekorchixona», unda yuz bermish voqealarning esa «bir talay diydiyo» deb atalgani oʻquvchiga asarning oʻtkir satirik ruhda ekanidan darak beradi.

Qatnashuvchilar roʻyxati ham dramatik asarning muhim kompozitsion unsurlaridan sanaladi. Uning asosiy vazifasi voqea ishtirokchilari bilan tanishtirishdan iborat. Qatnashuvchilarni qay darajada tanishtirish, yaʼni ularga oid tafsilotlarning bor yo yoʻqligi, oz yoki koʻp boʻlishi muallifning gʻoyaviy-badiiy niyati, syujet asosida yotgan voqea tabiati, ishtirokchilar tarkibi kabi qator omillar bilan bogʻliq. Deylik, misol qilib olingan «Temir xotin»da qatnashuvchilarga oid tafsilotlar deyarli yoʻq: na yoshi, na qiyofasi, na feʼl-xoʻyi, na boshqasiga oid chizgi – hech biri berilgan emas. Masalan, bosh qahramonni «Qoʻchqor – traktorchi» deya tanishtirish bilangina cheklanilgan. Gap shundaki, asar yozilgan davrda – respublikada yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma paxtakor boʻlgan sharoitda bunga ehtiyoj yoʻq edi. Zero, «traktorchi» deganining oʻzi ertayu kech qoramoyga belanib ishlagani bilan kosasi oqarmay, hayotda paxtadan ham muhim narsalar boʻlishi mumkinligini xayoliga yaqin ham keltirolmay qolgan odamni – ijtimoiy-tarixiy tipni tasavvur qilish uchun yetarli edi. Bundan farqli oʻlaroq, Hamza «Zaharli hayot...» qatnashchilarini ancha mufassal tanishtiradi. Masalan: «Mirzo Hamdamboy. Oʻrta boʻyliq, mosh-birinch soqol, qizil yuzli, oʻrtacha kiyingan, 55 yoshda, roʻz-davlatlik boʻlsa ham, ilm-maʼrifatdan iroq kishi». Personaj qaddi-basti, qiyofasi, yoshi haqidagi tafsilotlar oʻz yoʻliga, bu yerda muallif uchun eng muhimi – «ilm maʼrifatdan iroq» sifati. Ikkinchi qatnashuvchi «Abdiqodirboy. Mirzo Hamdamboyning oshnasi, Mahmudxonga muhabbatlik, birozgina zamondan xabardor kishi. Uzun boʻyliq, qora soqol, rasmiy kiyingan» deya taqdim etilganki, bunda «birozgina zamondan xabardor»-lik urgʻulanadi. Shunga oʻxshash, Mahmudxonning «ovrupocha kiyingan, xususiy muallim olib oʻqigan»i, Maryamxonimning esa sevgilisi taʼsirida «roman, gazeta, jurnal kabi maorif taʼsirotidan qalbi uygʻongan»i taʼkidlanadi. Albatta, bu eng avval asar jadid maʼrifatchisi mavqeidan turib yaratilgani bilan bogʻliq. Yaʼni bu tarz tanishtiruvning gʻoyaviy-badiiy funksiyasi ham aniq – personajlar xatti-harakatlari, voqeaning muallif istagan talqinda tushunilishini taʼminlash. Boshqa tomoni, Hamza hamma qatnashuvchilarga ham bunaqa tafsilli taʼrif bermaydi. Ayrimlari haqida «Eshon. Uzun toʻn va katta sallali», «Sora. Maryamxonning onasi, 35 yoshlarda» deyish bilan cheklanadi. Toʻgʻri, bunda muallif munosabatining taʼsiri seziladi. Biroq yaxlit olib qaralsa, qatnashuvchilarga berilgan taʼriflarning farqliligida har bir personajning asarda tutgan oʻrni va maqomi, shuningdek, maʼlum darajada ularning oʻzaro munosabatlari ham namoyon boʻladi. Shu jihatdan qaralsa, qatnashuvchilar roʻyxatini asar personajlar sistemasining eskizi deyish mumkinki, u oʻquvchining asar voqeligini toʻlaqonli tasavvur etishiga zamin hozirlaydi.

Dramatik asarlarning tashqi kompozitsiyasiga xos jihatlardan biri ularning parda va koʻrinishlarga boʻlinishidir. Umuman, asarni bu tarzda boʻlaklarga ajratish anʼanasi antik davrlardan keladi. Jumladan, Aristotel «Poetika»da tragediyaning, bir tomondan, prolog, episodiy va eksod, ikkinchi tomondan, xor qismi (u ham ikki turli: parod va stasim)dan tarkib topishini aytadi. Faylasufning uqtirishicha, prolog – xor paydo boʻlguniga qadar boʻlgan qism; episodiy – yaxlit xor qoʻshiqlari orasidagi qism(lar); eksod – yakuniy qism, undan keyin xor qoʻshigʻi boʻlmaydi.1 Koʻrinadiki, tragediyaning mazkur qismlari xor qoʻshigʻi bilan ajratiladi. Buni sxemada quyidagicha koʻrsatish mumkin:

prolog – parod – 1-episod – stasim – 2-episod –

stasim –3-episod – stasim – 4-episod – eksod

Soʻnggi qism – eksodda dialog va stasim qorishuvi kuzatilgan, oxirida aktyorlar bilan xor ishtirokchilari tantanali tarzda sahnani tark etishgan. Antik tragediya (va komediya)larda xor sahnada sodir boʻlayotgan voqeaga hissiy joʻrlik qilish, muallif gʻoyaviy-hissiy munosabatini ifodalash, zarur oʻrinlarni toʻldirish, sharhlash kabi vazifalarni bajargan. Yaʼni, boshqacha aytsak, antik dramada aktyorlar dialogi obyektiv ibtidoni, xor esa subyektiv ibtidoni tashkil qilgan. Dramaning keyingi poetik takomili esa subyektiv ibtidoning tobora yoʻqolib borishi oʻzanida kechdi. Xususan, yangi yunon komediyasining asoschisi sanaluvchi Menandr asarlarida xor oʻzining ilgarigi maqomini yoʻqotdi – asosiy voqeaga bogʻlanmagan, shunchaki qismlar orasini toʻldiruvchi vositaga aylandi. Natijada endi qismlarga ajratilgan dramatik asar va oʻsha qismlarni ajratuvchi vosita (xuddi, masalan, parda kabi) yuzaga keldi. Oʻrta asrlarda, teatr bozor maydonlariga chiqqan davrda sahna asarlarini pardalarga ajratish urfdan qoldi. Shuningdek, Uygʻonish davrida yaratilgan dramatik asarlar, jumladan, Shekspir tragediyalari ham pardalarga ajratilgan emas (bu ish zamona taqozosi bilan keyincha amalga oshirilgan). XVI – XVII asrlarga kelib dramatik asarlarni parda va koʻrinishlarga ajratish qoida maqomiga koʻtarildi. Bu klassitsistlarning faoliyati bilan bogʻliq boʻlib, ular antik adabiyotda kengroq tarqalgan besh pardaga boʻlishni namuna deb qabul qilishdi. Umuman, klassitsistlar har neda yuksak darajadagi tartib tarafdori boʻlganlarki, tabiiy, dramaturgiya va teatr sanʼatini ham shunday tartibga solishga intilganlar. Zamonaviy teatr koʻrinishi (zal – parda – sahna) ayni shu davrda ommalashib, sahna asarining nisbiy tugal qismi – aktlarni parda bilan ajratish2 qatʼiy qoidaga aylanishi ham shuning natijalaridandir. Shuningdek, parda ichida koʻrinishlarni ajratish ham qoidaga aylantirilgan. Koʻrinish sahnada ayni vaqtda hozir qatnashchilar tarkibi bilan belgilanadi, yaʼni tarkibdagi har qanday oʻzgarish – personajlardan birining chiqib ketishi yoki yangisining chiqib kelishi yangi koʻrinish hisoblanadi.

Klassitsistlar oʻrnatgan bu tartib yaratadigan qulayliklari tufayli XVIII – XIX asrlarda ham deyarli toʻliq saqlandi. Zotan, adabiyotda realistik tendensiyalar kuchaygan bir sharoitda pardalarga boʻlish har doimgidan ham muhim boʻlib qoldi. Chunki antik davrdan keluvchi va klassitsistlar qatʼiy tutgan «vaqt, joy, voqea» birligi qoidasi realistik tasvir imkonlarini toraytiradi, parda esa, aksincha, vaqt va joy koʻlamini kengroq olishga yoʻl beradi. Yaʼni birinchi pardada voqealar bir joy (vaqt)da, ikkinchisida tamom boshqa joy (vaqt)da kechaverishi, parda tushirilganda esa keyingi qism ijrosi uchun zarur ishlar (sahna dekoratsiyasi, kostyum oʻzgarishi, grim va sh.k.) tezlikda amalga oshirilishi mumkin. Darvoqe, pardalarga boʻlishda ijroning texnik imkoniyatlari ham koʻzda tutilganini alohida taʼkidlash lozim. Masalan, bir pardaning ijro vaqti davomiyligi sahnani yorituvchi maxsus shamning yonish vaqtiga moslangan – parda tushirilgan vaqtda tezlik bilan yangi shamlar oʻrnatilgan.

Zamonaviy adabiyotda dramatik asarni pardalarga emas, bir-birini davom ettiruvchi «epizod»larga boʻlish, spektaklni oʻrtada bitta antrakt (tanaffus) bilan yoki yaxlit ijro qilish anʼanasi shakllangan. Bu esa, bir tomondan, XX asrdan boshlab adabiyotda badiiy shartlilikning tobora keng oʻrin olib borishi, turli modernistik oqimlarning maydonga chiqishi, ikkinchi yoqdan, teatr sanʼati yangi ifoda vositalari bilan boyigani, ijroning texnik imkoniyatlari benihoya kengaygani kabi qator omillar bilan izohlanadi.

Jadid maʼrifatchilari qalamiga mansub «Padarkush» (Behbudiy), «Advokatlik osonmi?» (Avloniy), «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» (Hamza), «Mazluma xotin» (Hoji Muin) kabi milliy dramaturgiyamiz ilk namunalarining aksariyati pardalarga ajratilgani holda, koʻrinishlarga boʻlinmagan. Keyincha, 30-yillardan koʻrinishlarga boʻlish asta-sekin urfga kirishni boshlab, to oʻtgan asr oxirlariga qadar shunga yozilmagan qoida oʻlaroq amal qilindi. Jumladan, Uygʻun, S.Abdulla, A.Qahhor, M.Shayxzoda, K.Yashin, S.Azimov, I.Sulton, S.Ahmad va yana boshqa koʻplab dramaturglar yaratgan dramatik asarlarda parda va koʻrinishlarni aniq belgilashga muhim eʼtibor berilgan. Oʻtgan asr oxirlaridan oʻzbek dramaturgiyasida ham bu anʼanadan chekinila boshlandi. Masalan, «Temir xotin»da sarlavhadan soʻng janr qayd etilgani holda, asar tarkibi koʻrsatilgan emas. Asar esa toʻrt qismga boʻlingan boʻlib, ular «sahna» deb atalgan, yaʼni toʻrt sahnadan iborat qilib qurilgan. Holbuki, har bir sahna yakunida «Parda» deb ham yozilgan. Shunaqa ekan, qismlarni odatdagidek «parda» deb atayversa boʻlmasmidi? Bunga nima monelik qiladi? Gap shundaki, realizm bosqichiga kelib «parda» deganda koʻproq asarning bir joyda kechuvchi voqeani oʻz ichiga olgan boʻlagi tushunila boshlagan. «Temir xotin»ning esa hamma voqealari bir joyda – Qoʻchqorning hovlisida kechadi, shu bois ham navbatdagi sahnalar avvalidagi joy tavsifi juda qisqa: «Oʻsha joy», «Oʻsha manzara», «Oʻsha hovli». Yaʼni pardalarga ajratish ham asossiz va ortiqcha kabi, ham bunga zarurat yoʻqdek (dekoratsiyalar oʻzgarmaydi, davriy uzilishni esa pardadan boshqa vositalar bilan ham ifodalash mumkin). Shuning taʼsirida boʻlsa kerak, asar qismlari noanʼanaviy («sahna») nomlangani holda, ularning yakunida parda tushishi ham nazarda tutilgan. Bunda murosa – anʼana bilan yangilikni kelishtirish harakati kuzatilsa, U.Azimning «Bir qadam yoʻl» dramasi oʻn bir qismdan tarkib topgan-u, qismlari nomlanmagan («parda» yoki «sahna» deb), shunchaki raqamlangan, parda tushishi ham nazarda tutilmagan. Xullas, makon va zamon ifodasida shartlilikning kuchayishi, sahnalashtirishning texnik imkoni ortishi barobari oʻzbek dramaturgiyasida turli ijodiy tajribalar amalga oshmoqdaki, ular, jumladan, tashqi kompozitsiyasida jiddiy oʻzgarishlarni yuzaga keltirmoqda.

Dramatik asarda voqea kechayotgan joy, vaqt, sahnadagi dastlabki holat kabilar haqidagi muallif qaydlari ham muhim gʻoyaviy-estetik ahamiyatga ega. Zero, ular shunchaki sahnalashtiruvchi rejissyor yoki bezakchi rassomga moʻljallangan yoʻriqnoma boʻlib qolmay, balki eng avval oʻquvchiga sodir boʻlajak voqea mohiyatiga kirish, ishtirok etuvchilar haqidagi (ijtimoiy maqomi, turmush tarzi, feʼl-xoʻyi) ilk tasavvurlarini konkretlashtirishda yordam berishga safarbar etilgandir. Masalan, «Temir xotin»dagi voqea yuz beradigan joy tavsifi «Qishloq. Oddiy, kamtarona hovli» degan soʻzlar bilan boshlanadi. Bu esa, Qoʻchqorni tip deganimiz kabi, hovli ham tipik ekanini taʼkidlashga xizmat qiladi. Oʻsha tipik – kosasi oqarmaydigan oʻzbek dehqoni xonadonidagi «har bir jihoz, har bir buyumda nimadir yetishmaydi»ki, bu – ham voqea mohiyatini ochish, ham unga muayyan gʻoyaviy-hissiy munosabatni shakllantirish vositasi. Shunga oʻxshash, «Advokatlik osonmi?»da voqea «mukammal ovrupocha bejalgʻan uy»da, «Abulfayzxonda esa «Buxoro arkinda... shohona toʻshalib, bezangan» uyda boshlanadi. Bularda ham avval asosiy belgi umumlashtirib aytiladi («ovrupocha», «shohona»), soʻng shuni konkretlashtiruvchi uch-toʻrtta detal qayd etiladi. Masalan, Avloniy «qozuqlarda osilgʻan kamzul, shim, shlafa» va «ustol-ustullar»ni qayd etsa, Fitrat uy oʻrtasidagi «muhtasham «chil chirogʻ»ning butun shamlari yonib turgani»ga diqqat qiladi. Shuningdek, joy tavsifidan tashqari muallif qaydlarida koʻpincha sahnadagi harakatning boshlangʻich holati ham aks etadi. Masalan, «Temir xotin»da boshlangʻich holat – peshayvon ustuniga chirmab bogʻlab qoʻyilgan Qoʻchqorning oʻziga kelgan chogʻdagi ilk xatti-harakatlari, «Abulfayzxon»da xonlik amaldorlarining shahmat oʻynab oʻtirganlari, «Tobutdan tovush»da esa ziyofatdan soʻng uchib qolgan kishilarning betartib va xunuk yotishlari, yaʼni mualliflar niyaticha, parda ochilganida tomoshabin koʻzi tushadigan ilk manzara shular boʻlishi kerak.

Ayon boʻldiki, dramatik asar voqeasini oʻquvchi faqat muallif nigohi orqaligina koʻra oladi. Bunga amin boʻlish uchun tasavvur qilingki, dramatik asarda faqat dialoglar qoldirilgan. Bu holda, tabiiyki, voqeani koʻrib boʻlmaydi, faqat eshitish mumkin. Masalan, kimningdir: «Hoʻ, tirikmisan?.. Yechib qoʻy darrov, hoʻ-oʻ!.. Qumri, deyapman, jahlim chiqsa, nima boʻlishini bilasan-a? Yaxshilikcha boʻshat!» – deya dagʻdagʻa qilayotganini. Yaʼni bamisoli devor ortidagi mashmashaga quloq tutib turgan kabi. Muallif qaydlarisiz oʻquvchi ham xuddi shunday mavqeda boʻlib qolur edi. Holbuki, muallif qaydlaridan xabardorlik unga bu gaplarni kim (Qoʻchqor traktorchi), qayerda (oddiy, hatto gʻaribgina qishloq xonadonida) va qanday vaziyatda (mastlikdan endigina koʻz ochgan va oʻzini ayvon ustuniga bogʻlab qoʻyilganini koʻrgan odam) aytayotganini anglatib, hayotiy holatni xayolda jonlantirishiga imkon beradi. Demak, aytish mumkinki, dramatik asarga koʻrimlilik xususiyatini asosan muallif qaydlari baxsh etar ekan.

Dramatik asar muallifi, bir tomondan, goʻyo asar voqealaridan butun ikir-chikirigacha xabardor, shu bois voqea tafsilotlari, uning yuz berish vaqti va joyi haqida oldindan maʼlumot bera oladi. Ayni chogʻda, goʻyo voqea uning koʻz oldida – hozir sodir boʻlayotgandek: voqeaning kechishini «jonli» tarzda sharhlab boradi: «sahnaga falonchi kirib keladi», «borib chorpoyaga oʻtiradi», «chelakdan bir choʻmich suv olib, yutoqib ichadi...» kabi. Dialoglar orasidan joy oluvchi bunday qaydlar voqeani jonlantiradi, yaʼni uni makon va zamondagi harakatga aylantiradi. Dialoglarning oʻziga kelsak, ularning eng ziyrak kuzatuvchisi ham muallif: soʻzlovchi va tinglovchilarning hech bir xatti-harakati, imo-ishorasi, yuzkoʻz ifodasidagi oʻzgarish uning nazaridan chetda qolmaydi. Shulardan eng muhimlari – personaj aytayotgan gapning mazmunini tushunish uchun zarur, soʻzlovchining munosabati, ruhiy holati kabilar ifodasiga xizmat qiladiganlarini qayd etib boradi: «yelka qisib», «boshini chayqab», «koʻzlarini pirpiratib», «jahli chiqib», «bosh barmogʻini koʻtarib», «peshonasiga urib», «masxaralab», «ogʻrinib» kabi. Boshqa tomoni, personajlarning gaplari – replikalar muallif «qulogʻi» bilan eshitiladi ham. Zero, personajning gap ohangini tavsiflovchi qaydlar shunday deyishga asos beradi: «shivirlab», «baqirib», «salmoqlab», «nozlanib», «xijolatli», «eshitilar-eshitilmas» va b.

Jahon adabiyotshunosligida biz muallif qaydlari deb atayotgan tushuncha remarka (baʼzan muallif remar­ kaci) istilohi bilan ham ifodalanadi. Biroq remarka deganda koʻproq personaj nutqi bilan bogʻliq boʻlgan va dialoglarda kiritma konstruksiya oʻlaroq qavs ichida beriluvchi qaydlarni tushunish ham ancha keng ommalashgan. Xususan, oʻzbek adabiyotshunosligida terminning shu maʼnosi faolroq. Shuni eʼtiborga olgan holda biz muallif qaydlari istilohini qoʻlladik. Negaki voqeaning kechishi bilan bogʻliq boʻladimi yo personaj nutqi bilanmi, bundan qatʼi nazar, gap kuzatuvchi maqomida turgan muallifning qaydlari haqida bormoqdaki, ular funksiyasi jihatidan ham oʻxshash – ikkisi ham mohiyatga yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Shunga koʻra muallif qaydlarining ikkala turini umumlashtirib, remarka termini bilan atash asosli boʻlish bilan birga qulay hamdir.

Bungacha aytilgan fikrlar, ularning tasdigʻi uchun tahlilga tortilgan misollar dramatik asarning tashqi qurilishi uning badiiyat hodisasi oʻlaroq voqelanishida nechogʻlik muhimligini yaqqol koʻrsatadi. Zero, dramatik asarning tashqi qurilishi, avvalo, uni tartibga solib bir butunga aylantiruvchi asos – «karkas» vazifasini oʻtaydi; ikkinchidan, qismlarning bir-biridan yaqqol farqlangani holda oʻzaro muayyan munosabatdorlikda joylashuvini taʼminlaydi; uchinchidan, retsepsiya – asarni qabul qilish jarayonini boshqarib, uni muallif ijodiy niyatiga muvofiq tushunishga yoʻnaltiradi. Koʻrinadiki, epik asarlarda kompozitsiya bajaruvchi badiiy-estetik funksiyalarning katta qismi dramada asarning tashqi qurilishi zimmasiga tushmoqda. Shundan boʻlsa kerak, mavjud oʻquv adabiyotlarida dramatik asar kompozitsiyasi haqidagi gaplar ularning bob va koʻrinishlarga boʻlinishi bilan cheklanib qoladi. Holbuki, qancha muhim boʻlmasin, tashqi qurilish kompozitsiyaning bitta aspekti, xolos, uning ikkinchi aspekti – asarni tashkil etayotgan unsurlar va ularning oʻzaro bogʻlanishlari ham uning badiiy butunlikka aylanishida gʻoyat katta ahamiyatga molikdir.

Aristotel tragediya «tugallangan, muayyan hajmga ega butun» voqeaga taqlid qilishini uqtirib, butun deganda «boshlanishi, oʻrtasi va oxiri bor» narsa tushunilishini aytadi.3 Yuqorida koʻrib oʻtilgan tragediyaning «prolog, episodiy va eksod» qismlari shunga muvofiq ajratilganini koʻrish qiyin emas. Avvalo, Aristotel nazarda tutgan voqea sodir boʻlayotgan (yaʼni hikoya qilinayotgan emas) voqea ekanini taʼkidlash kerak. Bunday voqea esa personajlarning xatti-harakatlari va gap-soʻzlarining muayyan yoʻnalishda birikuvi natijasida roʻyobga chiqadi. Xuddi shu muayyan bitta yoʻnalishdagi izchil rivojlanish dramatik voqeaning butunligini taʼminlaydi, yaʼni, Aristotel aytmoqchi, uni «boshi, oʻrtasi va oxiri» bor etadi.

Dramani poeziyaning gultoji deb bilgan Gegelga koʻra, voqea butunligi kolliziya asosidagi mudom oldinga – katastrofa, yaʼni yechimga tomon intilish tufaylidirki, shu maʼnoda kolliziya – butunlikning yadrosi. Shundan kelib chiqib Gegel dramatik asar mohiyatan uch akt (par­da)dan tarkib topishi kerak deb hisoblaydi. Bunda birinchi aktda kolliziya namoyon etilishi, ikkinchi aktda uning manfaatlar toʻqnashuvi va kurashlar asosida rivojlantirilishi, nihoyat, uchinchi aktda ziddiyatning oʻtkirlashuvi haddi aʼlosiga chiqishiyu yechimini topishi koʻzda tutiladi. Gegel oʻziga zamondosh adabiyotda ispanlargina dramani shu tarz uch aktga boʻlishi, ingliz, fransuz va nemislarda esa besh aktga ajratish urfligini taʼkidlaydi. Ayni chogʻda, ularda birinchi akt ekspozitsiya, keyingi uchtasi konfliktning rivojlanishi, beshinchisida esa konflikt yechim topadiki4, ular ham mohiyatan uchta qismdan iboratdek. Yaʼni har qanday holatda ham «boshlanishi – oʻrtasi – oxiri» qolipi (sxemasi) amal qilmoqda, demak, dramatik asarga nisbatan uni universal deyish mumkin boʻladi.

Dramaning taraqqiy etishi barobari yuqoridagi sxema murakkablashib, hozirda dramatik asar qismlari sifatida ekspozitsiya, tugun, voqea rivoji, kulminatsiya, yechim va epilog sanaladi. Koʻrib turganingizdek, bu oʻrinda epik asarning syujet elementlarini dramatik asarning kompozitsion qismlari sifatida sanadik. Albatta, buning sababini tushunish qiyin emas: epik asar uchun syujet kompozitsiya oʻzagi boʻlsa, dramatik asarda voqeagina mavjud, yaʼni uning syujeti va kompozitsiya ustma-ust tushadi.

Ekspozitsiya voqeaga kirish vazifasini oʻtaydi, ishtirokchilar bilan tanishtirib, oʻquvchining asosiy kon­ flikt yuzaga kelgan hayotiy vaziyatni tasavvur qilishiga yordam beradi. Jumladan, «Temir xotin»da birinchi sahna asosan shu vazifaga qaratilgan boʻlib, uning yakunida tugun qoʻyiladi. Qoʻchqorning Qumri bilan dialoglari oʻquvchini voqea kechadigan maishiy, Olimjon bilan dialoglari esa ijtimoiy vaziyat bilan tanishtiradi. Agar voqea qishloqda kechishi remarkada qayd qilingan boʻlsa, ekspozitsiyada uning vaqti ham ayon boʻladi: «Hukumat ichmanglar deb qaror chiqarib qoʻyibdi...», «hozir «oilani planlashtirish» degan gap chiqib turibdi...» deyilishidan oʻquvchi voqea oʻtgan asrning 80-yillari oʻrtalariga oidligini fahmlaydi (tabiiyki, keyingi davr oʻquvchilari uchun ayni nuqtalar tegishli izoh bilan taʼminlanishi zarur boʻladi). Qoʻchqorning bogʻlab qoʻyilishi (personaj tilidan), Qumrining bolalarini olib onasinikiga ketishi, Olimjonning kirib kelishi, Alomatning tanishtirilishi – bular voqeaning ekspozitsiyaga bogʻliq qismidagi tayanch nuqtalar. Shu tarz tayyorgarlikdan soʻng asarning asosiy tuguni – Qoʻchqorning Alomatga uylanish qarori oʻrtaga tushadi.

Ikkinchi sahnadan voqealar rivoji kuzatiladi: nikoh oʻqilishi – qoʻshni Saltanat bilan janjal; uchinchi sahnada – Qoʻchqorni ishdan kutib olish – Kechki ovqat – Qoʻchqor bilan Olimjon suhbati; toʻrtinchi sahnada – Qoʻchqor bilan Alomat suhbati. Ushbu suhbat mavzusi rivojlanib boradi-da, sahnaning oxiri – gipnoz qilingan Qoʻchqorning yigʻlashida asosiy konflikt gʻoyat kuchaygan tarzda namoyon boʻladiki, bu kulminatsiya. Beshinchi sahna esa toʻlasicha yechim: Qumrining qaytib kelishi – Alomatning zoʻriqishdan kuyib ketishi. Koʻrib turganimizdek, «Temir xotin»ning kompozitsiyasi oʻsha Gegel tilga olgan ingliz, fransuz va nemislarning besh aktli dramalaridagi kabi.

Albatta, yuqoridagi kabi yirik kompozitsion boʻlaklarni ajratib tavsiflash bilanoq asar qurilishi haqida, uni tashkil etuvchi unsurlarning oʻzaro aloqa va munosabatlari haqida toʻliq tasavvur hosil boʻlmaydi. Zero, avvalo, oʻsha sanalgan boʻlaklar ham «qurilgan», bas, ularni tashkil qiluvchi unsurlar oʻzaro muayyan munosabatda, aloqada. Deylik, yuqorida voqealarning personajlar xatti-harakatlari va replikalari birikuvidan yuzaga kelishi aytildi. Shunaqa ekan, oʻsha birliklarning oʻzaro aloqa-munosabatlari ham kompozitsiya masalasidir. Dialoglarning oʻzi ham muayyan tartibda quriladi. Masalan, Olimjon bilan Qoʻchqor dialoglarida kontrastlilik – olimona xayolot parvozi bilan jaydari mantiq ziddiyati ustuvorligi, toʻrtinchi sahnada Alomatning haq gaplariga qarshi Qoʻchqorning oʻta ojiz, hatto uning oʻzi ham ishonmaydigan eʼtirozlari qarshi qoʻyilgani. Darvoqe, shu sahnada Qoʻchqorning eʼtirozlari susaygani sari Alomatning replikalarida «fosh etish» ruhi muttasil kuchaytirib borilgan dialog qurilishiga ham alohida eʼtibor kerak. Shuningdek, qatnashuvchilar roʻyxati orqali personajlar tizimining eskizi berilgan boʻlsa, endi ularning oʻzaro munosabatlarini oʻrganish, masalan, Qumri bilan Alomat yonma-yon qoʻyilgani asar gʻoyasini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Dramatik vaziyatning fragmentlari orasidagi aloqa-munosabatlar ham shunday muhim. Masalan, gipnoz sahnasi bilan «Yana oʻynaylik...» qoʻshigʻining almashinishi yoki xuddi shu qoʻshiqning yakunda umuman asarda tasvirlangan holatga zidlanishi natijasida oʻquvchi koʻz oldida mavjud holat mohiyati toʻla namoyon etiladi, yaʼni zidlash asosida fragment badiiy hukmni ifodalovchi ramziy obrazga aylanadi.

Xullas, har qanday asar kabi dramatik asarning badiiy barkamolligi ham uning qay darajada oqilona, yaʼni badiiy niyat ijrosi uchun eng optimal tarzda qurilgani bilan bogʻliqdir. Shu bois ham u yoki bu dramatik asarning estetik qimmatini belgilash, badiiy jozibasini yorqin his etishu mazmun-mohiyatini anglashda uning qanday qurilganini bilish gʻoyat muhim. Biroq adabiyotshunoslikda dramani oʻrganishga eʼtiborning biroz sustligi, oʻquvchi ommaning dramatik asarlar mutolaasiga kamroq qiziqishi, taʼlim tizimida ularni oʻqitishga juda kam vaqt ajratilganidan boʻlsa kerak, bu masalada oqsash borligini ham taʼkidlash lozim. Holbuki, drama adabiyotning teng huquqli vakili, demak, uni chuqur va atroflicha oʻrganish ham adabiyotshunoslik zimmasidagi vazifadir.

Izohlar

  1. Aristotel. Ritorika. Poetika. – M.: Labirint, 2000. – S.160.
  2. Jahon adabiyotshunosligida (lot. actus – harakat) termini bilan ifodalanuvchi maʼnoning bizda «parda» istilohi bilan berilishi shundan.
  3. Aristotel. Ritorika. Poetika. – M.: Labirint, 2000. – S.156.
  4. Gegel. Estetika. V 4-x t. T. 3. – M.: Iskusstvo, 1971. – S.548 – 550.

Dilmurod Quronov