← Dilmurod Quronov
|

Epik asar kompozitsiyasi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Asar nutq sathidan boshlab to badiiy voqeligi qadar oʻz qurilishi – kompozitsiyasiga ega. Shunga koʻra zamonaviy adabiyotshunoslikda asar qurilishini tadqiq etishda matn kompozitsiyasi, syujet kompozitsiyasi, personajlar sistemasi, badiiy vaqt va zamon, rivoya kompozitsiyasi, nuqtai nazar kompozitsiyasi kabi masalalar diqqat markazida turadi. Sanalgan jihatlarning epik asarlarga xos ekanini koʻrish qiyin emas. Bu tabiiy. Chunki epik, dramatik va lirik turga mansub asarlarning kompozitsiyasi bir-biridan jiddiy farq qiladi. Shuning uchun ham ularning har biriga alohida toʻxtalish maqsadga muvofiqdir.

Epik asar matni rivoya, tavsif va dialogdan tarkib topadi, shu bois ular epik nutqning kompozitsion shakllari sifatida eʼtirof etiladi. Rivoya makon va zamonda kechgan voqealarni soʻz vositasida aks ettirish, sodda tilda aytsak, hikoya qilishdir. Avvalo aytish kerakki, xuddi koʻchirma gap tarkibida avtor gapi sintaktik qurilmani yaxlitlashtiruvchi unsur boʻlgani kabi, rivoya ham epik asar nutq shakllarini yaxlitlashtiruvchi omildir. Yaʼni tavsif ham, dialog ham rivoya orqali, bamisoli rivoyaga oʻrab taqdim etiladi. Agar rivoya obyekti harakat boʻlsa, tavsif turgʻun holatdagi narsa, joy, holat, xususiyat kabilarni oʻz ichiga oladi. Jumladan, voqea yuz berayotgan joyga oid tafsilotlar, peyzaj, interyer, portret, muallif xarakteristikasi, ruhiy holat tasviri kabilar. Ayrim mutaxassislar epik nutqning kompozitsion shakllari sirasida muallif mushohadalarini ham alohida koʻrsatadilar. Biroq bunda biroz sunʼiylik bor, chunki muallif mushohadalari ham tabiatan tavsifning bir koʻrinishi, xolos. Shunga koʻra muallif mushohadalarini ham, lirik chekinishlarni ham tavsifning bir koʻrinishi hisoblash toʻgʻri boʻladi. Dialogda nutq subyektlari oʻzgarsa ham, jarayon baribir rivoya orqali tasvirlanadi: personajlar nutqini roviy izohlab, sharhlab, toʻldirib boradi, natijada oʻquvchi personaj gaplarini goʻyo roviy «qulogʻi» bilan eshitadi. Rivoya, tavsif va dialogning salmogʻi, ularning muayyan ketma-ketlikda va mutanosib tarzda joylashtirilishi epik asar kompozitsiyasiga qoʻyiluvchi muhim talablardan sanaladi. Deylik, rivoya salmogʻi ortib ketgan holda oʻquvchining voqea zamiridagi mohiyatdan chalgʻib qolishi, tavsif koʻpayib ketganida esa asarning oʻquvchini zeriktirish xavfi ortadi.

«Oʻtgan kunlar»ning boshlanishini eslang. Adib avval vaqtni («1264-inchi hijriy, dalv oyining oʻn yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...») qayd etadi. Soʻng voqea yuz beradigan joy («darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilgʻan bu dongʻdor saroy») ataladi. Shundan keyin karvonsaroyda ayni vaqtda kechib turgan umumiy manzara tasvirlanadi: «... saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila toʻla. Saroy ahli kunduzgi ish-kuchlaridan boʻshab hujralariga qaytqanlar, koʻb hujralar kechlik osh pishirish ila mashgʻul, shuning uchun kunduzgiga qaragʻanda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib soʻzlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni koʻkka koʻtargudek...» Adib bularni goʻyo yanada muhimroq gapi bordek tezgina aytadi-da, saroy toʻridagi hujraning boshqalaridan afzalligini bir-ikki qiyos (... anovi hujralarga kiygiz toʻshalgani holda, bu hujrada qip-qizil gilam...) bilan anglatadi, shunga mos holda hujra egasining «boshqacha yaratilishda» – ulugʻvor va sirli-salobatli ekanini taʼkidlab, bir-ikki portret detallarini qayd etgach, uni tanishtiradi: «Qandogʻdir bir xayol ichida oʻlturgʻuchi bu yigit Toshkandning mashhur ayonlaridan boʻlgʻan Yusufbek hojining oʻgʻli – Otabek». Koʻrib turganimizdek, bularning bari – tavsif, yaʼni ilk jumladan ayni shu nuqtagacha matnning bitta kompozitsion boʻlagidir. Matnning keyingi boʻlagi rivoya shaklida:

«Saroy darbozasidan ikki kishi kelib kirgach, ulardan biravi darboza yonidagʻi kimdandir soʻradi:

– Otabek shu saroyga tushkanmi?

Bizga tanish hujra koʻrsatilishi bilan ular shu tomonga qarab yurdilar». Avvalgi boʻlakdan farqli oʻlaroq, bunda harakat tasvirlanmoqda, yaʼni bu – musofir Otabekni margʻilonlik ota qadrdonining oʻgʻli yoʻqlab kelishi voqeasining bir qismi. Zero, ilgari aytganimizdek, voqea shu kabi xatti-harakatlardan tarkiblanadi. Shuning ortidanoq kelguchilar: Rahmat bilan Homid tanishtiriladi, yaʼni yana tavsifga oʻtiladi. Soʻng mezbon bilan mehmonlar suhbati tasvirlanadi – dialog boshlanadiki, u ham, oʻz navbatida, tavsif, shuningdek, rivoya unsuri boʻlmish izoh va sharhlar – muallif remarkalari bilan almashinib turadi. Sirtdan qaralsa, rivoya salmogʻi tavsif va dialog salmogʻiga nisbatan juda kamdek. Shunga qaramay, rivoya uyushtiruvchilik, tashkillovchilik maqomida turadi. Nega deganda, hikoya qilinayotgan voqea – margʻilonliklarning musofirni yoʻqlab kelishlari orqaligina karvonsaroyga, Otabek, Rahmat va Homidga oid tafsilotlar, ularning orasida kechgan suhbat asardan oʻrin olmoqda.

Epik asar kompozitsiyasining oʻzagini syujet tashkil qiladi. Bu tabiiy ham. Negaki, voqeabandlik – epik asar tabiatini belgilovchi xususiyat, bu turdagi asarlar makon va zamonda kechuvchi voqealarni hikoya qilish asosiga quriladi. Fabula voqealarning tabiiy oqimi boʻlsa, syujet ularning muayyan maqsadga muvofiq qayta tartiblangan, yaʼni badiiy qayta ishlangan shaklidirki, shu bois ayrim manbalarda «fabula» oʻrniga «syujet», «syujet» oʻrniga «syujet kompozitsiyasi» termini ishlatiladi. Yaʼni syujet haqidagi gaplar mohiyatan syujet qurilishi – kompozitsiyasi haqidagi gaplar boʻladiki, bu masala alohida koʻrilgani maʼqul.

Obrazlar sistemasi ham kompozitsiya masalasidir. Obrazlar sistemasi deyilganda detal obrazlardan boshlab badiiy voqelik qadar bir-biriga bogʻliq iyerarxik tizim koʻz oldimizga keladi. Deylik, alohida olib qaralsa, yuqorida tilga olganimiz karvonsaroy ham bitta obraz boʻlib, u bir qator detallardan tarkib topadi:

darbozasi sharqi-janubiyga qaragan,

dongdor,

Toshkent, Samarqand va Buxoro savdogarlari toʻxtaydi,

musofirlarga toʻla,

bir-ikki hujrani istisno qilinsa, hammasi band;

kechka tomon shovqinli, jonli, hamma ovqatga unnagan.

Keltirilgan detallar asosida oʻquvchi koʻz oldida asarda yaratilgan badiiy voqelikning bir boʻlagi – karvonsaroy obrazi gavdalanadi. Ayni chogʻda, ushbu obraz detal sifatida voqea – Otabekning yoʻqlab kelinishini toʻlaqonli tasvirlashga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, karvonsaroy va unda kechgan voqea obrazlari Otabek bilan Homid bahsi asosida xarakter va sharoit obrazini yaratishga zamin yaratadi. Nihoyat, bularning bari asardagi eng koʻlamli obraz – badiiy voqelikning muhim uzvi, detalidir.

Epik asarda personajlar sistemasi – ularning oʻzaro aloqadorlikda joylashtirilishi gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Amaliyotda «obrazlar sistemasi» va «personajlar sistemasi» terminlari baʼzan sinonim oʻlaroq qoʻllanadiki, bu toʻgʻri emas. Negaki «obrazlar sistemasi» atamasi, yuqorida koʻrib oʻtdik, asardagi barcha obrazlarni anglatsa, «personajlar sistemasi» deganda shuning bir qismi – inson obrazlari tizimigina koʻzda tutiladi. Personajlarning sistemada tutgan oʻrni, zimmasidagi gʻoyaviy-estetik yuk zalvori bir xil emas. Shu jihatdan asardagi personajlar (bu narsa katta epik janrga mansub asarlarda yaqqol koʻrinadi) tabaqalanadi, yaʼni ular bosh personaj (yoki bosh qahramon), personaj (yoki qahra­ mon), ikkinchi darajali personajlar va epizodik per­ sonajlar tarzida bir-biridan farqlanadi. Bu tasnifga koʻra, masalan, «Oʻtgan kunlar»da Otabek – bosh personaj, Kumush, Yusufbek hoji, Homid va Zaynablar – personaj, Qutidor, Oʻzbek oyim, Hasanali va Usta Alim – ikkinchi darajali personajlar, qolganlari esa epizodik personajlar sifatida tasniflanishi mumkin. Albatta, bu tarzda tasniflash barcha epik asarlar uchun universal boʻlolmaydi, bas, hikoya yoki qissa personajlarini xuddi shu yoʻsin toʻrt pogʻonali tabaqalashga urinish oʻrinsiz. Hatto bittagina epizod qalamga olingan hikoya personajlarining maqomi bir xil – tabaqalashtirishning umuman imkoni yoʻq (mas., Choʻlpon. «Taraqqiy»; S.Ahmad. «Qoplon»).

Katta epik asarlar personajlar sistemasining elementlari, odatda, mikrosistema (komponent)larga birlashadi. Markazida personajlardan biri turuvchi bu mikrosistemalar badiiy voqelikning toʻlaqonli boʻlishini taʼminlash, syujetni rivojlantirish, muayyan mazmunni shakllantirish va ifodalash kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Masalan, «Oʻtgan kunlar»dagi Homid mikrosistemasi Mutal, Sodiq va Jannatni oʻz ichiga olib, syujetni harakatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoki Homidning tarafkashi boʻlmish qoʻrboshi bilan Otabek vositasida roman voqeligiga olib kirilgan Oʻtabboy qushbegi, Musulmonqul va Xudoyorxon yana bitta mikrosistemani tashkil qiladi. Ushbu mikrosistema markazida dastlab Musulmonqul turadi va u Yusufbek hoji, Azizbek va unga sodiqlik ontini ichgan «shahar xalqi»dan tarkiblanuvchi mikrosistema bilan ziddiyat hosil qiladi. Ayni ziddiyat ijtimoiy-tarixiy syujet chizigʻi voqealarini harakatlantiradiki, oqibatda markaziga Xudoyorxon chiqqan birinchi mikrosistema ikkinchisini barbod etib, uning oʻrniga chiqqan yangi mikrosistema – qipchoqqa qarshi til biriktirgan Toshkent ayonlarini oʻziga singdirib yuboradi. Yaʼni qipchoq qirgʻini shuning natijasidir.

Koʻrinadiki, mikrosistemadagi holat barqaror emas, muttasil oʻzgarib turadi: uning elementlari orasidagi oʻzaro munosabat ham, biron-bir elementining boshqa mikrosistemalar bilan munosabati ham oʻzgarishga sabab boʻlaveradi. Mikrosistemada muayyan vaqt davomida saqlanuvchi holat mohiyatan dramatik asardagi koʻrinish kabidir. Maʼlumki, koʻrinish sahna epizodida ayni paytda mavjud ishtirokchilar tarkibi bilan belgilanadi, yaʼni personajlardan birining sahnadan ketishi yo boshqasining qoʻshilishi bilan yangi koʻrinish boshlanadi. Dramatik asarda syujet harakati epizodlar almashishida namoyon boʻlganidek, katta epik asarlarda voqealar rivoji va yechimga intilishi mikrosistemalardagi oʻzgarishlarda koʻzga tashlanadi. Shu jihatdan qaralsa, mikrosistemaning syujet situatsiyasi tushunchasi bilan uzviy bogʻliqligi ayon boʻladi.

Tizimdagi personajlar orasida turli-tuman munosabatlar mavjud. Deylik, ayrim personajlar bajarayotgan vazifa badiiy detal darajasida. Masalan, bir qarashda Toʻybeka obrazi oʻquvchining qutidor xonadoni, undagi turmush tarzini jonli tasavvur qilishiga, doʻkondor Ali esa Otabekning sevgilisi hijronida oʻtkazgan kunlari haqidagi tasavvurni toʻldirishga xizmat qiladi, xolos. Yaʼni ikkala holda ham personajlar zimmasidagi vazifani boshqa biron-bir detal ham muvaffaqiyat bilan bajaraverishi mumkindek. Ayni chogʻda, kundalik turmush manzarasida bir chizgi boʻlish («toʻldiruvchilik») bilan birga ularning birinchisi Kumush, ikkinchisi esa Otabek ruhiy holatini anglatishga ham xizmat qiladi. Yoki syujet nuqtai nazaridan qaralsa, Xushroʻy Zaynabning «koʻzini ochadi» va bu bilan syujet voqealarining maʼlum yoʻnalishda rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Biroq kompozitsiya nuqtai nazaridan qaralsa, uning bundan-da muhim funksiyalari borligi koʻriladi. Personajlar tizimida Xushroʻyning Zaynabga zidlangani (kontrast), Kumush bilan esa yonma-yon qoʻyilgani (sopos­ tavleniye) ularni kompozitsion tafakkur unsuriga, muallifning qarashi, bahosini ifodalash vositasiga aylantiradi. Zero, ayni munosabatlarning birinchisi «Zaynab tabiatan emas, sharoit taqozosi bilan qotila», ikkinchisi esa «Toshkentga kelgan Kumushning xatti-harakatlari mohiyatan Xushroʻyniki kabi» degan fikrga boshlaydi. Shunga oʻxshash, syujet rivojida muhim oʻrin tutuvchi usta Alim kompozitsion nuqtai nazardan Otabek bilan yonma-yon qoʻyilgan: bu ikki personajni qiyoslash orqali adib oʻz zamonida gʻoyat oʻtkir turgan muammo – «yangicha» va «eskicha» fikrlovchi odamlar haqida, ulardan qay biri haq ekani haqida mushohada yuritadi, bu masala yuzasidan oʻz qarashini ifodalaydi.1

Ayon boʻlyaptiki, u yoki bu personajning asar (sistema)da­ gi joylashuvi, maqomi, boshqa personajlar bilan munosabatlari unga yuklanayotgan badiiy-estetik funksiyalar bilan, yana ham aniqrogʻi, yozuvchining gʻoyaviy-badiiy niyati, ifodalash koʻzda tutilgan mazmun bilan bevosita bogʻliq ekan. Demak, asar personajlar sistemasida u yoki bu personaj tabiiy ravishda, yaʼni hikoya qilinayotgan voqealarda ishtirok etayotgani uchungina oʻz-oʻzidan oʻrinlashib qolavermaydi. Aksincha, personajlar sistemasi muayyan reja (badiiy niyat)ga muvofiq ravishda «quriladi», shuning uchun ham u epik asar kompozitsiyasining muhim komponentiga aylanadi.

Maʼlumki, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqealar makon va zamonda kechadi, shunga koʻra adabiyotshunoslikda «badiiy vaqt» tushunchasi keng qoʻllanadi. Avvalo, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqealarning yuz berish vaqti bilan ularni hikoya qilish vaqtini farqlash kerak. Asardagi voqealarning yuz berish vaqti «syujet vaqti», ularning hikoya qilinish vaqti esa «kompozitsiya vaqti» deb olinsa, u holda bu ikkisining har vaqt ham bir-biriga mos kelmasligini koʻrish qiyin emas. Chunki asar ustida ishlayotgan yozuvchi ijodiy niyatini amalga oshirish yoʻlida «badiiy vaqt» imkoniyatlaridan turli yoʻsinlarda foydalanishi mumkin. U zarur oʻrinda asar vaqtidan chekinib, oʻtmishda yuz bergan voqealarni tasvirlashi («retrospektiv vaqt») mumkin. Masalan, «Oʻtgan kunlar»da Otabekning Margʻilonga kelgan ilk kunlari yuz bermish voqea – uning tasodifan Kumushni koʻrib qol­gani, yaʼni aslida roman voqealarining boshlanishiga turtki boʻlgan voqea birinchi boʻlim adogʻida tasvirlanadi. Retrospeksiya deb ataluvchi bu usulning mohiyati shuki, unda yozuvchi syujet voqealarini, yaʼni faqat oldinga oquvchi vaqtni goʻyo toʻxtatib qoʻyadi-da, oʻtmishda boʻlib oʻtgan voqeani tasvirlashga oʻtadi. Agar Abdulla Qodiriy mazkur usulni romanning bittagina oʻrnida qoʻllagan boʻlsa, baʼzi asarlar borki, ularning syujet qurilishida retrospeksiya yetakchi mavqe egallab, asarning badiiy vaqtidagi va oʻtmishdagi voqealar navbatma-navbat berib boriladi. Garchi syujetning alohida turi sifatida tasnif etilmasa-da, ayrim adabiyotlarda u syujet kompozitsiyasi nuqtai nazaridan retrospektiv syujet deb farqlanadi. Odatda, bunday syujet qahramonning oʻtmishda yuz bergan voqealarni, baʼzan hatto butun umrini tahliliy nazardan oʻtkazishi asosiga quriladi. Ch.Aytmatov avval «Alvido, Gulsari» qissasida, keyinroq esa mashhur «Asrni qaritgan kun» romanida retrospektiv syujetning badiiy imkoniyatlaridan yuksak mahorat bilan foydalangan. Oʻzbek adabiyotida M.M.Doʻstning «Galatepaga qaytish», X.Sultonning «Oddiy kunlarning birida», E.Aʼzamning «Bayramdan boshqa kunlar» qissalarida shu xil syujet qurilishiga duch kelamiz. Umuman olganda, syujet qurilishida voqealarning haqiqatda yuz berish tartibining oʻzgartirilishi oʻquvchi diqqat-eʼtiborini voqeadan uning zamiridagi mohiyatga koʻchirishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois ham adiblar badiiy vaqt bilan bogʻliq ijodiy tajribalarga tez-tez qoʻl urishadi.

Yozuvchi yuz berishi jihatidan bir paytga toʻgʻri keladigan voqealarni navbati bilan tasvirlashi ham mumkinki, bu epik asarlarda «badiiy vaqt» imkoniyatlarining ancha kengligini koʻrsatadi. Avvalo shuki, «syujet vaqti» asarning asosiy syujet chizigʻidagi voqelarning yuz berish vaqti bilan belgilanadi. Shu chiziqdagi voqea bilan bir paytda boshqa syujet chizigʻida kechayotgan voqea esa shartli ravishda «parallel vaqt»da deb hisoblanadi. Masalan, «Kecha» romanidagi Enaxonning shaharlik oʻrtoqlarini ziyofat qilish haqida onasi bilan tashvishli suhbati «syujet vaqti»da, Xadichaxon bilan Poshshaxon kundoshdan oʻch olmoq qasdida mehmonlarni mingboshi xonadoniga chorlash haqida reja tuzishlari «parallel vaqt»da sodir boʻladi. Yoki Zebining mingboshiga taslim boʻlishi bilan Sultonxonning Hakimjon hujrasiga yoʻl olishi ham xuddi shunday – bir vaqtda kechadi.

Asar syujetidagi voqealar oʻquvchi tasavvurida uzluksizlik illyuziyasini hosil qilgani (shu bois ham biz syujet voqealari haqida gapirganda «keyin bunday boʻladi» deymiz, «shuncha vaqtdan keyin bunday boʻladi» demaymiz) bilan, haqiqatda ularning orasida katta vaqt boʻshligʻi mavjudligi aqlga tayin. Zero, real vaqtga xos uzluksizlikni berish uchun shu vaqt davomidagi voqealarning hammasi qalamga olinishi lozim boʻlur ediki, bu, albatta, imkondan tashqarida. Shunga koʻra, diskretlilik (yaʼni uzluksiz emaslik) badiiy vaqtning muhim xususiyati sanaladiki, buni shartlilik asosida qabul qilamiz. Mazkur shartlilik umumeʼtirof etilgani uchun ham syujetga voqealar saylab olinaveradi – oradagi vaqt boʻshligʻi tabiiydek taassurot qoldiraveradi, uni toʻldirishni talab qilish hech kimning xayoliga kelmaydi ham. Mabodo ayni xususiyat boʻlmaganida, masalan, S.Ayniyning «Qullar» romanida bir asrdan ziyod, «Mehrobdan chayon»da esa atigi olti oyga yaqin vaqt davomida kechgan voqealar qalamga olingani holda ularning hajm (yoki hikoya qilinish vaqti) jihatidan uncha katta (yaʼni ularda tasvirlangan vaqtga mos ravishda) farq qilmasligi aslo mumkin emas edi. Holbuki, xronikali syujetga qurilgan «Qullar»da tasvirlangan voqealar yuz berish vaqtining uzunligi diskretlilik hisobiga zichlangan, konsentrik syujet asosidagi «Mehrobdan chayon»da retro­ spektiv va parallel vaqtlar hisobiga kengaygan, ikkala roman kompozitsiya vaqtining taqriban tengligi shu bilan izohlanadi. Demak, badiiy vaqt – shartli tushuncha, bu shartlilik syujet vaqtini kompozitsiya vaqti doirasiga sigʻdirish talabi bilan yuzaga keladi.

Rivoya kompozitsiyasi haqida soʻz borganda eng avval roviy, yaʼni hikoya qilib beruvchining kim ekanligi masalasi oʻrtaga chiqadi. Anʼanaviy tarzda rivoyaning uchinchi shaxs tilidan va birinchi shaxs tilidan olib borilishi farqlanadi. Uchinchi shaxs tilidan hikoya qiluvchi (mas., «Kecha»dagi) roviy deb yuritiladi. Bu turdagi roviyning kim ekani aniq maʼlum emas, faqat kimdir – uchinchi bir shaxs hikoya qilib berayotgani anglashiladiki, «roviy shaxs emas, funksiya» deyilishi shundan. Yana bir muhim shart shuki, roviy tasvirlanayotgan badiiy voqelik ichida mavjud emas. Odatda, shaxsi aniq roviy deganda roviy-muallif va roviy-personaj koʻrsatiladi, ayrimlar esa muallif-personaj koʻrinishini ham shu siraga qoʻshadi. Avvalo, roviy istilohi keng va tor maʼnoda ishlatilishiga diqqat qilish lozim. Yaʼni keng maʼnoda, istiloh, umuman asar voqealarini hikoya qilib beruvchini, tor maʼnoda esa uning bir koʻrinishi – kimligi mavhum uchinchi shaxs tilidan hikoya qiluvchinigina anglatadi. Roviy-muallif ham xuddi roviy kabi asar badiiy voqeligida mavjud emas. Masalan, «Oʻtgan kunlar»da roviyning kim ekani «Men – yozuvchi...» deb boshlanuvchi mashhur lirik chekinishda aniq-ravshan aytiladi, biroq muallifning oʻzi asar voqeligida ishtirok etmaydi. Bundan farqli oʻlaroq, Sh.Xolmirzayevning «Bodom qishda gulladi» hikoyasi personajlaridan biri «Anavi odam yozuvchi!» deb tanishtirgan roviy voqeada bevosita ishtirok etadi. Shunga oʻxshash, «Shum bola»da voqealar qissaning bosh qahramoni tilidan hikoya qilinadi. Keyingi ikki holatda voqealar «men» tilidan beriladiki, shunga koʻra asarga roviy-personaj yoki muallif-personaj bevosita guvohi yo ishtirokchisi boʻlgan voqealargina kiritilishi mumkin. Tabiiyki, bu holda asarning tasvir koʻlami shunga yarasha torayadi. Aksincha, rivoya uchinchi shaxs tilidan berilgan asarlarda tasviriy koʻlami keng – roviy «har yerda va har vaqt hozir» boʻlishga qodir, bas, turli zamon va makonlarda sodir boʻlgan voqealardan soʻzlay biladi.

Poetikaga bagʻishlangan zamonaviy adabiyotlarda nuqtai nazarning asar kompozitsiyasidagi oʻrniga ayricha ahamiyat beriladi. Shunga qaramay, hali bu tushunchaga koʻpchilikni qanoatlantiradigan taʼrif berilgan emas, masalaga yondashuvlarda umumiy maxrajga keltirish lozim boʻlgan nuqtalar talaygina. Nuqtai nazar tushunchasi, sodda qilib aytsak, roviy bilan tasvirlanayotgan voqelik oʻrtasidagi munosabat asosida yuzaga keladi. Bunda ikkita jihatga: 1) voqelik qaysi nuqtadan turib tasvirlanayotgani; 2) tasvirlanayotgan narsalar kimning nigohi orqali berilayotganiga diqqat qilinadi. Birinchi jihatni tushunish uchun kinodagi operator ishini eslash mumkin. Yaʼni operator tasvirga olish uchun makonda muayyan bir nuqtani egallagani kabi, roviy ham voqelikni biron-bir nuqtadan turib tasvirlaydi. Tabiiyki, bu nuqta muttasil oʻzgarib turadi: har safar tasvir obyekti eng yorqin va gʻoyaviy-badiiy niyatga muvofiq koʻrinadigan nuqta tanlanadi. Zero, narsaga uzoqdan yo yaqindan, tepadan, pastdan yoki yondan, oldi yo ortidan nazar tashlash mumkinki, har birida u oʻziga xos tarzda koʻrinadi. Yana nigoh makonni bir nuqtadan turib va birdan qamrab ololmaydi, buning uchun u xuddi obyektiv kabi bir narsadan ikkinchisiga koʻchib turishi, tinimsiz harakatlanishi zarur. Masalan, yana «Oʻtgan kunlar»ning boshlanishini eslaylik:

«darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilgʻan» – kamera saroydan tashqarida;

«bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila toʻla» – kamera darbozadan kirib, saroyning ichki aylanasi boʻylab tez yurib oʻtdi;

«koʻb hujralar kechlik osh pishirish ila mashgʻul... saroy jonliq... shaqillashib soʻzlashishlari, xoxolab kulishishlari...» – endi kamera saroy hovlisini shoshmasdanroq, kishilar mashgʻul boʻlib turgan narsalarga bir zumdan diqqat qilib aylanmoqda;

«saroyning toʻrida boshqalargʻa qaragʻanda koʻrkamrak bir hujra» – umumiy plandan yirik planga oʻtildi, kamera bitta hujraga qaratildi va unga yaqinlashib boryapti;

«bu hujrada qip-qizil gilam ... ipak va adras koʻrpalar ... shamʼ yonadir» – kamera hujraga kirdi va undagi jihozlarga bir-bir nazar tashlab oʻtdi;

«ogʻir tabiatlik, ulugʻ gavdalik, koʻrkam va oq yuzlik, kelishgan qora koʻzlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit» – kamera asosiy obyektda toʻxtaydi va shu bilan bir kompozitsion boʻlak yakun topadi.

Koʻramizki, nigoh tinimsiz harakatda boʻlgani uchungina biz makon haqida toʻliq tasavvur hosil qila olamiz, xayolimizda vaqt davomiyligida choʻzilgan badiiy makon – voqea kechayotgan joy gavdalanadi.

Epik asarda tasvirlanganki narsa boʻlsa, kimningdir (koʻproq roviy) nigohi orqali koʻriladi. Deylik, yuqoridagi parchaning roviy nigohi orqali berilganini sezish unchalik qiyin emas. Shu bilan birga, voqelik personaj nigohi orqali berilishi ham koʻp kuzatiladiki, nigohlarning almashinishi ham muhim badiiy-estetik funksiya bajaradi, oʻrni bilan esa kompozitsion boʻlak chegarasini ham belgilaydi. Choʻlponning «Oydin kechalarda» hikoyasi buni kuzatish uchun juda qulay material beradi. Hikoyada tasvirlanayotgan voqealarning kuzatuvchisi maqomida turuvchi roviy birinchi jumladanoq tugunni oʻrtaga tashlaydi:

«Zaynab kampir bir narsadan choʻchib uygʻondi».

Oʻquvchi, tabiiyki, kampir nimadan choʻchiganini bilishni istaydi, lekin buni hali kampirning oʻzi ham anglagan emas:

«Kampir u yoq-bu yogʻiga yaxshilab qarab, oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishga boshini qoʻydi». Shundan soʻng muallif nigohi kampirdan uziladi-da, oppoq oydin kecha tasviriga oʻtiladi: «Tuni boʻyi chopishub, hurushub, yugurushub chiqgʻon itlar tovushi sekin-sekin yoʻqola boshladi. Eshonchaning hovuz boʻyidagi tollaridan turub hasrat va qaygʻularini har kecha oʻqiyturgʻon bulbul bugun juda erta toʻxtadi. Goʻriston va mozorlardagina boʻladigan chuqur bir jimlik...»

Oʻquvchida boshdayoq hosil qilingan bilish istagi yanada kuchayadi: shunday osuda kechada kampirni choʻchitgan, uyqusini qochirgan narsa nima boʻldi ekan? Roviy oʻzini ham ayni shu savol oʻylantirayotgandek tutadi, nigohini kampirdan uzib, tevarak-atrofga alanglaydi: savolga javob izlaydi goʻyo. Yaʼni roviy ham oʻquvchi kabi voqealarning kuzatuvchisi, xolos, uning uchun ham voqealar ayni paytda yuz bermoqda. Hikoyaning davomida voqelik endi ikkita nigoh orqali beriladi:

«Kampir yumulub borgʻon koʻzlarini birdan ochdi: yaqin bir yerdan hasratlik, koʻngul buzaturgʻon bir yigʻi tovushi eshitilar edi».

Gapning kursiv bilan berilgan qismi roviy nigohi bilan, qolgan qismi esa personaj nigohi bilan bogʻliq. Gapning mazkur tartibdagi qurilishi hikoyadagi «nuqtai nazar poetikasi» moʻʼjaz maketi boʻla oladiki, buni quyidagi parchada yaqqol koʻrish mumkin:

«Yana diqqat bilanrak tingladi: bu yigʻi kelinchakning uyidan eshitilgan kabi boʻlar edi.

Yuragi oʻynadi. Darrov darchani ochib u havliga kirdi, oyogʻining uchi bilan bosib kelib, sekingina kelinining uyiga yaqinlashdi.

Yigʻi uydan eshitilar edi.

Yana quloq berdi.

Tovush kelinining tovushi edi».

Hikoyada qoʻshimcha nigoh paydo boʻlgani yoʻq, faqat mavjud nigoh ikkiga ajraldi, xolos. Har ikki nigohning vazifasi konkret belgilangan: personaj nigohi borliqdagi oʻzgarishlarga, roviy nigohi esa personajga qaratiladi. Yaʼni oʻquvchi borliqdagi oʻzgarishlarni personaj nigohi, personajdagi oʻzgarishlarni roviy nigohi orqali kuzatadi. Oʻqish jarayonida ikkala nigoh bir fokusga – oʻquvchi nigohiga jamlanadi, oʻquvchining hikoya ruhiga kirishi osonlashib, asarning estetik taʼsir kuchi ortadi.

Shu choqqacha kompozitsiya haqida aytganlarimiz asar qismlarining oʻzaro aloqalari, ularning butunlikka birikish yoʻllari haqida boʻldi. Bu esa mohiyatan struktura tushunchasiga yaqin keladiki, shu yaqinlik sababli baʼzan «kompozitsiya» va «struktura» istilohlarining sinonim sifatida qoʻllanishiga duch kelamiz. Holbuki, asarning qurilishi faqat uni tashkil qilayotgan ichki unsurlarning muayyan maqsadga muvofiq joylashtirilishiyu oʻzaro aloqalaridangina iborat emas – uning bir jism oʻlaroq yaxlit holdagi koʻrinishi ham bor. Shu bois adabiyotshunoslikda baʼzan «tashqi kompozitsiya» istilohi qoʻllanadiki, bundan asar qurilishi ham ikkita aspektli ekanini anglash qiyin emas. Tashqi kompozitsiya tushunchasi baʼzan arxitektonika istilohi bilan ham ifodalanadi.2 Xullas, bu oʻrinda gap adabiy asarning tashqi qurilishi, uning qism, bob, fasl, band, parda va koʻrinishlarga boʻlinishi, sarlavha, epigraf, soʻzboshi va soʻngsoʻz, izoh kabilar bilan taʼminlanishi haqida bormoqda. Yaʼni, asosan, matn uzvlari haqida. Shu bois arxitektonikani baʼzi mutaxassislar matnning tashqi kompozitsiyasi deb ham taʼriflaydilar.3 Shuningdek, yuqorida sanalgan uzvlarning koʻpi adabiyotshunoslikka oid manbalarda «matn ramkasi komponentlari» deb ham yuritiladi. Bunda ayni unsurlar (sarlavha, epigraf, soʻzboshi va b.)ning asar matnini chegaralashi – «ramka»ga olishi nazarda tutiladi. Yana bir jihati, ushbu unsurlar asosiy matndan tashqaridagi hodisa boʻlgani holda, goʻyo unga yondosh boradi-da, mazmunini chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Shu jihatni eʼtiborga olgan holda baʼzi manbalarda ular «yondosh matn» atamasi ostida birlashtiriladi.

Xullas, qanday nomlanishidan qatʼi nazar, yuqoridagi hollarning hammasida, birinchidan, gap asar (matn)ning tashqi qurilishi haqida boradi, ikkinchidan, «tashqi kompozitsiya» asarning badiiyat hodisasiga aylanishida gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, «Oʻtgan kunlar»dagi boblarning nomlanishini eslang: «Xon qiziga loyiq bir yigit», «Margʻilon havosi yoqmadi», «Kutilmagan baxt», «Xayrixoh qotil», «Esini kirgizdi»... Har bir sarlavhada bobning gʻoyaviy-tematik magʻzi, syujet harakati, muallif baho-munosabati loʻnda va aniq aks etadi, sarlavha asosiy nuqtani urgʻulab, maʼlum maʼnoda asarning qabul qilinishini boshqaradi. Aytaylik, «Bir gʻaribi bechora» deb nomlangan bobda Musulmonqulning Homid uyushtirgan igʻvo xati bilan tanishish jarayoni tasvirlangan. Muallif sarlavhani igʻvo xatning oʻzidan olgan: xatga «bir gʻaribi bechora» deb imzo qoʻyilgan, biroq oʻquvchi bundan bexabar. Oʻqish asnosi xat muallifini tanib olgan oʻquvchi «shayton ustasi» Homidning tubanligiyu bunday qabih kimsalar qarshisida gohi haqiqat ham ojiz qolishi mumkinligidan lol qotadi, chunki bu oʻrinda imzo kutilmaganlik effektini hosil qiladi, shu asosda «bir gʻaribi bechora» degani muallifning alamli, zaharli kinoyasi ekani ham anglanadi. Ikkinchi tomondan, «bir gʻaribi bechora» – goʻyo xonlik dushmanlarini fosh etgani uchun jabr koʻrgan mazlumning yozganlari Musulmonqulni junbishga keltirishi tabiiyki, sarlavha shuni taʼkidlashga ham xizmat qiladi. Yaʼni bu vaziyatda Musulmonqul zolimligi uchungina emas, balki zimmasidagi saltanat tinchligiga masʼullik sababli – oʻzi egallab turgan mansab nuqtai nazaridan ayni shunday harakat qilmogʻi kerak edi. Anglashiladiki, oʻzi tasvirlayotgan voqelik mohiyatiga xolis nigoh tashlayotgan adib oʻquvchisini ham shunga undaydi va bunda kompozitsion vosita – sarlavhaning oʻziga yarasha oʻrni bor. Daʼvatni fahmlay olgan oʻquvchi keyingi – «Musulmonqul» bobida mingboshiga imkon qadar xolis qarashga intiladi, albatta. Biroq, baribir, Musulmonqulga Otabek nigohi bilan qarash ehtimoli baland. Otabek esa, yodingizdadir, «bu choʻltogʻ supurgini tanidi va uning istehzolarini payqadi. U bundan soʻnggʻi koʻrguligini tamom maʼnosi bilan onglab, maʼnosiz bu savollarga javob berib oʻlturishdan sukutni xayrlik topdi». Koʻramizki, Otabek taqdirga tamom tan bergan, oʻzini vahshiy changalida kabi his qiladi, sababi, Musulmonqul elda qonxoʻr zolim oʻlaroq nom qozongan. Demak, holat qahramon nigohi orqaligina koʻrilsa, mohiyatdan chetlashish ehtimoli chindan-da mavjud ekan. Shuni oʻylab yana bir kompozitsion vosita yordamida bu ehtimol bir qadar soʻndiriladiki, endi shuni koʻrib oʻtamiz. Otabekning sukutidan gʻazabi olovlangan Musulmonqul dagʻdagʻasiga javoban oʻlimini boʻyniga olgan mahkumning mardona soʻzlari yangraydi:

«– Siz meni qanday tanigʻan boʻlsangiz boʻlingiz, men oʻshandogʻ kishining oʻgʻli, – dedi bek. – Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik boʻlib tanilsaq-da, oʻz vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm qilingiz-da, buyrugʻingizni beraveringiz!

Musulmonqulning yuzidagi boyagʻi achchigʻlar yerini bir zavqlanish vaziyati oldi. Kulimsirash ichida Otabekni kuzatar ekan:

– Dav yuraging bor ekan, yigit... Hayfki, gunohing boʻyningda, – dedi va chaqirdi. – Jallod!»

Diqqat qiling, jon dushmani deb bilgan kishining oʻzini mardona tutishidan zavqlana olish – Musulmonqul portretiga tortilgan bittagina nurli chiziq, shuning bilan ziyrak oʻquvchi sevimli qahramoni qarshisida turgan ham katta shaxsiyat ekanini his qiladi. Ayni hisni hali durustroq idrok qilmasidanoq havola boʻyicha satr­ osti izohga diqqat qiladi va oʻqiydi:

«Musulmonqulning oʻzi ham favqulodda yuraklik edi. 1853 m. tarixda Musulmonqul qoʻqonliklargʻa asir tushib, uni toʻpdan otib oʻldirish uchun dordek bir narsaning ustiga oʻtquzalar. Ikkinchi tomondan toʻpqa oʻt berish kutiladir. Shu vaqtda kishilar Musulmonquldan soʻraydilar: «Endi qalaysan, choʻloq?» Musulmonqul kulibkina javob beradir: «Alhamdulillah, hali ham sizlardan yuqori bir yerda oʻlturibman!»

Izoh bilan tanishgan oʻquvchi Musulmonquldagi zavqlanishning asl manshaini anglaydi: oʻzganing dovyurak ekanligini tan olmoq uchun, avvalo, kishining oʻzi mard boʻlmogʻi kerak. Shu nuqtadan boshlab u Musulmonqulga biroz boshqacharoq nigoh tashlasa, unga bir inson oʻlaroq qarab, tushunishga harakat qilsa ham ehtimol. Demak, satrosti izoh ham muhim badiiy-estetik funksiya bajara olar ekanki, bu misol kompozitsion jihatdan yaxshi tashkillangan asarda bironta ham ortiqcha narsa boʻlmaydi degan qarashni yana bir bor tasdiqlaydi.

Asarning qism (bob)larga ajratilishi ham shunchaki emas, aksincha, koʻp hollarda kompozitsion tafakkurning muhim vositasi boʻlib xizmat qiladi. Zero, qismlarga ajratish badiiy niyat ijrosi, muayyan mazmunni ifodalash maqsadini koʻzda tutgan holda amalga oshiriladi. Masalan, «Qor qoʻynida lola» hikoyasini Choʻlpon, Fitrat aytmoqchi, «toʻrt qismga, toʻrt koʻrinishga boʻlgan: toʻb oʻyuni, shayx, toʻy, odamlarning bu toʻy toʻgʻrisida fikrlari»4. Yosh qizchalarning toʻp oʻyinlari tasvirlangan birinchi qism sovchilar kelgani xabari va Sharofatxonning «qipqizarib, turgan yerida qotib qolgʻan»i bilan yakunlanadi. Hikoya Sharofatxon haqida boʻlgani holda, qizning oʻzi keyin ham shu «qotib qolgʻan» koʻyi qolaveradi – asar davomida harakatda koʻrinmaydi. Bu bilan sharofatxonlar taqdiri oʻzlarining ishtirokisiz hal qilinishi, ular bir buyum misoli haq-huquqsiz ekani ifoda etiladi. Yaʼni hikoyaning ayni shu tarzdagi qurilishi, muallif qoʻllagan kompozitsion usul mazkur fikrni ifodalash vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Choʻlponning kompozitsion tafakkur imkonlaridan foydalanishdagi mahorati uchinchi va toʻrtinchi qismlarning oʻzaro zidlanishida yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Uchinchi qismda hayotning yozilmagan qonunlariga xilof ish boʻlayotgani – endigina oʻn besh yoshga chiqqan qiz munkillab qolgan keksa eshonga berilayotganini koʻra-bila turib mahalla ahli hech narsa boʻlmagan kabi toʻyda yayrayveradi, oʻyin-kulgi qilaveradi. Toʻrtinchi qismda xuddi shu mahalla vakillari tomonidan sodir boʻlgan ish muhokama qilinadi: birisi Sharofatxonga achinishini aytsa, ikkinchisi guldek qizini qurbon qilgan Samandar akani soʻkadi, uchinchisi dunyoning nosozligidan noliydi. Holbuki, xuddi shu odamlar kechagina toʻyda yayrab oʻynagan, «alangasi osmongʻa chiqqan oʻtning tegrasiga toʻplanib tovushlarining boricha «yor-yor»ni choʻzgʻan», kelin tushirishda: «Koʻtaring-a, kuyov pochcha, koʻtaring-a!» – deya qiyqirganlar. Zidlash oqibatida «bu xalq tomoshayu nari borsa muhokamaga qodir, xolos, nomaqbul ishni toʻxtatish, unga qarshi turishga ojiz» degan taassuf kelib chiqadiki, bu kompozitsion tafakkur mahsulidir. Zero, bu fikr aytilgan emas, ikkita kompozitsion boʻlak zidlash munosabatida joylashtirilgan, xolos: shuning oʻzidan tabiiy ravishda yuqoridagicha fikr oʻsib chiqadi.

Xulosalab aytsak, kompozitsiya badiiy ijod jarayonining pirovard natijasi – asarning badiiy niyatga mu­vofiq tashkillanishi, uning qismlari va unsurlarini ijodkor koʻzda tutgan mazmunni yorqin ifodalash va oʻquvchi tomonidan aynan shunday tushunilishini taʼminlaydigan tarzda butunlikka biriktirish demakdir. Asarning qanday qurilgani, qismlari orasidagi munosabatlarni yaxshi tasavvur qila olish esa uni tushunish, tahlil qilish va baholash asosi, demak, malakali filolog-mutaxassis boʻlib yetishishning ham muhim shartidir.

Izohlar

  1. Quronov D. Dushmanni tanitgan doʻst / Adabiyot nadir yoki Choʻlponning mangu savoli. – Toshkent: Zarqalam, 2006.
  2. Fedotov O.I. Osnovы teorii literaturы. V 2 ch. Ch. 1. – M.: Vlados, 2003. – S.253.
  3. Nikolina N.A. Filologicheskiy analiz teksta. – M.: ACADEMIA, 2003. – S.45.
  4. Fitrat A. Adabiyot qoidalari // Fitrat A. Tanlangan asarlar. IV jild. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2006. – B.16.

Dilmurod Quronov